OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abay Qunonboyev. Nasihatlar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbay Qunonboyev
Asar nomiNasihatlar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qozoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abay Qunonboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nasihatlar
Abay Qunonboyev

«
Abay (Ibrohim Qunonboyev) XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod qildi. U hozirgi Semipalatinsk oblastidagi Chizgiztogʻ etaklariga joylashgan Toʻbiqti urugʻidan boʻlib, 1845 yil 10 avgustda tugʻiladi.

Abay Qunonboyev – buyuk qozoq shoiri, ma’rifatparvari va demokrati, yangi qozoq madaniyatining asoschisi, xalqlar doʻstligining kuychisidir.
»

Oltinchi soʻz

Qozoqlarda: «Hunarning boshi birlikda, rizqning boshi tiriklikda» degan maqol bor. Ammo ular: bunday birlik qanday elda qanday qilsa boʻladi - buni bilishmaydi. Ular: ot oʻrtada, osh oʻrtada, kiyim oʻrtada, boylik oʻrtada boʻlsa ekan, deb oʻylashadi. Unday boʻlsa - boylikdan nima foyda-yu, kambagʻallikdan nima ziyon? Unday boʻlsa oshna-ogʻayning yoʻqolmay turib, mol topishning nima keragi bor? Shumi birlik? Yoʻq! Birlik - qoʻrangdagi molda emas, tushunchangda boʻlishi kerak. Mol bersang otasi boshqa, onasi boshqa, dini boshqa, tirikchiligi boshqalar ham sen bilan tinch-totuv boʻlaveradi. Agar birlik mana shunday hisob bilan oʻlchansa, ya’ni molga sotib olinsa, bu birlik - birlik emas, ablahlikdir! Doʻst boʻlaman degan kishi ber demasdan doʻst doʻst boʻlsa, tinch-totuv yashasa, tuz-nasibasini xudodan tilasa yaxshi boʻladi. Aks holda, tuz-nasibasini xudodan tilamaydi, mehnat qilmaydi va bir-biriga balo izlaydi, bir-birini aldashning payiga tushadi. Xoʻsh, shu ham birlik boʻldimi endi?

«Rizq - tiriklikda» deyi­shadi. Bu nima degani? Demak, tanangda joning boʻlsa, tiriklik shumi? Yoʻq, bundaqa tiriklik itda ham bor. Tiriklikni shunday deb tushunib, shu tushuncha bilan yashagan odam oʻlimni yot koʻrib, oxiratga dushman boʻladi. Oʻz joninigina himoya qilib, yov tegsa qochib, qoʻrqoq atalib, mehnat qilishdan bosh tortib, erinchoqlik qilib, maxsimcha boʻlib yurish-bu ham yuqorida aytilgan rizqqa nisbatan nonkoʻrlik qilishdir. Tiriklikni bunday tushunish yaramaydi; oʻzing tirik boʻlganing bilan koʻngling, koʻkraging oʻlik boʻlsa, bu tiriklik - tiriklik emas, albatta; oʻzing tirik boʻlsang-u, koʻkraging oʻlik boʻlsa - aql topsang mol topmaysan, mol topsang aql topmaysan. Halol mehnating bilan erinchoq­lik qilmay mol topish uchun gʻayrat qilolmaysan.

Ish vaqtida ayyor, osh vaqtida tayyor boʻlib, sirting yaltirab, iching qaltirab yurib, tirikman degandan koʻra - bundan xudo yuborgan halol oʻlim ming marta afzal.

Oʻn toʻrtinchi soʻz

Tirik odamning yurakdan ham aziz joyi bormi? Bizning qozoqlarda «yurakli kishi» degani - botir kishi degani. Ular yurakning bundan boshqa fazilatlarini tushunmaydilar. Rahm-shafqat qilish, mehribonlik, inson farzandini oʻz bagʻrim deb tushunib, ularga ham oʻzini ayagandek ayab qarash - bularning hammasi yurak ishidir; shuning­dek, oshiqlik, sevgi-muhabbat ham yurak ishi. Yurakning maslahatiga amal qilib gapirilganda gap yolgʻon chiqmaydi. Yurakning ayt­ganiga kirmay, nafsning buyurganini qilsang - soʻzsiz adashasan. Qozoqlarning «yurakli» degan kishisi - maqtashga uncha arzimaydi. Ular: birovning aytgan gapiga kiradigan, va’daga vafo qiladigan, yomondan tez yuz oʻgiradigan, itga oʻxshab koʻch ketidan ergasha­vermaydigan, balki aksincha, adashgan koʻpning jilovidan ushlab toʻgʻri yoʻlga solib yubora oladigan, garchand mushkul boʻlsa-da, adolatli aql e’tirof etgan narsaga, garchi oson boʻlmasa-da, boʻysunmaydigan kishilarni botir deb hisoblamaydilar. Balki aksincha, ular faqat qashqir yurakli kishilarnigina botir deb tushunadilar.

Qozoqlarimizda odam bolasi aqlsizligidan yoʻldan ozmaydi, balki aqlli gaplarni uqib olishga zehni oʻtma­ganligidan gʻayratsizligi va qarorsizligidan yoʻldan ozadi. Men ularning koʻp­chiligining biror ishni «bilmasdan qilib qoʻydim» deganlariga mutlaqo ishonmayman. Ular garchand bilib tursalar ham, nojoʻya ishlarga orsizligi, vijdon­sizligidan yoʻl qoʻyishadi. Yomonlikka bir berilib ketdimi, bas, undan oʻzini tortib oladigan jur'at qozoqlarda kamdan-kam boʻladi. Ularning el orasida: er yigit, botir yigit, pishiq yigit, degan gaplariga ishonmaslik kerak. Ular bu soʻzlar bilan yigitlarni boʻlar-boʻlmasga maqtab, hovliqtirib, yoʻldan ozdirishadi-yu, oxiri nima bilan tugashi haqida oʻylashmaydi. Xudoga ham, bandasiga ham xush kelmaydigan, or-nomusni oyoqosti qiladigan bu ishlardan oʻzini sof tuta olmaydigan, behuda maqtov­larga uchadigan, oʻzining qilayotgan ishini oʻzi sez­maydigan yigitni yaxshi yigit deb boʻladimi? Satqai yaxshi yigit ketsin u! Shu ham odam boʻldi-yu!

Oʻn beshinchi soʻz

Mening nazarimda, aqlli kishi bilan aqlsiz kishini ajratib turadigan bitta narsa bor.

Avvalambor bandasi yaratilgandan keyin, dunyodagi mavjud narsalarga qiziqmay iloji yoʻq. Xuddi shu payt uning umrida eng qiziq davri boʻlib esida qoladi. Shunda aqlli odam kelgusida nafi tegadigan bir ishga mehr qoʻyib, ixlos bilan yopishar ekan-u, bir kun uning ana shu qiziqqan narsasi oʻzining sevgan kasbiga aylanib, kuniga yarab, koʻz koʻradigan, quloq eshitadigan, koʻngil sezadigan boʻlarkan. Nihoyat, shunday oʻtgan umrning oʻkinchi ham boʻlmas ekan.

Aqlsiz kishi nimaiki koʻrsa - shunga havas qilib va ularning birontasini ham boshini tutolmay, ne-ne tillaga topilmaydigan umrini it azobiga xor-zorlik bilan oʻtkazib yuborar ekan-u, keyingi oʻkinchidan foyda chiqmas ekan. U odam oʻzini yoshligida, bu hunar boʻlmasa, u hunar, deb oʻzini har ishga qodir sezib, u shohdan bu shohga uchib qoʻnib, goʻyo yoshligi abadiy turaveradiganday, belining quvvati, koʻzining nuri ketib, qarimaydiganday koʻrinarkan-u, vaqti kelib, tushunib, biror ishning boshini ushlayman, deganda, yoshi oʻtib, kuchi ketib, qoʻlidan hech narsa kelmay qolar ekan.

Keyin har narsaga bir qiziqish masalasi. Agar biror narsaga qiziqsang - bora-bora uni sevib qolarkansan, kishi. Bir narsani sevishning oʻzi ham bir dard boʻlarkan. Ana shu sevgan ishingga, kasbingga yetay-etay deb turganda, odamda qandaydir bir mast­lik, magʻrurlik paydo boʻlarkan. Ma’lumki, mastlik har qanday mast kishining aybini koʻproq yuzaga chiqarar, koʻzlarini shira bostirar, magʻrurlantirib yuborar ekan. Ana shunday paytda eslik odam esini yoʻqotib qoʻymay, aql-hushini bir joyga yigʻib olib, oʻz kasbi-korining etagidan mahkam ushlar ekan. Essiz, ovsar kishilar esa boshi aylanib, koʻzi tinib, bosar-tusar joyini bilmay, hovliqib, bosh yalang, egar-toʻqimsiz otini qamchilayverar ekan - men shuni koʻrdim.

Agarda sen ham aqlli kishilarning safida boʻlging kelsa, har kuni bir marta, yo haftada bir marta, hech boʻlmasa oyida bir marta oʻzingga oʻzing hisob ber! Oʻtgan umrni qanday oʻtkazibsan: na ilmga, na jamiyatga va na oʻzingga foydali biror ish qilibsanmi? Yo esa qanday qilib oʻtkaz­ganligingni oʻzing ham sezmay qolibsanmi?