OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdugʻafur Rasulov
Asar nomi«Barmoqdagi muhr…»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdugʻafur Rasulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yosh kuch» jurnalida 2011 yilda e’lon boʻlgan.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Barmoqdagi muhr…»
Abdugʻafur Rasulov

Hayot tashvishlari bilan turmush irmoqlarida har kuni turfa odamlarga roʻbaroʻ kelamiz. Agarda buni ming yillik ma’naviy boyligimiz «Alpomish» orqali aytsak ular orasida Qultoy ham, Ya(Yo)rtiboy ham bor. Demak, ibrat olishimiz, oʻzimizga oʻrnak bilishimiz kerak boʻlgan odamoxun kishilar, insoniy fazilatlarni qadrlaydigan yoshi ulugʻ va koʻpni koʻrgan nuroniy otaxonlar, hayotning achchiq sitamlariga-da bardosh bergan, yetti yiqilganda sakkiz bora turgan zotlarning qalbiga quloq tutgan nazarimda hayotiy saboq oladi, savod chiqazadi.

Aziz mutoalachi! Ustoz Abdugʻafur Rasulov bilan bolalik pallasi, olimning hayot yoʻli, umrini baxshida etgan fanning dalzarb masalalari, istiqlol yillarida ulgʻayayotgan yoshlar ijodi haqda uzoq suhbat qurgan edim. Sizning hukmingizga ana shu gurunglarimizdan bir shingilni manzur boʻladi degan umid bilan havola etmoqdaman.
— Ustoz, bolaligingizni qanday xotirlaysiz?
— Bolalik — podsholik deymiz. Ammo, oʻsha podsholik damlari kimda qanday kechishi bu zamonga, davrga bogʻliq ekan. Zamon notinch, onalar yuzida gʻam, koʻzida shashqator yosh boʻlsa, bolaning podsholigi ne boʻlardi. Bularni soʻzlashimga sabab, kamina sakkiz yoshga toʻlganida ikkinchi jahon urushi tugagan, el ezilgan koʻp xonadonlarda bolalarga otalari oʻrniga onalari, buva hamda buvilari bosh boʻlib qolgandi. Koʻchaga chiqsangiz, har qadamda yarimjon azamat birining qoʻli, yana birining oyogʻi yoʻq. Urushning dahshatliligini esga solib, eslatib turardi. U paytda eng yomon soʻz «qoraxat» edi. Men tenggi bolalar bu mash’um xatda nima bitilganligini bilardi.

Bizning uyimiz hozirgi Beshyogʻoch bozori yaqinida joylashgandi. Toshkent vokzalidagi poezdning ovozini eshitgan buvim «ovozing oʻchgur», «ovozginang oʻchsin», deb koyirdi. Boisi, ikki farzandi urushga ketib qaytmagan, urushga esa poezd «olib ketgan»ligi uchun buvim poezdni bolalarini bagʻridan yulib olganlikda ayblab oʻtdi. Buni bir mushtipar onaning xulosasi deb qabul qilish mumkin.
— Yana...
— Yana, shularni eslasam nonga navbatga turganimiz, kerosin olish uchun toshni raqamlaganim, obkashda suv tashiganimiz bir-bir koʻz oldimga keladi.

Urush yillari va undan soʻng ham non totli va chuchik edi. Odamlar nonga qator boʻlib navbatda turar yomgʻirli, qorli kunlardayam tartibni biror kishi buzmasdi. Bir nonni toʻrtga boʻlib kishi boshiga bir qismdan taqsimlab berardi. Yaxshi pishmagan non xamiri pichoqqa yopishib ketar, sotuvchi esa uni sidirib tashlab oʻz ishini davom ettirardi.

U paytda elektr chirogʻi yoʻqligi bois, moychiroqdan foydalanilar, odamlar kerosinni ham navbat turib olishardi. Ammo navbat oʻziga xos edi. Kerosin tarqatiladigan manzilga borib bir toshni nomerlab kelib, roʻzgʻor yumushlarini bajarish mumkin edi. Boshqalar ham xuddi shunday qilardi. Kerosin kelganda esa oʻsha toshni olib oʻz joyini egallar va tartib bilan chiroqmoyi olinardi.

Buvamning ortidan ergashib yurardim. U kishi obkashda suv tashirdi. Men boʻlsam obkashdan suvni qanday qilib toʻkmasdan olib kelish mumkinligi haqida oʻylar edim. Obkashda suv tashish, shahar koʻchalarida suvni kuvir orqali olingandan soʻng boʻldi. Ungacha hovlimizdan shildirab oqib toʻradigan ariq suvidan ichar edik-da.

Nurillajon bolaligim haqida yana koʻp soʻzlashim mumkin. Ammo ular katta mavzularni taqoza etib boradi...
— Ustoz, suhbatimizni faoliyatingizga doir savol bilan davom ettirsak. «Yashash — bu his etish va fikrlash, iztirob chekish va rohat qilishdir», deganida V. G. Belinskiy haq ekan. Olimning hayoti va ijod yoʻli haqida yana nima ham aytish mumkin?
— Olimning hayoti va turmush tarzini bir-ikki ogʻiz soʻz bilan ifodalab boʻlsa, qani. Ilmning sabrni sinaydigan, toqatni ham toldiradigan mashaqqatli yoʻlini igna bilan quduq qazishga qiyos etadi. Balki, shu toʻgʻridir deymanu gohida olim quduq qazish uchun ishlatiladigan ignaning tor teshigidan oʻtishiga ham toʻgʻri kelishi haqida oʻylab qolaman. Mana, Ozod (Sharafiddinov) akani olaylik, u kishi allaqachon adabiyotshunos olim, nozik didli munaqqid sifatida tan olingan, kitobxonlar qalbidan joy olgan edi. Ustoz oʻz koʻnglini maftun, aql-zakovatini band etgan Choʻlponning oʻtli she’rlari, betakror nasriy asarlarisiz XX asr oʻzbek adabiyoti kemtik boʻlib qolishini butun borligʻi bilan his qildi. Shuning uchun doktorlik ilmiy ishini Choʻlpon ijodi boʻyicha qilishni diliga tugub yurdi. Biroq sobiq shoʻrolar hukumati, uning kamunistik mafkurasi bunga yoʻl bermadi.

Oʻtkan asrning 50-yillari oxirlarida qatagʻon-qirgʻin qurbonlari oqlana boshladi. Lekin... Choʻlpon oqlanmadi. Shoir: «Menda-da qanot bor, lekin bogʻlangan... Bogʻ yoʻqdir, shox yoʻqdir, lekin devor bor», deganicha qolaverdi. Ajabki, Choʻlponni tanigan, bilgan, uning etagidan tutib adabiyotga kirib kelganlar oʻzini panaga oldi. Maydonda Don Kixot boʻlib Ozod aka qoldi.
— Sizning-cha, «Uslub — yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, oʻzligi». Demak, uslub shakllanmaydi. U ijodkorning tiynatida boʻladi, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi?
— Ha, uslub — yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, oʻzligi. Uslub — yozuvchi falsafasi in’ikosi deganman. Rost-da, she’r koʻp boʻlsa-yu uning ortida shoir koʻrinmasa? Hikoya bosilsa-yu uning muallifi «bu — menman» deb turmasa? Bu ne hol, bu ne gap boʻladi.

Qadimdan «otadan koʻrgan oʻq otadi, onadan koʻrgan toʻn bichadi», degan naql bor. Ota bilan bolaning oʻxshashligi, qalban bir-biriga intilishi dostonu ertaklarda, baxshilar ijodida azaldan aytilib kelinadi. Xoʻsh, bularning iste’dodga va uslubga aloqadorligi qanday, dersiz? Shuni oʻnitmang-ki, odam oʻzini qurshagan olam bilan aloqaga kirishish ehtiyoji-la tugʻiladi. Harakat — odam va olam aro uzluksiz bogʻliqdir. Mohiyatdan olganda esa odamning oʻzi ham tugal bir olam. Faqat katta olamga nisbatan kichik olam, xolos.

Badiiy ijod yozuvchidan uning oʻzligini, ma’naviy-ruhiy olamini koʻrsatib berishini, kamolot darajasini talab qiladi. Ya’ni, ijodkordan qalbidagi rost soʻzni soʻraydi. Uslubni sodda qilib tushuntirganda tangrining buyuk zotligini esga olib ibtidodan bugungacha qancha inson oʻtganligi va bugundan intihoga qadar yana qancha odam tugʻilsa, ularning hech birining barmoq izi boshqasida takror boʻlmasligi va iste’dod ana shu betakror barmoqdagi muhrni adabiyotga bera olsagina u el orasida yozuvchi yo shoir boʻlib ardoqlanadi, ezoz topadi.

Qisqa qilib aytganda Nurillajon, sizning xulosangizda jon bor. Ijodkorda uslub boʻlsa hayot saboqlari orqali sayqallanishi mumkin, ammo bordan yoʻq boʻlmaydi. Adibning darajasi esa Asqad Muxtorning mana bu she’ridagi kabi:

... Kasr — odam emish shu turgan koʻyi.
Surat — uning asli salmogʻi-yu,
Mahraj — oʻz haqida oʻylagan oʻyi!
Ajab tushlar...
Balki tush emasdir?
Oʻngda-ku, shunaqa qoida boʻladi:
Mahraj qancha katta boʻlsa, axir,
Kasr shuncha mayda boʻladi...

— Bugungi adabiyotimizning dunyoga chiqishi uchun eng asosiy omil nima deb bilasiz?
— Bunga shubhasiz badiiy tarjima orqali erishishiladi-da, deb bir soʻz bilan javob berishim mumkin. Ammo, uni kim amalga oshiradi degan ikkinchi savol tugʻiladi. Chunki, XXI asr dunyoda ma’naviy oʻlchamlar anchayin oʻzgarib ketdi. Bugun matbaa nashrlar va teleradio kompaniyalar kim, qaerda, qanday ezgu ishni amalga oshirganidan koʻra, kishilarni tabiiy ofatlar, aviyahalokatlar, mashhur kishilarning mayishiy turmishi tarzi haqidagi xabarlarni yetkazishni maqul bilmoqda. Shunday ekan, ezgu amalli kishilar ham oʻzining qilgan xayrli ishlarini targʻib qilishiga zaruriyat bor.

Demak, imkon qadar badiiy saviyasi baland asarlarni dunyoning eng faol tillariga pishiq va puxta tarjima qilib xorijda chop ettirishning harakatini qilish kerak. Bunga qoʻlida qalami bor yosh iqtidorli oʻgʻil-qizlar bel bogʻlasa, maqsadga muvofiq boʻladi. Dunyo xalqlari bahra olishi mumkin, deb tavsiya etiladigan badiiy barkamol asar, albatta, adabiyotshunoslar va jamoatchilik nazaridan oʻtishi zarur.
— Adabiyotimiz ostonasidagi yoshlar haqida fikringiz...
— Uzoqqa bormaylik, oʻzingiz koʻrib-bilib turganingiz Yozuvchilar uyushmasi huzurida «Ijod» fondi tashkil etilganidan buyon uyushmada yoshlar kulgisi, dadil va oʻktam ovozi eshitila boshladi. Ularning kalomini uyushma qoshidagi kengashlarda xalq shoirlari, xalq yozuvchilari, taniqli adabiyotshunos olimlar tinglayapti. Maqsadu maslagini bilyapti.

Yana, bugungi adabiyot eshigi oldida turgan yosh ijodkorlarning yozganlaridan uch umumiy xususiyat koʻzga tashlanmoqda. Birinchisi, oʻzini daxldor deb bilgan san’at turiga va oʻziga boʻlgan talabchanligi yuqori. Ikkinchisi, oʻz koʻnglini, oʻzligini namoyon etishda sira ham sinalgan yoʻllardan borgisi kelmaydi. Rang-barang va betakror. Uchinchisi esa, oʻzicha shoir, oʻzicha yozuvchi boʻlishni istab yurganlar.

Bularni koʻrib muhtaram Yurtboshimizning «Bu vatanda iste’dodsiz bolaning oʻzi yoʻq», degani yodimga keladi va ustoz va murabbiylar oʻz kasbiga yanada mas’uliyatliroq yondoshsa deyman. Nega, har bir shaxs oʻz imkoniyatlarini belgilab olishi uchun ularga koʻmak zarur. Shoir boʻlmasa shifokor, shifokor boʻlmasa yana boshqa kasbning boshini tutishi mumkin-ku axir!

Buni esa tushintirish, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish oʻqituvchi-murabbiy va ota-onalarning zimmasida. Davlat esa ulgʻayayotgan avlodning kamol topishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib qoʻygan bir paytda bunday ishonchni faqat va faqat oqlash kerak.

Nurilla Choriyev suhbatlashdi