OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdugʻani Abduvaliyev
Asar nomiGʻaroyib haykal (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Abdugʻani Abduvaliyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻaroyib haykal (hajviya)
Abdugʻani Abduvaliyev

U onasining qornidanoq tagli-tugli boʻlib tugʻildi. Uni «puf-puf»lab boqishdi, tetapoya boʻlib qad rostlagach, xuddi haykalchadek bogʻchaga olib borib oʻrnatishdi.
— Poydevori bormi? — dedi bogʻcha mudirasi Haykalchaning uyoq-buyogʻini siypalab.

— O, boʻlganda qandoq! Falonchievning bolalari boʻladi-ya! — deyishdi savolga javoban.

Unga shabadani ham ravo koʻrmay, alohida mehr bilan parvarish qilishdi. Yetti yoshga yetganda Haykalchani maktabga oʻrnatishdi.
— Poydevori qalay? — soʻrashdi maktabdagilar.
— Juda mustahkam. Falonchievning farzandlari!
— Bahosi besh ekan buning, — deyishdi muallimlar.

Unga «4»ni ham ravo koʻrmay ta’lim berishdi. Nihoyat, oradan oʻn yil oʻtgach, koʻksiga oltin medal taqib qoʻyishdi. Bunday gʻaroyib Haykalni hali hech kim uchratmagandi.
— Buni qaerga oʻrnatamiz? — soʻradi Falonchievning yugurdaklaridan biri.
— Qaerga boʻlardi, galvars! — dedi ikkinchisi. — Institutga-da!..
— Poydevori bormi? — soʻradi qabul komissiyasining raisi. Unga Falonchievning maktubini tutqazishdi.
— Oʻqituvchi boʻlmoqchi ekanlar-da...
— Oʻqituvchi boʻlishi shart emas. Diplom olsa boʻlgani. Bironta yumshoqroq yerga oʻrnatib qoʻyish qoʻlimizdan keladi, — dedi kimdir.

Oradan besh yil oʻtgach, Haykalning qoʻltigʻiga diplom qistirgancha mashinada olib kelishdi-da, shahar hokimligiga oʻrnatishdi, xona eshigiga «boʻlim mudiri» deb yozib qoʻyishdi.

Bir-ikki yil oʻtgandan keyin Haykalning kalla mexanizmida ba’zi narsalar yetishmayotgani sezilib qoldi. Uni darrov moliya idorasining hovlisiga oʻrnatishib, beliga «oʻrinbosar» deb yozib qoʻyishdi.

Oradan koʻp oʻtmay, «Poydevori mustahkam boʻlsa, qachongacha oʻrinbosar boʻlib yuradi?» degan shivir-shivir oralab qoldi. Haykalni yelkada koʻtarib kelib markaziy bozorga oʻrnatishdi. Bozorlar boshqarmasi boshligʻi avvaliga rozi boʻlmay, biroz tixirlik qildi. U yerga moʻljallab qoʻygan oʻz odami bor ekan. Biroq unga Falonchievning suratini koʻrsatishgan edi, dami ichiga tushib ketdi. Haykal bozorda qoladigan boʻldi.

Yillar oʻtdi, Falonchiev olamdan oʻtdi. Haykalning poydevoriga suv oralab, nuray boshladi. Bozordan koʻchirish kerak ekan, degan qarorga kelishdi. Lekin qaerga qoʻyish lozim, degan muammo koʻndalang turardi.
— Falonchievdan qolgan nishona-ya! Marhumning hurmati yoʻqmi? — deb qoldi Falonchiev bilan koʻp yil birga ishlagan tepakal kishi.

Bu gap koʻpchilikni oʻylantirib qoʻydi. Nihoyat Haykalni latta-putta, suyak-siniqlar idorasiga oʻrnatishga jazm qilishdi. Uch-toʻrt odam Haykalni sudrab keldi-da, «Utilsiryo-chiqindilar» degan mahkamaga oʻrnatib, iyagining ostiga «Mudir» deb yozib qoʻydi.

Bu dunyoda abadiy narsa yoʻq ekan. Hamma narsa yemirilarkan, oʻlarkan. Vaqti-soati yetgach Haykalning ham kuni bitdi. Barcha tashvish shundan keyin boshlandi. Uni qabristonga eltishdan avval bahs boʻldi:
— Haykalni tobutga solamizmi?
— Yoʻq. Uni hamma odamlarga oʻxshab tobutga solib, yerga koʻmmaymiz.
— Nega?
— Chunki u haykal boʻlgan. Oʻlgandan keyin ham haykalligicha qolishi kerak.
— Qanaqasiga?
— Qabristonga tippa-tik qilib oʻrnatamiz. Odamlar oʻz qabriga haykal qoʻyish uchun goʻrkovga pora tiqib yotishibdi-ku!

Shunga kelishildi. Qabristonga beton gʻilof oʻrnatib, unga Haykalni tippa-tik tushirishdi.

Vo, ajab! Buni qarangki, buyurtma berganlar bir qarichga yanglishgan ekan. Beton gʻilofdan Haykalning boshi chiqib qoldi. Janjal boshlandi.
— Aytdim-ku, boʻlmaydi deb. Hech jahonda oʻlikni tippa-tik koʻmadimi?
— Kallasiga alohida gʻilof qilish kerak!
— Ushlamaydi, keyinchalik ulogʻidan chiqib ketadi...

Qabristonga toʻplanganlarning asabi tarang edi. Haykalning tirikligida biron marta ishlamagan kallasi hozir, shu tobda hammaning boshini qotirib turardi...