OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdukarim Jumaboyev
Asar nomiMargʻilon qoʻymas meni
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Abdukarim Jumaboyev
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - She’rlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Fargʻona» nashriyoti, 1996 yil
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Margʻilon qoʻymas meni
Abdukarim Jumaboyev

Margʻilon ijod ahliga alohida e’tiborlari uchun Margʻilon shahar hokimi muhtaram Abduvahob Roʻzievga, ushbu kitobning nashr etilishida homiylik qilgan «Hijrat» va «Dilshod» firmalarining boshliqlari hurmatli Ne’matjon Sobirov hamda Roʻzimuhammad Teshaboevlarga samimiy minnatdorchilik izhor qilaman.
Abdukarim Jumaboev — Margʻilon shahrida yashab ijod qilayotgan qalam ahllaridan biri. Kasbi — pedagog. Hozir Margʻilon shahrida joylashgan viloyat koʻzi ojizlar kechki va sirtqi maktabining direktori vazifasida ishlaydi. Uning she’rlari shahar, viloyat va respublika matbuoti orqali nazm ixlosmandlariga yaxshi tanish.
Ijodkorning bir qator gʻazallari xalq e’tiborini qozongan xonandalar kuy-qoʻshiqlari qanotida shinavandalar qalbiga yetib borgan.
«Margʻilon qoʻymas meni...» Abdukarim Jumaboevning ilk toʻplami. Aziz she’riyat muxlislari! Shoirning nazm daftaridan bir guldasta tuzib hukmingizga havola etar ekanmiz, ijodkorga yanada yuksak parvozlar tilab qolamiz.

Mustaqil Oʻzbekistonim

Mustaqil boʻlganing rost boʻlsin, yurtim,
Quyoshdek kulganing rost boʻlsin, yurtim.
Dengizdek toʻlganing rost boʻlsin, yurtim,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Hazrat Navoiyning orzusi eding,
Buyuk Temur qalbin yogʻdusi eding,
Bobur dardlarining koʻzgusi eding,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Ne yovlar kelmadi bagʻring yaralab,
Boyliging tashidi bearmon talab,
Endi doʻst topamiz sinab, saralab,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Yodda saqlagaymiz oʻgʻlonlaringni,
Akmal-u, Fayzullo, Choʻlponlaringni,
Qodiriy, Fitrat-u, Usmonlaringni,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Oʻzbekmiz, sabr ila bardoshimiz bor,
Har taraf har yonda qardoshimiz bor,
Xalq sevar, haqsevar yurtboshimiz bor,
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Ona Oʻzbekiston, shonim, shavkatim,
Tangri bizga bergan aziz ne’matim,
Sensan kelajagi buyuk davlatim —
Erking, istiqloling manguga boʻlsin.

Sohibqiron Amir Temur soʻzi

Ayo, avlodlarim, turkim — Turonim,
Ey, mening shavkatim, sha’nim — imonim,
Sen bilan birgadir ruhi ravonim —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Sallamno aytamiz erk — istiqlolga,
Sallamno aytamiz bu istiqbolga,
Zarracha shubha yoʻq baxtu iqbolga —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Turfa agʻyorimiz armonda qoldi,
Qonli kishanlar-da zormonda qoldi,
Oltinlar, gavharlar hamyonda qoldi —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Bugun koʻksimiz togʻ, dilimiz ozod,
Bugun koʻnglimiz chogʻ, tilimiz ozod,
Bugun bagʻrimiz bogʻ, yoʻlimiz ozod —
Bu ulugʻ ayyomlar muborak boʻlsin!

Ey, xalqim, beminnat ona Turondan,
Bor mehring ayama, kechsang-da jondan.
Bilgil Vatan sevmoq asl imondan,
Bu ulugʻ ayyomlar muborak bulsin!

Istiqlol va Biz

Oʻtdi istiqlolning yana bir yili,
Hal boʻldi yurtimning qancha mushkuli,
Chorlar ozodlikning munavvar yoʻli —
Doʻstim, istiqlolga biz, nima berdik?

Dunyoga koʻrk yozdi ona tilimiz,
Poklandi, imonga toʻldi dilimiz.
Olamga tanildi aziz elimiz,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Endi tadbirkorning omadi kuldi,
Dehqon oʻz yerining qadrini bildi.
Har kim oʻz mulkining sohibi boʻldi,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Ona yurt bagʻrida tinchlik barqaror,
Oʻz tamgʻa, tugʻimiz, qonunimiz bor.
Vatan madhiyasi yangrar ulugʻvor,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

Istiqlol dillarga muhabbat berdi,
Vatanni sev dedi, sadoqat berdi,
Baxt berdi, tuganmas saodat berdi,
Doʻstim, istiqlolga biz nima berdik?

El uchun, yurt uchun yonib yuraylik,
Vatanni mehrimiz bilan oʻraylik,
Goho oʻzimizdan soʻrab turaylik —
Qani, istiqlolga biz nima berdik?

Iqbol

Men seni sevdim-u ne gunoh uchun,
Adashdim hijronning soʻngsiz yoʻlida,
Sirli olam ichra yuribman sarmast,
Taqdirim jilovn sevgi qoʻlida.

Umidvor boqaman yoʻlingga har tong,
Ranj emas, orom bor intizorlikda,
Agar hayot qaytsa, sevardim seni,
Umrim oʻtsa hamki, senga zorlikda.

Zor boʻlay, yoʻlingda intizor boʻlay,
Mayli orzularim topsalar zavol,
Mayli sevmasang ham faqat bilib qoʻy
Sendek qizni sevmoq oʻzi bir iqbol.

Sogʻinch

Sogʻinaman va bu sogʻinchdan
Ruhim mayus tortib ketadi,
Hijron esa yigit boshimga.
Gʻam yukini ortib ketadi.

Kimdir koʻnglim koʻtarmoq boʻlib,
Dardim bilmay aytadi davo.
Jilmayadi kiftimga qoqib,
Oʻkinma, der bu birkam dunyo.

Koʻzlarimga ishora etib —
Essiz yigit, deydilar pinhon.
Bilmaydilar: koʻzlar dard emas,
Sendan ayru oʻrtaguchi jon.

Qayta boqmay seni koʻraman,
Qayga bormay xayoling yoʻldosh.
Faqat oʻrning bosolmas, hatto
Qalbim ichra yoqsalar quyosh.

Taqdir

Miltiragan yogʻdu koʻrinmas,
Koʻzlarimga zim-ziyo olam.
Yashar ekan yorugʻ dunyoda,
Ajab, nurga zor boʻlib odam.

Atrofimda motamsaro rang,
Goʻyo quyosh oʻchay degan sham.
Yashar ekan zulmatga koʻnib,
Taqdiriga tan berib odam.

Gohi yigʻlab, gohi ovunib,
Yurak-bagʻrin ezganda alam —
Chidar ekan aldab oʻzini
Nimadandur umidvor odam.

Yaxshiyamki dilda muhabbat,
Va yonimda sen borsan sanam,
Yaxshiyamki ezgu tashvishlar,
Turfa oʻylar bilan band odam.

Boʻlmasang sen bu zulmat ichra,
Majol qolmay qoʻymoqqa qadam
Oʻtar edim bir sharpa yangligʻ,
Taqdirimga tan berib men ham.

Yomgʻir

Tongga qadar yomgʻir yigʻladi,
Yer koʻksini toʻldirdi yoshga.
Chaqmoq boʻlib koʻkni tigʻladi,
Suv quyildi sabru bardoshga.

Koʻchalarda birov qolmadi,
Derazalar yopildi taq-taq.
Hech kim unga quloq solmadi,
Guldurosga toʻlsa-da falak.

Sukut saqlar borliq, mavjudot,
Yomgʻir yigʻlar bekas darbadar.
Eshik ochmas biror bir jonzot,
Barcha uxlar gʻofil, alhazar.

Yomgʻir yigʻlab ketdi. Tong otib,
Nurga toʻldi, kuldi tabiat.
Oʻzi shunday: yigʻlagan qolib,
Kulganlarni koʻramiz faqat.

Armon

Sen uchrasang jonim, nogohon,
Yuragimda boshlanar isyon,
Seni koʻz-koʻz qiladi armon,
Peshonamga sigʻmagan yorim,
Yolgʻon-yolgʻon yigʻlagan yorim.

Yoshlik ekan aylanib qoldim,
Nozlaringga boylanib qoldim,
Yo adashdim, aldanib qoldim,
Peshonamga sigʻmagan yorim,
Yolgʻon-yolgʻon yigʻlagan yorim.

Yor-yor aytib olib ketdilar,
Uzoq manzillarga yetdilar.
Seni mendan judo etdilar,
Peshonamga sigʻmagan yorim,
Yolgʻon-yolgʻon yigʻlagan yorim.

Yoʻllaringda koʻzlarim qoldi,
Aytolmagan soʻzlarim qoldi,
Armon qoldi, orzu yoʻqoldi,
Peshonamga sigʻmagan yorim,
Yolgʻon-yolgʻon yigʻlagan yorim.

Qismat ekan yoring boʻlmadim,
Oʻzgalarni havas qilmadim.
Na sen bildiig, na men bilmadim,
Peshonamga sigʻmagan yorim,
Yolgʻon-yolgʻon yigʻlagan yorim.

Ayollar

Kamolotga yetar soqibjamollar,
Qomatlari shamshod, qoshi hilollar.
Ofatijon boʻlar ekan, ayollar,
Oʻttizdan oʻtsalar, qirqqa yetsalar.

Husnu malohatda yagona boʻlar,
Qoʻrku latofatli jonona boʻlar,
Aqlu zakovatda bir dona boʻlar,
Oʻttizdan oʻtsalar, qirqqa yetsalar.

Qoshiga oʻsmalar qoʻyganda koʻring,
Koʻziga surmalar surganda koʻring,
Ochilib kulganda, yurganda koʻring,
Oʻttizdan oʻtsalar, qirqqa yetsalar.

Yuzlariga qarab toʻyib boʻlmaydi,
Bebosh bu koʻzlarni tiyib boʻlmaydi,
Oʻzi suymaguncha, suyib boʻlmaydi,
Oʻttizdan oʻtsalar, qirqqa yetsalar.

Farzandiga mehri dunyocha boʻlar,
Sadoqatda Shirin, Laylocha boʻlar,
Xonadon yashnagay, nurlarga toʻlar,
Oʻttizdan oʻtsalar, qirqqa yetsalar.

Otajon (Hazil Emas)

Yigirmada yigit yoshimda,
Dunyo ta’zim aylar qoshimda,
Sevgi degan savdo boshimda,
Menga oson tutmang, otajon.

Erkin Vohid she’rin yod olsam,
Qoʻlda kitob xayolga tolsam,
Chaqirsangiz eshitmay qolsam,
Menga oson tutmang, otajon.

Dardim soʻrang onajonimdan,
Yo janjalkash singiljonimdan.
Qoʻshni qizni sevdim jonimdan,
Menga oson tutmang, otajon.

Maktublarim choʻzmaga joylab,
Hovlisiga otaman poylab.
Qoʻshni xola chiqar «hoy-hoy»lab,
Menga oson tutmang, otajon.

Shayton: Qizdan qolasan, — deydi,
Olib qochsang, olasan», — deydi,
Buncha boʻshang bolasan, — deydi
Menga oson tutmang, otajon.

Ona Shahrim

Gulshanim desm arzir jonajon Margʻilonim,
Yoshligim bahoridek navqiron Margʻilonim.

Mehrimni qoʻshiq aylab kuylamay nechun vasfing,
Maftuning yorugʻ olam begumon Margʻilonim.

Mehnatni sevib xalqing beqiyos zamon ichra,
Baxt topdi — saodatga oshyon Margʻilonim.

Yuksalib rivoj topding mustaqil diyorimda,
Jon kabi aziz noming — Margʻilon Margʻilonim,

Sen birla faxr aylar, bagʻringda Kariming ham,
Baxtli bir niholingdir, onajon Margʻilonim.

Boʻlmasin

Ey, falak, hech kimga hech kim hech qachon zor boʻlmasin
Bemehr, doʻst, bevafo yor, besamar kor boʻlmasin.

Chaqsa kech boʻlgay, birodar, qil yomonlardan hazar,
Ganj debon sen asragan qoʻyningdagi mor boʻlmasin.

Mansabu davlatga magʻrur boʻlma shayton kasbidir,
Roʻzi mahshar kech qolursan qancha iqror boʻlmasin.

Har kishi oʻrnida boʻlsin, elga naf tegsin mudom,
Qahratonda savti bulbul, yozda hech qor boʻlmasin.

Oqil ersang har soʻzingda qilmagil kibru havo,
Kun kelib nodonliging el ichra oshkor boʻlmasin.

Ey, Karim, ne boʻlsa boʻlsin asrasin Olloh faqat,
Boshing uzra norasolar ishda sarkor boʻlmasin.

Yaxshidur (Erkin Vohidov Gʻazaliga Nazira)

Yaxshidur achchiq haqiqat, lek shirin yolgʻon yomon,
Bu shirin yolgʻonga lekin aldanib qolgʻon yomon,

Ranjima doʻsting agar aybingni aytsa roʻyi rost,
Asli inson ortidan har soʻzda chaynalgʻon yomon.

Toledur qalbing aro doʻst mehri jo boʻlsa faqat,
Zohiran oshno boʻlib, pinhon oyoq chalgʻon yomon.

Boshing uzra qoʻhi gʻam tuhmatga teng kelmas sira,
Bol kabi turmushga igʻvo zahrini solgʻon yomon.

Soʻyla rostin doimo boshga qilich kelganda ham,
Dard-la qiynalsang, davo bor: bedard qiynolgʻon yomon.

Dema Erkin nazmi ichra senga ne kordir Karim,
Gar gʻazal qadriga yetsang loqayd oʻltirgʻon yomon.

Koʻrdim

Sengʻa deb yozganim she’rim koʻngilda bir figʻon koʻrdim,
Bu ohdan dildagi dardu koʻzimdin ashk ravon koʻrdim.

Bu ishq bedodidan ming dod chekarman foydasi boʻlmas,
Bujudim oʻrtagan hijron chaqar, goʻyo chayon koʻrdim.

Ne toledir qaro boʻlmish, yorishmas ming quyosh yoqsang,
Asirdirman bu zulmatda, qiyomat kun omon koʻrdim.

Omonlik istadim, ammo netay oppoq saharlarni,
Seningsiz nurli kunlarni qaro tunday yomon koʻrdim.

Izingga arzimas mendek gʻarib, olma xayolingga,
Unutgil, buzmagil tinching senga oromijon koʻrdim.

Jahonda ne shirin soʻz bor teng oʻlmas bir kalomingga,
Menga soʻz aytmagin, jonim, qilursan koʻp ziyon koʻrdim.

Qoʻrolmay gul kabi chehrang Karim qon yigʻlasa, ne qadr,
Oyogʻing ostida qolgan xazon umrim ayon koʻrdim.

Boʻlmasa Ne Gʻam

Daryo boʻlsang-u ummon bilmasa, ne gʻam,
Dono boʻlsang-u nodon bilmasa, ne gʻam.

Yomonlardan ehtiyot ayla oʻzingni,
Yaxshiligingni yomon bilmasa, ne gʻam.

Qanchalar chiranmagin haqiqat sinmas,
Rostgoʻy boʻlsang-u yolgʻon bilmasa, ne gʻam.

Hayron boʻlma qopsalar quturib, hurib,
Odamligingni hayvon bilmasa, ne gʻam.

Oftobga yetolmaysan boʻy choʻzgan bilan,
Yerdaligingni osmon bilmasa ne gʻam.

Murod, manzilga omon yetmoq oʻzi bas,
Sarbonligingni karvon bilmasa, ne gʻam.

Har kimga dil siringni aytmoq ne hojat,
Majnunligingni jahon bilmasa, ne gʻam.

Karim, yaxshi-yomonga maskandir zamin,
Umr oʻtmoqda inson bilmasa, ne gʻam.

Dard

She’rlaring dardli, deding — dardsiz yoza bilmas uni,
Yonmasa, yondirmasa, hofiz qoʻshiq qilmas uni.

Chertmasa dil torlarin, essiz qalam, essiz qogʻoz,
Lahzada boʻlgay unut umri tugal yilmas uni.

Bir buyuk shoir boʻlolmas dasta she’r yozgan bilan,
Tuymasa el qalbi dardin, she’r deb aytilmas uni.

Sevgi — dard, hijron — azob, otash boʻlib yondirsa ishq,
Tunni tonglargʻa ularsan, yozmasang boʻlmas uni.

Sen Karim dunyosidirsan, dardi armoni oʻzing,
Boʻlmasang, boʻlmas gʻazal ham, baxti ham kulmas uni.

Navbahor

Gul ochib chaman-chaman fasli navbahor boʻldi,
Bogʻlar yashil rang olib togʻlar lolazor boʻldi.

Sharqirab soylar oqar, navosi dilga yoqar,
Novdalar marjon taqar, har yon maysazor boʻldi.

Goh shivirlab, goh elab, dehqonga omad tilab
Yogʻar yomgʻir erkalab, tonglar begʻubor boʻldi.

Bulbul sayrar toʻlgʻonib, yonar gullar gulxani,
Ul gulsevar yor qani? Koʻzlar intizor boʻldi.

Yayrashaylik kel, erkam, bugun bahoriy bayram,
Keldi navroʻzi olam, quyosh zarnisor boʻldi.

Diyorim asli goʻzal, goʻzallik fasli goʻzal,
Yozay deb she’ru gʻazal Karim beqaror boʻldi.

Raqqosaga

Berib har davraga oro, kulib jonona oʻynaysiz,
Sochingizdan boʻyi rayhon tarab har yona oʻynaysiz.

Ajab qaddu ajab husnu nazokat bobida tanho,
Toshib, toʻlqinlanib daryo misol mastona oʻynaysiz.

Gohi gir aylanib, gohi tovuslarday hirom aylab,
Chaman yangligʻ libos, ichra yonib toʻlgʻona oʻynaysiz.

Hayo birlan imo aylab, koʻzingiz birla koʻz bogʻlab,
Ishorat aylabon aytib, shirin afsona oʻynaysiz.

Koʻringaysiz boʻlib afgʻon, gohi ma’budai hindu,
Qarashlar gohida oshno, gohi begona oʻynaysiz.

Bahor bagʻrida bir gulsiz, topib san'at-la baxtingiz,
Vatanga, elu yurtimga qilib shukrona oʻynaysiz.

Faqat siz oʻylamang yolgʻiz Karim raqsimga shaydo deb,
Keling olqish bilan kutgay, butun Fargʻona, oʻynaysiz.

Agar

Baxt edi boshingga gullar chambarin taqsam agar,
Gul bahona ta’bi nozik koʻnglingga yoqsam agar.

Bir qiyo boqsang dilimda gul ochar fasli bahor,
Yuzlaring yonmogʻi nedin men qiyo boqsam agar.

Lablaring la’li zilolin qadri zor etdi mani
Ne ajab shirin soʻznigdan sel boʻlib oqsam agar.

Kulsalar, mayli malomat qilsalar holim koʻrib,
Girdibod monand izingdan har tomon chopsam agar.

Tosh olib quvsin mahallang, ostonangdan mani,
Bir gado yangligʻ saharlar darvozang qoqsam agar.

Deydilar yopsangchi hasrat daftaringni ey, Karim
Dardlarim qayga yozarman, daftarim yopsam, agar.

Margʻilon (Bahri Bayt)

Tovlanur yal-yal yonib tengsiz goʻzallik mahzani,
Bu mening xonatlasimdir turfa ranglar gulshani.

Gulshanim, bogʻim, bahorim ey, chaman yangligʻ shahar,
Margʻilon atlasga konim senga mehrim jon qadar.

Jon qadar sevdim jamoling atlasingning aksidir,
Bogʻlaringga xoʻp yarashgan qizlaring boʻy-bastidir.

Boʻyu bastiga munosib egnida atlas libos,
Raqs etar raqqosa qizlar buncha dilbar, buncha soz.

Buncha soz «Yabas», «Yaxudo», buncha soz «Bodikaram»,
Goh «Shaxmat», goh «Tabassum», goh «Tovus» kiysa sanam.

Goh «Tovus» kiysa sanam dillarda kulgay navbahor,
Bu latofat, bu nazokat, bu nafosat qayda bor.

Qayda bor ayting alardek ishda ilgʻor kamtarin,
Kimsanoy, Mayram, Nazira madhin aytay qay birin.

Qay birin fazlu kamolin, shuhratin aylay bayon,
Faxrimiz atlaschi qizlar: sizga olqish, sizga shon.

Sizga shon, shohi ipakka berdingiz sayqal — jilo,
Qoʻllaringiz sehri san'at mulkin etdi istilo.

Istilo boʻldi koʻngillar ikki gulzor sehridan,
Biri atlas, biri zebo nozanin qiz mehridan.

Mehridanmi, sehridanmi bilmadim, shirin zabon,
Ta’bi nozik, oʻzi nozik atlasi koʻrki jahon.

Atlasi koʻrki jahondir soldi har dilga surur,
Elu yurt orasta boʻlsa, bizga chin baxt shul erur.

Shul zrur orzu-tilaklar dilni etmish oshyon,
Mustaqillik jabhasida mardi maydon Margʻilon.

Yor Istab

Oʻrtanur hijronda jonim, endi jon qoʻymas meni,
Haddidin oshdi azobi imtihon qoʻymas meni.

Ey, qanotimni qayirgan berahm zolim falak,
Loaqal yordin ayirma, bu omon qoʻymas meni.

Qaysi toshlarga uray men bu gʻarib yolgʻiz boshim,
Ket debon dargohidan nomehribon qoʻymas meni.

Ayb emas vayronalarda chugʻzidek tutsam makon,
Ishq aro Majnun atab ahli zamon qoʻymas meni.

Telbadek yoʻldin adashdim, qayda karvonim ketur,
Berkitib darvozasin Oʻsh, Andijon qoʻymas meni.

Bosh olib ketsam Karim, Bobur kibi yor istabon,
Hazratim bogʻcham deganlar Margʻilon qoʻymas meni.

Ra’nolanur

Ra’nolanur ra’no desam, ra’no demang deb,
Zebolanur zebo desam, zebo demang deb.

Qizlar aro husnu latofatda yagona,
Tanholanur, tanho desam, tanho demang deb.

Shahlolariga termulib qolsam agarda,
Shahlolanur shahlo desam, shahlo demang deb.

Kelmay turib ketmoq uchun izlar bahona,
Aytilmagan gaplarim bir dunyo demang deb.

Kokillari qomatiga zebo yarashmish,
Orolanur barno desam, barno demang deb.

Shaydo desam Karim sevgi sadoqatingga,
Uyoladur ne boʻlsa ham shaydo demang deb.

Dil Izhori (Bahri Bayt)

Ne uchun mahzun bu koʻnglim, ne xayollarga asir,
Kel sanam, dardimni aytay oʻzginangga birma-bir.

Birma-bir aytay, nigorim, tutma lutfingni darigʻ,
Bu azim dunyoda yolgʻiz mehribonimsan, axir.

Sen axir jonu jahonim, gavhari qimmatbaho,
Dilginamning senga boʻlgan mehri oshkor, dardi sir.

Sirlashib oʻltir qoshimda bir nafas shirin zabon,
Xohla dodimni eshitgil, hohla butkul sen gapir.

Sen gapir ohu koʻzingga termulib lol oʻltiray,
Lablaringdan dur sochilsin, mushki zulfingdan atir.

Atri zulfingdin Karim koʻngli bahor oʻlsa ne tong,
Boʻlgʻusi obod nigohing tushsa sahroi Kabir.

Ishqida

Yor meni devona qildi ishqida,
El aro afsona qildi ishqida.

Vahki dodimni eshitmay ul sanam,
Mulzamu hayrona qildi ishqida.

Yonsamu kuysam, ado boʻlsam ne tong,
Sham kabi parvona qildi ishqida.

Yoʻlida termultirib har subhi shom,
Koʻzlarim giryona qildi ishqida.

Saropo kezdim jahonni darbadar,
Manzilim ostona qildi ishqida.

Qismadi sabru qanoatdan xudo,
Sobitu mardona qildi ishqida.

Bir nazar tashlab Karim devonani,
Shoiri Fargʻona qildi ishqida.

Iltijo

Va’daga aylab vafo yor qoshima kelgan kezing,
Shom edi, kulbamni ravshan ayladi oydek yuzing.

Bu qadar kulgaymu baxtim yoki tush aldar koʻzim,
Sen nahot yonimdadirsan, sen nahot kelding oʻzing.

Jilmayib holimni soʻrding, roʻbaroʻmda oʻltirib,
Bunchalar malham ovozing, buncha ruhparvar soʻzing.

Keldi shirin suhbatingdan koʻzu koʻnglimga huzur,
To qiyomat koʻzlarimdan uzmasang erdi koʻzing.

Iltijo qildim Karimdan: vaslidin etma yiroq,
Va’daga aylab vafo yor qoshima kelgan kezing.

Oromijon

Koʻngil mulkida sen borsan ne baxtli oshyondir bu,
Xayoling, oʻylaring taskin berar, — oromijondir bu.

Saharlar kuyladim noming misoli bulbuli shaydo,
Sen, ey gul, etmading parvo soʻrarga ne figʻondir, bu.

Yonar rashkingda zor jismim, yonar jonim firoqingda,
Ne tongkim intizor qolgan yoʻlingda notavondir bu.

Sevarman izlaring oʻtgan goʻzal bogʻu chamanlarni,
Manga vasling nasib etgan azizim Margʻilondir bu.

Shirindir ilk muhabbatning azobu dardlarin tortmoq
Karim koʻngliga ne malham faqat senga ayondir bu.

Kel

Intizor erdi muhabbat gulshani jono biyo,
Zeb girad az tashrifi tu in chaman oro biyo.

Ravzai husning chirogʻi baxsh etar dilga surur,
Ey shaxe mulki malohat, koʻzlari shahlo biyo.

Otashi hajringda yonmoq shud nasibi man qachon,
Orzue doram visoling meshavad oshno biyo.

Az nigohi dilsoʻzi tu aqlu xush begonadir,
Nav-banav noz ofarida orazi zebo biyo.

Gar bidoni az dilu jon doʻst medoram turo,
Shu sabab senga Karimning mehri bir dunyo biyo.

Qarab Quysang

Koʻnglim ochilur jonon, birgina qarab qoʻysang,
Oshkor boʻlmasa pinhon birgina qarab qoʻysang.

Vaslingni tilab koʻzlar, hajringda yonib boʻzlar,
Qayda ham qolur hijron, birgina qarab qoʻysang.

Xayoling dilga rohat, yoʻling poylamoq odat,
Topib lahzalik imkon birgina qarab qoʻysang.

Qel, sanam, hayo birlan yo nozu ado birlan,
Boʻlur tengi yoʻq ehson birgina qarab qoʻysang.

Ishqingda Karim hayron, ushalsin ezgu armon,
Joningga boʻlay qurbon, birgina qarab qoʻysang.

Mehri Ishqing

Gul kabi chehrangga boqqan tashna koʻzlar qonadir,
Lek koʻngilda mehri ishqing misli oftob yonadir.

Sayri gul etmoqqa chiqsang senga parvona boʻlib,
Zor bulbul gulga boʻlgan sevgisidan tonadir.

Tortinib xonamga kirsang, yuksalar koʻnglim faqat,
Boʻlmasang yonimda dunyo kimsasiz bir xonadir.

Sen-la oʻtgan lahzalarning qadri bor umrimga teng,
Har soʻzing mehru muhabbat mulkida durdonadir.

Goh visol sarmastligidan baxtiyorman beadad,
Gohi hijron dardi oʻrtab, jismi jon toʻlgʻonadir.

Jismi jon oʻrtansa ham, baxtimga sen boʻlgil omon,
Sen bilan shaydo Karim qalbiga gʻam begonadir.

Matlubalarga

Mahvashu matlub erursan, soʻzlaring totlugʻ asal,
Koʻzlaring ishqdin risola, ikki qoshingdur gʻazal.

Asrasin Olloh yomonlar koʻzidan, jonim seni
Oʻzi bergan ne’matimdir, sham'i husning bebadal.

Tim qaro zulfing aro oydin oydinroq yuzing,
Qomating sarvu sanubar, xulqu raftoring goʻzal.

Laylo deb ismingni goho, gohi Shirin deb atab,
«Hamsa»ni bitmish Alisher besh yuz oʻn besh yil avval.

Uzmagay koʻngil visoling lazzatidan ahli ishq,
Deydilar: kimning nasibi bu malaksiymo azal.

Beqiyos husning asiri birgina bizlar emas,
Izlaring izlar hamisha oyu oftob galma-gal.

Arzimas she’rim qabul et, kel, Karim koʻngli uchun,
Dur sochib la’li labingdan bir pas oʻltir loaqal.

Ona

Borligʻimning boisidir onaizorim, onam,
Topganim baxtim, najotim, davlatim — borim onam.

To hanuz jonim bolam, deb erkalab parvonadir,
Shoiram, shirin zabonim, toʻti guftorim — onam.

Oh, desam jonimga payvand aylagay oʻz jonini,
Dardkashim xam dardlarimga malhamu dorim onam.

Goh tiriklik shevasidan kech qolib kelsam agar,
Termulib yoʻlimga bedor, zoru hushyorim onam.

Ming quyosh ham teng kelolmas onajonim mehriga,
Mehribonu munisim, tanti ziyokorim onam.

Ey, Karim, tashlab meni gar, ketsa hamki yoru doʻst,
Bu jahon bozorida yolgʻiz xaridorim onam.

Sensiz

Qay kuni soʻzla, nigorim, boʻlgusi hijron tamom,
Qay kuni orzu ushalgay, qay kuni armon tamom.

Har mahal nozu adoning yangisin koʻrgay koʻzim,
Qay kuni boʻlgay bu nozu bu azobi jon tamom.

Ayriliqdin oʻrtanur dil, tilga kelmas bir kalom
Qolmadi sabr aylamoqqa zarracha imkon tamom.

Ikki sohilda turarmiz, oʻrtada ummon firoq,
Unda sen hayron turarsan, bunda men giryon tamom.

Ne turar sensiz Karimga bu jahonning qimmati,
Men uchun qolmas zaminu men uchun osmon tamom.

Savol Berding

Eslaysizmu deb berding savol, nahot, seni unutib boʻlsa,
Jonim, savol keldi-ku malol, nahot seni unutib boʻlsa:

Yulduzlarni unutsam ne tong, gul yuzlarni unutsam, ne tong,
Koʻzlari shoʻx, qoshlari hilol, nahot seni unutib boʻlsa.

Hajring aro zor boʻlgan oʻzim, gohi tirik; goh oʻlgan oʻzim,
Darding olay ey, sohibjamol, nahot seni unutib boʻlsa.

Unut: boʻlsin osuda tunlar, oʻsha shirin orzuli kunlar,
Mayli bari boʻlsa-da uvol nahot seni unutib boʻlsa.

Yonib-yonib oʻtgan oshiqlar va ma’shuqdar nomiga qasam,
Seni sevdim, sevgim bezavol, nahot seni unutib boʻlsa.

Oylar oʻtar, yillar begumon senga Karim mehri bir jahon,
Oʻzing soʻzla, oʻzing oyjamol, nahot seni unutib boʻlsa.

Salom Aylab

Salom aylab kirib kelding bu ne shirin nafas boʻldi
Qoʻngildan xohishu gʻamlar... abas boʻldi, abas boʻldi.

Raqib holi yomon boʻldi, baxil bagʻriga qon toʻldi,
Jahon koʻngli qarolarga qafas boʻldi, qafas boʻldi.

Tushib qish taxtidan bir on bahorni ayladi sulton,
Taraldi mushk ila rayhon havas boʻldi, havas boʻldi.

Chaman qumrilari biyron, navoga toʻldi keng osmon,
Visoldin yashnadi har yon, sogʻinchga basma bas boʻldi.

Karim, koʻksini togʻ etding, bu togʻ bagʻrini bogʻ etding,
Vafo mehru muhabbatga asos boʻldi, asos boʻldi.

Tabassum

Tabassum aylading zimdan, koʻngilni beqaror etding,
Uzatding qoʻlga ishq sozin, koʻyingda bastakor etding.

Rubobim torlarin chertib senga ishqim bayon etsam,
Savolimga javob bermay, ajab, maftuni zor etding.

Umidu orzuga toʻlgan bu qalbim senga zor erdi,
Nigohing birla qalbimni yana fasli bahor etding.

Olib gohida tinchimni sogʻintirding necha kunlar,
Yoʻlingda ikki koʻzimni oʻzimdek intizor etding.

Sogʻinch

Kelmading, quyosh ham botib ketdi-ku,
Oqardi kecha, tong otib ketdi-ku.

Umid yulduzlarim soʻndilar bir-bir,
Armon orzularni yutib ketdi-ku.

Sogʻinchdan koʻzlarim yoshlarga toʻldi,
Oy koʻkni bulutga sotib ketdi-ku.

Nahot senga yetmas, qaydasan, jonim,
Ohim Fargʻonani tutib ketdi-ku.

Sen yoʻqsan gʻamimdan birovga ne gʻam,
Dardlarim yozgʻuchi kotib ketdi-ku.

Tinmasa figʻonim, Karim, ne iloj,
Hijron jon-jonimdan oʻtib ketdi-ku.

Sevgi Niholi

Dilbar parishon oʻylanar koʻring bu xolini,
Qay baxtiyor band aylamish fikru xayolini.

Tong yellari kokillarin mushki bilan mast,
Shoʻxlik qilar gul bargidek tortar roʻmolini.

Aqlu zakovat aks etar koʻzlar qarosida,
Maftuni boʻldim bir koʻrib husnu jamolini.

Bordim yaqinroq intizor koʻz koʻzni koʻzladi,
Dil boʻzladi, til muzladi aytmay savolini.

Tushgach nigohi men tomon qoʻzgʻaldi oʻrnidan,
Koʻzlar tomosho aylabon toʻymas kamolini.

Ketdi Karimni ul pari tashlab firoqiga,
Qalb gulshaniga oʻtqazib sevgi niholini.

Sogʻinganimdan

Lahzalar yil boʻldi sogʻinganimdan,
Ne boʻlsa dil boʻldi sogʻinganimdan.

Ul sanam firogʻi qaddimni bukdi,
Gʻam yuki zil boʻldi sogʻinganimdan.

Boshimga yogʻildi ming turfa mehnat,
Jafolar xil boʻldi sogʻinganimdan.

Soʻzlarim anglamas na doʻst, na raqib,
Bu nechuk til boʻldi sogʻinganimdan.

Hijron rashk toshini moʻljalga otdi,
Yurak chil-chil boʻldi sogʻinganimdan.

Na tongdan darak bor, na yordan xabar,
Koʻz yoshim sel boʻldi sogʻinganimdan.

Na telba erurman, na sogʻ, ey Karim,
Bir ajab fe’l boʻldi sogʻinganimdan.

Ne Ajab

Ne ajab sevdim chamanning bir guli ra’nosini,
Boʻzlatib qoʻymish meningdek bulbuli shaydosini.

Koʻrmasam bir kun koʻrinmas koʻzga olam ziynati,
Yod etib tasknn toparman koʻzlari shahlosini.

Rashk ila hijron azob berganda ham e’zoz etar,
Oshiq oʻz mahbubini, koʻngil aro tanhosini.

Baxt erur sevmoq sevilmoq, oʻzga baxt boʻlmas sira
Sevgidan topsa kishi oʻz umrining ma’nosini.

Tutmangiz oson Karimga, dard ila yozsa gʻazal,
Boshidan oʻtgan bilur ilk sevgining savdosini.

Onajon Sizga

Onajon sizga bu oqshom tutganim guldastadir,
Gullarimga mehru ishqim jon kabi vobastadir.

Siz mening jonu jahonim, mehribonim, munisim,
Har soʻzingiz dilga malham, shoimu shoistadir.

Aytsangiz mehru muhabbat birla shirin allalar,
Lol qolur gulshanda bulbul, hush yoʻqotgan xastadir.

Siz bilan obod bu dunyosiz bilan boldek hayot,
Siz bilan nurli, charogʻon xonadon orastadir.

Ta’rifingiz kuylamoqqa ming qoʻshiq ozlik qilur,
Shu sababdin kuy-qoʻshiqlar sizga dasta-dastadir.

Umid Aylab

Menga olam charogʻondir sening ruxsoru olingdan,
Misol andoza olgandek oyu oftob jamolingdan.

Qayu Layli, qayu Shirin senga teng oʻlmagʻay hargiz,
Berilmas hech kima nisbat, ochilsa soʻz visolingdan.

Sen oʻzbek dilbaridursan, hayo, andishaparvarsan,
Jahon mahbublari ibrat olur fazlu kamolingdan.

Ne qilsang, ixtiyor senda asiru mubtalodurman,
Jazo ikki koʻzingdandir, imo ikki hilolingdan.

Nechun gʻash boʻlmasin koʻnglim oʻshal besharm sabolardan,
Muattar sochlaring oʻpsa, quchib qaddu niholingdan.

Hamisha gul kabi chehrang Karim koʻz ustida, jonim,
Firoqingda koʻngil uzmas umid aylab visolingdan.

Zor Edim

Zor edim bir koʻrgali, sohibjamolim qaydadur,
Qomati navrastai, nozik niholim qaydadur.

Koʻz uchida bir qarab, holimni soʻrsa na boʻlur,
Ul muhabbat shohi-yu, bu xom xayolim qaydadur.

Oy desam tunda koʻrunmas, kun desam kunduz yana
Indamas sayyoralar shamsu hilolim qaydadur.

Berkitur koʻzdin nari yorimni gulshan gullari,
Soʻyla, ey bulbul, manim layli maqolim qaydadir.

Qays kibi sahro kezib, qilsam jununlik kasbi kor,
Chashmai obi hayot, la’li zilolim qaydadur.

Kelsa ham fasli xazon, sargʻarsa yuzlar gʻam dema,
Izlaring izlar Karim, takror savolim qaydadur.

Bir Savol

Bu nechuk soʻzdir nigorim, bilmadim deysiz kulib,
Soʻzlasam ahvoli zorim, bilmadim deysiz kulib.

Aqlu xush ketdi oʻzimdan siz kabi tark ayladi,
Yo, sinaysizmi qarorim bilmadim, deysiz kulib.

Bir qiyo boqmay oʻtarsiz, e’tibor bermay sira,
Bari birmi yoʻgʻu borim, bilmadim, deysiz kulib.

Maylimu rashk otashida oʻrtanib yonsa yurak,
Qayda qoldi ixtiyorim, bilmadim, deysiz kulib.

Bir safar aylang javob, oshiq Karimdan bir savol
Qay kuni kulgay nahorim, bilmadim, deysiz kulib.

Bedard Kimsalar

Dardim ortar koʻrganimda ba’zi bedard kimsalar,
Oʻzi ishqdin bexabar-ku, sevgidin lof ursalar.

Dardim ortar, mansabu obroʻsi borlar xush kelib,
Bagʻri toshlik birla oshiq holatimdin kulsalar.

Dardim ortar, tosh emasman sabru bardosh etgali,
Oʻzgalarning iltifotin kunda aytib tursalar.

Mayli, yer qilsin tomosha, bepisandlar har kuni,
Rashk tigʻi birlan dilimni ming boʻlakka boʻlsalar.

Balki aybim sevganimdir, balki rashkimdir xato,
Dardim ortar, ul sanam bir soʻz demay oʻltirsalar.

Bir shirin boʻsa gunohin, ey, Karim, yuvmoq uchun,

Roziman bir bor emas, bir kunda ming oʻldursalar.