OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdukarim Jumaboyev
Asar nomiMargʻilonda boʻlganmisiz hech
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Abdukarim Jumaboyev
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - She’rlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Fargʻona» nashriyoti, 2006 yil
Hajm51KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Margʻilonda boʻlganmisiz hech
Abdukarim Jumaboyev

«
Qadim va navqiron Margʻilon shahrining
2000 yilligiga bagʻishlayman.

Muallif
»

Soʻzboshi

Margʻilonda iqtidorli bir ijodkor yashaydi. Gap shundaki, u shiringina she’ru gʻazallar bitadi. Shu bilan birga shirali ovoz sohibi: mumtoz va zamonaviy qoʻshiqlarni maromiga yetkazib aytib, katta-kichik marosimlarda qator-qator sovrinlar ham olgan. Bir necha she’riy kitoblar muallifi.

Abdukarim Jumaboev ana shunday ijodkordir. Uning bir qarashda soddagina tuyulgan satrlari ta’sirli, dardli, teran ma’noli. Necha oʻnlab she’rlari efir toʻlqinlari orqali jaranglab, shinavandalar diliga orom berayotganligining boisi ham ana shunda.

Shoirning ushbu majmuasiga uning yangi asarlari jamlangan. Oʻylaymizki, toʻplam kitobxonlarni mamnun etadi.

Oxunjon Hakimov, Oʻzbekiston xalq shoiri.

Vatan

Ey turkim, Turonim, ey, dilbar Vatan,
Ey islom nuridan munavvar Vatan,
Muqaddas tuprogʻing simu zar Vatan,
Quyoshdek barchaga barobar Vatan,
Onadek mehribon, moʻ'tabar Vatan.

Tarixing ne qaro zamonlar koʻrdi,
Yogʻiyga talangan karvonlar koʻrdi,
Shayton adashtirgan sarbonlar koʻrdi,
Ammo sen barchaga barobar Vatan,
Onadek mehribon, moʻ'tabar Vatan.

Bagʻringda sahroyu boʻstonlar yashar,
Bogʻingda gullaru tikanlar yashar.
Hotamlar, ochkoʻzlar, yomonlar yashar,
Quyoshdek barchaga barobar Vatan,
Onadek mehribon, moʻ'tabar Vatan.

Dunyoda dunyodek tengsiz Vatansan,
Har oʻzbek talpingan yolgʻiz Vatansan,
Jon desam, jonlardan aziz Vatansan,
Quyoshdek barchaga barobar Vatan,
Onadek mehribon, moʻ'tabar Vatan.

Oʻzbekiston

Dunyoda tengi yoʻq, jonim-jahonim,
Xalqi odamoxun, tanti mezbonim,
Oltinim, gavharim, duru marjonim,
Hech kimdan kam emas, Oʻzbekistonim.

Istiqlol yashnatgan bogʻlaring goʻzal,
Koʻklarga yuksalgan togʻlaring goʻzal,
Bayraming, bu shodlik chogʻlaring goʻzal,
Hech kimdan kam emas, Oʻzbekistonim.

Begʻubor, musaffo osmonlaring bor,
Ravzai Rizvondek boʻstonlaring bor,
Temurdek alp, metin qalqonlaring bor,
Hech kimdan kam emas, Oʻzbekistonim.

Bilsinlar, ahdimiz koʻrolmaganlar,
Oliy shon, taxtimiz koʻrolmaganlar,
Tinchligu baxtimiz koʻrolmaganlar,
Hech kimdan kam emas, Oʻzbekistonim.

Elingdan Ayrilma

Shuhrat qoʻllarini mahkam tutsang ham,
Orzu choʻqqisiga borib yetsang ham,
Xudo umr berib, yuzdan oʻtsang ham,
Elingdan ayrilma, yurtdan ketsang ham.

Bilasan, afgʻonning afgʻonlarini,
Tojikning koʻz yoshi, qurbonlarini,
Vatanda bevatan sarsonlarini,
Elingdan ayrilma, yurtdan ketsang ham.

Xalifat boʻlmoqlik oʻzi xomxayol,
Tuya hammom orzu qilgani misol,
Odam nomi senga boʻlmasin uvol,
Elingdan ayrilma, yurtdan ketsang ham.

Baxillar makriga bogʻlanib qolma,
Xalqingga dushmandek chogʻlanib qolma,
Bir umr armonda dogʻlanib qolma,
Elingdan ayrilma, yurtdan ketsang ham.

Millating oʻzbekdir, tiling oʻzbekdir,
Borligʻing oʻzbekdir, diling oʻzbekdir,
Dunyolar tanigan, eling Oʻzbekdir,
Elingdan ayrilma, yurtdan ketsang ham.

Burhoniddin Margʻiloniyga

Buyuk Turon davlatining shayxul islomi,
Hidoyatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.
Shariat ham tariqatni kitob aylagan,
Karomatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.

Siz Allohning nomi bilan «Hidoya» bitgan,
Avlod-ajdodlari shoni dunyoga ketgan,
Margʻilonni yetti iqlimlarga tanitgan,
Sahovatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.

Shohlar ta’zim qilgan buyuk shayxim, buzrutim,
Moziylardan qad koʻrsatgan qadrim, oʻzligim.
Bugun sizni yodga olar ozod oʻzbegim,
Saodatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.

Siz turasiz yoʻl koʻrsatib adashganlarga,
Bevafo dunyoda dunyo talashganlarga.
Yor boʻldingiz haqdan iymon tilashganlarga,
Zakovatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.

Siz tufayli yurtimizda ulugʻ ayyomlar,
Sizni oʻqib, savob izlar ahli islomlar.
Siz uchundir, Karim bitgan nazmu kalomlar,
Sharofatli Burhoniddin Margʻiloniysiz.

Onajonlar

Samolarni qoplardi bulut,
Zulmat aro qolardi el-yurt.
Ne bor ezgu - boʻlardi unut,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Aslo qaytib kelmasdi bahor,
Quyosh kulib boqmasdi zinhor,
Aytilmasdi alla-yu yor-yor,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Ochilmasdi turfa atirgul,
Sayramoqni bas qilar bulbul,
Na sevgi bor, na oshiq koʻngil,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Toʻxtar edi shoʻx oqar daryo,
Boʻm-boʻsh boʻlib qolardi dunyo,
Eshitilmas bir shirin sado,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Koʻtarolmay gʻam-alam yukin,
Togʻu toshlar boʻlar chilparchin,
Aylanmoqdan toʻxtardi zamin,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Karim, ona mehri-yu sehrin,
Qudratiga ne ham kelar teng,
Qayda bular edik: men-u sen,
Agar onajonlar boʻlmasa.

Margʻilonda Boʻlganmisiz Hech?

Subhi shirin, sabosi shirin,
Suvi shirin, havosi shirin,
Avji baland, navosi shirin,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Quchogʻida gullar yayragan,
Bogʻlarida bulbul sayragan,
Qah-qahayu, kulgu yangragan,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Zilol-zilol oqar soylari,
Osmondamas yerda oylari,
Hotamtoydan hotam boylari,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Margʻiloniy izlari tushgan,
Shoh Boburning koʻzlari tushgan,
Allohimningnazari tushgan,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

San'atimiz buyuk shonlari,
Ma’murjonu Joʻraxonlari,
Yusufjonu Oxunjonlari,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Kezing koʻrkam gulzorlarini,
Ziyoratgoh, mozorlarini.
Bir aylashdag boeorderini,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Biri kosib, biri hunarmand,
Biri san'at koʻshkida baland,
Oqsoqoli aytib turar pand,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Doʻppisini kiygandan soʻrang,
Toʻylarida toʻygandan soʻrang,
Kumushini suygandan soʻrang,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Yigitlari Alpomish bellik,
Bobolardan meros xushfe’llik,
Tarixi bor ikki ming yillik,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Yonib turgan qoʻzlar bizdadir,
Nur yogʻilgan yuzlar bizdadir,
Tosh eritgan soʻzlar bizdadir,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Pisand qilmay gʻamlar togʻini,
Asraydilar koʻngil bogʻini,
«Siz»lar hatto chaqalogʻini,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Mehmon nadir, keling bir koʻring,
Mezbon nadir, keling bir qoʻring,
Inson nadir, keling bir koʻring,
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Ona shahrim, ey, Onajonim,
Shohi-ipak atlasga konim,
Nondek aziz, manzil-makonim
Margʻilonda boʻlganmisiz hech?

Shoirning Baxti

Uyqusiz tunlarni oʻtkazib bedor,
Tongda ash'or bilan koʻrishar diydor.
Ayting shoir uchun oʻzga ne baxt bor?
She’rlarin oʻqisa Hazrati inson,
Shoir oʻzi uchun yozmas hech qachon.

Ilhomi bir azim daryo boʻlsa ham,
Otashin hislari dunyo boʻlsa ham.
Sevgani Shirin yo Laylo boʻlsa ham,
Sizga deb bitajak sevgidan doston,
Shoir oʻzi uchun yozmas hech qachon.

Qalbida tuganmas armon boʻlsa ham,
Sevgida topgani hijron boʻlsa ham,
Sogʻinchdan koʻzlari giryon boʻlsa ham,
Faqat sizga aytar dardin begumon,
Shoir oʻzi uchun yozmas hech qachon.

Jahonning shodligi doʻstlar, siz bilan,
Vatan obodligi siz-u biz bilan,
Bizda inson qadri qolgan iz bilan,
Shuhrati olamni tutsa ham chunon,
Shoir oʻzi uchun yozmas hech qachon.

Baxtlidir xalqining baxtin kuylagan,
Yolgʻonmas rostini, naqdin kuylagan,
Sadoqat burchini, ahdin kuylagan,
Ta’rifga loyiqdir benazir zamon,
Shoir oʻzi uchun yozmas hech qachon.

Choʻlpon Maktubi

Atrofim baland togʻlar,
Oyoq-qoʻllarim bogʻlar.
Andijon ketolmayman,
Gʻanim yoʻllarim poylar.

Zulmat ziyoni yutdi,
Ayriliq jondan oʻtdi.
Nechun doʻst eshitmaydur,
Dodim falakni tutdi.

Qush edim buyurdilar,
Qanotim qayirdilar.
She’rimdan, qalamimdan,
Vatandan ayirdilar.

Boshimga kasofatlar,
Yogʻdirdi malomatlar.
Meni bunda keltirdi,
Gʻiybatu razolatlar.

Endi qaytarim yoʻqdir,
Yozar daftarim yoʻqdir,
Toʻrt devor orasinda,
Dardim aytarim yoʻqdir.

Atrofim baland togʻlar,
Togʻlar yoʻllarim bogʻlar.
Andijon ketolmayman,
Qoʻnglimda alam - dogʻlar.

Shohimardonim (Suv Toshqini Qurbonlariga)

Oq suvlari qaro boʻlgan, Shohimardonim.
Toshqinlari balo boʻlgan, Shohimardonim. ,
Yurak bagʻri yaro boʻlgan, Shohimardonim,
Ayriliqdan ado boʻlgan, Shohimardonim.

Bir kechada oqib keldi balolar toshi,
Bir kechada nechalarning oqardi sochi.
Yo sinaldi insonlarning sabr-bardoshi
Oromidan judo boʻlgan, Shohimardonim.

Bulutlardan qaro kiymish osmoning sening,
Motamsaro mehmonlaring mezboning sening.
Ikki soydir, ikki chashmi giryoning sening,
Koʻz yoshlari daryo boʻlgan, Shohimardonim.

Farzandlarin dogʻin aytib boʻzlagan qancha,
Qarindoshin yigʻlab-yigʻlab soʻzlagan qancha.
Otajon deb, onajon deb, izlagan qancha,
Yetimlarga aso boʻlgan, Shohimardonim.

Alloh neki buyurgani boʻlgʻusi har dam,
Unikidir qaxru gʻazab, uniki karam.
Kimga aytib, kimga yigʻlar chorasiz odam,
Faryodlari nido boʻlgan, Shohimardonim.

Shahidlarni jannatmakon ayla Allohim,
Qolganlarga sabri jamil bergin ilohim,
Karim, she’rga soldi bu kun faryodin, ohin,
Fidolarga fido boʻlgan, Shohimardonim.

Oʻtinch

Ba’zida, oldidan oqqan ariqning
Qadriga yetmaydi bexabar banda.
Soʻng afsus chekadi bir kuni kelib,
Oʻsha tiniq suvlar oqib bitganda.

Ba’zida, zahmatkash ota-onaning
Qadriga yetmaydi beadab banda.
Soʻng qargʻab qoladi bir kun farzandi,
Uning xatolarin takror etganda.

Ba’zida, qarindosh, aka-ukaning
Qadriga yetmaydi molparast banda.
Bir qun peshonaga urib qoladi,
Mansab, davlatlari qoʻldan ketganda.

Ba’zida, beminnat Ona-Vatandan
Baxt izlab ketadi noshukur banda.
Bir ogʻiz oʻzbekcha soʻzga zor boʻlar,
Musofirlik toshi boshga tekkanda.

Ba’zida, umrning oltin onlarin
Gʻaflatda oʻtkazar adashgan banda.
Kech qolib uygʻonar, quyosh ham botib,
Yoshlik karvonlari oʻtib ketganda.

Tiriklik ishqida qancha xatolar,
Gunohlar qiladi sabri yoʻq banda.
Xudoyo, shavqating tutmagin darigʻ,
Ular huzuringga borib yetganda.

Yodnoma (Ma’murjon Uzoqov Xotirasiga)

Aylanur charxi falak, yer birla osmon aylanur,
Gardishi davron aro ming turfa inson aylanur,
Boʻlmagay dunyoga ustun, shohu sulton aylanur,
Qancha olim, qancha shoir ham gʻazalxon aylanur,
Ikki eshik orasinda qancha karvon aylanur.

Bu jahonning sahniga kim necha xushxon kelmadi,
Qancha xushxon keldi, ammo asl Ma’murjon kelmadi,
Lahjada shirin zabon-zoʻr avji osmon kelmadi,
Vo darigʻo ul kabi ardoqli mehmon kelmadi,
Margʻilonim bogʻlarida endi armon aylanur.

Bir buyuk hofiz eding sen «Yakka bu Fargʻonada»,
«Surating» qoldi «Figʻonkim» har dili vayronada,
To hanuz yangrar sen aytgan yallalar toʻyxonada,
Rishtai joning uzilgan bogʻaro choyxonada,
Sen kabi ulfatga muhtoj qancha mezbon aylanur.

Margʻilon ahli hamisha xotirangni yod etur,
Yod etib mehru muhabbat birla ruhing shod etur,
Ahli ishq gullar qoʻyibul markabing obod etur,
To Karimdek, necha shoir ta’rifing irshod etur,
El aro noming, Ma’murjon, misli doston aylanur.

Doʻst

Dunyolarga yurak dardim sigʻmadi,
Armon xanjar boʻlib bagʻrim tigʻladi.
Kunglim oʻzi ay tib, oʻzi yigʻladi,
Na doʻst buldim, na oir doʻst topolmadim.

Kimga mehr qoʻysam, jabri koʻp boʻldi,
Vafo-sadoqatning qabri koʻp boʻldi.
Ne tong osmonimning abri koʻp boʻldi,
Na doʻst boʻldim, na bir dust topolmadim.

Yaxshi-yomonlarning suhbatin koʻrdim,
Tiriklik zahmatin, mehnatin kurdim.
Munofiq bandalar gʻiybatin koʻrdim,
Na doʻst boʻldim, na bir doʻst topolmadim.

Aro yoʻlda tashlab ketar yomon doʻst,
Sendek yaxshi doʻstni netar yomon doʻst,
Bir kuni boshingga yetar yomon doʻst,
Na doʻst boʻldim, na bir doʻst topolmadim.

Navoiy topmagan mehribon qayda,
Shoh Bobur izlagan diliston qayda,
Sen yaxshi qayda-yu, men yomon qayda,
Na doʻst boʻldim, na bir doʻst topolmadim.

Quyoshni doʻst tutdim, vafo qilmadi,
Oy-yulduzlar meni koʻzga ilmadi,
Umidim yor edi, u ham kelmadi,
Na doʻst boʻldim, na bir doʻst topolmadim.

Yorsiz dunyo gʻalat koʻrinar koʻzga,
Gʻam tamgʻasi tushar manglayga, yuzga,
Karim, ikki dunyo Allohdan oʻzga,
Na doʻst boʻldim, na bir doʻst topolmadim.

Boʻlmasa

Hayo yarashgandek yuzlarga,
Ma’no bezak boʻlar soʻzlarga,
Gʻubor toʻlar edi koʻzlarga,
Agar, mujgonlari boʻlmasa.

Hijronu rashk, ayriliq behad,
Azobidan chekmasang zahmat,
Shirin boʻlmas edi muhabbat,
Agar, armonlari boʻlmasa.

Oʻtar yillar, oʻtar davronlar,
Kelib-ketar qancha insonlar,
Kimga kerak yoʻllar, dovonlar,
Agar, karvonlari boʻlmasa.

Hayot oʻrmon, boʻlmas bexatar,
Gʻofil boʻlma, qolma bexabar,
Oʻrmon boʻlarmidi, birodar,
Vahshiy hayvonlari boʻlmasa.

Ne Tohirlar oqqan daryoga,
Ne Majnunlar kuygan sahroda,
Koʻlim siltab ketay dunyoga,
Shirin yolgʻonlari boʻlmasa.

Yor-Yor

Derazadan oy moʻralar gʻamga botib,
Alam-alam boshim yorar toshlar otib,
Bahosi yoʻq muhabbatni arzon sotib,
Bir toʻp qizlar ketib borar yor-yor aytib,
Vafosi yoʻq bir goʻzalga alyor aytib.

Koʻnglim shirin yolgʻonlarga aldandi-ku,
Ishva bilan qarashlarga bogʻlandi-ku,
Armon degan doshqozonda dogʻlandi-ku,
Bir toʻp qizlar ketib borar yor-yor aytib,
Vafosi yoʻq bir goʻzalga alyor aytib.

Kelin boʻlib ketar endi Fargʻonadan,
Baxtin izlab oʻshal tilla ostonadan,
Paranjiga oʻrab, asrab begonadan,
Bir toʻp qizlar ketib, borar yor-yor aytib,
Vafosi yoʻq bir goʻzalga alyor aytib.

Tushlar ekan, Karim, sevdim deb yurganing,
Majnun boʻlib har tarafga yugurganing,
Taqdir ekan, Tangrim, Oʻzing buyurganing,
Bir toʻp qizlar ketib borar yor-yor aytib,
Vafosi yoʻq bir goʻzalga alyor aytib.

Yolgʻonlarg A Aldanma

Dasti daroz mehribonlarga,
Fikri sayoz suxandonlarga,
Koʻngli ayoz, zimistonlarga,
Osmonlarga aldanma, jonim.

Ayamaslar dunyoni sendan,
Oʻzida yoʻq vafoni sendan,
Falakdagi Zuhroni sendan,
Dostonlarga aldanma, jonim.

Sevdim degan devonalarga,
Kuydim degan afsonalarga,
Sham koʻrmagan parvonalarga,
Yolgʻonlarga aldanma, jonim,

Husning quyosh boʻlsa ham soʻnar,
Inson taqdir izmiga koʻnarr
Qabring uzra qizgʻaldoq unar,
Mehmonlarga aldanma, jonim.

Oshiq boshqa, nokas boshqadir,
Hijron boshqa, araz boshqadir,
Sevgi boshqa, havas boshqadir,
Davronlarga aldanma, jonim.

BIROV BILMADI

Qiynab meni qoshi qalamlar,
Qoʻshiq ayting, deydi sanamlar.
Yuragimda qancha alamlar,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Gʻamlar toʻla daryodir qalbim,
Oʻt purkagan sahrodir qalbim.
Oftobi yoʻq dunyodir qalbim,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Oqar suvday oqar koʻz yoshim,
Soqov dunyo boʻldi sirdoshim,
Adashganlar edi yoʻldoshim,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Sevgi dardi davlatim boʻldi,
Majnunligim shuhratim boʻldi,
Armon sodiq ulfatim boʻldi,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Men kuylasam she’rlarim yigʻlar,
Koʻnglimdagi sirlarim yigʻlar,
Oʻtgan umrim, yillarim yigʻlar,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Aytolmasam qoʻshiq, sanamlar,
Ranjimang hech qoshi qalamlar.
Kuylay desam qoʻymas bu gʻamlar,
Faqat, buni birov bilmaydi.

Irmoq

Mayli, sen hech qachon meniki boʻlma,
Asli shunday boʻlsa, agar, muhabbat.
Yokut lablaringdan raqibim oʻpsin,
Men armon quchoqlab oʻtay to abad.

Hijronning qop-qora sochlarin silab,
Koʻmirdek tanidan qilmasdan hazar.
Habash yuzlaridan jirkanmay oʻpay,
Azroil yoqamdan tutgunga qadar.

Burdalab tashlayin yurak deganni,
Menga qasd qilganlar, quzgʻunlar toʻysin
Sen bilan farqimiz koʻra olmagan,
Koʻzimni ogʻriqlar bir ochib qoʻysin.

Sen esa ketaver magʻrur va masrur,
Salom ham bermagin, xayr demagii,
Mendaylar juda koʻp yorugʻ olamda,
Bu birkam dunyoning gʻamin yemagin.

Seni koʻrganimda tosh kabi qotsam,
Malol olsang agar koʻzu koʻnglingda.
Aylanib oʻtmagin, bir tepib oʻtgin,
Toshlarga nima bor, sening yoʻlingda.

Shirin yolgʻonlardan guldasta tutib,
Urinmay koʻyaqol, taskin bermoqqa,
Daryodek oqib oʻt, hech parvo qilma,
Senga yetolmagan gʻarib irmoqqa.

Bilmaysiz

Men sizni sevib qoldim,
Barchadan bezib qoldim,
Yolgʻiz sizni deb qoldim,
Nega, nega bilmaysiz?

Sizni deb koʻzim giryon,
Sizni deb yurak bir yon,
Tokay yayragay hijron,
Nega, nega bilmaysiz?

Dard kelib-ketar mehmon,
Bordir doriyu darmon,
Ammo, ishq dardi yomon,
Nega, nega bilmaysiz?

Sevdim, mubtalo boʻldim,
Shoh edim gado boʻldim,
Bor edim ado boʻldim,
Nega, nega bilmaysiz?

Siz mening yuragimsiz,
Hammadan keragimsiz,
Karimdan tilagimsiz,
Nega, nega bilmaysiz?

Yonimda Boʻlsang

Yigit boshim xam boʻlmagay hech,
Koʻzlarimda nam boʻlmagay hech,
Roʻzgʻorimda kam boʻlmagay hech,
Zeboginam, yonimda boʻlsang.

Qoʻshiqlarim sozu shoʻx boʻlar,
Mushkullarim oson yoʻq boʻlar,
Farzandlarim koʻngli toʻq boʻlar,
Zeboginam, yonimda boʻlsang.

Sevib-sevib senga yetganim,
Ishqing yuragimga bitganim,
Bir umrga qoʻling tutganim,
Zeboginam, yonimda boʻlsang.

Baxtli kunlarimning kuvonchi,
Gʻamli kunlarimning yupanchi,
Mehru muhabbatim tayanchi,
Zeboginam, yonimda boʻlsang.

Sevgi toʻla yuragim oʻzing,
Ikki dunyo keragim oʻzing,
Yolgʻizgina tilagim oʻzing,
Zeboginam, yonimda boʻlsang.

Visol

Sen kelasan, shodligim behad,
Oftoblarga toʻla osmonim.
Ammo qaytib ketmogʻing oʻylab,
Visolingdan qoʻrqaman, jonim.

Sen bilasan, gar kelmasang ham,
Xayolingsiz oʻtmas bir onim.
Faqat hijron ergashgan oʻsha
Visolingdan qoʻrqaman, jonim.

Seni koʻrsam, adashar aqlim,
Soʻz aytmoqqa qolmas imkonim.
Yurak dardim yangidab ketgan,
Visolingdan qoʻrqaman, jonim.

Seni koʻrmoq istagim faqat,
Oʻzing baxtim, oʻzing armonim.
Ayriliqni yetaklab olgan,
Visolingdan qoʻrqaman, jonim.

Tush Boʻlsa Edi

Sizni deb kuyganlarim,
Ardoqlab suyganlarim.
Tush boʻlsa koʻrganlarim
Zora, uygʻonib qolsam.

Dil berib bevafoga,
Kunim qoldi jafoga,
Chidab boʻlmas jazoga,
Zora, uygʻonib qolsam.

Aldandi orzularim,
Ilk sevgim, tuygʻularim,
Zoʻr kelib qaygʻularim,
Zora, uygʻonib qolsam.

Hamma yor sizday yormi?
Sevgida vafo bormi?
Vafo dunyosi tormi?
Zora, uygʻonib qolsam.

Yuragim gʻamga toʻldi,
Xazonlardek toʻkildi,
Ne boʻlsa, koʻnglim boʻldi,
Zora, uygʻonib qolsam.

Loʻli Qiz

Yoʻlim toʻsib, naqding koʻray deb,
Toleingdan, baxting koʻray deb,
Yo, davlating, taxting koʻray deb,
Aldasang ham mayli, loʻli qiz.

Sevgan yoring yoningda deding,
Muhabbati joningda deding.
Tugʻyonlari qoningda deding,
Avrasang ham mayli, loʻli qiz.

Bilmaysan-da, borligin firoq,
Yorim mendan juda ham yiroq,
Yolgʻonlardan yondirib chiroq,
Aldasang ham mayli, loʻli qiz.

Ta’rif etib gul jamolini,
Va’da qilding yor visolini,
Totib koʻray yolgʻon bolini,
Aldasang ham mayli, loʻli qiz.

Avrashlaring aqlimni olar,
Koʻnglim senga ishonib qolar,
Ilk sevgimni yodimga solar,
Aldasang ham mayli, loʻli qiz.

Kim Qoldi

Yorim sizni suymagan,
Suyib, mehrin qoʻymagan,
Yurak-bagʻri kuymagan,
Ayting, yana kim qoldi?

Oshiqlar qator-qator,
Sigʻmaydi, koʻchangiz tor,
Fargʻonada sizga zor,
Ayting, yana kim qoldi?

Muhabbat bu keng bozor,
Shoh-gadoga teng bozor,
Bir sizga ming xaridor,
Ayting, yana kim qoldi?

Sizni oʻylab yurmagan,
Shirin xayol surmagan,
Tushida bir koʻrmagan,
Ayting, yana kim qoldi?

Sizni sevib tolmagan,
Sevib, she’rga solmagan,
Izingizdan qolmagan,
Ayting, yana ksm qoldi?

Bilmagan Oʻzim

Gunohlar koʻp boʻldi, xato koʻp boʻldi,
Omonat jonimga jazo koʻp boʻldi,
Vafo qilganimdan jafo koʻp boʻldi,
Birovlar bildilar, bilmagan oʻzim.

Besh kunlik dunyoga mehrimni qoʻyib,
Meni suymaganni jonimdan suyib,
Oʻtdim, kuymaganga behuda kuyib,
Birovlar bildilar, bilmagan oʻzim.

Goh yaxshilik qildim, goho yomonliq,
Goh adashdim, goho boʻldim imonliq,
Goho imonsizdan soʻrdim omonliq,
Birovlar bildilar, bilmagan oʻzim.

Koʻngil koʻchasida darbadar kezdim,
Goh hayotni sevib, gohida bezdim,
Kuyladim, oshiqlar bagʻrini ezdim,
Birovlar bildilar, bilmagan oʻzim.

Tangrim, gunohimiz kechirguvchi Sen,
Chirogʻimiz yoqib, oʻchirguvchi Sen.
Kaloming har dilga koʻchirguvchi Sen,
Birovlar bildilar, bilmagan oʻzim.

Dunyo

Bor dunyo, bashang dunyo,
Jonlarga jafo qilding.
Tor dunyo, tajang dunyo,
Ayt, kimga vafo qilding?

Berib kimgadir davlat,
Kimga ranj ila mehnat,
Oʻzing baxt, oʻzing gʻurbat,
Ayt, kimga vafo qilding?

Sirli oy-quyoshingni,
Daryo, togʻu toshingni,
Birov bilmas yoshingni,
Ayt, kimga vafo qilding?

Gohida koshonasan,
Gohida vayronasan,
Bir zumda begonasan,
Ayt, kimga vafo qilding?

Karim aqlin olursan,
Ne kuylarga solursan,
Kulib chapak chalursan,
Ayt, kimga vafo qilding?

Aytaqol Endi

Kel, ey, shirinlar shirini, laylivash pari,
Dilbarlikda barcha dilbarlarning dilbari.
Tarqab ketsin tuman kabi gumonlar bari,
Goho eslab yurganingni aytaqol endi,
Meni yaxshi koʻrganingni aytaqol endi.

Muhabbatim pinhon edi, oshkora boʻldi,
Boshim uzra xayollaring sayyora boʻldi,
Dilingdagin bilolmayin dil pora boʻldi,
Goho eslab yurganingni aytaqol endi,
Meni yaxshi koʻrganingni aytaqol endi.

Xayollaring bosh ustiga, ey, pari chehram,
Qarashlaring dardlarimga doriyu malham,
Ming bor dedim sevganimni, bir bora sen ham
Goho eslab yurganingni aytaqol endi,
Meni yaxshi koʻrganingni aytaqol endi.

Mehribonsan, oshigʻingga shafqating qani?
Shoʻxliklaring, shaddodliging, jur'ating qani?
Tortinmagin, soʻzla, keldi navbating, qani,
Goho eslab yurganingni aytaqol endi,
Meni yaxshi koʻrganingni aytaqol endi.

Oʻjarqiz

Oshiq boʻldim beqaror,
Goʻzallar shaddodiga,
Oʻjar qiz quloq solmas,
Yuragimning dodiga.

Sogʻintirib ataydan,
Bagʻritosh koʻngli toʻlar,
Meni ming koʻyga solib,
Balki, holimdan kular.

Hoy, oy sanam, boy sanam,
Balandroqsan oydan ham.
Kel ozgina pastga tush,
Yolgʻiz oʻgʻilman men ham.

Yetti kunduz-kechasi,
Poylar yetti akasi.
Borsam tosh otib quvlar,
Bir zumrasha ukasi.

Jonim garovga qoʻyib,
Oʻtsam qiyo boqmaydi.
Tegmanozik bu qizga,
Bilmam, nimam yoqmaydi.

Bir kun umid yulduzim,
Baxtim boʻlib kularsan.
Koʻksim uzra koʻyib bosh,
Munis, yuvosh boʻlarsan.

Qizlar

Goʻzal qizlar, janona qizlar,
Boqishingiz mastona, qizlar.
Bugun Navroʻz ayyomingizda,
Bizni demang begona, qizlar.

Bizlarni deb pardoz qilasiz,
Qomatingiz tannoz qilasiz.
Nogoh yuraklarga oʻt qoʻyib,
Oʻchirmayman, deb noz qilasiz.

Biz boʻlmasak, oʻsmalar qayda?
Koʻzlardagi surmalar qayda?
Olov boʻlib yonar liboslar,
Oʻshal tilla tugmalar qayda?

Oʻzingizdan shirin soʻzingiz,
Laylolardan zebo oʻzingiz.
Yer yuziga shahanshoh boʻlur,
Bir gʻaribga tushsa koʻzingiz.

Goʻzal qizlar, jonona qizlar,
Boqishingiz mastona, qizlar.
Bugun Navroʻz ayyomingizda,
Bizni demang begona, qizlar.

Erka Qiz

Yuzingiz oydekkina,
Qoshingiz yoydekkina.
Hech kimga parvo qilmay,
Turasiz boydekkina.

Dadasiga erka qiz,
Ayasiga erka qiz.
Ishqingiz yuragimni,
Qildi tilka-tilka qiz.

Qaramasangiz bizga,
Nima ham deymiz sizga.
Magʻrur boʻlarkan qizlar,
Kirganda oʻn sakkizga.

Kulishlariga gap yoʻq,
Turishlariga gap yoʻq.
Tovusdan ertak aytmang,
Yurishlariga gap yoʻq.

Oʻrgilay fe’lingizdan,
Achchiqroq tilingizdan.
Mehringizni qozonib,
Joy olay dilingizdan.

Chidaymiz nozingizga,
Nozu arozingizga.
Qishlardan omon chiqsak,
Yetarmiz yozingizga.

Dadasiga erka qiz,
Ayasiga erka qiz.
Ishqingiz yuragimni,
Qildi tilka-tilka qiz.

Ajab Dune

Azim dunyo, sehrli dunyo,
Halim dunyo, mehrli dunyo.
Zolim dunyo, qahrli dunyo,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Kenglarga keng, torlarga torsan,
Yoʻqsilga yoʻq, borlarga borsan.
Bogʻlarga gul, togʻlarga qorsan,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Sabri borning sabri sen oʻzing,
Jafo oʻzing, jabri sen oʻzing.
Gʻofillarning qabri sen oʻzing,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Gʻami ado boʻlmas dunyosan,
Kami ado boʻlmas dunyosan.
Ketgan qaytib kelmas dunyosan,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Koshonasan kimga vayrona,
Kimga oshno, kimga begona.
Chin dunyoga oʻzing ostona,
Ajab dunyo, ajab dunyosan.

Yoriltosh

Yorim yonimda boʻlsang-u, yetolmasam,
Mehrim qonib qoʻllaringdan tutolmasam,
Kucholmasam, lablaringdan oʻpolmasam,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Qololmasam xayolingda xayol boʻlib,
Atrofingda aylanmasam shamol boʻlib,
Qiynaganda gumonlarim savol boʻlib,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Termulmasam koʻzlaringga toʻyib-toʻyib,
Silolmasam yuzlaringni suyib-suyib,
Armon bilan yurak-bagʻrim oʻyib-oʻyib,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Aytolmasam dardlarimni nido boʻlib,
Eshitmasam soʻzlaringni fido boʻlib,
Firoqingda ado boʻlib, ado boʻlib,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Meni izlab togʻu toshga bormagin-ey,
Afsun oʻqib, yoril toshni yormagin-ey,
Jafo qilib charchamagin, xormagin-ey,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Daryolarda oqib ketay Tohir boʻlib,
Hijron meni soʻysin Qorabotir boʻlib,
Karim junun sahrosida shoir boʻlib,
Ketgim kelur dunyolarning chekkasiga,
Tashla meni yoriltoshlar oʻrtasiga.

Malikam

Gunohim koʻp, ogʻir boʻlsa ham,
Jazo berib yor koʻnglingiz toʻlsa ham,
Arazingiz yetar, ey, sohibkaram,
Bir qoshiq qonimdan keching, malikam.

Yuzingizga termulib qolgan edim,
Haddim sigʻib bir boʻsa olgan edim,
Xijolatdan olovday yongan edim,
Bir qoshiq qonimdan keching, malikam.

Otash hislar solur tugʻyon qonimga,
Borim beray boʻsa olgan onimga,
Shafqat qiling mittigina jonimga,
Bir qoshiq qonimdan keching, malikam.

Sevgimizning sehri boʻlsin boʻsalar,
Taqdirimiz muhri boʻlsin boʻsalar,
Qalbimizning mehri boʻlsin boʻsalar,
Bir qoshiq qonimdan keching, malikam.

Seni Unutmasman

Gul eding, qalbimdan uzdi yomonlar,
Muhabbat qasrini buzdi yomonlar,
Yuragimni yomon ezdi yomonlar,
Seni unutmasman, unutolmasman.

Sensiz oʻtgan kunlar - karvonlar aytsin,
Alamlar yogʻilgan osmonlar aytsin,
Sogʻinchlar, hijronlar, armonlar aytsin,
Seni unutmasman, unutolmasman.

Ma’yus koʻzlaringda qoldi xayolim,
Munis yuzlaringda qoldi xayolim,
Mahzun soʻzlaringda qoldi xayolim,
Seni unutmasman, unutolmasman.

Qoʻllarim yetmagan yulduzim, mohim,
Goʻzal Laylim eding, Shirinim - shohim.
Koʻksimda dod solgan koʻshigʻim, ohim,
Seni unutmasman, unutolmasman.

Sensiz bu hayot - bir zang bosgan qafas,
Orzusiz dunyoni kim qilar havas.
Bilsang Karim uchun yoding boʻlsa bas,
Seni unutmasman, unutolmasman.

Onamga

Koʻz yoshlarga toʻldirib bu olamni,
Kimga aytay dilda dardu alamni,
Taqdir ravo koʻrdi jabru sitamni,
Roziligin ololmadim onamni.

Borolmadim, togʻlar toʻsdi yoʻlimni,
Zanjirlarga bogʻlab oyoq-qoʻlimni,
Xudo menga bermasmidi oʻlimni,
Roziligin ololmadim onamni.

Buncha meni yoqtirmasa balolar,
Ne toʻgʻri deb qilsam, boʻldi xatolar,
Yetmasmidi menga shuncha jazolar,
Roziligin ololmadim onamni.

Bir bandaman, Xudodan uyalmagan,
Soʻngi marta onajon deyolmagan,
Oʻgʻilmanmi, qabriga qoʻyolmagan?
Roziligin ololmadim onamni.

Endi, Karim, meni armon yigʻlatur,
Hasrat oʻti koʻzimni qon yigʻlatur,
Ming nadomat, ming pushaymon yigʻlatur,
Roziligin ololmadim onamni.

Qoʻshiqlarim Bor

Koʻldan tushmas sozim, ey doʻst, bir nafas,
Kuylayman dardlarim, bedard anglamas,
Chaman bulbullari qilguday havas,
Hali aytilmagan qoʻshiqlarim bor.

Deydilar, bulbulga gul boʻlsa boʻldi,
Koʻngil izhoriga til boʻlsa boʻldi,
Mendek hofizlarga el boʻlsa boʻldi,
Hali aytilmagan qoʻshiqlarim bor.

Yoʻlimga ignalar sochma, hasadgoʻy,
Ortimdan tosh otib qochma, hasadgoʻy,
Qulogʻing berkitib shoshma, hasadgoʻy,
Hali aytilmagan koʻshiqlarim bor.

Yomonlar zulmidan afgʻonu ohim,
Koʻshiq aytmoq boʻldi yolgʻiz gunohim.
Baxillarga insof bergin, Allohim,
Hali aytilmagan qoʻshiqlarim bor.

Vafo qilmas soxta shuhrat, e’tibor,
Alloh oʻzi aziz qilmasa bekor,
Qalbimda, ey, Karim toza, begʻubor
Hali aytilmagan qoʻshiqlarim bor.

Mungli Koʻzlar (Shu Nomli Qissani Oʻqib)

Bir kam bu dunyoda ne bor mukammal?
Hayot goh zahardir, gohida asal,
Manglayga bitilmish taqdiri azal,
Taqdirning izmiga yurmasam boʻlmas,
Manglayga yozganin koʻrmasam boʻlmas.

Oyoqlarim yurmas bir qadam boʻlsa,
Nahot yosh jonimga bu dard kam boʻlsa,
Boshimga yogʻilgan faqat gʻam boʻlsa,
Taqdirning izmiga yurmasam boʻlmas,
Manglayga yozganin koʻrmasam boʻlmas.

Aqldan ozdirar achchiq sitamlar,
Buni qaydan bilar bedard, bekamlar,
Bunchalar bagʻritosh ekan odamlar,
Taqdirning izmiga yurmasam boʻlmas,
Manglayga yozganin koʻrmasam boʻlmas.

Haqiqat izladim, sargʻaydi yuzlar,
Sepildi qontalash bagʻrimga tuzlar,
Nechun yosh toʻkmasin bu mungli koʻzlar,
Taqdirning izmiga yurmasam boʻlmas,
Manglayga yozganin koʻrmasam boʻlmas.

Dunyo, sendan tonsam ne ajab,
Ajal sharobiga qonsam ne ajab,
Nohaqlik oʻtida yonsam ne ajab,
Taqdirning izmiga yurmasam boʻlmas,
Manglayga yozganin koʻrmasam boʻlmas.

Adashdim

Yosh edim, yoshligim ketmaydi debman,
Bu masrur lahzalar bitmaydi debman,
Otam, onam aslo oʻtmaydi debman,
Adashdim, adashdim, e voh, adashdim.

To abad qalbimni gʻashlab ketdilar,
Chorasiz koʻzlarim yoshlab ketdilar,
Bir-birin baqoga boshlab ketdilar,
Adashdim, adashdim, e voh, adashdim.

Bu manzur kunlarda yurolmadilar,
Bastu kamolimni koʻrolmadilar,
Qarshimda yonma-yon turolmadilar,
Adashdim, adashdim, e voh, adashdim.

Koʻnglimda gʻamlarning adosi qoldi,
Kimningdir faryodi, nidosi qoldi,
Onamning soʻngi bor duosi qoldi,
Adashdim, adashdim, e voh, adashdim.

Hasratim dunyoga sigʻmaydi, yo Rab,
Armonim bagʻrimni tigʻlaydi, yo Rab.
Yetimlik Karimdek yigʻlaydi, yo Rab,
Adashdim, adashdim, e voh, adashdim.

Kundoshlik Dardi

Hayot goʻyo sinar bardoshim,
Ne kunlarga qoldi bu boshim,
Yoʻlda yoʻl bermadi yoʻldoshim,
Kunda kun bermagan kundoshim.

Dunyo boʻldi koʻzimga torlar,
Bahorimda yogʻildi qorlar, .
Yuragimga berdi ozorlar,
Kunda kun bermagan kundoshim.

Yolgʻon ekan yorning vafosi,
Oʻzga gulning boʻldi adosi,
Qaysi gunohimning jazosi,
Kunda kun bermagan kundoshim.

Alam-alam kuydirdi meni,
Bu dunyodan toʻydirdi meni,
Kumush edim, oʻldirdi meni,
Kunda kun bermagan kundoshim.

Daryo oqar koʻzimda yoshim,
Yolgʻiz yostiq boʻldi sirdoshim,
Balolarga qoʻydi bu boshim,
Kunda kun bermagan kundoshim.

Bir Kam Dunyo

Azal shunday yaralgan olam,
Yarim shodlik, yarim dardu gʻam,
Umid qilma, ey, aziz odam,
Butun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Yashab oʻtdi, turfa xil ellar,
Unut boʻldi, ne qadim tillar,
Oʻtsa hamki yana ming yillar,
Butun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Inson qancha uringan bilan,
Mol-dunyo deb, suringan bilan,
Baxt manzili koʻringan bilan,
Butun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Birov ota-onadan bezor,
Kimdir ular diydoriga zor.
Yoʻqsilda yoʻq, borlarda bisyor,
Bugun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Bugʻdoy oʻsar somoni bilan,
Gul ochilar tikoni bilan,
Yaxshi yashar yomoni bilan,
Butun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Ortga qaytmas karvon barchamiz,
Boshdan oyoq nuqson barchamiz.
Zamin uzra mehmon barchamiz,
Butun boʻlmas, bu dunyo bir kam.

Hofiz Dardi

Koʻshiq aytib oʻttizimda ham,
Hali shuhrat mayin totmadim,
Yurak dardim kuyladim, ammo
Kimga yoqdim, kimga yoqmadim.

Taqdir sinab sabru toqatim,
Sogʻinchlarda berdi rohatim,
Munofiqlar qilar gʻiybatim,
Kimga yoqdim, kimga yoqmadim.

Oshiqlarga gʻamxona boʻlib,
Majnun boʻlib, devona boʻlib,
Gʻariblarga ostona boʻlib,
Kimga yoqdim, kimga yoqmadim.

Xato qildim oʻzimni oʻylab,
Begonalar bogʻiga boʻylab,
Gohi yolgʻon, gohi rost soʻzlab,
Kimga yoqdim, kimga yoqmadim.

Yoʻllar olis, manzillar olis,
Oʻz qoʻshigʻim izlayman hanuz,
Koʻllaguvchi topmadim bir doʻst,
Kimga yoqdym, kimga yoqmadim.

Yaxshi hamki sen bor san'atim,
Tangri bergan ketmas davlatim,
Shoddigimsan, oʻzing hasratim,
Kimga yoqdim, kimga yoqmadim.

Goʻzalim

Bir koʻrib, goʻzalim, oydek jamoling,
Soyadek ergashib, yetolmay qoldim,
Koʻrinmas zanjirga bogʻlading, qoʻyding,
Eshiging oldidan ketolmay qoldim.

Chiqishing turaman har safar poylab,
Senga aytar soʻzlarim dilimga joylab,
Kunlar emas, jonim, hattoki oylab
Eshiging oldidan ketolmay qoldim.

Isming aytgan sadoga bir qarab qoʻy,
Ado boʻlgan adoga bir qarab qoʻy,
Majnun sifat gadoga bir qarab qoʻy,
Eshiging oldidan ketolmay qoldim.

Vasling shirin xayol, orzu boʻlsa-da,
Nozu firoqlaring mangu boʻlsa-da,
Oʻtgan-ketganlarga kulgu boʻlsa-da,
Eshiging oldidan ketolmay qoldim.

Hijron daryolari meni yutsa ham,
Sabru bardoshlarim tamom bitsa ham,
Mayli ostonangda umrim oʻtsa ham,
Eshiging oldidan ketolmay qoldim.

Yolgʻiz Oʻgʻil

Molu davlatlari moʻl boʻlar,
Obroʻ-shuhratlari moʻl boʻlar.
Tashvish, mehnatlari moʻl boʻlar,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Derlar, ota-onalar mehmon,
Opa-singil toshi palahmon,
Soʻngra yolgʻiz qolgani yomon,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Topganda ham doʻstning zoʻrini,
Bosolmas hech ogʻa oʻrnini,
Bilmaydilar kemtik koʻnglini,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Oila ham kurar begumon,
Oʻgʻil-qizlar koʻrar begumon,
Faqat dilda qolar bir armon,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Qalbi yigʻlar toʻylar qilganda,
Boshga musibatlar kelganda,
Aka-ukang bormi deganda,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Yolgʻiz bilar yolgʻiz qadrini,
Taqdir degan zolim jabrini,
Alloh bersin Karim sabrini,
Yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan yigitning.

Bilarsan

Doʻstim, dardu sitam dardini,
Turfa tashvish tushsa, bilarsan,
Bahor, yozu kuzning qadrini,
Bemahal qish tushsa, bilarsan.

Hayot ayni hikmat boʻlganin,
Umring aziz ne’mat boʻlganin,
Chaynab yemoq rohat boʻlganin,
Ogʻizdan tish tushsa, bilarsan.

Omad kelsa boring koʻp boʻlar,
Suhbatinga zoring koʻp boʻlar,
Qarindoshing, yoring koʻp boʻlar,
Oshigʻing besh tushsa, bilarsan.

Muhabbatning yolgʻonlarini,
Dil oʻrtagan hijronlarini,
Alamlari, armonlarini
Qalbinga ishq tushsa, bilarsan.

Bevafoning shaytonligini,
Boʻsalari arzonligini,
Qoʻyningda bir ilonligini
Tananga nish tushsa, bilarsan.

Dunyo bir kam, dunyo berahm,
Bogʻi yarim, sahrosi yarim,
Kimlar gʻanim, kim oshno, Karim,
Boshinga ish tushsa, bilarsan.

Ustoz Sheraliga

Togʻlar orom olar, daryolar sokin,
Koʻzlarga qum sochgan sahrolar sokin,
Siz koʻshiq kuylaysiz, navolar sokin,
Xalqim ardoqlagan hofiz - Sherali.

Qirq yil qirchillagan bir yigit umri,
Kimlar toʻti boʻldi, birovlar qumri,
Siz esa chamanzor yurtim bulbuli,
Xalqim ardoqlagan hofiz - Sherali.

Siz ushshoq ahlining shirin zaboni,
San'atkor vodiyning shuhrati-shoni,
Koʻngli yarimlarning malhami, joni,
Xalqim ardoqlagan hofiz - Sherali.

Tabiat yashnagay siz kuylasangiz,
Bulbullar sayragay siz kuylasangiz,
Keksa-yosh yayragay siz quylasangiz,
Xalqim ardoqlagan hofiz - Sherali.

El koʻnglin choglagan inson oʻzingiz,
Eldan duo olgan inson oʻzingiz.
Alloh yorlaqagan inson oʻzingiz,
Xalqim ardoqlagan hofiz - Sherali.

San'at (Ustoz San'atkor Karimjon Rahmatovga Bagʻishlayman)

Yaxshi ham dunyoda san'at bor, san'at,
San'at bu dillarga ilohiy rohat,
Shu san'at bagʻrida yashagan faqat,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

San'at bir daryodir, oqqani oqqan,
Kimga baxt, kimlarga dard boʻlib boqqan,
Birovga yoqmagan, birovga yoqqan,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

Joʻraxon, Ma’murjon san'atin koʻrgan,
Yusufjon, Oxunjon suhbatin koʻrgan,
San'atning mehnatu rohatin koʻrgan,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

Doʻst boʻlsang, mayli, kel, yonimda turgin,
Gar dushman erursan, sal nari yurgin,
Margʻilon ahlidan bir soʻrab koʻrgin,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

Koʻlimda rubobu dutor sayragan,
Avjli navolardan qalbi yayragan,
Mumtoz qoʻshiqlarni dilda asragan,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

Dilbar davralarda yurdim, ming shukr,
Orzuli toʻylarda turdim, ming shukr,
Farzandlar kamolin koʻrdim, ming shukr,
Men oʻsha Karimman, Karimjon Rahmat.

Diydor

Yillar oʻtib borar, ulgʻayadi yosh,
Vaqt degan hakam bor, zolim, bagʻritosh,
Bugun shodligimdan koʻzlarimda yosh,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh.

Unut boʻlarmidi munavvar tonglar,
Betashvish bolalik, jonsarak jonlar.
Partada yonma-yon oʻtirgan onlar,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh.

Yoddan chiqarmidi koʻrganlarimiz,
Dalada, paxtada yurganlarimiz,
Quvlashib, yayrashib kulganlarimiz,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh.

Bir kun farzandlarga boʻlib parvona,
Kimdir ota boʻldi, kimlardir ona,
Yaratgan sha’niga aytib shukrona,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh.

Qalbim bogʻ boʻladi sizlarni koʻrsam,
Vaqtim chogʻ boʻladi sizlarni qoʻrsam,
Koʻksim togʻ boʻladi sizlarni koʻrsam,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh.

Sizga baxt tilayman, baxtlar yor boʻlsin,
Dillarda orzular oppoq qor boʻlsin,
Dunyoda muhabbat, mehr bor boʻlsin,
Diydorga ne yetsin, aziz sinfdosh,

El Dardi

Vo ajab, kungilga zor sigʻmay qoldi,
Goʻyoki togʻlarga qor sigʻmay qoldi,
Gʻazalga iboli yor sigʻmay qoldi,
Shoirlar sha’niga or sigʻmay qoldi,
Hofizlar koʻksiga tor sigʻmay qoldi.

Tokchada sargʻayib yotar ash'orlar,
Devorda osigʻliq qoldi dutorlar,
Qaydasiz, qalbida el dardi borlar?
San'atkor sha’niga or sigʻmay qoldi,
Hofizlar koʻksiga tor sigʻmay qoldi.

Yondim deb kuylashar qizlar, vo darigʻ,
Kuy gʻarib, poyma-poy soʻzlar, vo darigʻ,
Andisha bilmaydi koʻzlar, vo darigʻ,
Xonanda sha’niga or sigʻmay qoldi,
Hofizlar koʻksiga tor sigʻmay qoldi.

Sahnalar ishqi yoʻq bedardga qoldi,
Shovqin-suronlardan asablar toldi,
Raqqosa raqsidan shayton uyaldi,
She’rlarga vafoli yor sigʻmay qoldi,
Hofizlar koʻksiga tor sigʻmay qoldi.

Qaydan milliy boʻlsin gʻayri navolar,
Qolipga solingan bedard sadolar,
Afsus, qayda endi avju havolar,
Ey, Karim, koʻngilga zor sigʻmay qoldi,
Hofizlar koʻksiga tor sigʻmay qoldi.

Onajon

Jahonda borligim, tanda jonimsiz,
Otamdan yodgorim, mehribonimsiz,
Suyanchim, panohim, soyabonimsiz,
Siz mening yolgʻizim, onajonimsiz,
Otamdan yodgorim, mehribonimsiz.

Yoshgina umrini boy bergan ayol,
Ne-ne azoblardan rizq tergan ayol,
Bizlarni kam qilmay oʻstirgan ayol,
Siz mening yolgʻizim, onajonimsiz,
Otamdan yodgorim, mehribonimsiz.

Oʻzi yangi kiymay, bizni kiydirgan,
Oʻzi yemay-ichmay, bizni toʻydirgan,
Yomon koʻzdan asrab, kinna yoʻydirgan,
Siz mening yolgʻizim, onajonimsiz,
Otamdan yodgorim, mehribonimsiz,

Siz yurgan yoʻllarda yoʻl boʻlay oʻzim,
Koʻnglingiz ochgani gul boʻlay oʻzim,
Neki buyursangiz, qul boʻlay oʻzim,
Siz mening yolgʻizim, onajonimsiz,
Otamdan yodgorim, mehribonimsiz.

Yangi Yil

Yangi yil kelmoqda navolar bilan,
Dilga yaqin ohang, sadolar bilan.
Davraga dasturxon yozar onalar,
Yaxshi niyat, ezgu duolar bilan.

Qor yogʻar poklikning timsoli boʻlib,
Togʻlar, adirlarning jamoli boʻlib.
Yangi manzillarga intilar xalqim,
Yildan-yil istiqlol kamolga toʻlib.

Har inson qalbida orzular shirin,
Nurli chehralarda, kulgular shirin.
Barchani lol etib raqs tushar qizlar,
Bugun dilbar navo, cholgʻular shirin.

Qadamlari qutlugʻ kelsin yangi yil,
Baxtli, saodatli boʻlsin yangi yil.
Vatan obod boʻlsin, tinchlik barqaror,
Istiqlol nuriga toʻlsin yangi yil.

Gʻiybat

Yigʻlama, shu ekan dunyoning bori,
Uch odam toʻplansa - gʻiybat bozori,
Joningni ogʻritar ogʻriq, ozori,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Munofiq chin doʻsting boʻlib turadi,
Yuzlari chiroyli kulib turadi,
Koʻzlari zaharga toʻlib turadi,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Qush boʻlsang qonoting qayirmogʻi bor,
Ming yillik doʻstingdan ayirmogʻi bor,
Qalbida qop-qora hasad dogʻi bor,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Oʻzidan bexabar boʻlar gʻiybatchi,
Tizzasi yirtiqqa kular gʻiybatchi,
Sendan gapirmasa oʻlar gʻiybatchi,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Qoʻshning yomon boʻlsa, koʻchib ketasan,
Doʻsting yomon boʻlsa, kechib ketasan.
Bir kuni yodidan oʻchib ketasan,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Koʻzingda dard boʻlar uning dastidan,
Yuzlaring zard boʻlar uning dastidan,
Sochingda gard boʻlar uning dastidan,
Gʻiybatdan qayga ham qochamiz, jonim.

Ne Yozmish Yana

Azizim, bir joyga yetganda yoshing,
Qiblaga bosh qoʻyar umring, quyoshing,
Ne kunlar koʻrmadi bu yolgʻiz boshing,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Bolalik shamoldek bir yelib ketdi,
Yigitlik mehmondek bir kelib ketdi,
Ne turli kiyganing yirtilib bitdi,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Yayradik, yigʻladik, kuldik bearmon,
Hatto yulduzlarni urdik benarvon,
Topganimiz boʻldi xato bir xirmon,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Yaxshimi, yomonmi davron surdik biz,
Roʻzgʻor deb yugurdik, uylar kurdik biz,
Oʻgʻil-qiz oʻstirib, toʻylar koʻrdik biz,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Moʻljalga tushmaydi bossang oyogʻing,
Duoga qoʻl ochsang, titrar barmogʻing,
Koʻlingda otangdan qolgan tayogʻing,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Endi chor ulfatlar bizga begona,
Koʻlda joynamozu tasbeh durdona.
Darvoza yonida bir hujraxona,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Koʻngilda iltijo Alloh zikrimiz,
Dunyodan imonli oʻtmoq fikrimiz,
Bergan ne’matiga ming bor shukrimiz,
Bilmadik, taqdirda ne yozmish yana.

Qarab-Qarab

Qizlar aro ohista boʻylab,
Sunbul-sunbul sochlaring oʻynab,
Birov bilmaydi-ku deb oʻylab,
Qarab-qarab qoʻyasan, jonim,
Qarab meni suyasan, jonim.

Nigohingga mehringni joylab,
Husning bilan koʻzimni bogʻlab,
Qaramagan chogʻimni poylab,
Qarab-qarab qoʻyasan, jonim,
Qarab meni suyasan, jonim.

Aytay desang koʻngling rostidan,
Qutilmaysan hayo dastidan,
Faqatgina koʻzlar ostidan,
Qarab-qarab qoʻyasan, jonim,
Qarab meni suyasan, jonim.

Oʻtib ketsang yonimdan kulib,
Senga tashna, zorligim bilib,
Nogoh bir ortingga qayrilib,
Qarab-qarab qoʻyasan, jonim,
Qarab meni suyasan, jonim.

Baxt

Oy zulmatda boʻgʻilgan kecha,
Koʻkdan armon yogʻilgan kecha,
Yigit boshim egilgan kecha
Sen baxtli eding.

Hijron eshik qoqqan oʻsha tun,
Sochimga qor yoqqan oʻsha tun,
Alam yomon chaqqan oʻsha tun,
Sen baxtli eding.

Oʻzga uying bezatilganda,
Egilib choy uzatilganda,
Ilk bor beshik tuzatilganda,
Sen baxtli eding.

Necha yillar hajringda yurib,
Sendan ancha uzoqda turib,
Sening baxtu iqboling koʻrib,
Men baxtli edim.

Muhabbatim

Mening fikru xayolim olgan,
Dilga hijron otashin solgan,
Bir dard boʻlib qalbimda qolgan,
Ham azobim, ham rohatimsan,
Muhabbatimsan.

Yoding bilan kecharkan kunlar,
Xayolingsiz oʻtmas ne tunlar,
Qaydan bilsin bagʻri butunlar,
Tinchim olgan halovatimsan,
Muhabbatimsan.

Topgan edim yoʻqotdim seni,
Bu gʻarib qalbimning taskini,
Tashlab qaylarga ketding meni,
Armon boʻlgan saodatimsan,
Muhabbatimsan.

Sen borsanki, goʻzal bu hayot,
Orzularga boʻlarsan qanot,
Karim uchun oʻzingsan najot,
Yoʻqligim ham bor davlatimsan,
Muhabbatimsan.

Boy boʻlding, suyunding, Xudo berdi, deb,
Yoʻgʻingda kuyukding, Xudo urdi, deb,
Folbindan demagin, ishim yurdi, deb,
Tilingdan tutilsang, birovdan koʻrma.

Kimdir masjid kurar, bersa dastiga,
Kimdir chohlar qazir boyroq doʻstiga,
Karim, jonim beray gapning rostiga,
Bandasan, ne boʻlsang, birovdan koʻrma.

Ona Faryodi (Marsiya)

Koʻzlarimni yoshlab ketding, oʻgʻlonim,
Yuragimni gʻashlab ketding, oʻgʻlonim,.
Samolarni tutdi ohu faryodim,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Hayot degan tikanmidi, gulmidi,
Pastu baland soʻqmoqmidi, yoʻlmidi,
Farzand dogʻi deganlari shumidi,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Yurgan yoʻling yoʻlmasmidi, dilbandim,
Ajal koʻngli toʻlmasmdi dilbandim.
Onang oʻlsa boʻlmasmidi, dilbandim,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Akang, opa-singillaring zor etib,
Dadajoning sochlarini qor etib,
Men onangga dunyolarni tor etib,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Shahidlarga jannat ato boʻlarkan,
Faryod qilsam, gunoh, xato boʻlarkan,
Onang darding tortib ado boʻlarkan,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Kuyov boʻlsang, yayrab yursam boʻlardi,
Nabirayu kelin koʻrsam boʻlardi,
Davlatingda davron sursam boʻlardi,
Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?

Seni eslab, to abad, yod etarman,
Ayriliqdan gʻam-alamlar yutarman,
Bir kun, oʻgʻlim, yonginangga ketarman,

Nechun bevaqt tashlab ketding, oʻgʻlonim?