OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdukarim Mirzayev
Asar nomiMuhabbat yasagan qayiqcha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdukarim Mirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Muhabbat yasagan qayiqcha (hikoya)
Abdukarim Mirzayev

I

«
Faqat bir narsadan baxtliman jonim,
Sen men yashayotgan dunyoda borsan».
Hammasi juda sokin… osuda damlar edi oʻshanda…
»

Hayot biz oʻylaganchalik yengil boʻlmaydi, uning qora kunlari inson boshini egib qoʻyishi, oʻy-fikrini ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas. Odam taqdirning chigʻiriqli soʻqmoqlaridan qadam tashlar ekan, bilib-bilmay qilgan xatolari, gunohlari evaziga tanholik, yolgʻizlik, sukunat dunyosiga gʻarq boʻlganini oʻzi ham sezmay qoladi ba’zida… Butun umr qalbning oliy hakami – vijdon oldida, muhabbat, ishq qarshisida oʻzini gʻarib sezadi.

Oʻshanda sarmast koʻngillar Yaratganning IShQ deb atalmish tuhfasi oldida oʻzlarini ojiz sezishdi. Ular koʻngliga shuur, poklik, ziyo olib kirgan muhabbatning qadriga yeta olishmadi. Agarda taqdir ularga muhabbat bir yolgon sabab yuqqa chiqishini, buyuk tuygʻu birgina nooʻrin tashlangan qadam orqali roʻyoga, yoinki xiyonat sabab nafratga aylanishi hech gap emasligini oldindan ayon etganda edi, ular bu bebaxtlik, saodatsizlikni oldindan sezganlarida edi… Mumkin qadar ishq asrab qolinarmidi?! Lekin, ular hijron, yoʻqlik tomon yetaklagan xatoning yagona vorisiga aylandilar. Ular muhabbatdan voz kechgani ondan boshlab… Yoʻq! Ishq ularni tashlab ketgan daqiqadan boshlab muhabbat, sadoqat, nafrat, oʻkinch ne ekanligini anglab yetishdi. Yolgʻon va xiyonat ularni yoshlikning, begʻuborlikning, muhabbatning bokira osmonidan uloqtirib tashladi. Ishq-muhabbat olamini tark etish ularning taqdiriga bitilgan desak, nooʻrin boʻlar, zero, ikki koʻngilni hali-hamon muhabbat rishtalari bogʻlab turardi. Mahbublar yuragini muhabbat hali tark etganicha yoʻq…

Bir-biriga hamon talpinayotgan ikki qalb birga sayr etgan onlarini, yomgʻir ostida ularga mudom muntazir boʻlib turuvchi gʻaribgina yogʻoch oʻrindiqni, olamning gʻubor yuzini berkitgan musaffo qor quynida quvlashmachoq oʻynayman deb bolalarcha oʻyinkaroklik bilan oʻynaganlarini, bexosdan yiqilib tushib, poklik olamida oʻzlarini bir on boʻlsa-da koʻrganlarini, hijrondan darak berib turuvchi kuzgi xazonlar ustida soatlab sayr qilganlarini yoddan chiqarish, unutish oson emas, axir…

Kim chiroyli qayiqcha yasash oʻyini begʻubor davrning ularga qoldirgan yagona yupanchi edi. Oʻshanda yigit atayin qiz koʻngli oʻksimasin uchun qayiqchani undan-da xunukrok, koʻrimsizrok yasardi. Bogʻda adashib qolgan yigʻloqi qizni qayiqcha berib ovutishga uringanlari-chi?! Hamma-hammasini hozirgidek xotirlashadi. Ayni shu shirin-achchiq xotiralargina muhabbat mantigʻini tushuna olmagan koʻngillariga taskin beradi. Bu xotiralar azob-uqubat olamiga ularni gʻarq etishini bilishsa-da, ishq sarobga aylanganiga ishonishsa-da, eslashdan, yodga olishdan, xotirlashdan charchamaydilar. Ularga yolgʻiz shu azoblargina hayot baxsh etadi, zimiston qalb olamiga yorugʻlik olib kiradi. Taqdir hukmimi bu… Yoinki koʻngilga quloq solmagan insonning ayanchli umr yoʻlimikin?! Umr boʻstoniga chiroy baxsh etib turuvchi ishq gʻunchasini bevaqt uzgan bogʻbon, dunyo soʻngiga qadar qalbida tuygan poʻshaymonidir balki… Ne uchun hijron va vijdon azobi kabi ikki qirgʻoq boshida turgan ikki koʻngil rutubatli kunlarni yoʻq qilishga qodir muhabbat quyoshiga tik qarashni xohlamadilar. Nurdan baxramand bulish uchun talpinmadilar?!

Faqat ularnigina mehmonnavozlik bilan qarshi oluvchi yogʻoch oʻrindiq yonida oʻzlarining majnuntoli bor. Ularning muhabbati yoshi bilan teng ushbu niholning tolim sochlari ishq tarixini olamga doston qilgandek tuyulardi. Ayriliqdan soʻng majruh qalblar juda koʻp bor oʻsha majnuntol yoniga kelishdi, biroq, avval baxtdan sarxush boʻlib, keyin mas’um ayol koʻrinishini olgan majnuntol oldida bir-birini uchratish maqsadida kelgan ikki insonning barcha umidi oxir-okibat sarobga aylanardi. Qayta uchrashish ularning achchiq taqdirida bitilmagandir balki?!

Yigit oʻsha majnuntol bargidan kitoblari orasiga solib quyibdi, ularning adogʻi yoʻq… Uzoq kechalar boʻyi u oʻsha barglarni qoʻllarida tutgancha, yuzlariga surtgancha oyga termuladi, u bilan suhbat kuradi. Suyganining savollariga javob qidiradi. Bir paytlar berolmagan javoblari endi taxt, faqat… Faqat uni oydan boshqaga aytolmaydi. Qiz ham sevgilisi hadya etgan qirqdan ortiq gullarni kitoblari orasiga solib quritgan, asrab quygan. Balki, qachonlardir muhabbatlari shu gullar singari qurib qolishini bilganida, shu gullar singari soʻlgʻin xotiralarga aylanishini bilganida edi… Muhabbatni, gulni asrab qolishning boshqa yoʻllarini qidirib topgan boʻlardi, balki.

* * *

Muhabbat saroyiga xiyonat tashrif buyurgan kun sevishganlar oʻrtasidagi soʻnggi suhbatga ham oʻsha majnuntol guvoh boʻldi.
-Kechir…
-…
-Kechirgin!
-Nimaga?!
-Koʻzim koʻr ekan!!!
-Men eshitgandimki… Men eshitganmanki, muhabbatning koʻzi koʻr boʻladi! Demak, sizda ayb yoʻq. Ayb muhabbatda. Ayb faqat muhabbatning oʻzginasida. U sizning koʻzlaringizni koʻr qilib qoʻygan.
-Qaysi muhabbat?!
-Oʻzga…
-Sening koʻz yoshlaring muhabbat emasmi?!
-Bumi? Bu – armon…
-Men-chi, men… Muhabbat emasmi?!
-Siz… xiyonat.

Oʻshanda ham qiz yigitdan oʻksimadi, xafa ham boʻlmadi, imkon ham bermadi. Hammasi ana shunday sokin, ana shunday ogʻriqli nihon topdi. Lekin ikki koʻngil ham oʻz muhabbat kuylarini bir soniyaga boʻlsa-da esdan chiqarmadi. Ishq navosining bemisl ohanglarini kuylayverishdi… Kuyaverishdi…

* * *

Ikki kuz mavsumining barcha kunini yigit va qiz oyok ostida shitirlayotgan barglarga nigohlarini tikkancha oʻtkazdilar.

Ikkinchi yanvar. Hammasi odatdagidan boshqacharok. Juda erta uyqudan uygʻongan yigit erinmasdan kiyimlarini dazmolladi. Koʻngli allanimadan xursand boʻlgan chogʻi yaxshilab, ishtaha bilan nonushta qildi. Anchadan buyon bunday ishtaxa bilan ovqatlanmagandi… Anchadan beri bunday ishtiyoq bilan kiyimlarini dazmollamagandi… Uydan chiqar ekan, koʻzguga juda uzoq tiqilib turdi. Necha yillar davomida yolgʻiz yashab kelayotganini, faqat oʻsha goʻzal onlardagina oʻzini yolgʻiz, tanho his qilmaganini, balki umrining shu davrida oʻzini baxtiyor sezganini, biroq ming afsuski, bu baxtiyorlikning qadrini kech anglab yetganini, baxtini, saodatini ushlab qololmaganligini yana bir bor esladi…

Keyingi yillar davomida yigit yaratgandan u bilan uchrashtirishini juda koʻp bor oʻtinib soʻradi. Har doim koʻngil uni qoʻmsab hayot kechirdi. Nigohlar mudom bir insonni izlab yashadi. Oʻzini topmasam-da, izlarini toparman deb oʻyladi. Shu oʻylar bilan necha martalab tanish yoʻlkalar boʻylab qadam tashladi. Necha martalab… Lekin topmadi, topolmadi.

* * *

Bekatda trolleybusni uzoq kutmadi. Toshkentning oppoq qorga burkangan koʻchalariga termulib, yana xayol, uy dunyosiga shungidi. Beixtiyor choʻntagidan qogʻoz chiqarib qayiqcha yasadi. Ikkita qayiqcha. Biri xunuk, biri chiroyli.

Uning xayollarini oldingi oʻrindiqlardan birida oʻtirgan ayol qoʻlidagi bolaning yigʻisi tuzgitib yubordi. Yigit cheksiz hayrat ogʻushida qolgandi… Uning qoʻllarida ikki qayiqcha turardi: biri xunuk, biri chiroyli.

Ayol qoʻlidagi goʻdak yigʻidan toʻxtamasdi. Yigit oʻrnidan turdi-yu, ular tomonga yurdi.
-Ma ol, bu qayiqcha senga! Buni muhabbat yasagan. Faqat yigʻlamagin, xoʻp?!

…Bola allaqachon yigʻidan toʻxtagan boʻlsa-da, ayolning nigohlari uzoq oʻtmish sahifalaridan koʻngliga yaqin misralarini qidirish bilan band edi. Qachonlardir sevgilisi bilan bir qizalokni yigʻidan toʻxtatishga rosa oʻrinishganlarini, oʻshanda ular ham qayiqcha yasab qizaloqqa berganliklarini, lekin… Lekin qizaloq baribir yigʻidan toʻxtamaganligini yodga olgan ayolning chehrasini hayrat aralash tomchi yosh yuvar edi…

II

Bu voqea boʻlib oʻtganiga ham toʻrt yil toʻldi. Shu yillar davomida yigit biror bir qizga nisbatan qalbida iliqlik sezmadi. Hayotini bogʻlashi mumkin boʻlgan, uni baxtli qila oladigan oydek qizlar uchradi. Yigit oʻz taqdirini qaysidir ma’noda uz qoʻliga olgan, faoliyatida juda koʻp, juda katta yutuqlarga erishgan, insonlar muhabbatini qozona olgan, el ogʻziga tushgan boʻlsa-da… yoʻqotilgan yarimta yurakni topishga ehtiyoj sezmadi. Aqli yetardi… Inson bir umr yolgʻiz yashab oʻtishi fojea ekanligiga, ota-onasining ham katta-katta orzulari borligiga, ularni umrlarining soʻngigacha azobga qoʻyishga haqi yoʻqligiga aqli yetardi. Siz oʻylamang yana,-Bir vaqtlar sevgan qizidek qizni boshqa uchratmagandirda,-deb. Uchratdi, biroq oʻzini ularga loyiq deb bilmadi.

U faqat birgina istak bilan yashardi. Kanday istak deysizmi? Hozir yozaman. Mahbubasi bilan boʻlgan soʻnggi suhbatlaridan birida shunday dedi:
-Bilaman, hammasini tushunaman, xato qildim… kechirolmaysan!-Yigit gapirardi-yu, yuragida umid uygʻonardi, xayolida,-axir meni sevadi, nima uchun kechirolmaydi yoki bir gulni shuncha tez toshga aylantirdimmi?! Nahotki kechirilishga loyiq boʻlmasam. Hamma ham xato qiladi-ku!

Bu xayollar bolaning qaddini biroz bukib qoʻygan boʻlsa, qizning toʻsatdan aytgan gaplari bukilgan qadni butkul sindirdi. Va bu qad haligacha oʻnglanmadi.
-Bilasizmi bu hayotda joningni ham berishing mumkin boʻlgan kimingdir boʻlishi kerak deyishadi. Mening ham anna shunday insonim bor edi. Bu siz edingiz. Biroq men shuni angladimki… siz jonni fido qilishga arzimas ekansiz. Siz yetkazgan ozorlar koʻksimda qora tosh boʻlib kotdi. Bu tosh sizga boʻlgan muhabbatimni bosib qoldi. Oʻldirdi. Qoraga boʻyadi,-qiz bu gaplarni aytayotganda koʻzlarida eng soʻnggi yoshlari qotib qolgandi. Uning qiyofasida muhabbat va nafrat oraligʻidagi boʻshlikni, jovdirab turgan muhabbatning eng soʻnggi uchqunlarini, gʻalaba qozonayotgan nafratning qahrli qiyofasini koʻrish mumkin edi.
-Nahotki meni kechirish uchun biror bir ilinj boʻlmasa?!
-Yoʻq! Sizni oqlaydigan hech bir nimani topolmayapman… Siz eng yomon odamsiz… Yomonsiz!-bu soʻnggi soʻzlar, koʻzlarida qotib qolgan yoshlarni eritib yubordi. Bu muhabbatning gʻalabasimi, nafratningmi bilib boʻlmasdi. Mana shu koʻz yoshlar yigitni bir umrga indamas, odamovi, badjahl, qat’iyatli qilib quydi.
-Men eng yaxshi odam boʻlaman…

Yigit yana nimalardir demoqchi boʻldi. Lekin aytolmadi. Tomogʻiga kelib tiqilgan «nimanidir» oʻtkazib yuborolmadi. Hozir ham mahbubasi yodiga tushgudek boʻlsa nimadir yoqasidan oladi, tomogʻiga tikiladi, nafasi qisiladi. Bu nima ekan? Muhabbatmi, nafratmi, armonmi?

Yuqorida aytmoqchi boʻlganimiz, yigitning hayotiga hukmronlik qilayotgan istak, eng yaxshi odam boʻlish istagi edi. «Men eng yaxshi odam boʻlaman» bu soʻzni yigit har bir nafasida, har bir qadamida takrorlardi. Sevgilisiga bergan qancha va’dalarini ustidan chikolmadi. Hech qursa eng soʻnggisining ustidan chiqsin.

* * *

Oʻshanda troleybusda, oldingi oʻrindiqlardan birida oʻtirgan ayol qoʻlidagi bolani ovutish uchun beixtiyor yasagani qayiqchani berdi-yu hayratdan entikib ketdi. Yuragi toʻxtab qolishiga ozgina qoldi. Bir kalima soʻz topishga ojizlik qildi. Yaratgandan u bilan uchrashtirishini juda koʻp bor soʻragandi. Lekin bu uchrashuv boʻlishiga, yana taqdir yoʻllarini tutashtirishiga ishonmasdi. Iymon keltirdi. Beixtiyor yasagani qayiqcha… Yana ikkita – biri xunuk, biri chiroyli. Bolaning yigʻlagani… Hamma-hammasi hayratlanarli.

Ular bir ogʻiz ham gaplasholmadilar. Trolleybus Pedagogika institutidan oʻtgandan soʻng ayol tushishga chogʻlandi. Ortidan u ham tushdi. Nima deyishni, nima qilishni bilmaydi. Batomom gangib qolgan. Ayol pastkam, koʻrimsizgina uyga kirib ketdi. Toʻxtatishga, nimadir deyishga qurbi yetmadi. Gung boʻlib qolgandi. Aybdor odam xafa qilgan, oʻksitgan kiminidir koʻrsa hech qursa kechirim soʻray oladi. Yigit shuni ham eplolmadi. Ayol-chi? U nega indamadi. Soʻrashmadi xam. Mahbubidan shu qadar ranjiganmidi? Hatto nigohini ham ayadi. Yerdan koʻz uzmadi… Yigit mashuqasining yoʻllariga yotib olgisi «Bu menman taniyapsanmi?! Yogʻoch oʻrindiq… mayus majnuntol… kuzgi xazonlar… ikkita qayiqcha?! Taniyapsanmi meni?!»,-degisi keldi.

Yoʻq, ayol uni tanimadi.

Ayol uyga kirib ketgandan soʻng biroz behush turib qoldi, chekdi. Keyin xotiralar qurshovida uyga qaytdi. Koʻp narsalar haqida oʻyladi. Ilk tanishgan kunlari, qoʻl ushlashib yurganlari, koʻnglidagini aytganida qizning yigʻlagani… yigitga sezdirmay uzoq-uzoq termulishi… Hamma-hammasi yodida.

Oradan olti yil oʻtdi. Juda ham oʻzgarib ketibdi. Ancha ulgʻayibdi, jiddiylashibdi, ona boʻlibdi, Oʻsha vaqtlarda yosh bolaga oʻxshardi. Oddiy narsalardan shu qadar kuvonardiki… Ammo… Yigit uni bir kunda «ulgʻaytirdi».

* * *

Qorongʻu tushdi. Oʻz yogʻiga oʻzi qovrilayotgan yigit ayolning oldiga borishga jazm qildi. Shu paytgacha uni nima ushlab turgandi. Nimaga oʻsha zahotiyoq gaplashmadi. Nega necha yildan beri biror marta yoʻqlamadi. «Xatlarimga javob bermayapti, meni koʻrishni xohlamaydi»,- deb yuraverishi toʻgʻrimidi?! Yoʻq, albatta! Imkoni, vaqti, hammasi yetarli edi. Yoʻllarini tusib turgan biror nima yoʻq edi.

* * *

Hech bir qiyinchiliksiz ayol kirib ketgan eshikni topdi. Sekin taqqillatdi. Ichkaridan ayolning ovozi eshitildi, oʻsha ovoz, Uning ovozi. Qachonlardir yigʻlatgani, bugʻib qoʻygani, oʻzining ovozi.

Eshik qiya ochilib u koʻrindi.
-…Meni kimgadir oʻxshatdingiz, shekilli?
-…
-Men siz oʻxshatgan AYoL emasman.
-…
-Aytadigan gapingiz boʻlmasa…- Ayol yigitning koʻzlariga shu qadar iltijo bilan tikildiki, u bu nigohlarni koʻtara olmadi, boqolmadi, boshi egildi.

«Nega sen boshqa boʻlarkansan?! Boshqa boʻlsang trolleybusda bolangga qayiqcha uzatganimda, uni ovutmokchi boʻlganimda, meni koʻrganingda… Nega koʻzlaringdan yosh tomchiladi? Agar sen oʻzga boʻlsang…?!». Bu savolni endi bermoqchi boʻlib bosh koʻtarganida qarshisidagi eshik yopilib boʻlgandi.

02.01.04 - 15.02.05