OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdul Hamid
Asar nomiNooʻrin va’da (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Abdul Hamid
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nooʻrin va’da (hajviya)
Abdul Hamid

Mish-mish tarqaldi. Husanboy ba’zi hamkasblari bilan gaplashmay qoʻyganmish. Eng qizigʻi, oʻsha «ba’zi»lar uning ulfatlarimish. Qizigʻi, Husanboy ular bilan urishmagan, soʻkishmagan, bor-yoʻgʻi choyxonada birga oʻtirgan-u...

Bu gaplar, odatdagidek, toʻppa-toʻgʻri Sunnat Azlarovichning qulogʻiga yetib keldi. U jamoa inoqligi uchun qattiq jon kuydirguvchi odam boʻlgani uchun, bu mish-mishlarning tagiga yetishga qasd qildi.
—Husanboyni chaqiring, — dedi chorlovni eshitib yoniga kirgan kotibasiga.

Oradan koʻp oʻtmay, xonaga ogʻir musibatga duchor boʻlgan odamday, Husanboy kirib keldi.
— Chaqirtirgan ekansiz?
— Keling. Qulogʻimga gʻalatiroq gaplar chalindi. Tinchlikmi? — dedi boshliq jiddiy ohangda.

Husanboy stulga ogʻir choʻkib, mutelik bilan xoʻjayinga termuldi.
— Hamidbek, Habibxon, Hasanboy, yanglishmasam, ulfatlaringiz shekilli, — gap boshladi Sunnat Azlarovich, — nega ular bilan arazlashib yuribsizlar?
— Ha endi, shunchaki, — chaynaldi Husanboy, — arzimagan gap.

Bu uchrashuvga ancha jiddiy tayyorgarlik koʻrgan boshliqqa Husanboyning oʻlamsa javobi yoqmadi.
— Nimasi arzimagan, arzimagan boʻlsa, nega bunaqa tumshayib yuribsiz. Duv-duv gap. Jamoada inoqlik yoʻq. Bunaqada ishda unumdorlik boʻladimi?
— Xoʻjayin...
— Nima xoʻjayin, gapingizdan sezib turibman, hamma balo oʻzingizda. Qilgilikni qilib qoʻyib...
— Yoʻq, — qichqirib yubordi Husanboy, — men hech narsa qilmadim. Ular meni xoʻrlashdi. Men shunga chidolmayapman, xoʻjayin.

Husanboy yigʻlab yubordi. Boshliq buni kutmaganmidi yoki kap-katta erkakning yigʻlashi shoshirib qoʻydimi, kalovlangancha xodimining oldiga oʻtdi. Kotibasi damlab qoʻygan achchiq koʻk choydan bir piyola quyib Husanboyga uzatdi.
— Qoʻying, xafa boʻlmang, ular bilan oʻzim gaplashaman! Muni iching-da, nima boʻlganini bir boshdan gapirib bering?

Husanboy hiq-hiq qilganicha, choyni ichib, oʻpkasini bosib gap boshladi.
— Har yakshanba choyxonada oʻtiradigan odatimiz bor. Kechagi yakshanba shaxsan oʻzim bozor qildim, anavi tanballar kelguncha dasturxon tuzadim...

Husanboy qarasa, boshliq uni astoydil tinglayapti. Ilhomi kelib ketdi:
— Shu desangiz, dasturxonda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq. Parrak-parrak gazaklarni aytmaysizmi... Anavi jonivorlar-chi, tur-turi bilan. Jiyanim Amerikadan men uchun ataylab olib kelgan «Viski»ni ham dasturxonga qoʻygan edim. Turishini koʻrib soʻlaging oqadi, shishasi uch burchak, besh-olti ordeni, faxriy yorliqlari bor. Qoʻlingga olib chayqasang qult-qult qilib ovoz chiqaradi...

Boshliq bu ta’riflarni eshitar ekan, qult etib yutinib qoʻydi.

Husanboy davom etdi:
— Shularga qarab oʻzimda yoʻq quvonib tursam, lop etib xotinimga kecha ertalab «ichmayman» deb bergan va’dam esimga tushib qolsa boʻladimi. Bilasizmi, xoʻjayin, dunyo koʻzimga qorongʻi boʻldi. Lekin oʻylab-oʻylab chorasini topdim. Xotinimga ichmayman deb va’da berganman, astoydil iltimos qilishsa, majburlashsa ham ichmayman, demaganman-ku. Toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri, toʻgʻri, — deb yubordi Sunnat Azlarovich.
— Xullas, anavi yaramaslar kelishdi. Piyolaga quyib uzatishganda, xotinga bergan va’damni asta eslatib, til uchida ichmayman, dedim. Nokaslarni jindek xiralik qilar, deb oʻylagandim-da. Qayoqda, shuni kutib turgandek, «Unda ichmaganing durust», deyishdiyu oʻzlari...

Shu joyga kelganda, Husanboyning koʻzida yana yosh gʻiltillay boshladi. Xoʻjayinning ham ahvoli undan yaxshi emasdi. Husanboy hiqillab gapini arang davom ettirdi:
— Ablahlar, hamm-masini ichishdi. Bir qultim ham qoldirishmadi. Na tixirlik qilishdi, na zoʻrlashdi.
— «Viski»ni hammi, — deb yubordi Sunnat Azlarovich koʻzlarini katta-katta ochib.
— Uni ham tinchitishdi. Alamimga chidolmay qoʻlimga ilingan shishani yerga urdimu chiqib ketdim. Axir, oʻzbekda oling-oling, shirin qilib bering, qoʻlimni qaytarmang, degan gaplar boʻlardi-ku, xoʻjayin...

Boshliq oʻrnidan turib ketdi.
— Yaramaslar. Shunchalik ham shafqatsizlik qilishadimi? Umrim bino boʻlib bunday bagʻritoshlarni koʻrgan emasman. Xafa boʻlmang, uka, bu qilmishlari uchun ham javob berishadi. Oʻzingizdan ham oʻtganda, uka. Xotin deganga boʻlar-boʻlmasga va’da berilavermaydi.

Husanboy ichini boʻshatib, asta oʻrnidan turdi. Eshik oldiga kelganida boshliq birdan soʻrab qoldi:

— Haligi... jiyaningiz Amerikaga yana borsa kerak-a?