OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdul Hamid. Noyob xotin (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdul Hamid
Asar nomiNoyob xotin (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Abdul Hamid
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Noyob xotin (hajviya)
Abdul Hamid

Mabodo, haykaltaroshlardan tanishingiz yoʻqmi? Nima qilasiz deysizmi? Xotinimning haykalini yasataman! Iye, nega kulasiz? Nima, bizning malikai Dilorom bunga arzimaydimi? Topgan gapingizni qarang. Tirikligida haykal qoʻyish lozim boʻlsa, bizning xoʻjayinga, yoʻgʻ-e xotinga qoʻyish kerak!

Nega hayron boʻlasiz? Xotinimning jonimga qanchalar oro kirishini bilsangiz edi!.. Afsuski buni tasavvur qila olmaysiz. Keling, xotinimga qaysi karomati uchun haykal oʻrnatmoqchi ekanligimni aytib beray. Toki koʻnglingizda menga nisbatan shu erkak ham oʻzimizning erkaklardanmi oʻzi, degan savol qolmasin.

Avvalo, xotin akamiz choʻntagimizga qoʻriqchi itdek vafodor. Bir soʻmmas, bir tiyinni ortiqcha sarflashimga yoʻl qoʻymaydi. Qanday qilib yoʻl qoʻymaydi deysizmi?

Masalan, dam olish kunlari ulfatlar bilan choyxonada «beshta-beshta» qiladigan odatimiz bor. Oʻsha kunlari xotin qoʻlimga oʻzi himmat qilgan pulni tutqazib tayinlaydi: «Gapga tushib ketib, yana osh tugab qolmasin. Yaxshilab ovqatlaning, lallayib oʻtiraversangiz, soʻxtasi sovuq ulfatlaringiz aroqni bir zumda gum qilishadi».

Koʻrdingizmi? Shunday rahmdil, erining puliga gʻamxoʻr xotinni yana qayerdan topish mumkin. Shu bois choyxonada oʻtirsam, iloji boricha yeb-ichishga harakat qilaman. Toʻgʻri, ba’zida xizmatda turib xotinning topshirigʻini bajarolmasam... Yoʻq-yoʻq, siz oʻylaganday, boshimda yongʻoq chaqmaydi. Faqat... xafa boʻladi-da!

Bilasiz, tabiatan yumshoq, koʻngli boʻsh odamman. Xotinning qovogʻini uyib, narigi xonada yolgʻiz yotishiga chidolmayman. Darhol koʻylakmi, tilla zanjirmi sovgʻa qilib, pulni behuda sarflaganim uchun kechirim soʻrayman. Bilsangiz, bizning xotin spidometrga oʻxshaydi. Agar biror narsada sal haddimdan oshgudek boʻlsam yo tomoq qirib, yo ilonning koʻziday chiroyli koʻzlari bilan ogohlantirib qoʻyadi.

Konkret misol bormi?

Bor. Yaqinda mashinamni sotmoqchi boʻldim. Ulfatlarimizdan biri xaridor boʻldi. «Jon ogʻayni, aytgan narxingizga picha yetmadi. Bir oyda keltirib beraman», deb rosa yalindi. Kayf ustida xoʻp deb yuboribman. Ammo ertalab lafzimni eslab, yuragim tovonimga tushib ketdi. Axir, xotin nima deydi?

Tushdan soʻng ulfatim mashinani olib ketmoqchi boʻldi. Xotinning: «Pulini tugal olmagunimizcha mashina joyidan qoʻzgʻalmaydi», degan amridan soʻng mashinani berib yuborarmidim. U deb bahona qildim, bu deb bahona qildim. Qani koʻnsa. Bahonalarimni bitta-bitta chipakka chiqarib, meni burchakka qisib kelaverdi. Najot izlab alang-jalang qilib turganimda xotin jonimga oro kirdi.
— Menga qarang, — dedi u, — pulini toʻliq berdingizmi?
— Yoʻq, ozgina qolgan, — dedi ulfatim dovdirab. — Biror haftada olib kelaman, kelishganmiz.
— Unaqasi ketmaydi, — gapni choʻrt kesdi xotin. —Qolganini olib kelasiz, mashinani kalitini olasiz!..

Shoʻrlik bir menga, bir xotinga tikilib turdi-da, koʻtarildi...

Agar aytaversam bunday misollar koʻp. Uyga kimdir mendan qarz soʻrab kelsa, soʻroqni xotin qiladi. «Qachon qaytarasiz? Garantiya bormi? Kechikib qolsa-chi? Aniqmi? Mayli beramiz!» Shundan soʻng men pulni chiqarib beraman. Bordiyu xotinimning qarz soʻrovchidan koʻngli toʻlmasa, «Berib turardik, lekin adasiga ham pul kerak boʻlib turuvdi» yoki shunga oʻxshash biror bahona qilib eshikni ochib qoʻyadi. Men esa mehmonni kuzatib qoʻyaman.

Xullas, ish shu darajaga borib yetdiki, bolalarni ham onangga aytaman, deb qoʻrqitadigan boʻldim. Oilamiz bilan oldi-berdi qiladiganlar faqat xotin bilan gaplashadi. Oʻylab koʻrsam, ancha-muncha tashvishlardan ozod boʻlibman. Bozorni xotin qiladi, mehmonni xotin kutadi, hattoki nahorgi oshlarga ham xotin borib kelyapti, katta oʻgʻilni-ku oʻzi uylantirib tinchitdi.

Endi ayting-chi, shunday noyob xotinga nega haykal qoʻymasligim kerak?

Tunov kuni bir ulfatim «Oʻv, falonchi, koʻzingni och, xotiningni boshingga chiqarib yubording-ku», deb qoldi. Gʻalamis, baxtimni koʻrolmay ichi kuyib ketyapti. «Chiqqan boʻlsa, ajab boʻpti. Chiqsa arziydi, oʻrgulay», deb uzib oldim.

Bu gapni hamisha aytaman. Haqiqiy erkakday yashashimga sharoit yaratib bergan xotinimga ming rahmat!