OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Choʻlpon
Asar nomiDoʻxtur Muhammaddiyor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulhamid Choʻlpon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/20
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Doʻxtur Muhammaddiyor (hikoya)
Abdulhamid Choʻlpon

Turkistonning qorongʻu bir goʻshasida... nomlik bir uezdni shaharda Hoji Ahmad ismli 60 yashar bir kambagʻalgina sartarosh hoji bor edi. Aning xotuni chaxoʻtka (sil) kasaliga mubtalo boʻlub, toʻquz oy qadar xastalik toʻshagida yotgandan soʻngra vafot boʻlgʻon edi. Ul xotundan Muhammadiyor isminda bir oʻgʻil tugʻilgan edi. Hoji Ahmad oʻz shahrida «Hoji sartarosh» deb mashhur edi. Aning hojiligʻining bosh sababi 15 yashar ekan vaqtida otasi ila hajga borgan edi. Otasi hajda vafot topkandan soʻngra «yolgʻuz oʻzi Misr, Istambul, Fas-Marokash, Bulujiston, Bagʻdod, Eron va Afgʻoniston taraflarni va ichki Rusiyani oʻn yil qadar sayohat qilub qayt¬kan edi. Sayohatdan qilgʻon foydasi forscha, arabcha, ruscha va inglizcha tillarda suylamakgʻa qodir boʻldi. Ammo oʻzining nodonligi sabab boʻlub sayohatda koʻb mashaqqatlar koʻrganligidan oʻgʻli Muhammadiyor oʻquv yoshiga yetar-etmas butun kuch va quvvati ila ani oʻquturgʻa harakat qildi. Muhammadiyor oʻn yoshiga yetkanda ichkari Rusiyadan Ufa madrasai Oliyasini biturgan bir muallim kelub qoldi. Bu shaharda bir-ikki hafta turgach, xalq ogʻzidan gazet oʻqiydirgan va «etmish ikki tilni biladirgan» hoji sartaroshning shuhratini eshitub, koʻrushmoq uchun Hoji Ahmadning sartaroshlik doʻkoniga keldi. Muhammadiyor ham shunda oʻturgan edi. Otasining ishorati ila oʻrnidan turub kamoli ta’zim ila koʻrushdi. Hoji Ahmad ila muallim afandi uzoq soʻylashub oʻturdilar. Soʻz orasida muallim afandiga Hoji Ahmad:
— Menim bisotimda shul birgina oʻgʻlim bor. Buni zamona iqtizosincha* oʻqutmoqni xohlayman. Agar qabul qilsangiz shunda, bizim havlimizda turub shunga yaxshigina milliy tarbiya bersangiz, soʻngra hukumat maktablarida oʻqutsam, — deydi.

Muallim biroz fikr qilub turgach, oʻqutmakni qabul qildi. Hoji Ahmad doʻkonini yopub, muallimni havlisiga olub keldi. Muallimda yosh Muhammadiyor kamoli shavq-zavq ila oʻqumakda edi va boʻsh vaqtlarini ham — Oʻqumagan bolalar kabi choyxona, bazm va fahshxonalarda yurmay — bir rus ofitserining taxti «rayosati»da tarbiyai badani oʻyinlari ijro qilmakda va foydali kitoblar mutolaasi ila oʻtkarmakda edi. Bu tariqada bir yil gʻayrat ila oʻqudi. Bu muddatda butun ahkomi islom, tarix va jugʻrofiyolarni mukammal bildi. Bir yildan soʻng Hoji Ahmad sevikli oʻgʻlini hukumat maktablariga bermakchi boʻldi. Oh... faqat pul yoʻq edi! Shu pulsizliki juda ezmakda va bechora bolani allaqancha fazl va kamolot, ilm va urfondan quruq va mahrum qoʻymoqda edi!

Nochor muallim afandisi ila barobar yordam qilmaklarini oʻtunmak uchun shahar moʻ'tabaroni huzurlariga bordilar. Ba’zi boylar muallimning qiyofasini koʻrgan hamon eshigidan kirgʻuzmasdan haydamakda va ba’zilari qabul qilmakda edi, ba’zi birlari esa, Muhammadiyorning chiroylikligiga qiziqub birmuncha oylik ila oʻziga mirzalik va mahram¬likgʻa soʻramakda edi. Faqat bizim Hoji Ahmad bularning qiladirgan kirdikorlaridan xabardor boʻlgani uchun sevikli oʻgʻlini bermas edi. Bechora Hoji Ahmad boylardan yordam umid qilmakni tashlab, boshqa yoʻllar izlamakda edi. Bu vaqtda shaharda katta toʻylar boʻlmakda, qimorbozlar, mastlar bir-birlarin pichoqlashub, inson qonlari «jaholat!! jaholat!!!» deb oqmakda edi!.. Birdan-bir boʻlgan shogirdlarga yordam jamiyati aqchasizlikdan toʻqtagan edi! Bu orada muallim afandi ketmoqchi boʻlub hozirlandi. Kech soat 9 larda Hoji Ahmad oʻgʻli ila birgalashub muallim afandini kuzatmak uchun vagzalga chiqdilar. Kuzatub qaytub yotkanda bir joyda qimorbozlar pul talashub mushlashmakda ekan. Hoji Ahmad kelub nasihat qilub ayira boshlagandan soʻng, birisi kelub Hoji Ahmadni boʻgʻub oʻldurdi va Muhammadiyorni yarador qildi. Hoji Ahmad oʻlur vaqtida Muhammadiyorga qarab:
— Oʻgʻlim!.. Meros sen... ga... Oʻlturgan... joy... Vasiyatim... Oʻqu... Oʻ... qu... Oʻqu... Oʻqu... Men... r-r-r... zomen, — deb jon taslim qildi.

Muhammadiyor oʻlduruvchilarning bir-ikkisin tanub, har nima qilub boʻlsa ham oʻch olmoqni qasd qilub koʻrdi. Lekin otasini oʻlduruvchilar bular boʻlmay, balki jaholat ekanligini oʻylab tinchgina otasini koʻmdi. Va oʻzi jaholat ila chindan olishmoqga qaror qildi. Jaholat ila olishmoqning quroli, asbobini esa otasi aytub ketkan edi. Ya’ni, jaholatga qarshu toʻp, miltiq, toponcha, xanjar, oʻq-doru yolgʻuz — Oʻquv, oʻquv, oʻquv edi!!!

Bir tarafdan otasining vahshiyona bir suratda oʻldirilgʻonligini va bir tarafdan ilm va ma’rifat ila dunyoga nom chiqargʻon vatani Turkistonning jaholat daryosida sevina-sevina suzganini koʻrgan Muhammadiyor xafachilikdan sil(chaxoʻtka) kasaliga yoʻluqdi. Tamom sil boʻlub yetmasa ham, sillik asari yuzinda zohir boʻla boshladi. Bu orada shaharda bir katta oʻt chiqub, musulmon mahallalarindan 6-7 mahalla kuyub, musulmonlar sohiblari koʻchalarda och-yalangʻoch qoldilar. Oʻrtada bir armani magʻazini kuygan boʻlsa ham, armani magʻazinini istraxavayt* etdirilganlikdan zarar oz edi. Oh... bizning musulmonlar-chi? Bizning musulmonlar istraxavaytning nimaligin bilmaydurlar edi. Bilganlari harom, deb qildirmagan edilar... Bu hollarni koʻrganda odam qandogʻ chidab turolsun? Qaysi vijdon bunga tahmil* qilsun? Bechora Muhammadiyor bu hollarni koʻrub kasali yana ziyodalanmakka boshladi. Shaharning yangi shahar qismida «Ibrat» nomli teatruda «Ichkulik va aning vahim natijalari» nom ibratli bir kartina* koʻrsatilur edi. Har qancha holini bilsa ham chiday olmadi. Bu badbaxt ichkulik natijasini koʻrmak uchun oshiqub kechni kutdi...

Nihoyat, oqshom namozidan soʻngra piyoda «Ibrat» teatriga qarab yurdi. Teatr ichkarisinda «Ichkilik va aning vahim natijalari»ni koʻrsatub yarmiga yetkanda, teatru bogʻida bir toponcha ovozi chiqdi... Kartina toʻqtalib, hamma xalq tashqariga yugurdi. Bechora holsiz Muhammadiyor ham xalq orasida tashqariga chiqmoqda edi. Chiqdi. Qaysi koʻz bilan koʻrsun!.. Shaharning musulmon boylarindan ikkisining oʻgʻli teatru bogʻchasida mast holda qarta oʻynab oʻlturub ozgina pulni talashub turub birisi toponchasin chiqarub birisiga otub yuborgan. Otuvchini ushlab, majruhni xastaxonaga yuborsalar ham, majruh yoʻlda jon bergan. Otuvchi ham teatru bogʻchasida bu holga hayron boʻlub oʻz-oʻzin otgan...

Ikki musulmon jaholat sababli yosh-yosh bu dunyoga vido qildilar. «Ichkilikning vahim natijalari» haqiqat boʻlub koʻrildi...

Bu hollarni koʻrgan Muhammadiyor ham hushsizlikdan yiqildi. Muhammadiyorni politsa shahar xastaxonasiga olub bordi... Muhammadiyorning otasi yoʻq, onasi yoʻq, qavm-qarindoshi yoʻq... kim kelub holidan xabar olar?! Oh, yolgʻuzlik... oh, yetimlik...

Oh, bunlarga sabab boʻlgʻon jaholat... Ket! Yoʻqol!.. Oʻl!..

Bir oy qadar shahar xastaxonasida davolangandan soʻngra Muhammadiyor yaxshi boʻlgan erdi. Xastaxonadan chiqqan vaqtda doʻxturlar davolanmoq uchun Qofqoziyagʻacha borargʻa ham shul taraflarda turub oʻqurgʻa tavsiya qildilar. Muhammadiyor puli yoʻqligini kuch hol bilan doʻxturlargʻa bayon qildi... Doʻxturlar biroz mushovaradan* soʻng Muhammadiyorga bir xat berdilarki, bu xat bilan butun Qofqoziya xastaxonalarinda borub davolanub yotsa ham bir tiyin haq olinmas edi... Muhammadiyor xastaxonadan chiqub havlisiga keldi... Havlisida hech kim yoʻq: na ota bor, na ona bor... ne qoʻrqinch manzara!.. Havlini 6 oyga bir rusga 225 soʻmgʻa ijaraga qoʻyub, kech soat 7 da istansagʻa qarab yuruvdi, kelsa, poʻezd ketgan... Erta bilan soat 9 dagi poʻezdga qoldi... Mahzun holda yana uygʻa qaytub, oʻz xonasidagi rusda bir kechalik mehmon boʻldi...

Erta bilan soat 8 da istansagʻa chiqub, poʻezdni kutub turdi. Nihoyat, XX asr madaniyati keldi ajdar kabi pishillab, har tarafga suv chochub... Muhammadiyorni vatanidan ayirmoqchi edi. Istansada bir gʻarib manzara ediki, Muhammadiyorning koʻnglini buzmoqqa boshladi: bir musulmon xurjun yoʻqotgan! Biri boraturgʻon istansasin nomini bilmay, boshqa istansagʻa bilet olub qoʻygʻon... va shunga oʻxshash dahshatli manzaralar oldida Muhammadiyor qotub qoldi. Nihoyat, ikkinchi zuvanoʻk urilganda, chiqub uchinchi klasdan* joy topub oʻlturdi. Haligi qoʻrqinch manzaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonagʻon, bir musulmonni poʻezd ma’murlari tutub olub uradirlar... Muhammadiyor chidayolmadi. Poʻezdning tashqarisigʻa chiqub tikka turub istansani tomosha qila boshladi. Bir armani Qofqozning qorongʻu goʻshalarindan kelub, istansada doʻkon ochub, boy boʻlub ikki oʻgʻlini hukumat maktablarida tarbiya qilmakda... Va yerli musulmonlar esa topkan pullarin toʻygʻa, janozagʻa sarf qilub faqirlikda, xorlikda qolmoqda edilar. Yana koʻngli buzuldi, yana diqqatlik, oh... Oʻygʻa botdi. Bir vaqt uchunchi zuvanoʻk ham uruldi. XX asrning otsiz arobasi yuraman deb bir qichqirub, ilgariga qarab harakat qila boshladi... Ya’ni Muhammadiyor muqaddas vatanidan ajrab yot ellargʻa borub, yot bir maishatgʻa* qarab yurar edi. Uchinchi (klas — red.) poʻezdning ichiga kirub biroz ul taraf-bul tarafgʻa aylanub yurdi. Boshi tamom Turkiston haqinda fikrlar, oʻylar ila toʻlgan edi... Birozdan bir ovoz keldi:
— Muxamed'-yar'!

Qaradi. Oʻziga tarbiyai badaniya ta’lim bergan rus ofitseri Pyotr edi. Muhammadiyor borub koʻrushdi va ofitserga:
— Qaygʻa borasiz? — dedi.

Ofitser:
— Men bir askariy ish bilan ikkinchi istansagʻa tushaman. Siz qayda borasiz? — deb savol qildi. Muhammadiyor biroz oʻylab turgandan soʻng:
— Gʻurbatga!
— Nima uchun?
— Oʻqumak... Oʻqumak... Oʻqumak uchun, — dedi.

Muhammadiyorga «Otangiz salomatmi?» deb ofitser bir savol berishigʻa qarshu, u koʻzlaridan yosh oqizub:
— Oʻldi... — deb javob berdi.

Bu soʻzni eshitgach ofitser ham koʻzlaridan marhamatli yoshlarini oquzdi. Muhammadiyor ofitserdan bir durbin soʻrab olub balqoʻngʻa* chiqdi. Vatanning tuprogʻi ustina suvlarin chochub, atroflarda oʻturgan yerli musulmonlarning diqqatin jalb qilub yurmakda edi. Muhammadiyor durbin ila uzoqdagi togʻlarga qarab turub, koʻz yoshlarini oquzub togʻlarga va oʻzining orqasida qolgʻon vataniga xitob qilub:
— Ey, Chingiz va Temur askarlarini koʻrgan qop-qora togʻlar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini koʻrgan togʻ bobolar!

Chin ayting! Bu yigirmanchi asr madaniyatini ham koʻrub turubsiz! Oʻn kunlik yoʻlni oʻn soat qilgʻon bu yigirmanchi asr madaniyatining aygʻirini koʻrub vatandoshlarim nimaga ogʻizlarin ochub qoladilar? Nimaga bu madaniyatga kirmakka oʻzlari harakat qilmaydilar? Qachongacha ikki gʻildirakli, koʻchalarda sigʻmaydirgan arobalar?

Ey, vatandoshlarim! Qachongʻacha bu gʻaflat? Nimaga buncha xushyoqmassizlar? Axir sizlar ham odam-ku! Odamlardek harakat qilingizlar! Koʻz oldingizga kelub turgʻon ilm va ma’rifat mevasidan foydalanmasdan nimaga ogʻizlaringizni ochub qarab turasizlar? Nimaga bu ishlarga kirishmaysizlar? Uyqudan koʻz ochinglar! Uyqudan koʻz ochinglar! Urinunglar! Ilm, ma’rifat va hunar izlanglar! Vaqt yetdi, balki oʻtdi! — der edi.

Kech soat 7 da ofitser ila Muhammadiyor vidolashdi va oʻzining joyiga kirub uyquga ketdi.

Bir necha kundan soʻngra Muhammadiyor oʻzini Bokuning katta istansasida koʻrdi. Qoʻlida tugun va boshqa narsalari boʻlmaganligidan tezlik ila poʻezddan tushub, bir arobagʻa oʻlturub shahar ichiga qarab yurdi. Musulmon milioʻnerlari, musulmon boylari, necha turli jamiyatlari, boylarning xayriyat yoʻliga milioʻnlab ionalari ila mashhur Boku shahri Muhammadiyorgʻa ajib tuyulur edi. Bokuning birinchi gazitalaridan boʻlgʻon va butun islom shaharlariga ketadirgan kundalik (oʻn sahifa) «Qofqoz» nomli gazita idorasiga kirdi. Mudiri ila koʻrishdi. Mudirga hamma ahvolni ochiq tushundirdi, u chorasiga kirishurman, deb javob berdi. Muhammadiyor shaharni kezmak uchun idoradan chiqdi. Kech bir milioʻner tarafidan sharq usuli me’moriysida bino qilingʻon «Bahri Hazar» nomli noʻmirda qoʻndi. Erta birlan mashhur bir kitobxonadan bir noʻmir «Qofqoz» gazitasin oldi. Bosh tarafida shul e’lonni koʻrdi:

e’LON
Jamiyati xayriya islomiya tarafidan qoʻshnimiz boʻlgʻon Turkistondan ilm izlab kelguchi 14 yoshlik Muhammadiyor ismli bir dindoshimizni hukumat maktablariga berib, jamiyati xayriya hisobiga oʻqutmoqchimiz. Shul toʻgʻrida bu kun kech soat yetti yarimda «Jamiyati xayriya»da majlis boʻladur. Muhtaram a’zolarning mazkur vaqtda kech qolmasdan hozir boʻlmaklari kerakdir. Muhammadiyor afandi ham hozir boʻlsunlar!


Ehtirom ila jamiyat mudiri...

Kech soat yetti yarimda biroz a’zolar maslahat qilgʻonlaridan keyin Muhammadiyorni oliy tahsiligacha jamiyat oʻz hisobiga oʻqutmoqgʻa qaror berdi. Oʻqushni tamom qilgʻondan ke¬yin ikki yilgʻacha Boku va atrof qishloqlarda leksiya oʻqumak shart qilindi. Emdi Muhammadiyor baxtiyor oʻlmish va baxt qushini qoʻliga qoʻndirmish edi.

Buncha tortkan mashaqqatlarining mevasin bundan keyin yeyajak edi.

Vatan va millatina moli va joni ila xizmat qilajak edi...

Oʻz vatanidan va oʻz vatandoshlaridan yordam koʻrmagan Muhammadiyor Boku yoshlarining himmatlari ila umidiga yetushdi. Ya’ni, shahar maktabiga doxil oʻldi. Demak, eng muqaddas amaliga yetdi. Endi oz boʻlsa ham oʻzini xor qilgʻon vatan va vatandoshlarigʻa xizmat qilajak edi. Muhammadiyor qayda boʻlsa ham oʻz vatanini, oʻz yurtini va oʻz joyini tushunar va yigʻlar edi. Bir kun kech, asr vaqtida shahar bogʻchasiga kirub, iskamiyada oʻlturub gazita koʻrar edi... bir yeriga koʻzi tushdi. Koʻrdiki:

«TURKISTONDA BIRINCHI MARTABA TEATR»

Oʻqub bitirdi-da, shodligʻidan qayda oʻturganini unutub sakrarga boshladi... Shul vaqtda yoniga Boku yosh muharrirlarindan* bir doʻsti kelub oʻltirdi. Muhammadiyorning sakraganini koʻrub hayron boʻldi, etagindan tortub iskamiyaga oʻlturgʻuzub:
— Muhammadiyor afandi! Nima bor bu qadar sevinch? — dedi.

Muhammadiyor yolgʻuz:
— Turkistonda birinchi m...m...m...m...artaba tia...t...t...t...tr, — dedi-da, fikrgʻa toldi. Bokuli muharrir biroz oʻturub, turub ketdi. Muhammadiyor bir vaqtda turub qarasa, kech soat 12 boʻlubdur. Bogʻchada hech kim qolmogʻon. Muhammadiyor turub bogʻchadan chiqdi. Imtihon vaqti yaqin boʻldigʻidan Muhammadiyor kecha va kunduz harakat bilan chalishmakda edi. Nihoyat, imtihon boʻlub oʻtdi. Muhammadiyor birinchi boʻlub oʻtdi. Muhammadiyor birinchi boʻlub imtihon berub chiqdi. Muhammadiyor kecha-kunduz tinmay harakat qilgʻonlikdan yengil bir xastalik arz boʻla boshladi. Tabiblar tavsiyasi ila Borjoʻm suvlariga borub bir oy qadar davolanub, tuzalub qaytdi. Yana shul Boku jamiyati xayriyasining yordami ila Muhammadiyor Boku gimnaziyasiga kirdi. Muhammadiyor gimnaziyagʻa kirgandan keyin gimnaziya darslarigʻa shul qadar muhabbat qoʻydiki, bayram kunlarida ham chiqmas edi. Soat oʻtdi, kun oʻtdi, yil oʻtdi... Muhammadiyorning gimnaziyadan ham chiqar vaqti yetdi. Nihoyat, imtihon ham boʻlub oʻtdi. Gimnaziya imtihonida ham Muhammadiyor birinchi chiqub oltun medal oldi. Yana Jamiyati xayriya yordami va Boku boylarining himmatlari ila Petroʻgʻrad dorilfununining tib shoʻ'basiga kirdi. Muhammadiyor dorilfunungʻa kirgandan soʻng ikkinchi yili vatani Turkistonning madrasa shogirdlari hayotindan olub «Umrlik shogirdlar»1 nomli bir roʻmon yozdi. Roʻmoni 12 juz'* boʻlub, Turkistonda hanuz mundogʻ milliy maishatdan olingan katta roʻmon chiqmagʻon edi. Hattoki bu roʻmon Petroʻgʻradda muntashir* rus jurnallaridan birisida ruscha tarjima etulub bosildi. Bu roʻmon shunday mohirona yozilgʻon ediki, madrasada qirq-ellik yil turganda ham mundogʻ yaxshi va shogirdlarning madrasada oʻqumay samovarlarda davr surgʻonliklarini yozmoq mumkin emas edi. Dorilfununni tamom qilub chiqishigʻa bir yil qolgʻonda poytaxt, chunonchi, Maskav va Petroʻgʻraddagʻi turkistonli maskavchi boylar hayotidan olub «Poytaxt mehmonlari» nomli bir teatru kitobi yozdi. Bu kitobda ilmsiz boylarning poytaxt noʻmirlarinda til bilmay, ilm bilmay va ajnabiylar tarafindan oʻzlarigʻa qilingʻon haqoratlar gʻoyat mohirona suratda koʻrsatilmish edi. Bu kitobni ham Muhammadiyor oʻzi ruscha tarjima qilub nashr qildi. Petroʻgʻrad teatrularindan birisida ba’zi bir istudent rafiqlari ila oʻzining maishatini ta’min qilmoq uchun sahnaga qoʻyub, kitobda eng birinchi boʻlgʻon xoʻjayin roʻlini Muhammadiyor oʻzi olub, koʻb olqishlargʻa muzohir boʻldi. Bir teatrdan rasxoʻddan tashqari oʻz maishatigʻa sof foyda boʻlub 3000 soʻm qadar qoldi... Nihoyat, imtihon vaqti yetub, Petroʻgʻrad dorilfununining tib shu'basidan birinchi boʻlub imtihon berub, doʻqturlikka shahodatnoma oldi... Yana vatanigʻa qaytmadi. Bokudagi himmatli boy va oʻzining teatrdan oldigʻi pullari ila bu turkistonli shogird Shveytsariya (Isveychara) dorilfununlarigʻa tajriba uchun yugurdi. Petroʻgʻrad vagʻzalinda kechki poʻezddan butun maktab orqadoshlari Muhammadiyorni uzatmaqdalar edi. Bir tur¬kistonli kambagʻal bola harakat va gʻayrat orqasinda Rusiya ulugʻ maktablarin bitirub Ovruponing eng olgʻa ketgan mamlakatlaridan Isveycharagʻa oʻqumoqqa ketadur...

Mana gʻayrat samarasi, mana gʻayrat mevasi, mana harakat gullari... ibrat... ibrat... ibrat... Mana «Jamiyati xayriya» foydasi, mana ittifoqlik samarasi, mana birlik mevasi...

Bizning Turkiston bolasi nihoyat «madaniyat yoʻrgʻasi» ila Isveycharaning poytaxtigʻa borub dorilfununning tib shoʻ'basina some’ yozildi. Bechora shogird 7 sana Isveycharada ochlik va toʻqlik bilan sabr va sabot ila turdi. Nihoyat, Isveycharadan ham qaytargʻa yoʻlgʻa chiqub Italiyo — Turkiya — Rumoniyo— Bulgʻoriyo tuproqlari ila aylanub Odesga, Odesdan toʻgʻri Toshkand va Toshkanddan Bokugʻa keldi. Boku vagʻzalinda butun Boku yosh ziyolilari Muhammadiyorni qarshi olub oʻzining ma’naviy otasinikigʻa olub tushushub, Muhammadiyorning sharafina 50-60 kishilik bir ziyofat berishdilar. Muhammadiyor Bokuda ochilgʻon Islom tib qursinda 3 yil muallimlik qilub, oʻz vatani Turkistonga qaytmoqchi boʻldi. U andagi ma’naviy otasindan ruxsat olub, jaholat daryosinda sevina-sevina suzmakda boʻlgan vatani Turkistonga qaytub, qoʻldan kelgan qadar xizmat qilmoqqa maslahat soʻradi. Ma’naviy ota ruxsat berub, kechki paraxoʻd iskalasida* Boku yosh ziyolilari uzatmoqdalar edi. Ma’naviy ota ustigʻa «Boku yodgori» yozilgʻon bir oltun soatni Muhammadiyorga berub, andagʻi ziyolilargʻa qarab bir qisqa nutq oʻqushini Muhammadiyordan tiladi. Muhammadiyor paraxoʻd ustidan turub ziyoli yoshlargʻa xitob qilub, qisqacha bir nutq oʻqudi. Hozirdan Muhammadiyorni chuchuk ovozlari ila olqishlab, chechaklar irgʻitmoqqa boshladilar. Nihoyat, paraxoʻd hushtak berub, dengiz suvlarini toʻlgʻalandirub Turkistongʻa qarab yurdi...

Muhammadiyorning paraxoʻd ustida ziyolilargʻa xitoban oʻqugan nutqi:
— Ey, ma’naviy akalarim! Ey, ma’naviy otalarim!..

Men bir faqir shogird edim, keng Turkistonning eng qorongʻu goʻshasindan ilm va ma’rifat istab shahringizgʻa keldim. Siz himmatlularning himmati millatparvaronalaringiz ila tahsilimni Rusiya dorilfununlaridan oʻtub, Ovrupo dorilfununlarigʻa qadar yetkuzdim. Ishta bu hammasi «Jamiyati xayriya» va «Nashri maorif» jamiyatlarining samarasidur. Men ham vatanimga bordigim ila qoʻllarimni shumorub jaholatda qolgan qardoshlaringizni uygʻotmoq va turgʻuzmoqqa gʻayrat qilamen. Ma’naviy shahrim boʻlgan Boku va ma’naviy aka va otalarim boʻlgan sizlargʻa samimiy tashakkurlarimni arz edub, u jaholat daryosining ajdar va baliqlari boʻlgan biz turkistonlilarning uygʻonmoqimiz va yoʻl topmoqimizgʻa yordamlashmagingizni hammalaringizdan rijo etaman. — Soʻzi shul yerga kelganda, paraxoʻd sekin-sekin qoʻzgʻalmoqda edi. — Xayr yashangiz, sogʻ oʻlungiz otalarim, akalarim va suyuklu ogʻalarim! — deb nutqini bitirdi. «Madaniyat baligʻi» suvni oʻrtasindan yorub bir dohiyni va bir xodimni vatanigʻa sudrab olub ketar edi. Nihoyat, latif havoli bahor faslida daraxtlar chiqargʻon barglar kabi koʻm-koʻk, millat dardida yo birorta nozanining ishqida va yo birorta xonimning changalida ezilub yuraklari qizil gul kabi toʻlganlarga eng birinchi tasalli beradirgan va onlargʻa buyuk ruh va umid beradirgan toʻlqunli dengizdan vahshiy (yovvoyi) odam degan bir narsa yashagan yer yuzigʻa chiqdi. «Madaniyat yoʻrgʻasi»gʻa mindi. Qani haligi yumshoq latif havoli dengizlar va suvlar? Qani haligi dengiz suvlarin toʻlqunlatub yuradurgʻon shamollar? Qani 3 — 4 yil avval Isveycharada, Fransiyada, Italiyoda, xususan, Alp togʻlarida koʻrilgan latifliklar? Qani Alp togʻlari ustida ishlab topgan puligʻa va dunyosiga toʻy qilmay, uloq chopdirmay, bachcha oʻynatmay, eshon-mullalargʻa va qorni yoʻgʻonlargʻa yaltiragan toʻnlar kiyguzmay suyuklu oʻgʻlini oʻqutgan va tarbiya qilgan Isveychara qishloqilari? Qani 7-8 qabatlik ziynatlik togʻlar qadar xonalar? Hozir onlar yoʻq! Oni oʻrnigʻa pastgina xashak va loydan yasalgan binolar va onlarda safil bir holda yashagan musulmonlar! Topganin bachcha, uloq va ichkulukka ham domla-eshon va boylarga shaldiratub toʻn va zarboblar bergan, boylar qoʻlinda qul hukmida boʻlub yurgan oʻzbeklar, qozoqlar, turkmanlar va hammasi musulmonlar... Oh... Oh!.. Bu razolat va bu safolatni oʻz millatida, oʻz xalqida koʻrub, taraqqiy va tamaddunlarni koʻrmak, koʻbni bilgan, koʻbni koʻrgan va hamma narsadan xabardor Muhammadiyorgʻa gʻoyat ogʻir tuyulur edi... Ba’zi vaqtlarda koʻzindan yoshlar oqar edi. Oning ustiga vagʻoʻn ichinda pish-pish uxlagan va bilet yoʻqotub kandoʻkturlardan tayoq yegan betartib yana musulmonlar edi. Ortuq Muhammadiyor sabr qilub tura olmadi. Poʻezdning balqoʻnigʻa chiqub uzoqlarda koʻrungan haybatlik qop-qora va ustlariga koʻm-koʻk maysalar oʻsub chiqqon tarixiy togʻlar, ota-bobolarining davrlarinda onlarga buyuk-buyuk qal'alik hukmini olgan togʻlar, tepaliklar, balandliklar, suvlar, oʻrmonlar, daraxtzorlar va qumzorlarni yaltiragan koʻzlari ila tomosha qila boshladi. Chiroylik manzaralari — uzoq-uzoq, buyuk-buyuk, yashil-yashil va baland-baland togʻlari Isveycharadan kam emas edi. Nahr-nahr oqub turgʻon suvlari va nima eksa shuni olsa boʻladurgʻon mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yoʻq edi. Ilmsiz boylari, johil olimlari, yolgʻon eshonlari va isrofning koni boʻluvi ila hech bir narsagʻa oʻxshamas edi... Xitoylar ham bu daraja yalqov(xushyoqmas) emas edilar!..

«Xalq oʻz foydasin anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovrupo dorilfununlarigʻa bolalarin yuborsa, doʻqtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis (injener)lar chiqsa, bunlarning har biri oʻz vazifalarinda turub ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xal¬qimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar goʻzal boʻlur edi!» degan xayollar koʻngliga kelur edi. Faqat bunlarni boʻlishigʻa koʻzi yetmas edi. Chunki borgan sari orqaga qarab ketmakdamiz... taraqqiy asari hech koʻrulmasdan bir taraqqiygʻa ming tadanniy* tayyor turadir.

Yoʻq, yoʻq! Faqat Muhammadiyorga oʻxshagan ziyolilardan har shaharda bir-ikki chiqa boshlasa, vujudga chiqar edi, deyarga ham boʻlur edi... Muhammadiyorning oʻz shahrigʻa kelguncha xoʻb shu fikrlar ila boshi aylandi...

Oʻz shahrining istansasi koʻruna boshladi. Nihoyat, istansagʻa ham kelub tushdi. Yurub-yurub yana oʻz vatani va oʻz joyiga keldi. Muhammadiyor ketgandan beri oʻz shahridan ham 5-10 ziyoli yoshlar yetushgan edilar. Muhammadiyorni onlar kutub oldilar. Arobagʻa oʻlturgʻuzub eski shaharga toʻgʻri yura boshladilar. Shaharning ruslar turadirgan qisminda ajib darajada oʻzgarishlar: yangi-yangi noʻmirlar, bogʻlar, bogʻchalar, magazinlar, tiatrular, maktablar, «Metroʻpoʻl», «Rosi», «Rusiya», «Maskva» noʻmirlari, yoʻllar tosh, koʻchalar keng, elektrik fonarlar Isveycharaga oʻxshar edi!.. Faqat shaharning musulmonlar turadurgan qismi avval qanday boʻlsa, yana shunday erdi! Yana xafalik. Muhammadiyor oʻz havlisining oldiga kelub tushdi. Hovlisining imoratlarini Ovrupo usulida solingan koʻrdi. Ul imoratlarni soluvchi u* 125 soʻmgʻa 4 oygʻa Muhammadiyordan ijaraga oluvchi rus ekan. Kirub Muhammadiyor rusga oʻzin tanitdi. Rus Muhammadiyorgʻa qarab:
— Sizdan men muni ijaraga 4 oygʻa oldim. Olti oy oʻtdi — hech kim chiqmadi, bir yil oʻtdi — hech kim chiqmadi. Uchinchi yilda men ushbu imoratni soldim. 5-10 ming soʻm ketdi. Faqat bundan uch yil avval sarf qilgan pulimni imoratingizdan chiqarub oldim. Uch yildan berli uch ming soʻmdan 9 ming soʻm foyda qildum. Joyingizni tezlik ila boʻshatub beraman, ham qoʻlingizgʻa 5 ming soʻm pul beraman, qolganini afu etasiz, — dedi.

Muhammadiyor:
— Agarda joyingiz boʻlmasa oʻturub turung. Menga yolgʻuz shul joydan ikki adad xona bersangiz boʻlur, — desa ham, rus:
— Menim boshqa yaxshi katta joyim bor, shunga koʻchaman. Men sizga 9 ming soʻm qilgan foydamni bersam ham boʻlur edi, ammo 4 ming soʻm orada ba’zi islohlariga ketdi, — dedi.

Muhammadiyor suyuna-suyuna rizo boʻldi. Ertasi kuni rus hovlisini boʻshatub, 5 ming soʻm berub ketdi. Muhammadiyor keng joyda rohat-rohat tura boshladi. Ostidagi magazinlarni yana ijaraga qoʻyub, hukumatning ruxsati ila yuqori xonada bir xususiy shifoxona ochdi. Boylardan olub, hech narsasi yoʻq faqirlarni pulsiz davolay boshladi. Har kuni 40-50 soʻm doʻqturlikdan husuli* bor edi. Qishloqning bir yeridan ikki tanob keladirgan bir bogʻcha olgan edi. Muhammadiyorning gʻayrati ham xudo bergan baxti ila neft (yoqiladirgan yogʻ) koni chiqdi. Hozir Muhammadiyorgʻa milioʻnlar ila ish koʻrurga toʻgʻri kelur edi. Bir tarafdan oʻz ishlarini yoʻlgʻa qoʻyub, ikkinchi tarafdan yonigʻa 5 — 10 miqdori ziyolilardan olub ruxsatli «Jamiyati xayriya» ochdi. «Jamiyati xayriya»ga oʻzi koʻb oqcha berdi. Shaharda bir musulmon qirotxonasi ochildi. Uchinchi yili Muhammadiyor haftalik «Vatan» ismli bir rasmli jurnal ila «Xabar» ism¬li kundalik bir gazita nashr etarga boshladi. Muhammadiyor bir hunar maktabi ochargʻa tashabbuslar qilsa ham, koʻb monelar chiqub oni oʻrnigʻa yozlik muallimlar qursi ochilub, yoz vaqtida muallimlarga har xil ta’lim yoʻllari, tarbiya usullari haqinda oʻqutmoqlar va leksiyalar boshlandi. Shundogʻ qilub kichkina bir shaharda maorifxonalari koʻpaymoqda va bosh¬qa shaharlarga oʻrnak boʻlmakda edi. Butun turk-totor jaridalarinda Muhammadiyorni ismi «doʻqtur xodimi millat Muhammadiyor» atalmakda edi...

1914