OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Choʻlpon
Asar nomiNovvoy qiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdulhamid Choʻlpon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Novvoy qiz (hikoya)
Abdulhamid Choʻlpon

I

Qilgʻilik qilinib, bechora qizning qizligi olinib, boʻlar ish boʻlib bitgandan keyin, ikkalasi jimjit boʻlib ikki tomonga choʻzilishdilar. Uyning ichi, tashqari hovli, koʻcha-koʻy xuddi tong otishidan sal burungʻi vaqtlarday — chuqur, vazmin va tinch bir jimlikka botqon edi. Ba’zi-ba’zidagina pastak piromondan bir juft er-xotin musichalarning kukulashlari, qoʻshni hovlidan yosh bolalarning oʻyin ustidagi shovqunlari, koʻcha tomondan yakka-yarim yigitlarning kuchsiz va gʻamli qoʻshiqlari eshitilib qoʻyardi. Darvoza eshikning tor bir yorigʻidan uy ichiga jindakkina yorugʻlik tushar va u ham yolgʻiz qizning soʻlgʻin yuzini yoritardi.

Soʻfining shomgʻa aytgan azoni Oʻlmasboyni qoʻzgʻotib yubordi. U sekingina turib, usti-boshini tuzatdi-da: «Qiz uxlagan boʻlsa, uygʻotib qoʻyayin!» deb uning boshiga keldi.

Qiz koʻzi ochiq, ezilgan, behol... choʻzilib, xayollanib yotardi. Oppoq oqargan yuzlarini sekingina Oʻlmasboyga burdi. Xoin erkakning marhamatsiz koʻzlari bilan aldangan qizning soʻnik koʻzlari bir-biriga yoʻliqishdi. Erkak magʻrur. Zaharli va sovuq bir kulish bilan kuldi. Qiz juda ogʻir bir jirkanish bilan yuzlarini burdi. Yana jim boʻldilar.

Oʻlmasboy qizning yuzlariga magʻrurlik nazari bilan yana bir oz qarab turgʻach, sharpasiz qadam qoʻyib eshikli terazaga yaqinlashdi va uning bir qanotini sekingina ochdi. Uy ichi birdan yaraqlab ketdi. Qiz tezgina ochiq-sochiq yotgan yerlarini koʻrpa bilan berkitdi-da, turib oʻtirdi. Shu choq eshikni ochqali borayotgan Oʻlmasboy bilan qizning koʻzlari yana uchrashgan edilar. Qizga orqasi bilan turgʻon Oʻlmasboy yolgʻiz kallasinigina burib, haligi magʻrur kulish bilan unga qaradi: qiz bu safar iztirob va qiynoq aralash bir yuz bilan toʻppa-toʻgʻri erkakning koʻzlariga tikildi-da, boʻshang bir ovoz bilan:
— Nima qilib qoʻydingiz? — dedi.

Zaharli va magʻrur kulishni yana bir oz kuchaytira turib Oʻlmasboy ham bezbetlarcha javob qaytardi:
— Maza boʻldi, qoʻya bering...

Qiz bu soʻzdan keyin juda chuqur jirkanish bilan yuzini burdi va titragan lablari orasidan mana shu ikki ogʻiz soʻzni zoʻrgʻa chiqara oldi:
— Maza boʻlmay oʻlsin, ilohim!

Oʻlmasboy qizning bu soʻzini bir noz va qizlarga xos istigʻno deb anglagan edi. Shuning uchun xursand boʻlib bir kuldi-da, eshikka qarab yurdi. Holbuki, eshikning bir qanoti ochilgan vaqtda qizning koʻzlaridan yirik donali koʻz yoshlari qatorlashib tusha boshlagʻan edilar...

Oʻlmasboy eshikning yonida turib, orqasiga ham qaramasdan:
— Turing, darrov usti-boshlarishizni tuzating. Xotinlar qovun saylidan kelishib qoladi. Mana men eshikka chiqib turaman! — dedi. Shu gapni aytib boʻldi-yu, oyogʻini ostonaga qoʻydi va tashqaridan turib eshikni ham yopdi.

Qiz kuyikib-kuyikib bir oz yigʻlagach, irgʻib oʻrnidan turdi. Naridan-beri usti-boshlarini toʻgʻriladi. Asli oʻzi ham usti-boshlarini yechmagan, och boʻrining changaliga koʻchadan kslgan boʻyicha tushib qolgan edi... Butun borligʻida toʻlib-toshgan iztirob va gʻazab, horgʻinlik va darmonsizlikni sezdirmas edi. Biri tokchada va biri yerda yotqon paranji-chimmatni tezgina qoʻlga oldi. Uydan yugurganicha chiqib ketmakchi boʻlib oʻzini eshikka urdi. Eshik qulflanmagʻan edi. Darrov ochildi. Ochishi bilan eshikda Oʻlmasboy koʻrindi. Shu qadar tezlik va shoshilishliq bilan uydan otilib chiqayotgan qiz qandaydir bir kuchning ta’siri bilan yetgan joyida toʻxtadi va koʻz ochib yumguncha paranjisini irgʻitib uyga kirib keldi. Uning ketidan dumma-dum Oʻlmasboy ham kirgan edi. Koʻzlari burungʻiday gʻururli emas, mardlik aralash bir iztirob bilan juda «moʻmin va soʻfi» boʻlib koʻrinar edi.
— Ha, oyim qiz, yoʻl boʻlsin? Joʻnab yotibsizmi?

Qiz «oyim qiz» degan ikki ogʻiz soʻzning bittadan ikkita nayza boʻlib tanga botganini sezdi. U titradi, lablari yelga yoʻliqqan yaroqlarday dir-dir qaltiray boshladi. Koʻksi qisildi, dami ogʻirlashdi, hansiradi. Shu holda bir oz bezgaklanib turgach, birdan baqirdi:
— Imonsiz!..

Oʻlmasboy bemalol kulib turib dedi:
— Oyim, sizga nima boʻldi? Musulmon, kalimagoʻy odamni imonsiz deysizmi? Nima gunoh qildik?

Qiz qaltirab turib tokchadan bir piyola oldi va titragan qoʻli bilan Oʻlmasboyga qarab irgʻitdi. Oʻlmasboy salgina bir tomonga singʻayish bilan piyolani yonidan oʻtkardi-da, bu safar baland gʻurur bilan bir qah-qaha otdi.

Dengiz shu qadar buyukligi bilan hamma vaqt qirgʻoqlardan yengiladi. Achchigʻi kelganda, gʻazabi qaynaganda zoʻr-zoʻr toʻlqinlar kichik-kichik mavjlarni qirgʻoqning tosh-metin gavdasiga qarab otadi. Qirgʻoq, yuqorilarga koʻtarilib ketgan marmar qirgʻoq, koshki pinagini buzsa! Bechora toʻlqinlar, mavjlar sinib mayda-mayda boʻlib, yana dengizning koʻksiga tushdi. Dengiz ularni yana silab-sipab boshini bir yerga qovushtirib, toʻplab, yana qirgʻoqqa otadi. Yana boʻlinish, yana parchalanish... Tuganmas olishish!

Qiz — dengiz Oʻlmasboy — qirgʻoqning poʻlat taniga kichkina bir piyolani yolgʻiz bir daf’agina otdi. Shunda ham bu jonli qirgʻoq chap berdi-da, moʻriga tegib parchalangan bechora piyola boʻldi. Shundan soʻng qiz — dengiz oʻz ojizligini bildi va butun qahri va gʻazabini oʻz taniga singdirib olib, paranjisini boshiga tashladi-da, gʻizillab eshikka chiqdi.

Oh! Zindonga kirganlarning osonlikcha chiqishlari mumkinmi? Boʻrining changaliga «omon» soʻzi aslida yozilganmi? Sher qoʻliga tushganni qoʻyib yuborish uchun yaratilganmi? Ajdar agar bor boʻlsa, butun shuhratini marhamat orqasida chiqarganmi? Chuqur jarlar, yuksak qoyalar, vahimali uchurimlar... Odam bolasini yulib, koʻtarib, yuksaklarga olib chiqmoq vazifasini koʻradilarmi? Qilich oʻpish beradimi? Xanjar peshonangizdan silaydimi? Chayon nashtarga oʻxshash ignasi bilan chokingizni tikadimi? Yoʻq!..

Qiz uydan ikki-uch qadam jilgan edi... Orqadan oʻsha burungʻi kuchli hirs bilan kelib yopishdi. Omonsiz bilaklar shu qadar «yaxshi» ishlar edikim, qiz bechoraga na baqirish, na chaqirish, na qimirlash va na silkinish uchun ozgina bir imkon qolmagan edi.

Boyagi uyda, boyagi joyda, boyagi erkak boyagiday bosdi....

Qovun saylidan keladiganlar — kelmas boʻlganlar, tan va tan boʻlaklari kuchli erkakning istaklariga tugal boʻyin egib ketgan edilar...

Bu safar qiz tez qoʻzgʻaldi. Darrov turdi, ust-boshini tuzatdi, paranjini qoʻlga oldi va shamol tezligi bilan uydan chiqdi.

Orqasidan Oʻlmasboy gʻurur aralash qah-qaha bilan gapirib qoldi:
— Oyimtilla! Bekor ketayotirsiz! Bu kun xotinlar qovun saylidan kelmaydigan boʻlibdirlar. Qolsangiz tong otguncha bazm qilar edik. Maza boʻlar edi...

Qiz koʻcha eshikka yetganda ichkaridan Oʻlmasboyning baqirgʻoni eshitildi:
— Novvoy qiz! Non toʻla savating qolibdir!

II

Yarim soʻmga yetar-etmas pul bilan qiz bechora uyiga kelgan vaqtida onasi — kampir oʻlim toʻshagida yotgan edi. Oftobda qatiq ichishgan qarindoshlaridan bir kampir uch-toʻrt kundan beri kasalga qaraydi. Kasal bu kun xoʻrdasini ham ichmagan, uni qizga qoldirgandir. Boʻlmasa, qiz balki issiqsiz qolardi...

Oʻlim oldidagi onaning bosh tomonida oʻtirib, quruq suvdan qaynatilgan bemaza xoʻrdani ichayotgan, shu kampirdan boshqa bu dunyoda hech kimsasi boʻlmagan bechora qiz oʻylaydi:

«O... bechora onam! Oʻlim oldida ham oʻz nasibasini menga beradi. Oh! Mundan keyin kimning nasibasi bilan toʻyaman!..»

Oʻy mundan nari oʻtgach, oysiz tunlarday borgan sari qorayadi. Koʻchalarda sudralib, har bir yoʻliqqanga sotilib, «sevgan»dan oʻpish, «sevmagan»dan qoʻpol bir turtki yeb yashash koʻz oldigʻa keladi.

Soʻfi odamlarni «falloh» (qutulish)ga chaqirgan vaqtida kampir ham... uzildi. Endi qiz bechora hali qanotini rostlamay turib onasini va uyasini yoʻqotib qoʻygan qushday boʻlgan edi...

Ona oʻldi.

Hech kim bilmasdan, sezmasdan koʻmildi...

Kampirning hech kimi yoʻq edi. Lekin kampirning «har kimi» boʻlganda ham uning koʻnini ham bilmagan edi. U onasini oʻzining alamli koʻnglida allaqachon... allaqachon koʻmgan edi.

Keng yurt...

Koʻp xalq...

Kampirning oʻlgani, koʻmilgani bir mahallaga ham bilinmagani bilan, qizning «allakim» bilan oʻynashib yurgani hammaga bilingan, butun shaharga dovruq boʻlgan edi.

Axir, qiz hech kim bilan oʻynashgani yoʻq-ku! Uni: «Uyimda xatmi hojam bor, noningni tugal olaman, yur mening bilan birga», deb olib ketib, kuch bilan bosgan Oʻlmasboy edi-ku! Qiz besh-olti yil uyida non yopib sotib, birgina onasini boqqani holda, hech kimga qiyshanglab gapirmagan edi-ku! Qizda qilcha ham gunoh yoʻq-ku!.. Lekin bu haqiqatni Oʻlmasboyning uyidagi devor va terazalar bilan oʻsha yerda qolgan non savatidan boshqa kim biladi? Kim? Hech kim! U jonsiz narsalardan un chiqmasa, ovoz eshitilmasa, tovush kelmasa, nima qilaylik? Nima?..

Oradan rosa ikki yil oʻtmadi — bechora qiz ikki erga tegib chiqdi. Burunroq uning yoshligʻi, husni, tozaligʻi, bir oz umidi bor edi, endi u narsalardan hech biri qolmadi. Soʻnggi eridan chiqqan vaqtida ustida bir qator eski kiyimi, boshida «xudo urgan» bir paranji-chimmati qolib edi. Undan ikki-uch oy oʻtgach, paranji-chimmat ham tashlandi. Endi eski, yirtiq bir qator kiyim, ezilgan yurak, charchagan gavda, gangigan esgina qoldi...

III

Sud.

Ibratli sud.

Kichkina masjidning keng sahni odam bilan liq toʻlgan. Bizning kichkina «tarzan»larimiz — yosh bolalar, tegrasidagʻi daraxtlarning shoxlariga chugʻirchiqday yopishib olgʻonlar. Minglarcha xalq toʻplangan yerda — pastda shovqin kam, yuzcha «oʻzbek tarzanlari» toʻplangan joyda — yuqorida daraxt shoxlarida katta shovqin:
— Ahmad, qaerdasan?
— O... Yoʻlchi! Yoʻlchi hov! Yoʻlchi!!! Bormisan?
— Ergash! Bu yoqqa kel! Men bu yoqdaman!
— Toʻxta, tush deyman! Tush! Boʻlmasa, tepib yuboraman. Ayblanuvchi qassob Oʻlmasboy Abduqodir oʻgʻli, qishloqdan non olib kelgan bir qizning nomusini buzish bilan ayblanadi.

Sud tinch oʻtayotibdir.

Soʻroqlar tugadi.

Shohidlar ham bir-bir oʻtdilar.
Ayblanuvchilar gapirdilar...
Oqlanuvchilar vaysadilar...
Allakimlar isbot qildi...
Allakimlar tondilar...
Aybdor soʻz oldi. Tondi, gapirdi, gapirdi, oʻzini okladi...


Uning soʻzi tugayozganda paranjisiz «papka» koʻtargan yosh bir xotin toʻgʻri sud hay’ati yoniga keldi. U bezgakday titrardi.

Sud kishilari, oqlagʻuvchi, qoralagʻuvchi, shohid, tomoshachi... hamma, hamma unga tikildi. U bir oz hushsiz qarab turgʻach:
— Menga soʻz!.. — deb baqirdi. Xalq qoralagʻuvchisi uqtirdi:
— Bu kishi xotinlar shoʻ‘basining raisasi! Masala bir xotinning nomusi ustida boʻlgani uchun munga soʻz berilsin!

U gapini tugatmasdan turib xotin baqirdi:
— Soʻz!.. Soʻz!..

Berdilar.

Yaqinga keldi. Hamma jim qoldi. Masjidning keng sahni toʻldi, balki koʻmildi...

Vaqt oʻtadi...

Hamma kutadi.

Xotin jim...

Hammani iztirob bosadi.

Bechora xotin qaltiraydi. «Toʻxta parpirak»ning shoxidagi pachgiday qaltiraydi...

Boshladi. Birdan qattiq boshladi.
— Men novvoy qiz edim... Besh yildan beri non yopib, oʻzim sotib qari onamni boqar edim... Bir kun... Bir kun...

U yogʻini ayta olmadi. Nafasi ogʻziga tiqildi, boʻgʻildi, badtar qaltiradi. Soʻngra birdan yovvoyi bir «dod» chiqarib yiqildi.

Pastdan ham bir xunuk «dod» chiqdi. Unda aybdor ham yiqildi. Ikkovini suyab olib ketdilar. Sud buzildi.

Yana sud boʻlganda...

Dengiz — qiz qullarday jim turib soʻzladi.

Qirgʻoq — Oʻlmas togʻlarday tinch turib tingladi.

Qirgʻoq agʻdarildi.

Togʻ yiqildi.

Dengiz mavjlari va toʻlqinlari quchogʻiga olib, ularni qirgʻoqlardan saqlash: qoʻriqlash qaygʻisiga botdi.