OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Choʻlpon
Asar nomiQurboni jaholat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Jadidizm
Mualliflar
   - Abdulhamid Choʻlpon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qurboni jaholat (hikoya)
Abdulhamid Choʻlpon

Eshmurod oʻz uyida oʻturub ediki, birov eshik qoqdi. Eshmurod eshik oldiga kelub:
— Kimdir?
— Men.
— Sen kimsan?
— Men Moʻminjon.
— Voy, Moʻminjon ekan-ku,— deb eshikni ochub, Moʻminjonni mehmonxonaga olub kirdi. Xizmatchini chaqirub, choy-non olub kelishga buyurub yubordi. Moʻminjon yoshligidan oʻgʻirliqgʻa odat qilub kelgʻanidan mehmonxonaning qozugʻiga osilgan soatga tikildi. Ul soatni mundan bir-ikki hafta muqaddam Eshmurodning otasiga bir yaqin doʻsti hadya qilgan edi. Eshmurod oni yaxshi koʻrub otasidan soʻrab olgan edi.
— Xizmatchi:
— Havlida non yoʻq ekan, emdi nima qilaman?

Eshmurod:
— Boʻlmasa men oqcha beray, koʻchadan olib kel!— deb yonini axtardi, oqcha yoʻq. Mehmonxonaning yonidagi uydan oqcha olub chiqmoqchi boʻlub oʻrnidan turdi. Shul holda koʻzi soatga tushub, oni berkitub qoʻymak uchun qozuqdan olub, uyga olib kira boshladi.

Moʻminjon:
— Soatni qaerga olub borasiz?

Eshmurod:
— Bu yerda tursa bolalar buzub qoʻymasun, deb sonduqgʻa solub qoʻymoqchidirman.

Moʻminjon:
— Xoʻb yaxshi, ehtiyot qilmak kerak.

Eshmurod uyga kirub, soatni sondiqgʻa solub, oqcha olay deb turub ediki, Moʻminjon «Sizni birov chaqirdi», deb ovoz qildi. Eshmurod uydan chiqub:
— Kim chaqirdi, qaerda chaqirdi?

Moʻminjon:
— Bilmadim, ichkari havlidan volidangiz chaqirganga oʻxshaydir.

Eshmurod kirib qaramak uchun uyga kirub ketdi. Moʻminjon tezlik ila uyga kirdi. Sonduqning ogʻzi ochiq qolgʻon edi, soatni olub qoʻynigʻa urdi. Yana chiqub, bilmas kishi boʻlub oʻz joyiga oʻlturdi.

Eshmurod:
— Hech kim chaqirmagan ekan, xayr, koʻchadagi tovushlardir,— deb uyga kirub, oqchani olub xizmatchiga berdi. Sonduqni yopub chiqdi va soat oʻgʻirlanganidan ham xabari boʻlmadi. Shul holda xizmatchi ham choy-non olub keldi. Soʻngra ikki doʻst oʻrtalarida suhbat boshlandi. Eshmurod:
— Ogʻayni, men shu holda yashayversam hayvondan farqim boʻlmas. Endi otamdan bir ish qilub ruxsat olub, Rusiya maktablarining biriga kirub oʻqumoqchidirman. Siz nima deysiz?

Moʻminjon:
— Ey, oʻrtoq, oʻrus maktabida oʻqub nima foyda qilasiz? Mana, otangiz xotun olub beradilar. Oʻzingiz rohat qilub madrasada oʻqub yotasiz.

Eshmurod:
— Ey.. Hozirgi madrasalarimizning ahvoli oʻzingizga ma’lum-ku, men oʻqub nima foyda topardim?

Moʻminjon:
— Men oʻqishini aytmayman, rohatlarini aytaman. Xohlasangiz oʻqiysiz, xohlagan vaqtda rohat qilasiz. Sizga nima?! Oʻrus maktabida oʻqub zakunchi boʻlarmidingiz yo duxtur boʻlarmidingiz yo yer oʻlchaydirgan zem¬lemer boʻlarmidingiz?

Eshmurod:
— Menga undoq soʻzlarni soʻylamasdan durust bir maslahat bering. Har kim istiqbolni oʻylamogʻi kerak.

Moʻminjon:
— Mana, mana, oʻrus maktabida oʻqusangiz shundoq istiqbol-mistiqbol degan oʻruscha soʻzlarni oʻrganasiz, yana tovoq-qoshuqlarni oʻqiysiz. Boʻlmasa nima boʻlar edingiz?

Shul holda eshik qoqildi. Eshmurod chiqub eshikni ochub koʻrsa, biri oʻzining otasi, yana biri otasining doʻsti Nazarali soʻfi edilar. Eshmurodning otasi Nazarali soʻfini mehmonxonaga olub keldi. Eshmurod yanadan choy-non oldirub kelub qoʻydi. Hammalari biroz undan-mundan soʻylashub oʻturdilar. Osh suzilub keldi.. Eshmurod uyga kirub yangi kelgan gazitani oʻqumak ila mashgʻul edi. Osh yegani ham kelmadi. Alar oshni yeb boʻlgandan keyin Moʻminjon zarur ishi boʻlgani uchun alardan ham Eshmuroddan ruxsat olub havlisiga ketdi. Esh¬murod ani joʻnatib yana uyga kirub gazita oʻqub oʻturgan ediki, otasi chaqirub:
— Uyda nima qilasan, buyoqgʻa chiq! Ishim bor.
— Gazet oʻqub oʻlturubman.
— Ey, axmoq! Gazitchilarning ishi hammavaqt aqcha topmoq. Gazitning soʻzini toʻgʻrisi boʻlmaydir, hamma yolgʻon narsalar. Bor uydan «Jangnomai Ahmad Zamji»ni olub chiqub bizga oʻqub ber!

Bechora Eshmurod otasining soʻzini qaytarolmasdan noiloj oni olub chiqub ikki-uch varaq oʻqub berdi. Aning savobini Ahmad Zamjining arvohiga bagʻishlab kitobni yopdilar.

Nazarali soʻfi Eshmurodning otasiga qarab:
— Kechagi soat qani?
— Qaydam... Kecha Eshmurodga berub edim. Hoy, Esh¬murod, soating qani?
— Ertalab sizdan keyin uyga olub kirub sonduqgʻa solub qoʻygan edim.

Nazarali soʻfi:
— Barakallo! Barakallo! Otasidan ham bolasi pishiq, oh.

Eshmurod uyga kirub sonduqni qaradi. Soat yoʻq. Nihoyatda xafa boʻlganidan yuzida qoni qolmadi. Tashqari chiqub sekin tovush ila:
— Ertalab sonduqgʻa qoʻygan edim. Yoʻq...

Nazarali soʻfi:
— Kim olardi?.. Tagʻin boyagi bola olgan boʻlmasun!..

Eshmurodning otasi:
— Ey, jinni boʻldingizmi? Eshon domlaning oʻgʻli boʻlub turub birovning narsasini olarmidi?!

Nazarali soʻfi fotiha oʻqub:
— Xayr, endi hech boki yoʻq, topilub qolar. Men ketaman,— deb oʻrnidan qoʻzgʻalub chiqub ketdi.

Eshmurodning otasi Eshmurodni qulogʻidan burab uyga olub kirub sonduqni qaradilar. Eshmurod bechora- ning soʻylamakgʻa ham tili tutulub qolgan edi. Otasining nihoyatda achchigʻi chiqub Eshmurodni urub tashladi.

Eshmurod avvalda bir kaltak yemagan edi. Bu ishga nihoyatda xafalanub uyiga kirub yotdi. Shundan ogʻrub qolub bir oy butun betob boʻlub yotub oldi.

Eshmurod bir oydan soʻngra biroz sihatlandi. Lekin kecha-kunduz oʻylar ediki, shul jaholat va nodonlikning uyasi boʻlgan havlisidan qochub, boshqa bir shaharga borub oʻqusun. Nodon otasining rayiga qarab ilmdan bebahra holda hayvon boʻlub qolmakning yomonligini bilsa ham, ilojsizlikdan sabr qildi va koʻnglidagi xafaliklarin tarqatmak uchun qoʻliga gazitani ushlab qoʻshnisi mingboshining boqchasiga chiqdi. Mingboshining boqchasi oʻz shahridagi bogʻchalarning eng birinchisi boʻ¬lub, har kimga kirmakgʻa izni om berilgan edi. Esh¬murod shunda iskamiyaga oʻturub gazitani oʻqiy boshladi. Gazitaning qay yeriga qarasa turkistonli bechoralarning ilmsiz va hunarsiz holda maishat qilganlariga taassuf qilub yozadir. Yana diqqat... Yana xafalik...

Bu bizning Turkistonimiz gʻaflatdan uygʻonurmi? Yoʻqmi? Biz bunday holda boʻlsak bitamiz... inqiroz topamiz...

Oʻquganlarimizni kofirga hukm qilamiz. Ammo oʻz bolalarimizning odati vahshiyonalariga deyar soʻzimiz yoʻqdir. Biz bu holda boʻlsak kishi qatoriga sanamaylar. Yevrupolilardan odati qabihalarin kasb qilurmiz. Ammo madaniyat, funun va sanoi’lariga koʻz yumub tururmiz. Biz odam boʻlmaymiz... bitamiz... inqiroz boʻlamiz... Oh, jaholat!!! Bitduk, bitduk... Oʻlduk, ti rilmaymiz...

Shul holda birdan qulogʻiga birov chaqirgan dovush keldi. Atrofiga qarasa, yonida mingboshining oʻzi turubdir. Eshmurodga qarab:
— Nima ish qilub turursiz?
— Taqsir... bugun kelgan gazitni oʻqub oʻturubman.
— Gazitda saylov toʻgʻrisida hech nima demaganmi?
— Taqsir... degan, degan.
— Boʻlmasa qani oʻqub bering!

Eshmurod mehmonxonaga borub oʻqub berub oʻturgan edi. Qoʻshnisining bir besoqol bolasi Eshmurodni chaqirgani keldi. Mingboshi besoqolni koʻrib gazit va saylovlarni yodidan chiqardi. Oʻrun koʻrsatub oʻtquzub, choy olub chiqmoq uchun uyga kirub ketdi. Boyagi besoqol mingboshining qozuqda osilinub turgan oltun soatini oʻgʻirlab qoʻyniga urdi. Eshmurod gazitaga mashgʻul boʻlub turganidan koʻrmay qoldi. Mingboshi uydan chiqgʻon edi,, Eshmurod choyga ham qaramasdan ruxsat olub oʻz uyiga chiqub ketdi. Oradan bir-ikki kun oʻtdi. Uyda ota-onasi ham yoʻq ediki, Eshmurodning uyiga qorovil-mirshablar bosub kirub, Eshmurodni soat oʻgʻrisi deb ayblab qamamoqchi boʻldilar.

Eshmurod koʻb xafalandi, aqldan ozub, oʻz-oʻzini oʻldurmakka qaror berdi. Bir toponcha tobdi. Devorga xat yozub qoldirub koʻkragiga ikki martaba otdi. Shul vaqt jon taslim qildi. Pristoʻflar kelub koʻrub doʻktur chaqirub boqdilar. Na foydaki, bechora Eshmurod oʻldi... Jaholatga qurbon boʻldi...

Bir-ikki oydan keyin soat oʻgʻirlagan besoqol bolaning uyiga oʻgʻrilar kirub ushlandilar. Oʻgʻirlangan mollar ichida besoqolning mingboshidan oʻgʻurlagan soati ham bor edi. Emdi haqiqati bilindiki, mingboshining soatini oʻgʻurlagan Eshmurod boʻlmay, Eshmurodning qoʻshnisining besoqol bolasi ekan. Bechora Eshmurod esa jaholatga qurbon boʻlgan ekan.