OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdulhamid Ismoil. Ab Ort (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Ismoil
Asar nomiAb Ort yo Sevgiyu Bayram (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulhamid Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan15/05/2010
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ab Ort yo Sevgiyu Bayram (hikoya)
Abdulhamid Ismoil

Muqaddima

Men ayam bilan dadamning yolgʻizu arzanda qiziman. Enam aytmish: na inogʻam, na egachim bor. Yolgʻizligim ham mayllariya, rahmatli dadamu ayam otimni na Yodgoru, na Umida, hatto na Sevara, balki Sevgi deb qoʻyishgan.

Ana oʻsha soʻqqaboshligim bois aytmoqchi boʻlgan gaplarim ham tirik zot haqida emas. Ayamning xitoy chinnisidan nozikkina qoʻgʻirchogʻi boʻlardi. Chinni xarirlarga burkanib oʻtirgan mushtumdek Chin malikasining badani alohida, barmoqdek boshi alohida edi. Hamon-hamon bu qoʻgʻirchoqni qoʻlimda tutib, boshini badanidan ayro kuzatib oʻtirgandekman. Boyagi ipak liboslarining rangorangligi, ularning yuz hiyla ila bichilgan burmalar orasidan oqqush boshidek yalanglangan qoʻlu, undagi tovus dumidek yelpigʻich. Boshini aytmaysizmi bu qoʻgʻirchoqning: koʻz ilgʻar-ilgʻamas ogʻizchaning qip-qizil nuqtasi, chakki tomchisining uchidek qirra burunchasi, ikki suzuk qiygʻoch koʻz, shaftoli tukidek kipriklar, chambar soch tepasida esa olmaning danagichalik bir bogʻliq tutam… Men bu mitti qoʻgʻirchoqning inju xati-xoliga soatlab termulib oʻtirardim.

Ustiga ustak ayro boshining xipcha boʻynidan ignachalik oʻq oʻtqazilgan boʻlib, boshni badan ustiga qoʻyganingizda bosh anavi oʻqcha ustida chayqalib turardi. Barmogʻingmi, xonadagi yelvizakmi, boshning oʻz ogʻirligimi bahona — qilt etdimi, Chin malikasi allamahalgacha oʻtirgan yeridan boshini chayqaganicha sen tomon boqib oʻz taajjubimi, taassufini izhor etardi. Mana shu qoʻgʻirchoq haqida soʻzlamoqchiman.

1- qism

Qaydam, kasalvand qizcha boʻlgan ekanmanmi, bolaligimni eslasam nuqul yolgʻiz uyda yolgʻiz oʻzim rezanda boʻlib koʻrpaga burkanganimcha oʻz karavotchamda yotganimni koʻraman. Karavotcha yonidagi devorga ipaksimon gilamcha qoqilgan, unda bir kiyik boshini qimirlatmasdan menga qarab turadi. Men bu kiyikning shoxlarini goh daraxtga aylantirib boqaman, goh naqshga oʻgiraman, gohida boshqa oʻyinchoqlarim uchun archaga evriyman, yovvosh kiyik qimir etmasdan buzoq koʻzlarini menga tikkanicha bularning barisiga chidayveradi.

Boshqa kunlari esa oq choyshabimga pennitsilindan boʻshagan bir hovuch shishachalar sochiladi. Bularning yarmini — qalpoqchalari tagiga ikki tilim qogʻoz qistirib, matroslarga aylantiraman, yarmining qalpoqchalari ostiga paxta tiqib — ularning dugonalariga. Ana endi bularning bir biri bilan xavoiy valsu, shaqir-shuqur fokstrotga tushganini koʻrsangiz… Bir kun esa bayram kuni oʻzimdanu, oʻz oʻyinlarimdan zerikib ketibman chogʻi, uch eshikli shifonerimizdan oʻzimning sap-sariq xitoy koʻylagimni olib yasandim-da — eshiklar ustimdan qulflangan emasmi, derazamizning darchasidan bir amallab koʻchaga oshib tushdimu — bayramga qoʻshildim. Ayamning uzoqroq egachilaridan biri Bayram otli opacha meni koʻrib qolib: «Voy, qoqindiq, tek oʻzing bu yerda nima qib yuripsan?» — deya, qayta uyimizga eltsa boʻladimi. Eshiklarimiz, aytganimdek, qulf. Xayriyatki, tinib-tinchimas Bayram-opacha meni ayamning qoʻliga emas, dadamning ishxonasiga yetaklab bordi. Dadam ham mening kelganimga emas, koʻproq Bayram bilan hiring-hiring qilgani hali-hali esimda.
— Bayram kelibdiyu koʻchamizga, chinakam Bayram…

Mana shu tek yolgʻizligim ayniqsa ayamning oʻlimidan avvalroq yanada yaqqollashdi, yalangladi. Oʻsha payt ayam dadamdan arazlab, biz ikkovimiz oʻz shaharchamizda ijaraga koʻchgan joyimiz. Ayam odatda birorta sirini boy bermasdi, barini ichida yutardi, bu safar esa ikkovimiz taxta pol ustiga toʻshalgan ikkita koʻrpaga oʻralib yotarkanmiz:
— Sen, qiz, uka yo singilli boʻlishni istarmiding? — deb soʻrab qoldi. Toʻsatdan javob berish oʻrniga men ayamning yanoqlarini siypalay boshlabman. Ayamning koʻzidan duv etib soʻlgʻin betlariga bir qator yosh oqsa boʻladimi. Put tomonimizdagi tokchada boyagi chinni qoʻgʻirchoq boshini chayqaganicha bizga zimdan tikilib oʻtirardi…

Biror haftadan keyin tippa-tirik yurib turgan ayam bir kunda kasalxonaga tushib olamdan oʻtdi…

2- qism

Dadam oʻshanda icha boshlagan payt, mast-abgor holatda bizning ijara xonamizga kelib goh ayam, goh menga elanar, bular ish bermagach, janjal koʻtarib bizni quvlardi, biz esak uy egasinikida berkinib qutulardik. Shunday kunlarning biridan keyin ijara xonamizdan anavi chinni malika yoʻqoldi. Avvaliga ayam mendan koʻrib, toza koyidi:
— Sen, qiz, yaxshi chiqmading, chinnini yo boʻynini uzgansan, yo oʻrtogʻlaringga eltgansan!

Mening miq-miq yigʻlayverganimni koʻrib:
— Mayli, boʻlari boʻpti. Anavi yigit oʻlgur xotinboz bola olgandir-da! — deya meni tinch qoʻydi.

«Xotinboz bola» degani — dadam boʻlib chiqdi. Ayamni goʻristonga qoʻyib kelganimizga bir hafta boʻlar-boʻlmas dadam qoʻlimga uch soʻm tutqazib, doʻkonga aroq olib kelgani joʻnatdi-da, men qoʻlimda joʻngina bir shisha aroq bilan qaytib kelgach, dasturxonga uch burda qotgan patir, maskayogʻ, bir hovuch oqqand tashladiyu:
— Senam oʻtir! — deb buyurdi.

Men dadam oʻngiga oʻtirdim.
— Noningni ye, qara, ranging oʻsiriq rangiga oʻxshab ketipti! Tomoqqi tuzukroq yesang boʻmaydimi! — deb biroz nasihat qilgandek boʻldiyu, oʻzi piyolani aroqqa limmo-lim toʻlatib, gazakisiz simirdi.
— Sen menga qarama, movi piyoladek koʻnglim toʻlib ketgan, — deb yana bir piyolani bir tishlam qotgan patir bilan boʻshatdi. Keyin birdaniga uzunkiprik koʻzlarini yumib hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi. Men avvaliga juda qoʻrqib ketdim. Oʻpkamni hech bosolmadim. Dadam esa:
— Men, haromi, bariga benavotman, qizim. Oʻnashi kuni anavi kasofat Bayrammi tugʻilgan kuni ekan, ayangni iskati chinnisi bormasmidi, men ashinisini olib, qanjiq Bayramga eltib beripman… Ayangni balniysaga erchitishshi oʻrniga u dardisarnikida qopman… Voy dod! Voy dod! Ayang oʻlmasdan men oʻlsam boʻmasmidi! Dod!

Dadam oʻshanda mast-alast holatda goʻristonga borib, ayamning goʻrida yastanib yotgan. Qancha uni uyga chorlamay, toʻngʻizdek yotvolib, meni uyga haydagan…
— Men, yigit oʻlgur, oʻgʻriman, men qoʻsh-qoʻsh qotilman, sen, qiz, menga oʻralashma, ket! — deb ketimdan kesak otgan…

3- qism

Ayam oʻlganidan keyin men enam bilan qoldim. Dadam esa anavi Bayramini nikohsiz xotin qilib oldi. Bularning hayoti ham yolchimadi. Bir yilga bormay dadamning qonida qandi koʻtarilib, jon berdiyu, men toʻliq yetim boʻlib qoldim. Ana oʻshanda uchu-ettisi emasu, qirqimi, yarim yili bahona, enam ikkovimiz Bayram-opachanikiga borganimizda, Dediyoyu, Qissasul anbiyolar kechasidan soʻng otinchalaru-xotinchalar tarqalgach, Bayram meni ayvondan ichkari xonasiga yetakladi-da:
— Sen qizga aytadigan gapim bor, — dedi. Meni nimshab xonada toʻrdagi duxoba koʻrpachaga oʻtqizib:
— Dadang yaxshi bolamasti, — deb boshladi. Men nima deyishimni bilmay atrofga alangladim. Xona qorongʻu boʻlishiga qaramay oʻngimdagi tokchada chinni piyolalar dastasi orasida anavi xitoy malikasini koʻrdim. U boshini bu safar xufyona liqillatib oʻtirardi.
— Goʻri nurga toʻlgur ayangni doʻxtirga eltadigan kuni menikiga kelip qopketgan-ta, bilasanmi, qiz? Nas bola ekan oʻzi. Oʻsha oy mening hayzim kemay qogan-ta, dadang minan bozordagi restaranda uchrashib unga aytsam, toshtek qotip qoldi. Keyin nima deydi degin: men homila oldirtiradigʻon joydi bilaman, seni oʻnashi yerga eltay, — deydi, oʻlip oʻlgur! Xotinim endi ela oldirtirgan, — deydi, xunasa…
Oʻshanda men bu gaplarga quloq tutish emas, nuqul anavi chinni qoʻgʻirchoqni oʻgʻirlash payida boʻldim. Oʻz-oʻzimdan uyalaman: oʻl, Sevgi, — deyman, — sen ham otangdek oʻgʻri boʻpsan, — deyman. Oʻliptimi, movi qoʻgʻirchoq ayammi mahriyu, — deb oʻzimga yana dalda beraman. Jodugar Bayramning koʻzlari yomon boʻlib eplolmadim. Bolishga suyangandek choʻzildim, surat tomosha qilgandek choʻkkaladim, haddim baribir yetmadi. Chinni malikam ham — yoʻq degandek — boshini chayqab turaverdi…

4- qism

Qizilyuz Bayram-opacham ham yurib turib oʻldi. Otam bahona — uni ham enam koʻmdi. Uchi boʻldi, yettisi boʻldi, qirqi boʻldi — orada boyagi chinni qoʻgʻirchoq tokchadan yoʻqoldi. Enamdan soʻrasam:
— Sen, qiz, tiling boʻyingdek oʻsmay oʻlsin, bor, tashqarini shipir har matohga meros chiqmastan! — deya men bilan elashib oʻtirgani yoʻq.

Oy oʻtdi, yil oʻtdi, men qistayverdim.
— Sen moʻyningni gʻozday choʻzib ustimga devalab kelaverma, qiz! — deb, enam sir boy bermadi. Bir kun ogʻrib qolib enam oʻzi meni toʻshagiga chaqirdi-da, gilam tagidan sandiq kalitini chiqarib:
— Sen, qiz, katta boʻp qolding. Enangni lahatka eltadigan payting yetti. Senga tugup qoʻygan bir boʻhcha gapim bor, — deya, sandigʻini ochishni buyurdi. Sandiq ochilmay turib, bilagimdan tutdi-da:
— Senga aytmay yurgandim, yuragim yorilay deyapti. Ayang oʻlganida qornida bolasi bor ekan… Norasida kettiya, shoʻrlik… Men nima deyishimni bilmasdan, koʻzim yoshga namiqib, soqov boʻlib oʻtirganimda, enam sandigʻini ochdi-da:
— Mana, oʻlimligimam bir, sening sarpolaringam shunda, — dedi.
Sandiqning eng tagida sarpolarim orasida boshi qimir etmasdan shipga qarab va negadir enamning oʻziga mengzab anavi xitoy malikasi yotardi…

5- qism

Enamsiz bu dunyoda shipshiydam bir oʻzim qoldim. Qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy boʻlib uchiniyam, yettisiniyu qirqiniyam piysabillo qildik. Qarovsiz uyda enamning oʻlimliklariyam, mening sarpolarim ham tarqab bitdi. Yolgʻiz avvaldan anavi chinni qoʻgʻirchoqni roʻmolimga oʻrab, shipimizdagi toʻsinlardan birining ketiga berkitib qoʻydim. Marakalar bitib tek boshimga qolgan kunim yana rezanda boʻlibmanmi, ship ostidan roʻmolimga oʻralgan chinni qoʻgʻirchoqni oldim-da, koʻrpachaga yastanib uzoq-uzoq bolaligimdagi his bilan uni koʻzdan kechira boshladim. Chinni xarirlarga burkanib oʻtirgan mushtumdek Chin malikasining badani alohida, barmoqdek boshi alohida. Hali-hali bu qoʻgʻirchoqni qoʻlimda tutib, boshini badanidan ayro kuzatib oʻtirgandekman. Boyagi ipak liboslarining rangorangligi, ularning yuz hiyla ila bichilgan burmalar orasidan oqqush boshidek yalanglangan qoʻlu, undagi tovus dumidek yelpigʻich. Boshini aytmaysizmi bu qoʻgʻirchoqning: koʻz ilgʻar-ilgʻamas ogʻizchaning qip-qizil nuqtasi, chakki tomchisining uchidek qirra burunchasi, ikki suzuk qiygʻoch koʻz, shaftoli tukidek kipriklar, chambar soch tepasida esa olmaning danagichalik bir bogʻliq tutam…

Bu xayollar orasida qarasam isitmam koʻtarilyapti. Malikaning peshonasiga barmogʻimni bossam — u ham issiq.
— Ayammi oʻldirgan senmisan? — deb soʻradim shunda toʻsatdan. U yoʻq deydi.
— Dadammi oʻldirdingmi? — desam, yana yoʻq deydi. Boshini siypalab qoʻydim.
— Bayram-qanjiqqi oʻldirgandirsan? — desam ham — bosh chayqaydi.
— Enammi-chi? — deb soʻrasam, yoʻq deyaveradi.
— Ayammi qornidagi inimmiyu siynimmi oʻldirgan senmisan? — desam, miq etmay tosh qotadi.
— Toʻxta, — dedim, — sen barini mendek bilgansan, faqat ichingga yutgansan, shundaymi?! — deb tergovlasam, u ogʻziga talqon solgandek jim.
— Bildim, — dedim oʻshanda men, — sen, qiz, meni bir umr aldagansan. Endiyam aldayapsan… Sen umringda rost gapirmagansan! Tuf senga!

U esa boshini yondan yonga chayqaydi.

Shoshib qoldim shunda. Bu nima degani: rost gapirmaganini inkor qilishimi yo koʻnishimi?! Qarasam — men bilan oʻchakishyapti bu tiluqmas mahluq. Bor alamlarim qoʻzgʻaldi oʻshanda ichimda. Yanchaman seni! — dedim-da, boʻynini uzib, enamning hovonchasiga alohida boshini, alohida badanini tashladim.

Yanchdim uni, yanchdim! Avvaliga ingradi, singradi, yanchaverdim! Talqon qildim, mayda-mayda qum qildim. Qora terga botdim, baribir qoʻymadim, oʻsiriq rangidagi kukunga aylantirdim, keyin oftobada suv qaynatdim-da, kukunini choynakka damladim. Kukun qumdek suv bilan aralashmadi, yolgʻiz men uni aralashtiraverib, tuzmi, shakarmi, zaharmi — dadam aroq ichganidek ichdim, ichdim, ichdim. Qornim shishdi, ichaklarim ogʻirlashdi, oʻlardek ter bosdi. Qum bosdi… Ichim bitdi… oʻl, Sevgi, senam oʻlding, — dedim oʻzimga oʻzim.

Ertasiga koʻzimni ochsam, ayam oʻlgan balnisada yotibman. Qornimni yorishibdi. Koʻrichak boʻlibman. Yoʻq, deyman tashlandiq homiladek oʻzimga oʻzim, va boshimni yondan yonga chayqayman, — homila tashladim, homila…