OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdulhamid Ismoil. Gitara (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Ismoil
Asar nomiGitara (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulhamid Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/20
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gitara (hikoya)
Abdulhamid Ismoil

Rahmon – esini tanibdiki – rubob emas, tanbur emas, boʻlmaganida dutor tugul, nuqul gitara oʻynashni havas qilardi. Sezgan boʻlsangiz kerak – chalish deganim yoʻq, oʻynashni dedim. Rost-da, Rahmonning nazdida chalish – bu oʻzimizning tingʻir-tingʻir – tor boʻlsin, chang boʻlsin, nayu gʻijjak deysizmi – bari yagona nagʻmaga yopishib olib, uni kemirib bitkazmaguncha qoʻymaslikdir. Gitarada oʻynashni havas qilardisi esa – avvaliga barmoqlar astagina yoʻgʻon torlarni tebratar, ulardan uzoqdagi momoqaldiroqmi, toʻrt kishining gʻudur-gʻudurimi, taxayyulingiz miskinroq esa – chang bosgan daraxt shoxidan musichaning gʻul-gʻulimi yetishgandek boʻlar, koʻngil endi bularga chalgʻib eliy boshlaganida tovush tobora ingichkalashib nagʻmaga yangi ohanglaru kuylar jilo-jilo qoʻshilar edi.

Oʻristabiat ekan-da Rahmoningiz - deyishingiz mumkindir. Nevlay, menga qolsa ispantabiat dermidim. Durustki, Rahmonning oʻziga qoʻyib bersangiz u ham oʻzini Rahmon emas, Ramon bilarmidi, ya’niki ivirsiq «h»ning salla-choponlariga oʻralashgan emas, balki misoli toreadormi-matadorning boshdan oyoq tugmalangan askarnamo libosidagi soʻtakkina Ramonning oʻzginasi edi. Ustiga ustak oʻzbek bolasidek dumini likkilatgan tirraqi sigirga ergashgan mishiqi choʻpon emas, hayhot bedov buqaga jang maydonida qarshi chiqqan ana oʻsha qilichboz ispan kabalerolariga mengzatardi u oʻz-oʻzini. Oʻtkir muguzga qarshi tezkor xanjarini shaylab, kezi kelganida uni sopigacha buqaning bukur gardaniga botiradigan botir edi orzularida bizning Ramon-Rahmon.

Rahmonning ichiga kirib borgan ekanmiz, unda boshqa Rahmon – marhum shoir Shavkat Rahmonning Xuan Ramon Ximenesu, Garsia Lorkayu, Rafael Alberti she’riyatidan tarjimalariga ixlosmandlik borligini ham aytmasak boʻlmas. Ayniqsa Lorkaning manavi she’ridan bir parcha tinglab boqing-a, shu she’r ila Ramonga aylangan Rahmonning fe’li-huyi debochasini tugatsak-da boʻlaveradi.

Antonito Torres Erreda,
Kamboroning joʻmard oʻgʻli,
Chiviq oʻynab Sevillaga
Korridani koʻrmoq boʻlib
Borar, yashil oydan hatto
Qoramagʻiz, xushroʻy, daroz.
Jingalaksoch halqalari
Manglayida yarqirar soz...


Ana endi kunlarning birida Rahmon axir gitara sotib oldi. Oʻsha kuni SUMdan qaytib shahar chekasidagi bir xonalik kvartirasiga gitarasi bilan kirib borsa, u yerda endigina Jizzax dashtidan kelgan qadrdon doʻsti Seryoja Min oʻtiribdi. Otidan bilgan boʻlsangiz kerak, Seryoja Min karislardan, biroq karis boʻlganida ham Rahmonimiz ta’biri boʻyicha «Siroj Amin»dek karislardan, ya’ni qaddi-qomati barvasta, ovozi yoʻgʻon, qoshi-koʻzi shunqor-viqor. Uni koʻrgan odam ham karis tugul, jilla qursa meksikan Serxio demasdan qoʻymaydi. Jismi ismiga monand - boʻlsin Siroj Amin, boʻlsin Serxio - Seryoja Min yangi gitarani qoʻliga olib shunday sayratdiki, boyagi yiroqdagi momoqaldiroq - huddi yashinu yildirimga, toʻrt erkakning gʻudurlashi – «Kino» guruhining «Peremen, mы xotim peremen» ashulasiga, chang koʻchadagi musichaning qashshoq sasi esa yana bir koʻrkam karis – Viktor Soyning bexonishu qochirimsiz doʻrrildoq dovushiga aylandi. Qani endi Rahmonning oʻzi ham Serxioga joʻr boʻlib barmoqlari ila makkajoʻxori uqalagandek gitara simlariga ajib tovushlar donini sepa olsa... Bir kunmas bir kun albatta...

Hozircha esa u doʻstining uzun sochlariyu, qop-qora qayrilma qoshlari ostidagi nimyumuq koʻzlariga boqib mahliyo boʻlib oʻtiradi...

Suv tagida ohista
Soʻzlar suzar sochila,
Qushlar va alangalar
Aylanar suv sochida.
Qanday xato boʻlganin
Faqat bilar qamishzor,
Ogʻochtan gitaraning
Tushi bodsiz, beozor...


Musiqadan soʻng ular «Vena»chasiga olib qahva pishirishdi, qahva ichiga Kuba romidan tomizib buning gashtini surishdi, Seryoja Min choʻldagi ekskavatorchilar hayotidan soʻzladi, Rahmon bu orada oʻqigan kitoblaridan aytdi, soʻng ikkisi varangʻlatib «Akkord» degan plastinka oʻynatgʻichida «Rolling Stounz»ning «Satisfekshn» ashulasini tinglashdi.

Bir payt Rahmon soatiga qarasa - ishga chiqadigan vaqti kelibdi. U oʻrtogʻidan yana bir bor gitarada u-bu narsa oʻynab berishni iltimos qildiyu, yana Serxioning epchil barmoqlariyu, gitara ustida engashganidan uzun sochlarga burkangan yuziga tikilib oʻtirdi. Keyin omin-oblo qilib oʻt oʻchirish stantsiyasida texnik yordamchi sifatidagi navbatchilik ishiga joʻnadi. Serxio esa odatdagidek uning uyida yolgʻiz oʻzi yotib qoladigan boʻldi.

Navbatchilik oʻsha tun osoyishta oʻtdi. Bironta uy yongani yoʻq, balki kechasi bilan shahar ustida bulutlar toʻplanib ora-chura yomgʻir sepilganidanmi, yo havoning avzoi buzulib insonlarning lanjligidanmi, qaydam, xullasi tuni boʻyi Rahmon oʻzining bosh navbatchisi bilan shatranj surib chiqdi. Ertalab navbatini topshirib uyiga qaytsa Seryoja Min polga bir koʻrpani yoyib, ikkinchi koʻrpaga burkanganicha dong qotib yotibdi. Rahmon ham doʻstini bezovta qilganicha yoʻq-da, yechinar-echinmas koʻrpa ostiga shoʻngʻidi. Ertalabki uyqu shirin emasmi, deraza ortida yomgʻir yogʻdimi, momoqaldiroq gumburladimi, aravalar gʻichirlab tosh yoʻllardan suv tashishdimi, hoʻl chumchuqlar yetimlarcha chugʻurlashdimi – Rahmonning pahmoq tushiga bularning bari oʻz qoʻlidagi gitarayu, Siroj Aminning unga moʻltirab boqib oʻtirishidek kirdi.

Yashil, seni suydim, yashil.
Yashil shamol. Yashil shoxlar.
Mana, ikki oshna yotar.
Olib kelar bod yiroqdan –
Ogʻizlarda ta’mi qolar
Shuvoq, erman va yalpizning...


Peshinga borib uygʻonsa – koʻrpa ostida bir oʻzi. Oshnasi esa oshxonada qahva damlab idish-tovoqlarni yigʻishtirgan. Apil-tapil kiyinib ikkisi yana qahvaxoʻrlik qilishdi. Kubaning romiyu, qahvaning Venacha koʻpikli uslubi parishon uyqularni tarqatdi. Rahmon doʻsti Seryojaga yuzlana Ramonning Serxioga soʻzini qildi:
— Ogʻayni, gitarani qoʻlingga ol, Lorka aytmish: «Tunlar malak Jabroilni gitaralar olqab qolar...»
— Gitarang yoʻq, - dedi banogoh Serxio.
— Nima? – tushunmadi Ramon.
— Gitarang yoʻq, - qaytardi Serxio. – Eskishaharlik togʻang bor ekanku, ana oʻsha olib ketdi.
— Qaysi?! – deya, nojoʻya tarzda qichqirib yubordi Ramon. Aslida u «qachon?» deb qichqirmoqchi edi, biroq ovozining joʻjaxoʻrozligidan oʻzi seskanib:
— Qachon? – deya ohangini pasaytirdi.
— Kechasi soat oʻn birlarda kirib keldi. Avvaliga binoyidek gaplashib oʻtirdi, bir payt esa yotib qolamanga tushdi. Mayling, deb balkonga joy solib bergan edim, bir zum oʻtmay «Sovqotdim» – deya koʻrpam ichiga kirib keldi. Qarasam, menga... yopishyapti... Xullasi, togʻang boʻlishiga qaramay, haydadim. U esa: «Menga Rahmon gitarani olishni aytdi» – deb, gitarani olib ketdi, - deb ichini toʻkdi Serxio. Biloshak Rahmon Ramonligini unutib, garang boʻlib qotdi. Togʻasining togʻaliginimi, hezalakliginimi, yolgʻonini yo oʻgʻriligini aytsin?! Yo jonajon doʻsti oldidagi sharmandagarchiliginimi?! Garangligi mayliya, ustiga gung ham boʻldi chamasi: «Mayli, men hozir...» – demoqchi esa, qancha tirishmasin – soqovlarcha gʻudranishdan ayri biror tovush ogʻzidan chiqmaydi... Qoʻlini siltaganicha, Serxioni uyda qoldirib, oʻzini hoʻl koʻchaga otdi oʻshanda Rahmonligiga doʻngan Ramon.

Eski shaharga ketaversin-chi Rahmon, biz esak gitaraning bir baland, bir past nagʻmasidan qolmaylik. Simlarning ajabtovur ohanglariga yogʻayotgan yomgʻirning shamol qoʻlidagi tarang iplariyu, tramvayning temir izlardan taqir-tuqur yurishi, xapriqqan yurakning dupur-dupuriyu, toshoynada qotib qolgan aksning bemajolligi ulashib ketsin. Onda-sonda ingichka simlar koʻngil asabidek ingrab-singrab qoʻyadi...

Goʻyoki tunda oʻt olmagan olam endi oʻrtanib-oʻrtanib yonmoqda. Rahmon esa bu oʻtni oʻchirishga yoʻllangan navbatchi yangligʻ shaharning bir chekasidan boshqa chekasiga entikkandek...

Axir, tramvayni trolleybusga, trolleybusni avtobusga almashtirib, Rahmonimiz eski shaharning Qumlogʻiyu, Qorasaroyiga yetib bordi. Bir boqishda uning Ramonligidan zarracha ham qolgani yoʻq: janggohda otini xachirga, xachirini eshakka almashtiradimi kabalero degani?! Tramvayning oʻtinch bilmas izlarida kattaxolasiningu togʻasining loy uylarini agʻdar-toʻntar qilib tashlagudek edi u. Biroq boshqa yondan uning oʻchkor shahdi tobora charxlanib, kabalero emas, yerga oyoq bosgan matador kabi, bir qoʻlida alvon-alvon hilpiragan qahriyu, ikkinchi qoʻlida nashtardek keskir qasos shamshiri uni Ramonsimon olgʻa chorlardi:

Kiftlarida shomni sudrab,
Ufqqa asta qaytadi kun
Torreroday poʻshin yoyib,
Qora tortar bahrul ochun.
Zaytunlar jad nafasini
Sabot bilan kutar hamon.
Ruh togʻlardan yetib kelar
Yoʻrgʻa otni mingan shamol...


Mana tanish torkoʻcha, mana tambalanmagan baland boʻsagʻali eshik, mana kattaxolasining uyi tomon tosh yoʻlakcha... Ramonni shu toʻgʻri yoʻlakchada shahdidan qoʻymaylik-da, oʻzimiz yashiq nafasimizni rostlab olish uchun yarim ogʻiz Rahmonjonning kattaxolasidan aytaylik.

Qandolat-xolasinikida Rahmonjon yozlari tunka tomlarda tut terib, qishlari sandalidagi qorakoʻmir isidan elib, kezi kelganda toʻylardan qaytgan xolvaytaru popukqandlardan tatib, kezi kelmaganida esa quloqlari xolasining ombirdek «burama qandlaridan» qaqshab ulgʻaygan demayligu, bolaligining achchiq-chuchuk damlarini oʻtkazgan. Qandolat-xolasining oʻgʻli Toʻlavoy bilan esa Rahmonjon vaqti-bevaqt bir koʻrpa ostida oʻgʻil bolalarning bori shoʻxliklarini qilib, ketma-ket katta boʻlishgan.

Bir kuni esa, «etimcham» deya, Qandolat-xolasi Rahmonjonga buvisi olib bermagan qinli-sopli oʻyinchoq qilichni qozoqlarning Yangibozoridan olib kelgan. Ana oʻshanda Rahmonjon ogʻilxonaga kirib olib, televizorlarda koʻrganidek – bir qoʻlida ol-ol pioner galstugi, boshqa qoʻlida boyagi alyumin qilich – nimshabda hayron sigiriniyu, uning hali muguzi chiqmagan buzogʻini zoedan zoe jangga chorlagan. Axir shohi galstugiga sigir dumining shaltogʻlari yuqib, yumshoq alyumindan yasalgan qilichi yuz egilib-qiyshayib qiniga kirmas holatga kelganida, Rahmonjon sassiq ogʻildan tashqari chiqib kelgan...

Mayli-da, biroz alahsib oldik. Ana endi Ramon ketidan Qandolat-xolasining dahlizidagi janggohga kirib boraversak ham boʻladi. Hovlida, aksiga olib, shigʻgʻilagan yomgʻir hech tinmaydi. Shaharda zambaraklar otyaptimi, yo atrof-yalangda eski mahallalarni buzayotgan ulkan gurzilarning doʻp-doʻp ovozimi bu, baharhol momoqaldiroq bunday ezma yomgʻirga hamdam boʻlmasa kerak... Devor ortida koʻchada kimdir hayallagan bolasini chaqirish bilan ovora. Orada uchta-toʻrtta mayna bu shovqinni masxara qilgandek boʻladi. Ramon eshikni beiltifot ochib, kattaxolasining nimqorongʻu dahliziga kirib boradi. Kattaxolasi koʻrpa qavab oʻtirgan ekanmi, yumaloq shishali koʻzoynagi ustidan unga taajubda boqadi. Ramon salomini nas'yaga bergandek, darrov gapining poʻstikallasiga oʻtadi.
— Bilasizmi, - deydi u oʻzini tutolmasdan, - oʻgʻlingiz... Oʻgʻlingiz... – U nima deyishini bilmasdan tutunganida, odatda:
— Saloming boʻlmaganida ikki yamlab bir yutardim, - deydigan xolasi yuvvoshgina:
— Ke, bolam, tuzuvmisan, tinchliymi oʻzi? – deb, roʻparasiga imo qiladi. – Toliqqan koʻrinasan, u-bu joyga oʻt ketiptimi?
— Ha, oʻt ketipti! – deya, kesatqi aralash jerkiydi shunda Ramon. – Boʻldi, boʻladigani boʻldi, - deb oʻylaydi u ichida. Odatda boʻsh qoʻl bilan kirmasdim, yoʻq deganda yarim kilo oqqand koʻtarib kirardim, endi buyogʻiga oramiz ochiq!
— Hay-hay, - koʻzini koʻrpa avrasidan uzmay bosh chayqaydi Qandolat-xolasi. – oʻshqirvotsanmi, bola?! – ajablanadi u.
— Bilasizmi, oʻgʻliyz... Oʻgʻliyz... hezalagakan! Kechasi uyimdagi oshnamga yopishipti... Joʻram uni haydapti. Mani gitarammi opketipti. Qani gitaram? – deb bir hovuch ichini sochadi Rahmon.

Koʻchada, naqd tom tepasida momoqaldiroq gumburladi. Yo boyagi koʻchada hayallagan tirmizak otasiga zarda qilib bularning tunuka tomiga toshmi, toʻpmi otdi, biroq yer yorilmadi, osmon oʻpirilmadi. Bolalagida bunday toʻplarni bigizi bilan «pish» teshadigan Qandolat-xolasi ham koʻrpani tizzalarida bir siltadi-da, qavashini davom etarkan:
— Oʻzing tuzuvmisan? – deb, xuddi uning hol-ahvol soʻrashiga javob bergandek boʻldi.
— Ha, rahmat, - dediyu, bexosdan Rahmon tilini tishladi.
— Oshnang haligi alvastiga oʻxshagan chulchutmidi? – deb, horgʻin alfozda davom etdi xolasi.
— Chulchutmas, karis!
— Ha, bir goʻr-te... Oʻshaningga diysanmi...
— Gitaram qani?! – deb seskandi Ramon.
— Nima matohakan gitor diganing oʻzi?
— Matohmas, gitara... Oʻynashadi unda! – ensasi qota boshladi Ramonning.
— Oʻynashingni matohimi? – eshitmaganga olib ignasini koʻrpaga sanchdi Qandolat-xola.
— Qanaqa oʻynash... Gitara bu cholgʻu, bilasizmi, cholgʻu – rubob, tanbur, dutordaqa, lekin eng yaxshisi...
— Ha, ajibajining qoʻshtori disangchi, shumi?

Mazax qilyaptimi uni xolasi?! Yo oʻzlarini goʻllikka solyaptilarmi?
— Ozarbayjon tori emas, ispanlarning gitarasi...
— Boyagi chulchut oshnayni bir xili ekanda...

Tushunmayapti oʻxshaydi bu kampir.
— Xola, tushunvotsizmi oʻzi, oʻgʻliyz mani yoʻgʻligimda uyimga kelib oʻrtogʻimga qichiq qipti... Kegin gitarammi ruxsatsiz opketipti...
— Vajohatingdan xotiniyni opqochip ketiptimi dippan...
— Qanaqa xotin?!
— Anuv chul...
— Xola, gitaram qani?!

Kampir ignasini oxirgi martta koʻrpaga sanchdi-da, ipini tugunga bogʻlab, qolganini yon tishida uzdi, soʻng yana gʻildirak koʻzoynagi ustidan moʻralab:
— Akang sanikiga boriptita. Kecha dalaga ketadigan kuniydi. Oʻshandan dalaga chiqip ketkan boʻsa keraydirta... – dedi. – Uch oylada qaytamiz duvdi. Bilasanu, togʻu-toshta giyo terip, domlalariminan chodir-chodir qib achom-achom yotishadi... Oʻshatka opketkan boʻsa kerayta matohiyni...

Oʻshanda xayr yoʻq, ma’zur yoʻq, Rahmon kattaxolasinikidan ammamning buzogʻidek shalvirab chiqdi. Nimaga kelgan ekan u shaharni kesib bu somonshuvoq xonadonga? Shikoyatini kattaxolasiga qilganimi? Yo togʻasini bir oʻzini tutib olib ikki muguzi orasiga shamshirini tiqmoqchimidi? Na oʻchini oldi, na gitarasani...

Yomgʻir ham tugab boʻlgan, osmonda bulamiqdek bir besaranjomlik, oq bulut ustida qorasi, ularning orasida esa tanburdek uzun torlarini chertib quyosh koʻrinib qoʻyadi. Besarishtalik. Devorlar ortidan cholgʻularining bori bir tingʻir-tingʻirga sozlangan chorvadorlar uchun yagona nagʻma taraladi. Bu degani soat bir ham boʻlibdi. Boyagi hayallagan jinqarcha novvosini sudrab, koʻchaning qarshi tarafidagi mozorboshi oʻtlogʻidan qaytib kelyapti. Novvos ma’rab-ma’rab torkoʻcha boshidagi oqib yotgan jumrakni koʻradiyu, birdaniga shataloq otib suv tomon chopadi-da, shiliq etib jumrak oʻngida tiz choʻkadi. Suv boʻyida oʻtirgan namiqqan zagʻizgʻon esa uchishga ham majoli yetmay, hakkalab-hakkalab oʻzini panaga oladi. Rahmon uyiga qaytay desa, Seryoja Min ham uni kutishdan charchab, oʻzining Jizzax choʻliga ketvorgandir. Unday desa, Serxiosini ham koʻrgisi kelmaydi shu topda Ramonning...

Y-oʻ-q-o-l-g-a-n gitara torlarining oʻzgaruvchan, bevafoyu behuda termalari...

Suv tagida ohista
Soʻzlar suzar sochila,
Qushlar va alangalar
Aylanar suv sochida.
Qanday xato boʻlganin
Faqat bilar qamishzor,
Ogʻochtan gitaraning
Tushi bodsiz, beozor...