OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulhamid Ismoil
Asar nomiHachcha-bu (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulhamid Ismoil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/20
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Hachcha-bu (hikoya)
Abdulhamid Ismoil

1

Xachcha-bu (yoshligida Xadicha) ikki iligidagi bodlarning ogʻrigʻiga chidolmasdanmi, yo bu ogʻriq ketidagi allambalo tushlaridanmi uygʻonib ketdiyu, shu boʻyicha uyqusi buzulib, kallai sahardan koʻrpasini beliga oʻraganicha bomdod oʻrniga Soʻfi Olloyordan bilganlarini xirgoyi qilib oʻtirardi.

Yomon nafsing sani oʻtdek tutoshti,
Gunohing bora-bora togʻdin oshti.
Bila olmam, ayo noqobil avqot,
Nachuk jonsan, nachuk tansan, nachuk zot.
Bahoyimsan, bashar, devonasan, sogʻ,
Gunohing oldida arzancha yoʻq togʻ.
Muxanasmusan, yo boligʻmisan, yosh,
Yuzung qattiq, tiling achchiq, diling tosh...


Bu achchiq she’rlarga uning taxir tushlari aralashar, ora-chura ularni yoʻyishga harakat qilarkan, avzoi yanada buzulib, gʻash koʻngli ziyoda xiralashardi. Koshki bu zormonda ogʻriq shol boʻlayozgan ikki oyogʻidan ketsa ekan, bu ogʻrigʻi bilan qoʻshmozor boʻladigan-oʻv... Nimqorongʻuda bir toʻda navarasi gʻujanak-gʻujanak boʻlib, sasib ketgan koʻrpa ostida yotar, biroq yel qoʻlansasiga oʻtkir siydik hidi ham qoʻshilganini sezdi kampir. «Yer yutmagur anavi jinqarcha Qoʻzi yana tagini shalabbo qib yotgan-oʻv!» – deb chamaladi Xachcha-bu va ortiq na bodining uqalanmas ogʻrigʻiga, na koʻnglining toʻzmas gʻashligiga chidolmay, birdan hayqirdi:
— Hoy, nas bosganla, turiyla! Yotuvradimi, toʻngʻizga oʻxshab?! Hovlini changi chiqip yotipti, suv sepsalaring oʻlasanmi?! Hoy, Zumrad, erga teysang tugʻadigan boʻpsanu, ukalaringga qarasang bir joying kamayib qoladimi?! Tur-e, megajinga oʻxshamiy! Turqiyni qara! Bor, yuziyni yuv! Qiz bola diganiyam shunnogʻ dangasa boʻladimi?! Sani-chi, Optov, qulogʻingga tom bittimi?! Burama qantimmi anchadan beri yemading-a?! Ukayni tegini qara – yana sholi sugʻorib chiqqandir... Ha, oʻl-a! Bor, tezrogʻ ustiga kul bos, simga il, koʻrpalarimmi chiritib yuvordiyla... San-chi, san nimaga anqayasan?! Tur, somovarga qara! Otangga oʻxshab lallayasan! Ochib qoʻyiptimi boʻtta, soʻlagiyni oqizasan?! Bor, ishiyni qil, boʻhtak!

Bu tirmizaklarning barini tumtaraqay qilgach, Xachcha-bu, kundan nima kutishini bilmay, oʻzi ham inqillab-sinqillab oʻrnidan turadi-da, qumgʻonini koʻtarib, lapanglaganicha hovliga chiqib ketadi...

Kun ham bugun oydakkina boʻladi chamasi, osmonda bir par bulut koʻrinmaydi. Quyosh ham, qurgʻur, yozila boshlagan boddek, sargʻaya boshlaydi. Iliq qumgʻonni chekaga qoʻyib, shildiragan ariqqa engashsammikan, - deb oʻylaydi shu top kampir, biroq qaysarligimi, jinimi tutib: «Ochuv lahatka engashasanmi, boshing tegingda qogur!» – deb qoʻyadi oʻziga oʻzi. Bir pas-yarim pas oʻtmasdan ijiq Qoʻzining ovozi: «Buvi, buvi, anuniyzi qarang, mayna qivotti!» – deb, kampir oromini buzadi.
— Dard! - deb oʻshqiradi kampir. Choʻchib ketgan Qoʻzi chinqirib yuboradi. – Hoʻv, baloga yoʻliqqur, tinch qoʻyasanmi oʻzi?! He, qigan ishing boshiynda qosin! Ordona-ey! Nega kalaka qilasan, tasqara?! Sanam ammammi buzogʻiday qarab turasanmi?! Atchayin boʻmiysanmi?!

Bu payt eshikdan Zebiniso-qoʻshni kirib keladi.
— Egachi, huy egachi! Turdiylami?!

Xachcha-bu miyigʻida gʻudranib qoʻyadi: «Ertalaptan pishirip qoʻyiptimi?» – biroq oʻrnidan turib, qoʻllarini etagiga artganicha, Zebinisoni qarshilagani yuradi.
— Esonmisiz, omonmisiz? Yaxshi yotip turdiylami? Keling, egachi, qoqindiq... Qizla, choyga qarayla! oʻting, aynaniy... tortinmang, jonim tasaddiq...

Qizlar supaga tezda dasturxon yozishadi: biri choy olib keladi, ikkinchisi – nonu murabbo. Uchinchisi shaloplatib supa atrofiga suv sepib chiqadi. Qoʻliga supurgi olishi bilan Xachcha-bu uni koyiydi: «Hoy, beparosat, aytmapmidim sangga ertaroq supurgin dep? Endi oʻtirganimizda changitasanmi? Sanlarga oʻqituvrib oʻzimga qomiydigan boʻldiyu!» – keyin Zebiniso-qoʻshnisiga choy uzatib: «Oxirzamonni dajjollari bula, qoʻshni, tiluqmas xitoyla...» – deb shikoyatlanadi.

Oftob: «Buvi, mana bosib supurvotmanku, bittayam changi chixmavotti...» – deb mijgʻovlanib qoʻyadi. «Mayli, bilganingni qil, essiz sanlaga uqtirgan gaplarim...» – deya, Xachcha-bu Zebiniso bilan allamahalgacha gap sotib oʻtirishadi. Agʻdan-bagʻdan surishtirgan sayramliq Zebiniso: «Boldariyz qaytadigʻanmi?» – deb, kampirning nariroqda chugʻurlashib choy ichayotgan nevaralariga ishora qiladi. «Qaydam, puli kepturiptiku, shunisiga shugur. – deydi Xachcha-bu. – Musopirchiliyda boshlari omon boʻsa boʻgani... Ettayu-kech duo qip oʻtiripman» – deb noliydi ena.
— Mayli, boʻmasam manam turaqolay, egachi, qiladigʻan ishlarim boridi...
— Ha, oʻtiripsiz-te, - deydi koʻngli uchun Xachcha-bu, ichida esa: - Supraday yozilib nimaga shuncha vaxtimmi oldi bu? – deb, hayron boʻladi. - Qizix-te bu odamla, qilarga ishi yoʻgʻmikin?! Hoynahoy qurux choyi tugagan boʻsa keray bu qurumsogʻgʻi... – Bu oʻyda kampir qoʻshnici Zebinisoni eshikkacha kuzatib qoʻyadi. Haloga yozilgani oʻtarkan, yana esiga boyagi tushi tushadi. Qoʻl-oyogʻini soʻqimdek bogʻlab rahmatli eri In'om-xoʻja Xachchani Zogʻoriq boʻyiga yetkazarmish-da: «Mana endi sani suvga tashiyman - bir yoʻla bodingdan qutulib chiqasan!» – deya, suvga irgʻitish oʻrniga jar yoqasida qoldirarmishu, oʻzi gʻoyib boʻlarmish. Xachcha qimirlay desa – jardan suvga qulaydi, qimirlamay desa – suvdan Zumradmi, Oftobning aksi qarab turganmish. «Ha, naga boʻzrayvotsan, opat, yechmiysanmi buviyni?!» – desa, Zumradmi, Oftob: «oʻl-a, tanmading-a!» – deya, suvga shoʻngʻirmish. Shunda choʻchiganidan qora terga botib seskanib ketadi Xachcha-bu...

«oʻl-a! – deb qaytaradi boyagi ovozda kampir. – Halodayam tushiyni esliysanmi, qiyomatta qoʻpmagur!» Halodan chiqib Xachcha-bu polizga boqadi. Pamidorilar orasida zarpechakka koʻzi tushadiyu, nevaralariga qarab baqiradi:
— Huv, Zumrad, huv Optov, oʻv, garmsel urgur sassihpopishay! Mambunga qaramiysilami?! Hammayogʻgʻi zarpechay bosip ketiptiyu!

Qizlar zum oʻtmay buvisining etagiga qoʻnadi. «Ehtiyot qilip yul, suvi toʻkilsa yana chiqip keluvradi!» – deb ogohlantiradi Xachcha-bu, oʻzi esa bir shingil rayhonni qulogʻiga qistirganicha, oshxona tomon joʻnaydi. Dam oʻtmasdan uning shangʻi ovozi oshxonadan taraladi:
— Hoy, yer yutkur, xamiring oqip ketiptiku, chochiqlarim rasvo boʻpti, chop, qurvonliqqa yaramas!

Qizlardan biri qoʻlidagi zarpechagini uloqtirganicha, oshxona tomon yuguradi. Ketidan singlisining nolasi yetadi: «oʻl-a, opa! Endi hammayogʻgʻi zarpechay bosadi...» Uzoqdan opalarini Qoʻzivoy masxara qilib turadi.

Yarim soatdan keyin soʻng pamidorini oʻtash ham bir chekada qolib, qizlarning bari oshxonada non yopishga kirishadi: biri tandir qizdirgan, biri – zuvala uzgan, yana biri – buvisi bilan non yasab, Qoʻzivoy qoʻlida chakkichi bilan yasalib boʻlgan nonlarni chakkichlagan.
— Tandirga bir matta kirgan doʻzahga kirmiydi! – deb uqtirib qoʻyadi Xachcha-bu, qoʻliga yengligu rapidasini kiyar ekan. – Koʻziyni moshtay och, hoʻv qiz! Erga teysang kuninga yariydi! Eringga qoʻshilip koʻchalada ipiriski ovqat yeb yurmiysan! – deb, u yuzinchi marotaba Zumradga non yopishni oʻrgatadi. – Ana, otayng minan onayng qoʻltigʻimga paxta sop ketishti. Rasiyga borip loʻxtakiday pul ishlarmish... Koʻcha tentirap gadoy boʻp yurgandir... Yemastan-ichmastan oʻlimlikka yiqqanlarimmi opketishti. Ma sanga, ma sanga, nima qoldi Hasanga...

Qizlar miq etmaydi, faqat Qoʻzivoy erkatoylik qilib: »Buvi, boya oʻziyz Zebapaga ettiyzku, pul yuvorishvotti dip...» – deydi. Bunga kampirning oʻtlagan qahri yana qapchiydi:
— Oʻchir-e, zumrasha! Endi Zebi-mumsikkayam yarim yildan beri bir miri yuvorishmadi diymi?! Uni ogʻziga qopqogʻ yopib boʻladimi?!
— Tuyani shomol uchirsa, echkini osmonda koʻr ekanda... – deb aqlini koʻrsatadi mushtumdek Qoʻzi. Buvisining qitigʻ patini biladi bu muttaham. Oʻlasanmi-kulasanmi bu mishiqiga... Bolani boshidan ma’lum digani shu-te... Qizlar-chi, mum tishlashgandek: biri tandirning ogʻzini yopgan, boshqasi – tandirdan olingan ortiqcha choʻgʻlarga chovgum qoʻygan, uchinchisi – uziladigan nonga savat shaylagan.
— Buvi, naga nonimiz gullab ketadi, xich bozordigiga oʻxshamiydi?! – deb soʻraydi uzilgan nonlarni savatga yoygan Nozlijon.
— Unimizzi kepagi koʻp, - deb tushuntiradi Zumrad, biroq uning gapini Xachcha-bu choʻrt kesadi: «Ha, hali kepagi koʻp boʻp qoldimi? Teship chiqmiydimi bu gaplaring uchun?! San, bola, tappi qalap zogʻora non yemagansan-ta! Tiliyni besh qarich qip «kepagi koʻp» diysana!»

Bu payt eshikdan kimningdir ovozi keladi-da, Zumrad, qutulganiga ishonmay, darvoza tomon shoshiladi...

2

Eshikni ochsa – eshik tagida poson bir yigit turibdi. Aftidan chet ellik. Lekin oʻzbekchasiga olib: «In'om-xoʻja akalarning xonadoni shu boʻladimi?» – deb soʻraydi. Zumrad yuz yil eshitmagan buvasining otidanmi, yo bu poʻrim yigitchaning koʻrinishidanmi bir nav' gangiydi-da, kalovlanib: «Kim didiyz?» – deb qayta soʻraydi. «In'omjon-xoʻjakalarning uyimi bu?» – deb jilmayadi yigitcha. «He, buvamla boʻladiyu, oʻlib ketganla-te...» – deb soddadillik bilan koʻnadi Zumrad. Yigitcha qoʻlini yuziga tortib: «Xudo rahmat qilsin!» - deydi-da: «Uyda kattalardan hech kim bormi?» – deb soʻraydi. Shu payt hovlidan: «Hoy, Zumrad, yer yuttimi sani, muncha xayollading?! Kimakan oʻzi?!» – degan hayqiriq yangraydi. Yuzi shuvut Zumrad qoʻrqqanidan yigitchani ichkariga boshlaydi: «Keling, bum bilan gaplasharsiz...»
— Buvi, sizzi qidirip keptila...

Xachcha-bu, qoʻlida yengligu rapidasi bilan oshxonadan moʻralaydi, boyagi shinam yigitchani koʻrib, nonga suv purkaydi-da, tandirni Oftob bilan Nozlijonga qoldirib, oʻzi biltongʻlaganicha Zumrad bilan yigitchaga yuzlanadi.
— Keling, bolam... (Qaysi shamol uchirgan ekan?) Tuzuymisiz, eson-omonmisiz?

Keyin Zumradga oʻshqiradi:
— Naga karaxt boʻp qolding, ovsar, chop, dastarxoniyni yoz, issuv noniyndan opchiq!

Kampir ozoda yigitchani ayvondagi supa tomon boshlaydi. Boyaginda tuppa-tuzuk havoning avzoi buzula boshlagan esa-da, bu dimlikda shildirab turgan ariqdan zigʻirdek boʻlsa ham salqin ufuri taralardi.
— Keling, qoqindiq, boʻylariyzdan oʻzim oʻrgiliy, koʻzimga issuv koʻrindiyz, - deya oʻsmoqlaydi Xachcha-bu. Yigitcha javob oʻrniga qoʻlini fotiha uchun yozganida, kampir hamono: - Bizzi yoʻqlap keganakansiz, iloyo martabayz ikki dunyo uluv boʻsin! – deya qoʻlini yuziga tortadi va: - Xush kepsiz! – deya, Zumrad olib kelgan bir dasta issiq nondan birini tanlab, ushata boshlaydi. – Qani, nonga qarang! – Keyin Zumrad ketidan: - San Halakani itiday likkilamagin-te, choyiyni tezlat! – deb buyuradi.

Yigitcha ortiqcha istihola qilmasdan maqsadiga oʻtadi:
— Men bugun mozor boshiga kelgan edim, buvimlar shu yerga koʻmilganlar, shu deng buvimlar toza xoʻjalar avlodidan edilar. Dadam shajarimizni tiklay boshlaganlaru, buvimning ota tomonlaridan sal qiynalganlar. Katta buvamiz - Kamol-xoʻja degan odam, oʻttizinchi yillarda otilib ketgan ekanlar. Xudo rahmat qilsin!

Shu payt choynagini koʻtarib kelgan Zumrad ham choynakni dasturxonga taq etib qoʻyib, qoʻlini yuziga tortar ekan, xushyor kampir:
— Hoy, dovdir, choynayni sindirayozdingu! Bor, mevaladan terip ke! – deydi. Bularni oshxonadan poylashayotgan Oftobu, Nozlijonu, Qoʻzivoy piqir-piqir kulishadi. Yigitcha bir zumga alaxsib, unga uzatilgan piyolani olar ekan, hikoyasida davom etadi:
— Ana shularning urugʻlarini qidirib yuribman. Dadamning aytishlaricha shu mahallada Usmon-xoʻjami, Yunus-xoʻjami degan buvimning amakivachchalari bir payt yashar ekan. Goʻrkovdan soʻrasam sizlarning xonadoningizga joʻnatdi. «In'om-xoʻjakalarnikidan soʻrasang, shular bilishadi», - deb aytdi. Shunga sizlarni qidirib kelgan edim...

Issiqqina nonini choyga botira kavshab oʻtirgan Xachcha-bu birdaniga:
— He, Meli-qozogʻ toʻgʻri etipti, bizam peshindan keyin aynidigan xoʻjaladan boʻlovuza. Bu mahallada bizdan boshqa xoʻja yoʻgʻ, chirogʻim... – deydi.

Zumradning endigina uzilgan mevalari ham yetib keladi.
— Hoʻv, qiz oʻlmagur, ketishiyndan qaytishing tez boʻldi... Tinchliymi? San, bola, esi-xushiyni yigʻvogin-a! Mevalariyni yuvdiymi oʻzi? Bor, oshxonaynga qara, qoqilgan qoziqqa oʻxshab turma-e!

Zumrad, qizarganicha, oshxona tomon yoʻl oladi.
— Bulariyzam toza xoʻjaqizladan, ordona qosin! – deydi kampir koʻlkadek yoʻqolgan qiz ketidan.
— Demak Usmon-xoʻja yo Yunus-xoʻjaka degan odamlarni eshitmagan ekansiz-da? – deb soʻraydi yigitcha, piyolasini dasturxonga sezilar-sezilmas zarda bilan qoʻyar ekan.
— Buviyzzi otlari nimaydi didiyz? – deb soʻraydi moʻmin ovozda Xachcha-bu, ichida esa: «Bu zumrashani zardasini koʻtaramanmi hali? Sovunimga kir yuvmapti boʻ joʻjaxoʻja!» – deb oʻylaydi.
— Sharofat. Kamol-xoʻja qizi Sharofat...
— Qoplonbeydagi balniysada ishlagan Sharopatmasmi?
— Ha-da! Tanirmidingiz ularni?! - deb hayajonlanadi yigitcha.

Kampir esa yupqalashgan lablarini chimirib:
-Tanigandachi... – deydiyu, oraga ogʻir sukut tushadi.

3

Taniganda-chi! In'om-xoʻja erini buzoqdek burnidan ilashtirib ketayozgan qanjiq ana shu Sharofat boʻladi-da! Kampirning miyasiga qon urdi oʻshanda! Portladi Xachcha-buning miyasi! Yetti qavat tuproq ostidagi goʻrida yarim asr yotgan koʻlkalar sapchib qalqdi koʻz oʻngiga! Hah, biluvdiya kampir, sezgan ediya kallai sahardan: oyogʻining bodi emasdi bu, havoning ham avzoi tugul, tushi ham aytmabmidi unga bu daqiqa kelishini...

Oltmishinchi yillarning oxiri edi oʻshanda. Xadichaxon In'omjonga yangi tekkan mahali. Manavilarning otasi tugʻulib boʻluvdi oʻshanda. Ikkinchisiga homilador edi. Yangi kelinning hayoti qursin: koʻrganing – supurgiyu supra, oʻqishga qoʻyadimi qaynona: hamshiralik kurslarnni ham tashlattirdi oʻshanda In'omjon eri. Kunduzi qaynonasi qiynasa, kechasi – ishidan qaytgan eri qistayveradi. Homilasiga ham qaramaydi. Tunlari bir erining ovunchogʻi boʻladi, bir emizikli bolasini yupatadi. Uyqu yoʻq, halovat yoʻq. Ozib-toʻzib ketdi oʻshanda Xadichaxon, oʻshanda Xadichaxon Xachchaga aylandi-qoʻydi. Yuzida yuz qolmadi, badanidan soʻyagi chiqib, eti yoʻqoldi. Ana oʻshanda bularning hayotida Qora-botir kabi boʻyning uzilgur Sharofat – Sharob paydo boʻldi.

Avvaliga Xachchaning sodda eri ogʻzidan gullab qoʻydi: Qoplonbekdagi dorixonani boshqarmasmidi, nima emish, Qoplonbekdagi kasalxonaga hamshiralarning kattasi boʻlib oʻzimizning xoʻjalardan boʻlgan bir navjuvon ishga kirganmish, kasalxonada tejalgan dorilarni dorixonaga topshirib, pulini endi orada arra qilisharmish... Shuv etdi oʻshanda Xachchaning yalangʻoch, ozgan yuragi, biroq hech narsa demay, iljayib qoʻygandek boʻldi xolos.

Ertasiga yarim kechada eri yana bir bahonada ishi haqida gapiraturib: «Xoʻjalaring qiziq-ta, xotin! Anavi Sharofat deganim-chi, haligi, dori obkeladigan-chi, uni uyida hamma Sharob deyisharkan... Jinnimi bularing, sharofat qaydayu, sharob qayda...» Xachcha oʻsha tun ham oriq yelkasini qisib qoʻyaqoldi. Xullasi, nima boʻldi, Xudoning bergan tuni gap borib-borib oʻsha oʻlgur Sharofat-Sharobga taqalar, bir tuni esa saharga yaqin sut ilinjida yigʻlay boshlagan toʻngʻichi bois Xachcha uygʻonib, yonidan yoniga agʻdarilsa, unga qoʻlini qoʻyib yotgan eri uyqu aralash: «Sharob, Sharob...» – deydi... Tong otkuncha piqqillab yigʻlab chiqdi oʻshanda Xachcha. Neki qargʻishlarni bilgan esa, barini yogʻdirdi ajaling yetkur oʻsha manjalaqi Sharob boshiga. Oʻsha tun Xachcha qattiy bir reja tuzdi. Kun yarimlab qolganida doʻxtirni roʻkach qilib, emizikligini qaynonasiga tashladi-da, oʻzi koʻchada avtobusga oʻtirib Qoplonbekka bordi. Tushlikni chogʻlab borgan emasmi, orqa eshikdan hamshiralikka oʻqib yurgan chogʻlari qalligʻliq kunlari yaxshigina tanib olgan dorixonasiga kirdi-da, kiyim ishkoplarining biriga berkinib oldi.

Dorixona emasmi, ishkop ichi dim boʻlsa-da, bironta gʻuborsiz edi, terladiyu Xachcha, biroq aksurmadi, erini poyladi. Yarim soatlar oʻtar-oʻtmas tushlikdan kekirib eri kirib keldi. Xachchaning yuragi duk-duk ura boshladi. Bundan homila ham sarosimaga tushib, duk-duk qorniga tepa boshladi. U-bu odamlarning kirib-ketishiyu, shishachalarning jarang-jurungida qancha vaqt oʻtganini bilmadi Xachcha, lekin uning moʻljallagan vaqti-soati ham yetib keldi. Hovlida «Tez yordam» mashinasi toʻxtadi-da, goʻyoki kasalxona uchun dori olib ketgani kelgan hamshiralarning kattasi undan tushib keldi.
— Sharofatxon, sizmisiz? – deb oʻz nafasiga tiqildi hayajonidan In'om-xoʻja. Qadamlarini mayda-mayda sochib, xonaga bir sharpa kirib keldi. Xachchaning hayajoni ham homilasi bila birga halqumiga tiqildi...
— Sharofatxon, bormisiz oʻzi... Sogʻintirib yubordingiz-ku! – deb, oʻzining hirs nafasini yoza boshladi In'om.
— Assalomu aleykum, In'omjon-aka... – deb, nozlangandek boʻldi bu qanjiq... – Mana, aytgan dorilaringizni olib keldim...
— Bizning dorimiz boshqa, oppoq qiz... – deya, shilqimlik qila boshladi eri.
— Qoʻysangiz-chi, Inoʻmjon-aka, uyli-joyli odam boʻlsangiz...
— Siz uchun surilib turar uy-joy deganingiz, oʻldimi... – deganini biladi In'om-xoʻja, shu payt kiyim ishkopining eshigi sharaq-shuruq ochilib, ichidigi kiyimlarga alvastidek oʻralib, boʻgʻoz xotini Xachcha chiqib kelsa boʻladimi!

Yoʻq, xushidan ketib qolgani yoʻq Xachcha oʻshanda, jilla qursa anavi jalabning sochiga yopishgani yoʻq, erini ham boʻgʻmadi: xipcha belida oppoq xalatining oppoq belbogʻini oʻynab turgan anavi manjalaqining chiroyiga mahliyo boʻlib qotib qoldi. Ayniqsa malak yo shayton koʻzlariga: bir koʻrsang – umrbod unutmaysan...
— Nima qilib yuribsan bu yerda, eshshak?! – deb, doʻq urdi unga eri. Bu qoʻrs ovozdan choʻchib ketgan Xachcha oʻzining azbaroyi juldurligidan, koʻrimsizligidan, isqirtligidan nima qilarini bilmay hoʻng-hoʻng yigʻlab yubordi.

Anavi malakning qanday gʻoyib boʻlgani ham esida yoʻq, eri mashina yollab uyiga yetkazganini ham eslolmaydi, toʻkilib-toʻkilib barini qayni Babaga aytib berganini xotirlaydi xolos...

Oʻsha kechasi qayni Baba bechora Sharofatni qaerdadir poylab pichoqlab ketdiyu, shu boʻyicha Sibir boʻlib, uyiga boshqa qaytgani yoʻq...

Sharru ofat edi oʻsha xoʻja qizi Sharofat, sharofat emas, naqd sharru ofat... Tanimasinmi uni Xachcha?! Taniganda-chi!

4

— Hoʻv, tentay, san naga baqrayib qoldiyng? Koʻziyng yomon sani, koʻziyng! Teshvorguday! Immilama, bor, aravayni tort! – Zumrad yigitchaning piyolasidagi choyni yangilaganicha, buvisiga yalt etib qaraydi-da, lom-mim demasdan yana oshxona tomon joʻnaydi. U yerda shumshayib turgan Qoʻzivoy: «Ajap boʻldi, xoʻp boʻldi!» – deb opasini qarshilaydi «Etmapmidim sanga: kovushing tor boʻsa dunyoni kengliyidan ne poyda? – dip».
— Ha, choyiyzga qarang, bolam, oynaniy, sovip qomasin... Gapiyz ogʻziyzda qoldi. Nima divotuvdiyz?
— Ha, - deb talmovsiraydi yigit. – Aytmoqchi boʻlganim, Sharofat-buvimni tanirmidingiz?
— Ha-yoʻgʻ, qayogʻda... Shunchaki bir eshitudim-te...

Bu payt oshxona tarafdan qoʻzining ma’rashidek Qoʻzivoyning: «Buvi, buvi!» – degan xarxashasi keladi.
— He, buviyng oʻlip buvisiz qogina, nima tagʻin?! Tinch qoʻyasanmi oʻzi?! Yashshamagurlar, bir ogʻiz gapkayam qoʻyishmiydiya! – deb jerkiydi Xachcha-bu.
— Anuniyzzi qarang, yum-yum yigʻlavotti. Oʻzimmi oʻldiraman divotti...
— Kimakan oʻsha ordona Nurxon?! Koʻp yegan zoʻr dip, yana nima qiligʻ chiqarvotti?! – deganicha, kampir kovushini oyogʻiga ilar-ilmas, endigina yomgʻir sepib oʻtgan hovlini piltillaganicha kesib, oshxona tomon shoshadi. Yoʻl-yoʻlakay u: «Siylaganni sigir bilmasakan-te!» – deya toʻngʻillab qoʻyadi.

Gʻaroyib yigit nima qilishini bilmasdan: ketsammikan yo kutsammi, deya kalovlanib oʻtiradi.

Kampir esa tokdan tushgan bir-ikki tomchini bujmaygan yuzidan artib borar ekan: «Shu yigitchaga anavi mol Zumradimmi uzutsammikan? Hayip, opatning qoni yomon-te... Unnogʻ disam bizzi qonimiz tuzuvmi?» – deb oʻylab boradi. Tok barglari orasidan ishshaygan quyosh koʻrinar ekan: «Baloga yoʻliq, Xachcha boʻmiy... barimiz peshindan keyin ayniydigan xoʻjalamiz-te» – deb oʻzicha oʻylab qoʻyadi