OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Ahmad
Asar nomiYurakdagi ism (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Ahmad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yurakdagi ism (hikoya)
Abdulla Ahmad

Elyorga safarga joʻnashini aytishdi. Qaerga deng? Oytoʻgʻonga! U Oytoʻgʻonni esladiyu koʻz oʻngidan qadrdon qishloqning shirin-sharbatli bogʻlari, qaddi dol, uzzukun yelkasidan ketmon tushmaydigan Xonimqul ota, qalbiga bitmas armon tashlab ketgan Gulsun oʻtdi.

Oytoʻgʻon dasht bagʻridan uzilgan parcha yer. Sahro koʻksidagi bu moʻ’jaz maskan atrofga xush hidlar sochadi. Hamma Oytoʻgʻonga intiladi. Barcha unga talpinadi.

Oʻshanda Elyor institutni tugallagan yigirma uch yoshli yigit edi. Uni qurilishda iliq kutib olishdi. Rahbari toʻgʻri soʻz, dangalchi ekan. Elyor bilan koʻrishgach, jilmayib dedi:
— Bu yer shamolning uyasi, qishi oʻta ayozli. Chidolmassiz.
— Qani biroz ishlab koʻraylik-chi, — dedi Elyor odob saqlab. — Qolganini vaqt koʻrsatadi.

Elyorga chogʻroq xujra berishdi. Bu joy ham ishxona, ham boshpana. Doʻkondan sim karovat, koʻrpa-yostiq oldi. Shu taxlit choʻldagi hayoti boshlandi.

Kechki payt xonasiga bir moʻysafid bosh suqdi.

Elyor oʻrnidan turib, qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Qoʻyarda-qoʻymay karovatga oʻtqizdi. Tanishishdi. Idoraning bogʻboni moʻysafid Xonimqul ota edi.

Ertasiga Elyor ishni xiyla kech tugatdi. Qishloqni kezib, Oytoʻgʻondagi muhtasham binolarni koʻrdi. Qurilishlarning borishi bilan tanishdi. Muhandis sifatida rejalar tuzdi.

Orada qorongʻulik tushib, atrofni zim-ziyo tun qopladi. Yigit karovatga yonboshlagancha, kitob oʻqishga tutindi.

Deraza oynasini birov chertganday boʻldi. Elyor quloq tutdi. «Kim boʻlishi mumkin? Hamma ketgan. Meni yoʻqlaydigan kishim yoʻq».

Birozdan soʻng deraza yana boyagidek chertildi.

Elyor irgʻib turib, eshikka qaradi. Qaradi-yu, hayron, lol qoldi. Eshik ortida notanish qiz iymanibgina turardi.
— Assalom!

Elyor sarosima ichida qoldi. «Qorongʻu kechada bu qizgina nima qilib yuribdi? Juda yosh, koʻzga yaqin...»
— Qiziq... Ha, hmm... xizmat, — dedi yigit jur’atsizgina.
— Otam... Sizni chaqiryapti.
— Meni... meni-ya? Otangiz kim?
— Tanirsiz, Xonimqul bobo.
— Ha, boʻldi. Taniyman u kishini.

Elyor shoshib qoldi. Shundoq dilbar, nozanin qiz kech mahal uni yoʻqlab, «yuring» deb turganidan butun borligʻini allaqanday lazzatli his qamrab oldi. Otaning uyi idoraning yonboshida ekan. Atay dasturxon tuzab oʻtiribdi. Elyorni qoʻyarda-qoʻymay toʻrga oʻtqizdi. Ovqatdan keyin tayinladi:
— Bolam, bizni uy kengish. Shu yerda istiqomat qilasiz. Men — sizga ota, kampirim — ona.
— Ishim vaqti-soatsiz, sizlarni urintirib qoʻyaman, — deb uzrini aytgan boʻldi yigit.
— Borini baham koʻramiz, — e’tirozga oʻrin qoldirmay dedi qariya, — hech yerga jilmaysiz".

Xonimqul otaning bogʻiga ta’rif yoʻq. Elyor hali fusunkor bogʻni koʻrmagan.

Ota sahar turib nomoz oʻqiydi. Soʻng chelakka bogʻda toʻkilgan mevalarni bittalab teradi. Eng sarxilini tanlab, idoraga yoʻl oladi. Xonama xona kirib, ishlovchilarga meva ulashadi.

Gulsun juda sarishtali ekan. Kechki payt hammayoqni gulday qilib, soʻng Elyorning oʻrnini soladi. Kiyimlarini yuvib, dazmollaydi. Tiq etsa, yugurib chiqib, darvoza ochadi. Oytoʻgʻondagi eng sara gullardan terib, Elyorning xonasiga qoʻyadi.

Qizdagi bu aql, joziba va oʻktamlik bora-bora Elyorning koʻnglini rom eta boshladi. Uning iboli boqishlari, taqimini oʻpgan sochining mavjli toʻlgʻanishlari, ovozidagi sirli mayinlik, bari-barisi Elyorga yoqar, qizning shu hovlida borligining oʻzi qalbiga cheksiz halovat bagʻishlardi.

Allaqaysi bayram arafasi edi. Elyor xonasida oʻtirsa, salom berib, Gulsun kirib keldi. Qoʻlida ohorli koʻylak bilan doʻppi. Oʻshanda Gulsun oʻtgan bir yil davomida ilk bor qoʻl berib koʻrishdi. Elyorning qistovi bilan stolning chetiga omonatgina qoʻndi.

Hayal oʻtmay qiz chiqib ketdi. Bir payt Elyor koʻchaga otlana turib Gulsunga duch keldi. Ajabo, qizning koʻzlari jiqqa yosh, chehrasi ma’yus. Yigit qancha soʻramasin, sababini aytmadi. «Shunchaki oʻzim» deb qoʻyaqoldi. Ertasiga Elyor shaharga uch oylik oʻqishga ketdi. Oʻzi shaharda-yu, fikri-yodi Oytoʻgʻonda. Xayolidan otasiday aziz Xonimqul bobo, Gulsun nari ketmadi.

Orada Elyor Oytoʻgʻonga qoʻngʻiroq qildi. Goʻshakni Gulsun koʻtardi. Qizning mehrga yoʻgʻrilgan, biroq hazin-mung toʻla ovozi qalbini oʻrtab yubordi. Gulsunning dil tubida qandaydir achchiq alam, dard pinhonligini anglagach, aytmoqchi boʻlgan gaplarini ichiga yutdi.

Oʻqish bitgach Elyor uyga qaytdi. Kelsa eshik qulf. Hammayoq jim-jit. Yigit kalovlanib qoldi. «Ular qani? Qaerga ketishgan?»

Elyor yugurganicha qoʻshni xonadonga chiqdi. Soʻrab bilsa, Gulsun kasalxonaga tushibdi. Ahvoli ogʻir. Ota qoʻriqqa sabzi ekkan ekan. Gulsun oʻtoq qilayotsa, qoʻlini ilon chaqibdi, Ilon!

Bu gapni eshitib Elyorning eti jimirlab ketdi. Darhol kasalxonaga chopdi. Gulsun tamoman hushsiz yotardi, rangida qon yoʻq. Dokaday oppoq, Xonimqul ota bilan Lutfi buvi boshida yigʻlab oʻtirishibdi. Doktorning aytishicha, umid yoʻq. Ilon zahri qonga oʻtgan. Nari borsa, uch kunlik umri bor.

Elyor chidab turolmadi. Qoʻyarda-qoʻymay kasalni shaharga olib ketdi. U yerda bir oy davolashdi. Qiz oʻn uch kun koʻz ochmadi. Yigit mijja qoqmay yonida turdi. Bu dunyoda birov birovga nimaiki yaxshilik qilishi mumkin boʻlsa, barisini qildi. Bor mehrini, joni-jahonini qizga bagʻishladi.

Nihoyat, Gulsun koʻzini ochdi. Qovjiragan lablari bilan bir nimalar deb pichirladi. Mehr toʻla nigohini Elyordan uzmasdi.

Elyorning koʻnglida ham hislar mavj urardi: «Ey mening jonimdan ortiq mahbubam! Xudoga shukur, koʻzlaringni ochding. Bu bilan mening baxtimni, ilk sevgimni qaytarib berding. Rahmat, azizam, rahmat. Eh, koshkiydi shu damda gulday nafis, sarviday nozik qaddingni bagʻrimga bossam. Gʻuncha lablaringdan toʻyib-toʻyib oʻpsam. Seni dast koʻtarib, dunyoga jar solsam. Ey odamlar, koʻrib qoʻyinglar. Men baxtli insonman. Oʻz sevgilisiga erishgan armoni yoʻq yigitman, deya hayqirsam. Yoʻq! Iloji yoʻq! Bunday qilishga hali haqqim yoʻq!»

Gulsun tuzalib ketgach, Elyorni boshligʻi Sobir aka yoʻqlabdi. Koʻrishib hol-ahvol soʻragach, maqsadga koʻchdi:
— Oytoʻgʻonga singishib qoldingiz. Hamma bilan apoq-chapoqsiz. Endi toʻyni boshlaylik.

Elyor ne deyarini bilmay yerga qaradi. Sobir aka davom etdi:
— Kelin ham tayyor deyishyapti. Ish pishgan shekkilli.
— Mayliku-ya, — dedi Elyor ichki xoʻrsinish bilan, — ota-onam oʻtib ketishgan. Amakimning qoʻlida oʻsganman. Shunga... oldidan oʻtishim zarur. Bir kunga javob bersangiz, zip etib, borib kelardim.

Bu gap boshliqqa ham ma’qul tushdi. Toʻyni tezlatish uchun Sobir aka ertagayoq Xonimqul otaning qulogʻiga shipshitib qoʻyadigan boʻldi.

Ertasi Elyor uchib-qoʻnib qaytib kelsa, darvoza lang ochiq. Hovli kimsasiz. Ming bir xavotir bilan yuragi gurs-gurs urganicha xonasiga kirdi. Kirdiyu nogahon koʻzi stol ustida yotgan xatga tushdi.

"Elyor aka! — deb boshlanardi xat. Oʻsha oqshom sizni koʻrganimdayoq, agar mening peshonamga turmush qurish yozilganda, faqat shu yigitni tanlardim, deb dilimdan oʻtqizganman. Yashirib netay! Sizga koʻnglim bor. Buning ustiga menga qilgan yaxshiliklaringiz, ta’rifga sigʻmaydigan mehribonliklaringiz. Bularni unutib boʻlarmidi?! Elyor aka! Uyingizda choʻri boʻlib bir umr xizmatingizni qilsam ham, qarzimni uzolmayman.

Oh, netay! Odamlarday turmush qurib yasholmasam. Sanoqli umrim qoldi. Aytishlaricha, atigi uch yil. Siz uchun eng kerakligim — yuragim xasta. Tagʻin tugʻma.

Bizni qidirmang. Biz juda olislardamiz. Siz baxtli yashashga loyiqsiz. Baxtingizga zomin boʻlishni istamayman. Sizni qalbida olib ketguvchi, baxti qaro Gulsun".

Elyorning koʻzi tinib, osmon ustiga gumburlab qulaganday boʻldi. Nazarida yeru zamin chirpirab aylanardi. Boʻlayotgan voqealar oʻngimi, tushimi — anglab yetolmasdi. Hayotning bunchalik shafqatsiz, bunchalik vafosizligiga sira-sira chidolmas, sodir boʻlgan hodisalarga aqli yetmasdi.

Bir payt yoniga qarasa, Sobir aka keng kaftini yigitning yelkasiga qoʻyib, afsus bilan bosh chayqayapti.
— Shunday boʻpqoldi, inim, — dedi u boʻgʻiq bir tovushda. — Ular bir kechada koʻchib ketishdi. Hech kimga lom-mim demagan. Sababini bilolmadik. Qani, inim, bir-ikki kun toqat bilan kutib turaylik-chi, daraklari chiqib qolar.

Bu yoʻqotishdan Elyor toʻshakka mixlandi. Ishni ham qoʻydi. Keyinchalik oyoqqa turgach, Gulsunni izlab, bormagan eshigi, surishtirmagan odami qolmadi.

Shu alfozda Elyor Gulsun va uning oilasini uch yil kutdi. Uch yil yoʻllariga ilhaq, zor-intizor koʻz tutdi. Eshik tiq etsa, entikib yugurdi. Yigit boshi bilan nolavor boʻzladi. Dashtu shahardan, toʻyu azadan yorini izladi.

Osmon uzoq, yer qattiq deganlari shumikin?! Nachora, hech yerdan va hech kimdan «Ular topildi!» degan jonbaxsh sado chiqmadi. Oxiri shaharga ketdi. Taqdirga tan berib uylandi.

Bugun Oytoʻgʻonga kelarkan, qalbi larzaga tushib, shularni esladi. Xayolida yakkash bir fikr charx urardi. Jondan ortiq sevgilisi, mohiroʻy malagi Gulsunning taqdiri ne kechdi? U bilan diydor koʻrishish nasib etarmikan?

Mana, Oytoʻgʻonga ham unchalik oʻzgarmabdi. Ana, idora, ana maktab. Koʻm-koʻk bogʻ-roqqa burkangan uy-joylar chiroy ochib turibdi. Uzoq-uzoqlarga yastanib ketgan ekin dalalari yengil hovurdan jimir-jimir koʻzga tashlanadi.

Elyorning koʻzi nogoh qadrdon hovli, Gulsunlarning oʻsha shinam uy-joyiga tushdi. Yuragi orziqib, beixtiyor koʻzlariga yosh qalqdi. Qadamlar oʻz-oʻzidan oʻsha yoqqa oshiqardi.

«Yoʻq, avval idoraga kirib Sobir aka bilan soʻrashib, xizmat safarim haqida xabar beray», — deb oʻyladi Elyor, bir amallab oʻzini qoʻlga olarkan.

U idora tomon yurdi. Pishiq gʻishtdan «T« harfi shaklida qurilgan shirkat xoʻjaligi idorasida odam siyrak. Darvoza yonida direktorning »UAZ»igi va bir necha yengil ulov qantarilib turibdi.

«Xayriyat, Sobir aka shu yerda ekan», xayolidan oʻtdi yigitning.

Elyor ancha-muncha eskirib qolgan pol taxtalarini gʻijirlatib qabulxona tomon yurdi. Eshik qiya ochiq ekan. Yigit u yoq-bu yoqni sarishtalab olish uchun bir zum oyoq ildi. Shu payt ichkaridagi gap-soʻzlar beixtiyor e’tiborini tortdi.
— Kelganingiz xoʻp yaxshi boʻldi, Gulsunxon, — dedi Sobir aka (tovushi juda tanish) — Sizni biz, Elyorjon juda koʻp izladik, lekin hech daragingizni topmadik.
— Uzr, Sobir aka, shunday boʻp qoldi-da, — dedi mayingina qiz tovushi. Bu shubhasiz Gulsun edi. — Bu yerda boya aytganimdan boshqa hech qanday sabab yoʻq. Zominga, togʻalarimnikiga koʻchib ketdik. Bir professorning aytishicha, mening kasalimga togʻ qimizi davolik qilar ekan. Shuning uchun ketdik. Hech kimga xabar qilmaganimizning sababi oʻzingizga ma’lum. Birovni bezovta qilishini istamadik. Mana, Xudoga shukr, Sobir aka, yuragim tuzalib ketdi, soppa-sogʻman endi.

Sobir aka ogʻir soʻlish olib, uf tortdi.
— Koʻrib turibman, Gulsunxon, gulday ochilib ketibsiz. Lekin siz oʻz yuragingizni davoladingizu, boshqa bir insonning yuragiga tuzalmas jarohat yetkazdingiz.

Elyor yoʻlakda taxtaday qotib turar, qaytarini ham, olgʻa yurarini ham bilmasdi...