OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Ayizov
Asar nomiPolvon yigʻlagan tun (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdulla Ayizov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm63KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 4-son, 2011 yil


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Polvon yigʻlagan tun (qissa)
Abdulla Ayizov

Bugun chelaklik Qodirbek mergan toʻy boshlab yu¬bordi. Qiru adirlardan oshib uzoq-uzoqlarga ta¬ralgan karnay-surnay sadolari odamlarning xush-xandon qiy-chuviga ulanib ketdi. Bu yogʻi togʻli qish¬loqlardan, u yogʻi choʻl taraf ovullardan gurros-gurros mehmonlar, polvonlar kela boshladilar.

Toʻyxona biqinidagi bedapoyadan tortib, oʻydim- chuqur yoʻl chetlarigacha mashinalar tizim-tizim: mez¬¬¬bonlar tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar ular¬ni ziyrak qoʻriqlashadi. Axir bir kunlik toʻy oʻtadi-ketadi, ammo keyin gʻiybat koʻpayishi mumkin. «Falon qishloqdagi falonchining toʻyiga borgan edik. Tomosha ayni qizigan payt, ulovimizning zarur narsasini shilib ketibdi! Dabdabaga berilguncha mehmonlarning izzatini qil, koʻliklariga koʻz-quloq boʻl...» – qabilidagi gap-soʻzlardan ehtiyot boʻlgan ma’qul.

Qodirbek mergan davra koʻrgan odam. Toʻy oldi yaqinlarini maslahat oshiga chaqirib, har kimning kayvonichiligiga qarab xizmatlarni taqsimlab bergan. «Toʻy bir maniki emas, hammamizniki. Birga obroʻ olaylik», degan odatdagidek jiddiy bir qiyofada.

Mana, eldan chiqmay, kimgadir yaxshi, kimgadir yomon koʻrinsa-da, toʻy-ma’rakalarda bosh-qosh boʻlib yurgan Qodirbek merganning oʻzi bugun el-ulus oldidan oʻtayapti. Mahallaning yoshu qarisi xizmatga «labbay» deb turibdi. Xizmatchilarning oyogʻi olti, qoʻli yetti. Har biri oʻz vazifasini binoyigina oʻtab, toʻychining e’tiboriga tushish ishtiyoqida.

Ha, nimasini aytasiz, toʻyga nima yetsin?! O¬dam¬lar yuz-koʻzlarida tabassum. Bir-birini bagʻriga bo¬sishlar... Mehmonlarga tavoze bilan peshvoz chiqqan Qodirbek merganga kimdir oshkora, kimdir pinhona toʻyona qistirishga urinadi. Birov xizmatchi bolaga yetaklatib yuborgan qoʻziga zimdan ishora qilsa, bosh¬qasi salomlashish bahonasida toʻy sohibining kaftini mahkam qisadi.

«E, shunday kelaversangiz ham boʻlardi...» dey¬di Qodirbek mergan xijolatomuz. Toʻyonalarni mer¬ganning bodi bir bojasi labiga sigaret qistirgan koʻyi koʻk daftariga qayd etib boradi.

Darvoza qarshisidagi ariq roshini qoplaridagi narsalarni koʻz-koʻzlayotgan pistafurushlar-u, attor¬lar egallashgan...

Shodiyona shavqidan mast kishilar hash-pash degun¬cha kech tushib qolganini-da payqashmadi.

Shom. Koʻprikdan oʻtib, toʻyxona yaqiniga kelib toʻx¬tagan «Raf» mashinasi atrofini qiy-chuv koʻtargan bo¬la¬lar oʻrab olishdi.

– Ur-ra! Sardor polvon keldi-i-i!

– Kurash tomoshasi rosa qiziydigan boʻldi-da.

– Sardor polvon akamning oshnasi, armiyada birga boʻlgan...

– Bekor aytibsan, maqtanchoq, Sardor polvon akang bilan hech ham oshna emas! Ammo mening togʻam bilan Toshkentdan bitta samolyotda kelgan, bildingmi?

– Buvam aytuvdila, Sardor polvonning bizga qa¬rindoshligi borakan...

Mehmonlarni odatdagidek, nazardan qoldirmay «Xush koʻrdik!» deya peshvoz qarshilayotgan Qodirbek mer¬ganning koʻzi chiroq yorugʻida oʻzi tomon kelayotgan Sardor polvonga tushdi-yu, hovliqqanicha oldinga in¬tildi.

– E-e... marhabo, mehmonlar, marhabo!

Sardor polvon merganni quchoqlab chaqqonlik bi¬lan dast koʻtardi:

– Toʻylar muborak, akaginam...

– Qulluq, qulluq

Qodirbek mergan barcha kelganlar bilan ham iliq koʻrishib chiqdi-da, atrofga alang-jalang boqib, biqinidan shoshilib oʻtayotgan yigitni toʻxtatdi:

– Bahodir, Jarlik ogʻaynilarimizga qaragin, xoʻp¬mi, qoʻnoq Roziq chavandoznikida, bildingmi?

Yigit «Xoʻp-xoʻp» degancha Sardor polvonga boshdan oyoq razm soldi-da, qoʻl uzatdi.

– Qani, yuringlar, akalar...

Jarlik mehmonlar yoʻlchi yigit izidan uzun-qis¬qa boʻlib ergashishdi.

Joy izlayotgan mashinalarning chirogʻi koʻzlarni qa¬mashtiradi. Ular mashinalarni oralab, torgina koʻp¬rikdan oʻtishdi. Yoʻlchi yigit muyulishdagi ikki ta¬¬baqali taxta darvoza oldida toʻxtadi. Qiya ochiq eshik¬chadan bosh suqdi-da, tovush berdi:

– Kim bor?

Ichkaridan avval «Hozir...» degan sas eshitildi. Soʻng, ostonada beqasam toʻnini kiya-kiya oʻrta yoshli, miqti gavdali kishi paydo boʻldi.

– Salom alaykum, kelinglar, mehmonlar!

U tavoze qilgancha mehmonlar bilan koʻrishib chiqdi.

Soʻng chaqqongina supa chetidagi oftobani olib, tordagi sochiqni yelkasiga tashladi-da, mehmonlarning qoʻllariga suv quydi.

Polvon qulogʻigacha qizarib ketdi. Qariyaning polvonga uzatgan qoʻli havoda muallaq qoldi. Polvon kafti bilan paxta gulli piyolani toʻntarib, aylantira boshladi. Davraga jimlik choʻkdi. Otaxon «ogʻzimdan nojoʻya gap chiqmadimi ishqilib», degan oʻyda esankirab qoldi. Bir muddat oʻtgach tahorat bahonasida sekingina oʻrnidan qoʻzgʻalib tashqariga chiqib ketdi.

Xonaga gʻalati bir sukunat choʻmdi. Sardor polvonning qosh-qabogʻi osildi-qoldi. Uni koʻrib hamqishloqlar ham hayron. Koʻp oʻtmay mezbon dasturxonga shoʻrva tortdi. Mehmonlarga manzirat qildi.

– Koʻp ovora boʻlmang, aka, – deb qoʻydi kimdir, istar-istamas ogʻziga bir burda non solarkan.

– Qani, polvonlar, sizlarni davraga chaqirishyapti. Mezbon yigit shunday deya, mehmonlarning oyoq kiyimlarini oʻnglay boshladi. Polvonlar asta qoʻzgʻalishdi.

* * *

Borliqni qoplay boshlagan tun pardasining bir parchasi goʻyo Sardor polvonning koʻkrak qafasiga tushgandek. Shu topda yuragiga qil ham sigʻmaydi. «Sen jarlik Jabbor doʻxtirga quyib quygandek oʻxshaysan degan sha’malarni bolaligimda ham eshitgan edim. Yoshim ulgʻaya borgach bu soʻzni boshqa qishloqlar odamlaridan ham koʻp eshitadigan boʻldim. Tovba. Oʻz otam boʻla turib meni qayoqdagi Jabbor doʻxtirga mengzashadi-ya?! Yo... bunda biror sir bormikan? Nazarimda, anovi chol ham behuda gap boshlab qolmadi-yov... Yer yorilmadi-yu, yerga kirmadim».

Sardor polvon chuqur «uf» tortib osmonga boqdi. Samoda jimirlayotgan yulduzlar koʻzlariga tigʻ yangligʻ qadalardi.

Polvonning ra’yiga qaragan hamrohlar ham allanechuk sukut saqlab odimlashar, xuddi shu hol ham Sardorning shubhalarini battar oshirar edi.

Eh-he! Kurash maydonida tumonat odam. Elektr chiroqlari tomoshatalablarning zich davrasini arang yoritib turibdi.

Hamma hayajonda. Vaqtliroq kelib joy egallagan old qatordagilar chordona qurib olishgan. Hamishagidek, kurash ishtiyoqmandlarining barchasi, bir-birini turtib-surib davraning old tarafiga oʻtib olishga intiladi. Toʻdani yorib oʻtishning ilojini qilolmaganlar, sal imkon topildi deguncha koʻz ilinadigan joyga bosh tiqishadi.

Bakovul mikrafondan polvonlarni chorlayapti.

– Tezroq, aziz mehmonlar. Polvonlar, joylaringizni egallang. Bugun Qodirbek mergan oʻzidan kechgan. Bor-budini halol olishgan, davrani qizitgan mard polvonlarga ulashaman, deya niyat qilgan. Shuning uchun bugun esda qolarli kurash boʻladi. Qani, davrani ustozlar boshlab berishsin.

Udumga koʻra yoshligida davra koʻrgan ikki chol bel olishdi. Atrofda qiyqiriq kulgi...

– Yashang, polvonlar, kuchlaringiz teng ekan, – deya bakovul chollarni ajratib, solim oʻrnida yelkalariga toʻn tashladi.

Navbat, odatdagidek bolalarga! Oʻz nomzodlarini hozirlayotganlar bakovulning qulogʻiga shipshib, polvon yigitchalarning ismini, qaerdanligini eslatishadi. Bakovul ularni yoniga chaqirib, davraga tanishtiradi. Bellashuvlarni kuzatib, polvonlarga solim tayin etadi. Polvon yigitchalarning harakatlari, hatto ba’zilarining arazlashib, qizarishib qolishlari-da tomoshabinlarning zavqini qoʻzgʻaydi. Kurashning yozilmagan qonunlari bor. Polvonlar tarafma-taraf. Har qaysining oʻz muxlislari bor. Gʻolib polvonni joʻralari quchoqlab qutlashgan, magʻlub polvon tarafidagilar esa oriyat uchun «Oʻsha polvoning endi menga chiqsin!» degandek davra aylanadilar. Gʻolib polvon xohlasa-xohlamasa raqibining izdoshi bilan bellashadi...

Ishqibozlar katta-nomdor polvonlarni, bosh sovrin uchun bellashuvni sabrsizlik bilan kutishayapti. Oʻzlaricha bugun kim polvon boʻlishini-da bashorat qiladiganlar qancha!

Tun tevarakni tobora oʻz qora quchogʻiga tortib borardi. Davradan koʻtarilayotgan chang-gʻubordan hatto yulduzlar ham koʻrinmay qoldi. Sardor polvon hali-hanuz oʻz xayollari bilan andarmon.

«Yo... onamning hayotida biror dogʻ bormikan?! – iztirob iskanjasida oʻylardi u. – Odamlar shunchaki yuzimga aytolmay, pana-panada gap qilib yurishgandir?! Yoʻ-oʻq, buning tagiga yetmasam boʻlmaydi. Tokay bunaqa pismiqi qochirimlarni eshitib yuraman...»

Sardor polvon shunday ezgin xayollar bilan, hatto, kurash oxirlab qolganini ham sezmadi.

– Endi navbat tovoqlarga. Birinchi tovoq – bir hoʻk-kiz, bit-ta rangli televizor. Kimning yuragi chopsa marhamat...

Bakovulning tantanavor hayqirigʻidan u nogoh oʻziga keldi. Choʻchib avval tevaragiga, soʻng maydonga koʻz tashladi.

Bakovul davra oʻrtasiga tovoq keltirib qoʻydi. Sardor polvonning ezgin kayfiyatidan hamrohlari ham ezilgan. Bir gapirib oʻn kuladigan Sardor polvonni ular ilgari bu qadar tushkun ahvolda koʻrishmagan...

– Qani, polvon, tovoqni oling!

Quloqlari ostida toʻsatdan jaranglagan bu soʻz polvonni hushyor torttirdi. Atrofga nazar soldi, hammaning nigohi unga qadalgan.

Polvon bir silkinib oʻrnidan turdi. Jarliklar yuziga tabassum qalqidi. Bir-biriga mamnun-masrur koʻz tashlab olishdi. Sardor davraga tushib tovoqqa qoʻl tegizdi. Udumga koʻra tovoq ustiga qoʻyilgan patirdan sindirib ogʻziga soldi. Davra tuyqus suv quygandek sokin tortdi.

Bakovul ovozi yangradi:

– Birinchi tovoqni olgan jarlik Sardor polvonga talabgor bormi? – u bir muddat davraga koʻz yugurtirdi, hech kimdan sado chiqmadi. – Boʻlmasa sovrin Sardor polvonga beriladi. Buning qizigʻi yoʻq-da, axir. El-ulusga tomosha boʻlsin-da. Qani, polvonlar, zotga egalik qilinglar.

Bir payt dongʻi ketgan, hozir qartayib qolgan Najim polvon chelaklik polvonlarga zarda qildi:

– E, oʻrgildim gerdayib yurishlaringdan. Bizning yoshligimizda chelakliklar hamma sovringa egalik qilishardi. Bu qanday sharmandalik?! Oʻz ovulingda yurak yutib davraga chiqolmasang. Qani, Hoshim, chiq!

U nevarasi Hoshim polvonga yuzlandi:

– Bizning urugʻdan boʻlsang davraga tush. Zoʻr boʻlsa yiqitar. Yiqilganni yer koʻtaradi. Boshqa yerlik polvonlarga talabgor boʻlmasanglar Chelakning bolasi emassanlar...

Bu soʻzlar chelaklik polvonlarning oriyatini qoʻzgʻadi.

– Qani, Hoshim polvon, nima boʻlsa ham chiqing.

Bultur yozda Dehqonoboddagi bir toʻyda mana shu Sardor polvon bilan bellashgani Hoshimning xayolidan oʻtdi. Oʻshanda u Hoshimni bir qafaslik kurashdan oʻtkazmagan. Qoʻllari chayir, xuddi temir, buning ustiga balodek chaqqon. Gavdayam, gavda-da!

– Hoshim, chiqasanmi? Yo oʻzim chiqaymi? – Najim polvon betoqatlanib choponini yecha boshladi.

– Qoʻying, buva, oʻzim chiqaman.

Najim polvon betoqatlangancha davraga qadam bosdi. Bakovulni imladi...

Bakovul Sardor polvonga Hoshim polvon talabgor ekanligini davraga eshittirdi. Atrofda qiyqiriq, qarsak qoʻpdi. Orziqib kutilgani sayin polvonlarning davraga chiqishi choʻzilgandek boʻlaveradi.

Nihoyat, Sardor polvon davraga tushdi. Oʻz jamoasi tomonga qarab tavof qildi va odamlardan fotiha oldi. Koʻzlarini yerdan uzmay, qoʻllarini kindigiga bosganicha sekin davra aylandi. Hammaning nigohi Sardor polvonga qaratilgan.

Hoshim polvon jomakorining u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilagan boʻlib gʻoz yurish bilan davraga qadam bosdi. Bir muddat davra aylangan polvonlar qoʻl olishdi.

Kurash boshlandi.

Tomoshabinlarning nafasi ichiga tushgan. Ular polvonlarning har bir harakatini nigohlaridan qochirmaslikka harakat qilishadi. Sardor polvon bir joyda depsinib, raqibini oʻziga yaqin kelishga chorlaydi. Hoshim polvon esa uning tevaragida sakrab-sakrab, barmoqlarini havoda oʻynatganicha shoshtirishga urinadi. Nihoyat, Sardor polvon bir shaxd bilan raqibining belbogʻidan tutdi. Oyogʻini Hoshimning butidan oshirib, uning boldiriga mahkam ildirdi. Koʻkragi bilan orqaga sura ketdi. Hoshim polvonning oyogʻi toya boshladi. Gurs! Hoshim polvon chaqqonlik bilan yonboshga agʻdarildi.

– Hisob emas, chappa!

Hoshim polvon tura solib, raqibining yoqasiga yopishdi. Bakovul uning qoʻlini Sardor polvonning yoqasidan ajratar ekan:

– Yaxshimas, Hoshim polvon, buni kurash deydilar, mard boʻlish kerak. Hozir tagʻin bel olishasizlar. Chappa dedik-ku, axir, biroz dam olinglar, – dedi.

Koʻzlari kosasidan chiqqudek turgan Hoshim polvon orqaga burilar ekan:

– Sardor, oʻzi kimning bolasi ekanligingni bilasanmi? – dedi-yu gavdasini ikki yonga sallona tashlab chelaklik polvonlar tomon ketdi.

– Nima deding?! – Sardor polvonning soʻzi ogʻzida qoldi.

Sardor polvonning peshonasida qaynab chiqayotgandek terlar jimirladi. Shogirdlari oʻtirgʻizib yelkasiga chakmon tashlab, choy tutishdi. Polvonning gʻazabi qaynadi. Miyasida gumonlar gʻujgʻon:

«Jabbor deganlari kim oʻzi?! Buncha asabimga tegishmasa. Manovi Hoshim tirriqning pichingi ham-masidan oshib tushdi. Agar shu gaplar rost boʻlsa, unda bu davra menga begona. Polvon ota-onasining, keyin elning farzandi boʻlishi kerak!»

Sardor polvon labini tishlagancha mushtlarini qisdi. Uning vajohatini koʻrgan kishi yurak yutib bir soʻz demasdi.

Sardor polvonning xayolini bakovulning soʻzlari boʻlib yubordi:

– Qani, polvonlar, davra sovib qoldi. Dam olish ham shunchalik-da.

Sardor polvon qoʻllarini yerga tirab oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Uning vajohatini, sher kabi hamlaga hozir ekanligini koʻrib, Hoshim esankirab qoldi. Bellashmay desa, uyat. Ertaga ovuldoshlarining yuziga qanday qilib qaraydi? Bellashay desa, Sardor polvon shu tobda uni majaqlab tashlashdan ham toymaydi.

– Hoshim, chiqasanmi yo joning uzildimi? – Najim polvon uning boshida dargʻazab boʻlib turardi.

Hoshim polvon noiloj davraga tushdi. Raqibiga roʻbaroʻ keldi. Sardor polvon bir hamla bilan raqibining yoqasidan tutib oʻziga tortdi. Koʻzlar toʻqnashdi.

– Nima deding? – Sardor polvonning panjalari Hoshimning badanini teshgudek botib borardi. – Bilib qoʻy. Senga oʻxshab davrani harom qilganim yoʻq! Jomakorimni, belbogʻimni,bosib yurgan tuprogʻimni harom qilganim yoʻq... Yo pirim!!!

Sardor polvonning oʻkirigidan davra bir qalqib tushdi.

– Halol, halol!

Oyoqqa turgan ishqibozlar Sardor polvonni gʻalaba bilan olqishlashardi. Hoshim polvon anchagacha oʻziga kelolmay yotdi. Uni joʻralari oʻrab olishgan. Yuziga suv sepish bilan ovora. Sardor polvon olqishlarga ham parvo qilmadi. Yelkasiga chakmonini tashlab, sovringa ham qaramasdan asta davradan sirgʻalib chiqdi. ... Cheksiz adir. U beixtiyor boshi oqqan tomonga keta boshladi. Ancha yurib maysalar ustiga choʻkkaladi. Zavqqa toʻla davradagi olqishlar, baqir-chaqirlar elas-elas quloqqa chalinadi... Yuragi toʻlib ketdi. Qoʻllarini yuziga bosib, yigʻlab yubordi. Esini taniganidan beri ilk bora yigʻlashi edi. Qancha oʻtirganini bilmaydi. Sovuqdan junjikib oʻziga keldi. Toʻy ovozlari tingan. Ahyon-ahyonda uzoqlardan itlarning akillashi demasa, atrof jim-jit...

* * *

Rohila xola yarim tunda darvoza taqillashidan qoʻrqib ketdi. – Kim boʻldiykin ? Tuf-tuf... Yaxshilikka boʻlsin-da.

Zulfini tushirgach, ostonada jiyani Sardor polvonni koʻrib ichiga gʻulgʻula tushdi. «Tinchlikmikan, ishqilib?»

– Assalomu alaykum, xola.

– Vaalaykum. Qani-qani, Sardorjon, ichkariga kir.

Hol-ahvol soʻrashishgach, Rohila xola qiziqsindi:

– Qanday shamollar uchirdi, Sardorjon, oʻtakamni yording-ku. Namuncha yarim kechasi bezovtalanib yuribsan?! – u chiroq yorugʻida jiyanining buzuq avzoyini koʻrib dong qotgan edi.

– Oʻzim, – dedi polvon ogʻir xoʻrsinib, – tinchlik, xola. Kelganimdan maqsad, – u muddaoga oʻtdi, – bir gumon gapni aniqlamoqchiman. Faqat toʻgʻrisini ayting. Onamning, sizning opangizning hayotida biror iflos sir bormi? Jabbor deganlari kim?! Nega meni hamma oʻshanga oʻxshatishadi?

Xola jiyanini tinchlantirishga urindi:

– Bolaginam, «Astagʻfurulloh» de, tavba qil.

– Gapni aylantirmang! – gʻazab bilan devorni mushtladi polvon. – Menga ochiq, roʻy-rost ayting. Men kimning farzandiman oʻzi?!

– Bolam, qanday kunlarga qoldik-a. Bu kundan koʻra, onangdan oldinroq men oʻlib ketsam boʻlmasmidi.

Xola koʻz yoshlarini roʻmolining uchiga artdi. Lablari pirpirab, gapini yoʻqotib qoʻydi.

– Gapiring, iltimos. – Bilasanmi, Sardor... – ayol devorga qoqilgan soʻzanaga tikilib sukutga choʻmdi. Xayol uni olis-olislarga uchirib ketdi.

* * *

Tut ayni hil-hil pishib turgan paytlar edi. – Qizim, Zaynab biyingni bi-i-r siylaylik. Hovlimizdagi tutni xosiyatli deganlari degan. Duogoʻy kampir... – dedi Momoxol kashtachi qiziga.

Bu taklifdan Gulasal sevinib ketdi. U Zaynab momoni yaxshi koʻradi. Yoshligida muallimalik qilgan Zaynab momoning gurunglari biram ajoyibki, tinglagan sayin tinglaging keladi. Oqila ayol. Butun qishloqning hurmatini qozongan. Koʻchada koʻrib qolgan yoshmi-keksami, uning oldidan tavozesiz oʻtmaydi. Tut yoʻqlash bahonasida Zaynab momoning qiziqarli suhbatlarini tinglashga oshiqayotgan Gulasal oʻzini koʻz-koʻz qiladigan zumrad tutlardan atayin saralab terdi.

Bahor avji pallasiga chiqqan payt. Chor-atrof yam-yashil. Samolarni toʻldirib qaldirgʻochlar charx urishadi. Oftob tafti kishiga allanechuk xush yoqadi.

Qiz hovliga kirar-kirmas toʻlqinlanib sas berdi:

– Zaynab biyi!

– Biza buyoqqa, aylanay, – degan mayin ovoz eshitildi ayvon tarafdan.

Gulasalning koʻzi shundagina oʻsha yerdagi xontaxta yonida oʻtirgan Zaynab momo bilan notanish yigitga tushdi.

– Assalomu alaykum.

– Vaalaykum, kelaqoling, aylanay.

Zaynab momo qoʻllarini tizzalariga bosgancha oʻrnidan tura boshladi. Momoni urintirib qoʻymaslik uchun Gulasal qadamini tezlatdi.

Ular quyuq koʻrishishdi. Gulasal atlas girdixonada chordona qurib oʻtirgan, kiyinishidan, oʻzini tutishidan shaharda oʻqiydiganlarga oʻxshab ketadigan yigit tomonga ham sekingina bosh irgʻab qoʻydi.

– Yaxshimisiz? – dedi qimtinibgina notanish yigit ham.

Gulasal qoʻlidagi chinni kosani dasturxon chetiga qoʻydi.

– Onam berib yubordilar.

– Voy, baraka topinglar, aylanaylar! Ishqilib Momoxol mani esdan chiqarmaydi, Momoxol kashtachi asl ayol-da – deya qoʻshnilarini alqab momo yigitga ishora qildi. – Qani, Jabborjon, tutlardan ol. Shaharda toʻyib tut ham yeyaolmasanglar kerak. Bu tut boshqacha...

Jabbor beixtiyor qiz tomon tikilib qolardi: «Egnidagi alvon gulli koʻylagi oʻziga yarashgan, ikki oʻrim sochi taqimida talashgan, tortinchoqligi, ibo-hayosi oʻziga yarashgan bu hurliqo kim boʻldiykin?!»

Gulasal ham zimdan yigitga koʻz tashladi. Bexos koʻzlar toʻqnashdilar. Ular sarosimalanib bir-biridan nigohlarini olib qochishdi.

– Jabborjon doʻxtirlikka oʻqiydi. Har gal qishloqqa kelsa birrov koʻrib ketadi, baraka topsin, – deya jiyaniga mehr bilan tikildi momo.

Jabbor oʻngʻaysizlandi.

Qimtinibgina oʻtirgan Gulasal ijozat soʻradi:

– Endi boraqolay.

Jabborning ichida bir nima uzilgandek boʻldi. U yalt etib qizga qaradi. «Oʻtiring» demoqchi boʻldi-yu, tilini tishladi. Soʻng momo tomon iltijoli koʻz tashladi:» Ammam nima derkinlar,ishqilib qizning turishiga ijozat bermasinlar-da.»

– Gulasal qizim, ozib-yozib bir kelasan-u, olovga oʻtirgandek darrov turamanga tushasan-a? – dedi kulgiga olib kampir ham xuddi jiyanining koʻnglini uqqanday.

Gulasal qistayvergach Zaynab momo duoga qoʻl ochdi. Turshak solingan idishga likopchadagi parvardalarni agʻdardi-da, dasturxon bari bilan likopchani artib kosadagi yarimlab qolgan tutlarni soldi. «Quruq boʻlmasin» deya boʻshagan kosa ustiga non qoʻydi. Gulasal uyalganidan qizarib ketdi.

– Qoʻying, hech narsa kerakmas.

– Udum shunaqa, aylanay, Xudoyim bogʻlaringga baraka bersin, Momoxolga salom aytib qoʻy, bundoq chiqib tursin, – deya momo qoʻyarda-qoʻymay kosa bilan nonni Gulasalning qoʻyniga qistirdi. Va kuzatish uchun taraddudlandi.

– Oʻtiruvring, Zaynab biyi. Mehmonmidim kuzatib qoʻysangiz, – deya Gulasal chaqqonlik bilan supadan tushdi.

* * *

Yozgi ta’tilga kelgan nabirasini yuz-koʻzlaridan toʻyib-toʻyib oʻpar ekan, Bodom momo sevinchini sigʻdirolmay, nuqul «Xudoga shukur, xudoga shukur!» deya oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Otasi Rahmatillo mirob: – Imtihonlar qiynab qoʻyganga oʻxshaydi, oʻgʻlim, – deya Jabborga boshdan-oyoq koʻz yugurtirdi.

Oʻchoq boshida kuymalanayotgan onaizori oʻgʻliga razm solar ekan: «Bolaginamga goʻdakligidagi xastaligi baribir ta’sirini koʻrsatdi. Tengqurlaridan koʻra nimjonroq boʻlib qoldi. Harqalay kitobga berildi. a’lo baholarda oʻqib doʻxtirlikka kirdi. Qish-loqdoshlarning kasalxonaga ishi tushsa shaharda Jabborjonni izlashadi. Aytishlaricha, qoʻlidan kelgan yordamini, vaqtini ayamay doʻxtirma-doʻxtir tekshirtirarkan. Davo topib kelganlarning duosini olayapti. Xudo xohlasa zoʻr doʻxtir boʻlib keladi...» deya yutinib qoʻydi-da, ovqat suzishga hozirlik koʻra boshladi.

Jabbor tovoqdagi shirguruchni ishtaha bilan tanovul qilarkan:

– Qishloqda tagʻin yangiliklar bormi? – deya momosini gapga soldi.

– Nimayam yangilik boʻlardi, bolam...

– Toʻy-poʻylar deganday...

– Ha-ya, esimdan chiqay debdi, – deya gapga aralashdi onaizori, – Gulas bor-ku, Momoxol kashtachining qizi, oʻsha bechoraga qiyin boʻldi...

– Nega?!

– Bir ahmoqqa unashtirishgan ekan.

– Nima-a? Kimga?!

– Kimga boʻlardi, anovi qirning naryogʻidagi Pirmat birgadning oʻgʻliga. Otiyam nimaydi-ya...

Jabborning qoʻlidagi qoshiq dasturxonga tushdi.

– Keyin-chi, nima boʻldi?

– Bechora Momoxol kashtachi qishloqda bosh koʻtarolmay qoldi. Ma’rakalarda ham koʻrin-maydi boyoqish...

Jabborning yuzlari qizarib, yerga tikilib qolganini sezgan otasi bezovtalandi:

– Ol, ovqatingni ye. Ishtahang yoʻq. Yo, sanam shahardan birortasini topib olganmisan?..

Oʻgʻlining gapini Bodom momoning hazin tovushi buzdi. – Ogʻzingdagini shamol uchirsin-ey, bolam, unday dema, nevaraginam biza topgan qizni oladi. Toʻgʻrimi, Jabborjon...

* * *

Pirmat birgad «Qizingni oʻgʻlimga bersang ham berasan, bermasang ham berasan!» deb oyoq tirab olganidan Momoxol kashtachining boshi qotgan. Ukalari ham shoʻrlik ayolni oʻrtaga olishib «Pirmat birgad oʻzimizniki, jiyanimiz kelin boʻlsa shunday boyot-shoyot roʻzgʻorga kelin boʻladi-da, oʻgʻli Shomirza institutda oʻqisa, buning ustiga toparmon-tutarmon boʻlsa, Gulas noz qilmay rozi boʻlaversin» deyishgani-deyishgan. Gulasalning Pirmat birgadning oʻgʻliga koʻngli yoʻqligini birovga aytib boʻladimi? Sovchilar kelib-ketdi deguncha bechora qiz yigʻlagani-yigʻlagan:

– Oʻzim tanimagan, koʻrmagan kishiga qanday tegaman?

Momoxol kashtachi qizining gaplarini soddalikka yoʻyadi.

«Yosh-da, nimani ham tushunardi. Oʻzim ham umrimda koʻrmagan yigitga tekkanman. Xudoga shukur, kam boʻlmadim. Yoshlar asta-sekin bir-birini tushunadi. Oʻsha sevgi-da!»

Momoxol kashtachi koʻp oʻyladi. Oxiri rozi boʻldi. «Ishqilib baxtli, taxtli boʻlishsin-da!»

Xolayu ammalar, dugonalar Gulasalga «Hayotning pastu-balandi»ni bilganlaricha uqtirishdi. Gulasal onasini oʻyladi. Keyingi paytlarda kasalmand boʻlib qolgan Momoxol kashtachining orzu-havasi bor. Farzandlarini baxtli boʻlishini ich-ichidan istaydi. Gulasal onaizorini ortiqcha qiynamaslik uchun noiloj «Peshonamga shu yozilgan ekan-da», deya taqdirga tan berdi.

Gulasal bilan Shomirzani imi-jimida unashtirib qoʻyishdi. Pirmat birgad bilan Momoxol kashtachining quda boʻlayotgani qishloqqa yoyildi.

Udumga koʻra har yakshanba «kelin uchun» holva olib kelayotgan quda tomon xotinlari Shomirzani ogʻizlaridan bol tomib maqtashardi.

– Ishi boshidan oshib yotibdi. Qishloqqa kelishga hecham vaqti yetmaskan. Kelinni toʻy kuni koʻraveraman debdi uyalib, iloyo, umridan baraka topsin...

Gulasal Shomirzani xayolida tasvirlashga harakat qiladi-yu, ammo negadir hadeb koʻz oʻngida Jabbor jonlanaveradi. Bundan qiz xijolatga tushadi.

Kutilmaganda sovchi toʻyni tezlashtirishni koʻndalang qoʻydi.

Momoxol kashtachi hovliqqanicha toʻy tadorigini koʻra boshladi. Quda tomondan kelgan mahmadona juvon Gulasalni tuman markaziga olib borib bozor-u, doʻkonlarni rosa aylantirib, bosh-oyoq kiyimlardan olib berdi...

Gulasalning kundan-kun ochilib borayotgani, atrofdagilar bilan xushmuomalada boʻlayotgani Momoxol kashtachining koʻnglini koʻtaradi.

«Aytuvdim-ku, hali yosh, bora-bora tushunadi, iloyo, koʻz tegmasin, kuyovim bilan qoʻsha qarishsin...» deya ich-ichida yaxshi niyatlar tilaydi.

Indin toʻy. Bu xonadondan bir haftadirki , xeshu aqrabo, qoʻni-qoʻshnining oyogʻi uzilmaydi. Odamlar chehrasidagi quvonchni aytmaysizmi...

Gulasalning koʻzlariga uyqu ilinmaydi: bir suluv kelinchak boʻlsinki, hammaning havasi kelsin. U oq harir libosda samolarda suzadi, oppoq, momiq bulutlarni quchadi... Kelin boʻlib tushayotgan xonadonni fayzga toʻldirgisi keladi. Qaynona-qaynotasining hurmatini shunaqangi joyiga qoʻysinki, mahalla kelinlari hayron qolishsin. Uyqudan uygʻongan qaynilari, ovsinlari chinnidek supurilgan hovliga nazar tashlab «Kelinimiz qachon ulgurdiykin?» deya yoqa ushlashsin. Xoʻjayini – Shomirzani ohori toʻkilmagan liboslarda ishga kuzatib, kechqurunlari lazzatli taomlar bilan siylashi... Eh-he...

Shom payti negadir besaronjom kirib kelgan sovchi har galgidek hazil-huzulga oʻtmasdan, bezovtalanib Momoxolni soʻradi.

– Voy-boʻ, bir qizim boʻlsa olib ketasilar-da, – deya xurramona kayfiyatda ichkaridan shoshib chiqqan kashtachi sovchining oʻngʻaysiz holatini koʻrib «Tinchlikmikan ishqilib» deya toʻxtab qoldi.

Sovchi chekkaroqqa oʻtdi.

– Momoxol opa, oʻzingizga aytadigan gap chiqib qoldi.

Momoxol kashtachi hangu mang. Sovchi atrofga ola-zarak boqdi. Hamma oʻz yumushi bilan bandligiga ishonch hosil qilgach, yerga boqqanicha boʻgʻiq ovozda gap boshladi:

– Elchiga oʻlim yoʻq, deydilar. Qaydanam boshim aylanib sovchilikka rozi boʻlibman-a, opajon. Hozir oʻzimdan oʻtganni oʻzim bilaman !

– Yotigʻi bilan tushuntiring, nima gap oʻzi?

– Har gap boʻlsayam chidash mumkin, bunisiga chidab boʻlmaydi. Shomirza koʻrnamak, bir ogʻaynisidan «Manga uydagilar topgan qiz kerakmas, shaharda xotinim bor. Toʻy-poʻyga bormayman», debdi. Pirmat amakining uyida toʻy emas, aza boshlandi.

Momoxol kashtachining koʻzlari xiralashib, quloqlari tom bitdi. Qoʻl-oyoqlarida mador qolmadi.

Qishloqda gap yotmaydi. Mish-mish bolalaydi. Mish-mishlarning tagiga yetganlar yoqa ushlashdi. Inim degani kuyundi, gʻanim degani suyundi. Nima boʻlsa boʻldi, Gulasal tiriklayin oʻldi.

Oq yuvib, oq taralgan, iz tushmagan qor kabi bokira qizga ogʻiz ochib, elga ovoza aylab lafzidan qaytish, nozi bor boʻston ichra gʻunchani toptash azaldan mardning yuzi ham, soʻzi ham emas. Beti bilan keti birdan hech birov yolchimagan... Toʻy qaytdi. Begʻubor tuygʻular chilparchin boʻldi. Baxtga chang solindi. Quvonchlar yulindi.

* * *

Jabborning ichiga goʻyo choʻgʻ tushgandek. Bu choʻgʻ uning koʻnglini zarracha yoritmas, aksincha azoblardi. «Nahotki, Gulasalni badnom qilishgan?!»

Yuragini ilk bor «jiz» etkizgan betakror manzara xayolida aylangani aylangan...

Bodom momo shu kunlarda negadir oʻychan, gap-soʻzlarga zarracha hushi yoʻq, odamovi boʻlib qolgan nevarasidan xavotirda. «Nima balo, bolaginamga koʻz tegdimi? Yomon koʻzlardan Xudoning oʻzi asrasin-da ishqilib...» degan soʻzni pichirlab takrorlagani-takrorlagan.

«Momoxol opa bunchalar sodda, goʻl boʻlmasa-ya?! Yoʻq, aslida oʻzim ham pesh emas. Xayrli ishga shoshilish kerak deyishadi, men esa boʻshanglik qildim! Koʻnglimdagi gapni Gulasalga ochiq aytishga jur'atim yetmadi oʻshanda, demak, hammasiga oʻzim, oʻzimning landovurligim sabab!..» Shunday algʻov-dalgʻov xayollar qurshovida Jabbor uzoq-uzoq turib qolardi. Oʻylay-oʻylay bir koʻngli Gulasalning oʻziga uchrab uni sevishini, bir umr baxtli qila olishi uchun kurashishini dangal aytmoqchi ham boʻldi... Ming bir savol, ularga javoban fikrlar xayolida gʻujgʻon oʻynaydi.

* * *

Jabbor siqilib ketdi. U hovurini biroz boʻlsa-da tushirish va xayollarini chalgʻitish ilinjida muzdek oqar suvda choʻmilishni tusab qoldi. Shu bahonada koʻnglini ovutib, vujudini sovutib oladi... U soyning qishloq chekkasidagi sharsharadan pastroqda sokin oqar joyini moʻljallab yoʻlga tushdi. Badanlari saraton oftobida qoraygan shoʻx-shaddod bolalar qiyqirishib suvga sakrashadi. Bir-birlarini boʻktirishib yayrashadi. Qay birlari esa qirgʻoqdagi qumlarga belanishgan... Begʻubor yoshlarning xatti-harakatlari Jabborning zavqini qoʻzgʻadi. Ularga havasi keldi. Shu bolalardek paytlarida tengqurlari bilan yozda rosa miriqib choʻmilishgani yodiga tushdi... Eh-he! Kechagi damlar bugun ertakka oʻxshaydi. Jabbor beixtiyor choʻmilish niyatidan qaytdi. Uning koʻngli biroz tin oldi. Sayxonlikdagi tepalikka qarab yurdi. Bolaligidan bilgan qadim tut soyasida muk tushib atrofga nazar tashladi. Chor-atrof naqadar goʻzal! Oqsoch togʻlar qoʻl yetar yerda savlat toʻkib turgandek. Tarqoq bogʻlar va dalalar olisdan goʻyo bir joyda jamlangandek koʻrinadi. Past-baland imoratlarning tomlari tutashib ketganligidan qishloqlarni bir-biridan ajratish qiyin... Tabiat goʻzalligini oʻzligicha tasvirlab bera oladigan musavvir bormikin?!

Yuzlarini siypalab oʻtgan mayin shabada Jabborning xayolini buzdi. U soatiga qaradi. Oʻrnidan qoʻzgʻalib shimlarini qoqdi-da, sekin pastga tushib, soy yoqalab qadamini tezlatdi.

Huv, anovi koʻrinib turgan yogʻoch koʻprikka chiqib olsa u yogʻi dala yoʻli. Bir pasda uyiga yetib oladi.

– Voy, voy, shuncha oʻt turib, nihollarni chaynashiga oʻlaymi, poʻsht!

Tanish ovoz Jabborni hushyor torttirdi. U shosha-pisha ovoz kelgan tomonga yuzlandi. Biror kimsa koʻrinmaydi. Soy bilan tutzorni ajratib turuvchi doʻnglikka chiqdi. Shundoqqina tutzor yoqalab sigir va buzogʻini haydab ketayotgan qizga koʻzi tushdi. Gulli chit koʻylagi oʻziga yarashib turgan, sochlari belidan oshgan hurliqo qoʻlidagi xivichni havoga silkitgancha govmish va buzoqni oldinga yurishga undardi. Jabbor ne koʻz bilan koʻrsinki, bu – Gulasal edi. Jabborning vujudi olovlandi. U beixtiyor qiz ortidan ergashdi. Qanchalik tez odimlashga harakat qilmasin, oyoqlari oʻziga boʻysunmasdi. Boʻyniga ogʻir tosh osilgandek zoʻrgʻa qadam tashlardi.

U qizni oʻzidan yiroqlashtirib qoʻyishdan choʻchirdi. Qani edi hoziroq uzo-o-oqlarga, odamlarga koʻrinmaydigan olis manzillarga birga ketishsa... quyosh sira-sira botmasa. Nur oʻrnini soya egallamasa...

Ортида одам шарпасини пайқаган Гуласал йўловчи тезроқ ўтиб кетсин деган ниятда говмиш ва бузоқни сувлатиш баҳонасида уларни сой томон бурди. Аммо орқадан кимнингдир кузатиб, изма-из келаётганидан ичига ғулғула тушди. Қўрқа-писа ортга қаради.

«Jabbor! U bu yoqlarda nima qilib yuribdi ekan?!»

– Assalom, – Gulasal gardi roʻmolining uchini labiga qistirgancha yerga boqdi.

– Salom, Gulasal! – Jabborning ovozi oʻziga-da gʻalati eshitildi. – Yaxshimisiz?

U botinolmaygina Gulasalga bosh-oyoq razm soldi. Oʻrtaga noqulay jimlik indi.

– Bu yoqlarga qanday shamol uchirdi? – dedi Gulasal mayin bir ovozda.

Bu soʻzlar Jabborning qalbini yoritib yubordi.

– Oʻzim. Bir aylanib deganday. Qishlogʻimizni rosa sogʻingan ekanman.

– Oʻqishlar tugadimi?

– Hozir ta’tildaman...

Gulasal bilan boʻlgan tasodifiy uchrashuv Jabborni esankiratib qoʻydi. Uning paydar-pay soʻzlari, Gulasalning atrofga olazarak boqishlari, yarim-yorti savollariyu, qisqa javoblar yomgʻirdan oldin yashin chaqnagandek bir lahzada oʻtdi.

– Uyimizga yaqinlashdik. Bogʻkoʻcha tomondan ketaman.

Gulasalning gapi, «Ortimdan ergashmang, naq baloga qolaman-a!» degan ma’noni anglatdi. Jabborning ichida nimadir uzilgandek boʻldi. U darhol oʻzini qoʻlga oldi.

– Gulasal, bir gap aytsam, maylimi?

Gulasal dovdirab qadamini tezlatdi.

– Gulasal!

– Jabbor aka, iltimos, meni tinch qoʻying.

– Gulasal, ertaga ham sigirlarni oʻtlatgani olib chiqasizmi ?

Gulasal «ha» degandek bosh irgʻadi.

– Boʻlmasa, ertaga, xuddi shu paytda yoningizga boraman... Jabborning gapi ogʻzida qoldi. Gulasal tez-tez yurib pastqam devorlar ortiga oʻtib ketdi. Yigit undan sira koʻz uzmasdi.

* * *

Ha, ertasi kuni uchrashdilar. Asta-sekin gap-gapga ulanib. ular oʻrtasida iliqlik paydo boʻldi. Ular tez-tez uchrashadigan boʻlib qolishdi... Sersoya gujum ostidagi soʻrida mizgʻib olgan Jabbor koʻzlarini ishqalab atrofga boqdi. Quyosh qibla tarafga oqqan. U hovli oʻrtasidan oʻtgan ariqchada jildirab oqayotgan suvga yuzlarini chaydi. Muzdek suv karaxtligini tarqatdi. Nimadir esiga tushdi. Shosha-pisha oyogʻiga shippakni ildirdi-da, darvoza tomon yoʻnaldi.

Onasining: – Qayoqqa shoshilasan? Har kuni ham shu ahvol boʻlarmi? – degan savoli javobsiz qoldi.

* * *

«Qiziq, Nega Jabborga oʻrganib qoldim. Qani edi uzoq gaplashib oʻtirsak. Birov xalaqit bermasa. Soʻzlari biram ma’noliki... Oldinlari nega bilmagan ekanman? Yo, asl sevgi deganlari shumikan? Yoʻgʻ-e... Unday boʻlsa nega koʻrgim kelaveradi?» – Gulasal, kechikmadimmi, ishqilib.

Bexosdan quloqlari ostida jaranglagan tanish ovoz Gulasalning xayollarini toʻzitib yubordi. U yonoqlaridagi yosh tomchilarini kafti bilan sidirdi. Qarshisida Jabbor tabassum bilan tikilib turardi. Jabborning qiyofasi jiddiy tus oldi.

– Yigʻladingizmi? Nimadan xafasiz? – deya tashvishlanib atrofga nazar tashladi Jabbor.

– Shunchaki, oʻzim... – dedi Gulasal yuzini chetga burib.

U qoʻlidagi xivichni serpab govmish va buzoqni yoʻl tomon hayday boshladi.

Hamishagidek tutzor yoqalab ohista yura boshlashdi. Orada jimlik hukmron.

– Gulasal, hadeb siqilavermang. Bunaqada sogʻligʻingizdan ajralib qolasiz-ku...

– E, nima boʻlsa boʻlar. Men uchun... hayotning qizigʻi qolmadi hisob.

– Unday demang, hali hammasi yaxshi boʻladi. Odam orzular bilan yashashi kerak, deyishadi-ku...

– Qanaqa orzu?! Mening orzularim suvlarga choʻkib ketgandek...

– Gulasal, yaxshi gaplardan gaplashaylik. Ta’tilim ham tugay deb qoldi...

Gulasal boshidan sovuq suv quyilgandek seskanib ketdi. Noyob narsasini yoʻqotib qoʻyishdan hadiksirayotgandek beixtiyor Jabborning qoʻlidan tutdi.

– Rostdanmi? Nega buncha tez...

– Oldinlari ta’til rosa choʻzilgandek boʻlardi. Endi esa...

– Oʻqishga ketsangiz... men... yolgʻiz... qolarkanman-da.

– Yolgʻiz qolmaysiz.

– Nega, nega bunday deyapsiz?

Orada yana jimlik.

– Uyimizga yaqinlashdik.

Qiz har galgidek uchrashuv onlari yakuniga yetganligini eslatdi.

– Gulasal, menga qarang...

Qarshisidagi nozik vujudning lov-lov yonoqlariyu ma’yus koʻzlariga tikilib qolgan Jabbor tutila-tutila:

– Bir gap aytsam, maylimi? – dedi yalingansimon ohangda.

– Mayli, Jabbor aka, mayli.

– Nima deb oʻylasangiz oʻylang. Gapning dangali, sizni sevaman. Agar...

– Yoʻq! – qiz tisarilib, boshini sarak-sarak qildi. – Bu gaplarni qoʻying, sizga toʻgʻri kelmayman.

– Rozi boʻlsangiz, sizga uylanmoqchiman...

– Nima?! – Gulasal dovdirab qoldi. – Oʻylamay gapirmang, iltimos.

– Oʻylab koʻrdim, Gulasal, siz mening baxtimsiz! Faqat birga turmush qurishimizga koʻnsangiz boʻlgani...

– Axir, men, men...

– Nima men?

– Men, – Gulasal uf tortgancha yuzini kaftlari orasiga oldi. – Men nomi bulgʻangan, betiga qora chaplangan badbaxtman...

– Unday demang. Ismingizni qarang: GULASAL.

– Gulasal! – Qiz yigʻlamoqdan oʻzini tiyib, oʻpkasi toʻlgan holda boshini xam qildi. – Ismimni qoʻyishganda adashishganmi, deyman. Gulasal emish. Erta xazon boʻlgan gul, ogʻuga aylangan asal kimga ham kerak?

– Unday demang, Siz gullarning sarasi, asalisiz...

– Keyin-chi?! – Keyin... Baxtli boʻlishga haqlisiz.

* * *

Ota-onasi gapni bir joyga qoʻyishgan shekilli, erta-indin shaharga joʻnashga hozirlik koʻrayotgan Jabborni oʻrtaga olishdi. – Oʻgʻlim, keyingi paytda sani topib boʻlmayapti. Bi-ir gaplashib olishimiz kerak.

– Nimani?

– Ana xolos, nimani boʻlardi, bittasi, oʻzim aytishga uyalaman, otam indamasa dardimni kimga aytay, degan ekan. Sanam ichimdagini top deb yuraverasanmi?

– Tushuntiribroq gapiring, ota...

– Nimani tushunmaysan, bolaginam, – koʻrpa qavib oʻtirgan onaizor gapga aralashdi, – Endi bolaliging qolmadi. Hademay oʻqishni ham bitirasan. San tengilarning koʻpchiligi bola-chaqali ham boʻlishdi.

– Endi tushungandirsan, oʻgʻlim. – Jabborga yuzlandi Rahmatilla mirob – Kuchimiz borida boshingni ikkita qilib qoʻyaqolaylik deymiz-da.

Jabbor qizardi.

– Hali yoshman, – dedi ovozi chiqar-chiqmas.

– Yosh emishlar, – kesatdi Rahmatilla mirob. – Oʻgʻlimiz xayol surishlaridan shahardan birorta kultirniysini topganga oʻxshaydilar...

– Namuncha bolaginamni ezasizlar. – Bodom momo nevarasining yonini olishga oʻtdi. – Nasib qilgani boʻladi-da.

Dasturxon atrofida toʻplanildi deguncha ahvol shu. Mavzu bitta: Jabborning boshini qovushtirish.

Bugun ham kechki ovqat tanovul qilinar-qilinmas otasi gapni aylantirib, tagʻin Jabborni uylantirish mavzusiga koʻchdi.

– Endi nozlanmay aytarsan. Koʻz ostingda olib yurganing bormi yo oʻzimizga ma’quliga non sindirib qoʻyaqolaylikmi?

Jabbor soʻz aytishga botinolmaydi. Yer chizgancha jim.

– Ogʻzingga talqon solganmisan. Gapir. Boʻlmasa aytganimizga koʻnasan! – Gapni koʻndalang qoʻydi Rahmatilla mirob.

– Mayli, aytaman.

Jabborning «tili chiqqanidan» quvongan ota-ona zimdan koʻz urishtirib olishdi.

– Xoʻsh, kim ekan oʻsha... nomzod ?

Ota-onasining koʻzlaridan koʻzlarini olib qochib yerga boqqancha oʻyga botgan Jabbor noiloj yorildi:

– Gulasal.

– Qaysi Gulasal?

– Kimning qizi ekan?

– Bor-ku, anovi, Momoxol kashtachining...

Oʻrtada ogʻir jimlik choʻkdi.

– Yana qaytar, qaysi Gulasal?! – Rahmatilla mirob koʻzlari kosasidan chiqqudek boʻlib oʻgʻliga tikildi.

– Yo tovba! Momoxol kashtachining qizi?! – ovozi qaltiragan onaizori ajablanib bir oʻgʻliga, bir eriga yuzlandi

– Astagʻfurulloh, de bolam, – xasta ovozda pichirlagan Bodom momo battar mungʻayib qoldi.

Rahmatilla mirob «shap» etkazib xontaxtani urdi-da, xotiniga yuzlandi:

– Ana san tarbiya bergan arzanda! U qulogʻi bilan ham, bu qulogʻi bilan ham eshitib qoʻysin, biz unaqa oti chiqqan qizni kelin qilolmaymiz.

U oʻrnidan dast turib soʻridan tushar ekan, munkib ketdi. Jabborning onasi yigʻiga zoʻr berdi:

– Oʻylab gapirdingmi, bolam. Bunaqada bizlarni sharmisor qilasan-ku?! Hovlida sukunat choʻkdi. Koʻngilsizliklarni yashirmoqchi boʻlgandek qalin tun pardasi borliqni qoplay boshladi.

* * *

Oʻqishlar boshlandi. Yozda huvillab qolgan institut hududi ta’tildan qaytgan talaba yigit-qizlarning shoʻx-shodon kulgilari, hazil-mutoyibalariga toʻldi. Jabborga hech narsa tatimaydi. Gap-soʻzlarga hushi yoʻq. Mashgʻulotlarga noilojdan, yoqar-yoqmas qatnaydi. Uning parishonxotirligi, qovogʻi soliqligiga ilk marta duch kelgan kursdoshlari taajjubda. Yaqin joʻralari xavotirda: «Oilasida tinchlikmikin?! Biror kor-hol boʻldimi yo tobi qochganmi?!« Savollar javob izlaydi. Aytarli gap topilmaydi...

* * *

Gap shamol tezligida qishloqqa yoyildi: Momoxol kashtachining katta qizi qochibdi! – Qayoqqa qochibdi?! Kim bilan qochibdi?!

Hech kim anigʻini aytolmaydi.

– Rahmatilla mirobning doʻxtirlikka oʻqiydigan oʻgʻli olib qochgan boʻlsa kerag-ov... – deydi kimdir shivirlab.

– Nega aynan oʻshandan gumon qilishayapti?

– Shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Yozda ikkovi gaplashib turganini koʻrganlar bor. Elning ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Mehmondorchilikda, sartaroshxonada, tegirmonda, choyxonada... Uch-toʻrt kishi toʻplandi deguncha shu gurung: «Gulasal qochibdi!».

* * *

Paxta terimidan har kuni vaqtliroq uyiga qaytishga odatlangan Gulasal bugun negadir hayalladi. Qorongʻu aralash hovliga kirgan Rohila onasining yuzidagi xavotirni sezib: – Opam haliyam kelmadimi, hammadan oldin paxtasini topshirib uyga joʻnagandi-ku, – deya xonalarni, bogʻ tarafni koʻzdan kechira boshladi. – Hech qaerda yoʻq.

– Tobi qochmaganmidi, ishqilib. San qiz bundoq opam bor deb oʻylamaysanam. Birga borib, birga kelsanglar boʻlmasmidi, – deya koʻylagi bari bilan koʻz yoshlarini artdi Momoxol kashtachi.

«Ana kelar, mana kelar» deya ona-bola Gulasalni kuta-kuta tong ottirishdi. Rohila azonda qoʻni-qoʻshnilarnikiga, qarindoshlarnikiga chiqib keldi. Hech yerda qorasi koʻrinmaydi! Rohilaning darvozadan mungʻayib koʻzida yosh bilan kirib kelishi Momoxol kashtachining ichiga gʻulgʻula soldi. Bir joyda oʻtirolmaydi. Olov ichida qolgandek jizgʻanak boʻladi. U koʻrpa-toʻshak qilib yotib qoldi.

– Peshonamga bu isnod ham yozilganmidi?! – deya oq yuvib, oq taragan qizini, uni yoʻldan urganlarni qargʻagani-qargʻagan.

– Unday demang, egachi. Hozir sevgani bilan qochish ayb boʻlmay qoldi. Hali yarashib ham olasizlar. Tovba deng-da, qizingizga baxt tilang, – deya Momoxol kashtachini yupatishadi ba’zi bir koʻngilchan ayollar. Momoxol kashtachining Gulasalga togʻa boʻlmish aka-ukalari gʻazabga toʻlishdi. Nailoj! Osmon yiroq, yer qattiq. Shaytonga hay berishdi. Ichdagi gapni tilga chiqarishmadi. Jigarlarini ayashdi.

* * *

Va’dalashib, gapni bir joyga qoʻygan Jabbor Gulasalni kuttirib qoʻymadi. Kelishilgan vaqtda qishloq chetidagi keksalarning aytishicha bir paytlari tegirmon boʻlgan nuray-nuray deb turgan chor devor yonida uchrashishdi. Reja naqadar qaltis ekanligini his etishsa-da, shundan boʻlak oʻzga chora ikki yoshni birlashtira olmasligidan hayiqishardi. Bundan boshqa imkon izlash kaftingda qoʻnay-qoʻnay deb turgan baxt qushini uchirib yuborish va umrbod unga duch kelmaslikdan boshqa narsa emas... Jabbor kira qilgan yengil mashina oʻydim-chuqur yoʻllardan chiqib olgach, keng asfalʼtda shamoldek yeldi.

* * *

– Kelganimizga ham bir haftadan oshdi. Endi ishga chiqsam... – Meni hech narsaga aqli yetmaydi, deb oʻylaysizmi? Sizni oʻqiydi desam oʻqishga bormayapsiz, tagʻin ishga chiqsam deysiz, – Jabborning gapini boʻldi Gulasal.

Juftining soddaligidan Jabborning kulgisi qistadi.

– Hozir amaliyotdamiz. Viloyat kasalxonasida tajriba oshirayapmiz. Ustozdan bir haftaga ruxsat olgan edim.

– Shunday demaysizmi? Oʻqimagan boʻlsam, qayoqdanam tushunaman.

Uyqu aralash koʻzlarini arang ochgan Jabbor erinibgina oʻrnidan turdi. Yuvinib olgach shosha-pisha nonushta qilishga ulgurdi-da, hovliga chiqib xonadon bekasi, koʻrinishidan oltmishlardan oshgan, shohi roʻmoli oʻziga yarashib turgan, istarasi issiq onaxonni boshlab xonasiga boshladi.

– Xolajon, endi keliningizga koʻz-quloq boʻlib turasiz. Tagʻin qochib ketmasin, – deya gapni hazilga burdi Jabbor.

– Mayli, oʻgʻlim, oʻqishdan qolma. Kelinim bilan chaqchaqlashib oʻtiramiz. Qorongʻuda qolib yurma, ertaroq kel, kuttirib qoʻyma.

– Xoʻp, yaxshi qolinglar.

Jabbor ostona hatladi.

Ular ijarada turadigan bolaxonali hovli tor boʻlsa-da, qandaydir fayzli, hammayoq orasta. Darvozadan kiraverishdagi oʻng tomondagi keng xona ularga berilgan.

«Shaharliklarga mazza,. Chiroq oʻchmasa, gaz balonni oʻylashmasa, ichimlik suvini aytmasa ham boʻladi» – oʻyladi ichida Gulasal.

– Xolajon, biror yumush boʻlsa tortinmasdan aytavering.

– Voy kelinjon-ey, bu yerda nima ham ish boʻlardi. Jabborjon keladigan paytda ovqatga unnamasak boshqa qiladigan yumushimiz yoʻq hisobi. Gulasal Jabbor uyda boʻlmagan paytlarda xonalarni, hovlini tartibga keltiradi-da, xola bilan suhbatlashishga oʻtiradi. Bu farishtadekkina onaxonning ichi toʻla gap.

* * *

Kichik chilla ortda qolgan boʻlsa-da, kuyov-kelin xavotirda. – Shu ishimiz toʻgʻrimi, Jabbor aka.?

– Meni ham shu savol qiynaydi, – Gulasalning soʻzini kesdi Jabbor, – oʻylab oʻyimga yetolmayman. Bundan boshqa choramiz yoʻq edi-da. Endi bu gaplarni qoʻying. Hammasini xayoldan chiqaraylik. Yaqinda qishloqqa boramiz. Ota-onamizdan uzr soʻraymiz. Ularga tushuntiramiz, koʻndiramiz.

– Odamlarning gap-soʻzlari-chi? – Ularga parvo qilmang. Buni qismat deydilar...

* * *

Jabborning qorongʻu tushmasdanoq hovliqqanicha darvozadan kirib kelishiga oʻrganib qolgan Gulasal xavotirda. Bugun negadir Jabbor hayallab qoldi. Koʻcha eshikka tikilaverib Gulasalning koʻzlari toliqdi. Xolaning qalbini xavotirlik egallagan boʻlsa-da, Gulasalni yupatishga urinadi. – Hoynahoy, birorta kasalning aperasiyasiga qatnashayotgandir Jabborjon. Qoʻli yengil doʻxtir-da, bolaginam. Hali zamon kelib qoladi. Televizor koʻrib oʻtiraylik, kelinjon.

Ekranda nima koʻrinayapti, nima haqida soʻz borayapti, sezilmaydi. Yurak gʻashligidan koʻzlar koʻr, quloqlar kar.

Jabborni kuta-kuta Gulasalning koʻzi ilindi.

Bu nima, tushmi yo...

Ust-boshi oppoq matoga oʻralgan Jabbor yon atrofi sharshara daryo ustida zambilga oʻxshash yogʻoch koʻprik ustida turibdi. Chehrasi shunday yorishib ketganki...

– Men uyimga ketama-a-an! – deya baqiradi qulochlarini yoyib...

Qoʻllarini silkitgancha oʻzi tomon yugurgan Gulasalga «Yaqinlashma» deya imo qiladi va qoʻllari bilan toʻgʻrini koʻrsatadi. Gulasal Jabbor koʻrsatgan tarafga boqadi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, shundoqqina oyoqlari ostida qishlogʻi yastanib yotibdi. Qishloq chetidagi bir paytlari eski tegirmon oʻrnatilgan, nuray-nuray deb turgan chor devorga suyanganicha onaizori – Momoxol kashtachi qizini imlayapti. Gulasal «Onamning oldiga boraymi?» – degandek Jabborga yuzlanmoqchi boʻlib ortga oʻgiriladi. Jabbor joyida yoʻq. Gulasal atrofga boqadi. Jabbor oppoq bulutlar ogʻushida samoga suzib borardi...

– A-a-a!! – Gulasal choʻchib uygʻondi. Koʻrgan tushidan qoʻrqib qaltiray boshladi.

– Kelinjon, alahsiramang, qoʻrqmang.

Xola Gulasalni tinchlantira boshladi.

– Jabbor aka!

Gulasal hoʻngrab yubordi. Tong otishi shunchalar choʻzildiki... «Nega bunday tush koʻrdim, yo Jabbor akamni oʻylab yotganim uchunmi?»

Xola bilan Gulasal mijja qoqishmadi. Mashinalarning chinqirigʻi shaharni uygʻotib yubordi. Choshgoh boʻldi hamki Jabbordan darak yoʻq. Gulasalning yuragiga qil sigʻmaydi. Yomon xayollar uni qaylarga olib bormadi...

Qoʻngʻiroq ovozini eshitishi bilan Gulasal koʻcha eshikka otildi.

– Eshik bekik qolganmidi?

Xolaning gapi ogʻzida qoldi. Ostonada mundirli yigitni koʻrib oyogʻidan darmon ketdi. Gulasal ham hang-mang, taxtaday qotib qoldi.

– Jabbor Rahmatillaev shu yerda turarkan, toʻgʻrimi, xolajon. Oʻzingiz tushunasiz, taqdirdan qochib qutulib boʻlmaydi. Umri qisqa ekan... Xola shilq etib oʻtirib qoldi. Koʻzlari nursizlana bordi. Mundirli xodim uzoqlasha bordi.

* * *

Shumxabar tezda tarqaldi. Jabborning bevaqt oʻlimini eshitganlar bir qalqib tushishdi. Ishonish qiyin! – Axir kechagina biz bilan operatsiyaga qatnashgandi-ya ?!

– Yaqindagina diplom ishimni oʻqib maslahatlarini bergan edi-ku?!

– Kechqurun choʻmilishga borgan emish...

– Oʻzini suvga tashlaganmish...

Jabborni yaqindan bilganlar uning odamiyligi, samimiy va sadoqatli doʻst ekanligini bir-birlariga soʻzlaydilar.

Nihoyat, markaziy gazetalardan birida chop etilgan «Xaloskor« sarlavhali maqola mish-mishlarga yakun yasadi: «...Tabiatan odamlarga ezgulik ulashish niyatida boʻlgan, shu bois shifokorlik kasbini tanlagan Jabbor Rahmatillaev viloyat kasalxonasida amaliyotni oʻtab, ishdan soʻng anhor boʻylab uyiga yoʻl oldi. Bexosdan uning qulogʻiga ayol kishining «Bolam choʻkayapti, yordam bering-lar!» degan baqirigʻi eshitildi. Jabbor vaqtni boy bermasdan yordamga yugurdi. Suv yuzida bir koʻrinib, bir koʻrinmay qalqib borayotgan bolakayni koʻrib hech ikkilanmay ust-boshi bilan oʻzini anhorga tashladi. Suvga shoʻngʻib epchillik bilan bolakayni yelkasiga oldi. Qiyinchilik bilan boʻlsa-da, qirgʻoqqacha suzib keldi. Ayol bolakayni qoʻllaridan tortib qirgʻoqqa oldi. Jon holatda Jabborga yordam bermoqchi boʻldi. Afsuski, buning iloji boʻlmadi. Jabbor suv ostida koʻrinmay qoldi. Aniqlanishicha Jabborning toʻpigʻi suv ostida yotgan simga ilashib qolgan ekan. Xaloskor inson Jabbor Rahmatillaev umrining soʻnggi lahzasida ham odamlarga yaxshilik qilish maqsadida jasorat koʻrsatdi...»

* * *

Qiyin boʻldi, Gulasalga qiyin boʻldi. Bechoraning boshiga osmon quladi. Mudhish xabarni eshitgan Gulasalning togʻalari jiyanini qidirishga tushishdi. Talabalardan soʻrab-surishtirib u yashab turgan uyni topishdi.

Shunday ham oʻlimiga rozi boʻlib turgan xolaga ham, sochlari toʻzgʻib telbavor boʻlib qolgan Gulasalga ham lom-mim deyishmadi.

Gulasal itoatkorona mashinaga oʻtirdi. Qishloqqa qaytishdi. Momoxol kashtachining hovlisi zimistonni eslatardi. Hech kimning kayfiyati yoʻq.

– Kun bitgandan keyin bir sabab boʻlarkan-da. Jabborning oʻlimiga hech kim aybdor emas...

– Endi oʻzingni qoʻlga ol, onangni ham oʻyla. Umridan qancha kun bor-yoʻqligini Xudo biladi. Xeshu aqrabolar oʻzaro kengashib Momoxol kashtachining koʻzi ochiqligida Gulasalni turmushga berish uchun gapni bir joyga qoʻyishdi. Gulasal qarshilik koʻrsatmadi. Biladi. Endi bu dunyoda uning qalb soʻzlariga quloq tutadigan mard qolmadi.

* * *

Oʻn gulidan bir guli ochilmagan Gulasalning peshonasiga yoshi oʻtinqiragan boʻlsa-da, qishloqning toʻy-hashamlarida hammollik qilib yuradigan Mardiqul bilan turmush qurish qismati yozilgan ekan. Mardiqul deganlari amakisining mollarini boqib voyaga yetdi. Maktabni yonidan ham oʻtmagan savodsiz, odamovi, mehnatdan boʻyin tovlamaydigan, beozor kishi. Oldingi turmushidan ajralishiga farzandsizlik sabab boʻlgan, deyishadi. Gulasal Mardiqulning hurmatini joyiga qoʻydi. Ust-boshi vaqtida yuvib tozalangan, istagan paytida choy-ovqati muhayyo. Mardiqul «Boriga shukr!» deb qoʻyadi har zamonda. Gulasalning qistovi bilan u har kimning eshigiga yugurdaklik qilavermasdan dala qorovulligiga oʻtdi. Toʻriq qashqani minib gʻallazorlarni aylangani- aylangan. Qorovullik orqasidan roʻzgʻor birnavi oʻtib turibdi. Oʻroq xurjundan tushmaydi. Mollarning yemishi daladan.

* * *

– Mardiboy oʻgʻilli boʻlibdi! Mardiboyning ogʻzi qulogʻida. Xurjunni qand-qurs, meva-chevaga toʻldirib, qoʻltigʻiga «obi zam-zam» dan qistirib, tanish brigadirlaru, miroblarga rosa haq berdi oʻziyam. Farzandli boʻlsa-da, Gulasalning koʻngli yorishmadi. Mardiboyning gʻururlanib yurishini koʻrib, unga rahmi keladi. «Bechora, qaydan bilsin, hali yotigʻi bilan tushuntirarman», oʻz-oʻziga pichirladi Gulasal.

* * *

Gulasalning oʻgʻli Sardor tetapoya boʻla boshlagach yuz-koʻzlari, qoshlari Jabbor doʻxtirni eslatardi. Unga qarab Gulasal na quvonishni, na oʻkinishni bilardi. Ich-ichidan eziladi. Uni kim ham tushunardi?! – He, enagʻar! Bola mendan deb yursam...

Shu paytgacha Gulasalga ovozini balandlatib soʻz qotmagan Mardiqul uzangidan oyogʻini olar-olmas soʻkina boshladi. U oyoqda zoʻrgʻa turardi. Gulasal Mardiqulning ahvolini tushunadi. Ursayam, soʻksayam Mardiqul haq.

Supadagi koʻrpachada uxlab qolgan Mardiqul xurrak ota boshladi. Gulasal uni sekin yonboshga agʻdardi.

– Tura qoling, shomda uxlasa yomon boʻladi deyishadi, hali zamon ovqatni suzaman.

Mardiqul anchagacha turishga erindi. Boshi gʻuvillaydi. Chakagiga kaftlarini bosdi.

– Boshim larsillab ogʻriyapti.

– Aroq oʻlgurni ichgandan keyin shu-da. Kimning shoxi chiqibdi. Shu savilni ichmayman desangiz ogʻzingizdan quyishmas.

– Ha, endi joʻralarni bilasan-ku.

– Joʻralaringiz joʻra emas, dushman. Sizga aroq ichirishib kalaka qiladigan maynavozlar.

Mardiqul oʻyga toldi. Xotini haq. Toʻgʻri-da, qachon qarasam ichirib gapga solishadi. «Oʻgʻling oʻzingga tortganmi» deya asabiga tegishadi.

«Gulasalning bir oyga yaqin Jabbor bilan yashaganini qishloqda koʻpchilik biladi-ku. Oʻzim ham bilib turib unga uylandim. Sardor tugʻilgach, keyinroq Gulasal ochigʻini aytdi-ku?! Farzandimizni birga voyaga yetkazamiz. Kim nima desa desin, ogʻziga kuchi yetmaganlarning gapiga achchiqlanmang. Xohlamasangiz bolamni olib, bosh olib ketaman, dedi-ku?!«

Oʻshanda Gulasalning yigʻlamsirab, toʻlib-toshib aytgan soʻzlari Mardiqulning yurak-bagʻrini ezib yuborgandi.

– Mayli, xotin, sen aytgancha boʻla qolsin, faqat ketma. Sardorni oʻz bolamdek koʻraman, ishon.

Ular bu mavzuda boshqa ogʻiz ochmaslikka axd qilishgandi.

Bugun esa...

Kechki ovqatdan soʻng Gulasal:

– Darvozadan soʻkinib kirdingiz, – deya diydiyoga oʻtdi.

Mardiqul soʻkinganini eslab koʻzlarini olib qochdi.

– Shunga xafa boʻlasanmi, hammasi aroqning gardanida.

– Men bolamni oʻksitib qoʻymayman degandim-ku.

– Obbo, yana diydiyomi?

– Diydiyomas, chin soʻzim.

Oraga jimlik choʻkdi.

– Sizni oʻsha joʻralaringizdan kuchli deb bilardim. Achchigʻingizni aroqdan olmang-da. Totuv yashaylik desangiz ichkilikni yigʻishtiring. Sardor sizni otam deyapti. Agar otasi yoʻqligini bilsa bola eziladi, bildingizmi?! Men buni aslo istamayman. Kezi kelsa esini tanigach, hammasini aytib berarman...

Mardiqul talmovsirab qoldi. Oy yorugʻida Sardorning koʻzlariga tikildi, – Barvaqt uxlab qolibdi-ku, tuzukroq ovqatlanganmidi ishqilib. Hali koʻrasan, Sardor polvon boʻladi.

* * *

Sardor polvon tuni bilan toʻlgʻonib chiqdi. Xolasining oʻzi istamagan holda Gulasal opasining ayanchli qismatini oʻksib-oʻksib aytgan soʻzlari kinotasmalaridek xayolidan takror va takror oʻtar ekan, chap koʻksi sanchilardi. U ayqash-uyqash oʻylar girdobida qoldi:

«Nahotki nikohsiz tugʻilgan bolaman?! Axir, bu bir umrlik isnod-ku?! Quloqqa haqoratdan-da ogʻir eshitiladi... Odamzot koʻtara olmaydi bu tavqi la’natni! Eh, Sardor, Sardor... Peshonang buncha shoʻr boʻlmasa?! ULARning aybi boshingga malomatlar yogʻdirdi-ya? Aslida ULAR ham aybdor emasdek... Oʻzlari qil ustida turganda nikoh eslariga tusharmidi? NIKOH... Bunchalar qadrli, bunchalar poklikka da’vatkor boʻlmasa bu kalom...»

Xayollarini chalgʻitib nonushta qilmoqchi boʻldi. Kayfiyati yoʻqligidan tomogʻidan suv ham oʻtmadi.

Tunov kungi Chelakda boʻlgan toʻydagi kurash, notanish chol va Hoshimning haqorati Sardor polvonga tinchlik bermasdi. Vujudi gʻazabga toʻlgan.

Har kuni xoʻroz qichqirar-qichqirmas koʻchaga chiqib, ming bir yumush bilan kunni kech qilib uyga qaytadigan Sardor polvon bugun ostona hatlamadi. Hech kim bilan koʻrishgisi kelmasdi. Oʻz xayollari bilan band...

Kun peshindan oqqanda darvoza ustma-ust taqilladi. Yostiqni quchoqlab bir nuqtaga tikilganicha oʻyga botgan polvon istar-istamas oʻrnidan qoʻzgʻoldi.

– Hozir.

Polvon darvoza zulfini tushirdi. Ostonada yoshi elliklarni qoralagan, yaktagi oʻziga yarashgan, iroqi doʻppisi urinib qolgan kishi turardi. Koʻzlarining uyqusizlikdan charchaganligi, chehrasi mahzunligi shundoqqina seziladi.

Salom-alik qisqa boʻldi.

– Tinchlikmi, aka?

Polvonning salobati bosdimi, mehmon tutila-tutila muddaoga oʻtdi.

– Tinchlikka-tinchlikku-ya. Sizni otam soʻrayaptilar. Hoziroq bormasak boʻlmaydi, – deya yoʻl chetidagi koʻk «Moskvich» ga ishora qildi.

– Sizni tanimayroq turibman?

– Men haligi chelaklik mulla Abduroziqning oʻrtancha oʻgʻliman.

Polvonning xayolidan «Mulla Abduroziq haqida eshitganman, ammo biror marta gurunglashmaganman. Menda qanday gapi boʻlishi mumkin?!» degan gap oʻtdi.

– Kechadan beri soʻraydilar, – polvonning ichidagi gapni sezgandek soʻzida davom etdi mehmon. – Tunda kurash toʻyiga borib ham surishtirdik. Odamlar bu gal ham Sardor polvonlik qildi, degan gapdan nariga oʻtishmadi. Sizning qaerdaligingizni aniq aytishmadi. Hozir soʻrab-surishtirib kelayotganim. .

– Borishim zarilmi?

– Zarilam gapmi? Otam... – mehmonning boʻgʻziga nimadir tiqildi. – Otam... Oʻlim bilan olishayaptilar. Har zamon oʻzlariga kelganda «Jarlik Sardor polvonni topinglar, unga aytadigan gapim bor» deb yolvorganlari-yolvorgan.

Oʻn besh-yigirma daqiqalar chamasi vaqt oʻtgach mashina naqshinkor darvoza oldida toʻxtadi. Ular uzun-qisqa boʻlib ichkariga yoʻnalishdi.

Xona gavjum. Mulla Abduroziqning yaqinlari boʻlsa kerak, bemor atrofida jimgina oʻtirishibdi. Erkaklar yuzida xavotir, ayollar esa roʻmollari uchi bilan koʻz yoshlarini sidirishgan...

– Ota, Sardor polvon keldi.

Xonadagilar oʻrinlaridan qoʻzgʻala boshlashdi. Sardor polvon mulla bobo yotgan divanga yaqinlashdi.

– Assalom alaykum, mulla bobo, tuzukmisiz...

– Sardorjon, keldingmi, boʻtam.

Bemor ovoz kelgan tomonga arang burilib Sardor polvonga tikildi. Bemorning bosh tarafida yerdan boshini koʻtara olmay bujmayib turgan yigit Sardor polvonning diqqatini tortdi. Yaxshilab tikildi, ne koʻz bilan koʻrsinki – bu Hoshim edi. – Sardorjon, seni koʻrdim, endi bearmon ketadigan boʻldim! – Bemorning hazin ovozi polvonni sergaklantirdi. – Sen... sen... balki bilarsan, balki eshitmagandirsan. Sen Jabbor doʻxtirning oʻgʻlisan...

* * *

Mulla Abduroziq gʻira-shira koʻzlarini ochdi. Koʻkimtir osmonmi? Yoʻgʻ-e, shift-ku. Nega jimlik. Qaerda yotibman? – Xayriyat-e, otajon, tuzukmisiz endi?

– Qaerdamiz?

– Kasalxonada. Hammamizni qoʻrqitib yubordingiz-ku. Yaxshiyam doʻxtirlar borakan.

– Baraka topishsin.

Mulla Abduroziqni oʻgʻli oʻng tomonga agʻdardi. Labiga piyola tutdi. Mulla bobo palataga razm soldi. Oq choyshabli ikkita karavot va tumbochka. Odam boʻyi keladigan kiyim ilgichga oʻxshash qandaydir moslamaga shisha idish ulangan. Palata toʻridagi keng derazadan sargʻaygan barglari siyraklasha boshlagan daraxtlar koʻzga tashlanadi...

– Mumkinmi, assalomu alaykum, mulla bobo. Sogʻliqlar qalay endi?

Oq xalatli, oriqqina yosh doʻxtir stulga oʻtirgach, bobo bilan quyuq soʻrashdi.

– Doʻxtir oʻzimizdan ekan, ota, – tanishtira boshladi oʻgʻli. – Jarlik. Bu ukamning xizmati katta boʻldi. Jabbor doʻxtir desa hamma tanirkan. Jabbor mulla Abduroziqning koʻngliga oʻtirdi. Navbatchilikda qolgan kunlari boboni zeriktirib qoʻymaslik uchun u tez-tez palataga kirib hol-ahvol soʻrar, shifokorlar yozib bergan dorilarni topib kelardi.

* * *

Palataga kirib kelgan Jabborning bezovtaligini sezgan bobo xavotirlanib sekin soʻradi: – Bir nima boʻldimi, Jabborjon?

Jabbor oldilarida hech kim boʻlmasa-da, atrofga olazarak boqdi. Mulla boboga engashibroq oʻtirdi.

– Buva, bir iltimos bilan keldim. Men uchun yoʻq demang, – deya yalingansimon ohangda soʻz boshladi.

Mulla bobo »Tushuntiribroq gapiring» demoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan edi, Jabbor hayajonlanib gapini davom ettirdi.

– Bir qizni olib qochdim, buva... Bir-birimizni yaxshi koʻrardik. Men aybdorman. Nailoj... Nima boʻlsa boʻlar...

– Qiz olib qochdim?! Oʻylab ish qildingizmi?! Birovning farzandini-ya?!

– Hozir bir boshidan aytib beraman, – bir muddat xayollarini jamlab olgan Jabbor yutinib oldi-da, boshidan oʻtkazgan voqealarni bayon qildi. Jabborning xijolatomuz aytayotgan gaplarini oxirigacha tinglagan Mulla bobo barmoqlari bilan taragan boʻlib soqollarini siladi va salmoqlanib Jabbor kutmagan fikrni aytdi:

– Barakalla, yaxshi ish qilibsiz, boʻtam. Mardona, tantilarcha ish tutibsiz, bu har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi... Endi buyogʻiga mahkam boʻling!

– Endi ortga qaytish yoʻq, – dadillandi Jabbor, – Gulasal bilan turmush quray desam uyimizdagilar koʻnmasa. Uning onasi ham baribir rozi boʻlmaydi. Oʻylay-oʻylay shu qarorga keldik. Sezyapman, shu qiz bilan baxtli umr kechiramiz...

– Xudo xohlasa, deng, bolam,Xudo xohlasa...

Jabbor doʻxtir bosh irgʻab qoʻya qoldi.

Peshonasidagi ajinlar tirishib, oʻychan qiyofa aks etgan Mulla bobo:

– Bir-biringizga koʻngil qoʻyibsizlar, qiz rozi ekan... Baribir yoshliklaringga boribsizlar-da, – deya eshitilar-eshitilmas mingʻirladi.

– Ha, xuddi shunday, qiz rozi, faqat shar'iy nikohdan oʻtishimiz zarur. Shuning uchun oldingizga keldim, oʻtinib soʻrayman, mulla bobo, gapimni yerda qoldirmang. Bu haqda zinhor-bazinhor hech kimga ogʻiz ochmayman. Kiyinib oling, pastda mashina kutib turibdi... Jabborning holatini anglagan, bu qalbi pok, samimiy yigitning suxanini rad etishni oʻziga ep bilmagan mulla Abduroziq noiloj koʻndi.

* * *

Mulla bobo nursiz koʻzlarini polvonga tikkancha biroz sukutga choʻmdi. Imo-ishora aralash bazoʻr gapini poyoniga yetkazishga urindi. – Sardor, Jabbor doʻx... tirning zur... riyodisan. Adashma... ota-onangning nikohini oʻzim oʻqiganman.

Bemorning koʻzlari shiftga qadaldi.

– Mendan rozi boʻlinglar!

Xonada piq-piq yigʻi ovozi eshitila boshladi. Kimdir Sardor polvonni yelkasidan mahkam quchdi. Qarasa Hoshim. U Sardor polvonning koʻziga tik qaray olmasa-da, labi-labiga tegmay bidirlardi:

– Meni... meni kechi-iring. Ahmoq ekanman. Kecha jahl ustida... Men noshud, bobojonim oʻqigan nikohga loy chaplabman-a!

Sardor polvon Hoshimni oʻzidan nari siltadi va eshikka yuzlandi. Oʻpkasi toʻlib ketdi. Shu lahzada ilk daf'a ota-onasini – Jabbor doʻxtir bilan onasini qoʻmsadi. Ularni juda-juda sogʻinib ketdi...