OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Oripov
Asar nomi«Xamsa» — jahon adabiyotidagi buyuk asar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdulla Oripov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 7-sonidan olindi
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Suhbatdosh: Boʻritosh Nosirova


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Xamsa» — jahon adabiyotidagi buyuk asar
Abdulla Oripov

— Abdulla aka, Dantening «Ilohiy komediya»si «Tavrot», «Injil», «Qur’on»i karimdek ilohiy kitoblardan soʻng inson tomonidan yaratilgan buyuk asarlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Siz mumtoz adabiyotimizdagi qanday asarlarni shunday buyuk kitoblar safiga qoʻshgan boʻlardingiz?
— Albatta, «Xamsa»ni. Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiyning «Xamsa»si jahon adabiyotidagi buyuk asarlar sirasidan hisoblanadi.
— Danteni Italiyaning timsoli deyishadi. Bordiyu Oʻzbekistonimiz timsolini shunday ulugʻ zotlar orasidan axtarsak, Siz, eng avvalo, kimni tilga olgan boʻlur edingiz?
— Ulugʻ bobolarimizning har biri ham millat ramzi boʻla oladi. Hozirgi zamonda ham shundoq zotlar borligidan iftixor qilamiz. Lekin, ularning orasida buyuk gumanist Navoiy siymosi alohida yarqirab turadi.
— Siz she’rlaringizning rus tilidagi tarjimalaridan koʻnglingiz toʻlmaganini aytgandingiz. Rimma Kazakova, Aleksandr Faynberg, Vladimir Sibinlar tomonidan qilingan tarjimalar, shuningdek «Hakim va ajal», «Jannatga yoʻl»ning tarjimalari haqida ham shunday fikrdamisiz?
— Siz tilga olgan shoirlar she’r va dostonlarim tarjimasi ustida ancha mehnat qilishgan. Lekin oʻz she’rlarining tarjimalaridan toʻla-toʻkis rozi boʻlgan shoir kam uchraydi. Nega deganda, birovning iztirobini boshqa birov izhor qilishi juda qiyin. Qolaversa, shoir va tarjimonning iste’dodi, tajribasi, uslubida muayyan farq boʻladi. Lekin shunga qaramay tarjima san’atisiz jahon adabiyotini tasavvur qilish qiyin.
— «Bezovta oʻylar sehrida» sarlavhali maqolangizda «Falsafani sevaman, adabiyot va falsafa ikkisi qoʻshilganda yorqin tiplar paydo boʻladi», deb yozgansiz. «Jannatga yoʻl»dagi Shoir obrazini yorqin tip deyish mumkinmi?
— Yaxlit va komil darajada katta dunyoqarash va falsafani oʻzida mujassam etgan xarakter tip boʻla oladi. Qolaversa, qalbimizda mustahkam e’tiqod, savob degan tushunchalar ham bor. Savobga oʻxshash xatti-harakatlar koʻp uchraydi. Masalan, it va mushuklarning bolalarni yongʻindan qutqargani haqida koʻp eshitganmiz. Yaqinda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida boʻlib oʻtgan dahshatli toʻfon paytida ajdahodek keladigan piton degan ilon ikkita toʻqqiz yoshli egizaklarni bahaybat toʻlqinlar qa’ridan omon olib chiqibdi. Shu tabiiy ofat boshlanishi oldidan sohilda fil yonida suratga tushgan uchta bolakayni esa oʻsha fil yovuz toʻlqinlar iskanjasidan qutqaribdi. Hatto timsohlarning eng kattasi Shri-Lanka qirgʻoqlaridan olisda yetti soatdan ortiq toʻlqinlar ustida qalqib yurgan keksa bir odamni quruqlikka olib chiqib qoʻyibdi...

Lekin asl iymon bilan bogʻliq tushuncha faqat insonlarga xos. U ayni paytda ham diniy, ham dunyoviy mohiyatga ega.
— Abdulla aka, Siz muxbirlar davrasidagi gurunglaringizning birida «Bolalar — himoyasiz gullardir. Ularni sovuq ham, issiq ham zada qilishi mumkin. Men oʻzim boshdan kechirgan ba’zi saboqlar bolalarim boshidan oʻtmasligi uchun kurashaman», deya fikr bildirgan edingiz.
— Ha, bolalar himoyasiz gullar, gunohsiz farishtalardir. Ularni yomon muhitdan asrash kattalarning vazifasi. Hatto urush boʻlayotgan mamlakatdan ham bolalar olib chiqib ketiladi. Bolalarga nihoyatda katta gʻamxoʻrlik lozim. Bolalarni shunday tarzda kamol toptiraylikki, toki kattalar hayotidagi qusurlar ulardan uzoq boʻlsin. Bolalarni mardlik va tantilik shiori bilan yashashga oʻrgataylik.
— Abdulla aka, Siz she’rlaringiz, asarlaringizda hasad, ichiqoralik kabi koʻpdan-koʻp illatlarni beayov qoralaysiz. Ammo ayollarga kelganda ularni «munis», «mehribon» deya tilga olasiz. Xullas, ularning sha’niga qattiq tegadigan ortiqcha gaplarni umuman tilga olmaysiz. Bu ularni ayaganingizdan boʻlsa kerak. Shunday emasmi?
— Ayol, ona hammamizga hayot ato etgan zot. Unga topinish lozimdir.
— Ayolning hayotdagi oʻrni, farzandlar kamoli hamisha jamiyat nigohida turadi.
— Biz jahonga chiqyapmiz, texnika asrida yashayapmiz. Farzandlarimizni mustaqil, dadil va zamonaviy qilib tarbiyalashimiz kerak, deymiz. Ayni paytda ular bobolariga ham oʻxshab turishi kerak.

Xoʻsh, qanday qilib farzandlarimizda bu ikki qutbni uygʻunlashtiramiz? Shu yorugʻ dunyoda yashayotgan odamning quyoshdan nur, daryodan suv, guldan rang va xushboʻy qarzi bor. U ota-onadan, doʻstdan qarzdor. Ammo eng katta qarzi — farzandidan. Chunki farzand uning yuzi, imkoniyati, qurbi-qudratini koʻrsatuvchi jondir. Ularni issiqdan ham, sovuqdan ham asrash kerak.

Demoqchimanki, bolalarimizda ham jur’at bilan andishani, qat’iyat va rahmdillikni uygʻunlashtirmogʻimiz kerak. Ammo jur’at — betgachoparlik, andisha — qoʻrqoqlik, dadillik — yovuzlik, rahmdillik ojizlikka aylanmasin. Me’yor va mezon boʻlsin. Men ishonamanki, bizning oqila opa-singillarimiz bunday mezonni bilishadi.
— Yaponiyada boʻlganingizda Kioto shahridan telefon qilib «Oʻzbekiston ovozi» gazetasi muharririga oʻsha yoqda yozgan bir toʻrtligingizni siyohi qurimasdan oʻqib bergan ekansiz. Shu she’rning yozilish tarixini aytib bersangiz.
— Oʻshanda yapon doʻstlarimiz bir chiroyli chinni idish sovgʻa qilishgandi. Unda Yaponiyadagi Fudziyama togʻlari goʻzal bir tarzda aks etgan. Togʻ yonbagʻri, yam-yashil vodiy manzarasi nigohingizni sehrlaydi. Idishga qaynoq suv quysangiz haqiqiy moʻ‘jiza roʻy beradi: uning sirtidagi togʻ manzaralari oʻrnida asta-sekin Oʻzbekiston bayrogʻi va uning ortidan Ipak yoʻli karvoni oʻtayotgan manzaralar paydo boʻladi. Tilla rangdagi tuya tasviri nihoyatda jonli va koʻrgan kishining bir hayratiga oʻn hayrat qoʻshib yuboradi.

Siz aytgan oʻsha she’rni shu moʻ‘jizakor idishchani koʻrib, yaponlarning topqirligidan behad hayratlanib yozganman:

Sening amalingga qoyildir jahon,
Burgani taqalab qoʻygansan oson.
Nozik san’atingga tikilaverib,
Koʻzlarim qisilib ketdi-ku, yapon.

— Hayotimizda mehr-muruvvat tuygʻusi alohida e’zoz topayotir. Siz chorak asr muqaddam yozgan bir she’ringizda bu tuygʻuni nihoyatda ulugʻlagan edingiz.
— «Samoviy mehmon, besh donishmand va farrosh kampir qissasi»ni nazarda tutyapsiz-da. Samodan bir jonzot yerga tushadi. Besh donishmand uning sir-sinoatini aniqlamoqchi, sinamoqchi boʻlib, bor bilimlarini ishga soladi. Ammo hech narsani eplay olishmaydi. Farrosh, ya’ni yer supurib yurgan kampir haligi jonzotning boshini silasa u javob qiladi, koʻzlarida nur paydo boʻladi. Albatta, mehr — «kesakdan gul undiradi». Mehr qoʻshilmagan har qanday yaralmish insoniyatga gʻanimdir. Chunki u qahrdir. Mehr-muruvvat xuddi suv, havo, nur kabidir.
— «Sihat-salomatlik» yilida muxlislaringizga tilaklaringiz.
— Barcha hamyurtlarimga, albatta, sihat-salomatlik va uzoq umr tilayman.
— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat, Abdulla aka.

— Sizga ham.