OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Oripov
Asar nomi«Yaxshi insonlarni koʻrsam quvonaman»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdulla Oripov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 10-11-sonilan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Yaxshi insonlarni koʻrsam quvonaman»
Abdulla Oripov

— Abdulla aka, adabiy gurunglarda oʻtgan asrning 60-yillari ijtimoiy hayotda yuz bergan yangi bir epkin haqida tez-tez eslab turiladi. Adabiyotimizda voqeaga aylangan bir qancha she’rlaringiz ayni shu yillarda yaratilgan edi. Bugun oʻsha davrdagi ijodingiz, adabiy jarayon, muhit haqida xotirlaganingizda, koʻnglingizdan qanday tuygʻular kechadi?
— Avvalambor, kishi oʻzi haqida biron nima deyishi odobdan hisoblanmaydi. Adabiy jarayon esa faqat bir shaxsning ishtiroki bilan shakllanib qoladigan voqelik emas. Bunday paytlarda, odatda, muhit yoxud imkoniyatlar tahlil qilinishi mumkin. Adabiyotimizda oʻtgan asrning qariyb yarmidan koʻpi urra-urrachilik, gʻoyabozlik davri boʻlgan edi, desak toʻgʻri boʻladi. Adabiy jarayonga yalpi nazar tashlaganda shunday taassurot tugʻilishi tabiiydir. Biroq oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida sobiq mamlakat ma’naviy hayotida qandaydir oʻzgarishlar boshlangan edi. Bu siljishlar oʻsha davrda maydonga chiqqan shoirlar ijodida, ayniqsa, boʻrtib koʻrina boshladi. Rus adabiyotida Yevtushenko, Voznesenskiy, Ahmadulina singari shoirlar paydo boʻldi. Yangi epkinning xosiyati shundan iborat boʻldiki, bunday ijodkorlar qattiq tanqidga uchrasalar ham, lekin qamalmadilar.

Muhitdagi eng katta yutuq mana shundan iborat edi. Biznikilar ham, shubhasiz, Moskva soatiga qarab ish tutardilar. Biz ham dilimizni ochib, ayrim she’rlarimizni unda-bunda e’lon qila boshlagan edik. Erkin Vohidov kabi shoirlarning nafasida yangi bahor shabadalari ufurib turardi.

Oʻzim haqimda gapiradigan boʻlsam, ba’zi misollarni keltirish bilan cheklanaman. «Tilla baliqcha», «Birinchi muhabbatim» kabi she’rlarimiz oshdan chiqqan tosh yangligʻ oʻsha davr mafkurasining tishini qarsillatgani sir emas. Bu she’rlarga qoʻyilgan ayblarni eshitsa, bugungi kunda yosh bola ham kulib yuborishi mumkin, jumladan, «Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim» satrini katta majlislarda tilga olishib, «partiyaga suyan, davlatga suyan» qabilidagi koʻrsatmalar bilan «siylashgan».

Albatta, oʻsha insonlar oʻz nuqtai nazarlarini tabiiy ravishda himoya qilmoqda edilar. Bu holni bir qadar tushunish mumkin. Biroq eng yomon jihat shundan iborat ediki, jamiyatdagi juda katta qatlamning ongi, dunyoqarashi, daraja-saviyasi, boringki, butun borligʻi oʻsha davr tarbiyasi asosida shakllanib boʻlgan edi. Men ularni oʻzimcha mehrdan yiroq, yulduzlar hidini bilmaydigan temir odamlar, deb atagan edim. Ajablanarlisi shundaki, ular boshqacha fikrlash mutlaqo mumkin emas, deb chin dildan ishonardilar.

Bu — birinchisi. Ikkinchi va balki hech qachon yoʻqolmaydigan bir illat — hasad boʻlib, bu yovuz tuygʻuning tantana qilishiga oʻsha davr ajoyib shart-sharoit yaratib qoʻygan edi. Ya’ni hasad gʻoyaviylik qalqoni va nayzasi bilan qurollangan boʻlib, u oʻziga yoqmagan har qanday filni ham qulatishi mumkin edi.

60-yillar adabiy muhitining ijtimoiy-siyosiy basharasi mana shunday edi. Lekin dunyoda xalq degan, faqat oʻziga-oʻzi hisob bera oladigan, didiga xiyonat qilmaydigan kuch ham mavjudki, haqiqiy adabiyot faqat unga tayanadi. Shu ma’noda haligi she’rlarni qurultoylarda qanchalik qoralashmasin, jumladan, talabalar baralla yoddan aytib yurishar, hatto qoʻshiq ham qilishgandi. Bizga kuch va ishoch bagʻishlagan, albatta, ixlosmandlarimiz edilar.

Bundan buyogʻi adabiyotimiz bosib oʻtib kelayotgan yoʻllar hammamizga ma’lum. Adabiyotning yalpi taraqqiyoti, hech shubhasiz, davr va xalq nafasi yaratgan iqlimga koʻp jihatdan bogʻliq. Ammo adabiyot shundoq bir soha ekanki, uni ayrim shaxslar iste’dodi, mehnati samaralari belgilab berarkan. Axir, yozuvchilik aslida individual ish-ku!

Biror bir shaxsga tabiat ma’lum bir iqtidor bermagan boʻlsa, hech bir tuzum qonun yo farmon bilan uni ato etolmaydi. Deylik, kimningdir fe’lida hasad, ichiqoralik, mahalliychilik, guruhbozlik, maydakashlik kabi illatlar ustuvor boʻlsa, uni bu kabi qora tamgʻalardan «Yozuvchilar uyushmasiga a’zo»lik guvohnomasi forigʻ eta olmaydi-ku. Baribir, odam bolasi oʻz tabiatiga koʻra jamoa boʻlib yashaydigan jonzotlar turkumiga kiradi. Shundoq ekan, kattakon xalq manfaatlari quloch yozgan sharoitda mayda-chuyda xatti-harakatlar bora-bora koʻmilib ketishi shubhasiz. Biz adabiyotning katta yoʻnalishi haqida fikr yuritganimizda, asosan, katta haqiqatlarni, tarixning muhim burilish yoʻnalishlarini koʻzda tutamiz. Ana shunday eng yirik, aytish mumkinki, xalqimiz uchun hayot-mamot jarayoni mustaqilligimiz boʻldi.

Men adabiyotimizda turli his-tuygʻular, rang-barang mavzular, uslublar gullab-yashnashining tarafdoriman. Biroq u sa’y-harakatlar xalqimizning manfaatini, boringki, taqdirini belgilovchi tuygʻularga hamohang boʻlishi shart. Deylik, hozirgi ba’zi qiyinchiliklar tufayli biror maktab binosi ta’mirlanmay turgan boʻlsa — bu, mustaqillik oʻzini oqlamadi, degan xulosa chiqarishga asos boʻlolmaydi-ku.

Bunday misollar, agar adabiy asarga aylansa bormi, u hech shubhasiz, es-hushi joyida boʻlgan har qanday kitobxonning gʻashiga tegadi, tajribasiz yoshlarni esa chalgʻitadi.

Men ushbu fikrlarim bilan «Keling, hamma ishimiz besh», deya ertayu kech «Yashasin Istiqlol!» deb jar solib yuraylik, demoqchi emasman. Orzuim shulki, avvalom bor, adibning niyati toʻgʻri boʻlsin.

Adabiyotning qadr-qimmati birgina niyat toʻgʻriligi bilan belgilanmasligi ham bor gap. Adabiyot maqomi, darajasini uning nechogʻli mahorat bilan yaratilgan san’at asarlari belgilaydi. Shu ma’noda necha oʻn yillar osha minglab asarlar silsilasida yuksak mahorat bilan yaratilgan kamdan-kam ijod namunalarigina kitobxonni hayratga solib kelmoqda. Ular — Qodiriy romanlari, Oybek, Qahhor, Gʻafur Gʻulomning barkamol ijod namunalari. Men shu oʻrinda she’riyat xususida fikr yuritib bir gapni aytib oʻtmoqchiman. Modomiki, shoir oʻz oʻchogʻida oʻzi yoqqan olovda oʻzining yogʻida oʻzi qovrilib taom pishirayotibdi ekan, uning qoʻshni oʻchoq bilan nima ishi bor? Ya’ni biror shoirning uslubi yoxud ohanggi butkul she’riyatda yetakchilik qilishga da’vo qilmasligi kerak. Ijod mahsulining bahosini kitobxonlar beradi, degan qadimiy xulosaga ham bepisand qaramaslik lozim.
— Hayotingizning katta bir davri XX asrning suronli yillarida kechdi. Ijodingizda muhim voqea boʻlgan eng yetuk asarlaringiz ham oʻtgan asrda yaratildi. Yangi zarvaraqlar bilan boshlangan yangi asrda ijodkor sifatida nimalarni his qilayapsiz?

Oʻtgan asrda hammamiz ham baholi qudrat ijod qildik. Cheklanishlar boʻlgan boʻlsa, hammaga baravar boʻldi. Oʻsha paytlar hammamiz birdaniga baqir-chaqir qilib, tilimizga erkinlik qani, millatimizga erkinlik qani, deb talab qilardik. Bu talablar ommaviy ravishda kechdi. Koʻp narsalarga erishdik ham. Erkinlik nashidasidan bahramand boʻldik. Biroq, nazarimda, ba’zi bir insonlar bu buyuk oʻzgarishlarni, evrilishlarni yetarlicha baholamayotgandek, his qilmayotgandek. Axir, tilimizga erkinlik berildi, buyuk allomalarimiz xotirasi qadr topdi, e’zozlandi, an’analarimiz tiklandi.

Endi, yashash tarzidagi tafovutga kelsak, iqtisodiy taraqqiyotning oʻz qonuniyatlari boʻladi. Hamma bir xilda boy yoki bir xilda kambagʻal boʻlib qolishi mumkin emas.

Yurt mustaqil boʻldi. Biroq ijodkorlar orasida ham, boshqa sohada ham yakka-yarim noliganlarni eshitib qolsam, ajablanaman. Bundaylar hech qachon rozi boʻlmaydilar, oppozitsiyani oʻzlariga baxt deb biladilar. Bu toifa insonlar oʻtgan asrda ham oʻsha bayroqni koʻtarib yurgan, hozir ham shu bayroqni koʻtarib yuribdi, bundan keyin ham shundayligicha qoladi. Insoniyat azaldan komillikka intilgan, biroq toʻlaligicha komil boʻlolmagan, boʻlolmaydi ham. Maqsadga koʻchadigan boʻlsak, bizni quvontiradigan bir katta haqiqat bor, bu ham boʻlsa, katta bir qadimiy xalq oʻzining asriy orzusiga erishdi. Ixtiyori oʻzida boʻldi, davlat oʻziniki boʻldi, tili oʻziniki, oilasi oʻziniki, bozori oʻziniki, mozori oʻziniki.
— Endi mavzuni bir oz oʻzgartirgan holda bevosita oʻzingizning ijodingiz, ruhiyatingizga bogʻliq boʻlgan savollar bilan suhbatimizni davom ettirsak. Ijodingizda uzoq muddatli tanaffus boʻlsa, qanday holatga tushasiz?
— Tanaffus ikki-uch sabab bois boʻlishi mumkin. Lekin ijodkorning yuragi urib, aqli ishlab turgan boʻlsa, unga hech kim tanaffus berolmaydi. Agar basharti qoʻli yozolmay qolgan taqdirda ham qalb tirik boʻlsa, u ijod qilishdan toʻxtamaydi. Ijod bu gazeta uchun yozish degani emas, albatta. Chunki ijodkor istagan paytda oʻz tuygʻularini toʻkib solaveradi. Ona allasini garchi qogʻozga tushirmasa-da, asrlar davomida alla aytish toʻxtab qolmagan. Shu ma’noda aytadigan boʻlsak, garchi shoir ba’zan ijod qilishdan toʻxtagandek boʻlib koʻrinsa-da, uning qalbida sukunat hukm surmaydi. Ahmad Yassaviydek buyuk avliyo yerning tagida ham ijod qilishdan, tafakkur yuritishdan toʻxtamadi. U yaratgan yuksak ma’naviy xazinadan insoniyat asrlar davomida bahramand boʻlib kelmoqda. Aytilganlardan xulosa qilib gapiradigan boʻlsak, ijodiy tanaffus ikki holatda boʻlishi mumkin. Biri ijodkor dunyodan koʻz yumsa, ikkinchisi fikrlashdan toʻxtasa. Qalbni hech kim buyruq bilan toʻxtata olishga qodir emas.
— Hayotda nimalardan ilhomlanib yashaysiz?
— Ijodning asosida ikkita narsa yotadi. Zavq va ilhom. Zavq hayvonotda ham boʻladi. Masalan, qushlar bir-biriga iltifot qiladi. Koʻrkam bogʻ yoki gulzorda zavq bilan xonish qiladi. Lekin inson zavqining zamirida, agar u ijodkor boʻladigan boʻlsa, juda katta ma’naviy manba yotadi. Anglab qilingan zavq ilhomga turtki boʻladi. Asli Ilhom inson qalbidagi tuygʻular muvozanatining buzilishidir. Muvozanat buzilgandan keyin qalb jumbushga kelib til soʻzlaydi, koʻzda yosh qalqadi. Ilhom faqat quvonch emas. Shoir iztirobli satrlar ham bitadi, qoʻshiqlar toʻqiydi. Hayotda nimalardan ilhomlanib yashaysiz, degan savolingizga kelsak, yaxshi odamlarni koʻrsam quvonaman. Dili toza, pok insonlar bilan Hirotgacha piyoda ketishga tayyorman. Hazrati Xizr ham oʻshadir, din ham oʻsha, e’tiqod ham oʻsha. Bunday odamlar afsuski koʻp emas. Hayot yaxshi odamlarni har doim ham bir-birlari bilan uchrashtiravermaydi.
— Ijod erkinligini siz qanday tushunasiz?
— Oʻzim ijodkorman va oʻz navbatida ijodkorlar uyushmasining rahbariman. Bu savolingizga men ikki tomondan javob berishga haqqim bor. Birinchidan, ijodkor sifatida, ikkinchidan, shu ijodkorlarning talabiga javob berishga majbur boʻlgan idoraning rahbari sifatida. Sobiq shoʻrolar davrida kim she’r, hikoya yoki roman yozsa, oʻsha tuzum mafkurasi talabiga qarab baho berilardi. Hozir rahbar sifatida men birorta yozuvchini chaqirib mana bundoq yozgin, undoq yozgin, deb buyruq berolmayman.

Ijod erkinligidan noliydigan insonlarni esa noshukur odamlar deb hisoblayman. Chunki ular kamchilikni oʻzlaridan qidirishmaydi, balki oʻzlariga juda yuqori baho bergan holda ayyuhannos solishadi. Erkinlik ogʻizga kelgan gapni gapiraverish, koʻngilga kelgan ishni qilaverish degani emas, albatta. Maymunning chizgan suratini san’at asari deb koʻrgazmaga qoʻyish erkinlikka kirmaydi. Erkinlik haqida kim gapiryapti, qanaqa shaxs gapiryapti, qaysi muhitda gapiryapti, qanaqa darajadagi odam fikr bildiryapti — shunga qarab hukm chiqarish toʻgʻri boʻladi. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, har bir muayyan odamlar guruhi orasida odob-axloq, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy me’zonlar va ularni qabul qilish darajasi bir xil boʻlmaydi. Shu bois fikrlarda, nuqtai-nazarlarda tafovut boʻlishi tabiiy.
— Abdulla aka, oʻzingizga ma’lum, bu yil Prezidentimiz tomonidan «Mehr va muruvvat yili» deb e’lon qilindi. Siz mazkur yil bunday nomlanishining qanday ijtimoiy- ma’naviy ahamiyati bor, deb oʻylaysiz?
— Har bir ishning oʻz kamolot davri, taraqqiyot bosqichi boʻladi. Shu ma’noda gapiradigan boʻlsak, Mustaqilligimizning oʻn uch yili davomida ham ijtimoiy-siyosiy, ham madaniy-ma’naviy hayotimizda ulkan yutuqlarga erishdik. Bu kabi yutuqlarga erishmasdan, ma’lum bir taraqqiyot bosqichini bosib oʻtmasdan turib mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq «Mehr va muruvvat yili» deb e’lon qilib yuborilsa, menimcha, notabiiy boʻlardi. Shuning uchun aynan mazkur yilimizning Yurtboshimiz tomonidan shunday nomlanishini taraqqiyot belgisi, qolaversa, kamolot belgisi deyish mumkin. Mehr-muruvvat bizning oliy darajadagi qadriyatimiz. Uni yurtimiz boʻylab yana bir karra keng yoyamiz va tarannum etamiz.

Ona yurtimizga, ona xalqimizga, ulugʻ ajdodlarimiz xotirasiga, Hazrati insonga boʻlgan buyuk muhabbatimizni ifoda etib, qalbimizdagi muruvvat va saxovat tuygʻusini yanada oliy maqomga koʻtaramiz.

Suhbatdoshlar: M.Abdullaev, S.Shodieva