OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Oripov
Asar nomiHaj daftari - Hikmat sadolari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Islom
Mualliflar
   - Abdulla Oripov
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Haj daftari - Hikmat sadolari
Abdulla Oripov

Makkai mukarramaga borganimning dastlabki kunida Ka’batullohda—Olloh uyi yonida tunni bedor oʻtkazib, tilovat bilan bir qatorda baytlar yoza boshladim. Men bu holatga avvaldan bir muncha tayyor boʻlganim sabablimi satrlarim oʻz-oʻzidan quyilib kelaverdilar. She’riy hadislarimning barchasi paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom suxanlari bilan bevosita bogʻliq edi. Madina shahriga borib, paygʻambarimiz maqbarasini ziyorat qilganimda ham menda xuddi yuqoridagidek holat yana yuz berdi. «Paygʻambar» she’rini yoza boshladim.

Hajning bir necha farz va sunnatlari bor. Haj odatdagi ziyorat, ya’ni umradan farq qiladi. Ularning tafsilotlarini hozir sanab oʻtirmayman. Aytish kerakki, ushbu shartlarni toʻligʻicha ado etish nihoyatda mashaqqatli jarayondir. Ayniqsa, bir necha million ziyoratchilar jazirama oftob ostida jam boʻlgan sharoitda hatto jon saqlash ham amrimahol boʻlib qoladi. Mening bu gaplarim zinhor-bazinhor hasrat yoxud nolish emas, Hajga har kim oʻz ixtiyori bilan borgusidir. Noligan odam oʻzidan koʻrsin. Bundan tashqari, Haq yoʻli, Uning visoliga yetishmoq osongina kechadigan sayohat emas. Mumtoz shoirlarimiz «Riyozat chekmaguncha yor vasliga yetib boʻlmas» deganlarida xuddi ana shu mashaqqatlarni koʻzda tutganlar.

Muallif

Ka’batulloh

Hanuz biri ikki boʻlmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bagʻri xun, tolei kulmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bir zamon uning ham boʻlgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirgʻoqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar toʻzgʻidi, sarbonlar basir.
Bandi boʻlgan edi ulugʻ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Avj oldi igʻvoyu firib, razolat,
Yigʻladi bir chetda yetim adolat,
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Duch kelgan sanamga sigʻindik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Xor boʻldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar koʻpaydi, koʻpaydi makkor.
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Magar boʻri ekai odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam,
Insof, diyonatni unutdik biz ham,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Hargiz aynimasin tomirdagi qon,
Mudom ta’zim qilgay asli qul Inson.
Haqiqat yoʻq joyda yashnagay yolgʻon,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim,
Vafoli doʻst izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Qoshingda tiz choʻkib turibman shu dam,
Dilimda iltijo, qoʻlimda qalam.
Shafqating ayama mendan ham, Egam,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Shukrona ayturman oʻzingga, yo rab,
Yuz burdik hidoyat yoʻliga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini soʻrab
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Paygʻambar

Siz bashar farzandi, Abdulloh oʻgʻli,
Arab sahrosidek otashin, choʻgʻli,
Paygʻambar boʻldingiz, muzaffar tugʻli,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Yo, Alloh Rasuli, tengi yoʻq Inson,
Sizning yoʻlingizni yoritgay Qur’on,
Siz — Olam sarvari, Siz — nuri jahon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Qiyomat ayyomi, Mahshar ayyomi,
Sizga nasib etsin Mahmud maqomi.
Mudom tilingizda ummatlar nomi,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Siz bilan olishdi mushriklar avval,
Bir nafas tinmadi jang ila jadal,
Rabbano qoʻlladi Sizni har mahal,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Sizning murodingiz hidoyat erur,
Shoʻrlik bandalarga inoyat erur,
Sizga ummat boʻlmoq saodat erur,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Sizning ziyoratga kelmishdir jahon,
Siz bois Madina tun-kun charogʻon,
Quyosh ketmas bundan, oy boqar shodon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Qabringiz qoshida turfa ummatlar,
Suvratlar boshqa-yu oʻzga Siyratlar,
Axir, xos Insonga alvon sifatlar,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Bir yonda iymoni butunlar turar,
Bir yonda takabbur, manmanlar yurar,
Bari ham Allohdan kushoyish soʻrar,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Rahmdil Insonsiz, bagʻri keng Rasul;
Barchaga yaxshilik tilaysiz nuqul,
Lekin kufr bilan kimlardir mashgʻul,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Kimdir pok boʻlgali ichadi qasam,
Lekin ichi qora, Shaytonga hamdam,
Ular Sizga faqat orttiradi gʻam,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Hazrat, soʻrang bizning gunohimizni,
Boshlang toʻgʻri yoʻlga gumrohimizni.
Egamga yetkazing oh-vohimizni
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Dunyoda yaxshilar koʻp hali, shukur,
Ular bor, yogʻilar zamin uzra nur.
Ummatsiz yoʻq sizga halovat, huzur
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Keldim ziyoratga, ozurda jonman,
Ranju balolardan toʻygan Insonman.
Sizning poyingizda gardman, toʻzonman,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.
Haq deb nina bilan togʻlarni qazdim.
Bandaman, rost yoʻldan gohida ozdim.
Tavbamning izhori, shu she’rni yozdim,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Tilanchi Bola

Ka’baning muqaddas namozgohida
Ming-minglab moʻ’minlar yukinmoqqa shay.
Saflar orasida gohi-gohida
Koʻrinib qolardi bitta bolakay.
Kimdir uzatardi sadaqa-riyol,
Biroq ehsonga u qilmasdi ruju.
Qop-qora koʻzida cheksiz mung, xayol,
Lablarida esa hazin, nim kulgu.
Jim boqar, ishlari goʻyo sarishta,
Faqat nigohida oʻtinch porlardi.
Mening nazarimda u bir farishta,
Mehru saxovatga unsiz chorlardi.

Alloh Dargohi

Necha ming musulmon tunu kun uygʻoq,
Ka’ba atrofini tinmay aylanar,
Murodi tabarruk maskanni oʻpmoq
Sajdaga har biri har zum shaylanar.
Olam ummon boʻlsa, girdobi shu joy,
Olam osmon boʻlsa, mehvari bunda
Milliard martabali jahon hoynahoy
Kemadek qalqadi bitta toʻlqinda.
Yer boʻylab tariqday sochilgan inson,
Bir qushning oldiga kelib tizilmish.
Abasdir bu joyda millat, irq, lison
Zamin yoʻriqlari bunda buzilmish.
Bu joyning bor erur na Qorabogʻi,
Na Oʻzgan, na Oʻshu Fargʻonasi bor
Allohning oʻzidir yolgʻiz charogʻi,
Charogʻning hisobsiz parvonasi bor.
Hatto nafrat mushti bunda tugilgay,
Axir yagonadir bu yerda maqsad.
Sigʻinsang gunohing duv-duv toʻkilgay,
Iymonsiz bandaga yoʻq lekin shafqat.
Shunchalik mukammal Alloh dargohi,
Magʻfirat qil, deya dilni tigʻladim.
Har yonda taralar moʻminlar ohi,
To tongga qadarli yum-yum yigʻladim.

Hasrat

Qochgan ham, quvgan ham Allohim deydi
Qochgan ham, quvgan ham emasman doʻstim.
Mening iztirobim shul edi,
Insondan oʻzgani demasman doʻstim.
Insonki to hanuz vahshiy va gʻaddor.
Bir-birin tinimsiz qulatar chohga
Bundayin qismatga koʻnikmoq dushvor
Netay hasratimni aytgum Allohga.

Ona

Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin.
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on,
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin.
Hojar onamizning nidosi sabab
Ka’bada koʻz ochgan obi zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne paygʻambarlar, koʻzlarida nam.
Qavmimni ranjitib qoʻymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bagʻriga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.
Shoʻrlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora, gunohlardan pok boʻlgay ochun,
Onalar oʻtinchi topib ijobat.
Ka’ba qopqasida turgan ey, posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin,
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on,
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin.

Arofat

Arofat togʻining etaklarida
Koʻrdim qiyomatning alomatlarin.
Hamma bir xil libos — ehrom sarida,
Qaytadan varaqlar umr daftarin.
Yoʻqdir birov bilan birovning ishi,
Ayqash-uyqash boʻlmish yer bilan osmon.
Har kimning ichida dardi, tashvishi,
Shukrona aytmasang osiysan shu on.
Majruh boladan to munkillagan chol,
Labbay, Allohim deb qilar iltijo.
Kimdir tashnaliqdan ingraydi behol,
Kimningdir hayoti shul yerda ado.
Namoz vaqti kelar, tumonat muslim,
Sajdaga egilar, koʻzda jiqqa yosh,
Men ham safim bilan tiz choʻkaman jim,
Balki men ham qayta koʻtarmasman bosh...
Qiyomat nima deb soʻrama endi,
Uning bir sahnasin koʻrsatdi Alloh.
Zoʻr dengiz tonggacha qaynadi, tindi,
Sinovdan oʻtganim rost boʻlsin, Valloh!

Hojilar

Halollik Islomda eng oliy matlab,
Toʻgʻrilik Muslimning asl gultoji.
Bir kuni oʻrtada Shayton oralab.
Hojining hamyonin urdi-ku hoji.
Qaysibir oʻlkadan kelgan keksa chol,
Bor-yoʻq bisotidan boʻldi mosuvo.
Ne qilsin? Chorasiz turaberdi lol,
Dilida shukrona, tilida duo.
Oʻgʻri hoji esa mamnun ishidan,
Tinmayin sajdaga egilar boshi.
Nobakor bandaning bu qilmishidan
Badtarroq qoraydi Ka’baning toshi!
* * *
Ehrom kiyib olgan ikki musulmon
Bir-birin soʻkishib choy talashardi.
Asli bilmasdilar, shu zum ikkovlon
Doʻzaxning tubidan joy talashardi.
* * *
Kezib bu shaharni balki horgaysan
Va lekin Allohga diling yorgaysan.
Adasha-adasha Makkani topding,
Endi adashsang gar qayga borgaysan.

Asliyat

Bu yerga oʻgʻri ham, toʻgʻri ham kelar,
Poklanish har kimning muddaosidir.
Gunohu savobin har banda bilar,
Elning u shohidir yo gadosidir.
Hayotning oqimin toʻxtatish qiyin,
Hech kim ayri tushmas qorgan loyidan.
Bir karra poklanib olgandan keyin
Ishlarin boshlaydi kelgan joyidan...

Shayton

La’natlab boʻlsa ham, qargʻab boʻlsa ham
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ichilgan har qadah uning ham jomi...
Deydilar, norasta goʻdakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina gʻaflatda qolsang mabodo
Qilmagan ishingni qildirar emish.
Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib oʻratgay.
Agar sidqidildan koʻrsatsa nayrang
Nodonni shoh qilib, yurtni soʻratgay.
Minoda Shaytonni qildik toshboʻron,
La’natga koʻmildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton
Ming yillar chiqolmay yotmogʻi tayin.
Shodumon yoʻl oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda—chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.
Makka—Madina—Toshkent
25 may—16 iyun'

Hikmat Sadolari (Ellik Hadis)

Ibodat

Dunyodan roziman dema hech qachon,
Desang ham, soʻylagil sahroga, toqqa.
Chunki seni tinglab, kimdir oʻsha on.
Nega rozisan, deb tutgay soʻroqqa.
Dunyodan norizo boʻlsang ham agar.
Soʻz dema, bardosh qil azob, firoqqa.
Chunki seni tinglab, kimlardir battar,
Nega, deb albatta, tutgay soʻroqqa.
Dunyo ishlariga boqma hech hayron,
Jimgina nazar sol koʻhna bu korga.
Olis kechalari yolgʻiz qolgan on,
Dilingni och faqat parvardigorga.

Jabroil

Ul kuni Muhammad — hokisor banda,
Alloh nazariga boʻlgandi noil.
Sokin hujrasida oʻychan turganda,
Tushdi huzuriga Hazrat Jabroil.
Avval Muhammadning koʻksini yorib,
Shaytoniy hislarni yulib tashladi.
Soʻng iymon nuriga hikmatni qorib,
Muhammad koʻksiga joylay boshladi.
Dedi: «Qalq oʻrningdan endi, Muhammad,
Rasulsan, yoʻl koʻrsat jam’i insonga
Noqis aqllarni hikmatga qarat,
Boshla osiylarni dinga, iymonga.

«Qum Fa Anzir!»

Qum fa anzir!—Tur va ogoh et,
Yota berma misoli tanbal.
Qum fa anzyr!— Tur va ogoh et,
Zimmangga ol kurashni dangal.
Qum fa anzir!—Tur va ogoh et,
Oldindadir hali mashaqqat.
Qum fa anzir!—Tur va ogoh et,
Oʻtda yongay mushriklar albat.
Qum fa anzir!—Tur va ogoh et,
Ayt, moʻminlar boʻlsinlar qoyim,
Qum fa anzir!— Tur va ogoh et,
Ulugʻlagin rabbingni doim.

Vahiy

Manman kimsalardan ranjidi Rasul,
Koʻngli qolgandayin hatto doʻst-yordan.
Gʻorlarga bekinay deganda butkul,
Vahiy tusha keldi Parvardigordan:
— Aytgil, ey Muhammad, manman kimsalar
Vahmkor boʻlsa ham nechogʻ siyogʻi.
Qancha depsinmasin chiranib magar,
Teshib oʻtdimikan yerni oyogʻi?
— Aytgil, ey Muhammad, manman kimsalar
Vahmkor boʻlsa ham nechogʻ siyogʻi.
Qancha kerilmasin chiranib magar,
Togʻlarga yetdimi ekan dimogʻi?

Me’roj

Arshning suluv oti — nurqanot Buroq,
Eltdi Muhammadni oliy dargohga.
Tasviri joizmas bu holni, biroq
Visol nasib etdi Rasulullohga.
Ne-ne paygʻambarlar jam boʻlib biryon
Rasulni oʻzlarin qavmi deb bildi.
Minnatdor Muhammad shod boʻlib chunon
Allohdan shafqatni iltimos qildi.
Arshdan javob keldi: — Ayo, Muhammad,
Avval bir gapimni fahm etib koʻrgil.
Doʻstlikda iltimos boʻlmagay minba’d,
Men ham buyurgayman, sen ham buyurgil.

Hazrati Odam

Joylari osmonda boʻlsa ham magar
Hazrati Odamga qiyindir gʻoyat.
Oʻng yoqqa boqqanda ruhlari yayrar,
Chap yonga boqqanda oʻrtanar faqat.
Bir tomon—jannatning fusunkor bogʻi,
U rohat goʻshasi, yam-yashil makon.
Bir tomon doʻzaxdir, yoʻqdir adogʻi,
U yerda abadiy azob va figʻon.
Quvnar, oʻngga boqib Hazrati Odam,
Chap yonga boqqanda oshar nolasi.
Bir nasli jannatga moyil boʻlsa ham,
Doʻzaxda yonmoqda bitta bolasi.

Inson

Oldiga kelganni qaytarmay yemoq
Aslida, aqli yoʻq hayvonning ishi.
Ogʻziga kelganni qaytarmay demoq
Noqisu befahm, nodonning ishi.
Tavajjuh ayladi tangri taolo,
Muqaddas sanaldi inson degan nom.
Insonni e’tirof etmagan asno
Iblis ham quvildi Arshdan batamom.
Koʻzingning oʻngida oʻsgandek ekin
Rabbim ham ogohdir har zum har ishdan.
Roʻza-yu parhizda muddat bor, lekin
Hamisha hazar qil harom-harishdan.

Ona

Kimdir savol berdi: — Aytgil, Muhammad,
Yolgʻiz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga koʻp yaxshilik aylay, oʻzing ayt,
Ota-onamgami? Yoxud bolamga?
Rasul javob qildi: — Tingla birodar,
Gapimni uch bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar
Eng avval onangga yaxshilik qilgil. »
Bu hikmat sharhini oʻyladim uzoq
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tugʻilgan paygʻambarlar ham.

Ota

Ota-yu onaning qazosi meros,
Oldin kelgan odam oldinroq ketsin.
Farzand farzand boʻlsin farzandlarga xos,
Avvalo tiriklar qadriga yetsin.
Bir kun soʻradilar Rasulullohdan,
— Taqdir hukmi ekan boʻlgani boʻldi.
Zarra foyda yoʻqdir garchi oh-vohdan
Ayting, men netayin, padarim oʻldi.
Rasululloh dedi: — Oʻlim muqarrar,
Endi irodangni bardosh tomon bur.
Otangning tinchini oʻylasang agar.
Uning doʻstlaridan xabar olib tur.

Farzand

Bir kuni ranjitdi otani farzand,
Ota oʻz uyidan bosh olib ketdi.
Lekin Alloh mehri boʻlib sarbaland,
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.
Ota figʻon chekdi Ka’ba qoshida,
Goʻyo unut boʻlgay alamlar bari.
Najot charx ursa ham garchand boshida,
Sira ketolmadi bir gapdan nari.
Ka’baga sigʻinar ekan keksa chol
Armonin oshkora aytdi olamga.
Dedi: — Ibodatim boʻlsa ham uvol,
Faqat saodat ber oʻsha bolamga.

Doʻzaxiylar

Yovlashdi bir kuni ikki musulmon,
Oradan adolat tamoman koʻchdi.
Ular olishdilar uzoq, beomon,
Oqibat birining kallasi uchdi.
Kimdir Paygʻambardan soʻradi kelib:
— Ayo, Rasululloh, aylagil javob.
Hoynahoy, raqibin qonga gʻarq qilib,
Ul kas jahannamda tortgaydir azob?
Rasululloh dedi: — U ham va bu ham
Mahkum boʻlgʻusidir doʻzax toʻriga.
Ikkov ham maydonga tushganlari dam
Oʻlim tilaganlar biri biriga.

Jinlar Bazmi

Jinlar bazm qilardi ovloqda, tunda,
Gulxan atrofida xurram, shodumon.
Bir botir suvoriy oʻtarkan, shunda
Bazmga nazari tushdi nogahon,
Botirni qopladi lahzalik titroq,
Soʻng gulxan ustiga ot soldi birdan,
Jinlar toʻzgʻib ketdi, bittasi biroq
Soʻz qotdi, hayiqmay sira botirdan:
— Bundoq zugʻum qilma bizga, ey botir,
Kimsaga bilmasdan bermagil ozor.
Jinlar ichida ham kofiri bordir,
Jinlar ichida ham musulmoni bor.

Shayton

Shaytonning suvratin chizmoqlik dushvor,
Uning asl yuzin koʻrmoqlik mushkul.
U gohi xojadir, gohida dastyor,
U goho paridir — sochlari sumbul.
Gohi u doʻstman deb soʻz boshlar sekin,
Lutfi gʻoyat shirin totli zaboni.
Zahmat yetkazolmas Shayton va lekin
Kimning butun boʻlsa agar iymoni.
Tushingda Rasulni koʻrdingmi — quvon,
Demak, ibodating yerda qolmaydi.
Rasululloh demish: — Shayton hech qachon
Mening qiyofamga kira olmaydi.

Bahs

Bir kun bahsga tushdi Doʻzax va Jannat,
Tortisha boshladi har ikki tomon.
Biri azobini ukdirsa faqat,
Biri rohatini maqtardi chunon.
Doʻzax gerdayardi:—Jam’iki yuzsiz,
Fosiq bandalarni yigʻib olgayman.
Jannat kerilardi:—Men esa, soʻzsiz.
Yaxshilarni toʻplab dovrugʻ solgayman.
Arshdan nido keldi lekin oʻshal dam:
— Bahsni toʻxtatingiz, tinglangiz soʻzim.
Shuni unutmangki, ikkingizga ham
Loyiq bandalarni joʻnatgum oʻzim.

Kibr

Gʻalati zotlar bor yorugʻ olamda,
Deylik, salomingga alik olmaydi.
Salomin aliksiz qoldirgan damda
Bu holni malomat qilmay qolmaydi.
Ular bu dunyoning goʻyoki naqshi,
Jim boqar, savlati qoʻrquvga solar.
Ularning gapirmay yurgani yaxshi,
Chunki nodonligi bilinib qolar.
Ular tashlab yurar yelkaga toʻnni,
Kibr belgisidir bu ham begumon.
Demishlar: — Hoy banda, kiyib ol uni,
Yoʻqsa tuynugidan kirgaydir Shayton.

Tavba

Sen gunoh qildingmi, bechora banda,
Sen shayton makriga uchdingmi nogoh.
Tinching qolmadimi ruh ila tanda,
Endi nadomatlar boʻldimi hamroh.
Endi chora izlab, axtarib najot,
Kezursan, dastingda na imkon, na erk.
Gunohkor kimsaning qoshida nahot,
Qopqalar yopilgay, ostonalar berk.
Yoʻq, hali olamda mavjuddir shafqat,
Yoʻq, hali tebranur mehr beshigi.
Tavba qil, tavba qil, tavba qil faqat,
Senga ochiq faqat tavba eshigi.

Duo

Rasul bir ummatin alqab doimo,
Sha’niga duolar aytguvchi erdi.
Qoʻling baland boʻlsin desalar illo,
Qoʻling past tushmasin sira ham, derdi.
Rasulga u xitob qildi bir safar:
— Garchi men tangrining otgan toshiman.
Siz menga doimo tilaysiz zafar,
Goʻyo men qandaydir lashkarboshiman.
Rasululloh dedi: — Tingla ey ummat,
Yongan chirogʻingga duo pilikdir.
Qoʻling baland boʻlsa, bilki, bu — ne’mat,
Qoʻlning past tushmogʻi tilanchilikdir.

Ibrat

Ruju qilmadilar Hazrat Paygʻambar
Na yuksak saroyga, na oltin taxtga.
Qaygadir toliqib etganda safar
Suyanib dam oldi bir tup daraxtga.
Kim aytar, dunyoda kibr ustivor,
Kim aytar, umrning ma’nosi shuhrat.
Rasul kamtarlikni qilib ixtiyor,
To mahshar bizlarga qoldirdi ibrat.
Rasul amr qildi: — Kesing daraxtni,
Oʻylamang, borliqqa yoʻqdir himmatim.
Paygʻambar daraxti bergay deb baxtni
Sigʻinib yurmasin unga ummatim.

Bandaga Sigʻinma

Hech qachon bandaga sigʻinma, banda,
Zulm qilsa agar, zolimga la’nat.
Bitta ruh yashaydi har bitta tanda,
Insonning avliyo boʻlmogʻi gʻalat.
Garchi bu dunyoda bordir nodonlik,
Tafakkur, Aqlning koshonasi bor.
Qismatdan hech kimsa topmas omonlik,
Oldinda ajalning ostonasi bor.
Sehrga nechogʻlik kaloming burma,
Lazizroq soʻz yoʻqdir soʻzidan ortiq.
Dunyoda doʻst izlab qancha yugurma,
Azizroq doʻst yoʻqdir Oʻzidan ortiq.

Xazina

Ulugʻ bir alloma oʻtdi olamdan,
Elu yurt kuzatdi bagʻrini tigʻlab.
Shogirdlar bukchayib soʻngsiz alamdan
Olimni tuproqqa qoʻydilar yigʻlab.
Dedilar: — U edi nodiri davron,
Tafakkur qasriga boʻlolgan zina.
Dedilar: — Bir keldi bundayin Inson
Ketdi uning bilan tengsiz xazina.
Kimdir oxir dedi: — Dunyoda, yohu,
Behikmat hodisa yoʻq ekan rosti.
Naqadar shafqatsiz haqiqatdir bu,
Xazinaning joyi chindan yer osti.

Marhumlar Sha’ni

Marhumlar sha’niga yomon soʻz demoq
Makruhlik sanalmish azaldan-azal.
Ey, Inson tanangga bir zum oʻylab boq,
Kimlarni zabtiga olmabdi ajal.
Toshqin sel vahmini soy koʻtargaydir,
Hayotning zarbasin koʻtargay hayot.
Misli toy tepkisin toy koʻtargaydir,
Otning tepkisini koʻtarganday ot.
Rasululloh demish: — Kim Haqqa yoʻldosh
Tiriklik qadrini u aziz bildi.
Marhumning ortidan ota koʻrmang tosh,
Marhum keladigan joyiga keldi.

Ezgulik

Bandani xillamoq nokasning ishi,
Atoyi Haq erur tus bilan zabon.
Insonni tanitgay faqat qilmishi,
Nasoron boʻlsin u va yo musulmon.
Bir burda non soʻrab yigʻlasa goʻdak,
Diydangga kelmasa agar qatra yosh.
Masjidu cherkoving endi ne kerak,
Yaxshisi, yoʻqlikka olib ketgil bosh.
Axir Rasululloh demish-ku ul dam:
— Hamisha saxovat yoʻlidan yurgil.
Mayizday qop-qora boshli habash ham
Yaxshi ish qilganda yonida turgil! ,

Hasad

Dunyoga kelganda Inson mukarram,
Qavmlar shodlikda chuvvos soldilar.
Baxtiyor goʻdaqka aylashib karam,
Albatta momiqqa oʻrab oldilar.
Oylar, yillar oʻtdi, oʻtdi koʻp sana,
Goʻdak ham moʻysafid yoshiga yetdi.
Kuni bitganida ul banda yana
Bir parcha momiqqa oʻralib ketdi.
Hasadgoʻy kimsalar — Iblisga hamkor,
Momiqqa choʻzdilar faqat qoʻllarin.
Egasin kafanga ayladilar zor,
Doʻzaxga burmoqchi boʻldi yoʻllarin.

Mavhum Zot

Yurtga podshoh boʻldi bir kun musulmon,
Bir osiy oʻsha kun musulmon boʻldi.
Yurtga podshoh boʻldi bir kun nasoron,
Ul banda oʻsha kun nasoron boʻldi.
Toju taxt dunyoda aylanar payvast,
Shohlar goh darveshu hudparast boʻldi.
Podshoh boʻlganida yurtga budparast
Ul banda oʻsha chogʻ budparast boʻldi.
Shundoq yashadi u foniy hayotni,
U nayrang koʻrgazdi hatto Xoliqqa.
Oxirat kunida mavhum bul zotni
Oʻtqazib qoʻydilar uchta qoziqqa.

Shoh Va Gado

Nogoh paydo boʻldi davrada gado,
Davra ahli esa shohlar edilar.
Ular taajjubda qolib shu asno,
Gadoga boqishib: — Kimsan? — dedilar.
Bir kun paydo boʻldi davrada podshoh,
Davra ahli esa gadolar edi.
Ular ham taajjub ichra banogoh: —
Podshohga boqishib: — Sen kimsan? — dedi.
Gʻaybdan sado keldi: — Tingla ey banda,
Barchangga yaratgum yagona makon.
Bir-biring kamsitib qilma sharmanda,
Axir ikkingiz ham erursiz mehmon.

Rioya

Agar sen qiblaga burmasang yuzni
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil koʻzni
Agar bir moʻminga yetkazsang ozor.
Hijrating shunchaki sayohat erur
Unutar boʻlsang gar zarra iymonni.
Makkaga yetti qat borgancha boʻlur,
Boshini silasang oʻksik insonni.
Allohning nomiga qasaming abas,
Dilingda bor esa hasad ham riyo.
Nuqsingni behuda yashirmagil, bas.
Biridan voqifdir Tangri taolo.

Savob

Dasti kisqalarni kamsitma zinhor.
Savobning kattayu kichigi boʻlmas.
Kimningdir davlati behuda bisyor
Va lekin baxildir, tolei kulmas.
Och qolgan goʻdakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi,
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.
Demishlar savob ish ofatni toʻsib,
Ezgulik yoʻliga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychokdek oʻsib,
Tulpordek savobga aylangusidir.

Haj

Necha choʻllar oshib, daryolar oshib,
Bir kun kirib keldi Makkaga karvon.
Dengizga yetishgan jilgʻadek shoshib,
Ummatlar yoʻl oldi Ka’baga tomon.
Ularning barchasi moʻysafid edi,
Asoga tayangan, nuroniy boshlar.
Kimdir hayrat bilan ularga dedi:
— Nahot haj qilmaydi sizlarning yoshlar?
Ummatlar deyishdi:—Haq yoʻli ogʻir,
Afsus chekmoqlikdan mutloq narimiz.
Qutlugʻ bu safarga chiqqanda, axir,
Yosh-yosh yigit edik bizlar barimiz...

Qiyomat

Bir kun Muhammadga berdilar savol:
— Ayo, Rasululloh, aytib ber buni
Qachon foniy dunyo topgaydir zavol,
Qachon sodir boʻlgay Qiyomat kuni?
Garchand Biru Borga somedir Inson,
Iblis qutqusi ham har qayda bordir.
Kimningdir dilida sobitdir iymon,
Kimgadir shaytoniy vasvasa yordir.
Rasululloh dedi: — Umid qil, banda,
Koʻchmasin dunyodan insof, diyonat.
Nopok odamlarga kuning qolganda,
Bilgilki, oʻsha kun kelgay Qiyomat!

Gʻiybat

Doʻzax yoʻllaridan oʻtarkan Rasul,
Atrofga koʻz tashlar edi damodam.
Kimdir faryod solib yigʻlardi nuqul,
Otashda yonardi oʻzga bir odam.
Yoʻlning kanorida-shundoq sarhadda
Oʻlimtik yer edi allaqanday zot.
Nogoh Rasululloh boqib hayratda,
Jabroilga dedi: — Bul kimdir, hayhot!
Jabroil aytdikim: — Bunda har kimsa,
Jazosin olgaydir qilmishiga xos.
Oʻlimtik yeguvchi bul banda esa,
Umrin gʻiybat bilan oʻtkazgan xolos.

Xoja Va Shoir

Qabila Xojasi shoirga bir kun
Oq tuya mingizdi, koʻrgizib hurmat.
Xoja oʻz ishidan boʻldi koʻp mamnun,
Bamisli Rasulga yoʻliqqan ummat.
Xojadan soʻrashdi: — Aytingiz, janob,
Ulugʻ bu ehsondan nedur muddao?
Shoir-ku bir darvish — faqir va xarob,
She’riga shu qadar maftunmisiz yo?
Xoja javob qildi: — Boʻlmangiz hayron,
Kim ham ayri tushar axir elidan.
Shoirning she’ri-ku yoqar begumon,
Men koʻproq qoʻrqaman uning tilidan.

Hayit

Hayit kunlarida janglar ham toʻxtab,
Qilichlar qiniga qaytib kirguvsi.
Moʻminlar egizak jonlarga oʻxshab,
Oʻzgaga boqqan choq oʻzni koʻrguvsi.
Umidvor har kimsa topib kushoyish,
Qorongʻu dillarga yogʻib turgay nur.
Uyquda farogʻat, yurtda osoyish,
Duolar ijobat, niyatlar manzur.
Adovat, hasadni kasb etgan inson,
Mayli shoh yo gado, yo sayid boʻlsin.
Iloyo, bariga baxsh etsin iymon,
Oʻtar har lahzasi bir hayit boʻlsin.

Kamolot

Gʻoyat gʻarib edi Rasul hujrasi,
Qamish uy edi u, oddiy va faqir.
Ummatlar soʻrashdi: — Gapning sirasi,
Sizga yarashmaydi bu kulba axir.
Ular tagʻin dedi: — Siz-ku Paygʻambar,
Tomingiz ne uchun bu qadar pastdir?
Rasul javob qildi: — Tinglangiz, magar
Balandni istagan balandparastdir.
Siz salom berdingiz — olgayman alik,
Allohning oʻzidir yuksak begumon.
Bandaga joizdir faqat kamtarlik,
Yoʻl pastdan boshlanar kamolot tomon.

Layli Va Majnun

Har kimga hamroxdir hamisha qismat
Kimdir boshin egar, kim koʻksin kergay.
Rasululloh demish: — Allohdan faqat
Kim nima soʻrasa, oʻshani bergay.
Oyoq qoʻlin bogʻlab Laylini bir kun
Olib kelishdilar Ka’baga tomon.
Layli xitob qildi: — Tavba ne uchun,
Majnunim boʻlmasa tiyradir jahon.
Ibodat Majnunning navbati edi,
U ham oshkor etdi koʻngil maylini.
Ka’baga bosh urib turarkan dedi:
Men sendan soʻrayman faqat Laylini.

Oyisha

Oyisha, Oyisha, Oyisha ona,
Nechun koʻzlaringdan oqar marjon yosh.
Senga Rasululloh oʻzi parvona,
Bir muhring Oy boʻlsa, birisi Quyosh.
Tonglarni ottirding juftingga qarab,
Shoni shon keltirdi, hasrati — ado...
Paygʻambar zavjasi boʻlmoq-ku sharaf,
Insonga yoʻldoshlik ogʻirdir, ammo.
Oyisha, Oyisha, mangu sabot top,
Senga termulamiz bizning barimiz.
Shamollab qolmasin, ustlarini yop,
Orom olayotir Paygʻambarimiz.

Pahlavon

Bir suhbat chogʻida Hazrat Paygʻambar
Oʻrtaga tashladi savol nogahon.
Aytdilar: — Zarurat tugʻilsa magar
Kimni atardingiz asl pahlavon?
Sahobalar dedi: — Har kim doimo
Chekiga tushganni kelgandir olib.
Kurash maydoniga chiqqanda ammo,
Pahlavon sanalgay kim boʻlsa gʻolib.
Rasululloh dedi: — Koʻhnadir jahon,
Turfa xil kuch-qudrat bordir odamda.
Lekin oʻz jahlini yengolgan inson
Haqiqiy pahlavon erur olamda.

Shafqat

Qabriston yonidan oʻtarkan Rasul,
Ketganlar yodiga fotiha tortdi.
Yengillik sezgaydir bunday chogʻ koʻngil,
Biroq Paygʻambarning gʻussasi ortdi.
Garchi boqiy emas dunyoda inson,
Garchi u aylangay bir kun tuproqqa.
Rasul anglasa ham bu holni obdan
Oddiy banda yangligʻ tushdi titroqqa.
Sahobalar dedi: — Qandayin zugʻum,
Qanday gʻam bagʻringiz tigʻlamoqdadir?
Rasul javob qildi: — Bir osiy shu zum,
Qabrida qon qaqshab yigʻlamoqdadir.

Hordiq

Arab sahrosida yoʻl yurib karvon,
Topdi bir manzilda qoʻnim va qaror.
Horgʻin Rasululloh — ozurda ul jon,
Hordiq chiqarmoqni qildi ixtiyor.
Toʻshaksiz, taqirda yotdi yonboshlab,
Bamisli ochundan koʻngli qolgan qul,
Keldi sahobalar koʻzlarin yoshlab:
— Hech qursa, boʻyrada yotingiz, Rasul.
Rasululloh dedi:—Oʻylamang, aslo
Fanodan men rohat kutayotirman.
Bu dunyo daraxtning soyasi goʻyo,
Men undan ot minib oʻtayotirman.

Shamol

Shamollar, shamollar deydi shamollar,
Qaydan esganingiz bilolmay dogʻman.
Siz bilan chulgʻanur ne-ne xayollar,
Sizning taftingizda xasta yo sogʻman.
Arab sahrosida esgan ey samum,
Sovurding kimlarning tuygʻularini.
Shahidalar uchun goh boʻlding tayammum,
Qumlarga dafn etding orzularini.
Shamol esganida Hazrat Paygʻambar
Mudom toʻlgʻonardi dilgir betoqat.
Der edi:—Har qanday shamol muqarrar
Yo hayot keltirgay yoki falokat.

Roʻza

Ramazon oyida, hayit chogʻida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar zaytun yogʻida,
Halim tayyorladi kimda bor imkon.
Bahor keldi mana, qishdan chiqoldik,
Bergan rizq-roʻziga, ne’matga sharaf.
Togʻdayin zahmatni oxir yiqoldik,
Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.
Roʻzadan chiqqanlar, Sizga ham rahmat
Farzingiz sinovli saodat erur,
Rasululloh demish: — Sabr qil ummat,
Moʻ’minlik belgisi qanoat erur.

Bilol Habash

Paygʻambar ummati — qora tan Bilol
Rasulga hamisha kamarbastadir.
Sidq ila vafotga boʻldi u timsol,
Qaytmadi rost yoʻldan, sogʻ yo xastadir.
Bilol aytar edi azonni yakkash,
Sazovor boʻlmishdi ishonchga andoq,
Rasuldan soʻrashdi: Bu qora habash,
Jannat chehrasiga yarashgay qandoq?
Javob shunday boʻldi:— Soʻylangiz bilib,
Uning oq dilida iymon ohangi.
Jannat hurlariga qora xol qilib,
Boʻlib berilgandir Bilolning rangi.

Hidoyat Yoʻli

U senga koʻrsatdi hidoyat yoʻlin,
Yurgil yo yurmassan, oʻzing bil, inson.
Balki sen tutgaysan Iblisning qoʻlin,
Yaratgan Xoliqqa barchasi ayon.
Pishqirgan daryoning sohilida gar
Tashnayu zor qolsang, aybdorsan oʻzing.
Boshingga nogahon balolar yogʻar
Labingdan uchgan chogʻ jaholat soʻzing.
Gʻoyibdan baxt kutib oʻtirmoq nechun,
Dastingga kor berdi qalbingdagi yor.
Zaminda koʻrgazgan qilmishing uchun,
Osmonni malomat qilmogʻing bekor.

Tenglik

Boshini har qancha tebratgan bilan.
Oqil boʻlib qolmas uchragan jonzot.
Yoʻqsa, hind morbozi oʻynatgan ilon
Ja’mi donolarni aylar edi mot.
Allohim bir sizning mulkingiz emas,
Emukdosh emasdir Sizga paygʻambar.
Samovat nomidan soʻzlamangiz, bas,
Sizu bir qushdan toʻzgʻib tushgan par.
Yonma-yon bitikmiz taqdir toshida,
Birimiz yoqa-yu, birimiz yengmiz.
Rasululloh demish:— Haqning qoshida
Taroq tishlaridek barchamiz tengmiz.

Jon Achchigʻi

Buloqdan suv ichdi hazrati Iso,
Gʻoyat totli edi bu obi hayot.
Suvni bir koʻzaga qoʻyganda ammo
Zaqqumga aylandi u oʻsha zahot.
Hayratga tushgandir paygʻambarlar ham,
Bu qanday sir erur? Ayon qil, ayo rab!
Masiho nafasi yetishgani dam
Koʻzadan bir ovoz chiqdi-ku titrab:
— Ayo, shirin suving boʻldimi taxir,
Dema, bu — tuz ta’mi qon achchigʻidir.
Men ham Inson edim, Koʻzaman hozir,
Suvni achchiq qilgan jon achchigʻidir!

Sen Kabi

Onangni otangga xatlab berganda
Guvoh boʻlmaganman ishongil axir.
Boqursan, yuzingda quv zaharxanda,
Dunyoni goʻyoki men etdim taxir.
Bosgan qadamimdan chaqnamas olov,
Da’vo qilmasman Hech abadiyatga.
Na qoʻrgʻon qurdimu na tutdim yalov,
Doim yoʻldosh boʻldim oddiy niyatga.
Boshni koʻp qotirma sen kimsan debon,
Kimning xesh, kimningdir andasidirman,
Oʻtkinchi dunyoda men ham bir mehmon,
Xudoning sen kabi bandasidirman.

Chora

Gʻanim boʻlib qoldi kimdir kimgadir,
Ular ikkisi ham oqsoqol edi.
Oʻrtaga tushgandi gina negadir,
Ikkisi ham goʻyo bezavol edi.
Uzoq vaqt olishdi ikkita yigit,
Oʻzim haq der edi ikkalasi ham.
Sira kor qilmadi nasihat—oʻgit
Chorasin topolmay hakamlar mulzam.
Oxir soʻradilar Rasululloxdan
Ayo oʻzing aytgin eng odil soʻzni.
Rasululloh dedi: — Qoʻrqing gunohdan
Siz ular oʻrnida his qiling oʻzni...

Azroil

Badaviy shaklida kelib Azroil
Muhammadga dedi:—Joningni olgum.
Va lekin hurmatga ekansan noil,
Tila tilagingni, doʻst boʻlib qolgum.
Muhammad toʻlgʻondi oʻnggayu soʻlga,
Dedi: — Ola qolgin, kerak boʻlsa jon.
Magarki iltifot qilding Rasulga,
Soʻnggi tilagimni aylayin bayon.
Yolgʻiz oʻtinchim bu, qaytarma minba’d,
Mayli soʻng tepamda koʻksingni kergil.
Ummatim jonini oson ol faqat,
Uning azobin ham oʻzimga bergil.

Qul Va Quyosh

Demasman, Zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil,
Rasululloh demish: — Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!

Hadis

Bu ulugʻ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et, oʻzing, Ilohi.
Ulgʻaydik va lekin oldda koʻp gap bor,
Davr shamollari esib oʻtgaydir.
Inongum, e’tiqod oʻzi boʻlib yor
Bizning ham qoʻlimiz bir kun tutgaydir.
Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana koʻrishguncha sogʻ boʻling! Omin!