OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qahhor
Asar nomiDahshat (hikoyalar toʻplami)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qahhor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm242KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan13/05/2010
Manbahttp://www.ziyouz.com...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dahshat (hikoyalar toʻplami)
Abdulla Qahhor

Dahshat

«
Xotin-qizlarning burun zamonda koʻrgan
kunini bilmaysizlar, qizlarim, aytgan bilan ishonmaysizlar!..

Toʻraxon oyi
»

Yaqin ikki haftadan beri koʻz ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, gʻuvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi. Bunday kechalarda odamzod qoʻymijoz gʻuj boʻlib va nimanidir kutib jimgina oʻtirishni xohlab qoladi. Olimbek dodxoning sakkiz xotini katta kundosh Nodirmohbegimning uyiga yigʻilib, sandal atrofida oʻtirishar edi. Dodxo har kecha taroveh namozidan keyin halqaga qolar edi, bu kecha erta qaytdi. Hamma toʻzidi: xotinlardan biri uning sallasini oldi, biri chakmoniga qoʻl uzatdi, biri mahsisini tortgani chogʻlandi... Kundoshlarning eng kichigi — bu dargohga tushganiga besh oygina boʻlgan kelinchak — ganjiravonlik Unsinoy chilim solib tutdi. Dodxo chilimni bir marta, lekin juda qattiq tortdi-yu, yasov tortib turgan xotinlariga eʼtibor qilmay, toʻrga oʻtdi va darchani jindakkina qiya qilib, bir koʻzi bilan tashqariga qaradi.

Shamol goh och boʻriday uvillar, goh oʻlim changaliga tushgan mushukday pixillar, vagʻillar, hech narsa-hech narsa koʻrinmas edi. Dodxo darchani zichlab yopib, joyiga oʻtirib tasbeh oʻgirishga kirishdi. Uning barmoqlari tasbeh donalarini tez-tez oʻtkazayotgan boʻlsa ham, qulogʻi gʻuvillayotgan shamolda, xayoli goʻristonda edi: «Hozir goʻriston qanaqa vahimali boʻlsa ekan...»

Uzbek goʻristoni oʻzi xunuk, buning ustiga, goʻriston haqida aytilmagan xunuk gap, toʻqilmagan vahimali mish-mish qolgan emas. Haqiqatan, bunday kechalarda goʻriston esiga tushgan har qanday odam, ayniqsa, dodxo singari paygʻambar yoshidan oshib, kafanligini sandiqqa solib qoʻygan kishi oʻlishdan ham koʻra goʻristonda yotishini oʻylaganida tiligacha sovuq ter chiqaradi. Dodxo boshidan goʻriston xayolini chiqarib tashlash uchun tasbehini qoʻyib undan-bundan gapirgan boʻldi, lekin hech kim bu gaplarga gap ulamadi.

Shamol bir xuruj qilganida nimanidir keltirib darchaga urdi. U narsa darchani tirmalaganicha sidirilib pastga tushib ketdi. Hamma oʻtirgan erida goʻyo bir qarich choʻkkanday boʻldi va tin olmay bir-biriga qaradi. Dodxo xotinlariga, ulardan ham koʻra oʻziga taskin berish uchun oʻrnidan turib darchaning bir tomonini ochdi. Darchadan kirgan shamol osma chiroqni lipillatdi, tebratdi. Dodxo pastga qaradi va suyunib ketganday:

— Boʻyra, boʻyra ekan!— dedi va darchani yana zich yopib joyigaoʻtirdi.

Boʻyra odatda tobutga solinadigan boʻlganidan, dodxoning koʻz oddiga odamlarning elkasida lapanglab ketayotgan tobutni keltirdi. Tobut esa yana goʻristonni eslatdi, goʻriston haqida bolaligidan qulogʻida qolib kelgan vahimali gaplarni, hodisalarni jonlantirib yubordi. Dodxo bu xayollarni engish uchun goʻriston vahimalaridan oʻzi soʻz ochdi va ikki ogʻiz gapining birida oʻzining dovyurakligini xotinlariga, ulardan ham koʻra oʻziga pisanda qila ketdi. Gapdan gap chiqib, Nodirmohbegim bir voqeani aytib berdi.
— Bola edim. Rahmatli dadam gap er edilar. Bir mehmonxona yigit... Mana shunaqa shamol kechasi ekan. «Hozir kim goʻristonga borib, Asqarponsotning goʻriga pichoq sanchib keladi?» degan gap boʻlipti. Shunda bir kishi pichogʻini qinidan sugʻurib: «Men sanchib kelaman»,— depti, bitta qoʻydan garov bogʻlashib yoʻlga tushipti. Joʻralari hali kutishar emish— yoʻq, hali kutishar emish — yoʻq; tong otipti, uyida ham yoʻq emish; goʻristonga borib qarashsa, Asqarponsotning goʻri oldida oʻlib yotgan emish! Bechora goʻrga pichoq sanchganida etagini qoʻshib sanchgan ekan, qaytay desa etagidan birov tortganday boʻlgan-da...

Hammaning eti jivillashib ketdi. Uzoq jimliqdan keyin Unsin yonida oʻtirgan kundoshiga shivirlab:
— Oʻlsin, nokas odam ekan, bitta qoʻyni deb... Koshki arziydigan narsa boʻlsa!.. — dedi.

Bu gapni dodxo eshitib qoldi. Uning nafsoniyati qoʻzgʻadi. Dodxoday odam goʻriston deganda tizzasi qaltirasa, birov «olamga podsho qilaman» degan taqdirda ham bormasa, borolmasa-yu, bu qiz mushtday boshi bilan, «arziydigan narsa boʻlsa men boraman» desa!

Dodxo gʻashi kelib, Unsinni masxara qildi:
— Obbo, tegirmonchining qizi!.. Bitta qoʻyni nazarlari ilmaydi! Nechta qoʻy boʻlsa arzir edi? Sen oʻzing oʻnta qoʻy bersam, pichoq sanchib kelasanmi? Yuzta qoʻy, davlatimning yarmini bersam borasanmi?

Unsinoy bozvantidagi tangalarni oʻynab:
— Menga davlat kerak emas, davlat kerak boʻlsa borar edim, — dedi.

Bu gap dodxoga tegib ketdi.
— Nima kerak?

Unsin indamadi. Dodxoning savoli javobsiz qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak eydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi:
— Javob bersang-chi!
— Tildan qoldingmi?!

Yonida oʻtirgan kundoshi tirsagi bilan biqiniga ikki-uch turtgandan keyin, Unsin boshini koʻtarib, balo-qazoday tikilib turgan dodxoga bir koʻz tashladi-yu, yana boshini egib, lekin dadil javob berdi:
— Javob bersangiz... Ganjiravonga ketsam... Bitta goʻrga bitta pichoq emas, oʻnta goʻrga oʻnta pichoq sanchib kelaman... - dedi.

Uning maqsadini kundoshlar darrov fahmlashdi. Lekin dodxo bunday gapni sira kutmagani uchun yanglish tushundi.
— Tagʻin nima qilasan Ganjiravonda, borib kelganingga ikki oy ham boʻlgani yoʻq-ku! Nodirmohbegim sandal ichidan oyogʻini uzatib Unsinning boldirini chimchiladi, koʻzi bilan «xayriyat, tushunmadi, bas, gapirma», deb ishora qildi. Biroq Unsin jonidan kechgan kishining shijoati bilan dodxoga tik qaradi.
— Yoʻq, men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz demoqchiman.

Gapni aytgan Unsinu, boshqalar oʻtirgan joyida erga qapishib ketdi. Biroq dodxo, hammaning kutganiga qarshi, qoʻliga qamchi olib Unsinni «qaering qichidi»ga solmadi, aksincha, zaharxanda bilan boʻlsa ham, muloyim gapirdi:
— Shunaqami?.. Xoʻp, mayli, aytganing boʻla qolsin, — dedi va bir oz oʻylab turib gʻijinganini yashirolmay ilova qildi:— Lekin goʻristonga pichoq emas, qumgʻon olib borasan.

Onhazratim sagʻanasi oldida qumgʻon qaynatib, bitta choy damlab kelasan, maylimi?
— Mayli, mayli!— dedi Unsin koʻzlari javdirab, — lekin lafzingizdan qaytmasangiz...

Dodxoning dami ichiga tushib ketdi. Bir gadovachchaning bu dargohdan ketishga oshiqishi unga haqorat boʻlib tushdi. Endi Unsinni tilab olish uchun biron soʻz aytishga hech kim, hatto goʻristondan uning oʻligi kelishiga koʻzi etib, ichida faryod chekayotgan Nodirmohbegim ham jurʼat qilolmay qoldi.

Dodxoning oppoq, uzun soqoli, tovushi titradi.
— Xoʻp, lafzimdan qaytmayman, mana xotirjam boʻla qol: men hozir seni bir taloq qoʻydim, qaytib kelganingdan keyin uch taloqsan! Bor, qumgʻonni koʻtar!..

Unsin dodxodan darrov yuzini berkitganicha chiqib ketdi. Nodirmohbegim, qoʻlidan boshqa ish kelmagandan keyin, hech boʻlmasa Unsinning yuragiga quvvat boʻladigan bir-ikki ogʻiz soʻz aytish maqsadida ketidan chiqmoqchi boʻlgan edi, dodxo xoʻmrayib joyiga oʻtqazib qoʻydi. Kundoshlar bitta-bitta oyoq uchida yurib chiqib ketishdi.

Unsin uyiga kirdi, paranji-chimmatini yopindi, qumgʻonga suv toʻldirib, choynakka choy soldi-yu, joʻnadi. Koʻr oydin. Osmonning chekkasi sarigʻ-kir uvadaga oʻxshaydi. Bu kir shuʼla qoʻynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora qoʻrinadi.

Pishqirayotgan shamol har xuruj qilganida Unsinni tentiratar, talay joyga surib tashlar edi. Unsin paranji-chimmatini yumaloqlab qoʻliga olganidan keyin yoʻl yurish osonroq boʻldi. Goʻriston toʻgʻrisida dodxo nimalar eshitgan boʻlsa, Unsin ham shuni eshitgan, shamol kechasi goʻriston dodxo xayolida qandoq dahshatli boʻlsa, uning xayolida ham shunday dahshatli, lekin shundoq boʻlsa ham, tiriklar goʻristoni boʻlgan bu dargohning dahshati oldida oʻliklar goʻristonining dahshati unga dahshat koʻrinmas, bundan tashqari, ertagayoq Ganjiravonga joʻnash, ota-onasini, dugonalarini koʻrish umidi uning boshiga boshqa hech qanday fikr-xayolni yoʻlatmas edi.

Unsin xuddi dadasidan katta hayitlik olib bozorboshiga ketayotgan yosh boladay chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga soʻz bermay, baʼzan irgʻishlab borar edi; biroq goʻriston koʻchasiga burilib, salobat bilan tebranayotgan qop-qora keksa chinor ostida oqarishib turgan sagʻanalarni, belgisiz zulmatni koʻrganida yuragi uvishdi-yu, zovur koʻprigidan oʻtib, ikki qadam qoʻyganicha toʻxtab qoldi. Dahshat uning yuragiga raxna soldi: Ganjiravon, ota-onasi, dugonalari xayolidan koʻtarilib, koʻz oldiga oppoq kafanga oʻralib sagʻana va goʻrlar atrofida elib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi roʻmolini bir qarich koʻtarganday boʻldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi oʻlikdan qoʻrqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: «Oʻlikning joni yoʻq! Oʻlikning joni yoʻq!» - deb olgʻa intildi, shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sagʻanasi oldida toʻxtadi; choynak bilan qumgʻonni oyogʻi ostiga qoʻydi, paranji-chimmatni bir chekkaga tashladi, ichida: «Koʻpi ketib ozi qoldi», deb suyundi. Biroq uning suyungani behuda edi: hamma narsani olipti-yu, eng zaruri— Oʻtin esidan chiqipti! Har sagʻanadan bir qoʻl, har goʻrdan bir tovush chiqishini kutib oʻtin qidirish vahimasi uning yuragiga yana raxna sola boshladi. Unsin oʻziga- Oʻzi baland tovush bilan yana: «Oʻlikning joni yoʻq!»- deb, hozir diliga bitta odamchalik quvvat boʻlayotgan bu gapni ogʻzidan qoʻymay, sagʻana va goʻrlarni oralab oʻtin qidirdi; paypaslanib, qoʻliga ilingan narsani etagiga soldi, qamish sindirdi, yantoq, giyoh yuldi, qoʻllari qonab ketganini ham payqamay, topgan-tutganini keltirib oʻt yoqdi. Oʻt chirsillab-chirsillib birpasda gurkiradi, shamolda toʻlgʻanayotgan tutun aralash alanganing qizgʻish shuʼlasidan qorongʻilik lipillab, uzoq-yaqinda doʻplayib turgan goʻrlar, xuddi birov tuproqni koʻtarib chiqayotganday harakatga keldi.

Unsin yana oʻtin qidirdi, lekin har safar oʻtin qalaganida alanganing gurkirashi, chirsillashi mudrab yotgan arvohlarni uygʻotib yuborishidan qoʻrqqandek, uning ustiga oʻzini tashlaguday boʻlar edi.

Nihoyat, qumgʻon qaynadi. Unsin naridan-beri choy damladi, quruq yantoq va qamishlarga oʻt ketmasin uchun oʻtni tepkilab oʻchirdi; oʻng qoʻlida choynak va chap qoʻlida qumgʻon, oʻtning shuʼlasidan koʻzi hanuz qamashib borar ekan, bir joyda er oʻpirilib, chap oyogʻi taqimigacha botib ketdi va oyogʻining uchi yumshoq bir narsaga tekkanday boʻldi. Unsin boyagi gapni duoday tez-tez qaytarib, qoʻrquvni oʻziga yoʻlatmayotgan boʻlsa ham, koʻngliga «oʻlikning qornimikin» degan gaplar keldi-yu, yuragi orziqib, oyogʻini darrov sugʻurib oldi va chuqurda qolgan bir poy kavushini olgani yurak qilolmay mahsichan ketaverdi. Unsin bir necha qadam bosganidan keyin paranji-chimmati sagʻananing oldida qolganini eslab toʻxtadi, lekin qaytib borgani botinolmadi, hozir qaytish emas, qayrilib qaragani ham yuragi dov bermas, nazarida hamma oʻliklar sagʻanalardan, goʻrlardan boshini chiqarib, ketidan qarab turganday edi. Unsin nima qilishini bilmay turib qoldi. Shu asnoda kattakon bir sagʻananing ichidanmi, naryogʻidanmi allaqanaqa bir tovush eshitildi-yu, xayal oʻtmay nimadir kelib Unsinning elkasiga minib oldi, aftidan, boʻgʻmoqchi boʻlib qoʻl uzatdi. Unsin koʻkragiga nihoyatda ogʻir bir narsa bilan urilganday koʻngli ozib tentirab ketdi-yu, yiqilmadi, lekin oyoq uzra turib hushidan ketdi; oradan qancha vaqt oʻtganini bilmadi, koʻzini ochib qarasa jonvor elkasidan tushipti, emaklab boyagi sagʻananing orqasiga oʻtib ketdi. Unsin qoʻrquvdan telba bir ahvolda boʻlsa ham fahmladi: maymun! Dodxoning maymuni! Maymunni dodxoning oʻzi olib kelmagandir, birovdan berib yuborgan! Dunyoda dodxoday berahm odam yana bor ekanmi! Unsin elkasiga maymun mingan dakiqada naqadar qoʻrqqan boʻlsa, hozir shu qadar tinchidi, xotirjam boʻldi: demak, qandoq berahm boʻlsa ham shu atrofda odam bor! Unsin goʻristoqdan chiqib, katta yoʻlga tushib oldi, yarim yoʻlga borganida chap qoʻliga qattiq ogʻriq kirganini sezdi. Ogʻriq qumgʻonni eslatdi. Chap qoʻlida qumgʻon bor edi, qani? Unsin bir toʻxtadi-yu, choynakni ikkala qoʻli bilan bagʻriga bosib, darmoni etguncha jadalladi. Tushida yugurganday uning yoʻli koʻpaymas, ikki oyogʻi gavdasidan keyinda qolar, qoʻlidagi choynak tobora ogʻirlashib borar edi.

Unsin Nodirmohbegimning ogʻir eshigini zoʻrgʻa ochdi, ostonadan oʻtib, bir necha qadam bosganidan keyin holdan toyib choʻkkaladi va ne mashaqqat bilan intilib, joʻmragidan choy oqib bugʻlanayotgan choynakni sandalning bir chekkasiga qoʻydi, umrlik orzusi ushalganday, hordigʻi chiqib, oʻzini erga tashladi. Sandalda oʻtirib pinakka ketgan dodxo uygʻonib tamshandi, boshini koʻtarib Unsinni koʻrdi-yu, «jon berayotipti» deb oʻyladi shekilli, koʻzlari olaydi, undan koʻzini olmay sekin oʻrnidan turdi, xuddi oʻlim xavfidan qochganday, bir irgʻib sandaldan oshdi-da, oʻzini eshikka urdi...

Unsin hushdan ketgan ekan, bir vaqg koʻzini ochib qarasa, sandalning chetida chalqancha yotibdi, tepasida Nodirmohbegim yigʻlab oʻtiripti. Uning oʻng koʻzi momataloq boʻlib shishib ketgan, oq doka roʻmolining u er-bu eriga qon tekkan ekan. Unsin Nodirmohbegimga koʻzi tushgan zamoni undan dodxoning lafzi lafzmi ekanini soʻramoqchi boʻlgan edi, uning ahvolini koʻrib, eshitilar-eshitilmas:
— Sizga nima boʻldi?
— dedi.

Nodirmohbegim Unsinning yosh joniga rahm qilishini, uni qaytarishni soʻrab dodxoga yolvorganida dodxo uni tutib olib xoʻp urgan edi. Nodirmohbegim Unsinning savoliga javob bermadi, tovush chiqarmay yana ham qattiqroq yigʻlab, uning boshini siladi, yuzini yuziga qoʻydi; soʻng, oʻsha chogʻi odam yuborib goʻristondan oldirgan ikki chimdim tuproqni yarim piyola suvga chayib Unsinga tutdi.
— Ich, jigarim, qoʻrqqansan... Goʻristonda qoʻrqqanga goʻristonning tuprogʻi davo boʻladi.

Unsin piyoladagi loyqa suvni darrov ichdi va xiyla engil tortganday boʻldi.
— Mendan qaytmasa xudodan qaytsin... Ota-onam borishimni harna ertaroq eshitsa, harna ertaroq suyunsa...

Nodirmohbegim yana kaltaklanishidan hayiqmay, Ganjiravonga bir xizmatkorini yubordi.

Biroq Unsin peshingacha etmadi — uzildi.

Shom qorongʻisida uning jasadini qizil koʻrpaga oʻrab aravaga solishdi. Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shoxida chiyillar, gʻuvillar edi.

Darvozadan boshida paranji va qoʻlida oq tuguncha Nodirmohbegim chiqdi. U darvozaga yuzini oʻgirib choʻnqaydi, ikki qoʻlini fotihaga ochib, bir nimalar dedi. Dodxoning oʻzi bilan birga bu dargohni erning qaʼriga yuborganday ikkala mushtini uch marta erga qadadi; keyin «bu dargohni endi elkamning chuquri koʻrsin» deganday bir harakat bilan keskin burilib aravaga chiqdi, marhumaning bosh tomoniga oʻtirdi.

Arava joʻnadi, shahar qoʻrgʻonidan chiqqanda kunduzi Nodirmohbegim yuborgan xizmatkor Ganjiravondan qaytib kelmoqda edi.

Bemor (Oʻtmishdan)

Osmon yiroq, er qattiq. <p align=«right»>Maqol Sotiboldining xotini ogʻrib qoldi. Sotiboldi kasalni oʻqitdi — boʻlmadi, tabibga koʻrsatdi. Tabib qon oldi. Betobning koʻzi tinib, boshi aylanadigan boʻlib qoldi. Baxshi oʻqidi. Allaqanday bir xotin kelib tolning xipchini bilan savaladi, tovuq soʻyib qonladi... Bularning hammasi, albatta, pul bilan boʻladi. Bunday vaqtlarda yoʻgʻon choʻziladi, ingichka uziladi.

Shaharda bitta doktorxona bor. Bu doktorxona toʻgʻrisida Sotiboldining bilgani shu: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga koʻmilgan baland va chiroyli oq imorat; shisha qabzali kul rang eshigida qoʻngʻiroq tugmasi bor. Chigit poʻchoq va kunjara bilan savdo qiladigan xoʻjayini Abdugʻaniboy omborda qulab ketgan qoplar ostida qolib oʻladigan boʻlganida bu doktorxonaga bormay Simga* ketgan edi. Doktorxona deganda Sotiboldining koʻz oldiga izvosh va oq podshoning surati solingan 25 soʻmlik pul kelar edi.

Bemor ogʻirlashdi. Sotiboldi xoʻjayinining oldiga arzga bordi, ammo bu borishdan muddaosi nima ekanini aniq bilmas edi. Abdugʻaniboy uning soʻzini eshitib koʻp afsuslandi, qoʻlidan kelsa hozir uning xotinini oyoqqa bostirib berishga tayyor ekanini bildirdi, keyin soʻradi:
— Devonai Bahovaddinga hech narsa koʻtardingmi? Gʻavsul-aʼzamga-chi?

Sotiboldi ketdi. Bemorning oldidan jilmaslik va shu bilan birga tirikchilik uchun xonaki bir kasb qilishga majbur boʻldi— har xil savatchalar toʻqishni oʻrgandi. U ertadan-kechgacha oftobshuvoqda gavronlar ichiga koʻmilib savat toʻqiydi.

Toʻrt yashar qizchasi qoʻliga roʻmolcha olib, onasining yuzini karaxt, nimjon, xira pashshalardan qoʻriydi; baʼzan, qoʻlida roʻmolcha, mukka tushib uxlab qoladi. Hammayoq jim. Faqat pashsha Gʻingʻillaydi, bemor inqillaydi; har zamon yaqin-yiroqdan gadoy tovushi eshitiladi: «Hey doʻst, shaydullo banomi ollo, sadaqa raddi balo, baqavli rasuli xudo..." Bir kechasi bemor juda azob tortdi. U har ingraganda Sotiboldi chakkasiga burov solingan kishiday talvasaga tushar edi. Qoʻshnisi bir kampirni chaqirdi. Kampir bemorning toʻzigan sochlarini tuzatdi, u yoq-bu yogʻini siladi, soʻngra... Oʻtirib yigʻladi.

– Begunoh goʻdakning saharda qilgan duosi ijobat boʻladi, uygʻoting qizingizni! - dedi.

Bola anchagacha uyqu gʻashligi bilan yigʻladi, keyin ota-sining gʻazabidan, onasining ahvolidan qoʻrqib, kampir oʻrgatgancha duo qildi: – Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...

Bemor kundan-kun battar, oxiri oʻsal boʻldi. «Koʻngilga armon boʻlmasin» deb «chilyosin» ham qildirishga toʻgʻri keldi. Sotiboldi toʻqigan savatchalarini ulgurji oladigan baqqoldan yigirma tanga qarz koʻtardi. «Chilyosin»dan bemor tetik chiqqanday boʻldi; shu kechasi hatto koʻzini ochib, qizchasini yoniga tortdi va pichirladi: – Xudo qizimning saharlari qilgan duosini dargohiga qabul qildi. Dadasi, endi tuzukman, qizimni saharlari uygʻotmang.

Yana koʻzini yumdi, shu yumganicha qaytib ochmadi—saharga borib uzildi. Sotiboldi qizchasini Oʻlik yonidan olib, boshqa yoqqa yotqizayotganda qizcha uygʻondi va koʻzini ochmasdan odatdagicha duo qildi: – Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...

<p align=«right»>1936

Oʻgʻri (Oʻtmishdan)

<p align=«right»>Otning oʻlimi itning bayrami. <p align=«right»>Maqol

Kampir tong qorongʻisida xamir qilgani turib hoʻkizidan xabar oldi. O!.. Hoʻkiz yoʻq, ogʻil koʻcha tomondan teshilgan... Dehqonning uyi kuysa kuysin, hoʻkizi yoʻqolmasin. Bir qop somon, oʻn-oʻn beshta xoda, bir arava qamish—uy, hoʻkiz topish uchun necha zamonlar qozonni suvga tashlab qoʻyish kerak boʻladi.

Odamlar dod ovoziga oʻrganib qolgan: birovni eri uradi, birovning uyi xatga tushadi... Ammo kampirning dodiga odam tez toʻplandi. Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan ogʻil eshigi yonida turib dagʻ-dagʻ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi; koʻzlari javdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni koʻrmaydi. Xotinlar oʻgʻrini qargʻaydi, it huradi, tovuqlar qaqagʻlaydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan hoʻkiz sigʻishiga aql ishonmasligi toʻgʻrisida kishilarga gap maʼqullaydi.

Qobil boboning qoʻshnisi - burunsiz ellikboshi kirdi. U ogʻilga kirib teshikni, hoʻkiz bogʻlangan ustunni diqqat bilan koʻzdan kechirdi; negadir ustunni qimirlatib ham koʻrdi, soʻngra Qobil boboni chaqirdi va past tovush bilan dedi: – Hoʻkizing hech qayoqqa ketmaydi, topiladi! Uning ogʻilga kirib qilgan taftishi Qobil boboga bir umid bagʻishlagan edi, bu soʻzi haddan ziyod sevintirdi. Chol yigʻlab yubordi.

– Xudo xayr bersin... Ola hoʻkiz edi...

Odamlar, oʻgʻri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, hoʻkizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin ekanligi toʻgʻrisida bahslasha-bahslasha tarqaldi. Gʻovur bosildi. Qobil boboning kampiri yigʻidan toʻxtab, ellikboshini duo qila ketdi. Ellikboshi oʻgʻri teshgan erni yana bir koʻrdi. Qobil bobo qoʻl qovushtirib uning ketidan yurar va yigʻlar edi.
— Yigʻlama, yigʻlama deyman! Hoʻkizing oq poshsho qoʻl ostidan chiqib ketmagan boʻlsa, topiladi.

Ellikboshi hoʻkizni juda naqd qilib qoʻydi – goʻyo u koʻchaga chiqsa bas – hoʻkiz topiladi. Bu «xudo yallaqagur» shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da. Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi. Bu odam ellikboshi boʻlish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir oʻziga etti yuz bogʻ beda, bir toy bergani maʼlum. Poshsholikdan oylik emasa! Qobil bobo hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga berdi, yana qancha duo qiddi. Ellikboshi betoʻxtov aminga xabar qil-moqchi boʻlib chiqib ketdi.

Kechqurun Qobil bobo aminning oldiga boradigan boʻldi. Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa boʻladi? Berganga bitta ham koʻp, olganga oʻnta ham oz. Chol-kampir kengashib shunday qarorga kelishdi: bu chiqim oxirgi va hoʻkizni boʻynidan bogʻlab beradigan chiqim, shuning uchun pulning yuziga qarash aqldan emas.

Qobil bobo roʻpara boʻlganda amin ogʻzini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin bagʻbaqasini osiltirib kuldi.
— Ha, sigir, yoʻqoldimi?
— Yoʻq... sigir emas, hoʻkiz, ola hoʻkiz edi.
— Hoʻkizmi?.. Hoʻkiz ekan-da! Himm... Ola hoʻkiz? Tavba!..
— Bori-yoʻgʻim shu bitta hoʻkiz edi...

Amin chinchalogʻini ikkinchi boʻgʻinigacha burniga tiqib kuldi.
— Yoʻqolmasdan ilgari bormidi? Qandaqa hoʻkiz edi?
— Ola hoʻkiz...
— Yaxshi hoʻkizmidi yo yomon hoʻkizmidi?
— Qoʻsh mahali...
— Yaxshi hoʻkiz birov etaklasa keta beradimi?
— Bisotimda hech narsa yoʻq...
— Oʻzi qaytib kelmasmikin?.. Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qoʻyilmagan ekan-da! Nega yigʻlanadi? A? Yigʻlanmasin! Qobil bobo erga qarab tek qoldi.
— Qidirtirsakmikin-a?—dedi amin chinchalogʻini etigining ostiga artib, - suyunchisi nima boʻladi? Suyunchidan chashna olib kelinmadimi?

Aminning bu gapi Qobil boboga «Ma, hoʻkizing» degan-day boʻlib ketdi.
— Kam boʻlmang, — dedi pulni uzatib, — yana xizmatingizdaman.
— Men betoʻxtov pristavga xabar beraman. Oʻzi chaqirtiradi. Bir hafta oʻtdi. Bu bir hafta ichida kampir «duoning zoʻri bilan qulf ochadigan» azayimxonga obdastagardon qildirgani qatnab yarim qop jiyda, uch elpish tovoq joʻxori, ikki kalava ip eltdi, ammo ish chiqmadi.

Sakkizinchi kuni Qobil bobo yana aminning oldiga bordi. Aminning tepa sochi tikka boʻddi:
— Ha, hoʻkizni uylariga eltib berilsinmi?! Axir, borilsin, arz qilinsin-da! Fuqaroning arzga borishi arbobning izzati boʻladi! Qobil bobo yor-doʻstlari bilan kengashdi— pristavga puldan boshqa nima olib borsa boʻladi?

Maʼlum boʻldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan.

Uchta tovuq, garchi biri kurk boʻlsa ham, Qobil boboning oʻzidan chiqdi. Yuzta tuxumni qoʻni- qoʻshni, yor-birodarlar oʻzaro yigʻib berdi. Ammo bu tortiq bilan tilmochdan nari oʻtib boʻlmadi. Tilmoch tortiqni oldi va betoʻxtov pristavga yaxshilab tushuntirishni vaʼda qildi. Cholning butun boʻgʻinlari boʻshashib ketdi, keyin tutoqishdi, ammo goʻrda bir narsa deya oladimi! «Oʻynashmagil arbob bilan - seni urar har bob bilan«. «Yaxshilab tushuntirilgan» pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch soʻm pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga, «betoʻxtov hokimga xabar beraman» demasdan, «aminga bor«, deb qoʻya qoldi. Amin «ellikboshiga borilsin», dedi.
— Gumoningizni ayting boʻlmasa!— dedi ellikboshi tajang boʻlib, - kim olganini men bilmasam, avliyo boʻlmasam! Olgan odam allaqachon soʻyib saranjomladi-da! Uzoq demasangiz, erinmasangiz koʻnchilikka borib terilarni bir qarab chiqing. Ammo terisi koʻnchilikka tushgan boʻlsa, allaqachon charm boʻldi; xudo biladi, kavush boʻlib bozorga chiqdimi...
— Endi bizga juda qiyin boʻldi-da. Peshonam shoʻr boʻlmasa...— dedi chol erga qarab.
— Ey, yosh bolamisiz! Nega yigʻlaysiz? Kap-katta odam... Bitta hoʻkiz boʻlsa bir gap boʻlar, xudo ajalga toʻzim bersin! Men qaynagamga aytayin, sizga bitta xoʻkiz bersin. Bitta hoʻkiz odamning xunimi?

Ertasiga ellikboshi Qobil boboni boshlab qaynatasi
— Egamberdi paxtafurushning oldiga olib bordi. Paxtafurush cholning holiga koʻp achindi va erini haydab olgani bitta emas, ikkita hoʻkiz berdi, lekin «kichkinagina» sharti bor. Bu shart kuzda maʼlum boʻladi...
<p align=«right»>1936

Anor

<p align=«right»>Uylar toʻla non, och-nahorim bolam,
Ariqlar toʻla suv, tashnai zorim bolam.
<p align=«right»>Oʻtmishdan Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining engi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Joʻxori tuyayotgan xotini uning qoʻlidagi tugunchani koʻrib, kelisopni kelining ustiga qoʻya chopdi. Keli lapanglab agʻanadi, chala tuyilgan joʻxori erga toʻkildi. Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi:
— Akajon, degin! — Akajon! Jo-on aka!..
— Nima berasan?
— Umrimning yarmini beraman!..

Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu erning oʻzida, eshik oldida oʻtirib tugunchani ochdi-da, birdan boʻshashib ketdi va sekin boshini koʻtarib eriga qaradi. Oʻz qilmishiga gerdayib turgan Turobjon uning koʻzini jiqqa yosh koʻrib:
— Nima ekanini bildingmi?—dedi.
— Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana, siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas— shimsa ham boʻladi, chaynasa ham boʻladi.

Xotin engini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.
— Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!—dedi Turobjon keltirgan matoini titkilab.— Mana, chaynab koʻr! Koʻrgin, boʻlmasa innaykeyin degin...

Turobjon qizardi. U bir zamon betob oʻrtogʻini yoʻqlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan boʻlsa kerak, sigirning oxurida koʻrib shunday xijolat boʻlgan edi.

Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk toʻkilgan joʻxorini iskab koʻrdi, maʼqul boʻlmadi shekilli, Turobjonga qarab shikoyagomuz «myau» dedi.
— Tur, joʻxoringga qara! Uni koʻr, mushuk tegdi.

Xotin turayotib baralla yigʻlab yubordi.
— Bu er yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday gulutaga, tuzga, kesakka boshqorongʻi boʻlsam-chi! Turobjon doʻppisini boshidan oldi va qoqmoqchi boʻlganida koʻzi yirtiq engiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-toʻrt suv yuvilgan yangigina yaktak edi! — Axir, boshqorongʻi boʻl, evida boʻl-da!—dedi doʻppisini qoqmasdan boshiga kiyib.— Anor, anor... Bir qadoq anor falon pul boʻlsa! Saharimardondan suv tashib, oʻtin yorib, oʻt yoqib bir oyda oladiganim oʻn sakkiz tanga pul. Akam boʻlmasa, ukam boʻlmasa...

Er-xotin tek qolishdi. Xotin joʻxorini tuyib boʻldi, uni kelidan togorachaga solayotib toʻngʻilladi:
— Havasga anor eydi deysiz, shekilli...
— Bilaman... Axir, nima qilay? Xoʻjayinimni oʻldirib pulini olaymi, oʻzimni hindiga garov qoʻyaymi? Gʻalatimisan oʻzing?

Xotin ovqatga unnadi, erining «boshqorongʻi boʻl, evida boʻl-da», degani unga juda alam qildi, xoʻrligi keldi, oʻpkasi toʻldi.

Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan goʻjaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini koʻrib Turobjonning koʻziga negadir oqsoq mushuk koʻrindi. Mushuk yirtilgan engini esiga tushirdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan «esiz joʻxori, qatiq, oʻtin» degan maʼnoni anglab xotin, koʻngli tortmasligiga qaramasdan, kosani boʻshatdi, ammo darhol tom orqasiga oʻtib koʻzlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi.
— Hali tugʻilmagan bolani er yutkur deding-a, — dedi Turobjon borgan sayin tutaqib.


Xotin indamay dasturxonni yigʻishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-eshitilmas dedi:
— Oʻsha asalning puliga anor ham berar edi.
— Berar edi!— dedi Turobjon zaharxanda qilib.— Anor olmay asal oldim! — Albatta berar edi! Albatta anor olmay, asal olgansiz! Mana shunday vaqtlarda til qotib ogʻizda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning xizmatini qiladi.
— Ajab qildim, — dedi Turobjon titrab, — jigarlaring ezilib ketsin! Bu soʻz unga qanday taʼsir qilganini faqat boshqorongʻi xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini koʻrib achchigʻidan tushdi, agar izzat-nafs qoʻysa hozir borib uning boshini silar va: «Qoʻy, xafa boʻlma, jahl ustida aytdim», der edi.
— Kishining yuragini qon qilib yuborasan, — dedi anchadan keyin.— Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yoʻq, hali biz piyoda-ku! Xoʻjayinga bir oshnasi sovgʻa qilib kelgan ekan, bildirmasdan... Oʻzidan soʻrab oz-rogʻini oldim... Oʻzi berdi. Tansiq narsa, xursand boʻlarmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal egansan? Oʻzim umrimda bir marta eganman: Shokirxoʻja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning joʻjasi tushib ketgandi, shu joʻjani yalaganman...

Turobjonning bu soʻzlari xotinining qulogʻiga notayin bir gʻuldirash boʻlib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil boʻlib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri gʻuldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima boʻldi-yu, uch soʻzni ravshanroq aytdi: «Jigarlaring ezilib ketsin», dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi— anor edi, birdaniga har ikkisi ham yoʻqqa chiqdi.

Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shuʼla tushdi. Turobjon ham kirdi.

Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qoʻygan, qoramtir— kul-rang osmonga qarab oʻtirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga oʻtirdi. Shiftning qaeridir «qirs» etdi, qaerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulogʻi jingʻilladi. U ham osmonga— xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan koʻtarilgan qizgʻish oʻt koʻkka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va goʻyo osmonga urilganday chilparchin boʻlib, «poʻp» etdi.
— Mushak, — dedi Turobjon, — Mullajon qozining bogʻida. Mullajon qozi beshik toʻyi qilgan.

Xotin indamadi.
— Shahardan toʻralar ham chiqqan, — dedi Turobjon yana.

Xotin yana indamadi. U Mullajon qozining bogʻini koʻrgan emas, ammo taʼrifini eshitgan. Bu bogʻni koʻz oldiga keltirib koʻrdi: bogʻ emas, anorzor... Anor daraxtlarida anor shigʻil, choynakday-choynakday boʻlib boʻlib osilib yotipti.
— Bitta mushak uch miri,— dedi Turobjon, — yuzta mushak otilsa... bittangadan yuz tanga.

Bir miridan kam— etmish besh tanga boʻladi.

Er-xotin uzoq jim qolishdi. Turobjon ogʻzini katta ochib ham esnadi, ham uf tortdi.
— Ma, buni tik,— dedi u yaktagini echib, — ma! Xotin yaktakni olib yoniga qoʻydi, aftidan, hozir tikmoqchi emas edi.
— Boʻl,— dedi Turobjon, birpasdan keyin, — ol... Senga aytyapman!..
— Ha, muncha!.. Turtmasdap gapira bering... Tikib qoʻyarman, muncha qistov...

Turobjonning tepa sochi tikka boʻldi.
— Hay, sening dimogʻ-firogʻing kimga! Xoʻsh, nima deysan?
— Men sizga bir narsa deyapmanmi? Tikib qoʻyarman.
— Har narsaga roʻzgʻor achchiq boʻla bersa... qiyinroq boʻlar,— dedi Turobjon yaktagini kiyayotib, — kambagʻalchilik...
— Kambagʻalchilik oʻlsin!


Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni taʼna deb tushundi.
— Nima, men seni olganimda kambagʻalligimni yashirganmidim? Erkaboyga oʻxshab chimildiqqa birovning toʻni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning boʻlsa hali ham serpulroq odamga teg.
— Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling! Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. «Jigarlaring ezilib ketsin» degani xotiniga qancha alam qilgan boʻlsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi.
— E, hoy, anor olib bermadimmi? — dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qoʻrqqulik edi, — sira anor olib kelmadimmi?
— Yoʻq!— dedi xotini birdan boshini burib.

Turobjonnipg boshi gʻovlab, koʻzi tindi.
— Oʻtgan bozor kuni egan anoringni oʻynashing olib kelganmidi?!
— Oʻynashim olib kelgan edi! Turobjon bilolmay qoldi: xotinining elkasiga tepib, soʻngra oʻrnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; oʻzini obrezning oldida koʻrdi. Xotin, rangi oppoq, koʻzlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:
— Qoʻying... Qoʻying...

Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin koʻcha eshigi ochilib-yopildi.

Xotin uzoq yigʻladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon boʻldi, oʻzini qargʻadi, oʻlim tiladi; yigʻidan tolib tashqariga chiqdi. Qorongʻi, uzoq-yaqinda itlar hurar edi.

Koʻcha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi— jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi.

Tom orqasida xoʻroz qanot qoqib qichqirdi. Koʻcha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning oʻrtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini koʻrib xotin qoʻrqib ketdi— bu qadar oqargan! Turobjon oʻtirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va elkasiga qoʻlini qoʻydi.
— Qayoqqa bordingiz?— dedi entikib.— Nima qildingiz?

Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi.

<p align=«right»>1936

Mayiz Yemagan Xotin

— Ayol kishi erkakka qoʻl berib soʻrashdimi — bas!.. Roʻza tutgan kishi ogʻzini chayqasa, suv tomogʻiga ketmasa hamki, roʻzasi ochiladi — shu ogʻiz chayqashdan bahra oladi-da! Abdulhakimning qiziga usta Mavlonning oʻgʻli bir hovuch mayiz berganini oʻz qoʻzim bilan koʻrganman. Hayo bormi shularda? Shariat yoʻli— xoʻp yoʻl. Oʻn bir yasharida paranji yopinmagan qizdan qoʻlni yuvib qoʻltiqqa ura bering. Paranji hayoning pardasi-da!

Mulla Norqoʻzi har kuni bozordan qaytib samovarga chiqadi va koʻngli tortgan odamlarni atrofiga toʻplab, yarim kechagacha shariatdan yuz oʻgirgan xotinlar toʻgʻrisida shunday vaysab Oʻtiradi; baʼzan panjasini yozib, oʻzi bilgan oilalarni sanab chiqadi:
— Sotiboldining xotini dorixonada ishlaydi, har kuni mingta odam bilan javob- muomila qiladi: axir, bittasi boʻlmasa bittasi koʻz qisadi-da! Meliqoʻzining xotini avtobusda konduktor, baʼzan yarim kechada keladi; ishi erta tugagan kuni ham yarim kechagacha yursa, ayshini qilsa eri bilib oʻtiriptimi? Izzatillaning singlisi boʻlsa artist — xaloyiqqa qarab muqom qiladi. Norboʻtaning qizi doktorlikka oʻqiydi, mintta oshnasi bor desang-chi! Erkaklarning ichida yurgandan keyin nima boʻlar edi! Boʻyga etib qolgan qizlarini maktabga yuborgan otalarga hayronman... Shular xotinining yoki qizining oʻynashlik qilib turgani ustiga kirsa-chi, qurʼon ursin agar, «benavat» deb chiqib ketadi... Puxta gap shu!

Ochiq xotin-qizlarning har bir harakatidan mulla Norqoʻzi buzuqlikka dalolat kiladigan talay belgilar topadi. «Yetgi qavat parda ichida» oʻtiradigan oʻz xotini esa bular qarshisida koʻziga farishta boʻlib koʻrinadi: namoz oʻqiydi, toʻpigʻidan yuqorisini ovrat hisoblab, jiyakli ishton kiyadi...

Bir kuni kechqurun mulla Norqoʻzi hovlida choʻt urib oʻtirar, xotini esa namozshomgullarga suv quyar edi. Shu onda hovlining ustidan pastlab uchgan samolyot oʻtib qoldi. Xotin chars bedanaday patillab, qochmoqchi boʻlganida yuzini karnaygulning poyasiga urib oldi. Yuzi butoqqa yomon tegdi. Koʻngli ozdi.
— Axir, muncha! — dedi mulla Norqoʻzi,— samolyot past koʻringani bilan undagi kishiga sen juda koʻringaningda chumolicha koʻrinasan.
— Chumolicha koʻrinsam ham koʻrinar ekanman-ku ishqilib!— dedi xotin yigʻlamsirab.

Mulla Norqoʻzi hazil bilan uning alamini bosmoqchi boʻldi:
— E, hali men seni ochaman deb yuribman-ku! Xotin uning yuziga xoʻmrayib qaradi-da, keyin zarda qilib uyga kirib ketdi va qorongʻi uyning allaqaysi burchagidan uning tovushi eshitildi:
— Har kimning goʻri boshqa... Zerikkan boʻlsangiz, u dunyo-bu dunyo yuzimni qora qilmasdan, javobimni bera qoling...

U bir hafta boʻyi qovogʻini ochmadi, uch kecha oʻrnini boshqa solib yotdi. Mulla Norqoʻzi oʻsha gapni hazillashib aytganini arz qilish uchun oldidan kelsa tishlar, ketidan kelsa tepar edi; bir kechasi gapni xotinining diyonatli, pokdomonligidan boshlagan edi, xotin ancha yumshadi.
— Hazilingiz qursin! — dedi chiroqni pastlatayotib,— kishining imonini qochiradi.

Ochilish u yoqda tursin, ochiq xotinlarning yuzini ham koʻrmayman, deb ont ichganman. Bir kuni besh-oltita ochiq xotin orasiga kirib qolib, ne vaqtgacha koʻnglim gʻash, taʼbim kir boʻlib yurdim. Tushimda rahmatlik dadamni koʻrdim, men bilan gaplashmadilar. Gapni koʻring-a, aytgani kishining yuzi chidamaydi: begona erkakning qoʻli oq sochni qoraytirar emish. Tavba qildim...
— U nima degani ekan?
— Obbo, muncha suyuldingiz? Shundaqa gaplarga sizning ham suyagingiz yoʻq. Nari yoting! Begona erkak, kishining qizligini esiga soladi deydi-da!
— Shundaqa gaplarni ochiq gapirishadimi-a?
— Bo, xudo, paranjini tashlab koʻchada yurishga yuzi chidagandan keyin uyati bormi! Qurib ketgurlar, biram sharmandaki... Tavba qildim. Badaningda naming borida besh-oltita erkakni koʻrmasang, umr boʻladimi, bu umr deydi-ya! Tagʻin ham zilzila boʻlib hammani er yutmas ekan-da! Tavba qildim-ey...

Mulla Norqoʻzi ertasiga samovarga chiqqanida yana panjasini yozib oʻzi bilgan ochiq ayollarni sanab chiqdi va xotini aytgan ayblarni bularning har qaysisiga taqdi, jinday oʻzidan ham qoʻshdi.
— Axir, bittasi oppoq sochi bilan menga tegishdi-da! Soching oqarsa ham tinib oʻlmas ekansan-da, desam, sochim oq boʻlsa ham koʻnglim qora, deydi.

Shunda oʻtirganlardan biri, intihosiz gapdan zeriqdi shekilli, qatgiq esnab, dedi:
— Men sizga aytsam, mulla Norqoʻzi, gap paranjida emas. Nikolay zamonida islovotdagi xotinlar bosh yalang emas edi-ku! Endi siz har narsa deysizu, bunchalik emas, koʻzingizga shunday koʻrinadi. Mana, men sizga aytib beray: umrimda xotin-xalajga suyuqlik qilgan odam emas edim, bahorda qishloqqa ketayotib yoʻlda bir xotinga hamroh boʻldim. It olib ketayotgan ekan. Hali sizday, mening ham koʻzimga bu xotin juda tayyorga oʻxshab koʻrindi. Hazillashdim, suyuqlik qildim. Indamaganidan keyin bir shama qilib koʻray-chi, dedim. Itning ogʻziga charm toʻr tutib qoʻygan ekan, «jonidan, nega itingizning ogʻzini bogʻlab qoʻyibsiz, koʻchadan oʻzi topib egani yaxshi emasmi?» desam, «buning ham ogʻzi sizning ogʻzingizday shalaq, ehtiyot yaxshi-da» deydi. Terlab ketdim. Orqamga qaramay bir qochdim... Shariat xotinni qattiq tutish kerak deydi-yu, ammo xotinni qancha qattiq tutsangiz, shuncha gʻaflatda qolishingizni poylaydi.

Mulla Norqoʻzi bu odamning oddiy haqiqatni anglamasligidan koyidi:
— Behuda gap! Mana mening xotinim nima ekanini oʻzim bilaman. Paranjisini tashlab ikki kun koʻchada yursin-chi! U odamning zardasi qaynab ketdi:
— Nega koʻchada yuradi? Koʻchada paranjilik yursa ham ayniydi-da! Toʻgʻrisini aytaymi? Paranjilik xotin harom ishga yaqinroq boʻladi. Sabab deng! Agar siz yuziga kulib qaramasangiz, devorgʻa shoti qoʻyib koʻchaga moʻralaydi: koʻylaklik olib bermasangiz, tom orqasidan koʻylaklik uzatadigan chiqib qoladi. Ochilgan xotin-chi, koʻylak olib bermasangiz oʻzi ishlab, oʻzi oladi.
— Ehtimol, shundaydir, ammo mulla Norqoʻzining xotini pokdomon. Agar mulla Norqoʻzi oʻn yil yuziga kulib qarama-sa, qopdan koʻylak, boʻyradan lozim kiyishga majbur qilsa ham, pinagini buzmaydi. Har qanday xotin bilan ham inoq boʻlavermaganining oʻzi oʻta diyonatli, pokdomon ekanining nishonasidir. Uning bittayu bitta oʻrtogʻi bor. Bu xotin toʻgʻrisida mulla Norqoʻzi shunday fikrda: agar farishta ilgari oʻttan boʻlsa— shuning onasi, endi tugʻilsa— shuning bolasi boʻladi, agar hozir er yuzida boʻlsa— shu xotinning oʻzi. Shuncha keladi, haftalab, oʻn kunlab turib qoladi, nainki shu choqqacha mulla Norqoʻziga tovushini eshittirmasa! Shariatni mahkam ushlagan xotin shaharda ikkita boʻlsa, biri— mulla Norqoʻzining xotini, ikkinchisi - shu! Namoz oʻqiydi, odatdagi roʻzadan tashqari ashir oyida roʻza tutadi, zavoddan chiqqan nonni, hozirgi kushxonalarda soʻyilgan molning goʻshtini emaydi. U kelib turganda mulla Norkoʻzi tashqarida —mehmonxonada yotib yuradi va uyini allaqanday nurdan munavvar boʻlgandek sezadi. Shuning uchun boshqa mehmonlarday sira uning «izzati uch kun» boʻlmaydi, necha kun tursa ham, tovuq goʻshtini quymoqqa oʻrab, qaymoqqa botirib eydi. Uzoq turib qolgan vaqglarida xotini:
— Qurib ketsin, keta qolmaydi ham. Lablarim quruqshab ketdi. Sadqai erkaklik keting, xilvatga tortib oʻpishni ham bilmaysiz! - deb chiqsa, mulla Norqoʻzi urishib beradi:
— Oʻzingga munosib gapni gapir! Yengil boʻlma! Mehmon - atoyi xudo.

Mulla Norqoʻzi safarga ketadigan boʻlib qoldi; ketishidan bir kun ilgari xotiniga aytib, oʻsha farishtani oldirdi va oʻrta eshik oldiga borib qiyomatlik singlisidan iltimos qildi:
— Singlim, men oʻn kunda qaytib kelaman, kelgunimcha oʻrtogʻingiz bilan birga boʻling. Mana, oʻzingiz koʻrgan joy, bemalol ayshlaringni qilinglar. Xoʻpmi, singlim?
— Xoʻp, deyaptilar, — dedi mulla Norqoʻzining xotini, - bu kishining ham, menga oʻxshab, boshqa gapirishadigan oʻrtoqlari yoʻq.

Xotini kechqurun mehmonxonaga ovqat olib chiqqanida mulla Norqoʻzidan oʻpkaladi:
— Uyatga ham oʻldirasiz kishini!— dedi yigʻlamsirab, — Oʻrtogʻim har kelganida menga bir narsa olib keladi. Mana bu safar bir joʻra shohi olib kelibdi. Shu choqqacha bitta dastroʻmol ham berolganim yoʻq. Men-ku yilda besh gaz chit koʻrmayman, kelishingizda shu bechoraga bir narsa olib kelsangiz-chi siz ham odam boʻlib!
— E, devona, oʻzi narsaga muhtoj boʻlsa, senga narsa olib kelarmidi! Harna boʻlsa xudoning bergani, olib qoʻya ber, yaxshi gapingni ayama!
— Hech boʻlmasa bitta paranji olib keling, savob boʻladi. Xotin kishiga paranji olib berish machit solishdan ham savob emish. Paranjisi eski, har kelganida birovnikini yopinib keladi.
— Xayr, mayli. Ammo men kelguncha seni yolgʻiz tashlab ketmasin. Koʻni-qoʻshnilar bilan kirdi-chiqdi qilmanglar.

Xotinining chehrasi ochilib ketdi-da, burilib ketar ekan, qizlarga xos shoʻxlik bilan aylanib, dedi:
— Bir narsangizni buzib qoʻydim, aytsam urishmaysizmi? Olib kelgan suratingizdagi odamlar xuddi kishining aftiga qarab turganga oʻxshaydi, igna bilan hammasining koʻzini oʻyib qoʻydim.

Mulla Norqoʻzining achchigʻi keldi, chunki bu «Makkai mukarramani» bir sartarosh oʻrtogʻidan ming iltimos bilan olgan edi.
— Axir, undagi odamlar hammasi hoji-ku!
— Ha, oʻla qolsin, hoji odam emasmi!

Xotin kirib ketdi. Mulla Norqoʻzi ovqatini eb, choyga umidvor boʻlib oʻtirganida, koʻcha eshigidan yoshgina bir xotin kirib keldi; chimmati koʻlida, vajohatidan uyiga oʻgʻri kirgan, yordamga kishi chaqirgani kelgan odamga oʻxshar edi. Mulla Norqoʻziga bir qaradi-da, toʻgʻri ichkariga yoʻnaldi. Erkakni koʻra turib yuzini berkitmaganiga mulla Norqoʻzining gʻashi keldi va shunday beibo xotinning ichkariga— farishtalar oldiga kirishini xohlamadi.
— Hay, hay! Xoʻsh kimda ishingiz bor?

Xotin oʻrta eshikdan kirib ketdi. Mulla Norqoʻzi dargʻazab boʻlib oʻrnidan turdi va eshik oldiga borib bor tovushi bilan baqirdi.
— Hay xotin, deyman, qandoq behayosan! Jinnimi oʻzi bu...

Shu onda ichkaridan oʻz xotinining tovushi eshitildi:
— E, qandaqa xotin bu, birovning uyiga bostirib kiradi!..

Nimadir gursillab erga tushdi, nimadir sindi. Uyning eshigi sharaqlab ochildi. Bir lahza jimliqdan soʻng haligi begona xotinning baqirgan tovushi eshitildi:
— Xudo koʻtarsin sen megajinni! Ikkita bolam bor! Boʻydoq yigit qurib ketganmidi!!

Yana nimadir sindi.
— Hay, nima gap?! — dedi mulla Norqoʻzi boʻsagʻada turib, — singlim, siz oʻzingizni bir chetga oling! Nima deydi bu manjalaqi!!

Begona xotin ayvonga chiqib dod ustiga dod soldi. Birpasda tom, devor ustlari, ichki-tashqi hovlining yuzi odamga toʻldi. Mulla Norqoʻzi ayvonning pastidan kelib u xotinning etagidan tortgan edi, xotin jon-jahdi bilan bir tepib ogʻzi-burnini qop-qora qon qildi; bunga ham qanoat qilmay, uning ustiga oʻzini tashladi.
— Voydod, xaloyiq, bu qanday erkakki, xotinini birovga qoʻshib qoʻyib, oʻzi eshik poylab yotadi! Voydod xotiningga qoʻshgani boʻydoq yigit qurib ketganmidi! Ikkita bolam bor...

Odamlar ajratmaganda bu xotin mulla Norqoʻzini gʻajib tashlar edi. Mulla Norqoʻzi ogʻzini ushlaganicha chetlandi. Xotini eshik yonida devorga suyanganicha turar, rangi murdanikiday, oʻzi qaltirar edi. Begona xotin hushidan ketib yiqildi. Ikki kishi— ayollar kirib, u farishtani uydan olib chiqishdi. U atlas koʻylak, lozim kiygan, bosh yalang, oyoq yalang, yoshgina chiroyli bir yigit edi. Hamma jim qoldi. Bu sukunatni etmish yoshlardagi bir chol buzdi. U, mulla Norqoʻziga qoʻlini paxsa qilib dedi:
— Sadqai odam keting-e, ayb emasmi?! Xotin qilish qoʻlingizdan kelmasa taloq qiling! Qoʻying-e, koʻchib keting mahalladan, yo biz koʻchib ketamiz!..

Devor ustida turgan oʻn ikki yoshlardagi bir qiz devordan kesak koʻchirib olib mulla Norqoʻziga oʻqtaldi.
— Hu oʻl, turqing qursin! Boshingga solaymi shu bilan! Mahallada sasib, oʻquvchi qizlarga kun bermaysanu, oʻzing notoʻgʻri ish qilasan...

Hammaning diqqati xotincha kiyingan va eshik yonida erga qarab turgan yigitga jalb boʻldi.

Yana jimlik hukm surdi. Bu sukunat ogʻir tegirmon toshi boʻlib mulla Norqoʻzini yanchib yubordi.

U devor ustidagi qizga qarab, boʻgʻiq tovush bilan oʻshqirdi:
— Sen gapirma! Senga kim qoʻyibdi gapirishni! Usta Mavlonning oʻgʻlidan bir hovuch mayiz olganingni oʻz koʻzim bilan koʻrganman!..

Hamma kulib yubordi. Tomdan kimdir qichqirdi:
— Ha, bu kishining xotini mayiz emagan!
<p align=«right»>1935

Bashorat

<p align=«right»>Ola qargʻa qagʻ etadi,
Oʻz vaqtini chogʻ etadi.
Maqol

Nikolay zamonida mayiz qimmat, koʻknor arzon edi, hozirgi zamonda mayiz arzon, koʻknor qahat. Esizgina oʻsha vaqtda chala siqib tashlangan koʻknorlar! Mulla Said Jalolxon shuni koʻnglidan oʻtkazib devorga suyandi va koʻzlarini yumdi; burniga qoʻngan pashshani qoʻlidagi roʻmolcha bilan qoʻrish malol keldi shekilli, ostki labini choʻzib «puf!» dedi. Pashsha koʻtarildi, ammo shu ovdayoq uning labiga qoʻndi. Said Jalolxon sekin labini qimtib pashshani oyogʻidan qisib oldi. Tuzoqqa tushgan bu dilozorni ushlab, ikki barmoq orasida aylantirib tashlash qasdida koʻtarilgan qoʻl to labiga kelguncha, laʼnati pashsha oyogʻini sugʻurib qochdi. Said Jalolxonning achchigʻi keldi: yoʻq erdan koʻknor topib, kayf qilib oʻtirganda bu nimasi! Insof yuzasidan aytganda, pashsha yaramas maxluq: quyib qoʻyilgan choyga tushib tarvayib yotadi, mayiz talashadi, pokiza qilib suzib qoʻyilgan koʻknordan qanoti chiqadi. Qanotini koʻknorga tashlab oʻzi qayoqqa ketadi deng! Xayol kayfni oʻgʻirlagan pashshani qidirib ketdi.

Uyda gʻij-gʻij boʻlib yotgan bu pashshalarning qaysi biri oʻsha? Said Jalolxon darhol eshikni yopib, uzun supurgini qoʻliga oldi. U, supurgini koʻtarishi bilan hamma pashsha gʻingʻillashib, bir erga toʻplandi va bir kirpi holiga keldi. Kirpi qanot chiqardi, katta bir pashshaga aylandi-da, oldingi oyoqlari uzra turib Said Jalolxonga qaradi va gʻingʻilladi:
— Shoshma, sening orqangda qancha moʻmin namoz oʻqiydi, xudoning maxluqiga ozor bergani nechuk hadding sigʻadi?
— Qandoq maxluqsan oʻzing?- dedi Said Jalolxon supurgini elkasiga qoʻyib.
— Pashshalarning shohi boʻlaman.
— Shoh boʻlsang, sabab oʻgʻirlik qilgan fuqarolaringni tergamaysan?
— Sening soqolingga tekkan bir qatra shira mening barcha fuqarolarimga bir kunlik ovqat boʻladi, qandoq qilib sen shuni oʻgʻirlik deysan? Nimangni oʻgʻirladi?
— Kayfimni oʻgʻirladi! Ne mashaqqatlar bilan koʻknor topib kayf qilib oʻtirganimda burnimga va labimga qoʻndi. Shuning uchun sendan qasos olaman: qanotingni yulib tashlayman.

Pashshalar shohi yalindi, yolvordi. Said Jalolxon koʻnmadi. Oxiri ikkovi murosaga keldi: shoh unga qanot beradigan, u uchib yurib, gunohkor pashshani oʻzi topadigan boʻldi. Shoh keyingi oyoklari bilan qanotining ustini siladi, oldingi oyoqlarini bir-biriga ishqadi, keyin Gʻingʻilladi. Said Jalolxon xuddi baland erdan oʻzini tashlaganday, yuragi «shuv» etib, qanotchiqardi va uchdi; shu uchganicha necha zamonlar qidirib, gunohkor pashshani qir etagida oʻtlab yurgan bir eshakning yagʻiridan topdi. Pashsha jarohat atrofida oqsoqlanib yurar edi.

Said Jalolxon bir qoʻl urib uni hovuchiga qamab oldi, soʻngra darrov oʻldirib qoʻymaslik uchun, ehtiyot qilib bir qanotidan ushladi. Pashsha gʻingʻilladi:
— Labing bilan qisib bir oyogʻimni uzganing etmasmidi, yana nima deysan?
— Sen oʻgʻrisan! Odam boʻlganingda sharʼan qoʻlingni kesish lozim boʻlar edi. Qanotingni yulib tashlayman! Pashsha yalindi-yolvordi— boʻlmadi. Oxiri ikkovi kelishdi.

Pashsha Said Jalolxonni ergashtirib bir biyobonga olib chiqdi. Biyobon somon, qum va toshbaqadan iborat edi. Pashshaning amri bilan Said Jalolxon bir toshbaqa va bir dona toshbaqaning tuxumidan oldi. Biyobonning allaqaeridan bir qozon topildi. Said Jalolxon pashshaning amri bilan tuxumni erga qoʻyib, ustiga qozonni toʻntardi va toshbaqani qoʻyib yubordi. Pashsha bir somon parchani ushlab qozonning qoqtepasiga qoʻnib turdi. Toshbaqa qozon


atrofida aylana berdi, aylana berdi. Oxiri qozon yorilib chilparchin boʻldi, ammo hech qanday tovush chiqmadi. Toshbaqa bilan tuxum koʻzdan gʻoyib boʻldi. Qozon yorilgan vaqtda allaqayoqqa borib tushgan pashsha, ushlab turgan somon parchasini keltirib Said Jalolxonga berdi va gʻingʻilladi:
— Mana shuni tering orasiga tiqsang, koʻzdan gʻoyib boʻlasan. Sen hammani koʻrasan, seni hech kim koʻrmaydi.

Qishloqda kimda qancha koʻknor boʻlsa hammasi seniki boʻladi.

Said Jalolxon darhol bir choʻp bilan bilagini tirmalab, somon parchani terisi orasiga joyladi va qanday koʻzdan gʻoyib boʻlayotganini koʻrib turdi: boshlab kavshining uchi, soʻngra birdaniga tizzasigacha oyogʻi koʻrinmay qoldi...

Tamom koʻzdan gʻoyib boʻlganidan soʻng Said Jalolxon tikka oʻzining ulfati mulla Shamsiddinning uyiga bordi. U eshik oldidagi supada, oldida bir gʻalvir mayiz, choʻpini terib oʻtirgan edi. Said Jalolxon tovush chiqarmay uning yoniga borib oʻtirdi. Mulla Shamsiddin uni koʻrmadi; gʻalvirga qoʻl solib bir changal mayiz oli— payqamadi.

Said Jalolxonga uning bir qadoqqa yaqin koʻknorisi borligi maʼlum edi, shu koʻknorini izlab uyga kirdi. Hujrada bir qadoq emas, bir lingcha koʻknor bor ekan. Said Jalolxon koʻknorining hammasini qoʻtarib joʻnadi; uni hujrasiga qoʻyib yana koʻp joylarga bordi, hatto yuk avtomobilining kapoti ustiga ayri minib shaharga ham tushib chiqdi. Hech qaerda bunday ulgurji gʻanimat uchramadi. Said Jalolxon yiqqan koʻknorini uyning oʻrtasiga toʻkib, qancha vaqtgacha etishini moʻljallab koʻrdi— olti oyga etar ekan. Bu atrofda koʻknor qolmadi-ku, olti oydan keyin nima boʻladi? Said Jalolxonni vahima bosdi.

Birdan uning esiga bir narsa tushdi: modomiki, uni hech kim koʻrmas ekan, kolxoz raisining oldiga borib «bu yil paxta atrofiga koʻknor ektirib berasan» desa nima qiladi? Said Jalolxonga bu fikr shuncha yoqdiki, aqli koʻpayib boshi kattaroq boʻlganini sezdi.

Said Jalolxon tikka kolxoz idorasiga bordi. Rais oʻzi yakka qatiq ichib oʻtirgan ekan. Said Jalolxon har holda avval oʻzini bir sinab koʻrmoqchi boʻldi: qani, rais koʻradimi, yoʻqmi?
— Assalomu alaykum!
— dedi raisga roʻpara boʻlib.

Rais tovush qayoqdan kelganini bilmay alangladi, soʻngra qoʻrqib, rangi oʻchdi-da, moʻylovida qolgan qatiq yuqini engi bilan artib, sekin oʻrnidan turdi.
— Qoʻrqma, qoʻrqma!— dedi Said Jalolxon dadillanib,— senga ham arz, ham farmon qilgali keldim: bu yil paxta atrofiga koʻknor ektirasan.

Rais hushi yoʻq, javob berdi:
— Majlis qilib oʻrtaga solish kerak...
— Majlis qilasanmi, maʼraka qilasanmi, ertaga ish boshlamasang, kechasi uyingga kafanlik kiraman. Men arvoh boʻlaman!..

Rais rozi boʻldi. Said Jalolxon raisning oldidagi qatiqni qoʻshqulogʻi bilan olib chiqib ariqqa tashladi.

Shunda uning boshiga yana bir fikr keldi va bu fikrdan boshini yana ham kattaroq boʻlgan his qildi: «Modomiki, paxta atrofiga ektirish qoʻlimdan kelar ekan, nima uchun hamma erga koʻknor ektirmayman?» Said Jalolxon qaytib kirdi, bor tovushi bilan baqirdi:
— Hamma erlaringga koʻknor ektirasan! Rais koʻndi. Said Jalolxon ketdi. Yoʻlda uning boshiga yana bir fikr keldi: «Raisga qilgan doʻqimni hukumatga qilsam, oʻzimni xon koʻtara olmaymanmi?» Bu fikrdan uning kallasi yana ham kattaroq boʻlib, juda ogʻirlashib ketdi. «Aql kallani bunday katta qilsa va bunday ogʻir boʻlsa, - der edi u ichida,— Aflotunning oʻz ajali bilan oʻlganiga ishonmayman, uni albatta kallasi bosib oʻldirgan".


U hujraga kirishi bilan birvarakayiga goʻyo qiyomat qoʻpdi. Koʻchada yugur-yugur, shovqin, itlar vangillagan, tovuqlar qiyqillab qochgan; gursillab devorlar yiqiladi, sharaqlab daraxtlar qulaydi... Qandaydir bir xotin qichqirdi:
— Kim ekan u, bizga koʻknor ektiradigan!..

Bu tovush hammayoqni larzaga keltirdi. Hujraning devorlaridan chang yogʻdi, tokchadagi mis lagan jangillab ketdi.

Said Jalolxon tezdan mulla Shamsiddinning oldiga bordi va oʻz terisi orasidagi somon parchasini sindirib yarmini unga berdi. Ikkovi dashtga chiqib baravariga naʼra tortdi. Koʻz ochib yumguncha necha ming piyoda va suvori kishilar paydo boʻddi. Bularning hammasi kuloh kiygan va tugʻ koʻtargan edi. Ming-ming toshbaqa ming-ming qozon atrofida aylanib, koʻzga koʻrinmaydigan necha yuz ming lashkar boʻldi. Bu erning oʻzida unga «Said Jalolxoni sohibqiron» deb nom berildi va xon koʻtaribdi. Mulla Shamsiddin unga vazir boʻldi. Musulmonobod yoʻlida gʻazotni boshlash uchun hamma narsa tayyor, faqat yarogʻ-aslaha yoʻq edi.

Afgʻonistonga oʻtib ketgan koʻr Shermatga Said Jalolxoni sohibqiron nomidan darhol noma yozildi. Nomaga javob ham keldi. Javobda koʻr Shermat «necha ming sipohi bilan yoʻlga chiqdim, Sizga oʻz belimdagi shamshirimni yubordim", debdi.

Shunday qilib, ish borgan sari katta boʻlar va ish kagta boʻlgan sayin Said Jalolxonning kallasi ogʻirlashar edi.

Xudo allaqaysi togʻning gʻorida «Qirarman«va «Yigʻarman» nomli ikki maxluqni Said Jalolxonning xon boʻlishiga atab boqib yurgan ekan; yarim odam, yarim maymun kiyofasidagi bu ikki jonivor kelib xonga salom berdi va har qaysisi oʻz hunarini aytdi. Kirarman - roʻpara kelgan kishining kallasini uzib tashlar, Yigʻarman— kallasiz tanalarni sarjinga oʻxshatib taxlar ekan. Said Jalolxon koʻp xursand boʻldi. U, qoʻzgʻalgan qishloqni qilichdan kechirgani bu jonivorlarning yoniga necha ming soʻfilardan qoʻshib berdi. Ular, dashtni changitib ketar ekan, orqalaridan Said Jalolxon qichqirib qoldi:
— Qiringiz! Quritingiz! Ekindan koʻknor, jon egasidan toshbaqa bilan pashsha qolsa, bas! Bular ketgandan keyin Said Jalolxon gayratiga chidolmay shamshir sugʻurdi va havoda oʻynatib, askarga farmon berdi:
— Ot qoʻyingiz! Gʻazot! Qishloqqa ot qoʻyingiz! Oldinda xon, koʻrinmas askar quyunday borar edi. Banogoh Said Jalolxonning koʻzi qarshidan ot qoʻyib kelayotgan mulla Shamsiddinga tushdi. Mulla Shamsiddin kelib otdan tushdi, xonning oyogʻini oʻpdi.
— Qishlokda askarlar bor. Yaqiniga borishning sira iloji yoʻq,- dedi.

Qishloq tomonda yana chang koʻrindi. Yigʻarman kelar edi. U ham kelib otdan tushdi va xonning oyogʻini oʻpib, zoʻr musibatdan darak berdi:
— Qirarman shahid!— dedi.

Said Jalolxon ishongan togʻi xususidagi bu xabarni eshitib oh tortdi va otdan yiqildi; boshi bilan tushdi, kimdir uning boshini juda ham katta va haddan tashqari ogʻir latta bilan bogʻladi, shundan soʻng hushidan ketdi.

Xon talay vaqtdan keyin hushiga kelib koʻzini ochdi va oʻzini oʻz hujrasida koʻrdi. Yonida vaziri mulla Shamsiddin choʻkka tushib oʻtirar edi.
— Nima boʻldi? Qani shamshir, qani ot?
— dedi xon boshini koʻtarib, ammo boshi shunday ogʻrir ediki: yana yostiqqa qoʻydi.

Mulla Shamsiddin roʻmolchasi bilan uni elpib, yigʻlam-sirab dedi:
— Axir, mulla Said Jalolxon, nega kishini qoʻrqitasiz? Nima? Shamshir nimasi? Qanaqa ot?

Said Jalolxon mulla Shamsiddinning yigʻlamsirashidan qishloqqa ketgan boshqalarni ham shahid boʻltan gumon qildi.


— Hammasimi? Hech kim qolmadimi? Hozir xabar oldiring! Afgʻoniston yoʻliga kishi chiqaring! Said Jalolxon oʻrnidan turgan edi, gandiraklab yiqildi. Mulla Shamsiddin kuyib-pishib hech qanday gʻazot, hech qanday askar yoʻqligini, uning ertalabdan beri shu erda yotganini uqtira boshladi.
— Ahmoq,— dedi xon achchigʻi kelib,— axir, men otdan yiqildim... Boshimning ogʻrigʻi hali bosilgani yoʻq-ku! Nima uchun men seni koʻrib turibman! Poshimning katta boʻlganiga nima deysan?
— Boshingiz katta boʻlgani yoʻq, axir,— dedi mulla Shamsiddin jerkib,— men kelsam mana bu sabil moʻridan shamol toshkoʻmir tutunini qaytarib, butun uy tutunga toʻlgan ekan. Xudo koʻnglimga solib kelmasam, halok boʻlar edingiz! Said Jalolxon hamon ishonmas edi. U, devorlarni ushlab, tashqari chikdi; ikki kadam bosishi bilan yana yiqildi. Mulla Shamsiddin xizmat qilib, bir necha soatdan keyin arang uni oʻziga keltirdi. Said Jalolxon butun boshdan kechir-ganlarini inqillay-inqillay hikoya qilib berdi.
— Men sizning koʻknoringizni olib kelgan edim,— dedi yana aynib.
— Qanaqa koʻknor?

Said Jalolxon yana oʻziga kelib uh tortdi.
— Bu bir bashorat,- dedi mulla Shamsiddin anchadan keyin.

Ertasiga ikki oʻrtoq musulmonobod qilish uchun toshbaqa izlab choʻlga chiqib ketishdi.
<p align=«right»>1936

Sanʼatkor

Kontsert odatdagicha «navbatdagi nomeramizda... Kelganlaringga rahmat, oʻrtoqlar» bilan tamom boʻldi. Nomi chiqqan ashulachi— sanʼatkordan boshqa hamma xursand boʻlib tarqaldi. Sanʼatkor tajang edi: tanaffus vaqgida zalga chiqqan edi, bir traktorchi uni savodsizlikda aybladi. Traktorchi tanqid qilganiga sanʼatkor asti chiday olmas edi: traktor qayoqdayu, masalan, «chorzarb» qayoqda, traktorchi qayoqdayu, ashulachi qayoqda! Sanʼatkor uyiga ketgani izvoshga oʻtirganida yana tutaqib ketdi: «Hech boʻlmasa aytadigan ashulanshi oʻrgan, soʻzlarini toʻgʻri ayt» emish! Nimasini bilmayman, nimasi toʻgʻri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, yozuvchilar ham tanqid qilgan emas; formalizm, naturalizmlardan Oʻtdim— hech kim otvod bergani yoʻq. Otvod berish qayoqda, hech kim meni ogʻziga ham olmadi.Endi bir traktorchi tanqid qilar emish!..» Sanʼatkor, izvoshchini hayron qoldirib, oʻzidan-oʻzi gʻoʻldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qoʻygan ekan, sanʼatkorning tomogʻidan hech narsa oʻtmadi— ikki piyola choy ichdi, xolos.

Unga turib-turib nashʼa qilar edi: «Ashulani mexaylistik aytar emishman! Tovushim yomon boʻlsa nega plastinkaga oldi? Tanqid deganiga endi bu kishining ham tanqid qilgʻulari kelipti... Amali traktorchi... Obbo!..» — Oʻqishga bordingizmi?
— dedi xizmatchiga, qovogʻini solib.
— Bordim...
— Xizmatchi ikki haftadan beri savod maktabida oʻqir edi.
— Xizmatchisi savod maktabida oʻqiyotgan bir kishini traktorchi savodsiz, desa alam qilmaydimi? - dedi sanʼatkor oʻzicha boʻgʻilib, — «labingdan boʻlsa olsam, e, shakarlab», deganim u kishiga yoqmapti, «boʻlsa» emas, «boʻsa» emish! Oʻzi bilmaydiyu, menga oʻrgatganiga kuyaman! Senga oʻxshagan savodsizlar «boʻsa, boʻmasa» deydi. Artist kulturniy odam
— gapni adabiy qilib aytadi— «boʻlsa, boʻlmasa» deydi. Pojarni «gugurtni erga tashlamang» dedi, rejissyorimiz esa «gugurtning erga tashamang» dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, pojarningmi? Shoshma, nimauchun pojarni? Pojarni, albatta! Rejissyorimiz juda kulturniy odam. Odam degan mana shunday boʻlsa, urishsa ham xafa boʻlmaydi kishi— ikki gapning birida «taʼbir joyiz koʻrilsa» deb turadi. Bu traktorchi menga shuncha dashnom berib, koʻngil uchun bir marta «taʼbir joyiz koʻrilsa» demadi.

Xizmatchi daftar-qalam keltirib, sanʼatkorning oldiga qoʻydi.
— «J»ning kattasi qanday yozilar edi? Domlamiz bir kuni koʻrsatgan edi, esimda qolmapti. Sanʼatkorning jahli chiqdi:
— Endi «J»ga keldingizmi? Barjom deganda yoziladi.

Kechagi barjom ogʻzi ochiq qolipti, gazi chiqqandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturniy boʻlsangiz-chi!.. Burningiz terladi, arting, taʼbir joyiz koʻrilsa! Sanʼatkor oʻrnidan turib yotoqqa kirib ketdi.
— Yotasizmi?
— dedi xizmatchi narigi uydan.
— Nima edi?
— «J»ning kattasini koʻrsatib bermadingiz, ertaga domla soʻraydigan edilar. Qanaqa yoziladi?
— Kichigini yozib qattiqroq oʻqing! Sanʼatkor echinib koʻrpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni oʻchirib chikdi. Sanʼatkor koʻzini yumdi, koʻziga gʻira-shira qorongʻi zaldagi son-sanoqsiz kallalar koʻrindi. Bular ichida eng kattasi traktorchining kallasi, u iljayar edi.
— Afting qursin!- dedi sanʼatkor va narigi yonboshiga agʻdarildi.

Xayal oʻtmay uyquga ketib, xurrak otdi. Uning xurragi ham nechukdir adabiyroq edi: «Pluq-qum- prr... pluq-qum-prr...»
<p align=«right»>1936


Adabiyot Muallimi

Oʻzining aytishiga koʻra «nafis adabiyot muallimi» oʻrtoq Boqijon Baqoev ogʻilga kirib taʼbi xira boʻldi: sigirning qulogʻiga yana kana tushibdi! Kanadan ham koʻra sigir uning achchigʻini keltirdi: kanani teray desa qoʻymaydi— boshini silkiydi, pishqiradi.
— Hayvon! Sigir emas, hayvon!— dedi ogʻilning eshigini qattiq yopib.
— Hayvon!
Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi.
— Hayvon!— dedi Baqoev,— bu sigirni sotib puliga choʻchqa olish kerak!
— Shaharda choʻchqa asrash mumkin emas,— dedi Mukarram samovarga koʻmir solayotib.
— Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men ay-tib edimmi? Toʻgʻri, mumkin emas... albatta, mumkin emas...
— Uyga kiring, Hamida keldi.

Hamida oʻn olti yoshlardagi tirik, quvnoq qiz, pochchasini koʻrib sevinib ketdi.
— Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman... esizgina...

Oʻrtoq Boqijon Baqoevning taʼbi ochildi— sigir, uning qulogʻidagi koʻm-koʻk kana, gʻoʻqillab tumshugʻi bilan ariq yoqalarini buzib yurgan choʻchqa koʻz oldidan ketdi.
— Texnikumdan rabfakka oʻtibsan, deb eshitdim, rostmi?— dedi.
— Himm... yaxshi qilibsan.

Rabfakka oʻt, deb men aytib edim shekilli? Himm... Auff, zarda boʻlibman... Rabfak yaxshi. Men bir borgan edim. Kantselyariyaning eshigiga praktikum deb yozib qoʻyipti. Toʻgʻri emas.

Praktikum, minimum, maksimum bular hammasi lotincha yoki lotinchaga yahin soʻzlar. Men, shaxsan shunday deb bilaman.

Bir oz jim qolishdi.
— Boqijon aka,- dedi qiz uyalibroq,- bir narsani sizdan soʻramoqchi edim: biz sinfda Chexovning «Uyqu istagi»ni oʻqidik, goʻdakni oʻldirgan qizni sud qilmoqchimiz. Daʼvogar goʻdakning onasi— Rahima boʻladi, qoralovchi— Sharifjon. Sudyalar ham boʻladi. Men qizni oqlab, butun gunohni uning xoʻjayiniga, yosh qizni bu qadar berahm ekspluatatsiya qilgan kishiga qoʻymoqchiman. Mana shu... Shuni yozdim. Shu toʻgʻrida sizning fikringizni bilmoqchiman. Chexov shunday demoqchi emasmi?

Oʻrtoq Baqoev oʻylab turib, soʻradi:
— Nafis adabiyot darsini sizlarga kim beradi? Hakimov? Axmoq odam! Oʻz ustida ishlamaydi. Savol alomati hammavaqt«mi» dan keyin qoʻyiladi desam, kuladi. Gap bunda ham emas...

Mukarram samovar koʻtarib kirdi. Hamida irgʻib turib, samovarni opasining qoʻlidan oldi va stolga qoʻydi. U, homilador xotinga samovar koʻtartirib, qarab oʻtirgan pochchasidan oʻpkalamoqchi edi, biroq uyaldi, indamadi. Oʻrtoq Boqijon Baqoev juda chanqab turgan ekan, ustma-ust toʻrt piyola choy ichdi va terladi.
— Chuchvaradan keyin choy juda yaxshi ketadi-da,— dedi yuzidagi terni artib,— Himm...

soqol ham oʻsipti, sartarosh boʻlmasa odamlar maymun boʻlib ketar edi. Maymun, juni toʻkilib, odam boʻlgan. Bu haqda Engelsning fikri bor...
— Haligini aytmadingiz, Boqijon aka,— dedi qiz,— Chexov shunday demoqchi emasmi?

Oʻrtoq Baqoev yana bir piyola choy soʻradi.
— Chexovmi? Himm... burjuaziya realizmi toʻgʻrisida soʻzlaganda, eng avval uning obʼektiga diqqat qilish kerak. Burjuaziya realistlari tushungan, ular aks egtirgan obʼektiv voqelikni anglash lozim boʻladi. Turgan gapki, Chexovning ijodi boshdan-oyoq, butun mohiyati bilan ilk burjuaziya realizmi, yaʼni... himm... Mukarram, tovuqqa moyak qoʻydingmi? Qoʻyish kerak, boʻlmasa daydi boʻlib ketadi... Tavba, tovuqdan ahmoq jonivor yoʻq— moyak qoʻysang tugʻadi! Nima guchun moyak qoʻysang tugʻadi? Xoʻroz nima uchun saharda qichqiradi? Ajoyib psixologiya! Biologiya Oʻqiysizlarmi?


Hamida biologiyadan nimalar oʻqiganini, bu oʻqish yi-lida yana nimalar oʻtilajagini soʻzlab berdi va oʻzining oqlash nutqida fiziologik asoslar ham koʻrsatish niyati bor ekanini aytib, yana soʻzni Chexov ustiga burdi.
— Himm...- dedi Baqoev,-Chexov toʻgʻrisida oʻzimning fikrim bor. Boshqalar nima desa desin, har holda uning dunyoga qarashida... Uning dunyoga qarashi Pushkin va Lermontovlarning dunyoga qarashidan farq qiladi. Bir davr, bir sinf, bir mamlakat yozuvchilari boʻlishlariga qaramasdan, mutlaqo farq qiladi! — Chexov Pushkin bilan bir davrda yashagan emas-ku,— dedi Mukarram,— bizning kutubxonada uning Maksim Gorkiy bilan oldirgan surati bor. Chexov 1904 yilda oʻlgan boʻlsa kerak.

Oʻrtoq Baqoev bir oz oʻngʻaysizlandi.
— Sizlar qaysi Chexov toʻgʻrisida gapirayotibsizlar? Choydan quy!.. Bu Chexov haqidami?

Toʻgʻri, bu 1904 yilning birinchi yarmidami, ikkinchi yarmidami oʻlgan... Boshqa roʻmolcha ber, bundan piyoz hidi kelayotipti. Men ana u Chexov, ilk burjuaziya realizmining namoyandasi boʻlgan Chexov haqida soʻzlayotibman.
— «Uyqu istagi» qaysi Chexovniki?— dedi Hamida.
— Hech shubhasiz bu Chexovniki. Bu narsa birinchi marta «Sovremennik» jurnalida bosilgan.

Shundan keyin oʻrtoq Boqijon Baqoev uzundan-uzoq soʻzlab ketdi. Uning nima toʻgʻrida soʻzlayotganini Hamida bilmas edi. Detirding degan allaqanday mashhur tanqidchi Shelling degan yozuvchiga «sen dastyorga zor boʻlguncha oʻgʻling dastyor boʻladi» deb xat yozgan; Marks Dobrolyubovni Mering bilan bir qatorga qoʻygan; Stending degan allaqanday bir dramaturg oʻlar chogida Demping degan bir tanqidchiga: «Agar butun jonivorlarni xudo yaratgan boʻlsa, men uning zavqiga qoyil emasman, echkiemar ham jonivor boʻldimi?» degan...

Hamidaning boshi ogʻirlashib ketdi; ikki marta sekin, ogʻzini ochmasdan esnadi.

Hamida mezbonlar bilan xayrlashib koʻchaga chiqqanda qorongʻi tushgan edi; «Uyqu istagi» toʻgʻrisida pochchasidan hech qanday fikr ololmadi. Uning soʻzlaridan nima olgani haqida oʻziga hisob berar ekan, gʻuvillab turgan boshida shun-dan boshqa hech narsa yoʻq edi: praktikum, minimum, maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping...

1937


Jonfigʻon

Jonfigʻonni tanisangiz kerak - oʻsha, oʻtgan yil bahorda mast boʻlib, koʻchadan oʻtgan odamga «hozir aytasan: boshimni qaysi devorga urib yoray», deb yopishgan, keyin soqoliga oʻzi oʻt qoʻyib, gugurt chiqarganni soʻkkan kishi.

Kecha shuning uyidan xotin kishining achchiq-achchiq yigʻlagan tovushi eshitiddi. Jonfigʻon bu yaqin yillarda xotinini urgan emas, hatto bir kuni samovarda oʻzi: «Xotin kishini nomard uradi, qoʻling qichisa, oʻzingga oʻxshagan qoʻli qichiganni topib mushtlash, men seni mard bilay», degan edi.
— Nima boʻldi?
— Uch-toʻrt kishi boʻlib asta kirsak, hovlining oʻrtasida katta gulxan, xotini Malohatxon uning atrofida dodlab yuribdi. Toʻxtatdik.
— Nima gap?
— Shoʻrginam qursin... koʻrmaysizlarmi... Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yoʻq-ku, ishlab-ishlab topgan pulimga qilgan hamma kiyimlarimga kerosin sepib oʻt qoʻydi... Shu ustimdagi ish kiyimim bilan qoldim...
Jonfigʻon derazadan boshini chiqarib baqirdi:
— Gapir, ha, gapir!.. Sening gaping gapu bizniki gap emasmi!..

Jonfigʻon katta bir haqiqatni ochishga shoshilganday, uydan yugurib chiqdi, bizga zoʻr haqsizlikdan shikoyat qilayotgan qiyofada turib, allaqaerda oʻtgan bir avliyoning oʻz oʻgliga «xotinlar bevafo» deb qilgan nasihati, jinoyat qonunlari majmuasining allanechanchi moddasi toʻgʻrisida gapirdi va bexosdan yigʻlab yubordi. Keyin bilsak, kecha er-xotin urishgan, xotin: «Qoʻy endi, men sen bilan umr qilmayman, ertaga xatimizni olamiz», degan ekan.

Urish, qoʻydi-chiqtsi ham har xil boʻladi. Baʼzi urishlar shunday arzimagan narsadan chiqadiki, orada qancha sovuq gaplar oʻtib «hordiq chiqqandan keyin» urish nimadan chiqqanini na er eslay oladi, na xotin. Bularning ham janjali shu xilda boʻlsa yarashtiraylik, ikkovi ZAGSning oʻsha «Oʻlim va taloq» boʻlmasiga qadam bosmasin deb, gap soʻradik. Er-xotin ayta bersa, bu janjalning tarixi biron yozuvchining qoʻliga tushsa kattakon bir kitob boʻladigan.

Jonfigʻon bundan besh-olti yil burun qaysi bir idoraning izvoshini minar ekan, kirakashlik qilib qoʻlga tushib ishdan haydashibdi; keyin sabzavot doʻkoniga mudir boʻlgan ekan, «juda arzon mollar, bularning ustiga soʻm qoʻyib boʻlmasa, tiyin qoʻyish bilan qachon boy boʻladi kishi» deb oʻzi tashlab ketibdi; tanish-bilishlari zavodga ishga joylab qoʻygan ekan, «oyligidan boʻlak daromadi yoʻq» deb bormay qoʻyibdi, shundan keyin qilmagan ishi qolmabdi desa boʻladi: gulfurushlik deysizmi, tomshuvoq deysizmi, qassobchilik deysizmi... bir-ikki hafta bozorda qovun tilib ham sotibdi.

Malohatxon, Jonfigʻon izvozchilikdan haydalgan yili, mahalladagi aktiv ayollarning himoyasi ostida, erining qarshiligiga qaramay, rayon Kengashiga uborshitsa boʻlib kirgan ekan; Oʻqibdi, hademay savodi chiqibdi, bir yil-bir yarim yildan keyin hatto majlislarda dokladchiga: «Oʻrtoq, sizga savolim bor», deydigan boʻlibdi. Rayon Kengashining shofyori Tishchenko degan ayol uning sogʻlomligiga, kuchiga, abjirligiga, ayniqsa, zehniga qoyil boʻlib yurar ekan, bir kuni uyga chaqirib, «sen shofyor boʻlgin, nima yordam kerak boʻlsa beraman», debdi. Malohat ham shunday bir narsani orzu qilib yurar ekan, darrov koʻnibdi. Shundan keyin Tishchenko uni birmuncha vaqt shofyorlar kursiga tayyorlabdi, oqibat kirgizib ham qoʻyibdi. Jonfigʻon avvallari uning niyatiga, oʻqishiga «notavon koʻngil... orzuga ayb yoʻq» degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy minib yuribdi! Jonfigʻon bunga ham koʻnikibdi: «Ha endi, minsa minibdi-da, shu ham martabami, mashinani oʻzi oʻylab chiqariptimi«, deb oʻziga tasalli beribdi. Biroq Malohat ikki yilda uch marta mukofotlanibdi. Jonfigʻon mukofotni oʻz gazi bilan oʻlchagani uchun bunga ham uncha parvo qilmabdi: «Olgan mukofotiga ot bilan tuya berarmidi», debdi. Jonfigʻon oʻtgan yil bahor kechalarining birida (oʻsha kuni ertasiga boshini yormoqchi boʻlgan, soqoliga oʻt qoʻygan) istirohat bogʻiga kirgan ekan, qarasa, shaharning manman degan staxanovchilari qatorida xotinining ham kaggakon portreti turibdi! Sevinch, qoʻrquv, baxillik — hammasi aralash- quralash boʻlib, Jonfigʻonning boshi gʻovlab ketibdi. U darrov uyiga kelib, har qalay, xotinini suyibdi, oʻpibdi, lekin suhbat janjal bilan tugabdi. Bu kungacha boʻlib oʻtgan uchta yirik janjalning biri shu ekan.
— Shunda janjal nimadan chiqdi?— dedi sheriklarimizdan biri.

Jonfigʻon javob bermoqchi edi, Malohat gapini ogʻzidan oldi.
— Tuppa-tuzuk oʻtirgan odam birdan aynib, endi undoq boʻlasan, bundoq boʻlasan, jazman chiqib qoladi deb, jahlimni chiqardilar. Xayolimda yoʻq gaplar...
— Xayolingda yoʻq-a, xayolingda yoʻq! - dedi Jonfigʻon kesatib.
— Ha, xayolimda boʻlib nima qildim?
— Xayolingda boʻlmasa nima uchun buqogʻingni kestirding? Xoʻsh? Qani mana shu toʻrtta odamning oldida javob ber-chi?

Malohatning koʻk piyoladan koʻra kichikroq buqogʻi boʻlib, shuni oʻtgan yil kuzda kestirgan ekan.

Ikkinchi yirik janjal shunda boʻlib, yaqin bir haftaga choʻzilibdi.
— Kestirsam yomon boʻliptimi? — dedi Malohat. — Axir... xotiningizman...
— Nima, menga yoqish uchun kestiribsanmi? Hech-da! Menga buqogʻing bilan ham yoqa berar eding. Boshqaga yoqaman deb kestirgansan!..
— Uyaling! Ilgarilar, buqogʻing bor deb, koʻz ochirgani qoʻymas edingiz-ku! Necha marta yigʻlatgansiz?

Jonfigʻon, nima deyipxini bilmay erga qaradi va doʻngʻilladi:
— Men yigʻlatgan emasman... Oʻzing yigʻlagansan...

Biz kulgidan oʻzimizni tiyolmadik, ammo baralla kulish toʻgʻri kelmagani uchun birimiz moʻylovimizni silab, birimiz yoʻtalib, deganday kulgimizni yashirdik. Jonfigʻon: «Malohat endi meni tashlab ketadi» deb hadiksirab yursa, Malohat erining bu yurish- turishidan xijolat tortib yurar ekan. Shuning uchun Malohat koʻzga koʻringan sayin erini el qatori ishlashga undar, yalinar, baʼzan qattiq gapirar, hatto yigʻlar ekan. Jonfigʻon oxiri insofga kelib, shu bu yil qishda non zavodiga ishga kiribdi, ammo bir oy ishlamasdan progulchi tarzida ishdan haydalibdi. Jonfigʻon buni, albatta, talay vaqtgacha xotinidan yashirib yuribdi; bu maʼ-lum boʻlib qolgandan keyin xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biron joyga kirib ishlashga, astoydil ishlashga soʻz beribdi. Malohat ishonibdi va oʻzi ish topib, oʻtgan oyning oʻn birinchi chislosida joylab qoʻyibdi. Oʻtgan kuni qarasa, mulla Jonfigʻon yana bekorlar! Malohat surishtirgani korxonaga boribdi; surishtirib qarasa, Jonfigʻon faqat oʻn etti kun ishlabdi, xolos; byulleten olgani doktorning oldiga chilimning suvini ichib lohas boʻlib kirgan ekan, doktor ichini chayqabdi va «koʻr boʻldingmi, nega tamaki eysan» debdi. Bu gap korxonaga ovoza boʻlib, Jonfigʻonni oʻsha zamoniyoq ishdan haydashibdi. Mana, uchinchi yirik janjal mana shundan chiqibdi.
— Nega bundoq qilasiz, axir?— dedik.

Jonfigʻon er chizib oʻtirar ekan.
— Shayton... — dedi.
— Bekor aytibsiz! — dedi Malohat jahli chiqib,— chilimning suvini ichib doktorga kirishni shayton sizdan oʻrgangandir!..

Hammamiz jim qodtsik, Jonfigʻon birpasdan keyin bo-shini koʻtarib:
— Boʻladigan gap shu,— dedi,— mening qoʻyadigan xotinim yoʻq. Agar zoʻrlik bilan xat topshirsang, tovonimga qolasan.

Mana shu yigitlar guvoh. Aytdim-qoʻydim, ikki quloch arqon...

U, oʻpkasini tutolmay yigʻlab yubordi. U, yigʻlar ekan, yana xotiniga soʻz berdi. Malohat uni hech qachon bu ahvolda koʻrmagan boʻlsa kerak, yumshadi.

— Men sizga aytayin,— dedi,— pulingizning keragi yoʻq, ishlasangiz boʻlgani! Men sizni hozir erim degani nomus qilaman! Jonfigʻon qasamning har xilidan ichdi, keyin bizning kafil boʻlishimizni soʻradi. Biz oxirgi sinoq boʻlishi sharti bilan kafil boʻldik, ammo har qaysimizning dilimizda: «Bu xotindan uyalib qolmasmikanmiz», degan bir andi-sha bor edi. Malohat koʻngandan keyin biz chiqib ketdik. Samovarda oʻtirgan edik, birpasdan keyin Jonfigʻon chiqdi va yonimnzga kelib:
— Shu gap gap boʻddimi, yo tagʻin jinniligi tutarmikin?— dedi.

Biz hali javob bermasdan Malohat eshikni ochib qaragan edi, Jonfigʻon yugurganicha bordi, ikkovi kirib ketdi.

Ertasiga eshitsak, Jonfigʻon yoʻqlab kelgan takasaltang ogʻaynilarini uyiga kirgizmabdi.
<p align=«right»>1939

Oʻjar

<p align=«right»>Ul tuta ot quyrugʻindan, «boʻl uzun soch» deb qoʻya,
«Tek nega boshda tugul?» Tanqidga muhtoj deb qoʻya.
A. Toʻqay

Qutbiddinovga ovchi oshnasi ikkita tustovuq inʼom qildi. Tustovuqlar tozalanib, tuzlanayotganda Qutbiddinovning feʼli aynidi, yaʼni bironta shinavanda ulfat bilan birpas dilkashlik qilgʻusi keldi. Unint qoʻshnisi Zargarov yaqin bir oy boʻladi, chorakam bir litr xushboʻy vinoni dumba-jigar bilan ichgani asrab yurar edi, semiz tustovuqning daragini eshitib: «Xayr, qoʻy soʻysak, yana vino topilar», dedi.

Bu ikki ulfat ahyonda mana shunday dilkashlik qilgan-larida suhbat boshdan-oyoq ikki mavzudan chetga chiqmas edi: biri— shu ketishda shaharimiz yana ellik yildan keyin qanday boʻlar ekan; ikkinchisi—soʻnggi vaqtlarda fan ki-shilarni yoshartirish toʻgʻrisida nega indamay qoʻydi?

Qutbiddinovning oʻgʻli Suyar ovqatdan keyin pionerlar saroyiga ketgan edi, soat oltidan oʻtib borayotir — daragi boʻlmadi. Shu vajdan Qutbiddinov suhbatning boshlanishida jinday tashvishmand boʻlganidanmi, bu safar mavzu shaharning kelajagi, fanning jimib ketgani emas, bola tarbiyasi boʻlib qoldi. Zargarovning ham oʻgʻli bor. Ikki ota hozirgi tarbiyani xoʻp maqtashdi. Zargarov uzun soʻzdan xulosa chi-qarib, «men yoshligimda shunday tarbiya koʻrgan boʻlsam, hozir erda turib oyda chorvachilik qilar edim», dedi.
— Men ham, — dedi Qutbiddinov,— men ham koʻp hikmatlar koʻrsatar edim. Lekin birodar...

Qani, ichaylik! Auf... Lekin, birodar, har yomonning bir «ammo»si boʻlishi kerak, har yaxshinint bir «lekin»i. Hozirgi tarbiya yaxshi. Hech shubhasiz yaxshi! Lekin kamchiligi yoʻqmi?

Bor, albatta, bor! Masalan, bolalarga shaxmat oʻynatishni olaylik. Bolaning miyasi shunday miyaki, chunonchi... bizning moliya tili bilan aytganda, alohida paragraf!
— Oh-oh-oh! Otangizga rahmat! Kamol toping, doʻstim! Men ham xuddi mana shuni aytaman, deb turgan edim. Shundoq, doʻstim, bola deganingizning miyasi... Ie, siz nega oqichmadingiz?

Fikrlar bir joydan chiqib, ikki tanqidchi koʻp mamnun boʻlishdi. Suhbat yana ham jonlanib ketdi. Hozirgi tarbiyani olib shaxmatga urildi, shaxmatni olib tarbiyaga; ikkovining ham dabdalasi chiqarildi. Qutbiddinov ryumkalarni yana toʻldirdi, vilka bilan iyagini qashlab davom etdi:
— Shaxmatning yana bir zarari shuki, agar gʻirrom odam bilan oʻynasangiz, asabingiz buziladi. Oʻttiz toʻrtinchi yilda Bobojonov bilan oʻynagan edim, gʻirromlik qilib shohimni olib qoʻydi. Shohimni ber, men senga boʻlak narsa beray, desam koʻnmadi, choʻntagiga solib qoʻydi. Jahlim chiqib qolgan ekan, shohsiz oʻynay berdim, baribir qoldirdim. Shundan beri oʻynamaydigan boʻlib ketdim. Nima keragi bor? Xoʻsh, ana qoldirdim, nima boʻpti?
— Shuni ayting, poezddan qoliptimi?

Soat sakkizda oʻtganda Suyar keldi. U, eshikdan juda hovliqib kirgan edi, bularni koʻrib shashti qaytdi; sekin ichkarigi uyga kirib ketayotganida Zargarov koʻrib qoldi.
— E, e, yigitcha! Qani, bu yoqqa keling-chi! Hoʻ, barakalla, mulla Suyar! Otasini suyarmi, onasini suyarmi, a? Yo ikkalalarini ham suyarmi?

Qutbiddinovning otalik mehri joʻsh urib ketdi. Suyarning boshidan, yuzidan oʻpdi, quchoqladi.
— Albatta, otasini suyar-da, a, oʻglim? Bizning oʻgʻil koʻp yaxshi-da: birov bilan urishmaydi, papiros chekmaydi, onasidan otasini yaxshi koʻradi, shaxmat oʻynamaydi...

Suyar oʻzining quvonchini tantana bilan eʼlon qildi:
— Bugun instruktorimizni qoldirdim, dada!
— E, ana endi! Koʻp bemaʼni ish qilibsiz-da, oʻgʻlim! Shaxmat oʻynamagin, demabmidim? Qara, burningdan suv oqyapti, miyang suyulibdi!

Suyar boʻshashib ketdi.
— Shaxmat oʻynagandan emas,— dedi burnini artib, — kecha oʻzingiz ariqdan koʻzoynagʻingizni izlatdingiz...

Qutbiddinov labini burdi.
— Koʻzoynak izlasa burundan suv oqar emishmi? Ming laʼnat! Bor, uyga kir, darsingga qara! Suyar taʼbi xira boʻlib, kirib ketdi. Qutbiddinov oʻgʻlining noqobilligidan, andishasizligidan qattiqxafa boʻldi; nahot otasi shaxmat oʻynamagin degan boʻlsa-yu, oʻynasa; Oʻynaganini yana, ayniqsa mehmonning oldida, bu qadar tantana bilan eʼlon qilsa. Zargarov koʻp bolalar shunaqa ekanligi va Suyar eslik bola boʻlgani uchun bu xildagi qusurlarini yoʻqotish qiyin emasligini aytib, ranjigan otaning koʻnglini koʻtargan boʻldi.
— Mening oʻgʻlim-chi, bundan ham battar. Men unga togʻ injeneri boʻlgin desam, «yoʻq, dada, bilmaysiz, men uchuvchi boʻlaman» deydi. Xa-xa-xa... voy, itvachcha-ey, men bilmas emishman! Ikki tanqidchi bolalarning otalarga gap qaytarishla-rini, otacharning soʻzlarini baʼzan erda qoldirishlarini hozirgi tarbiyada boʻlgan eng katta kamchilikning natijasi hisoblashdi va buni har kuni, har soatda koʻrib turganlari holda bunga qarshi jamoat fikrini qoʻzgʻaguday bir ish qilolmaganlari uchun oʻzlarini ham ayblashdi.
— Men shu toʻgʻrida gazetaga bir maqola yozsammi deb ham oʻylagan edim,— dedi Zargarov, — lekin kelishtirolmasman deb qunt qilmadim. Chala-chulpa yozib birovning oldiga «shu toʻgʻrimi?» deb borgani nomus qilaman. Rostini aytsam, ellik oltiga kirib ham birovdan aql oʻrganishni oʻzimga ep koʻrmayman. Endi, men sizga aytsam, biz birovga aql oʻrgatsak tuzuk. Nima dedingiz?
— Albatta. Lekin men ham maqola yozishga yoʻqman, birodar. Endi biz-ku, oʻtdik, bolalarimiz ham bizday boʻlmasin deng. Buning uchun bolalarga har xil adabiyotlardan oʻqitish kerak. Bu toʻgʻrida ham hozirgi tarbiya oʻchoqlarimizning beparvoligi bor. Chunonchi, men u kuni oʻglingizni imtihon qilib koʻrdim. Mazasi yoʻq! Hatto Saltikov bilan Shchedrin, degan mashhur yozuvchilarni bir-biridan farq qilolmaydi, ikkovi bitta odam deydi. Kula-kula oʻlibman. Sizga aytaman deb esimdan chiqibdi.

Zargarov «oʻgʻlim aʼlochi» deb hech kimga soʻz bermas edi, Qutbiddinovning bu kulgisi uni tamom oʻldirdi.
— Rosti bilan shunday dedimi? Adabiyotdan ham aʼlo baho olgan edi-ku.
— Adabiyot muallimi oshnangizdir.
— Be, Saltikov bilan kim dedingiz hali, Shchedrinmi? Shuni bilmasa men qulogʻini tagi bilan sugʻurib olaman. Qutbiddinov hamon kular edi.
— Bilmaydi, bahazur sugʻurib ola bering, azbaroyi xudo, ikkovi bir odam deydi.

Kugbiddinovning meʼyordan ortiq kulgisi Zargarovning gʻashini keltirdi. Nima boʻlib uning ogʻzidan «meningoʻgʻlim bilmasa, sening oʻgʻling ham bilmaydi» degan mazmunda soʻz chiqib ketdi. Qutbiddinov ham oʻzining oʻgʻliga ishontanliti uchun, Zargarovning bu boʻhtoniga darrov, issigʻida zarba bergisi keldi.
— Hozir, hozir,- dedi,- Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, oʻgʻlim! E, yotganmiding? Mayli, bu yoqqa oʻtir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, Shchedrin katta yozuvchimi?

Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi.
— Yoʻq, siz savolni notoʻgʻri qoʻydingiz,— dedi Zargarov. — Bunday: Saltikov ilgari oʻlganmi, Shchedrin?
— Ikkovi bitta odam-ku! — dedi Suyar, nima gap ekanini bilolmay.

Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay oʻrnidan turib oʻyinga tushdi. Qutbiddinov doʻq urdi:
— Saltikov bilan Shchedrin-a? Kim aytdi senga?
— Oʻzim bilaman, kitobda bor.
— Kitobda bor? Shaxmatni koʻproq oʻyna, itvachcha!

Qutbiddinov bola bechorani xoʻp urishdi. Zargarov Qutbiddinovni oʻlarday kalaka qilib toza alamini oldi, buning ham ogʻirligi Suyarga tushdi. Suyar yigʻlab yubordi.
— Undoq demagin, oʻgʻlim,— dedi Zargarov birpas jimlikdan keyin,— dadang bir narsa degandan keyin darrov «xoʻp, bilmabman» deyishga oʻrgan. Yaxshi emas.
— Notoʻgʻri aytsalar-chi?

Ikki tanqidchi yalt etib bir-biriga qaradi va bu qarashda ikkovining ham koʻnglidan bir gap oʻtdi: «Bola ham shunday oʻjar boʻladimi?» Suyar ichkariga kirib ketdi. Qutbiddinov ertagayoq Suyarning maktabiga borib katta gʻalva koʻtarmoqchi boʻldi. Zargarov maktabdan ham koʻra pionerlar saroyiga borishni maʼqul koʻrdi. Anchadan keyin Suyar kattakon bir kitob koʻtarib chiqdi:
— Mana,— dedi portretni koʻrsatib,— mana, Saltikov-Shchedrin!

Qutbiddinov «bu oʻjar bola hamon oʻzinikini maʼqul qilmoqchi» deb juda gʻazablandi, ammo mehmonning oldida oʻzini tiydi. Zargarov portretning ostidagi yozuvni oʻqib, xuddi qanotli tuya koʻrganday ajablandi va kitobni sekin Qutbiddinovning oldiga surdi. Qutbiddinov portret va uning ostidagi yozuvga uzoq tikildi, soʻngra koʻzoynagini sekin qulogʻidan boʻshatar ekan:
—Him...—dedi,— Saltikov-Shchedrin! Koʻrdingizmi, oʻsha vaqtdagi yozuvchilar ham soqol qoʻygan ekan...

Jimlik choʻkdi. Suyar indamay ichkariga kirib ketdi. Shu erda hikoya ham tamom, chunki uning mantiqiy davomi gʻalaba qozongan Suyarning bu ikki tanqidchidan oʻch olishi boʻlar edi. Suyar buni lozim topmadi.
<p align=«right»>1939

Dumli Odamlar

<p align=«right»>Respublikamizga chet eldan keladigan
baʼzi turistlarga tushunib boʻlmaydi.
Meliboy aka, pensioner, partizan

Jiyanim turistlar idorasida ishlaydi, oʻtgan shanba kuni uyga kelib: «Bu yil turist koʻp, odam etishmayapti, shahrimizda ikki kun toʻxtaydigan bir mehmon bor, qarashib yuboring», - deb qoldi.

Pensiyaga chiqqanimga endi sakkiz oy boʻlgan, hali pensiyaxoʻrlikka oʻrganganim yoʻq, zerikkanimdan kampirimning ishlariga aralashaverib uni ham, oʻzimni ham xunob qilib yurgan edim, jiyanimning iltimosiga darrov koʻndim. Men oʻn bir yil shu idorada kichik bir lavozimda turib, pensiyaga shu erdan chiqqanman.

Shu oʻn bir yil davomida qulogʻimga kirgan kalimalar oʻrnashib, undan bir soʻz, bundan bir soʻz choʻqib, tilga havas paydo qilganimda esa idora xizmatchilarining yordami bilan kitob tatalab ingliz tilini uncha-muncha bilib oldim. Ingliz tiliga moyil boʻlganim, albatta, tasodifiy emas, bolaligimda Amerikaning taʼrifini koʻp eshitganman: ana osmonteshar imoratlaru, ana osma koʻchalaru… Dushanba kuni yangi banoras avra toʻn va yashil baxmal doʻppimni kiyib idoraga bordim.

Jiyanimning kabinetida ozgʻin, tepakal, koʻzlari och odamning koʻziday yaltirab turgan qirq besh yoshlardagi bir kimsa oʻtirgan ekan. Men taxminan «mehmon shu boʻlsa kerak» deb inglizcha salom berdim. Mehmon qayrilib qaradi, birdn, xuddi koʻz koʻrmagan va quloq eshitmagan bir jonivorni koʻrgandek, hayron boʻlib sekin oʻrnidan turdi, salomimga alik olishni ham esidan chiqarib, menga boshdan-oyoq razm soldi; men oʻzbekmi ekanimni, inglizchani qaerda oʻrganganimni soʻradi; savollariga javob berganimdan keyin toʻnimni, doʻppimni ushlab, soch- soqolimni tortqilab koʻrdi. Jiyanim menga koʻz qisib «qoʻyavering» degandek ishora qildi. Jiyanim meni tanishtirgandan keyin mehmonni mehmonxonaga olib bordim. Unga ikki xonalik juda yaxshi nomer olib qoʻyilgan ekan. Mehmon nomerni koʻzdan kechirdi, yarqirab koʻzni qamashtirayotgan jihozlarni birma-bir ushlab, silkitib, tirnoqlab, hidlab koʻrdi. Men bunga chandon eʼtibor qilmadim, chunki boya idorada inglizcha gapirgan oʻzbekning oʻzbekligiga ishonmay uning libosini ushlab, soch-soqolini tortqilab koʻrgan kimsa, hozir oʻzbek mehmonxonasidagi yaxshi jihozni qalbaki gumon qilsa ne ajab! Chet elda hozir ham Oʻzbekistonni mutlaqo bilmaydigan, oʻzbeklarni hanuz ketiga poʻstak bogʻlab, imo ishora bilan gaplashadigan qabila deb oʻylaydigan odamlar bor-ku!

Mehmon oʻrnashdi. Tushlikdan keyin koʻchaga chiqdik. Mehmon mehmonxonaning peshtoqiga soya solib turgan qari chinorni koʻrsatib:
— Juda yaxshi daraxt ekan, inqilobdan keyin ekilgan boʻlsa kerak? – dedi.

Chinorning biron yuz ellik yil umr koʻrganligi koʻrinib turgani holda mehmonning bu gapi menga malol keldi. Bu odam idorada nima uchun soch-soqolimni torqilab koʻrgan boʻlsa, hozir ayni shu maqsadda,. Yaʼni qanchalik rost gapirishimni bilmoq uchun dilimni titkilab koʻrmoqda edi. Jinim qoʻzgʻadi-yu, men ham uni choʻpga ilib oʻynagim keldi.
— Ha, inqilobdan keyin ekilgan, - dedim va bir oz turib, mehmon meni «aravacha» qilganiga oʻzida yoʻq xursand boʻlib gerdayib turganida ilova qildim, - birinchi inqilobdan ancha keyin ekilgan, - dedim.

Mehmon tushunolmadi.
— Sizlarda ikki marta inqilob boʻlganmi? – dedi shoshib. – Birinchisi qachon boʻlgan? Qanaqa inqilob?
— Bundan yuz yilcha burun, - dedim. – Men ruslarning kelishini birinchi inqilob deb bilaman.

Mehmon boshqa gap soʻramadi, fotoapparatini gʻilofidan olib, yoʻl-yoʻlakay unga-bunga toʻgʻriladi, lekin bironta ham surat olmadi. Birdan koʻchaning oʻrtasida chimmatsiz paranji


yopingan bir kampir paydo boʻlib qoldi. Kampir xuddi shaharning hokimiday hech kimni, hatto militsiyaning hushtagini ham pisand qilmay hassasini katta-katta tashlab kelmoqda edi. Mehmon yugurib koʻchaning oʻrtasiga chiqdi, kampirni qarshilab choʻkkaladi, uni roʻparadan, yonboshdan, orqadan bir necha marta suratga oldi: suratkashlikda oʻta jon kuydirganidan oʻpkasi ogʻziga tiqilib, oʻtirgani joy izlab qoldi. Parkka boshladim. Qahvaxonaga kirdik. Bir payola qahvadan keyin mehmon oʻziga kelib, qoʻyin daftarini oldi, undagi planga uzoq qaraganidan keyin: — Shahringizning boshqa diqqatga sazovor joylarini ertaga koʻramiz, bugun menga Reksullohi Ansoriyning maqbarasini koʻrsatsangiz bas. Maqbara shu atrofda boʻlishi kerak, - dedi. Reksullohi Ansoriy… Bolaligimda Reksbuva degan nom qulogʻimga kirgan, oʻsha vaqtda parkning mana shu oʻng qanotidagi tepalik – hozirgi teatr binosi tushgan joy – goʻriston boʻlib, uning qoq oʻrtasida Reksbuva degan mozor – dahma boʻlar edi. Bir oz tashvishga tushdim: bordi-yu, Reksullohi Ansoriy degani biron moʻtabar zot boʻlsa, buni uzoq yurtdan kelgan bir sayyoh bilsa-yu, biz bilmasdan maqbarani buzib tashlagan boʻlsak… Bundan xunugi bormi! Biron nayrang ishlatib bu noqulay ahvoldan chiqish yoʻlini koʻzladim, lekin oʻylab-oʻylab «eng yaxshi hiyla – toʻgʻrilik» degan qarorga keldim-da, Ansoriy toʻgʻrisida bilganlarimni aytib:
— U kishi shahrimiz tarixida qanday oʻrin tutgan ekanlar? – dedim.

Mehmon savolimga javob bera olmadi. Shundan keyin oʻlkamizda jahonga mashhur boʻlib oʻtgan bir qancha kishilarning nomini aytib, mehmonni «chaqmoqlab» koʻrdim. Yoʻq, mehmon bu odamlardan birontasini, hatto Ibn Sinoni ham eshitmagan ekan.

Reksullohi Ansoriy kim, uning nima fazilati yo kasrati borligini bilmagan holda bu odam nega uning nomini koʻtarib yuribdi, nega uning maqbarasi kerak boʻlib qolibdi – shunga qiziqdim. Mehmon bu haqda bergan savollarimga javob bermasdan iljayib turib-turib, toʻsatdan: — Dumli odamlarni koʻrganmisiz? – dedi.

Mehmon gapning sarxonasini yangilamoqchi degan oʻyda kulib qoʻya qoldim.

Biroq qahvaxonadan chiqib, teatr binosining atrofini aylanib yurganimizda mehmon butkul jiddiy bir tarzda yana dumli odamlar haqida soʻz ochdi. Uzun soʻzidan xulosa chiqarib, er yuzidagi xalqlar taraqqiyot zinasining turli bosqichida, biron bosqichda turgan xalq orasida oʻtgan bosqich kishilari koʻrinib qolsa, bunga tabiiy bir hol deb qarash kerak, degan fikrni aytdim. Mehmon bu gapning tub maʼnosiga tushunib etmadi.

Koʻchaga chiqdik. Mehmon yana Ansoriydan gap ochdi. Shunda koʻnglimga bir gap keldi: bu odam oʻsha Ansoriyni dumli odamlar toifasidan deb oʻylamasmikan?

Xuddi aytganim chiqdi. Mehmonning otasi ilgari oʻrtacharoq bir shirkatning boshligʻi boʻlib, shirkat singandan keyin umrining oxirini antropologiyaga bagʻishlagan, undan koʻp qoʻlyozmalar, jumladan mana shu qoʻyin daftari qolgan, shu daftar va boshqa hujjatlarda aytilishiga qaraganda, Reksullohi Ansoriy dumli odamlar toifasidan ekan. Yana bir moʻtabar kimsa Reksullohi Ansoriy maqbarasi atrofida hozir ham dumli odamlar yashamogʻi ehtimoldan xoli emas, degan ekan.

Jonim xalqumimga keldi. Lekin oʻzimni bosdim. Shu atrofdagi hamma koʻcha va tor koʻchalarni kezib chiqdik. Men qayoqqa boshlasam mehmon yurmaydi, teskari tomonga yoʻl oladi: tez-tez toʻxtab hammaga, xususan atlas koʻylak kiygan xotinlarga orqadan zehn soladi, aftidan, dumli odam qidiradi. Mehmon bilan gaplashish emas, uning aftiga qaragim kelmas edi.

Kayfiyatimni bilintirib qoʻymaslik uchun noiloj soʻz qotdim:
— Janoblari ota kasbini ushlabdilar-da? – dedim.
— Yoʻq, mutlaqo, - dedi mehmon. - Men jurnalistman!
— Antropologiyaga qiziqmasangiz, sizga dumli odamning nima keragi bor?
— Mening gazetamga kerak! – dedi mehmon. – Hech boʻlmasa bironta dumli odamning suratini olib borsam deyman. Juda shov-shuv boʻlar edi… Yordam vaʼda qilolmaysizmi?

Men oʻylab koʻrmoqchi boʻldim. Mehmon juda quvonib ketdi. Ovqatdan keyin mehmon dam olgani yotogʻiga kirdi. Men butun zahrimni jiyanimga toʻkkani idoraga bordim. Jiyanim voqeani eshitib kuldi, meni jahldan tushirdi. «Yuragingizni keng qiling, togʻa, yoʻlovchi har bir hurgan itning ketidan quva bersa, manzilga qachon etadi, degan bor, sizning vazifangiz mehmonni istagan odami bilan gaplashtirish, istagan eriga olib boorish. Bundan tashqai bu odam sizga omonat, omonatga xiyonat qilmasdan, qoʻlimga sogʻ-salomat topshirishingiz kerak», - dedi. Jahlimdan tushdim.

Kechqurun mehmonni konsertga olib bordim. Mehmon zalga kirishi bilan yana oʻsha muddaoda odamlarga har tomondan razm sola boshladi, beqasam toʻn kiygan bir moʻysafidning ketiga tushdi. Xayriyat, chiroq oʻcha qoldi-yu, borib joyimizga oʻtirdik.

Mehmonga konsertga qiziqmadi, mudrab oʻtirdi, alomat bir oʻyin boʻlayotganda hatto xurrak otib yubordi. Shuning uchun konsertning ikkinchi boʻlimiga qolmadik, ertaga uchrashadigab boʻlib, mehmonxona oldida xayrlashdik. Ertasiga kelishim bilanoq mehmon: «Kechagi gapimiz nima boʻldi, yordam berasizmi?» deb soʻradi. Men bu haqda hech bir qarorqa kelmaganligimni aytdim. Shundoq boʻlsa ham mehmon yordam berishimga amin ekanligini bildirib, oldindan tashakkur maʼnosida elkamga qoqib qoʻydi va teatr atrofidagi xonadonlardan birontasini koʻrishga orzumand ekanini bildirdi.

Men uning muddaosini fahmladimu, oʻsha tomonlarga olib bordim va orqa koʻchadagi roʻpara kelgan hovliga boshladim. Mehmon apparatini boʻynidan oldi va hayajon ichida ostonadan hatladi. Kirgan eshigimiz hozir uchastka deb ataladigan oddiy, lekin mevazor, gulzor, nihoyatda didli, havasli odamlarning hovlisi ekan. Oʻrta yoshlardagi bir xotin sariq luchchak shaftoli terayotgan ekan, bizni koʻrib shotidan tushdi, soʻrashdi, elib-yugurib supaga joy qildi, dasturxon yozdi. Bir necha xil shaftoli keltirib qoʻydi. Mehmon goh menga, goh xotinga qarar, goh uning orqa etagiga razm solar edi. Xotinning oʻgʻli vrach, kelini oʻqituvchi, hozir ikkovi ham ishda ekan. Mehmon hafsalasi sovib, fotoapparatini boʻyniga osdi-yu, alamini shaftolidan oldi, umrida bunaqa shaftolini koʻrmagan boʻlsa kerak, rosa edi. Shu choq uning koʻzi devorning tagida qunishib turgan kasal joʻjaxoʻrozga tushdi. Uning oyoqlari uzun, boʻynining pati toʻkilib qip-qizil goʻsht boʻlib qolgan, oʻzi nihoyatda oriq edi. Mehmon darrov qoʻlini artdi, fotoapparatini boʻynidan oldi, joʻjaxoʻrozga juda yaqin borib choʻkkaladi: joʻjaxoʻroz boshini koʻtarib hayron boʻlib turganda bir necha marta suratga oldi. Choy koʻtarib kelayotgan xotin «voy, suratga olaman desalar yaxshi tovuqlarimiz bor, bu kasal edi-ku» deganicha qolaverdi.

Achchigʻim keldi, lekin mumkin qadar muloyimlik bilan:
— Joʻjaxoʻrozning surati ham gazetaga kerakmi? – deb soʻradim.

Mehmon javob bermadi, «ketdik» deb ishora qildi. Xotinga tashakkur izhor qildim.

Koʻchaga chiqdik.

Mehmon bu hovliga, xotinning mehmondoʻstligiga shubha bilan qaradi shekilli, xotinning mehmondoʻstligiga shubha bilan qaradi shekilli, bir necha hovliga oʻzi bosh tiqdi. Men ham qoʻyib berdim, orqasidan kirmadim, chunki unga tarjimon kerakmas, odamlarning orqa etagiga razm solishdan boshqa ishi yoʻq…
Samovarda oʻtirib, birpas dam oldik. Mehmon koʻzimga xunuk koʻrina boshladi: kim aytadi, buni osmonteshar imoratlarni koʻrgan, osma koʻchalarda yurgan odam deb! Diqqat boʻldim.

Papirosni allaqachonlar tashlab yuborgan edim, shu topda bitta soʻrgim keldi-yu, papiros olgan magazinga kirdim. Bilmadim, magazinda qancha turib qoldim ekan, qaytib chiqsam mehmon yoʻq. Birpas kutdim, keyin yuragim hovliqib, u yoq bu yoqqa qaradim. Qidirdim.

Yigirma-yigirma besh minutning har biri bittadan soʻgʻ tishimni sugʻurib olgandek boʻlib oʻtdi.

Bu kasofat biron hovli yoki biron koʻchaga kirib, gumonsiragan odamiga «dumingni koʻrsat» desa, bunaqa hazilni birov koʻtaradi, birov koʻtarmaydi… Bir soatdan ortiq qidirganimdan keyin avtomatdan jiyanimga telefon qildim, voqeani aytdim. Jiyanim tovushidan tashvishda qolgani sezilib tursa ham, menga tasalli berdi va «yoʻqotgan joyingizdan uzoqqa ketmang», - dedi. Samovarda yana bir necha minut oʻtirdim. Narigi koʻchadagi machitning yarmi qulagan mezanasiga koʻzim tushdi. Bu kasofat shuning suratini olgani bormadimikin? Oʻsha yoqqa bordim. Machitning ichini, atrofini qaradim, odamlardan soʻroqladim – yoʻq. Samovarga qaytay deb turganimda yon koʻchadan karnay-surnay, qiyqiriq bilan ikki mashina kuyov-navkar chiqib qoldi. Oldindagi mashinada lunjini shishirib sunray chalayotgan surnaychining yonida turib, beoʻxshov oʻyinga tushayotgan olabayroq toʻn kiygan bir kishiga koʻzim tushdi, sinchiklab qarasam – mehmon! Suyunib ketdim. Yugurib borib mashinaning oldini toʻsdim. Mehmonga harchand «tush» deb ishora qilaman, qani endi koʻnsa – menga qarab nuqul muqom qiladi. Kayfi baland. Mashinada tanish odamlar bor ekan, qoʻymasdan meni mashinaga tortib olishdi. Mehmonning mashinadan tushish niyati boʻlmagani uchun mashinani toʻxtatib jiyanimga telefon qildim.

Tanish odamlarning aytishiga qaraganda mehmon nima boʻlib toʻyxonaga kirib qolibdi.

Odamlar uning chet eldan kelgan mehmon ekanini bilib toʻrga oʻtqazishibdi, toʻn kiygʻizishibdi, Oʻyinchilar uni oʻyinga tortishibdi.

Kelinning uyiga keldik, ziyofat zoʻr boʻldi, oʻyin-kulgi juda qizidi. Mehmon bu erda ham ancha ichib qoʻydi. Shu erdagi doctor bolalar mening tashvishda qolganimni payqab, mehmonni hushiga keltirib berishdi. Mehmon hushiga kelganidan keyin yana aynidi: yana dumli odam qidirib hammaga zehn sola boshladi. Shundan keyin «siz ovora boʻlmang, janob, dumli odamni ertaga oʻzim topib beraman» deyishga majbur boʻldim. Mehmon meni oʻpdi, salomatligimga ustma-ust ikki ryumka otdi…

Ertalab mehmonxonaga kelsam mehmon lanj boʻlib yotibdi, lanjki, hech aytgulik emas. Shundoq boʻlsa ham, laʼnati, koʻzini ochishi bilan kechagi vaʼdamni soʻradi. Men uni pastga olib tushib, achchiq choy ichirdim, nordon narsalar egizdim, ichkilik zahri biroz sinib taʼbi ochilganidan keyin dumli odam deb bekor ovora boʻlib yurganligini tushuntirishga harakat qildim. Mehmon xafa boʻldi.
— Sening hukumating butun mamlakat ustiga temir parda tortgan! – dedi.

Bunga gap uqtirish, qorongʻu uyga kesak otgandek gap edi. Shuning uchun yon bergan boʻlib, yolgʻondan oʻylab qoldim-da, chuqur xoʻrsinib:
— Shuni bilar ekansiz, nima qilasiz meni qiynab? – dedim.

Mehmon chehrasi ochilib yana yolvordi:
— Men sizga bitta dumli odamni qafasga solib ber, olib ketaman deyayotganim yoʻq.

Uzoqdan qorasini koʻrsatsangiz bas, mening apparatim ikki kilometrdan oladi! U desam u dedi, bu desam bu dedi – hech boʻlmadi, nihoyat «seni dumli odamlarga yoʻlatish qoʻlimdan kelmaydi, xatarli, hohlasang apparatingni ber, biladigan, udda qiladigan ishonchli kishiga aytib, bironta dumli odamning suratini oldirib beraman» deyishdan boshqa chora qolmadi. Mehmon xursand boʻlib, apparatini qoʻlimga tutqazdi. Oʻzi lanj boʻlgani uchun tushgacha yotib dam olmoqchi ekanini aytdi. Men tushdan keyin keladigan boʻlib qaytdim. Tushdan keyin kelsam, mehmon hanuz lanj, yotgan ekan, lekin apparatini tegishli odamga topshirganimni, u kishi butun lentani dumli odamga toʻldirib berishni vaʼda qilganini eshitib oʻrnidan turib ketdi.
— Lekin sharti bor, - dedim, - omonatingizni faqat ketadigan vaqtingizda, samolyotga chiqayotganingizda beradi.
— Ertaga, ertagayoq joʻnayman! – dedi mehmon.

Kelishuvga muvofiq shaharning diqqatga sazovor joylarini koʻrgani chiqdik. Kun qaytguncha yurib, koʻp tarixiy yodgorliklarni koʻrdik, toʻgʻon-koʻlga bordik, shahrimizning koʻrki boʻlgan yangi koʻchalar, maydonlar, xiyobonlarni kezdik, muzeylarga kirdik. Mehmonning biron narsaga qiziqqanini, biron joyda toʻxtab, biron narsaga qaraganini koʻrmadim. Hamma narsaga oʻshshayib qarar, qayoqqa v anima uchun ketayorganini, nima qilib yurganini oʻzi ham bilmas, aftidan, kunni kech qilishdan boʻlak muddaosi yoʻq edi.

Madaniyat va istirohat bogʻiga kirdik. Mehmon hech boʻlmasa shu boqqa, xususan gulu gulzorga qiziqar deb oʻyladim, chunki shahrimiz bu boqqa juda bino qoʻygan. Yoʻq, gulzorga mehmon qayrilib ham qaramadi, uning diqqatini jalb qilgan birdan-bir narsa bogʻning bir chekkasidan oqayotgan anhor boʻldi. Buning nimasiga qiziqdi ekan deb qarasam, loy suv qirgʻoqdan toshgudek boʻlib, shox-xashak va yana allanima balolar oqib kelayotibdi. Birov sugʻorish maqsadida toʻgʻon solgan, suv toʻgʻonni urib ketgan boʻlsa kerak. Mehmon iflos suvga xuddi sichqonni koʻrib qolgan mushukdek butun vujudi bilan qarar, chamamda fotoapparati yonida boʻlmaganidan afsuslanar edi; bogʻdan chiqib mehmonxonaga tomon ketayotganimizda eski- tuski yigʻib yurgan eshak aravani koʻrganida ham xuddi shu holga tushdi.

Mehmonxona koʻchasiga qayrilganimizda mehmonning gazetasiga qoʻl keladigan yana bir hodisa roʻy berdi: shu koʻchadan gʻizillab chiqqan «Moskvich» kattakon bir sariq itni urib oʻtdi. It vangillab ikki-uch yumaladi, turishga intilib turolmadi, yotib tipirchiladi. Mehmon goh boshini koʻtarishga urinib, goh oyoqlarini silkib jon berayotgan itga yaqin borib, beixtiyor choʻkka tushdi va apparat izlab yonini paypasladi.

Mehmon ertasiga joʻnaydigan boʻldi. Dumli odamlar surati olingan fotoapparatni qora qogʻozga oʻrab aeroportga olib chiqdim va qoʻynimdan bir chekkasini chiqarib koʻrsatdim. Mehmonning koʻzlari yonib ketdi. Xilvatga bordik. Mehmon apparatini olib katak sumkasiga joyladi-yu, chontagidan bir dasta pul chiqardi.
— Sizning haqingizni oʻzim bilib beraman, - dedi, - u kishi bilan necha pulga gaplashgansiz?
— Pul toʻgʻrisida hozir gaplashmaymiz, - dedim, - avval suratlarni chiqarib koʻring, ana undan keyin oʻzingiz narx bichib yuborarsiz.

Mehmon yaba minnatdorchilik birdirdi. Samolyotga chiqdi, samolyot Tojikistonga qarab yoʻl oldi. Kim biladi, mehmon yurtiga borguncha sabri chidarmikin. Tojikistondayoq lentani chigarar, chiqarsa dumli odamlar oʻrnida oʻzini koʻradi: men apparatni maktab toʻgaragiga qatnab, foto ishida mashqini rosa qilgan kichik oʻgʻlimga berib, «mehmon ikkovimiz shahar aylanamiz, sen ketimizdan yurgin, qaerda chap oyogʻimni koʻtarsam, mehmonning yakka oʻzini suratga olaverasan», degan edim. Bir qancha joyda, jumladan, mehmon anhor boʻyida, eski- tuski yigʻib yurgan eshak arava yonida va jon berayotgan itning ustida turganida chap oyogʻimni koʻtargan edim. Oʻgʻlimning oʻzi hushyor bola, gʻalati-gʻalati paytlarni topgan boʻlsa kerak. Men bu narsani jiyanimga aytmadim, aytsam ham urishmasa kerak, chunki mehmonga ozor berganim yoʻq, nihoyati yuziga oyna tutdim.

Yillar

<p align=«right»>Oʻtdi umrim, voh darigʻ...
Qadimgi qoʻshiq

Hojimirsiroj avtobusda joy talashib bolalik bir xotin bilan aytishib qoldi. Bir maktab bola ham kelayotgan ekan, shu oraga tushdi-yu, yomon boʻldi. Bu qoqvosh «shu ishingiz notoʻgʻri» deyish bilan-ku, Hojining qorniga qoziq qoqqandek boʻlgan edi, yana «xoʻmraymang» degani nimasi?

Hoji birpas zaharini yutib turdi-da, bola avtobusdan tushib ketayotganida, sekin qoʻlini uzatib, qulogʻini ushladi va uch buklab turib qattiq qisdi; qisdi, jonining boricha qisdi! Bola, «quloqdan ayrildim» deb oʻylagan boʻlsa kerak, qoʻrqib darrov ushlab koʻrdi— yoʻq, quloq joyida. U avtobusdan tushib, lovullab turgan qulogʻini ushlaganicha Hojiga qaradi va bisotidagi eng ogʻir, eng dahshatli haqoratni ishlatdi, yaʼni «tarbiyasiz!» dedi.

Hoji huzur qilib oʻch olganidan, bolaning soʻkkani boshqa soʻz topolmaganidan xursand boʻlib, orqasiga suyandi va atrofiga nazar tashladi; qarasa, hamma, ayniqsa shofyorning orqasida kitob koʻrib oʻtirgan kishi oʻzini kulgidan zoʻrgʻa tiyib turganga oʻxshaydi. «Haromi, meni toza rasvo qilganga oʻxshaydi, — dedi oʻzicha. — Bu hozir kulib yuboradi, hozir kulmasa keyin, uyiga borib kuladi; bola-chaqasi bilan kuladi! Nega men u itvachchaning qulogʻini shartta uzib qoʻliga bermadim?»

Hojimirsiroj shoshib avtobusdan tushdi, bolaning ketidan ketdi. Bola hamon qulogʻini ushlab borar edi; bir orqasiga qarab Hojini koʻrdi-yu, jadallab muyulishdagi kattakon ikki qavatli binoga kirib ketdi. Hoji uni bu erga qochib kirdi degan oʻyda eshikning oldida uzoq poylab oʻtirdi. Quyosh botdi hamki, bola chiqmadi. Hoji asta eshikni ochib kirdi. Bolani pastdan topolmay, oyogʻining uchida yurib ikkinchi qavatga chiqaetgan edi, kimdir zinaning ustidagi chirogʻini yoqib yubordi. Hoji bir choʻchib tushdi va yuqoriga qaradi. Yuqorida oʻziga maʼlum Orziqul turar edi. Hoji uni qaerdadir qorovullik qiladi deb eshitgan, lekin qaerda ekanini bilmas edi.
— E, ha, Orziqul, — dedi, — bu erda nima qilib yuribsiz? Shu erdamisiz?
— Ha, biz shu erda, — dedi Orziqul, toʻnining engini kiyib.— Oʻgʻlimizga shu erdan joy tekkan. Siz nima qilib yuribsiz?

Hoji gangib qoldi. U, «Orziqulning oʻgʻli yaxshi yigit chiqdi, hozir bitta oʻzi oʻttiz ikkita mashinaga qarar emish» deb eshitgan, lekin uning shunday joyda turishini xayoliga ham keltirmagan edi.
— Shunaqami, — dedi Hoji boshqa soʻz topolmay, — bu joy oʻgʻlingizga tekkan ekan-da, men oʻzingizga tekkan deb eshitgan edim... Buyursin... Shunday oʻtib ketayotgan edim, esimga tushib qoldingiz, bir kiray dedim, Orziqul uyida boʻlsa, qulluq boʻlsin qilib chiqay...
— Juda soz boʻpti-da, Hojim! Koʻp yaxshi qilibsiz. Qani kirsinlar... Yoʻq, yoʻq, kavushni ichkariga echadilar... Zab kelibsiz-da. Oʻzim ham sizni bir aytib kelaman, birpas gapirishib Oʻtiramiz deb yurgan edim.

Orziqul bu gapni mehmonning koʻngliga boʻlib aytmadi, rostdan ham Hojimirsirojning bir kelishiga orzumand edi. Lekin, rostini aytganda, Hojini uyiga taklif qilishdan murodi birpas gapirishib oʻtirish emas, unga oʻz turmushini koʻrsatish edi. U, uy-joyini, maishatini koʻrsatish bi-lan maqtanmoqchi emas, chunki qoʻlga kirgizgan narsasi oʻz qadr-qimmatidan yuqori boʻlgan odam maqtanadi. U faqat haqiqatni aytmoqchi, «choʻloq choʻloqligidan, kambagʻal kam- bagʻalligidan norizo boʻlsa, xudoning qahri keladigan» zamonda xokisor boʻlgan odamlarning oʻt kechib, suv kechib olib borgan kurashlari natijasida turmushlari qanday oʻzgarganligini koʻrsatmoqchi, xolos. Orziqul bu haqiqatni koʻrsatish bilan taʼna qilmoqchi ham emas, chunki taʼna qilish— qattiq oʻpkalash degan soʻz. Hojidan nima deb oʻpkalaydi? «Shuncha yil sening zavodingda ishlab qornim ham toʻymadi, ochdan ham oʻlmadim; sen meni ot qatori koʻrar eding; toypaxtalar ostida qolib qovurgʻam singanda kasalimni mahalla boqqan» deb oʻpkalaydimi? Hoji shunday qilmasligi ke-rak emishmi? Zavod egasi-ya? Lekin Hoji oʻsha vaqtda shunday qilmasam boʻlar ekan, deb hozir aytishi mumkin va aytadi ham, chunki shu gap bilan birovning koʻnglini yumshatib bir piyola choyini ichadi.

Orziqul Hojini koridorning oxiridagi eshikka— Oʻzining boʻlmasiga boshladi. Bu boʻlmada balkonga chiqiladigan eshikning tutqichiga ilingan allaqanday bir xaltadan boʻlak hamma narsa Hojining koʻziga qalbaki koʻrindi shekilli, butun jihozlarni alohida-alohida koʻzdan kechirdi, hatto devorlarni chertib koʻrdi.

Orziqulning kelini Tojixon kirdi. U, mehmon bilan koʻrishib, narigi uyga taklif qiddi.

Orziqul Hojini oshxo-naga boshlab chiqdi. Oshxonada Murod xarita koʻrib oʻtirar edi.
— Keldingmi, oʻgʻlim, — dedi Orziqul, — mana Hoji bobong ham keldilar.

Murod darrov turib Hoji bilan soʻrashdi va nazokat bilan unga joy koʻrsatdi.
— Keling, Hoji bobo. Koʻrinmaysiz, kelmaysiz...
— Barakallo, oʻglim, barakallo,— dedi Hoji kursiga ehtiyot bilan oʻtirayotib.— Umringiz uzoq boʻlsin. Koʻpdan-koʻp xursand boʻldim... Oʻgʻil degan shundoq boʻlsin, otasini rozi qilsin. Koʻp xursand boʻddim. Xoʻp... Bu gilam... bu gilam-ni necha pulga oldingiz?
— Esimda yoʻq. Ancha boʻldi olganimizga.
— Oʻtgan hafta bozorga bir gilam chiqdi, gilammisan gilam edi-da. Bir ming uch yuzga savdo qilib, Qodiralining oʻgʻliga olib berdim. Gilam tanigan odam ikki mingga indamasdan oladi.

Shunaqa narsalar kerak boʻlsa menga aytib qoʻying. Xoʻsh... yashang, oʻgʻlim, kam boʻlmang. Endi Orziqul oyogʻini uzatib, bahazur yota bersa ham boʻlar ekan. Biz burun zamonda shuncha davlat bilan ham bu xilda orzu-havas koʻrgan emasmiz. Endi ishlamassiz-a, Orziqul?
— Nega ishlamas ekanman, qirqtoʻrtinchi maktabda qorovullik qilaman. Men ishlamasdan turolmayman... Oʻrganmaganman...
— Ana shu chakki-da, Orziqul, ana shu chakki! Noshukurchilik...
— Noshukurchilik boʻlsa ham oʻrganmaganman.

Murod kuldi:
— Koʻrdingizmi, oʻrganmaganlar! Bu kishini ishlash huquqidan mahrum qilishga haddim sigʻmaydi.

Tojixon ovqat keltirib qoʻydi. Ovqat vaqtida Hoji hech kimga soʻz navbati bermay, burungi zamonni yomonlab ketdi. Maʼlum boʻlishicha, burun zamonda, zavod egasi boʻlishiga qaramay, u ham jabr koʻrgan ekan: uezd hokimi «akangizni mingboshi qilaman» deb uch ming yigirma etti soʻm pulini eb, saylovda degrezlik Isomiddin degan jallobni saylagan ekan. Tojixon «piq» etib kulib yubordi va Murodga qaradi:
— U qanaqa saylov?— dedi.
— Men qayoqdan bilay. Dada, u qanaqa saylov?
Orziqul anchadan keyin javob berdi:
— Mingboshi saylov deb eshitar edim-ku, hech koʻrgan emasman... Qanaqa saylov boʻlar edi, mana Hojim aytdilar-ku... Obbo xotintaloq-ey, shunaqa qilgan deng, Hojim!..

Tojixonning kulishi, Orziqulning soʻzidagi kalaka ohangi Hojiga yoqmadi. U, kichkina pichoqchasi bilan suyak tozalar ekan, soʻzni boshqa, bularga xush keladigan mavzuga burish niyatida birdan soʻradi:
— Oʻgʻlim, — dedi, — staxanovchilik deysizlar, buning hikmati nimada? Juda koʻp narsalarni aqlim ola bermas edi, endi sekin-sekin fahmlayapman. Lekin shu staxanovchilik hech aqlimga sigʻmaydigan ish boʻlib chiqdi. Burungi zamonda bitta odam, mening bilishimcha, juda nari borsa uch yarim pud paxta terar edi, hozir yigirma besh pudga etkazib terar emish. Mana, siz, bitta oʻzingiz oʻttiz ikkita mashinaga qarar emishsiz...

Murod miyigʻida kulib, Tojixonga qaradi:
— Tojixon, siz ayting, nima uchun hozirgi odamlar Hoji boboning aqllariga sigʻmaydigan ishlarni qilishadi? Ayting, siz ham staxanovchi-ku.

Tojixon javobga lab ochganida eshik taqilladi-yu, tu-rib ketdi. Javobni Murodjon oʻzi berdi:
— Staxanovchilikning hikmati shundaki, hoji bobo... Oʻzimizda bir maqol bor-ku: «Birovning ishiga saratonda qoʻl sovqotadi». Staxanovchilikning hikmati hammadan burun shundaqa, men boshqaradigan oʻttiz ikkita mashina ham, bu mashinalar bilan kilinadigan ish ham birovniki emas. Bu— bir...

Eshikni taqillatgan Oʻlmas ekan, yoʻlaqda onasiga nima toʻgʻridadir quvona-quvona soʻzlayotgan tovushi eshitildi. U, shu quvonchini otasiga ham aytish uchun boʻlsa kerak, shoshilib kirgan edi, ne koʻzi bilan koʻrsinki, hali avtobusda «tarbiyasizlik» qilgan kishi oʻtiribdi! Oʻlmas ixtiyorsiz qulogʻini ushlab, sekin yotoqqa tomon burilgan edi, Murod toʻxtatdi:
— Xoʻsh, oʻrtoq komandir, qanaqa kino koʻrdingiz?

Bolani tanib, Hojining esi chiqib ketdi. «Obbo haromi,— dedi ichida, — hozir arz qiladi. Agar arz qilsa, choʻnta-gimga qoʻl soldi deyman!»
— Oʻrtoq komandir tankist boʻlar emishlar, - dedi Tojixon kulib. - Uchuvchi boʻlishdan aynibdilar... Oʻlmas, mehmon bilan soʻrashmaysanmi?

Oʻlmas soʻrashgani qoʻl uzatdi. Hoji uning qoʻlini olar ekan, oʻrnidan turdi:
— Endi men ketay, bemahalga qolmay, - dedi.

U, bolaning shikoyat qilishidan va buning natijasida oʻngʻaysiz ahvodda qolishidan qoʻrqmasa ham boʻlar edi, chun-ki Oʻlmas hech shikoyat qilib oʻrgangan bola emas. Orziqul uni pastgacha kuzatib xayrlashdi. Hoji koʻchaning u yuziga oʻtib, bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, oʻylar edi: «Mashina ham, bu mashinalar bilan qilinadigan ish ham oʻzingniki... tankist... tank ham oʻzingniki! Yillar, yillar oʻtdi! Oʻtgan bu yillar dunyoni ostin-ustun qildi!..»
<p align=«right»>1939

Ayb Kimda

Hamroev kechki ovqatdan keyin birpas choʻzilmoqchi boʻlgan edi, toʻgʻri kelmadi: narigi uy toʻpolon— bolalar bir-bi-rini yostiqbilan urib oʻynayotibdi; soat sakkiz yarimda majlisga borish ham kerak. Kecha Hamdam ota-onalar majlisi boʻlishi toʻgʻrisida maktabidan qogʻoz olib kelgan.

Hamroev hech qachon majlisga borgan emas, ammo fursati boʻlganda bir tayyorlanib bormoqchi va bola tarbiyalashni bil-magan yoki bu ishga sovuq qaragan oʻqituvchilarni uyaltirmoqchi edi. Bu niyat uning xotini Sobiraxonga juda maʼqul boʻldi.
— Gapiring, izza qiling! Bolalar maktabda oʻqib qayta bevosh boʻlib ketyapti. Siz uyda yoʻq vaqtlarda Hamdamingizning dastidan menga kun yoʻq. Ilgarilar urib engar edim, endi uray desam, qochib tomga chiqib ketadi, tomda turib menga tilini koʻrsatadi.

Hamroev qoʻyin daftariga nimalarnidir yozdi.
— Xoʻsh, tagʻin nimalar qiladi?
— Tagin... ursam «baribir ogʻrimaydi» deb xir-xir kuladi... Ha, aytgancha, bir yildan beri biron marta «aya» dega-nini eshitganim yoʻq, hamisha «Turondot» deydi.

Hamroev kulib yubordi. Bu laqabni Sobiraxonga oʻtgan yili bayramda birovnikiga mehmon boʻlib borishganida oʻzi qoʻygan va shu bilan hammani kuldirgan edi.
— «Turondot» deydimi-a? Lekin buni majlisda gapirib boʻlmaydi, chunki... lekin bir tomondan gapirilsa ham boʻladi, bola degan kattalarning gapini gapirmasligi kerak.
— Albatta! Maktabda shunaqa narsalarni oʻrgatmasa nimani oʻrgatadi? Quruq ilm bilan bola bola boʻlar ekanmi?

Hamroev Sobiraxonning shikoyatlarini, gazetalarda oʻqigan, odamlardan eshitgan tarbiyaga doir gaplarni yozib qoʻyin daftarini toʻldirdi, keyin bularning hammasidan xulosa chiqardi:
— Men biron qogʻozga oʻqimasdan qoʻl qoʻysam, sen biron koʻylakning yoqasini qiyshiq qadab qoʻysang, ishga sovuqqonlik bilan qaraganimiz uchun javobgar boʻlamiz, nima uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan oʻqituvchiga qonun yoʻq, qani, chaqir bu yoqqa Hamdamni! Narigi uydan, uvadasi chiqib ketgan yostiqni koʻtarib, Hamdam chiqdi.
— Oʻtir, bu yoqqa! Xoʻsh, sen nima uchun koʻcha bolalariga oʻxshab axloqsizlik qilasan!

Hamdam yostiqni kursiga qoʻyib ustiga oʻtirdi va onasiga qaradi.
— Nima qildim?
— Men soʻrayotibman, menga qara! Nima qilganingai bilmaysanmi? Nima uchun oying urganda... xayr, bu ham mayli. Nima uchun oyingni «aya» demay... yoʻq, nima uchun tomda turib, ayangga... umuman, tomlarda yurar emishsan, er koʻtarmaydimi? Maktabda senga shuni taʼlim beradimi? Qani daftarlaring?

Hamdam ayasiga qaradi.
— Qachon men tomda yuribman?
— Yoʻq, tomni qoʻy, menga daftarlaringni koʻrsat! Bu yil oʻqish boshlangandan beri nechta «aʼlo» baho olding?
— Bitta ham... yomon baho olganim yoʻq. Mana...

Hamroev daftarlarini varaqlay boshladi.
— Xoʻp, hozir koʻramiz... «yaxshi»... «oʻrta»... «oʻrta»... Qani «aʼlo»? Ruschadan nima uchun «yaxshi»?
— Aʼlo oʻqisam ham oʻqituvchimiz «yaxshi» qoʻyadi, «aʼlo»dan «yaxshi» yaxshi deydi.
— Ha-ha! Hali siz yolgʻon gapirishni ham bilasizmi?! Qani, beriroq kel, koʻzimga qara! «Yaxshi» yaxshi deydimi?

Hamdam yolgʻon gapirishning bunday oqibatini umrida birinchi koʻrishi edi, yigʻlab yubordi.
— Menga qara deyman! Kim oʻrgatdi senga yolgʻon gapirishni? Qaysi domlang?

Sobiraxon aralashdi:
— Qoʻying endi, minbaʼd yolgʻon gapirmaydi. Voy, tavba, ruschadan nega «yaxshi», baloday gapiradi shekilli-ku!

Hamroev Hamdamning qulogʻidan choʻzib, oʻziga qaratdi.
— Tagʻin yolgʻon gapirasanmi? Bundan keyin yolgʻon gapiradigan boʻlsang, bilib qoʻy, men oyingga oʻxshab ogʻrimaydigan qilib urmayman-a!.. Shu yolgʻon gapingdan keyin ruschadan «yaxshi» olganingga ham ishonmayman. Qani, xoʻsh, masalan, choynakning qopqogʻini ruscha nima deydi? Samovarning joʻmragini nima deydi?

Hamdam ikkovini ham bilmadi va yigʻlaganicha nariga uyga kirib ketdi. Hamroev qoʻyin daftarini olib nimalarnidir oʻchirdi, yana nimalarnidir yozdi.
— Yoʻq,— dedi daftarini choʻntagiga solib,— bu ishga jiddiy qarash kerak. Shunday boʻlgandan keyin majlisga jiddiy tayyorgarlik koʻrib borilmasa boʻlmaydi. Tarbiyaga doir kitob koʻp.
— Soat sakkiz boʻldi,- dedi Sobiraxon.

Hamroev oʻylanib qoldi: borsa, albatta gapirishi kerak, gapirmaydigan boʻlsa borishning keragi yoʻq. Soʻzga chiqqanda gapni nimadan boshlaydi, nima toʻgʻrida gapiradi va qanday xulosa chiqaradi.
—Yoʻq, bu xilda borishdan foyda yoʻq, Turondot,— dedi,— bu safarcha siz boring. Men yanagi safar jiddiy tayyorlik koʻrib boraman.
— Qoʻysangiz-chi! Umrimda bormagan joyimga qanaqa qilib boraman. Mening borishimdan nima foyda?
— Foyda boʻlmasa ziyon ham yoʻq-ku!

Er-xotin foyda-ziyon toʻgʻrisida tortishib soatni sakkiz yarim qilishdi. Hamdam chiqdi.
— Nima qilib oʻtiribsizlar? Direktor juda tayinlagan edi, xatni topshirmagandirsan deb ertaga meni urishadi.
— Oying bormaydi, borishidan foyda ham yoʻq, men yanagi safar boraman.
— Mudir soʻrasa shunaqa deymanmi?
— Nega? Kap-katta boʻlib shunga ham vaj topolmaysan-mi? Dadam ishdan kech keldi, oyim betob yotibdi degin!

Hamdam dadasiga qaraganicha uzoqturib qoldi. U, ertaga xuddi shunday deydi.

<p align=«right»>1940

Xotinlar

Asqar ota inqilob uchun qurol koʻtargan oʻzbek ayollari-dan Maʼrifatxon voqeasini eshitganidan beri uning qabrini ziyorat qilish niyatida yurgan edi. Qish kunlarining birida qulay payt keldi: bir necha ovchi oʻsha tomonga— daryo boʻyiga ovga chiqadigan boʻlib qoddi. Asqar ota shularga qoʻshildi.

Miltiqlar taxt, otlar tayyor, lekin kimningdir qush olib kelishini kutishar edi. Asqar ota koʻziga yuvoshroq koʻringan bir otni sinamoqchi boʻlib mingan edi, ot anhorga intildi. Shu onda mayin bir tovush:
— Otajon, sugʻormang!— dedi.

Asqar ota otning boshini tortib, orqaga qaradi. Paxtalik nimcha, qoʻpol agʻdarma etik kiygan yoshgina bir juvon turar edi.
— Yoʻq, qizim, sugʻormoqchi emasman. Bu otlarning ichida yuvoshrogʻi qaysi?
— Yuvoshrogʻimi? Mening otimni mina qoling.
— Oʻzing-chi?
— Menga baribir.

Bu gap Asqar otaga, umrida bir marta ot minib, oʻzini zoʻr chavandoz hisoblagan yosh bolaning qoʻrsligiday tuyuldi.

Qushga ketgan kishi qushni olib keldi. Ovchilar otlanishdi. Asqar ota juvonning otini mintani ikkilanib turgan edi, oʻzi jilovidan ushlab:
— Mining, ota!— dedi.

Asqar ota noiloj mindi. Juvon saroyga kirib koʻk toy minib chiqdi. Toy uning ostida gijinglar, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa tashlar edi. Buni koʻrib Asqar otaning kayfi uchib ketdi.
— Qizim, boʻlak ot yoʻq ekanmi?
— Nima edi?
— Bu oting... ovga yaramaydi.
— Men ovga bormayman, otajon, ikkinchi MTS ga ketyapman. Juvon toyni bemalol engib ketayotgan boʻlsa ham qishloqdan chiqquncha Asqar ota juda toliqib ketdi, chunki toy har oʻynoklaganda entikib nafasi ichiga tushib ketar edi. Juvon buni payqab borayotgan ekan:
— Xavotir boʻlmang, ota, yikilsam er koʻtaradi, - deb kuddi.
— Xavotir boʻlmayman, qizim, lekin bu oting gaplashib ketgani qoʻymayapti-da. Alishtirib olsang gaplashib, chaqchaqlashib ketar edik.

Ovchilar xiyla ilgarilab ketdi. Juvon tizginni sal boʻshatgan edi, shunga mahtal boʻlib turgan toy birdaniga koʻtarib ketdi. Asqar ota avval qoʻrqdi, keyin juvonning ot chopishini koʻrib shunchalik zavqi keldiki, otiga ustma-ust qamchi bosganini oʻzi ham bilmay qoldi. Juvon saman ot minib uni kutib turar edi.
— Otga juda epchil ekansan-ku, qizim! Barakalla-e... Kolxozda nima ish qilasan?
— MTS da traktorchiman.

Asqar ota uni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. Joʻnashdi. Ikkala ot bir qiyomda, baravar qadam tashlab borar edi.
— Otga ham ishing tushib turadimi?
— Hozir uncha ishim tushmaydi.
— Ilgari ishing tusharmidi? Kuyoving nima ish qiladi?
— U kishi ham traktorchi edilar. Hozir frontda.
— Qachon ketgan?
— Urush boshlangan kunlari.
— Farzand bormi?
— Bor. Oʻgʻlim bor. Otni oʻrganishimga shu bola sabab boʻlgan.
— Bola sabab boʻlgan?
— Ha. Men sizga aytsam, otajon, urushdan ilgari bizdan xomlik oʻtgan ekan: uy qilibmiz, roʻzgʻor qilibmiz; oʻrtogʻim katta-katta topib kelganiga, men yaxshi-yaxshi tikkanimga, pishirganimga xursand boʻlib yura beribmiz. Men etti yillik maktabni bitirganimdan keyin oʻrtogʻim «bas, kamlik qilsa keyin oʻqiysan» dedilar. Ishlamadim ham. Shu bilan «uy qizi» boʻlib qolaverdim. Buning oqibati shu boʻldiki, urush boshlangandan keyin tengqurlari^m joy-joyini topib olganda men shoshib qoldim; ularning erlari koʻngilla-ri oʻsib joʻnaganda, mening erim oʻksib joʻnadi... Oʻrtogʻim joʻnagan kuni ertasiga kechqurun hovliga Komila xolam keldilar. Oʻzingiz bilasiz, u kishi frontga ketgan yigitlarning hammasini ham oʻz farzandlariday koʻradilar; hol-ahvol soʻradilar, keyin: «Qani endi, qizim, yurtdan qarzingni uz, qoʻlingdan nima ish keladi?» dedilar. Alamimga chidolmay turgan edim. «Uy qizi boʻlib oʻtirishdan boshqa hamma ish keladi!» deb javob berdim. Oʻgʻlim olti yarim oylik edi.

«Undoq boʻlsa, — dedilar, — bolang toʻgʻrisida tashvish tortma, men bola boqishni sendan yaxshi bilaman». Oradan bir hafta oʻtgandan keyin meni MTS ga boshlab bordilar. Shu kishining ukalari brigada mexanigi ekanlar. Shu kishining qoʻllarida ikki oy juda qatgiq ishladim. Oʻn besh kunlik sinovdan keyin traktorchi nomini oldim. Tengqurlarim ichida yuzim yorugʻ boʻddi.

Bolaga butkul Komila xolam qaradilar. Men kuniga bir marta peshinda roʻpara kelgan otni minib, emizgani kelar edim. Otni shunda oʻrganganman...
— Kuyoving, «kamlik qilsa, keyin oʻqirsan» deb seni qiynab qoʻyibdi-da!
— Mendan koʻra oʻzi koʻp qiynaddi. Uyda oʻtirishimga oʻrganib qolgan emasmi, koʻchaga chiqishim sogʻ tishini sugʻurib olganday boʻldi. Shunday boʻlishini bilar edim. Bir xatida bunday debdi: «Katta poxoddan keyin hozir dam olib oʻtiribmiz. Juda charchaganman. Bilasizmi, kishi charchagan vaqtida koʻngilni gʻash qiladigan xayollarga boradi. Hozir soat toʻqqizdan yigirma minut oʻtdi. Men sizga xat yozib oʻtiribman.

Shu minutda siz nima qilib oʻtirgan ekansiz?..» Men bu gapga uncha ogʻrinmadim, erkak kishi baʼzan shunaqa yuragi torlik qiladi, deb qoʻya qoldim. Oradan uch kun oʻtmay yana xat keldi.

«Yangi yilga oz qoldi, — debdi, — yangi yilni qaerda qarshi olasiz? Oʻrtoqlaringizni uyga chaqirasizmi, oʻzingiz biron erga borasizmi? Uyga chaqirsangiz Qrimdan nomingizni yozdirib kelgan piyolamda oʻzingiz choy iching!» Men bunga kisqacha javob yozib, «Yangi yil siz eson-omon kelgan kuni kiradi» dedim. Bu xatim borib etmasdan tagʻin xat keldi: «Yangi yil kechasi tushimga kirdingiz: kimningdir ayvonida birov bilan gaplashib turibsiz.

Tong yorishganda uyga qaytib keldingiz, betingizni yuvmasdan, uxlab yotgan bolaning yuzidan oʻshshngiz...» Bu gap jon-jonimdan oʻtib ketdi.

Juvon engashib otning yolini siladi. Uning harakati, oʻpkasi toʻlib, gapdan toʻxtash uchun bahona izlayotganini koʻrsatar edi. Asqar ota buni fahmlab, oʻzini bilmaslikka soldi. Juvon anchadan keyin qomatini rostladi va qor bosib yotgan uzoq adirning etagida qorayib turgan qishloqni koʻrsatdi.
— Ikkinchi MTS hu oʻsha erda. Men ana u soʻqmoqdan yursam ham boʻladi. Lekin sizni nariroqqacha kuzatib, katta yoʻldan keta qolay. Aytganday, ovga miltiqsiz boryapsiz-ku, otajon?

Juvon boshda MSTga boraman deganda Asqar ota MTS ni negadir daryo boʻyiga yaqinroq erda deb oʻylagan ekan, hozir hayron boʻlib qoldi. U oʻzining niyatini aytib, agar juvon ovga boradigan boʻlsa, MTS ga birga borishini aytdi. Juvon Maʼrifatxonga juda ixlosmand ekan, bu taklifni darrov qabul qildi. Bular, ovchilarga «ketaveringlar» ishorasini qilib, soʻqmoqqa burilishdi. Ovchilar koʻchma qumlar orasiga kirib, koʻzdan yoʻqoldi.

Qishloqning kiraverishida talay bolalar muz tiygʻan-moqda edi. Bular ikkita otliqni koʻrib, yoʻl boʻyiga tizilishdi. Otliqlar yaqinroq kelganda etti-sakkiz yoshlardagi qiz bola bir qoʻli bilan toʻnning ustidan ishtonini mahkam ushlab, ularga qarshi yugurdi.
— Sobiraxon opa!

Juvon otning boshini tortdi.
— Opang oʻrgilsin! Beri kel, qoʻlingni ber! - juvon qizni otga mindirib oldi.— Voy, muzlab ketibsan-ku! Kimning qizisan?
— Bozorvoy akaning... Togʻamning bayroqlarini qachon qaytib berasiz? Olib ketgansiz-ku...
— Voy, Normat akaning jiyani boʻlasanmi? ~ dedi ju-von va Asqar otaga tushuntirdi. - Kuzgi shudgorda koʻchma qizil bayroqni biz olgan edik, shuni aytayotibdi... Togʻang uydamilar?
— Togʻam rayonga ketganlar. Ukachamga beshik olib keladilar.

Kattakon bujun ostidagi qizil darvozadan temir bochka yumalatib chiqqan bir moʻysafid qomatini rostlab bularga bir qaradi-da , yugurganicha kirib ketdi. Bular etib borguncha darvozadan uch kishi chiqdi. Bular, kichigi yigirma, kattasi oʻttiz yoshlardagi nihoyatda kelishgan yigitlar edi. Bu-larning juvonga qilayotgan muomalasini koʻrib Asqar ota yoʻl boʻyi uni sansirab kelganidan qattiq xijolat tortdi. Yigitlar, keyinchalik kelgan haligi moʻysafid ham, uni shunchalik izzat qilishar ediki, Asqar ota bu juvonning oddiy traktorchigina ekaniga shubhalanib qoldi. Biroqorada oʻtgan butun gap remont, ehtiyot qismlar, brigada, yonilgʻi toʻgʻrisida bordi va hatto hazil, oʻrni kelib, qilingan bir-ikki askiya ham shu mavzudan chetga chiqmadi. Asqar ota er-kaklar qoshida koʻp muhtaram xotinlarni koʻrgan, lekin bularning koʻpchiligi rais, mudir, direktor deganday rahbarlik oʻrindagi xotinlar edi. Bu oddiy traktorchi juvonga boʻlgan ehtirom uni ayrim oʻringa qoʻyar edi. Asqar ota ichida «Ering haligiday xatlar yozgan boʻlsa, seni yaxshi bilmas ekan; sen oʻz qadringni bilasan, oʻz qadrini bilgan xotinga erkak kishi yomon koʻz bilan qaragani botinolmaydi» deb qoʻydi; bu gapni hozir oʻziga aytgisi va erining oʻsha xatiga nima deb javob yozganligini soʻragisi kelar edi.

Biroq hash-pash deguncha etti-sakkiz chokdi xotin-xalaj toʻplanib bu gaplarning mavridi boʻlmay qoldi. Bular Sobiraxonning yoru doʻstlari, oʻrtoqlari edi. Asqar ota bu hurmatli juvon boshqa xotinlardan raftori bilan ajralib turar degan bir oʻyda edi, biroq Sobiraxon yoru doʻstlari orasida shularning biri boʻlib qolganini koʻrib, ajablandi. Bular kimningdir uyiga kirishganda, Sobiraxon hatto toʻrga oʻtgani ham unamadi. Boshqalar uncha qistashmadi ham. Toʻrga Asqar ota bilan oʻrta yoshlardagi ikki xotinni oʻtqazishdi. Asqar ota shuncha xotinning ichida yakka oʻzi boʻlganligidan nechukdir oʻngʻaysizlanar va har qaysiga alohida- alohida «yaxshimisiz» der va duo qilar edi.

Deraza yonida turgan kimdir:
— Oqsoqol kelyapti, — dedi.

«Oqsoqol» deganda Asqar otaning koʻz oldiga oʻz tengquri biron moʻysafid kelib, ancha engil tortgan edi, eshikdan qirq yoshlardagi bir xotin kirdi. Hamma oʻrnidan turdi. Asqar ota ham turmoqchi boʻlgan edi, oqsoqol etib kelib elkasidan bosdi.
— Qimirlamang, otaxon! Siz kelganda biz tursak yarashadi, biz kelganda siz tursangiz xunuk koʻrinadi.

Oqsoqol qishloq Kengashining raisi edi. U, Sobiraxon bilan quchoqlashib koʻrishdi, yuz-koʻzidan oʻgosh; shu payt ob-rez boʻyida piyoz toʻgʻrayotgan bir qizga koʻzi tushib:
— Bahri! Hu, afting qursin!— dedi.

Bahri, rangi boʻzarib, qoʻlidan pichoq tushib ketdi.
— Nima qiddim, opajon?
— Dard!

Bahri koʻzi javdirab hammaga bir-bir qaradi va birdan qizarib, koʻziga yosh keldi.
— Nima gunohqildim!..
— Nega eringga xat yozmaysan?
— Voy bundan boʻlak ham tuhmat bormi? Nega xat yozmas ekanman? Mana, soʻrang!
— Xat yozmasligingni bular biladimi, ering biladimi? Ma, oʻqi-chi, xat yozar ekansanmi, yoʻqmi?

Xatni Sobiraxon olib, koʻk qalam bilan ostiga chizil-gan erini oʻqidi:
«... Bahrixon bir qoʻy bilan bir koʻylaklik atlas muko-fot olgan ekan. Shuni nima uchun olganligini soʻrab ikki martaba xat yozdim, aytmadi. Mumkin boʻlsa, oʻrtoq Ibrohimova, shu toʻgʻrida menga oʻzingiz maʼlumot bersangiz...»
— Xoʻsh? - dedi oqsoqol.

Bahri engi bilan koʻz yoshini artar ekan, kulimsiradi.
— Xat yozmaydi demabdilar-ku! Shoshmang, opajon, men sizga tushuntirib beray. U kishi oʻtgan yili «Qizil yulduz» ordeni olganlarida «ordenni nima uchun oldingiz?» deb uch marta xat qildim, uchala xatimga ham «seni mudofaa qilishda ayrim ish koʻrsatganim uchun oldim» deb javob qaytardilar, anigʻini hech aytmadilar. Men ham mukofotni nima uchun olganligimni aytmadim, xatlariga «sizni esimdan chiqarmaganligim uchun oldim» deb javob berdim.

Jiddiy gap kulgi bilan tugab, oqsoqol uni nohaq urishgani uchun oʻsal boʻldi. Asqar ota, Bahri hech boʻlmasa oʻzicha doʻngʻillab qoʻyar deb oʻylagan edi, undoq qilmadi. U, boyagiday ochilib, ishini qilaverdi. Shundan keyin Asqar ota unga alohida eʼtibor bilan razm solgan edi, koʻziga juda yosh koʻrindi.
— Nechaga kirding, qizim?

Bahri Asqar otaga er ostidan bir qarab, soʻng javob berdi:
— Oʻn sakkizga kirsammikin, kirmasammikin, deb oʻylanib yuribman.

Oqsoqol, Asqar ota bu savolni nima uchun berganini fahmlab, tushuntirdi:
— Ering diymizu, lekin u yigitga hali tekkan emas, soʻz bergan, xolos... Urushga ketayotganda nima degansan, Bahri?

«Agar sizdan boʻlakni desam, dushmandan ortgan oʻqlaringizdan biriga koʻksim nishona boʻlsin». Shundoqdeganmisan?

Bahri qizarib, javob bermadi. Asqar otaning nazarida, Bahrining bu soʻzi gul koʻtarib, ashula aytib oh chekib, zoʻr kelganda hatto picha koʻz yoshi toʻkib arz qilinadigan, lekin anchayin qarshilikka uchrasa chok-chokidan soʻkilib ketadigan muhabbatning emas, gulsiz, koʻz yoshisiz arz qilinadigan va qarshilikka uchragan sayin kamol topadigan muhabbatning ifodasi edi. Birinchi xil muhabbat tilda, ikkinchi xil muhabbat dilda boʻladi. Birinchi xil muhabbatdan gul bilan koʻz yoshi olib tashlansa, chunonchi, parranda muhabbatidan farq qilmaydi. Parranda bilan inson orasida qancha farq boʻlsa, birinchi xil muhabbat bilan ikkinchi xil muhabbat orasida ham shuncha farq bor. Asqar ota shu soʻzlarni koʻnglidan oʻtkazdi-yu, Bahriga nisbatan koʻnglida mavj urgan mehrini ifodalaydigan biron kalima ham soʻz topolmay, faqat:
— Umring uzoq boʻlsin, qizim!— dedi.

Uy egasi dasturxon yozar ekan:
— Umridan shuncha uzoq boʻlgandan keyin, xudo xohlasa umri uzoq boʻladi, - deb soʻz oʻyini qildi.

Kimdir «piq» etib kulib yubordi. Nima gap ekanini anglay olmagan Asqar ota oʻzidan-oʻzi qattiq xijolat tortdi. Oqsoqol buni fahmlab, tezroq uni xijolatdan chiqarishga shoshildi.
— Qishlogʻimizda Umri, Umriniso degan bir xotin bor edi, shuni aytayotibdi, — dedi.

Asqar ota bu javobga qanoat qilmay:
— Kim oʻzi u, qanaqa xotin?— dedi.

Uning savoliga oqsoqol ham va boshqa hech kim ham javob bermadi. Ogʻir jimlik choʻkdi. Shunday jimlik choʻkdiki, bu xildagi jimlik aytgani til bormaydigan, eslashni koʻngil koʻtarmaydigan biron dahshatli fojiaga uchrab halok boʻlgan kishining nomi bexosdan tilga olingan vaqtda boʻladi. Jimlik uzoq davom etdi. Buning sirini anglay olmagan Asqar ota yana soʻz qotgani istihola qildi.

Sobiraxon qoʻynidan bir dasta qogʻoz chiqarib oqsoqolga berdi va sekin: — Boʻtaboy aka rayonga ketgan ekanlar, shuni berib qoʻyasiz, — dedi.— Biz otam bilan daryo boʻyiga bormoqchimiz.

Bu kishi Maʼrifatxon opaning qabrini ziyorat qilmoqchi ekanlar, birga borib kelaylik, dedilar. Qaytishda tusholmasmiz...

Maʼrifatxon nomi aytilishi bilan suhbatga yana jon kirdi. Ayollardan ikki kishi bular bilan birga boradigan boʻldi. Bulardan biri qishloq maktabining qorovuli va farroshi — Qumriniso degan nimjongina bir xotin, ikkin-chisi - frontcha ishlaydigan yoshlar brigadasiga yaqinda brigadir boʻlgan yigirma besh yoshlardagi Risolat degan norgʻul bir juvon edi. Risolatning eri askarlikka 1942 yilning bahorida ketgan va oʻshandan beri goh Leninoboddan, goh Olmaotadan xat yozar ekan.

Joʻnagani otlanayotgan oqsoqol:
— Sobiraxon, Bahrini ham olib boringlar, oʻynab kelsin, - dedi.

Bahri borgisi kelsa ham, nimaningdir andishasini qilib turgan ekan shekilli, bu gapni eshitib goʻyo qanot chiqardi. U, hammadan burun otlanib, yoʻlga chiqib turdi.

Joʻnashdi.

Bahri xiyla oldinda Risolat bilan birga borar va otning qadam tashlashi maqomiga ashula aytar edi.

Asqar ota Sobiraxon bilan Qumrinisodan ham keyinda, otni oʻz mayliga qoʻyib, xayol surib borar edi.

Odamlar shundayki, bor narsa asta-sekin yoʻqolsa ham payqaydi, lekin yoʻq narsa asta-sekin paydo boʻlsa payqamaydi. Asqar ota oʻylab qarasa, xotinlar suhbatida sira boʻlmagan ekan va bugungi suhbat koʻzini ochib yuboribdi: koʻzini ochib qarasa, oʻz qishlogʻida, boʻlak joylarda koʻrgani, bilgani xotinlarning nimadan iborat ekanliklariga yaxshi razm solmagan va ularning kamolotini payqamagan ekan. Endilikda «munglugʻ», «mushtipar» singari soʻzlar qovushmay qol-gan, bu xotinlardan hech biri qilayotgan ishiga, kasbi-koriga sababi tirikchilik deb qaramaydi. Bularda qandaydir bir ichki dard bor. Shunday ichki dard, kundalik tirikchilik-dan yuksakroq bir sabab boʻlmasa hech qanday qonun, hech qanday shaxsiy manfaat bularni bu xilda ishlashga majbur qilolmaydi.

Sobiraxon otining boshini tortib:
— Ota, juda xayol surib qoldingiz?— dedi.

Asqar ota unga etib oldi.
— Yoʻq, qizim, xayol surayotganim yoʻq... hali gapimiz chala qoldi. Eringizning oʻsha xatiga javob qaytardingizmi, yoʻqmi?

Sobiraxon miyigʻida kulib:
— Shunaqa, — dedi, — «betingizni yuvmasdan uxlab yotgan bolaning betidan oʻpdingiz» debdilar. Bu gap jon-jonimdan oʻtib ketdi. Yigʻladim. Oʻtirib xat yozdim. Bu bilan ham alamdan chiqmay, xatni koʻtarib Komila xolamning oldilariga arzga bordim. Hamma gapni aytdim, yozgan javobimni oʻqib berdim. U kishi oʻrtogʻimning xatini eshitib kuldilar, mening javobimni eshitib koyidilar, «Issiq-issiq xatlar yozib yurib, birdan sovuq xat yozsang koʻngli shamollab qolmaydimi!» dedilar, xatimni yirtib tashladilar. Jahlimdan tushganimdan keyin bunday tanamga oʻylab qarasam, bechora oʻrtogʻimdan unchalik qattiq gina qilishning hojati yoʻq ekan... «Urush deganda bizning qulogʻimizga gumburlagan tovushlar eshitiladiyu, koʻzimizga qon koʻrinadi; biron qoʻrqoq miltigʻini tashlab qochdi degan xabarni eshitsak, «xoin» deymiz qoʻyamiz, lekin u xoinni jang maydonida yarador boʻlib yotgan yoki olgʻa intilib, shu paytda sherigining yordamiga muhtoj boʻlgan jangchining koʻzi bilan koʻrolmaymiz.

Xuddi shunga oʻxshagan «qishloq» degan vaqtda oʻrtogʻim urushga ketmasidan burungi qishloqni koʻz oldiga keltiradi; erga xiyonat qilishni «koʻngil xushligi» deb, buzuqlikka qadam qoʻyish deb biladi, lekin jang maydonida ming bir ajalga chap berib olgʻa borayotgan erining yuziga oyoq qoʻyib «koʻngil xushligi» qiladigan makiyonni bizning koʻzimiz bilan, yurt qaygʻusida hamma narsani unutgan, azob chekayotgan ogʻir va juda ogʻir mehnatda tasalli topayotgan kishilarning koʻzi bilan koʻra olmaydi. Koʻra olmaydi!»

Sobiraxon «koʻra olmaydi» degan soʻzni pisanda qilib emas, afsuslanib aytdi.
— Sizga hali Umri toʻgʻrisida gapirishdi, — dedi Sobiraxon soʻzida davom etib, - yoʻq, uning toʻgʻrisida hech kim gapirmadi, gapirgisi kelmadi. Oʻrni kelmaganda men ham gapirmas edim. Men ham bu xotinning nomini yana bir kishi eshitishini xohlamas edim. Erim bunaqa xotinlarni bizning koʻzimiz bilan, hech boʻlmasa ana u Bahrining koʻzi bilan koʻra olganda, menga bu xilda xatlar yozmas edi.

Asqar otaning kutganiga qarshi Sobiraxon soʻzida davom etmadi, aftidan, u xotin haqida endi gapirmoqchi emas edi. U nima toʻgʻridadir oʻylar, ixtiyorsiz boʻlsa kerak, allaqanday hazin kuyni burni bilan kuylab borar edi. Asqar ota oʻng tomonda borayotgan Qumrinisoga qaradi.

Qumriniso bu qarashga oʻzicha maʼno berib qizarganday boʻldi va jilmayib:
— Ishi yoʻq it sugʻoradi, otajon, — dedi.

Uning xijolat tortganday boʻlishidan Asqar ota Umrining bu xotinga biron yaqinligi bor gumon qilib:
— Umri sizning nimangiz boʻladi?— deb soʻradi.

Kumriniso yalt etib Asqar otaga qaradi, bir nima demoqchi boʻlib ikki-uch ogʻiz rostlaganidan keyin:
— Mening hech nimam boʻlmaydi, Risolatdan soʻrang, — dedi.

Bular gap bilan boʻlib, xiyla orqada qolib ketishdi.

Risolat bilan Bahri esa allaqachon yulgʻunzordan oʻtib, yoʻl boʻyidagi koʻchma qumtepada tevarak- atrofni tomosha qilib, kutib turishar edi. Yulgʻunzordan oʻtilgandan soʻng Sobiraxon ot qoʻyganicha qumtepaga chiqib ketdi. Buning ketidan Asqar ota bilan Qumriniso ham chiqdi. Bu erdan uzoq adir etagida yarqirab turgan daryo koʻrinar, qaerdandir oʻrdaklarning gʻagʻillashi eshitilar edi. Hamma jim, tevarak-atrofdagi manzaraning gashti bilan mast edi.

Bular qumtepadan tushib, talay yoʻl yurguncha ham jim borishdi. Nihoyat, Asqar ota hech kim gapirmagani, oʻzi ham boshqa gap topolmagani uchun:
— Qizim, Risolatxon, Umri sizga nima boʻladi? – deb soʻradi.

Risolat avval Qumrinisoga, keyin Sobiraxonga qara-di, ikkovining ham yuzida tabassum koʻrib:
— Menga-ku hech narsa boʻlmaydi, bir oʻzi ham Sobiraxonga, ham Qumriniso opamga kundosh boʻlmoqchi deb eshitganman, — dedi.

Askiya ketdi. Bu askiya shundoq ediki, bular goʻyo yoʻlda tushib yotgan bir parcha jirkanch lattani choʻpga ilib, «ma, roʻmolchang» deb bir-biriga otayotir.

Kula-kula hammaning darmoni qurigach, Risolat kulgi yoshlarini artib dedi:
— Toza hayron boʻlarsiz-a, otaxon! Bizning qishloqda Gʻafforjon degan, qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan, buning ustiga hech kimi yoʻq bir yigit bor edi. Uni hamma, hammadan koʻra ham men yaxshiroq bilar edim. Hamma bilganiki, Gʻafforjon bir yildan ortiqroq selpoga mudir boʻlib turdi; men yaxshiroq bilganimki, biz hammahalla edik. Shu yigit birdan uylanish taraddudiga tushdiyu. bir haftaning ichida toʻy ham boʻla qoldi. Kelin «muqovasi» tuzukkina, lekin xiyla oʻziga bino qoʻygan dovruqlik Umri degan bir qiz ekan. Bular toʻqqiz oyga yaqin birga turishgan boʻlsa, shu davr ichida Gʻafforjonni koʻrgan erkak kishining gʻashi, xotin kishining rahmi kelar edi: xotini har bir ogʻiz soʻzi, har bir bosgan qadami bilan «senga tekkanimga shukr qil» deb turganday boʻlar edi. Buni Gʻafforjonning oʻzi yo payqamas, yo payqasa ham «nozaninning nozi» deb bilar edi. Shu xilda olti oycha umr qilishgandan keyin nima boʻldiyu, Gʻafforjon selponing mudirligidan bekor boʻldi. Shundan keyin orada oʻtgan yaqin uch oy mobaynida bular ikki-uch martaba qoʻydi-chiqdi boʻlishdi. Qiz har safar oʻzining qishlogʻi Dovruqqa ketib qolar, yana paydo boʻlar edi. Gʻafforjonning feʼli maʼlum boʻlgani uchun koʻp kishi aybni Umriga qoʻyib yurar edi, lekin Gʻafforjon askarlikka ketayotganda Umri shunday dod soldiki, «ayb Umrida» deganlar tilini tishlab qoldi. Agar muhabbat shunday kezlarda toʻkiladigan koʻz yoshi bilan oʻlchansa, yuzta Shirinu yuzta Laylining muhabbati bunikiga urpoq ham boʻlmas edi.

«Жудолик» деган сўз бино бўлгандан бери бунақа кўз ёшини кўрмагандир... Ана йиғию мана йиғи!

— Oʻzini parovoz tagiga tashlamoqchi ham boʻlgan, — dedi orqada kelayotgan Bahri.
— Ha, oʻzini oʻldirmoqchi ham boʻldi. Xayr, oradan uch-toʻrt oy oʻtdi. Bir kuni men uyda sal tobim qochib yotgan edimb bexosdan Umri kirib keldi. Eri bor paytda salom bersangiz, «bekor aytibsan» deganga oʻxshab Alik oladigan odam, juda shirin soʻz boʻlib hol-ahvol soʻradi, hovlimni supurib berdi, hatto boshimni uqalab qoʻydi. Ichimda «yolgʻizlik kor qilibdi-da» deb quya qoldim. Ancha gaplashib oʻtirdik. Shundan keyin tez-tez kiradigan boʻldi. Men ham undan xabar olib turadigan boʻldim. Kisqasi, xiyla inoq boʻlib qoldik. Umri qishlogʻimizga kelganidan beri bironta oʻrtoq orttira olmaganiga hayron boʻlib yurar edim. Inoq boʻlganimizdan keyin buning sirini bildim. Uning uchun olamda oʻziga teng odam yoʻq, u bilgan odamlar yo oʻzidan past, yo oʻzidan yuqori; oʻzidan past odamni oyogʻi bilan koʻrsatar, oʻzidan yuqori odamning esa oyogʻiga yiqilar ekan. Biron odamning oʻzidan past yo balandligini esa uning uyida nechta gilami borligi yoki necha kishiga soʻzi oʻtishi bilan oʻlchar ekan... Bahorda dala ishlari juda qizib ketdiyu, men bir hafta uyga kelolmadim. Bir haftadan keyin kelsam, Umri yoʻq— Dovruqqa ketibdi; shu ketganicha yaqin bir oydan keyin keldi. Qarasam, toʻqimi oʻzgargan: qoshlarida oʻsma koʻzlarida surma, ikki chakkada gajak, labida koʻk xol… boʻynini doka bilan bogʻlab olibdi. «Nima qildi, tomogʻing ogʻridimi?» desam, «eshik qisib oldi» deb xir-xir kuladi. Qoʻlida Gʻafforjondan kelgan xat bor ekan, nima deyishimni bilmay, xatni qoʻlidan oldim. U ham indamadi, oʻqidim. Oʻqisam... bechora Gʻafforjon! Shunday xat yozibdi, shunday gaplarni yozibdiki, koʻzlarimga yosh keldi... Risolatning koʻziga hozir ham yosh keldi.
— Bir joyda nima debdi deng: «Kunim bitgan boʻlsa-yu, oʻq tegsa «Onajon!» deb yiqilarmikinman, «Umrixon!» deb yiqilarmikinman?»

Asqar ota beixtiyor otiga qamchi berdi, yana boshini tort^ Uning koʻz oʻngidan butun olam yoʻqolib, faqat ikki nag. qoldi: qonsirab oqarishgan va gʻoyibona soʻnggi boʻsa olii chogʻlangan dudoq, doka bilan bogʻlangan tomoq...

Risolat davom etdi.
— Shundan keyin men unga roʻyxush bermay yurdim. Shunday boʻlsa ham, hali uni bahona qilib, hali buni bahona qilib kirib yurdi. Bu xarish otday muncha menga surkanaveradi deb yursam, buning tagida gap bor ekan. Uning zar bilan tikilgan juda chiroyli bir toʻppisi bor edi. Dovruqqa bir borganimda shu toʻppini amakivachcham Aminjonning boshida koʻrib qoldim. Zimdan surishtirsam, bola bechora urgimchak uyaga tushib qolibdi: Umri «men seni qizligimda yaxshi kurib qolganman, qaramaganingdan keyin senga oʻchakishib erga tekkan edim, hozir erimdan chiqqanman», debdi. Aminjon, oʻzi yosh boʻlsa ham, juda pishiq, ogʻir, gʻayratli boʻdganligi uchun kolxozga rais qilingan, uning kolxozi Dovruqda birinchi edi. Men unga Umri toʻgʻrisida bilganlarimni zytdim, soʻzimning oxirida «oʻz eriga vafo qilmagan xotindan vafo kutma» dedim. Shundan keyin u ancha vaqg Umri bilan koʻrisholmadi, chunki yigʻim-terimni olganidan keyin Farhodga ketib, qishi bilan oʻsha erda qolib ketdi. Orada oʻtgan bu gapni Umriga bildirmay yurdimu, bir kuni qiyshanglab kirganida joʻrttaga «Umrixon, toʻy qachon?» deb soʻradim. Umri bir oqardi, bir qizardiyu meni quchoqlab yigʻladi. «Xoʻp, ishondim, Aminjonni yaxshi koʻrar ekansan, eringga nima javob qilasan?» desam, «bir yarim oydan beri xat kelmaydi, baribir yaxshi koʻrmas edim» dedi. «Eringdan bir yarim oydan beri xat kelmasa ham, har qalay, oʻlganligi maʼlum emas, el-yurtga nima deysan?» dedim. Umri mening bu gaplarimni oʻzaro maslahat deb tushundi, shekilli, yugurib uyidan bir qogʻoz olib chiqdi. Bu qogʻoz birovning nomiga yozilgan qoraxat ekan. «Ha?» desam, «Shuni oʻchirib oʻzimning nomimni yozsammikin?» dedi.

Asqar ota toʻsatdan otning boshini tortdi, tizginini tashlab, ikkala qoʻlini koʻtardi.
— Ilohi omin! - dedi. Hamma toʻxtab unga qaradi. Uning koʻzlaridan oppoq soqoliga qatra-qatra yosh tomar edi. - Ilohi omin! Shu ayolning koʻzi oqib tushsinu, Gʻafforjon sogʻ-salomat kelib, uni koʻcha-koʻyda etaklab yursin. Xudoyo xudovando, shu yoshga kirib dargohingdan hech narsa suragan emas edim...

Gapirgani hech kimda majol yoʻq edi. Otlar uz-uzidan asta-sekin yurib ketdi.
— Xoʻsh, undan keyin nima boʻldi? - dedi Asqar ota tizginni qoʻliga olib.

Risolat «gapiraymi, yoʻqmi» deganday hammaga bir-bir nazar tashladi, hech kimdan sado chiqmagandan soʻng davom etdi.
— Mening, albatta, Aminjon Umrini oliglligiga sira koʻzim etmas edi. Shunday boʻlsa ham boʻydoqning aqli ikki koʻzida boʻladi, deb Umrining chin basharasini unga koʻrsatmoqchi boʻldim.

Bu yosh yigit, dunyoda muhabbatni har qanday qulfga tushadigan kalitga aylantirib olgan xotinlar ham borligini bilib qoʻysin, dedim. «Qoraxat toʻgʻrisida oʻzi bilan maslahat qilgin, ering borligini yashirganing bilan Aminjon bilar ekan», dedim. Umri uning Farhoddan kelishini sabrsizlik bilan kutib yurdi, kelganini eshitgan kuniyoq, oʻziga oro berib, yoʻlga tushdi-yu ikki kundan keyin lunjini bogʻlab keldi; gap soʻrasam, tishim ogʻrib qoldi, u-bu deb mujmal javob berdi. Gapning mujmalligidan «ora ochiq boʻlibdi-da» deb qoʻya qoldim. Orada nima gap oʻtganligini Aminjon ham aytmadi. Buni bir necha kundan keyin uning qalin Oʻrtogʻidan eshitdim. Uning aytishiga qaraganda, Umri haligi qoraxatni koʻrsatib, menga aytgan gapini gapirgan ekan, Aminjon: «Xoʻp, eringni oʻldiga chiqarasan, uning yoru doʻstlari yigʻiladi, gap-soʻz boʻladi, shunda bir chekkada yolgʻondan yigʻlab oʻtirish qoʻlingdan keladimi?» deb soʻrabdi. Umri hech pinagini buzmay «Keladi!» debdi. Aminjon bu gapni oʻrtogʻiga juda kuyib-pishib, soʻkinib gapiribdi, lekin Umriga nima deganini aytmabdi. Lunjiga tushirgan boʻlsa kerak. Har qalay, shundan keyin Umri meni koʻrganida koʻchaning u yuziga oʻtib ketadigan boʻlib qoldi. Shunaqa qilib oradan olti oycha oʻtgandan keyin qishlogʻimizning boshiga musibat tushdi. Bir kuni koʻchada ketayotsam, Umri bir bosh uzum koʻtarib kelyapti; meni uzoqdan koʻrib chaqirdi, «Mana buni qarang, mana buni koʻring!» deb bir qogʻozni koʻrsatdi. Qarasam, Gʻafforjon nobud boʻlganligi toʻgʻrisida uning nomiga kelgan qoraxat. Bunga ishonishimni ham bilmay, ishonmasligimni ham bilmay: «Qalbaki emasmi, oʻzing qilganing yoʻqmi?» deb soʻradim. Qalbaki emasligiga ishonganimdan keyin: «Xayr, niyatingga etibsan, eringga oʻq tegib, oʻzi aytganday «Umrixon» deb yiqilganda sen qaerda, nima qilib oʻtirgan eding?» dedim.

Umri aftimga qarab bezrayib turibdi. «Ering ketayot-ganda stantsiyada toʻkkan koʻz yoshlaringdan pichasini olib qoʻymagan ekansan-da», dedimu xatni koʻtarib kolxoz pravleniesiga bordim. Oʻsha kuni kechqurun katta-kichik yigʻladi, yigʻi-sigʻi boʻldi, Umri yoʻq, hech kim, biron kishi «Umri qani?» deb soʻramadi. Uning kirdikorini men bilaman, undan men jirkanaman deb yursam, butun qishloq bilar ekan, butun qishloq jirkanar ekan. Shundan keyin odamlarning ichidagisi yuziga chiqib, Umri yakkamoxov boʻlib qoldi, oradan koʻp oʻtmay Dovruqqa koʻchib ketdi; Dovruqda ham turolmabdi, onasidan qolgan uyni buzdirib, yogʻochini sotmoqchi boʻlgan ekan, hech kim olmabdi. Bu yogʻochlar hali-hali chirib yotibdi. Shu bilan Umri benom- nishon yoʻqoldi. Qumriniso soʻz qotdi:
— Alamon quvgan oʻgʻri alamonga qoʻshilib, «ushla, ushla!» deb qochganday, Umri qishlogʻimizning koʻrki boʻlgan xotin-qizlar toʻgʻrisida har xil boʻhtonlar tarqatar edi.
— Ha, odamlar unga qoʻlini bigiz qilishini biladi-da, shuning uchun «bir men emas, ana u ham, bu ham shunaqa» degisi kelar edi.
— Oltin oʻtda bilinadi, - dedi Sobiraxon, - urush tamom ham boʻlar, oʻyin-kulgi uchun toʻplanganimizda bu kunlar ertakday boʻlib ham qolar... Suv ketar tosh qolar, oʻsma ketar qosh qolar.

Qumriniso Sobiraxonga koʻz qisib:
— Oʻyin-kulgimizning boshi Bahrixonning toʻyi boʻladi, - dedi.

Bahri labidagi tabassumni yashirish uchun bosh barmogʻi bilan burnini qashladi; soʻngra, gapni chalgʻitmoqchi boʻlib, irgʻaylar, yovvoyi jiydalar orasidan oqarishib koʻrinayotgan daryoni koʻrsatib:
— Ota, daryoni xudo yaratishga yaratib qoʻyib, oʻzi ham qoʻrqib ketgandir-a?— dedi.

Asqar ota zavq qilib kuldi.
— Sen hali dengizni koʻrganing yoʻq, qizim! Xudo xohlasa, kuyoving bilan birga koʻrasan.
— Siz koʻrganmisiz, ota?
— Yoʻq, koʻrganlardan eshitganman. Urush boʻlmaganda koʻrar edim. Sen ham koʻrar eding. Koʻp narsani koʻrar edik. Endi keyinroq koʻramiz.

Bular yulgʻun, qamish, yovvoyi jiyda, changal, irgʻay va boshqalardan iborat boʻlgan toʻqaydan chiqib, kattakon soylikka tushayotganda Sobiraxon soylikning narigi yuzidagi toʻqayni koʻrsatib:
— Ana, Maʼrifatxon opam shu erdalar, — dedi.

Soylik daryoning bahorgi toshqin vaqtidagi izi boʻlib, «Kichik daryo» nomini olgan, kichik daryo paydo boʻlganda haligi toʻqay orolga aylanar ekan. Qirgʻoqqa yaqin erda toʻrt qoziq ustida kattakon bir qayiq turar edi. Toʻqayga yaqinlashganda Asqar ota va undan keyin boshqalar ham otdan tushdi, Asqar otaning nazarida bundagi har bir daraxt, har bir buta motamsaro, bahorda yaproq chiqarganda ham qora yaproq chiqaradigan va hozir «endi keldingizmi, Asqar ota» deb turganday koʻrinar edi. Bular, otlarini pastda qoldirib, katta-kichik xarsanglarni oralab oʻtgan soʻqmoqtsan kichikroq bir maydonga chiqishdi. Maydonning bir chekkasidagi keksa majnuntol ostida bir-biriga suyab qoʻyilgan ikkita qora toshtaxta sagʻana shaklini olib turar edi. Asqar ota borib sagʻananing bosh tomoniga choʻkka tushdi va baland ovoz bilan Qurʼon oʻqidi. Xotinlar oyoq uchida borib maydoncha atrofiga maxsus qoʻyilgan xarsanglarga oʻtirishdi. Asqar ota fotiha oʻqib boʻlgandan soʻng, oʻrnidan turib toshni tavof qildi. Oʻng tomondagi toshga arab alifbesining qadimgi imlosida yirik qilib «Maʼrifatxon jannatmakon» deb yozilgan va hijriy bilan «1335» deb taʼrix qoʻyilgan edi. Har ikkala toshda bundan boshqa ham arab, lotin va hozirgi alif-beda yozilgan yozuvlar koʻp, bularni ziyoratchilar pichoq, tosh va boshqa narsalar bilan koʻp mashaqqat tortib yozganliklari koʻrinib turar edi. Noʻnoqqina bir rassom oʻsha vaqtda askarlar kiygan qalpoqning suratini ham solibdi:
— Bu erni kim obod qilgan? Bu ogʻir toshlarni kim olib kelgan?— dedi Asqar ota va oʻziga- Oʻzi javob berdi.— Qim olib kelardi? Bu erga meni kim olib keldi? Shunday odamlar ham boʻladiki, tugʻilganda hech kim sevinmagan boʻlsa ham, oʻlganda butun yurt aza tutadi. Qizim, Bahri, shundaqami? Shundoqmi, Sobiraxon?

Orolni Risolat yaxshiroq bilar ekan, hammani olib yurib tomosha qildirdi. Orol toʻrt-toʻrt yarim tanobcha kelar edi. Maʼrifatxon otib oʻldirgan Sangin qoʻrboshining goʻrini koʻrishdi.

Goʻr orolning shimol tomonida, daryo burilib oqadigan erdagi jar yoqasida boʻlib, odamning belidan keladigan bir chuqurlikdan iborat edi.

Ziyoratchilar toʻqaydan chiqqanda, kuni boʻyi osmonni qoplab yotgan kul rang bulut kunbotish tomonidan yorilib, botib borayotgan quyoshning shulasi daryoni qip-qizartib yubordi. Risolat olovdek yonib turgan ufqqa qarab:
— Ertaga havo ochiq boʻladi, — dedi.

Ziyoratchilar otlanib joʻnashdi. Koʻchma qumlar orasida bularga ovchilar etib oldi. Ovchilar juda xursand, har qaysisi bir nechadan quyon, oʻrdak olib bormoqda edi.

Chorrahada Risolat, Bahri va Qumriniso ular bilan xayr-lashdi. Asqar ota har qaysisining peshonasidan oʻpib duo qildi.

Qishloqqa qorongʻi tushganda etib kelishdi. Sobiraxon ovchilar inʼom qilgan ikki quyon va uch oʻrdaqdan bir quyon va ikki oʻrdakni Asqar otaga berdi. Asqar ota Sobiraxon va ovchilarga minnatdorlik bildirib joʻnadi.

<p align=«right»>1944

Karavot

Gʻanijonning xotini tugʻmay yurib-yurib birdaniga qoʻchqorday oʻgʻil tugʻib berdi.

Gʻanijon xotini homilador boʻlganda ham, bolani koʻtarib yurganda ham, oy-kuni yaqinlashib qolganda ham bunga qishloqda har kuni, har erda boʻlayotgan va boʻladigan hodisa deb qaragan edi. Biroq bolaning er yuziga tushuvi uning uchun hech qachon, hech erda koʻrilmagan va koʻrilmaydigan hodisaday tuyuldi; nazarida butun qishloq koʻpdan beri shu kunga mahtal boʻlib, hozir faqat shu toʻgʻrida gapirayotganday, har bir suyunchi olib kelgan va har bir «qulluq boʻlsin» degan kishi shuni tasdiq qilayotganday boʻlar edi. U «dadasi» degan soʻzni birinchi marta eshitganida bu soʻz qaerinidir qitiqladi, qaerigadir issiqqina tegab, butun vujudi yayrab ketdi.

Mana shu Gʻanijon oʻgʻilchasiga karavot olgani rayon markaziga bordi, koʻziga eng chiroyli koʻringan karavotchani oldi va otiga oʻngarib qaytib kelmoqda edi.

Yoʻl boʻyidagi ariqlar afti burishganicha muzlab qolgan, daraxtlar choʻltoq suggurgiga oʻxshaydi.

Havo, kuni boʻyi zoʻr berib loaqal toʻrttagina qor tashlamaganidan xunob boʻlganday, qovogʻi soliq. Shuning uchun, hali kun botmagani holda, qosh qoraygan. Qisqasi, kishining bahrini ochadigan hech narsa yoʻq. Shunday boʻlsa ham, Gʻanijon gasht qilib, otning oyoq tashlashi va suvluqning shiqillashi maqomiga ashula aytib borar edi:

Hoy-hoy, mening yorimsan,
Tanimdagi jonimsan,
Qorongʻu kechalarda
Yondirgan chirogʻimsan...

Paxtaobod qishlogʻining chiqaverishida yoʻl boʻyida oʻtirgan kimdir qoʻlini koʻtarib Gʻanijonga bir nima dedi. Shu onda orqadan gurillab avtomobil kelib qoldiyu, Gʻanijon uning nima deganini eshitmadi. Ot avtomobildan hurkib, xiyla ergacha surib ketdi. Gʻanijon qaytib kelgani erindiyu, keta berdi. Biron kilometr yoʻl bosganidan keyin, shu yaqin oʻrtadan miltiq tovushi chiqdi. Tepalikdagi baqaterakdan gurr etib koʻtarilgan bir toʻp qargʻa «qa-qugʻ» deganicha har tomonga uchib ketdi. Qargʻalarning qagʻillashi Gʻanijonga sovuqni va yoʻl boʻyida oʻtirib qoʻlini koʻtargan haligi kishini eslatdi. Kim ekan u, shu sovuqda koʻchada oʻtirgan? Nega qoʻlini koʻtardiyu, nima dedi? Bemahalda yoʻlga chiqqan biron yoʻlovchi ekanu, «otingga mingashtirib ol» dedimikin? Unday boʻlsa, nega oʻrnidan turmadi?

Gʻanijon beixtiyor orqasiga qaradiyu, yana yoʻlida davom etdi; biron ashula boshlamoqchi boʻlgan edi, yoʻl boʻyida oʻtirgan kishi sira nazaridan ketmay, hech narsa esiga kelmadi.

Nega yoʻl boʻyida oʻtiribdi? «Mingashtirib ol» demoqchi boʻlsa, nega oʻrnidan turmadi? Yo kasalmikin? Agar shunday boʻlsa, yaxshi boʻlmadi. Hali ham qaytish kerak. Bordiyu, askarlikdan boʻshab kelayotgan biron invalid boʻlsa-chi?

Gʻanijon darhol otining boshini burib orqaga chopdi; oʻsha odam oʻtirgan joyni tusmol bilan topdi. Bu erda hech kim yoʻq edi. Tovush chiqardi. Hech kim javob bermadi. Shu atrofni koʻp qidirdi, topolmadi. Negadir «oʻsha odam albatta invalid» degan fikrga keldi. Nazarida, u oqsoqlanib, qishloqqa kirib borayotganday boʻldi. Ot qoʻyib qishloqqa kirdi. Bir necha kishini toʻxtatib soʻradi. Hech kim «oʻsha odam men» yoki «shunday odamni koʻrdim» demadi. Gʻanijon «piyoda joʻnagan ekan, koʻrmabman» degan gumon bilan orqaga qaytdi; yaqin ikki kilometr ergacha yoʻlning ikki tomonini sinchiklab koʻzdan kechirib ot chopdi; yana qaytdi...

Shunday qilib, Gʻanijon uyiga yarim kechasi keddi. Uning avzoyi shunday ediki, xotini qoʻlidagi chiroyli karavotchaga ham qaramay:
— Voy oʻlay, nima boʻldi?— dedi.
— Hech... charchadim, — dedi Gʻanijon, lekin boʻlgan voqeani xotiniga aytgani uyaldi.

Bir uyquni olib turgan xotini yana uyquga ketdi hamki, Gʻanijon kiprik qoqmadi. U koʻzini yumishi bilan shinel kiygan oqsoq kishi koʻz oldiga kelar, roʻparasida qoʻltiqtayoqqa tayanib turib «hali shumi mehri oqibat» deyayotganday boʻlar edi. Gʻanijon tamaki chekkani turib, tokchadagi patnisni tushirib yubordi. Xotini uygʻondi.
— Ha, nima qilib yuribsiz? Chirogʻni koʻtarsangiz-chi!— Tamaki qaerda?
— Nima qilasiz?
— Minib bozorga borib kelaman! Tamakini nima qiladi kishi? Chekadi-da! - dedi Gʻanijon boʻgʻilib.
— Ha, muncha... kechasi tamaki chekadigan odatingiz yoʻq edi, shunga soʻradim.

Erini hech qachon bunday kayfiyatda koʻrmagani, undan sira dagʻal soʻz eshitmagani uchun xotinining koʻngliga gʻul-gʻula tushdi, oʻrnidan turib yonboshladi.
— Biron joyingiz ogʻriyaptimi?
— Yoʻq.

Gʻanijon tamaki cheqdi va kelib choʻzildi. Xotini uning boshini siladi.
— Birov xafa qildimi?
— Yoʻq.

Xotini bir oz turib yana soʻradi:
— Nega bemahalga qoldingiz?
— Yoʻlda ish chiqib qoldi.
— Nima ish? Nima boʻldi? Ayting, oʻrgulib ketay... Menga aytmasangiz kimga aytasiz...

Gʻanijon, xotini juda katta tashvishda qolganini payqab, gapning uchini chiqardi.
— Kelayotsam, yoʻl boʻyida birov oʻtirgan ekan, qoʻlini koʻtarib «jon aka, meni mingashtirib olint» deganday boʻldi.
— Kim ekan u?
— Oʻrnidan turmadi. Shundan gumon qildimki, askarlikdan boʻshab kelayotgan biron invalidmi... Invalid ekanligi aniq!
— Darrov mingashtirib olmadingizmi?
— Ot, harom oʻlgur, surib ketib qoddi. Qaytib borib topolmadim. Chaqirdim, u yoq-bu yoqni qidirdim. Oʻtirgan joyini otdan tushib qaramabman, shunga koʻnglim gʻash boʻlayotibdi. Yarasi yomonroq boʻlsa, koʻngli ozib, oʻsha erda yotib qoldimi...
— Unchalik emasdir... Avvali shuki, askarlikdan boʻshab kelgan kishi yoʻl boʻyida «kim oʻtar ekan» deb oʻtirmaydi, ularga ot-arava, mashina hammavaqt tayyor, hammavaqt topiladi.

Xotini bu gapni Gʻanijonga tasalli berish uchun boshlagan edi, biroq unga tasalli berishdan burunroq oʻzining koʻngliga gʻashlik tushdi. Uning nazarida, oʻsha odam haqiqatan invalid boʻlib, yarasi ochilganligi orqasida koʻngli ozgan, hozir hushiga kelib, ariq boʻyida inqillab yotganday boʻldi.
— Oʻtirgan joyini qaramadingizmi?
— Qaradim, lekin otdan tushib qaraganim yoʻq. Qorongʻi edi.
— Voy, odam ham shunchalik begʻam boʻladimi? Otdan tushib paypaslab qaramaysizmi! Endi nima boʻldi! Gʻanijon irgʻib oʻrnidan turdi.
— Borib kelsammikin?
— Shu vaqtgacha yotarmidi?
— U-ku yotmas, birov olib ketar, lekin bu ahvolda biz yotolmaymiz-da!

Gʻanijon darrov kiyinib chiqdi va borib kolxoz otboqari Nasibalini uygʻotdi. Nasibali mast uyquda yotgan ekan, malol kelib gaplashdi.
— Qayoqqa borasiz shu mahalda?

Gapni choʻzmaslik uchun Gʻanijon yolgʻon gapirdi:
— Amakimning oʻgʻli askarlikdan boʻshab kelibdi, shuni koʻrib kelaman.

Nasibali darrov otxonaga kirib, bitta otni etaklab chiqdi.
— Ot minganda odam orqa-oldiga qarab yuradi, — dedi qorinbogʻini tortayotib, — hali sal boʻlmasa avtomobil urib ketayozdi.
— Qachon?
— Hali-chi, hali! Paxtaoboddan chiqaverishda!
— Qoʻl koʻtargan sizmidingiz! U erda nima qilib oʻtirgan edingiz?
— Arpaga borgan edim.
— E, salomat boʻling! Boʻldi, ot kerak emas!

Nasibali hayron boʻlganicha qolaverdi. Gʻanijon yugurganicha uyiga keldi va eshikdan shovqin solib kirdi:
— Nasibali ekan! Nasibali!

Bola emizib oʻtirgan xotin oʻrnidan turib beixtiyor:
— Voy, oʻlsin?— dedi.

Birpasdan keyin er-xotin mojaroni unutishdi. Gʻanijon karavotning bir tomonini koʻtarib:
— Bu karavotni koʻrdingmi? Karavot olish mana bundoq boʻladi. Tugʻishni senga-yu, karavot olishni menga chiqargan!— dedi.

Er-xotin xotirjam boʻlib uyquga ketishdi.

<p align=«right»>1945

Kartina

Qiyom paytida «Paxtakor» kolxozining pravleniesi oldiga qoʻngʻiznusxa bir avtomobil kelib toʻxtadi. Bu avtomobil rayondan, shahardan tez-tez kelib turadigan avtomobillarga sira oʻxshamagani uchun oqsoq qorovul undan koʻzini olmay, qoʻltiqtayogʻini toʻqillatganicha zinadan tushdiyu, unga yaqin borishini ham, bormasligini ham bilmay anhor koʻprigidan berida toʻxtab qoldi. Avtomobilning ketidan ergashgan chang uning ustidan, yon-veridan elib-buralib oʻtib bosilgach, eshik ochilib undan ikki kishi tushdi: biri— novcha, ozgʻin, katak koʻylak va pochasi boʻgʻma jigar rang shim kiygan oʻrta yoshlardagi bir kishi; ikkinchisi— qora sochi quloq va boʻyinlarini bosib ketgan, jujuncha kitel va amirkon tufli kiygan pakana bir yigit edi. Yigit koʻprikka tomon bir-ikki qadam bosdiyu, barmogʻi bilan imlab, qorovulni chaqirdi.
— Mumkinmi?.. Rais qaerda?
— Salom, kelsinlar... Majid akam daladalar.

Yigit, gap soʻrashdan oldin salom bermaganidan xijolat tortdi shekilli, oʻngʻaysizlanib, qansharini qashladi.
— Partiya tashkilotchisi qaerda?
— Oʻrtoq Hatamovami? U kishi ham dalada.
— Telefon yoʻqmi?
— Yoʻq hisobi, yaxshi yurmaydi... Qani, bu yoqqa... Kim kerak boʻlsa, hozir xabar qilamiz.

Paxtachilik institutdanmisizlar?
— Yoʻq.

Mehmonlar koʻprikdan oʻtishdi, lekin qorovulning qistashiga qaramay, ichkariga kirishmadi.

Qorovul koʻchaning u yuziga oʻtib qaergadir kirib chiqdi, kimnidir chaqirdi, kim bilandir gaplashdi. U qaytib kelganda novcha kishi imoratga uzoqdan koʻzini goh qisib, goh katta ochib qarar: pakana yigit uning kolonna va devorlariga chertib, deraza va eshiklarining boʻyogʻini tirnab hidlab koʻrar; ikkovi bir-biriga qarab dam-badam «Tipik, tipik!» deb qoʻyar edi.
— Bu imorat qachon solingan? - dedi pakana yigit.
— Urush boshlangan yili poydevor qoʻygan edik, urush davrida bitirishibdi.
— Siz yoʻqmidingiz? Urushdamidingiz? Oyoqni qaerga qoʻyib keldingiz?
— Oyoqni Qrimga qoʻyib keldik.

Xayal oʻtmay partiya tashkilotchisi Hatamova keldi. U, oʻzi yosh boʻlsa ham, sochiga oq oralagan, oddiy kolxozchi xotinlardan edi; mehmonlarni xotinlarga xos mulozamat va shirin soʻzlik bilan kabinetiga taklif qildi. Mehmonlarni u ham paxtachilik institutidan deb oʻylagan edi, biroq novcha kishining pochasi boʻgʻma shimini koʻrib ikkilandi shekilli, nima deyishini bilmay qoldi.

Mehmonlar bir-birini tanishtirdi.
— Yosh shoirlarimizdan Quvvatbek, — dedi novcha kishi.
— Yosh rejissyorlarimizdan Gʻaniev, — dedi pakana yigit.

Hatamova mamnuniyatdan qizarib, taʼzim qildi.
— Qadamlaringizga hasanot! Shoirlarimiz, sanʼatchilarimiz mana shundoq yoʻqlab kelishsa, qandoqyaxshi! Kitobga, sanʼatga kolxozchilarimizning havasi zoʻr. Oʻzimizdan chiqqan shoirlar ham bor. Milliy muzika toʻgaragimiz yana ishga tushdi. Urush davrida yotib qolgan edi.

Lekin hammasi ham hali usta koʻrmagan shogird. Ikkita shoirimiz bor, lekin rayon gazetasi ikkovini ham tan olmaydi: sheʼr yuborishsa, nuqul «xabar yozing» deb javob keladi. Yanagi yilga kichikroq boʻlsa ham sahna qurish niyatimiz bor. Klubimiz torlik qiladi... Zab kelibsizlar-da! Rahmat! Hosilot, undan keyin rais keldi. Bir necha kishi eshikdan boshini tiqib qaradi. Yoʻlakda kimdir «Akademiyadan», dedi.
— Bizning bu erga kelishimizdan maqsadimiz, — dedi rejissyor bir lahza jimlikdan keyin, — biz oʻz oldimizga juda muhim bir vazifa qoʻyganmiz. Bu vazifani bajarishda sizlarning yordamlaringizga muhtojmiz. Avvalo shuni aytish kerakki,«Paxtakor» kolxozi rayonda har jihatdan tipik kolxoz. Biz mana shu kolxoz hayotidan nafis film, yaʼni kartina yaratmoqchimiz.

Rais oʻtirgan erida qomatini koʻtardi, uzun moʻylovini burab, iljaydi.
— Kolxozimiz kartinaga arziydigan boʻlsa xursandmiz...
— Biz hozir sizlarning vaqtlaringizni olmaymiz, — dedi shoir. — Sizlar bilan gaplashadigan gapimizni kechqurunga qoʻyamiz. Kechgacha biz kolxozning u yoq-bu yogʻini koʻrib, tanishib chiqishimiz kerak. Bizga hozir bitta etakchi bersalaring, bas.

Yetakchilikka boyagi oqsoq qorovul muvofiq koʻrildi.

Pravleniedan chiqishdi. Qorovul mehmonlarni pravleniening kun yurish tomonidagi koʻchaga boshladi. Bu koʻchada qulagan va qulay deb turgan devorlar, past-baland va qiyshiq uylar orasida reja bilan solingan chiroyli oq imoratlar uchrar edi.
— Yangi qishloq endi koʻkarib kelayotgan edi, — dedi qorovul mehmonlarni oldiga oʻtkazib,— urush chatoq qildi. Urush boʻlmaganda, mana bu qaldirgʻochning uyasiga oʻxshagan uylardan, mana bu boʻyinchaga oʻxshagan eshiklardan nom-nishon qolmas edi. Kartinaning biron joyiga shuni ham qistirib oʻtinglar.

Koʻpdan beri shikast-rexti tuzatilmagan maktab binosining oldidagi bogʻchani kesib oʻtib, tosh yoʻlga chiqishdi. Yoʻlning ikki tomonidagi qator teraklar orasidan unda-bunda taxlanib yotgan yogʻoch, xom va pishiq gʻisht, boʻyra va boshqa binokorlik materiallari koʻrinar, bularning orasida odamlar ivirsib yurar, allaqaerda arra tovushi eshitilar edi.
— Binokorlik brigadamiz, — dedi qorovul, soʻngra mehmonlarni yoʻlning oxiridagi yashil darvozaga boshlab kirdi, — bu kolxozning bogʻi.

Darvozaning roʻparasidagi xiyobonning u boshi koʻrinmas edi. Yonbosh xiyobonlarning biridan oqxalat kiygan nozikkina, ikki beti qip-qizil bir juvon chiqib qoldi. Qorovul uni mehmonlarga tanishtirdi. Juvon bolalar bogʻchasining murabbiyasi ekan.
— Bogʻchangizni koʻrsak mumkinmi?— dedi shoir shoshib.

Xuddi shu savolni, xuddi shunday shoshib, rejissyor ham berdi.

Juvon boshini bir tomonga kiyshaytirib jilmaydi; qop-qora va ingichka qoshlari bilinar-bilinmas chimirildi-da, erkalab-oʻpkalab turgan labi qimirlab, mayin tovush eshitildi:
— Kechirasizlar, bolalar hozir uyquda, u tomonga hech kimni oʻtkazishmaydi...— dedi.

Yoʻlda davom etishdi. Rejissyor, negadir, jadallaganicha ilgarilab ketdi. Shoir qoqinib yiqilayozdi va qoqinganiga sabab es-hushi bogʻchada ekanini koʻrsatish uchun engashib qayta-qayta oʻsha tomonga qaradi. Xiyobonning u boshida naqshdor havo rang baland ayvonning bir chekkasi koʻrinib turar edi.
— Gʻaniev, — dedi shoir, — bogʻchani koʻring! Bizning bolaligimiz ota-onamizga xoʻp ham arzon tushgan-da!
Rejissyor javob bermadi.

Qaerdandir paydo boʻlib qolgan moʻysafid bogʻbon mehmonlar bilan soʻrashib, ularni kattakon hovuz boʻyidagi ba-land, oʻzining aytishicha, Moskvadagi Qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilonini ishlagan ustalardan biri solgan shiyponga olib chiqdi. Shiyponni haqiqatan juda didlik odam zoʻr havas bilan solganligi koʻrinib turar edi. Uning atrofidagi gulzorda rang-barang kapalaklar, ninachilar qanot qoqar, asalarilar gʻoʻngʻillar, allaqaerda gʻurrak gʻurillar edi. Chol shogirdi boʻlmish yoshgina, ozgʻin, juda sertavoze yigitning qoʻliga qoshiqdon-savatni berib, meva-chevaga yubordi-da, oʻzi poygahga choʻkka tushib, mehmonlar kimlar va nima uchun kelganliklari bilan ishi boʻlmay, bogʻning tarixi, bunda qandoq mevalar borligi, bularning koʻchatlari qaerlardan keltirilganligi, bogʻni qanday kolxozlarning raislari koʻrganligiyu, nimalar deganligi toʻgʻrisida soʻzlab ketdi. Oblastning har qaeridan keltirilgan turli-tuman koʻchatlar ichida uning uchun eng moʻʼtabari allaqaerdan samolyotda keltirilgan yigirma tup anor boʻlib, uning oʻsha er anori ekanligidan koʻra samolyotda keltirilganligini koʻproq pisanda qilar edi.
— Raisimiz juda hafsalali yigit, — dedi chol meva toʻla savatni shogirdining qoʻlidan olayotib, — hamma ishga ham shundoq jon-dili bilan kirishadi. Mana, mana shu anjirning koʻchatini Oqqoʻrgʻondan oldirib keldi; avtomobil berdi, uch kun ovora boʻlib, oʻzim olib keldim.
— Bogʻ kolxozga qancha daromad beradi? - dedi rejissyor hil-hil boʻlib pishgan shaftolining poʻstini archayotib.
— Oʻtgan yili bir yuz oʻn ikki ming daromad berdi. Gap daromadda emas, oʻgʻlim, har qancha daromad boʻlsa paxta bera-di, oʻtgan yil paxtadan bir million uch yuz ming daromad oldik. Bogʻ yaxshi-da! Meva-cheva... kolxozning koʻrki. Urush yillari askar bolalarni yoʻqlab turdik.

Askarlardan, komandirlardan qancha xat keldi-yu! Hammasini rais temir sandiqqa solib qoʻygan. Koʻrsalaring boʻladi. Leningraddan mening nomimga ham bir xat keldi. Juda alomat.

Sovgʻani Toʻpaniso olib borgan edi, xatni shundan berib yuborishibdi. Aslida, Leningradga men boradigan edim. Toʻpaniso «men boraman» degandan keyin indamadim. Uning eri oʻsha tomonlarda shahid boʻlgan edi. Bechora juda yaxshi xotin. Hozir partiya tashkilotchimiz... Bormaganim koʻngilga armon boʻldi. Borsam, jiyanimni koʻrib qolarmidim.
— Jiyaningiz Leningraddami?
— Ha, oʻsha erda edi, paroxodda xizmat qilar edi, shahid boʻldi.
— Jiyaningiz dengizchimidi?
— Ha, Moskvaga oʻqigani borgan edi, keyin Leningradga ketdim, deb xat qildi-yu, ikki yildan keyin kokilli shapka kiyib keldi. Qaytishida meni Moskvaga olib borgan edi.
— Moskvaga borganmisiz?— dedi shoir va shoshib yonidan qoʻyin daftari bilan qalam chiqardi.— Qani, bir boshdan aytib bering-chi.
— Mening Moskvaga borishim qiziq boʻldi. Ertalab borib tushdigu, kechqurun jiyanim poezdga chiqarib qoʻydi, nimaga desangiz, urush boshlanib qoldi. Urush boʻlmaganda koʻp joylarni koʻrar edik. Qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasini tomosha qilar edim. Yana koʻrgazma ochilar. Lekin endigi koʻrgazmaga tomosha qilgani emas, hunarimni koʻrsatgani boraman. Gʻalati payvandlar qilganman.

Chol oʻsha payvandlarini koʻrsatgani va umuman, bogʻni tomosha qildirgani mehmonlarni boshlab ketdi. Boqqa mana shu xilda mehmonlar kelganda chol ularga bogʻning taʼrifini qilmasdan, uning hammayogʻini koʻrsatmasdan va bogʻ toʻgʻrisida ularning fikr-mulohazalarini eshitmasdan qoʻymas edi. Qorovul shuni yaxshi bilganligi uchun biron ikki soatdan keyin qaytib kelmoqchi boʻlib, postiga ketdi. U ikki soatdan keyin qaytib kelganda chol mehmonlarga tutning tanasini parmalab oʻtkazilgan uzum novdasini koʻrsatib izoh berar edi. Uning soʻziga qaraganda, uzumning har boshi toʻrvadek va gʻujumlari tutning donasidek zich boʻlishi kerak edi. Qorovul yana bir aylanib kelganda mehmonlarni etti yillik maktab oʻquvchilarining tajriba uchastkasida koʻrdi. Chol kulib-kulib gap maʼqullar, shoir daftarchasini tizzasiga qoʻyib, tez-tez yozar edi.
— Mulla akalar, bu erdan chiqib qaerga boramiz? – dedi qorovul.

Rejissyor kulib javob berdi:
— Darmonimiz etsa, elektrostantsiyaga boramiz-da.
— Otam sizlarni charchatib qoʻymadilarmi? Bu kishi shunaqa, qoʻllariga tushgan odam bogʻdan devorlarni ushlab chiqib ketmasa hisob emas... Elektrostantsiya yopiq-ku. Texnik stantsiyani qulflab hammomga ketibdi!
— Biz borguncha kelib qolar.
— Yoʻq, kelmaydi. Rostini aytsam, sizlar shu erda boʻlsalaring bugun chiroqsiz qolamiz.

Stantsiya objuvozning oʻrniga solingan-da, juda kichkina, koʻrimsiz. Shuning uchun texnik «buning nimasini kartinaga oladi, kartina masxarami, elektrostantsiya masxarami» deb stantsiyani qulflab ketib qoldi. Bugun kelmas emish. Bir hisobda koʻrmaganlaring ham maʼqul. Kolxozimizning yangi besh yillik planida katta gidrostantsiya qurishni moʻljal qilganmiz.

Ana unda tandirni ham elektrda qizitamiz. Kartinaga oʻshanda olinsa... Bu erdan chi-qib fermaga bora qolaylik. Hafiza opam kartinabop toʻqqizta sigirni sogʻmasdan sizlarga koʻz tutib oʻtirgan emish.

Bogʻbon mehmonlarni kechki payt boʻshatdi va oʻshanda ham «attang, fursatlaring boʻlganda hameshabahorni koʻrsatar edim» deb qoldi. U «hameshabahor» deb parnikni aytar edi.

Mehmonlar juda charchagan edi. Bu horgʻinlik bogʻdan chiqilgandan keyin ayniqsa bilindi, shuning uchun boshqa joylarni koʻrishni boʻlak mavrutga qoldirib, toʻgʻri pravleniega qarab ketishdi.

Ularni rais qarshi olib, pravleniening orqasidagi mehmonxonaga boshladi. Stol turli noz-neʼmatlar bilan bezatilgan, uning bir chetidagi kichkina sariq samovar ustida turgan qizil choynakning qopqogʻi shiriqlar edi.
— E, ovora boʻlishning hojati yoʻq edi-ku, — dedi shoir xijolat boʻlib.
— Ovoragarchiligi bormi!.. — dedi rais. — Qani, marhamat... Bogʻdan boʻlak joyni koʻrolmabsizlar-da.
— Albatta, yarim kunda hammayoqni koʻrib boʻlmaydi, — dedi shoir, — bogʻning oʻzini koʻrishga ham rosa bir kun kerak ekan. Ajoyib!

Mehmonlar kolxozning tarixi, xoʻjaligi, daromadi, dongdor kishilari, yangi besh yilliqda qiladigan asosiy ishlari toʻgʻrisida savollar berib, raisdan batafsil javoblar olishdi.

Qorongʻi tushgandan keyin, Hatamova, oʻrta yoshlardagi barvasta bir kishi va qop-qora bir qiz bilan kirib keldi.
— Tanishib qoʻyinglar, mehmonlar, — dedi Hatamova, — dongdor zveno boshligʻi Qunduzxon Hayitova... Bu kishi brigadir Davron aka. Shartnoma yigirma ikkiga. Davron akam oltmish uchun kurashayotibdilar.

Suhbat yana davom etdi. Mehmonlar zveno boshligʻi bilan brigadirga ham son-sanoqsiz savollar berishdi, berilgan javoblarni shoshilmay, batafsil yozib olishdi.

Nihoyat, rejissyor daftarchasini yopdi, peshonasini silab oʻychan gap boshladi:
— Biz kolxoz toʻgʻrisida asosiy maʼlumotlarni oldik, lekin bularning hammasini koʻzimiz bilan koʻrishimiz kerak, toki ilhomlanaylik. Koʻrish yaxshi! Mana, bitta bogʻni koʻrishimizning oʻzi bizning «Paxtakor» toʻgʻrisidagi tasavvurimizni bugkul oʻzgartirib yubordi. Endi gap bunday: kolxozni haqiqiy kolxoz qilishda mexanizatsiyaning roli oʻzlaringga maʼlum. Biz kartinamizning asosiy masalasi qilib mexanizatsiya masalasini olmoqchimiz. «Paxtakor» mexanizatsiya jihatidan ham tipik. Shundoq emasmi?

Bu gap yoqdi shekilli, rais iljaydi.
— Lekin, — dedi, — biz hali mexanizatsiyani toʻla amalga oshirdik, deyolmaymiz. Bu gapni shunda aytamiz, qachonki kolxoz boʻyicha bir tsentner paxta hech boʻlmasa uch-toʻrt mehnat kuniga tushsa. Mana bu yil Qunduzxon etti mehnat kuniga tushirishni koʻzlab turibdi.
— Toʻgʻri, — dedi rejissyor, — shundoq boʻlishi kerak. Mexanizatsiya masalasini olganimizda, bizga nima kerak? Bizga voqea kerak. Voqea boʻlishi uchun nima kerak? Qarama-qarshilik kerak. Mana, masala shunda, qarama-qarshilikda. Biz bilamizki, har bir yangilik qarshilikka uchraydi. Demak, mexanizatsiya ham qarshilikka uchrashi kerak. Bizga manna shuni aytib bersalaring kifoya. Mexanizatsiyaga qarshi chiqishlar boʻlib turadimi, boʻlsa qarshi chiqqan odamlarning dalil va isbotlari nimalardan iborat?

Hatamova labidagi tabassumni yashirish uchun tez-tez choy hoʻplar ekan:
— Qani, Davron aka, nima deysiz?— dedi.

Davron aka avval Hatamovaga, keyin raisga, soʻngra rejissyorga qaradi-da, boʻynini qashlar ekan, iljayib:
— Oʻttizinchi yillarda qayoqda edingiz, mulla aka! - dedi.

Noqulay jimlik choʻkdi.
— Bizning qishloqlarda hozir mexanizatsiyani qarshilikka uchraydigan, odamlar choʻchiydigan yangilik deb boʻlarmikin?— dedi rais xiyol tabassum qilib.— Respublikamizda hozir ikki yuzdan ortiq MTS bor. Qani, sen nima deysan, Qunduzxon?

Qunduzxon, gapirgisi kelib turgan boʻlsa ham, nimadandir istihola qilib turgan boʻlsa kerak, darrov gap boshladi:
— Men dalamizga birinchi traktor chiqqan yili tugʻil-gan ekanman. Hali Davron akam oʻttizinchi yillar dedilar. Oʻsha yillari mexanizatsiyaga qarshi chiqqan odamlar boʻlsa boʻlgandir, nimaga desangiz, mexanizatsiyaning nimaligini bilishmagan. Lekin hozirgi vaqtda, mexanizatsiya kolxoz-ning joni ekanini har bir kolxozchi koʻrib, bilib turganda mexanizatsiyaga qarshi odam boʻlishi... bilmadim.
— Masalan, chollar boʻlishi mumkin, — dedi shoir.
— Chollar? Men erni qoʻsh hoʻkiz bilan haydab koʻrgan emasman. Uning azobini bilmayman, chollar bilishadi. U vaqtlarda eng moʻl hosil oʻn tsentner ekan, men buni eshitganman, lekin chollar oʻz koʻzlari bilan koʻrishgan. Kartinaga olinadigan boʻlsa haqiqatni olish kerak.

Yana oʻngʻaysiz jimlik choʻkdi.
— Albatga, mehmonlar ham buni bilishadi, — dedi Hatamova, - lekin, oʻzlari aytganday, bir voqea kerak. Bular soxta boʻlsa ham bir voqea yaratib shu bahona bilan kolxozni, mexanizatsiyaning kuchini koʻrsatmoqchi boʻlishadi-da. Shundoqmi?
— Ha, barakalla!— dedi rejissyor.— Gap mana shunda!
— Toʻgʻri, lekin kolxozda hech boʻlmasa besh-oʻn kun tursalaring, kolxoz bilan durustroq tanishsalaring haqiqatga mos keladigan, juda qiziq kartinabop voqea oʻzi chiqib qoladi. Agar turamiz, oʻrganmiz, odamlar bilan yaxshiroq tanishamiz desalaring, marhamat! Nima dedingiz, rais?
— Mayli, bir oy turasizlarmi, ikki oy turasizlarmi, qancha tursalaring biz xizmatda.
— Hozir kelayotsam qorovul Safaralini soʻkayotibdi, — dedi Hatamova avval raisga, soʻngra mehmonlarga qarab.— Safarali bizning tegirmonchimiz. Juda qiziq yigit. Shu kelib qorovuldan sizlarni soʻrabdi. Qorovul: «Nima qilasan?» desa, «Bizning tegirmon ham kartinaga tushib qolarmikin?» debdi. Shunga qorovul boʻgʻilayotibdi. «Hay, insofing bormi, odamlar elektrostanniyani koʻrsatgani uyalib qochib ketdi-yu, sen tegirmoningni suqasan», deydi. Safarali ham boʻsh kelmaydi: «Mening tegirmonim rayonda birinchi, sen tegirmonning fahmiga etmaysan», deydi. Rost, tegirmonni juda boplagan. Bu yigit boshqa hech ishda oʻzini koʻrsatolmagan edi, shu ishga qoʻydik, bunda oʻzini koʻrsatdi. Tegirmonchilik unga ota meros, ertayu kech tegirmon atrofida aylangani aylangan. Tegirmon buning qoʻliga oʻtgandan beri yaxshi daromad beradigan boʻldi. Men buni aytmoqchi emas edim, hali texnikning qochib ketganligini aytmoqchiman. Mening bilishimcha, oʻzi kichkinaku, lekin shu ham bir voqea. Durustroq oʻylab koʻrilsa, qiziq voqea! Bu stantsiyani solganimizga oʻn bir yil boʻldi. Oʻsha vaqtda bu toʻgʻrida qancha shov-shuv boʻlgan edi. Mana endi, koʻrib turibsizlar, birovga koʻrsatgani uyalishadi. Buni, albatta, misol uchun aytayotibman, kichkina voqea.

Rejissyor yana daftarini ochib bir nimalarni yozib qoʻydi. Qunduzxon bir nima demoqchi boʻlib ikki-uch ogʻiz rostlaganidan keyin sekin:
— Mulla akalar, — dedi, — beadabchilik boʻlsa ham mening bir taklifim bor edi: kolxozni koʻrsatishga voqea kerak boʻlsa, shu kelishlaring oʻzi bir voqea emasmi?

Hamma kulib yubordi. Qunduzxon, juda ham behuda gap aytdim shekilli deb, qip-qizarib ketdi va yuzini yashirdi.
— Toʻgʻri, singlim, juda toʻtri aytdingiz!— dedi shoir zavq qilib, — eng yaxshi, eng qiziq voqea mana shu kelishimizning oʻzi! Bir shoir bilan bir rejissyor kolxoz hayotidan kartina yaratmoqchi boʻlishadi, kolxozga kelib bir yarim oymi, ikki oymi turishadi.

Rejissyor uning soʻzini boʻldi:
— Voqea izlashadi, topisholmaydi, keyin Qunduzxon voqea topib beradi. Haqiqatan, oʻrtoq shoir, juda qiziq kinokomediya qilish mumkin!

Yana kulgi koʻtarildi.

Mehmonlar shunga qaror qilishdi.

Boʻlajak kinokomediya haqidagi xushchaqchaq suhbat yarim kechagacha davom etdi.

Mehmonlar ketib, bir haftadan keyin qaytib kelishdi.

Uch oydan keyin kinokomediyaning sʼyomkasi boshlandi: «Paxtakor» kolxozining pravleniesi oldiga qoʻngʻiznusxa bir avtomobil kelib toʻxtaydi.

Undan ikki kishi tushadi va hokazo...

<p align=«right»>1949

Ming Bir Jon

Martning oxirgi kunlari. Koʻk yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz koʻyga solyapti. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar hanuz gʻaflatda yotgan oʻt-oʻlanni, qurt-qumursqani uygʻotgan, avvalgidan ham yorugʻroq, avvalgidan ham issiqroq shuʼla sochayotganday tuyuladi.

Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi, oʻziga juda ham katta koʻk xalatga burkanib, engchadan boshini chiqarib turgan sichqondek derazadan koʻchaga qarab oʻtirgan edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo boʻlsa-yu, oyoq-qoʻli butun odam koʻchaga chiqolmay, derazadan moʻralab oʻtirsa!..

Mirrahimov jussasi kichkina boʻlgani bilan tovushi juda yoʻgʻon va buning ustiga sekin gapirolmas edi. Hamshira yugurib kirdi, Mirrahimovning sogʻligʻini, kayfiyatini soʻradi, keyin dardni bardosh engadi, bu xususda Mastura Alievadan ibrat olish kerak, degan mazmunda shama qildi.

Mastura Alieva sakkiz oydan beri palatasidan chiqmay yotgan ogʻir xasta, uni kasalxonada hamma bilar, koʻp kishi kirib koʻrgan ekan. Mirrahimovning odamgarchiligi tutib ketdi:
— Shu shoʻrlik ayolni bir kirib koʻraylik! Uch kunligi bormi, yoʻqmi... Sob boʻlgan deyishadi...
— Ha, ancha ogʻir,— dedi hamshira xoʻrsinib,— Oʻn yil dard tortish osonmi!

Poygaxdagi karavotda kitob oʻqib yotgan Hoji aka degan xasta yoʻgʻon gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan boshini koʻtarib, koʻzidan oynagini oldi.
— Oʻn yil? Oʻn yildan beri kasal ekanmi?
— Ha, oʻn yil boʻlibdi. Bechora turmush qilganiga bir yil boʻlar-boʻlmas shu dardga yoʻliqqan ekan. Tomogʻidan hech narsa oʻtmaydi. Ovqatni qorniga quyishadi... Teshib qoʻyilgan... Baʼzan oʻzi quyadi, baʼzan eri.

Hoji akaning koʻzlari oʻynab ketdi.
— Eri? Eri bormi?
— Bor. Shu erda. Besh oydan beri birga!

Hoji aka uzoq angrayib qolganidan keyin:
— Oʻn yil kasal boqib, yana kasalxonada ham birgami?— dedi.
— Shuni ayting,— dedi hamshira. — Doktorlarga yalinib-yolvorib palataga karavot qoʻydirib oldi.

Hoji aka dardga bu qadar bardoshli ayoldan ham koʻra bunchalik vafodor erni koʻrishga ishtiyoqmand boʻlib qoldi-yu, xalatining belbogʻini mahkam bogʻlab, shippagini kiydi.
— Qani, yuringlar, tabarruk odamlar ekan, bir koʻrib chiqaylik.

Hamshira Mastura bilan uning eriga xabar bergani ketdi.

Xayal oʻtmay, qorni chiqqan Hoji aka oldinda, uzun koridordan oʻninchi palataga tomon yoʻl oldik. Palata eshigi oldida bizni hindiga oʻxshagan qop-qora, katta-katta koʻzlari yonib turgan bir yigit, aftidan, Masturaning eri kamoli ehtirom bilan kutib oldi va har qaysimizga ayrim minnatdorchilik bildirib, ichkariga yoʻlladi. Palataga kirdik. Shu payt oftob yana bulut ostiga kirdi-yu, palatani shom qorongʻiligi bosdi. Kattakon derazaning chap tomonidagi karavotdan zaif, yoʻq, zaif emas, mayin tovush eshitildi:
— Kelinglar... Rahmat! Odamga odam quvvat boʻladi, ming rahmat! Akramjon, kursi qoʻyib bering...

Oftob yana yorishdi. Masturani baralla koʻrdik... Koʻz oʻngimizda xasta emas, oʻlik, haqiqiy oʻlik, sap-sariq teriyu suyakdan iborat boʻlgan murda ichiga botib ketgan koʻzlarini katta ochib yotar edi... Tobutda yotgan oʻlikning qoʻlimi, oyogʻimi biron sabab orqasida bexosdan qimirlab ketsa kishi qay ahvolga tushadi? Uning oʻlim pardasi qoplagan yuzida chaqnab turgan koʻzlarini koʻrgan kishi xuddi shu ahvolga tushar edi.

Boya bizni kutib olgan yigit— Akramjon kursi qoʻyib berdi. Mirrahimov ikkovimiz oʻtirdik. Hoji aka yoʻgʻon gavdasi bilan Masturani toʻsib tikka turib qoldi. Yonimdagi kursini surib Hojining etagidan tortay desam, qorni silkinyapti... Ajabo, bu odam nega kulayotibdi, deb aftiga qarasam... rangi boʻz boʻlib ketibdi! Uning qoʻrqqanini payqab, hamshira darrov yoʻl qildi:
— Ie, Hoji aka, sizga dori berish esimdan chiqibdi-ku, yuring! - dedi va Hojini etaklab chiqib ketdi. Hoji koridorga chiqib yiqilarmikan, deb oʻylagan edim, yoʻq, xayriyat, gumburlagan tovush eshitilmadi...

Hamshira yoʻl qilib Hojini olib chiqishga chiqdi-yu, lekin baribir, Mastura payqadi. Juda-juda xunuk ish boʻldi. Mirrahimov ikkovimiz nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay qoldik. Bu hol kasalga qanday taʼsir qildi ekan, deb sekin qaradim. Mastura qonsiz labida tabassum bilan eriga yuzlandi:
— Akramjon, daftaringizga yozib qoʻying: uch mardi maydon meni koʻrgani kirgan edi, bittasi arang qochdiyu, ikkitasi qochgani ham boʻlmay, oʻtirib qoldi.

Mastura piqirlab kulib yubordi; yana kuldi, yosh boladay oʻzini tutolmay qiqirlar edi. Bu hazil va ayniqsa kulgi avval xunuk, odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk eshitildi, keyin nuchuqdir, Masturaning yuzidan oʻlim pardasi koʻtarilganday, hayot toʻla koʻzlari oʻlik yuziga jon kirgizganday boʻldi. Mirrahimov Hoji akaning qilmishi toʻgʻrisida uzr tariqasida bir nima demoqchi boʻlib gap boshlagan edi, Mastura soʻzini ogʻzidan oldi:
— Bunaqa narsa menga taʼsir qilmaydi,— dedi,— Akramjon, bularga tobut voqeasini aytib bering... yoʻq, yoʻq, oʻzim aytib beraman! Bunga besh yildan oshdi. Koʻz oldimdan ketmaydi... Qalin qor yoqqan kun edi. Men derazaning roʻparasida mana shu xilda yotibman, Akramjon paypogʻini yamayotgan edi shekilli. Birdan koʻcha eshigimiz ochildi-yu, qizil bir narsa kirdi, nima ekan deb qarasam - tobut! Akramjonning ikki oʻrtogʻi hovlimizga tobut koʻtarib kirdi! Yuragim jigʻ etib ketdi... Voy shoʻrim, nahot oʻlgan boʻlsam... To es-hushimni oʻnglab, Akramjonga bir nima degunimcha, boyagi ikkovi tobutni devorga suyab qoʻyib, uyga kirib keldi; uyga kirdi-yu, meni koʻrib ikkovi ham boyagi Hoji akangizday shaytonlab qolayozdi. Akramjon hayron... Men ana ketdi, mana ketdi boʻlib yotgan edim-da, oʻsha kuni ertalab birov avtobusda yigʻlab ketayotgan bir bolani koʻrib, mening ukamga oʻxshatibdi-yu, shundan haligiday gap tarqalibdi... Tobutni buzib pechkaga qalashdi. Menga shu ham taʼsir qilgani yoʻq. Bunaqa narsalar oʻlim kutib yotgan kasalga yomon taʼsir qilishi mumkin, men hech qachon oʻlim kutgan emasman, kutmayman ham! U yogʻini surishtirsangiz, men odam bolasining oʻlim kutishiga, yaʼni dunyodan umid uzishiga ishonmayman. Hatto tildan qolgan kasalning rozilik tilashib qaragani ham dunyodan umid uzgani emas, balki «rozilik tilashgani hali erta» dermikin degan umid bilan, dunyoda tengi yoʻq, timsoli yoʻq zoʻr umid bilan qaragani deb bilaman.

Akramjon Masturaning biz bilan yozilib oʻtirganiga qanchalik xursand boʻlsa, toliqib qolishidan shunchalik xavotirda ekani koʻrinib turar edi; shuning uchun Masturaga tez-tez dam berishni koʻzlab, koʻproq bizni gapirtirishga, oʻzi gapirishga harakat qilardi.
— Sizning nima dardingiz bor?- dedi Mirrahimovga yuzlanib.

Mirrahimov birdaniga uchta dardning nomini aytdi.
— Voy shoʻrim!.. — dedi Mastura, — jindakkina joningizga-ya! Shu jussangizga uchta dard sigʻdimi?

Boʻldi kulgi! Ayniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi. Kasallik, oʻlim toʻgʻrisidagi gap tugab, xushchaqchaq suhbat boshlanishiga ilhaq boʻlib turgan Akramjon Mastura boshlagan askiyani ilib ketdi; askiyaga juda usta ekan, olamda dard nima, oʻlim nima ekanini butkul unutib, rosa kulishdik. Afsuski, Mirrahimovning yoʻgʻon tovushi suhbatimizning buzilishiga sabab boʻldi: vrach koridordan oʻtib borayotib, uning besoʻnaqay kulgisini eshitgan boʻlsa kerak, eshikni ochib qaradi va Masturaga zehn solib, uning yuzida horgʻinlik koʻrdi shekilli, bizni chiqarib yubordi. Akramjon ketimizdan chikdi, bizning bu iltifotimiz Masturaga qancha kuch-quvvat berishini aytib, koʻnglida mavj urib, yosh pardasi bosgan koʻzlarida koʻrinib turgan cheksiz min-natdorchilik tuygʻusini aytib bitirolmas, aftidan, Masturaning bir minutlik oromi uchun oʻng koʻzini oʻyib berishga ham tayyor edi.

Palatamizga qaytdik. Hoji aka karavotida yonboshlab, qand choy ichib, oʻzini elpib yotar edi.

Boʻlib oʻtgan xijolatli ish toʻgʻrisida u ham indamadi, biz ham indamadik. Hoji akaga bir nima deyish u yoqtsa tursin, Mirrahimov ikkovimiz ham kechgacha bir-birimizga soʻz qotmadik; aftidan, borligʻimiz Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar, fikrlar, tuygʻularni ifoda qilgani soʻz topolmas edik.

Kech kirdi. Hoji aka oʻrtacharoq xurrak tortib uyquga ketdi. Mirrahimov dam-badam u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilar edi, nihoyat, mening uygʻoq ekanligimni payqab, boshini koʻtardi.
— Bu xotinning joni bitta emas, ming bitta!— dedi, — hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti soʻngan taqdirda ham, qolgan mingtasini yoqib keyin soʻnadi. Mana shu ishonch Masturaga oʻlimni yoʻlatmaydi.

Mirrahimov uzoqjim qolganidan keyin yana birdan:
— Eri-chi, eri?— dedi, — bu yigitning ham raftoridan, yigitlik umri ming bittayu, shundan bittaginasini Masturaga qurbon qilyapti.

Ertasiga Mastura haqida yana bir koʻngilsiz gap eshitdik: bechoraning tomogʻidan hech narsa oʻtmasligi ustiga qorniga tez-tez suv toʻplanar ekan...

Kunlar oʻtib hammamiz tarqaldik. Mirrahimov oʻzining MTSiga, Hoji aka kurortga ketdi.

Oradan bir qancha vaqt oʻtgandan keyin shu tomonga yoʻlim tushdiyu, kasalxonani bosib oʻtolmadim; kirib tanish hamshiradan soʻrasam, Mastura bir soatdan keyin operatsiyaga yotar ekan. Doktorlar operatsiya stolidan turolmaydi, deb besh oydan beri uning raʼyini qaytarib kelishar ekan, oxiri boʻlmabdi— Mastura oʻlsam tovonim yoʻq, deb tilxat beribdi.

Kirib koʻray desam, doktor ijozat bermadi. Mening yoʻklab kelganimni koʻrsa, dalda boʻladigan biron soʻz aytsam, zoraki darmon boʻlsa deb kutdim.

Vaqt-soati ettanda Masturani hamshira bilan Akramjon ikki tomondan suyab olib chiqishdi.

Lekin eshikdan chiqishi bilanoq Mastura ikkovini ikki tomonga itarib oʻzi yurdi; bardam qadam tashlab, operatsiya zalining eshigini oʻzi ochib kirib ketdi. Akramjon, butun diqqati xotinida boʻlgani uchun meni payqamadi. Mastura esa menga bir qaradiyu, tanimadi shekilli, indamadi.

Operatsiyaga doktorlarning koʻngli chopmagani, xastaning holi oʻzimga maʼlum boʻlgani, Masturaning oʻlimning yuziga bunchalik tik qaragani qorongʻida qoʻrqqan kishi ashula aytganidek emasmikin, degan gap koʻnglimdan oʻtgani uchun operatsiyaning natijasini kutmadim, kechqurun kasalxonaga telefon qilmoqchi boʻlganimda, rostini aytsam, telefon trubkasini dadil ololmadim. Yoʻq, xayriyat, Mastura operatsiyadan bardam turibdi. Shunaqa deyishdi.

Shundan keyin men uzoq safarga ketdimu, Masturaning taqdiridan bexabar boʻldim, lekin uni tez-tez eslar edim; bu toqati toq, joni temirdan insonning tuzalib ketishini, yashashini, uzoq umr koʻrishini uning oʻzidan ham koʻproq tilar edim. Shuning uchun oradan uch yil oʻtgach, Akramjonni bir begona xotin bilan koʻrganimda alamimdan dod deb yuborayozdim.

Paxta bayrami hech qaerda Mirzachoʻldagidek qiziqoʻtma-sa kerak, chunki bu erga resggublikaning turli oblastlaridan kelgan odamlar oʻz oblastining ashulasini, oʻyinini ham olib kelgan deyishadi.

Paxta bayramini yor-joʻralar bilan Guliston rayonida oʻtkazdik.

Akramjonni, boya aytganim xotin bilan shu erda, Guliston rayoni markazining chiqaverishida koʻrdim. Oʻrta boʻyli, xushqomat, vujudidan yoshlik kuchi va gʻayrati yogʻilib turgan qop-qora juvon otda olma eb, yoʻl boʻyida turar, Akramjon oʻz otining ayilini qayta bogʻlamoqda edi.

Akramjon meni koʻrib qoldi-yu, juvonga bir nima dedi. Juvon darrov otdan tushdi. Ikkovi yugurib keldi. Ikkovi ham men bilan juda eski qadrdonday soʻrashdi. Biroq men, harchand


qilsam ham, palatadan chiqib operatsiya zaliga kirib ketayotgan Mastura koʻz oʻngimdan ketmay, bular bilan samimiy koʻrisha olmadim: Akramjonni bir nav quchoqlagan boʻldim, juvonga esa qoʻlimning uchini berdim.

Juvon:
— Amaki, meni tanimadingizmi? — dedi va xurjundan ikkita olma olib, birini menga berdi. — Qaerdadir koʻrganday boʻlaman, lekin...

Juvon qoʻlidagi olmani ustma-ust bir necha martaba tishladi va chala chaynab yutdi.
— Endi ham tanimadingizmi? — dedi.

Tanidim! Faqat koʻzidan tanidim! Kulimsirab, olamga tabassum sochib turgan bu juvon oʻsha Mastura edi. Men nima deyishimni bilmay:
— Bu yoqda nima qilib yuribsiz?— dedim.

Mastura kuldi.
— Kuchimni, gʻayratimni toʻla-toʻkis ishga solib yuribman, - dedi.
— Operatsiyaga kirib ketayotganingizda men yoʻlakda turgan edim, hayajonda boʻlsangiz kerak, tanimadingiz...
— Yoʻq, amaki,— dedi Mastura bir oz xijolat boʻlib,— kechirasiz, atayin soʻrashmagan edim... Soʻrashsam, menga tasalli berar edingiz... Oʻsha tobda menga tasalli berib aytilgan har bir soʻz ishonchimga raxna, koʻnglimga gʻulgʻula solishi mumkin edi.

Uzoq suhbatlashdik. Er-xotin otlarini etaklab, meni talay ergacha kuzatib qoʻyishdi: soʻng xayrlashib soʻl tomonga ot qoʻyib ketishdi.

Men sahroda lochinday uchib ketayotgan Mastura bilan Akramjonga uzoq qarab qoldim.

Ikkovi ufqqa etganda, biri orqaga qaytdi, xayal oʻtmay etib keldi.

Bu Mastura ekan, yoʻldan bir necha qadam narida turib:
— Amaki, Hoji akamga salom ayting, — dedi va ufqda kutib turgan Akramjonga tomon ot qoʻyib ketdi.

Shaharga qaytganimizdan keyin Masturaning omonatini topshirish uchun Hoji akani topdim, lekin salomini topshirolmadim: Hoji aka bechora qazo qilgan ekan.

<p align=«right»>1956

Toʻyda Aza

<p align=«right»>Zoʻri behuda miyon meshikanad

Dotsent Muxtorxon Mansurov nihoyatda istarasi issiq, nihoyatda dilkash chol, shu qadar dilkashki, uni koʻrgan kishi har faslning oʻz husn-latofati bor degan gapni yil fasllari toʻgʻrisidagina emas, umr fasllari toʻgʻrisida ham aytsa boʻlar ekan, deb qolardi. Uning bitta- ikkita qora tuk chap berib qolgan oppoq choʻqqi soqoli... Yopirimay, soqol ham odamga shuncha yarashadimi-ya!..

Cholni bunchalik istarasi issiq, dilkash qilgan, soqolidan tortib yurishigacha hamma narsasini, har bir harakatini chiroyli, yoqimli qilib koʻrsatgan, ehtimol, uning odamoxunligi ham boʻlsa. Oʻzi shunaqa boʻladi-ku: yaxshining yuzida zuluk ham xol boʻlib koʻrinadi.

Ammo, lekin Muxtorxon domla nafsambiriga odamning joni edi. Uning xushfeʼlligi, toʻporiligi... mahallada katta-kichik hamma bilan salomlashar, yosh bilan yosh, qari bilan qari boʻlib gaplashar, xursand kishi bilan chaqchaqlashib, xafa bilan dardlashar edi. Bu odam mahalla hayotiga, har bir kishining diliga kirib, shu qadar singib ketgan ediki, otpuskaga yo komandirovkaga ketsa butun mahalla huvillab qolganday boʻlar edi.

Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap boʻlib qoldi: «Muxtorxon domla uylanarmishlar!..» Domla bundan uch yil burun beva qolib, unga goh singlisi, goh uzatgan qizi qarab yurar edi.

Uning niyatini eshitib mahallada xursand boʻlmagan odam qolmadi.

Hech kim qarigan chogʻida juftidan qolmasin. Osonmi, kishi nima boʻlishini bilmaydi, bosh yostiqqa tegishi bor... Qari odamga mahram kerak...

Hali hech kim koʻrmagan boʻlsa ham, Muxtorxon domla yoqtirgani uchun juda aqlli, tamizli ayol chiqishi muqarrar boʻlgan kelinni hamma gʻoyibona yaxshi koʻrib qoldi.
— Mahallamizning tolei bor ekan, — deyishar edi. — Domla otaxonimiz edilar, kelinimiz bizga onaxon boʻladilar...

Mish-mish rost boʻlib chiqdi: domla bozor qilishni, magazinga kirishni jinidan battar yomon koʻrar edi, kimdir uni univermagda ochered turganini koʻribdi; ertasiga choyxona oldidan chamandagul toʻppi kiyib oʻtdi.

Mahalla aktivlari kengashib, mahalla nomidan yaxshiroq bir toʻyona qiladigan boʻlishdi.

Ularning fikricha, bu narsa kuyovga ham, kelinga ham butun aholining hurmat va muhabbatini izhor qilishi kerak edi.

Shu orada domla qayoqqadir ketib bir haftadan keyin paydo boʻldi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini koʻrgan choyxonadagi odamlar hang-mang boʻlib qolishdi; chol oʻlgur soqolini, shunday chiroyli soqolini, tag-tugi bilan qirdirib tashlabdi! Achinmagan, xafa boʻlmagan odam qolmadi.

U biron yoqqa borib qaytganida choyxonaga kirmasdan, katta-kichik bilan koʻrishib hol-ahvol soʻramasdan oʻtmas edi, hozir choyxonaga yaqinlashganida koʻchaning narigi yuziga oʻtib oldi-yu, erga qarab, jadallaganicha oʻtdi-ketdi. Uning oʻzigagina emas, butun mahallaga fayz kirgizib turgan soqolini oldirgani, buning ustiga yana choyxonani chetlab oʻtgani baʼzilarni tashvishga solib qoʻydi:
— Domlamizga nima boʻldi ekan? Domlamiz nega bunaqa boʻlib qoldi ekan?..

Domlaga hech bir gʻubor qoʻnishini istamagan boshqalar bu ikki gunohni bir-biriga egizib, uni oqlashga tirishdi:
— Domlamiz biron xayolga borib soqolini qirdirganu hozir pushaymon, uyalganidan bizga roʻpara boʻlmadi...

Oradan koʻp oʻtmay choyxoʻrlardan biri qiziq bir gap topib keldi. Bu yigit domlani shaharning narigi chekkasidagi parkda koʻribdi. Domla, boshida chamandagul toʻppi, egnida kalta va tor shim, katak koʻylak, engini baland shimargan, bilagida kattakon tilla soat, oʻzi yakka pivo ichib oʻtirgan emish! Uning bunday odati yoʻq edi, shuning uchun yigit hayron boʻlib bir oz qarab turibdi. Domla ikki shisha pivoning ustidan yuz gramm aroqni bitta otib oʻrnidan turibdiyu, gulchidan kattakon guldasta sotib olib, parkning orqasidagi jinkoʻchaga kirib ketibdi. Bu gapni eshitib odamlarning dami ichiga tushib ketdi. Baʼzi birovlarning koʻngliga allaqanday jirkanch, domlaning shaʼniga hech toʻgʻri kelmaydigan gaplar keldi... Shunda mahallaning qariyalaridan Karim ota hozir baʼzi birovlarning koʻngliga kelgan gapdan ham xunukroq bir taxminni aytib qoldi:
— Xayr, ishqilib oxiri baxayr boʻlsin, — dedi, — kelinimiz yoshga oʻxshaydi... Kiz boʻlmasa deb qoʻrqaman!

Karim otaning bu taxmini, domlaning keyingi vaqtlardagi raftoriga qaraganda ehtimoldan uzoq boʻlmasa ham, odamlarga qattiq malol keldi. Bir-ikki kishi Karim otaning dilini ogʻritdi.

Biroq, oradan koʻp oʻtmay, Karim otaning taxmini toʻgʻri chiqib qoldi: «Domla oʻzining studentkasi— yigirma yashar bir juvonga uylanayotgan emish» degan gap tarqaldi.

Toʻyga yaqin qolganda kelin koʻchaning boshidagi atelega koʻylak buyurgani kelgan ekan, nima boʻlib bundan habar topgan ayollar koʻrgani borishdi. Kelin, darhaqiqat, yosh, lekin xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida engsiz qizil koʻylak, boshida popushakning tojiga oʻxshagan, lekin qizil shlyapa; qoʻlidagi sumkasi, oyogʻidagi poshnasi bir qarich tuflisi ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan ayollardan biri, burilib ateledan chiqib ketar ekan:
— Xoʻrozqandga oʻxshamay oʻl!— dedi.
— Karigan chogʻida xoʻrozqand yalamay domla ham oʻlsin!— dedi yana biri.

Bu laqab darrov tarqalib ketdi. Domlaga qoʻl urish bilan mahallaning fayzini oʻgʻirlagan, odamlarning dilini hamisha yoritib turadigan chiroqni soʻndirgan bu ayolni koʻrgan ham, koʻrmagan ham toshni teshadigan bir gʻazab bilan yomon koʻrar edi. Bu gʻazab odamlarning koʻnglidagi domlaga boʻlgan hurmat va muhabbat tuygʻusini chirita boshladi. Bora-bora domla deganda odamlarning koʻngliga gʻashlik tushadigan boʻlib qoldi. Domla, shuni oʻzi sezsa kerak, mumkin qadar odamlarning koʻziga koʻrinmaslikka tirishadigan boʻldi.

Toʻy kelinnikida boʻlib oʻtdi. Buni mahallada Karim otadan boshqa hech kim bilmay qoldi.

Karim ota ham toʻyga emas, kabob pishirib bergani chaqirilgan ekan. Bundan xabardor boʻlgan mahalla yoshlari uni hol-joniga qoʻymay, choyxonaga olib chiqishdi va toʻy qanday oʻtganini gapirib berishga majbur qilishdi. Karim ota «birovning sirini aytmayman» deb avval tarxashlik qildiyu, bir-ikki savolga javob berganidan keyin qulfi-dili ochilib ketdi: ikki gapning birida peshonasiga urib, goh boʻgʻilib va goh qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi.

Toʻyga kelin tomondan ellikka yaqin, kuyov tomondan sakkiz kishi aytilgan ekan, ikkala tomondan hammasi boʻlib oʻn bir kishi kelibdi. Bir dutorchi, ikki ashulachi va Karim ota ham shu hisobga kirar ekan. Soat oltiga belgilangan toʻy soat oʻndan oshganda boshlanibdi. Kelin birpas boshiga oq roʻmol yopinib oʻtiribdiyu, bir-ikki ryumka ichgandan keyin, alamiga chidolmay oʻyinga tushibdi. Domla chapak chalibdi, ashulaga qoʻshilibdi...
— Ha, aytganday, — dedi Karim ota piqirlab kulib, — domla sochlarini boʻyatibdilar!..

Azbaroyi xudo, kuya tushgan poʻstakka oʻxshaydi!.. Mayli, boʻyoq topilgan boʻlsa boʻyasin, lekin shu boʻyoq bilan qiligʻini ham boʻyashga, sochiga mos qiliqlar qilishga urinsa uncha yaxshi chiqmas ekan. Darhaqiqat, domlaning fikr-yodi oʻzini iloji boricha yosh koʻrsatishda boʻlib qoldi. U nima qilsa, nima desa shuni esdan chiqarmas, yosh ekanini koʻrsatish uchun qulay kelgan hech bir imkoniyatni qoʻldan bermas, «hali yoshsiz» degan kishiga jonini, jahonini berishga tayyor edi. Toʻydan keyin oradan bir oy oʻtar-oʻtmas kelin gʻalati bir dardga yoʻliqdi: baʼzan kechalari hadeb chuchkiradigan boʻlib qoldi; doktorga koʻringan ekan, doktor «bu dardning davosi — dengiz havosi» debdi. Domla ertasiga ertalabdan idorama-idora yugurdi, soat toʻrtga qolmasdan putyovka bilan poezd biletini keltirib kelinga topshirdi.

Kechqurun eshik oldiga koʻkish taksi koʻndalang boʻldi. Domla, kuni boʻyi elib-yugurib holdan toyganiga qaramay, ikkita ogʻir chamadonni mashinaga oʻzi olib chiqdi va bagajnikka oʻz qoʻli bilan joyladi; oʻsha engsiz qizil koʻylagini, qizil shlyapasini kiyib hovlidan yana xoʻrozqand boʻlib chiqqan kelinga mashinaning eshigini ochib berdi, keyin chiqib yoniga oʻtirdi. Mashina joʻnadi, joʻnadiyu, tezlab doʻngroq koʻprikdan oʻtishda nima boʻlib bagajnikning qopqogʻi bir koʻtarildi-da, boyagi ikkala chamadon otilib chiqdi. Ikkala chamadon, xuddi bir-biri bilan chopishganday, irgʻishlab-irgʻishlab talay ergacha bordiyu, biri yoʻlning oʻrtasida, ikkinchisi tro-uarga chiqib toʻxtadi. Shofyor bundan kechroq xabardor boʻldi shekilli, mashina qirq-ellik qadam narida toʻxtadi. Mashina toʻxtashi bilan domla eshikdan otilib chiqdi, chamadonlarga qarab yugurdi va ketidan chopgan shofyor, choyxonadan yugurib tushgan uch-toʻrt kishining koʻmagini rad qilib, har birini bir odam zoʻrgʻa koʻtaradigan ikki chamadonni oʻzi yakka koʻtardi va mashinaga tomon yurdi. U yarim yoʻlgacha chamadonlarni azod koʻtarib, bardam qadam tashlab bordi-yu, undan nari rangi oqarib, tizzalari qaltirab tentiray boshladi; shundoq boʻlsa ham, nomus kuchli, bir iloj qilib mashinaga etib bordi; chamadonlarni qoʻydiyu, birdan koʻzlarini ishqab, mashinaga kirib ketdi. Shofyor chamadonlarni yaxshilab joyladi.

Mashina qoʻzgʻaldi, qoʻzgʻaldiyu, oʻn-oʻn besh qadam yurmasdan, birdan eshigi ochildi, xoʻrozqand dodlaganicha oʻzini erga otib, ikki-uch yumalab ketdi. Odam yigʻildi. Xoʻrozqandni koʻtarib olishdi. Xoʻrozqand gapirolmas, dir-dir titrab, kishnaganday bir tovush chiqarar va qoʻli bilan mashinani koʻrsatar edi.

Bir necha kishi mashinaga tomon yugurdi. Shofyor qoʻrqib, nima boʻlganiga tushunolmay, bir chekkada turar edi. Odamlar mashinani ochib qarashsa, domla... Oʻlib qolipti!

Ertasiga domlani koʻmish marosimi boʻldi. Marosimga mahalladan odam koʻp qatnashmadi, aftidan, domla koʻp odamning qalbida bundan bir oy burun oʻlgan, koʻplar oʻsha toʻyni domlaning janozasi hisoblashgan edi...

<p align=«right»>1956

Mahalla

<p align=«right»>Inson bilan tiriqdir inson,
Muhabbatdan hayotning boshi.
Odamzodga baxsh etadi jon,
Odamlarning mehr quyoshi.
Erkin Vohidov

Rohat buvi kattakon qora pechkaning eshigini ochib oyogʻini tovlayotgan edi, deraza ostida koʻzoynak taqib nevarasining yirtilgan kitobini elimlayotgan choli urishib berdi:
— Seni pechkaga oʻrgatib boʻlmadi-boʻlmadi... Nima, polni oʻyib, sandal qilib beraymi? Pechka deganning eshigini ochdingmi, koʻmir osmonni isitadi deyaver!..

Rohat buvi pechkaning eshigini yopdi, borib divanga choʻzildi. Uy sovuq boʻlmasa ham, bir necha kundan beri uning eti uchar, oyogʻi sovqotar, ogʻrir edi.

Kampir shu yotganicha ertasiga ham turgisi kelmadi, indiniga turolmadi, uchinchi kuni yuragi birpas qattiq urib turdi-yu, birdan boʻshashib, oʻldi-qoldi.

Hikmat buva nima boʻlganini bilolmay, koʻzi bilan koʻrib turganini aqliga sigʻdirolmay, garang bir ahvolda turib qoldi; oʻgʻli, kelini, uch nevarasi kirib yigʻi boshlagandagina oʻziga kelib, titroqli nafas bilan shivirladi: «E, xudo, nima qilib qoʻyding, bisotingda menga atagan yana qanaqa kulfatlaring bor, toʻk, boshimga hammasini birdan toʻka qol!" Ellik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz tatigan, bir koʻrpani bosgan, birga kulgan, birga yigʻlagan; ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir-birini yalab, ogʻritmay tishlab, yiqitib, yiqi-lib berib, piypalashib oʻynagan; ellik uch yildan beri mehr atalmish ulkan tuygʻu rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin chuvib, bir- birining qalbini oʻrab-chulgʻab kelgan...

Hamma rasm-rusm joyiga etkazilgandan keyin odamlar tobutni koʻtarganda shu rishta birdan tortildi-yu, goʻyo Hikmat buvaning yurak-bagʻrini sugʻurib oldi. Chol oʻkirib yubordi.

Kampirni birpasda erga topshirib qaytishdi. Koʻngil soʻragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musichaday bir chekkada qunishib oʻtirar, aftvdan, endi uning uchun olamda hech kim, hech narsa qolmagan edi.

Shundoq Hikmat buva hafta oʻtar-oʻtmas bir hovuch suyak boʻldi-qoldi. Chol choʻzilib yotganda uning oʻlikmi-tirikmi ekanini bilish qiyin, lekin kampiri oyogʻini pechkaning oʻtiga tovlayotganda urishib bergani esiga tushsa arslonday oʻkirar, oʻzini u yoqdan-bu yoqqa otar edi.

Uyda uni yolgʻiz qoʻymaslikka harakat qilishar edi. Kichkina nevarasi hamma oʻyinchoqlarini uning uyiga kirgizib qoʻydi, bogʻchadan kelganidan keyin shu erga kirib oʻynaydigan boʻldi.

Katta nevarasi har kuni uni necha marta xilma-xil qilib suratga ola berdi. Oʻgʻli uni avtomobilga solib bir necha marta shaharni aylantirdi. Chol xursand boʻlish oʻrniga: «Onang borida shu ishnn qilmading«, deb doʻngʻilladi. Kelini unga magnitofon keltirib berdi. Chol magnitofon bilan birpas ovundi-yu, keyin koʻziga yosh olib: «Kizim, shu narsani ilgariroq topib kelganingda kampirni gapirtirib yozib olar ekanman», dedi...

Bir kuni qattiq yomgʻir yogʻib, qishdan qolgan qorni eri-tib yubordi. Ayvonda ustunga suyanib yomgʻir suvining vaqirlashini tomosha qilib turgan cholning koʻzi tandirdan narida yotgan bir poy eski kalishga tushib qoldi. Kampir bir oyogʻi ogʻrib shishganda shu kalishning jagʻini kesib kiygan edi. Chol borib kalishni oldi, avaylab artdi, uyga olib kirdi. Chol uchun kampir goʻyo qaytadan oʻldi. U kechgacha yigʻladi, kechqurun oʻgʻli bilan kelini ishdan kelganda «kampir bechorani shifokorga durustroq koʻrsatmadilaring", deb xarxasha qildi.

Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham yarim kechasi uygʻonib, tong otguncha oʻtirib chiqar, uydagi hamma narsa unga kampirini, yolgʻiz qolganini eslatar, har bir tovush Oʻlim boʻlib uning miya qopqogʻini chertar edi.

Chol tugab borayotganini koʻrib oʻgʻli bilan kelini tash-vishga tushib qolishdi.

Bir kuni ertalab chol yoʻqolib qoldi. Kidirilmagan joy qolmadi: yor-doʻst, tanish-bilish, qarindosh-urugʻ, hatto tez yordam kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat qilindi. Xammayoq qidiriliptiyu, qabristondan xabar olinmapti, chol qabristonda ekan.

Hikmat buva qabristonga tez-tez borib, kampirning boshida bir soat-yarim soat oʻtirib kelar, lekin bunaqa qolib ketadigan odati yoʻq edi. Chol bu safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda qolib, uning yonidan oʻziga goʻr qazitdi, mudir va goʻrkovlar harchand unashmasa ham qoʻymadi, janjallashdi.

Chol kun oqqanda adoyi tamom boʻlib qaytdi. Kimdir uni avtobusdan tushirib yoʻlkaga chiqarib qoʻydi. Cholning zoʻrgʻa qadam bosib kelayotganini koʻrgan muyulishdagi choʻtkachi yugurib borib uni olib keldi va qoʻliga bir piyola choy berdi.
— Xafa boʻlmay yuribsizmi, otaxon... Kampir onam alomat ayol edilar... Siz oʻsha kuni oʻzingiz bilan oʻzingiz ovora boʻlib taʼziyaga kelgan odamlarni payqamadingiz... Ana odamu...Mahallaga sigʻmay ketdi! Mahallamizning koʻchasi bir metr choʻkdi!.. Kampir onam dunyoga kelib odam ekkan ekanlar.

Dunyoga kelgan odam avvalboshi odam ekishi kerak ekan. Men ibrat oldim...

Issiq choymi yo choʻtkachining gaplarimi cholga ancha mador boʻldi.
— Ha, — dedi chol bir oz gʻurur bilan, — haligacha odam keladi... Ishxonasi ham shuncha yildan beri esidan chiqarmagan ekan.

Cholning paydo boʻlganidan xabar topgan uy ichi, qoʻni-qoʻshni chuvillashib kelib uni oʻrtaga olishdi. Birov dashnom bergan, birov boʻgʻilgan, birov suyungan...

Bular cholni oʻrtaga olib chuvillashib ketayotganda yoʻl boʻyida turgan shu mahallalik shifokor voqeani eshitib choldan oʻpka-lagan boʻldi, keyin unga razm soldiyu, kampirdan gap ochdi:
— Onaxonimiz taʼrifga sigʻmaydigan ayol edilar, shuncha odam bekorga kelgani yoʻq! Lekin, otaxon, mahallamizga biron sakkiz chelakli bitta samovar kerak ekan, oʻsha kuni juda-juda bilindi. Mahalladan pul yigʻsak, xonadonga necha puldan tushadi?

Cholning hamiyati qoʻzgʻab ketdi.
— Ugʻlim bilan kelinimning bitta samovarga kuchi etib qolar, - dedi.

Shifokor undan shu gapni kutgan ekanmi, jilmayib qoʻydi.

Chol goʻrini qazitib qoʻyib, endi bu erga samovar olgani emas, yotib oʻlgani kelgan boʻlsa ham, Oʻgʻli bilan kelini nomidan mahallaga kattalik qilib qoʻyganidan keyin bu tugʻrida oʻylashga majbur boʻldi— Oʻgʻlidan pul oldi, samovar qidirishga kirishdi. Biroq oʻshanaqa samovarni topishdan koʻra kondan mis qazib, samovar yasash osonroq ekan: cholning bormagan magazini, yalinmagan magazin mudiri qolmadi. Oʻgʻli bilan kelini uning elib-yugurishiga, unda shuncha kuch qayoqdan paydo boʻlganiga hayron edi.

Nihoyat, mahalladagi mansabdorlar yordami bilan samovar topildi, mahalla aktivlari akt bilan qabul qilib oldi, umumiy majlisda rais Hikmat buvaga rahmatlar aytdi, hamma chapak chaldi.

Shu majlisda yana bir masala koʻtarildi: mahallada har kuni boʻlmasa ham, haftada ikki-uch marta toʻy-maʼraka, tugʻilgan kun va boshqa marosimlar boʻlib turadi, kim marosim oʻtkazadigan boʻlsa uyma-uy yurib idish-tovoq, dasturxon va boshqa narsalar tilaydi, aktivlar mahalladan pul yigʻib biron yuz ellik kishilik mahalla roʻzgʻori tashkil qilsa boʻlmaydimi?

Bu taklifni hamma olqishladi, buning mutasaddisi kim boʻladi, degan savolga hamma qiy-chuv koʻtarib yana Hikmat buvani koʻrsatdi. Hikmat buva unamasdan qarshi soʻz aytgani oʻrnidan turgan edi, shuncha odam chapak chalib, koʻziga qarab turganini koʻrib indayolmadi.

Mahalla necha xonadon? Bularning hammasi cholni ovora qilmay pulni keltirib bera qolsa ekan! Bu xonadonlardan koʻpiga kirish kerak, koshki bir kirganda pulni bera qolsa ekan: biri ertaga keling deydi, biri falonchi muncha berganda men nega shuncha berar ekanman, deb


xarxasha qiladi, biri majlisda angrayib oʻtirib gapga yaxshi tushunmagan, unga tushuntirish kerak boʻladi...

Chol har kuni ertalabdan xonadondan xonadonga, bor pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga, arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat topib baʼzan kampirining mozoriga ham borib kelar edi.

Chol, nihoyat, mahalla roʻzgʻorini toʻla-toʻkis qilib, maktab omboriga qamab oldi. Biroq roʻzgʻorni but qilishdan ham koʻra uni asrash qiyinroq boʻldi: baʼzi odamlar narsani olib vaqtida qaytarishmaydi; baʼzilar, masalan, joʻmragi uchgan choynak, papirosdan kuygan dasturxon, lattasiga allanima balo toʻkilgan kursi, sanchjgʻi qayrilgan vilka va hokazo qaytarishadi, yana «oʻzi shunaqa edi», deb janjal qilishadi. Yoʻq, xayriyat, sal kunda odamlar insofga kelishdi, cholning ishi engil boʻlib qoldi.

Bahor keldi. Shaharda daraxt oʻtqazish mavsumi boshlanib ketdi. Shu munosabat bilan gazeta maqola berib, oʻtgan yil bahorda qaysi mahallalar planni toʻldirmay qolganini, qaysi mahallalar bu ishda namuna koʻrsatganini aytib, ilgʻor mahallalar qatoriga «Yangi Mahalla»ni ham qoʻshibdi. Buni cholga nevarasi koʻrsatib kuldi, chunki oʻtqazilgan daraxtlarning koʻpgina qismi tutmagan edi. Chol chiqib mahallani aylandi, daraxtlarni koʻzdan kechirdi. Oʻtgan yil bahorda jami bir ming etti yuz oltmish besh tup koʻchat oʻtqazilgan boʻlib, bundan faqat sakkiz yuz oltitasi tutgan, tutgan daraxtlardan yigirma ikki tupi singan, sakkiz tupi sassiq, moʻrt va umri qisqa daraxtlar ekan. Chol bu maʼlumotni olib toʻgʻri redaktsiyaga bordi, avval tortinibroq gapirdi, gapi oʻtganini payqagach, shovqin soddi. Gazeta ertagi sonida «Yangi Mahalla» haqida notoʻgʻri maʼlumot bergan muxbiriga jazo berganini aytdi va muxbirni aldagan mahalla aktivlarining kotibiga dashnom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini koʻrsatgan Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi.

Hikmat buva shu kuni burchakdagi choʻtkachiga mahsisini yogʻlatib, «mahallamiz sharmanda boʻlgani» haqida uning in-tihosiz javrashiga quloq solib oʻtirgan edi, shu asnoda oʻsha yolgonchi kotib oʻtib qoldi va cholni koʻrib oʻshqirdi:
— Hu oʻsha... Oʻzimiz toʻgʻrilar edik-ku, senga nima, bir oyogʻing goʻrda-yu...

Chol sekin burilib qaradi.
— Mening bir oyogʻim goʻrda, sening ikkala oyogʻing toʻrdami? Unaqa demagin, bolam, kim oldin oʻlishini bilib boʻlmaydi...

Chol yana bir nima demoqchi edi, oʻziga goʻr qazitib qoʻyganini eslab dami ichiga tushib ketdi.

Kotib jahl bilan qoʻl siltab joʻnadi. Chol qoʻllarini orqasiga qilib boshini quyi solib uyiga tomon bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, oʻylar edi: «Bu bola goʻr qazdirib qoʻyganimni eshitganmikan? Yoʻq, eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin..."

Chol jadallab uyga keldi va oʻtirib xat yozdi: «Qabriston mudiri va goʻrkovlariga yozib maʼlum qilamanki, qari baqaterak ostidagi mening nomimga qazilgan goʻrni qabriston idorasiga topshiraman, azbaroyi foydalanish uchun".

Hikmat buva xatni nevarasidan berib yubordi.

Nurli Choʻqqilar

<p align=«right»>Goho er mehrini oʻylarkan,
Esga tushar dorning siyogʻi;
Ajab hikmat: odam oʻlarkan
Uzilganda... erdan oyogʻi.
Abdulla Oripov

Toʻqqizinchi sinf aʼlochilaridan, temir-tersakni hammadan koʻp yigʻib, oti radiodan aytilgan va maktab maʼmuriyatidan rahmatlar eshitgan Zuhraxon degan qiz yoʻqolib qoldi.

Oʻsha kasofat shanba kuni maktabdan qaytishda Zuhra kitob-daftarlarini opasi Fotimaga berib, lola tergani qirga chiqqan ekan, qaytib kelmabdi. Uning ota-onasi avvaliga qargʻab, keyin yigʻlab butun lolazorni, butun qishloqni taka-taka qildi. Maktab maʼmuriyati bulardan ham koʻproq jon kuydirdi— jamoa ijroqoʻmiga aytib butun qishloqni oyoqqa turgʻizdi, tumanga maʼlum qildi, chunki sinfda aʼlochi qiz toʻrtta boʻlsa —Zuhra uning yigirma besh protsentini tashkil qilar edi.

Chol-kampir boshqa xunuk xayollarga bormaslik uchun bir-birini ovutdi: Zuhra qoqvosh, taʼbi nozik, dimogʻdor qiz boʻlib, maktabdoshlariga qoʻshilmas edi, shahardan lola tergani chiqqan qizlardan birontasi taʼbiga yoqib, oʻsha bilan oʻynab ketgan boʻlsa ajab emas. («Biron yigit bilan qochib ketmadimikan», degani til bormas edi.) Koʻngliga yoʻl berish mumkin boʻlgan va birdan-bir xayriyatli gumon shu boʻlib qoldi. Haqiqatan, shanba va yakshanba kunlari shaharlik yoshlar bitta danak topsa shu lolazorga kelib chaqib er edi. Bularning ichida chiroyligi bor, shoʻxi bor, boyvachcha tabiati bor, bevoshi bor... Buning ustiga Zuhra nihoyatda koʻzga yaqin, bir qaragan kishi, koʻzi xira tortib, yana qaragisi kelar, xususan, xonatlas koʻylak kiyib sochini «laylak uya» qilganida maqtoviga «chiroyli» degan soʻz goh kamlik, goh eskilik qilib qolar edi.

Zuhra oʻziga munosib, yaʼni yaxshi oʻqiydigan suxsurdakkina biron yigit bilan ketgan, degan umidda chol bilan kampir bir oz taskin topgan boʻldiyu, lekin Fotima baloga qoldi: «Zuhra lola tergani boraman, desa, bitta oʻzini yuboraverdingmi? Birga borsang oyogʻingga kuydirgi chiqarmidi, muncha noshud-notavon, muncha ham anqov-lakalov boʻlmasang!..» Kampir bunaqa gaplarni alam ustidagina emas, umuman, kuyib aytar, chunki shoʻx va shaddod Zuhraga qaraganda Fotima boʻshtobroq, shoʻxlik husnning pardozi boʻlsa kerak, ikkovi bir olmaning ikki pallasi boʻlsa ham, Zuhraning oldida uning istarasi soʻnikroq koʻrinar edi. Oradan oʻn kun oʻtgach, Fotima maktabdan yigʻlab keldi: Zuhra tufayli sinfda davomat ancha pasaygani uchun uni sinf daftaridan oʻchirmoqchi boʻlishibdi. Bu gap chol-kampir uchun Zuhraning oʻlimi xabari bilan barobar boʻldi. Fotima yana zixnovga qoldi:
— Sen palpis-pandavaqi boʻlmasang, boshimizga shunday kunlar tushmas edi! Zuhra sendan kichik, lolazorga boraman deganida yoʻlini toʻssang, unamasa, sochidan sudrab olib kelsang boʻlmasmidi! Ahvoling shu boʻlsa holingga voy, er olmaydi, boshimga yostiq oʻlasan!..

Fotima bunaqa taʼna-dashnomlarni koʻp eshitdi, nihoyat, jon-jonidan oʻtib ketdiyu, yigʻlab dedi:
— Ayajon, hamma aybni menga toʻnkayvermang, axir Zuhraga mening soʻzim emas, oʻzingizning soʻzingiz ham oʻtmas edi-ku! Hu ana unda, ozib-yozib bir ish buyurib, «Qizim, toʻrttagina piyoz archib ber» deganingizda teskari qarab, «Men senga malay emasman» degani esingizdan chiqdimi! Shunda ham indamadingiz. Men esimni taniganimdan beri sizga qarashaman, roʻzgʻor ishini butkul qoʻlimga olsamu sizni etti qavat koʻrpachaga oʻtqazib qoʻysam deyman! Nahot, ota- onaning izzatini, xizmatini qilgan kishi malay boʻlsa! Hamma ayb oʻzingizda, yaxshi oʻqisin, deb Zuhrani juda erkalatib yuborgan edingiz! Qizimning qoʻli qavaradi, deb oʻsmasini ham oʻzingiz siqib berar edingiz!

Kampir Fotimaning soʻzlariga qarshi lom-mim deyolmay qoldi: haqiqatan, oʻzi vaqtida oʻqiyolmay qolib, hayotida nima kamlik, qanday qiyinchilik tortgan boʻlsa hammasini ilmsizlikdan koʻrgan, zehni oʻtkir Zuhraning ilmga tezroq toʻlishini koʻzlab, uning maktabdagi kilday yutugʻi oldida uydagi filday gunohini payqamagan edi. Shundan keyin Fotima zixnovdan qutuldi, lekin kampirning gʻamiga gʻam qoʻshildi, Zuhradan xat kelguncha yaqin bir oy boʻyi oʻzini oʻzi eb, mushtdakkina boʻlib qoldi.

Zuhra bosh-keti yoʻq toʻmtoq xatida shundoq debdi: "Turmush oʻrtogʻim bilan koʻnglimizning amrini bajarib, baxtiyor oilalar safidan mustahkam oʻrin egalladik va baxtli turmush quchogʻida oqib, kelajakning nurli choʻqqilari tomon bormoqdamiz. Sizlar feodalizmning uqubatli quchogʻida yashagansizlar, yuksak ideallarga asoslangan muhabbat nima ekanini bilmaysizlar, shuning uchun mendan xafa boʻlmanglar, xursand boʻladigan kunlaring yaqinlashib kelmoqda «.

Fotima xatning boshiga «aziz dadajonim, mehribon onajonim», oxiriga - «sizlarga sihat- salomatlik tilayman» degan soʻzlarni qoʻshib oʻqidi. Xatda na adres bor, na imzo, konvertga shahar oʻn birinchi aloqa boʻlimining muhri bosilgan edi.

Xatning «baxtli turmush, nurli choʻqqi» degan joylari kampirga tasalli berdi. Lekin chol xatni Fotimaning qoʻlidan yulqib oldi, qoʻyniga tiqdiyu toʻnini elkasiga tashlab shaharga joʻnadi va shu ketganicha bir hafta deganda keldi: Zuhrani qidirib oʻn birinchi aloqa boʻlimiga qarashli hamma xonadonga bir-bir bosh tiqibdi: maktab, idora, korxonalardan soʻroqlabdi: nihoyat, shahar militsiya boshqarmasiga uchrabdi. Militsiya toʻrt kundan keyin: «Shaharga bunaqa ayol yozilgan emas», deb javob beribdi.

Kuzga yaqin tumanda katta majlis boʻlgani, majlisda Zuhra va uning maktabi ogʻizga tushgani, xunuk-xunuk gaplar aytilgani toʻgʻrisida mish-mish tarqaldi. Bu mish-mishlar ramaqdajon boʻlib yurgan kampirni yiqitdi. Kampir uzoq yotib qoldi.

Qish oʻtdi. Bahor keldi. Zuhraning na tirigidan darak bor edi, na oʻligidan. Chol baʼzan, juda kuyib ketgan vaqtlarida boshiga mushtlab: «Juvonmargga aza och, aza ocha qol«, deb yigʻlardi. Fotima maktabni bitirdi. Uning niyati yana oʻqish edi, biroq chol-kampir: «Oʻqish shu boʻlsa - bas, maktablarga oʻt tushsin«, deb turib oldi. Bundan tashqari, Zuhra bunaqa boʻlganini, onasi ne ahvolda yotganini koʻrib Fotima bu niyatidan qaytdi, ish soʻrab raisning oldiga bordi. Rais Fotima haqida onasining «noshud-notavon» qabilidagi soʻzlarini eshitgan ekan, uning aftiga ham qaramasdan, ferma mudiri ixtiyoriga yubordi va ketidan mudirga telefon qilib: «Ish- pish topib ber», dedi.

Fotima fermada «ish-pish» qilib yurgan edi, bir kuni gapdan gap chiqdiyu, Fotima sigir degan jonivorning befarosatligidan nolib: «Men rais boʻlsam, sigir boqib oʻtirmas edim, olimlar bilan birgalashib, em-xashakning oʻzidan sut oladigan mashina chiqarar edim«, dedi. Sogʻuvchilar xoʻp kulishdi. Bu gap raisning ham qulogʻiga etgan ekan, fermaga kelganida Fotimaning elkasiga qoqib: «Durust, durust, kallada xom xayol boʻlsa ham boʻlgani, kalla boʻsh turmagani yaxshi», dedi va oradan koʻp oʻtmay uni sogʻuvchilikka oʻtkazdi. Bu kunlarda ferma sigirlarni mashinada sogʻishga oʻtgan boʻlib, sigirlar hali oʻrganmagan, koʻpi mashinaning ichagini koʻrsa yuragi yorilib boshini sarak-sarak qilar, pishqirar, sogʻuvchini suzish payida boʻlar edi. Fotima pastdan yuqori boʻlganiga suyunib, mashinaga qiziqib, bu ishga shavq bilan kirishib ketdi.

Kampir oʻsha yotganicha qovun pishigada bir oz oʻngʻarilib oʻrnidan turdi, lekin koʻp oʻtmay yana yotib qoldi, shu yotganicha boʻlak turmadi— vafot qildi. Zuhra azaning toʻqqizinchi kuni kirib keldi. Chol uni koʻrib qargʻashga ogʻiz ochdiyu, lekin qargʻayolmadi, «Boʻyning uzilmasin, bolam» deb hoʻngrab yubordi. Zuhra kattakon qizil roʻmol oʻrab olgan, katak roʻmolchasini lunjiga bosib soldatchasiga gʻoz turar, aftidan, onasining xotirasini oʻzicha hurmatlar edi. Uning kelganini eshitib qoʻni-qoʻshni koʻngil soʻragani chiqishdi. Zuhra xotinlarga orqasini oʻgirib turaverdi. Fotima, bechoraning yuzi shuvut, deb oʻyladi-da, uni sekin turtib:
— Bunaqa vaqtda hech kim oʻtgan gapni eslamaydi. Uyalma, bularga bir nima degin... — dedi. Zuhra yuzi shuvut emas, xotinlarning koʻngil soʻrashini ham, bunga javoban «koʻnglimni koʻtarganlaring uchun rahmat» degan maʼnodagi gapni ham eskilik deb bilgani uchun shunaqa qilib turgan ekan, Fotimaga yalt etib qaradi:
— Nimadan uyalaman, erkin muhabbat masalasini Navoiy, Tolstoylar koʻtargan! - dediyu, burilib uyga kirib ketdi. Fotima odamlardan hijolat boʻlib, uni kasalga chiqardi.

Fotima odamlarni kutdi, kuzatdi, ayvonda allamahalgacha otasi bilan gaplashib oʻtirdi, keyin unga joy solib berdi-da, yotgani uyga kirdi. Zuhra hanuz uxlamagan ekan, yigʻlayverib shishib ketibdi. Buni koʻrib Fotimaning gina-kudurati yozildi, uning qilmishi, yozgan toʻmtoq xati, boyagi gapi xususida koʻngliga tugib qoʻygan oʻpka-taʼna soʻzlarini aytmadi, aksincha, uni yupatdi, turmushini soʻradi. Zuhra bundan oʻn bir oy muqaddam qornida besh oylik bolasi bilan eridan chiqqan ekan.
— Ota-onasi feodal, feodalizmning uyasi, meni choʻri, uy choʻrisi qilmoqchi boʻlishdi! Oʻzing bilasan, uy-roʻzgʻor ishiga uquvim yoʻq, qozon-tovoqni jinimdan battar yomon koʻraman. Shuning uchun ayam meni faqat oʻqitganlar, men ham yaxshi oʻqiganman. Yoʻq, bularga men oqsoch boʻlishim kerak ekan! Xizmatchi olgani qoʻyishmadi, «Moskvich«imizni sottirib yuborishdi. Bundan tashqari: «Yengsiz koʻylak kiyma! Birovning oldida kerishma! Qahvaxonaga buncha koʻp borasizlar!..» Bezor boʻldim! Chiqdim ketdim!.. Lekin erim meni yaxshi koʻrardi: qoʻlida koʻtarib yurardi, koʻchaga chiqsa, albatta bir nima olib kelardi... Bechora uch-toʻrt oy xoʻp qatnadi, yalindi. «Oʻsha ota-onang bor ekan, uyingni elkamning chuquri koʻrsin», dedim. Uch marta onasi, bir marta otasi keldi, ikkovini ham qabul qilmadim! «Qabul qilmadim» degan gapni Fotima hazm qilolmadi, katta boshini kichik qilib kelgan va eshikdan qaytgan moʻysafidlarni koʻz oldiga keltirib yigʻlaguday boʻldi.
— Ering ota-onasidan kechsinmi? — dedi.
— Kechmasa ham... yoshlar yashashi kerak!
— Bularni toʻrqovoqqa solib shipga osib qoʻyish kerakmi? Shu talabni ering qoʻysa, sen nima der eding?

Zuhra «bunaqa gaplarni sen tushunmaysan» degan maʼnoda boshqa gapga oʻtdi:
— Maktabni durustroq bitirdingmi? Sening toleingga ayam bunaqa boʻlib qoldilar... Yanagi yilga qaysi institutga kirasan?

Fotima hayron boʻlib soʻradi:
— Dadamni yolgʻiz tashlab qayoqqa boraman?
— Toʻgʻri, lekin, dadam dunyodan oʻtib borayotipti, sen dunyoga endi qadam qoʻyayotibsan!

Fotima esnab:
— Ishga kirdim, fermada sigir sogʻayotibman... — dedi.

Zuhra birdan boshini koʻtardi.
— Nima? Oʻn yil oʻqib sigir bilan tappidan boshqa narsaga aqling etmadimi?

Zuhra arazlab orqasini oʻgirdi, lekin Fotima bu ishga vaqtincha, noilojlikdan kirganini, oʻqish toʻgʻrisidagi rejalarini aytar, deb xoʻp kutdi, biroq Fotima xayal oʻtmay mushukchaday mayin xurrak otdi.

Fotima tong yorishganda uygʻondi. Zuhra undan oldinroq turib, ketib qolibdi— kim biladi, ertalab yana odam yigʻiladi, dedimi, yo «erimdan chiqqanimni Fotima aytib qoʻyadi» degan oʻyda otasiga roʻpara boʻlgani yuzi chidamadimi...

Zuhraning iziga tushib boʻlmadi. Fotima uning erdan chiqqanini dadasiga aytmay qoʻya qoldi, yarashib ketar, deb oʻyladi.

Oylar oʻtdi.

Bu orada Fotima ishga shoʻngʻib ketdi. Maʼlum boʻlishicha, sigir degani em-xashak, sutu tappidan, sogʻuvchilik ishi elin tortishu sut chiqarishdangina iborat emas, sigir degan maxluq shuncha befarosatligi bilan sogʻuvchining mehrini, mehnatini, bilimini sezar, shunga qarab sut berar ekan. Fotima shuni bilganidan keyin ishda kun sayin ochila bordi, shundoq boʻldiki, rais hisobot-saylov majlisida «kesakdan oʻt chiqqani«ga xursandlik izhor qilib, bir qancha qiziq gaplar gapirganidan keyin uni ilgʻor sogʻuvchilar qatoriga qoʻshdi. Yaxshi sogʻuvchi boʻlgani, rais qoʻshigʻiga qoʻshgani uchun Fotima kolxozda otning qashqasi boʻlib qoldi. Faqat shoʻxlik—shaddodlik emas, shuhrat ham husnning pardozi ekan shekilli, Fotima birdan ochilib ketdi: ana qora yolqin tashlaguvchi koʻzlaru, ana tutab turgan payvasta qoshlaru, yoshlarning ishtahasini ochadigan kuldirgichlaru... Zuhra xonadonga dogʻ solib ketganidan keyin koʻp odam: «Endi Fotima qariqiz boʻlib oʻtirib qoladi», deb taxmin qilgan edi, yoʻq, jazman ustiga jazman chiqaverdi: raisning qaynisi, kolxozning montyori, buxgalterning oʻgʻli, ximizator, apteka mudiri... Fotima yaqinda oʻqishni bitirib, fermaga hayvonot doktori boʻlib kelgan Samijon degan yigitga mayl berdi.

Samijon koʻp mulohazali yigit ekan, toʻy cholga ham tatisin, degan maqsadda Zuhrani xoʻp qidirdi, olti hafta qidirib, oxiri daragini topdi. Uning bir oʻrtogʻi Zuhrani shahar kutubxonasining zalida koʻribdi. Zuhra zalda oʻtirgan boʻlsa, demak, kutubxonaga aʼzo, aʼzo boʻlsa oʻsha erda adresi boʻlishi kerak.

Ikkovi shaharga borib, haqiqatan, kutubxonadan Zuhraning adresini topdi. Zuxra markaziy hammom qoshidagi sartaroshxonada kassir boʻlib ishlar ekan. Samijon eshikda qolib, sartaroshxonaga Fotima kirdi va koʻk yogʻoch panjara ichida oʻtirgan Zuhrani koʻrib yuragi shigʻ etib ketdi: ozib choʻp boʻlib ketibdi, bukchayibdi, shunday sochdan chilvirdakkina ikkita kokil qolibdi...

Zuhra Fotimaga koʻzi tushib, xuddi yalangʻoch oʻtirganida ustiga birov kirib qolganday shoshib, sariq roʻmolini elka aralash boshiga tashladi, beixtiyor panjaradan chiqib keldi.
— Nega, nega kelding?.. Men bu erda vaqtincha ishlab turibman...
— Yaxshimisan... Ering yaxshimi, — dedi Fotima «yarashdingmi» deyolmay.
— Ketib qolgan, allaqachonlar ketib qolgan. Leningradda, oʻqishda...
— Bolang katta boʻlib qoldimi?..
— Venera bogʻchada, — dedi Zuhra va bundan ortiq gap soʻrashini istamadi shekilli, oʻzi savol berdi:— Erga tegayotgan emishsan deb eshitdim, kim oʻzi?

Fotima toʻy uning qishloqqa borishiga qarab qolganini aytishga shoshilib:
— Oʻzimizning qishloqdan, fermada hayvonot doktori, - dedi.

Zuhra labini burdi.
— Sigir doktori degin! Tappi tappidan yiroq tushmas ekan-da! Fotimaning dami ichiga tushib ketdi. Shu asnoda Samijon kirib keldi. Fotima ikkovini tanishtirishini ham bilmay qoldi, tanishtirmasligini ham, lekin uning Zuhraga tomon iljayib borayotganini koʻrib «Samijon!» deyishga majbur boʻldi. Zuhra kuyov shu ekanini bilib, unga koʻz qirini tashladi, hindchasiga kaftlarini juftlab taʼzim qilib qoʻya qoldi. Samijon oʻsal boʻlib toʻxtadi, soʻrashgani uzatmoqchi boʻlgan qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha orqaga tisarildi. Shu on bir mijoz kassaga pul toʻlagani keldi-da, Zuhra chopib borar ekan, Fotimaga qarab: «Bir aylanib kelinglar, keyin uyga boramiz», dedi. Samijon taʼzim qilib chiqib ketdi. Fotima Samijonning oldida Zuhraning qilmishidan uyaldi, uni uzib-uzib olmoqchi boʻlib panjaraning oldiga bordi, lekin uning mijoziga qilgan muomalasidan yuragi tor, jizzaki boʻlib qolganini fahmlab, shashtidan qaytdi.
— Zuhra, jigarim,— dedi hazil yoʻsinida,— onang hindi emas edi-ku, kuyov bilan oʻzimizcha qoʻl berib soʻrashsang nima qilardi? «Bir aylanib kelinglar» deganing nimasi, uyingga olib boradigan boʻlsang, adresingni ayt, kalitingni ber, biz borib turaylik!

Zuhra qip-qizarib ketdi, choʻntagidan kalit olib, ikki barmogʻi bilan Fotimaga uzatdi, adresini aytdi.

Fotima Zuhraning qilmishi haqida uzr soʻrab, Samijonga uning hali odam koʻrmaganini, odob- axloq oʻrganmaganini, shu tufayli boʻlsa kerak, uyi buzilganini aytib berdi.

Zuhra parkdan nari toʻrt qavatli imoratning zinasi ostidagi uyda turar ekan. Fotima sirtqi eshikni ochib yoʻlakka kirdi, ikki tomonda ochiq turgan eshiklardan uy bilan oshxonaning ahvolini koʻrib Samijondan nomuslarga oʻldi.
— Voy, kim aytadi shu uyda xotin kishi, yoshgina juvon turadi deb!

Samijon uni xijolatdan chiqarishga shoshildi:
— Ziyoni yoʻq, ayni muddao! Zuhraxon yosh, yolgiz, oyogʻi toyilmadimikan deb qoʻrqqan edim, yoʻq, xayriyat... bu uyga erkak zoti emas, odam bolasi oyoq bosmaganga oʻxshaydi. Bechoraning dugonasi ham boʻlmasa kerak.

Ikkovi uy bilan oshxonani yigʻishtirdi, tozaladi.

Ishdan keyin Zuhra sariq qogʻoz xaltachada bir nima koʻtarib keldi, oshxonaga kirib ketdiyu, koʻp oʻtmay uyga tovoqda ovqat koʻtarib kirdi. Ovqat aslida chuchvara boʻlib, qaynatishda sovuq suvga solingan boʻlsa kerak, xamiri bilan qiymasi qorishib yotar edi. Zuhra magazindan olingan tayyor chuchvarani qaynatishni ham bilmaganidan zarracha xijolat emas, aksincha, qozon-tovoqqa yoʻqligini shu bilan yana bir marta pisanda qilganidan mamnun koʻrinar edi. Fotima tegishdi:
— Ilgari ayamga malay, qaynanangga choʻri boʻlib qolishdan qoʻrqib, qozon-tovoqqa qoʻl urmasding, endi nimadan qoʻrqasan, hech boʻlmasa oʻzing uchun oʻrgansang boʻlmaydimi?

Zuhra kuldi.
— Shu bilganim oʻzimga etadi, chuchvaradan maqsad, goʻsht bilan xamir eyish boʻlsa ikkovi ham turibdi, qoʻshib eyaveraman!
— Axir bir kuni ering kelar, yarasharsizlar... Zuhra yarashishdan umidi boʻlmasa kerak:
— Men ozodligimni hech qanaqa erga alishmayman!— dedi. — Yolgʻizlikning oʻzi bir tutqunlik emasmi?— dedi Samijon kulib.

Zuhra eri toʻgʻrisida qizishib gapira ketdi, bu gaplarning tagida faqat: «Mening qadrimga etmadi, menday xotinning qadriga etmadi» degan bir alam yotar edi. Bu alam, aftidan, uni kemirib, soʻrib, darmonini quritibdi va «dunyo shu oʻzi, hayotda hech kim oʻz qadrini topolmaydi«, degan koʻyga solib qoʻyibdi. Endi maʼlum boʻlishicha, Zuhraning uy tutishi, kiyim- boshi, oʻziga qaramay qoʻyganligi shuning oqibati, hozirgi har bir gapi, harakati shuni taʼkidlar, hatto dasturxonni yigʻishtirganida, boʻsh tovoqni olib chiqib ketayotganidagi raftori, aft-angori, butun vujudi: «E, olam eli, mana, koʻrdingizmi, men nechogʻliq xorlik, zorlik tortayotibman!» deb turganga oʻxshar edi.

Choy mahalida hech kimdan sado chiqmadi. Samijon gap ochishning mavridi keldi, degan maʼnoda Fotima bilan koʻz urishtirib olganidan keyin:
— Kuyov bilan bunaqa arazlashib qolgan boʻlsalaring yakka oʻzingiz shahri azimda nima qilasiz, qishloqqa keta qolaylik, — dedi.

Zuhra anchadan keyin javob berdi:
— Shahardan qishloqqa... bir qadam orqaga qaytish boʻlmasmikan?

Fotimaning achchigʻi keldi.
— Orqaga qaytish boʻlsa nima, nurli choʻqqidan tushib qolasanmi?

Zuhra bir vaqtlar ota-onasiga yozgan xatida: «Kelajakning nurli choʻqqilari tomon bormoqdamiz», degani esida bor ekan, rangi boʻzarib ketdi.
— Taʼna qilma!— dedi labi pirpirab. — Men nurli choʻqqiga etolmagan boʻlsam... sigir minib sen etib borasan!..

Bu gap Samijonga ham tegib ketdi.
— Odam intiladigan choʻqqi togʻ choʻqqisi singari bulutlar orasida emas, erda boʻladi, — dedi Samijon.

Fotima uning javobiga qanoat qilmadi:
— Ayam mendan rozi boʻlib koʻz yumdilar, dadam ming marta rozilar; dugonalarim, qavm- qarindosh, butun kolxoz mendan rozi, mening uchun bundan balandroq choʻqqi bormi! Sendan kim rozi? Hatto suyub olgan ering ham rozi boʻlmabdi-ku! Sen qanaqa choʻqqiga intilgan eding?

Zuhra pushti roʻmolchasini lunjiga bosganicha kursiga qapishib ketdi. Uning ahvolini koʻrib Fotima shu gapni gapirganidan pushaymon boʻldi. Zuhraning koʻzlari yumuq, qalin kipriklari orasidan yosh sizar edi. Zuhra turib-turib birdan Fotimaga oʻzini otdi, uni qattiq quchoqladi, ichidan xuruj qilib kelayotgan faryodni yutish uchun yuzini uning qorniga ishqab toʻlgʻandi, infadi, soʻng oʻzini erga otdiyu, boshini karavotning poyasiga bir necha marta urdi. Samijon uni koʻtarib karavotga yotqizdi. Fotima nima qilishni bilmas, qoʻrqib nuqul: «Mengina oʻlay» der, uning boshini silar edi...

Bugun shanba kuni Zuhra qizini yaslidan olishi kerak ekan, vaqtida bormagani uchun qorongʻi tushganda murabbiyasi Venerani olib keldi. Zuhra bularning tovushini eshitib koʻzini ochdi. Murabbiya Zuhraning kasalligini koʻrib hol-ahvol soʻradi, keyin Venerani unga tomon yoʻlladi. Venera uning etagidan mahkam ushlab turaverdi. Fotima darrov sezdi: Zuhra yuragi torlik qilgan paytlarda qiz bechorani koʻp urishib, ehtimol urib oʻzidan bezdirib qoʻyibdi. Buni Samijon ham payqadi. Haqiqatan, Fotima «kel» deb qoʻl choʻzgan edi, qiz bir oz begonasirasa ham yugurib bordi va uning quchogʻiga oʻrnashib, onasiga xoʻmrayib qaradi. Mehmonlar toʻrt kun turib qolishdi. Fotima Zuhra bilan, Samijon mehmonxonada yotib yurdi. Venerani yasliga eltishmadi, Samijon oʻynatib, javratib yurdi.

Beshinchi kuni Zuhra butkul tuzalib, ishga chiqadigan boʻlgandan keyin mehmonlar ketadigan boʻlishdi. Zuhrani qishloqqa, hatto toʻyga taklif qilish ham noqulay boʻlib qoldi. Bular uchun cholga: «Zuhra eson-omon yuribdi, qizi katta boʻlib qolibdi», degan xabarni eltish ham katta gap edi.

Zuhra bularni avtobus stantsiyasiga kuzatib chiqdi. Avtobus tayyor ekan. Fotima Venerani koʻtarib olgan, avtobusga chiqqani uni Zuhraga uzatgan edi, Venera «dod» deb Fotimaga chirmashib oldi, unga ham ishonmay Samijonga intildi. Zuhra xijolat boʻldi. Shu choq avtobus yoʻlovchilarni qistab ustma-ust gudok berdi. Fotima yopilayotgan eshikdan avtobusga chiqib, bolani derazadan Zuhraga uzatmoqchi boʻldi. Venera yana chirillab, Fotimaning sochini changallab oldi. Avtobus ketidan tutun chiqarib yurib ketdi.

Samijon derazadan boshini chiqarib qichqirdi:
— Zuhraxon, oʻzingiz borib olib keling! Shu hafta ichi boring, kutamiz!

Zuhra koʻzi jiqqa yoshga toʻlib, qoʻlidagi katak roʻmolchasini siltadi: shunday yaxshi qizi borligini, uni koʻp urishib oʻzidan bunchalik bezdirib qoʻyganini endi payqadi; bilagiga

tashlab olgan jeletkasi oyogʻi ostiga tushganidan bexabar, avtobusning ketidan bir-ikki qadam bosdi...