OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qahhor
Asar nomiHiqichoq (fel'eton)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Abdulla Qahhor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Fel'etonlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hiqichoq (fel'eton)
Abdulla Qahhor

Uchinchi signal boʻlib, chiroq oʻchadigan paytda zalga hiqichoq tutgan bir mast kirib keldi. U, boʻsh joy izlab, shomda qolgan tovuqday boʻynini choʻzib, u yoq-bu yoqqa qaradi, aftidan, hech narsani koʻrmas edi. Kontrolyor uning qoʻlidan biletini olib koʻrdi-yu, boʻsh joyga yoʻlladi. Mast dam-badam hiqillab, qator orasidan odamlarga ketini ishqab oʻtib borar ekan, oyogʻi chalmashib bir xotiining tizzasiga oʻtirib qoldi; xotinning dashnomi qulogʻiga kirmay, shoshmasdan oʻrnidan turdi, nihoyat, boʻsh joyga oʻtirib yana bir marta «hiq» dedi.

Chiroq oʻchdi. Parda ochildi. Sahnaning oʻrtasida gʻoz turgan artist koʻziga ikkita koʻrindi shekilli, mast bir koʻzini hovuchi bilan berkitib qaradi; artist ashula aytayotibdi, deb oʻyladi shekilli, tizzasiga urib:
— Doʻst! — dedi.

Uning yonida oʻtirgan kimdir turtdi:
— Jim!..

Mast unga yuzlandi.
— Men sizga doʻst deyatganim yoʻq, oshna! Siz nima qilibsizki... hiq... doʻst deyishlik kerak!.. «Figʻonkim gardishi davron»ni bilasizmi? Hiq... bilmaysiz!..
— Sahnaga qarang, pulingiz kuyadi!
— Mening pulim kuyadigan pullardan emas... Lekin, qarasam qarayveraman, xohlasam bir koʻzim bilan... hiq... qarayman, xohlasam ikkala koʻzim bilan qarayman! Oʻzimning koʻzim, oʻzimning biletim, oʻzimning... hiq... pulim!

Mast yonidan papiros oldi, engashib gugurt chaqqan edi. Atrofda bosinqi gʻovur koʻtarildi. Oʻtib borayotgan kontrolyor mastga tomon engashib, qattiq shivirladi:
— Chekmang, shtraf qilaman!
— Ie, opajon, bilet olganimizda shtrafi... hiq... ichida degan edi-ku! Kech... kechirasiz, men bu yerni kino debman... Shtraf emish, men nima gunoh qilibman? Kuchingiz faqat bizga yetar ekan-da! Bularga nega indamaysiz yo bular pora berishganmi? Biz ham naqd pulga... hiq... bilet olganmiz! Men birovni soʻkmasam, birovni urmasam... Birovni ursam, ehtimol, mayda bezorilikka... hiq... kirar edi. Meni hozir hech kim hech narsa qilolmaydi! Qoʻlingizdan kelsa, bilasizmi... hiq... hiqichogʻimni toʻxtatib bering!

Mastni hech tiyib boʻlmas edi. Unga na yonidagi odamlarning yolvorishi kor qilar edi, na kontrolyorning poʻpisasi. Kontrolyor poʻpisa qilgan sayin mast avj qila boshladi, aftidan, shovqin soladiganga oʻxshab qoldi. Shunda mastning orqasida oʻtirtan bir yigit kontrolyorga «Siz ketavering, oʻzimiz eplaymiz» degan ma’noda ishora qildi-yu, engashib, mastning qulogʻiga shivirladi:
— Yashang! Xotiningiz ham kayfi oshsa, hiqichoq tutib, xuddi oʻzingizday juda shirin boʻlar ekan!

Mast irgʻib oʻrnidan turdi.
— Qaerda koʻrdingiz?
— Eshikning tagida hiqillab oʻtiribdi...
—Xotinim ichmas edi-ku! Qachon koʻrdingiz? — dedi mast va yigitdan javob kutmay, javraganicha joʻnab qoldi. — Hozir chiqib sakson sakkiz taloq qoʻyaman! Menga ichadigan xotin kerakmas! Ichadigan boʻlsa ichadigan erga... yoʻq, ichmaydigan erga tegsin!
— Chakki bunaqa dedingiz,— dedi yigitning yonida oʻtirgan bir xotin, — hozir qaytib kelib yoqangizdan ushlasa, nima javob berasiz?

Yigit beparvo javob berdi:
— Hali-veri kelmaydi: uyiga boradi, xotinini chiroqqa solib koʻradi, ogʻzini iskaydi, qasam ichirib, soʻroq qiladi... Ungacha spektakl tamom boʻladi.

Bosinqi kulgi qoʻtarildi.