OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qahhor
Asar nomiNurli choʻqqilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qahhor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nurli choʻqqilar (hikoya)
Abdulla Qahhor

«
Goho yer mehrini oʻylarkan,
Esga tushar dorning siyogʻi;
Ajab hikmat: odam oʻlarkan
Uzilganda... yerdan oyogʻi.

Abdulla Oripov
»

Toʻqqizinchi sinf a’lochilaridan, temir-tersakni hammadan koʻp yigʻib, oti radiodan aytilgan va maktab ma’muriyatidan rahmatlar eshitgan Zuhraxon degan qiz yoʻqolib qoldi.

Oʻsha kasofat shanba kuni maktabdan qaytishda Zuhra kitob-daftarlarini opasi Fotimaga berib, lola tergani qirga chiqqan ekan, qaytib kelmabdi. Uning ota-onasi avvaliga qargʻab, keyin yigʻlab butun lolazorni, butun qishloqni taka-taka qildi. Maktab ma’muriyati bulardan ham koʻproq jon kuydirdi — jamoa ijroqoʻmiga aytib butun qishloqni oyoqqa turgʻizdi, tumanga ma’lum qildi, chunki sinfda a’lochi qiz toʻrtta boʻlsa —Zuhra uning yigirma besh protsentini tashkil qilar edi.

Chol-kampir boshqa xunuk xayollarga bormaslik uchun bir-birini ovutdi: Zuhra qoqvosh, ta’bi nozik, dimogʻdor qiz boʻlib, maktabdoshlariga qoʻshilmas edi, shahardan lola tergani chiqqan qizlardan birontasi ta’biga yoqib, oʻsha bilan oʻynab ketgan boʻlsa ajab emas. («Biron yigit bilan qochib ketmadimikan«, degani til bormas edi.) Koʻngliga yoʻl berish mumkin boʻlgan va birdan-bir xayriyatli gumon shu boʻlib qoldi. Haqiqatan, shanba va yakshanba kunlari shaharlik yoshlar bitta danak topsa shu lolazorga kelib chaqib yer edi. Bularning ichida chiroyligi bor, shoʻxi bor, boyvachcha tabiati bor, bevoshi bor... Buning ustiga Zuhra nihoyatda koʻzga yaqin, bir qaragan kishi, koʻzi xira tortib, yana qaragisi kelar, xususan, xonatlas koʻylak kiyib sochini "laylak uya" qilganida maqtoviga »chiroyli» degan soʻz goh kamlik, goh eskilik qilib qolar edi.

Zuhra oʻziga munosib, ya’ni yaxshi oʻqiydigan suxsurdakkina biron yigit bilan ketgan, degan umidda chol bilan kampir bir oz taskin topgan boʻldiyu, lekin Fotima baloga qoldi: «Zuhra lola tergani boraman, desa, bitta oʻzini yuboraverdingmi? Birga borsang oyogʻingga kuydirgi chiqarmidi, muncha noshud-notavon, muncha ham anqov-lakalov boʻlmasang!..»

Kampir bunaqa gaplarni alam ustidagina emas, umuman, kuyib aytar, chunki shoʻx va shaddod Zuhraga qaraganda Fotima boʻshtobroq, shoʻxlik husnning pardozi boʻlsa kerak, ikkovi bir olmaning ikki pallasi boʻlsa ham, Zuhraning oldida uning istarasi soʻnikroq koʻrinar edi.

Oradan oʻn kun oʻtgach, Fotima maktabdan yigʻlab keldi: Zuhra tufayli sinfda davomat ancha pasaygani uchun uni sinf daftaridan oʻchirmoqchi boʻlishibdi. Bu gap chol-kampir uchun Zuhraning oʻlimi xabari bilan barobar boʻldi. Fotima yana zixnovga qoldi:
— Sen palpis-pandavaqi boʻlmasang, boshimizga shunday kunlar tushmas edi! Zuhra sendan kichik, lolazorga boraman deganida yoʻlini toʻssang, unamasa, sochidan sudrab olib kelsang boʻlmasmidi! Ahvoling shu boʻlsa holingga voy, er olmaydi, boshimga yostiq oʻlasan!..

Fotima bunaqa ta’na-dashnomlarni koʻp eshitdi, nihoyat, jon-jonidan oʻtib ketdiyu, yigʻlab dedi:
— Ayajon, hamma aybni menga toʻnkayvermang, axir Zuhraga mening soʻzim emas, oʻzingizning soʻzingiz ham oʻtmas edi-ku! Hu ana unda, ozib-yozib bir ish buyurib, «Qizim, toʻrttagina piyoz archib ber« deganingizda teskari qarab, »Men senga malay emasman» degani esingizdan chiqdimi! Shunda ham indamadingiz. Men esimni taniganimdan beri sizga qarashaman, roʻzgʻor ishini butkul qoʻlimga olsamu sizni yetti qavat koʻrpachaga oʻtqazib qoʻysam deyman! Nahot, ota-onaning izzatini, xizmatini qilgan kishi malay boʻlsa! Hamma ayb oʻzingizda, yaxshi oʻqisin, deb Zuhrani juda erkalatib yuborgan edingiz! Qizimning qoʻli qavaradi, deb oʻsmasini ham oʻzingiz siqib berar edingiz!

Kampir Fotimaning soʻzlariga qarshi lom-mim deyolmay qoldi: haqiqatan, oʻzi vaqtida oʻqiyolmay qolib, hayotida nima kamlik, qanday qiyinchilik tortgan boʻlsa hammasini ilmsizlikdan koʻrgan, zehni oʻtkir Zuhraning ilmga tezroq toʻlishini koʻzlab, uning maktabdagi kilday yutugʻi oldida uydagi filday gunohini payqamagan edi. Shundan keyin Fotima zixnovdan qutuldi, lekin kampirning gʻamiga gʻam qoʻshildi, Zuhradan xat kelguncha yaqin bir oy boʻyi oʻzini oʻzi yeb, mushtdakkina boʻlib qoldi.

Zuhra bosh-keti yoʻq toʻmtoq xatida shundoq debdi:

«Turmush oʻrtogʻim bilan koʻnglimizning amrini bajarib, baxtiyor oilalar safidan mustahkam oʻrin egalladik va baxtli turmush quchogʻida oqib, kelajakning nurli choʻqqilari tomon bormoqdamiz. Sizlar feodalizmning uqubatli quchogʻida yashagansizlar, yuksak ideallarga asoslangan muhabbat nima ekanini bilmaysizlar, shuning uchun mendan xafa boʻlmanglar, xursand boʻladigan kunlaring yaqinlashib kelmoqda ».

Fotima xatning boshiga «aziz dadajonim, mehribon onajonim«, oxiriga - »sizlarga sihat-salomatlik tilayman» degan soʻzlarni qoʻshib oʻqidi. Xatda na adres bor, na imzo, konvertga shahar oʻn birinchi aloqa boʻlimining muhri bosilgan edi.

Xatning «baxtli turmush, nurli choʻqqi» degan joylari kampirga tasalli berdi. Lekin chol xatni Fotimaning qoʻlidan yulqib oldi, qoʻyniga tiqdiyu toʻnini yelkasiga tashlab shaharga joʻnadi va shu ketganicha bir hafta deganda keldi: Zuhrani qidirib oʻn birinchi aloqa boʻlimiga qarashli hamma xonadonga bir-bir bosh tiqibdi: maktab, idora, korxonalardan soʻroqlabdi: nihoyat, shahar militsiya boshqarmasiga uchrabdi. Militsiya toʻrt kundan keyin: «Shaharga bunaqa ayol yozilgan emas», deb javob beribdi.

Kuzga yaqin tumanda katta majlis boʻlgani, majlisda Zuhra va uning maktabi ogʻizga tushgani, xunuk-xunuk gaplar aytilgani toʻgʻrisida mish-mish tarqaldi. Bu mish-mishlar ramaqdajon boʻlib yurgan kampirni yiqitdi. Kampir uzoq yotib qoldi.

Qish oʻtdi. Bahor keldi. Zuhraning na tirigidan darak bor edi, na oʻligidan. Chol ba’zan, juda kuyib ketgan vaqtlarida boshiga mushtlab: «Juvonmargga aza och, aza ocha qol», deb yigʻlardi.

Fotima maktabni bitirdi. Uning niyati yana oʻqish edi, biroq chol-kampir: «Oʻqish shu boʻlsa - bas, maktablarga oʻt tushsin«, deb turib oldi. Bundan tashqari, Zuhra bunaqa boʻlganini, onasi ne ahvolda yotganini koʻrib Fotima bu niyatidan qaytdi, ish soʻrab raisning oldiga bordi. Rais Fotima haqida onasining «noshud-notavon» qabilidagi soʻzlarini eshitgan ekan, uning aftiga ham qaramasdan, ferma mudiri ixtiyoriga yubordi va ketidan mudirga telefon qilib: »Ish-pish topib ber», dedi.

Fotima fermada «ish-pish« qilib yurgan edi, bir kuni gapdan gap chiqdiyu, Fotima sigir degan jonivorning befarosatligidan nolib: "Men rais boʻlsam, sigir boqib oʻtirmas edim, olimlar bilan birgalashib, yem-xashakning oʻzidan sut oladigan mashina chiqarar edim", dedi. Sogʻuvchilar xoʻp kulishdi. Bu gap raisning ham qulogʻiga yetgan ekan, fermaga kelganida Fotimaning yelkasiga qoqib: »Durust, durust, kallada xom xayol boʻlsa ham boʻlgani, kalla boʻsh turmagani yaxshi», dedi va oradan koʻp oʻtmay uni sogʻuvchilikka oʻtkazdi. Bu kunlarda ferma sigirlarni mashinada sogʻishga oʻtgan boʻlib, sigirlar hali oʻrganmagan, koʻpi mashinaning ichagini koʻrsa yuragi yorilib boshini sarak-sarak qilar, pishqirar, sogʻuvchini suzish payida boʻlar edi. Fotima pastdan yuqori boʻlganiga suyunib, mashinaga qiziqib, bu ishga shavq bilan kirishib ketdi.

Kampir oʻsha yotganicha qovun pishigada bir oz oʻngʻarilib oʻrnidan turdi, lekin koʻp oʻtmay yana yotib qoldi, shu yotganicha boʻlak turmadi — vafot qildi. Zuhra azaning toʻqqizinchi kuni kirib keldi. Chol uni koʻrib qargʻashga ogʻiz ochdiyu, lekin qargʻayolmadi, «Boʻyning uzilmasin, bolam» deb hoʻngrab yubordi. Zuhra kattakon qizil roʻmol oʻrab olgan, katak roʻmolchasini lunjiga bosib soldatchasiga gʻoz turar, aftidan, onasining xotirasini oʻzicha hurmatlar edi. Uning kelganini eshitib qoʻni-qoʻshni koʻngil soʻragani chiqishdi. Zuhra xotinlarga orqasini oʻgirib turaverdi. Fotima, bechoraning yuzi shuvut, deb oʻyladi-da, uni sekin turtib:
— Bunaqa vaqtda hech kim oʻtgan gapni eslamaydi. Uyalma, bularga bir nima degin...— dedi.

Zuhra yuzi shuvut emas, xotinlarning koʻngil soʻrashini ham, bunga javoban «koʻnglimni koʻtarganlaring uchun rahmat» degan ma’nodagi gapni ham eskilik deb bilgani uchun shunaqa qilib turgan ekan, Fotimaga yalt etib qaradi:
— Nimadan uyalaman, erkin muhabbat masalasini Navoiy, Tolstoylar koʻtargan! - dediyu, burilib uyga kirib ketdi. Fotima odamlardan hijolat boʻlib, uni kasalga chiqardi.

Fotima odamlarni kutdi, kuzatdi, ayvonda allamahalgacha otasi bilan gaplashib oʻtirdi, keyin unga joy solib berdi-da, yotgani uyga kirdi. Zuhra hanuz uxlamagan ekan, yigʻlayverib shishib ketibdi. Buni koʻrib Fotimaning gina-kudurati yozildi, uning qilmishi, yozgan toʻmtoq xati, boyagi gapi xususida koʻngliga tugib qoʻygan oʻpka-ta’na soʻzlarini aytmadi, aksincha, uni yupatdi, turmushini soʻradi. Zuhra bundan oʻn bir oy muqaddam qornida besh oylik bolasi bilan eridan chiqqan ekan.
— Ota-onasi feodal, feodalizmning uyasi, meni choʻri, uy choʻrisi qilmoqchi boʻlishdi! Oʻzing bilasan, uy-roʻzgʻor ishiga uquvim yoʻq, qozon-tovoqni jinimdan battar yomon koʻraman. Shuning uchun ayam meni faqat oʻqitganlar, men ham yaxshi oʻqiganman. Yoʻq, bularga men oqsoch boʻlishim kerak ekan! Xizmatchi olgani qoʻyishmadi, «Moskvich«imizni sottirib yuborishdi. Bundan tashqari: "Yengsiz koʻylak kiyma! Birovning oldida kerishma! Qahvaxonaga buncha koʻp borasizlar!.." Bezor boʻldim! Chiqdim ketdim!.. Lekin erim meni yaxshi koʻrardi: qoʻlida koʻtarib yurardi, koʻchaga chiqsa, albatta bir nima olib kelardi... Bechora uch-toʻrt oy xoʻp qatnadi, yalindi. »Oʻsha ota-onang bor ekan, uyingni yelkamning chuquri koʻrsin», dedim. Uch marta onasi, bir marta otasi keldi, ikkovini ham qabul qilmadim!

«Qabul qilmadim» degan gapni Fotima hazm qilolmadi, katta boshini kichik qilib kelgan va eshikdan qaytgan moʻysafidlarni koʻz oldiga keltirib yigʻlaguday boʻldi.
— Ering ota-onasidan kechsinmi?— dedi.
— Kechmasa ham... yoshlar yashashi kerak!
— Bularni toʻrqovoqqa solib shipga osib qoʻyish kerakmi? Shu talabni ering qoʻysa, sen nima der eding?

Zuhra «bunaqa gaplarni sen tushunmaysan» degan ma’noda boshqa gapga oʻtdi:
— Maktabni durustroq bitirdingmi? Sening toleingga ayam bunaqa boʻlib qoldilar... Yanagi yilga qaysi institutga kirasan?

Fotima hayron boʻlib soʻradi:
— Dadamni yolgʻiz tashlab qayoqqa boraman?
— Toʻgʻri, lekin, dadam dunyodan oʻtib borayotipti, sen dunyoga endi qadam qoʻyayotibsan!

Fotima esnab:
— Ishga kirdim, fermada sigir sogʻayotibman...— dedi.

Zuhra birdan boshini koʻtardi.
— Nima? Oʻn yil oʻqib sigir bilan tappidan boshqa narsaga aqling yetmadimi?

Zuhra arazlab orqasini oʻgirdi, lekin Fotima bu ishga vaqtincha, noilojlikdan kirganini, oʻqish toʻgʻrisidagi rejalarini aytar, deb xoʻp kutdi, biroq Fotima xayal oʻtmay mushukchaday mayin xurrak otdi.

Fotima tong yorishganda uygʻondi. Zuhra undan oldinroq turib, ketib qolibdi — kim biladi, ertalab yana odam yigʻiladi, dedimi, yo «erimdan chiqqanimni Fotima aytib qoʻyadi» degan oʻyda otasiga roʻpara boʻlgani yuzi chidamadimi...

Zuhraning iziga tushib boʻlmadi. Fotima uning erdan chiqqanini dadasiga aytmay qoʻya qoldi, yarashib ketar, deb oʻyladi.

Oylar oʻtdi.

Bu orada Fotima ishga shoʻngʻib ketdi. Ma’lum boʻlishicha, sigir degani yem-xashak, sutu tappidan, sogʻuvchilik ishi yelin tortishu sut chiqarishdangina iborat emas, sigir degan maxluq shuncha befarosatligi bilan sogʻuvchining mehrini, mehnatini, bilimini sezar, shunga qarab sut berar ekan. Fotima shuni bilganidan keyin ishda kun sayin ochila bordi, shundoq boʻldiki, rais hisobot-saylov majlisida «kesakdan oʻt chiqqani«ga xursandlik izhor qilib, bir qancha qiziq gaplar gapirganidan keyin uni ilgʻor sogʻuvchilar qatoriga qoʻshdi. Yaxshi sogʻuvchi boʻlgani, rais qoʻshigʻiga qoʻshgani uchun Fotima kolxozda otning qashqasi boʻlib qoldi. Faqat shoʻxlik—shaddodlik emas, shuhrat ham husnning pardozi ekan shekilli, Fotima birdan ochilib ketdi: ana qora yolqin tashlaguvchi koʻzlaru, ana tutab turgan payvasta qoshlaru, yoshlarning ishtahasini ochadigan kuldirgichlaru... Zuhra xonadonga dogʻ solib ketganidan keyin koʻp odam: »Endi Fotima qariqiz boʻlib oʻtirib qoladi», deb taxmin qilgan edi, yoʻq, jazman ustiga jazman chiqaverdi: raisning qaynisi, kolxozning montyori, buxgalterning oʻgʻli, ximizator, apteka mudiri... Fotima yaqinda oʻqishni bitirib, fermaga hayvonot doktori boʻlib kelgan Samijon degan yigitga mayl berdi.

Samijon koʻp mulohazali yigit ekan, toʻy cholga ham tatisin, degan maqsadda Zuhrani xoʻp qidirdi, olti hafta qidirib, oxiri daragini topdi. Uning bir oʻrtogʻi Zuhrani shahar kutubxonasining zalida koʻribdi. Zuhra zalda oʻtirgan boʻlsa, demak, kutubxonaga a’zo, a’zo boʻlsa oʻsha yerda adresi boʻlishi kerak.

Ikkovi shaharga borib, haqiqatan, kutubxonadan Zuhraning adresini topdi. Zuxra markaziy hammom qoshidagi sartaroshxonada kassir boʻlib ishlar ekan. Samijon eshikda qolib, sartaroshxonaga Fotima kirdi va koʻk yogʻoch panjara ichida oʻtirgan Zuhrani koʻrib yuragi shigʻ etib ketdi: ozib choʻp boʻlib ketibdi, bukchayibdi, shunday sochdan chilvirdakkina ikkita kokil qolibdi...

Zuhra Fotimaga koʻzi tushib, xuddi yalangʻoch oʻtirganida ustiga birov kirib qolganday shoshib, sariq roʻmolini yelka aralash boshiga tashladi, beixtiyor panjaradan chiqib keldi.
— Nega, nega kelding?.. Men bu yerda vaqtincha ishlab turibman...
— Yaxshimisan... Ering yaxshimi, — dedi Fotima «yarashdingmi» deyolmay.
— Ketib qolgan, allaqachonlar ketib qolgan. Leningradda, oʻqishda...
— Bolang katta boʻlib qoldimi?..
— Venera bogʻchada, — dedi Zuhra va bundan ortiq gap soʻrashini istamadi shekilli, oʻzi savol berdi: — Erga tegayotgan emishsan deb eshitdim, kim oʻzi?

Fotima toʻy uning qishloqqa borishiga qarab qolganini aytishga shoshilib:
— Oʻzimizning qishloqdan, fermada hayvonot doktori, - dedi.

Zuhra labini burdi.
— Sigir doktori degin! Tappi tappidan yiroq tushmas ekan-da!

Fotimaning dami ichiga tushib ketdi. Shu asnoda Samijon kirib keldi. Fotima ikkovini tanishtirishini ham bilmay qoldi, tanishtirmasligini ham, lekin uning Zuhraga tomon iljayib borayotganini koʻrib «Samijon!« deyishga majbur boʻldi. Zuhra kuyov shu ekanini bilib, unga koʻz qirini tashladi, hindchasiga kaftlarini juftlab ta’zim qilib qoʻya qoldi. Samijon oʻsal boʻlib toʻxtadi, soʻrashgani uzatmoqchi boʻlgan qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha orqaga tisarildi. Shu on bir mijoz kassaga pul toʻlagani keldi-da, Zuhra chopib borar ekan, Fotimaga qarab: »Bir aylanib kelinglar, keyin uyga boramiz», dedi. Samijon ta’zim qilib chiqib ketdi. Fotima Samijonning oldida Zuhraning qilmishidan uyaldi, uni uzib-uzib olmoqchi boʻlib panjaraning oldiga bordi, lekin uning mijoziga qilgan muomalasidan yuragi tor, jizzaki boʻlib qolganini fahmlab, shashtidan qaytdi.
— Zuhra, jigarim,— dedi hazil yoʻsinida,— onang hindi emas edi-ku, kuyov bilan oʻzimizcha qoʻl berib soʻrashsang nima qilardi? «Bir aylanib kelinglar» deganing nimasi, uyingga olib boradigan boʻlsang, adresingni ayt, kalitingni ber, biz borib turaylik!

Zuhra qip-qizarib ketdi, choʻntagidan kalit olib, ikki barmogʻi bilan Fotimaga uzatdi, adresini aytdi.

Fotima Zuhraning qilmishi haqida uzr soʻrab, Samijonga uning hali odam koʻrmaganini, odob-axloq oʻrganmaganini, shu tufayli boʻlsa kerak, uyi buzilganini aytib berdi.

Zuhra parkdan nari toʻrt qavatli imoratning zinasi ostidagi uyda turar ekan. Fotima sirtqi eshikni ochib yoʻlakka kirdi, ikki tomonda ochiq turgan eshiklardan uy bilan oshxonaning ahvolini koʻrib Samijondan nomuslarga oʻldi.
— Voy, kim aytadi shu uyda xotin kishi, yoshgina juvon turadi deb!

Samijon uni xijolatdan chiqarishga shoshildi:
— Ziyoni yoʻq, ayni muddao! Zuhraxon yosh, yolgiz, oyogʻi toyilmadimikan deb qoʻrqqan edim, yoʻq, xayriyat... bu uyga erkak zoti emas, odam bolasi oyoq bosmaganga oʻxshaydi. Bechoraning dugonasi ham boʻlmasa kerak.

Ikkovi uy bilan oshxonani yigʻishtirdi, tozaladi.

Ishdan keyin Zuhra sariq qogʻoz xaltachada bir nima koʻtarib keldi, oshxonaga kirib ketdiyu, koʻp oʻtmay uyga tovoqda ovqat koʻtarib kirdi. Ovqat aslida chuchvara boʻlib, qaynatishda sovuq suvga solingan boʻlsa kerak, xamiri bilan qiymasi qorishib yotar edi. Zuhra magazindan olingan tayyor chuchvarani qaynatishni ham bilmaganidan zarracha xijolat emas, aksincha, qozon-tovoqqa yoʻqligini shu bilan yana bir marta pisanda qilganidan mamnun koʻrinar edi. Fotima tegishdi:
— Ilgari ayamga malay, qaynanangga choʻri boʻlib qolishdan qoʻrqib, qozon-tovoqqa qoʻl urmasding, endi nimadan qoʻrqasan, hech boʻlmasa oʻzing uchun oʻrgansang boʻlmaydimi?

Zuhra kuldi.
— Shu bilganim oʻzimga yetadi, chuchvaradan maqsad, goʻsht bilan xamir yeyish boʻlsa ikkovi ham turibdi, qoʻshib yeyaveraman!
— Axir bir kuni ering kelar, yarasharsizlar... Zuhra yarashishdan umidi boʻlmasa kerak:
— Men ozodligimni hech qanaqa erga alishmayman! — dedi.
— Yolgʻizlikning oʻzi bir tutqunlik emasmi? — dedi Samijon kulib.

Zuhra eri toʻgʻrisida qizishib gapira ketdi, bu gaplarning tagida faqat: «Mening qadrimga yetmadi, menday xotinning qadriga yetmadi« degan bir alam yotar edi. Bu alam, aftidan, uni kemirib, soʻrib, darmonini quritibdi va "dunyo shu oʻzi, hayotda hech kim oʻz qadrini topolmaydi", degan koʻyga solib qoʻyibdi. Endi ma’lum boʻlishicha, Zuhraning uy tutishi, kiyim-boshi, oʻziga qaramay qoʻyganligi shuning oqibati, hozirgi har bir gapi, harakati shuni ta’kidlar, hatto dasturxonni yigʻishtirganida, boʻsh tovoqni olib chiqib ketayotganidagi raftori, aft-angori, butun vujudi: »E, olam eli, mana, koʻrdingizmi, men nechogʻliq xorlik, zorlik tortayotibman!» deb turganga oʻxshar edi.

Choy mahalida hech kimdan sado chiqmadi. Samijon gap ochishning mavridi keldi, degan ma’noda Fotima bilan koʻz urishtirib olganidan keyin:
— Kuyov bilan bunaqa arazlashib qolgan boʻlsalaring yakka oʻzingiz shahri azimda nima qilasiz, qishloqqa keta qolaylik, — dedi.

Zuhra anchadan keyin javob berdi:
— Shahardan qishloqqa... bir qadam orqaga qaytish boʻlmasmikan?

Fotimaning achchigʻi keldi.
— Orqaga qaytish boʻlsa nima, nurli choʻqqidan tushib qolasanmi?

Zuhra bir vaqtlar ota-onasiga yozgan xatida: «Kelajakning nurli choʻqqilari tomon bormoqdamiz», degani esida bor ekan, rangi boʻzarib ketdi.
— Ta’na qilma! — dedi labi pirpirab.— Men nurli choʻqqiga yetolmagan boʻlsam... sigir minib sen yetib borasan!..

Bu gap Samijonga ham tegib ketdi.
— Odam intiladigan choʻqqi togʻ choʻqqisi singari bulutlar orasida emas, yerda boʻladi, — dedi Samijon.

Fotima uning javobiga qanoat qilmadi:
— Ayam mendan rozi boʻlib koʻz yumdilar, dadam ming marta rozilar; dugonalarim, qavm-qarindosh, butun kolxoz mendan rozi, mening uchun bundan balandroq choʻqqi bormi! Sendan kim rozi? Hatto suyub olgan ering ham rozi boʻlmabdi-ku! Sen qanaqa choʻqqiga intilgan eding?

Zuhra pushti roʻmolchasini lunjiga bosganicha kursiga qapishib ketdi. Uning ahvolini koʻrib Fotima shu gapni gapirganidan pushaymon boʻldi. Zuhraning koʻzlari yumuq, qalin kipriklari orasidan yosh sizar edi. Zuhra turib-turib birdan Fotimaga oʻzini otdi, uni qattiq quchoqladi, ichidan xuruj qilib kelayotgan faryodni yutish uchun yuzini uning qorniga ishqab toʻlgʻandi, infadi, soʻng oʻzini yerga otdiyu, boshini karavotning poyasiga bir necha marta urdi. Samijon uni koʻtarib karavotga yotqizdi. Fotima nima qilishni bilmas, qoʻrqib nuqul: «Mengina oʻlay» der, uning boshini silar edi...

Bugun shanba kuni Zuhra qizini yaslidan olishi kerak ekan, vaqtida bormagani uchun qorongʻi tushganda murabbiyasi Venerani olib keldi. Zuhra bularning tovushini eshitib koʻzini ochdi. Murabbiya Zuhraning kasalligini koʻrib hol-ahvol soʻradi, keyin Venerani unga tomon yoʻlladi. Venera uning etagidan mahkam ushlab turaverdi. Fotima darrov sezdi: Zuhra yuragi torlik qilgan paytlarda qiz bechorani koʻp urishib, ehtimol urib oʻzidan bezdirib qoʻyibdi. Buni Samijon ham payqadi. Haqiqatan, Fotima «kel» deb qoʻl choʻzgan edi, qiz bir oz begonasirasa ham yugurib bordi va uning quchogʻiga oʻrnashib, onasiga xoʻmrayib qaradi.



Mehmonlar toʻrt kun turib qolishdi. Fotima Zuhra bilan, Samijon mehmonxonada yotib yurdi. Venerani yasliga eltishmadi, Samijon oʻynatib, javratib yurdi.

Beshinchi kuni Zuhra butkul tuzalib, ishga chiqadigan boʻlgandan keyin mehmonlar ketadigan boʻlishdi. Zuhrani qishloqqa, hatto toʻyga taklif qilish ham noqulay boʻlib qoldi. Bular uchun cholga: «Zuhra eson-omon yuribdi, qizi katta boʻlib qolibdi», degan xabarni eltish ham katta gap edi.

Zuhra bularni avtobus stantsiyasiga kuzatib chiqdi. Avtobus tayyor ekan. Fotima Venerani koʻtarib olgan, avtobusga chiqqani uni Zuhraga uzatgan edi, Venera «dod» deb Fotimaga chirmashib oldi, unga ham ishonmay Samijonga intildi. Zuhra xijolat boʻldi. Shu choq avtobus yoʻlovchilarni qistab ustma-ust gudok berdi. Fotima yopilayotgan eshikdan avtobusga chiqib, bolani derazadan Zuhraga uzatmoqchi boʻldi. Venera yana chirillab, Fotimaning sochini changallab oldi. Avtobus ketidan tutun chiqarib yurib ketdi.

Samijon derazadan boshini chiqarib qichqirdi:
— Zuhraxon, oʻzingiz borib olib keling! Shu hafta ichi boring, kutamiz!

Zuhra koʻzi jiqqa yoshga toʻlib, qoʻlidagi katak roʻmolchasini siltadi: shunday yaxshi qizi borligini, uni koʻp urishib oʻzidan bunchalik bezdirib qoʻyganini endi payqadi; bilagiga tashlab olgan jeletkasi oyogʻi ostiga tushganidan bexabar, avtobusning ketidan bir-ikki qadam bosdi...