OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdulla Qahhor. Nutq (fel'eton)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qahhor
Asar nomiNutq (fel'eton)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qahhor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Fel'etonlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/19
Manbahttp://www.ziyouz.com...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nutq (fel'eton)
Abdulla Qahhor

«Keng eshituvchilar ommasiga moʻljallangan» notiqlardan biri ishdan qaytib kelganida xotini boʻyniga osilib, koʻziga yosh oldi.
— Siz meni yaxshi koʻrmaysiz… Turmushimizdan xursand emassiz… Shu soatgacha, shu minutgacha kutdim, bir ogʻiz aytmadingizki, bir yostiqqa bosh qoʻyganimizga bir yil boʻldi…

Notiq haqiqatdan buni unutgan edi, lekin gap otdi:
— Iye, - dedi, - hali toʻyimizga bir yil boʻldimi! Bir yil? Shunday rohat turmushimizdan, shunday shirin umrimizdan darrov bir yili ketdimi! Oh, dod deyman…

Xotin iljayib, turli noz-ne’mat gullar bilan bezatilgan stolni koʻrsatdi. Er-xotin oʻtirishdi. Xotin ryumkalarga vino quyib:
— Qani, - dedi, - bir nima demaysizmi?
— Bir nima deyaymi?
— Voy, hali indamasdan ichmoqchmisiz?

Notiq ryumkani olib oʻrnidan turdi. Qoshlari chimirildi, rangi bir oz oʻzgardi, avval ryumkaga, keyin uyining burchagiga qarab soʻz boshladi:
— Oʻrtoq rafiqam! Ijozat berasiz, xushchaqchaq hayotimizni sharaf bilan davom ettirib, oilaviy burchimizni namunalik bajarib kelayotganimizga bit yil toʻlgan kunda sizni bevosita tabrik qilishga!

Xotin bu muqaddimani hazil gumon qilganligi uchun qiyqirib chapak chaldi. Notiq yana ham jiddiyroq qiyofada davom etdi:
— Bundan 365 kun muqaddam siz bilan biz oʻz hayotimizda qat'iy burilish yasab, zoʻr sinovlar sharoitiga bevosita qadam qoʻydik. Ilgarigi vaqtda faqat erkak, endilikda esa ham erkak, ham xotin boshchilik qiladigan oila masalasi oʻzingizga ma’lum boʻlganligi uchun bunga keng ravishda toʻxtab oʻtirishni lozim koʻrmayman.

Notiq oila toʻgʻrisida oʻz fikrini bayon qilganidan soʻng «Xotin va sotsializm» degan kitobning bir yeridan uch, yana bir yeridan ikki, yana bir yeridan bir yarim sahifa oʻqib berdi. Xotin bu orada ikki marta ogʻzini ochmasdan esnadi, qoʻlidagi ryumkani stolga qoʻydi.

Notiq davom etdi:
— Siz bilan biz bir yillik oilaviy faoliyatimiz natijasida qanday yutuqlarga erishdik? Avvalo shuni ta’kidlab oʻtish kerakki, biz u yoki bu masalada yuz beradigan prinsipial kelishmovchiliklarni chetdan kuch jalb qilmasdan oʻz kuchimiz bilan, oʻzaro muhokama qilish yoʻli bilan bevosita bartaraf qiladigan boʻlib qoldik. Ikkinchidan, oʻrtoq rafiqam, oilamizni tashkiliy xoʻjalik jihatidan misli koʻrilmagan darajada mustahkamladik. Men bu bobda faktlarga murojaat qilib oʻtirmayman, chunki ordenli onangiz oʻzlarining har bir tarixiy kelishlarida bu narsani ayrim ravishda qayd qildilar.

Notiq suv boʻlmaganligi uchun vinodan hoʻplab davom ettirdi:
— Xoʻsh, bu yutuqlarimiz kamchiliklarimizni qoplab, bizni xotirjamlikka solishi mumkinmi? Agar biz kamchiliklarimizdan bevosita koʻz yumib, yashasinchilik kayfiyatlariga berilib ketadigan boʻlsak, xato qilgan boʻlamiz. Bizda kamchiliklar bormi?

Bor, oz emas! Masalan iyul oyining birinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda yoʻl qoʻygan jiddiy nuqsonlarimizni olaylik. Bu masalada ikkovimizning ham jinoyatkorona sovuq qarashimiz orqasida qator chirishlar, buzilishlar, koʻkarishlar yuz berdimi? Fakt! Buni nimna bilan oqlash mumkin? Hech narsa bilan!

Notiq qizishib ketdi.
— Ikkinchi masala, ya’ni ichki imkoniyatlardan foydalanish masalasini olaylik. Oʻzingizga ma’lum, bizda yuqori sifatli mis choynak bor. Shu choynakning qopqogʻi bugungi kunda yoʻq. Bu haqda biz bir-birimizga signal berdikmi? Yoʻq! Agar biz oʻzi boʻlarchilikka uzil-kesil barham berib qopqoq masalasini kun tartibiga koʻndalang qoʻysak, agar biz shu choynakni oʻz vaqtida tegishli qopqoq bilan bevosita ta’min qilsak, samovarimiz safdan chiqqan kunlarda hal qiluvchi rol oʻynar edi. Afsuski, biz bu masalaga murosasozlik koʻzi bilan qaradik. Bugungi kunda choynagimiz qopqoqqa ega emas, mutlaqo ega emas.

Xotin sekin uh tortdi. Notiq buni payqab «toʻsatdan qattiqroq tanqid qildim, shekilli» degan andishaga borib, soʻzini yoʻqotib qoʻydi, shuning uchun soʻzining oxirini yumshatishga kirishdi:
— Lekin bu kamchiliklarga qaramay, turmushimizni a’lo darajada olib borayotganligimizga hech qanday shak-shubha boʻlishi mumkin emas deb hisoblash mumkin. Shu bilan qisqacha soʻzimni tamom qilib, oilamiz bundan keyin ham sharaflar bilan qoplanajagiga toʻla ishonch bildirishga ijozat bering! Bu ryumkani mana shuning uchun koʻtarishdan burun oʻz muhabbatimni yana bir marta amaliy suratda izhor qilgani ruxsat berishingizni talab qilaman.

Xotin uning harakatidan «oʻpich ber» degan ma’noni angladi-da:
— Oʻpichmi? Hech boʻlmasa shuni toʻgʻri ayta qolsangiz nima boʻlar ekan! – dedi.
— Qanday, - dedi notiq hayron boʻlib, - bitta oʻpichni deb nutqimni buzaymi?

Notiq oʻtirdi. U oʻtirganida yana asliga qaytdi. Xotin uning har bir soʻzidan zavqlanar, kular edi.