OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qahhor
Asar nomiOq aroqning qora ishi (fel'eton)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Abdulla Qahhor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Fel'etonlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oq aroqning qora ishi (fel'eton)
Abdulla Qahhor

Havoning qovogʻi soliq. Bitta-ikkita yomgʻir tomchilab turibdi.

Kimsan Qoraboev qoʻgʻirchoqdekkina qizchasi Lolani yetaklab, xotini bilan ajrashgani sudga ketayotibdi. Uning sochlari toʻzigan, rangi ne ahvolda, kiyim-boshi gʻijim, shimining pochalari loy...

Lola dadasining qayoqqa ketayotganidan bexabar, lekin shunday yaxshi dada har kuni qayoqqadir bir yomon joyga borib, aroq ichib, yomon dada boʻlib kelishini bilar edi, shuning uchun xavotirda: oʻsha yomon joyga har kuni oʻzi yakka borar edi-ku, bugun nega meni olib ketayotibdi ekan?..

Lola dadasidan koʻzini olmay, turtinib-surinib, oyoq ostidagi koʻlmak suvlarni sachratib, qaldirgʻochday tinmay chugʻurlab borar edi. Kim biladi, goh ranjigan, goh yolvorgʻan, goh yigʻlamsiragan tovush bilan javrayotgan bu goʻdak nimalar deyayotibdi!..

Kimsan muyulishda gastronomga burildi, magazinga kirib Lolaning qoʻlini qoʻyib yubordi-yu, rang-barang shishalar terib qoʻyilgan tomonga bordi. Lola magazinning oʻrtasida turib qoldi; koʻzlari javdirab, dadasiga bir shisha aroq uzatgan «yomon bir opa»ga, xaridorlarga qaradi. Lekin uni hech kim payqamadi.

Magazindan chiqilgandan keyin Lola gapirmay qoʻydi. Endi uning xayoli boshqa narsa bilan band edi: dadasi shimining choʻntagida doʻppayib turgan aroqni qachon va qaerda ichadi-yu, yana «yomon dada» boʻlib nimalar qiladi...

Sud zalida er-xotin Kimsan bilan Inobatxonning yaqin qarindoshlari, ba’zi bir tanish-bilishlar. Inobatxon aslida yaxshi, lekin ichkilik tiriklay tobutga tiqqan eriga chindan ham aza tutganday boshdan-oyoq qora kiygan; qovoqlari shishinqiragan, kipriklarida yosh zarralari yilgʻiraydi, hoʻngrab yubormaslik uchun roʻmolchasini labiga qattiq bosib bir chekkada oʻtiribdi.

Lola onasini koʻrish bilan yugurib borib uning boʻyniga osildi, yana qaldirgʻochday chugʻurlab, birpasda olam-jahon gap gapirib tashladi...

Sud majlisi ochildi. Savol-javob boshlandi.

O’n bir yillik oila. Qimsan ilgarilar «xonasi» kelganda ichar edi, keyinchalik bitta-ikkita ulfat orttirib «xonasi»ni oʻzi keltiradigan boʻldi. Toʻrt yildirki «xonasi» har kuni keladi, toʻrt yildirki oilada halovat yoʻq: xarhasha, shovqin, koʻz yoshi... Kimsanni ba’zan yechintirib boʻladi, ba’zan boʻlmaydi. Butun uydan, kiyimlardan, koʻrpa-yostiqdan, hatto Lolaning boshidan ham aroq hidi keladi!

Kimsan stakanni qoʻliga olganida nima uchun ichayotganini bilmaydi, birov gapirsa malol keladi, «dono odamlarning nasihatidan chiqib qolibman» deb jerkib tashlaydi.

Aroq uning terisi bilan eti orasiga joylashib olgan, shuning uchun sevgili xotinidan koʻra aroqqa koʻproq ishonadi.

Koʻpincha aroq uning qulogʻiga shivirlaydi:
— Bilasanmi, xotining senga kuymaydi, roʻzgʻordan urib pul orttirayotibdi. Koʻrmaysanmi, topganing zoʻrgʻa uchma-uch keladi...

Janjal...

Inobat jonidan bezor boʻlib, qattiq gapirsa aroq yana Kimsanning qulogʻiga shivirlaydi:


— Xotining halol emas, shirin soʻzini boshqalarga toʻkib, senga nuqul taxirini qoldiradi...

Shovqin-suron...

Inobatxon shirin soʻz boʻlsa, yana baloga qoladi:


— Xotining hozir oʻynashining quchogʻidan chiqib keldi, senga dogʻulilik qilayotibdi! Shuncha ziyrakliging bilan nahot shuni payqamasang!

Inobatxon goh zor-zor yigʻlab, goh yolvorib, goh qattiq gapirib uni ichkilikdan tiymoqchi boʻlgan vaqtlarida aroq Kimsanni quturtiradi:


— Xotining seni qayirib olmoqchi, bir marta gapiga kirsang yelkangga minib oladi. Bir stakan ichadigan boʻlsang xotiningni dodlatib turib ikki stakan, uch stakan ich!

Toʻrt yildan beri ahvol shu. Faqat shugina emas-da, xotin mastning qusigʻi artilgan lattaday qoʻlansa shu odam bilan bir koʻrpada yotib kelayotibdi!

Inobatxon toʻrt yil davomida yigʻlagan, janjallashgan, bunaqa oilaviy turmushdan voz kechmoqchi ekanini aytgan vaqtlarda ham aroq Kimsanga «parvo qilma, hech qayoqqa ketmaydi» deb tasalli berdi; bundan ikki oy burun Inobatxon uydan uzil-kesil chiqib ketayotganida ham «xotirjam boʻl, baribir qaytib keladi» dedi. Lekin, shundoq boʻlsa ham, Kimsan koʻngliga gʻulgʻula tushib, har ehtimolga qarshi Lolani zoʻrlik bilan olib qoldi. Biroq hozir Inobatxon sudyalarga qarab, qavm-qarindoshlar oldida shuncha gapni aytganidan keyin Kimsanning koʻzi yaraq etib ochildi-yu, ichkilik haroratidan kechasi bilan qattiq urib horigan yuragi allanechuk boʻlib ketdi, sovuq ter bosdi. Uning ahvolini koʻrib kimdir bir stakan sovuq suv keltirib berdi. Lola boʻlayotgan gaplarni yaxshi tushunmasa ham, aroq tufayli yomon bir ish roʻy berganini sezib bir chekkada mungʻayib oʻtirar edi, dadasining titrayotgan qoʻlidagi stakanga koʻzi tushar ekan, jon-jahdi bilan qichqirib unga tomon otildi:


— Dadajon, ichmang! Ichmang!..

Stakan Kimsanning qoʻlidan tushib chil-chil boʻldi, Orqada oʻtirgan bir chol Lolani oʻziga tortib bagʻriga bosdi. Zalda bir gʻovur koʻtarildi-yu, ogʻir jimlik choʻkdi, u yoq-bu yoqdan piq-piq yigʻi tovushi eshitildi... Sud hukmga kirdi. Hukm ikki soatdan keyin e’lon qilindi. Lola onaga hukm qilindi. Inobatxon Lolani yetakladi. Lola hayron, goh dadasiga qaraydi, goh onasiga...

Kimsan nima boʻlganiga tushunolmay garang bir ahvolda eshikka tomon yoʻnaldi. Kim biladi, shimining choʻntagida soniga botib turgan bir shisha aroqni eshikdan chiqishi bilanoq ichadimi yo yerga koʻtarib uradimi! Agar yerga ursa buning tovushini Inobatxon eshitib ehtimol qayrilib qarasa, ehtimol qaytsa... Axir, Inobat xursand boʻlib emas, yigʻlab ketayotibdi-ku!..