OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qodiriy
Asar nomiJinlar bazmi (mavhum hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/15
Manba[ziyouz.com ziyouz.com...]


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jinlar bazmi (mavhum hikoya)
Abdulla Qodiriy

Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qoʻrquv oʻrab olar edi-da, ichimdan: «Meni ham shunday jinlarga yoʻliqtirma», deb tangriga yolborib qoʻyar edim.

Kecha xolam bizning uyga mehmon boʻlib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam uchovlari choy ichishib oʻltirar va oʻtgan-ketgandan soʻzlashar edilar. Soʻz aylanib kelib yana oʻsha jinlar, parilar, devlar toʻgʻrisida toʻxtadi. Otam boʻlsa oʻzi koʻrgan «jinlar bazimi»ni soʻzlashdan yana tiyilolmadi. Otamning bu hikoyasi, yuqorida soʻzlaganimcha, mening uchun ortiqcha vahimali boʻlganidan darrov oʻrnimga kirib, koʻrpamga burkanib yotib oldim. Otam menga bir kulib qaradi-da, «jinlar bazimi»dan soʻz ochdi:
— «Yangi uylangan vaqtlarim edi. Tiriklik bilan ovora boʻlib, bogʻning poyasiga oʻz vaqtida qarolmadim. Bir kim payt topib boqqa bordim, tok juda ham oʻsib ketgan, bardidan[1] hatto ikki qarichgacha oʻsib chiqqan edi. Shuning uchun ishkomlarni shitobroq tikkaytirishga toʻgʻri kelar edi. Boqqa bora boshlaganimning toʻrtinchi kuni kechasi bir oz yomgʻir yogʻib chiqdi. Goʻyo yomgʻirni kutib turgan toklar yana ham oʻsib ketdilar, shoʻralar bardi ustiga engashib, ishkom ustiga olmaganim uchun goʻyo mendan arazlagandek koʻrinar edilar. Men nima boʻlsa ham poya ishini bugun bitirmoqchi boʻldim. Ertaga tokni ochmasam, ham oʻzim uchun, ham tok uchun jabr qilgʻan boʻlarman, deb oʻyladim.

Istakni[2] ozroq olgan ekanman. Oxirpeshin[3] vaqtiga istak tamom boʻlib qoldi. Istak uchun bozorga boray desam bir ishkomgina yamoq qoldi, undan keyin bozordan qaytib chiqquncha kech ham boʻladi. Nima qilish kerak? Uzoq oʻylab turmay, tut, qayragʻoch va tol kabi daraxtlardan istak chilpidim. Chilpigan istaklarni yigʻishtirguncha ham bir choy qaynar vaqt oʻtdi. Istaklarni belbogʻimga qistirib ishkomga kirdim. Qosh qorayib, qorongʻi tushgan paytda arang poya ishidan qutuldim. Yuz-qoʻllarimni yuvib, salla-choponimni kiyganimda obdon qorongʻi bosgan edi. Bogʻ ishlagani kelgan qoʻshnilardan hech birisi qolmagan, hamma shaharga joʻnab ketgan, koʻchada chigirtkalarning chirillashi, qurbaqalarning qurullashidan boshqa tovush yoʻq edi.

Men bogʻdan chiqqanda xufton boʻlmasa ham shunga yaqinlashib qolgan edi. Qorongʻida turtinib-surtinib yoʻlga tushdim». Otam xolamga xitoban dedi:
— «Siz bilasiz, bizning bogʻning tevaragi quyuq daraxtlik maydonlar bilan oʻralgan. Katta koʻchaga tezroq chiqib olish uchun men shu maydonlardan yurdim. Maydon nihoyatda qorongʻi va vahimali edi. Lekin men qorongʻida beparvo borar edim, yolgʻiz qorongʻida turtinib qiynalar edim. Katta koʻchaga chiqib olmogʻim uchun orada bittagina Hamdam xumdonchining chakalagi qoldi».

Otam hikoyasini shu yerga keltirib taqagach, men koʻrpamga yaxshiroq burkanib oldim. Otam soʻzida davom etdi: — «Bir-ikki qadam Hamdam xumdonchining maydoniga tomon yurdim... Yiroqdan kelgan yorugʻlikni sezib, tevaragimga qaradim-da, hayron boʻlib qoldim... Qarshimdagi maydondan oʻtkir nur sharpasi tushar edi. Bugina emas, kishilarning chagʻir-chugʻur soʻzlashib kulushlari, gijdang-gijdang bilan childirma, ora-chora dutor, tanbur, gʻijjak kabi sozlarning zaif, ammo yurakni qitiqlayturgan tovushlari eshitilar edi.

Men tong qotib bir necha vaqt turib qoldim. Darhaqiqat, boyqushlar uyasi boʻlgan bir vayronada bunday voqeaning yuz berishi kishini albatta hayron qilar edi. Holbuki, men shu kun ertalab ham bu maydondan oʻtgan edim. Bu yerda biror ziyofat boʻlaturgan boʻlsa, erta bilan uning bir asari koʻrinar edi. Yosh-yalanglar kunduz kuni harakat qilganlar-da, xara-koʻchalar[4], deb fikrimdan oʻtkazdim.

Men bazm boʻlayotgan maydon orqali oʻtmoqchi boʻlib, devor nahrasidan[5] oshib tushdim... Oʻh-hoʻ-oʻ-oʻ, maydon ichi kunduzgidek yorugʻ, daraxt shoxlariga chiroqlar osilgan, yerlarga ipak gilamlar yozilgan. Bir chekkaga katta oq samovorlar qoʻyilgan, bir tarafda katta qozonlar qurilgan, jaz-biz davom etar edi. Maydonning oʻrta yerida yuz chogʻliq yosh-qari kishilar qurshalib oʻltirib, dutor, tanbur, childirma, nogʻoralar chalib bazim qilar edilar.

Shu choqda bir kishi oldimga yugurdi va bazmdagilarga qichqirib:
— Mana, Oʻsar aka ham keldi! — dedi.

Bazmdagilarning hammalari ham menga qaradilar.
— Keling, keling Oʻsar aka, poyadan qutuldingizmi? — deyishdilar.

Oʻsha onda ularga nima deb javob berganimni hozir eslayolmayman, chunki juda ham garangsigan edim.

Ular meni oʻz ixtiyorimga qoʻymay, sudrab, tortib toʻrga chiqardilar. Odatda majlisga kirib oʻltirgandan keyin fotiha oʻqilar edi. Biroq ularning har turli savol va muomalalari bilan ovora boiib, fotiha oʻqish ham yodimdan chiqqan. Bir oz esimni yigʻib olgandan keyin majlisdagilarni koʻzdan kechirib chiqdim. Koʻplarini qaysi joydadir koʻrgandek boʻlaman... Aniqlab qarasam umrimda koʻrmagan-tanishmagan yot kishilarga oʻxshaydilar. Faqat ularning men bilan xuddi tanishlarcha muomala qilishlari, otimni atab chaqirishlari, qilgan ishlarimni soʻrab, hatto boyagi istak chalpib yurganimni bilishlari — meni juda ham ajabga qoldirgan edi.

Oradan kimdir, bilmadim, gʻolibo majlisning boshligʻi boʻlsa kerak:
— Oʻsar akamga dasturxon yozilsin! — dedi.

Toʻrda oʻtirganlardan yana birisi unga qarshi chiqdi:
— Ilgari bir bazm qilib olaylik, soʻngra dasturxonga hammamiz baravar qaraymiz! — dedi va menga yuzini oʻgirib:— Siz ham bazmni sogʻinib qolgandirsiz. Ilgari bazm qilaylik-a? — deb soʻradi.

Mening qornim och boʻlsa ham, mehmonligim vajhidan uning fikriga qoʻshilishdan boshqa choram yoʻq edi.

Sozandalar sozlarini toʻgʻrilay boshladilar. Sozlardan tanbur, dutor, gʻijjak, rubob, chang, nay va daf kabilar menga tanish boʻlsalar ham, yana men koʻrmagan va bilmagan bir qancha sozlar ham bor edi. Sozlar sozlandilar, bir xil bosiq ogʻir mashq chalina boshladi.

Mashq sihrlik edi... Men yerga singib ketarlik darajada ezilmoqda, asirlanmoqda, ichimdan bir toʻlqin kelib oʻzimni qayerga urarimni bilmay entikmakka boshladim. Sozandalar hamon haligi bosiq mashqni sekin-sekin avjga chiqarib bordilar... Axir chidab turolmadim, piq-piq yigʻlay boshladim. Nega va nima uchun yigʻlar edim, buni oʻzim ham bilmayman. Uzoq yigʻladim. Nihoyat mashq bitdi. Bitdi, lekin meni ham oʻzi bilan birga bitirdi. Ikki tegirmon toshi orasida yanchilgan kishidek majruh edim. Qimir etgali majolim yoʻq edi. Koʻzimni ochdim. Majlisdagilarning barchasi ham goʻyo bir koʻzdan mening holimga kulib qarab turar edilar. Men oʻz holimdan uyalib yerga boqdim.

Sozlar yana ikkinchi mashqni chalish uchun tayyorlanar edilar. Lekin men haligidek mashqni eshitishdan bezor boʻlgan edim. Yuragim gup-gup urib qoldi. Boyagidek mashqdan yana birini tinglasam ehtimol ajalimdan burun oʻlar, yer bilan yakson boʻlar edim.

Ikkinchi mashq boshlandi. Mashq boshlanishi bilan butun vujudimga hayot suvi yugurdi. Oʻzimda allaqanday bir lazzat his qildim. Mashq gʻoyatda shodlikli edi. Bu niashqqa ne deb ism berishni bilmayman.

Shu vaqt oʻrtaga oʻn besh-oʻn olti yoshlik bir qiz kelib kirdi. Uning sochlari jingila-jingila, yuz va koʻzlari doʻnduq, ustida yashil baxmaldan burma qilib tikilgan chiroyli delvagay kiyimi bor edi. Bir necha qadam chalishib oʻrtada yurgan edi, oyogʻidagʻi qoʻngʻiroqlari jingʻirab ketdi. Qiz mashq bilan baravar oʻynay boshladi.

Mashq davom etar, goʻyo nafis soz tovushining yeli oʻyinchi qizni gʻayri ixtiyoriy bir harakatga keltirardi. Dunyoga bir shodlik, bir ruh yogʻadi, goʻyoki oʻliklar tirilarlar, yerlar silkinarlar, togʻ-toshlar kularlar, yulduzlar ucharlar, daraxt shoxlari titragandek boʻlarlar.

Axir shodliklarim yuragimga sigʻmadi. Oʻz erkim bilan emas, allaqanday bir kuch oʻtirgan joyimdan turgʻuzib yubordi. Qizning yoniga kirib men ham oʻynab ketdim».

Oyim bilan xolam oʻzlarini tutolmay kulib yubordilar. Mening boʻlsa koʻz oʻngimga dadamning oʻynagandagi ahvoli kelib toʻxtagandek boʻldi.

Dadam davom etdi:
— «Shunday, men oʻynay boshladim. Nima boʻlsa ham qiz bilan birdek oʻynamoqqa tirishaman. Qiz men bilan bir oz oʻynab turgandan keyin oʻrtadan chiqib bir chetga ketdi. Lekin men oʻyinni toʻxtatmadim, toʻxtatish xotirimga ham kelmagan edi. Kishilar qars urib turadilar va meni masxaralagandek qiyqirib, ogʻiz-burunlarini qiyshaytiradilar, lekin men ularga parvo qilmay, oʻyinni davom ettiraman...

Bir vaqt allanarsaga turtinib yerga yiqildim. Oʻzimni oʻnglab olib yana oʻyinga harakat qilgʻan edim, tagʻin mukkamcha yiqildim.

Bir qancha vaqtdan soʻng oʻnglanib oʻrnimdan turdim va koʻzimni ochib tevaragimga qaradim...

Orada na kishilar, na sozlar va na boshqalar — hech kim, hech gap yoʻq!.. Qop-qorongʻi maydon, bir ariq ichida turibman...

* * *

Men dadamning bu koʻrgan hodisasini muallim afandiga soʻzlagan edim, kuldi:
— Vahima, xayolat! — dedi.
— Chindan ham vahimmi, vahim boʻlsa kishida qanday voqi' boʻladi? — deb soʻragan edim, afandim:
— Kelasi juma bolalar oʻrtasida bu toʻgʻrida ma’lumot beraman, sen ham shu majlisda hozir boʻlsang vahimning qanday voqi' boʻlishini bilib olasan! — dedi.

Men albatta juma kuni maktabga borib afandimizdan vahimning kishida paydo boʻlishini eshitaman. Vaqtingiz boʻlsa juma kuni siz ham boringiz.


  1. Bardi — qamish oʻzagining tagida yer bagʻirlab oʻsadigan barglari, uni oʻrib kelib, tokni yotqizib qoʻndoqlagandan soʻng sovuq urmasin uchun ustiga yopiladi.
  2. Istak — tol, tut, qayragʻochning burab yumshatilgan ingichka novdalari, uni tok bagʻazlarini bogʻlashda oson ishlatiladi.
  3. Oxirpeshin — soat 4 lar atrofi, asr namozidan oldinroq payt.
  4. Xara-koʻcha — bekorchi.
  5. Nahra — rahna — devorning oʻpirilgan joyi.