OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qodiriy
Asar nomiMehrobdan chayon (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy nasr
Mualliflar
   - Abdulla Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotToshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi, Adabiyot va san'at nashriyoti, 1994
Hajm242KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
Xudoyorxon va munshiylari hayotidan tarixiy roʻmon


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehrobdan chayon (II- qism)
Abdulla Qodiriy

Xayrul-Umuri Avsatuho

Dehqon «ozgʻina ber» deb tilanguchiga nima berishini bilmagan holda yoʻlakdan chiqib ketdi. Maxdum terlagan, dovdiragan yoʻsunda Anvar bilan ichkariga yurdi. Bir oz soʻzsiz borgʻandan keyin sekin Anvarning aftiga qarab qoʻydi.
— Gʻozi eshon huzuringizda ekan, — dedi maxdum, — Oʻzi koʻb bema’ni odam... Ziyofat-miyofat deb yaqin bir soat vaqtimni oldi. Oʻzi koʻb tammoʻ odam. Sizga ham ziyofatdan dam urgʻan boʻlsa kerak?

Anvar iljayib bosh irgʻatdi. Maxdum Gʻozi eshondan koyib davom etdi:
— Tama’ oʻzi koʻb mazmum[1] sufat... Chunonchi, azza man qana’, zalla man tama’[2]... Otasi marhum ham behad, tama’kor edi. It yeganini qusib, oʻgʻli undan ham rasvoroq chiqibdir. Bu avlodning kattadan-kichigi bir-biridan battar... Muft[3] ariza yozdiribsan, keta ber. Yana bu oʻrtada ziyofat ba chi ma’ni?!

Anvar maxdumning soʻziga kulib, orqada borar edi. Maxdum ichkariga tomon soʻzlanib kirar edi:
— Takalluf lozim emas emish: mantimi, somsami — har nachuk ogʻizgʻa yoqadirgʻan taom boʻlsa kifoya emish. Kabob boʻlsa yemasmidingiz, eshon?! Toʻygʻa oʻzi bosh boʻlib turar emish, odam kutishni benihoyat bilar emish. Ey... man sandek tammoʻni toʻyboshi qilib telba boʻldimmi? Uyidan toq kelib, juft ketmakchi-da, bu tammoʻ.

Maxdum shu soʻz bilan ichkariga kirib, havli sahnida chaqaloq koʻtarib turgʻan Ra’no yonidan ayvonga oʻtdi. Maxdumning orqasida kirgan Anvar Ra’noning oldida toʻxtab, undan chaqaloqni oldi. Otasining yuzida achchigʻlanish sezgan Ra’no Anvarga «nima gap?» degan kabi im qilgʻan edi, Anvar koʻz qisib, arzimaganlik ishorasini berdi.

Maxdum ayvonga chiqib oʻlturar chogʻida yana bir «astagʻfirullo« deb qoʻydi. Chunki kayfi juda ham buzulgʻan edi. Ilgari masjiddan kech qaytish bilan buzulgʻan avzo, Gʻozi eshonning "pastligi" ila juda ham avjiga chiqqan edi. Bu kungi kutilgan "daromad" sartopo[4] falokatka uchrab, maxdumning koʻnglini gʻash qilgʻan, ayniqsa dehqonning ham tekinga qutulishi va oʻzining Anvar oldida sharmanda boʻlayozishi... Bularning hammasiga shu "past", »tammoʻ» sababchi va shuning uchun ham maxdum Gʻozi eshon toʻgʻrisida har bir soʻzni aytishdan tortinib turmadi.

Anvar havli yuzida chaqaloqni vosita qilib, Ra’no bilan soʻzlashar edi. Maxdum kechki osh pishirish bilan mashgʻul Nigor oyimdan taomning tayyor boʻlish vaqtini soʻrab, Anvarni oʻz yonigʻa chaqirdi.
— Qani, bu yoqqa, Anvar! — dedi maxdum. — Taomni shu srda tanovul qilsaq ham boʻlur... Sen, Ra’no, ukalaringga qara-chi: Mansur tashqarida koʻringandek edi; darbozani ham zanjirlab kir, qizim!

Ra’no tashqarigʻa chiqib ketdi. Anvar qoʻlida chaqaloq bilan ayvon muyushiga kelib oʻlturdi. Chaqaloq Anvar qoʻlidan irgʻib har tarafka talpinar va turlik tovushlar chiqarib qichqirar edi. Maxdum chaqaloqning harakatiga qiziqsindi:
— Mam-mam, mam-mam-mam, — dedi qoʻlini chaqaloqqa uynatib, — du-du-duv, du-du-duv... hay bachchataloq, hay bachchataloh!.. Behad shoʻx boʻlibti-da, behad, du-du-duv!

Chaqaloq maxdumga talpinar, kichkina qoʻllarini goh ochib, goh yumar edi.
— Kel, yigit, kel! Alhol xom-da, xom; qizamiq chiqib oʻtsa edi. Du-du-duv!

Ra’no ukalarini boshlab kirdi. Maxdum chaqaloqni qoʻyib, bolalarni koyib ketdi:
— Hay bema’nilar! Chaqirmasa, uyga kirishni bilmay-sanlar! Kiyimni qara, kiyimni! Turpoqqa agʻnadingmi, eshshak! Qoq, qoq, yeshib qoq! Attang-a, esiz kiyim... Bularni endi nima qilsa boʻladi, Anvar?

Anvar maxdumdan qoʻrqib turgʻan bolalarning ahvoligʻa qarab, kulimsidi:
— Esi kirib qolar.
— Qiyomatdami? Bularning tatigʻini bermasam.... he, koʻzlaring qursin! Ra’no, sen akangga koʻrpacha solib, ukangni ol, onanggʻa ayt, osh dam yegan boʻlsa, suzsin!

Ra’no ayvonga koʻrpacha yozib, Anvardan chaqaloqni oldi va onasining yonigʻa ketdi.
— Anvar, qani koʻrpachaga chiqing! Qoʻllaringni yuvib kel, eshshaklar!

Bolalar yugurishib ariqqa ketdilar. Anvar ham qoʻl yuvish uchun bolalar orqasidan bordi. Ariqning suvi juda loyqa edi. Anvar bolalarni ariqdan qaytarib, obdastadagi tiniq suvdan ularning quligʻa quyib, yuvintirdi. Navbat oʻziga yetkanda ayvonda turib, maxdum baqirdi:
— Ra’no, akangning qoʻligʻa suv quy!

Anvar Ra’noning kelib suv quyishigʻa qaramay, oʻzi yuvina berdi. Ra’no yetib kelguncha qoʻlini yuvib oldi. Maxdum qizidan achchigʻlandi:
— Juda sust qadamsan-a, Ra’no. Seni talqon yeb suvga yuborgʻan kishi qaytib kelguningcha, tiqilib oʻladi!

Maxdumning tashbihidan Anvar va Ra’no kulishdilar. Soʻzni joyida ishlatkani uchun boʻlsa kerak, maxdumning oʻzi ham kulimsiradi:
— Toʻgʻri-da, mirzo Anvar, qoʻli sust kosibdan oyogʻi chaqqon gadoy yaxshi emish!

Ular yana kulishdilar. Maxdum zavqlandi. Anvar koʻrpachaga chiqqandan keyin Ra’no oʻrtagʻa dasturxon soldi. Nigor oyim sopol laganda palov keltirib, hammalari birga oshqa oʻlturdilar. Osh oʻxshalgʻan edi. Birinchi oshamdayoq maxdum Nigor oyimni taqdir etti:
— Bu kungi oshing durust, Nigor... Biroq goʻshtni koʻb solibsan.

Nigor oyim kulimsib Anvarga qaradi:
— Goʻsht koʻb boʻlsa osh oʻxshaladir.
— Xayrul-umuri avsatuho, Nigor[5].
— Bu soʻzning oshqa goʻshtni koʻb-oz solish bilan nima aloqasi bor?

Ra’no onasining bu soʻzi bilan piq etib kuldi. Anvar yuzidagi kulgini yashirish uchun chetka qaradi.
— Hadisning hukmi om[6], Nigor, — dedi maxdum. — Bundagi umur — umurid-dunyo[7], umurid-dunyo iborat az harakati ahli moʻ'min. Inchinin[8], bu hadisning amaliyoti oxirat uchun ham hukmi joriydir[9]... Masalan, shabu roʻz savm[10] va salot[11] moʻmin kishini jisman notavon va nafaqai ahli ayoldan ojiz qiladir. Bas, bu holda ibodatning kasrati, ya’ni toatda ifrot[12] ham xayrul-umurga qoʻshilmas, zero, farz va sunnat banda uchun kofiy erdi. Ma’noyi kofiy chist, ay avsat[13]... Binobarin, bu hadisi sharif roʻzgʻorot borasida dastur tutilsa, yana ayni hikmat va savob. Masalan, oshqa yigirma paysa goʻsht solmoqchisan; ammo «avsat« qilmoq niyatida, mazkurdan oʻn paysani ajratib qolding.. .Bas, hikmatni tomosha qil; ertasi kun oshing yana jazlik, ya’ni "avsat" bilan ikki kunlik ehtiyojdan qutilib, savobga ham daxldor boʻlding. Hikmati digar[14]: dunyo vajhing[15] yaxshi erdi. Taomni yaxshi mazalik yeb, nafsing yaxshi oshqa hoʻ qildi. Vaqti kelib, aftodahol boʻlding, kuning goʻshtsiz taomgʻa qoldi: ammo nafsi ammorangni[16] serjaz oshqa hoʻ[17] qildirgʻaning vajhidan goʻshtsiz osh ogʻzinggʻa yoqmaydir, bu — bir aziyat; soniyan: laziz oshqa hoʻ qilgʻan nafsing taqozasi bilan, anvoʻi habosatlarga va mazmum kirdorlarga[18] irtikob[19] qilmogʻing xavfi ham bordir; bu nimadan keldi? Albatta »avsat»ka rioyasizligʻingdan.

Maxdumning «amri ma’rufi« Nigor oyimgʻa qaratib soʻzlansa ham, haqiqatda umumiy, ya’ni, bir oʻq bilan bir necha qushni urmoqchi edi. Biroq, qarshigʻa qarab otilgan bu oʻqdan maxdumning oʻzi ham amin emas, agar lagan tevaragidagy oʻlturgʻuchilardan biri turib, boshqalaridan qatʼi nazar, faqat bu kungi xayrul-umuringizni misolga olayliq: "Yoʻlakdagi "umurid-dunyongiz" oʻzingiz aytkan "avsat"ka kiradimi?" deb soʻrasa, bilmadikki, maxdum nima deb javob berar edi. Madrasa koʻrgan Solih maxdum, balki bu savoldan ham shoshib qolmas. Kitobning "nafaqa" bahsidan varaq ochib, "nafaqai ahli ayol" uchun boʻlgʻan "harakat"ning farzligʻidan va bundagi hisobsiz savoblardan dam urib, "nafaqa" bilak ishi yoʻq ba’zilarni »erga qaratsa» ham mumkin edi... Lekin oʻq yeganlardan hech birisi maxdumga qarshi chiqmagʻanlaridek, uning soʻzini tasdiq etish belgisini ham koʻrsatmadilar. Ehtimolki, ular muqobalaga ojiz edilar yoki qarshi chiqishgʻa orada boshqacha bir sabab bor edi. Faqat bir-birisiga qarshi oʻlturgan ikki yosh ma’noliq koʻz urishtirib kulimsidilar.

Maxdum amri ma’rufdan keyin oshqa qaradi, koʻb vaqt soʻzsiz faqat oshdan bosh koʻtarmadi. Maxdumning da’vosicha, har bir ishda ham «avsat« mezondir. Lekin osh olishda bu "mezon" unutildi. Boshqalar ora-chora bir goʻsht qoʻshib olgʻanda, maxdum bir oshamni ham goʻshtsiz yubormasliqqa tirishib bordi, ya’ni "avsat"dan oʻtib »a’lo»da ish koʻrdi...

Oshni yarimlatqanda, maxdum lagandan bosh koʻtarib, Anvarni tuzukroq olishgʻa taklif qildi, bolalarni oshni toʻkib yeyishda ayblab, Ra’noni chipxoʻrligi uchun koyidi:
— Chipxoʻrsan-da, qizim... Shu ham osh yeyishmi?
— Meniki adno[20], — dedi Ra’no.

Bu soʻz Anvar va Nigor oyimlarni tovush chiqarib kulishka majbur etdi.
— Senga bir soʻz tegmasin, qizim, — dedi kulib maxdum. — Oshni sust yegan kishi, ishda ham sust boʻladir.
— Boʻlmasa, oshni «a’lo» yeyish kerak ekan-da...
— Ogʻzing kuymasa a’losi ham durust.

Yana kulishdilar.
— Hay, voqi'an, — dedi maxdum, kulgi orasi toʻxtab. — Mirzoboshidan bir iltimosimiz bor ekan, yodimdan chiqayozgʻan ekan... Kim hali... habba, boya mulla Abdurahmon kelgan edi. Oʻshal va’damizga muvofiq siz bilan uchrashmakchi ekan. Chogʻi ul ham mirzoliqqa kirishmakchi. Xoʻb, men mirzo Anvar bilan gaplashib qoʻyarman, oʻz yonigʻa olsa kerak, dedim. Uzi yaxshi mulla boʻlgʻan koʻrinadi, zakki tab'[21] yigit...

Anvar bir oz oʻylab turdi.
— Kim u mulla Abdurahmon, xotirlay olmadim?
— Oʻzimizning mulla Abdurahmon-chi, axir... Yerligʻ olgʻan kuningiz fotihaga kelgan yosh imom.

Anvar yana bosh chayqadi:
— Hech bir esimda yoʻq.
— Xoʻb, — dedi maxdum oʻng koʻzini qisib. — Oʻshal kun fotihaga kelgan boʻzchi muxlisingizni xotirlaysizmi?
— Xotirlayman.
— Habba, endi oʻshal boʻzchining ustiga kirgan yosh mullani ham xotirlab qarang.
— Xotirimga keldi... Oʻzi yoshligʻida bizning maktabda oʻqugʻan?
— Habba, — dedi maxdum va bahska Nigor oyimni ham tortdi, — uni sen ham bilasan.
— Men qayoqdan bilay?
— Oʻzi Buxoroda oʻqub kelgan, Ra’noga bir necha qayta sovchilar yuborib yurgʻan odam.

Nigor oyim boshi bilan «tanidim« ishorasini berib, Anvarga sekin koʻz qirini yubordi. Ra’no »sovchi» soʻzi bilan ensasi qotqandek sochiqni olib qoʻlini artdi. Maxdum keyingi soʻzini oʻylab aytdimi, yoʻqmi — har nachuk Anvarda gʻayurlik kabi bir his uygʻonib, oʻzidan javob kutkuchi maxdumga iltifotsiz, Ra’nodan sochiqni soʻradi.
— Nega qoʻl artasiz, Anvar. Kun boʻyi och yurib, yegan oshingiz shumi?

Anvar Nigor oyimgʻa rahmat aytib, toʻygʻanini soʻzladi va qoʻl artar ekan, chaqaloqqa gap qotdi:
— Anvar bilan Ra’noning tuprogʻi bir joydan olingʻan, — dedi maxdum osh oshalab, chunki hanuz uniki «avsat»ka yetmagan edi, — ikkisi ham kam taom.

Maxdumning bu soʻzi yuqoridagʻi gunohini yuvgʻandek boʻldi. Ular bir-birlariga qarashib, iljayishdilar. Nigor oyim ham ogʻirliqdan chiqdi.
— Shunday, Anvar... Shu yigitni oʻz yoningizgʻa olsangiz, qalay boʻlar ekan?
— Hozircha mirzogʻa ehtiyojimiz yoʻq.
— Mirzoga ehtiyojingiz boʻlmasa ham, yana shunday kishilarni olgʻaningiz ma’qul, deb oʻylayman. Zero bundaylar oʻzingazga sinamol, yana oʻz tarbiyangizda yetishsalar boshqalardan sizga xayrixohroq, inchinin, xizmatingizga aztahidil kamarbasta boʻlurlar. Bu ham bir maslahat-da, bolam Anvar.
— Oʻylashib koʻrarmiz.
— Oʻylashqan albatta yaxshi va lekin men buni koʻb vaqtlardan beri andisha qilur erdim. Biloxir[22], amniyatingiz uchun bu tadbirni koʻb puxta idrok qildim. Zero, Sultonali mirzodek hamkuflaringiz[23] koʻpaysa xayriyatingiz, degan mulohaza fikrimga keldi.
— Balki toʻgʻridir...

Anvarning koʻzi dasturxonda edi. Bu toʻgʻrida qatʼiyatsiz muhmal javoblar berishidan nedir tuyingʻan Ra’no Anvardan koʻz olmay turar edi. Nigor oyim Mansurga qolgʻan oshni yedirib qoʻyish bilan ora-chora gapka ham quloq solgʻandek boʻlar zdi.

Maxdum kekirib, sochiq soʻradi.
— Bu andishaning haqligʻida shak yoʻq, Anvar, — dedi va dasturxondagi donlarni terib, ogʻzigʻa tashladi. — Menga taslim boʻlib ibtadaan shu mulla Abdurahmonni oʻz yoningizgʻa oling. Ul bir necha oygʻacha muft xizmat qilishgʻa ham rozi.
— Masala uning muft yoki haqli xizmat qidishida emas.
— Ya’ni, masalan?
— Men yangi mirzo boshlab borsam, u yerdagilarga ogʻmr kelmasmikin, deb oʻylayman.
— Ul majjonan[24] xizmat qiladi, bas, mirzolaringizgʻa nima ogʻirliq?
— Yana har holda, bir-ikki oydan keyin boʻlsa ham ularga raqobatchi ortadir... Ayniqsa bizning Shahodat mufti kabilarning fe’li sizga ham ma’lum.
— Shahodat mufti oʻzi qanday it! — dedi maxdum. — Andishamiz ham bamisoli shunday itlar qarshisigʻa oʻz kishingizni tikkaytarish emasmi? Yoshligʻingiz bor, bolam, yoki yangi mirzo olishda biravning ruxsatiga hojat bormi?
— Yoʻq.
— Ana, xolos. Az karnaychi yak kuf. Men erta unga aytay, huzuringizga boraversin.
— Borishi qochmas... Ilgari men u yerdagi ba’zilar bilan kengashayin-chi.
— Xoʻb, ularning yuzi uchun kengashkan ma’qul: ammo, baharhol olmoq kerak.

Maxdum fotiha oʻqub, shom namoziga qoʻzgʻaldi. Tashqi yoʻlakka yetkanda, yodigʻa Gʻozi eshonning bema’niligi kelib gushti, shu qatorda toʻy, toʻygʻa ishtirok etadirgan kazolar, xonim oyimlar, hammadan ham muhim va qizigʻi yomgʻur kabi yogʻiladirgʻan toʻyona va ularning saranjomi... Soʻfi takbir tushurar ekan, maxdumning koʻnglidan «Ra’noga choʻri qoʻsha koʻrmasinlar-da, tishlik hayvonning boʻlgʻanidan boʻlmagʻani yaxshi» degan andisha kechti…

Xon Koʻngil Ochmoqchi

Qavs oyi[25] kirgan boʻlsa ham, havo moʻ'tadil, kun jum'a edi. Oʻrda bogʻigʻa suv sepilib, supurilgan, oʻrtadagʻi shahsufaga lolagul gilam yozilib, xonning oʻlturishi uchun baxmal koʻrpacha ustidan arslon terisi tashlangʻan edi. Hozir shahsufa xon va a’yondan xoli, ammo shahsufa qarshisidagʻi nimsufalar vazirlar, sarkardalar, qozikalon, shayxulislom, qozi-quzzot, rais va shaharning zoʻr ulamolari — mudarrislar, ahli tariqat eshonlar, oʻrda xodimlari va eng pastarini qoʻrboshi va dahboshilar bilan liq toʻlgʻan edi. Ulamo qismida umuman banoras toʻn, oq salobatlik salla, vazir va sarkardalarda kimxob va baxmal toʻnlar, boshlarida ba’zan salla va ba’zan oʻsiq barradan tikilgan telpaklar hilpirar edi.

Xon bu kun jum'a namozigacha koʻngil ochmoqchi va bundagi yigʻilgʻanlar shu koʻngil ochish soatida ishtirok etkuvchi xonning koʻngil tortarlari, ya’ni mamlakat a’yonlari edilar. Xon hali ichki oʻrdadan chiqmagan, hamma ra’iyat «janobi oliy«ni kutib muhtasham darbozaga koʻz tikkanlar edi. Shahsufadan bir oz narida, atrofi bordon bilan oʻrogʻliq bir kapa paydo boʻlgʻan va bu kapa ichida bir necha kishi suhbat qurib oʻlturar edilar. Bir necha daqiqa kutkandan soʻng, muhtasham darbozada Darvesh udaychi koʻrinib, qarshisidagʻi ra’iyatka oʻrundan turish ishoratini berdi. Birdan hamma shuv etib qoʻzgʻaldi. Darvesh udaychy darboza yonigʻa oʻtib, ruku'ga[26] bordi. Ichkaridan kimxob toʻn bilan yoʻgʻon qornini oʻragʻan, oq shohi sallasini manglayigʻacha tushirgan Xudoyor koʻrindi. Xon koʻrinishi bilan barcha ra’iyat ham udaychi kabi ruku'ga ketdilar. Xudoyor orqasidan yosh Oʻrmonbek qizil baxmaldan tikilgan sipohi kiyim bilan otasini ta’qib etar edi. Buning orqasidan qizil movutdan shahzoda kabi kiyinib, siloh[27] taqingʻan va har qatorgʻa toʻrt nafardan terilgan oʻn olti-oʻn yetti yashar, yosh va xushroʻy sipohlar (mahramlar) chiqdilar. Xon shahsufaga qarab keldi. Oʻninchi qatordan soʻng yosh sipohlar turkumi uzulib, yaxshi intizomlik qirq nafar navjuvon shahzoda orqasida xonni ta’qib etar edilar. Shu holda nimsufalarning biridan chalgʻular tovshi keldi. Sozlar nafis va ohangdor qilib »Sarbozcha» kuyini chaldilar. Kuy sozda qaytarib olingʻach, xon orqasidagʻi yosh sipohlarning bir qismidan shu kuyning ashulasi eshitildi:

Shahanshohim, shahanshohim, baxtingiz kulsin!
Davlatingiz, shavkatingiz dushmanlar koʻrsin!

Qalqon ushlab, xanjar taqqan yovlar maydonga!
Nomussizlar, vafosizliq qildingmu xongʻa!

Bizning aytkan nazrimiz bor Shohimardongʻa!
Ahdin buzib dinin sotqan boʻyalgay qongʻa!

Shahanshohim, shahanshohim, baxtingiz kulsin!
Davlatingiz, shavkatingiz dushmanlar koʻrsin!

Xon sufaning zinasiga yetib, yuqori mindi. Shahzoda ham otasini ta’qib etdi. Yosh sipohlar xon va Oʻrmonbekni zinada qoldirib, toʻgʻrigʻa oʻtdilar, sufadan aylanib borib, xonning muhofazatiga, ya’ni Xudoyor oʻlturadirgan arslon terisining orqasigʻa saf torta boshladilar. Xon borib arslon terisiga oʻlturdi. Oʻrmonbekni oʻzining oʻng tomonigʻa oldi. Ra’iyat hamon ruku'da... Yosh sipohlar sufaning uch tarafini qurshab olgʻan edilar. Xon joylashgʻach, ruku'dagilarga tikkayish ishoratini berdi. Barcha bosh koʻtarib, qoʻl qovishtirdi. Soz ham toʻxtadi. Sufaning zinasida udaychi hozir boʻlib, qoʻlini koʻtardi, ra’iyat ham uning bilan barobar duogʻa qoʻl ochdilar.
— Dushmanlar xarob, munofiqlar betob oʻlsin... Onhazratimning davlatlariga xudo tavfiqu adolat bersin!

Duodan soʻng barcha yuz siypadi. Xon udaychiga bir narsa dsb ishorat qildi.
— Mingboshi, qushbegi, domla shogʻovul, janob shayxulislom, otaliq va amsoli hazratka ul janob oʻz xuzurlaridan joy mehribonchiliq qiladirlar!

Udaychi sanagʻan kishilar birin-birin shahsufaga chiqib xongʻa salom va ta’zimdan keyin atroflab tura boshladilar. Sufaga oʻn chogʻliq arkon[28] chiqqandan soʻng, xon udaychiga yana bir narsa deb qoʻydi.
— Farogʻat ato qildilar!

Sipohlardan boshqa barcha tik turgʻanlar shuv etib oʻlturdilar. U yer-bu yerdan yoʻtalgan tovush eshitildi.

Udaychi xongʻa arz qildi:
— Onhazratimning davlatlariga xudo tavfiqu adolat bsrsin... Qullaridan biri valineʼmatimga ikki kalima arzim bor, deydir!

Xon kelsin, ishoratini qildi. Barchaning koʻzi boyagʻi bordonliq uyga tushti. Bordon ichidan uzun boʻyliq, qora soqolliq, ustida malla toʻn, simobi boʻz sallasining pashini bir qarich osiltirgʻan bir kishi chiqdi; tamkin, viqor bilan bitta-bitta yurib kelib, zina yonida xongʻa qarshi toʻxtadi... Xondan tortib hammaga tabassum tusi kirgan edi. Kishi xongʻa qarshi turgʻan hodda sallasini tuzatdi, soqol-murtini siladi, toʻnini qoqib, oldini oʻradi, soʻngra xotirjam' ruku'ga bordi. Birdan xon va raiyat kulib yubordilar. Bu kishi Xudoyorniing eng yaxshi koʻrgan qizigʻi Zokir-gov edi.

Zokir-gov boshini ruku'dan koʻtarib, goʻyo janoza oʻqugʻan kishidek, ikki yelkasiga salom berdi. Yana gurr etib kulib yubordilar. Zinaning ikkinchi boshida turgʻan Darvesh udaychi Zokir-govga tanbih berdi:
— Kimning huzurida turgʻanligʻingizni unutmang!

Zokir-gov qoʻli qovushtirilgʻan holda, gavdasini qimirlatmay yonidagʻi udaychiga qaradi:
— Oʻzim ham bilib turibman, bu yerda ahmoq bor, deb oʻylaysanmi?
— Xoʻsh?
— Xonimgʻa arzim bor!

Yana gurr etkan kulgi bogʻni tutib ketdi[29].

Udaychi:
— Arzing boʻlsa, dodras[30] huzuridasan, gapur!
— Arzimni oʻylab turippan-da, oʻylagʻali ham qoʻymaysanmi? — dedi Zokir-gov. — Yoki men ham soʻzimdan yanglishib Jabbor jinnidek osilib ketaymi?
— Arzga kelib turgʻaninggʻa bir osh pishar vaqt boʻldi!
— Men ham arzimni miyamda pishirib olayotibman-da; pishmagʻan osh ich ogʻritadimi-a, taqsirlar?
— Arzingni yoʻlda oʻylab kelmabsan-da!
— Ey, devonami bu oʻzi! — dedi Zokir-gov. — yoʻlda oʻylash uchun bundan boshqa kasal yoʻqmi?
— Yoʻlda nimani oʻylading?
— Xon huzuriga borayotibman, deb oʻlimni oʻyladim, yatim qoladirgʻan bolalarimni, men oʻlgandan soʻng erga tegadirgan yangangizni oʻyladim! (Kulgi.)
— Janobni va shu qadar ra’iyatni ma’tal[31] qoʻyma!
— Xe-xe-xe! — deb kuldi Zokir-gov. — Sizlar har kun minglab kishini oʻrda tegida ma’tal qoʻygʻanlaringizda, men bir nafas ma’tal qoʻysam, xe-xe-xe!.. Taqsir, sizga arz!

Xon, «ayt» degan kabi bosh irgʻatdi.
— Taqsirimga birinchi arz shuki, — dedi Zokir-gov, — yonimda turgʻan shu baqa aftni mendan nari qilsangiz, zero, buningizning dagʻdagʻasi siznikidan ham oʻtadigʻan koʻrinadi! (Kulgi.)

Xudoyor udaychiga, sufaga chiq, ishoratini qildi. Zokir-gov qoʻlini duogʻa ochti:
— Onhazratimning davatlari kam, oʻzlarida gʻam, koʻzlarida nam, dushmanlarida dam, qadlarida xam boʻlmasin... Shahzodamning boshlarida baxt, ostlarida taxt oʻynab, yesh umrlariga ajali bevaqt yetmasin... Shohi baxtiyorning xizmatlariga bel bogʻlagʻan oq salla, koʻk salla, toʻni malla otalarimizning dillari ham hamesha yuqollaridek oq boʻlsin, omin! Soniy, arzi bandaligimiz shulki, biz, darbadari devona, aqlu hushdin begona, xalq gilida afsona, elkezar gʻaribona qullaringiz dardu alam yutar erdik, qalamravingizning bir chetidan oʻtar erdik. Dedilarkim, bu diyorning xoqoni, Iskandari soni, zaru (evar koni, elning oshu noni, ya’ni saxovatda Hotam, kahri kelsa motam... Gʻurabo[32] yoridir va yana sizlardek bozori kasod darbadarlar, enasi koʻchada tuqqan bepadar-parga ham ehsoni joriydir, deb biz ahli tama’ bechora, nafs ilgida[33] ovora gʻariblar har qaysimiz besh paysa, oʻn paysa tama’ xapidan yutib, dargohingazga yuzlandik, toki eski-tuski hunarlarimizni arz qilsaq, janobingizni besh nul, oʻn pul qarz qilsaq, deb... (Kulgi.)
— Qoʻp, hunaringʻizni koʻrsatingʻ! — dedi xon.

Qiziqlar

Zokir-gov xongʻa qulliq qildi va ikki-uch qadam bordon tomongʻa yurib, butun tovshi bilan chaqirdi:
— Bahromboy! Hov, Bahromboy!!!

Bordon ichidan bir oyogʻida kafsh, ikkinchisi kafshsiz oldi ochiq kir yaxtagidan badani koʻringan, bir qoʻli bilan yelkasini qashib, ikkinchisi bilan ishtonbogʻini ushlagan, bosh yalan bir yigit chiqdi.
— Eshak hangradima! — dedi Bahrom va uyoq-buyoqqa alongʻlab olgʻandan keyin, yaxtagining chokini axtardi. — Singli taloq bitni qochirdim-da! (Kulgi.)
— Bahrom deyapman, menga qara!
— E-ey, Zokir aka, sen chaqirdingma... Ha, nima gap?
— Xonni koʻndirdim!
— Koʻndirdingma?.. Men ham aytdim-ku, xon oʻzi laqma emish, deb. (Kulgi.)
— Ular qani?
— Ularingma? Ularing ichkarida yatipti.
— Nima qilib yatipti.
— Qoʻy desam boʻlmadi, bir poy kafshimni ikavi huzur qili-i-ib yeb yatipti! (Qattigʻ kulgi.)

Zokir-gov achchigʻlandi.
— Senlarga hech bir aql kirmadi-da... Endi xonning oldigʻa bir poy kafsh bilan chiqasanmi?

Bahrom oʻylanib boshini qashidi.
— Chiqsam chiqavuraman-da. Xoning ham menga oʻxshagʻan bir odam-da, aka! (Kulgi.)
— Kir, kir, padarla’nat, darrav ularingni olib chiq!

Bahrom yelkasini qashib, kafshlik oyogʻi bilan kafshsiz oyogʻini «tapchip, tap-chip« yerga bosib ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan soʻng ikki hamrohini boshlab chiqdi. Chiqqanlardan biri pak-pakana, yum-yumaloq, loʻp-loʻnda bir maxluq edi. Uning gavdasi bu qadar "kelishkan" boʻlishi ustiga, basharasi ham shunga monand tushkan, tomogʻining ostida choʻguri qovundek boʻqoq gʻovlab yotar edi. Uning gavdasi misoli bir gupchak boʻlsa, shu gupchakning yuqorisigʻa katta bir suv qovoqni bosh boʻlsin, deb oʻrnatqan edilar. Va bu yaltir qovoqning betida koʻz boʻlib, quyoshda qovjiragan ikkita gʻoʻlun turshak, ogʻiz yerida bir kafsh, burun oʻrnida yuqorigʻa qarab oʻrmalagʻan bahaybat bir qurbaqa va quloq maqomida suv qovoqning ikki bagʻriga tiralgʻan ikki oshlov turar edi. Qosh va boshdagʻi soch toʻgʻrisida ogʻiz ochib boʻlmas, ammo besh-oʻn tuk, ya’ni soqol-murt gʻira-shira koʻzga chalinar edi. Sepkil va chechak dogʻi bu betni "muzoyaqakor" qilib koʻrsatkanidek oyogʻidagʻi choriq, ustidagi qisqa, eski alak chopon, belidagi besh-oʻn aylantirib bogʻlangʻan boʻz belboq, boshining uchdan bir qismigagina qoʻnib oʻlturgan tor pilta toʻppi bir "husn"ga yana bir yuz »husn» qoʻshib arz qilar edi. Bu maxluq doimiy oʻrdada turadirgʻan xonning kundalik qizigi mulla Baxtiyor edi. Ikkinchisi mulla Baxtiyor bilan oʻchakishkandek, juda uzun boʻyliq, gʻilay koʻzlik, ajina qoshiqdek yuzlik, qotma, oʻzining boʻyidan ham uzunroq toʻn va boshigʻa qalandar kulohi kiyib, yalan oyogʻ, oʻrta yashar Davlat ismlik yana bir qiziq edi. Zokir-gov bularni qarshi oldi.
— E, haromzodalar, — dedi Zokir-gov qoʻlini paxsalab, — andak nafslaringni tiysanglar, xotinlaring taloq boʻladimi?! Buning bir poy kafshi qani?

Bahrom ma’yus boʻyin solib turdi, Baxtiyor bilan Davlat labini artib, bir-biriga qarashdi: — Ayt! — Sen ayt.
— Nima deb aytaman? — Yeganimiz yoʻq, deb ayt...

Baxtiyor ikki qoʻli bilan belbogʻigʻa takya qilib, qaddini rostladi va boshini bir oz orqasigʻa moyil tutib, qaqqaydi:
— Bilib soʻzla, aka, biz yeganimiz yoʻq! Zokir-gov indamasdangina Baxtiyorning yonigʻa oʻtdi va ozorsiz qilib uning namoyishkor koʻrinib turgan boʻqogʻini salmoqladi:
— Kafshning oʻkchasi tiqilib qolipti-ku, inim! — dedi Zokir-gov, kuchlik kulgi koʻtarildi. Soʻngra vaziyatini oʻzgartirib, ularga uqdirdi: — Biz hozir xonning huzuriga boramiz, eshitasanlarmi... Uchaving ham adablik, mutavozi'[34] boʻlib koʻrin. Xongʻa uchrashkanlaringda, ikki bukulib qulliq qil, undan keyin xonni duo qilasanlar. Tuzukmi? Qani, kelaberlaring orqamdan!

Toʻrttavi, biri orqasidan biri chizilishib, shahsufa yonigʻa bordilar. Zokir-gov zina yonida toʻxtagʻan edi, orqadagʻilar bir-biriga turtinishib, biri u yoqqa, biri bu yoqqa, uchunchisi xongʻa orqa oʻgirgan holda toʻxtalishdilar. Bu holdan xabarsiz Zokir-gov ularni xongʻa taqdim etdi:
— Qulbachchalaringiz ... salomga keldilar. (Kulgi.)

Zokir-gov ularning holidan xabar topib, shoshdi va oshiqib, ularning betini xongʻa qaratdi.
— Hay, bepadarlar, hay, beadablar... toʻgʻringda oʻlturgan kishiga barobar qulliq qil.

Uchavi barobar qulliq qildilar, kulgi boshlandi. Chunki ularning har biri boshqa kishiga qulliq qilib, xon chetda qolgʻan edi.

Zokir-gov xongʻa uzr aytib, ularni koyidi:
— Kimga qulliq qildinglar?!
— Toʻgʻrimizda oʻlturganga.
— Loʻnda boʻl, loʻnda; uchaving ham!.. Duo qil, duo!

Uchavi duogʻa qoʻl ochti, qoʻl ochqancha bir necha vaqt qarashib turdi, soʻngra tirsagi bilan bir-birini turtisha boshladi. «Sen qil, sen...» (Kulgi koʻtarildi). Ulardan dam chiqa bermagach, Zokir-govning oʻzi qoʻl ochti:
— Omin de, hoʻkuzlar! — dedi. Ular «omin, omin» deb turdilar. — Shoyad duo qabul boʻlsa... Olloh taoloning mulla Baxtiyor va Davlat kabi zakki bandalariga bizning ehtiyojimiz yoʻq. Shuning uchun duo qilamizki, bu uchavining jonini tezroq olsin va bandalarini bu falokatdan qutqarsin, omin!

Uchavi ham fotihaga yuz siypashkan edilar, yana atrofni gurrr etkan kulgi bosti. Fotihadan soʻng Zokir-gov ularni yoʻlgʻa soldi:
— Tilak qil, tilak; baqrayib turasanlarmi? Uchavi yana bir-birini turtishib, oʻz ora bir narsa soʻzlashib oldilar. Davlat nimadir aytib, sufaga oʻlturganlarga ishorat qildi... Oradan Bahrom tilakka ogʻiz ochti:
— Salla — kalla, shopu shalopni koʻrib, oʻzimiz ham juda qoʻrqqangʻa oʻxshaymiz... Manovi Davlat boʻlsa — «Bu oʻlturganlarning hammasi ham odamxoʻr», deyapti. (Kulgi.) Endi tilagimiz shuki, bizlarga javob bersalar, joyimizga tinchkina ketsak... (Kulgi.) Ilohi mana shu oʻlturganlarga xudoyim insof bersin... (Kulgi.) Yuragimiz judayam chiqib ketayapti! (Kulgi.)
— Hay, tilaklaring bilan borib yot! — dedi Zokir-gov yonigʻa urib. — Qochib qol, yeb qoʻyadi!!

Oradan «dod» degan tovush chiqdi, uchavi ham uch tomongʻa qochar ekan, Baxtiyor Davlatning oyogʻigʻa chalinib yiqildi. (Qattigʻ kulgi.) Bahrom bilan Davlat olpongʻ-tolpongʻ bordongʻa kirib ketdilar... Zokir-gov Baxtiyorni tutib qoldi.
— Qoʻy, aka, qoʻy! — deb yigʻladi Baxtiyor, bekorga oʻlib ketmay, bala-chaqam bor?
— Yemaydi seni!
— Yeydi, aka, yeydi! Manovi bekingaing koʻziga qara...voy-voya-a-a, qoʻyuvor! (Kulgi.)
— Men senlarga achchigʻ aytim-a, padar la’nat!
— Menda oʻching borgʻa oʻxshaydi, aka! Anovi domlang nax odamxoʻrning oʻzi, kiyimingni ham yeshdirib oʻlturmaydi... Uyagʻini soʻrasang, xoninggʻa ham ishonmay qoldim! (Kulgi.)

Baxtiyor siltanib Zokir-govning qoʻlidan chiqdi va gʻildiragʻandek bordongʻa qarab qochti. Zokir-gov ham uni quvlagʻancha bordongʻa kirdi.

Bir ozdan soʻng tuzukroq kiyimda, boshigʻa salla oʻrab, oyogʻida sagʻri kafsh bilan qoʻlida joynamoz kabi bir narsani koʻtarib bordondan Davlat chiqdi. Xongʻa ta’zim qilgʻandan soʻng, joynamozni yerga yozdi. Xongʻa yana ta’zim qilib: «Shayxulislom Valixon toʻra[35] shu yerga marhamat qilar ekanlar!« — dedi. Xon mulla Niyoz domlaning yonida oʻlturgan shayxulislom Valixon toʻraga qaradi. Ahvolga tushunmagan shayxulislom "Nima gap?" degandek qilib, joynamoz yonidagʻi Davlatka koʻz qirini tashladi. Davlat "Hech gap" degan ishorani berib, bordongʻa qaytib ketdi. Demak, hozir shayxulislom Valixon toʻraga muqallid boʻlmoqchi edilar. Buni payqagʻan xalq sekin-sekin, bir-birisi bilan imlashib, kulimsishdilar va barchaning koʻzi bordon uyda boʻldi. Bir vaqt bordon eshigidan banoras toʻn kiyib, oʻng qoʻligʻa aso ushlagan va soʻl qoʻlida adras roʻymolgʻa tugiklik kitob koʻtargan, shayxulislom Valixon toʻra (Zokir-gov) koʻrindi. Shayxulislom kabi qaddi bir oz bukik va qadam qoʻyishi ham Valixon toʻradek ikki garafka moyil edi. Barchaning koʻzi va diqqati har ikki shayxulislomda boʻldi. Xon yonidagʻi haqiqiy shayxulislom esa qip-qizargʻan va har on »tavba» deb qoʻyar edi.

«Shayxulislom» yoʻl ustida toʻxtadi va yerda tushib yotqan bir narsani asosining uchi bilan tekshirib koʻrdi va uni turtib chetka chiqargʻach, yoʻlida davom etdi.

Koʻbchilik chidalmadi, gur etib kulib yubordi. Valixon toʻraning oʻzi ham tavba aralash kulib qoʻydi. Chunki Zokir-gov hech bir nuqsonsiz muqallid boʻlmoqda edi. Joynamoz yonigʻa yetdi, asosini shayxulislom asosi yonigʻa tiradi, kafshini yeshib, joynamozgʻa chiqdi. Oʻlturib kitobni tizasiga qoʻydi va pichir-pichir duo oʻqub yuzini siypadi.

«Shayxulislom» uyoq-buyoqni qaragʻandan keyin chaqirdi:
— Mirzo Hamdam-hay, mirzo Hamdam-hay!

Kulgi koʻtarildi, ayniqsa, shayxulislom yonida oʻlturgan domlalar qattigʻ kuldilar.
— Mirzo Hamdam-hay...

Bordondan Bahrom chiqdi, ul ham mullayona kiyingan edi.
— Labbay!

Bahrom «shayxulislom« qarshisigʻa kelib, salom berdi. »Shayxulislom» javob berib, joynamoz yonigʻa yeshkan kafshiga qaradi.
— Hay, shu kafshimni bir pok qiling, mirzo Ham-dam. — «Mirzo Hamdam« tavozi' bilan choʻntagidan roʻymolini olib, kafshni arta boshladi va shu vaqtda bordon ichidan, ul ham mullayona kiyimda mulla Baxtiyor chiqib keldi; »shayxulislom» qarshisigʻa kelib, salom berdi.
— Vaalaykum assalom! — dedi «shayxulislom» va kelguchining apti-boshigʻa qarab oldi. — Shined, bachcha, shined!

Baxtiyor oʻlturdi.
— Xoʻsh, pisar, chi gap?
— Taqsir... sizga...arzim bor edi... Podshohimiz yangi madrasa bino qigʻanlar, deb ilm talabida qishloqdan tushkan edim; bir hujra bersangiz, deb sizgʻa arzgʻa...
— Xoʻb, xoʻb... Shumo gujoyi?[36]
— Taqsir, Oltiariqdan...
— Attang, attang, — dedi «shayxulislom», — barvaqtroq kelmabsiz-da, bachcha, akun[37] hamma hujralarga joy yoʻq, mullabachchalar joylashib qolgan.
— Mullalarning arasigʻa qoʻysangiz ham boʻlavuradi menga, — dedi tavozi'lanib Baxtiyor. — Biz qishloq odami... siqilishsaq ham yotavuramiz, taqsir!
— Xoʻb, xoʻb... Akun hujralarimiz mullabachchalar minan behad toʻlgan, holonki bir tariq ham sigʻmaydi, biz durugʻ soʻzlamaymiz, boshidon[38]...

Haqiqiy shayxulislom masalaga tushunib ter chiqara boshladi. Baxtiyor (mullabachcha) ma’yus fotiha oʻqub «shayxulislom« huzuridan ketdi. "Mirzo Hamdam" kafshni tuflab, tozalab boʻlgʻandan keyin "shayxulislom"ning qarshisigʻa oʻlturdi. Narigi yoqdan »shayxulislom» roʻbaroʻsiga Davlat kelib toʻxtadi.
— Assalomu alaykum, toʻra pochcha! — dedi Davlat va kafshini yeshib kelib, «shayxulislom» bilan qoʻl olishib koʻrishdi. — Xoʻb salomat, ofiyat xastedmi[39], taqsir? — Xudoro shukur, xudoro shukur.

Davlat ruxsat, falon kutmay «shayxulislom»ning yonigʻa oʻlturib oldi.
— Ba janob arz... — Bisyor xoʻb, arz kuned[40].
— Ochiq gav: bizga bir hujra bersalar, deb keldik-da, toʻra pochcha!
— Xoʻb... Gujoyi?
— Taqsir, chustiy, ba janobi shumo hamshahriy[41]. — Ya’ni pisari ki? — Pisari usto Muhammad sobungar. — Xoʻb, xoʻb, — dedi «shayxulislom« va »mirzo Hamdam»ga buyurdi, — ba hamin odam yak hujra dodan gir[42]!

Davlat duo qilib «shayxulislom« huzuridan ketdi. Qoʻqonliq mullabachcha roʻlida Baxtiyor keldi. Unga yana: "Biz durugʻ soʻzlamaymiz, madrasamizga bir tariq ham sigʻmaydi", degan javob berib joʻnatildi. Davlat yana chustlik bir tolibi ilm boʻlib kelgan edi, "mirzo Hamdam" orqaliq »dodan gir!» buyrugʻi berildi. Qattigʻ kulgi koʻtarildi. Xon va domla Niyozning koʻzlariga yoshlar chiqdi. Ammo shayxulislom dam-badam manglay terini artib olar edi. Zokir-gov xongʻa qulliq qilib, shogirdlari yonigʻa bordi. Xon va ra’iyat yangi qiziqliqni kutib qoldilar.

Birikish

Dalv oyi[43], qattigʻ qish. Devonning har ikki xonasiga bir nechadan sandal qoʻyilgʻan edi. Har bir sandalga toʻrttadan mirzo joylashib, daftar tahriri, yorligʻ inshosi bilan mashgʻul edilar.

Xon huzuriga chaqirilgʻan Anvar yarim soat chamasi kechikib chiqdi. Anvar oʻz xonasigʻa kelib kirganda, chetdagi tanchada Shahodat mufti boshliq mulla Abdurahmon va Kalonshoh mirzolar nima toʻgʻrisidadir, ohista-ohista soʻzlashib oʻlturar edilar. Eshikda Anvar koʻrinishi bilan ularning suhbati kesildi va har kim oʻz qoʻlidagʻi ishka qaradi.
— Ehi, ehi, — deb yoʻtalindi Shahodat mufti, — nima farmon bor, mirzo Anvar?
— Hech gap, — dedi Anvar oʻz tanchasiga joylashib. — Oʻsh, Andijon hokimlariga noma buyurildi... Siz, mulla Abdurahmon aka, qoʻlingizdagʻini necha nusxa tayyorladingiz?

Mulla Abdurahmon yonidagʻi qogʻozlarni sanadi:
— Uch nusxa.
— Yana bir nusxa yozsangiz bas. Zakotchi ismini qoʻymagandirsiz?
— Qoʻymadim.
— Juda yaxshi, oʻzim qoʻyarman. Qoʻlingizdagʻini tezroq yozib bitirsangiz, yana bir ish bor, — dedi Anvar va Shahodat muftiga yuz oʻgirdi. — Taqsir, sizdan bir iltimos; kechagi Abdushukur ponsadga mahzarni[44] oʻzingiz yozib bermasangiz boʻlmaydirgʻan koʻrinadi. Boya menga yana uchrashdi; gʻuldir-gʻuldir qiladi, maqsadigʻa hech bir tushunalmadim. Chamasi, uning da’vo koniyatini siz yaxshiroq bilar ekansiz?
— Qoʻying shu bosh ogʻrigʻini, — dedi mufti, — necha bora menga ishi tushib, birar martaba haq berganini xotirlamayman.
— Haq olib berishka men kafil.
— Ey-ha, men ololmagʻanni siz olarmidingiz?
— Ololmasam, sizga oʻz yonimdan toʻlay, taqsir; ish qilib, shuning da’vosidan meni qutqaring-chi.

Shahodat mufti indamadi. Anvar qogʻoz olib, bir narsa yoza boshladi. Shahodat mufti ohistagʻina yonidagʻi Abdurahmonni turtib qoʻydi va Anvarga ishorat qilib, «ana ahvol« degandek iljaydi. Ya’ni uning harakati »koʻrdingmi mirzoboshini, qoʻlidan mahzar yozish ham kelmaydi» mazmunida edi. Mulla Abdurahmon ohista bosh koʻtarib kulimsidi. Bu gapdan xabardor boʻlib oʻlturgan Kalonshoh mirzo qoʻlini ogʻzigʻa karnay qilib Anvarga toʻgʻriladi, ya’ni, jirtak chaldi. Shu holda eshikdan Sultonali mirzo kirib, Kalonshohga tikilib qoldi...
— Maymunliq muborak!

Ish bilan mashgʻul Anvar qogʻozdan boshini koʻtarib, eshikdagi Sultonali mirzoga qaradi:
— Nima gap?
— Hech gap, — deb kuldi Sultonali, ammo koʻzida gʻazab oʻti yonar edi.
— Men boyagʻi qogʻozgʻa kirgan edim.

Anvar yonidagʻi qogʻozlar ichidan bir ariza ajratdi:
— Javob men aytkancha boʻlsin.
— Xoʻb.

Sultonali qogʻozni olib chiqar ekan, yana ularga qarab qoʻydi. Ularning uchavi jiddiy ravishda ishka berilgan, qogʻozdan bosh koʻtarmas edilar. Sultonali chiqib ketdi. Bir ozdan keyin Shahodat mufti sekin bosh koʻtarib Anvarga qaradi. Anvar oʻz ishiga qattigʻ bogʻlangʻan edi. Shahodat mufti Kalonshoh bilan koʻz toʻqnashtirib, «yaxshi boʻlmadi», degan kabi bosh chayqadi. Kalonshoh ahamiyatsiz koʻz qisdi. Odatdagidan ham rangi oʻchkan Abdurahmon bularning hozirgi im-ishoratiga ishtirok etmay, oʻz ishiga qaragʻan edi.

Solih maxdumning oʻsha soʻzi bilan Abdurahmon ishka olingʻan edi. Uch oydan beri Anvar qoshida — Oʻz huzurida mirzoliq qilib kelar va ikkinchi oydan besh tilloliq mohonaga ham yozilgʻan edi. Bir oylar chamasi Anvarga sadoqat bilan, uning qanoti ostigʻa kirgandek ishladi. Bu orada Shahodat mufti va Kalonshoh mirzo kabilar bilan sirdon boʻlmasa ham tanishdi, yaqinlashdi. Boshda Shahodat muftilar uni yotsinishib uning yonida har turlik gʻiybatlarni qilishdan choʻchidilar.

Chunki mulla Abdurahmonning Anvar kishisi boʻlishi taxmin qilingʻan edi. Ikkinchi oydan mohonaga yozilishi ham ularning oʻz andishalarida yanglishmagʻanliqlarini koʻrsatdi. Biroq Abdurahmonning ba’zi harakatlari, masalan mirzo Anvarning arabcha, forsiycha lafzlardan xoli, sodda tahririni nusxalarga koʻchirar ekan — «attaomu bilo milhi« (tuzsiz osh), deb kulib qoʻyishi muftilarni oʻylatib qoʻyar, bu ta’nani chin koʻngildan chiqqanigʻa shubhalanishni-da, shubhalanmasni-da, bilmas edilar. Shunday fursatlarda "alamzada" muftilar ham birar latifa soʻzlashka tutunar, aksar, latifa mazmunini bir tarafka burib yuritar edilar. Ba’zan Shahodat mufti ishdan charchagʻan kabi oh tortib, oʻzicha "yamutul-asadu fil gʻabobi ju'an va lahmut-tayri yutrahu lil-kilob"[45], desa, ikkinchi yoqdan Kalonshoh mirzo shu maqolning davomini soʻzlab »va xinziru yanomu fil-firosh va ulul-uquli yanomu alat-turob»[46], der edi. Mulla Abdurahmon ularning kinoyasi mazmuniga tushunibmi yoki tushunmasdanmi — har holda bir iljayib qoʻyar edi.

Shu yoʻsun ikkinchi oyda bu ikki mufti mulla Abdurahmonni sinab vaqt kechirdalar. Abdurahmon ham oʻzining aksar soʻz va harakatlari bilan ularni shubhadan chiqara bordi, nihoyat ikki mufti uchunchi yosh «olim«ni ham garchi bir "nodon" tarafidan keltirilgan boʻlsa ham "zarshunos" deb bildilar va uchunchi oydan uni ham oʻz yonlarigʻa olib sirdon boʻlishdilar. Boyagʻidek, "qozixona mahzarlari" ularga dastmoya boʻldi. Anvar oʻzi vaqt topolmay, birar narsani muftilarga havola qiladirgʻan boʻlsa, »mirzoboshining tishi oʻtmadi» deb kulishdilar. Mulla Abdurahmon ham valine’mati boʻlgʻan Anvarning rioyasini unutayozdi. Chunki mazkur ikki muftining ta’sirlari kuchlik boʻlishi ustiga, oʻzi ham ularga moyil, hatto bu kamsitishlardan lazzat olgʻuchi edi...

Anvar ikki muftining gʻiybatlarini yaxshi bilsa ham, Abdurahmonning bu gʻiybatda ishtiroki borligʻini sezmas edi. Faqat yaqindan beri Sultonali mirzo Abdurahmonning bunda ishtiroki borligʻigʻa voqif boʻldi. Hatto shu toʻgʻrida Anvarga ba’zi soʻzlarni ham aytdi. «Mulla Abdurahmondan non yemaymiz, sizga qarshi qattigʻ quturgʻan ikki itimiz bor edi, endi uchunchisini oʻzingiz keltirganga oʻxshaysiz...»

Kechka tomon mirzolar tarqalishdilar. Biroq, bizning muftilar hanuz qoʻzgalmas edilar. Anvar esa hammadan keyin chiqquchi edi. Ikki muftining qoʻzgʻalmasliqlarigʻa oʻzi sababchi boʻlgʻanligʻini yaxshi bilgan Sultonali mirzo Anvar bilan xayrlashib chiqdi. Shundan bir oz soʻng muftilar ham ketishka chogʻlandilar.

Havo sovuq, toʻrt ellik chamasi qor yogʻib, koʻcha betini yopqan edi. Qoʻqonning oʻziga maxsus izgʻiriq bu qor bilan yaxshi qurollanib, kishining quloq-tumshugʻini zahar kabi yalab oʻtar edi. Kishilar telpakni bostirib kiygan yoki sallani quloq va manglay aralash oʻrab, boʻz guppini tumshuqqacha koʻtargan edilar. Koʻcha boʻylab har kim chopar, bir narsadan quruq qoladirgʻandek yugurar edi. Bu kungi sovuq bilan qor har kimga ham gʻarchliq kafsh in'om qilgʻan, boy va beklar oyogʻidagʻi bedona, sagʻri qala kafshlar bilan kambagʻal kosiblar kiygan upika[47], aybaki kafshlarning oʻzaro farqi qolmagʻan va hatto ba’zilar oyogʻidagʻi yogʻoch kafshlar ham ajoyib nagʻmanavozliq qilar edilar.

Gʻarib Koʻngli

Anvar boshqalar kabi yugurmasa ham yelib kelar edi. Xishtkoʻprukka yetkanda, katta suv yonidagi hujra eshigida qoʻsqi[48] poʻstunga oʻralib turgʻan qorovul uning oldigʻa tushib salom berdi:
— Sovuqqa qotqan koʻrinasiz, taqsir... Gulxanimiz bor.

Anvar tumshugʻini toʻnidan chiqarib iljaydi va tutun chiqib turgʻan eshikka burildi, qorovul oldinda kelib, eshikni ochib berdi, Anvar ichkariga kirdi. Tutun bilan qop-qoraygʻan, pastkina qorongʻi hujraning oʻrtasida gulxan yonib, alangasi moʻriga oʻrlar edi. Gulxan yonida qoʻligʻa kasav tutqan Sultonali mirzo olov joʻnashdirib oʻlturar edi.
— Siz ham sovuqqa qotqanlardanmisiz! — deb kuldi Anvar.
— Jon olov — jon er, depti bir xotin... Gulxan oʻtlik yigitning issiq quchogʻi emish. Qani, bu yoqqa marhamat!

Qorovul va Sultonali mirzolarning qistashlari bilan Anvar gulxanning toʻriga, toʻrt qatlanib solingʻan kiyizga oʻlturib, qoʻlini olovgʻa tutdi.
— Oʻzingiz oʻlturmaysizmi, aka, oʻlturing!

Anvarning bu soʻzi bilan adab saqlab turgʻan qorovul gulxanning bir chekkasiga choʻkkalab, gulxan yonidagʻi qora qumgʻonni olovgʻa tirabroq qoʻydi.
— Sovuq tuzuk boʻldi, — dedi Anvar isinib. — Oʻrdadan chiqib, oʻzingizni gulxanga uribsiz-da?
— Qarasam uyga yetkuncha qotadirgʻanman, Toyir akamning tuynugida tutun koʻrib, eshikni ochsam, ish katta. Xiralik boʻlsa ham kirdim, nima qiladi... Biroq, sizni Toyir akamning oʻzi chaqirib kirganga oʻxshaydi, hali sizga choy damlayman, deb ovora boʻlsa ham ehtimol...

Toyir aka qumgʻonni yana olov tomongʻa itarib qoʻydi:
— Hozir damlaymiz, taqsir, hozir. Suv ham qalqib qolibdir, yaxshi, koʻk choyimiz ham bor.
— Oʻzlaringiz ichmasangiz, menim uchun hojat emas, men hozir ketaman.
— Shu gulxanni tashlab, qayoqqa?
— Uyga... Balki kishilar kutib oʻlturgan chiqarlar.
— Shunday sovuqda sizni kim kutsin, choyni damlay bering, Toyir aka, mirzoboshini yubormaymiz.
— Shunday boʻlsin, taqsir... Gʻariblarning choyidan ham bir ichib qoʻysinlar, — dedi Toyir aka va oʻrnidan turib burchakdagi yorilgʻan tarashadan bir quchoqni keltirib gulxan yonigʻa tashladi. Qaynab toshqan qumgʻonni olovdan olib, choy damladi.
— Toyir akamning gulxanini tashlab ketib boʻlmaydi, — dedi Sultonali, — bir-ikki piyola choyidan ham ichish kerak, bir-ikki kalima suhbatini ham eshitish kerak.

Anvar iljayib qoʻydi. Toyir aka qoziqdagʻi tugunni ochib toʻrt-beshta non, bir hovich kattaqoʻrgʻon magiz olib, kichkina barkashchaga soldi. Barkashni Anvar oldigʻa keltirib, uzr aytdi:
— Kambagʻalchiliq, taqsir, oldingizgʻa dasturxon yozolmadiq...
— Nima aybi bor, — dedi Anvar, — men shunday qorongʻi uyda gulxan yonida oʻlturishni va shu holda choy ichishni juda yaxshi koʻraman.
— Bu oʻlturishning oʻz oldigʻa bir nashʼasi bor, — dedi Sultonali.
— Bor... Shoirona, darveshona bir ma’nosi bor. Men yosh, yatim chogʻim, opamning uyida shu holni koʻrar edim. Yaznam qashshoq kosib edi. Qish keldi deguncha gulxan yoqar va shu yoʻsun gulxan yonida oʻlturib choy ichar edik. Shu gulxan hayoti hanuz menim esimdan chiqmaydir va shu hayotka hamisha koʻngilda bir muhabbat saqlayman.

Toyir aka Anvarga sopol piyolada choy uzatdi. Gulxan keyingi qalangʻan tarashalar bilan alangalanib yondi. Qorongʻi hujra yorishib, uchqunlar bilan ziynatlandi.
— Bola-chaqangiz bormi, Toyir aka?
— Yoʻq, taqsir... Shu yerda yurtni duo qilib yotaman.
— Toyir akam ham sizga oʻxshaydi, — deb kuldi Sultonali. — Toʻyni koʻklamga qoldirganingiz yaxshi boʻlmadi, qish kunlari Toyir akamdek yolgʻizliq...
— Chunki men Toyir akam turmishini yaxshi koʻraman... Dardisarning nima keragi bor-a, Toyir aka?

Toyir aka qoʻlida kasav bilan olov toʻgʻrilar edi.
— Qurbi yetkan kishining bola-chaqa qilgʻani ma’qul, taqsir.
— Nima uchun?

Toyir aka olov joʻnashdirib, bir oz javobsiz oʻlturdi. Soqol-murtiga uchib tushkan uchqun kullarini selpib tashladi.
— Xudoy farzand bersa, qarigʻan kunlaringizda ishingizga yaraydi, — deb qoʻydi Toyir aka, yana bir oz olov toʻgʻrilab turdi. — Menda hech kim yoʻq... Yoshim ellidan oshqan, taqsir... Hozir kuch-quvvat bor, bir narsa topib boʻladi... Bir vaqt kelar, kuch ketar, shunda menga kim qaraydi, taqsir? Issiq jon, men ogʻrib yotarman, bir qoshiq suvgʻa muhtoj boʻlarman... Shunda suvni menga kim beradi, taqsir? Oʻlim haq, ajal yetib amonatni olsa, koʻzim yumilsa, bir chekkada oʻlib qolgʻanimni kim biladi, taqsir?.. Kishining bola-chaqasi boʻgʻanda shunday gaplar yoʻqmi, deb oʻylayman-da.
— Toʻgʻri gap, — dedi Sultonali, — darhaqiqat, kishi qanday kunlarga qolishini bilmaydi. Toyir akam aytkancha, bola-chaqa boʻlsa, bir oz koʻngil toʻqi-da.

Anvar bir oz soʻesiz, oʻylanib turdi, qoʻlidagʻi piyolasini boʻshatib, Toyir akaga uzatti.
— Uylantirib qoʻyayliqmi sizni?

Toyir aka minnatdor ohangda kuldi.
— E, joningdan, taqsir, — dedi, — endi boʻlmaydi.
— Nega boʻlmaydi?
— Soqolgʻa qarang, oʻlim isi keladi...
— Boʻlmagʻan gap... Siz bizdan ham yosh koʻrinasiz.
— Koʻngil qarigʻan, taqsir, koʻngil, — dedi Toyir aka, qoʻlini koʻkragiga tegizib oldi. — Endi koʻngil hech narsa ham tilamaydi, faqat tinchliq tilaydi... Tinchliq qachon boʻladi, unisini bilmaymiz-da.

Soʻzni yana aylantirishka yoʻl qolmadi. Anvar yer ostidan Sultonaliga koʻz yubordi. Sultonali ma’nolik bosh irgʻatib qoʻydi. Toyir aka oʻz oldidagʻi yonib oʻchkan xokalarni kuldan ajratib, gulxanga tashlar edi. Boyagʻi shiddati yoʻqolgʻan gulxan nafis koʻk tutun chiqarib ohistagʻina chayqalib yonar edi. Kullar koʻkka uchar, choʻgʻlar kulga botar, chalalar choʻqqa aylanar edilar... Uchavi ham soʻz qoʻyishqandek ancha vaqt gulxanning shu holini ta’qib etdilar.

Bishoʻy, Ey Xiradmand...

— Muftilaringiz menim orqamdan joʻnagʻan boʻlsalar kerak, mirzo Anvar?

Xayoli boshqa narsada boʻlgʻan Anvar Sultonalining soʻziga tushunibmi, emasmi, har nachuk bosh irgʻatib qoʻydi.
— Men siz bilan xayrlashib koʻchaga chiqsam, «doʻstingiz« mulla Abdurahmon ularni kutib turgʻan ekan. Chamasi kunduzgi »suhbat»ning moba’di[49] boʻlsa kerak?!

Anvar xayoli bilan vidoʻlashqandek, tilar-tilamas Sultonaliga yuz oʻgirdi.
— Qanday suhbatning?
— Suhbatning emas, gʻiybatning.

Anvar kuldi:
— Siz mulla Abdurahmon domlani koʻralmay qoldingiz.
— Masala koʻralmaslikda emas, uning noloyiq harakatida, doʻst koʻrinib dushmanlik koʻchasiga kirishida.
— Biz uning chin koʻnglini bilishdan ojizmiz.
— Har holda bu kaltakesak bizga doʻst emas.
— Xoʻsh? — deb kuldi Anvar.
— Muftilar bizga doʻstmi, dushmanmi?
— Balki dushmandirlar, lekin biz ularga dushman emasmiz.
— Bali! — dedi Sultonali mirzo. — Basharti bizning yordamimizda ishlik boʻlgʻan bir odam, erta-kech bizning dushmanimiz hisoblangʻan kishilar bilan hamsuhbat boʻlsa, ogʻiz-burun oʻpishsa, biz unga qanday baho berishimiz kerak? Bunday odamni biz ochiqdan-ochiq dushman yoki ahmoq deymiz. Ammo mulla Abdurahmon ahmoq emas, koʻb ish koʻrgan tullak! Endi faqat uning dushmanlik tarafi qoldi, ham bu aniq. Menim hukmimga qanoat qilmasangiz, hikmatka qarang.

Shayx Sa’diy:

"Bishoʻy, ey xiradmand, az on doʻst dast,
Ki bo dushmanonat buvad hamnashast"[50], —

deydirlar...
— Men mulla Abdurahmonni yaxshi kishi, deb oʻylaymanmi?
— Oʻylamaysiz, biroq uning oʻziga yarasha muomala qilmaysiz, shu bilan birga anovi muttahamlarni haddidan oshirasiz!

Anvar barkashdagi magizdan bir-ikki dona olib qoʻlida ushladi.
— Sizningcha, ular bilan qanday muomala qilishimiz kerak?
— Mulla Abdurahmonni oʻrdadan joʻnatish kerak; tinchkina imom va xatibligini qilsin. Muftilarga ham qozixonadan birar vazifa topilib qolar.

Anvar bosh tebratib kuldi. Toyir aka gulxanga oʻtun qalab shom uchun joynamoz yozdi. Sultonali mirzo imom boʻlib, uch kishi shomgʻa turdilar. Shomni oʻqub gulxan yonigʻa oʻlturar ekan, Sultonali soʻradi:
— Yoki ularni oʻrdadan joʻnatish oson emasmi? — Oson, biroq oson ishda lazzat yoʻq, — deb kuldi Anvar. — Sizning shu gapingiz bilan bir kishi yodimgʻa tushti: oʻzi mulla Abdurahmonning qavmlaridan boʻlgʻan oq koʻngilli sodda bir kishi bor. Oti... ha, oti Safarboy, kasbi boʻzchiliq. Oʻtkan kun oʻrdadan qaytib borsam, shu kishi uyda meni kutib oʻlturibdir. Xoʻsh, keling, Safar aka? — Kuygan-pishkan, menga «arz« qildi: mulla Abdurahmonning bir doʻstidan eshitkan emish, goʻyo mulla Abdurahmon biravga "mirzo Anvarning tegiga yaqinda suv keladi" degan emish... "Bu nima degan gap, mirzo, nega sizning tegingizga suv keladi?" deb soʻraydi. Men kuldim... "Hozircha tegim quruq, basharti tegimga suv kelsa, boʻzchiliqni oʻrgatasizmi?" deb soʻradim. Savolimga javob bermaydi, faqat sizning soʻzingizni aytib: »Imomimiz fisqi-fasod, bunday kishini haydaganingiz ma’qul» deydi. Sizga yoqadirgʻan soʻzni aytdimmi, Sultonali aka?!
— Bu kishi sizga chin doʻst ekan, — dedi Sultonali jiddiy. — Men oʻz fikrimda yanglishmasman. Bu kaltakesak yutkan chayonning yuragida, xudoy bilsin, sizga qarshi katta adovat bor.

Shu choqqacha olov kavlab jim oʻlturgan Toyir aka soʻzga qotishti:
— Safar, yelkasi chiqqan, jikkak yigit emasmi, taqsir?
— Bali, bali.
— U menim oshnam boʻladi. Ehey, u bilan biz har yoz birga mardikor ishlar edik, oʻzi oʻbdan yaxshi yigit.
— Vassalom, — dedi Sultonali mirzo. — Bas, Abdurahmon ham adovatda muftilardan qolishmaydir. Shuncha yaxshiliqni bilmagan kishi...
— Yaxshiliq qil, daryogʻa tashla, baliq bilmasa, xoliq[51] bilur, deganlar. Fuzuliy: «Dahr[52] bir bozordir, har kim matoʻin arz edar» deb juda toʻgʻri soʻzlaydir. Shunga oʻxshash biz ham, oʻzimizda boʻlgʻan matoʻni bozorgʻa solamiz, ular ham bisotlarini kavlab shundan boshqasini topolmaydirlar.
— Bu shunday, mirzo Anvar, ammo oʻzingizni dushmandan mudofaa qilish kerakmi, yoʻqmi?
— Men nimani dushmandan mudofaa qilay? — deb kuldi Anvar. — Agar ularning adovati mendan bosh munshiylykni olish uchun boʻlsa, marhamat qilsinlar, hatto oʻzim ularga yordam ham beray. Toʻgʻri, siz ularning nomussizona harakatlaridan qizishasiz, achchigʻlanasiz. Menchi, men ham bir inson, koʻkdan tushkan farishta emasman, oʻz ustimdagi gʻiybatlardan, hayvoncha qiliqlardan, izzati nafsimga toʻqingʻan harakatlardan achchigʻlanaman. Siz aytkancha, ularni oʻrdadan haydash mulohazalarigacha borib yetaman. Biroq, ba’zi andishalar meni toʻxtatib qoʻyadir. Avvalo ular bilan tenglashish menim uchun kamchilik kurinadir; ikkinchi, ularni devondan haydash toʻgrisigʻa kelganda yana andishalar bor: basharti muftilarni devondan chiqarsam xalq nima deydi, besh kun amalga minib, oʻttuz yilliq mirzolarni qadr qilmadi, demaydimi? Agar ular tinchkina chiqib ketsa-ku, yaxshi, bil'aks, xon va shogʻovul domlalar vositasida yana kirib olsa, men nima degan odam boʻlaman? Bu holda bir adovat ustiga yuz adovat zamlanishida shubha yoʻq. Endi mulla Abdurahmon toʻgʻrisida: boshda men bu kishini oʻrdagʻa olishgʻa qarshi boʻlib, birinchi koʻrishimdayoq bu mulladan yaxshiliq kutmagan edim. Biroq, sizga aytkanimcha, oʻrtada nozik bir kishi vosita boʻldi, shundan keyin noiloj xizmatka olishqa majburiyat tugʻuldi. Mulla Abdurahmon ifloslar qatorigʻa oʻtkan ekan, ishi oson, joʻnatib yuborish qoʻlimizdan keladi. Va lekin, fikrimcha, uni ham joʻnatish maslahat emas. Avvalo xizmatka olmasliq kerak edi; olingʻach, uch oy oʻtmasdan joʻnatish... Juda ogʻir, agar iflos boʻlsa uning tabi'ati, biz oʻzgarta olmaymiz, har kim tilagan oshini ichadir.

Sultonali mirzo muftilar toʻgʻrisida bir narsa deyalmasa ham, Abdurahmonni joʻnatishgʻa isror etdi[53].
— Xoʻb, muftilar qolsin, yana bir necha kun sasishsin. Biroq, Abdurahmonni toʻxtatmang, agar siz shu chuvalchangning bahridan oʻtsangiz, hamrohlariga katta ibrat koʻrsatkan boʻlasiz.

Anvar kulib qoʻydi.
— Siz menim doʻstimga qattigʻ tikildingiz...
— Tikilishka — tikildim, — dedi Sultonali mirzo jiddiy, — siz loaqal shuni ham joʻnatmasangiz, men ketaman. Muftilarning aftini koʻrib qiynalar edim. Endi bu uchunchi iflosning yuziga qarashqa toqatim qolmadi!

Sultonali jiddiylashkan edi, Anvar yana qarshi borishni muvofiq koʻrmadi.
— Xoʻb, — dedi, — siz shuni maslahat koʻrsangiz, joʻnatayliq.
— Bali! — dedi Sultonali. — Sizdan yana bir talab: ertadan boshlab meni oʻz huzuringizga oling, toki muftilar ertadan kechkacha gʻiybat soʻzlab, maymun boʻlib vaqt kechirmasinlar.
— Bu ham oson, — deb kuldi Anvar, — ular men yoʻq vaqtdan foydalanib, yurak boʻshatar edilar. Endi bundan ham bechoralarni mahrum etmakchisiz, bu qadar zulm...

Sultonali yana kulmadi:
— Qilgʻangʻa qilamiz-da.

Shundan keyin ketishka chogʻlandilar. Anvar qoʻzgʻalar ekan, yonchigʻidan bir tillo olib, Toyir akaga uzatti. Toyir aka bilibmi, bilmasdanmi, har holda tilloni qoʻligʻa olgʻandan soʻng, yana tez qaytarib berdi:
— Uyat, uyat boʻladi.
— Bu pul oʻzimga, deb oʻylamang, — dedi Anvar Toyir akaning qoʻlini itarib, — siz bu pulga oʻtun, magiz, ortib qolsa choy olasiz. Sultonali akam bilan kelganimizda gulxanni bundan ham katta qilib berasiz.
— Sizlar kelsalaring hammasiyam oʻzimizdan topiladi.

Anvar pulni olmadi. Toyir aka maslahat soʻragʻandek Sultonaliga qaradi. Sultonali duo qilib oling, degan kabi ishorat qildi. Toyir akaning duosidan keyin chiqdilar.

Aldash Uchun Bola Yaxshi

Bir necha kunlardan beri Safar boʻzchi xursand edi. Mulla Abdurahmonning xizmatdan chiqishigʻa oʻzim sabab boʻldim, deb oʻylar; oʻz soʻzi bilan mulla Abdurahmon kabi bir kishining suvgʻa tushkan nondek shilqillab qolishigʻa: «Koʻrpangga qarab oyogʻ uzat, mullavachcha!« deb oʻzicha kulib qoʻyar edi. Kecha Samad boʻqoqni koʻchada uchratib, piching otdi: "Mirzaboshimning tegiga suv kelipti-ya, gapingni toʻgʻri chiqishigʻa qara, Samad?" — dedi. Chunki Anvarga borib aytkan xabarni shu Samad boʻqoqdan eshitkan edi. Samad boʻqoq uning bu pichingidan qizardi: "Qulogʻimgʻa yanglish kirgan ekan-da, ablah!" deb gapni kulgulikka burdi. Safar boʻzchi ham "payrav" qildi. »Bir qoʻchqorning boshi ketkuncha, minglab qoʻyning boshi kesilar emish, deb ayt domlanggʻa!» dedi. Samad boʻqoq indamadi.

Safar boʻzchi mulla Abdurahmonning xizmatdan boʻshatilgʻanini eshitkandan beri «Mirzamni bir koʻrsam« deb Anvarning oldigʻa borishqa chogʻlanib qoldi. Biroq, dastgoh yonidan qoʻzgʻalishqa ishni qizgʻandi. Bu kun ish toʻqur ekan, oʻzicha qaror berdi: »Bu kun chorshanba, erta panjshanba... jum'a kun men ham boʻsh, mirzam ham boʻsh. Ha, indin borgʻanim ma’qul».

Shomdan bir oz ilgariroq Safar aka ishdan chiqdi. Kunning sovuqligʻigʻa ham qaramay muzlagan sovuq suvda tahorat qildi, nari-beri boʻz sallasini chulgʻab, masjidga yugurdi. Ul jilovxonadan kirganda, masjidning toʻrdagi hujrasidan mulla Shahodat mufti, Kalonshoh mirzo va mulla Abdurahmonlar namozga chiqib kelar edilar. Safar boʻzchi har ikki muftining ham oʻrdada turishlarini yaxshi bilar edi. Mulla Abdurahmonni oʻrdagʻa yana oladigʻan boʻlibdirlarmi, deb oʻyladi va uch ulamo kelib masjidga kirgunlaricha adab saqlab, masjidning boʻsagʻasida qoʻl bogʻlab turdi. Ular kelib masjidga kirar ekan, mulla Abdurahmon koʻzining paxtasini chiqarib, Safar boʻzchigʻa qarab oʻtdi, ular orqasidan Safar boʻzchi ham xonaqohgʻa kirdi. Ammo haligi qarashdan soʻng Safar boʻzchining boshidan: «Bu mullalar ham domlamdek oʻrdadan haydalganlarmikin? Mirzamning gʻiybatiga yigʻilishqanlarmikin?» degan bir fikr oʻtib ketdi.

Soʻfi takbir tushurdi, mulla Abdurahmon mehrobka oʻtdi, mufti va boshqalar unga iqtido qildilar. Imom qiroatda, Safar boʻzchi somi'lik[54] oʻrnigʻa — «manovi ketman soqolning afti xunuk, uttasining avzoyi buzuq, domlamning boʻlsa gʻurragi bola ochqan... Uchavi ham alamzada boʻlsami? Domlamning koʻnglini koʻtargali kelganlardir, yoki mirzam bilan ikki orani bitishtirmakchilarmi?.. Mirzamning bitishmagani ma’qul, ikki ogʻiz gap uchun hanuzgacha kek saqlagʻan domla...» deb oʻylar edi. Shu yoʻsun vasvasalanib shom namozini qanday oʻqugʻanini oʻzi ham bilmadi, ammo yotib turishdan erinmadi. Fotihadan soʻng jamoat tarqala boshladi. Besh-olti kishi, jumladan, Safar boʻzchi ham adab saqlab, domlalar masjiddan chiqquncha qoʻzgʻalishmadilar. Ular chiqib ketkandan soʻng soʻfi sham'ni oʻchirdi, boshqalar masjiddan tarqadilar. Safar boʻzchi sahnga tushib hujraga qaradi; hujra darichasidan sham' yoruqligʻi tushar, ichkaridan qoʻlida quroq dasturxon ushlagan, oʻn bir-oʻn ikki yoshliq bir bola chiqib kelar edi.

Safar boʻzchi jilovxonaga oʻtib toʻxtadi. Hujradan kelgan bola oʻz yonigʻa yetkach, bolani oldingʻa oʻtkarib, uning orqasidan koʻchaga chiqdi. Bola koʻchaning oʻng tomonigʻa qarab ketdi. Safar akaning havlisi koʻchaning chapida edi, lekin ul oʻz havlisi tomongʻa yurmay, shu bola orqasidan bordi.
— Hoy, Shukur soʻfining oʻgʻli!

Shukur soʻfining oʻgʻli — bola, yoʻl ustida toʻxtadi. Safar boʻzchi uning yonigʻa yetib oldi.
— Qani yuravur, sening oting Mamatqul-a?
— Hi.
— Mamatqul... Sen bizning Asqarboyni taniysanmi?

Bola ajablangansumon Safar boʻzchigʻa qarab oldi.
— Asqar menim oʻrtogʻim-da, shu topqacha bilmaysiz ekan-da!
— Ha, ha... Oʻzing ham yaxshi yigit koʻrinasan... Masjidda nima qilib yurgʻan eding?
— Imom pochchamning hujralarida chay qoʻyib berdim. Katta domlalar mehmon boʻb kepti.
— Ha, ha... Endi qayoqqa borasan?
— Imom pochchamning uylaridan osh ob kelaman-da.
— Tuppa-tuzuk dasyor boʻlib qopsan-da. Osh olib kelganingdan keyin tagʻin choy qoʻyib berarsan hali?
— Ha, qoʻyib beraman. Domla pochchalar joʻnagʻuncha xizmat qilib turaman.
— Ha, ha... Katta domlalar qachon kelishdi ekan?
— Dadam azongʻa chiqqanda kelishdi-da, qoʻyib bergan chayimni shu topta ichishayapti.

Safar boʻzchi oʻn qadamcha soʻzsiz bordi.
— Oʻzing koʻb yaxshi bolasan-da, Mamatqul, domla pochchalaring nima deyishyapti?
— Hali gapurishkanlari yoʻq-da.
— Mamatqul-chi, shu domla pochchalarning soʻziga yaxshi quloq solib tigʻnab ogʻan kishi bemalol jannatka kirib ketavuradi-da... Sen ham ularning soʻzini tigʻnab olasan-mi?
— Ha, tingʻab olaman. Dadam ham savob boʻladi, deyapti.
— Bali, Mamatqul, juda yaxshi tigʻnab ol-da... Agar sen shu domla pochchalarning soʻzini yaxshi tigʻnab, ular joʻnagʻandan keyin menga borib soʻzlab bersang-chi, Mamatqul, men senga oʻn pul beraman-da.

Mamatqul tushunalmaslik ichida Safar boʻzchigʻa qaradi:
— Chin aytayapsizmi, Safar aka?
— Yolgʻoni yoʻq-da, Mamatqul, — dedi Safar boʻzchi va boʻz yaxtagining choʻntagini silkitib jaraqlatdi. — Koʻrayapsanmi chaqalarni... Agar ularning gapini tigʻnab menga soʻzlasang-chi, oʻn pulni olavurasan-da, Mamatqul.
— Tunda sizning oldingizgʻa borgʻani qoʻrqaman-da.
— Nimadan qoʻrqasan, Mamatqul? Asqar oʻrtogʻing kechasi ham qoʻrqmasdan yuravuradi.
— Men itdan qoʻrqaman-da.
— Bizning koʻchada it yoʻq-ku, tentak, qoʻrqsang eta-metan bor. Agar imom pochchang endi ketavur desa-chi, Mamatqul, xoʻb, deb hujradan chiq-da, hech kimga bildirmay, darchaning tegidan gapni eshit, hami?

Mamatqul nima uchundir iljayib qoʻydi va ma’qul degan kabi bosh irgʻatdi.
— Qoʻrqmasang, ular joʻnagʻandan keyin biznikiga bor, men doʻkonda ish toʻqub oʻlturaman; oʻn pulni olib kelavurasan-da, sendan nima ketdi, Mamatqul...
— Tuzuk.

Bola shu soʻzni aytib kichkina, tor koʻchaga buruldi. Safar boʻzchi bolaning orqasidan bir oz qarab turgʻandan soʻng, orqasigʻa qaytdi. Safar boʻzchi bolagʻa bergan oʻzining bu vakolati bilan kelasi kun mirzoboshining oldigʻa yana bir gap topib bormoqchi edi. Uning fikricha, ehtimolki, keyingi domla pochchalar ham oʻrdadan haydalishka loyiq, mirzoboshigʻa dushman boʻlib chiqar edilar. Shu xayollar bilan kelib, uyiga kirdi. Erini kuta-kuta qozondagʻi tuppasi atalagʻa aylangan Toʻxtabibi Safar boʻzchini koyib qarshi oldi.

Chaqangiz Siyqa Emasmi?

Ul aksar shom va ertalabki namozlarnigina masjidda oʻqub, qolgʻanlarini uyida ado qilar, peshin, asr, xuftanlarga vaqt topolmas edi. Ammo bu kech joʻrtta xuftanga chiqmadi. Ya’ni Mamatqul oʻn pul uchun shoshib, topqan gapini kishilar orasida soʻzlab bersa ehtimol edi. Oshdan soʻng ishxonasiga chiqdi. Dastgoh yonidagʻi qora charogʻni sqib oʻrishdagi uzuqlarni uladi, aymashqan iplarni yeshdi, chigillarni yozib tarogʻladi, ogʻzi bilan oxor burkib yana taradi va eng soʻng qurutish uchun oʻrishni yelpidi. Urish goʻqishqa rostlangʻandan keyin, eski toʻppidagi naychaga solingʻan iplarni (arqoqni) olib, dastgohka tushti, tigʻ va gulani orqagʻa surib mokkini rostladi.

Qora charogʻ arang-arang dastgohni yoritar, yelkasi tashqarigʻa turtib, koʻkragi ichka botqan Safar boʻzchi, goʻyo dastgohka quyulib qoʻygʻandek koʻrinar edi. Tepki bosishdan gʻich-gʻich qilgʻan nagʻma eshitilar va bu nagʻma ohangaga oʻynagʻuchi mokki u yoq-bu yoqqa oʻtib turar, lahza sayin arqoq-oʻrish birlashib, toʻrt ellik boʻz hosil qilar edi. Safar boʻzchining bir kechlik ishiga bir ohor moʻljal boʻlib, qora charogʻning moyi ham soat vazifasini oʻtar, ya’ni qora charoqqa toʻldirilgan moy har kun bir ohorgʻa yetib bitar edi.

Safar boʻzchi navort yogʻochini oʻrab, ohorliq tandaga — Oʻrishka moʻraladi va nos otib, koʻcha tomongʻa quloq soldi. Chunki ul hanuz Mamatqulning kelishidan umidvor edi. Bir oz quloq solib turgʻandan keyin, mokkiga yangi naycha joylab, yana ishka urindi. Ichkarida charx toblab naycha solish bilan mashgʻul Toʻxtabibi koʻylak yengini iplik oʻrishchalar bilan toʻldirib chiqdi. Gap-soʻzsiz, oʻrishchalarni eski toʻppiga agʻdarib, boʻshalgʻan naychalarni yigʻib oldi.
— Oyogʻim sovuq qotti, olovning ilojini qil-chi.
— Oʻt yoqib beraymi?
— Ha, bali, uch-toʻrtta tarashani kertib kirsang boʻladi.

Toʻxtabibi chiqib ketdi. Safar aka asabiylangandek tez-tez tepki bosib ishka qaradi. Mokki toʻxtovsiz ikki yoqqa sapchib turdi. Oʻn daqiqa chamasi shu holda ish qizgʻin davom etkandan keyin, birdan mokki toʻxtadi, Safar boʻzchi tashqarigʻa quloq solib qoldi. Koʻcha eshik «gʻiyq» etib ochilib, yoʻlakdan kichkina oyoq tovshi keldi. Safar boʻzchi mokkisi qoʻlida oʻzicha iljaydi, yana bir-ikki oyoq boskandan keyin, doʻkonxona eshigi ochildi.
— Bali, Mamatqulim, bali... Eshikni yop, eshikni!

Mamatqul eshikni yopdi va ikki qoʻlini ogʻzigʻa koʻtarib isindi.
— Sovuq qotdingmi, Mamatqul? Hozir olov yoqamiz, hozir... Boyadan beri Mamatqul keladi, deb oʻn pulni saqlab oʻlturibpan-da.

Shu paytda eshik qiyagʻina ochilib, yana yopildi.
— Kiravur, Toʻxta, kiravur: oʻzingning Mamatquling-ku.

Tarasha koʻtarib Toʻxtabibi kirdi va Mamatqulgʻa qaradi.
— Mamatqulmiding, — dedi Toʻxtabibi. — Bemahalda nima qilib yuribsan, bolam? Enang eson-sogʻ yuriptimi?

Mamatqul Toʻxtabibining soʻziga bosh irgʻatib, Safar boʻzchigʻa qaradi...
— Mamatqulning menda ishi bor, xolasi. Olovni tezroq yoq. Mamatqul sovuq qotipti...

Toʻxtabibi oʻtunni gulxan oʻrnigʻa tashlab, qoʻlidagʻi qovgʻasini qora charoqqa tutib yondirdi va borib oʻtunni yoqdi.
— Ularni joʻnatib keldingmi, oʻgʻlim Mamatqul?.. Bali, bali. Yonlaringgʻa yana boshqa kishi ham keldimi?
— Yoʻq.
— Ha, ha.,. Imom pochchang senga ketavur demapti-da?
— Men tagʻin ikki qayta chay qoʻyib berdim-ku: men ketsam ularga kim chay qoʻyib berardi. Men chayni qoʻyib gapni tingʻab oʻlturdim.
— Bali, bali, — dedi Safar kulib va xotinigʻa qarab qoʻydi. — Yigit deganing ana shunday boʻlsin-da, bizning Asqarboylar ham «yigit»da. Qani, Mamatqul, gulxanning yonigʻa borayliq-chi, isinib gapirishamiz-da.

Ikkisi gurillab yongʻan olov yonigʻa choʻnqaydilar. Safar aka oyogʻini kafshidan chiqarib olovgʻa tutdi.
— Asqarboy uxlab qogʻanmi, deyman, xola?
— Uxlab qogʻan, — dedi Toʻxtabibi va borib dastgoh yonidagʻi boʻshagʻan naychalarni yigʻib oldi.
— Shularni toʻldirib bersam, bu kechka yetar?
— Toʻldiravur-chi, koʻramiz-da.

Toʻxtabibi doʻkonxonadan chiqdi. Safar boʻzchi Mamatqulgʻa qarab iljaydi. Mamatqul ham oʻz navbatida iljayib, Safar boʻzchining chaqaliq choʻntagiga koʻz tashladi va nima uchundir entikib qoʻydi.
— Xoʻsh, Mamatqul oxun?

Mamatqul oʻylab ikkilandi:
— Kitob... kitob soʻzini aytishmadi-da, he... Katta domlam qurgʻandagʻi[55] ijjani[56] oʻqugʻan edi, men...

Safar boʻzchi bolaning andishasiga tushunib kuldi:
— Sen uqub ololmadingmi, attang. Mayli, uqub olgʻaningni ayta ber.

Mamatqul yengillanish nafasi yutdi, koʻzini beixtiyor Safar boʻzchining choʻntagiga tikdi.
— Kitob soʻzi boʻlmasa ham chaqani beravurasizmi, Safar aka?

Safar boʻzchi kulgidan oʻzini toʻxtata olmadi, choʻntagadan chaqalarni chiqarib qoʻligʻa oldi:
— Beravuraman-da. Koʻrayapsanmi?.. Shundan oʻnovi seniki.
— Imom pochcham, — dedi Mamatqul koʻzini chaqadan ololmagʻani holda, — imom pochcham oʻzi oʻrdagʻa mirzaboshi boʻgʻan ekan-da... Oʻsha xat bitadugʻan jayda mulla emas bir kishi katta boʻb qogʻan ekan... Oʻsha mulla emas xomi kishi imom pochchamni xat bitishka tozasi ekan, deb mirzaxonadan chiqargʻan ekan-da... Ali mirzo degan kishi imom pochchamni unga yomonlapti...

Safar boʻzchi Mamatqulning soʻzini boʻldi:
— Kimga yomonlapti?
— Oʻsha mulla emas xomi kishiga yomonlapti-da... Shunnan keyin imom pochchamni chiqaripti. Endi katta domlamlarni ham oʻrdadan chiqarsam, deb yurgʻan ekan. Oʻzi juda yomon kishi ekan-da... Katta domlamlar buni nima qilamiz endi, deb imom pochchamning oldigʻa kelishipti ekan-da, — dedi Mamatqul va bir necha fursat Safar boʻzchining qoʻlidagʻi chaqaga qarab turdi. — Chaqangiz siyqa emasmi, Safar aka?

Safar aka kuldi, chaqadan beshtasini ajratib Mamatqulgʻa uzatti.
— Mana oʻzing koʻr-chi.

Mamatqul chaqani olib, uyoq-buyogʻini tekshirdi:
— Muhri butun ekan. Bir pulga oʻn paysa holva berarmikin, Safar aka?
— Nega bermasin. Chaqani choʻntagingga solib qoʻy, qolgʻanini soʻzlab boʻgʻaningdan keyin olasan. Katta domlalar kengashka kelgan ekanlar, degin?
— Ha... Chaqamni belbogʻimga tugsam tushib qolmasmikin?
— Hozir tugma, mendan yana besh pulni olgʻaningdan keyin, qoʻshib tugarsan.

Mamatqul qoʻlidagʻi pulni jaraqlatib oʻynadi va shuning orqasidan ijirgʻanib shikoyatlandi:
— Oyogʻim ivishib qogʻan.
— Choʻnqayib oʻlturma.

Mamatqul oʻlturib olgʻandan keyin, yana ijirgʻandi:
— Igna sanchyapti?
— Quloq solma, soʻzlay ber, hozir oʻzi tuzalib qoladi.
— A, shundaymi, — dedi Mamatqul mahsisini silab. — Sizniki ham ashundaqa boʻladimi, Safar aka?.. Katta domlam soqolini tutamlab, oʻshani yandi., tuzoqqa tushar, dedi.

Imom pochcham oʻylab oʻturdi, undan keyin... Sanchyapti-ku, Safar aka?
— Hozir tuzalasan, xoʻsh?
— Undan keyin... Sizlarga ma’qul boʻlsa bir gap xotirimga keladi, dedi. Oʻsha koʻklam chiqsa uylanadi, dedi...

Safar boʻzchi Mamatqulni toʻxtatib soʻradi:
— Oʻsha kim, oʻsha?
— Oʻsha-da, mulla emas, singlitaloq-da... Oʻzingiz ham soʻray beraydi ekansiz-da!.. Oladugʻan xotini chiroyliq, deb eshitaman, dedi. Bu ham bir gap-da, shu qizni xongʻa toʻgʻrilasaq boʻladimikan, dedi. Katta domlalar ma’qul deyishdi. Hay-hay deyishdi... Shu yerda Mamatqul bir oz oʻylab qoldi, — buning davosi gulchin boʻladi, deyishdi.

Safar boʻzchi keyingi soʻzni takrorladi:
— Gulchin boʻladi, deyishdi?

Mamatqulning oʻzi ham bu toʻgʻrida ikkilangandek boʻldi.
— Men yaxshi payqamadim-da: davosi gulchin boʻladi, deyishdi... gulchay... yoʻq.
— Undan keyin?
— Shu, boʻldi.
— Bari?
— Bari shu... Men tashqarigʻa chay qoʻygʻani chiqqanimda gap tingʻamadim-da.
— Ma’qul, ma’qul, — dedi Safar boʻzchi, — undan keyin ular ketdilarmi?
— Ketdilar. Imom pochcham endi uyingga bor, dedi menga... Chaqani bersangiz qoʻshib tugar edim.

Safar boʻzchi kulib, qoʻlidagʻi chaqadan yana besh pulni uzatdi.
— Mendan oʻn pul olgʻaningni har kimga soʻzlab yurma, tuzukmi? Ha, undan keyin bu gapni hech kimga aytma, domlalaringning soʻzi savobsiz gaplar ekan... Uyingga slgʻiz ketkali qoʻrqmaysanmi?

Mamatqul bir oz oʻylanib, belidagi chaqa tugunini qoʻli bilan ushladi, Safar akaning «qoʻrqmaysanmi» savoliga javob bermay, borib eshikni ochdi va yugurgancha chiqib ketdi.

Quv Odam Ekan

Safar boʻzchi darbozadan kirganda, ichkaridan yasamol bir xotin chiqib qoldi. Munday yaxshi kiyingan va husndor xotinni ul oʻz umrida birinchi martaba koʻrgani uchun boʻlsa kerak, xotin yashirinib olgʻuncha, undan koʻzini olmay qaradi. Taajjub va hayrat ichida kelib mehmonxonagʻa kirdi. Mehmonxonada Anvar yoʻq, Anvar oʻrnida begona bir kishi — Sultonali mirzo oʻlturar edi. Safar boʻzchi salom berdi. Sultonali mirzo javob berib, oʻlturgan joyidan Safar boʻzchigʻa joy koʻrsatdi. Safar boʻzchi bir oz soʻzsiz oʻlturgʻandan keyin, «mirzasini» soʻradi. Sultonali mirzo, Anvarning qoʻshnilaridan birinikiga zarur bir yumish bilan chiqib ketkanligini va bir ozdan soʻng kelishini soʻzlab, undan mirzoda qanday yumishi borligʻini savol qildi.
— Yumish-ku, yoʻq, taqsir, — dedi Safar. — Biz bir xolis duogoʻy odam... Mirzamni bir ziyorat qilay, deb kelgan edim.

Sultonali Safar boʻzchini bir narsaning tama’ida yurgʻan kishi, deb oʻyladi. Chunki Anvarning qoʻli ochiqligʻini, unga koʻb hojatmandlarning oʻrganib qolgʻanliqlarini yaxshi bilar edi. Ammo Safar boʻzchi Sultonalining silliq muomalasidan xursand boʻlib, unga qarshi oʻzida doʻstliq sezdi. Bir oz jim oʻlturgandan keyin Safar yana tilga keldi:
— Baraka topsin mirzam odamjon-da, odamjon; bizdek faqirlar bilan ham ogʻayni, sizlar bilan ham shunday, barcha barobar.

Bu soʻz Sultonali mirzoning boyagʻi fikriga qarshi soʻzlangandek tushdi. Safar boʻzchining mirzo bilan ogʻayniliq da’vosi uni taajjubga soldi.
— Shunday, shunday... Mirzo, siz aytkancha, barchaga barobar yigit, — dedi Sultonali.
— Nima kasb qilasiz?
— Boʻzchiliq, taqsir. Lekin mirzam, sen boʻzchisan, deb bizdan hazar qilmaydi, biz shunisiga ado-da, taqsir... Boʻlmasa guzarimizning oqsoqoli ham ikki ogʻiz gapimizga quloq solsin-chi. Nafsambir gap yaxshi-da, taqsir.

Safar boʻzchining «nafsambir» gapi Sultonalini beixtiyor kuldirdi.
— Toʻgʻri aytasiz. Ismingiz nima?
— Biz devorning kavagida yotqan bir odam-da. Oʻzimiz kimu, ismimiz nima boʻlar edi. Shaharning Olim qovogʻi[57] emasmizki, aytkan on tanib olsangiz.

Sultonali mirzo yana kuldi, — «nafsilamr» gaplardan zavqlanib, ul ham Safar boʻzchigʻa qarshi oʻzida yaqinliq his etdi va bir oz oʻylab turdi.
— Ismingizni aytsangiz, balki men tanir edim... Siz boʻzchi boʻlsangiz, oʻtkan hafta mirzo Anvarga bir soʻz aytkan emasmisiz?
— Aytkan boʻlsam ehtimol; nega desangiz, qoʻl boʻshagʻanda mirzamning ziyoratiga kelib turaman-da.
— Siz... Siz mulla Abdurahmonning qavmlaridan emasmisiz?
— Xe-xe-xe... Xudda, taqsir.
— Agar yanglishmasam, ismingiz Safarboy chiqar? — Safar boʻzchi zavqlanib, kayflanib kulib yubordi:
— Mirzam aytkan ekanlar-da. Sultonali mirzo ham kuldi va kulgi orasi latifa qildi:
— Siz oʻzingizni past urib Olim qovoq emasmanki, otimni aytkan on tanisang deysiz, holbuki, sizni oʻrdaning mirzoboshisi, shaharning qoʻrboshi, dahboshisi ham taniydir.
— Tavba qippan, tavba qippan, — dedi Safar. — Men oʻz qadrimni bilmay yurgʻan ekanman-da.

Ikkisi hangama soʻqib bir necha payt kulishdilar va bir onda eski qadrdonlar holigʻa oʻtishdilar. Sultonali uni «Safar aka» deb xitob qila boshladi va mulla Abdurahmonning keyingi ahvolidan soʻradi. Safar boʻzchi mulla Abdurahmonning boʻshatilgʻanidan xursandligini izhor qildi va uning labi gezarib yurgʻanini soʻzlab, Sultonalini koʻldirdi.
— Shunchalik holing bor ekan, dumingga qumgʻon bogʻlashing nima hojat edi, deb kulaman. Egri toʻnkaga — egri toʻqmoq; mirzam xoʻb yaxshi ish qilgʻanlar-da.
— Shunday, — deb kuldi Sultonali, — kishilarga endi nima der ekan, balki qulogʻingizga chalingʻandir?

Safar boʻzchi oʻng qovogʻi ustini silab oldi va qoʻlining tekis oʻsmagan tirnoqlarigʻa qaradi.
— Bu toʻgʻridagʻi soʻzini eshitkanim yoʻq-ku... Endi oʻzi yomon odam-da.
— Masalan, yomonligʻi?
— Yomonligʻi... — deb yana tirnogʻigʻa qarab qoldi, — ishqilib, taqsir, shu odamni payini qirqsam, deydi-da. Ilgari xolisanlillo dushman boʻlsa, endi alamzada boʻldi-da...

Safar boʻzchining sodda koʻnglida yashiringʻan sir oz-oz sirtiga ham tepib turar edi. Uning — «...endi alamzada boʻldi-da» jumlasidan shubhalanib qolgʻan Sultonali jiddiy tus oldi:
— Men mirzo Anvar bilan birga turaman, Safar aka, — dedi. — Mirzo bilan bizning oramizda hech bir yashirin gap boʻlmaydi. Masalan, sizni tusmol bilan tanishim, mulla Abdurahmon toʻgʻrisida kelib aytkan soʻzingizni bilishim...
— Men buni bilib turippan, taqsir.
— Bilib turgʻan boʻlsangiz, — dedi Sultonali oʻpkalik qiyofatda, — nega mendan shubhalanasiz?
— Yoʻq, yoʻq, uka, men xudoy hahqi...

— Boʻlmasa, nega mulla Abdurahmon toʻgʻrisidagʻi savolimga tuzuk javob bermaysiz?
— Men aytdim-ku, yomon odam-da, oʻzi...
— Uning yomon odamligʻini oʻzim ham bilaman. Ammo meni ham yomon odam deb oʻylagʻaningiz uchun... Xoʻb, hali mirzo Anvar kelganda oʻsha mendan yashirib turgʻan gapin-gizni soʻzlarsiz, men shunda sizni uyaltirarman...

Safar boʻzchi birdan kulib yubordi va qoʻli bilan Sultonalini yanib qoʻydi:
— Uyat qilsangiz ham «nafsambir»ini aytay, ancha quv odam ekansiz.

Bu sodda baho Sultonalini kuldirdi:
— Siz mendan ham quvroq ekansiz.
— Men topqan gapimni mirzamning oʻziga aytay, degan edim-da.
— Albatta aytasiz, lekin men ham eshitsam, zarar qilmaydi. Xoʻsh: «alamzada» nima qilmoqchi?
— Alamzadami? — deb kuldi Safar va bir oz oʻylab turdi. — Oʻrdada turadigʻan boʻlsangiz, anovi katta goʻzim muftilaringiz bor-ku?
— Bor, bor: pul bersangiz harom oʻlgan eshakning halolligʻigʻa fatvo beradirgan muftilar. Xoʻsh?
— Gaplaringiz ham qiziq ekan... Ana shu muftilaringizdan ikkitasi oʻtkan kun domlamizning hujrasiga mehmon boʻlishdi...

Safar boʻzchi oʻtkan faslda yozilgʻan mojaroni bir-bir soʻzlab bordi. Eshitkuchi boʻzchining soddagʻina qilib sir olishini kulib, zavqlanib tinglab turdi.
— Bolaning soʻzi koʻb tutal keldi, taqsir. Chamasi mirzam bir qizgʻa uylanmakchi ekan-da. Qizi qurgʻur chiroyliq boʻlsa, qoʻying-chi, shu qizni xongʻa oldirmoqchi boʻlgʻanlar-da. Kishiga alam qilgʻandan keyin har bir kurakni bemalol...

Sultonali mirzo bu soʻzni eshitish bilan birdan oʻzgarib ketdi, koʻzi katta ochilib, manglayida uzun-uzun ajinlar hosil boʻldi:
— Tutilmagan gap... Xoʻsh, soʻzlay bering-chi?
— Bolaning xullas gapi shu, — dedi Safar va bir oz jim qarab turdi. — Ha, ha, yana bir narsa ham bor ekan: ular shuni muvofiq koʻrganlaridan keyin — «buning davosi gulchin» deb aytkan emishlar. Men bolaning bu soʻziga harchand tushunalmadim. Bola yanglishqanmi yoki mullalarning shunday tojikisi ham boʻladimi, men endi avom odamman-da, taqsir.

Sultonali mirzo shu jumla ustida oʻyladimi yoki boshqacha bir andisha uni mashgʻul etdimi, baharhol, birar daqiqa chamasi soʻzsiz xayol surib qoldi. Safar boʻzchi esa, bu holdan bad olib, manglayini qashidi. Qashir ekan, barmoq orasi Sultonali mirzoning yuzidan bir narsa oʻqushqa tirishar edi.
— Ular qaysi kun shu maslahatni qilgʻan edilar? — deb soʻradi Sultonali mirzo.
— Oʻtkan kun, taqsir.
— Ya’ni orada kecha panjshanba oʻtkan?
— Bali, bali.

Sultonali boshini chayqab tebrandi. Soʻngra mirzo Anvarning koʻklamga chiqib uylanmakchi boʻlgʻanini, qiz esa, shu uyning bolasi ekanini, domlalar mirzo Anvarning obroʻsini toʻkish fikriga tushkanliklarini soʻzlab chiqdi:
— Rahmat sizga, Safar aka, — dedi Sultonali. — Siz mirzo Anvarning obroʻsigʻa toʻqunmoqchi boʻlgʻan bir yomon-liqning xabarini oldindan olib kelgansizkim, mirzo Anvarning bir doʻsti boʻlishim sifati bilan sizga minnatdorchiliq izhor qilaman va shuning bilan birga bu xabarni mirzoga bildirmasligingizni, hozircha bu sirning ikkimizning oramizdagʻina qolishini sizdan soʻrayman.

Negaki, mirzo Anvarni bu xabar bilan tashvishka solgʻan boʻlamiz.

Mirzoga bu xabarni aytishdan ilgari oshigʻich ravishda siz bilgan ifloslar qarshisigʻa chiqib ishlashimiz, mirzoning obroʻsigʻa toʻqunadirgʻan yomonliqni daf' qilishimiz va shundan keyingina boʻlib oʻtkan bu mojaroni unga soʻzlashimiz kerakka oʻxshaydir, Men hozir mirzo Anvar qaytib kelmasdanoq, shu gap orqasidan bir joygʻa boraman.... Boradirgʻan joyimni sizga aytib ham qoʻyay: «Davosi gulchin« jumlasidagi "gulchin" soʻzini bola yanglish onglagʻan, ular — "davosi Gulshan" deganlar. Zeroki »Gulshan» soʻzi bir xotinning iemi boʻlib, bu xotin xongʻa chiroylik qizlar topib berguchi haram dallasidir[58]. Ular oʻzlarining iflos niyatlariga shu xotin orqaliq yetmakchi, shu vositada mirzo Anvardan oʻch olmoqchi boʻlgʻanlar. Fursatni qochirmay shu xotinning oldigʻa borishim kerak. Gapka tushungan chiqarsiz, Safar aka.
— Tushundim, sadagʻang ketay, taqsir.
— Gap shunday boʻlsin; ish bartaraf boʻlgʻuncha bu toʻgʻrida mirzoga ogʻiz ocha koʻrmang, jon aka, — dedi takror Sultonali va oʻrnidan turdi, — Men mirzo Anvar kelmasdan joʻnay, kelsa yubormaydir. Sizdan meni soʻrasa, bir kishi chaqirib ketdi, dersiz, durustmi?
— Xoʻb, men ham siz bilan ketabersam?
— Yoʻq, siz oʻlturing, menim daragimni aytib uni xotirjam' qiling. Undan keyin kelasi jum'a albatta shu yerga kelib mendan natijani eshitarsiz, mirzo bilan uchavimiz oʻlturishib suhbatlasharmiz, ma’qulmi?
— Xoʻb.

Sultonali xayrlashib, oshigʻich mehmonxonadan chiqdi.

Choʻloq Qush

Ayvonda salla oʻrab ovora boʻlgʻan maxdum yoʻlakdan «zaifa» shaprasini olib, tanchada sanama tikib oʻlturgʻuchi Ra’noga:
— Yoʻlakda xotin kishi koʻrinadi, xabar ol-chi, bolam, — dedi. Ra’no yoʻlakda yarmisini koʻrsatib yondama turgʻan xotinning oldigʻa bordi.
— Assalomu alaykum...

Xotin salomga javob berib, yoʻlak tomongʻa oʻtdi va Ra’noni oʻz oldigʻa imladi. Yasamol, poʻstun kiygan bu xotin Ra’noning diqqatini oʻziga jalb etdi. Borib koʻrishdi.
— Nasibbekning havlilari shu emasmi, otin qiz?
— Yoʻq, — deb kuldi Ra’no, — biz Nasibbekning qoʻshnisimiz.

Xotin boshdan-oyoq Ra’noga qarab chiqdi:
— Shoʻrim qursin, — deb qoʻl silkdi xotin, — men adashib sizlarni ovora qilibman... Kezi kelganda tanishib qoʻygʻanni aybi yoʻq, bu kimning havlisi?
— Solih maxdumning.
— Men adashmay ketay, juda uyat boʻlibti-da, hali men maxdum pochchamning havlilariga kirdimmi... Siz kimlari?
— Men... qizlari.
— Koʻb yashang, ismingiz?
— Ra’no... Qani, bu yoqqa.
— Rahmat, Ra’noxon... Nasibbekning uyi sizning qaysi tarafingizdagi eshik boʻladi?
— Soʻlimizdagi birinchi darboza?
— Rahmat, Ra’noxon.

Xotin xayrlashish oʻrnigʻa, yana bir oz Ra’noga qarab turdi. Ra’no bu holdan oʻnggʻaysizlanib, yerga qaradi. Xotin kulimsib olgʻandan keyin, Ra’no bilan xoʻshlashib orqasigʻa qaytdi, tashqarigʻa chiqib, Safar boʻzchigʻa uchrashdi...

Ra’no xotinni joʻnatib, ichkariga kirganda, maxdum «zarurat» toʻnini kiyib, oʻziga oro bergan holda, ayvondan tushib kelar edi. Xotinning kim ekanini soʻragʻandan keyin, Ra’noga bu kungi roʻzgʻor ishlari toʻgʻrisida ba’zi ta’limotlarni berdi. Chunki Nigor oyim bu kun ertalab qarindoshlarnikiga mehmon boʻlib ketkan, Ra’no uyda yolgʻiz qolgʻan edi.
— Onang kech qaytadi, binobarin, taomni barvaqtroq qilsang ham boʻladi... Habba, taomni oʻzing bilan Anvar akangga loyiq qil, men boʻlsam toʻydan albatta toʻyib kelaman, onang ham och kelmas, — dedi va bir necha qadam yurib, yana toʻxtadi. — Anvar akangdan, nima taom qilay, deb soʻrasang yaxshi boʻladi, qizim!

Ra’no otasigʻa ma’qul ishoratini berib ayvonga keldi, maxdum chiqib ketdi. Ra’no ayvonda bir necha vaqt sanama tikib oʻlturgandan keyin, ishini yigʻishtirdi, rafdagi kitoblardan birini olib ochdi. Kitob ustida ham ancha shugʻullanib, bundan ham zerikdi. Soʻngra oʻrnidan turib, tashqarigʻa yoʻl soldi. Boqcha eshigi yonigʻa kelganda, Anvar tashqarida kim bilandir xayrlashar edi. Ra’no eshik yonida kutib turdi. Bir ozdan keyin Anvar yolgʻiz qolib, shu tomongʻa — ichkariga qarab kela boshlagʻandek boʻldi. Ra’no kulimsib oʻzini eshik panasiga oldi.
— Assalom.

Bir-ikki qadam oldingʻa oʻtkan Anvar muloyimgʻina eshitilgan «assalom» soʻzi bilan choʻchib, yonigʻa qaradi va juda ham qoʻrqqan kishi boʻlib atrofiga tuflay boshladi.
— Jonim chiqib ketdi... Bu nima qilgʻaning, hoy qiz!
— Bumi, bu sizni choʻchitkanim.
— Xoʻsh, nima qilib yuribsan?
— Sizga osh qilib beraymi, deb soʻragʻali chiqqan edim.
— Otamdan soʻra.

Ra’no otasining toʻygʻa ketkanini va soʻzini aytdi. Anvar kulimsidi.
— Uch qavat havlida ikkimiz yolgʻiz qolsaq qanday baxt bu?.. Boʻlmasa men darbozani zanjirlab kelay.
— Ha... zanjirlab keling...
— Nega achchigʻlanasan, yaxshi qiz, men ichkari kirsam, mehmonxonaning yolgʻiz qolishini oʻylamaysanmi?

Ra’no istigʻnolandi.
— Men sizni ichkariga taklif qilgʻali chiqmadim, nima osh qilishni soʻragʻali chiqdim.
— Maqsadingta tushunib turibman, ammo sen yolgʻiz zerikmagil deyapman.
— Men zerikmayman... Qanday osh qilay?
— Qaysi xilini buyursam ekan? — deb oʻz-oʻziga savol berdi Anvar. — Ubraga uquving yoʻq, palovni lanj qilasan, somsani yopolmaysan, tuppani kesalmaysan, senga qayla buyurgʻandan, atala qil degan yaxshi, chunki eziltirib yuborasan, manti toʻgʻrisida oʻylash ham ortiqcha... Yana shu holda qanday osh qilay, deb doʻq urgʻaning qiziq.
— Men uquvsiz boʻlsam, oʻzingiz osh qiling.
— Men ham osh qilishni yaxshi bilmayman, shuning bilan birga doʻq ham urmayman, — dedi Anvar. — Lekin ikki yorti — bir butun boʻlsaq ehtimol yaxshi osh qilarmiz... Sen borib oʻchoq harakatini koʻraber, sabzi-piyoz toʻgʻrashni menga qoʻy, xoʻbmi, yaxshi qiz?

Ra’no javob bermadi, oʻpka namoyishi ostida ichkariga joʻnadi. Anvar kulgi orasi tashqarigʻa chiqdi...

Ra’no oʻchoqqa olov yoqib, qozonni yuvar, Anvar oʻchoqboshining sufasiga enggashkan koʻyi sabzi toʻgʻrar edi. Ra’no hanuz oʻpka saqlab, Anvarning savollariga javob bermas, uning qiziqliq soʻzlariga ham teskari qarab kular, kulgisini unga koʻrsatmas edi.
— Xotin kishining charxi bilan oʻchogʻigʻa tegma, degan gap toʻgʻri emish... Albatta, sen xotin kishi emassan-ku, biroq, «kullu shay'in yarji'u ila aslihi»[59]. Sabzini mayda toʻgʻraymi, yirik? Bir bor emish, bir yoʻq emish, oʻtkan zamonda bir qiz bor emish: koʻziga tutun kirib yum-yum yigʻlagʻan emish. Sababyni soʻrasalar, oʻtun hoʻl emish, ammo qizning achchigʻi xiyli moʻl emish... Teskari qarab kulma, hoy qiz! Oʻh, latta keltir, qoʻlimni kestim!

Ra’no yalt etib Anvarning qoʻligʻa qaradi va aldangʻanini bilib yana oʻz ishida davom etdi.
— Qoʻlingni kessang ham bu qiz ishonmaydi. Soching kuyadi, yaxshi qiz.

Ra’no sochini orqasigʻa tashlab, oʻchoqboshi sufasiga chiqdi; qozongʻa yogʻ solib, Anvarning oldigʻa goʻsht bilan piyoz keltirib qoʻydi. Anvar goʻshtni toʻgʻrab, yana tegajaklik boshladi:
— Toʻyinglar qachon, hoy qiz... Javob bersang-chi, axir, agar nasrni pisand qilmasang, nazm bilan ham soʻray:

Nagʻma unlari,
Bahor kunlari,
Ishrat tunlari,
Yetarmi, Ra’no?
Ra’no sekin iljayib, Anvarga yon qaradi, soʻngra koʻzini oʻchoq yonidagʻi bir nuqtagʻa olib, harakatsiz qoldi.
— Nasrga javob beralmagan, nazmga... Oʻzim ham qiziqman-da, — dedi Anvar.

Ra’no bir necha vaqt boyagʻicha harakatsiz, Anvarning pichinggiga iltifotsiz turdi, soʻngra Anvar tomongʻa bir oz mayl etib iljaydi:

Kecha-kunduzlar,
Qizardi yuzlar,
Uyatli soʻzlar
Bitarmi, mirzo?
— dedi va oradan ozgʻina fursat kechirib yana:

Oʻchoq boshidan,
Doʻsti qoshidan. —
Qarab Roshidan[60]
Ketarmi, mirzo? —
dedi va shuning orqasidanoq:

Manglayin qashib,
Mendan ham oshib,
Javobim shoshib
Etarmi, mirzo?
Anvar ust-ustiga tushkan qator bu hujumlar ostida shoshib qoldi, baytlarning qaysi birisiga javob berishni bilmay kuldi.
— Loʻli ekan bu qiz! — dedi.

Ra’no oʻchoq yonigʻa choʻnqayib olov joʻnashdirar ekan, yer ostidan Anvarga qarab iljaydi: — Javob. Anvar kulimsigan holda oʻylab qoldi.

Nozmidir, ha?
Bilmadim, ayo,
Goʻzal, dilbaro.

Anvar oxirgʻi misra’ni aytalmay tutiliqdi, chunki qofiya topish qiyin edi. «Ketar, yetar» vaznlik soʻzlar qofiya uchun kambagʻal boʻlib, oʻxshashlari toʻrt-beshtadan oshmas va shular ham Ra’no tomonidan olinib bitkan edilar. Anvar har qancha urinib, keyingi misra’ga qofiya topolmagʻandan soʻng, Ra’noga qoʻshilishib kulishdi.
— Qushingizning boshi bilan ikki qanoti bor, lekin oyogʻi yoʻq.
— Qush uchun bosh bilan ikki qanot kifoya, Ra’no... Qush uchib yursa, bas!
— Choʻloq qush koʻkda uchib charchagandan keyin daraxtka qoʻnolmaydi, ammo yerga tushsa mushuk yeb qoʻyadi, — dedi Ra’no va kulib qotib qoldi.

Kuchlik kulgidan Ra’noning koʻzi yoshlanib, oʻsiq kipragi juftalandi, kulgi va oʻchoq harorati bilan ikki yuzi qizil olmagʻa aylanib, latif burni ustida marvarid rezalari hosil boʻldi.

Anvar oʻzining magʻlubiyatidan xafa emas, Ra’noning husnidagi hozirgʻi ajib oʻzgarish muvaffaqiyatidan oʻzini tutolmay kulguchi shoiraning namoyishkor xursandligi Anvar uchun bir yuz magʻlubiyatka arzirlik edi.

Qop Yoʻqotdingʻizmi?

Sultonali mirzo «Qushbegi« mahallasiga kelib, bir darbozaga kirdi. Qorongʻi yoʻlakdan yurib borib, ichki eshikni taqirlatdi. Ichkaridan »Hozir!» degan tovush eshitilgandan keyin bir necha qadam orqagʻa qaytib keldi. Bir ozdan soʻng ichkaridan beqasam choponini yelkasiga xom tashlagʻan, mahsisiz oyogʻigʻa sagʻri kafsh kiyib koʻylakchan badanini choponi bilan oʻragʻan qirq yoshlar chamaliq bir yigit chiqdi va Sultonali mirzoga salom bergandan soʻng, shoshib choponining yengini kiydi, kelib koʻrishdi.
— Marhamat, taqsir.

Bu kishi moltopar xotinni olib, suyagi tinchib qolgʻan Xolboy — Gulshanning eri edi. Uyida erta-kech bekor yotib, Gulshanning topib kelganiga qanoat qilar, faqat osh pishirib havli supurar edi. Boshqa oilalarda xotinlar uy ishi bilan boʻlib, erkaklar koʻcha ishini qilsalar, Xolboy akaning oilasi tamoman shuning ziddiga qurilgʻan edi. Sultonali mirzo Gulshanning oʻrdagʻa ketkanligini eshitib sillasi qurudi, bir necha vaqt fikrga tolib qoldi.
— Oʻrdagʻa ketkanligini aniq bilasizmi?
— Bundan chiqib bir joyga bormoqchi edi, — dedi Xolboy, — agar ishi bitsa — toʻgʻri oʻrdagʻa ketmakchi, bitmasa uyga qaytib kelmakchi edi. Shu choqqacha qaytib kelmagani uchun, oʻrdagʻa bordimi, deb oʻylab turippan.
— Siz oʻsha boradirgʻan joyini bilarsiz?
— Payqolmadim, taqsir.

Sultonali mirzo tinkasi qurugʻandek orqasigʻa tislanib, yoʻlakning toqchasigʻa oʻlturdi va manglayini qashidi:
— Kecha yangamni hech kim yoʻqlab keldimi?

Xolboy bir oz oʻylanib soqoli ostini chimchiladi.
— Yoʻqlab kelgan ekan, men uyda yoʻq edim.

Sultonalining tusi oʻzgarib, boshini qimirlatib qoʻydi, shipka, koʻchaga qarandi.
— Agar yangam kelsa, meni aytasiz, men yana qaytib kelaman... Uydan siljimay, meni kutsin, katta bir ish bor, durustmi?

Sultonali" mirzo Xolboydan va’da olib koʻchaga chiqdi, ildam-ildam oyogʻ qoʻyib, kelgan tomoniga yoʻl soldi. Qingʻir-qiyshiq koʻchalar boʻylab borar, koʻchada koʻringan har bir xotinni tekshirib oyogʻ bosishigʻa qarab oʻtkazar edi. Bozorchagʻa yetkanda tevarakdan jum'a azoni eshitildi. Koʻchada durkum-durkum salla oʻragan xalq masjidlarga qarab oqar, ul ersa jum'ani unutib allaqayoqqa chopar edi. Solih maxdum koʻchasini bosib toʻgʻrigʻa oʻtdi, oʻn qadamcha yurib toʻxtadi. Bir oz taraddudlanib turgʻandan soʻng, orqasiga qaytib, Solih maxdum koʻchasiga kirdi. Darboza qiya ochilib turar, tashqari kishidan xoli, mehmonxona qulflangan edi. Sultonali mirzo boqcha eshigida toʻxtab, tirqishdan moʻraladi. Xotin kishi yoʻqligʻiga qanoatlangandan keyin, boqchagʻa qadam bosti va sekin-sekin yurib ichkari havlining eshigida toʻxtadi.
— Mirzo Anvar, hov mirzo Anvar!

Chaqirish uch-toʻrt takrorlangadan keyin, yoʻlakdan gurs-gurs oyoq tovshi keldi. Sultonali mirzo oʻzini eshikning yonigʻa olib, yana chaqirdi. Ichkaridak: «Yoʻqlar!» de-gan javob boʻldi.
— Qayoqdalar?
— Jum'aga ketdilar.

Sultonali rohat nafas olgʻandek koʻrinib, koʻzini eshik ostonasigʻa tikdi:
— Sizdan soʻrab ketsam ham boʻlar, singlim... Shu yerga bir xotin keldimi?
— Yoʻq... Ha, boya bir xotin adashib kirgan edi, — degan javob boʻldi.

Sultonalining koʻzi olalanib, peshonasida qator ajinglar zohir boʻldi.
— Adashib kirdi?
— Ha.
— Adashib kirganiga qancha boʻldi?
— Boya, ertalab.

Sultonali boshini chayqadi. Ra’noga rahmat aytkandan keyin, tashqarigʻa qarab yurdi. Koʻchaga chiqib yana boyagʻicha oyogʻini qoʻligʻa olgʻandek, yugurib ketdi. Oʻrdagʻacha bir yarim chaqirim chamasi yoʻl boʻlib, ul bu masofani oʻn besh daqiqa ichida bosti. Havoning sovuq boʻlishigʻa qaramay, manglayidan ter quygʻan holda oʻrdaning birinchi darbozasiga kedib yetdi. Darbozabonlar yonida toʻxtab soʻzlashdi, manglay terini artib, darboza sufachasiga oʻlturdi.
— Qop yoʻqotdingʻizmi, taqsir, — deb kuldi darbozabonlardan biri.
— Oʻxshash... Janob jum'aga chiqdilarmi?
— Chiqmadilar.

Sultonali mirzo damini rostlagʻan kabi bir oz soʻzsiz oʻlturdi.
— Haramga birar xotin kirdimi?
— Bitta kirmadi, — deb kuldi darbozabonlarning biri. — Besh-oʻni kirdi chamasi...

Sultonali uning hangamasiga kuchlanib kuldi, ammo yana ogʻiz ochishgʻa majolsiz kabi oʻlturib qoldi. Chunki, endi bundan nariga yugura olmas, qoʻli shundan ortiqchagʻa yetmas edi. Koʻzini yerga tikib, ikki soatdan beri qilgan harakatlarining shamolgʻa ketkanini xotirladi. Abdurahmon va sheriklari oʻzlarining iflos maqsadlarigʻa yetmasalar, deb entikdi, ayniqsa mirzo Anvarning dushmanlari oldida obroʻsi toʻkulishi unga ogʻir tuyuldi. Bu ogʻirliqning ustiga Abdurahmon toʻgʻrisida qilgʻan oʻzining xudra’yligini[61] xotirlagʻach, yana ham koʻngli gʻash tortdi. Bu jihat bilan goʻyo yemonliqning bosh omili Sultonalining oʻzi boʻlib chiqar, «Agar men Abdurahmonni oʻrdadan chiqarib yuborishqa isror etmasam, mirzoni bu ishka majbur qilmasam, balki bu adovatlar boʻlmasmidi?» deb oʻylar, Anvarning ta’na qilmasligʻini bilsa ham, yana ma’nak ezilishini, uning yuziga qarolmasligʻini chamalar edi. Andishasi shu joygʻa yetkandan keyin oʻrnidan turdi, darbozaning kichkina eshikchasini ochib, ichkariga kirdi. Toʻgʻri yoʻlni qoʻyib, qor ostida bosilib qolgʻan sobiq gulzorlar ichi bilan aylanib yurdi. Ichki oʻrda qoʻrgʻonlari ostida yarogʻliq yigitlar aylanib turar edilar. Sultonali mirzo yura-yura oʻrdaning chap muyushiga, qorovul yigitlardan birining yaqinigʻa yetib, u bilan soʻrashdi, bir-ikki ogʻiz soʻzlashib, oʻrdaning sharqigʻa yuzlandi.

Bundagi darboza beklari bilan bordi-keldi aytishib: «Jum'a kun nima qilib yuribsiz?« degan savolga: "Bu kun janob koʻntil ochmoqchilar, deb eshitkan edim" javobini berdi. Bular yonida ham bir oz oʻlturib, yana qoʻzgʻaldi, oʻrdaning shimol qismigʻa oʻtdi. Haram va xon oilasiga maxsus yangi daxma tevaragida uch-toʻrt nafar qora qulchalar ichida Oʻrmonbek oʻq oʻynab yurar edi. Sultonali mirzo daxmaga qarab bordi, »kichkina xon»gʻa ta’zim qilgʻandan soʻng, daxmaning bir chekkasiga oʻlturib, qur'on oʻqudi. Ammo koʻzi oʻynab yurgʻan bolalarda, tili qiroatda edi. Fotihadan soʻng qorixonaning ayvon muyushiga choʻnqayib bolalarning oʻyunigʻa tomosha qildi. Oʻrmonbek kamonchaga oʻq qoʻyib otar, oʻqlar koʻkka koʻtarilib turli masofaga borib tushar, qulchalar otilgʻan oʻqlarni terib kelib Oʻrmonbekka berar edilar. Otilgʻan oʻqlardan biri Sultonalining oyogʻi ostigʻa kelib tushti. Sultonali enggashib yerdan oʻqni oldi, oʻqning uringan patini toʻgʻrilab oʻlturdi. Shu holda qulchalarning biri yugurib yetdi. Gap-soʻzsiz oʻqqa qoʻlini uzatqan edi, Sultonali qulchaning boʻyi yetmaydirgan qilib qoʻlini yuqori koʻtardi.
— Oʻqni beringʻ, aka, taqsir qafa boʻlati!

Sultonali hazillashkan boʻlib, oʻqni yuqorida koʻtarib turaberdi.
— Sen Gulshan opani taniysanmi?
— Tanisam ne?! Beringʻ oʻqni!
— Shoshma xuvari, Gulshan opa bu kun haramga keldimi?
— Kelsa ne?..
— Oʻq oʻynab boʻlgʻandan soʻng Gulshan opani menga chaqirib ber, durustmi?
— Qoʻp.

Sultonali oʻqni qulchaning qoʻligʻa ushlatdi, ammo yana qoʻyib yubormay qoʻrgʻon osti bilan yurib turgʻan yigitlarga qaradi...
— Aniq chaqirib berasanmi, oʻglim?
— Qoʻp dedim-quv.
— Meni taniysan-a?
— Sizni? Siz mirzo — taqsir.

Sultonali oʻqni berib yubordi. Qulcha yugurib Oʻrmonbek yonigʻa ketdi. Sultonali qoʻrgʻon ostidagʻi yigitlarga koʻz qirini tashlab, ularni oʻzidan parvosiz topdi. Chunki uning hozirgi ishi, ya’ni bola orqaliq haram bilan aloqa tutish qoʻrqinchli sanalar, basharti bu xil gap sezilib qolsa, katta falokatlarga ham sababchi boʻlar edi. Oʻrmonbek yana bir oz oʻq otqandan soʻng, zerikib, kamonchani yerga tashladi va oʻzi haram darbozasiga qarab joʻnadi. Qulchalar ham uni ta’qib etdilar. Sultonali mirzo bolalarni haramga kirgizib qabrlargʻa yana «fotiha» oʻqudi va sekin-sekin orqasigʻa qaytdi.

«Fotiha — Muhri Xudodir»

Maxdum chuvirlashib oʻqub yotqan bolalargʻa toʻxtalish ishoratini berib, oʻzi irgʻib oʻrnidan turdi va shoshqancha maktabxonadan chiqib, sahn oʻrtasida turgʻan ikki nafar mashhur beklar istiqboligʻa yugurdi. Ular bilan enggashib koʻrishkandan soʻng, borib mehmonxona eshigini ochdi.
— Marhamat, taqsirlar, marhamat!

Maxdum bu qadar shoshib qolishgʻa haqli edi. Chunki, kelguchilarning har ikkisi ham xon yonida moʻ'tabar va hamisha unga musohib[62] beklardan edilar. Ular mehmonxonagʻa kirib oʻlturgandan keyin, maxdum oʻrnidan turib, qoʻl qovushtirdi va «xush keldilar!» dedi. Mehmonlar ham maxdumning hurmatiga qoʻzgʻalishib qoʻydilar.
— Nachuk xudo yarlaqadi, taqsirlar? Garibxonamizni muborak qadamlaringiz bilan munavvar etkanlaringiz uchun hazoron rahmat.

Beklar maxdumga tashakkur aytdilar. Abdurauf tunqotar hamrohiga qarab olgʻandan keyin «tashrif» sababiga til ochdi:
— Janobi pushti panoh bizni ziyoratlariga buyurdilar, sizga ulugʻ mehribonchiliq ato qildilar.

Maxdum joyidan qoʻzgʻalib oʻlturdi, ammo «janob«ning »marhamat»lariga tushunalmay shoshdi. Tunqotarning soʻziga Muhammad Sharif dasturxonchi izoh berdi:
— Har kimsa ham pushti panohning marhamatlariga loyiq koʻrila olmaydir. Pushti panoh oʻzlarini domodliqqa chogʻlab, bu bashoratni bizlar orqaliq sizga yetkarishka amr qildilar...

Maxdum boyagʻidek yana qoʻzgʻalib olsa ham, ammo tovshi chiqmay, sukutka ketib qoldi.
— Taqsirimda ojiza borligʻini pushti panoh eshitkan ekanlar... — dedi tunqotar.
— Mirzo Anvar kabi donishmand yetishtirgan kishi oqila va jamila[63] qiz ham tarbiya qilmagʻanmukin degan andishaga boribdirlar... Shogirdingizga qilgʻan marhamatni janobingiz va karimangiz uchun ham darigʻ tutmaslik niyatida, bizni xizmatingizga buyurdilar. Albatta, bu marhamatning nechogʻliq ulugʻligʻini sizga soʻzlab oʻlturish ham hojat emas.
— Qulliq, rahmat, pushti panohning davlatlari ziyoda boʻlsin, — dedi maxdum uzoq sukutdan bosh koʻtarib. — Bir emas, yuz qizimiz boʻlgʻanda ham janobning kanizliklariga nazr qylish vazifamiz edi... Ammo kamina va ojizamizda bir qancha gunohlar, nuqslar, uzrlar bor, tahsirlar.
— Beayb parvardigor, — dedi tunqotar. — Banda hamisha ma’zur va xatolikdir, taqsir.

Maxdum bosh irgʻatib bir oz sukutda oʻlturdi, soʻngra koʻzini tunqotarning tizasiga tikdi.
— Janoblariga ojizona arz... Avvalo kamina ojiz, notavon, aftodahol; pushti panoh jihatlaridin sodir boʻlgʻan ulugʻ marhamatka sazovor va loyiq emasdirman; soniyan — ojizamiz olampanohdek ulugʻ zotka hamxob boʻlmoq uchun kofiy tarbiya olmagʻan bir qulbachchadir. Bas, biz shu kayfiyatda onhazratning mehribonliklarigʻa arzirmu, taqsirlar?
— Pushti panohning sizningdek ahli ilmlariga qaratilgʻan daryo marhamatlari arzitar, taqsir.

Tunqotar bu marhamatning behad ulugʻligʻini sharh qilib ketdi. Maxdum bir necha fursat sukutda oʻlturgandan keyin, tunqotarning mubolagʻalariga bosh irgʻatib qoʻydi.
— Shak yoʻq, shak yoʻq, men onhazratka musallamman[64] va lekin... va lekin bir uzri faqirni andishaga qoʻyadir: ojizani bir vajh bilan mirzo Anvarga ishontirgʻan edik... mana shu masala kaminaga bir oz mushkil keladir...

Bu soʻzdan tunqotar dasturxonchigʻa qaradi, dasturxonchi qoʻl silkib kuldi:
— Hech boki yoʻq, — dedi dasturxonchi, — mirzo Anvar pushti panohning oʻz kishilari, bu xabarni mirzo eshitsa, shubhasiz, soʻyunadir.
— Inshoolloh.
— Biz borib onhazratka janobingizning duongizni eshitdiramiz: husni qabulingizni, ijobatingizni uqdiramiz... Janobning xursand boʻlishlarida shubha yoʻq, taqsir, — dedi dasturxonchi va boshqa soʻzga yoʻl qoʻymay hatto keyingi masalalarga ham kelib yetdi. — Toʻy fursatini ta’yin qilish albatta, onhazratning ixtiyorlariga... Qani tunqotar, fotiha qilayliq, fotiha — muhri xudodir!

Tunqotar fotihaga qoʻl ochdi, maxdum sarosima holatda ularni ta’qib etdi. Fotihadan soʻng «sovchilar« hech narsaga qaramay qoʻzgʻaldilar. Oʻn besh daqiqaliq bu hodisadan maxdumning miyasi shishdi, hatto aytishka chogʻlab turgʻan muhim bir soʻzini ham unutdi. Ularni darbozaga kuzatib chiqar ekan, mazkur yoʻqotib qoʻygʻan muhim soʻzini xotirlasam, deb kuchanar edi. Beklar bilan xayrlashar choqdagʻina birdan »habba» deb yubordi. Uning sovchilargʻa aytmakchi boʻlgʻan soʻzi haqiqatan muhim, ya’ni bu voqi'a xabarini Anvarga shu beklar vositasi bilan yetkazish edi. Ular bu iltimosni ma’almamnuniyat qabul qildilar, mirzoga yotigʻi bilan soʻzlab, maxdumning ma’zur qolgʻanligʻini unga uqdirmoqchi boʻldilar.

Maxdum «ulugʻ mehmonlar«ni joʻnatib, mehmonxonagʻa qaytib keldi. Miyasi hanuz tuzukrak muhokamaga qobil emas, kutilmagan bu hodisa oʻzi uchun foydaliqmi, zararlikmi — imtiyoz[65] qilolmas edi. Anvarni ayagʻanliqmi yoki undan uyalgʻanliqmi, baharhol, koʻnglida bir xil gʻashliq, chigallik bor edi. Muhokama har turlik: toʻyni ilgariroq qilib qoʻysaq boʻlar ekan, deb oʻylasa, ikkinchi tarafdan, »xongʻa padari aruslik» masalasi oragʻa koʻndalang tushib, yana fikri chuvalib ketar edi. Bir tarafdan Anvar, ikkinchi tarafdan xon... Shu yoʻsun, fikri bir yoʻlda tinolmay gangigan holda mehmonxonani yopib chiqdi.

Maxdumni maktabxona eshigida koʻrgan bolalar chuvirlashib saboq takrorlashka tutindilar. Lekin maxdumga hozirgʻi chuvur-chuvur yoqmadi; uning uchun hozir tinchlik, kutilmagan hodisaning oʻng-tersini oʻylash kerak tuyuldi. Maxdum maktabga kirib oʻz oʻrnigʻa oʻlturgach, bolalarni toʻxtashgʻa buyurdi. Boladar jim boʻlgʻandan keyin «ozod!» deb yubordi. Bolalar domlagʻa salom berib, bir onda mak-tabxonani boʻshatib ketdilar. Maxdum dars oʻrnidan qoʻzgʻalmay yana oʻylab qoldi.

Anvar toʻgʻrisidagʻi koʻngil gʻashligʻi bir turlik boʻlsa ham, boshqa tarafdan anchagina yaxshi umidlar tugʻulib qoldilar. Xonga qayin ota boʻlish el qoshida kichkina gap emas edi. Qalin toʻgʻrisida podshoh-kuyavdan koʻb, mablagʻ kutilsa boʻlar edi. Agar xudo oʻgʻul nabira ato qilsa, Xudoyorning taxt vorisi boʻlish ehtimoli ham bor edi... Toʻyning keyinga siltanishi esa, taqdir ishi; Ra’noning taqdiri xongʻa bitilgan, shunga binoan Anvar toʻyni keyingi siltashka, bitkan ishni yetirishka[66] majbur edi... Yana shu holda va shuncha yangi umidlar ichida koʻngildan haligi gʻashlikni, oʻziga noma’lum ilinjni yuvib yubora olmadi. Yana bir oz shu toʻgʻrida qiynalib oʻlturgach, Anvarga qarshi oʻzida bir achchigʻ sezdi: «Toʻyni koʻklamga qoʻy, deb unga kim aytdi? Bu oʻzi har ishda ham sustqadam. Endi, xon soʻratqandan keyin rad qilishgʻa kimning haddi bor!» deb koʻnglidan kechirdi. Shundan soʻng ul ozgʻina tinchidi, yana bir muncha fikrlanib oʻlturgandan keyin koʻz oʻngiga — qalin uchun beriladirgʻan bir sanoch oltin, el qoshidagʻi obroʻ, eng oxirda Xudoyorning taxt vorisi boʻlgʻan xonzoda kelib kechdilar. Oʻzini el soʻrab turgʻan yosh xon yonida koʻrib, iljaydi...

Shu yoʻsun maxdum oʻzini bosib oldi, koʻkdan tushkandek bu sovchiliqni oʻz istiqbolining xayrlik foli, fayzi ilohiy, deb quvondi, hanuz koʻnglini gʻash qilib turgʻan Anvar masalasini xotirigʻa keltirmaslikka, «xayoli fosid»[67]dan qochishqa qaror berdi. Maxdum shuni oʻziga ma’qul qilgʻandan keyin boshqa kishilar andishasini, ayniqsa, uydagilar ra’yini oʻylab turmadi. Oʻzicha saodat boʻlib koʻringan bu foji'a xabari bilan Nigor oyimni esankiratdi, yigʻlatdi. Ra’no ersa tanchada oʻqub oʻlturgan Xayyom ruboiyoti ustiga hushsiz boshini qoʻydi.
— Oʻn yillab bizga kiydirgan, yedirgan bechora Anvarga oqibatimiz shu boʻldimi! Shoʻrlik Ra’no bir yuz xotin yonigʻa yuz birinchi kundash boʻlib boradimi?! — deb yigʻladi Nigor oyim.

Ra’noning hozirgi ahvolini biz yozib oʻlturmaymiz. Ammo maxdum ularning har ikkisini ahmoqqa chiqarib, oʻzi «oqillar» qatorigʻa oʻtdi.

Yigit!

Ma’lumki, kecha Sultonali mirzo qul bolagʻa Gulshanni chaqirishni ta’yinlab, oʻrdadan chiqqan edi. Shu chiqishda oʻrda atrofidan siljimay, kechgacha Gulshanni kutdi. Asr namozidan bir oz keyinroq oʻrdadan uch-toʻrtta xotinlar chiqdilar, bularning orasida Gulshan ham bor edi. Sultonali mirzo xotinlar bilan soʻrashib (chunki oʻrdagʻa aloqaliq xotinlarning hammasi unga tanishdir) Gulshanni chetka chaqirdi, uning bilan soʻzlashib ish qoʻldan ketkanligini va dushmanlarning yana bir iflos nayranglarini ongladi. Shundogʻki, Gulshanning yonigʻa borgʻuchi mulla Abdurahmon, goʻyo oʻzini Solih maxdum tarafidan yuborilgʻuchi qilib koʻrsatkan. Hatto mulla Abdurahmon orqaliq Solih maxdum, qizimni xongʻa maxtasin, deb Gulshanga bir necha tillo pul ham berib yuborgʻan emish...
— Men qiz topishni ikki-uch oylardan beri tashlab yuborgʻan edim, — dedi Gulshan, — kishining hojati chiqsin, dedim. Keyinchalik oʻzimga gap tegdirmaslik uchun avval borib qizini koʻrdim; qizni yoqtirgʻanimdan soʻng ne andishalar ichida xongʻa kelib arz qildim... Men u qizning mirzo Anvarga aytdirilgʻanligʻini, oʻrtada adovat borligʻini tush bilaymi, Sultonali aka... Endi ish oʻtdi, men xonning oldigʻa kirib kechagi sizgʻa maxtagʻan qizim falon ekan, deb ayta olmayman. Mirzo Anvar uylanadirgan boʻlsa, men koʻrib qoʻygʻan yaxshi qizlar bor, aybonam[68] uchun mirzo Anvarga men boshqa bir qiz topib beray.

Sultonalining tarbuzi qoʻltugʻidan tushib, Abdurahmon va sheriklaridan gʻijingʻan holda, Gulshan bilan xayrlashdi. Butun kun zir yugurib yurgʻanigʻa emas, ifloslarning gʻaliz muvaffaqiyatiga chidamas edi. Bu chuchmal adovat bilan ingichka tabi'atlik Anvarning ne kayfiyatka tushishini tasavvur qilolmas; it fe’l, qadr bilmas xongʻa achchigʻ qilib mirzoliqni tashlab ketmasa, deb qoʻrqar edi.

Gulshan aytkancha, ish oʻtkan, gap mazmunicha, albatta xon Solih maxdumga kuyav boʻlmay qoʻymas, hozir buning qarshisigʻa birar tadbir topish juda qiyin va bu xabarni Anvarga aytish-aytmaslik masalasi ham yana ogʻir. Sultonali mirzo bu gapdan Anvarni xabardor qilish va qilmasliq toʻgʻrisida koʻb oʻyladi. Qancha mulohazalardan keyin uni xabardor qilishni ma’qul koʻrdi. Chunki yuzda toʻqson toʻqquzgʻa qarshi bir eqtimolgina bu foji'aning boʻlmay qolishligʻi tarafida edi. Anvarni xabardor qilsa, ehtimolki, uning oʻzi birar chora topar yoki masala Sultonali oʻylagʻancha uning uchun ahamiyatlik boʻlib chiqmas, basharti ahamiyatlik boʻlgʻanda qam foji'ani kutib, oʻzini bosib qarshi olish nogahoniysiga qaragʻanda xiyli yengil koʻchar edi.

Sultonali ertalab uyqudan turib, namozni oʻqudi, bolalari yonida choy ichmay, Solih maxdumning havlisiga qarab ketdi.

Mehmonxonada oʻrdagʻa ketmakchi boʻlib turgʻan Anvar Sultonalini ranjib qarshi oldi:
— Shunday ham lsh boʻladimi, kecha nega men kelguncha ketib qoldingiz?
— Birav chaqirib keldi-da... Men oʻz oʻrnimga Safar. akamni tashlab ketdim-ku.

Anvar oʻpkalik iljayib, undan choy ichkan-ichmaganligini soʻradi. Sultonali goʻyo oʻzini shu yaqindagʻi qarindoshlardan birinikida qolgʻan va shunda nonushta qilib, yoʻl ustidan Anvarning oldigʻa kirgan kabi koʻrsatdi. Ikkisi birgalashib yoʻlgʻa tushdilar. Koʻchada yigirma qadam chamasi borgʻandan soʻng, Anvar kulimsib Sultonalining koʻziga qaradi:
— Kecha bizning havliga kimni soʻrab keldingiz?

Sultonali manglayini qashidi:
— Men chaqirib kelganda siz uydamidingiz?
— Men uyda edim, — deb kuldi Anvar va bir oz jim bordi. — Men uyda boʻlmasam ham, uydagilar sizni tanigʻanlar. Uydan shu xabarni eshitib, kechadan beri taajjubka tushdim... Xoʻsh, siz soʻragʻan xotin kim? Oʻzi nima gap?
— Arzimagan gap...
— Qani?

Sultonali masalaning qulay koʻchishidan yengil tortib, bir oz soʻzsiz bordi.
— Kulgi gap... Sizga bir oz tegishligi boʻlsa ham arzimaydir... Arzimasa ham?
— Gapuring... Sizning kelib yurgʻaningizni eshitkanimdan beri ancha tashvish chekdim.
— Sizga bir soʻzni aytib ham boʻlmaydi, — deb kuldi Sultonali, — ignani tuyadek, xasni xaridek koʻrasiz.
— Menmi? Xayr, dunyoni sel yuvsa ham toʻpugʻimgʻa chiqmasin, soʻzlangiz.

Sultonali hikoyani Safar boʻzchidan boshladi. Lekin jiddiy emas, yarim jiddiy qilib mulla Abdurahmon va mufti bechoralarning aqligʻa goʻyo shundan boshqa pastlik va masxararoq fikr kelmagan, shu qadar ahamiyatsiz, tubanliq bilan goʻyo oʻch olmoqchi boʻlgʻanlar ruhida soʻzlab bordi. Anvarning bir necha kundan beri oʻzi tushunmay chekkan tashvishi, koʻngil gʻashligʻi haqiqatka aylanib borsa ham, Safar boʻzchining bolani aldab yoʻlgʻa solishidan, sir olishidan va Abdurahmonlarni kamsitib, masxaralab qilingʻan tashbixlardan koʻb oʻrunda kulib, Sultonali mirzoga yengillik berdi. Soʻz Gulshan bilan uchrashish va undan olingʻan javobka yetkanda, Anvarning tusi oʻzgarib, kiprak ostlari uchib ketdi. Ammo kutilmagan ravishda yana sovuqqonliq saqladi.
— Zarari yoʻq, — dedi Anvar bir xil vaziyatda qoʻl siltab. — Men ulardan bu xilda ifloslik vujudga kelishini tasavvur qilmagʻan boʻlsam ham, lekin har holda adovat kutkan edim... Zarari yoʻq, Sultonali aka.

Sultonali Anvarning tovush ohangidagi oʻzgarishka e’tibor etmagan boʻlsa kerak, hanuz boyagʻi yarim jiddiy ruhidan siljimadi.
— Sallalik eshaklarning diringlashi ogʻilxonagʻacha... Ular mirzo Anvar uylanmakchi boʻlgʻan qizni xongʻa toʻgʻrilab, shuning bilan goʻyo oʻch olmoqchilar. Mirzo Anvar xotinsiz qolsin, demakchi-da, bu ahmoqlar. Holbuki, butun mamlakat qizlari mirzo Anvar uchun soch taraydi. Agar siz xohlasangiz qozikalon yoki domla shogʻovul va shular singari kalonpolarga kuyav boʻlolmaysizmi? Kesak otib arslonni yengmakchi boʻlgʻan galvarslarning ishiga kulgim qistaydir...
— Zarari yoʻq...
— Rahmat, Anvar. Men sizning ba’zi toʻgʻrilarda yuragingiz kengligidan achchigʻlanar edim... Darhaqiqat, oʻylab qarasam, yurak kengligi oʻzi bir fazilat emish... Bundan boshqa ma’no onglamangiz, Anvar. Mufti kabilarning past, bachkana adovatining kishi qitigʻigʻa tegishi boʻlmasa, siz va doʻstlaringizcha ham qiz oti topilmaydirgʻan matoʻ emas.
— Albatta.

Anvar oʻzini favqulodsa tekis ushlab borar, hozir unda boyagʻi oʻzgarishlarningʻ hech birisi ham koʻrinmas edi.

Sultonali mirzo bu bemaza gapni Anvarning koʻnglidan chiqarishqa tirishib haligidek yupatishlarni ogʻzidan qoʻymas, eshitkuchi esa qisqagʻina jumla bilan uning fikriga qoʻshular yoki iljayib, tasdiq ishorasini berar edi. Ikkisi birga devongʻa kirdilar. Ishka ilgariroq kelgan mirzolar yozuv bilan mashgʻul edilar. Anvar mirzolar bilan salomlashib soʻrashdi, hatto hech gap boʻlmagʻan kabi Shahodat muftilardan ham ahvol va sogʻliq soʻradi. Muftilarni koʻrishi hamono nafrati junbushka kirgan Sultonalining bu hoyadan taajjubi ortib Anvarga qaradi va koʻnglidan «yigit» degan soʻzni kechirdi. Sultonali aytkancha, shubhasiz, bu yigatning koʻngli yolgʻiz muhabbatkagina emas, muhabbatdan gʻayri fazilatlarga ham qobil edi.

Sultonali mirzo ham narigi xonadan Anvarning huzuriga oʻtkan, Shahodat muftilar qatorida oʻlturib ishlar edi. Anvar bu kungi noma va arizalarni yigʻishtirib udaychiga topshirdi, devonning oʻziga tegishlik boʻlgʻanlarini mirzolar orasida taqsim qildi. Har kim oʻz vazifasiga berilib, oragʻa jimjitlik kirdi. Faqat bu tinchlikni savogʻich qalamlarning qogʻoz ustida qirillashi va goho buklangan qogʻozlarning shildirashi buzar edi. Shu hol bir soat chamasi davom etkandan soʻng, onda-sonda soʻz ham qoʻzgʻaldi. Anvar huzuridagilardan Shahodat mufti qogʻoz-qalamni yoniga qoʻyib, sandalda isindi.
— Mulla Navroʻz koʻb past odam-da, — dedi mufti — uning ishi kechadan beri menga ajab ta’sir qiladi-da....
— Past, past, — dedi Kalonshoh.

Sultonali Anvarga qarab qoʻydi. Anvarning esa koʻzi yozuvda edi.
— Shuncha kishining iltijosini yerda qoldirishi oʻzi yaramasliq... Qazosi yetib oʻlgan ekan, kelinning moligʻa nima daxling bor? Bu odamiyat emas-da.
— Past kishida odamiyat nima qilsin.

Sultonali kulimsirab bir-ikki qayta muftilarga qarab oldi.
— Uyingga ikki arafdan shuncha odam yigʻildi, soʻzga kirmay, ularni ovora qilding, loaqal bir lagan osh bilan ularni joʻnatsang oʻlib qolarmiding... e, hayf sendek mumsukka![69]
— Men ham mulla Navroʻzni bunchalik bilmas edim, — dedi Kalonshoh, — odamiyatni yeb qoʻygʻan kishi ekan.

Sultonalining rangi oʻchib, qovoq ostlari pirr-pirr ucha boshlagʻan edi.
— Qiziq bahsni qilasiz, taqsirlar, — dedi birdan Sultonali, — shu zamonda odamiyat qoldimi? Agar ozgʻina andisha qilib koʻrsak, siz ham, biz ham odamiyatni pok-pokiza yeb qoʻygʻan chiqamiz. Bu zamonda oʻzgani qoʻya turib hatto oʻzlaringizdan ham odamiyat kutmasangiz boʻladi, taqsirlar!

Yuragi tor — asabiy Sultonaliing bu soʻzi «shirin suhbat» ustidagi muftilarni hayron qilib qoʻydi. Anvar Sultonaliga qarab uning koʻzini uchratalmadi. Chunki ul haligi soʻzlarni aytib, qoʻlidagʻi tahrirga berilgan edi.
— Siz ajab odamsiz-da, Sultonali, — dedi mufti. — Biz nima teyapmiz-ku, siz nimadan oʻtlaysiz.
— Sizlar odamiyatdan bahs qilayotibsizlarmi, axir? Men ham bu vaqtda odamiyat yoʻqligʻidan zorlandim-da...
— Sizning soʻzingiz ajab, Sultonali. Siz bizning odamiyatimiz yoʻqligʻini birar joyda koʻrganmisiz yoki dimogʻingizgʻa futur yetib qolgʻanmi?

Anvar Sultonalining koʻzini uchratishka urundi, ammo Sultonali muftilarga yuz oʻgurib oʻlturdi.
— Sizlarning odamiyatingiz yoʻqligʻini hech bir joyda koʻrganim va eshitkanim yoʻq albatta, — deb zaharxanda qildi Sultonali. — Ammo hozir oʻz nafsimdan bir hisob olib koʻrsam, hatto shu haftaning ichidayoq necha jinoyatka irtikob[70] qilgʻanman. Shuning uchun ham boyagʻi soʻzni aytdim-da. Yoʻqsa menim kim bilan qanchaliq ishim boʻlsin, taqsirlar...

Muftilarning rangi boʻzarib, ittifoqlashqandek Anvarga qarab qoʻydilar va Sultonalidan zorlangʻandek bosh chayqadilar.
— Sultonali aka, — dedi Anvar zorlangʻan ohangda, — taqsirlarim aytkancha, dimogʻingizgʻa bir oz futur yetkanga oʻxshaydir: shunday gaplar nima hojat, nima aloqasi bor? Tinchkina ishingizga qarasangiz-chi, xudo xayr bersin.

Soʻngra Anvar muftilar tomongʻa kulimsib, Sultonalining gapiga ahamiyat bermaslikka ishorat qildi. Shahodat mufti bir narsalarni aytib ishiga qaradi. Sultonali ham kulib, goʻyo Anvarga itoat qilgʻandek, soʻzsizgina, qalamini qoʻligʻa ushladi. Har kim oʻz ishiga qarab, orada yana boyagʻicha tinchlik boshlandi.

Kechka tomon mirzolar tarqalishib, orada Sultonali va muftilar ham birin-sirin chiqib ketdilar. Eng soʻnggʻa qolib qoʻzgʻalgʻan Anvar devonxona dahlizida tunqotargʻa uchrashdi. Tunqotar Anvar bilan hazillashkandek, uning qoʻlidan ushlab, ichkariga — devongʻa boshladi. Ichkariga kirdilar.
— Xizmat, taqsir?
— Xizmat shuki, — deb kuldi tunqotar, — sizning ustingizdan bir oʻktamlik qilindi?
— Yaxshi... Eshitsam boʻladimi?
— Janob bu kun bizni ustozingiz Solih maxdumnikiga qulchiliqqa yuborgʻan edilar. Borib eshitsamiz, fotiha sizga boʻlgʻan ekan... Biz qiblagoh uchun kecharsiz, deb oʻyladiq...

Anvar bu zaharlik soʻz bilan ilon kabi toʻlgʻanib olsa ham butun kuchini sarf qilib, sir bermaslikka tirishdi.
— Atigi shu gapmi?
— Shu gap, mirzo Anvar.
— Arzimagan gap... Buni mendan soʻramasangiz ham boʻlar edi.
— Rahmat, mirzo, men sizning bu sadoqatingizni janobga soʻzlayman.
— Yoʻq, yoʻq, — dedi Anvar bosh chayqab, — zinhor gapirmang, zinhor.
— Nega axir, nega? Janob ham oʻzlarining sodiq qullarini tanib qoʻysinlar-da.

Anvar majhul ohangda kuldi: — «Aytmang, men xohlamayman» — dedi yana. Ikkisi birgalashib devondan chiqdilar.

Havo tekis qoramtil bulut bilan oʻralgʻan, Qoʻqonning mashhur shamoli qanot yoygʻan edi. Qoramtil bulutlardan quyiroqda olaqargʻalar qanot qimirlatmay sayohat qilar va onda-sonda yomgʻur qatralari tomchilar edi. Shu vaqtda koʻpruk yonigʻa kelib toʻxtagʻan Anvar qayoqqa borib yotsam, deb taraddudlandi...

Ochiq Xat

Shom namozini oʻqub qaytqan maxdum mehmonxonaning eshigini ochiq koʻrdi. Uning kelganligini fahmlab, toʻgʻri ichkariga oʻtdi. Bir ozdan keyin tovoqda osh koʻtarib Nigor oyim chiqdi. Yigʻidan kipraklari terilib, chuqur andisha ichida boshini quyi solgʻan edi. Nigor oyim kirganda Anvar charogʻpoyagʻa sham' yoqar edi. Nigor oyim dasturxon yozib, tovoqni Anvarning oldigʻa qoʻyar ekan, birdan piq-piq yigʻlab yubordi. Anvar hayron boʻlib qolmadi, yigʻi sababiga tushundi.
— Nega yigʻlaysiz? Taqdirni oʻzgartib boʻladimi? Xafa boʻlish yaxshi emas, siz shunday boʻlsin deganmidingiz...

Nigor oyim javob qaytarmadi, yigʻlagʻan koʻyi mehmonxonadan chiqishgʻa oshiqdi. Anvar oshdan bir-ikki luqma olib, qoʻlini artdi, sandal koʻrpasini bagʻrigʻa tortib, kuchli va uzun tin oldi.

Charogʻpoyadagi sham' bedillar yuragidek titrab, mehmonxonani arang-arang yoritar, sham'ning titrogi bilan koʻzini bir nuqtagʻa tikkan Anvarning hozirgi xaelchan yuzi ham qaltiragʻandek koʻrinar edi. Mehmonxona tip-tinch, faqat bu tinchlikni tashqarida yoqqan yomgʻurning kuchsiz shitirlashi, oʻqtin-oʻqtin qoʻzgʻalib qoʻygʻan shamolning darichaga kelib urunishi va allaqaysi tom boshidagʻi bir mushukning mavlagan tovshi buzar edi. Daricha tirqshnidan kelib kirgan keyingi shamol charogʻpoyadagi titroq sham'ni oʻchurayozib, mehmonxona qorongʻilandi va shu choqda ichkaridan chiqib kelgan oyoq tovshi bilan Anvar xayoldan koʻz ochib, tancha ustidagi tovoqqa qoʻl uzatdi va tovoqni ushlagancha bir oz quloq solib turdi. Oyoq tovshining mehmonxonadan uzoqlashqanini, maxdumning xuftan uchun masjidga oʻtkanini fahmladi va tovoqni oʻlturgan joyidan orqasidagi toqchagʻa olib qoʻydi. Oradan bir piyola choy ichish fursati kechkandan keyin yana oyoq tovshi eshitildi. Bunisi adim sayin mehmonxonagʻa yaqinlashib kelar edi. Mehmonxona dahlizida qoʻlida choydish koʻtargan Ra’no koʻrindi... Ikki koʻzi qip-qizarib, qovoqlari oludek koʻpchigan, yuzida ham zoʻriqish alomati bor edi. Yerga qaragʻan holda oq choydishni Anvarning yaqinigʻa keltirib qoʻydi, toqchadagʻi piyolani olib choydishdagi choy bilan chayqadi, piyolani sochiqlagʻach, yana chayib ikkisini Anvarning yonigʻa surdi va birdan oʻkrab yuzini tancha ustiga qoʻydi...
— Ra’no, Ra’no, — dedi shoshib Anvar. — Bolamisan, hali hech gap boʻlgʻani yoʻq-ku.

Ra’no boshini koʻtarmay, piq-piq yigʻlar edi. Anvar uni yupatib, yalingʻan holda yigʻidan toʻxtatishqa urinar edi.
— Bekorga yigʻlaysan, Ra’no. Yigʻidan bir foyda chiqqanini eshitkanmisan yoki meni ham yigʻlatmoqchimisan?.. Agar oʻylab koʻrsang, yigʻlash sening haqqing emas, menim haqqim, holbuki men yigʻlamayman. Nega? Negaki, yigʻi eng soʻnggʻi ish... Men yigʻlagʻan kishini yoqtirmayman... Tur, jonim, tur.

Anvar Ra’nonint sochini siladi, ikki qoʻli bilan boshini koʻtarib, yuzidan oʻpti.
— Mendan koʻngli qolsin desang, yigʻla. Yuzingai yosh bilan yuvibsan, Ra’no, oʻnglan, men yuzingni artib qoʻyay. Oʻzingta kel, aqlingni yigʻ, ogʻir qiz boʻlib, soʻzimga quloq sol.

Ra’no yuzini chetka oʻgurib, boshidagʻi roʻymoli bilan yuzini artdi, uzun entikdi.
— Yigʻlab bir natijaga yetib boʻladimi? Hech. Koʻzing yana yoshlandi, sen yigʻlay ber, men soʻzlamayman, Ra’no.

Ra’no yana chetka qarab koʻzini quritdi. Anvar piyolaga choy quyib, Ra’noga uzatti:
— Ma, Ra’no, ich.

Ra’no ichmayman degandek, bosh chayqadi. Anvar qistab choyni oldirdi.
— Hammasini ichmasang ham bir-ikki hoʻpla.

Ra’no Anvar aytkancha, ikki-uch hoʻplab, piyolani oldigʻa qoʻydi. Anvar oʻrnidan turib dahlizga chiqdi, qoʻlida obdasta, dastshoʻ koʻtarib Ra’noning yonigʻa keldi.
— Yuv yuzingni, Ra’no.

Anvar suv quyib turdi, Ra’no yuzini yuvdi. Anvar qoziqdan sochiq keltirib berdi. Ra’no artindi.
— Ana tamom... Endi odamshavanda soʻzlashaylik, yigʻi nima hojat.

Ra’no qaygʻilarini ozaytirgʻandek entikdi, oʻziga yarim jiddiy tikilib turgʻan yigitka javoban iljaydi.
— Yana bir kul, Ra’no.

Ra’no birdan tundliqqa ogʻishdi.
— Kulgi soati emas...
— Kulgi soati boʻlmasa yigʻi fursati ham emas, — dedi Anvar oʻlturib. — Sening murassa’[71] xaltachaga oʻxshash kichkinagina yuraging bor, ichini qiymatli toshlar bilan toʻldirgʻansan. Bu kun qazo munshiysi[72] shu murassa’ xaltachadagi qiymatli toshlar orasigʻa qoʻpol bir narsa keltirib tiqdi... Tabi'iy, sening kichkina yuraging bu qoʻpolliqni koʻtara olmadi, qiymatli toshlar siqildilar, sen yigʻlading, sening kabi men ham shu qoʻpolliqni qabul qilishda qattigʻ entikdim, biroq yigʻlamadim. Nega? Negaki, bu qoʻpolliq menim yuragimdagi javohirni siqib chiqara olmas, faqat unga tanglikkina berar edi, senga ham shunday emasmi, Ra’no? Xoʻsh, endi bizning foji'amiz sababiga kelaylik. Bu hodisa toʻgʻridan-toʻgʻri xonning oʻzidan kelgan gap emas. Xon — hazmi har bir iflosliqni ham koʻtaradirgan katta bir hayvon. Uning tevaragida mayda hasharotlar koʻb, bular ham oʻzlariga yarasha hayvonliq istaydilar. Biroq qoʻl qisqa, shuning bilan birga yotib qolishqa koʻngil tinchimaydir. Shundan keyin xon — katta hayvonni qitiqlab ishka soladirlar... Balki yodingdadir, mulla Abdurahmon ismlik biri sening xaridoring edi, shoir aytkancha:

Mendin oʻtib gulga boʻyi yetmadi,
Umid uzib oʻz yoʻligʻa ketmadi.

Xabaring bor, men otangning tazyiqi ostida uni oʻrda xizmatyga oldim, ul oʻrdadagi bir necha ifloslar bilan birgalashib, menim qarshimgʻa ishladi... Men... uni oʻrdadan joʻnatdim, natijada hozirgʻi ifloslikka yeng shimardilar. Biroq, ular bizni bir-birimizdan ajrata oladirlarmi? Yoʻq. Majoziy ajralish — ajralish emasdir, chunki biz bir-birimizga majoziy bogʻlanmagʻanmiz, haqiqiy bogʻlanishni esa qat'[73] etish ifloslar uhdasidan kelmas. Bas, shu holda biz ikav nega xafa boʻlayliq, Ra’no? Ishq davosi avom oʻylagʻancha vasl emas — hajrdir. Zero, vasl ishq oʻtini soʻndirgʻuchi, hajr esa kamolatka erishdirguchidir... Sen shu ikkidan qaysi birisini tanlaysan, Ra’no?

Ra’no koʻzini tizasiga tikib, qoʻli bilan sholcha ipini chirmab oʻlturar edi. Haligi savol Anvar tarafidan yana takrorlandi.
— Men keyingisini... Biroq, xonning iflos toʻshagida yotmayman.

Anvar bir necha vaqt sukutda oʻlturdi. Ra’noning javobi unga ogʻir ta’sir qilgʻan edi...
— Buni men ham xohlamas edim... Biroq, ifloslar menim chora yoʻllarimning xammasini kesdilar, Ra’no... Yana oʻylashmoq uchun fursat bor, ayniqsa, sen birar tadbirni muvofiq koʻrsang men bosh egaman... Seni yigʻlatib hayvon changaliga bermasman... Shunday, sen yigʻlama, aqlli qizlarcha qarakat qil, men...

Anvar soʻzini tugata olmadi, mehmonxona eshigida maxdum koʻrindi:
— Ichkariga kir, Ra’no, bevaqt bu yerda nima qilib oʻlturibsan?

Anvarning vujudi gʻizz etib ketdi: qarshisida boyagʻicha oʻlturgan Ra’noga «tur, joʻna» degan kabi ishorat qildi, lekin Ra’no qimirlamadi. Maxdum boshqa soʻz aytmay, dahlizdan orqasigʻa qaytdi.

Anvar juda ham ogʻir tortqan edi. Haqiqatan ham maxdumning bu harakati aqlsizcha, ahmoqlarcha edi. Anvarga ogʻir kelishini oʻylamay bu «buyruq« bilan Ra’noning kundalik odatini man' qilar, har kechasi oʻz vaqtida oʻlturgan Ra’no goʻyo bu kun »bevaqt» oʻlturar edi. Bundan boshqa, uning Anvarga uchrashmay namoyishkor chiqib ketishi, qandaydir yana bir ma’noni onglatqandek ham boʻlar edi.

Ra’noning yuzidagi qaygʻi belgilari yoʻqolib, uning oʻrnini gʻazab, nafrat alomatlari oldi.
— Andishasiz!
— Zarari yoʻq, achchigʻlanma, — dedi Anvar. — Endi boshqa soʻzimiz ham yoʻqqa oʻxshaydir...

Ra’no yana bir oz qoʻzgʻalmay oʻlturib qoldi, soʻngra koʻziga jiq yosh olib, mehmonxonadan chiqdi.

Erta bilan Nigor oyim choy olib chiqqanda, mehmonxonada Anvar yoʻq, sandal ustida ochiq bir xat yotar edi:

"Mehribon xola.
Yoshliqdan sizning tarbiyangizda oʻsdim, sizga va taqsirimgʻa koʻb zahmatlar berdim. Bu zahmat badaliga tegishlik haq qaytarolmagʻan, xizmat qilolmagʻan holda ma’lum sabablar tazyiqi ostida sizning shafqatli tarbiyangizdan ketishka majbur boʻldim.
Soʻngra uydagi menga aloqador barcha narsalar, shu jumladan, oʻzingizdagi amonat oltinlar ham oilangizga mendan hadyadir. Men oltinlarni qizingizning toʻyigʻa atab yigʻqan edim, mundan soʻng ham shu oqchani Ra’noning toʻyigʻa sarf qilsangiz, deb soʻrayman. Meni yoʻqlab kelguchilarga oʻrda daragini aytilsa edi. Shafqat va marhamatingiz bilan gunohimni kechirarsiz umidida:
Anvar".

Toʻy Arafasida

Xonning sovchilari ikkinchi martaba kelib toʻy vaqtini ta’yinladilar: kelasi jum'a maxdumning uyida toʻy ijro qilinib, marosimdan soʻng Ra’no oʻrdagʻa yuboriladirgʻan boʻldi. Toʻy vaqti belgilangandan bir kun keyin toʻy jamargʻasi ham keldi. Xonning hadyasi uch yuz tillo pul, shu qadar qiymatka arziydirgan shohona sarpolar. maxdumga alohida iltifot qilingʻan «raisulmakotiblik»[74] unvonlaridan iborat edi.

Shunchalik iltifotlar ichida gangib qolgʻan maxdum uch kundan beri daraksiz ketkan Anvar toʻgʻrisida oʻylay olmadi, faqat bundan «hamoqat«, »andishasizlik» degan natija chiqarib tinchidi. Nigor oyim ersa oʻzini birmuncha bosib oldi, goho Anvarga yuragi achib qoʻysa ham, uni oshigʻich kelgan toʻy hozirligi masalasi ixtiyorsiz ravishda bu toʻgʻrini oʻylay olmasliqqa majbur etdi.

Ra’no!.. Ma’lumki, bu kunlarda Ra’noga tikilgan falokat behad ulugʻdir: falokatlik, halokatlik kunlar yaqinlashadir. Buning ustiga uch kundan beri Anvar daraksiz. Anvar «visol — muhabbatni oʻldirguchi, hajr esa — kamolatka erishdirguchidir», deb Ra’noni hamishalikka tash-lab ketdimi yoki maxdumning bemaza muomalasidan koʻngli olinib, araz qildimi? Holbuki hozirgʻi kunlar araz, achchigʻ va falonlarni koʻtaradirgan vaqtlar emas, hech boʻlmagʻanda bechora qizgʻa gap bilan, soʻz bilan ma’naviy yordam berib turish soatlaridir. Bechora Ra’no hamisha yaxshiliq, aqlliliq koʻrib kelgan bir kishisidan ham oxirda dagʻalliq koʻrar, vafosizliq boʻyini olar edi. Shu dudama falokat bir necha kun ichida Ra’no gulini soʻlitayozdi, hatto jodu koʻzlar yosh toʻkishdan xam toʻxtaldilar.

Ra’no sandalda oʻlturib jum'a kuni — mudhish jum'a kuni toʻgʻrisida oʻylar edi. Bu kun seshanba, jum'agacha yana ikki kun bor. Faqat ikki kungina... Ra’no bundan ortiqni koʻz oʻngiga keltira olmas, goʻyo oʻzini jar yoqasida koʻrgan kishidek panjshanba kechdan beixtiyor, goʻyo savqi tabi'iy[75] ostida orqasigʻa tisarilar edi. Shundan keyin Anvar toʻgʻrisida xayol surib, unga — Anvarga qarshi oʻzida kuchlik bir kek sezar, shunday ogʻir soatlarda tashlab ketkan «yigit« yana bir koʻrinsa, qanday kinoyalar bilan istiqbol qilishini — kutib olishini oʻylar edi: "Hamma da’volaringiz puch! Siz, mirzoboshiliqdan mahrum boʻlaman, deb qoʻrqdingiz, bizning uyda oʻn yil tursangiz ham, otamning fe’lini bilmaganmidiniz? Holonki, men sizni xondan ham yuqori oʻrungʻa qoʻygʻan edim. Endi fursat qoʻldan ketkach, nima uchun keldingiz?.." Lekin ul keyingi itobi ma’nosidan oʻziga hisob bermas, agar bunga qarshi Anvar: »Qanday ish va fursat oʻtkandan keyin keldim?» deb soʻrasa, ehtimolki, Ra’no sukut qilar, chunki hozirgacha uning fikriga vaqti oʻtadirgan birar chora kelmaganidek va bu toʻgʻrida oʻylab ham koʻrmagan, faqat bu foji'a qarshisida takyagoh[76], deb Anvarni istagan, Anvar esa koʻzdan yoʻqolib, Ra’noning majruh yuragida yana yangi bir jarohat ochqan edi.

Nigor oyim oshigʻich hozirliklar orqasidan chopib yurar, beshikda yotib zerikkan Mas'ud qichqirib yigʻlar edi. Boyagʻi xayollar ichida oʻlturgan Ra’no uzoq entikdi va asabiy harakat bilan oʻrnidan turib beshik yonigʻa keldi. Tebratkan bilan bola tiyila bermagach, uni yigʻlagʻan koʻyi tashlab, havliga tushti va narigi ayvonda yumish qilib oʻlturgʻuchi onasigʻa «emizing!» deb asabiy hayqirdi, oʻzi yoʻlak tomongʻa qarab oʻtdi.

Boqchada Mahmud va Mansurlar qoʻshni bolalari bilan oʻq otib oʻynar edilar. Atrof olashovur qor bilan yopilgʻan, soʻri ostidagʻi sufaning chetlari yogʻin bilan nurab, ustidan bir necha joyi uzun-uzun yorilgʻan edi.

Sufa yonida toʻxtagʻan Ra’no bolalar ichidagi Mahmudni chaqirib, soʻradi:
— Mahmud, dadang qaerda?
— Dadam... bozorda.
— Tashqarida kim bor?
— Ichkim.

Ra’no boshqa soʻz aytmay, oʻrta eshikka keldi. Mahmud aytkancha, tashqarida hech kim yoʻq, toʻy munosabati bilan maktab shogirdlari bir necha kunga ozod qoʻyilgʻan edilar. Nima maqsad bilandir tashqarigʻa chiqqan Ra’no mehmonxona eshigini qulflangʻan koʻrib, mashqxonagʻa qarab keldi. Eshik zanjirini tushurib ichkari kirdi. Sahnidagi boʻryo va bordonlari chuvalib, titilib yotqan mashqxonaning har bir toqchasigʻa koʻz tashlab, birar narsa izlagandek yurindi. Toʻrdagi toqchadan ustiga koʻk sir berilgan bir davotni olib qaradi. Davotning ichidagi loslarini qora-sariq tusda qurib qolgʻan koʻrgach, oyoq ostigʻa tashlab mashqxonadan chiqdi.
— Mahmud!

Kamonchasiga oʻq qadab yotqan Mahmud oʻrta eshikda turgʻan opasigʻa qaradi.
— Hmm?
— Beri kel.

Mahmud tilar-tilamas opasi — Ra’noning yonigʻa keldi.
— Hmm?

Ra’no Mahmudga oʻz orqasidan kelishka ishorat qilib, yana mashqxonagʻa qarab ketdi. Mahmud qoʻlidagʻi kamonchasini turli tarafka oʻqtala-oʻqtala Ra’no bilan mashqxonagʻa kirdi. Ular ikkisi bir necha vaqt mashqxonada qaysi toʻgʻridadir soʻzlashib qoldilar.

Uyda xat yozib oʻlturgan Ra’no onasining kim bilandir havli yuzida koʻrishib, soʻzlashqanini eshitdi va bir ozdan soʻng yumaloqqina, toʻla-toʻkis bir boʻgʻoz xotinni ayvon muyushida koʻrib, yozuvini toʻxtatishqa majbur boʻldi. Chunki xotin Ra’noni koʻrib qolgʻan, shuning uchun boʻgʻoz xotin bilan chiqib koʻrishish Ra’noga lozim boʻlgʻan edi. Ra’no chiqib koʻrishdi. Nigor oyim tanimagʻan mehmonni sandalga taklif qildi.
— Bu yoqqa, aylanay, bu yoqqa.

Xotin qistatmay sandalga chiqib oʻdturdi, koʻzi Ra’noda ekan, fotiha oʻqub roʻymol-lachagini tuzatdi:
— Tanimagʻan xotin nima qilib yuruydi, deb oʻylarsizlar, aylanay, — dedi xotin va choʻntagidan bir qogʻoz chiqardi, — Mirzo bir-ikki kundan berli biznikidalar... Tanisalaringaz kerak, oʻrgulay, men mirzo Sultonalining koʻchlari[77] boʻlaman... Kitobsiz zerikdim, uyda bir kitobim bor edi, deb boya — erta bilan shu qogʻozni beribtilar, aylanay...

Xotindan bu soʻzni eshitib Nigor oyim achinish va uyalish vaziyatiga kirdi. Tanchadan nariroqda tik turgʻan Ra’no Nigor oyimdan qizgʻangʻandek, kelib xotinning qoʻlidagʻi buklangan qogʻozni oldi.
— Mirzodan uyatligʻmiz... Ayniqsa uch kundan beri qayoqlarda qoldi, deb ich-etimni yedim, — dedi Nigor oyim, taqdirga hech narsa deb boʻlmas ekan... Biz mirzo bilan ulanisharmiz deb oʻylagʻan edik.
— Taqdiri azal, aylanay, — dedi xotin. — Mirzo ham yurtda ikkita aqil boʻlsa bittasi. Sizlardan hanuz minnatdor zkanlar; shunday, shunday ish boʻgʻandan keyin kelishka andisha qilib qogʻanlar-da, aylanay.

Ular shu soʻzda ekan, Ra’no uyga kirdi:

"Xolamgʻa, soʻngra Ra’noga Behad salom va duo. Mendan ranjimangiz, na uchunkim, shundan boshqa choram yoʻqdir. Xat olib borgʻuchidan Shayxi Sa’diy kulliyotini[78] berib yuborsangiz, boʻsh soatlarimdan foydalanar edim. Ra’noga ma’lum boʻlsinkim, bundan soʻng senga menim mashqlarim (she’r daftarim) kerak boʻlmas va oʻzing bilan olib yurishing ham extiyotdan emas. Agar xafa boʻlmasang, shuni ham berib yubor. Sogʻliq ahvolotingizdan yozingiz.

Addoi Anvar".

Xat shu qisqa jumlalardan iborat, yana shunday ham boʻlsa Ra’no uchun qiymatli edi.

Hali yozib boshlagan qogʻozni nima uchundir yirtib tashladi, ayvondagilarning oʻzaro soʻzlashib turgʻanlaridan foydalanib, javob yozishqa shoshildi.

Ramz

Anvardan bir oz ilgariroq qaytqan Sultonali ogʻilxona ayvonida sigir sogʻib yotqan xotini ustida toʻxtadi.
— Bordingmi, Ruzvon?
— Bordim, — dedi Ruzvon va emchakdan «pov-pov» sut sogʻishda davom etdi. — Bordim, olib keldim.
— Mehmonxonagʻa olov qilgʻandirsan?

Ruzvon boshi bilan qildim, ishorasini berdi.

Sultonali mirzo uyga oʻtdi, salla-choponini yeshib, yana xotinining yonigʻa keldi.
— Buzoqni yeshib yuboring-chi, aylanay. — Sultonali mirzo ustunga bogʻlangʻan buzoqni yeshib yubordi. Buzoq onasining emchagiga yopishdi. Ruzvon xurmadagi sutni koʻtarib hujraga oʻtdi, Sultonali ham xotini orqasidan kirdi.
— Xoʻsh, nima gap boʻldi, Ruzvon?

Ruzvon xurmadaga sutni tovoqlargʻa boʻlar edi.
— Bordim, xatni berdim, choy qaynatdilar, talay gapurishib oʻlturgandan keyin, kitobni olib qaytdim.
— Kimlar bor ekan?
— Otin xola, qizi.
— Qizi qalay?

Ruzvon afsus qilgandek, boshini ikki yelkasiga irgʻatdi va tilini tagʻlayigʻa tegizib «chaloq» etdirib qoʻydi.
— Men, mirzoboshi juda xafa koʻrinadi, deganingizdan m shuni oʻylagʻan edim. Baayni surat: kishi ham bunday jirim boʻlar ekan.
— Ha, Ha!
— Chamasi ular oshiq-ma’shuq, baloxoʻr xon loaqal shunga choʻvagini tiqmasa nima qilar edi. Bechora qiz, shunday xafa, shunday xafa. Dor-dunyosi[79] qop-qorongʻi.
— Ha, ha... Otin xolasi-chi?
— U bechora ham hayron, «bolalarimning soʻyinchi ichiga tushti», deydi.

Sultonali afsuslangandek bosh chayqab qoʻydi.
— Kitobni qaergʻa qoʻyibsan?
— Mehmonxonada... Ha, aytkancha, ichida kichkina xat ham bor.

Sultonali mirzo kechlik osh toʻgʻrisida ba’zi gaplarni aytib, tashqarigʻa chiqdi. Mehmonxona ochiq edi. Tirsagi bilan tanchaga takya qilgʻan Anvar Sa’diy kulliyotini varaqlar edi. Sultonali kirishi bilan Anvar kitobni yonigʻa olib qoʻydi va kuchlangandek iljaydi.
— Rahmat, olib kelgan ekanlar.
— Kitobning ichida xat bor emish, balki koʻrgandirsiz?

Anvar xatni koʻrmagan edi, kitobni qaytadan ochib, muqovadan toʻrt buklangan bir qogʻozni oldi. Xat masalasi bilan Anvarning bir oz shoshib qolgʻanini sezgan boʻlsa kerak, uyda bir ishi borligʻini soʻzlab, Sultonali mehmonxonadan chiqdi. Anvar xatni ochdi.

«Hurmatlik Anvar aka, assalomu alaykum. Hammamiz sogʻ va salomatmiz. Kelin oyim orqaliq berib yuborgʻan xatingizni oldiq, sogʻligʻingizni, tinchligʻingizni oʻqub va eshitib juda xursand boʻldiq: ilohi, salomat boʻlsinlar. Soniy, bizdan ahvol soʻrasangiz alhamdulilloh tinchmiz, xotirjam' boʻlursiz. Soʻratib yuborgʻan kitobingizni berib yubordim. Ayamdan sizga salom, boqiy soʻzni Shayxi Sa’diydan oʻqursiz deb xatni muxtasar[80] qildim, Ra’no».

Anvar yozuvni qoʻlida ushlagan hodda qarab qoldi. Bir oz oʻylanib turgʻandan keyin, xatni yana oʻqub har bir jumla ustida toʻxtalib oʻtdi. «Sogʻligʻingazni, tinchligʻingizni eshitib juda xursand boʻldiq« jumlasi bilan "siz tinchib ketdingiz" demakchi edi. Chunki, shu jumladan keyinga — "ilohi, salomat boʻlsinlar" kinoyasi buni ta’kid qilar, "soniy, bizdan ahvol soʻrasangiz, alhamdulilloh tinchmiz, xotirjam' boʻlursiz", yana kinoya, ammo eng keyingi — "boqiy soʻzni Shayxi Sa’diydan oʻhursiz deb xatni muxtasar hildim" jumlasi bir oz oʻrunsiz kabi edi. Anvar bu jumlani »mundan soʻng yoningizda Ra’no yoʻh, boʻsh vaqtingizni Shayxi Sa’diy oʻqub kechiringiz» ma’nosida tushundi.

Anvar qogʻozni buklab kitobning muqovasiga soldi va xatning ogʻir ma’nosi ta’sirida entikib sukutka bordi. Uning bu kunlarda kechirib turgʻan holi juda ogʻir, bu ogʻirliq ustiga Ra’noning mazlumona yerdam soʻrab kinoyalar yozishi yana alamlik edi. Chora nima? Bu foji'ani daf' qilish uchun birar yoʻl, birar xil tadbir? Faqat bir yoʻl, eng soʻnggʻi chora: Xudoyor oldida sirni ochish, Ra’noga va Ra’noning esa oʻziga qarshi muhabbatlarini fosh qilib, xonning oyogʻigʻa bosh urish — yalinish, yolborish... Hayhot, bu razolatni Anvarning nafsi hazm qilolmagʻanidek, «adolatpanoh«ning ham bu toʻgʻrida »marhamat»lari shubhalik. Basharti Anvar Shu razolatka irtikob etsa, adabsizlik, uyatsizliqda ayblanib, birar jazoga yoʻliqishi ham yaqin ehtimoldir...

Ma’nan va jisman ezilgan, ayniqsa, hozirgi ahvol ichida koʻz oʻngi qorongʻilangʻan Anvar mehmonxonagʻa kirib kelguchi Sultonalidan ham ibo qilmay, goʻyo hushsiz kabi boshini ikki qoʻli orasigʻa olib, sandal ustiga enggashti... Masala bilan birmuncha tanish Sultonali mirzo bu holni daf’atan boyagʻi xat mazmunidan deb oʻyladi. Uyalmasin, degan kabi bir narsa izlagan boʻlib, toqchalarni aylandi... Anvar qaddini rostlab, uzun nafas oldi va Sultonaliga oʻlturing ishoratini qildi. Sultonali oʻlturdi.
— Nega undaysiz, Anvar?

Anvar kuchlanib iljaydi.
— Haligi xat meni xafa qildi, — dedi va bir oz toʻxtalib turdi. — Sizdan yashirar sir yoʻq, xat yozgʻuchi bilan oramizda anchadan beri yaqinliq kabi bir gap bor edi. Ma’lum gaplar tugʻilgʻach, men oʻzimni chetka olishni, qat'iy aloqa qilishni muvofiq koʻrib, sizning ustingizga keldim. Vositangiz bilan bu kun xat yozib, mendan ranjiydir, tinchib ketdingiz deb, kinoya qiladir. Yosh, aqlsizgʻa nima ham deb boʻlsin, faqat diqqatlik... Mana, oʻqub koʻringiz, sartopo kinoya.

Sultonali kulimsidi, ammo oʻzida oʻnggʻaysizliq, tusida qizarinish bor edi. Xatni mirzoning qoʻlidan olib oʻqudi. Oʻqub chiqqach, yozuvning yana allaqaysi jumlasiga ikkinchi martaba qaradi.
— Qiziq, «boqiy soʻzni Shayxi Sa’diydan oʻqursiz, deb xatni muxtasar qildim...» Bu jumla bilan nima demak-chi?
— Bu ham kinoya, — dedi Anvar, — bundan soʻng menim toʻgʻrimda oʻylamay, boʻsh vaqtingizni Shayxi Sa’diy oʻqub kechiringiz, demakchi boʻlsa kerak.

Sultonali majhul harakat yasadi.
— Balki...

Bu muhmal tasdiq va majhul vaziyat Anvarni shubhaga tushirdi.
— Xoʻsh, sizning fikringizcha?
— Men... Men ham sizning fikringizga kelib qoldim, men boshqacharoq tushungan ekanman.
— Masalan?
— Men: «Kitobning ichida yana bir xat bor, qolgʻan soʻzni shundan oʻqursiz» deb.
— Ehtimol sizniki toʻgʻridir, — deb alangʻladi Anvar. — Bu ham bir erinmaganlik boʻlsin, kitob ichini axtarib koʻraymi?

Sultonali kuldi: — Mayli... Men uyga kirib, taom yetilgan boʻlsa, olib chiqay.

Sultonali ketdi. Anvar kitobning oʻng-tersini ochib, axtara boshladi. Hech narsa koʻrina bermagandan keyin birma-bir sahifa ochib borishdan ham erinmadi. Bosh tarafdan oʻttuzlab sahifa tekshirilgan edikim Sultonalining foli haqiqatka oshib, sahifa orasigʻa buklavsiz qoʻyilgʻan bir xat kitob chetiga qoqilib chiqdi. Anvar shoshdi.

«Andisha va ehtiyot yuzasidan bu xatni alohida yozib, kitob ichiga yashirdim: Anvar aka, ogʻir soatlarda yoningizda turgʻuchi doʻstdir; qochquchi esakim — buni sizning hukmingizga havola qilaman. Va’da berish oson, lekin uhdasi mashaqqat; bundan soʻng shuni ham xotirda yaxshi tutingiz. Ogʻir daqiqalarda arzimas gapni koʻngilga olish sizning kabi olijanoblar ishi boʻlur, deb kim oʻylasin. Baxtsiz bir qizning najoti uchun tebranmadingiz, deb sizni ayblab boʻlmas; biroq, baxtsiz Ra’no tahlika ostida qolgʻanda, uni bu kun-erta bir foji'a kutkanda vafoliq, deb bilgan bir kishisidan bu yangligʻ jafo koʻrishi naqllarda oʻqulgʻanmi, afsonalarda toʻqulgʻanmi? Shu qadar gunohim bor emish, deb xafa boʻlmangiz, Anvar aka. Basharti shu gunohlarning yuvilib ketishini tilasangiz, sizga bir xizmat bor, ham sizning uchun eng oson xizmat: ertaga chahorshanba kechqurun, tilasangiz — ochiqcha, tilamasangiz — yashirincha boʻlsa ham biznikiga kelingiz, men bilan oxirgʻi martaba vidoʻlashingiz. Chunki siz nash'u namo qilgʻan joyda Ra’noni halokat kutadir».

Anvar yozuvni onda-sonda oʻqub tezlik bilan kitobka qaytarib soldi, sahifalar orasida qoldirib, ustiga yangi sahifalar uya bordi. Chunki laganda manti koʻtargan Sultonali dahlizga qarab oʻtkan edi.
— Bormi? — dedi Sultonali laganni sandal ustiga qoʻyib. — Vallohi a’lam, ma’no siz tushunganchadir. Men yanglishqan chiqarman.

Anvar uning soʻzini tasdiq qilgʻan kabi bosh irgʻatib, kitobni yopdi, qoʻl yuvgʻali dahlizga chiqdi.

Ma’shuqa Mahbasi[81]

Ra’noning ikkinchi xati Anvar uchun yana bir tashvish edi. Uning yoniga borishdan hech bir mantiq topmas, bil'-aks, yurak oʻtining alanga olishini, jarohatlarning yangilanishini koʻrar edi. Kitob bahonasi bilan xat yozib, oʻz daragini aytib, evaziga shunday tashvish ortdirib olgʻan Anvar, kechagi kunlarda hissiyotka qattigʻ berilib, kitob soʻratish oqibatini yaxshi muhokama etalmaganidan pushaymon edi. Shuning bilan birga oʻzining mundan soʻnggʻi harakatida ham amniyat[82] sezmas edi. Chunki Ra’noga uchrashishdan hech bir foyda tasavvur qilmagʻan muhokamasi qarshisidagʻi kuchlik bir mayl, Ra’noga yoʻliqishdan foyda emas ma’no koʻrsatar edi... Uchrashilganda shubha yoʻqkim, Ra’no yigʻlar, koʻngilni buzar, shundan boshqa ish chiqmas, lekin ikkinchi tarafda necha yilliq muhabbat yana shu foji' uchrashishka moyil kabi edi.

Ul tun boʻyi uchrashishning yaxshi va yomon taraflarini oʻylab uxlay olmadi, ora-chora uxlab ketkan asnolari ham yana shu uchrashishka aloqador tushlar bilan kechdi. Har qancha aql izi bilan harakat qilishgʻa tirishsa-da, yana uchrashmaslik, sukut qilib ketishlik eb koʻrinmas edi. Uchrashish — nechogʻliq tadbirsizlik, jon koyitish boʻlmasin, Ra’noning: «Men bilan oxirgi martaba vidoʻlashingiz, siz nash'u namo qilgʻan joyda meni halokat kutadir» jumlasi har qandaydur andishalikni yengarlik va bu jonsoʻz xitobadan koʻz yumish yigitlik sha’niga yarashadirgʻan koʻrinmas edi.

Anvar qat'iyan borish qarorigʻa kelganda, devonda oʻlturib ishlar edi. Uning endigi taraddudi uchrashish yoki uchrashmaslik borasida emas, Ra’noning oldigʻa ochiqcha borishmi, yashirinchami toʻgʻrisida edi. Basharti ochiq borsa, maxdumning shubhalanishi, Ra’noni chetka qoqib yoki ularni ta’qib etib, yaragʻa tuz sepishi, Anvarning izzati nafsiga toʻqunishi aniq. Yashirin borsa... Orada xiyonat, buzuq niyat boʻlmagʻandan keyin yashirinib yurish nima hojat? Xayr, yashirincha ham borsin, banogoh maxdum koʻrib qolsa... Uning uchun bu masalani hal qilish ham mushkil edi.

Ikkisi kechqurun qaytishib keldilar: Sultonali mirzo kundagi kabi Anvarni yaxshi oshlar bilan mehmon qildi. Shomni oʻqugʻandan keyin Anvar «bir necha soat ichida jiyanlari oldigʻa borib kelish uchun» Sultonali mirzodan izn olib chiqdi.

Qishning oxirgʻi kunlari, koʻchada qora sovuq bilan izgʻiriq yurar edi. Toʻqquz-oʻn kunlik oy shaharning qoq ustida cheti qoraygʻan sariq barkashdek yaltirab turar edi. Mahalla bolalari eshikma-eshik yurib — «Barot keldi, bildingizmi, idish-oyoq qildingizmi?» ashulasini aytar edilar.

Anvar maxdumning mahallasiga kelib yetkanda, kishi tanimasliq darajada qorongʻi tushdi va shu qatorda Anvarning koʻnglidagi qorongʻiliq ham kuchaydi, yurak urishi e’tidoldan chiqib, oʻgʻri kishidek atrofiga qarana boshladi. Bundan birar hafta ilgari baxt boʻyini ongʻqitqan bu mahalla hozir shuning ziddi bilan huvillar; hammayoq tim qorongʻi, faqat bu mahalla ustida nurlanib koʻringan oygʻina uning koʻnglini yoritar, biroq... Biroq kajraftor falak[83] uni ham bagʻrida qora dogʻi bilan oʻrda tomongʻa qarab sudrar edi...

Anvar yopiq holda turgʻan darboza yonigʻa kelib ohista itardi. Darbozani zanjir koʻrib, koʻz oʻngi qorongʻilandi... Bir necha fursat darboza yonida qadalib turgʻandan soʻng, toʻgʻrigʻa oʻtdi. Yigirma qadam chamasi yurib, qoʻshnining darbozasini itardi, bunisi ochiq edi. Qorongʻi yoʻlakka kirdi. Ul maxdumning xuftanga chiqishidan foydalanmoqchi, xuftan azoni aytilgandan keyin ham darboza ochilmasa, soʻngra qaytib ketmakchi edi. Uzoq kutishka toʻgʻri kelmadi, mahalla masjidida xuftan azoni aytildi, shundan bir oz keyin Ra’nolar darbozasi ham gʻiyqillab ochildi.

Darbozadan chiqqan oyoq tovshi Anvarga yaqinlab kelar edi. Anvarning yuragi arziqib qoʻshni darbozasining ichki tomonidan ochiq tabaqa orqaliq yoʻlgʻa moʻralar edi. Ra’nolar darbozasidan chiqquchi toʻgʻrigʻa oʻtishi bilan Anvar turgʻan yoʻlakning ichkarisidan ham oyoq tovshi kelib qoldi. Anvar shoshdi, maxdum besh-olti qadam yiroqlashqach, yoʻlakdan chiqishqa majbur boʻldi. Anvar oyogʻidan tovush chiqarmasliqqa tirishib, sekin-sekin darbozaga yurib keldi. Orqadagʻi oyoq tovushlarining uzoqlasha borgʻanini sezib, xotirjam' ichkariga kirib oldi. Mehmonxona sahnida bir oz alangʻlab turgʻandan keyin, toʻgʻrigʻa — mashqxona eshigiga oʻtdi. Mashqxona eshigini ochar ekan, orqasigʻa — darboza yoʻlagiga qarandi.

Darichalari yopiq mashqxonaning ichi hosidlar[84] yuragidek qop-qorongʻi, daromad ham yopilgʻandan soʻng uy goʻyo lahad tusiga kirdi. Zulumot ichida qolgʻan Anvar orqa-oʻnpgini ajratolmay boʻryo ustini chogʻlab bir-ikki qadam yurib keldi va ikki qoʻli bilan tizasini quchoqlab choʻnqaydi. Darichalar tirqishidan tushkan yorugʻliq bilan zulumot bir oz kuchsizlandi, shunda ham uning koʻz oʻngga qov[85] kabi qorongʻi edi. Hamma tip-tinch; quloq ostidagʻi chivillashishdan boshqa tovush eshitilmas, ora-chora uzoqdan kelgan bola yigʻisi bu tinchliqni buzgʻandek boʻlar edi. Shu hodsa oradan necha daqiqalar oʻtib ketdi. Bir vaqt yer osti dukillagandek boʻldi. Bu dukillash sekin-sekin oyoq tovshigʻa mubaddal boʻlib, uning quloqlari tikkaydi. Ichkaridan chiqqan birav yoʻlakkami, mehmonxonagʻami oʻtib ketdi. Anvar entikdi, mehmonxonaning eshigi ochilib bir ozdan keyin yana yopildi, havli sahnida yana birav yurindi. Borgʻan sayin mashqxonagʻa yaqinlashib kelgan oyoq tovshi bilan Anvar toqatsizlandi. Eshik ochilishi bilan beixtiyor oʻrnidan turib ketdi...
— Anvar aka.
— Men...

Eshik ochqan Ra’no edi, bir-ikki qadam ichkariga kirib toʻxtadi. Anvarga ozgʻina qarab turgʻach, uzun nafas olib orqasigʻa qaytdi. Anvar bu holning sababiga tushunalmaganidek, uni chiqarmay toʻxtatishqa ham oʻzida jasorat topmadi. Birar daqiqadan soʻng eshikda yana Ra’no koʻrinib, Anvarning oldigʻa qoramtil bir narsa keltirib qoʻydi.
— Sizga koʻrpacha olib keldim, — dedi shivirlab, — uyga ammam va xolamlar kelishkan, men ularni uxlatib chiqaman...

Ra’no shu soʻzni aytib, orqasigʻa qayta berdi, eshikni boyagʻicha yopib, hujradan yiroqlashdi. Ahvolga bir oz tushungan Anvar koʻrpachani boʻryogʻa solib, ustiga chiqdi va erkin nafas olib yonboshladi. Endi Ra’noning har holda chiqishini bilsa ham, biroq, qachon chiqishini bilmas, shunga binoan bir tavq oʻtkuncha kutib oʻlturishini chamalar edi. Oradan bir oz fursat kechkanda darboza ochilib yopildi. Anvarning qulogʻi tikkayib, qaddini rostlab oʻlturishka majbur boʻldi. Oyoq tovshi yaqinlashdi, uzoqlashdi va oxirda bitib ham ketdi.

Vaqt juda qiyinliq bilan oʻtar, tashqarida «tiq« etkan tovush uni bir alangʻlatar edi. Bir tavq oʻtkaniga talay vaqt boʻlsa ham, hamon Ra’no daraksiz. Yuragi siqilgʻan Anvar goh oʻlturib, goh yonboshlar, sovuqda muzlab ketkan mahsilik oyogʻini turli vaziyatka solib koʻrar edi. Shu azob ichida yana talay vaqt kechti. Ma’shuqa mahbasiga tushkan Anvar oʻlturib chidalmadi, kafshini kiyib, oʻrnidan turdi, muzlagan oyogʻini isitish va ogʻriqqa kirgan a’zosini harakatlantirish uchun uy boʻyincha kezina boshladi. Necha vaqt sahn aylanib, yana oʻlturdi, Oy ham bota boshlagʻan, chunki chetdagi daricha tirqishi orqaliq tushib turgʻan kuchsiz oydin izi ham yoʻqolib, uyni qorongʻiliq bosqan, tevarakda chalingʻan dovullarning »gum-gum» ohangi ichida xoʻrozlar ikkinchi martaba qichqirib yuborgʻan edilar. Anvar bir oz yonboshlagʻandan keyin yana oʻrnidan turdi, kafshini kiyib kelib, eshikni ochdi, sahnga tushib koʻzini uqaladi. Koʻkda durkum-durkum yulduzlar sayr etar edilar. Tom boshidan botishqa yaqinlashqan oy nuri arang-arang koʻzga chalinar edi. Anvar toza havo iskab uzun nafas oldi.
— Zerikmadingizmi?

Jasur Qiz

Qulogʻi ostidagʻina aytilgan bu soʻz Anvarni choʻchitdi va oʻz yonida qoʻlida bir narsa koʻtarib turgʻan Ra’noni koʻrdi.
— Ularni uxlatmay chiqolmadim... Uyga kiraylik, Anvar aka.

Yuragi arziqqan Anvar Ra’noning orqasidan mashqxonagʻa kirdi. Ikkisi koʻrpacha ustiga yonma-yon oʻlturishdilar.
— Kitob ichidagi xatni payqamaysizmi, deb qoʻrqqan edim, — dedi yarim tovush bilan Ra’no. — Payqamasangiz...
— Oʻzing hamma gapka tushuna turib, yana bunchalik achchigʻ yozgʻaning nimadir, Ra’no?
— Chunki shunchalik achchigʻ yozmasam, — dedi Ra’no tovshida titroq ohang bilan, — siz kelmas edingiz... Siz... siz mirzoboshiliqni yaxshi koʻrasiz-a?

Anvar bu munosabatsiz savoldan bir oz hayron boʻlib turdi.
— Tushunmadim... Nima demakchisan?
— Siz mirzoboshiliqni yaxshi koʻrasizmi, deyapman?
— Yaqinda mirzoliqni tashlamoqchiman, Ra’no?
— Mirzoliqni tashlagandan soʻng nima ish qilasiz?
— Qoʻqondan ketaman, sayohat qilaman.
— Meni... meni ham oʻzingiz bilan olib ketmaysizmi?

Anvar yana tushunmadi. Ra’noning yuziga ancha qarab turdi:
— Sen... senga mumkinmi, Ra’no?
— Mumkin, — deb qaltirandi Ra’no. — Mirzoboshiliqni hozirdan e’tiboran tashlasangiz mumkin...

Bu soʻz Anvarni ham qaltiratib yubordi.
— Nima deyapsan, Ra’no?

Ra’no bir necha vaqt javob beralmay turdi. Oʻzini toʻxtatib olish, hayajonini tindirish ogʻir edi.
— Haligi... haligi soʻzingiz chin boʻlsa, men ham siz bilan ketishni xohlayman... Basharti sizga ogʻir oshmasam...

Anvar jim boʻlib qoldi, tushiga ham kirmagan bu

taklifka nima deyishini bilmay entikdi...
— Basharti sizga ogʻir oshmasam, — dedi takror Ra’no.

«Jasur qiz» deb oʻyladi Anvar. Chindan ham bu jasurona isyon xotin-qizlar tomonidan Xudoyorning hayvoniy istagiga qarshi birinchi koʻtarilish edi. Anvar istiqbolda qanchaliq mushkilot va xatar koʻrmasin, bu jasoratni xush qabul qilishgʻa majbur, chunki muhabbatdan ham ilgari yigitlik taqozosi shu edi.

Ul oʻz yaqinida turgʻan qora tugunni ushlab qaradi.
— Bu nima, Ra’no?
— Bu... bu sizning eski kiyimlaringiz.
— Nima uchun bu?
— Basharti siz xohlasangiz.

Anvar paranjimi, deb chamalagʻan edi. Mantiqsiz bu javob uni shoshirdi.
— Xoʻb, sening rizoligʻing yoʻlida... — dedi Anvar yarim tovushda. — Menim eski kiyimlarim senga nima darkor?

Ra’no javob berish oʻrnigʻa uzun soʻlish olib yonidagʻi tugunni yesha boshladi.
— Paranji olmadingmi, axir?
— Hozir... — dedi Ra’no va qorongʻida bir narsalar qila berdi.

Paranjisi ham bordir, deb oʻylagʻan Anvar uni oʻz oliga qoʻyib turdi. Birar daqiqadan keyin Ra’no yerdan ir narsani tutib qoʻzgʻaldi, paranji. kabi uzaygʻan narsa ichidan «choq» etkan bir narsa yerga tushti.
— Topib oling shuni.

Anvar yerni timiskiladi.
— Nima edi?
— Ayamga bergan amonatingiz.

Anvar tushkan narsa oltinlar ekanini payqadi, uzoqni oʻylagʻan Ra’noga qarshi yuragida yana haroratliroq muhabbat sezdi.
— Topdingizmi?
— Topdim.
— Turing endi.

Anvar Ra’no bilan boshlashib hujradan chiqdi va oʻz yonida paranji yopingʻan qizni emas, telpak va toʻn kiygan yosh, oʻspurin bir yigitni koʻrdi...
— Bu nimasi, Ra’no?

Ra’no javob berish oʻrnigʻa yoʻlakka qarab, yura berdi. Darbozani ochib koʻchaga chiqqandan soʻng, Anvar Ra’noning oldigʻa tushib yoʻl boshladi va oʻzida yengillik his etdi. Chunki Ra’noning yigit suratiga kirishi andozasiz ma’qul; bemahalda paranjilik xotinni boshlab yurish mirshab va qorovullarda ham turli shubha tugʻdirgʻani kabi, Anvarning oʻzi uchun ham oʻshtaysiz boʻlar edi. Goʻyo bir oʻrtogʻi bilan ketib borgʻandek parvosiz koʻringan Anvar, burilishka yetkanda oʻzidan oʻn qadam orqadagʻi hamrohini kutib turdi. Gʻurubi[86] yaqinlashqan qip-qizil oy Anvar toʻxtagʻan muyushka koʻlaga kabi zaif nur sochar edi. Ra’no Anvar yonigʻa yetib «qayoqqa yuramiz«, degan kabi bir yoʻlgʻa va bir hamrohiga qaradi. Soch oʻrumlarini telpak ostigʻa bosib, toʻni toʻpugʻi ustiga tushayozgʻan "yosh yigit" Anvarning koʻziga yana ham doʻnduqroq koʻrindi. Anvar Ra’noning toʻnini bir oz koʻtaribroq ushlatdi, onda-sonda telpakdan chiqib qolgʻan soch tolalarini yashir-di va »oʻngga» degan ishoratni qildi. Ra’no oldinda, undan ikki-uch qadam orqada Anvar yoʻlgʻa tushdilar. Yengil bedona mahsisi bilan qala kafshi kichkina oyogʻigʻa juda ham kelishkan Ra’no, goʻyo uchkandek tez yurib borar, orqada kelgan Anvar gʻoyai omolgʻa[87] oshiqqandek undan qolishmasqa tirishar edi. Uzoq yurdilar. Elli qadam chamasi narida gulxan va gulxan tevaragida uch-toʻrt nafar kishilar koʻrinib, Ra’no toʻxtaldi.
— Toʻxtama, Ra’no, — dedi orqadan Anvar, — sen pisand qilmagʻandek, parvosiz gulxan yonidan oʻta ber, men ular bilan soʻzlashib qolsam, nariroqda kutib tur. — Mirshablar bemahalda qoʻymas emish-ku. — Men bilan seni qoʻyar... Qoʻrqmay boravur. Ra’no ikkilangansumon yoʻlgʻa tushti, gulxangacha oʻn qadam qolgʻanda mirshablardan biri hayqirdi: — Toʻxta!

Ra’no Anvarga qarab taraddudlandi, Anvar yura berishka ishorat qilib, tezlik bilan gulxan yonigʻa yetdi. An-varni tanigʻan mirshab va qorovullar ta’ziman oʻrunlaridan qoʻzgʻaldilar.
— Qoʻzgʻalmanglar, — dedi Anvar gulxanda isinib, — dahboshi ham shu yerda ekanlar...

Anvar «dahboshi« deb atagʻan yum-yumaloq kishi Qorunboy ismlik boʻlib, mirshablarning qiziqrogʻi, shuning uchun undan »dahboshi» deb istehzo qilar edilar:
— Yoningizda besaqal bilan bemahalda nima qilib yuribsiz, taqsir? Odamzodga ishonib boʻlmas ekan-da...

Anvar, «dahboshi«ning koʻzi Ra’noga tushib qolganini ongladi. Gulxandan oʻttuz qadamcha nariga borib toʻxtagʻan »besaqal»ga koʻz qirini tashladi.
— Ziyofatda edik, dahboshi.
— Ha-a-a-a-a, menam aytdim... Uy bu yoqda qolib, endi qayoqqa ketapsiz, taqsir?

Anvar qoʻlini yaqindan isitmakchi boʻlib gulxan tarafka bir qadam bosti.
— Eshitmadingizmi, hali?.. Men Rais koʻchadan... yangi havli oldim.
— Muborak, muborak.

Anvar qutlugʻ aytib, ular bilan xayrlashdi. Mirshablar uning hurmati uchun qoʻzgʻalishib qoldilar.

Gulxanchilardan elli qadamlab uzoqlashqach, Ra’no Anvarning yetib kelishi uchun yoʻl ustida toʻxtadi.
— Nima deyapti u goʻrsoʻxta?

Anvar hiringlab kuldi va Ra’noning yelkasiga qoqdi:
— Yur, yur, yigitcha. Goʻrsoʻxta toʻgʻri aytyapti.
— Yetayozdiqmi, qaergʻa boramiz?
— Yaqin qoldi, kechagi xotinning uyiga...

Ra’no oddingʻa tushib ketdi, uzoqqina soʻzsiz borgʻandan keyin orqasigʻa qayrilib soʻradi:
— Oʻzlari yaxshi odamlarmi?
— Yaxshi, yaxshi, — dedi Anvar va oʻn qadam chamasi indamay bordi. — Sen uy egasidan qochib oʻlturma, oʻzi menim ogʻam... Tuzukmi, Ra’no?
— Xoʻb.

Yana bir oz yurib torroq bir koʻchaga burildilar. Sultonalining darbozasiga yetkuncha ikkisi ham ogʻiz ochib gapirishmadilar.

Doʻstliq «Karomati»

Ertalab xonning haramdan chiqish vaqti yaqinlashqan, salom va istiqbol uchun xoslardan sakkiz-toʻqquzi yigʻilgʻan edilar. Shu kutish asnosi eshikda hovliqib Sultonali koʻrindi. Qora barmogʻi bilan xoslar ichidagi Abdurauf tunqotarni oʻz tarafiga imlab, orqasigʻa qaytdi. Abdurauf tunqotar ajablangan holda dahlizga chiqib, oʻzini chetka olib turgʻan Sultonaliga, nima gap, degan ishoratni qildi. Sultonali labini tishlab, qoʻli bilan tunqotarni oʻz yonigʻa chaqirdi. Tunqotar mahsichan oyogʻini yerga bosib Sultonalinnng yonigʻa keldi.
— Xoʻsh?

Sultonali boshini ikki yelkasiga irgʻatib, labini tishlab oldi.
— Mirzoboshimizning misi chiqib qoldi-ku.
— Xoʻsh, xoʻsh?

Sultonali tunqotarning qulogʻi ostigʻa enggashti va yarim tovush ichida dedi:
— Mirzo Anvardan onhazratka nomussizona bir xiyonat sodir boʻldi.

Tunqotar boshini quyiroq tushurib, Sultonalining aftiga egri qaradi:
— Masalan?
— Mirzo Anvar uch-toʻrt kundan beri menim havlimda qoʻnib yurar edi, — dedi Sultonali va soʻz orasi uyoq-buyoqqa qarab qoʻydi. — Chamasi ustoziga bir xiyonat qilgʻandan keyin menim havlimda yotib yurgʻan ekan... Oʻz ustozini bilmagan bu bepadar, olampanohning ham betlariga oyoq qoʻyishdan toymay, mazkur ustozining qiblagoh uchun muvofiq koʻrilgan qizini yoʻldan ozdirib, bu kun kechasi uni qochirib menim havlimga olib keldi... Garchi oʻz havlimda yotqan mehmonim va doʻsti qadrdonim boʻlsa ham, valine’matimning haqqi namaklarini unutkan bu behayoning andishasizligidan har moʻyim bir nishtardek kiyimimdan teshib chiqayozdi. Uning yigitligiga tilda tahsin oʻqub, ichdan la’nat aytib, janobni xabardor qilish uchun yugurib kelayotqanim-da, bek aka.

Tunqotarning koʻzi qinidan chiqayozib, bir-ikki qayta soqolini qoʻli bilan bukib yamladi.
— Padar la’nat. Oʻzi hozir sizning uyingizda? — Ha, ha... Qiz ham shunda. Janobning ra’ylariii bilish qiyin-ku, biroq menga qolsa, vaqt qochirmay uni hoziroq qoʻlgʻa olish kerak-da.
— Boʻlmasa-chi, — dedi tunqotar yelkasini qisib, — men hozir arz qilay. Rahmat sizga.

Tunqotar huzuri xoska kirish uchun shoshildi. Sultonali xonning «haqqi namagini« benuqson ado qilib, xotirjam' devongʻa qaytdi. Anvarning eng sodiq kishisining oxirgʻi »karomati» nihoyat shu boʻldi.

Koʻb fursat oʻtmadi. Devonning darichasi yonigʻa kelgan tunqotar Sultonaliga chiq ishoratini qilib, oʻzi nariroqqa ketdi. Hovliqqan, entikkan Sultonali oyogʻini onda-sonda tashlab, devonxonadan chiqib keldi.
— Marhamat?
— Ushlashka buyurdilar.
— Ayni karomat, — dedi Sultonali.
— Ikkisini ham albatta?
— Albatta.

Yonigʻa toʻrt nafar yasovul olib, Sultonali yoʻlgʻa tushti. Tashqi darboza yonigʻa qantarilgʻan otlardan birisiga minib, tunqotar ham ularning iziga kirdi. Ozgʻina yurgʻandan keyin, tunqotar yayovlardan oʻzdi. Unga yetib yurish uchun Sultonali va yasovullar yelib bordilar. Ot bilan barobar yugurishar, ozgʻina keyinda qolsalar, otliq tunqotar tez yurishgʻa qistar edi. Shu yoʻsun halloslashib uzoq choptilar... Burulishqa yetkanda Sultonali bir oz sustlanib, oʻzidan oʻn ot adimi yiroqda borgʻan tunqotarni chaqirib toʻxtatdi va qoʻlini oʻngga siltadi. Tor koʻchaga kirib ketdilar. Uch daqiqa chamasi yelgandan soʻng, Sultonalining darbozasi koʻrindi. Sultonali toʻxtadi...
— Oʻsha koʻrinib turgʻan darboza... Ozgʻina tahammul qilinsin-chi, bek pochcha, menim kirishim yaxshi boʻlmas, deyman?..

Toʻrt adimcha oldinda borgʻan tunqotar otning jilavini tortdi.
— Nima uchun?
— Menim doʻstliq otim bor... Men chetroqda tursam ma’qul boʻlmasmi?
— Ma’qul, ma’qul.
— Rahmat... Darbozadan kirsangiz mehmonxona bor; ul shunda boʻlsa kerak, qiz esa ichkarida edi.

Sultonali shu soʻzni aytib, oʻzini qarshidagʻi darboza yoʻlagiga oldi. Tunqotar yigitlar bilan darbozaga qarab ketdi. Darbozaning har ikki tabaqasi ham langtallab ochilgʻan, ichkari tarafdan xotin va er kishining soʻzlashkan tovushlari eshitilar edi. Tunqotar otdan tushib jilavini yasovullardan birining qoʻligʻa berdi:
— Sen ot bilan shu yerda turasan, darbozadan na xotin va na erkak kishini chiqarmaysan, — dedi tunqotar. — Siz yigitlar, meni orqamdan kiringiz, Anvarni koʻrganingiz on hech narsaga qaramay, qoʻlini bogʻlangiz.

Yasovullar sadoqat nishoni koʻrsatdilar. Tunqotar uch-toʻrt qadam ichkari yurdi va yoʻlak daromadida toʻxtab ichkariga quloq soldi. Ichkaridan er va xotin soʻzlarini eshitdi.
— Sharmanda boʻldim, rasvo boʻldim!..
— Sharmanda boʻlish hech gap emas, — dedi ichdan tunqotar.
— Voy shoʻrim qursin!..
— Albatta shoʻring quruydi, mocha!.. — dedi tunqotar.

Tunqotar, yigitlarga «orqamdan» ishoratini qilib, birdan sahnga chiqdi... Sahnning oʻrtasida qoʻlida bir qogʻoz ushlab, boshini quyi solgʻan Solih maxdum turar edi. Maxdumning yonida ikki kishi, ulardan beriroqda paranjilik uch xotin qadalgʻan edilar. Tunqotar va yasovullarning shaprasi bilan hamma choʻchib ketdi. Maxdum qoʻlini bir-biriga urib, oh chekti:
— Sharmanda boʻldim, rasvo boʻldim!

Tunqrtar shoshib, olpongʻ-tolpongʻ maxdumning yonigʻa kelib yetdi.
— Nima gap?

Maxdum shart etib, peshonasiga urib, yigʻladi:
— Soʻzlagali til yoʻq... Janobning oldilarida sharmisor, gʻazabka sazovor boʻldim... Ertalab uygʻonsaq, bepadar ojizamiz yoʻq... Sarosima uyon-buyon yugurib turgʻanimizda, mirzo Sultonalinikidan, qizingiz biznikida, degan xabar bordi. Biz ayollar bilan yugurishib kelsak, bir onda...
— Xoʻsh, xoʻsh?
— Haromzoda Anvar uni yoʻldan ozdirib, bu yerdan ham olib qochibdir... Harchand ichkari va tashqarini izlab, ushbu xatdan gʻayri asar topmadiq... Evoh!..

Xotinlarning biridan yigʻi tovshi eshitildi. Tunqotar maxdumning qoʻlidagʻi xatni yulqqandek oʻz qoʻligʻa oldi.

«Izzatlik mirzo Sultonali ogʻamizgʻa! Ma’lum boʻlsinkim, singlingiz bilan maslahatlashib oʻz hayotimiz uchun siznikida turishni xavflik, deb oʻyladiq. Garchi doʻst koʻrinsangiz ham, ba’zi noloyiq harakatlaringiz bizni shubhaga soldi. Ayniqsa xotiningizning Ra’noga buzuq qiz bilan qilgʻan kabi muomalasi yana bizni xavotirgʻa tushirdi. Shularga mabni[88] aldagʻan kabi sizni oʻrdagʻa joʻnatishqa, sizdan soʻng uyingizdan ketishka majbur boʻldiq. Dunyoda doʻsti sodiqni topish qiyin ekan. Sizga harchand: «Men oshiqman, qiz ma’shuqamdir, olampanohka qilgʻan bu xiyonatim yolgʻiz oʻz tarafimdan sodir boʻlgʻan jinoyat emas», desam ham, siz »Yoshliq qilibsan, marhamatlik podshohing haqini unutibsan, deysiz. Lekin siz shu qiz yoʻlida hatto bosh munshiylikdan ham kechib turgʻanimni oʻylamaysiz. Buning uchun men sizdan ranjimayman. Ammo sizni inson fahmlab, uyingizga doʻst olib kelganda bu qadar tundliq, bu qadar rioyasizligʻingiz kishiga qattigʻ ta’sir qiladir. Ichkarida hatto qiz bechoraning boshigʻa yostiq ham bermaganlar. Barakalla sizga, barakalla yangamizga, barakalla odamgarchilikka!..
Addoi doʻstingiz ANVAR".
— Odamgarchilikni ham biladi, bu tuz koʻr qigʻur! — dedi zaharxanda ichida tunqotar va xatni buklab yonigʻa soldi. — Ichkaridan mirzo Sultonalining xotinini chaqirib beringlar-chi!

Xotinlardan biri ichkariga qoʻzgʻaldi. Ruzvon yoʻlakda turgʻan boʻlsa kerak, xotin ichki eshik yonida toʻxtab, yoʻlak bilan soʻzlashdi. Tunqotar eshik yonigʻa keldi.
— Siz shundamisiz, yanga?
— Ha, aylanay.
— Siz bu gaplardan nima bilasiz?

Ruzvon eshik panasiga yashirinib, bir oz javobsiz turdi va bir-ikki tomoq qirib qoʻydi:
— Uch kundan beri mirzo Anvar otligʻ yigit bizning mehmonxonada yotib turar edi, aylanay... Shu yigit bu kun yarim kechada bir qizni boshlab keldi, men hayron boʻlib mirzongazdan soʻrasam, shunday-shunday gap... Juda xafa boʻlib ketdik-da, aylanay. Ket degali yuz chidamaydi, kishi chaqirgʻali yana vaqt emas; mirzongiz bilan kengashib, emdi harchi ertalabgacha joy beraylik, tong otsa, bularning tatigʻini berguchilar topilar-ku, axir deyishdik. Tong otdi, mirzo Anvar u kishiga: «Men bunda yana bir kun turaman, shungacha bizni ehtiyot qilsangiz boʻladi», degan emish. Mirzongiz shoshib oʻrdagʻa ketdi, u kishidan keyin men ham tinch oʻlturalmadim, aylanay. Qoʻshnimizning bolasini qizning uyiga choptirdim. Bir vaqt men bilan sandalda oʻlturgan qiz uydan chiqdi, men tashqarigʻa chiqqusi keldimi, deb beparvo oʻlturaberippan, aylanay... Shu chiqqani bilan qaytib kirmadi-qoʻydi. Koʻnglim gʻash tortib, havliga chiqib qaradim. Yoʻq, tashqaridamikin deb shu turgʻan joyimgʻa kelgan edim, uyoqdan bular kelishib qoldi... Boʻgʻan gap shu, aylanay!

Tunqotar afsus chekib maxdumning yonida turgʻan kishilarga yaqin keldi.
— Sizlar nima qilib yurasiz bu yerda?
— Biz... biz mirzo Sultonalining qoʻshnilari boʻlamiz.
— Juda yaxshi, xizmat?!

Tunqotarning karih[89] bu muqobalasidan kishilar siqilib qoldilar.
— Men koʻchada edim, — dedi birisi qoʻrqa-pisa, — uyoqdan domla bilan ayollar kelisha berdi... Ayollar yigʻlashqangʻa mirzoning uyida bir gap boʻlgʻanmi, deb.
— Tekin tomoshachiman, degin... Xoʻb, sen-chi? — Men ham mirzo Sultonaliga qoʻshni boʻlaman, — dedi ikkinchi kishi: bunisi oʻziga bir oz tetikroq edi. — Biroq men sizlarning gaplaringni eshitib, bir narsaga hayron boʻlib turippan-da.
— Nimaga hayron boʻlasan?
— Men shunga hayron boʻlyapmanki, yangamning soʻziga qaragʻanda, mirzo Anvar oʻz yonida paranjilik xotin bilan chiqib ketsa kerak edi... Boya men uni darbozadan chiqib borgʻanida koʻrdim, yonida xotin-potin degan gap yoʻq edi.
— Yolgʻizmidi?
— Yolgʻiz-ku emas edi, biroq yonidagʻisi ayol emas, doʻndiqqina bir besaqal edi.

Tunqotar qoʻshnining soʻziga tushunmadi, yelkasini qisib qoʻydi.
— Siz aniq koʻribsiz, Karim aka, — dedi u yoqdan Ruzvon. — Qiz kechasi kelganida ham erkak kiyimida edi. — Oʻb, padar la’nat! — deb yubordi tunqotar. Ustigʻa togʻ agʻdarilgʻan maxdum boshini yana quyiroqqa solib, hoʻngir-hoʻngir yigʻladi.
— Boʻlar ish boʻlgʻan... — dedi tunqotar atrofiga xitoban, — ular-ku, albatta, qoʻlgʻa tushib jazosini topar, biroq janobning sha’nlariga juda ogʻir gap. Binoan alayh, shu yerdagi sirga voqif boʻlgʻanlarning vazifasi bu hodisaning kishiga soʻzlamaslik, koʻrgan-kechirganini shu yerda qoldirib ketishlik!

Kishilardan: «Albatta, albatta!» degan javob boʻldi. Soʻngra tunqotar maxdumning yonigʻa keldi.
— Sizda gunoh yoʻq, biroq qiz oʻsdirishni bilmas ekansiz. — Bandamiz, bandamiz, — deb yigʻladi maxdum. — Ilohi juvonmarg boʻlsin, meni yerga qaratdi.

Paranjidagi xotinlarning biri boʻlgʻan Nigor oyim piq-piq yigʻladi. Tarbuzi qoʻltugʻidan tushkan tunqotar yasovullarning oldigʻa tushib, tars-turs koʻchaga chiqdi, yigitlardan birining koʻmagida otqa minib, jilavini qoʻydi. Sultonali yashiringʻan darbozaga yetkanda yoʻlakay chaqirib oʻtdi:
— Mirzo Sultonali, chiqing. Qochqan, padar la’natlar! Sultonali koʻzini katta ochib, darbozadan chiqdi.
— A, chinmi?
— Qochqan, — dedi tunqotar xatni Sultonaliga uzatib, — Oʻqub, yana menga qaytaring, janobga ham koʻrsatishimiz kerak...

...Sultonali shu hodisaning ikkinchi kuni xongʻa qilgʻan sadoqatining samarasini ham koʻrdi, ya’ni bosh munshiy boʻlib belgilandi.

Chayonning Namoyishi

Bu kech masjid hujrasi yana obod, katta sham'ni toqchagʻa qoʻndirib, ochiq tanchaga pista koʻmir solib, ma’-yus, bir-biriga yonma-yon oʻlturgʻuchi ikki mufti qoʻllarini olovgʻa tovlar edilar. Hujraning toʻrdagi toqchasigʻa besh-olti dona qalin muqovaliq kitoblar terilgan, ularning varaq taxida — «Sharhi mullo Jomiy«, "Aqoidi ma’-alhavoshiy", "Hikmatul-ayn", "Al-viqoya", »Siyari sharif» kabi soʻzlar yozilgʻan edi. Kun botish toqcha devorigʻa gul ravishida tushirilgan duo yoki shuning kabi muqaddas kalimalar yozigʻliq bir qogoz yopishtirilgʻan. Sirlar bilan turlangan qoziqlarning biriga beva xotinning dekchasidek bir salla ilingan edi.

Shahodat mufti kasavni olib, choʻgʻni titdi va keng koʻkragini shishirib nafas oldi.
— Ajab bedavo dard-da.

Kalonshoh mirzo boshini irgʻatib qoʻydi.
— «Soʻygan yorim sen boʻlsang, koʻrgan kunim ne boʻlgʻay», — deb davom etdi mufti. — Ululamir qadrnoshunos boʻlgʻandan soʻng qiyin ekan. Shu oqpadarning qoʻl ostida ishlagandan devonni tashlab ketkan behroq.
— Sabr qiling, domla, sabr: «Innalloha ma’assobirin»[90].
— Albatta... Va lekin Sultonalidek bema’niga bosh ekkandan, har roʻz oʻn tayoq yegan yaxshi.

Xuftanni oʻqugʻandan soʻng tahorat yangilab yurguchi mulla Abdurahmon hujra eshigida koʻrindi. Kichkina xovoncha boshidagʻi oq tepchima toʻppi va qora uzun soqoli uni hindilarning savdogari qiyofatiga qoʻygʻan edi. Mulla Abdurahmon ichkari kirib, qoziqdagʻi sallani oq toʻppi ustidan kiydi.
— Men janoblarning soʻzlari bilan uyga ovqat buyurmadim-a?
— Lozim emas, biz uydan ovqatlanib kelganmiz.

Mulla Abdurahmon tancha yonigʻa kelib oʻlturdi va yer ostidan Shahodat muftiga qarab iljaydi.
— Shunday qilib, mirzo Anvarni qiz bilan qochirdingiz?
— Qochirish boʻlsa, qochirdiq va lekin qordan qutulib yomgʻurgʻa tutildiq, mulla Abdurahmon.
— Men eshitdim.
— Kullu yavmin batar — bunisi undan ham qabihroq boʻldi... Besh kundan beri yuraklar zardobka toʻldi, mulla Abdurahmon, — dedi mufti. — Kecha biznikiga yoʻqlab borgʻan ekansiz, Siz ketibsiz, men kelibman-da, koʻb afsus qil-dim. Bu kun mulla Kalonshohni olib, siz bilan suhbatlashib qaytayliq, degan niyatda...
— Qulliq, taqsir, qulliq, — deb mulla Abdurahmon qimirlab oʻlturdi. — Men Anvar bilan Sultonali mojarosini faqat kecha mirzo Boisdan eshitdim. Bu toʻgʻrini aniqroq bilish uchun janobingizning xizmatingizga borgʻanim edi... Xoʻsh, havodis nima?
— Havodismi? Qani soʻzlang-chi, mulla Kalonshoh.

Kalonshoh, soʻzlay bering, degandek Shahodat muftining oʻziga ishorat qildi. Shahodat mufti koʻzini yuminqirab, havodisdan[91] sahifa ochdi:
— Havodis shulki, Anvar borasigʻa sizning olgʻan nishoningiz jiddan toʻgʻri tushib, biz kutkandin ham ziyodaroq samaraga erishkan, ya’ni magʻrur goʻdagimiz qizni atib qochqan...

Mulla Abdurahmon hakimona iljaydi, Shahodat mufti davom etdi:
— Chamasi, nisfi shab-yarim kecha asnosi, doʻstim, deb yonida qiz, Sultonalining uyiga kelgan. Sultonali toyg otquncha ikki goʻdakning qoʻynini puch yongoqqa toʻlatib chiqqan, erta bilan ular uyquda yotqanda, Sultonali oʻrdagʻa yugurib kelgan; voqi'ani tunqotargʻa soʻzlab, tunqotar xongʻa yoʻliqib, xonning buyrugʻi bilan yonlarigʻa yasovullar olib kelsalar, oshiq-ma’shuq yoʻq, ular joyida Sultonaliga atalgʻan bir sabnoma[92] bor... Chamasi, Sultonali ablahlik qilib, Anvarni bad oldirib qoʻygʻan va tong vaqti, ular uyquda ekan choqda gʻoyib boʻlib, yana shubhani ortdirgʻan boʻlsa kerak. Sultonali Anvar bilan qizni tutib beralmasa ham, baharhol xongʻa yaxshi koʻrinib, Anvarning oʻrnini olishqa muvaffaq boʻldi. Barcha havodis mana shundan iborat.

Abdurahmon hikoyani eshitkandan keyin, bir necha vaqt soʻzsiz oʻlturdi. Tanchadagi olovni tuzatar ekan, yer ostidan muftilarga qarab iljaydi.
— Mirzo Boisdan ham shu maolni[93] eshitkan edim, — dedi nihoyat. — Janoblarning fikrlari balki toʻgʻridir, ammo men bu maoldan bir oz shubha qilaman...
— Ya’ni, masalan?

Abdurahmon qoʻlini oʻynab, yana bir oz sukutda oʻlturdi, soʻngra labi ohista-ohista ochilib yumila boshladi:
— Bu hammasi Sultonali bilan Anvarning oʻyunidir, deb oʻylayman... Bu andishamga bir necha sabablar ham bor. Janoblardin maxfiy emasdirkim, biz oʻzaro qanday yaqin boʻlsaq, Sultonali bilan Anvar ham oʻzaro shunday qalin doʻst edilar. Binobarin, aqlgʻa «qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqur ekanmi?» degan savol keladir; janoblar shu borani qanday tushundilar ekan.

Shahodat mufti Kalonshohka qarab qoʻydi, Kalonshoh parvosizroq koʻrinar edi. Orada yana bir necha vaqt sukut hukm surdi.
— Sultonali sarmunshiy boʻlish uchun doʻstidan kechsa ham mumkin, — dedi mufti. — Ikkinchi tarafdan, sizning fikringiz ham ehtimoldan ba’id[94] emas.
— Sultonali doʻstidan kechmay turib ham bu nayrangni qilsa mumkin emasmi, domla? — deb kuldi Abdurahmon. — Masalan, xon olmoqchi boʻlgʻan qizni qochirgʻuchi Anvar ikki boshdan-ku, qaytib sarmunshiy boʻlolmaydir, boshqa tarafdan, xiyonatkor doʻsti boʻlib tanilgʻan Sultonalining ham hayoti tahlika ostida turadir... Bas, shu holda bu nayrang toʻqilgʻan boʻlsa, yana toʻgʻrisi, shu hiylani Sultonalining amniyati talab qilgʻan boʻlsa, siz bilan men gʻayraz qanday mantiqqa suyana olamiz?

Shahodat mufti oʻrnidan turdi, Abdurahmonning yoniga kelib, orqasini qoqdi:
— Rahmat, oʻgʻlim, rahmat. Seni tuqqan onanggʻa va oʻqutgʻan ustozingga rahmat.

Abdurahmon yerga qaragʻan holda iljaydi. Shahodat mufti uning aqligʻa tahsin oʻquy-oʻquy, nos chakib oʻz joyigʻa oʻlturdi.
— Mulla Kalonshoh-a, shu gap bizning aqlimizgʻa aslo kelmabti-da?

Shahodat muftining xursandligiga qoʻshulmay, tund oʻlturgʻuchi Kalonshoh, parvosiz qoʻlini olovgʻa isitdi.
— Men shu andishani ham qilgʻan edim, — dedi bir ozdan keyin Kalonshoh, — lekin aqlim bovar qilmagʻan edi va xozir ham bu fikrga qoʻshula olmayman.
— Sabab?
— Bois shulki, Sultonali Anvarga suiqasd qilmagʻanda ham unga hech gap yoʻq edi. Ammo ul xongʻa qarobat[95] hosil qilish uchun aztahidil Anvarning qasdigʻa tushkankim, bunda shubha yoʻq.

Oʻzgalar tarafidan soʻzlangan fikr yoki baqs har qancha mantiqiy boʻlganda ham Kalonshohning qarshi chiqish fe’li bor edi. Uning bu fe’liga yaxshi tushunib qolgʻan Shahodat mufti bosh chayqadi.
— Biz yanglishamiz.

Kalonshoh yana yuqoridagʻi soʻzini takrorladi:
— Bachi ma’ni yanglishamiz? Mulla Abduraxmonning oʻzi ham oʻylab koʻrsin, basharti Sultonali doʻstliq yuzasidan Anvarni qochirib yuborgʻanda ham unga hech bir zarar yoʻq edi. Bas, Sultonalining hamma harakati toʻgʻri, Anvarga xiyonat qilishi mansab umidida ekanligi shubhasiz.

Orada oʻz fikriga qarshi shuncha raddiya oʻtsa ham, parvosiz, goʻyo muroqabada[96] oʻlturguchi mulla Abdurahmon yana iljayib bosh koʻtardi.
— Sultonalining Anvar bilan ati-qatiligʻi oʻrdadan h.ar kimga ma’lum-ku, domla. Basharti oʻz uyida turgʻan Anvarning xiyonati toʻgʻrisida Sultonali oʻzini tagʻofulgʻa solsa, mardumning koʻngliga nima gap kelar edi, ayniqsa, janoblaringiz qanday andishaga tushar edingiz... Ojizning fikrimcha, ul nayrangbozlar bir oʻq bilan necha qoʻshni urganlar, masalan, janobga Sultonalining sadoqati zohir boʻldi, sarmunshiylik vazifasiga beozor oʻlturib oldi va uchunchidan, mardum koʻzini boʻyadi.
— Baharhol... baharhol Anvarga qarshi chiqmagʻanda ham Sultonalini na xon va na biz ayblay olar edik.
— Xoʻsh?
— Xoʻsh-poʻshi yoʻq, — dedi qizishib qolgʻan Kalonshoh, — biravning ustiga ayb qoʻyish uchun, shar'an shohidlar lo-zim, da’voni isbot qilish gerak... Xax-xax-xax, sen falonchi gunohkor bilan doʻst eding, deb kishini ayblash. Masalan, ushbu da’voni qilgʻuchi oʻzingiz ham ularning maslahati ustida boʻlmagʻansiz; faqat shundaymikin, degan mulohazada soʻzlaysiz, holbuki, sizning soʻzingizning shar'an toʻrt pullik qiymati yoʻq, uka...

Kalonshoh juda qizishib ketdi, «shar'an soʻzingizning toʻrt pullik qiymati yoʻq, uka» tahqiri bilan mulla Abdurahmon ham boʻzarib oldi.
— Menim soʻzim bir mulohaza, taqsir, mulohaza shar'an isbotka buyurilmagʻan. Hokazo, oʻzingiz aytkancha, goʻyo masnad[97] uchun jon otib yurgʻan Sultonalining zohir[98] harakatiga ham ishonib boʻlmaydir.
— Shuning kabi, siznikiga ham vusuq[99] yoʻq.
— Men aytayapman-ku...

Janjalning kattaga ketishini fahmlagan Shahodat mufti Abdurahmonning soʻzini boʻlib, oragʻa tushdi:
— Bahs nima hojat? Mulla Kalonshohniki ham toʻgʻri, sizniki ham haqiqat... Ammo hozirgi masalamiz qaysi fikr toʻgʻriligʻi ustida emas, qaysi yoʻl bilan Sultonalini bu oʻrundan olib tashlaymiz borasida.

Koʻb yillardan beri birga yurib, oʻz ruhiga tushunib qolgʻan Shahodat muftining bu soʻzi bilan Kalonshoh ozgʻina yorishdi.
— Ana bu boshqa masala, — dedi, — mulla Abdurahmonning fikrini toʻgʻrimi, egrimi, surishtirmay, unga faqat bir tadbir deb qarasangiz bu boshqa gap, ammo mahzi haqiqat[100], deb bilish bus-butun xato.

Shahodat mufti bu masalani yopib, ikkinchi tarafka oʻtishka shoshildi. Chunki Abdurahmon yana bir iljayib ikki ogʻiz soʻz aytsa Kalonshohning ogʻzini tikish ogʻir oshar, Shahodat mufti buni yaxshi onglar edi.
— Xalos, xalos, — dedi mufti, — menda voqi' hologʻi farah[101] ham faqat shuning ustida, yoʻqsa, ilmi gʻaybni[102] kim bilibdir. Ammo mulla Abdurahmon mulohazasining qiymati shundakim, Sultonali muammosini tez hal qilsa boʻlur.

Muftining siforish[103] soʻzlashi bilan Kalonshoh juda ham oʻziga kelib qoldi va «halli qanday» deb yovoshqina soʻrab ham qoʻydi.
— Halli oson, juda oson, — dedi mufti. — Biz mulla Abdurahmonning mulohazasi ayni bilan janobga bir ariza yozamiz, xalos.

Mulla Abdurahmon namoyishkor Kalonshohka qarab, oʻng qoʻli bilan manglayini qashidi... Ammo Kalonshoh qanoatlanmagʻandek qilib bosh chayqadi.
— Xon Sultonalining sadoqatiga qaioat hosil qilgʻan, yana shu holda bu arizaga ishonadirmi?
— Agar haqiqatni aytilsa, xon oʻzidan boshqa hech kimga e’timod qilmaydir, — dedi mufti, — xayr, Sultonaliga e’timod qoʻygʻan ham boʻlsin, yana bu taqdirda ham biz arizani yoza beramiz. Nega? Agar ishonsa, Sultonalini oʻrdadan haydar, ishonmasa, yana bizga nima zarar; bu gap .sizga qanday oʻxshaydi, mulla Abdurahmon?

Abdurahmon koʻzini katta ochib, toʻgʻri topqan kabi bosh irgʻatdi.
— Arizamiz oʻrunlasa koʻb yaxshi, bil'aks, oʻrdadan oʻzimiz haydalurmiz, — dsdi Kalonshoh.
— Nima uchun? — deb soʻradi mufti.
— Axir arizani kim berganligi ma’lum-ku.
— Yoʻq, — dedi mufti. — Biz ariza ostigʻa imzo qoʻymaymiz, Kalonshoh.
— Imzosiz ariza mu'tamad[104] boʻlmas.
— Mu'tamad boʻlsin-boʻlmasin bizga nima zarar; baharnav' shu ehtimolni xonning qulogʻigʻa yetkarsak bas-da, Kalonshoh.
— Kimning dastxati bilan yozasiz?
— Bu oson, siz bunisidan xotirjam' boʻling, Kalon-shoh!

Kalonshoh noiloj ariza yozishqa rogʻib[105] boʻldi. Arizaning shu majlisda, mulla Abdurahmon quzurida yozilishi muvofiq koʻrilib, mufti tahrirga oʻlturdi.

Ikki Xil Sadoqat

Kechasi yomgʻur savalagʻandek yogʻib turadir... Qop-qorongʻi, olti qarichliq tor koʻchaning muyushida turgʻan bir koʻlaga yomgʻurdan qochqan kabi, kichkina eshik panasiga siqilgʻan va zoʻr berib eshikni qoqadir.
— Kim?
— Men, oching.
— Safarmisan?
— Ha.

Eshik zanjiri «shirq»etib koʻtarildi. Yomgʻurda boʻkkan Safar oʻzini torgʻina, oldi ochiq yoʻlakka olib, eshikni zanjirladi.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik, — dedi eshik ochqan kampir. — Nega kech qolding, Safar?
— Yomgʻurni koʻrmaysizmi...

Safar kampirning orqasidan soʻzlanib sahnga chiqdi. Tor sahnning yoʻlak qatorida, toʻrt boʻyra eni kattaligida osti bir qarichqina yerdan koʻtarilib ishlangan katalak ayvonning toʻr toqchasida qora charogʻ sasib yonadir. Sandalning bir chekkasida gʻoʻza sugurib oʻlturguchi bir keksa koʻr kishi qoʻlidagi gʻoʻza poʻchoq va sugʻurgan paxtasi bilan boshini baland koʻtarib qavlidagi soʻzga quloq solib turadir. Sandalning ikkinchi tarafida, yuzini roʻymoli bilan yashirgʻan, xotinmi, qizmi — Oʻlturibdi, sandalning uchunchi tomonida, bir toʻda chiqarilgʻan paxta orasida chigʻiriq koʻrinadir...
— Oyim qizim bizni judaam uyaltirdi, Safar, — deb soʻzlandi kampir. — Shuncha qaytarsaq qam boʻlmaydi, erta-kech otasining yonida gʻoʻza sugʻurishadi.
— Singlim zerikkandir-da, opa, — dedi Safar.
— Eson-omon oʻlturibsizmi, pochcha, assalom alaykum.

Koʻr kishi boshini yana ham balandroq koʻtarib, ikki tarafka chayqadi.
— Vaalaykum salom... Ha, nega jim boʻlib ketding, Safar? Mullaning oldigʻa kiraqo, yomgʻurda ividingmi, xoʻb.

Safar tanchadagi yuzini yashirgʻuchigʻa qaramasliqqa tirishib, daromadi ayvondan boʻlgʻan hujra eshigiga chiqdi.
— Eski hikoyalaringizni soʻzlab, opamni zeriktirmay oʻlturibsizmi, pochcha?
— Ha, ha, — dedi koʻr kishi, — qizimning oʻziyam hikoyaga juda usta ekan-da, dam men hikoya aytaman, dam oyim qizim aytadi, asti qoʻysang-chi bizni, Safar.
— Bali, bali.

Safar hujraning eshigini ochib, ichkariga kirdi. Sandal ustiga qora charogʻ qoʻyib, oldigʻa kitob yozgʻan Anvar Safar boʻzchining istiqboligʻa qoʻzgʻaldi.
— Oʻlturing, oʻlturing, shu ishingiz yomon-da, mirzam... Salomatmisiz? Zerikmadinglarmi? Uch kun kechikdim-a. Mendan xafa boʻlgʻan chiqarsiz-ov... Ha deganda u yoqdan xabar boʻlavermadi, uning ustiga ayollar navqaslanib[106] qoldi...
— Zarari yoʻq, toza ivibsiz, Safar aka. Asli bu kun h,am chakki ovora boʻlgansiz.
— Jazzasi choponni solib tashlash-da, mirzam, — dedi Safar choponini yeshib. — Qani oʻlturing... Yurtda tinchlik, yer-doʻstdan sizga salom, mirza ogʻayningiz xotirjam' mirshaboshiliqni qilayapti... Men boʻlsam, sengayam bali, ustozinggayam bali, deb yuribpan.

Anvar iljaydi. Safar boʻzchi sandal yonigʻa oʻlturib, mah.sisining qoʻnjidan bir qogʻoz oldi. Anvar qogʻozni undan olib sandal ustiga qoʻydi. Qoziqda osilgan choponini keltirib, Safarning yaxtakchan yelkasiga yopti.
— Shamollaysiz, Safar aka, oʻranib oʻlturing.
— Hamma vaqt kayib qogʻansiz-da, mirzam, — dedi Safar va ustiga yopilgʻan beqasam choionining astar-avrasini tekshirdi. — Toza yaxtak kiymagan edim, buningiz menga uval-da, uka.

Anvar oʻlturar ekan, e’tiborsiz qoʻl silkdi va sandal ustidan xatni olib ochdi:

"Baland maqom, loyiqi ehtirom, burodarim mirzo Anvar.

Doʻstlar shod, dushmanlar gʻamgin, yavmi saodat[107] yaqindir. Falak kajravligi ahli saloh[108] ustiga har roʻz har rang[109] javr tugʻdirsa ham, ba hamahol[110] layli zalimaning[111] yavmi navirasi[112], riyozati qaviyaning[113], ajri azimasi[114] bordir. Janobi sarvari koinot, mushriklar sharridin[115] saqlanmoq uchun oʻzlarini gʻor panohiga olgʻan erdilarkim[116], bu amsolingiz[117] kabi ummati haqiqiylargʻa[118] sunnat boʻldi. Ba’da, kamina doʻsti xosdin arzi ixlos[119] shudirkim, barcha tadbirlarimiz shohi majnunga[120] va gʻayri ashqiyogʻa[121] baayni afsun kabi ta’sir qilib, oʻtkan xatda yozgʻan mulohazalarim xayoldin haqiqatka oshmoqda. Kaminaga xonning e’timodi yondoshmoqda va ul andishalarimiz ehtimoli bizdin uzoqlashmoqdadir. Mojaro bir necha kun sir boʻlib kechsa ham, alhol oʻrdadin ba’zilar bu sirga voqif boʻlgʻangʻa oʻxshaydirlar, ma’ahozo[122] ochiq soʻzlashka hech kimda had yoʻq. Ammo, ikkinchi tarafdin, sizni izlashka maxfiy buyruqlar berildi, darboza beklari yonigʻa xufiyalar yubrrildi, binobarin, sizdin iltimos, ushbu xavflar koʻtarilguncha benihoyat ehtiyotda boʻlish, Toshkand niyatini bir necha haftaga mavquf[123] qoʻyishdir. Xizmatingizga Safarboy bilan ushbu xatni ozgʻina kechiktirib yuborishim boisi ham, mazkur xavflar borligʻidin boʻlib, ma’lumingizdir, Safarboyning tabi'atida andak beboklik[124] va loqaydliq bor. Binobarin, muxobaroti digarimizni[125] uning ayoli vositasida qilsammi, degan andishadaman.

Zero, ayol kishi, ba harhol, mardum nazariga yaxshi va kunduz kunlari borsa ham xavfsiz. Ammo boshqa ehtiyot oʻzingizga munhasir[126]. Zinhor ba saddi[127] zinhor, hamsoyalardin xotirjam' boʻlinmasin. Soniy — sizga tegishlik gʻariba[128] xabar shudirkim, kecha oʻrdadin qaytib kelsam, mehmonxona sahnida uch nafar yigit oʻlturibdir. Har uchavi ham bizning Fargʻona kiyimida boʻlmagʻan bu yigitlarni ariza yozdirgʻali kelganmi, deb oʻyladim. Salom-alikdin soʻng ularni mehmonxonagʻa olib kirdim. Istifhomi[129] sababi tashrifdin soʻng, yigitlardin biri menim kim ekanligimni aniqlab oldi, ba’da, afsus chekib, sizning mojarongizni soʻzladi. Men tamom hayratda qolib, xufiyalarmi, degan andishaga tushdim. Bu hodisani kimdin eshitdingiz, mirzo Anvarga qanday aloqangiz bor, deb soʻradim. Opamdin eshitdim, oʻzim mirzo Anvarning ogʻasi boʻlaman, degan javobni berdi. Men taajjubda qoldim; zero, ogʻangiz borligʻini sizdin eshitmagan edim. Oʻtkan xatimda yozgʻanimcha, bu yigitka ham opangizgʻa bergan javobni aytdim, ya’ni, oʻzimni oqlash uchun hodisaga birmuncha yolgʻon aralashtirib soʻzladim. Yigit-ogʻangiz boʻlmish afsus chekti, oʻn yillardin beri Qoʻqonda boʻlmagʻanligʻini, buxoroliq bir sarkarda eshigida xizmat qilgʻanligʻini, qarindoshlarini koʻrish uchun Buxorodan Samarqandga kelib, u yerdagi katta ogʻasini topolmagʻanini, undan Qoʻqongʻa oʻtib, bunda ham sizga yoʻliqolmay qolgʻanini soʻzladi. Ba’daz uning ustidagi shubham bir oz zoyil[130] boʻlib, koʻngil koʻtardim.

Ogʻangiz boʻlmishning yonidagʻi yigitlar bizning bu tarafning kishisiga oʻxshamaydirlar. Bular ogʻangiz boʻlmishning hamrohlari, Qoʻqonni tomosha qilgʻali kelgan emishlar. Sizga ogʻaliq da’vo qilgʻuchining ismi Qobilboy, tusi sizga oʻxshab kelsa ham, oʻzi toʻla, pahlavon yigit va har uchavi ham zabardast koʻrindilar. Harchand qistasam ham, ularni ovqatqa toʻxtatib boʻlmadi. Siz kechagi maktubingizda menim sarmunshiy tayinlanishimdan tashvishlanib, orada muftilar, Abdurahmonlar bor, sizga birar zahmat yetarmi, degan andishani yozibsiz. Voqi'an, menim uchun bu xavf bor, bundan koʻz yumib boʻlmas. Modomiki, «sadoqatim on hazratka oftobdin ravshanroq boʻldi, devonda mendin gʻayri mavsuqroq[131] kishi topilmadi, ba’daz sarmunshiylik menga havola qilindi, xalos«. Oʻtkan xatimda yozgʻanimdek, bu "marhamat"dan bosh tortishqa hech bir yoʻl topmadim, agar uzr bayon qilsam, sizni tutib berishka boʻlgʻan harakatimning soxitaligi ochilish ehtimoli bor edi. Chunki xongʻa sadoqat bizning "odamlar" fikricha, birar manfaat taqozosidir. Agar men xongʻa "sadoqatlik qul" ekanman, bu "sadoqat" zamirida bir manfaatim boʻlmogʻi lozimdirkim, ul ham oʻz doʻstimni hologʻi "sadoqatimgʻa" qurbon qilib, evaziga sarmunshiylik masnadini olishimdir. Basharti shu masnaddin bosh tortsam, menga ishonchsizlik tugʻulishi shubhasiz edi. Bas, shu majburiyatda men bu vazifani qabul qildim. Menga zahmat yetishi toʻgʻrisida siz tashvish cheka koʻrmangiz, modomiki, taqdirim shu ekan, tagʻyiri[132] mumkin emasdir. Bu yoʻlda qanchaliq zahmat chekmayin va hatto boshim ham ketmasin, menim uchun qiymatlirogʻi insonga sadoqat va shu sadoqatni to oʻlguncha qoʻldin bermaslikdir. Singlimiz Ra’nobibiga salom aytursiz. Ota-onalariga hech bir zarar boʻlmadi, faqat » hadya» larnigina qaytarib oldilar. Oxirgʻi soʻzim yana ehtiyotlik ustida: zinhor-zinhor har ehtimolga qarshi hozir turilsin.

Addoi mirzo Sultonali".

Anvar maktubni tugatib, oldida yonib turgʻan qora cha-roqqa tutib, kuydirdi.
— Ehtiyot kerak-a, Safar aka?
— Albatta, mirzam, albatta.
— Bu kech qolasizmi, ketasizmi?
— Ketmasam boʻlmaydi, Sultonalingiz xafa qiladi, uka.

Anvar kuldi.
— Ketsangiz, xat yozib turishim kerak ekan, — dedi va toqchadan siyoq-qalam oldi. — Isidingizmi, Safar aka?
— Ha, ha... Jon kirib qoldi, mirzam.

* * *

... Biz oʻtkan 51-nchi faslda Anvar bilan Ra’noni Sultonalining darbozasida qoʻyib, 52-nchi-faslga sakragan edik. Shunda chala qolgʻan bir necha ahvolni hozir aytib kechmasak, muhtaram oʻqugʻuchigʻa Sultonali masalasi bir oz onglashilmay qoladirgʻan koʻrindi. Shundogʻki, Anvarning majburiyat ostida Ra’no bilan kelishi Sultonalini juda ham shoshirib qoʻydi. Ikki orada kuchlik muhabbat borligʻigʻa yana bir karra amalda qanoat hosil qilgʻanidek, ularning istiqbolini qorongiliqda koʻrdi. Yana shu holda matonatini yoʻqotmay, «doʻsting uchun qon yut» maqolidagi kabi, ularni qahramonliqda tabrik etdi. Anvar esa faqat oʻz istiqboli ustidagina qaygʻirib qolmay — chunki Ra’no va oʻzining istiqbollari mundan keyin yo chik, yo puk edi — ammo ikki oʻrtada bu botqoqqa toyib ketishi aniq boʻlgʻan Sultonali masalasida jiddiyroq oʻyladi. Zero, mulla Abdurahmonga ilhom boʻlgʻanidek, Anvar tinchkina Ra’noni yonigʻa olib qochsa albatta Sultonali ushlanar edi. Mulla Abdurahmonning fikrlaridan tashqari, Sultonalining oʻz xotini Ruzvonbibi orqaliq maxdumning uyi bilan qilingʻan kitob aloqasi ham bor, eng oxirda mufti va Abdurahmonlarning Sultonaliga kuchlik adovatlari... Shu mulohazalarini Sultonaliga bayon qilib, fikr soʻragʻanida, undan ahamiyatsiz javob oldi. Chunki doʻstliq taqozosi har qanday ogʻirliq qarshisida matonat, koʻkrak kerishdir, boshinggʻa togʻ yiqilish ehtimoli boʻlgʻanda ham turgʻan joyingdan siljimaslikdir — Sultonali shu eski qonun tobi'laridan yagona vakil edi. Lekin Anvar oʻz doʻstini balogʻa qoʻyishni xohlamadi. Har ehtimolga qarshi chora koʻrishni lozim topib, oʻqugʻuchiga ma’lum yoʻllarni, Sultonaliga taklif qildi. Tabi'iy, ul koʻndi. Shu yoʻsun ertaga oʻynalaturgʻan tomoshagʻa Sultonalining xotini ham oʻrgatildi, hatto yarim kechada qoʻshni Karimboy ham uyqudan uygʻotilib, bir tillo barobariga yolgʻon guvoh tiklandi va shu ondan boshlab Anvar bilan Ra’no Karimboyning uyiga chiqib yashirindilar. Ma’lumdirkim, ertasi kun har kim oʻz roʻlini yaxshi ado qilib, ish juda silliq oʻtdi, hatto bu oʻrtada Solih maxdum ham oqlanib qoldi. Sultonali shu kun kechqurun Toyir akani Safar boʻzchigʻa yubordi. Chunki bu ishda sirdon boʻlish va Sultonaliga koʻmaklashish uchun eng muvofiq, ham ishonchlik kishi birdan-bir Safar boʻzchi edi. Xuftan asnosida Safar boʻzchi yetib keldi, voqi'ani eshitib, dafʼatan mirzoni yashirish uchun shaharning chetrogʻida boʻlgʻan yaznasining uyini joʻpladi. Darhol yaznasi, ya’ni opasiyuyut uyiga yugurib joy hozirlatdi va shu kechasidayoq Anvar bilan Ra’noni eltib joylashtirdikim, qolgʻani oʻqugʻichimizgʻa ma’lumdir. Ammo Anvarning hiylasi xon va yaqinlarigʻa shunday yaxshi ta’sir qildikim, biz buni Sultonalining sarmunshiy belgilanishidan onglaymiz.

* * *

«Qir-qir» xat yozib borgʻan Anvar, savogʻich qalam uchini sochigʻa suykab, qalamga yopishqan los qilchigʻini tushurar ekan, Safar boʻzchigʻa yuz oʻgirdi: — Mundan soʻnggʻi kelishingizda mirzo Sultonali yoningizgʻa bir kishi qoʻshsa kerak. Siz shu yigitni bu yerga olib kelasiz, oʻzi menim ogʻam boʻladir, xoʻbmi?

" — Xoʻb, mirzam, xoʻb. Mirza ogʻayningizgʻa shuni ta’yinlab bitsangiz boʻldi-da.
— Shunday, men bityapman.

Anvar yana yozuvgʻa qaradi, Safar boʻzchi sandal koʻrpasiga oʻranibroq oʻlturdi. Tashqarida yomgʻur tinayozib, kuchlik shamol qoʻzgʻalgʻan, yomgʻur tomchilarni goho tom ustiga toʻpillatib qattigʻ tushurar, daricha tirqishidan kirgan shamol bilan qbra charogʻ chayqalib-chayqalib yonar, ayvondagi kampirning chigʻirigʻidan gʻijillab chiqqan tovush mushuk bola mavlagan kabi hujraga eshitilib turar edi.

Barimta

Kun choshkohdan oshib, Chorsuda xalq olagʻoviri boshlansa ham, shundagi boʻsh doʻkonlarning birida uch nafar yigit hanuz dong qotib uxlar edi. Chorsuda boʻlib turgʻan tars-toʻpolon goʻyo bu uch yigitni allalar edi. Boshigʻa bittadan shaparak kir yostiq qoʻyib, ostigʻa yalanqavat taqir koʻrpacha yozgʻan va ustiga guppi choponini yopib, yana shu holda bahuzur xurrak otib uxlagʻan bu uch yigit musofirga oʻxshar edilar. Ular pgu yoʻsun rohat qilib yotqanda, taxtabandlik doʻkon yonigʻa tashqaridan birav kelib toʻxtadi va hamma tovshini qoʻyib, baqirib yubordi: «Toʻxta, hovv Navroʻzqul!»

Uxlagʻuchilarning ikkisi pinagini buzmadi, ammo doʻkonning toʻrida yotqan chuvak bir yigit soʻchib, boshini koʻtardi, uyquliq koʻz bilan atrofiga qaragʻandan keyin, hamyoza tortdi, kerishdi, soʻngra eng chetda yotgʻuchigʻa koʻzi tushib, yonidagʻi yigitni turtdi:
— Toʻr, Sharif, tur, peshin boʻlubtu.

Ikkinchi yigit koʻzini ochdi:
— Ey, qoʻysang-chi, Rahem.
— Tur-da, axi, ana Qobelboy ham keb toʻxtabtu.

Sharifboy yostiqdan burilib, yonidagʻi uchunchi yigitka qaradi:
— Pala’nat, qachon kelgan ekan?
— Kim bilsin.... Inisini bo uchratdimikin? Kani, uygʻot-chi, pala’natini.

Sharifboy yotqan joyidan qoʻlini uzatib, Qobilboyning murtidan tortdi, Qobilboy gʻinshib uygʻondi:
— Tek yot, Sharif.
— Iningta yoʻliqding-chi?
— Yoʻliqdim, ikavingga salom aytdi, — dedi Qobilboy va yuzini ulardan chetka oʻgurib oldi. — Bir oz tinch qoʻy, uxlayman.
— Ebi, ebi, — dedi Rahim, — burodaring ahvolini gapur-da, axi. Bar padari uyquki, peshinga chikin[133] boʻlsa; koʻchaga boʻlib yotkan toʻpalangni goʻshingga ilasanmi?
— Kech keldim, koʻb jovrama-chi, Rahim.
— Qorunni toʻygʻuzib, soʻgʻun uxla akun[134], qorunlar ham piyoz boʻlib toʻxtabtu, nonushtani qaerga qilamiz, Sharif?
— Choyxonaga qilamiz.
— Kani, sen ham kafaningni yopinib shunda chikin yotma, pala’nating bo uxlab ketdimi?

Ikkisi turib kiyina boshladilar. Rahim uzun belbogʻini toʻgʻrilar ekan, bir qancha chaqa va tangalari yerga sochilib tushti.
— Oʻhoʻ, oʻhoʻ, sabil, — dedi Rahim pullarni terib. — Xudo bularni ham koʻb koʻrdi chogʻi, akun, Qoʻqoning bizga toʻgʻri kelmadi, ish topilmayde, pul sochilade, och qolamiz chogʻi, Sharif?
— Qobelboyning Qoʻqonjoiiga la’nat, — dedi Sharif, — loaqal temirchi ham shogird olmaydi, bizga biron ish topib bermasa, toʻppa-toʻgʻri nar xar Qobelning ustiga minamiz.

Bularning vaqirlashigʻa uyqusi oʻchib ketkan Qobil, toʻngʻur-toʻngʻur bir narsalarni soʻzlab, yostiqdan boshini koʻtardi.
— Chumchuqdek chirqillashdinglar-da, tojiklar, — dedi Qobil. — Ishsiz qolgʻan boʻlsalaring, Toshkandga ketamiz.
— Ana-ana, yana topdi gavni, — dedi Rahim. — Valdir-valdir qilasan, Qobelboy akun, Toshkand borish uchun pul kani?
— Pul topiladi.
— Pul topiladi? — deb kuldi Rahim, — bu bepadar boybachchangizni qara, Sharifboy.
— Pul topiladi, — dedi yana Qobilboy va yaxtagining choʻntagaga qoʻl soldy. — Past odamlarsan-da: biring temir-chinig oʻgʻli, ikkinching shustagarning[135] bolasi...
— Voy-voy, — dedi Rahim, — nazari baland boʻyoqchining oʻgʻlidan xafa boʻllem!

Qobilboy choʻntagidan bir narsa olib, ularning oyogʻi ostigʻa tashladi va oʻzi ogʻzini katta ochib, hamyoza tortdi.
— Ana pul, kerak boʻlsa ol, sendek ifloslarni bir yil boqadi.

Rahim bilan Sharifboyning oyoqlari ostigʻa ikki tillo kelib tushti, ular bir oltinlargʻa va bir Qobilboygʻa qarab qoldilar.

Rahim bilan Sharifboyning oyoqlari ostigʻa ikki tillo kelib tushti, ular bir oltinlargʻa va bir Qobilboygʻa qarab qoldilar.
— Ebi, kimni oʻldurding?
— Ota kasbim odam oʻldirish emas.
— Inisi bergan, — dedi Sharif.
— Qani, ining bilan koʻrishdingmi, Qobel?
— Koʻrishdim.
— Odami nagʻz boʻlgʻan?
— Odami nagʻz.
— Akun shu qochib yota beraykan-da, — dedi Rahim. — Biron chora boqsin-da, aytmading-chi, axi?
— Aytdim... Payt topib hammamiz Toshkand ketmakchi boʻldiq.
— Bale-bale! — Dedi Rahim va Sharifka qarab qosh qoqti. — Toshkand ketamiz degani teksiz[136] emas ekan-da, pala’natingni. Hay, ish bitti, Qobelboy, Toshkandga yuramiz, oʻrusingni ham bir koʻraylik[137].

Sharif yerda yotqan ikki tilloni olib Qobilgʻa uzatti:
— Ma, tillongni kissangta tiq, Qobel.

Qobil olmadi.
— Tillo oʻzlaringga, ikaving bir tillodan boʻlib ol.
— Achchigʻingni qoʻy, axi, biz senga dahanaki aytdik-da.

Qobil kuldi va parvosiz kiyina berdi.
— Olmaysanmi, pala’nat?
— Oʻzlaringta deyappan-ku, inim senlarga atab berdi.
— Bizdan qarzi yoʻq-ku, axi?
— Tushunmagan odamlarsan-da, — dedi Qobil. — Inim qochib yotqan holda ularni mehmon qilolmadim, deb senlarga shu ikki tilloni berib yubordi... Endi tushundingmi?
— Voy, pala’nat... Hali san bizni oʻz pulimiz bilan betimizga urding?

Qobil kuldi. Ular ikkisi birining ogʻzidan biri olib, Qobilni past urib, Anvarni maqtab ketdilar.
— San otang oʻgʻli emassan, agar otang oʻgʻli boʻlsang, mirzo Anvardek mehmondoʻst boʻlayding. Mirzo Anvar mehmonning betini koʻrmay, boshidan tillo nisor[138] qilgʻanda, san pala’nat bizni tukonxonaga qamab qoʻyasan. Burodaring boʻlmasa, Qoʻqonjoningni koʻtarib ogʻzingga uraydik, muruningdin magʻzi saring oqib tushaydi!

Qobil bir narsa deb toʻngʻilladi.
— E, toʻngʻillama, pala’nat. Biz pul oshnosi emas, odam oshnosi... Seni bozori podshoga olib chiqsa, ogʻziga tishi bor deb sakkiz pulga ham olmaydi, ba xudo!

Ular shu hangamaning ustida edilarkim, Chorsudagi shovqin-suron ichidan bahaybat bir hayqiriq eshitildi: bozor ola-goviri birdan kesilib, bu uchavi ham tashqarigʻa quloq solib qoldilar:

Ey-y-y-y-y-y-y...

— Bozor aro yigilishib gul terganlar!

Qasam yodlab, podshogʻa soʻz berganlar!
Mirzo Anvar otligʻ elga ma’lum kishi,
Oʻrda ichra qalamkashlik erdi ishi.
Arzimagan gunohiga qochdi, ketdi.
Bundin andak podshoga ozor yetdi.
Uning doʻsti Sultonali nomligʻ mirzo,
Bu qochishdan chekmakdadir behad izo.
Mirzo Anvar gunohiga toyildi zor,
Xaloyiqni toʻxtatishdan maqsadim bor.
Erta peshin asnosida Sultonali,
Orsiz Anvar gunohiga oʻlgʻay, bali.
Jamiyatda hozir boʻlsa osiy Anvar,
Yoki uning doʻsti oshnosidin birar.
Gunohingga Sultonali oʻlar, desin,
Erta peshin vaqti, afsus, soʻlar desin.
Imonlik qul nafsi uchun doʻstin sotmas,
Gunohi yoʻq oshnosini oʻtka otmas.
Quloq solgan gunohsizning faryodiga,
Dard qolmagʻay, yetar har vaqt murodiga!

Jarchi toʻxtadi, shovqin-suron yana eskicha davom etdi. Jarning davomida qulogʻi tikkayib, koʻzi katta ochilgʻan Qobilboy sukutka ketdi...
— Nega xomush toʻxtading, Qobel? Akun jarching nima deb vaqirlaydi?

Qobil javobsiz boshini chayqadi.
— Gapur, — dedi Sharif. — mirzo Anvar, osiy Anvar, deyapti chogʻi?

Qobil yana javob bermadi.
— Zaboning bor, axi, burodaringni tutkanlar-chi?
— Yoʻq.
— Boʻlmasa nega unday chikin xomush toʻxtading?
— Endi tutmakchilar...
— Endi tutmakchilar? — deb zaharxanda qildi Rahim. — Dardi xarinani tutadi.
— Tushunmay yotibsanlar, anovi kun biz bir mirzoning uyiga borgʻan edik-a.
— Hay.
— Ana shuni, sen Anvarning doʻsti eding, deb barimta[139] ushlaganlar... Ertagacha Anvar kelmasa, shu Sultonalini oʻldurar emishlar...

Jar ma’nosiga endi tushungan yigitlarning yuzida birdan oʻzgarish koʻrildi, koʻzlarida gʻazab, nafrat oʻti yondi:
— Bu xon yoʻq[140], bu dayus! — dedi Rahim. — Akun saning labingga kesakni man surtay, oʻrtogʻim Sharifni oʻldir? Bu xon yoʻq, bu dayus. Azbaroyi xudo, dayus!

Qobil labini tishlab, sekinroq ishoratini qildi. Chunki xuylanib ketkan Rahim butun doʻkonxonani boshigʻa kiyib baqira boshladi.
— Bu xon yoʻq, bu dayus! Voy dar dahanat xonasha!..
— Sekin-sekin! — dedi qoʻrquvliq Qobil va oʻrnidan turib ketdi, — bir foydasi bormi, jinni!
— Voy dar dahanat xonasha!..

Qobil yugurib borib, doʻkonxona eshigidan koʻchaga qaradi.
— Qoʻy akun, dayusing meni xam boʻgʻiz qilsin... Voy dar dahanat...

Rahimning eskidan shuning singari asabiy ogʻrigʻi bor edi. Sharif bilan Qobil uning feʼliga yaxshi tushunar, ul birar haqsizlikka duch kelsa, garchi masalaning oʻziga taalluqi boʻlmagʻanda ham shuning singari jinni boʻlib olar edi. Rahim uch-toʻrt daqiqa soʻkunib, titrab doʻkonxonani boshigʻa koʻtargandan keyin tinchidi, Qobil doʻkonxona eshigini yopib, oʻrtoqlari yonigʻa keldi. Uchavi bir necha vaqt xomush oʻlturdilar.
— Shu bevafo dunyoga bir ish qilamiz, Qobelboy, — dedi yana koʻzi olalangʻan Rahim. — Dayusingni zindoni qaerga?
— Zindonini nima qilasan?
— Ana man bor, ana Sharif, ana san, — dedi Rahim. — Shu tunga uchavimiz borib yo oʻlamiz, yo shu bechorangni roʻshnoliqqa olamiz.

Qobil manglay ostidan Sharifka koʻz yubordi. Sharif kulimsib, Rahimga qaradi..
— E, senga chi balo shud?[141]
— Hech chi, — dedi Rahim. — Akun biz dunyoga nima olib boramez, hay oʻlluk; dunyoga oʻn tillo pulimiz qolaydimi, yo uyga sochini tarab toʻxtagʻan xotunimiz qolaydimi?
— Yoʻq, qolaytikoni yoʻq, — dedi kulib Sharif.
— Dastasha gir, — dedi Rahim. Sharif bilan Qobilgʻa ikki qoʻlini choʻzib, ular ikkisi ham iljaygan koʻyi qoʻllarini berdilar. — Lafzaton yakmi?
— Yak-yak, Rahim dav.
— Hazilash nest?
— Nest.
— Tamom, — dedi ikki qoʻlini boʻshatib Rahim. — Shud.

Bu ahdlashishdan soʻng uchavi ham xomush qoldilar. Tashqarida shovqin-suron davom etar, uzogʻroq joydan qalandarlar talqini eshitilar va doʻkon yonidagʻi bir kallapaz zoʻr berib yogʻliq xasipini maxtar edi. Polos ustidagi choʻplarni oʻynab oʻlturgan Qobilboy uzoq sukutdan bosh koʻtardi.
— Menim bir necha yerlarga borishim kerak ekan.
— Qayongʻa?
— Kecha meni olib ketkan boʻzchining uyiga, undan keyin inimning oldigʻa.
— Nima uchun?
— Balki Sultonalining qamalishi yolgʻondir, agar chin boʻlsa, inim bilan albatta kengashish kerak. Oʻrunsiz kuchanib qolmayliq-da.

Sharif Qobilning soʻzini ma’qullab, bosh irgʻatdi.
— Hay, ket, — dedi Rahim. — Biz shu yerga boʻlamiz, xanjarlarni charxka toblaymiz. Koʻb toʻxtama, pala’nat.

Sharif va Qobil uning jiddiyatidan kulimsishdilar. Qobil doʻkondan chiqdi.

Xayr Endi, Ra’no!

Xotin-qizlar jinsidan irodasi kuchlik, hatto erlardan ham jassurroq shaxslarni koʻb uchratamiz. Shuning bilan birga, ularni naqadar kuchlik irodaga molik boʻlmasinlar, yana hissiyotlariga magʻlub koʻramiz. Masalan: hikoyamiz qahramoni Ra’noning jasorati, xongʻa qarshi isyoni, hatto ma’yus qolgʻan Anvarni yoʻlgʻa solishi — Oʻz zamonasi uchungina emas, bizning hozirgi asrimiz uchun ham loyiqi tahsin va Ra’no yoshliq qizlarimizgʻa ibratdir. Lekin irodasi kuchlik shu Ra’no hozir yana hissiyoti qoʻlida magʻlub edi.

Bu kecha Anvar ogʻasi bilan kengashib, shu kunlar miyonasida Toshkand ketishni oʻziga jazm qildi. Ra’noga ham Qoʻqon bilan vidoʻlashish ogʻir sezilmadi. Ammo, masala qatʼiy hal qilingʻach, Ra’noda bir tarafdan qoʻrqunch, ikkinchi tarafdan qiziq yana bir jasorat tugʻuldi; kampir bilan birgalashib ota mahallasiga borar emish; oʻzi bi-ravning yoʻlagida turib, kampir orqali onasini aytdirib chiqar emish.

Tuni bilan shuni oʻylab chiqqan Ra’no, ertalabdan beri Anvarni xafa qilar, oʻz soʻzida isror etar edi. Kichkina hujraning sandalida qarshima-qarshi oʻlturgʻuchi Anvar va Ra’no bir-birisidan oʻpkalik qiyofatda edilar.
— Hissiyotka qattigʻ berilibsan, Ra’no... Har qadaming-da seni bir falokat kutadir, menga qolsa ayamga ham ishonib boʻlmas.
— Paranji ichida borgʻan Ra’noni tanish uchun hech kimda karomat yoʻq; ayamga nega ishonib boʻlmasin?
— Sen qochqan, ayangning obroʻsini toʻkkan qizsan...
— Hech, hech... Ayamning koʻnglini men yaxshi bilaman, ayam siz oʻylagʻan xotinlardan emas, hech.
— Yaxshi, yoʻlda ham seni hech kim tanimasin, kampir ham ayangni aldab olib chiqsin, ayangning oʻziga ham ishonayliq; yana har holda menim uchun shu qasdingdan kechsang nima boʻladi, Ra’no? Biz Toshkandga borib yetkan kunimizoq, sogʻligʻimizni va uzrimizni aytib, xat yozarmiz-ku, jonim.

Ra’no javob berish oʻrnigʻa birdan yigʻladi, ancha vaqt koʻz yoshisini yuzi orqaliq toʻkib turdi.
— Balki men... ayam bilan abadiy koʻrishmasman.
— Hay Ra’no, Ra’no, — dedi Anvar. — Xudoyor yuz yil yashaydi, biz Toshkandda oʻlamiz, deb oʻylaysanmi? Xayr, koʻb boʻlsa Xudoyor yana besh yil yashasin, vaholanki, uning zulmi shu yoʻsun davom etkanda, biz chamalagʻan bu fursat ham koʻb; zero, zulm neqadar kuchaysa, uning umri shuncha qisqa boʻlishi tajribalar bilan sobitdir. Agar shungacha ham sabring yetmasa, boshqa chorasi topilar, Ra’no, masalan, ayangai Toshkandga chaqirarmiz yoki gapni bir oz eskitkandan soʻng Qoʻqongʻa oʻzimiz kelsak ham boʻladi.

Ra’no javobsiz yana koʻz yoshisini toʻka berdi, bu holdan siqilgan Anvar, Ra’noga bir oz qarab turdi:
— Xoʻb, yigʻlama. Hali bir-ikki kunsiz yoʻlgʻa chiqolmasmiz, bu kun kechasi akam kelsa, erta bozorgʻa chiqib yoʻl hozirligini koʻrsa, har holda birisi kun kechqurun joʻnashimiz ham aniq emas. Binobarin sen oshiqmasang ham boʻladi. Undan soʻng, sening oʻylagʻan yoʻling juda qaltis, bu toʻgʻrida boshqacharoq tadbir toparmiz...

Ra’no indamadi, bir entikib orom havosini yutdi va roʻymoli bilan koʻz yoshisini quritdi. Anvar oʻpkalik il-jayib Ra’noni yandi. Ular shu holda ekan, hujra devori koʻcha tarafdan uch-toʻrt qayta gurs-gurs urildi. Ikkisining ham quloqlari tikkayib bir-birisiga savol nazari yubordilar...
— Begona kishi emas, — dedi bir ozdan keyin Anvar. — Men Safar aka bilan kunduzi uchun devor urishni shart qilgʻan edim... Sen chiqib kampirga ayt, eshikni ochsin.

Ra’no hujradan chiqdi. Birar daqiqadan keyin havli sahniga bir necha oyoqlar kirdi. Bemahal yoʻqlashdan Anvarning koʻngli gʻash tortib, kelguchini Safar aka boʻlar deb oʻyladi. Hujra eshigi ochilib, ichkariga biri orqasidan biri — Qobilboy bilan Safarboy kirdilar. Anvar yana onglashilmovchiliq ichida qoldi, Safar akaning tinchsiz — hayajonli koʻzi Anvarning ilgaridan koʻrib qoʻygʻan bir necha ehtimollarini xotirlatib, ularga joy koʻrsatdi.
— Vaqtsiz yoʻqlashlaringaz sababsiz boʻlmas, — dedi tovshini sekinroq chiqarib Anvar. — Bizdan xabar topqanlarmi?

Safar hamrohiga qarab, ikki qoʻlini qovushtirib yenglari ichiga oldi.
— Yoʻq...
— Sultonalini qamagʻanlarmi? — deb yana soʻradi Anvar. — Qamagʻanlardir?

Safar va Qobil bir-birlariga qarashdilar.
— Shunday, mirzam, shunday... Bizlar juda hayron boʻlib qoldiq-da.

Anvarda qonsizlanish va kiprak ostlarida harakat koʻrildi.
— Zarari yoʻq, qutqaramiz... Qachon qamagʻanlar?
— Kecha kechqurun... Boya bizning uyga Sultonalining xotini kelgan edi, men shundan eshitdim. Uning ustiga akangiz borib qoldi...
— Siz kimdan eshitdingiz, aka?

Jarchi xabarini va bu toʻgʻrida oʻrtoqlari bilan bergan qarorini Qobilboy soʻzladi. Anvar ogʻasining soʻzini jiddiy eshitib, bir necha vaqt oʻylab oʻlturdi.
— Siz va oʻrtoqlaringizning hamiyatlaringizga rahmat... Lekin bu yoʻl bilan Sultonalini qutqarish qiyinroq, balki mumkin ham boʻlmas, deb oʻylayman.
— Agar biz uning qamalgʻan joyini bilsak, nima uchun mumkin boʻlmasin, Anvar?

Oʻrtoqlarim yuraksiz yigitlar emas, bu yogʻidan xotirjam' boʻlingiz.
— Rahmat. Albatta, bu jasoratni yuraksiz kishilar qilolmas. Menim bu jasoratka umidsiz qarashim sababi shuning uchunki, bunday shartlik va nozik habslar[142] aksar oʻrdaning oʻzidagi ovoqqa qamalgʻuchi edi. — Oʻrdagʻa kirish qiyinmi? Anvar bosh chayqadi.
— Hech mumkin emas, tun boʻyi elli nafar yigit oʻrda qoʻrgoni ostidan aylanib turadir.

Qobilboy ma’yus Safar boʻzchigʻa qaradi. Safar boʻzchi zoʻr berib moʻylabini tishlab, uzar edi.
— Zindongʻa qamagʻan boʻlsalar, ebi bor ekan-da, taqsir.
— Ebi... Zindongʻa qamashlari ehtimoldan uzoq, Safar aka.

Yana bir necha fursat sukutda qoldilar. Qobilboy har on toʻppisini qayirib, boshini qashir edi. Anvar sandal koʻrpasidagi bir ipni uzib olmoqchi boʻlgʻandek qoʻlini siltar edi.
— Zindondan xabar oldirishimiz kerak ekan-da, Anvar?
— Xabar olinsa... boʻladi.

Qobilboy Anvardan shu javobni olib, Safar boʻzchigʻa yuz oʻgirdi:
— Mirzoning uyiga bir kishi yuborsaq-da, uning xotini eriga taom keltirgan boʻlib zindongʻa borsa... Shu qanday boʻlar ekan, Safar aka?
— Ma’qul, uka, ma’qul.
— Sizga-chi, Anvar?

Anvar toʻgʻri ishorasini berdi.
— Boyagʻi andishamizni ham aytib oʻtaylik, — dedi Qobilboy — Biz yoʻlda bu toʻgʻrini mulohaza qilib keldik, Anvar. Soʻzning rosti shuki... Siz bu uydan hozir ketsangiz ma’qul. Harchi odam bolasi-da. Haligidek joni koʻziga koʻrinib iqror boʻlib qoʻysa...

Anvar bosh chayqab, kulimsidi.
— Sultonali unday odam emas, bundan xotirjam', — dedi Anvar qanoat bilan va bir oz oʻylab turdi... — Ammo Sultonalining xotini, toʻgʻrisi, bir oz xavfliroq; xotin kishi erimni qutqaraman, deb nodonliq qilsa, ish rasvo...

Safar boʻzchi boya Sultonalining xotini kelganda, Qobilboyning niyatini eshitib xotirjam' boʻlgʻanini soʻzladi.
— Juda yaxshi qilingʻan, rahmat... Hali uning uyiga kishi yuborsangiz, yana uqdirish, xotirjam' qilish kerak, shunday ishontirilsinki, erta peshingacha erining ozod boʻlishigʻa shubhasi qolmasin, hatto uni bu yoʻsun aldansa ham boʻladir. Erta bilangacha qutqarilsa, xoʻb, qutqarilmasa Anvarning oʻzi borib qutqarar emish, agar sen shungacha sabr qilmasang, eringning yana jazo tortishigʻa sabab boʻlasan, deyilsin.
— Xoʻb, mirzam, xoʻb.
— Sizga yana bir xizmat, Safar aka, — dedi Anvar, Safar hozirlik ishorasini qilib, engtashib oldi. — Xizmat shuki, singlingiz men bilan birga turmasa, siz olib ketsangiz...
— Xoʻb, xoʻb.

Anvar oʻrnidan turdi va hozir qaytib kirishini soʻzlab hujradan chiqdi. Koʻr kishi zoʻr berib gʻoʻza sugʻurar, kampir chigʻiriq chiqarar, Ra’no esa, koʻzini bir nuqtagʻa tikib, sandal yonida oʻlturar edi. Anvar havliga tushib, Ra’noni oʻz tarafiga imladi. Ikkisi havlining chekkarogʻigʻa bordilar.
— Eshitdingmi, Ra’no?
— Nimani?
— Ularning soʻzini?
— Yoʻq.
— Bizning bu yerdaligʻimizni sezish ehtimollari bor ekan, Sultonali qamalgʻan, iqror qilsa ehtimol emish...

Ra’noning koʻzi qavarib ketdi.
— Ah?
— Qoʻrqma... Sen hozir Safar aka bilan ketasan, men ham boshqa joygʻa boraman. Yoʻl hozirligʻini koʻrib bitirguncha bir necha kun ayrilishib turmasak boʻlmas... Sen borib kiyin.
— Rostdanmi?
— Rostdan, sen qoʻrqma, faqat bu bir ehtiyot, hozir Sultonalining qamalishidan boshqa gap yoʻq.
— Kiyimlarim hujrada...
— Hujrada boʻlsa ular chiqqandan keyin kirib kiyinarsan.

Ikkisi ayvonga qaytib, Anvar hujraga kirdi.
— Singlingiz hozir kiyinadi, — dedi Anvar. — Birga yurish yaxshi, boʻlmas, ikavingiz bir oz ilgarida, Ra’no orqada borsin.
— Xoʻb.
— Undan keyin siz zindon xabarini bilib, xuftan chogʻi menim oldimgʻa kelingiz, Qobil aka.

Qobil va’da ishoratini berib, Safar aka bilan hujradan chiqdi. Ra’no kirib kiyina boshladi. Anvar ma’yus edi, bir oz shoshinqirab kiyingan Ra’noning latif yuziga qattigʻ tikilgan edi.
— Siz kimnikiga borasiz?
— Menmi, men... men shu yaqindagʻi biravnikiga.
— Men ham siz bilan tursam boʻlmasmidi?
— Yoʻq, xavf bor.

Ra’no ayrilgʻusi kelmagandek ufladi. Kiyinib boʻlib paranjisini ham qoʻligʻa oldi, Anvar hujraning burchagiga oʻtib, Ra’noni oʻz yonigʻa imladi. Ra’no kelgach, Anvar uni qattigʻ quchogʻlab oʻpdi.
— Akam sening yoninggʻa mendan xabar yetkazib turar, senga boshqa yordamlar ham qilar, Ra’no.
— Toshkandga tezroq ketaylik, men... uch kundan ortiqqa koʻnmayman.
— Xoʻb... yana bir oʻpay, Ra’no.

Ra’no tabassum ichida yana yuzini tutib berdi. Anvar bir necha vaqt uning yuzidan ajralolmay turdi.
— Boʻldi... Ular kutishib qolgʻandirlar.

Anvar uni boʻshatdi...
— Pulni sen olib ket, Ra’no, menim esim yoʻq, yoʻqotib qoʻyarman.

Ra’no burchakdagi kiyiz taxidan bir hamyon oltunni oldi.
— Sizga bir-ikki tillo berib ketaymi, balki kerak boʻlar?

Anvar kerak emas, deb bosh chayqadi. Yana shu holda Ra’no hamyondan ikki tillo olib, Anvarga koʻrsatdi:
— Shu ikki tilloni xolam bilan otamgʻa bittadan be-rib ketaman?
— Ber, ber... Xayr endi, Ra’no!

Ra’no ham, xayr, degandek bosh irgʻadi va shoshib hujradan chiqdi. Ra’no ayvondagilar bilan xayrlashar ekan, hujrada qolgʻan Anvarning ikki koʻzi jiq yoshqa toʻlib, koʻkragi kuchlik-kuchlik silkindi va gavdasi oʻziga ogʻirliq qilgʻandek devorgʻa borib suyavdi...

Qoʻrqunch Bir Jasorat

Qobilboy bu soʻzni eshitkuchi quloqlarigʻa ishonmagʻandek, Anvarning yaqinrogʻigʻa surildi.
— Nima deyapsiz, Anvar, men yaxshi onglamadim?

Anvar yana oʻsha soʻzini takrorladi. Qobilboy endi bir oz orqasigʻa qochib koʻzini katta ochdi va bir necha vaqt qotib turdi...
— Siz nima qilmoqchisiz, uka. Oʻz oyogʻingiz bilan... Yoʻq, bu boʻlmagʻan gap. Balki bu — xonning unga popisasidir, shu hiyla bilan maqsadigʻa yetmakchidir... Qoʻying bu gapni, uka, qoʻying...

Anvar hamon boyagʻi vaziyatda, koʻzini birnuqtagʻa tikib, sandal ustidagi qogʻozni ogʻasi yaqinrogʻigʻa surib qoʻydi...
— Basharti popisa boʻlmasa?.. — dedi Anvar. — Xon popisani bilmaydi, uning hamma harakati jiddiy. Shunday, siz bu xatni ertaga uning qoʻligʻa berasiz va undan har bir yordamingizni ayamaysiz.
— Bu aqilliq gap emas, uka...
— Men endi shunga qaror berganman, — dedi Anvar oʻzgarishsiz. — Bu azmdan qaytish yoʻq... Faqat, siz undan yordamingizni ayamasliqqa menga soʻz bersangiz boʻldi.

Qobilboy entiqdi, xatni qoʻligʻa olib, bir necha fursat sukutda oʻlturdi... Soʻngra birdan oʻrnidan turib hujradan chiqa boshladi.
— Yoʻl boʻlsin?
— Ketyappan.
— Xayr, kechiringiz.

Qobilboydan javob boʻlmadi.

* * *

Kun qiyomgʻa yaqinlashqan. Yana birar soatdan soʻng Sultonalini oʻlimga olib chiqar edilar. Oʻrda hech bir oʻzgarishsiz, odatiy takallufida harakatlanar, baxmal va zarrin kiygan sarkardalar ichkari bilan tashqarigʻa toʻxtovsiz qatnashib turar edilar. Bu kungi devonda bir necha muhtaramlarning chaq-chaqi bilan yana boshqacha ruh, ikki kundan beri yana devon xizmatini ado qila boshlagʻan bir muhtaram yosh olimning muloyim siymosi mirzolar orasini yana munavvar etkan va yuzidan gʻolibiyat ma’nosi chakillab turgʻan ikki muftining mutoyabalariga yosh olimning mayin nigohi har zamon iljayar edi. — Uning uchun ikki yoʻl, — der edi Shahodat mufti, — yo ammazodasini topib berish, yo oʻlim, faqat ikki yoʻl.
— Albatta shunday, — deb uning soʻzini tasdiq qilar edi mulla Abdurahmon. — Topib berganda ham yana jazo bor, bu tarafi ham unutilmasin.
— Yana qanday jazo? — deb ajablanar edi mulla Kalonshoh.
— Topib berishni boʻynigʻa oldimi, bas, bu soʻz Anvarni qochirgʻan ham oʻzim, degan iqrordir.

Bu biyron javob mulla Kalonshohga yoqinqiramas edi.
— Topib berishni boʻyinga olmasliq, gunohsizlik degan soʻzdir. Darhaqiqat, Anvarning qaergʻa ketkanini bilmasa, qanday qilsin? Bas, bu holda Sultonali qatl qilinadir, gunohsiz oʻldiriladir... Bunga kim sabab, uning qoni kimni tutadir? Men shunisiga hayronman-da.

Bu soʻz qarshidagʻi ikki muhtaramni lom dedirmay qoʻyib, chaq-chaq shu yerda shart kesildi. Shar'iy libos kiydirib, oʻz menligini ishka oshirgʻan mulla Kalonshoh gʻolib va magʻrur, qoʻlidagʻi tahrirga qaradi.

Shunday: shu soat ichida Sultonalini oʻlim jazosiga olib chiqar edilar. Oʻrdadan har kim uning najot topishigʻa ishonmas; xonning oldigʻa chaqirildi — Oʻldi, basharti gunohi boʻlib, iqror qilsa, yana jazoga qoldi, vassalom. Ammo Anvar xon huzuriga kelib oʻzini uning hukmiga topshiradir, chin yigitlik yoʻli bilan doʻstini qutqaradir, degan xayolgʻa kim ishonsin?

Kecha jarchi koʻy-guzarlarni aylanib, Anvarni insofga chaqirdi, kishi qonigʻa qolmasliq fazilatini tarannum ettirdi. Biroq, Anvarning bunday «hamoqati»gʻa axloqan sukut etib, vijdonan muzlagan oʻrda arbobi va boshqalar ishonsinmi?

Shunday: oʻrda arbobi bu kun peshindan bir oz ilgariroq mujassam bir vijdon, togʻyurak bir yigit va oʻlim sari kulib kelguchi bir arslonni oʻz tarixida birinchi martaba koʻrdi va tong ajabda qrldi. Bu ulugʻ jasorat bir necha daqiqalargʻacha zulm itlarini sukutka soldi, ularni ishdan toʻxtatdi. Urda arboblarining mahkamada oʻlturganlari eshik yonigʻa chiqib, yoʻlda borgʻanlari harakatsiz qolib, parvosiz har kim yonidan sadomlashib oʻtkuchi arslonni tamosha qildilar.

Anvar devonxona qarshisigʻa yetkanda, nima maqsad bilandir darichalar va eshik yonidan moʻralashquchi mirzolarga umumiy bir ta’zim ifoda qildi va sobit qadam zinalarga oyoq qoʻyib, yuqorigʻa, xon huzuriga chiqib ketdi. Poytaxt boʻsagʻasidagi doimiy yasovullardan oʻtib, dahlizda toʻxtadi. Chunki bundan nariga oʻtish uchun hudaychi vositasida xondan ruxsat oldirish lozimdir. Birinchi eshik yonida qoʻl qovushtirib turgʻuchi Darvesh hudaychi taajjub va hayrat ichida Anvarni qarshilab, ikkinchi xonadagi «janob» huzuriga ketdi.

Taxtiga takya qilgʻan Xudoyor ikki koʻzi toʻgʻrisigʻa ikki jallodni qoʻyib, yonidagʻi domla shogʻovul, Tursun otaliq va gʻayri bir necha a’yonlar bilan suhbatlashar edi.
— Pushti panoho! — dedi hudaychi, — xiyonatkor oʻz ixtiyori bilan kelib, domi adolatingizga taslim boʻlmoqchi!
— Xiyanatkaringʻ kim?
— Mirzo Anvar!

Xon seskanib ketdi, hamnishinlar ham alongʻ-jalongʻ boʻldilar.
— Keltir!

Hudaychi qulliq qilib, orqasigʻa qaytdi. Dahlizdagi Anvar birinchi xonadagi a’yonni hayratka solib, ikkinchi tanobiyning boʻsagʻasida, jallodlar oʻrtasida toʻxtadi va xongʻa ta’zim ado qildi.

Raqibni bu qadar jasoratda koʻrgan Xudoyorning kiprak ostlari uchib, soqol tuklari siyakindi va bir oz soʻz topolmagʻandek tamshanib turdi.
— Sen bizga xiyanat qildingʻ, it uvli!

Anvar bosh irgʻatdi.
— Iqrorman.
— Tuzimni unutdingʻ!
— Tonmayman.
— Iqrorsen, tonmaysen, oʻbdan ish! — dedi zaharxanda qilib xon, — Oʻluvdan ham qaytmaysen!
— Men sizdan marhamat soʻrab kelgan emasman, — dedi iljayib Anvar. — Oʻzimni oʻlimga berib, bir gunohsizni qutqazish uchun kelganman.

Hamnishinlar lablarini tishlashdilar. Xudoyor istehzolik kuldi.
— Pusulmonchiliq qigʻansan-da?
— Albatta, — dedi Anvar, — boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchiliqdan chiqqach, men pusulmonliq bilan oʻlishni oʻbdan bildim.

Bu javob Xudoyorni qip-qizil tuska qoʻyib, manglayida terlar koʻrindi, gʻazab oʻti alanga oldi.
— Sening qigʻan ishing pusulmonchiliqda bormi, it uvli?
— Musulmonchiliqda yuzlab xotin ustiga, bir kambagʻal uylanmakchi boʻlgʻan qizgʻa ham zoʻrliq qilish bormi, qiblai olam.
— Chiqar buni, jallod!

Jallodlar harakatlandilar.
— Xanjarimiz qonsiragʻan!

Anvar bosh chayqab kuldi.
— Gunohsizni menim koʻz oʻngimda banddan ozod qilinmas ekan, Anvarni bu yerdan chiqara olmaslar, qiblai olam, — dedi va oʻzini tashqarigʻa torta boshlagʻan jallodlarni arslonlarcha siltab yubordi, — sizda adolat bormi, janob?!

Qoʻrqunch bu hayqiriq Xudoyorni insofka keltirdi. Jallodlarni toʻxtashqa va hudaychini Sultonalini hozirlashga buyurdi. Koʻzi qonlangʻan Anvar ikki qoʻlini yonigʻa tashlab Xudoyor qarshisida turib qoldi. Hamma sukutda... Shunday fursatlarda gunohkorni adabsiz soʻzlar bilan soʻkib turgʻuchi Xudoyor ham jim. Chunki, a’yon nazarida har bir adabsizligiga Anvar tarafidan kuchlik bir haqorat olish ehtimoli bor. Shayxi Sa’diy aytkancha, dunyoda hayotidan qoʻl yuvgʻuchidek tili uzun kishi boʻlmas. Darhaqiqat, insonni razolatka solgʻuchi uning manfaati taqozasi, qola bersa oʻlimdir. Bu ikkisidan kechguchiga esa na podshohning qahri va na jahannamning qa’ri farqsizdir.

Koʻb fursat oʻtmay hudaychining orqasida Sultonali kirdi, xongʻa qarshi turguchini tanib, titradi... Titrar ekan, Anvarddn bir oz keyinda turib xongʻa ta’zim qildi.
— Siz ozod boʻldingiz, — dedi xon, — devongʻa chiqib oʻz ishingizgʻa qarangʻ!

Sultonali ixtiyorsizcha xon tomongʻa bukulib oldi... Anvar «istehzoli» vaziyatda Sultonaliga yon qaradi:
— Menim qarshimgʻa ishlab, janobga neqadar sodiq qolsangiz ham, sadoqatingiz sizni najotka chiqara olmadi, bil'aks, siz oʻylagʻancha men — insofsiz sizni qutqardim... Siz shuni unutmasangiz boʻldi, Sultonali aka, — dedi Anvar va xongʻa ishorat qildi. — Qoʻlimni bogʻlasinlar, chiqarib oʻldirsinlar.

Sultonali orqasigʻa qaytdi, qaytar ekan, koʻzidan bir necha tomchi yoshi oqib tushdi. Jallodlardan biri kelib, Anvarning qoʻlini orqasigʻa bogʻladi, Anvarning qoʻli bogʻlanar ekan, Muhammad Niyoz domla oʻrnidan turib, xongʻa qulliq qildi.
— Shu adabsizning gunohini menim uchun kechsinlar.

Xon yuzini chetka oʻgirdi:
— Rastagʻa chiqaringʻ!

Anvar xonni va hamnishinlarini masxaralagandek ta’zim ado qildi. Jallod oldingʻa tushdi, uning orqasidan Anvar yurdi va orqadan ikki nafar qurolliq yasavul ergashtilar. Anvar oʻzini oʻrdagʻa kirishida qanday tetik tutkan boʻlsa, oʻlim sari chiqishida ham oʻshandogʻ parvosiz edi. Koʻzi tushkan tanish har kimsa bilan «Xayr, xoʻsh» degan kabi imlashib olar edi. Rangi quv oʻchib hushsiz kabi tashqi darboza yonida turgʻan Sultonali bilan xam alohida vidoʻlashdi. Anvarning qarashidagʻi ma’noga tushungan Sultonalining yuragi suv boʻlib oqdi va hushsiz, hissiz, Anvar koʻzdan yoʻqolgʻuncha qarab qoldi...

Yangi rastada xalq qaynashar edi. Qoʻlida yalangʻoch xanjarini ushlab, beliga oyboltasini qistirgʻan manfur jallod orqasida kelguchi mahkumga koʻzi tushkan xalqdan ba’zisi jazo maydonigʻa qarab ogʻildi va ba’zisi nafratlangan koʻyi oʻzini chetka tortdi. Jazo maydoni yangi rasta bilan oʻrda bogʻining muyushida bir dor va ostigʻa qon oqizish uchun qazilgʻan chuqurdan iborat, edi. Dor ostigʻa kelib yetdilar. Bir onda dor atofiga yuzlab yigʻilgʻan tomoshabin xalqni yasovullar chetlanishka buyurdilar. Xalq orqagʻa siljigan boʻlib, yana siqilisha berdi. Dor ostida Anvarning qoʻli yeshilib, tahorat olish uchun unga suv berildi. Chunki bu mahkumning qonuniy haqqi edi. Anvar tahorat olar ekan, jallod va yasovullar xanjar yalangʻochlab uning tevaragini qurshab turdilar. Anvar tahoratlanib, ustidagi toʻnini yerga yozdi. Jallodlar doirani bir oz kengaytib, Anvar ikki raka’at namoz oʻqudi.

Duodan soʻng Anvar oʻrnidan turdi, qoʻlini bogʻlashqa berib, atrofiga besaranjom alangʻladi. Tevarakni sirib olgʻan xalq oldida manfur koʻzini moylandirib oʻz ustiga toʻp-toʻgʻri qarab turgʻan mulla Abdurahmonni koʻrdi. Anvar titradi. Abdurahmon iljaydi...
— Kulishka haqqingiz bor, domla, chunki oʻch olasiz, — dedi Anvar. Birdan hammaning koʻzi Abdurahmonga tushdi. — Faqat siz iflosliq natijasida kulasiz, men... men toʻgʻriliq samarasini oʻraman, siz iflos vijdon bilan gʻolibsiz, men sof vijdon bilan magʻlubman... Meni dor ostigʻa kim keltirdi? Vijdon emasmi, taqsir?! Sizni bu yerda kim tomoshabin qildi. Iflosliq emasmi, taqsir?!

Xalq chuqur sukutda, oʻz orasida turgʻan «peshvo«ga kinalik koʻz bilan tikilgan edi... Jallod qoʻli bogʻlangʻan Anvarni dor tomongʻa olib bordi. Anvar oʻz ixtiyoricha chuqur yonigʻa oʻlturdi va xanjarini yanib kelgan jallodga qoʻli bilan »ozgʻina toʻxtang» ishoratini qilib, Abdurahmon tomongʻa kuldi:
— Menim holimni koʻringiz, domla, — dedi Anvar kulgan yuzda, — qoʻlim bogʻlangʻan, ustimda xanjar yaltiraydi. Lekin men kulaman... Nima uchun bunday, taqsir? Chunki vijdon rohatda, jon tinch, yurakda ishq... Durust, men koʻmilgach, qabrim ustida koʻksi dogʻliq qizil lolalar koʻkarar... Nimadan bu? Bu — sizning kabi tubanlar solgʻan iz...

Tomoshabinlar toqatsizlangʻandek koʻrindilar, Anvar uzanib yotdi... Jallod xanjarini yenggiga yanib Anvar ustiga enggashti. ...Enggashti, biroq orqadan berilgan kuchlik bir zarb bilan Anvarning ustidan oshib, mukkancha chuqurgʻa yiqildi. Jalloddan besh qadam narida turgʻan yasovullar ham koʻkdagi xanjarlik qoʻllarini ostgʻa bukalmay, kimlar bilandir olishib yotar edilar va shu onda kuchlik shapaloq tovshi eshitilib, sallasi chuvalgan bir yosh mulla yerga oʻlturib qoldi. Xalq tartibsizlandi... Qobilboy Anvarning dastbandini kesdi va ikkisi tartibsizlik ichiga kirib yoʻqoldilar. Qurolsizlandirilgʻan yasovullar gurr etib turli tomongʻa sochilgʻan xalq ichidan doʻst-dushmanni ajratolmay garangsidilar. Shu vaqt butun a’zosi eski qonlargʻa belangan jallod chuqurdan chiqishqa intilar edi...

* * *

Shu voqi'adan ikki kun soʻng yarim kecha vaqti, Besh ariq bilan Xoʻjand darbozalari oʻrtasidagʻi qurgon devori ostigʻa toʻrt nafar koʻlaga kelib toʻxtadi... Yigirma ikki-yigirma uch kunlik oy hali uncha koʻtarila olmagʻan, ayniqsa oy nurigʻa qoʻrgʻon devori toʻsqun edi. Koʻlagalar birin-birin qoʻrgʻon devorigʻa tirmasha boshladilar. Birinchi martaba kungira yonigʻa chiqquchi emaklab yurib atrofni tekshirdi, tekshirguchining bstiga oy nuri sepilib, tanish bir yuz — Safar boʻzchi zohir boʻldi. Qurgʻon tashqarisi ksng daraxtsiz qir, tumanlik — xira oydin va uzoqdan bir necha tup yalangoch daraxtlar koʻlagasi koʻrinar edi. Safar boʻzchi oʻzidan bir zina quyida turgʻan hamrohlarini birin-birin oʻz yonigʻa chiqara boshladi. Anvar, paranjilik Ra’no, eng oxirda qoʻlida arqon koʻtargan Sultonali yuqorigʻa chiqdilar. Sultonali asta-sekin kungira yonigʻa kelib, ostgʻa qaradi. — Sakkiz gaz bor, — dedi shivirlab Sultonali. — Keling, Anvar…

Anvarning qoʻltugʻi ostidan arqon solinib bogʻlandi. Sultonali va Safar boʻzchi Anvar bilan quchoqlashib koʻrishdilar... Soʻngra Anvar kungira yonigʻa kelib, quyigʻa osildi. Safar bilan Sultonali arqonni sekin-sekin yuborib turdilar.
— Yetdim, — degan tovush keldi quyidan va bir ozdan soʻng arqon ham boʻshaldi. — Torting...

Arqon tortilib olindi. Paranjisi aralash Ra’no ham arqongʻa bogʻlandi.
— Arqonni qattigʻ ushlab, oyogʻingizni devorgʻa tirab tushasiz, Ra’no... Endi omon boʻling, singlim...
— Kelin oyimlargʻa salom ayting, siz ham, amaki.

Ra’no goh chalgʻib, goh toʻxtab, quyigʻa siljidi: Yerga tushishka bir gaz chamasi masofa qolgʻanda devor ostida kutib turgʻan Anvar uni koʻtarib oldi.
— Qoʻying, oʻzim tushaman.
— Tegimiz ariq, loygʻa botasan.

Anvar shu soʻzni aytib, uch-toʻrt qadam bosdi, Ra’noni «Tuya toydi» arigʻining narigi chekkasiga chiqarib qoʻydi. Ra’no qoʻltugʻi ostidagʻi arqonni yeshdi, arqon devor ustiga tomon sogʻilib oldi. Anvar yana qoʻrgʻon dsvori ostiga yurib chiqdi va sekin yuqorini chaqirdi.
— Sultonali aka!

Qoʻrgʻon kungirasidan Sultonalining koʻlagasi quyigʻa enggashti.
— Ehtiyot boʻlingiz, Sultonali aka, — dedi Anvar. — Siz ham shu haftadan kechikmang. Takror aytaman: zinhor koʻrinish fikriga tusha koʻrmang.
— Xotirjam', xotirjam'.

Chunki Anvarning qutilgʻan kunidan boshlab Sultonali ham yashiringʻan edi. Garchi, xon uni qaytadan yoʻqlamasa ham, yana shu ehtiyotni muvofiq koʻrgan edilar. Sultonali uy ishlarini saranjomlash uchun ulardan bir hafta keyinroq yoʻlgʻa chiqmoqchi edi.

Anvar «Tuya toydi» arigʻidan Ra’no yonigʻa oʻtib, oxirgʻi martaba xayrlashdilar.
— Xayr, Sultonali aka, xayr, Safar aka!
— Xayr, amakilar!
— Olloning panohiga, Anvar!
— Safaringlar bexatar boʻlsin!

Qoʻrgʻon ustidagilardan kimdir biri piq-piq yigʻladi. Anvar Ra’noni oldigʻa solib, uzoqda koʻringan daraxt koʻlagasiga qarab yurdi. Yer juda botqoq, har bir qadamni arang yerdan uzilar edi. Yigirma qadam chamasi borgʻach, Ra’noning kafshi loygʻa tishlashib oyogʻ uzolmay toʻxtadi. Ikki qadam orqada kelgan Anvar Ra’noni koʻtarib oldi.
— Menim etigim bor, chimga chiqquncha jim tur, — dedi Anvar.
— Qoʻrgʻon ustida... Qoʻying, uyalaman...

Anvar javob bermadi. Oʻttuz qadam chamasi borib Ra’noni yerga qoʻydi va qoʻrgon ustidan hanuz moʻralashib turgʻuchi koʻlagalarga «keting« degan kabi qoʻl chayqadi. Ikkisi yana boshlashib ketdilar. Ular oʻn besh qadam bosar-bosmas daraxt koʻlagasi ostidan ikki otliq yugurib chiqdi va bir onda Ra’nolar yonigʻa kelib, otliqdan birisi »toʻp» etib yerga tushti va jilavni Anvarga toʻgʻrilab turdi.
— Akun, suvor boʻling.

Anvar Rahim koʻmagida otqa mindi. Uzangidan oyogʻini chiqarib Ra’noni chaqirdi. Ra’no — Anvar bilan, Rahim — Sharif bilan mingashib oldilar. Anvar yana qoʻrgʻon kungirasiga qaradi. Hanuz ikki koʻlaga koʻrinar edi. Qamchisini ularga toʻgʻrilab silkitdi, otni yoʻlgʻa soldi. Daraxt koʻlagasi ostida soyabonliq aravaning shotisigʻa takya qilgʻan Qobilboy ularni qarshiladi. Ra’no ot orqasidan aravaga oʻtdi. Anvar ham otdan qoʻnib, aravaga — Ra’no yonigʻa chiqdi. Rahim oʻz otigʻa minib, Qobilboy aravani yoʻlgʻa soldi. Ikki otliq aravaning ikki shotisi yonigʻa kirib qoʻzgʻaldilar. Toʻgʻun[143] temiri yerdagi mayda toshlargʻa urunib, shaq-shuq tovush chiqara boshladi. Arava va otliqlar koʻlagasi daqiqa sayin kichiklasha bordi, bora-bora keng qirning bagʻrida koʻzga koʻrinmas boʻlib ketdi. Faqat, yana bir oz toʻgʻunning kuchsiz-kuchsiz toshqa urinishi eshitilib turdi...

Bitdi.

Mirzo Anvarning Keyingi Hayoti Toʻgʻrisida

Men mirzo Anvar hikoyasini otam marhumdan eshitkan ednm. Mirzo Anvar Qoʻqondan qochib kelib, uch-toʻrt yil chamasi Toshkandning mashhur Eskijoʻva mahallasida gurgan. Ul vaqtlarda bizning havlimiz shu Eskijoʻvada boʻlib, mirzo Anvar otamgʻa qoʻshni emish.

«Qoʻqondan bir mirzo koʻchib kelib, falonchining havlisini ijaraga olgʻan emish«, degan gap chiqib qoldi, — deb hikoya qilar edi chol. — Men mirzo xabarini eshitsam ham, bir haftagacha oʻzini koʻralmadim. Roʻza kunlarining birida biz masjiddan shom namozini oʻqub chiqar edikkim, soʻfi: "Hammangizni Xudoyorxonning mirzosi iftorga taklif qilgʻan», dedi. Biz yigirma chogʻliq kishi yangi qoʻshnining uyiga bordiq. Bir uy va ayvonga yaxshi poloslar solingʻan, koʻrpachalar yozilgʻan, oʻrtada anvoʻi dasturxonlar... Biz uyga kirib oʻlturgandan keyin eshik yonida xushsurat bir yigit koʻrindi. Bizga tavozi'lanib xush omadi aytdi. Mirzo Anvar, degani shu emish. Biz iftorga qaradiq, mirzodan ahvol soʻradiq, toshkandlik boʻlgʻumiz keldi, deb kuldi. Biz — toshkandliklar xush koʻradirgan norin qildiribdir, xoʻb yedik... Domla bilan bir nechalar fotihaga yaqin tashqarigʻa chiqib ketdilar. Biz nima voqi' boʻlgʻanigʻa tushunmadik. Oradan bir oz oʻtkandan keyin yana qaytib kirdilar. Dasturxonlar yigʻilib ish fotihaga toʻxtalgʻan edikim, domlaning oldigʻa bir kosa suv keltirib qoʻydilar. Domla nikoh xutbasini boshladi... Biz hayron boʻldiq. Xutba oxirigʻa yetib, mirzo Anvarga bir qizni nikohladilar; biz, mirzo bilan qizning haqqigʻa duo qilib, tarqalishdiq. Lekin xilofi odat bu nikoh har birimizni taajjubga soldi. Yana birar hafta oʻtkach, bir nechamiz mirzo bilan tanish boʻlib oldiq, keyinroq mirzoni ulfatchiligimizga ham olib kela boshladiq va shunda mirzoning oʻz ogʻzidan Xudoyor bilan kechkan mojarosini eshitdik, taajjublandik va minba’d mirzoga ixlosimiz ortdi...»

Cholning soʻziga qaragʻanda mirzo Anvar Xudoyorning qoʻli yetmaydirgan Toshkandda (oʻrus qoʻl ostida) tinch, ammo juda ham faqir yashagʻan, boylargʻa mirzoliq qilsa ham, daromadi doimiy boʻlmagʻan. Toshkandda turishining uchunchi yillarida Xudoyordan bir afvnoma olib, qashshoqliq jonigʻa tekkan mirzo Anvar, oʻylab turmay, Ra’no bilan Qoʻqongʻa qaytqan. Oradan uch-toʻrt oy oʻtkach, Qoʻqondan kelguchilar mirzoning oʻldurilganligini soʻzlaganlar. Nega oʻldurilgan, eski «gunohi« uchunmi, boshqa sabab bilanmi yoxud »afvnoma» ham mulla Abdurahmonlarning nayranggi boʻlgʻanmi, otam bu tarafini yaxshi bilmas edi.

Men ushbu kitobka material yigʻish uchun Qoʻqon bordim, yashagʻan kishilar bilan soʻzlashib yurdim: oʻzi Xudoyor devonida ishlamagan boʻlsa ham, Xudoyor mirzolariga hamasr boʻlgʻan bir keksa mirzoga uchrashdim. Uning soʻziga qaragʻanda, mirzo Anvar oʻldurilmagan. Xudoyordan soʻng ancha yil yashab, oʻz ajali bilan oʻlgan emish. Men hayron boʻlib qoldim va ikki oʻrtada taraddudlanib, mirzoning keyingi hayotini shu holda bitirishka majbur boʻldim.

Abdulla Qodiriy — Julqunboy
Toshkand, 1928-nchi yil, 15 fevralʼ

II- qism
 
Keyingi



  1. Mazmum — yomon; xato.
  2. Qanoatli aziz, tama’li kishi xordir (mual.).
  3. Muft — tekin.
  4. Sartopo — boshdan-oyoq.
  5. Har ishning oʻrtasi yaxshidir, yoki: ishda e’tidol yaxshi (mual.).
  6. Paygʻambarning buyrugʻi hammaga tegishlik.
  7. Umurid-dunyo — dunyo ishlari.
  8. Inchinin — (inchunin) — shuningdek.
  9. Hukmi joriy — yaraydigan hukm.
  10. Savm — roʻza.
  11. Salot — namoz.
  12. Ifrot — haddan oshish.
  13. Yetarli deganning ma’nosi nima, bu demak oʻrtachalikdir.
  14. Hikmati digar — boshqa bir hikmat.
  15. Dunyo vajhi — boylik.
  16. Nafsi ammor — doim yomonlikka buyurib turuvchi nafs.
  17. Hoʻ — odat.
  18. Kirdor — odat, qiliq, ish.
  19. Irtikob — harakat.
  20. Adno — past; ozgina.
  21. Zakki tab' — ozoda tabiat.
  22. Biloxir — nihoyat.
  23. Hamkuf - safdosh, doʻst.
  24. Majjonan — tekinga.
  25. Qavs — 22 noyabrʼ-21 dekabrʼ.
  26. Rukuʼ — bosh egish.
  27. Siloh — qurol-aslaha.
  28. Arkon — davlat arboblari.
  29. Bundagi kulgiga sabab «xonimgʻa« soʻzidir. Chunki bizda »xonim» deb xotin kishiga aytiladir (mual.).
  30. Dodras — olampanoh, xon.
  31. Maʼtal — kutmoq.
  32. Gʻurabo — Gʻariblar.
  33. Ilig — qoʻl.
  34. Mutavozi' — kibrsiz, odobli, ta’zimli.
  35. Bu kishi asli chustlik boʻlib, shayxulislom va yangi solingʻan Hokim oyim madrasasining bosh mudarrisi (mual.).
  36. Shumo gujoyi — siz qaerliksiz.
  37. Akun — (aknun) — endi.
  38. Boshidon — Oʻrgulay.
  39. Ofiyat hastedmi — tinchmisiz.
  40. Juda ham yaxshi, arzingizni ayting
  41. Chustlikman, siz janoblariga hamshaharman.
  42. Shu odamga bir hujra bergin.
  43. Dalv oyi — 22 yanvarʼ-21 fevralʼ.
  44. Mahzar — ariza.
  45. Arslon changalzorda ochliqdan jon beradir, ammo itni qush goʻshti bilan boqadirlar (mual.).
  46. Toʻngʻuz huzur qilib toʻshakda uxlaydir, oqillar tuproqda yotadirlar (mual.).
  47. Upika — buzoq terisidan tayyorlangan koʻn.
  48. Qoʻsqi — juldur, eski.
  49. Moba’d — davomi.
  50. (Ey hushyor kishi! Dushmanlaring bilan birga oʻlturishkan — hamsuhbat boʻlgan doʻstingdan qoʻl yuvgʻil (mual.).
  51. Xoliq — yaratuvchi, xudo.
  52. Dahr — dunyo, olam.
  53. Isror etmoq — qistamoq.
  54. Somi'lik — tinglash.
  55. Qurgʻan — qur'on.
  56. Ijja — xijja.
  57. Xudoyorga chet mamlakatlardan mol keltirib sotuvchi mashhur savdogar (mual.).
  58. Dalla — qoʻshmachi.
  59. Kullu shay'in yarji'u ila aslihi — har bir narsa oʻz asliga qaytadi.
  60. Qoʻqon tumanida bir qishloq ismi (mual.).
  61. Xudraʼy — Oʻjarlik, oʻzbilarmonlik.
  62. Musohib — suhbatdosh.
  63. Jamila — chiroyli, goʻzal.
  64. Musallamman — xonning ixtiyorlaridagi odamman.
  65. Imtiyoz qilmoq — farqlamoq.
  66. Yetmoq — yoʻq qilmoq, barbod boʻlmoq.
  67. Xayoli fosid — buzuq xayol.
  68. Aybona — zarar uchun toʻlanadigan jarima.
  69. Mumsuk — Oʻtaketgan xasis, baxil, ziqna.
  70. Irtikob — mashgʻul boʻlish, qoʻl urish.
  71. Murassa’ — qimmatbaho toshlar bilan bezalgan.
  72. Qazo munshiysi — ollohning irodasi, taqdir.
  73. Qat' etmoq — uzmoq.
  74. Raisulmakotib — maktablar raisi.
  75. Savqi tabi'iy — tabiiy harakat.
  76. Takyagoh — suyanchiq.
  77. Koʻchlari — xotinlari.
  78. Kulliyot — shoirning asarlar toʻplami.
  79. Dor-dunyo — koʻngil, ich.
  80. Muxtasar — qisqa.
  81. Mahbas — Hibsxona, Qamoqxona.
  82. Amniyat — tinchlik.
  83. Kajraftor falak — egri aylanuvchi falak.
  84. Hosid — hasad qiluvchi, baxil.
  85. Qov — kuydirilgan paxtaga nisbat.
  86. Gʻurub — oyning botishi.
  87. Gʻoyai omol — umid-maqsad.
  88. Mabni — binoan.
  89. Karih — yoqimsiz, xunuk.
  90. Olloh sabr qilgʻuchilar bilan birgadir (Oyat) (mual.).
  91. Havodis — hodisalar, voqealar.
  92. Sabnoma — soʻkib, tahqir qilib yozilgʻan xat (mual.).
  93. Maol — mazmun, ma’no.
  94. Ba’id — uzoq.
  95. Qarobat — yaqinlik.
  96. Muroqaba — mushohada qilish.
  97. Masnad — martaba.
  98. Zohir — oshkora, ochiq.
  99. Vusuq — ishonch.
  100. Mahzi haqiqat — faqat toʻgʻri gap.
  101. Menda voqi' hologʻi farah — mendagi haligi xursandlik.
  102. Ilmi gʻayb — Gʻoyibni bilish, kelajakda boʻladigan voqeani oldindan bilish.. Bu xususiyat faqat Ollohga xosdir.
  103. Siforish — mehribonlik, hurmat.
  104. Mu'tamad — ishonchli.
  105. Rogʻib — moyil.
  106. Navqaslanish — holsizlanish, darmonsizlanish, kasalga chalinish.
  107. Yavmi saodat — saodatli kunlar.
  108. Ahli saloh — toʻgʻri kishilar.
  109. Rang — turli.
  110. Ba hamahol — hamisha.
  111. Layli zalima — qora tun.
  112. Yavmi navira — nurli kun.
  113. Riyozati qaviya — katta mashaqqat.
  114. Ajri azima — ulugʻ mukofot.
  115. Sharr — yomonlik, gunoh ish.
  116. Muhammad paygambar islomni oshkora targʻib etayogan davrida Makka mushriklarining ta’qibidan Madina shahriga qochib, Abu Bakr va boshqa sahobalar bilan birga yoʻlda gʻorga yashirinib jon saqlaydilar. Sultonali shunga misol qilyapti.
  117. Amsol — misol.
  118. Ummati haqiqiy — paygʻambar yoʻlidan borganlar.
  119. Arzi ixlos — samimiy arz.
  120. Shohi majnun — oshiq xon.
  121. Gʻayri ashqiyo — Oʻzga zolimlar.
  122. Ma’ahozo — shu bilan birga.
  123. Mavquf — toʻxtatish.
  124. Beboklik — 1. Hayiqmaslik; 2. Mulohazasizlik.
  125. Muxobaroti digar — bundan keyingi yozishma, aloqa.
  126. Munhasir — bogʻliq.
  127. Sad — yuz.
  128. Gʻariba — ajab, taajjubli.
  129. Istifhom — soʻrab bilish.
  130. Zoyil — yoʻqolmoq, arimoq.
  131. Mavsuq — ishonchli.
  132. Tagʻyir — Oʻzgartish.
  133. Chikin — ...gacha.
  134. Akun (aknun) — endi.
  135. Shustagar — mato ohorlovchi.
  136. Teksiz — bekor.
  137. Shu vaktlarda Toshkand oʻrus qoʻlida ekanligi unutilmasin (mual.).
  138. Nisor — sochish.
  139. Barimta — garov.
  140. Bu xon emas... (mual.).
  141. E, senga nima balo boʻldi?
  142. Habs — mahbus.
  143. Toʻgʻun — Gʻildirakning tashqi gardishi.