OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qodiriy
Asar nomiMehrobdan chayon (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Jadidizm
Mualliflar
   - Abdulla Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Annotatsiya
Xudoyorxon va munshiylari hayotidan tarixiy roʻmon


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehrobdan chayon (roman)
Abdulla Qodiriy

Roʻmonning mavzu’i toʻgʻrisida

Turkiston feodallarining keyingi vakili boʻlgʻan Xudoyorning oʻz xohishi yoʻlida dehqon ommasi va mayda hunarmand — kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim boʻlmasin, rahmsiz jazo berishi roʻmonning mavzu’idir. Xudoyorning bu yoʻldagʻi birinchi istinodgohi boʻlgʻan ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolgʻani ham xabosat[1] pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanligi mundarija sigʻdirgʻan qadar bayon qilinadir. Bular roʻmonning nomargʻub — manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi «tuban» sinf — kambagʻallar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch — ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambagʻallarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.

Albatta, men bu soʻngʻi margʻub qahramonlarni oʻzbek tarixining hazmi koʻtargan qadar oʻz holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi isyoni tabi’iy — shar’iydir. Chunki shundan ortigʻo soxta boʻlishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etnoʻgʻrafiy lavhalar, oʻzbek hayoti, qiziqchiligʻi, tanqidchiligʻi, oʻzbek xotin-qizlari orasidagʻi iste’dod, shoiralar, azkiyachilik va boshqa yana koʻb nuqtalarni qamrab olindi.

Roʻmonda yana bundan boshqa koʻb jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab oʻlturish hojat emas, ular muhtaram oʻqugʻuchining nazaridan qochib qutilmas.

Abdulla Qodiriy (Julqunboy)
Toshkand, 1928-nchi yil, 5 fevral
«
— Agar Farhodning Shirin, boʻlsa Majnunlarning Laylosi
Nasib oʻlmish menga gulshan aro gullarning — Ra’nosi.

Mirzo
»
«
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin
Ne baxt Ra’no xaridoring talab ahlining — Mirzosi.

Ra’no
»

Ra’noning Egasi

Solih maxdum bu kun odatdan tashqari yeshilib ketdi, masjiddan chiqib toʻgʻri qassobning oldigʻa bordi, bir tangalik goʻsht, sakkiz pullik piyoz olib havlisiga keldi. Maktabda husnixat mashq qilib oʻlturgʻuchi bolalar ichidan ikkitasini gulzorni supurib, suv sepishka buyurdi va oʻzi goʻshtni koʻtarib ichkariga kirdi.

Nigor oyim hozirgʻina qizlarni ozod qoʻyub, koʻkrak bolasini bagʻrigʻa olgʻan edi. Ra’no havli yuzida ikkita ukasining oʻrtasigʻa tushib, ularning loy oʻyunigʻa ishtirok etar, yer supurib yotqan soch oʻrumlarining tuproqqa belashkanidan xabarsiz edi.

Goʻsht koʻtarib yoʻlakdan kirgan Solih maxdumning koʻzi Ra’noning shu holiga tushdi:
— Balli Ra’no, ana jinnilik! — dedi maxdum, — atlas koʻylak senga hayf, senga boʻzdan boshqasi albatta hayf!

Ra’no oʻrnidan turdi, dadasidan uyalib loyliq qoʻllarini orqasigʻa yashirdi.
— Uyat emasmi, yuv oq’lingni, yuv! Ukalaringni bola desam, sen ulardan ham oshib tushasan!

Ra’no yugurib ariqqa ketdi, Nigor oyim oʻlturgan joyidan «Ra’noning aqli tushsin» deb kulib qoʻydi. Solih maxdum hanuz Ra’nodan koyib kelar edi:
— Ishing boʻlmasa kitob oʻqi, hustixat ol, sen kulolning qizi emassanki…

Solih maxdum goʻshtni Nigor oyimning yonigʻa qoʻyub oʻzi zina bilan ayvonga chiqdi.

Maxdum tomonidan Ra’noning tergalishi Nigor oyimni uncha mashgʻul etmadi. Ammo hozir uning koʻngliga kelgan masala erining chiqim vajiga favqulodda yeshilib ketishi edi. Toʻgʻri, Nigor oyimning oshxonasigʻa shuningdek bir necha choraklab goʻshtlar koʻb kelar edi, faqat eti tomonidan emas. Solih maxdumning joʻmardligʻi koʻpincha yigirma paysa etdan narigʻa oshmas, shunda ham bolalardan moʻmayroq «ozodliq» kelib qolsa yoki «panjshanbalik» kutkandan ortigʻroq tushsa.

Shuning uchun Nigor oyim bu joʻmardliq haqini eriga beralmadi:
— Goʻshni koʻbroq olibsizmi… Anvar buyurgʻanmidi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, — dedi maxdum sallasini qoziqqa ila-ila, — bir manti qilayliq, — dedim, — manti yeganimizga koʻb boʻldi, vallohi a’lam…

Ra’no yuvinib keldi, dadasiga uyat aralash bir qarab oldida, Nigor oyimning yonigʻa oʻlturdi va onasining bagʻrida emib yotqan chaqaloqning kichkina mimit qoʻllarini suyub oʻpdi.

Solih maxdum yeshinib kelib ona-bolaning ustida toʻxtadi.
— Sen mundane keyin kichkina boʻlmaysan qizim, Ra’no, — dedi maxdum nasihatomuz, — shu ukalaring bilan qilib oʻlturgan ishingni kishi koʻrsa nima deydi. Inshoolloh uy egasi boʻlishgʻa yaqinlashib qolding. Endi tosh-tarozuni ham shunga qarab qoʻyishing kerak, qizim.

Ra’no qizarinib onasigʻa qaradi, yana mimit qoʻlni oʻpishka mashgʻul boʻldi.
— Ra’noni egasiga topshirmagʻuningizcha, — dedi Nigor oyim, — quyulmaydirgʻangʻa oʻxshaydir.

Bu soʻzdan Ra’no uyalib, boshini chaqaloqning bagʻrigʻa tiqib oldi. Solih maxdum kulimsigan koʻyi dahlizga yurub bordi va oyogʻini kafshiga uzatdi.
— Tur, yotma Ra’no! – dedi dahlizdan, — goʻshtni onanggʻa toʻgʻrab ber, piyozni art! Anvar akang ham kelib qolar, taom asrga tayyor boʻlsin!

Ra’no dadasini uzogʻlatib, boshini koʻtardi, onasigʻa oʻpka aralash kulib qaradi. Uning bu qarashidan onasining boyagʻi soʻziga qarshi rizosizliq onglashilmas, balki shodliq ma’nolari oʻqulur edi. Darhaqiqat, eru xotin oralarida oʻtkan ikki kalima soʻz shu oila gulshanida oʻskan Ra’noning istiqbolini ochiq belgilar edi. Nigor oyim «Ra’noni egasiga topshirmagʻuningizcha…» deb garchi bir muncha qoʻpolroq ta’bir bilan boʻlsa ham «Ra’noning egasi» borligʻini soʻzlar, Ra’no esa «egasi»ning kim ekanligini yaxshi bilgani va uni qanot qoqib qarshi olgʻani uchun jodu koʻzida rizosizliq emas surur ma’nolari oʻynatar edi.

Dadasining – «Anvar akan ham kelib qolar, taoming asrga tayyor boʻlsin!» jumlasi Ra’noga yana ochiq, yana ravshan ta’minot berar edi…

Amir Umarxonning Kanizi

Solih maxdum 1230-1290-nchi hijriy yillarda «Hoʻqandi firdavsmonand»da yashagʻan bir muallim va imom, oʻz zamonasining istilosi bilan aytkanda «maktabdor domla»dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub boʻlib, bobosi Olimxon va Umarxon davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilgʻan, otasi ersa Qoʻqonning Madali (Muhammadali) xon madrasasida necha yillar mudarris boʻlgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qoshida mumtoz va xalq nazarida «sharaflik va muhtaram» mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Mamadalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidagʻichadir:

Turkiston xonligʻi tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida oʻz saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qoʻyadir. Kaniz yosh boʻlgʻanligʻi va balogʻatka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadir. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, boyagʻi kaniz qiz balogʻatka erishadir va bir husniga oʻn husn qoʻshulib otaning bolasi boʻlgʻan Madalixonni ham oʻziga oshiq qiladir. Oʻz saroyida oʻskan bu qizni yosh xon hamisha koʻz oʻngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qaragʻanda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu goʻzalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusigʻa koʻndalang keladilar:

«Otangiz, agarchandi kanizni oʻz nikohlariga olmagʻan boʻlsalar ham va lekin balogʻatka erishkach olarmad deb niyat qilgʻanlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!» deydirlar.

Madalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishgʻa majbur boʻlib, ammo ikkinchi tarafdan oʻzining orzusigʻa qarshi borgʻan ulamoni sekin-sekin «ilmiy» ishlardan olib ular oʻrnigʻa yangilarini qoʻya boshlaydir. Oʻz orzusigʻa zamin hozirlagʻach, bir necha yilni oʻtkazib, yana ulamogʻa shu toʻgʻrida fatvo soʻrab murojaat qiladir. Tabi’iy, yaqindagʻina ogʻzi oshqa yetkan yangi ulamolar oʻz valiyi ne’matlari boʻlgʻan Madalixongʻa xiyonat qilmaydirlar-da:

«Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir . Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan boʻlsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmoʻminin mazkurani xud nafslari aqdi shar’iy qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bissavob» deb fatvonomani «binni mufti marhum», «binni mudarris marhum, «binni Hoʻqandiy marhum» – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon toʻy va tomoshalar bilan murod-maqsadigʻa yetadir…

Kimlarning vositasi bilandir mazkura goʻzal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur) xongʻa yetib ul ham ilgaridan haligi kanizga gʻoyibona oshiq boʻlgʻan edi. Ammo qaysi yoʻl bilan boʻlsa ham kanizni koʻlgʻa kirgizish fikrida bosh ogʻritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulogʻigʻa bu xabari jonsoʻz yetib dumogʻidan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini oʻz huzuriga chorlab, dargʻazab voqi’ani soʻzlaydir va ulardan darhol bir «fatvoyi bahaybat»ni talab qilgʻanida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadilarkim:

«Bir jamoa moʻminlarga amir boʻlgʻan zotning vazifasi shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turgʻay, ahkomi islomni kamokon ijro qilgʻay. Har bir amirikim arkoni islomdan zarracha yuz oʻgursa ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas sharirdir . Nauzanbillahkim Fargʻona va Turkiston mamlakatining alhol amiri boʻlgʻan Muhammadalixon volidining mankuhasi , ya’ni volidai ayni va rizoʻisini oʻz aqdigʻa olibdir, nauzanbillahi, nauzanbillahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom muttafaqun alayhi kofirdir. Kazolika oʻshandogʻ murtadning qatli avvalo digar islom amirlariga va ba’d az barcha moʻminlarga farzi ayndir!»

Darvoqi’ «xolisona» bu fatvoga amir Bahodirxon «betarafona» qiymat berib, «din yoʻlida xolis bir jihodi akbar» deb jami’i qoʻshunlari bilan Fargʻona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu «xolisona» jihodi Turkiston xonligʻi tomonidan qanday muqovamatlarga uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu toʻgʻrida bizning ishimiz yoʻqdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodirxon tomonidan qatl qilindi. Madalixongʻa fatvo yozib bergan Qoʻqon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon boʻlsa Fargʻona hukumatiga oʻz kishisini qoʻydi, fathu nusrat bilan kanizni olib Buxorogʻa qaytdi.

Maqsadgʻa kelsak Madalixongʻa fatvo yozib berishda ishtirok qilgʻan va Bahodir tomonidan hac urulgʻan ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulgʻandan soʻng koʻb yasholmadi, oʻldi va shuning bilan bu oilaning burungʻi imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan soʻng Turkiston taxtiga oʻlturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilgʻan ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud boʻlib qoldilar.

Maxdumning Uylanishi va Maktabdorligʻi

Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum boʻlgʻandan soʻng oʻzidan bir necha yosh kattaroq ogʻasi Margʻilongʻa imom boʻlib oilasi bilan koʻchib ketdi. Solih maxdum onasi va oʻn olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qoʻqonda qoʻldi. Birar joydan kelim boʻlmagʻanliqdan bu oila koʻb tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin toʻydirarliq bir kasb izlashka majbur boʻldi.

Albatta Solih maxdum ogʻirroq kasbni uxda qilolmas, imoratka boʻlsa soqoli chiqmagʻanliqdan yarolmas edi. Koʻb ozor chekib nihoyat qorindosh-urugʻ va mahalla kishilarining kengashlari bilan oʻz uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-oʻnta bola yigʻdi va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi.

Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar oʻn besh-yigirmatadan narigʻa oʻtmay, «panjshanbalik» arang it azobi roʻzgʻorgʻa yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari boʻlmagʻani uchun har holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar.

Oʻgʻul yigirmaga, qiz oʻn beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi boʻlib qoladir. Shunga oʻxshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali goʻyo «dard ustiga chipqon» edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham oʻn sakkizga toʻldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima toʻgʻrisidan tashvish yoʻq, husn, odob, yumish, hammasidan koʻngil toʻq, bek boʻlmasa – bekzoda, mudarris boʻlmasa – mukarrir .

Ammo maxdum masalasi bir oz mushkilroq edi: topish, tutish ma’lum, otasidan qolgʻani faqat ichki-tashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim oʻz tirikligida maxdumning «boshini ikki» qilmasa, oʻzidan soʻng uning uylana olishi amrimahol. Shuni koʻzda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi boʻldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda boʻlmoq uchun qizliq va oʻgʻullik havlini uchratish va buning ustiga «naslu nasabda tekislik», olinadirgʻan kelinning silliqina boʻlishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sargʻayib oʻtdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak ogʻrigʻigʻa davo topilmay qolmas. Shunga oʻxshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi:

Xon oʻrdasining mutavaffo mirzolaridan bittasining madrasada oʻqub yurgʻan oʻgʻli bor edi va uyida chaqich chaynab oʻlturgan oʻn olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat qabul etdi. Chunki «oʻxshatmay uchratmas» degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz koʻrgali borib ul ham «qizi jajjigina ekan» deb keldi. Kuyavlar koʻrulib ular ham zararsiz topildilar. Shartu sharoit soʻzlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yoʻq, har kim oʻz ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni oʻrab-chirmab oladir, vassalom.

«Hay etti, huy etti, ikki koski toʻy etti» deganlaridek har ikki toʻy ham bir hafta ichida oʻtti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq boʻldi.

Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab bir oz jonlangʻan, bolalar ham oʻttuz-qirqqa yetkan edilar.

Solih maxdum oʻttuz yoshlargʻa borgʻanda maktabdorligʻi ham yaxshigʻina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilgʻanliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Maxdum yolgʻin shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib «otin bibi» qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabogʻigʻa yigʻiladirlar. Qisqasi, maxdum maktabdorliqda yaxshi shuhrat qozongʻanidek, uy-roʻzgʻorini, yurish-turish, kiyim-solim va boshqa taraflarini ham tuzatib oladir.

Qirq yoshlarida mahallaga imom boʻladir va maktabini yana ham kengaytirib shu dahaning har bir tabaqasi ichida «ustoz mulla Solih maxdum» boʻlib taniladir. Masalan, oʻzida savod chiqargʻan kosib, savdogar, mullabachcha (madrasa talabasi) va shuningdek yangi boʻgʻimlargʻa ustozlik unvonini oladir. Hatto keyingi vaqtlarda uning shogirdlaridan xon oʻrdasigacha borib kirganlari bordirkim, maxdumning bu muvaffaqiyatini boshqa boblarimizda oʻqursiz.

Maxdumning Ba’zi Xislatlari

Yuqoridan oʻqugʻuchigʻa bir daraja onglashilgʻan boʻlsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning maxdumning kelimi shahar yoki qishloq soʻrab turgʻan bir bekcha boʻlasa-da, undan quyiroq, har holda shahar madrasasida darstoʻlik qilib, vaqfni oʻz qabzigʻa olgʻan bir mudarrisning tushimidan albatta koʻb. Kelimning shu yoʻsun yaxshi boʻlishigʻa qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab boʻlmaydirgʻan xususiyatlar bor: xasislikka oʻxshagʻan holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli…

Yosh chogʻida otasi oʻlib, qattigʻchiliqda oʻsdi, uning ba’zi yarashmagʻan harakatlari balki oʻsha qattigʻchiliqning ruhka singib qolgʻan yomon ta’siridir. Har holda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va boʻhton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamitmay oʻqugʻuchigʻa butun taqdim eta bilishdir.

Oyni etak bilan yashirib boʻlmaydir. Maxdumning xasislikka oʻxshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmagʻan yillarda bu ishni yoʻqliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’aida bir muncha xasislik bor ekan, deymiz.

Koʻylak-ishtonning aksar yetti-sakkiz joyidan yamogʻi boʻladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan sayin alak guppining yengi oʻzgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan-yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zoʻri bilan togʻoragʻa tushib choʻmildi. Bu kunda boʻlsa toʻrt yil burungʻi gʻusli, yetti yillik tusi, turlik-turlik yamogʻi bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasigʻa sodiqona xizmat qilish uchun boʻgʻjoma ichida oʻziga kuch yigʻib yotadir. Mahalla kishilari maxdumning bu choponigʻa «moltopar» deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilgʻan kun maxdumga sezdirmay «moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana oʻn yillingmi, Mamarayim!» deb kulishadirlar.

Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qoʻnji bir qarichgʻa kelgan aybaki maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi koʻtarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining koʻblariga ma’lum boʻlmagʻan, harchand ehtiyon qilinsa ham necha joyidan popiltirigʻi osilgʻan oq-boʻz salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va toʻylardagina kiyilardirgan banoras toʻni, sovuq qattigʻroq boʻlgʻanda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras toʻnni «zarurat» deb atagʻan boʻlsalar ham, adras guppiga hali nom qoʻygʻuncha yoʻqlar, chunki buning dunyogʻa kelganiga faqat toʻrt-besh yilgina boʻlgʻandir.

Kezi kelganda maxdumning yozlik kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik: yoʻlluq, qizil qalami boʻzdan yaxtak, oq boʻzdan jihak yoqaliq keng koʻylak (chunki tor boʻlsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sagʻri kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta.

Oila va Kishilar bilan Muomala

Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan oʻzi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat toʻgʻrilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarigʻa yoʻliqilar edi. Masalan, bir oy toʻlmasdan kir yuvishgʻa ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvgʻanini koʻrib qolsa – «kiyimni togʻorada churutasan!» deb gʻovgʻa solar edi. Ikki haftasiz palovni koʻrmaslar (ozodliq oshlari albatta mundan mustasno), koʻb ovqatlari ubra, tuppi, mastaba, qoʻgʻurma shoʻrba boʻlar edi.

Nigor oyimning qozoni yoʻqcha, yelcha goʻshtni faqat palov sharofati bilangina koʻrar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshigʻina moʻliqdirar, masalan: shalgʻam, qovoq, lavlagi. Bu toʻgʻrida xotini harchand rad qilsa ham qoplab shalgʻam, yigirma-oʻttuzlab qovoq xarid qilishini qoʻymas – «shalgʻam – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq boʻlsa hazrati Yunusning moʻjizalari» deb bahosi arzon va lekin xosiyati koʻb boʻlgʻan bu mablagʻlar bilan oshxonani toʻldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – «yogʻni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!» deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmagʻanidek bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorgʻa ham chiqar edi.

Maxdumning oʻqugʻuchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savogʻini bilmagan yoki shoʻxliq qilgʻan bolalarni har qancha soʻkib, koyisa, doʻq urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qoʻqon bolalarining muhabbatlarini oʻziga jalb etkan edi. Ammo «ozodliq» masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasigʻa «ozodliq» lozim boʻlgʻan boʻlsa albatta undirishka, kambagʻal bolasidan mumkin qadar uzib olishgʻa harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, Soʻfi Olloyor va shunga oʻxshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun boʻlgʻanlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor boʻlsa ham, lekin aksar bolalar bu toʻgʻrida domlani – «ana-mana» bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib «ustoz»ni rozi qilmasalar, ammo koʻbchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik boʻlsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa «Qulyogʻa quymoq – Ammaga boʻgʻirsoq – Yosinga yupqa» degan gaplar ham boʻlar edi. Bolalar har yili bir marta «buryo puli» va oyigʻa bir necha bor «supurgi puli» ham toʻlab turar edilar.

Maxdum mumkin qadar bolalarni oʻz maktabiga jalb qilishgʻa tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini oʻz qoʻligʻa olish uchun har bir chorani koʻrar edi. Masalan, boy va a’yondan birining oʻgʻli boshqa maktabda oʻqub yurgan boʻlsa uni bolalar vositasi bilan oʻz maktabiga chaqirar, nima oʻqugʻanini, nimalar bilganini soʻrar, bola savogʻidan yaxshi javob beralmasa «sizda ayb yoʻq, oʻgʻlim, ustozingiz bir oz shundayroq odam… xoʻb, xoʻb; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men oʻzim sizni juda doʻst tutaman-da!» der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab oʻz domlasidan koʻngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani koʻchalarda ham qilar va oʻgʻli boʻlgʻan boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib tanimasa ham ular bilan soʻrashar, nechta oʻgʻli borligʻini va ularning oʻqub-oʻqumagʻanliqlarini, oʻqushgʻa ixloslarini tekshirib, oʻzining ta’limida qoʻllangʻan yengil usullarini ham bir muncha tiqillatib oʻtar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari koʻpincha foydasiz boʻlmas, maktabiga yangidan-yangi shogirdlar toʻplanib turar edilar.

Oʻz qatoridagʻi maktabdor domlalarni aslo koʻralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yoʻsuni kelib qolsa – «ha, mulla falonchimi, koʻb bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim oʻzimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ boʻlmasin, dedim» der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor toʻgʻrisida shu yoʻsun zamzama soʻzlar edi.

Maxdum boʻychan, olagoʻsht, siyrak moʻy, oq tan, istarasi issigʻ bir domla edi. Yoshi ellidan oshqan, soch va soqolida bir muncha oqlar koʻrinar edi. Kishi bilan soʻzlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin toʻgʻri, baquvvat oʻskan soqolini tutamlab oʻng koʻzini bir oz qisib qarar, odat qilgʻandan boʻlsa kerak gap orasida «habba» degan soʻzni koʻproq ishlatar edi. Domlaning bu «habba»si nima ma’noda qoʻllanilar, oʻzidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu toʻgʻrida izoh ham soʻramagʻan edilar. Har holda «habba – habhali» yoki «ha, barakalla» boʻlsa kerak. Chunki ul bir narsadan hursand va rozi boʻlgʻanda aksar «habba» deb yuboradir.

Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan toʻldirdiq. Ehtimolki domlaning gʻiybatini ham qildiq va qilarmiz. Lekin shunisidan xotirjam’mizki, yoʻqni-yoʻndirmadiq, maxdumning sha’nida bor gaplarnigina yozdiq va yozarmiz. Maxdumning hamma nuqsonini yuvib ketarlik bir jumladan soʻng yana oʻz ishimizda boʻlamiz: — nima boʻlgʻanda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingʻi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlarigʻa sababchi ustozlardan, hatto ulugʻ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi.