OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qodiriy
Asar nomiOʻtkan kunlar (I- boʻlim)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm245KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻtkan kunlar (I- boʻlim)
Abdulla Qodiriy

Yozgʻuchidan

Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydik, bas, biz har bir yoʻsunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga oʻxshash dostonchiliq, roʻmonchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishgʻa, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgoʻr»lari bilan tanishdirishka oʻzimizda majburiyat his etamiz.

Yozmoqqa niyatlanganim ushbu — «Oʻtkan kunlar», yangi zamon roʻmonchiligʻi bilan tanishish yoʻlida kichkina bir tajriba, yana toʻgʻrisi, bir havasdir. Maʼlumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchilik-lar bilan maydongʻa chiqishi, ahllarining etishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomulga yuz tutishi tabiiy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim.

Moziygʻa qaytib ish koʻrish xayrlik, deydilar. Shunga koʻra mavzuʼni moziydan, yaqin oʻtkan kunlardan, tari-ximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan keyingi «xon zamonlari»dan belguladim.

Birinchi boʻlim

Otabek Yusufbek Hoji Oʻgʻli

1264-inchi hijriy, dalv oyining oʻn ettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...

Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilgʻan bu dongʻdor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila toʻla. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan boʻshab hujralariga qaytqanlar, koʻb hujralar kechlik osh pishirish ila mashgʻul, shuning uchun kunduzgiga qaragʻanda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib soʻzlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni koʻkka koʻtargudek.

Saroyning toʻrida boshqalargʻa qaragʻanda koʻrkamrak bir hujra, anovi hujralarga kiygiz toʻshalgani holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda boʻz koʻrpalar koʻrilgan boʻlsa, munda ipak va adras koʻrpalar, narigilarda qora charogʻ sasigʻanda, bu hujrada shamʼ yona-dir, oʻzga hujralarda engil tabiʼatlik, serchaqchaq kishi-lar boʻlgʻanida bu hujraning egasi boshqacha yaratilishda.

Ogʻir tabiʼatlik, ulugʻ gʻavdalik, koʻrkam va oq yuzlik, kelishgan, qora koʻzlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va jihoz yogʻidan, ham ega jihatidan diqqatni oʻziga jalb etarlik edi. Qandogʻdir bir xayol ichida oʻlturgʻuchi bu yigit Toshkandning mashhur aʼyonlaridan boʻlgʻan Yusufbek hojining oʻgʻli — Otabek.

Saroy darbozasidan ikki kishi kelib kirgach, ulardan biravi darboza yonidagʻi kimdandir soʻradi:
— Otabek shu saroyga tushkanmi?

Bizga tanish hujra koʻrsatilishi bilan ular shu tomonga qarab yurdilar. Bu ikki kishining bittasi gavdaga kichik, yuzga toʻla, ozroqqina soqol-murtlik, yigirma besh yoshlar chamaliq bir yigit boʻlib, Margʻilonning boylaridan Ziyo shohichi deganning Rahmat otliq oʻgʻlidir, ikkinchisi: uzun boʻylik, qora choʻtir yuzlik, chagʻir koʻzlik, chuvoq soqol, oʻttuz besh yoshlarda boʻlgʻan koʻrimsiz bir kishi edi. Bu yigit yaxshigʻina davlatmand boʻlsa ham, lekin shuhrati nima uchundir boyligi bilan boʻlmay, «Homid xotinboz» deb shuhratlangan, kishilar Homid orqasidan soʻzlashkanda uning otigʻa taqilgʻan laqabni qoʻshib aytmasalar, yolgʻiz «Homidboy» deyish ila uni tanita olmaydirlar. Homidning Otabek bilan tanishligʻi boʻlmasa ham Rahmatka yaqin qarindosh— Ziyo shohichining qaynisi, Rahmatning togʻasi.

Ular hujraga kelib kirdilar. Otabek kelguchilarni ulugʻlab qarshiladi.
— Bizni kechirasiz, bek aka, — deb Rahmat uzr aytdi, — vaqtsiz kelib sizni tinchsizladik.

Otabek ularga yuqoridan joy koʻrsatar ekan, yoqim-liq bir vaziyatda:
— Tinchsizlamadingizlar, bilʼaks quvontirdingiz-lar,— dedi, — shahringizga birinchi martaba kelishim boʻl-gʻani uchun tanishsizliq, yolgʻizliq meni juda zeriktirgan edi.

Shu orada hujraga bir chol kirib ul ham mehmonlar bilan soʻrashib chiqdi. Bu chol Hasanali otliq boʻlib, oltmish yoshlar chamasida, choʻziq yuzlik, doʻnggiroq peshonalik, sariqqa moyil, toʻgarak qora koʻzlik, oppoq uzun soqollik edi. Soqolining oqligʻiga qaramasdan uning qaddida keksalik alomatlari sezilmas va tusida ham uncha oʻzgarish yoʻq edi.

Otabek mehmonlarni tanchaga oʻtquzib, fotihadan soʻng Hasanalidan soʻradi:
— Tuzukmisiz, ota?
— Xudoga shukur, — dedi Hasanali, — boyagʻidan bir oz engilladim. Mazmuni is tekkan ekan.
— Baʼzi yumushlar buyursam...
— Buyuringiz, oʻgʻlim.
— Rahmat, ota, boʻlmasa bizga choy qaynatib bersangiz-chi.
— Xoʻb, begim.

Hasanali chiqdi. Rahmat Otabek bilan yana bir qaytib sogʻliq soʻrashqandan keyin soʻradi:
— Bu kishi kimingiz boʻladir, bek aka?

Otabek Rahmatning savoliga javob bermay eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib soʻngra javob berdi:
— Qulimiz.

Bu soʻzdan nima uchundir Homid ajablangan edi.
— Qulingiz?
— Shundogʻ.

Hasanalini bolaliq vaqtida Erondan kishi oʻgʻirlab kelguchi bir turkman qoʻlidan Otabekning bobosi oʻn besh tillo barobariga sotib olgan edi. Hasanalining Otabeklar oilasida qulliqda boʻlgʻanigʻa elli yillar chamasi zamon oʻtib, endi Otabeklar oilasining chin bir aʼzosi boʻlib ketkan. Xoʻjasi Yusufbek hojiga, ayniqsa, xoʻjazodasi Otabekka itoat va ixlosi tom boʻlib, buning evaziga ulardan ham ishonch va hurmat koʻrar edi. Hasanali oʻttuz yoshliq vaqtida sotib olgʻan bir choʻriga uylantirilgan boʻlsa ham, ammo oʻgʻil-qizlari boʻlmagʻan, boʻlsalar ham yoshliqda oʻlib ketkanlar. Shuning uchun boʻlsa kerak, Otabekka ixlos qoʻyib, unga oʻz bolasi kabi qarar: «Oʻlganimdan keyin ruhimga bir kalima qurʼon oʻqusa, bir vaqtlar Hasanali ota ham bor edi deb yodlasa, menga shunisi kifoya» deb qaror bergan va hozirdan boshlab Otabekka bu toʻgʻrida sipo-rishlar berib, undan samimiy vaʼdalar olib yurgʻuchi oq koʻngil bir qul edi.

Hasanali ustida boʻlgʻan haligi gapdan keyin Rahmat soʻradi:
— Toshkanddan nimalar keltirdingiz, bek aka?
— Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va bir oz qozon.
— Margʻilonda gazmol bilan qalapoy afzalining bozori chaqqon, — dedi Homid.

Otabek miqrozi bilan shamʼ soʻxtasini kesib tuzatdi. Orada yotsirashka oʻxshash bir hol bor, nima uchundir bir soʻzlab ikki toʻxtar edilar. Bu oʻngʻaysiz holatdan chiqish va, soʻzgʻa ulab yuborish uchun Rahmat tirishkandek koʻrinar edi.
— Margʻilonni qanday topdingiz, bek aka, xushlandingizmi, yo?..

Bu savolning javobiga Otabek ikkilangandek va oʻngʻaysizlangʻandek boʻldi.
— Nima desam ekan... Margʻilonni har holda... xush koʻrdim, Margʻilon Turkistonimizning toʻqugʻuchiliq hunarida birinchi shahridir.

Ikkilanib berilgan bu javobdan Homid bilan Rahmat bir-birlariga qarashib oldilar.

Otabek bu holatni sezdi va oʻzining soʻzini kulgulikka olib izoh berdi:
— Kelgan kunimdan Margʻiloningʻizni xushlamay boshlagʻan edim. Chunki tanishlarim yoʻq, musofirchilik bilinib qolayozgʻan edi. Endi bu soatdan boshlab Margʻilondan roziman, negaki, yoʻqlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham boʻlur ekan.
— Kechiringiz, bek aka, — dedi Rahmat, — men sizning Margʻilon kelganingizni bu kun otamdan eshit-dim. Yoʻqsa, albatta sizni zeriktirmas edim.
— Aniqmi?
— Toʻgʻri gap, — dedi Rahmat, — otam Toshkand borgʻanlarida toʻp-toʻgʻri sizning eshikingizga tushsinlar-da, siz saroyga tushing. Bu taraf bilan sizdan oʻpkani biz qilsaq arziydir.
— Haqqingiz bor, — dedi Otabek, — ammo bi-rinchidan, sizning havlingizni soʻrogʻlab topish menga qiyinroq koʻrindi, undan soʻng molimizni ortgʻan tuyakashlar shu saroygʻa tayinlangʻan edilar.
— Har holda bu uzr emas.

Hasanali dasturxon yozib qumgʻon kirgizdi. Odatiy takalluflar bilan dasturxon va choyga qaraldi. Homid nonni shinniga bulgʻar ekan soʻradi:
— Yoshingiz nechada, bek?

Otabekning labi qimirlamasdan choy quyib oʻtirgan Hasanali javob berdi:
— Bekka xudo umr bersa, bu yil hamduna boʻlsa toʻppa-toʻgʻri yigirma toʻrt yoshga qadam qoʻyadilar.
— Yigirma toʻrt yoshga kirdimmi, ota? — dedi bek. — Chindan ham necha yoshga kirganimni oʻzim bilmayman.
— Yigirma toʻrt yoshga kirdingiz, bek.

Homid tagʻin soʻradi.
— Uylanganmisiz?
— Yoʻq.

Hasanali Otabekning yolgʻiz «yoʻq» bilan toʻxtashiga qanoatlanmadi va bu toʻgʻrida oʻz tomonidan izohlar berishni lozim koʻrdi:
— Bek uchun bir necha joylarga qiz aytdirmak istalingan boʻlsa ham, — dedi, — avval taqdir bitmaganlik, undan keyin bekning uylanishka boʻlgʻan qarshiliq-laridan bu kungacha toʻy qilolmay kelamiz. Ulugʻ xoʻja-mizning qatʼiy niyatlari bu safardan qaytgʻach bekni uylandirishdir.
— Manimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yoʻqdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz oʻgirdi. — Uylangach, xotining tabʼingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yoʻqsa, munchalik ogʻir gap dunyoda boʻlmas.

Otabek Rahmatning bu soʻzini samimiyat bilan qarshiladi.
— Soʻzingizning toʻgʻriligʻida shubha yoʻq, — dedi,— ammo shuni ham qoʻshmoq kerakki, oladirgʻon xotiningiz sizga muvofiq boʻlishi barobarida er ham xo-tingʻa muvofiquttabʼ boʻlsin.
— Xotingʻa muvofiq boʻlish va boʻlmasliqni uncha keragi yoʻq, — dedi Homid eʼtirozlanib, — xotinlarga «er» degan ismning oʻzi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin degan erga muvofiq boʻlsa bas.

Rahmat kulib Otabekka qaradi. Otabek ham isteh-zolik tabassum orasi Homidga koʻz qirini tashladi.
— Uylanishdagi ixtiyorimiz, — dedi Rahmat, — ota-onalarimizda boʻlgʻanliqdan, oladirgʻan kelinlari oʻgʻillarigʻa yoqsa emas, balki uning ota-onalari oʻzlariga yoqsa bas. Bu toʻgʻrida uylanguchi yigit bilan er qilgʻuchi qizning lom-mim deyishka haq va ixtiyorlari boʻlmay, bu odatimiz maʼqul va mashruʼ ishlardan emasdir. Masalan, men ota-onamning yoqdirishlari bilan uylandim... ammo xotinim ota-onamga muvofiq boʻlsa ham menga muvofiq emas, siz aytgandek, ehtimol men ham xotinimgʻa muvofiq emasdirman... Soʻzingiz juda toʻgʻri, bek aka.

Otabek Rahmatning soʻzini ixlos bilan eshitdi va «sen nima deysan?» degandek qilib Homidga qaradi.
— Jiyan, — dedi Homid Rahmatka qarab, — boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun boʻlib ulardan ranjib yurishingni oʻrni yoʻq. Xotining koʻnglingga muvofiq kelmas ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishi-ning ishi emas.

Rahmat Otabekka kulimsirab qaradida, togʻasigʻa javob berdi.
— Xotin koʻpaytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati boʻlsin? — dedi. — Bir xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha, eng maʼqul ish. Masalan, ikki xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchligʻingiz yoʻq.
— Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchaliq qiladir, — deb kuldi Homid. — Koʻb xotin orasida azoblanish oʻzi nima degan soʻz? Qamchingdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin oʻrtasida turib janjalgʻa toʻygunimcha yoʻq, ammo xotinni uchta qilishgʻa ham oʻyim yoʻq emas.
— Sizga taraf yoʻq, togʻa.

Homid magʻrur bir tusda Otabekka qaradi. Otabek uning soʻzidan kulimsiragan edi.

Hasanali palovgʻa urnash uchun tashqariga chiqdi. Otabek mehmonlarga choy quyib uzatdi.

Homidning haligi soʻzidan keyin oradagʻi bahs kesilgan edi. Uchovlari ham bir narsaning xayolini surgandek koʻrinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib Rahmat togʻasidan soʻradi:
— Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi?

Bu savoldan nima uchundir Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi:
— Bundan xabarim boʻlmadi. Gumonimcha, bermagandir.

Rahmat soʻzdan chetda qoldirmas uchun Otabekni ham oragʻa oldi:
— Bizning Margʻilonda bir qiz bor, — dedi, — shundogʻ koʻhlikki, bu oʻrtada uning oʻxshashi boʻlmas, deb oʻylayman.

Homid bir turlik vaziyatda er ostidan jiyaniga qaradi. Togʻasining holidan xabarsiz Rahmat soʻzida davom etti:
— Shahrimizda Mirzakarimboy otligʻ bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki siz Mirzakarim akani tanirsiz, u bir necha vaqt Toshkandda qutidorliq qilib turgʻan ekan?
— Yoʻq... Tanimayman.

Homidning yuzidagi boyagʻi holat yana ham kuchlanib goʻyo toqatsizlangʻandek koʻrinar edi, Rahmat davom etti:
— Uning havlisi poyafzal rastasining burchagidagi imoratdir. Oʻzi davlatmand bir kishi; Toshkand ashroflarining koʻblari bilan aloqador boʻlgʻanliqdan balki otangiz bilan tanish chiqar.
— Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir gʻayri-ixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida bir oʻzgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu oʻzgarishdan Rahmat xabarsiz boʻlsa ham, ammo Homid uni er ostidan taʼqib etar edi. Bu taʼqib Otabekdagi haligi oʻzga-rishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu toʻgʻrida bir mulohaza aytish, albatta mumkin emas. Yana bir necha vaqt jim qoldilar.
— Endi biznikiga qachon mehmon boʻlasiz, bek aka?

Rahmatning bu soʻzi bilan Otabek xayolidan bosh koʻtardi:
— Xudo xohlagʻan vaqtda boʻlarmiz...
— Yoʻq, bek aka, — dedi Rahmat, — siz aniqlab bir kunni tayin qilingiz, biz bu erga sizni taklif qilgʻali kelganmiz.
— Ovora boʻlmoqning nima zarurati bor?
— Bunda ovora boʻlish degan narsa yoʻq. Iloji boʻlsa sizni bu saroydan havligʻa koʻchiramiz.

Hozirga bir kunni tayin qilib bizga mehmon boʻling-chi... Otam sizning bilan oʻlturishib Toshkand ahvolotini soʻzlash-makka mushtoqdirlar.
— Bu saroydan sizlarnikiga koʻchishim ogʻir, — dedi Otabek, — ammo otangizning ziyoratlariga borishgʻa har qachon hozirman.
— Sogʻ boʻling, bek aka, boradirgʻan kuningizni ta-yin qila olasizmi?
— Maʼlumingiz, kechalari boʻsh boʻlaman, shuning bilan birga otangiz qaysi vaqtni ixtiyor qilsalar ijobat etishdan oʻzga choram boʻlmas.
— Salomat boʻlingiz, — dedi Rahmat, — shuni ham sizdan soʻrayin: oʻlturishka begona kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmasmisiz? Chaqirilgʻanda ham oʻzimizga yaqin va ahl kishilar boʻlur, masalan, Mirzakarim qutidor kabi.

Bu vaqt Otabekning tusiga ham haligidek oʻzgarish chiqdi ersada, lekin sezdirmaslikka tirishib javob berdi:
— Manim uchun farqsiz.

Oshdan soʻng mehmonlar bilan xayrlashib chiqdilar.

Xon Qizigʻa Loyiq Bir Yigit

Otabek oʻzi bilan koʻrishgan mundaki ikki yot kishini tanimaganliqdan bir-ikki qayta ularni koʻz ostidan kechirdi. Buni payqagʻan Ziyo shohichi Otabekka tanitdi:
— Amakilaringizni siz tanimagʻandirsiz albatta, — dedi. — Bu kishi otangizning yaqin doʻstlaridan Mirzakarim qutidor. Bu zot Andijon savdogʻarlaridan Akram hoji.

Mirzakarim ismlik qirq besh-elli yoshlar chamasida qora qosh, qora koʻz, koʻrkam yuz, yaxshigʻina kiyingan bir kishi boʻlib, Akram hoji elli besh yoshlar orasidagʻi bir keksa edi.

Otabek qaytadan Mirzakarim qutidorni koʻzdan kechirdi.
— Ota qadrdonlari bilan tanishdirgʻaningiz uchun rahmat, amak, — dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozuʼlandi. — Otam sizlardek yaqin doʻstlariga salom aytishni menga amonat topshirgʻan edilar.
— Rahmat, sogʻ boʻlsinlar.

Majlis Ziyo shohichining uyida Otabekning meh-mondorchiligʻi uchun yigʻilgʻan, yuqorida ismlari oʻtkan zotlardan boshqa Homid, Rahmat ham Hasanali bor edilar. Tanishdirishdan soʻng Otabek bilan qutidorning koʻzlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan soʻramoqqa ogʻzini joʻplab tursa ham Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa toʻgʻrisidagʻi gaplari keti uzilmay davom etar edi. Ularning koʻzi uchunchi toʻqnashishida qutidor kulimsirab qoʻyib soʻradi:
— Meni eslay olasizmi, bek?

Otabek diqqat va eʼtibor bilan qutidorni kuzatib javob berdi:
— Yoʻq, amak.
— Necha yoshgʻa bordingiz?
— Yigirma toʻrt yoshgʻa...

Qutidor oʻzicha nima toʻgʻrisidadir hisob yuritdi-da:
— Voqiʼan siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilgʻan vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz... Goʻyoki, men Toshkandda kechagina turgʻandek va kechagina sizning havlingizda mehmon boʻlgʻandekman... Ammo, haqiqatda, oradan oʻn besh-yigirma yil oʻtib, siz ham katta yigit boʻlgansiz, umr — otilgʻan oʻq emish.
— Siz bizning havlida boʻlganmisiz?
— Koʻb martalab mehmon boʻldim, — dedi qutidor,— ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar.

Bu ikkisining soʻzlariga quloq solib chetda oʻlturgan Hasanali ham gapga aralashdi:
— Amakingiz bizning havligʻa kelib turadigan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, — dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar.

Otabek uyaluv aralash kulimsirab qutidorgʻa qaradi:
— Taassufki, eslay olmayman, — dedi. Qutidor tagʻin nimadir aytmoqchi boʻlgʻan edi, Akram hoji unga yoʻl bermadi.
— Hoji akamiz bu kunda qanday ish bilan mash-gʻullar?

Otabek:
— Toshkand begi yonida mushovir sifati bilan turadilar.
— Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?
— Shundogʻ.
— Sotqi bek ketsin, Aziz bachcha deng, — dedi Homid va Akram hojiga qarab kuldi. — Yaqindagʻina Musulmon choʻloqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi, — dedi, ulugʻ bir narsa kashf etgandek magʻrur, majliska qarab chiqdi. Homidning zaruratsiz ayb tekshirishi majliska yotroq tuyilgan boʻlsa kerak bir-birlariga qarashib oldilar. Bu oʻrinsiz tekshirish majlisni bir oz sukutga yubordi-da, soʻngra Akram hoji savolida davom etti:
— Hokimingiz juda zolim emish, bu toʻgʻri soʻzmi?
— Toʻgʻri soʻz, — dedi bek. — Azizbek zulmidan aholi juda toʻygʻan.

Otabekning bu javobidan yolgʻiz Akram hojigina emas balki, majlisning boshqa aʼzolari ham ajablandilar.

Otasining valineʼmati boʻlgʻan bir bekning zulmini iqror etish haqiqatan ham taajjubka loyiq edi. Azizbekning Turkiston xonligʻining eng zolim va mustabid sanalgʻan beklarining biri va uning oʻz qa-ramogʻida boʻlgʻan Toshkand aholisiga qilgʻan zulmlari Fargʻonaga doston, ammo Akram hojining bu savoli Azizbekning eng yaqini boʻlgʻan bir kishining oʻgʻlini sinab koʻrishlik uchun edi. Bu sinash natijasi Akram hojining taajjubini orttirdi va buning sirrini bilishka qi-ziqsindi:
— Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, — dedi Akram hoji, — nima uchun uni bir oz boʻlsa ham yoʻlgʻa solmaydir?
— Kechiringiz, amak, — deb Otabek kulimsiradi,— siz otamning mushovirligʻini boshqacharoq ongla-gʻangʻa oʻxshadingiz... Bizning beklarga hukm vaqtida ham mushovir boʻlmoq imkonsiz narsadir. Otam Azizbekning mushoviri va yaqin musohibi sanalsa ham va lekin bu juzʼiy ishlardaginadir, buning uchun sizga bir misol keltiray, bu ish shu yaqin oralardagʻina boʻldi: Toshkanddagi jumʼalik gap majlislaridan birida bir kishi Azizbekni maxtar va bu maxtovgʻa qarshi ikkinchisi «nega munchalik maxtaysan, Azizbekning asli bir bachcha-da» der.

Ularning bu muzokaralarini chetda eshitib turgan xufiyalardan biri bu soʻzni Azizbekning qulogʻiga etkazur. Ertasiga Azizbek mazkur ikki kishini oʻz huzuriga oldirib maxtovchigʻa ulugʻ mansab ato qilar va ikkinchisini oʻlimga buyurar... Bu hukm majlisida hozir turgan otam mahkumning gunohini soʻraganida Azizbek jallodga baqirar: «Tezroq olib chiq!» Otam tagʻin qulliq qilgʻanida jallodgʻa buyurar: «Qoʻling-dagʻini boʻshatib, oʻrniga hojini olib chiq!» — Mana koʻrdingizmi, otamning qadru qiymatini.
— Boʻlmasa aholi xongʻa shikoyatnoma yozmaydirmi?
— Nechanchi shikoyatnomani soʻraysiz, — dedi Otabek, — Azizbekdan zulm, jafo koʻrganlar bilan birgalikda endi oʻninchi shikoyatnomamizni yuborgʻandir-miz... Lekin xonning yoʻlboshchisi boʻlgʻan kishining oʻzi zulmda Azizbekdan bir necha zina baland oʻrinni ishgʻol etkuchi kimsa boʻlsa, biz qandogʻ qilayliq. Ammo shunisi ham borki, shu keyingi vaqtlarda Azizbek Qoʻqonning yorligʻ va farmonlarini iltifotsiz qoldira boshladi. «Itoatdan bosh tortmasin...» degan mulohazada yozgʻan shikoyatlarimizdan markazning koʻz yumishi ham ehtimoldir. Har holda Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq toʻyindi, kimdan koʻmak soʻrashgʻa ham bilmaydir.

Yusufbek hojining qanday odam ekani ayniqsa Akram hojiga onglashilib, bu toʻgʻrida ortiq bahs qilinmadi va soʻz boshqa xususlarga oʻtdi.

Ziyofat samimiyat bilan chaqirilgʻanliqdan dasturxon qadrlik mehmonga maxsus turlangan edi. Ziyo shohichi bilan oʻgʻli Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishgʻa sabab boʻlsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib oʻltirar edi. Ul nima toʻgʻrida xayol surib, qaysi toʻgʻrida oʻylar edi — buni bi-lish qiyin boʻlsa ham, biroq uning hozirgi baʼzi harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning koʻzlari ixtiyorsiz kabi qarshisidagi qutidorgʻa qaraydirlar, qutidorning koʻzi oʻziga tushdi deguncha koʻzini undan olib dasturxondagi koʻngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir... Otabekning bu holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni taʼqib etkandek edi.
— Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor soʻradi.
— Oʻzimizning shaharlardan koʻpini koʻrdim, — dedi bek, — Oʻris shahardan Shamayga ham bordim.
— Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi? — deb Ziyo shohichi ajablandi.
— Oʻtkan yil borgʻon edim, — dedi bek, — borishim noqulay bir vaqtga toʻgʻri kelib koʻb mashaqqatlar chekdim.
— Chin savdogar siz emishsiz, — dedi qutidor, — biz shu yoshqa kelib hali oʻzimizning kattaroq shaharlari-mizni ham koʻralmadik; siz oʻrisning Shamayigacha borgʻansiz.
— Yurgan daryo, oʻlturgan boʻryo emish, — dedi Akram hoji.

Oʻris shaharlariga borib savdo qilgʻuchilar Turkistonda juda oz hisobda boʻlib, chet ellarni koʻrgan Otabek majliska tansiqlandi. Oʻrislar toʻgʻrisida allaqanday xayoliy rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilar-ning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelib, undan Shamayda koʻrib, kechirganlarini soʻradilar. Otabek Shamay xotirotini soʻzlab berdi.

Oʻrislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini eshitkuchilarni tonggʻa qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqgʻach:
— Shamayga bormasimdan ilgari oʻz hukmdorligʻi-mizni koʻrib; boshqalar ham shundaydir, deb oʻylar edim, — dedi bek, — lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, oʻzimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men oʻrisning idora ishlarini koʻrib, oʻz idoramizning xuddi bir oʻyinchoq boʻlgʻanligʻini iqror etishka majbur boʻldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima boʻlishigʻa aqlim etmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim boʻlsa, vatanga uchsam, toʻppa-toʻgʻri xon oʻrdasiga tushsam-da, oʻrisning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorligʻ yozib oʻrisning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida oʻz elimni oʻrisniki bilan bir qatorda koʻrsam... ammo oʻz elimga qaytib koʻrdimki, Shamayda oʻylagʻanlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu erda soʻzimni eshitkuchi birov ham boʻlmadi, boʻlsalar ham: «Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?» deb meni maʼyus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam, soʻnggʻidan toʻgʻri soʻzni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi.

Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qaygʻusi tushiga ham kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan hissasiz qolmadilar:
— Amiri Umarxondek odil poshsho boʻlsa, — dedi qutidor, — biz ham oʻrisdan oshib ketar edik.

Ziyo shohichi:
— Bizning bu holga tushishimiz oʻz feʼli xoʻyimiz-dan.

Akram hoji:
— Toʻgʻri.

Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb qoʻydi.
— Manimcha, oʻrisning bizdan yuqoridaligʻi uning ittifoqidan boʻlsa kerak, — dedi Otabek,
— ammo biz-ning kundan-kunga orqagʻa ketishimizga oʻz ora nizoʻimiz sabab boʻlmoqda, deb oʻylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman toʻgʻri. Oramizda bu qoʻrqunch holatka bahaqqi tushunadirgʻan yaxshi odamlar yoʻq, bilʼaks buzgʻuchi va nizoʻchi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurigʻa qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizoʻlarini sizga bir timsol oʻrnida koʻrsatayin: oʻylab koʻrilsin, bu nizoʻlardan bizga qanchalik foyda va qipchoq ogʻaynilargʻa nima manfaat hosil boʻlmoq-da?— Faqat bundan foydalangʻuchilar ikki xalq orasigʻa adovat urugʻini sochib yurgʻuchi bir necha eʼvogar boshluqlargʻinadir. Masalan, Musulmonqulni kim xolis odam, deb oʻylaydir? — Uning yurt uchun qon toʻkishdan boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul oʻz gʻarazi yoʻlida orada yoʻq nizolarni qoʻzgʻab, kuyavi Sheralixonni oʻldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qoʻy kabi yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni oʻldirib, oʻrniga Azizbekdek zolimni belguladi va oʻzini mingboshi deb eʼlon qilib, aqlsiz bir goʻdakni (Xudoyorni) xon koʻtarib el elkasiga mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilgʻanda, zolimlarni oʻrtadan koʻtarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi? Holbuki, Toshkand tarixida misli koʻrilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu Musulmonqul qoʻlidan oldi.

Basharti, Musulmonqul chin inson boʻlsa, insondan vahshiy tugʻilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, oʻz gʻarazi yoʻlida istibdod orqali el ustiga hukmron boʻlgʻunchilar yoʻqotilmas ekanlar, bizga najot yoʻqdir, magar shunday gʻarazchilarni ular kim boʻlsalar ham ish boshidan quvlash va ular oʻrniga yaxshi xolis odamlarni oʻtquzish najotimizning yagona yoʻlidir.

Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni soʻzlab ketdi, ular bekning ogʻzigʻa anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, oʻz ora bitmas nizoʻlarning asli manshaʼini ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yoʻsun mulohaza va fikrlari majliska chuvalgʻan ipning uchini topib bergandek boʻlib, lafzan boʻlmasa ham maʼnan ularning tahsin va olqishlarini oldi.

Otabek xufton namozi uchun tahorat olishgʻa mehmonxonadan chiqgʻan edi, uning keticha:
— Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qoʻydi.
— Umri uzoq boʻlsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqlligʻi ekan... Agarda xon koʻtarish manim qoʻlimda boʻlsa edi, xon qilib Otabekni koʻtarar edim... Oʻzi oʻqugʻanmi?

Bu maxtovlar bilan terisiga sigʻmay ketkan Hasanali javob berdi:
— Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin uch yilcha boʻldi, xoʻjamiz madrasadan olib savdo ishiga qoʻydilar.
— Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor.

Ahli majlis Otabekni koʻklarga koʻtarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlargʻa ishtirok etmas va nimadandir gʻijingʻandek koʻrinar edi. Shu orada qutidorning «uylanganmi?» deb Hasanalidan soʻrashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi. Hasanalining soʻra-gʻuchigʻa bekning qiz yoqdirmasligʻini sabab koʻrsatib, shu kungacha uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan soʻng ul toqatsizlangʻandek boʻldi:
— Balki begingizning tamaʼlari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundogʻ yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr boʻyi azob ichida oʻtkazadirlar...

Sababiga tushunish qiyin boʻlgʻan bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi:
— Men uning xon qizini olish maqsadi borligʻini bilmayman, — dedi kulimsirab, — biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli boʻlgʻanim holda menga ham qattigʻ soʻz aytishdan saq-langʻan bir yigit oʻz nikohida boʻlgʻan ozod bir qizgʻa albatta zahmat bermas, deb oʻylayman. Baʼzi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin olib, xotinlarigʻa zulm qiladirgʻan hayvonsifat kishilardan boʻlib ketishi menimcha ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid...

Hasanali oʻtkan faslda Homidning oʻz ogʻzidan xotinlarigʻa qarshi qamchi ishlatkanini eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirgʻi jumlasi Homidni erga qaratib, lom deyishka majol bermay qoʻydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»? degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu soʻradi:
— Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qoʻlansa gaplar uchun yaratilgʻan odam.

Qutidor ham Hasanalining koʻnglini koʻtarib tushdi:
— Gapingiz toʻgʻri, ota, — dedi, — Otabek xon qizigʻa loyiq bir yigit ekan.

Bahslashish uchun Homidga yoʻl qolmagʻan edi. Bir turlik iljayib er tegidan Hasanaliga koʻz tashladi.

Oshdan keyin boshlab Homid, soʻngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan qutidorning yoʻllari bir boʻlgʻanliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan, bek bilan xayrlashdi:
— Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi?
— Xoʻb, amak.
— Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytagʻa bu kun biznikida qolsangiz boʻlmasmi-a?
— Rahmat... Xayr, salomat boʻlingiz.

Ular toʻxtab soʻzlashqan oʻrinlaridan xayrlashib uzoq-lashgʻach, shundagi bir burchakdan choponigʻa burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomongʻa qarab yurdi...

Bek Oshiq

Saroy tinch uyquda, tun yarim. Hasanali hujraning uzun burama qulufini ochib ichkariga shamʼ yoqdi va bekning toʻshagini yozib uning kirib yotishini kutib turdi. Ammo Otabek nima uchundir tez kira bermadi. Hujra eshigini ochilgʻanidan, shamʼ yoqilib, oʻrin yozil-gʻanidan goʻyo xabarsiz kabi ustungʻa suyalgʻancha qotib turar edi.
— Oʻrningizni yozdim, bek.

Otabek bu soʻz bilan hujraga kirdi va borib toʻshagi yonigʻa oʻlturdi. Hasanali bekning eshinib yotishini kutib turar, chunki uni yotquzib yoqilgʻan shamʼni oʻzi bilan narigi hujraga olib chiqmoqchi edi. Biroq Otabek toʻshagi yonigʻa oʻlturdida, yana oʻylab qoldi... Otabek bir necha kunlardan beri Hasanalining koʻziga boshqacha koʻrinar edi.

Hasanali 2 yu\u1054 Otabekda shu kungacha koʻrilmagan qiziq bir holatka besh-olti kundan beri ajabsinib yurar edi. Hasanalini ajabsindirgan holat ham bekning shuning singari xayol ichida barchani unutib qoʻyishi va boshqa ishlarga eʼtibor va parvosizligi edi.

Hasanali bekning hozirgʻi ipidan-ninasigacha boʻl-gʻan qiziq holini uzoq kuzatib turdi.

Lekin Otabek xayol surishdan zerikmasa ham Hasanali kuzatishidan zerikdi.
— Menda yumushingiz yoʻqmi?

Otabek bu gapni onglamadi shekillik, Hasanalining yuziga koʻtarilib qaradi-da, yana koʻzini bir nuqtagʻa tikib qoldi. Bu holatdan Hasanalining andishasi ortib, bekning bunchalik angravlanishigʻa qanday maʼno berishini ham bilmas edi. Otabek shu holda tagʻin qanchagʻachadir oʻlturdi, nihoyat uyqudan uygʻongʻan kishidek soʻchib oʻzini kuzatkuchiga qaradi:
— Chiqib yotmaysizmi?
— Menda yumushingiz yoʻqmi?
— Nima yumushim boʻlsin, shamʼni ham olib keting.

Hasanali shamʼni olib, oʻz hujrasiga chiqdi. Uning hujrasi Otabekning bilan bir qatorda boʻlib, gazmol, poyafzal va shuning singari mollar ila toʻlgʻan va Otabekdan boshqa, alohida hujrada turishi ham shu mollarni saqlab yotish uchun edi. Hasanali oʻrnini yozar ekan «tavba» deb qoʻydi.

Yuqorida soʻzlangʻanidek, Otabekdagi bu holatni biror haftalardan beri payqasa ham hozirgidek andishaga tushmagan va bunchalik diqqat etmagan edi. Xoʻja-zodasidagi bu holat uni har turlik mulohazalarga olib keta boshladi. Toʻshagi ustiga oʻlturib, oq soqolini oʻng qoʻli bilan tutamlab oʻylar edi: savdo toʻgʻrisida biror xato qildimi, Ziyo shohichinikida taomdan tuzukroq to-tinmadi, biror ogʻrigʻi bormikan... Musofirchiliqda ogʻrisa... Ammo bu mulohazalarining bittasiga ham oʻzi qanoatlanmadi. Zero savdo toʻgʻrilari undan yashirin emas, ogʻrigʻanda ham albatta shikoyat eshitar edi.

Oʻylab-oʻylab bir narsaga ham aqli etalmagach, oʻrnidan turib toqchada yonib turgan shamʼni oʻchirdi. Hujra orqa-oʻngni ajratib boʻlmasliq qorongʻilandi. Qo-rongʻida turtinib hujra eshigiga keldi-da, avaylab gʻijirlatmay eshikni ochdi va sekingina tashqarigʻa bosh chi-qarib saroyni kuzatdi. Kishi yoʻqliqqa qanoat hosil etib, mahsichan oyogʻini ohista qoʻyib Otabek hujrasining yonida toʻxtadi, saroyni yana qarab chiqdi. Saroy qop-qorongʻi, tinch uyquda, ammo bu tinchlikni saroy ot-xonasidagi otlarning kart-kurt xashak chaynashlari va atrofdagi xoʻrozlarning qichqirishlarigʻina buzar edilar. Hasanali sekingina daricha ostigʻa yotib hujra ichiga quloq soldi. Hujra ichi tinch edi. Oradan uch-toʻrt daqiqa fursat oʻtib hujradan ship etkan tovush eshitmadi. Tagʻin bir necha daqiqa quloq uzmay turib, soʻngra oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻlgʻan edi, ichkaridan «ufff» degan ixrash eshitdi. Hasanalining quloqlari tikkayib oʻrnidan turdi, koʻzi olalangʻan edi.
— Bek ogʻriq, — dedi koʻngildan va jazmlanib hujra eshigiga yurib keldi. Eshikni ochib Otabek yonigʻa kirmoqchi edi. Eshikni itarishka borgʻan qoʻlini qoldirib «balki ogʻriq emasdir» deb toʻxtaldi. Yana kiraymi, yoʻqmi, deb ikkilanib turgʻandan keyin yurib, oʻzining hujrasiga keldi. Ammo Otabek toʻgʻrisidagi tashvishi boyagʻidan oʻn qayta ortqan edi. Yeshinib uxlargʻa yotqan boʻlsa ham bekning xususi uni koʻz yumgʻali qoʻymadi. Bek toʻgʻrisida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «Oʻgʻlim yosh, sen dunyoning issiq-sovugʻini tatigʻan va manim ishongan kishimsan. Oʻgʻlimning har bir holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb taʼkidlashi, Otabekning onasi — Oʻzbek oyimning yoshliq koʻz bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlangʻandek boʻlar edilar. Uxlab ketalmadi. Koʻynakchan egniga choponini yopinib oʻrnidan turdi, hujradan chiqib Otabek darichasi ostigʻa yana kelib oʻlturdi.

Tun ayoz, izgʻiriq el toʻrt tarafka yugurib jon achitmakchi boʻlar edi. Hasanali yarim yalangʻoch holda junjayib daricha ostida, izgʻiriq quchogʻida oʻlturar erdi. Ul egan sovugʻigʻa iltifot etmas, vujudini izgʻiriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborgʻan edi. Hujra ichiga bir muncha quloq solib oʻlturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan uzdi, Otabekning pishillab uxlagʻan tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan ariyozgʻan boʻlsa ham oʻrnidan qoʻzgʻalmadi, nima uchundir tagʻin ham sovuqqa junjib oʻltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat oʻtib, Hasanali tamom tinchlandi, ham turib ketmakchi boʻldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi:
— «Qora koʻzlari, kamon qoshlari...»
— A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulogʻini tirqishgʻa olib bordi. Endi uning butun borligʻi quloq boʻlib aylangan, oʻzini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqgʻan edi. Oʻrtadan koʻb fursat oʻtmadi, boyagʻi uyqusirash yana takrorlandi:
— «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, choʻchib qochishlar... Uff».

Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolgʻan maʼnolar bu keyingi gap bilan eshildi.

Hasanali endigi oʻlturishni ortiqcha topib oʻrnidan turdi, hujrasiga kirar ekan, boshini chayqab oʻzicha soʻzlandi:
— Bek oshiq! Oʻrni ustiga choponini yopdi-da, koʻrpasi ichiga kirib oʻlturdi va «chindan oshiqmi?» degan savolni koʻnglidan kechirdi. Tanish boʻlmagʻan bir shaharda kimning boʻlsa ham qizigʻa uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yangligʻ uyquda ham... masalaga bu jihat bilan qarab bekning ishqigʻa ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulogʻi ostida bekning oʻz ogʻzidan eshitilgan— «kulib boqishlar, choʻchib qochishlar...» jumlalari takrorlangʻandek boʻlib xoʻjazodasidagi bir necha kunlik oʻzgarishka muhabbatdan boshqa hodisa, deb maʼno beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning oʻng-tersini aylandirib muhokama qildi va oʻlchadi.

Hasanalining oʻzi tarozuning ishonmasliq pallasida boʻlsa ham — «kulib boqishlar, choʻchib qochishlar» hamon quloqlari ostida takrorlanar edilar. Tun tong otargʻa yaqinlashgʻan, uning uyquliq miyasi hech bir turlik bu muammoni esha bilmas edi. Koʻb oʻylasa ham bir qarorgʻa kela olmadi. Ammo ertaga bekning oʻzini sinab koʻrmakchi boʻlib koʻzi uyqugʻa ketdi.

Margʻilon Havosi Yoqmadi

Ertalabki choy hozirlangʻan. Otabek xomush oʻlturub, Hasanali ersa uning holini taʼqib etmakda edi. Oradagʻi soʻzsizlik bir piyoladan choy ichkuncha buzilmadi. Oxirida Hasanali Otabekning tusiga bir necha qayta koʻtarilib qoʻydi.
— Bir necha kundan beri xomushroq koʻrinasizmi?

Otabek savol tashlagʻuchigʻa qarab oldi va tasdiq ishorasini berib:
— Bilmadim, — dedi va bir oz toʻxtab izoh berdi. — Xomushligim sizga ham sezildimi, bilmadim... Mar-gʻilon havosi mizojimga toʻgʻri kelmaganga oʻxshaydir...
— Aytkaningizdek, — dedi Hasanali. — Margʻilonning havosi buziq ekan, bir-ikki kundan beri manim ham ahvolim oʻzgarib boshladi. Margʻilondan tez joʻnamasaq men ham ishdan chiqadirgʻan oʻxshayman...

Bu gapdan keyin Hasanalining koʻzi bekka tikilgan edi, agar tundagi uyqusirash Hasanalining oʻylagʻan ehtimoliga toʻgʻri kelsa, oʻzining haligi soʻzi Otabekka bir oʻzgarish berishida shubha qilmas edi.

Otabek boshi berk koʻchada qolgʻondek boʻldi, javobgʻa qiynaldi:
— Ketamiz, — dedi bir oz oʻylangʻandan keyin, — mol baholari toʻgʻrisida bitisha olmay turamiz — olgʻuchilar arzon soʻraydirlar. Shuning uchun tagʻin bir necha kun qolishimizgʻa toʻgʻri kelarmikin. Bilmadim...

Hasanalining sinashi nihoyatiga etkandek boʻldi, hatto yuqoridagʻi javobni eshitkan vaqtida nima uchundir oʻzini bir turlik kulgidan arang toʻxtatib qolgʻan edi. Yana oʻrtada xomushlik hukm surib, Hasanali ishni tuzikroq ochish va yo shu koʻyi qoldirib ketaberish talashida edi. Hasanali bekning har bir siriga oʻzini mahkam deb hisoblagʻanliqdan, darhaqiqat, Otabekka mahram boʻlishgʻa loyiq bir mehribonchiliqqa ega boʻlgʻanliqdan xoʻjazodasi bilan ochiq soʻzlashish fikriga keldi. Bir necha daqiqa muqaddima uchun reja qurib oʻlturgandan soʻng tilga keldi:
— Oʻgʻlim, Otabek.
— Soʻzlangiz.
— Aytingiz-chi, men sizning kimingiz?

Otabek, Hasanalining maqsadigʻa tushunolmay maj-hul unga nazar tashladi:
— Sizmi? — deb kulimsiradi. — Otam boʻlmasangiz ham meni otaliq muhabbati bilan suygan sodiq va mehribon bir kishimsiz — yaʼni maʼnaviy otam.
— Barakalla, oʻgʻlim, — dedi Hasanali, — javobingiz oʻz oʻylagʻanimchadir. Endi sizdan shuni ham soʻrayin: xoʻjasigʻa sodiq bir qul, sizning taʼbiringizcha, maʼnaviy bir padar oʻz oʻgʻligʻa yomonlik sogʻinarmi, bu toʻgʻrida javob beringiz-chi?

Otabek kutilmagan bu savoldan ajablandi:
— Soʻzingizga tushunolmadim, ota, — dedi, — shundogʻ boʻlsa ham javob beraman: bu kungacha siz yolgʻiz meninggina emas, bizning oilamizga otaliq mavqiʼida turib, yaxshiliqdan boshqani sogʻinmay kelasiz.

Hasanali tusini buzmadi:
— Ilgariroq balki shundogʻ boʻlgʻandir, ammo endi, ayniqsa siz...
— Ayniqsa men... ochib soʻzlangiz.
— Ayniqsa sizning menga saqlagʻan ishonchingiz tugalganga oʻxshab, oʻzimdan qandogʻ kamchilik oʻtkaniga hayratdaman.
— Qiziq gaplar soʻzlaysiz, — dedi Otabek, taajjubi ortqan edi. — Menga qandogʻ yomonlik sogʻindingiz-ki, sizga ishonchim bitsin? Vasvasalanishning oʻrni yoʻq, mundan soʻng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga, ham vujudingizga muhtojman, amonatim, boshqam mundan keyin ham ona qornida saqlangʻandek sizda saqlanishigʻa ishonaman va bunga sizning ham amin boʻlishingiz kerak, ota.
— Lekin... til bilan koʻngil boshqa-boshqadir, oʻgʻ-lim...

Otabek bu ters va qoʻrs muqobaladan toqatsizlandi:
— Yanglishasiz, ota.
— Yanglishmayman, bilʼaks bilib, qanoatlanib soʻz-layman.
— Tilim bilan koʻnglimning boshqaligʻini isbot qilingiz.

Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va:
— Mendan yashirib yurgan bir sirringiz bor, — dedi.
— Sizdan yashirgʻon bir sirrim bor?
— Bor oʻgʻlim, bor, — dedi Hasanali, — agar daʼvongiz toʻgʻri boʻlsa, menga chindan oʻz kishim deb qarasangiz oʻsha sirni yashirmangiz.

Otabek toʻsatdan oʻzgarib, boyagʻi asabiylik holatini yoʻqotti, shundogʻ boʻlsa ham oʻzini yigʻib kulgan boʻldi:
— Hali shunaqa sizdan yashirin sirrim bormi?
— Bor.
— Boʻlmasa, marhamat qilib kashfingizni soʻzlangiz.

Hasanali piyolani ogʻziga koʻtarib, choyni hoʻpladi, kashfini ochti:
— Margʻilongʻa kelgan kunlardan boshlab sizda qiziq bir holat bor, — dedi, — siz bu holatni «Margʻilon havosi yoqmadi» deb taʼbir qilsangiz ham men mundan boshqa narsalar payqayman...

Otabek oʻziga qattigʻ tikilib turgʻan Hasanalidan yuzini chetka burishka majbur boʻldi. Goʻyo bu sehrgar chol hamma sirrni betdan oʻqub olar edi. Hasanalini hamon oʻziga tikilib turgʻanini bilib, manglayini qashigʻan boʻldi:
— Xoʻsh, davom etingiz...
— Bu sirringizni mendan yashirmoqchi boʻlasiz, — dedi tamom qanoat bilan Hasanali, chunki, endi oʻz kashfiga juda ishongʻan edi. — Xayr, yashirmoqqa ham balki haqqingiz bordir... ammo shu koʻyi sir saqlash bilan birar natijaga etish mumkinmi?
— ...

Otabek qip-qizil qizarib gunohkorlardek erga qara-gʻan edi. Hasanalining yuziga padorona tarahhum tusi kirib, keksalarga maxsus ohangdor bir tovush bilan bek-ning ustidagi ogʻir yukni ola boshladi:
— Aybi yoʻq, oʻgʻlim, — dedi, — muhabbat juda oz yigitlarga muyassar boʻladigʻan yurak javharidir. Shuning bilan birga koʻb vaqtlar kishiga zararlik ham boʻlib chiqadir. Shuning uchun kuch sarf qilib boʻlsa ham unitish, koʻb oʻylamaslik kerakdir.

Bu keyingi gap bilan Otabek koʻtarilib Hasanaliga qaradi va uzoq tin olib yana erga boqdi.

Goʻyo buning ila «unitish mumkin emas» degan qatʼiy soʻzni aytkan edi. Oragʻa soʻzsizlik kirdi.

Ikkisi ham fikrga tolgʻan edi. Hasanalining ortiqcha berilib oʻylagʻan kezda soqolini qayirib tishlaydigan bir odati boʻlib, hozir ham soqolini yamlash bilan mashgʻul edi. Uzoq oʻylagʻandan soʻng ishning ochilmay qolgʻan qismini eshishni boshqa vaqtgʻa qoldirmoqchi boʻldi.

Chunki Otabek shuning oʻziga ham yaxshigina qizarinib, boʻrtingan edi.

Kiroyi Kuyaving Shundogʻ Boʻlsa!

Poyafzal bozori va uning burchagidagi havli... Oʻqugʻuvchi albatta bu havlining egasi bilan tanish chiqar. Koʻrimsiz, chirk bosib qoraygʻan, juda koʻb xizmat qilib keksaygan, ochib-yopqanda anvoʻi — turlik dodi-faryod qiladirgʻan, bunda sanalgʻan sifatlarini bir erga jamlab natija chiqargʻanda «sharti ketib, parti qolgʻan» bir darbozaning ostonasidan uch-toʻrt qadam ichkariga kirilsa Buxoro zindonlaridan birini his etilur va qorongʻu yoʻlakning nihoyatidagi yorugʻliqqa tomon oshiqilur. Qoqilib-suqilib yoʻlak zindonidan qutilingʻach bir ulugʻ ariq yoqasigʻa, oʻrdadek havliga chiqilur va rohat tin olinur. Havlining kun chiqarida kun botishigʻa qaratib solingʻan, uncha maxtarliq boʻlmasa ham ammo zamonasining oldingʻi binolaridan hisoblangʻan bir ayvon bilan bir uyga koʻz tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan boʻsh, shuning uchun bu havli oilaning tashqarigʻi qismi — mehmonxona ekanligi onglashilur.

Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan oʻralgʻan va bu hujralarning barcha eshiklari yopiq va qulflangʻan holda boʻlib mollar bilan bandligi va uy egasining davlatlik kishi boʻlgʻanligʻi bilinur. Havlining janub tarafi doʻkonlar orqasi, ammo katta tup gilos yogʻochlari qoplab yotadirlar.

Endi biz tashqari havlini qoʻyib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari havlining yoʻlagi ham nargisidek usti va bagʻri yopiq — qorongʻu, yoʻlakning nihoyatiga borib oʻngga yurilsa axtaxonaga, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulugʻ bir havliga chiqarmiz. Havlining toʻrt tarafi turlik ehtiyoj binolari bilan va toʻrdagi binoning ikki biqini katta uylar bilan oʻralgʻan boʻlib, shu ikki uyning orasigʻa oʻlturgan koshinkor va naqshin chorxari ayvon bu havlining birin-chi martaba koʻzga chalinadirgʻan ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning oʻrta bir erida, ustiga atlas koʻrpalar yopilgʻan tanchaning toʻrida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar poʻstin kiyib bir kishi oʻltu-radir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib oʻlturmaymiz, chunki, bu odam oʻqugʻuchi bilan tanishqan — Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas koʻynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshigʻa oq dakanani xom tashlagʻan, oʻttuz besh yoshlar chamaliq goʻzal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, toʻgʻriliq maʼnolari tomib turgʻan bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi etmishlardan oʻtkan bir kampir. Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. Oʻchoq boshida qoʻpolgʻina, qirq besh yoshlar chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning choʻrisi — Toʻybeka. Biz bular bilan tanishishni shu erda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqalik uyga kiramiz, ham uyning toʻriga solingʻan atlas koʻrpa, par yostiq quchogʻida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uygʻoq yotqan bir qizni koʻramiz.

Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonigʻa tartibsiz suratda toʻzgʻib, quyuq jinggila kiprak ostidagʻi timqora koʻzlari bir nuqtagʻa tikilgan-da, nimadir bir narsani koʻrgan kabi...

qop-qora kamon, oʻtib ketkan nafis, qiyigʻ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan choʻchigan kabi... toʻlgʻan oydek gʻuborsiz oq yuzi bir oz qizilliqgʻa aylangan-da, kimdandir uyalgʻan kabi... Shu vaqt koʻrpani qayirib ushlagan oq nozik qoʻllari bilan latif burnining oʻng tomonida, tabiʼatning nihoyatda usta qoʻli bilan qoʻndirilgʻan qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib oʻlturdi. Sariq rupoh atlas koʻynakning ustidan uning oʻrtacha koʻkragi bir oz koʻtarilib turmoq-da edi. Turib oʻlturgach boshini bir silkitdi-da, ijirgʻanib qoʻydi.

Silkinish orqasida uning yuzini toʻzgʻigʻan soch tolalari oʻrab olib jonsoʻz bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida koʻringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi.

Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh ogʻrigʻi va koʻz tinishka oʻxshash ogʻrigʻlardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortiq urinmasin» deb bu kun namozga ham uygʻotdirmagʻan edi.

Kumush, kiyinib uydan chiqdi, Toʻybeka tomonidan hozirlanib berilgan issigʻ suv bilan yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib otasining yonigʻa kelib oʻlturdi.

Qutidor qizini kuzatdi:
— Tuzikmisan, qizim?
— Yoʻq, otajon, boshim hamon ogʻrib turadir.

Qutidor qizining peshonasini ushladi:
— Ey-ha, Kumush, hali issigʻing bor, — dedi. — Oʻzingni teja qizim, oʻrningni qalin qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. Toʻybeka, Kumushning choyini oqlab ber-chi.

Oftob oyim erining soʻzini kuchlab tushdi:
— Issigʻi bor, yuzi ham qizarib boʻrtib turibdir.

Oʻzining ruhsiz tovushi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi.
— Nax kechasi bilmapsiz, nax meni qoʻrqitib enka-tenkamni chiqardi. Isitmasi aralash allanuchka soʻzlarni aytib chiqdi...

Kumushbibi yalt etib buvisiga qarab qoʻydi.
— Oʻsha harorati gʻarizaniki hammasi, — dedi qutidor. — Men bu kun birar hakimdan soʻrab qaraychi... Ol qizim, shu piyoladagi choyingni ich-chi, — dedi va tagʻin bir qayta qizini kuzatdi.

Choyni ichib boʻlgʻandan keyin qutidor fotiha oʻqub oʻrnidan turdi:
— Men senga aytib qoʻyay, Kumush, — dedi turar ekan qutidor Oftob oyimgʻa, — bu kunga bir mehmon aytkan edim. Choʻringni chiqarib mehmonxonani tozalat. Anovi yangi qoplagʻan koʻrpalaringni ber, tanchaga oʻshani yopsin. Katta gilamni ham chiqar, uyingda mevalaring bor edimi?
— Bor.
— Bor boʻlsa yaxshi. Bir ozdan soʻng et olib kirguzarman, varaqi pishirib qoʻyingiz.

Oftob oyim varaqi pishirishdan u kungi mehmon-ning uncha-muncha kishi boʻlmagʻanligʻini bildi.
— Qanaqa mehmon edi?
— Sen tanimassan, toshkandlik bir yigit, tagʻi shu erda-gi uch-toʻrtta ogʻaynilar. Tuzikmi, aytkanlarimni uqdingmi?
— Uqdim-uqdim.

Kumushbibi otasining soʻziga iltifot qilmadi. Qutidor doʻkoniga joʻnagʻandan keyin Oftob oyim Toʻybekani mehmonxonagʻa buyurdi va oʻzi xamir qilishgʻa oʻlturdi. Kumushbibi xomush edi.

Bir narsa toʻgʻrisida oʻylarmidi yoki bosh ogʻrigʻisi kuchlikmidi, har holda namozshom gul kabi yopiq edi. Qarshisida oʻlturgʻan buvisining oʻtkan-ketkandan qilgʻan hikoyalariga erinibgina quloq berar va koʻnglini ochish uchun aytilgan qiziq soʻzlarga iljayish bilan javoblanar edi.

Kumushbibi oʻzining bir soatcha vaqtini shu koʻyi kechirdi, soʻngra oʻrnidan turib kichkina latif oyoqla-rigʻa otasining yaqindagʻina olib bergan qala kavshini kiydi va oshxona yumishi bilan qorishib yotqan onasi-ning oldigʻa bordi.

Kumushbibi endi oʻn ettini qoʻyib oʻn sakkizga qadam bosqanliqdan boʻyi ham onasigʻa etayozgʻan, ammo jussasi onasigʻa koʻra toʻlaroq edi. Onasining yumishigʻa bir oz qarab turgʻanidan keyin tashqarigʻa tomon ketdi. Ayvonning bir chetidan mehmonxonada gilam toʻshab uringan Toʻybekaga qarangʻan boʻldi-da, ayvonning oʻrta ustuniga kelib suyandi. Endi boyagʻigʻa qaragʻanda bir oz engillangansumon, jon olgʻuchi qora koʻzlari harakatlana boshlagʻan, boʻgʻriqqan qizil yuzlari ochilinqiragʻan edilar. Ayvon ustuniga suyangʻach, qora qiyigʻ qoshlarini chimirib koʻcha yoʻlak tomongʻa qaradi, bir oz qarab turdi-da, ayvondan erga tushib yoʻlak tomongʻa, ariq boʻyigʻa ketdi. Suv bir doʻkonning ostidan chiqib, bu havlida uch-toʻrt quloch chamasi ochiq havoda oqar va koʻprik-tom ostigʻa ketar edi. Kumushbibi ariq boʻyidan bir oʻrinni koʻzladi-da, sakrab narigi yuziga oʻtdi va choʻnqaydi. Uning koʻzlari mulo-yimgʻina suv ustiga ogʻdilar. Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshgʻina oqib kelar, Kumushbibining qarshisigʻa etkanda goʻyoki, uning taʼzimi uchun sekingina bir charx urib qoʻyar, oʻz ustida oʻlturgan sohiraning sihriga musaxxar boʻlgʻan kabi tagʻi bir kattaroq doirada aylangach, ohistagʻina koʻprik ostigʻa oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz bu harakatini uzoq koʻzdan kechirib oʻlturgʻach, qoʻl uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini oʻpib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, goʻyoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Ikkinchi, uchinchi qaytalab yuz yuvishda bu fitna tagʻi ham kuchaydi...

Nozik oyoqlar toldilar shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, ariq boʻyini va uning suvlarini tashlab ketdi.

Boyagʻigʻa qaragʻanda anchagina engillanib ichkariga kirdi, harakatlari ham bir muncha oʻzgargan edi. Oysha buvi undagi bu oʻzgarishdan soʻyindi:
— Yengil tortdingmi, qizim?
— Shukur...
— Endi ortiq urinma qizim, tinch oʻltur.

* * *

Qish kunlari bir tutam, «ha, deguncha» kech boʻladir. Bu kun ham «ha deguncha»ga ham qolmay kech boʻlgʻan, mehmonlarning kelishkaniga yarim soatlab vaqt oʻtkan edi. Qutidor mehmonlarni ixlos va samimiyat bilan kutar, ziyofat quyuq-suyuqlari bilan toʻla-toʻkis davom etar edi.

Toʻybeka ichkari bilan tashqarigʻa yugurib dasturxon yangilar, choy tashir edi. Xizmat tugalayozgʻandan keyin Toʻybeka oʻzining sovub qolgʻan oshini emak uchun Oftob oyimlar yonigʻa oʻlturdi.

Soʻzdan soʻz chiqib Oftob oyim Toʻybekadan soʻradi:
— Mehmonlar qanaqa kishilar ekan, tanidingmi?
— Nax siz yosh mehmonni koʻrmabsiz, dunyogʻa kelmabsiz, — dedi Toʻybeka oʻngu ters osh chaynab,
— bir chiroylik, bir aqllik, tagʻin oʻzi hammadan yuqorida oʻlturadir; hali yigirma ham bormagʻandir, moʻylabi ham endigina chiqa boshlagʻan... Nax bizga kuyav boʻladigan yigit ekan, — dedi va Kumushka qarab kulib qoʻydi. Bu soʻzdan Oftob oyim ham kulimsirab qizigʻa qaradi:
— Ana, Kumush, sen eshitdingmi, opangning soʻzini, Toʻybeka senga er topqan, sen boʻlsang boshim ogʻriydir deb yotasan.

Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari koʻrinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi.
— Qolgʻan xizmatlaringizning bittasi endi menga er topish edi.

Toʻybeka Kumushning tundlanishini elamadi:
— Ey... singlim, hali sen bilmaysan, — dedi, — u yigitni bir koʻrgin-da, hu, deb ketabergin... sen tugil, shu yoshim bilan menim ham unga tekkim keldi, — dedi va xaholab yubordi.

Kumushbibi chirt etib yuzini Toʻybekadan oʻgirdi.
— Tezroq tegib qoling.
— Koshki edi tegalsam, — dedi Toʻybeka, — men uning bir tukiga ham arzimayman. Ammo sen boʻlsang uning bilan tenglashar eding. «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan». Xa-xa-xa!..

Toʻybekaning shuningdek hangomalari boshqa vaqtlarda Kumushni yaxshigina kuldirsa ham hozir unga yotishib kelmadi shekillik, achchigʻlangʻan koʻyi yotish uchun uyiga kirib ketdi. Oftob oyim «bachcha-machchadir» deb oʻylagʻan edi. Shuning uchun bu toʻgʻrida soʻz ochmadi.
— Tashqaridan xabar olingizchi, opa, — dedi Oftob oyim, — choy kerak boʻldimikin.

Toʻybeka nari-beri oshini eb tashqarigʻa chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt oʻtkan yo oʻtmagan edi, hovliqib ayvonga keldi:
— Tuf-e, qurib ketsin jonim chiqib ketdi-ya! Bir soatdan beri joynamozdan qoʻzgʻalmay tasbih agʻdarib oʻlturgan Oysha buvi Toʻybekani boshdan-oyogʻ kuzatib yana ishiga mashgʻul boʻldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan soʻradi:
— Nima boʻldi, nega muncha qoʻrqish?

Toʻybeka damini rostlab ustunning tegiga oʻlturdi:
— Pochchamdan dasturxonni olib qoqish uchun gilosning yonidan oʻtarmanmi, allakim baloga turtinib ketdim. Qoʻrqqanimdan oz qoldiki, dodlab yuborsam... Chamasi mehmonlargʻa qarab turgʻan ekan.
— Kimbalo ekan?
— Qorongʻuda yaxshi ajratolmadim, tusini gʻira-shira anovi qora Homidgʻa oʻxshatdim. Tagʻi umi-boshqami— xudo bilsin, shatir-shutir qildi-da, chiqib ketdi.

* * *

Qutidor mehmonlarni joʻnatib yotish uchun eshinar ekan, Oftob oyim soʻradi:
— Chiroylik yigit, aqllik yigit, deb maxtiy-maxtiy Toʻybekaning ichagi uzildi, u kim edi?
— Mehmonimiz oʻsha edi, — dedi qutidor, — toshkandlik Yusufbek hoji otligʻ yaqin oshnamning oʻgʻli.
— Toʻybekaning maxtagʻanicha bormi, oʻzi?
— Bor, — dedi qutidor va gʻitalandi, — xudo kishiga oʻgʻil bersa shundayini bersin-da.

Oftob oyim kula-kula Toʻybekaning Otabek toʻgʻri-sida soʻzlagan gaplarini va Kumush bilan boʻlgʻan mojarosini soʻzlab chiqdi. Qutidor ham kulgidan oʻzini toʻxtatolmas ekan:
— Tentagingning aqli balo, kiroyi kuyaving shundogʻ boʻlsa, — dedi.

Toshkand Ustida Qonliq Bulutlar

Bu kunlarda Margʻilonda shunday xabar chiqib qoldi. «Toshkand hokimi boʻlgʻan Azizbek Qoʻqongʻa qarshi bosh koʻtargan. Xon tomonidan xiroj (zakot, soliq) uchun yuborilgʻan devon beklarini oʻldirgan!» Ikkinchi kun bu xabar tagʻi ham boshqacha toʻn kiydi: «Musulmonqul Normuhammad qushbegiga besh ming sipoh qoʻshib, Toshkand ustiga joʻnatqan!» Bu xabarlar xalq tomonidan juda oddiy, ortiqcha sovuqqonliq bilan qarshi olindilar. Bu voqiʼaga hech kim ajabsinmadi va bunda favquloddaliq koʻrmadi. Xalq bunga haqli edi, chunki, bunday tinchsizliklarni endi koʻra-koʻra juda ham oʻrganib qolgʻan, bu kun boʻlmasa ertaga oʻzining botir boshisining, oftobachasining, xullas, kim boʻlsa ham beklaridan birining shunday tinchsizlik chiqarishigʻa «mumkin va boʻladirgʻan ish» deb qarar edi. Ammo biz Otabekni bu toʻgʻrida xalq bilan birgalashtira olmaymiz. Chunki ul bu xabarga sovuqqonliq bilan qaray olmas edi va qaray olmadi. Bu xabarni eshitar ekan, eb turgani ogʻzida, yutkani boʻgʻzida qoldi:

bunday oʻzboshimchalik orqasidan oʻzining ochiq koʻzi, oʻtkir zehni orqaliq mudhish, falokatlik manzaralar koʻrar, millatini — xalqini — musulmonini qoʻrqunch jar, tegsiz jahannam yoqasida, yiqilish oldida topar edi-da, seskanib «oʻzing saqla tangrim!» der edi. Bu xabarni eshitkandan soʻng gangib esini yoʻqotdi. Yarasi yangilandi:
— Oq bilan qorani ajratolmagʻan fuqaroning bir necha gʻarazgoʻ mustabidlar kayfi yoʻlida bir-birisining qonigʻa tashna boʻlishlari va natijada istiqbolning vahim koʻrinishlari! Shunday qaygʻular ichida boʻkib oʻlturar ekan, Hasanali qoʻlida bir maktub bilan hujraga kirdi. Maktubni Otabekka uzatib — «Toshkanddan emish, otangizdan boʻlsa kerak» dedi.

Otabek xatni ochdi: katta qogʻozda, yoʻgʻon qalam bilan yozilgʻan uzun bir maktub edi. Oʻqudi (aynan):

«Huvalboriy ...koʻzimizning nuri, belimizning quvvati, hayotimizning mevasi oʻgʻlimiz mulla Otabekka etib maʼlum va ravshan boʻlgʻaykim, alhamdulilloh biz duogoʻy padaringiz, mushtipar onangiz va yaqin doʻstlaringiz munda Xaq taoloning hifzi himoyatida sihhat va salomat boʻlib koʻz nurimizning duoyi jonini subhi shom, balki aladdavom rabbulolamindan rajo va tamanno etmakdamiz. Janobi Haq bod fursatlarda, yaqin va saʼid soatlarda toʻkis- tugallik birlan diydor koʻrishmakka nasib va roʻzi qilsin, omin yorabbulolamin. Baʼdab soʻzimiz: oʻgʻlim, Margʻilongʻa sihhat va salomat etish maktubingni olib haq taologʻa shukurlar qildik. Bizning Toshkanddan ahvol soʻrasang, balki Margʻilongʻa ham eshitilgandir, munda Azizbek qandogʻdir bir kuchka tayanib Qoʻqongʻa isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelgʻan devon beklarini oʻldirib oʻrda darbozasiga osdi, bunga qarshi Qoʻqon ham tinch yotmagʻan boʻlsa kerak. Bu kun Kirovchidan besh ming sipoh ila Normuhammad qushbegini Toshkand ustiga buyurilgʻanligʻin eshitdik. Fuqaroning tagʻin qandogʻ koʻrguliklari bor ekan, oʻgʻlim! Kechagina qonliq qilichini fuqaro ustida yurguzib turgʻan Azizbekka uning tigʻi zulmi bilan qora qonigʻa belanilgan oʻgʻlining, otasining, onasining, ogʻasining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib bu kun xalq yana Azizbekka, oʻsha qonxoʻrgʻa oʻz qoni bilan yamin etdi; Azizbekni to oʻzining bir tomchi qoni qolgʻunchaliq himoya qilmoqqa ond ichdi.

Azizbekning buyrugʻi bilan kecha oʻrda tegiga barcha Toshkand xalqi yigʻilgʻan, bu yigʻinda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi.

Azizbek oʻrda qorovulxonasidan turib fuqarogʻa salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf boʻlgʻunchilarning koʻz-laridan yoshlar oqmoqda edi. Oʻgʻlim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozgʻanlarimni diqqat bilan oʻqi.

Azizbek oʻrda darbozasigʻa osilgʻan ikki gavdani koʻrsatib soʻradi:

«Fuqaro! Koʻrasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazogʻa mustahiq boʻldilar?» Xalq:

«Bilmaymiz, taqsir».

Azizbekning oʻzi javob berdi:

«Bular Musulmon choʻloqni sarkardalaridan, qip-choqlarning yoʻlboshchilaridan va qora choponning dushmanlaridan boʻlgan ikki toʻngʻizning gavdalari! Men bularni siz qora chopon fuqarom tomonidan oʻch uchun oʻldirdim, siz qora chopon ogʻaynilarning qipchoq qoʻlida shahid boʻlgʻan qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun oʻldirdim! Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro!» Xalq javob berdi:

«Adolat! Xoʻb qilgʻansiz, taqsir! Qipchoqlarning ja-zolari shunday boʻlmogʻi kerak!» Azizbek maqsadgʻa koʻchdi:

«Siz qora choponliqlargʻa xolisona qilgʻan bu xizmatimga qarshi albatta qipchoqlar qasdimgʻa tusharlar, meni Toshkand hokimligidan azl etmakchi va qoʻllaridan kelsa hatto oʻldirmakchi boʻlurlar! Siz bu ehtimolga qandogʻ qaraysizlar?!» Xalq oʻzining quyidagʻi javobi bilan koʻkni koʻtardi:

«Bir tomchi qonimiz qolgʻuncha yoʻlingizda jon beramiz! Qipchoqlarda had boʻlgʻaymiki, biz tirik turgʻan joyda sizning bir tola moʻyingizni xam qilsinlar!» Azizbek xalqqa tashakkur aytib yarasini yordi:

«Rahmat fuqaro! Eshitamanki, qipchoqlar Normu-hammad qushbegi qoʻl ostida Toshkand ustiga harakat boshlagʻan emishlar. Bunga qarshi bizning hozirlanishimiz kerakmi, yoʻqmi fuqaro?!» Xalq:

«Kerak, albatta kerak, taqsir! Agar ruxsat bersangiz, bu kundan boshlab qoʻrgʻonlarni tuzata beramiz!» Azizbek:

«Rahmat fuqaro! Orqamda sizningdek fuqarom turgʻanda menga hech bir qaygʻu yoʻqdir!» Xalq:

«Siz omon boʻlib osoyish oʻltirsangiz, qipchoqqa yoʻl bermaymiz, taqsir! Qoʻrgʻon tuzatishka fotiha beringiz, taqsir!» Azizbek fotiha berdi. Xalq urush hozirligʻigʻa kirishdi. Ana, oʻgʻlim, bizning xalqning holiga yigʻlashni ham bilmaysan, kulishni ham! Har holda Toshkand ustiga yana qonliq bulutlar chiqdi, ishning oxiri nima bilan tinchlanar— bu bir xudogʻagʻina maʼlumdir. Boshqa soʻzlardan ham ortiqroq esingga shuni solib oʻtayki, siyosat toʻgʻrila-rida oʻylanibroq soʻzla! Arzimagan sabablar bilan talaf boʻlgan jonlarni hamisha koʻz oldingda tut! Sen bilan manim koʻngillari-mizdagi yaratgʻuchigʻagʻina maʼlum boʻlib, ammo Fargʻonada meni Azizbekning sherikidir, deb oʻylashlari va seni bir fitnachining oʻgʻli, deb tanishlari ehtimoldan yiroq emasdir, shu jihatlarni mulohaza qilib oyogʻ bos! Bu tinchsizlik vaqtida sen bilan manim hayotimizning tahlika ostida boʻlgʻanligʻini unutma! Shuni ham aytib qoʻyayki, bu tinchliksiz bosilmagʻuncha Toshkandga kelmasliging maslahatdir. Toshkand tinchlangandan keyin (agar salomat boʻlsam) oʻzim xabar yuborurman. Munda barcha yoru doʻst salomat, mendan Hasanaliga salom ayt! Addoi otang Yusufbek hoji. Toshkand, 27-dalv oyida 1264-yilda yozildi».

Otabek maktubni tugatib, tushunmay oʻtkan jumlalarini qayta koʻzdan kechirar ekan, Azizbek voqiʼasi ustiga kelganda ixtiyorsiz «tulki» deb yubordi.

«...bosilmagʻuncha Toshkandka kelmasliging masla-hatdir!» — bu jumlani oʻqugʻanda, — undogʻ boʻlsa sira tinchimangiz, — dedi-da, yovoshgʻina iljayib qoʻydi...

Majburiyat

Qoʻqondan har kun deyarlik xabarlar kelib turar edi. «Qoʻqon sipohi tomonidan Toshkand oʻraldi» degan xabarga endi oʻn besh kunlab vaqt oʻtgan edi. Ammo hanuz — «Toshkand olindi» degan gap yoʻq edi.

Kechadan beri kishilar ogʻzida: «Normuhammad qushbegi yaralangan, Qoʻqon yigitidan bir yarim mingi qirilgan» degan xabar yurib ketdi. Chamasi, Azizbek osonliq bilan jon beradigan koʻrinmaydir.

Anovi yarasining ustiga Toshkand fojiʼasi kelib qoʻshilgʻach, Otabek tagʻin ham xayolchanlangan, tagʻin ham xomushligini ortdirgan edi. Hatto baʼzi kunlar hujrasidan tashqarigʻa chiqmas, kishilar bilan soʻzlashmas, boshqacha aytkanda kundan-kunga goʻshanishinlikka yaqinlashib borar edi.

Bu kun ertalabki choydan soʻng Hasanali kechagi fikrini chinlab amalga oshirmoqchi boʻldi.

Chunki Otabekdagi oʻzgarish — kundan-kunga rangining siniqib borishi, hujradan chetka chiqmasligi, xomushligi va boshqalar Hasanalini yaxshigʻina qoʻrquvgʻa solgʻan, oʻzining faqat tomoshachigʻina boʻlib yurishidan rizosiz-langan edi. Durust, ul Otabekning muhabbatiga voqif boʻlgʻanidan beri bir daqiqa ham uni oʻzining koʻz oʻngidan uzoq tutmagʻan: mahbubasi kim, kimning qizi, birar ebini qilsa mumkinmi? — Mana shuningdek masalalarni tekshirib, bilib ham oʻylab kelgan edi. Ammo bu toʻgʻrida Otabekning koʻmagiga chinlab bel bogʻlashdan uni baʼzi ehtimollar toʻxtatib: «Otabek yosh, yoshlar muhabbati uchar qush, balki, bu kun-erta unutib ham yuborar» kabi mulohazalarda boʻlingʻan edi. Nihoyat, Otabekdagi oʻychanliq va oʻzgacha hollarning kundan-kunga kuchayib borishi Hasanali haligi mulohazadan voz kechdirib, boshqa yoʻsunlarni qaratmoqqa majbur etdi.

Garchi uning qarori bir nuqta ustida toʻxtagʻan boʻlsa ham shu holda tinib turmadi, yana yuz turlik boshqacha yoʻsunlarni oʻyladi, ming turlik xayollarga borib qaytdi, ammo ularning bittasini ham Otabek ogʻrigʻigʻa em deb topmadi va nihoyat:
— Koʻray-chi, qadamim muborak boʻlarmikin, — deb qoʻydi.

Kechlik oshni oʻtkazgach, Hasanali oʻz hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonigʻa kirdi.

Otabek «Boburnoma» mutolaasi bilan mashgʻul edi. Baʼzi bir ehtimollarga qarshi oʻzining niyatini bildirmay:
— Menda yumishingiz yoʻqmi, bek? — deb soʻradi Hasanali. — Hammomga bormoqchi edim...

Otabek koʻzini kitobdan uzmay javob berdi:
— Yumishim yoʻq, boraveringiz.

Hasanali chiqdi. Qosh qorayib, qorongʻu tushayoz-gʻan edi. Havo bulut, achchigʻ, sovuq el toʻrt to- mongʻa yugurar, onda-sonda qor uchqunlarini quvlab ziriqtirar edi. Eruv vaqtida yarim beldan loy kechishka toʻgʻri keladigan koʻchalarning loyi qatqaloqlangʻan, shuning uchun yurguchi qiynalmas, aksincha ola-chalpoq qor pagʻalarini bosishdan vujudga kelgan oyoq ostidagʻi «gʻarch- gʻurch» tovushlari kishiga bir turlik kayf, musiqaviy engillik berar edilar. Doʻkonlar yopiq boʻlsalar ham choyxonalar ochiq, kishilar oʻrtaga gulxan solib, choyxonachining bachchasini gohi oʻzlariga xon koʻtarib va gohi «xon qizi» deb ham qoʻyadirlar. Xon saylagʻuchilar orasida yosh yigitlar bor boʻlgʻanidek, katta sallalik mullanamolar, etmish yoshliq keksalar ham koʻrinadirlar... Qish kechalari juda uzun, shuning uchun choyxonalar obod; xalq lazzatlanib bachchaning tabarruklangan choyini ichadir, husniga tamosho qilib xudoning qudratiga hayron qoladilar...

Hasanali Ziyo shohichining tashqarisigʻa kelib kirdi-da, mehmonxona darichasiga qaradi.

Daricha tirqishidan koʻrilgan yorugʻliq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi. Hasanali tuzatinib oldi va ichkariga kirdi. Ziyo shohichi namoz oʻqumoqda boʻlib, mehmonxona chet kishidan xoli edi. Bu tasodufdan Hasanali soʻyindi va Ziyo akaning namozni bitirishini kutib oʻlturdi. Ziyo shohichi yonigʻa salom berib joynamozdan orqasiga qarab qoʻydi. Fotihaga qoʻl koʻtardi. Fotihadan soʻng kelib Hasanali bilan soʻrashdi:
— Keling ota, tinchlikmi?
— Shukur, tinchlik.

Tancha tevaragiga ulturishdilar. Bir muncha vaqt soʻzsiz edilar. Ziyo shohichi bu vaqtsiz tashrifka tushuna olmay «nima qilib yurasan?» degandek etib, bir necha qayta Hasanaliga qarab oldi.
— Ajablanmangiz, boy aka, kelishimda bir majbu-riyat bor.
— Sizni Otabek yubordimi?
— Yoʻq, oʻzim keldim, boy aka.

Ziyo shohichi yana tushuna olmadi. Toʻgʻrisi ham Hasanalining bu kelishi Ziyo aka uchun yot bir ish edi. Chunki, Hasanali Otabekning quli. Qullar bilan jiddiy muomalada boʻlinmoq, ayniqsa Ziyo shohichilardek odamlargʻa favqulodda bir ish. Buning ustiga majburiyat ostida oʻzicha kelishi...

Ziyo akaning boshi qotib oxirda soʻradi:
— Majburiyatingiz?

Hasanali kulimsirab oldi:
— Majburiyatimni eshitsangiz, balki ishonmassiz.
— Xoʻsh.
— Oʻzingizga maʼlumki, — dedi tuzuklanib Hasan-ali, — Margʻilon kelganimizga yigirma besh kun, bir oylar chamasi fursat oʻtdi. Shundan beri Otabek dard-mand.

Ziyo aka ajablangan edi:
— Qanday dardmandlik, Otabek sogʻ-ku?
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Hasanali, — ammo men ham uning dardiga bir necha kunlab tushunmay yurgan edim.
— Xoʻsh, dardi?
— Muhabbat.
— Muhabbat?
— Muhabbat! — deb takrorladi Hasanali. — Shu yigirma besh kunlik bir muddatning ichida ul butunlay odamgarchilikdan chiqayozdi. Bu oʻrtada qanday tashvishlarga tushmadim, soʻrasangiz.
— Kimga muhabbat qoʻygʻan, xabaringiz boʻldimi?
— Boʻldi. Qutidorning qizigʻa.
— Ha, ha-a! — deb yubordi Ziyo aka va bir oz oʻylangʻadan keyin soʻradi, — buni siz aniq bilasizmi?
— Aniq bilaman.
— Oʻzi aytdimi?
— Oʻzi aytmasa ham shunga yaqinlashtirdi.
— Otabek qizni qaerda koʻrgan?
— Afsuski, buni bila olmadim.

Hasanalining kelish majburiyati va nima uchun kelganligi Ziyo akaga yaxshi onglashildi ersa- da, yana shunday boʻlsa ham soʻradi:
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Huzuringizga kelishimning bosh sababi ham shundandir, — dedi Hasanali. — Bu toʻgʻrigʻa siz qanday yoʻllar koʻrsatasiz va nima kengashlar berasiz, albatta shunga qarab bir ish qilamiz, deb xizmatingizga keldim.

Ziyo aka oʻylab qoldi. Qiziq gap, deb bir-ikki qayta nos otib oldi. Bu orada Hasanali boshdan-oyoq hikoyani soʻzlab chiqdi.
— Nozik gap, — dedi oxirda Ziyo aka, — agar biz Otabekni bu erdan uylandirib qoʻysak, hoji bizdan xafa boʻlmasmikin?
— Koʻb yashang, boy aka. Qulingiz ham bu toʻgʻrida koʻb oʻyladim. Xafa boʻlsa nima chorakim, biz shu ishka majbur boʻlgʻan boʻlsaq. Shuning bilan birga Yusufbek hoji ham unchalik aqlsiz kishilardan emaski, bu gapka xafa boʻlsa. Ammo men qutidor koʻnadimi, yoʻqmi, deb bu tomonni oʻylab turibman?

Ziyo aka yana oʻylanib bosh qashindi:
— Aytkaningizdek masalaning bu tarafi ham nozik,— dedi, — ammo qutidorning Otabekka qarashini yaxshi bilsam ham oʻrtada yirogʻliq masalasi bor... Qizimni musofirga bermayman, deb qoʻyarmikin, bilmadim...
— Menimcha qutidorning oldidan bir yoʻli oʻtilsin,— dedi Hasanali, — agarda koʻnib xoʻb desaku xayr, koʻnmagan taqdirda bu xabarni Otabekka etkuzsak, zora, shuning bilan koʻngli sovib tushsa.

Hasanalining bu soʻzi Ziyo akaga ham maʼqul boʻlib tushdi:
— Boʻlmasa, qutidornikiga qachon borilsin, deysiz?
— Bundagi ixtiyor sizdadir.

Ziyo aka oʻylab turdi-da, yuziga kulgi chiqardi:
— Hozir boramiz, — dedi, — biz ham umrda bir sovchiliq qilayliq.

Ziyo aka kiyinish uchun qoʻzgʻalgan edi. Hasanali undan soʻradi:
— Manim ham birga borgʻanim maʼqulmi yoki yolgʻiz oʻzingiz?

Ziyo aka qoʻl silkib:
— Sizning borishingizdan zarar yoʻq, — dedi.

Qutlugʻ Boʻlsin!

...Ziyo shohichining kulib aytkan soʻzlariga qutidor sira ham tushunmas va kutilmagan mehmonlarning ke-lish sababini soʻramoqdan iymanar edi.
— Olovni qoʻyaturib, qudalarga dasturxon olib chiqingiz.

Ziyo shohichining bu kulguligidan soʻng qutidor tanchaga olov qalashni qoʻyib dasturxon buyurish uchun ichkariga qoʻzgʻaldi. Uning ketidan Hasanali: «Taqdir bitkan boʻlsin-da», — deb qoʻygʻan edi, shohichi qatʼiy qilib: «Inshooloh bitar, shundogʻ yigitni kuyavlikka qabul qilmagʻan bir kishini biz odamgʻa sanamaymiz» — dedi.

Qutidor qaytib chiqdi... Ziyo aka bilan Hasanali maʼnoliq qilib bir-birlariga qarashib olmoqda edilar. Qutidor, ayniqsa Ziyo akaning ogʻzini poylab, koʻngli chaqirilmagʻan mehmonlardan tushunmogʻi qiyin boʻlgʻan bir maʼnoni sezmakda edi. Oradagi soʻzsizlik uzoqqa choʻzilabergach, qutidor Hasanalidan soʻradi:
— Bek salomatmi?

Ziyo aka soʻz oʻnqovi kelganini payqab Hasanalining jim turishiga ishorat qildi va oʻzi javob berdi:
— Bizning sizga chaqirilmagʻan mehmon boʻlishimiz ham Otabekning sogʻligʻi uchundir.

Qutidor bu javobdan bir narsa tushunolmadi va shu-ning uchun qaytalab soʻradi:
— Otabek sogʻmi?
— Bu kungacha Otabek salomat, — dedi Ziyo aka salmoqlab, — ammo bekning mundan keyingi sogʻligʻi sizning qoʻlingizda qolgʻangʻa oʻxshaydir.

Qutidor yana tushunolmay taajjub bilan mehmon-larga qarab oldi.
— Tushunolmadim...
— Yaʼni Otabek bu kungacha salomat, — dedi Ziyo aka yana. — Ammo mundan keyingi sogʻligʻi sizning qoʻlingizda...
— Menim qoʻlimda?
— Sizning ixtiyoringizda.
— Otabek kabi bir yigitning sogʻligʻi har bir aqlli kishi uchun maqsad boʻlsa ham, — dedi taajjub bilan qutidor,— lekin soʻzingizning shunisi qiziqdirkim, bir yigitning sogʻligʻi ikkinchi bir kishining ixtiyorida boʻlsin.

Ziyo aka boyagʻi vaziyatini buzmadi:
— Ajablanmangiz, oʻrtoq, — dedi, — bekning mundan keyingi sogʻligʻi sizning ixtiyoringizda; bu oʻyin emas — toʻgʻri gap.

Qutidor toʻsindan muddaoning kim va nima toʻgʻri-sida boʻlgʻanligʻini payqab qoldi va oʻzida bir turlik oʻnggʻaysizlik sezdi. Ziyo aka Toʻybekaning yozgan dasturxonini tuzatib, kulchalarni sindirdi. Hasanali bilan qutidorni nongʻa taklif qilib oʻzi maqsadni ochiqroq onglatmoqchi boʻldi:
— Muhabbat degan narsa juda oz kishilarga nasib boʻladirgʻan bir durri bebahodir, — dedi Ziyo aka. — Qadrdoningiz Yusufbek hojining oʻgʻli Otabek — bir necha kunlardan buyon pinhoniy bir dard bilan ogʻrir edi. Koʻrinishda uning quli, ammo haqiqatda Otabekning maʼnaviy padari boʻlgʻan Hasanali ota uning maxfiy dardining asli omilini izlaydir, bekning oʻzi boʻlsa oʻz holi toʻgʻrisida hech narsa sezdirmay dardin yashiradir. Shundogʻ qilib xoʻjasiga ixloslik Hasanalining tajribalik kuzatishidan bekning maxfiy dardi uzoqqa qocholmay natijada sir ochiladir... Shariʼat ishiga sharm yoʻq, deydirlar oʻrtoq, agarchi siz bilan menga bir muncha ogʻirroq boʻlsa ham yana soʻzlab oʻtishga hojat bor: kunlardan bir kun taqdir shamoli yuradir-da bir kimsa-ning iffat pardasi ostida oʻlturgan qizining yuzidagi niqobini koʻtarib ikkinchi tomondan bizning Otabekni shu afifaga roʻbaroʻ qiladir. Shu daqiqadan boshlab bekda u afifaga qarshi bir ishq, ham chin bir ishq tugʻuladir...

Ziyo shohichi oʻz tomonidan ham yana bir muncha gaplarni qoʻshib chatib, soʻzini tugatdi.

Qutidor yaxshigʻina oʻngʻaysizlangan edi. Qutidorgina emas, sovchilar ham oʻngʻaysizlangan edilar. Masalaning nozikligʻiga uchavlari ham tushunarlar va shuning uchun ittifoq qilgandek chuqur bir sukutka ketgan edilar.

Garchi muddao kun kabi oshkora boʻlgan boʻlsa ham nima uchundir qutidor yana oʻzini tagʻofilga solib soʻradi:
— U kimning qizi emish?

Ziyo shohichi qutidor tarafidan oʻziga beriladirgan shu savolni kutib turgʻan edi.
— Sizning karimangiz, — dedi.

Qutidor oʻzining joysiz savolidan oʻkinib erga qaradi. Oʻrtada tagʻin soʻzsizlik, oʻnggʻaysizlik boshlandi. Bir necha fursat shu yoʻsun jimgina oʻlturishkandan keyin yana Ziyo shohichining oʻziga gapirishka toʻgʻri keldi:
— Biz, oʻzimizning bu kelishimizda sizning uchun dunyoga orzugʻuliq bir oʻgʻul hadiya etkanimizdek, inshoolloh, qaytishimizda ham Otabek uchun mujassamai iffat boʻlgʻan bir rafiqa tuhfa qilarmiz.

Bu soʻzdan keyin Hasanalining yuragi bezillay boshladi. Chunki shu daqiqada qutidor ogʻzidan yo rad va yo qabul javobi eshitar edi. Ikkinchi tomonda, kutilmagan bu sovchiliqqa ishonishnida, ishonmasnida bilmay shoshib oʻlturgan qutidor ham oʻzining ogʻzigʻa tikilib turgʻuchi ikki kishiga qanday javob aytish uchun garangsigan edi.
— Otabek kabi bir yigitni oʻgʻul qilish sharafiga noil boʻla olsam oʻzimni eng baxtlik otalardan sanar edim, — dedi nihoyat qutidor, — ammo bu toʻgʻridagi hamma ix-tiyor oʻz qoʻlimda boʻlmay orada koʻkrak suti berib oʻsdirgʻan xotin ham bor... Bu ish uchun yolgʻiz oʻzim qabul javobi bersam-da, onasi bir chekkada qoldirilsa, ehtimol, puxta ish qilmagʻan boʻlarmiz. Agar maslahat koʻrsalaringiz bu toʻgʻrida uning bilan kengashib koʻrar edim...

Qutidorning javobidan samimiyat va ixlos maʼnolari tomib turar edi. Javobni eshitkan sovchilarning tomiriga umid qonlari yugurib ketdi.
— Bu ot savdosi emas, umr savdosi, birodar, — dedi Ziyo aka, — yangamiz bilan kengashingiz, Otabek va otasi toʻgʻrilarida bilganlaringizni soʻzlangiz, shundan keyin xoʻb oʻylashib bizga javob beringiz.

Shu gapdan keyin qutidor mehmonlarni qoldirib ichkariga kirdi. Kumushbibi uxlashqa yotqan edi. Toʻybeka boʻlsa oʻzining oʻchoq boshi yonidagʻi uychasini titratib hurrak otar edi.

Qutidor uy eshigini ochar ekan ayvonda oʻzini kutib oʻlturgan Oftob oyimgʻa dedi:
— Shamʼni olib kir-chi oldimga.

Uy jihozga gʻoyatda boy, goʻyo muzaxona tusini berar edi. Taxmonda turlik rangda atlas va shohilardan qoplangʻan koʻrpalar, taxmon toqchalarigʻa uyilgan par yostiqlar, qator-qator xitoyi jononlar: kosalar, koʻzalar, chinni choydishlar, laganlar, kumush qinlik xanjar va qilichlar, qalqon va siparlar, dorga solingʻan turlik-turlik er va xotin kiyimlari: poʻstin, chakmon va boshqalar, qip-qizil gilam va shohi koʻrpachalar kishi koʻzini qamashdirar darajada edilar.

Oshiqib ogʻzini poylagʻan Oftob oyimgʻa qutidor bir iljayib qoʻydi-da:
— Xotin, sen hali eshikdagi sovchilardan xabarsizdirsan? — dedi.

Oftob oyim erining «sovchi» xabarini oddiygina qarshiladi, chunki endi ikki-uch yildan beri uylariga kun sayin sovchilar jamoasi yogʻilib yotqanliqdan bu sovchilar ham oʻshalarning birisidir, deb oʻylagʻan edi:
— Xayrlik boʻlsin, kimlar sovchi?

Qutidor yana bir kulib qoʻydi:
— Ziyo shohichi, tagʻin senga nomaʼlum bir kishi.

Oftob oyim bu kungi sovchilarning qutidorgʻa boshqacharoq oʻzgarish berganlarini payqadi va buni erining samimiyat ham oshiqishidan sezdi:
— Kim uchun kelganlar?
— Bundan oʻn besh kunlar ilgari biz bir toshkandlik savdogar yigitni mehmon qilgʻan edik, balki esingdadir?
— Esimda bor, Toʻybekka maxtab kirgan yigit.
— Oʻlma, xotin, — dedi qutidor, — ana shu yigit uchun kelganlar.

Bu soʻzdan Oftob oyim bezongʻlab tushti va eriga qarshi rizosizlik vaziyatini oldi:
— Musofir-ku?

Oftob oyimning bu soʻzi bilan qutidor bosh qashib oldi va umidsiz bir tovushda:
— Men ham shunisiga hayron boʻlib qoldim, — dedi.— Yoʻqsa oʻzi ayni biz qidirgʻan, har toʻgʻrida ham etuk bir yigit edi.

Oftob oyim boshqa xotinlarimizdek erining raʼyi va xohishini, umuman butun shaxsini ehtirom qilgʻuchi bir xotindir. Shuning uchun erining hozirgʻi raʼyini garchi oʻz tilagiga bus- butun zid topsa ham yolgʻiz «musofirlik» masalasi bilangina gapka xotima bermay, boshqa taraf-lardan ham kamchiliklar topib asoslik suratda qutidor-ning Otabekka tomon haroratlanayozgʻan yuragiga sovuq suv sepmakchi boʻldi:
— Oʻzi qanday kishining oʻgʻli, otasi sizga tanishmi?

Oftob oyimning bu savoli oʻzi uchun zararlik boʻlib chiqdi. Chunki qutidor, Yusufbek hojining qanday kishi boʻlgʻanligʻini, bu kunda qaysi ishda ekanligini va oʻziga boʻlgʻan munosabatini mayda-chuyda tafsilotlari bilan soʻzlab chiqib, soʻzi oxirida: «Yigitning naslini ayb-sitib boʻlmaydir, toʻgʻrisiga koʻchkanda bu yigit naslan bizdan allaqancha yuqorida turadir», deb qoʻydi.

Oftob oyim endi ikkinchi turlik yoʻl bilan ketdi:
— Uylanganmi, yoʻqmi?
— Uylanmagan. Buni qaysidir bir majlisda uning qu-lidan eshitkan edim.
— Yoshi nechalarda bor?
— Koʻb boʻlsa yigirma besh yoshlarda boʻlur, boʻlmasa yigirma ikki-yigirma uchlardan oshqan emas.
— Nima majburiyatda bizga kuyav boʻlmoqchi, Toshkanddan qiz topilmagʻanmi?
— Topilsa ham yoqtirmas ekan, — dedi qutidor va oʻnggʻaysiz holatda voqiʼani shipshitib chiqdi. Masalaning bu yangligʻ boshlanishiga va buning ustiga erining moyillanishiga Oftob oyim nima deyishni bilmay qoldi. Tuzik, erining maylini anchagina dalil va sabablarga suyanib boʻlgan bir mayl ekanini onglagʻan, kuyav boʻladirgʻan yigitni oʻzlarigʻa oʻgʻulliqqa loyiq bir kimsa ekanini ham yaxshi tushungan edi, ammo hozir bu gaplardan ham ilgariroqda «musofirlik» masalasi turar; bir necha yillardan beri muvofiq kuyav izlay-izlay nihoyat Toshkandlik bir musofirga berish xoʻrligʻi Oftob oyim uchun ogʻir edi.
— Endi qanday kengash berasan, xotin?

Oftob oyim oʻz fikrini ochiq aytishka yuraksina olmas, erining koʻngli olinishidan qoʻrqar, ammo — «musofir» masalasiga jonu dildan qarshi edi.
— Siz muvofiq koʻrgan bir ishqa qarshi tushib, raʼyingizni qaytaraolmayman, — dedi koʻb oʻylagʻandan keyin Oftob oyim, — chunki nima boʻlgʻanda ham siz-ning otaliq ismingiz bor, ham koʻbroq ixtiyor sizning qoʻlingizdadir. Men albatta koʻzingizning oqu qorasi boʻlgʻan yolgʻiz qizingizni yaramas, boʻlmagʻur kishiga tutib berarsiz, deb bilmayman. Bu jihat bilan bu ishka rizoligʻim bilinsa ham biroq qarshiligʻim shundadirki, kuyav toshkandlik boʻlgʻandan soʻng qizingizni oʻzi bilan birga olib ketar va siz bilan meni yolgʻiz bolamizdan ayirar... Bunga qolgʻanda sizni bilmasam-da, ammo mening bunday judoliqqa sira toqatim yoʻqdir... Mana shu ta-rafni engilroq oʻylagʻanga oʻxshadingiz, jonim.
— Soʻzlaring toʻgʻri, xotin, — dedi oʻylab qutidor, — lekin taqdir bitkandanmi, nimadan boʻlsa ham bu yigitka qarshi koʻnglim jizillab turadir. Bu fikrim senga maʼqul tushadimi, yoʻqmi, har holda biz endi uzoq oʻylashib oʻlturmayliq-da, oʻz xohishimizcha qilib javob beraylik: masalan, sovchilargʻa rizoligʻimizni bildirib, ammo Kumushni Margʻilondan olib ketmaslikni shart qilaylik. Agar shartimizni qabul qilsalar yolgʻiz bolamiz ikki boʻlib — ayni bizning muddaomiz; yoʻq, qabul qilmasalar ul vaqtda kinalari oʻzlaridan boʻlsin, mana bu maslahatka nima deysan, xotin?
— Musofirligʻi?
— Biz taʼnani kuyav qilmaymiz, — dedi qutidor, — bizga chin yigit kerak, xalq «musofirga berdi» deb soʻz qilsa — qilsin.

Oftob oyim eridagi maylni boshdayoq payqagan edi, shuning uchun tilar-tilamas «oʻzingiz bilasiz» javobini berdi. Javobni olib qutidor sovchilar oldigʻa chiqdi va maʼlum shartni ularga eʼlon qildi. Bu shartni Otabek ismidan Ziyo shohichi qabul etib qutidorni Otabekdek bir yigitni kuyav qilishi bilan tabrikladi va shu takallufsiz sovchilik ila umr savdosi bitkan hisoblandi. Ikki yosh-ning muhabbatlik, uvalik-juvalik boʻlishlarigʻa duo qi-lingʻach sovchilargʻa zarrin toʻnlar kiydirildi. Hasanali qutidorga oʻzining minnatdorchiligini aytib tugata olmas, soʻz oralarida uni duolar bilan gʻarq etmakda edi.
— Toʻnlar muborak boʻlsin!
— Sizga kuyav oʻgʻul muborak boʻlsin! Qutidor ixlos va samimiyat bilan:
— Qutlugʻ boʻlsin! — dedi.

Qarshilash

Bu kungi kutilmagan tun Hasanali otani gangitkan, uning keksa koʻzlari uyqu bilan tamom chaplashib olgʻan edilar. Ul bu xabarni ertaga ertalab qaysi yoʻsun bilan bekka bildirish yoʻllarini oʻylar edi. Bu favqulodda soʻyinch xabarni bekning qaysi yoʻsunda qarshilashini oʻylar edi. Bu xabarni eshitish bilan Otabekda koʻriladirgan oʻzgarishlarni, hollarni, harakatlarni... barchasini birma-bir koʻnglidan kechirar edi. Bu gapni eshitgach, haftalab hujra ichidan chiqmay yotqan bekni koʻchalarda, bozorlarda, qutidor uylarida shodlanib, ruhlanib yurganini koʻrar edi. Bu oʻylarni tugatkandan keyin uning koʻzlari uyqu sari yumila boshlab, qarshisigʻa Otabek kelib toʻxtar edi: «Ota, men sizning bu qilgʻan yaxshiligʻingizni sira unutmasman» deb minnatdorlik qilgʻandek boʻlar edi. Hasanali uygʻonib ketar va qaytadan shu toʻgʻrida oʻylab boshlar edi: «Bechora. Suyganing toʻgʻrisida oʻylay-oʻylay boshlaring ogʻrib, ohlar tortib yotadirgandirsan... Yordamching yoʻqligʻi-dan umiding kesilib, hasratingni kimga aytishni bilmay-dirgʻandirsan. Qaygʻirma begim. Hasanali otang u toʻgʻrida ham seni yodidan chiqarmadi... Bu kecha se-ning qaygʻuliq kechalaringning eng keyingisi va oydinliq ham sheʼriyatlik tunlaringning arafasidir, begim».

Hasanalining koʻzlari tagʻin uyqugʻa ketar, qarshisigʻa Otabek bilan koʻhlik, koʻrkam bir qiz kelib chiqar va ikkisi unga qarab iljayishar edilar: «Bizning chin otamizsiz» degandek boʻlar edilar. Hasanalining yana uyqusi qochar edi. Yoshim oltmish toʻrtka etdi, oʻgʻul-qizim boʻlmadi... Dunyodan charogʻchisiz boraman... Darvoqiʼ Otabek menga oʻgʻulliq qilmasmi, xotini menga qiz boʻlmasmi, ularning bolalari meni «bobo» deb ketimdan yugurmasmikinlar? Tuproq ostlarida unutilib yotqan kezlarimda: «Bir vaqt Hasanali otamiz ham bor edi», deb yodlasalar, yaxshiliq bilan eslasalar etar menga shu».

Tunlar uzoq, tongni otdirib, Otabekni quvondi-rishgʻacha sabr chidamas, koʻz yumishgʻa haligidek xayol-lar moneʼ boʻlar edilar. Shu yoʻsun yarim uyqu holatda tongni otdirib soʻyintirish soatlari ham etdi.

Choydan keyin hujrasiga chiqib ketkan Hasanali qoʻltugʻida bir narsa bilan kirib bek qarshisigʻa oʻlturdi. Otabekdagi sukut, xayol, fikr kabi holatlarni yulib, yulqib olib, ular oʻrniga chechak donalari ekib, umid suvlari sepmakchi edi. Hasanali:
— Endi muborak boʻlsin sizga, — dedi.

Otabek tushunolmay Hasanaliga qaradi. Hasanali iljaygan koʻyi qoʻltugʻidagʻi zarrin choponni olib sandal ustiga qoʻydi.
— Bu qanday chopon? — deb soʻradi bek.
— Muborak boʻlsin, dedim-ku.
— Nima muborak boʻlsin?
— Sizga iffatlik va sevimlik rafiqa bilan qutidordek qayin ota, Hasanaliga kelin.

Otabek qiziq holatda qoldi: bir turlik titrab ketdi, koʻzlari qinidan chiqar darajaga etdi. Gʻayri-ixtiyoriy qoʻzgʻalib oʻlturgandan keyin soʻradi:
— Bu nima degan soʻzingiz?
— Nima deganimni soʻramangiz va deganimga ishonaberingiz, — dedi kulib Hasanali, — men sizni qutidorning qiziga uylandirishka qaror qilib, qarorimni ham bu kun kechasi Ziyo shohichi bilan amalga oshirdim... yaʼni qutidorning qizigʻa sizning uchun unashib keldik.

Otabek gangib shoshib soʻradi:
— Qaysi qizigʻa unashib keldingiz?
— Qutidorning yolgʻiz qizigʻa, — dedi Hasanali, — bundan xotirjamʼ boʻlingiz, bek. Ziyo shohichi ertalabki choyni ichib borarman degan edi, biz uning bilan hali toʻy kengashlarini qilamiz.

Otabek tusida xursand va xafaligi majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga qarshi tushmaganidek, soʻyinchini ham oshkor qilmadi...

* * *

Kumushbibi uyqudan turib, favqulodda bir holga uchraydir:
— Bir kechada hammaning tushiga «toʻy» kirib chiqgʻan.

Toʻy uchun yangi koʻrpalar qoplamoqchi boʻladilar, par toʻshaklar olmoqchi boʻladilar, kuyav uchun qanday kiyim yarashmogʻi ham bahs qilinadir. Oftob oyim eriga oltin kamar olmoqqa buyuradir... Tavba, demak chora yoʻq: Oftob oyimlarning kuyavlari kim, qaysi qizlarini erga beradirlar, ularning Kumushdan ham boshqa qizlari bormi? — Ularning qizlari yolgʻiz, demak Kumush erga beriladir... Tushunarlik gap emas:
— Erga kim tegadir?
— Kumush.
— Kumushbibi kuyavni yoqtiradirmi, yoʻqmi? Bu toʻgʻrida uning fikrini bilish kerak emasmi?
— Soʻzlash ham kerak emas, bildirish ham.
— Nega?
— Chunki odat shul! Kumush ota-ona yoqtirgʻan kishiga rozi boʻlish uchun majbur! Kumushbibi kuyavning kim boʻlgʻanligʻini Toʻybe-kaning shu soʻzlaridan soʻng payqab oldi:
— Mana, bekachim, — dedi kulib Toʻybeka. — Toʻybeka opangni sen hech narsaga sanamaysan.

Biroq uning nafsilamrda karomati bor. Opang bir narsani tiliga va yo koʻngliga oldimi, darrav farishtalar «omin!» deydirlar. Anovi kungi yosh mehmonni senga maxtasam achchigʻlanding, ammo kelib-kelib bu kun seni oʻshanga berdilar... Endi mundan keyin Toʻybeka opanggʻa ixlos qoʻy, bekachim! Bu xabarni eshitkuchi Kumushbibining qora koʻzlari jiq yoshgʻa toʻlib, kipraklari yosh bilan belandilar.
— Yigʻlama bekachim, — dedi Toʻybeka, — biz bi-lamiz sizning koʻz yoshlaringizning nimaga ekanin: erlar soʻyinganda kulsalar, sizga oʻxshash qizlar yigʻlaydirlar; sizning yigʻlagʻaningiz
— quvongʻaningiz... Meni erga berganlarida senga oʻxshash men ham yigʻlagʻan edim, ammo ichimdan nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta oʻlgan edim.
— Toqatim tugadi, opa, — dedi Kumush, — ortiq soʻzlamangiz.
— Soʻzlamayman, — dedi Toʻybeka, — lekin sirasini soʻzlayman... Oh, koʻrsang edi bir kuyavni. Qanday chiroylik, qanday aqllik ekanini bilar eding, bekachim. Yulduzingiz nax bir- biringizga toʻgʻri tushkan ekan, ik-kingizning ham bir-biravingizdan kamligingiz yoʻq.

Kumushbibi ortiq chidalmadi, qoʻrqunch bir tovush bilan hayqirdi:
— Oh, oʻlaman, koʻb soʻzlama! Kumushning bu tovshiga Oftob oyim bilan Oysha kampir uydan yugurishib chiqdilar:
— Nima boʻldi, nima boʻldi?

Kumushbibi onasi bilan bibisining uydan chiqishlari ila boshini sandalning koʻrpasiga burkab, yotib oldi. Toʻybeka juda qoʻrqqan edi:
— Qalligʻi toʻgʻrisida soʻz ochqan edim, men bilan urishdi.

Oftob oyim Toʻybekani qargʻab berdi:
— Sen aqlsiz oʻlgur, Kumushni uyaltirgʻansan! Tinch yursang seni birav bir nima qiladimi?

Bor, ishingga bor! Onalar Kumushning bu hayqirigʻini uyalgʻanga yoʻydilar-da, yana uyga kirib bisot kavlashka, toʻy hozirligini koʻrishka mashgʻul boʻldilar.

Kumushbibi bir necha fursatkacha shu koʻyi burkanib yotdi. Soʻngra oʻrnidan turib tashqari havliga qarab ketdi. Koʻb yigʻlagʻanliqdan koʻzlari qizargʻan, qovoq-lari shishkan, yuzlar boʻrtkan edi. Ammo bu oʻzgarishlar uning husnini, latofatini bir zarra ham kamitmay balki, oʻn qayta oshirgʻan edilar. Tashqarigʻa chiqgʻandan keyin ayvonning tumshugʻiga kelib oʻlturdi va oʻng qoʻlining kaftiga yuzini olib fikrga toldi. Shu holda uzoq qoldi. Shundan keyin ul qoʻlini yuzidan boʻshatdi-da, entikib dam oldi va kimnidir izlagandek, kimnidir kutgandek tevaragiga qarab qoʻydi...
— Ariq boʻyi, sirlik ariq boʻyi.

Yoshliq koʻzlar ariq boʻyigʻa tushib, nozik oyoqlar ariq boʻyi tomongʻa harakatlandilar. Ul ariq boʻyigʻa etkach, maʼlum oʻringa sakrab oʻtdi-da, choʻnqaydi. Bir hovuch suv olib yuzidan toʻkib tushirdi va ohistagina yoʻlak tomongʻa qarab olgʻandan keyin suvning oqishigʻa koʻzini tikdi.

Kumushning dardini hech kim bilmas, uning xayoliga hech kim tushunmas, magar shu ariq boʻyi tushungandek, bilgandek... Sirlik ariq boʻyi unga nimalarnidir soʻzlar, undan nimalarnidir tinglar, bunga chetdan hech kim voqif boʻla olmaydir-da, boʻlmogʻi ham mumkin emas.

Koʻzlaridan oqqan marvarid tomchilarini shu sirlik ariq suvi bilan yuvdi, bir martabagina yuvdi emas — qaytalab-qaytalab yuvdi. Boyagʻi achchigʻidan bir muncha tinchlanib, koʻz qizilliqlari ketkan holda bitta-bitta bosib ichkariga qaytdi.

Toʻy, Qizlar Majlisi

Qutidorning tashqarisigʻa er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar toʻlgʻanlar, ular quyuq, suyuq oshlar, holva, nisholdalar bilan izzatlanadirlar. Tashqarida bir qoʻsha sozandalar dutor, tanbur, gʻijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib shaharning mashhur hofizlari ashula aytadirlar. Toʻy juda ham ruhlik...

Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytkanda, ular qum-tuproqdek koʻb, biroq majlisning borishida tartib yoʻq, havli yuzi va uylar xotinlar bilan toʻlgʻan, qaysi havli yuzida bir tovoq oshni eb oʻlturadir, kim yigʻlagʻan bolasini ovitish bilan ovora, birav yor-yor oʻqub, tagʻin bittasining quvonchi ichiga sigʻmay xaxolab dunyoni buzadi, xullas bagʻ-bugʻ etti qat koʻkdan oshadir...

Oftob oyim qaygʻuliroq, tusi bir oz siniqqansumon... Mehmon kutib charchagʻanidanmi, nimadan boʻlsa ham juda kalavlagan, baʼzan qiladirgʻan ishidan ham yanglishib ketkani, masalan, uyga kirmakchi boʻlib tavanxo-naga kirib qolgʻani koʻriladir. Toʻyga kelgan xotinlarning «Toʻylar muborak, kuyav oʻgʻul muborak!» deb soʻrashlarigʻa ham ishonchsiz bir ohangda «Qutlugʻ boʻlsin», deydir.

Oftob oyim donxonaning eshigidan turib xotinlar orasidan kimnidir oʻz yonigʻa chaqirdi.

Yoshi ellidan oshqan, kulgusi ichiga toʻlib toshqan bir xotinni duvurdanchiqib, oʻziga qarab yurganini koʻrgandan keyin donxonagʻa kirdi. Xotin ham ichkariga kirgach, Oftob oyim eshikni qiya bekladi-da, qaygʻuliq bir boqish bilan xotingʻa qaradi.
— Nega qaygʻuliq koʻrinasan, Oftob?

Oftob oyim uzoq tin olib eshikka qaradi va yarim tovush bilan:
— Shu choqda ichimga charogʻ yoqsalar ham yorimaydirda, egachi, — dedi va koʻziga jiq yosh oldi.
— Nega?
— Qizim toʻgʻrisidan...
— Qizingga nima boʻldi?
— Unashilgʻanigʻa bu kun ettinchi kun, — dedi Oftob oyim, — shundan beri Kumushingiz tun ham yigʻlaydi, kun ham, sababini soʻrasam sira javob bermaydir-da, doʻlonadek koʻz yoshisini oqiza beradir. Bu kun tagʻin yigʻisi oshib tushdi. Haytovur yalinib, yalpogʻlanib arang hammomga yubordiq.

Xotin Oftob oyimning bu gapidan hayron boʻldi va oʻylab soʻradi:
— Nimabalo, kuyaving koʻrksizmi?
— Oʻzim koʻrmadim, — dedi Oftob oyim, — ammo koʻrguchilarning soʻzlariga qaragʻanda oʻxshashsiz koʻrkam, tengsiz aqlli bir yigit emish... Otasining oʻzi yigitni yaxshi koʻrib kuyav qilgʻan edi.
— Kumushning oʻzi yigit toʻgʻrisidan hech narsa bilmaydirmi?
— Biladir, — dedi oyim, uning oldida biz joʻrttaga kuyavni maxtashamiz, lekin bu maxtovlarni eshitgusi kelmay, qaytagʻa yigʻisinigʻina ortdiradir.

Xotinning ham bu gapdan hayrati ortdi va bundan qanday sir borligʻiga aqli etmadi.

Oftob oyimni yupatish uchun oʻtkan-ketkandan va boshda yigʻlab erga tekkan qizlarning chimildiqda yigit bilan apoq-chapoq boʻli-shib ketkanlaridan hikoya qildi:
— Qaygʻirma, Oftob, — dedi, — kuyaving bunchalik suluv boʻlsa, gap-soʻzda tenggi boʻlmasa, hali chimildiqda qizingning pechak guldek boʻlib eriga chirmashqanini koʻrarmiz.
— Oh, opajon, — dedi umidsizcha oyim, — manim bunga koʻnglim chopmaydir.
— Chopsin, Oftob. Men bunday yigʻloq qizlarning koʻpini koʻrdim, shunday qizlarning uyalmay-suyalmay chimildiqda hatto yigitdan ham ortdirib harakat qilganlarini ham koʻrdim, sening qizing ham shularning bittasi, qaygʻirma Oftob.
— Ilohi shunday boʻlsin-da.
— Boʻladi-boʻladi, — dedi kulib xotin, — shoshmachi, Oftob. Agar qizing men aytkandek oʻzgarib ketsa menga nima berar eding?
— Sizga bosh-oyogʻ kiyim.
— Soʻzingdan qaytma, Oftob. Pechak guldek boʻlib eriga chirmashqanini koʻrarmiz hali, xudo koʻrsatsa, bor, oʻynab-kulib mehmonlaringni kut!..

Shundan keyin ikavi donxonadan chiqib xotinlar orasigʻa kirdi.

* * *

Qizlar majlisi — gullar, lolalar, toʻtilar, qumrilar majlisi! Bu uyda — Kumushbibining togʻasining uyida qizlar majlisi, gullar majlisi! Bu uyga oʻttuz-qirq chamaliq qizlar yigʻilgʻanlar, yigʻilishdan maqsad: qizlar oʻzlarining eng latif, eng goʻzal bir aʼzolarini bu kun xotinliq olamiga uzatmoq-chidirlar. Bu uzatish majlisini jonlik, ruhlik oʻtkazmak uchun barcha qizlar oʻzlarining eng asil, eng nafis ki- yimlarini kiyib, favqulodda yasanib, husn olamini yana bir qat, yana bir qayta bejabdirlar.

Agar bu uyga kirib, bu majlis aʼzolarini bir martaba koʻzdan kechirsangiz, hozirdanoq aytib qoʻyish mumkin-ki, albatta esingiz chiqib ketar:
— Bu gulmi, koʻhlik? Yoʻq narigisi! Undan koʻra bunisi! Barisidan ham oʻttasi!.. Ana shunday qilib esdan ham ajrarsiz, gul tanlashda bir qarorgʻa kelalmay el ichida kulgiga ham qolursiz, rasvo ham boʻlursiz.

Mana, majlis aʼzolari shunaqanggʻi bir-biravidan oʻtoq malaklar, parilar edilar.

Majlisning shoirlari, oʻyinchilari, childirma va dutorchilari — barchasi ham hozir boʻlib faqat Kumushbibigina hammomdan qaytmagʻan edi. Shuning uchun majlis ochilmagʻan, ochilsa ham ruhsizroq, Kumush kelgach, majliska ruh kirishiga barcha ishonadir va uni toʻzimsizlanib kutadir.

Kimdir, oradan bittasi «kelishdi!» deb yubordi. Barcha qizlar uyning darichasi yonigʻa uymalashib havligʻa qaradilar. Chindan ham ul yonida ikki yangasi bilan kelgan edi. Shu choqda bizga Otabek kerak edi! Nega desangiz, ul kelsin edi-da, suyganini bir koʻrsin edi: hammom bilan ul... faqat jongʻina soʻraydir, majruh koʻkslarga oʻqqina otadir... Boshdagʻi oq shohi roʻymol, ichdagi oq shohi koʻynak, ustdagi oq kumush zarrin siril-gan poʻstin, baqbaqalarni oʻrab oʻpib turgʻan yoqa qunduzlarining kelishkani, solinib tushkan qora jinggila sochlarning boʻyin tevaragiga chirmashqani, xom nuqra yuzlarning boʻgʻriqqani...

Yangalar Kumushni havlidan turib qizlargʻa topshirdilar:
— Mana Kumushbibi — sizlarga, qizlar! Kumushning koʻnglini yaxshilab ochinglar, qizlar! Ikki-uch qiz chopib havligʻa tushdilar-da, Kumushbibidan paranjini olib uyga boshladilar.

Yangalar Kumushni qizlargʻa topshirib ketdilar. Havli er va xotindan boʻsh, yolgʻiz qizlargʻagina xoslanib qoldi.

Kumushbibi boshlagʻuchi qizlar bilan uyga kirdi, undan ongqan atir islari bilan uy toʻldi.

Qizlar oʻzlari-ning bir turlikkina soʻzlashishlari bilan Kumush ila koʻrisha boshladilar:
— Esonmisiz, sarupolar muborak?

Kumushbibining qizlargʻa bergan javobi eshitilar-eshitilmaslik edi:
— Qutlugʻ...

Kumushbibi uyning toʻriga oʻtquzildi. Qizlar uyning tevaragiga oʻlturishib olgʻandan keyin oragʻa nima uchundir bir jimjitlik kirdi. Qizlar maʼnolik qilib er ostidan Kumushka qaraydirlar. Majlisda bir xil maʼyusi-yat. Qizlar nimani oʻylaydirlar va nima toʻgʻrisida maʼyuslanadirlar, bu ersa qizlarning bizga nomaʼlum boʻlgʻan ichki sirlaridir.

Qizlar ipka chizilgʻan guldek uy tevaragini olgʻanlar, buning ustiga yovoshliq, oʻychanliq ularning tuslariga maʼnaviy bir husn va jiddiyat berib, birga yuz husn qoʻshqan edi. Agar biz shu kezda zarshunosliq uchun eng shimarsak, yaʼni gulni guldan ajratadurgʻan boʻlsaq boyagʻidek esankirab, mutaraddid qolmaymiz, chunki Kumushbibi lolalar isidagi bir gul va yo yulduzlar orasidagʻi toʻlgʻan oy edi.

Orada hamon boyagʻi jimjitlik hukm surar edi.

Har bir majlisning jonlandirgʻuchi, idora qilgʻuchi bir-ikki qahramoni bor boʻlganidek, bu qizlar majlisi ham shunday qahramonlardan holi emas edi. Majlisni bunchalik ruhsizlanib, maʼyusiyat ichida qolishigʻa Gulsinbibi chidab turolmadi:
— Biz nima uchun yigʻildiq-da, nimaga er chizishib oʻlturamiz! — dedi. — Biz bu erga aza ochqali keldikmi?

Gulsinning yonigʻa Xonimbibi qoʻshilishdi:
— Koʻb oʻylashmang, oʻrtoqlar! — dedi, — baribir bu gap hammamizning ham boshimizda bor! Tur Savra! Havligʻa olov yoqib childirmangni qizit! Anorgul, sen dutoringni ol! Kumushbibi, siz uncha xayol surmang kulib oʻlturing. Baribir ertaga joysiz chekkan qaygʻin-gizdan oʻkinarsiz!
— dedi-da, majlisni ost-ust kuldirib yubordi. Kumushbibi ham ixtiyorlik, ixtiyorsiz bu kulgulikka tortilib, uning yovoshqina iljayishidan yoqutdek lablari ostidagi sadaf kabi oq tishlari bir oz koʻrinib qoʻydilar.

Shu gapdan keyin majliska kutilmagan bir ruh kirdi. Anorgulning qoʻlidagʻi dutor «Oʻrtoqlar» kuyini tanlarga larza berib, tarona qildi. Xonimbibi qizlargʻa qistatib oʻlturmay oʻrnidan sakrab turdi-da, oʻynab ham ketdi. Dutor yonigʻa childirmaning chertmagi kelib qoʻshilgʻandan keyin bazm tagʻin ham jonlandi. Chapaklar ham koʻtarildi. Oʻyin qizib borar edi, uning daricha eshiklari beklanib toqchalargʻa shamʼ yoqil-gʻandan soʻng, bazmning ruhi yana oshdi. Yel bilan oʻynashib yongʻan shamʼ nuri qizlarni allaqanday ajib holatka qoʻymoqda, majlis ersa «Alif laylo» hikoyala-ridagi «parilar» bazmini xotirlatmoqda edi. Dutor «Ifor» kuyini chalib, childirma ham nozik yoʻl bilan unga qoʻshilisha bordi. Oʻyin ham bir turlik nazokat kasb etib, Gulsinbibi yoʻrgʻalay ketdi. Dutor koʻngilning allaqanday ingichka joyini qitiqlaydir, childirma yurakni nimagadir oshiqdirib, Gulsin qizning yoʻrgʻalashi borliq aʼzoni zirillatadir. Bazm juda qiziq, juda koʻngillik edi.

Kumushbibini ham bu qiziq bazmdan boshqalardek hissa oladir, soʻyinib quvonadir, deb oʻylanmasin, chunki vujudi qizlar bazmi ichida boʻlsa ham xayoli allaqa-yoqlarda uchib yurgandek, koʻzlari oʻynagʻuchi qizlarda boʻlsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir narsani koʻrgandek... Koʻrinishdan natija chiqarib aytkanda, bu qiziq majlis uning uchun bazm oʻrnini emas, aza joyini tutqandek...

Ikki soatlik qiziq bir bazmdan soʻng qizlar charchadilar-da, oʻyinni toʻxtatdilar. Gulsin bilan Xonimbibi endi dutor bilan qoʻshiqqa oʻlturdilar. Gulsin oʻzining qoʻngʻuroqdek tovshi bilan «Yigʻlarman» kuyidan boshladi:

Oʻrtoqlarim, qoʻlgʻa olsam torimni, Beixtiyor yodlaydirman yorimni! Ikkinchi qaytarib aytishda unga Xonimbibi qoʻshilishdi. Bir turlik, bir ohanglik nafis, musiqaviy tovushlar kishining borliq vujudiga, qon tomirlarigʻa ajoyib bir oʻzgarish bergan edilar. Shu choqqacha moʻltayib, xayol ichida shoʻngʻib oʻlturgʻan Kumushbibi bir seskandi-da, qoʻshiqchi qizlargʻa qaradi.

Qizlar ikkinchi baytka oʻtdilar:

Bir koʻrinib yagʻmo qilgʻan koʻnglimni, Qaytib yana koʻralmadim norimni! Shu vaqt kutilmagan joyda Kumushning ikki koʻzi jiq yoshga toʻlgʻan edi. Uchunchiga oʻtdilar:

Agar koʻrsam edi yana yorimni, Bagʻishlardim hama yoʻqu borimni! Toʻrtinchi:

Bilurmikin, bilmasmikin u zolim:

Kunlar-tunlar tortqan ohu zorimni! Kumush toqatsizlangʻan edi...

Beshinchi:

Chindin ayting oʻrtoqlarim menga siz, Qayta boshdan koʻrarmanmi yorimni?

Keyingi:

Ketdi toqat, ketdi sabrim... ketdilar...

Sindirarman urib erga torimni! Bu keyingi baytka quloq solgʻuchi qolmadi. Chunki yonidagi qizgʻa osilib yigʻlay boshlagʻan Kumushbibiga har kim taajjubda, har kimning koʻzi, qulogʻi shunda edi.
— Nima boʻldi, Kumush?
— Nega yigʻlaysiz, Kumush opa?
— Birar joying ogʻriydirmi, Kumush?

Kumushbibi oʻz ustiga duv yigʻilgʻan qizlarga koʻzini ochib qaradi-da, hushyor tortqanlardek bir harakat qilib qoʻydi va tez-tez choʻntagidan roʻymolini olib koʻzyoshisini quritdi.
— Nega yigʻlading-a?

Bu savolni berguchi Gulsinga Kumush kuch bilan iljayib qaradi-da:
— Oʻzim... — dedi.
— Voy shoʻrginangga shoʻrva toʻkilsin, Kumush! — dedi Gulsin, — men shunday erni topib teksam boshim koʻkka etar edi! Gulsinning gapiga qizlar kulishdilar. Kumush juda xafa koʻringanlikdan uning koʻnglini ochmoqqa toʻgʻri kelar edi. Shuning uchun boshqa oʻyinlarni qoʻyaturib majlisning eng qiziq tarafi boʻlib sanalgʻan lapar aytishka koʻchdilar. Gulsin kuyav roʻlini oʻynar, Xonimbibi Kumush roʻlida, ikkisining bir-birisiga qarab oʻqishqan laparlari barchani kuldirib, ichaklarni uzar darajada. Biroq Kumushning tishining oqini koʻrish juda qiyin, uning hamma ishi faqat munggʻayib xayollanishqina...

Qizlargʻa toʻyxonadan oshlar, tavanlar kelib tortildi. Oshdan keyin yangalar kelib, qizlardan Kumushni soʻradilar. Qizlarning, «Yoʻq, biz Kumushbibini sizlarga bermaymiz!» deb oʻynab aytkan soʻzlari Kumushbibiga chindek boʻlib eshitilar, yangalar bilan uydan chiqar ekan, koʻmak soʻragʻandek qizlargʻa termulib qarar edi. Shu yoʻsun qizlar oʻzlarining bir oʻrtoqlarini xotinliq dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar.

Kutilmagan Baxt

Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin boʻldi. Domlaning: Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, oʻzingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji oʻgʻliga bagʻishlamoq vakolatini amakingiz Muham-madrahim Yoʻldosh oʻgʻliga topshirdingizmi? degan soʻrogʻi olti, etti qaytarilgʻandan keyin, shunda ham yangalar qistogʻi ostida arang uning rizoligʻi olindi.

Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi toʻrt koʻz bilan kuyav kelishini kutadir. Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar, necha turlik neʼmatlar hozirlanib, bular ham kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat, soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-oʻttiz chogʻliq yosh yigitlar — Rahmatning oʻrtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav koʻrindi: boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar poʻstin, ichida oʻzi-ning Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyogʻida qalapoy afzali, belida Kumushbibining usta qoʻli bilan tikilgan shohi qiyigʻ... Yuzlar qizil, ogʻiz irpaygan, koʻzlar oʻynab allakimni qidiradir. Oshlarini eb boʻlsalar ham joʻrttaga kuyav koʻrish uchun oʻlturgʻan mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka arzigundek, chakki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib oʻlturgʻan xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonigʻa tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon koʻzdan oʻzi asrasin!» dedi. Qutidor eshik ostida qoʻl qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, er ostidan kuyaviga koʻz qirini tashlab, kishiga sezdirmay oʻzicha kulimsirab qoʻyadir.

Mehmonxona ayvonida oq soqolliq, koʻrkam siymo va ogʻir tabiʼatlik domla bilan Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tagʻin bir necha kishilar oʻltu-radilar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisigʻa kelturib toʻxtatqandan keyin Otabek vakili boʻlgʻan Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili Muhammadrahim oralarida mahr masalasi ochiladir. Koʻb tortishqandan soʻng quyidagʻi mablagʻlar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish vaʼdasi bilan Margʻilondan oʻradek bir havli, sogʻish uchun sigir, as-bobi roʻzgor... Bunga Otabek ham oʻz rizoligʻini bildiradir. Domla xutba boshlaydir. Forsiycha oʻqulgʻan hamd, salovot va boshqalardan soʻng xutba eng nozik bir oʻringa kelib toʻxtaydir: «Sizkim Otabek Yusufbek hoji oʻgʻli Kumushbibi Mirzakarim qizini oʻzingizga sharʼiy xotinliqqa qabul qilasizmi?» — fors tilida soʻralgʻan bu savol Otabeknnig kulgusini qistatib, koʻnglidan kechi-radir:
— Qabul qilasizmi-ya?

Ul birinchi soʻroqdayoq — «uchib, qoʻnib qabul qi-lamiz» deb javob bermakchi boʻlsa ham biroq xalq-ning— «oʻlib turgʻan ekan» deb qiladigan taʼnasidan choʻchib, javob bermaydir. Yana bir qayta yuqoridagi «siz kim falonchi...» jumlasi domla tarafidan takrorlanadir.

Kuyavlarga uchunchi soʻroqda javob berish odat hukmida boʻlsa ham, Otabek bu takallufka chidalmaydir. Goʻyo uchinchi soʻroq oʻrnigʻa «Endi olmas ekansiz Kumushbibini...» deb majlis buziladirgʻandek seziladir-da, hamma tovshini qoʻyib, barchagʻa eshitdirib «Qabul qildik!» deb yuboradir.

Domla alhamdulilloh, alhamdulilloh... bilan nikoh-ni tugatib majlis tomonidan kelin bilan kuyavning haqlarigʻa duo boshlanadir, hamma duogʻa qoʻl koʻtarib, hatto tomdagʻi tomoshachi xotinlargʻacha «omin»ga koʻmaklashadirlar va shundan keyin nikoh majlisi yopiladir. Yigitlar kuyavni mehmonxonagʻa olib kiradirlar, ziyofat boshlanadir.

Otabekda bir daqiqagʻa boʻlsin toʻzim boʻlmagʻan bir vaqtda bir necha soatlarga qarab choʻzilgʻan bu tomoq majlisi bilan albatta ul yaxshi chiqisha olmaydir. Xuftanga yaqin banaʼji bir ishtiho bilan eyilib boʻshatilgʻan lagan, tovoqlar olinib dasturxonlar yigʻildi.

Bizningcha bir yarim soat, Otabekcha allaqancha yil hisoblangan bir fursat oʻtib, nihoyat, yangalar kuyav soʻradilar. Ikki yoshgʻa muhabbatlik umr soʻrab fotiha oʻqilgʻandan soʻng Otabek ichkariga uzatildi.

Hasanali mehmonxona ayvonida bekni kutib turar edi:
— Endi kuyavlik muborak boʻlsin, begim?
— Qutlugʻ boʻlsin.

Hasanali boshdan-oyoq bekni kuzatdi, otaliq muhab-bati bilan bekning orqasini siladi va yoshli koʻzlari bilan duo qilib unga ruxsat berdi. Otabek yangalar kutib turgʻan tarafka yurdi.

Ul hozir qiziq holatda edi: bu nima gap, tushimi, oʻngimi, nima gaplar oʻtib, nimalar boʻlmoqda, boʻlib turgʻan ish haqiqatmi?

Biz ichkariga kiramiz: havlining ikki tomoni to Kumushbibining uyigacha qator kuyav kutkan xotinlar, bola-chaqalar bilan toʻlgʻan. Baʼzan kutkuchi xotinlar-ning qoʻlida yonib turgʻan shamʼ, kuyav tushadirgan uy toʻy mollari bilan juda ham bejalgan. Yuqorida yozilib oʻtilgan qutidor uyining aksar jihozlari shu uyga, Kumush qiz uyiga koʻchirilgan. Bir bulargina emas xotin- qizlar qoʻli bilan chatib ishlangan turlik ziynat chodirlari bilan ham bejalgan, shipda katta qandil, qandilda oʻttuzlab shamʼlar yonib uyni sirlik bir holatka qoʻyadirlar. Burchakda qizlar majlisida koʻrilgan oq kiyim-lar bilan Kumushbibi turadir... Uning husni bejalgan uyning oqlari, koʻklari, sariqlari va qizillari bilan tovlanib xayoliy bir siymoda... Koʻz yoshlarini oquzib yangasi-ning soʻziga quloq osmaydir. Tashqaridan eshitilgan «kuyav! kuyav!» soʻzi bilan tagʻin ham uning koʻz yoshisi koʻpayib tusi ham oʻzgardi. Yangasi Kumushni shu holda qoldirib oʻzi yugirganicha eshikka chiqdi. Kuyav kelar edi: ikki tomonni sirib olgʻan xotin- qizlar oʻrtasidan Otabek kelar edi. Uning ketidan Oftob oyimning egachisi isiriq tutatar edi. Xotinlar qoʻllarida shamʼ bilan unga qarar va kuzatib qolur edilar. Kuyav uyning yonigʻa etdi. Uning yuzi uyatidan juda qizargʻan, qochqali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi.
— Kiringiz, bek.

Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi... Otabek uyga kirgandan keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni oʻzi koʻrarlik qiya qilib yopdi... Uyning toʻrida yonini Otabekka berib roʻymolining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim keldi, deb yonigʻa qaramaydir. Roʻymol tugish bilan mashgʻul latif qoʻllarni chet qoʻl kelib siqdi:
— Jonim! Kumushbibi begona qoʻldan seskandi va qoʻllarini qutqazmoqqa tirishib:
— Ushlamangiz, — dedi ham siquvchi qoʻldan quti-lish uchun orqagʻa tislandi.

Titragʻan va qovjiragʻan bir tovushda:
— Nega qochasiz? Nega qaramaysiz? — dedi bek. Kumushbibi shu choqgʻacha qaramagʻan va qarashni ham tilamagan edi. Majburiyat ostida, yov qarashi bilan sekingina dushmaniga qaradi... Shu qarashda bir muncha vaqt qotib qoldi. Shundan keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan, hayajonlangʻan bir tovush bilan soʻradi:
— Siz oʻshami?
— Men oʻsha, — dedi bek. Ikkisi ham bir-birisiga beixtiyor termulishib qoldilar.

Kumushbibi ogʻir tin olib:
— Koʻzlarimga ishonmayman, — dedi.

Otabek koʻzlarini toʻldirib qarab:
— Men ham, — dedi.

Shu vaqt ikki lab oʻz-oʻzidan bir-birisiga qovishdi... Kichkina nozik qoʻllar elka ustiga, kuchlik qoʻllar qoʻltiq ostigʻa yopishtilar.

Kumushbibi Otabekning yuziga uzoq tikilib turdi-da:
— Kutilmagan bir baxt, — dedi va oʻzining otidek bir narsaning tovshi kabi qilib kulib yubordi. Bu kulish havlilargacha eshitildi. Qiya ochilib turgʻan uy eshigi ham qattiqqina beklandi. Kumushbibi Otabekning qoʻlidan ushlab quyida yozib qoʻyilgan dasturxon yonigʻa boshladi:
— Siz boʻlgʻanligʻingizni ilgaridan bilganimda boshqacha qarshilar edim, — dedi.
— Boshqa deb oʻyladingizmi?
— Oʻylash qaerda, siz boʻlursiz, deb koʻnglimga ham kelmagan edi, — dedi-da, tagʻin kulib yubordi.

Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagiga Otabek oltin uzuk solur ekan, ul erga qaragʻan holda edi.
— Men sizga hech narsa ham hozirlamagʻan edim...
— Hozirlamagʻaningiz uchun oʻkinasizmi?
— ...
— Oʻkinmangiz, — dedi bek, — sizdan bir narsani soʻrasam ayamassiz?
— Ayamayman.

Otabek Kumushbibining lablari ustidagi qora xoligʻa ishorat qilib:
— Shu erdan bir oʻpish bersangiz, siz ham katta esdalik hozirlagʻan boʻlur edingiz, — dedi.

Kumushbibi qizarindi.

* * *

Otabek Margʻilon kelganning ikkinchi kuni poyafzal bozorida boʻlgʻan edi. Asr namozning vaqti oʻtib borgʻanliqdan ul shundagi doʻkondorlarning birisidan tahorat olish uchun suv soʻradi. Koʻchadagi suv ariqning tegidan sayoz oqar, shuning uchun undan foydalanish qulay emas edi. Doʻkondor unga suvning qulay oʻrnini koʻrsatdi: «Mana shu burchakdagi darbozadan ichkariga kirsangiz, ariqning yuza joyini topib tahorat olursiz», dedi. Otabek doʻkondorning koʻrsatishicha qutidorning tashqarisigʻa kirdi. Shu vaqt tasodufan nima yumish bilandir mehmonxonadan chiqib kelguchi farishtaga koʻzi tushdi. Kumush ham ariq yoqasigʻa kelib toʻxtagʻan chingilin yigitka beixtiyor qarab qoldi. Ixtiyoriy emas, gʻayri ixtiyoriy ikkisi ham bir- birisidan bir muncha vaqt koʻz ololmadilar. Oxirda Kumush nimadandir choʻchigʻandek boʻldi, engilgina bir harakat bilan oʻzini ichkari yoʻlak tomongʻa burdi. Bu burilishdan uning orqa- oʻngini tutib yotqan qirq kokillari toʻlqinlandilar. Kumush ichkariga qarab chopar ekan, yoʻl ustidan ariq-boʻyida qotib turgʻan yigitka yana bir qarab qoʻydi va bu qarashda unga engilgina bir tabassum ham hadya qildi... Kumush ichkariga kirib koʻzdan gʻoyib boʻldi, lekin Otabek yana bir necha daqiqa erga mixlangandek qotib turdi... Oxirda koʻzini katta ochib oʻtkan daqiqada uchrashkani xayoliy goʻzalni istab xayol-landi. Biroq haqiqat boshqacha edi. Tahorat olmoq uchun ariq boʻyigʻa oʻlturdi. Ammo koʻzi xayol yashi-ringʻan yoʻlakda edi. Tahoratlanib boʻldi, yana koʻzini oʻsha tarafdan uzolmadi. Artinib olgʻandan keyin yana oyogʻ ustida toʻxtab qoldi. Yashiringʻan goʻzal ikkinchi qayta koʻrinmadi, ehtimolki, Otabekni ipsiz bogʻlab, oʻzi qaysi burchakdan boʻlsa ham asirini tamosha qilar edi.

Koʻb kutdi, asr namozini qazo qilib kuch bilan qutidor uyidan chiqdi va shu daqiqadan boshlab unda muhabbat mojarosi tugʻilgʻan edikim, bu yogʻi oʻqugʻuchimizga maʼlumdir.

Kumushbibining yuqorida «Siz oʻshami!» deb soʻrashi shunga binoan boʻlib, ammo unga masalaning onglashilmay qolishi va chin baxtni bilʼaks kutib olinishi qiziq edi. Shunday qilib ikki yoshning birinchi ham sof muhabbatlari qovishish bilan natijalandi.

Chaqimchiliq

— Bu kun etti kun... Otabek qutidorning qizigʻa uylandi.

Ul bu xabarni Qoʻqondan qaytishda eshitkan edi. Oʻzining qiyofasiga yarasha qoʻrqunch yoʻllar izlar ekan, quloqlari tegida «...qizigʻa uylandi» jumlasi takrorlanib turgʻandek boʻlar edi.

Uning Qoʻqondan qaytishi ikkala xotini uchun ham ulugʻ bir falokat boʻldi. Chunki arzimagan bir sabab bilan ikkalasi ham yaxshigʻina tayoq eb oldi. Shuning uchun ikki kundash uning oldigʻa kirishdan qoʻrqib, yana toʻgʻrisi — uning sovuq aftini koʻrishdan jirkanib havlining chet- chetida yurarlar, ikki kundash bilittifoq unga oʻlim soʻrarlar: «Qoʻqonda oʻlsa, oʻligini itlar esa biz achinarmi edi», deyarlar edi.

Ul oʻlturgan koʻyi nima toʻgʻrisida boʻlsa ham juda bosh ogʻritib oʻylar edi. Shu choqda uning tusidan yirtqichliq, bir gunohsizning ustiga hujumga hozirlangʻan vahshiylik belgulari koʻrilur edi. Har holda ul yaxshiliqqa emas, qandogʻ ham boʻlsa bir vahshiylikka yoʻllar, rejalar izlar edi. Oxiri uning yuzida istehzolik bir iljayish koʻrildi-da, bir narsaga qaror qoʻygʻandek bir harakat yasadi va oʻrnidan sakrab turib qoziqdagʻi kirlab ketkan sallasini qoʻligʻa oldi va havliga chiqdi. Tashqarisida besh doʻkonlab ish toʻqib turgʻan xalfa shogirdlariga baʼzi taʼlimotlarni bergach, bir ulugʻ darboza orqaliq koʻchaga yurdi. Oʻralib bitmagan sallasini tuzata-tuzata tor, kirdi-chiqdilik koʻchalar bilan shaharning kunbotar tomonigʻa, beklar mahallasiga qarab ketdi.

Beklar mahallasining boshlanishida, janubga qaratib qurilgʻan ulugʻ bir darbozaning yonida ikki nafar miltiq va qilichlik yigit soʻzlashib turar edilar. Bularning yonigʻa bizga maʼlum kishi kelib toʻxtadi va ulardan soʻradi:
— Bek uydamilar?

Soʻzning beliga tepkani uchun yigitning birisi oʻshshayib soʻragʻuchigʻa qaradi, ikkinchisi qoʻllari ora-sidagʻi miltigʻi bilan ichkariga ishorat qilib javob berdi:
— Bor! Darbozadan ichkariga kirilgach, saroy kabi bir havli, ayvonda oʻn beshka yaqin yarogʻliq yigitlar toʻnkalardan gulxan solib, isinib oʻlturmakda edilar. Ul toʻrdagi ayvon orqaliq yuriladirgan uyning eshigida turgʻuchi yigit ogʻasining yonigʻa bordi va qoʻrboshi bilan uchrashmak orzusida boʻlgʻanligʻini aytib undan kirishka ijozat soʻradi. Yigit ogʻasining rahbarligi bilan ichkariga kirdi: boshigʻa koʻk salla chulgʻagʻan, egniga Oʻratepaning bosmasidan chakman, beliga kumush kamar bogʻlab kumush qinlik qilichini tizasiga bosqan, qora tanlik boʻlsa ham koʻknorimi, taryakmi isteʼmolidan yuzi sargʻaygʻan qirq-elli yoshlar chamaliq bir kishi yorliqsumon bir yozuvni oʻqub oʻlturmoqda edi. Qoʻrboshi kelguchining salomiga eʼtiborsizgʻina javoblangʻan boʻldi-da, ruhsiz bir tovush bilan:
— Nima qilib yuribsiz? — deb soʻradi.
— Taqsir, sizga arz bor.

Yigit ogʻasi kelguchini qoldirib chiqdi. Kelguchi eshik yonida oyogʻ ustida qoʻl bogʻlab turar edi.
— Qanday arzing bor?
— Taqsir... ijozat bersangiz oʻltursam...
— Xoʻb, oʻltur.

Kelguchi koʻp tutulib tusi oʻnggʻan gilam ustidan yurib borib, qoʻrboshi qarshisigʻa tavoziʼ bilan oʻlturdi. Qoʻrboshi qoʻlidagʻi yozuvni buklab qoʻynigʻa tiqdi-da, kelguchini er ostidan kuzatdi:
— Qaerliksan?
— Taqsir... shu erlik, margʻilonlik.
— Oting nima?
— Taqsir... Homid.
— Nima kasb qilasan?
— Ustakorlik.
— Yaxshi, arzingni gapir?

Homid oʻzining tovshigʻa yasama bir ohang berib arzini boshladi.
— Janobi padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir zamoni adolatlarida ham, — dedi Homid, — qora choponliqlar hanuz tinch yotmay yurtni qipchoq ogʻalarigʻa qarshi oyogʻlandirmoqchi boʻladirlar, ishni yana tadbirsiz qora choponlar qoʻligʻa olib mamlakatni buzgʻunliqqa solmoqchi boʻladirlar... Biz bunday buzu-qilar yolgʻiz Toshkanddagi Azizbek bilan uning yoʻlboshchisi boʻlgʻan Yusufbek hoji, deb bilgan edik. Biroq ularning urugʻi bizning Margʻilongʻa ham sochilgʻan ekan.

Qoʻrboshining koʻzi ola-kula keldi:
— Nima deysan? U kim ekan Margʻilonda?!
— Bittasi mashhur buzuqi toshkandlik Yusufbekning hozirda Margʻilonda turgʻuchi oʻgʻli — Otabek ismlik bir yigit, ikkinchisi uning hammaslaki va qayin otasi boʻlgʻan Mirzakarim qutidor.
— Hali-ya?
— Shundogʻ, taqsir.
— Sen bu gapni qayogʻdan bilding?
— Shu kunlarda ularning bir majlislarida boʻlgʻan edim, taqsir...
— Xoʻsh, xoʻsh, majlisda?
— Majlisda koʻb gaplar oʻtdi, taqsir, — dedi Homid,— majlisning boshlugʻi boʻlgʻan Otabek qipchoqlarning zulm va taʼaddisini, qipchoqlaridan ishni olmoq uchun Toshkandda Azizbek va oʻz otasi boshliq bilfeʼl ish boshlagʻanlarini soʻzlab, Margʻilonning ham mundan soʻng oyoqqa qalqishi kerakligini aytdi... Majlis ahli, ayniqsa Mirzakarim uning soʻzini kuchlab tushdi.

Agar bu ishning oldini olinmasa, hukumat va mamlakat uchun natija qoʻrqunchdir, taqsir.
— Majlis kimnikida edi?

Homid tarafidan kutilmagan bir savol. Homid oʻziga berilgan bu savol qarshisida taraddudlanib qoldi. Chunki majlis oʻrnini aytsa pochchasi bilan jiyani Rahmatning ham qoʻlgʻa tushishlari aniq va buning bilan ul oʻz oyogʻiga bolta qoʻygan boʻlar edi. Shu mulohaza yuzasidan ul tutiliqdi:
— Majlis oʻrni yodimda yoʻq, taqsir.

Mantiqsiz bu javobga qarshi qoʻrboshi achchigʻi bilan baqirdi:
— Yodimda yoʻq?! Homid garangsidi va bir xil siniq tovushda:
— Esimda boʻlsa ham nozik bir joy edi, taqsir, — dedi.
— Nozik bir joy edimi! — deb qoʻrboshi zaharxanda qildi. — Agar aytmasang oʻsha muttahamlar tiqiladir-gʻan chuqurgʻa sen ham tashlanasan.
— Kechiringiz, taqsir.

Qoʻrboshi yirtqichlardek boʻkirdi:
— Kechirish yoʻq! Homid uchun eng keyingi choradan boshqa iloj yoʻq edi — choʻntak kavlashka tutindi va yuz mashaqqat bilan yonchigʻini chiqardi. Yonchiqdan oʻnga yaqin oltinlarni sanoqsizcha olib, qoʻrboshigʻa uzatdi:
— Taqsir... sizga atagʻan nazrimiz edi...

Homid kavlana boshlagʻandanoq qoʻrboshining ustidan sovuq suv sepilgan edi. Ul oltinlarni yonigʻa solib joylagʻach, tovush ham eski holiga qaytib, soʻzlar ham muloyim tortdi.
— Demak, nozik joy edi, degin Homidboy.
— Taqsir...
— Badbaxtlar shunday maslahat qildilarmi hali?
— Taqsir... Bu ishning oldini olinmasa natija yomon albatta.
— Albatta, biz oʻsha buzuqilarning jazolarini berarmiz... Men hozir borib bekka arz qilay, shu kechadan qoldirmay qoʻlgʻa olamiz muttahamlarni, — dedi qoʻrboshi.

Homidning chehrasi ochilib ketkan edi. Qoʻrboshi oʻzining imo va ishorasiga oʻtkanlikdan uning koʻzida oʻch olish quvonchlari va undan keyingi Homidning oʻziga maʼlum boʻlgʻan bir baxt umidlari oʻynar edilar. Qoʻrboshi tokchadan davot, qalam olib oldigʻa qoʻydi-da, yozuvgʻa hozirlanib soʻradi:
— Ayt-chi, Homidboy, muttahamlar kimlar edi?
— Bittasi toshkandlik Yusufbek hojining oʻgʻli — Otabek.

Qoʻrboshi yozdi:
— Ha-ha! Hali Yusufbek hojining oʻgʻli degin. Bizning Margʻilonni ham qongʻa botirmoqchi ekan-da, muttahamlar, ikkinchisi?
— Shu kunlarda Otabekka qizini bergan margʻilonlik Mirzakarim.
— Pes-pesni qorongʻida topqan ekan, uchinchisi?
— Otabekning quli — Hasanali.
— Toʻrtinchisi?

Homid bir oz oʻylab javob berdi:
— Bilmadim... Hozir Margʻilondami, yoʻqmi, andijonlik Akram hoji.

Qoʻrboshi yozdi:
— Ish katta ekan, tagʻin?
— Endi yoʻq, taqsir, — dedi Homid va soʻziga shuni ham qoʻshdi, — Otabek bilan Mirzakarim qoʻlgʻa olinsalar ilonning boshi yanchilgan hisoblanib, oʻzgalarning qoʻlidan ish keladirgan odamlar emas, taqsir.

Qoʻrboshi yozuvni bitirib qoʻyniga tiqdi — «Boʻl-masa ish bitdi, ertaga erta bilan mojaroni eshitarsan», — dedi. Homid oʻrnidan turib qoʻrboshigʻa qulliq qilib chiqdi.

Qamoq

«Yormozor» mavziʼida shahar qoʻrgʻonigʻa tiralib so-lingʻan oʻrda. Oʻrda darbozasining sahni botmonlab hisoblangʻan mevazor boʻlib, bunda olma, oʻrik, nok va tut yogʻochlari xiligʻina bor edilar. Darbozaning ikki biqinini oʻrab olgʻan loyigʻa gullar, naqshlar tushirilib ishlangan sakkiz gazlar yuksaklikda oʻrda qoʻrgʻoni, darbozaning ikki burjida alachami, boʻzdanmi uzun choponlar kiyib, boshlarigʻa quloqchin qoʻndirgʻan, qayish kamar ustidan qilich tiqinib miltiqlarigʻa suyangʻan ikki yigit koʻrinadirlar — bular navbatchi oʻrda qorovuli, qorongʻi tushishka yaqinlashqanliqdan qiya yopilib turgʻan darbozani kimdir, ichkaridan bittasi zichlab yopdi-da, kuch sarf qilib darbozaning zoʻr zanjirini sharaq-shuriq etib bogʻladi. Hozir bizga oʻrda ichiga kirish mumkin boʻlmagʻani uchun qoʻrgʻonning tashqari tegrasida aylanib turayliq:

darbozaning soʻl biqinigʻa qarab ikki yuz adim ketsak qoʻrgʻon devori tugalab, burja etiladir.

Qoʻrgʻon burjiga qorovul turish uchun maxsus manora shakilli joy yasalgʻan boʻlsa ham hozirda navbatchidan xolidir. Shundan keyin bir boʻshliq er bilan qoʻrgʻonning janubiga qarab ketiladir. Toʻrt yuz adimlab borilgʻach, qoʻrgʻonning sharqi-janubi burjiga etilib, bu burjini ham anovisidek qorovulsiz topiladir. Bu burjdan qaragʻan kishiga qoʻrgʻonning gʻarbi-janubi burji ham koʻrinib, shu yoʻsunda oʻrdaning toʻrt burjini aylanib chiqilsa bir ming olti yuz adim bosilgʻan boʻlib oʻrda-ning gʻarb tomonidan biz tanishqan oʻrda darbozasigʻa kelinadir.

Hozir qorongʻi ham oʻbdan tushkanliqdan kishi-kishini tanimasliq darajada edi. Boyagʻi darboza ustida koʻringan qorovullar hamon qora haykal kabi qotib turar edilar.

Shahar ichidan oʻrda darbozasigʻa qarab kelmakda boʻlgʻan bir necha ot oyogʻlarini eshitib qorovullardan bittasi — «tuyoq tovshimi?» deb, ikkinchisiga savol tashlab qoʻydi. Ikkinchi qorovul moʻralab-moʻralab yoʻlgʻa qaradi:
— Uch otliq koʻrinadir.
— Vaqtsiz kelguchi kim ekan?
— Bunday vaqtda qoʻrboshidan boshqa kishi kelmas edi, ehtimol, oʻshadir.

Darvoqiʼ, qoʻrboshi oʻzining ikki yigiti bilan etib keldi va otidan qoʻnib jilovini yigitining qoʻligʻa berar ekan, qorovullargʻa buyurdi:
— Darbozani ochsinlar! Qorovullar ichkariga xabar bergandan soʻng darboza ochilib qoʻrboshi ichkariga kirdi.

Oʻrdaning tevarak masohatini biz chamalab koʻrgan edik, shuning uchun oʻrdaning qay daraja keng boʻlishi ham bizga qiyosan maʼlum. Ammo oʻrdaning koʻproq qismi darboza tomonida qoldirilib, janubka tortilgʻan xatti mustaqim bir devor bilan boʻlingan edi. Narigi tomon oʻrdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek — hokim oilasi turar edi. Oʻrdaning tashqarigʻi qismining uch tarafi (janub, sharq, gʻarb) binosiz, faqat qoʻrgʻon devorlari-ning zinalari edi.

Ammo imorat qismi darboza bilan bir qatorda boʻlib, soʻl biqinida devonxona, uning qatorida boʻyiga qirq, eniga yigirma olchin joy olgʻan oʻn besh darichalik kattakon chorzari uy, ichida elli chogʻliq bek yigitlari gulxan solib oʻlturar edilar. Bu uyning qatori oshxona, otxona va shuningdek, hojat uylarini tashkil etar edilar.

Qoʻrboshi darbozabon yonida toʻxtab, undan soʻradi:
— Bek ichkaridamilar?

Darbozabon darbozani kuchanib yopar ekan, javob berdi:
— Bilmadim, taqsir.

Oʻrdaning charogʻchisi darboza yaqinidagʻi mashʼala yogʻochigʻa oʻt berib, butun oʻrda ichi yorib ketdi. Qoʻrboshi darbozaning oʻng tarafiga qarab yurdi. Bu tomonda nihoyatda ziynatlanib bino qilingʻan oliy imoratlar boʻlib, shahar ustalarining hamma sanʼat va mahoratlari shu binolarda gavdalanur edi. Qoʻrboshi bi-rinchi eshik yonida turgʻan yarogʻliq qorovuldan oʻtib, kichikrak, naqshliq bir uyga kirdi. Ikkinchi eshikdan oʻtib, ulugʻ bir zolga chiqdi. Zol juda nafis ishlangan edi: oltin qandildagi ellilab shamʼlarning nuri bilan munaq-qash devorlarning oltin, kumush, koʻk-qizil, oq-pushti, sariq-qora gullari yulduzlardek yashnab, uyga bir xa-yoliylik berar edilar. Uyning ostigʻa toʻshalgan qizil lola gullik gilam kishini goʻyo bir chamanda his etdirar edi. Zolning toʻrida, kichkina haldor bir eshikcha yonida, atlas koʻrpacha ustida oʻn besh yoshlar chamaliq, qizil duxobadan kiyingan koʻrkam bir oʻgʻlon palov eb turar edi.

Qoʻrboshi eshikdan kirar ekan, oʻgʻlongʻa qarab kulimsiradi:
— Ha, Ahmadxon, siz shu erda ekansiz, — dedi.

Ahmadxon joyidan qoʻzgʻalmadi:
— Men hamisha shu erda, qani, oshgʻa.
— Rahmat. Qushbegi ichkaridadirlar?
— Ichkaridalar, — dedi Ahmadxon, — men toʻyib qoldim, kelsangiz-chi.
— Boʻlmasa, tabarruk qoʻlingiz bilan bitta oshatsangiz.

Ahmadxon qoʻligʻa siqquncha osh olib qoʻrboshigʻa tutti, qoʻrboshi ixlos bilan Ahmadxonning qoʻlidan oshadi. Ul oshnigʻina emas, hatto Ahmadxonning qoʻlini ham oshaydirgʻan edi.

Koʻb fursat oʻtmadi. Toʻrdagi kichkina eshik ochilib ichkaridan toʻla yuzlik, oʻsiq qoshliq, ogʻir qaragʻuchi koʻzlik, siyrak soqol, oʻrta boʻyliq, ustidan kimxob toʻn kiyib, beliga qilich osqan qirq besh yoshlar chamasida bir kishi koʻrindi. Ahmadxon bilan qoʻrboshining oʻrinlaridan turib taʼzim qilishlaridan bu zotning kim ekanligi bilinar edi. Bu kishi kelib atlas koʻrpacha ustiga oʻlturdi va oʻzining salmoq tovshi bilan:
— Qalay, Xoliqbek, — dedi, — yurtlaringiz tinch-likmi, oʻlturing.
— Xudogʻa shukur, davlatlari koʻlankasida, — deb qoʻrboshi tavoziʼlandi va qoʻl qovushtirib qushbegining yaqinigʻa choʻkkaladi. Ahmadxon boʻsh laganni dastur-xoni bilan koʻtarib qushbegi kirgan eshikdan chiqdi.
— Kechagi oʻgʻrilar nima boʻldi, qoʻlgʻa tushirdingizmi?
— Davlatlari koʻlankasida... Oʻgʻrilardan bittasi tutildi, davlatlari yori bersa qolgʻanlari ham ushlanur, deb oʻylayman.
— Boshqa nima xabarlar bor?

Qoʻrboshi yuziga jiddiylik holati berdi:
— Davlatlari yori bersa hukumatimiz uchun qoʻrqunch boʻlgʻan buzuqilar uyasini topqandekman,
— dedi.

Qushbegi oʻziga oʻngʻaysizliq bermakda boʻlgʻan qilichini tizasiga olib hamon sovuqqonliliq bilan soʻra-di:
— Qanday buzuqilar uyasi?
— Qanday buzuqilar uyasi boʻlsin, taqsir, — dedi qoʻrboshi, — dunyoda qora choponliqlardan ham kuchlirak buzuqilar boʻladimi?

Qushbegi koʻtarilinqirab oldi va koʻzlari bir oz kattaroq ochildi:
— Xoʻsh?
— Maʼlumingiz, ulardan Azizbek bilan Yusufbek Toshkandda bilfeʼl isyon chiqarib yotadirlar. Biroq ular shuning oʻzigagina qoniqmay, Margʻilonni ham buzish fikriga tushkanlar va shu maqsadda bu erga odam ham koʻndirganlar.
— Odami kim, tanidingizmi?
— Tanidim, taqsir, — dedi qoʻrboshi magʻrur bir ohangda, — Yusufbek hojining oʻgʻli va oʻzimizning Margʻilondan ham yana bir necha buzuqilar.
— Yusufbek hojining oʻgʻli?
— Taqsir... ismi Otabek.

Qushbegining koʻzi yondi... Manglay etlari tirishib, soʻl qoʻl bilan soqolini tutamlab fikrga ketdi. Bu xabar unga boshqacha taʼsir bergan edi: Toshkandning Qoʻqongʻa qarshi isyon qilgʻan bir zamonida, isyonchi-lardan biri ham birinchisi boʻlib tanilgʻan Yusufbek hojidek bir kimsaning oʻz oʻgʻlini Margʻilonga yuborib, bunda ham isyon chiqarish qasdida boʻlmogʻi uningcha juda yaqin va shubhasiz edi.
— Ul hozir qaerda turadir?
— Mirzakarim qutidor ismlik bir kishinikida.
— Mirzakarim bilan qanday aloqasi bor emish?
— Barakalla, taqsir, — dedi qoʻrboshi, — Otabekning Margʻilondan topqan eng yaqin kishisi shu qutidordir. Mundan bir necha kun ilgari Otabekka oʻz qizini berib kuyav ham qilibdir.

Aytishlaricha, Otabekning barcha rejalari shu qutidor bilan kengashib boʻlar ekan.
— Ularning tevaragiga kimlar yigʻilgʻan?

Qoʻrboshi qoʻynidagʻi yozuvni olib qushbegiga uzatdi:
— Hozircha menga maʼlum boʻlgʻan buzuqilar shunda.

Qushbegi yozuvgʻa koʻz yugurtirib roʻyxatdagi kishilarni darhol keltirishga buyurdi. Qoʻrboshi qulliq qilib chiqgʻach, yana bir qayta yozuvni oʻqub fikrga toldi.

* * *

Oʻtabboy qushbegi hozirgina ichkari oʻrdadan qaytib chiqgʻan edi. Shu orada qoʻrboshi kirib unga qulliq qildi:
— Keltirdim, taqsir. Biroq ikkisini topolmadim.

Qushbegi chidamsizlik bilan:
— Otabekni-chi? — deb soʻradi.

Qoʻrboshi muzaffarona javob berdi:
— Tutdim, taqsir, qutidorni ham.
— Olib kiringiz.

Qushbegi tinchlandi, qoʻrboshi dahlizdan tashqarigʻa ishorat berdi va qaytib qushbegiga ruxsat qulligʻi ado qildi va undan izn olib oʻlturdi. Eshikdan ikki qurollik yigit muhofazatida Otabek va qutidor koʻrinib bekka qulluq qildilar. Qushbegi yarogʻliq yigitlarni qaytishgʻa buyurib, gunohkorlarni yovoshgʻina qilib oʻz oldigʻa chaqirdi. Otabekda tushunmaslikdan boshqa oʻzgarish sezilmasa ham qutidor juda qoʻrqqan, rangi oʻchkan edi. Ikkisi tenglikda qushbegiga qarshi choʻkkaladilar. Otabekni ortiqcha bir diqqat bilan koʻz tegidan oʻtkargach, qushbegi soʻradi:
— Otabek degan sizmi?
— Taqsir, man.
— Toshkandlik Yusufbek hojining oʻgʻlisiz?
— Taqsir.
— Hozir Margʻilonda turasizmi?
— Taqsir.
— Margʻilon kelganingizga koʻb boʻldimi?
— Qirq kunlar chamasi.
— Margʻilonga nima yumish bilan kelgan edingiz?
— Savdogarchilik bilan, taqsir.
— Oʻzingiz yolgʻizmi?
— Bir kishim bor edi.

Qushbegi qoʻlidagi roʻyxatka qarab oldi va davom etdi:
— Hasanali kim boʻladir?

Otabekdagi boyagʻi tushunmaslik bir shubhaga alishindi. Ammo parvosizcha javobini beraverdi:
— Qulimiz boʻladir, Toshkanddan kelgandagi yoʻl-doshim shu siz aytkan Hasanali edi.
— Hasanali bu kunda qaerda?
— Margʻilonda.
— Siz bilan birga turadimi?
— Yoʻq. Saroyda bir muncha mollarimiz boʻlar edi, saroyda mollargʻa qarab turadir.
— Bu kishi kimingiz?
— Qayin otamiz.
— Koʻbdan berimi?
— Bu kun sakkizinchi kun...
— Ilgari oʻzingiz uylangan edingizmi?
— Yoʻq.
— Oʻzingiz toshkandlik boʻlaturib nima majburiyat ostida Margʻilondan uylandingiz?

Bu savoldan Otabek bir oz oʻngʻaysizlanib toʻxtadi. Ammo bu oʻngʻaysizlanishdan qushbegining oldida boshqa bir haqiqat ochilgʻandek boʻldi:
— Javob beringiz.
— Taqdir, taqsir.

Qushbegi bir oz oʻylab olib yana savol berdi:
— Margʻilonda kimlarni taniysiz?
— Margʻilonda uch-toʻrt kishidan boshqa odamni tanimayman.
— Akram hojini tanirsiz?
— Taniyman. Uning bilan bir necha majlislarda oʻlturishkan edim.
— Bu kunda Akram hoji oshnangiz qaerda?
— Bilmadim, taqsir, — dedi va qayin otasigʻa qaradi.

Qutidor javob berdi:
— Akram hoji bu kunlarda Andijonda boʻlsa kerak, taqsir.
— Xoʻb. Otabek, siz javob beringiz: Akram hoji bilan boʻlgʻan majlislaringiz kimnikida edi?

Otabek bunday soʻroqlarning bekorga emasligini payqab, buning tegida qanday boʻlsa ham bir gap borli-gʻigʻa ishondi:
— Birinchi majlisimiz mundan bir oy chamasi burun Ziyo aka deganning uyida, ikkinchisi (qutidorgʻa imo qilib) bu kishinikida boʻlgʻan edi. Shu majlislarda Akram hoji ham bor edi.
— Ziyo akanikida boʻlgʻan majlisingizga kimlar ishtirok qildi?
— Men, Ziyo shohichi, bu kishi (qutidor), — dedi va bir oz oʻylanib oldi, — Ziyo akaning oʻgʻli
— Rahmat, Akram hoji, Hasanali, Homid ismlik yana bir kishi.

Homid ismini eshitkan qoʻrboshi tasdiq qilgʻandek bir harakat yasab qoʻydi. Qushbegi qoʻrboshigʻa er tegidan koʻz yuborib oldi-da, davom qildi:
— Ikkinchi majlisingizda kimlar boʻldi?
— Ikkinchi majlisimizda boyagʻi kishilargina boʻldi. Faqat Homid yoʻq edi.
— Boya, Margʻilon kelganimga necha kun boʻldi, dedingiz?
— Qirq kunlar chamasi.
— Yaxshi, — dedi qushbegi, — aytingiz-chi, qirq kunlab Margʻilonda qolishingizning sababi nima edi?
— Maʼlumki, hozir Toshkand qamal (muhosara) holatidadir. Shunday vaqtda Toshkandga qaytish oʻzi aqlsizlik boʻlar edi.
— Qorachoponchi boʻlgʻaningiz uchun, — dedi isteh-zo qilib qushbegi, — qipchoq ogʻaynilardan qoʻrqdin-gizmi?
— Soʻzingizga tushunolmayman, — dedi kulib Otabek. Bu gapni oddiy kishiga aytkandek qilib soʻzladi. Qutidor uning bu aytkan gapidan emas, kulishidan nihoyat darajada qoʻrquvgʻa tushib oʻzida issiqliq-sovugʻliq bir holat his etkan edi. Hokimlarga garchi toʻgʻri boʻlgʻanda ham dagʻalroq soʻz aytish oʻlimni tilash bilan teng edi. Oʻtabboy qushbegi zamona hokimlarining tuzugi boʻlsa ham, koʻp boʻlmasa ozroq ular-ning taʼsiri bunda ham bor edi. Otabekning bu gapidan qizishdi:
— Qipchoq dushmani boʻlgʻan otangiz Yusufbek hojini unutdingizmi? Otangizning sizga bergan vakolati qaerda qoldi?
— Qipchoq dushmani kim, otam kimga qanday vakolat bergan, xudo haqqi uchun ochib soʻzlangiz, yoʻqsa yorilaman, taqsir!
— Oʻzingizni tagʻofulga solmangiz, bek yigit, — dedi qushbegi, — otangizning kim ekanini, sizni Margʻilonga nima uchun yuborgʻanini, qutidor bilan munda qanday ishlar qilmoqda boʻlgʻanligʻingizni, barchasini hujjatlari bilan bilamiz. Siz margʻilonlik ogʻaynilarni qipchoqlargʻa qarshi oyoqlandirmoqchi boʻlasiz, buni ham yaxshi bi-lamiz!..

Otabek Qutidor Otabek azbaroyi boʻgʻilib ketkanidan koʻkimtil tovlangʻan, qutidor bezgaklardek titray boshlagʻan edi. Otabek oʻzini kuch bilan yigʻishtirdi:
— Bunda zoʻr tuhmat bor, taqsir, — dedi, — otamni qipchoq dushmani va meni Margʻilon ogʻaynilarini isyonga hozirlash uchun kelgan, deb oʻylaysizmi?
— Oʻylamaymiz, ammo yaxshi bilamiz. Qutidorning sizga nima uchun qizini berib, kuyav qilgʻanigʻa ham yaxshi tushunamiz.

Qutidor suratdek qotib qoldi, Otabek boʻlsa oʻzidagi hayajonni kuch hol bilan tarqatishgʻa tirishar edi. Qushbegi bilan qoʻrboshi bu ikki gunohkorni taʼqib etar, ulardagi har bir harakatni oʻzlaricha bir narsaga yoʻyar edilar.

Uch-toʻrt daqiqalik sukutdan keyin Otabek tilga keldi:
— Biz bu daqiqada sizning fikringizcha goʻyo bir igʻvogar, goʻyo bir isyonchi boʻlib tanilib turibmiz, — dedi bek, — chindan ham shundogʻ kishilarmizmi, yoʻqmi, buni albatta sizning tekshirishlaringiz, haqiqat-laringiz koʻrsatar. Men sizning qilichingiz ostida oʻlim-dan qoʻrqib yoki sizga xushomad uchun soʻzlamay hukumat kishilarimiz orasida tushunadirgʻan bir odam boʻlgʻanligʻingiz vajidan otamning ham oʻzimning qanday fikr va maslak kishisi ekanligimizni aytib oʻtmakchi boʻlaman: biz na qipchoqlargʻa tarafdor bir kishi va na shaharlik ogʻaynilargʻa. Bu ikki firqa bizning nazari-mizda bir-birisidan mumtoz, idora ishida biri-biridan ortiqroq xalqlar emasdir. Shunga binoan Turkiston xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qoʻyni boʻriga topshirish qabilida boʻladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshigʻa intilgan kishilarining koʻkragiga qoʻl solib koʻrsangiz, birisining faqat el talamoq, boyliq ortdirmoqqagʻina boʻlgʻan gʻarazini, ikkinchisining koʻrkli xotinlar, yuqori turmishlar uchun boʻlgʻan maqsadinigʻina koʻrib, ikki oradan «elni tinchitay, el ham rohat-tirikchilik qilsin» degan uchunchi bir oliy maqsadni charogʻ yoqib axtarsangiz ham topolmassiz. Mana biz, taqsir, shu keyingi ishda koʻrilmasa ham faqat shirin xayollardagina yurgan oliy firqagʻa oʻzimizda tarafdorlik his etamiz. Otamning Azizbekka yaqin turishi qipchoq dushmani, qora chopon tarafdori boʻlgʻanidan emas, balki boyagʻi maslakka bir xizmat qilmoq uchundir. Taassufki, otam-ning Azizbekdan boʻlgʻan umidi boʻshka ketdi: bu kun ul oʻzining yaramas xayoli yoʻlida xondan yuz oʻgirdi va bu orada qancha gunohsizning qoni toʻkilishiga sabab boʻlmoqdadir. Manim bu soʻzlarimga ishoning- ishonmang, ixtiyor albatta sizdadir. Ammo bundogʻ eng joʻn boʻhton bilan qoralanishimgʻa vijdonim qarshisida soʻng daraja muazzabman, taqsir! Qushbegi Otabekning bu gaplaridan yaxshigʻina taraddudga tushkan edi, ammo — «Azizbekning otaligʻi va kengashchisi» boʻlgʻan Yusufbek hojining oʻgʻli boʻlishi uning miyasini qotirgʻan, balki, bu gaplar shunday ehtimollarga qarshi dastur qilib berilgan boʻlmasin, degan fikrga kelgan edi. Otabekning yuqoridagʻi gapla-ridan soʻng boʻlgʻan undagi oʻzgarish ham faqat bu ishni yaxshilab tekshirish va hozirdan bir hukm bermaslikkina boʻldi.
— Har holda sizning yaxshi niyatlik kishilar boʻlmagʻanligʻingiz koʻzimiz oʻngidadir, — dedi qushbegi,— shuning uchun to haqiqat oshkor boʻlgʻunchalik har ikkingiz zindonda qolarsiz.

Otabek bir soʻz aytmay sukut qildi. Qutidor «chora yoʻqmi?» degandek qilib kuyaviga qaradi.

Qushbegining ishorati bilan yigitlar hozir boʻlib, gunohkorlar zindonga joʻnatildilar.

Qushbegining — «Ertaga uyida majlis qurilgʻanlarni va bu majlisda ishtirok qilgʻan boshqalarni ham qoʻlgʻa olib, huzurimga keltiringiz!» degan amridan soʻng qoʻrboshi ham ruxsat olib chiqdi.

Najot Istab Toshkandga

Bu kun sakkiz kundan beriga — «kutilmagan bir baxt» egasi boʻlib olgʻan Kumushbibi uchun bu hol kutilmagan bir baxtsizlik, kutilmagan bir falokat edi. Endigina «Bekni uylantirdim, suyganiga qoʻshib quvontirdim», deb bu uylantirishning husni va qubhini tuzukrakkina oʻylay olmagʻan Hasanali uchun ham bu voqiʼa kichkina gap, ozgʻina qaygʻu emas edi. Koʻzining oqu qarosi, yolgʻiz qizini maxtovlik kuyavga berib, qizi bilan kuyavining bir daqiqa ham bir- birlaridan ajrasha olmagʻanlarini koʻrib koʻynagiga sigʻmay yurgan Oftob oyim uchun kuyavigina emas, hatto erining ham bu vartaga tushmogʻi chiday olarliq bir hol emas edi. Kumushbibi oʻzining «kutilmagan bir baxti» uchun ishonmagʻanday boʻlib yurar edi. Chindan ham mundan keyin qaytadan qovishmogʻiga ishonmay qoʻydi. Hasanali «qutildim» degan edi, yana togʻdek qaygʻugʻa tutildi. Oftob oyimning soʻyingani ichiga tushdi.

Kumushbibi bilan Oftob oyimning bu falokatka qarshi topqan-tutqanlari yolgʻiz koʻz yoshi toʻkishkina boʻldi. Bu falokatning ogʻirligʻi yana oʻzining togʻdek kattaligi bilan Hasanalining ustiga tushdi. Kumushbibi eri bilan otasining najotlarini kimdan kutishni bilmas edi-da, qora koʻzlarini jiq yoshgʻa toʻlatib — «endi nima qilamiz?» degandek Hasanaliga termular edi.

Qutidor oilasida boshqa er zoti boʻlmagʻanliqdan Oftob oyim qarindoshlaridan «jonkuyar» deb tanilgʻan kishi Kumushning togʻasi Ahmadbek boʻlib, ul ham umrining koʻpini Qoʻqondami, Xoʻjanddami oʻtkarar, shuning uchun undan ham yori kutish uzoq gap edi. Mana bu jihatdan ham Kumush va onasining birdan-bir ishon-gʻanlari yana Hasanalining oʻzi edi.

Barcha ogʻirliq Hasanalining ustida. Oʻzingning tugʻilib oʻsqan eringda ogʻa-inilaring, bilish-tanishlaring boʻlib har nuchikda ulardan shuningdek ogʻir kunlarda soʻz bilan, ish bilan bir yordam ola bilasan. Ammo biz-ning Hasanali Toshkandda emas — Margʻilonda, musofaratda, kishilarini tanimagʻan bir shaharda. Boshda Hasanali Ziyo shohichi bilan uning oʻgʻli Rahmatdan yaxshigʻina umid tutkan, har holda ulardan boshqa tayanarliq kishim yoʻq, deb oʻylagʻan edi.

Baxtka qarshi bu fikrdan ham tezda qoʻl yuvdi: Ziyo aka bilan Rahmat ham qoʻlgʻa olindilar va Hasanalining oʻzi ham qidirila boshlandi. Hasanali va Kumushbibilarning qaygʻulari yana bir qat oshti, qoʻrqunchi ustiga qoʻrqunch qoʻshildi. Hasanali ham Otabeklar bilan birlikda birinchi kun qoʻshilib qamalgʻan boʻlar edi, biroq uning saroyda boʻlishi ulardan ajralib qolishigʻa sabab boʻlgʻan edi. Qoʻrboshi yigitlari tomonidan Hasanali ham qidirilib boshlangʻach, ulardagi «balki bu kun, erta boʻshatib yuborarlar» degan umid ham boʻshgʻa chiqdi. Boshda Hasanali oʻz erki bilan hukumatka topshirilib, mahbuslarga jazo kelsa birlikda tortib, qutilish muyassar boʻlsa birga qutilishgʻa oʻylab qaragʻan edi. Uning bu fikriga Kumush bilan onasi qarshi tushdilar: «Sizning ozod yurishingiz mahbuslar uchun balki foydali boʻlar», dedilar. Hasanalining oʻzi ham ularning raʼyini muvofiq topdi. Biroq uning tashvishi ikki qat oshdi: har daqiqa hadukda, qoʻrboshi yigitlaridan qochib yashirinishgʻa, har soat joy yangilashka majbur edi.

Hasanali kunlarini tomoqsiz, tunlarini uyqusiz kechira boshladi: Otabeklar nega qamaldilar, qanday gunohlari bor ekan? Otabekning ipidan-ninasiga boʻlgʻan sirri unga maʼlum emasmidi? — Bu jihat bilan oʻylagʻanda «Qutidorlarning birar ishlari balosiga qoldi-yov», deb fikr qilar edi. Bu falokatni umumiyroq tekshirib boshlasa, xalq ogʻzida maqol oʻrnida isteʼmol qi-lingʻan «Ajalingning etishi qilgʻan yozigʻingdan emas— bek akangning qonsirashi» degan gap koʻngliga tushar edida, beixtiyor uflab yuborar edi.

Oradan besh kunlab oʻtdi, mahbuslar zindon balosidan qutila olmagʻanlaridek, ularning qamalish sirlari ham hech kimga bilinmadi. Hasanali shu besh kun ichida mahbuslarning najotlari yoʻlida qora pullik ish chiqara olmagʻanidek, bundan keyin ham bir ish qila olishigʻa koʻzi etmay qoldi. Chunki qoʻrboshi yigitlaridan saqlana olishning oʻzi ham unga katta vazifa daraja-sida edi.

Nihoyat, Margʻilonda turish fikridan qaytib, Toshkand joʻnash xayoliga tushdi. Bu kunlarda ham Toshkand tinchsizligi bir taraflik boʻlmagʻan, hanuz Toshkand Qoʻqon sipohlari tomonidan muhosara holatida ekanligi toʻgʻrisidagi xabarlar kelib turmoqda edi. Hasanali bu gaplardan xabarsiz emas, Toshkandga kirib olishning qay daraja qoʻrqunch boʻlgʻanligʻi ham uning koʻz oʻngida edi. Ish shundogʻ boʻlsa ham ul Toshkand joʻnash uchun oʻzida bir majburiyat his etar, najot yoʻllarini endi Toshkanddan izlamasa boshqa chora yoʻq edi. Qarorni shunga berib, bu fikrini Kumush bilan Oftob oyimgʻa soʻzladi. Ularda epaqalik bir miya, Ha-sanaliga yoʻl koʻrsatadirgʻan ixtiyor qolmagʻan, topqanlari faqat yigʻi edi. Hasanalining «Siz bilan manim qoʻllarimizdan bir ish chiqadirgʻan oʻxshamaydir. Nima boʻlsa ham men Toshkand borib, najotni oʻsha erdan izlamasam boʻlmas», deyishiga qarshi Kumushbibi bir xil siniq tovushda:
— Margʻilondan topilmagʻan najot Toshkanddan topilsinmi? — dedi.
— Biz endi shunga majburmiz, qizim, — dedi Hasanali, — qayin otangiz ehtimol buning birar chorasini topar.
— Biz endi shunday qolaberamizmi, agar zolimlar...— dedi-da Kumush soʻzining oxirini aytalmay oʻkrab yubordi. Hasanali ham oʻzini kuch hol bilan yigʻidan bosar ekan, Kumushni yupatdi:
— Unday boʻlmagʻir xayollarga tushmang, qizim, — dedi, — qushbegi boshqalargʻa qaragʻanda insoflik hokimdir. Xudo xohlasa, men Toshkanddan qaytquncha ular ham zindondan qutilurlar.

Bu kun kechasi ul yoʻl tayyorliqlarini koʻrdi. Minib ketishi uchun qutidorning saman yoʻrgʻasini belguladi. Ertasi ertalab Margʻilonning Qoʻqon darbozasidan bi-rinchi galda chiqgʻuchi Hasanali boʻldi.

Toshkand Qamalda

Bu kun Toshkand qamalining elli birinchi kuni. Sovuq bir oz yumshab tushkan, quyosh ochiq havoda harakat etmakda edi. Yerlar erib, hamma yoq shilt-pilt loy, qoʻrgʻon kungiralaridagi qirovlar boʻgʻqa aylanib koʻkka koʻtarilmakda edilar.

Bu kun tongdan boshlab, Toshkandning Samarqand darbozasi tomonidan boʻlgʻan qoʻqonlilarning hujum-lari oʻzlari uchun soʻng darajada halokat bilan tugalgan. Qoʻqon sipohlari endigi hujumgacha shikastrextlarini tuzatish, yaralarini bogʻlash, damlarini olish uchun qoʻrgʻon yonidan qayoqqadir, qoʻshlariga ketkanlar. Qaramoqqagʻina emas, soʻzlashka ham dahshat: Kamolon darbozasi bilan Samarqandgʻacha boʻlgʻan qoʻrgʻon ostlari (bu ikki darboza oralari besh yuz adim keladir) boshsiz va ishtondan boshqasi tunalgan inson gavdalari bilan toʻlibdir. Bu ochiq mozoristonni qoʻrgʻon kungiralari ustida mudofaadan soʻng charchab, quyoshda jilinib oʻlturgan sallalik, qalpoqlik va popoqlik Toshkand mudofiʼlari ming turlik shodliqlar ichida tomosha qiladirlar. Bu ikki darboza orasida ikki xil holat hukm suradir
— qoʻrgʻon ostlarida jahannam dahshati bilan yalangʻoch, boshi tanidan olinib qora qonigʻa belangan odam gavdalari yotib, qoʻrgʻon ustida ikkinchi kishilar dunyo shodligʻi ichida suzadirlar.

Qoʻrgʻon ustidagi qahramonlardan bittasi kula-kula bir sarkardani otib oʻldirganligini soʻzlab: «Padar laʼnatini oʻzim xoʻbam otdim-da, otning ustidan uch gaz koʻtarilib yiqildi!» deydir. Tagʻin bittasi oʻliklar ichidan kimnidir koʻrsatib: «Ana, ana, hov ana! Oʻsha qipchoqqa oʻq tegib oʻlib oʻlalmay, yurib yuralmay ingrab yotqan ekan. Qilichim bilan boshini shartta kesib, belidagi oltin kamari va ustidagi kimxob poʻstunini olib chiqdim!» deydir. Har kim bu kungi urushdagi oʻzining erliklari bilan, qoʻlgʻa tushirgan oltin kamari, yoqut koʻzlik uzugi, sovsar poʻstuni, kumush qinli qilichi va boshqa oʻljalari bilan maxtanadir.

Shu vaqtda qoʻrgʻon ustidan qoʻshiq tovshi eshiti-ladir:

Zamoning zamon boʻlsin — yor, Aziz beging omon boʻlsin — yor.

Dardiga davo topmay — doʻst, Normating yonib oʻlsin — yor! Biz endi shu oʻliklar yoni bilan qoʻrgʻon boʻylab bir oz ilgariga yursak olti gaz yuksaklikda, besh gaz kenglikda, ikki yoni sakkiz gazlik qoʻrgʻon devori bilan oʻralgʻan, kunbotargʻa qaratib qurilgʻan Samarqand darbozasi yonida toʻxtarmiz. Tevaragimizdan dushmanning hujum qilish qoʻrqunchi boʻlgʻanliqdan biz ortiqcha chidamsizlik bilan darbozani qoqa boshlarmiz:
— Ochingiz bek aka, tezroq ochingiz! Darboza beklari bizga iltifot qilmay oʻltura beradirlar. Bizning oʻn besh daqiqaliq jon achchigʻida qaxshagʻanimizdan keyin darbozabonlardan bittasi zerikib sekingina qoʻrgʻon devoriga chiqadir-da, moʻralab bizga qaraydir. Ul bizni aniq toshkandlik boʻlgʻanimizga ishonsa darbozaga solingan nortuyaning boshidek qulfni ming mashaqqat bilan ochib, zanji- rini tushuradir. Biz oʻzimizni ichkariga olgʻach, darbozabon oʻzining hazmi koʻtargan qadar bizga poʻngʻillaydilar-da, darbozani berklash harakatiga tushadir. Endi biz darbozaning hayʼatiga qaraymiz: oshlangan qoʻy poʻstagidan poʻstun kiyib, beliga butun bir boʻzdan belbogʻ bogʻlagʻan va belbogʻigʻa yarim gaz chamaliq kalid osqan, turkman popoqlik bir kishi. Shundan keyin biz darbozaning oʻng tomoniga qarab yuruymiz. Darbozadan oʻn besh adimlar narida, shiyponga oʻxshash toʻrt tarafi ochiq bir binoda darboza beklari gulxan solib, chilim chakib oʻlturadirlar. Biz qoʻrgʻonning osti bilan ilgarilashda davom etamiz. Endi biz boyagi mudofiʼlarni ichkaridan koʻramiz: mudofiʼlar qoʻrgʻonning eng yuqorigʻi pogʻonasida oʻzlari- ning turlik tus va bichiqdagi kiyimlari bilan qaysilari shashvar tutib, qaysilari miltiq ushlab, qoʻrgʻon kungirasiga suyanib, boshlarini quyoshgʻa berib oʻlturadirlar. Qoʻrgʻonning Kamolon darbozasigacha boʻlgʻan qoʻruq oʻrinlari shu-ningdek mudofiʼlar bilan toʻlgʻan boʻlib, oʻziga bir turlik koʻrinish tashkil etadir.

Kamolon va Samarqand darbozalarining oʻrta bir eri boʻlgʻan qoʻrgʻon ostida kimxob toʻn kiyib, simobi salla oʻragʻan, beliga kumush bogʻlab, qilich taqingʻan bir bek oldidagi bir uyum narsaga ishorat qilib yonidagi bir yigit-ka nimanidir uqdirmoqda edi. Biz yana elli-oltmish adim yurib haligi soʻzlashib turgʻan beklar yaqinigʻa borsaq, qoʻrgʻon tashqarisida koʻrgan dahshatlarimizni oʻzining koʻlagasida qoldiraturgan yana bir «dahshatlar tepasi»ga koʻzimiz tushadir-da, qoʻrquvimizdan soatlab hushimizni yoʻqotib qoʻyishga majbur boʻlamiz.

Uch-toʻrt yuz inson boshidan turgʻuzilgʻan bir tepa.

Qarichgʻa keladirgan uzun soqollar, boshdagʻi xun olud siyrak sochlar, boʻzargʻan yuzlar, qongʻa belanib, yarim ochiq holda qorachiq oʻrnini qoʻrqunch bir oqliq bosqan koʻzlar dunyoga va shu hayotka laʼnat uqugʻandek qaraydirlar. Ayniqsa bir bosh, ehtimolki, hali yigirma yilni ham oʻtmagandir, murti ham chiqmagʻan. Xun olud quyuq qoshlari ostidagi yarim ochiq koʻzlari kimnidir izlagandek qaraydir... Yarim ochiq irinlari ichidagi oq tishlari bilan tilini gʻarchcha tishlagan-da, goʻyo shu turmushda, shu besar xalq ichida tugʻilgʻani uchun «attang» oʻquydir.

Bu boshlar uyumi ustida turgʻan qoʻrgʻon begisi yonidagʻi yigitka boshlar orasidan birini koʻrsatib, oʻz tanishlaridan bir bekning boshi boʻlganligʻini soʻzlaydir. Shu paytda Kamolon darbozasi tomonidan yarogʻlangʻan uchta otliqning ot choptirib kelganlari koʻrilib, qoʻrgʻon ustida oʻlturgan mudoʻfilar ichida olagʻovur qoʻpti:
— Hudaychi, Sulaymon hudaychi! — deyishdilar.

Hudaychi qoʻrgʻon begi qotigʻa etib, bek hazratlari-ning hozir etib kelishlariga bashorat berdi, yana oti-ning boshini burib yigitlari bilan orqagʻa qaytdi. Huday-chiboshining xabaridan bu kungi ulugʻ muzaffariyatni qutlagʻali Azizbekning kelishi maʼlum boʻlar edi.

Hudaychi joʻnagʻach, qoʻrgʻon begining paytavasiga qurt tushib, tipirchilab qoldi va u yoqdan-bu yoqqa yugira boshladi:
— Hoy qoʻrgʻon ustidagi azamatlar! Hozir boʻlingiz, yasov tortingiz, bek keladirlar! Hoy Husaynbek, darbo-zabonlarga yugir, hozir tursinlar! Gʻanibek yuzboshi, siz yigitlaringizni tartiblangiz! Yasovulboshi, hozir boʻlingiz! Qoʻrgʻonning qoʻruq oʻrnidagi qahramonlar harakatka keldilar, yuqori qoʻruqdan bir pogʻona quyigʻa tushib saf-yasov tortdilar. Shovqin-suron orasida qoʻrgʻon begi ot ustida qoʻrgʻonning u boshidan-bu boshigʻa chopib:
— Hozir boʻl, yigitlar! Tartibingni tuzat, salomga tayyorlan! — deb qichqirib yurar edi.

Qahramonlar qoʻllaridagʻi miltiq, shashvar, oybolta, qilich va nayzalari bilan tizilishib oldilar. Safning oʻrta eridan yashil bayroq koʻtarildi. Shuning bilan Aziz parvonachining is- tiqboligʻa lozim va vojib boʻlgʻan barcha tartib va tantanaga hozirlanilgʻan boʻlindi.

Azizbek

Oradan uch-toʻrt daqiqa oʻtkandan keyin Kamolon tarafidan bir yuz chamaliq sarkarda va yigitlari bilan Azizbek koʻrindi. Tilla jabduqli qizil aygʻirgʻa mingan, quyosh yogʻdusi bilan turlik tuska kirib tovlanadirgʻan, yoqa va etaklariga oltin uqa tutilgan kimxob toʻn kiyib, belidagi oltin kamarga kumush qinli jazoiri qilich osqan, boshigʻa oq shohidan salla oʻrab, oyoqlarini kumush uzangiga tiragan, siyrak qoshlik, choʻqqi soqol, bugʻdoy ranglik, qirq besh- elli yoshlar chamaliq bir kishi edi. Uning orqasidan qora otgʻa otlanib, zangori movutdan uqalik toʻn kiygan, kumush kamarning oʻng tomonigʻa qilich, soʻligʻa toʻfangcha qistirgʻan, boshigʻa barra popoq kiyib, jin yalagʻan deganlaridek qoshsiz, qoramtil yuzlik, ikki chakagining ustida bir oz, iyagida bir oz siyrak, koʻrimsiz qora soqolliq, koʻzlari ichiga botigʻroq, ammo qon quyilgʻansumon bir kishi kelar edi. Bu kishi Azizbekning amri lashkari va oʻng qoʻli boʻlgʻan Rayimbek dodxoh edi. Uning qatoridagʻi ikkinchi kishi kichikroq saman otka otlanib, ustiga Buxoroning ola bayroq matasidan chopon kiyib, kamar oʻrniga choponini tugmalagan, boshigʻa katta salla oʻrab, qamchi sopi bilan egarning qoshigʻa takya qilgʻan; toʻla koʻrkam yuzlik, katta malla koʻzlik, uzun mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot boʻlib, bu kishi yaroqsiz edi.

Azizbek orqasidan kelguchi bu ikki otliqdan soʻng sipohlar turkumi boshlanib, zangor movutdan tizzagacha tushkan kalta kamzul, qizil movutdan shim, oyogʻida sagʻri etik, boshda Rayimbek dodxohning boshidagʻidek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan, oq qayishdan kamar, soʻligʻa qilich osilib, oʻng tomoniga toʻfangcha qisti-rilgʻan har qatorda toʻrttadan otliq kelmakda edilar. Sipohlarning keksaliklari toʻgʻrisidagi nuqsonni eʼtiborga olinmasa, koʻrinish muntazam edi.

Qoʻrgʻon ustida yasov totqan qahramonlar qoʻl bogʻlab ikki bukilgansumon taʼzim bilan Azizbekni ilga-riga oʻtkaza boshladilar. Azizbek ularga qarshi oltin soplik qamchisini koʻkragiga koʻndalang qoʻyib boshi bilan ham javob ishorasi berib oldinlar edi. Shu kezda boshlar uyumi yonida turgʻan qoʻrgʻon begisi otidan erga tushib jilovini qovushtirilgan qoʻllari orasigʻa oldi. Boshlar uyumi bilan Azizbek orasi qirq-elli ot adimi qolgʻan edi. Azizbek qahramonlarning salomlariga javob qaytarishni ham unutib, koʻzini kesik boshlarga tikdi.

Azizbekning orqasidagʻi sarkarda va sipohlar ham bu dahshat uyumiga egarga qiyshiq oʻlturib tomosha qilib kelar edilar. Azizbek kishilari bilan boshlar yonigʻa kelib toʻxtadi.

Azizbek bir muncha vaqt boshlarni tomosha qilib turdi-da, qarshida qoʻl bogʻlagʻan qoʻrgʻon begiga qarab iljaydi:
— Barakalla gʻayratlaringizga, — dedi Azizbek, — bu kun qipchoqlargʻa rustamona javob berib, oʻzlarini ham itdek qirgʻansiz. Bunchalik gʻayrat koʻrsatkan fuqarolarga rahmat, dunyo turguncha tursinlar! Azizbek tashakkurini bitirgach, hudaychi qoʻrgʻon ustidagi qahramonlargʻa hamma tovshini qoʻyib qich-qirdi.
— Bek janoblari bu kungi rustamona gʻayratlarin-gizga rahmat aytib, haqlaringizga duo qiladirlar! Mudofiʼlar dunyoni buzib javob berdilar:
— Qulliq taqsir, qulliq! Taqsirimiz dunyo turguncha turib, soyai davlatlari boshimizdan kam boʻlmasin! Azizbek qamchisini koʻndalang qoʻyib mudofiʼlarga qulliq qildi va hudaychiga buyurdi:
— Qoʻrgʻon begiga kimxob toʻn, yuzboshilargʻa atlas chopon, boshqa yigitlarga uch tangadan pul inʼom beril-sin.

Hudaychining xabaridan soʻng mudofiʼlar javob qaytardilar:
— Davlatlari ziyoda boʻlsin! Xazinachilar sipohlar orqasidan ikki otni etaklashib hudaychi yonigʻa etdilar. Bir otning ustiga choponlar ortilgʻan, ikkinchi otdagʻi katta xurjinning ikki koʻzi liq tanga edi. Boshlab hudaychi ot ustidan bir kimxob toʻnni olib, qoʻrgʻon begiga kiydirdi. Qoʻrgʻon begi toʻnni kiyib Azizbek haqiga uzun duo qildi. Soʻngra hudaychi bir yigitka toʻn qoʻltiqlatib, ikkinchi yigitka tangalardan oldirib qoʻrgʻon begi bilan birga qahramonlar yonigʻa chiqdi. Qoʻrgʻon begining koʻrsatishicha kimga uch tanga pul, kimga adras chopon ulashilib boshlandi.

Azizbek ot ustida boshlar uyumi tevaragida aylanib Rayimbek dodxoh va ola-bayroq toʻnlik kishiga oʻzining tanish sarkardalaridan boʻlgʻan kimlarningdir boshlarini koʻrsatmakda, tirik vaqtlarida nima ishlarda boʻlinib va qora choponlilargʻa qanday zulmlar qilgʻanlarini soʻzlamakda edi. Azizbekning bu gaplarini Rayimbek dod-xoh samimiy eshitsa ham olabayroq toʻnlik odam «taqsir, taqsir» bilan javob berib, boshlar uyumidan jirkangansumon egarining qoshigʻa koʻzini tikib turmoqda edi.

Yarim soatlik bir fursatdan keyin qoʻrgʻonning boshdan-oyoq yasov tortqan qahramonlariga inʼomlar ulashilib bitdi-da, hudaychi oʻzining quruq xurjini bilan Azizbek qotigʻa kelib qulluq qildi. Azizbek qarshisida qoʻl bogʻlab turgʻan qoʻrgʻon begidan soʻradi:
— Yigitlaringizning barchasi ham quruq qolmadimi?
— Davlatingiz soyasida, taqsir.
— Qipchoqlarning bu kungi hujumi qay vaqtda boʻldi?
— Tong yorir-yorimas Oq tepa tomonidan toʻp ota boshladilar, — dedi qoʻrgʻon begi, — Oʻn besh daqiqa oʻtar-oʻtmas otliq qipchoq qoʻshinlari koʻrinib Samar-qand darbozasiga yugirdilar.

Shungacha men ham davla-tingiz soyasida ikki darboza oralarigʻa merganlarni yayratqan edim.

Boshlab Samarqand darbozasi qoʻrugʻi-dan otishgʻa buyurdim. Merganlar oʻn besh daqiqa orqa- sini uzmay miltiqqa oʻt berib turdilar. Qipchoqlar biz-ning tomondan otilgʻan miltiq oʻqlarigʻa chidalmay, Samarqand darbozasini tashlab, Kamolon darbozasiga yuzlandilar. Soʻngra davlatlari koʻlankasida Kamolon qoʻrugʻidagʻi merganlarni ishka qoʻydim. Bir soat chamasi otishqandan soʻng yov bizning oʻqimizgʻa chidalmay, ikki darboza orasida uch-toʻrt yuz oʻlik qoldirib, qochishgʻa majbur boʻldi. Bizdan yolgʻiz besh kishi oʻlib, toʻqqiz kishi yaralandi.

Azizbek juda zavqlangʻan edi, yana bir qayta barakalla oʻqub, soʻradi:
— Normat qipchoq koʻrindimi?
— Yoʻq taqsir: qoʻrgʻon yaqinigʻa yoʻlamadi, yoʻla-gʻanda...
— Oʻshanga hozir boʻlmoq kerak.
— Davlatlari yori bersa, albatta bizning muddao ham shunda...

Azizbek oʻz ogʻzi bilan mudofiʼlarga «Men sizlardan rozi!» deb qichqirdi va mudofiʼlarning qiy-chuv duolari ostida sipohlari bilan Samarqand darbozasiga tomon harakat qildi.

Bu kun Azizbek gʻolibiyat daldasida qoʻrgʻonlardan bir aylanib chiqmoqchi edi. Shuning uchun Samarqand darbozasidan oʻtib qoʻrgʻon osti bilan Chaqargʻa qarab yurishdilar. Qoʻrgʻon Chaqarning chuqur jarlik arigʻigʻa taqalib tugalar edi. Chaqar suvi ustiga qoʻrgʻon tiklash mumkin boʻlmay, jarning usti qoʻrgʻondan tabiʼiy boʻsh edi. Ammo jarning narigi tomoni bir tepadan iborat boʻlib, janub biqini maʼlum Chaqar suvi bilan, gʻarbi Boʻz suv va Koʻkcha arigʻi bilan oʻralgʻan burun kabi bu tepa qoʻrgʻonsiz ham dushmanning hujumiga oʻnggʻaysiz edi. Tepa ustida sipoh turishi uchun bir necha binolar solingʻan, janubi-gʻarbigʻa qaratib bir, gʻarbgʻa qaratib bir va shimoli-gʻarbigʻa qaratib yana bir; barisi uchta toʻp qoʻyilgʻan edi. Bu tepa ustida doimiy toʻpchi va qorovullar turar edilar.

Azizbek sipohlari ila jarga tushdi va suv kechib haligi tepaga yuzlandi. Toʻpchi, qorovullar koʻzdan kechi-rilib, ularga bir necha tangadan inʼom berildi. Shundan keyin tepaning kun chiqishigʻa qarab qaytdilar. Chunki tepaning boshqa tomonlari yuqorida aytilgandek bir necha terak boʻyi jarlik boʻlgʻanliqdan Koʻkcha darbozasiga oʻtish uchun Suzuk ota mozori yaqini bilan Koʻkcha arigʻigʻa tushilar va undan keyin Koʻkcha qoʻrgʻonlarigʻa qaytib kelinur edi.

Koʻkcha qoʻrgʻonlari qoʻrugʻida anovi qoʻrgʻonlarni-kidek mudofiʼlar koʻb boʻlmasa ham, yoʻq ham emas edilar. Hudaychi Azizbekdan ilgariroqda qoʻriqchilarni ogohlantirib borar, miltiq, shashvar tutkan yosh va keksa muhofizlar uni salomlab qarshi olar edilar va Azizbekning «Rahmat fuqarolarim!» soʻzini eshitib yaxshigʻina talta-yishib qolar edilar. Shu ravishda Koʻkcha, Chigʻatoy, Sagʻbon, Qorasaroy, Taxtapul, Labzax darbozalarini oʻtib, eng keyin Qashqar darbozasiga etdilar. Qashqar darbozasi oʻrdaga yaqin boʻlgʻani uchun munda muhofiz va sipohlar talaygʻina bor edilar. Ularning salomlariga koʻmilib, Azizbek Qashqar darbozasining muyushiga etkan ham edi, tashqaridan kimningdir darbozani oshigʻich taq-taq urgani eshitilib, Azizbekning oti hurkibmi, qoʻrqibmi ketiga burulib toʻxtadi. Boshqalar ham toʻxtashgʻa majbur boʻldilar. Azizbek qarshisida qoʻl bogʻlab turgʻan darboza begigʻa baqirdi:
— Nega qarab turasan, darboza ustiga chiq, kim ekan u it?! Darboza begi yugurib qoʻrgʻon devoriga chiqdi:
— Taqsir, bir chol!
— Darbozangni ochib, ichkariga ol! — dedi Azizbek. Darboza ochildi. Tashqaridan saman otini etaklab Hasanali kirdida, kutilmagan ish ustidan chiqgʻani uchun qoʻrqib, Azizbekka salom berdi.

Yusufbek Hoji

Rayimbek dodxohning yonidagi bizga tanish olabay-roq toʻnlik kishi Hasanalini koʻrishi hamono:
— Ha-a-a, bizning Hasanali-ku! — dedi, — kel, Hasan koʻrishaylik, Otabek esonmi?

Hasanali kelib koʻrishdi, Yusufbek hoji koʻrishar ekan, Azizbekka dedi:
— Bu bizning kishimiz taqsir, Margʻilondan keladir.

Azizbek labini tishlab qoldi. Chunki darboza taqillatib, otini hurkitkan Hasanalini jallodgʻa topshirish niyati, albatta yoʻq emas edi. Yusufbek hojining soʻziga javob bermay yoʻlida davom etdi. Hasanali sipohlar orqasidan, Yusufbek hoji Azizbek ketidan oʻrdagʻa qarab yurdilar. Oʻrda darbozasiga etkandan keyin kutib turgʻan oʻrda begi Azizbekning qoʻltigʻidan olib otdan tushirdi. Azizbek oʻrda ichiga kirmakda ekan, Yusufbek hoji otdan qoʻnib soʻradi:
— Menga ruxsatmi, bek?

Azizbek yoʻl ustidan hojiga qaradi:
— Ruxsat, ertaga choyni oʻrdaga kelib iching.
— Yaxshi, taqsir.

Yusufbek hoji sipohlardan birining qoʻltiqlashi bilan otigʻa minib, narida kutib turgʻan Hasanaliga qarab yurdi. Sipohlar ham oʻrda ichigʻa ot etaklashib kira boshladilar.

Yusufbek hoji Hasanalining vaqtsiz ham Otabekka qaytishidan tashvishlangan va qanday boʻlsa ham bir falokat yuz berganiga ishongan edi:
— Nega vaqtsiz kelding, Otabek sogʻmi? — deb soʻradi.

Yusufbek hoji Hasanaliga etmasdanoq bu savolni berdi, Hasanali eshitmadimi yoxud eshitsa ham eshit-maganga solindimi, har nuchuk javob bermadi.
— Nega indamaysan?
— Otabek salomat...
— Boʻlmasa, nega vaqtsiz kelding, Otabek qani?

Otabekning qamalishidan xabar berish Hasanali uchun juda ogʻir tuyilgan edi. Nihoyat koʻzidagi yoshini artdi-da:
— Otabek Margʻilon hokimi tarafidan qamaldi, — dedi.
— Nega, nega? — dedi hoji, otidan sachrab yiqilishga etkan edi. — Sababi nima?
— Sababi maʼlum emas.
— Astagʻfirulloh, — deb qoʻydi hoji, oʻzini bir oz toʻxtatqan edi.

Hasanali Otabekning Margʻilon borgʻanidan tortib, qamalishigʻacha boʻlgʻan hikoyalarini soʻzlab ketdi. Yusufbek hoji bekning uylanishini ham oddiy gaplar qatorida eshitib oʻtkardi.
— Margʻilonda turib bir ish chiqarishgʻa koʻzim etmagandan keyin Toshkand kelishka majbur boʻldim, — dedi Hasanali va shu gap bilan mojaroni soʻzlab tugatdi. Hoji vaqiʼani eshitib, chuqur bir mulohaza ichida borar edi. Uning qanday kishi boʻlgʻanini Toshkandning etti yosharidan etmish yosharigʻacha bilganlikdan guzar va mahallalarda unga duch kelgan kishilar joylaridan turib salom berarlar, hoji boʻlsa javob qaytarishni bilmas, goʻyo kishilarni ham koʻrmas edi. Nihoyat shu holda koʻb yurgach, orqasida kelmakda boʻlgʻan Hasanaliga qarab otining boshini burdi va:
— Otabek bilan birga qamalgʻanlarni necha kishi deding? — deb soʻradi.
— Uch kishi: biri Mirzakarim qutidor, ikkinchi Ziyo shohichi, uchunchi Rahmat.
— Yaxshi, sen bu toʻrtavining oʻlturishlarida boʻlgʻanmiding?
— Boʻlgʻan edim.
— Nima va qaysi toʻgʻrilarda soʻzlashdilar, Otabek qipchoqlargʻa qarshi soʻzlamadimi?
— Soʻzlamadi. Boshqalarning ham bu toʻgʻrida soʻzlari boʻlmadi.
— Ularning majlislarida boʻlmagan vaqting ham boʻldimi?
— Har bir oʻlturishlarida men hozir edim.
— Yaxshi, sen ular bilan qay erlarda oʻlturish-ding?
— Birinchi martaba Ziyo akanikida boʻldiq, ikkin-chi...
— Toʻxta, Ziyo akanikida mehmonlar necha kishi edilar?
— Qutidor, Otabek, andijonlik Akram hoji, men, Ziyo akaning qaynisi — Homid degan birav. Ziyo aka va uning oʻgʻli... Hammasi etti kishi.

Yusufbek hoji otining yolini qamchisi bilan tarar ekan, uch-toʻrt daqiqa oʻylab qolib, soʻngra soʻradi:
— Ikkinchi oʻlturish qaerda boʻldi?
— Ikkinchi oʻlturish Ziyo akanikidan ikki kun soʻng qutidornikida boʻldi. Bu majlisda ham oʻsha birinchidagi kishilar edilar. Yolgʻiz Homid yoʻq edi.
— Tagʻin qaerda oʻlturishdingiz?
— Boshqa joyda oʻlturishmadik... Mundan yigirma kundan keyin toʻy boʻldi. Toʻyda albatta bunday soʻzlar gapurishilmaydir.
— Ikkinchi majlisingizda kim hali, Homid dedingmi, nega yoʻq edi?
— Bilmadim, nega yoʻq edi... Qutidor aytmagan boʻlsa kerak.
— Qamalgʻuchilar: Otabek, qutidor, Ziyo aka, Rahmat, shundogʻmi?
— Shundogʻ, hoji.
— Seni ham qoʻrboshi yigitlari qidirdilar?
— Qidirdilar.
— Akram hoji Andijon ketkan edi. Shuning uchun uni topolmadilar, shundogʻmi?
— Shundogʻ.
— Homidni-chi?
— Uni qidirmadilar shekillik... Otabek qamal-gʻandan soʻng alla qaerda koʻrgandek boʻlaman.
— Bizga kelin boʻlmishni, goʻzal, dedingmi?
— Ilohi Otabek salomat qutilsin, muhabbat qoʻygʻanicha bor...
— Kelinning suluvligi Margʻilonda maʼlum ekan-mi?
— Maʼlum ekan, tillarda doston ekan.
— Homid uylangan yigitmi, bildingmi?
— Uylangan. Bizning hujraga kelganda, ikki xotini borligʻini oʻz ogʻzidan eshitkan edik.
— Homid sizning hujraga nima uchun kelgan edi? — deb soʻradi hoji, — nega buni boya soʻzlamagan eding?
— Esimdan chiqibdir, — deb uzr aytdi Hasan, — Homid Rahmat bilan birga Otabekni Ziyo akanikiga taklif qilgʻali kelgan edi va biz ularga osh-suv qilib joʻnatqan edik. Ammo ularning unday-bunday soʻzlari boʻlmagʻan, toʻgʻrilikcha kelib ketkan edilar.
— Yaxshi, oʻsha Homidni sen qanday odam, deb oʻylaysan?
— Qoʻlansa soʻzlik, ichi qoraroq bir yigit edi, — dedi Hasanali, bir oz borgʻach soʻradi. — Otabekning ishini ogʻir, deb oʻylamassiz?

Hoji javob bermadi. Ul javob bergali ham qoʻrqar edi. Uningcha ish juda nozik, gʻoyatda qoʻrqunch edi. Chunki, Margʻilon zindonida yotguchi qipchoq dushmani boʻlgʻan Azizbek otaligʻining oʻgʻli edi. Toshkandning isyon chiqargʻan bir zamonida Otabekdek bir yigitning Margʻilonda qanday gunoh bilan boʻlsa-boʻlsin ushlanishi har jihatdan ham mudhish edi.

Ul oʻgʻlining qutilishi yoʻlida har bir mulohaza koʻchasiga kirib chiqmoqda, ammo har birisidan ham boʻsh va umidsiz qaytmoqda edi. Eng soʻng oʻgʻligʻa hujum qilgʻan bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan toʻxtadi va shundan soʻng — «Parvar-digoro, keksaygan kunlarimda dogʻini koʻrsatma», dedi va koʻz yoshlari bilan soqolini yuvdi.
— Hasanali, zinhor uning qamalgʻanini onasi bilmasin.
— Albatta.

Shundan soʻng otlarini etaklashib ichkariga kir-dilar.

Jar

... Bu kun soat oʻn ikkida Otabek ila qutidorning isyon-chiliq gunohi bilan dorgʻa osilishlarini jarchi shaharga xabarlab yurar va xalq ogʻzida Otabeklarning emish-memish hikoyalari edi.

Homid ila birgalashib kirgan mirshabni qoʻrboshi tashqarigʻa chiqmoqgʻa buyurdi-da, Homidni oʻlturishka imladi.

Qoʻrboshi nimanidir soʻzlamoqchi boʻlsa ham, negadir uning tili osonlik bilan harakatka kelmas va oʻzi ham bir turlik oʻnggʻaysizliqda edi. Nihoyat qoʻrboshi oʻziga bir turlik jasorat berdi:
— Bobolar: «Dunyoniki miri kam ikki» deganlar, — dedi, — toʻgʻrisi ham shundogʻ: oʻzingni yuz yoqgʻa ursang ham tiriklikning yana bir boshqa yamogʻi chiqib turadir...

Tuygʻun Homid qoʻrboshining nima maqsadi borligʻini payqadi:
— Toʻgʻri soʻzlaysiz, taqsir, — dedi, — dunyoniki hamisha mirikam ikki, shu etishmaslik balosidan toʻyib, baʼzi vaqtlarda kishining dunyodan chiqib ketkusi kelib qoladir. Yaxshikim, dunyoda oshna, ogʻayni degan kimsalar bor... Agar shular boʻlmasa-chi, kishi allaqachon dunyodan chiqib ketadir. Shuning uchun men ogʻaynilarni koʻzlarim ustida tutaman, ularni muhtojliq chogʻlarida koʻrsam, oʻzimni garav qoʻyib boʻlsa ham ehtiyojdan chiqarishgʻa tirishaman.

Qoʻrboshi tizasi ustiga koʻndalang qoʻygʻan qilichi-ning ikki tarafidan bosib, bir qoʻzgʻalib qoʻydi:
— Bali, bali, mulla Homid, munday ogʻaynilarning sadaqasi ketsang ham arzir, — dedi tomoqlarini qirib qoʻydi. — Shu kunlarda oʻgʻilchalarning yoshi etib, sunnati nabiyunani bajo keltirish taqozo etadir... Toʻy keraklaridan koʻpini tadorik qilgʻan boʻlsam ham, etishmagan erlari ham koʻb. Shuni sizning kelishingiz oldida oʻylab oʻltirar edim...
— Bek aka, — dedi Homid va tusiga yasama kulish chiqardi, — siz achchigʻlansangiz ham aytay:

beklar zoti kishiga sira ham oshna boʻlmas ekanlar. Ayniqsa siz hamon oʻzingizning bekligʻingizga borib, istigʻnongizni eskicha olib borasiz... Boshingizda shunchalik qaygʻingiz boʻlur emish-da, bir ogʻiz menga aytmas emishsiz?

Qoʻrboshi Homidning zakovatiga qoyil boʻlib iljaydi:
— Yoʻq, yoʻq, mulla Homid, — dedi, — bu yoqda gap bor: hukumat xizmatida turgʻaningdan keyin yuz yoqning mulohazasini qilar ekansan...
— Tuzik, bek aka, ammo manim oshnachiligʻim tamom boshqachadir, — dedi Homid va yonchigʻini chiqarib bir qoʻlidan ikkinchi qoʻligʻa oltinlarni sanab tushira berdi. Qoʻrboshining koʻzi oltinlar ustida oʻynab bular barakasida qiladirgʻan sunnat toʻyisini, Margʻilon beklari oldida ortdiradirgʻan obroʻsini oʻylamoqda edi. Oltinlardan yigirmatasi ajratilgach, sanoqqa ishonmay koʻrib turgʻanim tushmi, deb uyqusiradi. Homid oltinlarni uzatdi, — mana, bek aka, bu arzimagan oltin xolis oshnaligʻimizning bogʻlanishidir, yana etmagani boʻlsa qarab turmasmiz.

Qoʻrboshi titrab, qaxshab oltinlarni joyladi. Homiddan nihoyatda xursand edi:
— Xoʻsh, mulla Homid, endi bu kungi hangamalardan soʻzlashayliq, — dedi bek. — Pochchangiz ila jiyaningizning bu ishka oralashib qolgʻanlari yomon boʻldi-da.

Bu soʻzdan Homidning yuziga qaygʻirish alomati chiqdi va eʼtibor bilan qoʻrboshining ogʻzigʻa qaradi.

Qoʻrboshi davom etdi:
— Bu ikki begunohning qamalishlarigʻa ham oʻsha yaramas sabab boʻldi. Yoʻqsa ularni qamoqqa olishgʻa qushbegi buyurmas edi. Ammo kechagi qushbegiga soʻzlagʻan soʻzingiz Otabek ila qayin otasini oʻlimga mahkum qilganidek, pochchangiz ila jiyaningizni bir qadar oqlaydilar.

Shuning uchun men borgʻan soʻng boʻladirgʻan hukm majlisida ehtimol qarindoshlaringizni qutqazishgʻa muvaffaq boʻlurman. Har holda qarindoshlaringizning qattigʻ jazo tortishlari shubhalikdir, siz payqadingizmi, yoʻqmi kecha men jarchigʻa bu kungi osilgʻuchilarni Otabek ila Mirzakarim boʻlgʻanligʻini taʼyinlagan edim.
— Marhamatingizga qulluq, — dedi Homid, — ammo shundogʻ boʻlsa ham qarindoshlarim toʻgʻrisida xavfdaman... Buning boshqacharogʻ bir ebini topib boʻlmasmikin?

Boyagʻi mukofotlar qoʻrboshini chinlab bosh ogʻri-tishgʻa majbur etar edi. Bu toʻgʻrida ul ancha oʻylab oldi:
— Kecha qushbegi oldida Otabeklarni qay ravishda ayblab soʻzlagʻan edingiz, tagʻin bir eshitib ishning rejasini olay-chi?
— Qushbegiga soʻzlagʻanim shunday edi — «Otabek aytdi: endi bizning Toshkand xalqi qipchoqlarning jabru zulmi va tadbirsiz idorasi ostida yotib juda toʻydi. Boshlab Toshkanddan qipchoq balosini yoʻqotish uchun Azizbek va otam boshliq isyonga tayyorlandilar.

Shu maqsadda Margʻilon ogʻaynilarini ham qipchoqlargʻa qarshi oyoqlandirmoq uchun meni bu erga yubordilar. Biz tokay qipchoqlar qoʻl ostida ezilamiz va bir hovuch dalatoblargʻa bosh egamiz, dedi. Otabekning bu soʻziga qutidor va Akram hojilar qoʻshilishib, unga bu yoʻlda yordamlashmakchi boʻldilar. Ammo men boʻlsam bu gapka qarshi tushib: sizlarning bu fikrlaringiz yanglishdir, biz uch yil boʻyi janobi Oʻtabboy qushbegining qoʻl ostlarida yashab hech bir zulm koʻrmadik. Shu holda hukumat ustiga iqdomimiz kufroni neʼmat boʻlur, dedim.

Otabek menga qattigʻ soʻzlar aytdi. Pochcham ila jiyanim boʻlsa manim fikrimda edilar, ammo uyimizga kelgan mehmon, deb ularga ochiq qarshilik qilmadilar. Bu majlisdan keyin men bir necha vaqt Otabek va yoʻldoshlarining qonlari toʻkilmasin, deb bu gapni ichimga solib yurdim.

Biroq Toshkandda Azizbek va Yusufbek hojilar isyoni boshlangʻandan soʻng, oʻzimning bu ishimni hukumatimiz uchun xiyonat bilib, qoʻrboshi janoblariga xabar berdim. Oʻzimning sodiqona bu xizmatim evaziga janoblaridan ojizona oʻtinchim shulki, bu sirni sizlarga bildirguvchi men boʻlgʻanligʻimni oʻzlaridan boshqa kimarsa bilmasin, hatto muttahamlar ham sezmasinlar» — mana, faqirning Otabeklarni ayblashim va qarindoshlarni oqlashim xulosasi shundan iboratdir.
— Barakalla, — dedi qoʻrboshi, — sizning bu gapla-ringiz juda ham oʻrinlik tushkan, men ishonamankim, Ziyo aka bilan Rahmat qutulurlar.
— Buni nimaga suyanib aytasiz?
— Suyanchigʻingiz maʼlum, — dedi qoʻrboshi, — qushbegiga Otabek ila qutidorni osmoq fikrini bergan bu soʻz, pochchangiz bilan jiyaningizni nuchuk qutqarmasin.
— Pochcham bilan jiyanim ilgarigi soʻroqda qanday javob bergan edilar, buni xotirlay olasizmi?
— Ularning javoblari kechagi sizning oqlashingizgʻa sira ham qarshi kelmaydir. Chunki ular majlisda bunday soʻz boʻlmadi, deb tondilar. Bu ersa oʻz uylariga kelgan mehmonlarni rioya qilishlari boʻlib chiqadir-da, yana ish sizning oqlashingizgʻa yopishib keladir.

Homid tagʻin bir mulohazaga tushkan edi. Uning bu holini kuzatib turgʻan qoʻrboshi:
— Endi ortiq oʻylamangiz, mulla Homid, — dedi, — orada siz qoʻrqarliq hech bir ish yoʻq.

Homid nimadir aytmakchi boʻlar edida, oʻngʻaysiz-lanib toʻxtar edi. Bir kuni qayta ogʻzini joʻplab qarasa ham yana soʻzlay olmadi. Qoʻrboshi uning bu holidan xabar topdi:
— Gapuring, gapuring, munda yot kishi yoʻq.

Qoʻrboshining bu soʻzi daldasida Homid jasorat-landi:
— Bu kun hukm majlisida pochcham ila jiyanim soʻzlaridan yanglishib ketsalar nima boʻladir?
— Nega yanglishsinlar, ular bilganlaridan ortiqni albatta soʻzlamaslar. Oʻlim degan narsa koʻz oʻngiga kelib toʻxtagʻandan keyin Otabekdek mehmonlar rioyasi koʻngildan yuvilur, soʻzning toʻgʻrisini aytishka majbur boʻlurlar va ish ham sizning ayblash, oqlashlaringiz ruhiga kelib toʻxtar.

Homid yana ham oʻnggʻaysizlanib tushdi, oʻzining ichki sirriga shu choqgʻacha tushuna olmagʻan qoʻrboshigʻa laʼnatlar oʻqur ekan:
— Ayblash, oqlash soʻzlarimning ruhini siz bir yoqqa qoʻyabering-da, ishning ichki tomonini mulohaza qiling, qoʻrboshi aka, — dedi.

Xoin ila sotilgʻan koʻzlar toʻqnashdilarda, bir-birisidan maʼno olishdilar va oraga bir necha daqiqa soʻzsizlik, jimjitlik kirdi. Qoʻrboshi chindan ham bu oʻringacha Homidning ichki sirriga muttaliʼ boʻlmagʻan, qoʻligʻa kirgan oltinlarni ham yolgʻiz uning qarindoshlarining qutilishlari yoʻlidagi choychaqalar, deb bilar edi. Ammo endi ilgari va hozirda kissaga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini sezib vijdoni toʻlqinlanayozdi va mutaraddid boʻldi. Qoʻrboshi-ning bu holi Homidni maʼlum ikki yoʻl ustida qoldirgan edi. Bu ikki yoʻl ustida qolgan Homid sarosima edi. Oʻzini jahannamga yuborish va najotka chiqa-rish ixtiyori qarshisidagʻi bekning qoʻlida edi. Unga tez-tez qarar va hol tili bilan unga yana koʻb oltinlar vaʼda qilar edi. Bu vaʼdalarni Homidning yuzidan oʻqugʻan qoʻrboshi — «ikki kishining xun baholari!» qichqirmoqqa boʻlgan vijdon sadosini eshitib oʻlturmadi:
— Endi bunga qarshi qanday yoʻllar koʻzlaysiz?

Homid oʻzining najot tomonigʻa ogʻishqanini sezib entikdi:
— Qushbegiga qilgʻan ayblash, oqlash yoʻllarimni pochcham ila jiyanimga tushundirish kerak, deb oʻylay-man.
— Tushundirsak, tagʻin yaxshi.
— Rahmat, bek aka, undogʻ boʻlsa vaqt qochirmasdan ularning yonlarigʻa tushib, to hukm vaqtigʻacha uqdira olasizmi?
— Mumkin, oʻzingiz tushsangiz yana yaxshi.

Homid boshini chayqadi:
— Otabek ila qutidorlarninggina emas, hatto pochcham ila jiyanimning ham manim bu ishlarda ishtirokim borligʻini bilmasliklari kerakdir.
— Maʼqul. Ammo bunda sizning maqsadingizgʻa qarshi bir gap borkim, hukm chogʻida qushbegi sizni yoʻqlasa nima boʻladir? Bu taqdirda ular sizning bu ishni omili boʻlgʻanligʻingizni bilmaslarmi?

Masalaning bu tomoni ham Homid uchun yomon edi. Farishtadek sof holda qolmoqchi boʻlgʻan Homidning bu hol sirrini ochar, yuzidagi niqobini olishgʻa, raqiblar ila yuzma-yuz kelishka majbur etar edi:
— Hukm majlisida boʻlmasligʻimni uhdangizga ololmaysizmi?
— Uhdaga olmoq qiyin, — deb bosh chayqadi qoʻrboshi, — ammo bu bir ehtimolginadir, chunki, qushbegining bir narsaga qaror bergach, ortiq tekshirib oʻlturadirgan odati yoʻqdir.

Homid uzoq oʻylab turmadi, yuzidagi sovuq bir oʻzgarish ichida:
— Mayli, basharti yuzlashmoqqa toʻgʻri kelganda ham men hozir, — dedi, shundan soʻng ajralishdilar.

Hukmnoma

Oʻtkir, qonsiragʻan xanjarini beliga osib, oyboltasini koʻtargan jallod qushbegining hukmiga muntazir edi. Qushbegining oʻng tomonida qoʻrboshidan tortib shahar aʼyonlari, qarshisida Otabek, qutidor, Ziyo shohichi va uning oʻgʻli Rahmat — gunohkorlar va ularning orqasida muhofiz yigitlar.

Otabek bilan qutidorning gunohlari ulugʻ boʻlgʻan-liqdan qoʻllarida kishan, Ziyo aka bilan Rahmatning qoʻllarida bu narsa yoʻq edi. Qutidorning yuziga oʻlik tusi kirgan, Otabek boʻlsa garangsigan qiyofatda. Anovilar oʻzlarini bir muncha tetik tutmoqda edilar.

Qushbegi oʻzining yozilib qoʻyilgan hukmnomasini qoʻligʻa olib oʻqishgʻa hozirlandi. Hamma tip-tinch, erga qaragʻan edi:

«Menkim Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegi oʻz hukmimni xoqon ibni xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshitdiraman...» Xudoyor ismini eshitkuchi aʼyon uning taʼzimi uchun oʻrinlaridan turib yana oʻlturdilar.

Qushbegi hukmini oʻqudi: «Eʼtimodlik bir kishining shahodatiga binoan toshkandlik Yusufbek hojining oʻgʻli— Otabek, bu kunda xonimizgʻa qarshi bosh koʻtargan Aziz parvonachi va oʻz otasining vakolatlari bilan Margʻilon kelib, bu erdagi fuqarolarni ham xon janobigʻa qarshi oyoqlandirmoqchi boʻlgʻan Otabekning bu harakati ululamir boʻlgʻan janobga bogʻiyliq boʻlib, uni, yaʼni Otabek Yusufbek hoji oʻgʻlini oʻlim jazosi bilan jazolash taqozo etadir.

Ikkinchi, Otabekka yoʻlda koʻmakchi boʻlib yurgan Margʻilon fuqarosi Mirzakarim qutidor ham shu jazoga sazovor tutiladir. Ziyo shohichi bilan oʻgʻli Rahmat bu bogʻiyliqdan xabardor boʻlaturib, vaqtida hukumatka maʼlum qilmagʻanlari uchun bir yildan zindon jazosiga mahkum boʻlurlar!»
— Haqsiz jazo, — deb Otabek kulimsirab qoʻydi... Qutidor boʻlsa chin oʻlik tusiga kirgan edi.

Ziyo aka bilan oʻgʻli zindongʻa joʻnatildilar va Otabek bilan qutidor jallod qoʻligʻa topshirildilarda, shuning ila hukm majlisi tamom boʻldi.

Oradan oʻn daqiqa chamasi fursat kechkan edi, qushbegining aʼyonga soʻzlab oʻlturgan hikoyasini tezroq bitishini kutmakda boʻlgan qoʻrboshi nihoyat chidalmay oʻrnidan turdi va:
— Dor ostigʻa borib hukm ijrosi vaqtida hozir tu-rishimgʻa ijozatlari boʻladirmi? — deb soʻradi. Ul bu soʻzni tugatar-tugatmas oʻrda qorovuli Pirmat koʻrindi-da, qushbegiga qulluq qildi:
— Bir xotin kishi arzim bor deydir, kirsinmi?

Qushbegi qoʻrboshigʻa ruxsat ishorasini berib, Pirmatka dedi:
— Kirsin.

Oʻxshamagʻan erda bir xotinning arzga kelishi qoʻr-boshining koʻngliga shubha soldi. Majhula xotinning qanday arzi boʻlgʻanligʻini bilib ketishka tilasa ham qushbegidan ruxsat olib qoʻygʻani uchun mahkamadan chiqishga majbur edi. Qoʻrboshi mahkama eshigidan dahlizga chiqar ekan, eskigina paranjiga oʻralgʻan bir xotin qushbegi toʻgʻrisigʻa toʻxtab, bukilib taʼzim qildi.

Xotinda hayajon va entikish holatlari bor edi. Shuning uchun qoʻrboshining boyagʻi shubhasi yana kuchaydi, qushbegining koʻzidan yoʻqolib turish maqsadida oʻzini eshikning orqasiga olib ketmay toʻxtadi.

Xotin shoshilib kavshini eshdida, eshik ostida nimanidir paranji ichidan oxtarindi.

Xotinning bu harakatiga tushunolmay ajablangan qushbegi:
— Ichkariga kirib arzingizni soʻzlang, opa, — dedi.

Xotin ichkariga kirdi va qushbegi oldigʻa borib unga nimadir berdida, orqasigʻa qaytib eshik yonigʻa kelib turdi. Xotinning berib ketkan narsasi uch, toʻrt buklangan bir qogʻoz edi.

Qushbegi sekin-sekin qogʻoz taxtla-rini ocha boshladi...
— Xudo rizosi uchun tezroq. Yoʻqsa... ikki gunoh-sizning qonlarigʻa botarsiz! Xotinning bu soʻzidan aʼyon bir-birlariga qarash-dilar. Qushbegi tez-tez qogʻoz taxlarini ochib bitirdi va yoʻgʻon qalam bilan yozilgan uzun bir maktubni oʻqumoqqa oldi. Maktubni oʻqub chiqish uzoqqa choʻzilgʻanliqdan nihoyatda toqatsizlashgan edi. Oxirda qushbegi maktubning soʻngrogʻigʻa kelib toʻxtadi-da, chaqirdi:
— Pirmat, Pirmat! Pirmat yugurib kirdi.
— Labbay, taqsir! Qushbegining tovshida shu choqgʻacha eshitilmagan bir holat bor edi:
— Darrov haligi osilish uchun yuborilgʻan gunoh-korlarning orqasidan ot bilan yugir! Dor ostidan boʻlsa ham qaytarib kel! Buyrugʻimni qoʻrboshigʻa aytsang unar! Pirmat qulliq qilib dahliz tomongʻa qaradi:
— Qoʻrboshi ham shu erdalar, — dedi.
— Chaqir! Dahlizdan qoʻrboshi kirib qulliq qildi.
— Xizmat, taqsir.
— Yaxshi, siz ketmagan ekansiz, — dedi qushbegi, — Pirmat bilan borib, darhol boyagʻi gunohkorlarni qaytarib kelingiz.

Shubhasini bekorga boʻlmagʻanini sezgan qoʻrboshi yonida tik turgʻuchi xotingʻa qarab oldi:
— Sabab, taqsir?
— Sababini surishtiradigan vaqt emas, chop dedim, chop! Qoʻrboshi qulliq qilib Pirmat bilan chiqdi. Uning keyinidan qushbegi «padar laʼnat» deb soʻkinib aʼyonlarga qaradi. Endi xotinning hayajoni bir oz bosila tushkan edi. Qushbegi qoʻlidagʻi xatni yana oʻqushgʻa tutindi. Aʼyoni shahar bunchalik ishka yaragan qushbegining qoʻlidagi maktubga va uni keltirguchi xotinga qarashmoqda edilar. Qushbegi maktubni ikkinchi martaba oʻqub chiqib xotinga qaradi:
— Oʻlturingiz, singlim, — dedi.

Xotin oʻltirmakchi boʻlgʻan edi paranji ichidan uning atlas koʻylaklari va nafis oq qoʻllari koʻrinib ketdi. Qushbegi er ostidan xotinni kuzatdida, qoʻlidagʻi maktubning orqa, oʻngini tekshirib qaradi. Maktub anchagina uringʻan, qogʻozi shaloqlangʻan edi. Soʻngra xotindan soʻradi:
— Qutidor bilan Otabekning kimi boʻlasiz, singlim?
— Qutidorning qizi, Otabekning xotini.

Bu soʻzni eshitkuchi aʼyon bir-birlariga qarashib qoʻydilar.
— Buni nega ilgariroq olib kelmadingiz?

Qushbegining bu savolidan Kumushbibi qoʻrqunch bir maʼnoni ongladi. Goʻyo «ish oʻtkan soʻng kelibsan» degandek tushungan edi. Shuning uchun ul titroq bir ovoz bilan soʻradi:
— Endi yaramaydimi?
— Yoʻq, yoʻq, qizim, — dedi qushbegi, — men nega kecha va oʻtkan kunlarda olib kelmadingiz demakchiman.

Kumushbibi bir entikib qoʻydi va oʻzini toʻxtatib:
— Oʻzim ham bu maktubni shu bukun koʻrdim, — dedi.
— Maktubni ilgari koʻrmagan edingizmi?
— Koʻrmagan edim.
— Maktub qaerda ekan?
— Uning eski kamzulining choʻntagida ekan.

Shu gapdan keyin qushbegi maktubni oʻziga yaqin oʻlturgʻan Azim ponsad boshigʻa uzatdi:
— Siz ham oʻqub koʻring-chi, ponsad, — dedi va Kumushdan soʻradi, — Oʻqugʻanmisiz?
— Oʻqugʻanman.
— Eringizning hukumatka qarshi harakatini ilgari ham bilar edingizmi?
— Qanaqa harakatini?
— Masalan, biz otangiz bilan eringizni nima uchun osmoqchi boʻldiq?
— Haqsiz, gunohsiz!
— Bu maktub bilan eringizni oʻlimdan qutila olishini sizga kim aytdi?
— Oʻzim bildim.
— Boʻlmasa ilgaridan eringizning oʻsha harakatini ham bilar ekansiz-da?
— Yoʻq, taqsir, — dedi Kumush. Qushbegining maqsadigʻa endi tushunib olgan edi, — men onam bilan to shu kungacha ularning nima gunoh bilan qamalgʻan-larini bilalmay hasratda edik.

Faqat bu kun kishilarning ogʻzidan eshitib bildikki, siz uni Toshkanddan isyon chiqargʻali kelguchi, deb gunohkor qilur ekansiz. Onam bilan manim baxtimga kutmagan joydan moʻʼjizadek bu maktub topildi-da, men xizmatingizga yugirdim... — Kumush soʻzini tugata olmadi, chopishidan halloslagan Pirmat dahlizdan koʻrinib, bekka qulluq qildi:
— Dor yonidan qaytishdilar! Kumushbibi sachrab Pirmatning yuziga qaradi va uzoq tin olib qoʻydi. Shu choqgʻacha xat oʻqub oʻlturgan ponsadboshi maktubdan yaxshi asarlangan edi. Maktubni yonidagʻigʻa berar ekan, qushbegiga dedi:
— Bu xat toshkandlik Yusufbek toʻgʻrisidagi fikri-mizni tamom oʻzgartadir, taqsir! Uning Azizbek tomonliq bir kishi ekanligi Fargʻonaning har bir xos va omi ogʻzida naql qilinsa ham ammo hech bir kimsa uning ichiga kirib chiqmagandir. Har kimning koʻng-lidagini yolgʻiz bir xudodan boshqa kim bilsin! «Yov qochsa botir koʻpayar» qabilidan shu choqgʻacha lom demay oʻlturgan shahar aʼyonlari ham masalani onglab, soʻzga aralasha ketdilar:
— Xudo haqni nohaq qilmadi, bechora yosh yigitning haqsizga qoni toʻkilmadi.
— Qutidordek qoʻymizoj bir odamning bunday zoʻr ishka oralashqanligʻiga aql ham bovar qilmas edi.

Goʻyo bu soʻzlar Kumushbibining oʻchkan charogʻini qaytadan yoqarlar, umid osmonining yoʻqolib, yashi-rinib ketkan yulduzlari yana qaytadan oʻz oʻrinlariga kelib qoʻngʻandek boʻlurlar, uning koʻz oʻngida joy olgan qoraliqlar shu yoqila boshlagʻan najot shamʼlari partavi bilan oʻz- oʻzlaridan yoʻqolgʻandek koʻrinarlar edi.

Dahliz eshigi ostida bir durkum oyoq tovushlari eshitilib qoʻrboshi koʻrindi.
— Kelishdilar, taqsir, kirsinlarmi?

Qushbegi javob berish oʻrniga maktubni olib koʻrpacha ostigʻa yashirdi va Kumushbibini tanbihladi: «Majlisda manim ruxsatimdan boshqa soʻzlashingiz otangiz bilan eringizning oʻlimlarini tilashingizdir, tushundingizmi?» Kumush qabul ifodasini bergandan soʻng qushbegi dahlizda qarab turgʻan qoʻrboshigʻa «Kirsinlar» dedi.

Kumushbibi ularni boya yoʻl ustida, yigitlar orasida koʻrgan boʻlsa ham biroq dahshat ichida faqat oʻrdaga qarab yugira bergan edi. Endi «Kirsinlar» jumlasini eshitgach, yuragi ortiqcha sho-pirinib ketdi, uning istiqboligʻa turishni va boʻynigʻa osilib yigʻlashni tilasa-da, qarshisidagi «olaboʻjilar» bunga moniʼ edilar. Shu vaqt yigitlar oldida, qoʻllarida kishan boʻlgʻani holda Otabek bilan qutidor kirdilar.
— Yigitlar, siz chiqingiz! Qoʻrboshi, siz kishanlarni eshingiz! — deb buyurdi qushbegi.

Oʻzining mundan keyingi koʻrguliklarini fojiʼalar vodiysida koʻrgan qoʻrboshi boshlab kishan kalidini qutidor qoʻligʻa soldi. Kalidni burar ekan, uning qoʻli dirdir qaltiramoqda edi. Homidning nomaʼlum bir gʻarazi yoʻlida qurbon qilinayozgʻan va bu gʻarazda oʻzining ham ishtirokining borligʻigʻa qoyil boʻlgʻan qoʻrboshi ishni bu yangligʻ akslanishidan sirning ochilgʻanini muqarrar bilib, oʻzini shu soat jallod qoʻligʻa topshirilishini aniq kutmakda edi.

Ming balo bilan qutidor qoʻlini boʻshatib, gal Otabekka etdi. Otabek qoʻllarini boʻshatgʻuchi qoʻrboshining bunchalik titrab, qaltirashidan oʻz raqiblaridan bittasi shu kishi boʻlgʻanini oʻyladi. Garchi oʻzining najoti hali qorongʻu ersa-da, qoʻrboshini bir sinab koʻrish uchun hamma kuchini ikki koʻziga yigʻdida, unga qaradi. Favqulodda dahshat kasb etkan uning koʻzlari qarshisida qoʻrboshining gunohkor koʻzlari chiday olmadilar-da, erga boqdilar, Otabekning bu sinashi oʻz fikrining toʻgʻri boʻlishi bilan natijalandi.

Qushbegining buyrugʻi bilan ikki gunohkor tiz bukib oʻlturdilar. Qoʻrboshi ham toʻrbasini yoʻqotqan gadoydek qushbegining chap yonigʻa, Kumushbibining yuqorisigʻa borib oʻlturdi. Otabek va qutidorning koʻzlari Kumushbibiga tushkan boʻlsa ham oʻz qaygʻulari bilan boʻlib unga iltifot qilmagʻanlar, hokim mahkamasida paranjilik xotinning nima qilib yurganligʻidagi favquloddalik ham eslariga kelmagan edi. Dor ostidan qaytish sirri, qoʻldan kishanlarni olinish sababi ularni juda shoshirgʻan, shuning uchun qushbegining ogʻzigʻa qaragʻan edilar.

Qushbegi boʻlsa negadir uzoq oʻylab oʻlturar, tezda gap ochmas edi. Bu holda butun majlis ahli qabziyatda, qirq quloq boʻlib uning ogʻzigʻa tikilgan edilar. Ammo bu holga qoʻrboshi jonu dildan tarafdor, shu holda bir necha kunlab emas, yillab soʻzsiz qolishni tilar edi.
— Otabek, — dedi qushbegi soʻz boshlab, — qoʻlgʻa olingʻan kuningiz menga oʻzingiz bilan otangizning qanday kishilar boʻlgʻaningizni, yaʼni maslakingizni soʻzlagʻan edingiz. Ammo biz oʻshal soʻzlaringizga dalil va isbotsiz ishona olmaymiz. Sizni dor ostidan qaytarib kelishimiz ham oʻshal daʼvonigizga birar isbotingiz bormi yoki quruq bir gapmi, deb hukmning ijrosini bir oz fursatka toʻxtatishdir. Endi siz oʻshal daʼvongizni isbot qila olasizmi?
— Oʻshal kungi manim soʻzlagʻanlarim, otam bilan manim ichki sirlarimiz edi, — dedi bek,
— albatta bunga guvoh va isbot topish qiyindir. Agarda otam kelib manim soʻzimni quvvatlagʻanda ham bari bir siz, oʻgʻlini qutqazish uchun soʻzlaydir, der edingiz-da, igʻvogarlar- ning gapiga ishonib oʻz hukmingizni qila berar edingiz.

Yashindek soʻqqan uning bu soʻzlaridan qushbegi oʻzini arang toʻxtatdi:
— Demak, oʻsha soʻzlaringizni isbot qilish uchun hujjatingiz yoʻq?
— Yoʻq... Isbot uchun vijdonimdan boshqa shohidim yoʻq.
— Yaqin orada Toshkanddan birar narsa olgʻanmi-dingiz?
— Yaʼni nima?
— Masalan xat.

Otabek koʻb oʻylay olmadi, butun borligʻi bilan harakat qilib qichqirdi:
— Oldim, oldim! Isbotim ham bor! Aʼyoni shahar uning bu holiga chidab turolmay koʻzlariga yosh oldilar.

Otabek yana dedi:
— Odam qoʻshsangiz men keltiray guvohimni!
— Tinchlaningiz, Otabek, — dedi qushbegi, Otabek bir oz oʻzini yigʻib olgʻandan keyin soʻradi, — nima olgʻan edingiz?
— Maktub.
— Kimdan?
— Otamdan.
— Qachon?
— Toshkandda isyon boshlanish oldidan.
— Undan keyin-chi?
— Olmadim.
— Otangiz oʻsha xatida nimalardan bahs qilar edi?
— Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirda... — asarlanib toʻxtab oldi, — manim shu holga tushmogʻimni karomat qabilidan soʻzlab, menga bir muncha nasihatlar ham qilgan edi.

Otabekning bu soʻzidan keyin ponsadboshi — «endi boʻlar» degandek qilib qushbegiga qaradi. Qoʻrboshi ersa Otabekning ustida hali bunchalik tergashlar borligʻi uchun oʻzini bir oz toʻxtatib qoldi. Qushbegi koʻrpacha ostidan xatni olib Otabekka koʻrsatdi.
— Bu qanaqa maktub, taniysizmi?

Otabek koʻrguchi koʻzlariga ishonmagʻandek:
— Taniyman, — dedi, — taʼrifini sizga soʻzlagʻa-nim, otam maktubi! Taajjub, buni sizga kim keltirdi, taqsir?

Qushbegi engilgina iljayib Kumushbibiga ishorat qildi:
— Najot farishtasi, — dedi. Qutidor bilan bek yalt etib Kumushka qaradilar. Endi Kumush ortiq chidab turolmadi:
— Otajon, men qizingiz! Otabekning qulogʻigʻa eshitilgan bu tovush uning yuragini ingichka eriga borib tekkan edi.

Esini yoʻqotib turgʻan qayin otasigʻa qaramay:
— Sizmi, Kumushmi? — deb soʻradi.
— Men, men! Bu savol-javob ila ikki vujudning hamma hasratlari, alamlari bir-birlariga onglashilgʻan, ikki tovushning bir-birisiga kelib qoʻshilishidan ikkisiga ham til bilan ongla-tib boʻlmasliq bir hol yuz bergan edi.
— Bu senmi, qizim?
— Men, otajon! Bu oʻringacha boshqa bir mulohazada oʻlturgan qushbegi ularning soʻzlarini boʻlib, Otabekdan soʻradi:
— Qulingiz Hasanalini nega shu kungacha topib boʻlmadi?
— Qamalgʻan kunimdan beriga undan xabarim yoʻq, taqsir, — dedi-da, Otabek Kumushka qaradi.
— Bu kun oʻn ikki kun; Hasanali ota Toshkand ketmishdir, shundan beri undan darak boʻlmadi, — dedi Kumush.
— Toshkand ketishka uni nima majbur qildi? — deb oʻrinsiz bir savol bergan edi qushbegi, Kumushbibi uning nima uchun ketkanligini aytib qanoatlantirdi.

Masala yana xat ustiga oʻtib, Otabek qushbegidan soʻradi:
— Qoʻlingizdagʻi maktub bilan ehtimol biz oqlan-gʻan chiqarmiz? — Qushbegidan tasdiq ishorasini olib davom etdi. — Hozir biz sizning adolatlik hukmingizdan bir narsani soʻraymiz: ul shuldurkim, bizning toʻgʻrimizda yomon maqsad bilan sizga chaqimchiliq qilgʻuchi igʻvogar va gʻarazgoʻlar bu majliska hozirlansinlarda, oʻzlarining mashʼum kashflarini va yo koʻrgan-eshitkanlarini isbot qilib bizni qayta boshdan dor ostigʻa yuborsinlar. Bilʼaks isbot qilolmas ekanlar, bizga qazigʻan chuqurlarigʻa oʻzlari yiqitilsinlar! Ado-latingizdan bizning talabimiz shul! — dedi va qoʻrboshigʻa qaradi. Uning yuzida qoʻrqish va iztirob alomatlari koʻrdi.
— Talabingiz oʻrinlik, — dedi qushbegi, — ammo xasmingizni bu majliska hozirlash uchun vaqtimiz ozdir va lekin bu kun uni qoʻlgʻa olarmiz va birisi kun beshovingizni bir erga jamʼlab oʻz hukmimizni berar-miz, — dedi. Kumushbibiga yuzini oʻgirdi. — Qizim, sizning bunchalik zakovat va jasoratingizga otangiz bilan eringiz har qancha tashakkur aytsalar va oʻzlarining mundan soʻnggʻi umrlarini sizning baxshishingiz, deb bilsalar arzir. Men ham sizning bu xizmatingiz evaziga eringiz bilan otangizni hozirdan boshlab ozod qildim. Ammo Otabek ish bir taraflik boʻlgʻuncha oʻzining qochmasligʻi uchun kafil berishka majburdir.

Hamma mol va mulki bilan qutidor Otabekka kafil boʻldi va qushbegining haqigʻa duo qilib, uchavlari mahkamadan birgalashib chiqdilar.
— Ziyo aka bilan oʻgʻli Rahmatni boʻshatingiz, soʻngra anovini qoʻlgʻa olingiz! — degan amrni olib, qoʻrboshi ham siljidi. Shuning ila bu kungi hukm majlisi tamom boʻlib, shahar aʼyonlari taajjub ichida tarqala boshladilar.

Istiqlol Dardi

Yetmish kunlik bir muhosaradan keyin uch ming sipohni bir yarim mingga tushurib, bir yarim ming sipohni Toshkand qoʻrgʻonlari ostida qurbon berib, Normuhammad qushbegi quruq qaytishgʻa majbur boʻldi.

Bu etmish kunlik qamal vaqtida Azizbekning sodiq fuqarolari boʻlgʻan toshkandliklar aztahidil unga xizmat qilib, jonbozliq koʻrsatib, nihoyat qipchoqlarni umidsiz Qoʻqongʻa qaytarishgʻa noil boʻldilar. Noil boʻldilar, ammo oʻzlari ham yaxshigʻina boʻlib qoldilar. Yetmish kunlik bir qamal, etmish kunlik chetdan va eng ozi qishloqlardan munosabatni uzib turish, albatta Toshkandni boʻldirib qoʻygʻan edi. Bu etmish kunlik bir qamal Toshkandning hali yigʻishtirib kira olmagʻan donlarini, ekinlarini yov qoʻlida qoldirdi. Savdo ishlari butunlay toʻxtab, savdogarlar zoʻr falokatka uchradilar. Kosib, faqir xalqning holi juda yomon edi:

nonsiz, donsiz, kiyimsiz, suvsiz, alohozalqiyossiz boʻlib eng oxirgi chekka etkandagina qamal balosidan «yaltirasin, qaltirasin» muzaffariyat bilan qutildilar. Xalq oʻzining bu etmish kun ichida tortqan mashaqqat va azoblarini qipchoqlar ustidan chalgʻan gʻalabasi bilan bir daraja yuv-di-da, kasbiga, ekin-tikiniga urinib koʻrishni oʻyladi, toʻgʻrisi oʻylay ham olmadi...

Azizbek, mundan keyingi Toshkandning mustaqil hukmdori Azizbek! Qipchoqlargʻa chalgʻan gʻalabasi uchun ul terisiga sigʻmaydir... Ul endi «Qipchoqlar Toshkandni olib qolsalar...» degan mudhish xavfdan qutilgʻan, ul endi Toshkand va atrofining xoni, xoqoni! Endi duxoba va atlaslar ustidagina oʻlturmoqqa qanoatlanmay oʻz shaʼniga, oʻz qudratiga muvofiq tojlar, taxtlar yasamoqchi. Oʻzining eski mahramiga koʻngli toʻlmay boshqa bir oʻyinchi, ashulachi, husndor bir mahram topmoqchi va oʻzining bu mashhur mahrami bilan er yuziga (Turkiston va Buxoroga) dongʻ, shuhrat chiqarmoqchi! Azizbek endi juda xotirjamʼ edi. Qipchoqlarning qaytadan Toshkand ustiga kelishlarini ehtimol ham tutmas edi. Chunki oʻzining qipchoqlargʻa bergan zarbasini ularga yuz yilsiz oʻnggʻalish bermas, deb bilar edi.

Hamma ish joyida, lekin bir narsagina koʻngilning ingichka erini jarohatlaydir. Azizbek koʻziga hozir yorugʻ dunyo qorongʻu, bu qorongʻuliq ichida boyagʻi shirin xayollar, ishlatiladirgan toju taxtlar va boshqalar koʻrinmay qoladirlar: etmish kunlik qipchoq urushi ming turlik yoʻllar bilan yigʻilgʻan xazinani barbod bergan, xazina qipchoqlar ustidan gʻalaba va istiqlol mastliklari yoʻlida qurigʻan, fuqaroning jon otib, qipchoqlarni qirib yoʻgʻganlari uchun inʼomlarga, ehsonlarga va oziq-ovqatlargʻa qurbon qilingʻan.

Mana shu edi Azizbekning koʻz oʻnglarini qoron-gʻulatadirgʻan jarohat! Bu ishning kengashiga emas, berilgan qarorni amalga oshirib berishlik uchun Yusufbek hojiga yigit yuborib, hozir uni toʻrt koʻz bilan kutib oʻlturar edi. Nihoyat yarim soatlik bir kutishdan soʻng Yusufbek hoji eshik ostidan koʻrindi. Azizbek odatiy qarshilash yonigʻa bir navozish ham ilova qilib, hojiga yuqoridan joy koʻrsatdi. Bu favqulodda navozish sababini oʻylamoqqa hoji-ning vaqti yoʻq, chunki oʻzining qaygʻusi oʻylashqa, fikrlashqa etarlikdir.

Koʻzining oqu qorasi boʻlgʻan Otabekning holi nima kechti, qorongʻi zindonlarda, rutubatlik, zax er ostlarida ochlikdan, tashnalikdan, sovuqlikdan aziz koʻkragini erga berib jon berdimi-kin?— Zolim beklar, qonxoʻr hokimlar, rahmsiz jallodlar, mashʼum dorlar va qoʻrqoq xalqlar orasida keksa otasini, mushtipar onasini koʻralmay dunyodan ketdimikin?
— Mana shunday ming turlik vasvasalar ichida qarshisidagʻi Azizbekni ham unutmoqda edi.

Azizbek boʻlsa «javohir qadalgʻan tojlar, oltin taxtlar, nozanin parivashlar, dongʻdor mahramlar» haqidagʻina oʻylar edi.
— Hoji, — dedi Azizbek soʻz ochib, — manim sizni oʻrdagʻa chaqirgʻanim sababini albatta bilmagandirsiz?

Yusufbek hoji xayolidan koʻz ochdi:
— Taqsir... chaqirishingiz albatta fuqaroning tinchligʻi, raoyoning rohati, hukumatning barqaror turmogʻi uchundir.

Hojining bu soʻzi Azizbekni yashindek urdi. Uning koʻz oʻnglari qorongʻilanib, haligi shirin xayollar tagʻi qorongʻiliqda yashirindilar. Ul ortiqcha oʻngʻaysizlandi va tilar-tilamas:
— Shundogʻ... — dedi va bir oz oʻylanib qolgandan keyin: — etmish kunlik qamal bilan xazinamiz juda gʻariblandi, hatto shu keyingi kunlarda sipohlarning ozigʻi uchun ham qiynalib qoldiq. Mana shu toʻgʻrilarda sizni kengashka chaqirgʻan edim, — dedi.
— Maʼqul, taqsir.
— Men bu toʻgʻrida bir qarorgʻa ham kelib qoʻydim.
— Qarorlari muborak boʻlgʻay.
— Qarorim shundan iboratdirkim, ertadan boshlab yurtka oʻttuz ikki tangadan soliq sochasiz.

Yusufbek hoji yurt besaranjomligʻi va oʻgʻul qaygʻusi bilan asabiylashkan edi. Azizbekning bu ablahona qaro-riga qarshi qizishdi. Azizbekning bu zolimona buyrugʻigʻa qarshi qattigʻ soʻzlar aytishka oʻylasa ham achchigʻini qanday kishiga aytilishini oʻylab, oʻzini bir oz yigʻdi.
— Taqsir, amringizga qarshi tushadirgʻan joyim yoʻq,— dedi, — lekin shunisini bir oz oʻylamoq kerakki, yurt etmish kun qamal kechirdi. Onadan tugʻma azoblar, ochliqlar oʻtkardi va oʻtkarmakda. Menga qolsa bu kunlarda oʻttuz ikki tanga emas, oʻttuz ikki qora pul solish ham ogʻirdir. Yurt besh-oʻn kun orqa-oʻngini olsin, soʻngra... — Hoji soʻzini tugata olmadi, hojining ters soʻziga chidalmagan Azizbek vahshiylarcha hayqirdi:
— Nima deysan?! Hoji ishning bunchalik yomongʻa ketishini oʻyla-magʻan edi. Shu daqiqada ishning oldini olmasa, endi gap faqat Azizbekning jallod chaqirishigʻa kelib qoldi:
— Taqsir, siz yigʻ, der ekansiz ertaga emas, bu kundanoq yigʻa boshlayman. Yurt qani bermasinchi? Faqat menga sizning buyrugʻingiz kifoyadir.

Bu soʻz Azizbekka sihr kabi taʼsir qildi, dahlizda turgʻuchi yigit orqaliq jallod chaqirishgʻa joʻblangan tili oʻz zarariga harakatlandi:
— Oʻrda begiga ayt, hojiga bir kimxob toʻn chiqarib kiydirsin! — dedi.

* * *

Yusufbek hoji egnida kimxob chopon bilan oʻrdadan chiqdi. Oʻrdadagi «Chopon muborak boʻlsin!» deb soʻragʻuchilargʻa istehzo iljayishi ostida bir turlik muhmal javob berar edi. Ul oʻrda koʻprugidan oʻtar ekan, boyagʻidek qilib oʻzicha yana bir kulimsirab qoʻydi va telbalarcha oʻz- oʻziga soʻzlanib ketdi: «Oʻttuz ikki tangadan soliq yigʻ, emish... Bir haftadan keyinga qolmasin emish... Soliq yigʻishda qarshiliq qilgʻanni darraga yotqizish, muvofiq koʻrilganda osdirish haqqi ham menga berilgan emish... Goʻyo Yusufbek ham oʻzidek bir qonxoʻrgʻa, bir zolimga aylansin emish... Men qonxoʻrliq uchun xudoning farz qilgʻan hajini ado qilmadim; oldimda oʻgʻlum bor, menda boshqalarning oʻgʻlini darraga yotqizish chogʻida koʻndalang keladirgan vijdon bor, din bor, diyonat bor. Bizning xalqni er yutsin. Azizbekning tulkiligiga uchdida, uning kechagi zulmlarini unutdi, etmish kunlab bir zamon jon berib, jon olib nihoyat xizmat haqqi uchun oʻttuz ikki tanga mukofot, eng keyingi burda noningni ham ber!»

Inqilob

Yusufbek hoji ustida boyagʻi kimxob toʻni bilan Shayxantahurning Zanjirligʻiga etib, guzarda yigʻilib oʻlturgan va oʻziga salom berish uchun oʻrinlaridan turgan xalqqa xitob qildi:
— Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yoʻlida jon berganing Azizbek, bu kun senlarga yaxshiligʻingni oʻttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi boʻldi. Hozir senlarga ikki yoʻl:

Oʻgʻul, qizingni sotib boʻlsa ham oʻttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga toʻlash yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan koʻtarish... Uying kuydi, musulmonlar!
— Oʻttuz ikki tanga! Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki boʻlmagʻir bir kengash eshitmagan va shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa oʻttuz ikki tanga dovrugʻi guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qoʻl qoʻydilar.

Boshlab Zanjirliq xalqi koʻchalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi koʻrish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Joʻvaga etkuncha oʻzining yuqoridagʻi soʻzini koʻy, guzar xalqigʻa takrorlab kelmakda edi. Eski Joʻvada azim bir jamoat yigʻib, Azizbek bilan boʻlgan mojarosini soʻzladi va ustidagi kimxobni koʻrsatib istehzo tariqasida:
— Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundogʻ toʻnlar berar! — dedi.

Xalq nihoyatda qizishdi. Goʻyo birisi quvragʻan toʻqaygʻa oʻt turtdi. Hoʻlu quruq deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi.
— Yaxshiligʻimizni unutdi, doʻngʻiz! Oʻttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga! Ozi bir oy oʻtmas-danmi, andishasiz?! — degan soʻzlar eshitila boshladi. Darrov uch kishini Sebzor, Koʻkcha va Beshyogʻoch dahalariga xabar uchun joʻnatildi. Yo qirilib bitish va yo Azizbekni oradan koʻtarishka fotiha oʻqildi.

Orada bir soat ham oʻtmadi, butun doʻkonlar yopilib, Toshkand koʻchalari chiplar bilan toʻldi.

Barcha yarogʻlangan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari oʻrdaga ham eshitildi. Ishni kichkina deb oʻylagʻan Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek dotqoni elli chogʻliq yigit bilan buyurdi. Ahvol olgʻuchilar Zanjirliqqa etish bilan naq ishning qay darajaga etkanini payqadilar: koʻchalar chip bilan toʻlgʻan, chip orqalari shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning «Chiplarni yigʻishtiringiz, oʻzlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi soʻziga quloq solgʻuchi boʻlmadi. Dotqo dagʻallik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni yiqib ham qoʻydi.

Kechki soat toʻrtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan soʻng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib, Baland masjid chipiga etdilar. Jon achchigʻigʻa uchragan Azizbek oʻrdaga bir muncha sipoh qoldirib, butun kuchini yigʻishtirgʻan holda Rayimbek dotqo koʻmagiga etishdi. Buning ila sipohlar tagʻin ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq boʻldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. Oʻttuz ikki tanga soliq xavfida olomon ham Beshyogʻoch, Sebzor, Koʻkcha dahalaridan oʻziga har zamon yarogʻliq yordamlar olib turmoqda edi.

Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda boʻlgʻan hukumat kishilari xalq tomonidan oʻldi-riladirlar, uylariga oʻt qoʻyilib mollari talongʻa tushadir. Shaharning yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va mahallalarga toʻnkalardan gulxan solib, «oʻttuz ikki tanga» qaygʻusida olomongʻa muzaffariyat tilaydirlar.

Yarim kechalar vaqti olomon Xadradan Eski Mis-karlikka qarab surilishka majbur boʻldi.

Kutilmagan bu surilishlar Yusufbek hojini katta tashvishka solib qoʻydi. Mundan soʻng xalqning oʻziga ishonib turolmay Toshkandni ololmay qaytqan Normuhammad qushbegiga yordamga etib kelish uchun chopar yugurtirdi.

Eski miskarlikda ikki taraf ham tong otdirdilar. Ertalab yana qonli urushlar boshlandi.

Ammo xalq endi oʻzini ancha tutib qolgan va har daqiqa toʻrt tarafdan yangi kuchlar olib turar edi. Shuning uchun sipohlar bir adim ilgari bosolmay qoldilar. Ammo xalq sipohlarni bossa bosqundek tovranar edi. Bu holdan nihoyatda boʻgʻilgʻan Rayimbek dotqo qilich yalanglab, sipohlar oldida olomongʻa qarab yugurdi. Biroq uning bu gʻayrati oʻzi uchun halokat bilan natijalanib, Usta Moʻminjon ismlik bir miltiq ustasining otqan oʻqi bilan koʻkragidan yaralanib yiqildi.

Rayimbek dotqo Azizbek hokimiyatining tiragi edi. Uning qatlidan soʻng sipohlardan ruh tushti. Hatto Azizbekning buyrugʻigʻa ham quloq solmay toʻstoʻska qochib boshladilar. Nihoyat Azizbek ham yonidagʻi qirq, ellik sodiq kishilari bilan qochib, oʻrdaga qamalishgʻa majbur boʻldi. Yusufbek hoji boshliq er va koʻkka sigʻmagʻan muzaffar xalq oʻrda tevaragini qurshab tushdi. Azizbek tezda berilmagani uchun minglab xalq oʻrda atrofidan siljimay, hatto oshsuvlarini ham shunda eb xotirjamʼ yotib oldilar.

Azizbek uchun kutilmagan falokatlar yuz bergan edi. Qochib qutilish mumkin boʻlgʻani holda tuzoqqa tush—kandek oʻrdaga ham qamalib bergan edi. Nima qilsin, qanoti yoʻqki uchib qutilsa... Qamalishining ikkinchi kuni oʻrda tomiga chiqti, eng keyingi, ham eng pastarin chorani koʻrmakchi edi bu xoqon. Boshlab fuqarogʻa salom berdi, soʻngra siniq va ojiz qolgan bir tovush bilan xalqqa uzr aytdi:
— Endi oʻzimning qilmishlarimdan pushaymon boʻldim... Men sizlarning qilgʻan yaxshiliqlaringizni unutqan ekanman... Sizlar oʻzlaringizning bu ishlaringiz bilan manim ketkan aqlimni yana miyamga oʻrnatdingiz... Rahmat fuqaro... Gunohimni kechiringiz, qilmishlarimdan pushaymon boʻldim, fuqaro! Ammo xalq bunday yolborishlargʻa, tavba-tazarruʼ-larga quloq solmadi, chunki ish oʻtkan, gʻisht qolipdan koʻchkan edi:
— Endi esing kirdimi, oʻgʻri? Burundan oʻylab ish qilsang boshingda bu balolar yoʻq edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirgʻan, kesdirgan, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yigʻlatqan sen emasmisan? Xanjaringni xayf koʻrib mahallarga chayon soligʻi solgʻan, ogʻalarimizni chayon zahri bilan oʻldirgan kim edi? Ket toʻngʻiz, ket, tavba qilish zamoni oʻtdi, taqdiringga sen ham tan ber! — der edi xalq.

Xalq shuningdek gaplar bilan yuz yoqdan unga hujum qilib, hatto adabsiz soʻzlar bilan ham soʻkar edi. Azizbek hamon «Tavba qildim, fuqaro!» jumlasi bilan uzrini aytib turar edi:
— Siz yaxshilarim, bu qisqa oʻylashingiz bilan oʻz oyogʻingizgʻa oʻzingiz bolta urib, yana qipchoqlar qoʻliga qaram boʻlasiz! Manim tavbamni loaqal oʻzlaringiz uchun qabul qilingiz! Azizbekning bu soʻzlaridan keyin olomon tagʻi qizishib, quyidagi soʻzlari bilan koʻkni koʻtardi:
— Ikki qayta aldanish yoʻq! Sendek itdan bizga qipchoq yaxshi! Xalqning bu javobi ishning ne darajaga etkanini onglatarliq edi. Shu gapdan keyin Azizbek tamom umidsizlanib, dunyolarcha maʼyusiyat ichida tomdan tushib ketdi.

Yusufbek hojining Normuhammad qushbegiga yuborgʻan chopari Kirovchi yaqinida unga etkan va qushbegini tamomi sipohlari bilan Toshkandga qaytargʻan edi. Alamzada qushbegi bu soʻyinch xabardan uchib-qoʻnib Azizbekning oʻrdaga qamalishining uchunchi kuni karnay-surnay bilan etib keldi. Olomon yonigʻa qipchoq sipohlari kelib qoʻshilgʻandan keyin oʻrdaga bosib kirdilarda, Azizbekni ushlab ham oldilar.

Yetmish kun bir muddat ovora qilib, minglab kishi qonini toʻkishka sabab boʻlgʻan Azizbekni Qoʻqongʻa olib borib topshirish Normuhammad qushbegi uchun qiymatli edi. Ul oʻrdada oʻlturar ekan, bunday ulugʻ dushmanni qoʻlgʻa tushirishning bosh omili boʻlgʻan Yusufbek hojiga oʻz minnatdorchiligʻini aytib tugata olmas, uning bu xizmatini xon bilan Musulmonqulgʻa soʻzlab, unga katta bir martaba olib berishka vaʼdalar berar edi. Albatta Yusufbek hojiga bu vaʼdalarning hech ahamiyati yoʻq, faqat ul oʻgʻlining sogʻligʻini bilsa va Margʻilon zindonidan uning qutqarilishigʻa vaʼda olsa, uning uchun dunyolarcha martaba va hurmat edi. Qushbegining vaʼdasiga iltifotsiz quloq berib turdi-da:
— Iltifotingiz uchun rahmat, qushbegi, — dedi. — Men endi dunyodan oʻtayotgan bir kishi; endigi man-sab-largʻa uncha qiziqa olmayman. Agar manim qilgʻan xizmatim shunday iltifotlarga loyiq koʻriladigan boʻlsa, jon janobidan soʻraydirgʻan bir necha tilaklarim bor.
— Soʻrangiz hoji, xon bermaganda ham olib berishka men kafil.
— Manim birinchi xolis tilagim, albatta mazlum xalq tilidan boʻladir: mundan soʻng Toshkand hokimligʻiga har qanday boʻlmagʻir odam qoʻyilmasin.
— Jon janobining hamma maqsadi ham shunda. Chunki, biz Azizbek kabilardan xalqnigʻina emas, balki, oʻzimizni ham qiynatdirmoqdamiz.

Toshkand bekligi toʻgʻrisida koʻb muzokara va mu-solahadan keyin Yusufbek hoji oʻz yarasi ustida toʻxtaldi. Ul birinchi martaba oʻlaroq oʻzining ichki kasalini hoziq deb Normuhammad qushbegiga ochdi. Soʻzlar ekan, yuragi mashʼum bir ehtimolning dahshatidan titrar, tili ham osonliq bilan harakatlanmas edi. Zero oʻzining bu oʻtinchini qush uchkan soʻng otilmoqchi boʻlgʻan sopqon qabilidan hisoblar va foydasiz bir iltimos deb choʻchir edi.
— Agar manim bu xizmatim jon janobining marhamatiga loyiq koʻrilur ekan, — dedi hoji,
— menga eng manzur boʻlgʻan mukofot — Oʻgʻlimning ozod qili-nishidir. Dunyo mojarosidan qoʻl yuvmoqchi boʻlgʻan bir otagʻa keksaygan kunlarida farzand dogʻini koʻrmas-likning oʻzi ham ulugʻ mukofotdir, — dedi va koʻziga yosh oldi. Bundan qushbegi ham nasibasiz qolmay mu-taassir Yusufbek hojiga tasallo berdi:
— Qoʻrqmangiz hoji, — dedi, — Margʻilon hokimi oʻrinsiz qon toʻkuvchi kishi emasdir.

Qoʻqonga borgʻach, birinchi ishim oʻgʻlingizni qutqarish boʻlsin, joysiz qaygʻulanmangiz, hoji.
— Qulluq, qushbegi, agar bu xizmatni oʻz zimman-gizga olur ekansiz, ustimga katta minnat qoʻygʻan boʻlasiz... Biroq men qoʻrqamankim, siz Qoʻqongʻa borib etkuncha ish vaqtidan oʻtsin...

Qushbegi ham bu toʻgʻrida oʻylab qoldi va hojining ehtimolidan choʻchib, shu soatda bir maktub bilan Qoʻqongʻa chopar yubormoqchi boʻldilar, bu ishning muvofiq kishisi albatta Hasanali boʻlgʻanliqdan chopar boʻlib belgulandi. Oʻn besh kunlardan beriga shunday xizmatni kutib yotqan Hasanali otning boshini Qoʻqon tomongʻa qarab qoʻydi-da, daqiqa ichida koʻzlarga koʻrinmas boʻlib ketdi.

Bir kun keyin Normuhammad qushbegi ham bir muncha sipohni Toshkandda qoldirib, Qoʻqongʻa joʻnash harakatiga tushdi. Toshkand olomonining ta-lablari bilan Azizbekning ikki oyogʻidan arqon bilan bogʻlab otning chovigʻa sudratma qildilar.

Sipohlar Qoʻqongʻa qarab harakat qilar ekan, Qoʻqon darbozasiga toʻlgʻan xalq Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga huzurlanib tomosha qilar edi.

«Bir Gʻaribi Bechora»

Bu tarixdagi xon oʻrdasi Qoʻqonning bu kunda Xoda bozor atalgʻan oʻrnida edi. Roʻmonning oʻn uchunchi faslida Margʻilon oʻrdasining taʼrifi yozilgʻanliqdan va bu oʻrdaning ham tashqarigʻi aylanasi oʻsha oʻrda qabilidan bir tusda, bir uslub va bir vusʼatda boʻlgʻanliqdan bu oʻrinda yana qogʻoz qoralash ortiqchadir. Oʻrda darbozasi, navbatchi qorovul, darboza sahnining kengligi — barchasi ham oʻshal oʻrda singari, ammo buning tashqarigʻi koʻrinishidagʻi ortiqligʻi toʻrt burchida qada-lib turgʻan navbatchilari edi. Oʻrda darbozasidan ichkariga kirilgach, bundagi tuzilish Margʻilondagʻidan tamoman deyarlik boshqacha boʻlib chiqar, shunga binoan bu er bilan tanishmoq ehtiyoji tushar edi.

Oʻrdaning ichkarigi oʻng, chap biqinlari sipoh turish uchun solingʻan binolar va sahnida biz Toshkandda koʻrib tanishqan ravishcha kiyimlik sipohlar (yigitlar) turkim-turkim boʻlib, ponsad boshilar qaramogʻida qilich urish mashqini taʼlim olmoqda edilar. Oʻrdaning belidan, yaʼni shimoldan sharqqa qarab bir xatti mustaqim bilan devor va bul devorning ikki tarafini barobar— ling tashlanib, oʻrdaning ichkari qismigʻa xon saroyiga kiriladirgan darboza qurilgʻan edi. Bu darboza eskirgansumon koʻrinsa ham asli yaratilishdagʻi nafislik, meʼmoriy sanʼatkorlik oʻchayozgʻan boʻlsa ham, biroq undagi ivir-jivir sirlar, oʻyma naqshlar hali ham kishini hayron qoldirarlik edilar. Ayniqsa darbozaning ikki biqinidagʻi «oʻgirmagul» tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza ravoqidagʻi ganchdan qabartirilib yasalgʻan boʻrtma naqshlar, gullar hali oʻzlarining nafosatlarini unchalik yoʻqotmagʻan edilar.

Quyosh gʻarbga qarab ogʻqan, uldastalar ustiga qoʻndirilgʻan oltin hilol alomatlari quyosh nuri bilan koʻzni elitarlik darajada yashnar edilar. Darbozaning ikki yonidagʻi maxsus ishlangan qorovulxona — sufachalarda ikki nafar navbatchi turar edi. Navbatchidan oʻtib, darbozaga kirilsa gunbaz ravi-shida yoʻlak, oʻnggʻa yurilsa devonxonagʻa, soʻlgʻa ketilsa xon mahkamasiga chiqiladir-da, mahkama boʻsagʻasida yana haligidek ikki nafar navbatchiga uchrashiladir.

Margʻilon oʻrdasida koʻrganimizdek bir dahliz, ammo bu oʻzining naqshlari, gullari, anvoʻi sirlari, oliyliq va koʻrkamligi bilan Margʻilonnikini koʻlagada qoldirarliq edi ersa-da, eskirganligi uning ortiqligʻigʻa xalal bermakda edilar. Dahlizdan ichkariga qaralsa bir munaqqash va muzayyan zol, ikki tomonida xonning shogʻovul boshilari, yasovul boshilari, dasturxonchi va oftobachilari, tunqator va parvonachilari otaliq va mehtarboshilari va tagʻi alla qancha vazir-vuzarolari qator tizilishib oʻlturmakda edilar. Zolning uchunchi darichasidan narigʻi tomon bir yupqa munaqqash devor bilan ajratilgan boʻlib, ichkariga kiriladirgan eshiksiz bir yoʻl, bu yoʻl bilan haligi devor ikkiga ajralib, har bir boʻlim devorning oʻrtasida kishi boshi sigʻarliq bir tuynuk, bu tuynuklar yonida qoʻligʻa oybolta ushlagan ikki nafar jallod qotib turar edilar. Shu jallodlar orasidan oʻtib uchunchi boʻlimga kirilsa, qarshida yarim gazlar yuksaklikda toʻrt oyogʻliq oq marmardan yasalgʻan taxt ustida oltin kamarga taqilgʻan oltin sopliq qilichini tizasi ustiga koʻndalang qoʻyib, qizil duxobadan tikilgan poʻstun kamzul ustidan adras toʻn kiygan, boshigʻa simobi shohi salla oʻragʻan oʻn sakkiz yoshlar chamaliq, choʻziqqina yuzlik, bugʻdoy ranglik xon oʻlturar edi. Bu Xudoyor edi. Xonning soʻl tomonidagʻi oltin hallik kursi kishidan boʻsh, oʻngdagi — ichki saroyga kiradirgan eshikcha yonidagʻi kursi ustida Oʻratepa chakmani ustidan qayish kamar bogʻlab, soddagʻina qilich taqingʻan, boshigʻa oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarlik tekis yaratilgʻan, oʻrtacha soqol, qisiq koʻz, bugʻdoy rang, oʻrta yoshliq bir qirgʻiz— Musulmonqul oʻlturar va hozirgʻina hudaychi tarafidan oʻziga topshirilgʻan ariza va maktublardan ochib oʻqur edi. Oʻqub turgʻan arizasi ahamiyatsiz boʻlsa kerak qogʻozni ikkiga yirtdi-da, oyogʻining ostigʻa tashladi va ikkinchi maktubni ochdi. Bunisi Oʻsh hokimi tarafidan yozilgan edi:

«Davlatimiz stuni, padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga nomai humoyun ba-robari Oʻsh madorisotida tahsilda boʻlingʻan faqir qirgʻiz tullobigʻa marhamat buyurgʻanlari hadoyo tullobning darajai ilmiyalarini imtiyozan taqsim qilindilar. Ashaddu faqir va ehtiyojda avqoti talx mururiga majbur va masbur oʻlgʻan qirgʻiz mullalari padari arus shahanshohining altofi0 shohonalaridan riqqatka kelib obidiyda qildilar va Haq taolo dargohi vasiʼasidan aduvi badkirdorlariga zafaryob boʻlmoqlarini va Zolona yashab Amir Temur Koʻragondek jahongir boʻlmoqlarigʻa duo va niyoz etdilar. Baʼda xotiri otir oliylarigʻa maxfiy qolmagʻaykim, shahar va atrof ellarimiz davlati azimai qaviyalari soyai himoyatida nobob bidʼahdlar xavotir va xavfidan tinchdir. Noma oxirida yosh shohimiz janobi xoqoni xavoqin, sultoni salotin hazratlariga padari arus shahanshohining panohi himoyatlarida koʻb yillar davru davron, ofiyat0 va salomatlik tilab navkarlari...» Musulmonqul Xudoyorga Oʻsh ahvolini soʻzlab, uchunchi maktubni ochdi, bu maktub xususiy bir kishidan boʻlsa kerak, muhr va oʻzga takalluflardan xoli edi:

«Mazlumlar dodigʻa, maqhurlar faryodigʻa oʻzining adolatlik qilichi bilan etishquchi Musulmonqul qipchoq xizmatlariga... koʻzlarim zulm yoshi bilan jiq, koʻnglim davlat xoinlari qoʻrqunchidan titragan bir holda qalam tebrataman. Davlatning sodiq bir fuqarosi, ixloslik bir yigi-ti davlat ustiga oʻzining mudhish zarbasini tashlab turgʻan bir badʼahd oʻgʻlini oʻshandogʻki otasining vakolati birlan ikkinchi bir tinch, ulugʻlargʻa muteʼ, farmonbardor bir shahar ahlini oyogʻlandirmoq boʻlgʻan edi. Uni isbotlari, shohidlari birlan dor ostigʻa tortquchi sodiq bir qulni koʻklarga koʻtarish oʻrniga qamamoq va oyogʻigʻa zulm zanjirini urmoq boʻladirlar... Musul-monqul janobidek bir bahodirdan andisha qilmay uning dushmanlarini sarfaroz aylab doʻstlarini gʻamgin qiladirlar.

Maktubning tumanlik maʼnosiga tushuna olmagʻan Musulmonqul bu oʻrinda toʻxtadida, maktubning oxirigʻa koʻz tashlab oldi:

«Bungacha manim hayajon va qaygʻu orasida yozgʻan yoʻllarima balki tushunmagandirsiz, buning uchun gʻazablanmay bu gunohimni sizga sodiq bir qulligʻim yoʻligʻa kechirursiz. Bu kundagi Toshkand isyonining boshliqlaridan boʻlgʻan Yusufbek hoji Azizbek nonkoʻrning mashvarati birlan margʻilonliqlarni ham janobingizga qarshi oyoqlandirmoq maqsadida oʻz oʻgʻlini munda yuborgʻan ekan. Faqir sodiq qulingiz bu eʼvagar yigitning tevaragiga oʻz tarafdorlarini yigʻib qurgʻan bir majlislariga rost kelib va uning Margʻilonga nima uchun kelganligini payqab, nihoyatsiz xavfka tushdim. Uning soʻzlari qipchoqlarni yoʻqotib, hukumatni shaharliklar qoʻligʻa olish edi. Qipchoqlar xayrixohi kamina qulingiz bu sirni ichimga yutolmay, bir necha vositalar birlan Margʻilon hokimi Oʻtabboyga bildirdim. Oʻtabboy qushbegi Yusufbek hoji-ning oʻgʻli boʻlgʻan mazkur Otabek bilan uning tarafdori va qayin otasi Mirzakarim otliq kishini qoʻlgʻa olib zindon qildi. Qushbegining chaqirishi bilan huzuriga hozir boʻlib, Otabek ogʻzidan nimaiki eshitkan boʻlsam bir-bir soʻzlab berdim. Xolis shahodatim soʻngida Otabek bilan qayin otasi Mirzakarimni qushbegi osib oʻldirishka buyurdi.

Ammo Oʻtabboyning kisai xiyonatiga Mirzakarimning havlisidan kelib tushkan bir xalta oltinlar barobariga dor ostigʻa etkan eʼvogarlarni oʻlimdan ozod qildi, davlatning sodiq qullaridan boʻlgʻan kaminai xolisni muttahamlar eriga zindon qilmoq va osib oʻldirmoq boʻldi. Chunki kamina qulingizning sizga shikoyat qilishimdan benihoyat qoʻrqar erdi. Ammo davlatlari yori berib, sadoqatlik xizmatkorlaringizdan boʻlgʻan Margʻilon qoʻrboshisining yordami birlan Oʻttaboyning changalidan arang qutilishgʻa muvaffaq boʻldim...» Maktubning shu eriga etkanda Musulmonqul xatdan bosh koʻtardi. Hozir uning kipriksiz qisiq koʻzlariga oʻtlar yonmoqda edi. Qichqirdi:
— Chilim! «Shundogʻ qilib sizning oʻz kishingiz boʻlgʻan Oʻtab-boy tuz haqingizni unutdi. Bir hamyon oltin deb dushman-laringiz tarafiga oʻtdi. Sizning xayrixoh qullaringizdan boʻlgʻan biri oʻz shahrini tashlab Qoʻqon qochmoqqa va ulugʻ dargohingizga sigʻinmoqqa majbur boʻldi. Men, xolis qulingiz oʻzimning sadoqatim evaziga bunday mukofot olgʻanim uchun qaygʻirmayman va lekin Oʻtabboy va Otabek kabi xoinlarni kundan-kunga kuch olib davlati shahriyorigʻa dahshatlik bir falokat tugʻdirishlaridan qaygʻiraman. Bu maktub sodiq bir qulning xolis sadoqatidan bir namunadir. Men shuning ila shoyad oʻz boʻynimdagʻi vazifani ado etkan boʻlurman. Shoyad davlat dushmanlarini oʻz oyogʻlaridan yitib ketishlariga sabab boʻlgʻan boʻlurman.

Oʻzimning bu xizmatim evaziga bir mukofot olish muddaosida boʻlmagʻanimdan va nimaiki janoblari yoʻlida mashaqqat chekkan boʻlsam oʻzimning bir vijdoniy vazifam deb bilib, bu maktubda oʻz otimni yozishgʻa ham tilamadim. Yosh xonimizga tinch va shavkatlik davr, davlat xoinlariga oʻlim tilab bir gʻaribi bechora».

Musulmonqul nihoyatda tutoqqan edi. Hozirgi borliq alamini tamakudan oladirgʻandek hudaychi keltirgan chilimga yopishdi-da, shigʻ-gʻ etdirib, sarxonani sindirish darajasiga etkuzib tortdi. Ogʻzidan pagʻa-pagʻa tutun chiqarar ekar, xatning mazmunini Xudoyorgʻa soʻzladi.

Toshkand ustiga yuborgʻan sipohlari bilan Normuhammad qushbegini nihoyat Toshkandni ololmay qaytish xabarini eshitib, soʻng darajada maʼyusiyat ichida oʻlturgan Musulmonqul uchun bu maktub yara ustiga tuz sepish qabilidan tagʻin ham alamlik boʻlib tushkan edi.
— Xudaychi!
— Labbay taqsir!
— Mirzani chaqir! — dedi Musulmonqul, soʻngra qoʻlidagi maktubni taxigʻa solar ekan, Xudoyorgʻa dedi:— Eshitdingizmi, oʻgʻlim! Azizbek bilan Yusufbek bizga nimalar qilmoqchi boʻladirlar? Oʻzimizning sodiq kishimiz, deb oʻgʻlagʻan Oʻtabboy ham dushmanlarimiz bilan birgalashib boshlagʻan... Xayr qoʻllaridan kelganni qilib koʻrsinlarchi, biz ham mundan keyin oʻshandoq koʻrnamaklar bilan qiladirgʻan muomalamizni bilarmiz.

Oʻz saltanatiga raxna solishdan iborat boʻlgʻan bu xabarlardan Xudoyorxonning mutaassir boʻlgʻanligʻi belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday boʻlsa, hozirda ham shu holda oʻzgarishsiz edi. Musulmon-qulning yonib turgʻan, oʻtdek tutoqib soʻzlagʻan gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina boʻlsa kerak quruq va shirasiz qilib:
— Hammadan ham Oʻttaboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, — dedi, — meni siylamagʻanda ham sizni rioya qilsa kerak edi.
— Yaxshiliq qilgʻan kishingdan hech bir yaxshiliq qaytmas ekan, — dedi Musulmonqul. — Jumladan, bittasi koʻz oʻngimizda — Azizbek. Men uni yoshligʻidan boshlab oʻz qoʻlimda oʻstirdim, Toshkand hokimligidan Salimsoqbekni olib uning oʻrniga hokim tayinladiq. Biroq shunchalik yaxshiliqlarimizgʻa qarshi natijada bizga yogʻiy boʻldi, boʻlsin; ul Toshkandning oʻzigagina qanoatlanmay Margʻilon bilan ham ish qilmoqchi boʻlsa, bunisini ham biz koʻraylik.

Mirzaboshi kirib xongʻa qulliq qildi va Musul-monqulgʻa qarab qoʻl bogʻladi. Musulmonqul yana xumori boʻlgʻan edi — «Chilim!» deb tashqarigʻa qichqirdi, soʻngra mirzoboshigʻa dedi:
— Hozir Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegiga bir xat yozib, chopar bilan yubor. Xatni olgʻan zamon Yusufbek hojining oʻgʻli Otabek deganni olib huzurimizga kelsin! Mirzobashi qulliq qilib orqasi bilan yurib chiqdi.

Musulmonqul

Arkoni davlat yigʻilib, Xudoyor taxtiga mingan, Musulmonqul xon boʻlmasa ham xonliqdan-da yuqori bir kuchka molik boʻlgʻan siyosat kursisiga oʻltirgan edi. Boshlab otaliq kirib xongʻa salom berdi va uning haqigʻa uzun duo qilib chiqdi. Otaliqdan soʻng oʻzga aʼyon birma-bir kirib, duo qilib chiqa boshladilar. Duoxonlarning eng soʻngʻida xudaychi koʻrindi, salom va duodan keyin yuzini Musulmonqulgʻa oʻgirib:
— Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegi huzuri oliylarigʻa kirish uchun izn soʻraydir! — dedi.

Hamma fikri zikri Oʻtabboy ustidagina qolgʻan Musulmonqul bu xabarni eshitish bilan kuchlik bir tin olib hudaychiga qaradi:
— Yolgʻiz oʻzimi yoki yonida kishilari ham bormi? — deb soʻradi. Hudaychi yana bir qulliq qildi:
— Oʻn chogʻliq yarogʻliq yigitlari ham bor.
— Tagʻin-chi?

Yarogʻsiz yana bir yigit ham koʻrindi.
— Oʻtabboyning oʻzini huzurimizga kirgiz, — dedi Musulmonqul, qulliq qilib chiqa boshlagʻan hudaychini yana toʻxtatib soʻradi: — Oʻtabboyning yigitlari oʻrda-ning tashqarisidami, ichkarisida?
— Taqsir, ichkarisida.
— Yaxshi, qushbegi bizning yongʻa kirgandan soʻng oʻrda yigitlari ularga hozir boʻlsinlar! Hudaychi qulliq qilib chiqdi. Uning ketidan Musulmonqul tovshigʻa muzaffariyat ohangi berib xongʻa dedi:
— Oʻgʻrilarning ikkisi qopqonga tushdi, xon!
— Toleʼimiz.

Qushbegi kirdi. Xongʻa ikki bukilib taʼzim qilgʻach, kelib uning qoʻlini oʻpdi. Oʻtabboyning muloqoti uchun Musulmonqul ham goʻyo hech narsa koʻrmagandek oʻrnidan turib uning bilan quchoqlashib koʻrishdi. Oʻtaboy Musulmonqulning koʻrsatishi bilan xonning chap tomonidagʻi kursiga oʻlturdi. Ul Musulmonqulning samimiy muloqotidan qoʻrquvliq yuragini bir qadar toʻxtatib olgʻan edi. Kursidan yana turib xongʻa qulliq qilib boz oʻlturdi. Musulmonqul qushbegini er tegidan kuzatar ekan soʻradi:
— Yurtlaringiz tinchliqmi, oʻzingiz ham sogʻ-misiz?
— Alhamdullilloh, yosh shohimizning davlatlari va husni tavajjuhlari soyasida yurtimiz tinchliq, fuqaromiz javobi oliyning duoyi jonlari bilan mashgʻullar.

Xudoyor ozgʻina ishorat bilan unga tashakkur bil-dirdi. Bunga qarshi qushbegi kursidan qoʻzgʻalib qulliq qildi. Musulmonqul murtini silab nimaningdir muloha-zasida edi. Uning bu holi birar daqiqagʻa choʻzilgʻanliqdan Xudoyor bilan qushbegi uning ogʻzigʻa tikilgan edilar.
— Sizning xabaringiz boʻldimi, yoʻqmi biz Tosh-kand ustiga yuborgʻan Normuhammad qushbegidan juda yaramas bir xabar oldiq, — deb Musulmonqul Oʻtabboyga qaradi, undan xabarsizlik javobini olgʻach, soʻzida davom etti; — Normuhammad qushbegi uch ming sipoh bilan etmish kun Toshkandni qamab yotib, nihoyat bir ish chiqara olmay odamlari bilan qaytmoqqa majbur boʻlibdir. Azizbek bilan Yusufbek hojilarning aztahidil qarshiliqlari bizning kishilarni quruq qaytarishgʻa majbur qilibdir. Mana shuning uchun mundan keyin bizning boshqa bir yoʻl bilan ish koʻrmagimiz taqozo qiladir... Kecha biz kimdandir Yusufbek hojining oʻgʻli boʻlgʻan Otabek deganni sizning Margʻilonda deb eshitdik. Mundan soʻnggʻi Toshkand toʻgʻrisida koʻradirgan tadbirlarimiz uchun uning keragi boʻlur, deb oʻylab siz bilan birga uni huzurimizga chaqirgʻan edik... — Bu joyda qushbegi Musulmonqulni toʻxtatdi-da, kuldi, soʻngra Xudoyorgʻa dedi:
— Otabek ustida ancha mojarolar boʻlib oʻtdi. Buning hikoyasi uzun, alhol mingboshining raʼylarini eshitaylik... davom qilingizchi.
— Otabek oʻzingiz bilan birgami? — deb soʻradi Mu-sulmonqul, birgalik javobini olib, tamom xotirjamʼ boʻlgʻan holda davom etdi: — Yuqorida aytkanimdek minbaʼd tadbir yoʻli bilan Azizbekni yoʻqotishdan boshqa choramiz yoʻqdir. Bizning bu keyingi rejamiz yoʻlida ish beradirgan kishi boʻlsa ul ham menga qolsa shu Otabek boʻlur. Chunki boshqalargʻa qaragʻanda uning Toshkand borishi va Azizbekning yaqin odami-ning oʻgʻli boʻlgʻani uchun uning bilan aloqada boʻlishi, zahar berish va yo boshqacha bir yoʻl bilan uni oradan koʻtara olishi, unga eng qulay bir ishdir. Ogʻriqning tuzalasi kelsa emchi oʻz oyogʻi bilan kelur, deganlaridek, Otabekni Margʻilonda boʻlish xabarini eshitib xon bilan men juda quvonishdiq... mana sizni chaqirishdan boʻlgʻan maqsadimiz shudir. Yana sizning bu haqdagʻi raʼyingiz nima boʻlsa eshitamiz.

Musulmonqulning bu soʻzlariga Oʻtabboy qushbegi tamom ishongʻan, ammo Xudoyor ersa uning ilgarigi maqsadini yaxshi bilganlikdan bu soʻnggʻi gaplar bilan nihoyatda taraddudga tushkan edi. Toʻgʻrisi ham Musul-monqulning bu keyingi gapi kishini mutaraddid qilmay qoʻymas edi.
— Bu fikringiz menimcha ham maʼqul, — dedi qushbegi, — ammo bunda bir gap bor, ul ham:

Otabek bu vazifani oʻz boʻyniga oladimi, yoʻqmi masalasidir. Chunki Otabekning Azizbek tarafdori boʻlgʻanligʻiga shu oʻrtada oʻzim tegshirgan bir ish meni shubhaga tushuradir.

Shundogʻki, mundan yigirma besh kunlar ilgari, qoʻrboshimning xabar berishi bilan Azizbek tarafidan Margʻilonda toʻpolon chiqargʻali kelgandir, deb oʻylab, yonidagʻi bir necha kishilari bilan zindonga soldirdim. Uning Yusufbek hojining oʻgʻli boʻlishi ham oʻsha mulohazamning toʻgʻriligʻiga meni ishontirar edi. Yana qoʻrboshigʻa Otabek ustidan shikoyat qilgʻuchining shahodati bilan bu shubhamga ishonib, mundan besh kun ilgari Otabek bilan uning qayin otasi Mirzakarim degan margʻilonlikni oʻlim jazosiga hukm qildim. Gunoh-korlarni dor ostigʻa olib ketkanlariga bir muncha fursat oʻtkan edi, mahkamaga bir xotin hozir boʻlib, qoʻlimga bir maktub berdi. Oʻqub qarasam, Azizbek Toshkandda Qoʻqongʻa qarshi isyon chiqarmogʻi boʻlib yurgan fursatda Yusufbek hoji tomonidan oʻgʻli Otabekka yozilgʻan bir maktub boʻlib manim qoʻl, oyogʻimni boʻshashdirdi. Chunki bu maktub Yusufbek hojining Azizbekka tamomdan qarshi bir kishi boʻlgʻanligʻini onglatar edi. Gunohkorlarni dor ostidan qaytarishgʻa majbur boʻldim. Men faqat shu maktub dalolatiga bovar qilib, gunohkor-larni boʻshata bermay, qoʻlimdan kelgancha yana tekshirib tergadim. Otabekning soʻzlari kishini tamom ishontirarliq darajada maktubga muvofiq edi. Shundogʻ boʻlsa ham faqat Mirzakarimni ozod qilib, keyingi tergashlar tamom boʻlgʻunchaliq Otabekni kafilga berdim. Oʻzining biror adovati uchun bunday gaplarni qoʻzgʻatib yurgan boʻlmasin, deb haligi menga shahodat berganni ushlab Otabek va boshqalar bilan yuzlashdirmoqchi boʻlganimda nima sababdandir ul qochdi. Shu kungacha uni topib boʻlmadi.

Muning qochishi garchi bu shahodatning birar adovat yuzasidan boʻlgʻan siʼoyat ekanini onglatar edi ersa ham men yana hanuz Otabekni kafolatda saqlar edimki, janobi oliydan bu xabar etdi. Darhol Otabekni yigitlardan oʻratib saodatxonai shahanshohiga joʻnadim. Otabekning Margʻilon mojarosi shundan iborat boʻlib, manimcha Otabek ustida hali shunday tergovlar borayotqan bir vaqtda unga bundogʻ javobgarlik vazifani topshirish qalay boʻlarikin, deyman...

Musulmonquldek makkor tulkining oʻylagʻanlarini qushbegining toʻgʻri soʻzlari ost-ust qilib, uning Oʻtabboy toʻgʻrisidagʻi sui zanlari bir muncha ozayib tushdi. Ammo Musulmonqulning ikki kishi ustiga yoʻnalgan qahru gʻazabi oʻzining borliq dahshati bilan faqat Oybek ustiga tikildi va Toshkand qoʻrgʻonlari ostida qurbon boʻlgʻan sipohlarining qonini Azizbekning oʻng qoʻli boʻlgʻanning oʻgʻlidan olmoqchi boʻldi.
— Yusufbek hojining maktubi yoningizdadir?
— Taqsir, — dedi qushbegi, maktubni olib Musul-monqulgʻa uzatdi. Musulmonqul oʻnda- soʻnda maktubga koʻz yugurtirib chiqdi-da, zaharxanda ichida Oʻtabboygʻa qaradi:
— Yusufbek hojining qurgʻan hiylalariga tushun-maguchi ehtimol Margʻilondan topilmagʻandur! U tulki oʻz oʻgʻlini Margʻilonda toʻpolon chiqarish uchun, deb yuborishidayoq har bir ehtimolga qarshi bu maktubni yozib bergan, bunga Margʻilon kalvaklari tushunmasalar ham biz tushuna olamiz! — dedi va magʻrur bir tusda Xudoyorgʻa qarab qoʻydi. Qushbegi uning bu istehzosini yutishka majbur edi. Chunki ozgʻina tildan toysa oʻzi-ning ham Otabek qatoriga kiritilishini yaxshi onglar edi. Sukut qildi:
— Hudaychi!
— Qulingiz!
— Haligi qushbegi bilan birga kelgan yigitni huzurimizgʻa hozirla! Musulmonqulning apti ortiq dahshatlik bir holga kirgan, taxt ustiga qoʻndirilgʻan jonlik Xudoyor haykal ham sukutda, oʻzining nima boʻlishigʻa tushunmagan Oʻtabboy ham borliq, yoʻqliq holatda...

Otabek hudaychi orqasidan kirib xongʻa taʼzim qildi va qoʻl bogʻlab toʻxtadi. Otabek Musulmonqul otini, uning yirtqichligʻini yaxshi bilsa ham, ammo shaxsan oʻzini koʻrmagan, shuning uchun xonning yonidagʻi xoqongʻa iltifot etmadi. Uning bu iltifotsizligi Musul- monqulgʻa asarsiz qolmadi-da , achchigʻi ustiga achchigʻ, kek ustiga kek qoʻshildi va shular ichida yasalib chiqgʻan bir istehzo iljayishi va bir tovush bilan:
— Manga qarang, bek yigit, — dedi. Otabek oʻziga qaragʻach: — Siz kim boʻlasiz? — deb soʻradi. Ul hanuz boyagʻi masxara holatda edi.
— Men Otabek.
— Dunyoda Otabekdan koʻpi bormi, siz qanday Otabek?
— Otabek Yusufbek hoji oʻgʻli.
— Ha-a-a, shundogʻ deng-chi... Toshkandlik Yusufbek hojikim, Azizbegimizning gumashtasi boʻlgʻan zoti sharifning oʻgʻillari?

Otabek bu choʻltogʻ supurgini tanidi va uning isteh-zolarini payqadi. U bundan soʻnggʻi koʻrguligini tamom maʼnosi bilan onglab, maʼnosiz bu savollarga javob berib oʻlturishdan sukutni xayrlik topdi. Goʻyo oʻzining bu sukuti bilan Musulmonqulgʻa maʼnolik bir javobni ifoda qilar edi. Chindan ham Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni koʻkka koʻtarilar ekan baqirdi:
— Nega javob bermaysan?!
— Siz meni qanday tanigʻan boʻlsangiz-boʻlingiz, men oʻshandogʻ kishining oʻgʻli, — dedi bek. — Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik boʻlib tanilsaqla, oʻz vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm qilingizda, buyrugʻingizni beraveringiz! Musulmonqulning yuzidagi boyagʻi achchigʻlar erini bir zavqlanish vaziyati oldi. Kulimsirash ichida Otabekni kuzatar ekan:
— Dav yuraging bor ekan, yigit... Hayfki, gunohing boʻyningda, — dedi va chaqirdi: — Jallod! Eshik yonida kutib turgan oyboltaliqlar harakatlandilar:
— Xanjarimiz qonsiragʻan! Jallodlarning oldida kirgan hudaychi xongʻa arz qildi:
— Toshkanddan bir chopar bor, huzuringizga kirish uchun izn soʻraydir! Xudoyor Musulmonqulgʻa qaradi. Musulmonqul ersa Otabekni jallodga topshirish uchun oʻnglangʻan tilini qisishgʻa majbur boʻldi. — Kirsin! — dedi va oʻzidan amr kutib turgan jallodlarga: — Bir ozdan soʻng, — dedi, chiqib turmoqqa ishorat qildi. Negaki, choparning Toshkanddan boʻlishi bu hukmda bir oz shoshmasliqni istar, chopar vositasi bilan ham bu hukm ehtimol haqlik bir hukm boʻlib chiqar va Musulmonqul ham loaqal oʻz umrida bir martaba boʻlsa-da, oʻrinliq qon toʻkkan boʻlar edi.

Otabek garangsigansumon devorga suyangan, mundagi allaqanday maʼnolarni onglatqan taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning koʻz oʻngida qora pullik qadru qiymatsiz... Toʻgʻrisi ul ajib bir tabiʼatka kirgan, uning vujudi quruq va hissiz... Yoʻq, ul sezsa-da, bilsa-da, goʻyo oyogʻ, qoʻli bogʻlanib boʻgʻizlanishga hozir-langan bir qoʻy kabi qayralayotgan pichoqqa butunlay parvosiz, qoʻrquvsiz tomosha qilar edi. Bu turmish, bu hokimiyat, cheki koʻrinmagan bu qorongʻiliq... uning uchur sira qiziqarliq emaslar: ul yoʻq edi — tinch edi, ul keldi — tinchimadi, ul yana yoʻq boʻlsa ehtimol yana tinchir edi. Mana shuning uchun ham ul bezraygan edi.

Faqat... faqat shu turmishdagi biravgina uning koʻnglidan tezroq yuvilmas va yuvilishi ham qiyindek... Nihoyat, bundan ham qutilgʻandek boʻldi. Ammo... ammo soʻng nafasida uning bilan vidoʻlashsa, boʻgʻzigʻa xanjar botar ekan, uning yuziga qarabqina koʻzi nursiz-lansa... Uning hamma orzusi shu edi hozir.

Hudaychi choparni boshlab kirdi. Chopar nomani tiz bukib Xudoyorgʻa topshirgʻach, orqasiga qaytib, koʻzini devordagi bezrayganga tashlamasunmi... Ul oʻzining xon huzurida boʻlgʻanini ham unutdi-da, oʻzini Otabek ustiga tashladi, Toshkand choparining bu kutilmagan harakati xonni, Musulmonqulni, qushbegi ham hudaychini va ol-dingʻi zolda oʻlturgan aʼyonni bir hayratda qoldirgʻan edi. Otabekning tasallo berishi bilan Hasanali undan qoʻl tortdi ersada, biroq undan hayajon, yigʻi hali arimagan edi.
— Adab! — deb qichqirdi Musulmonqul, soʻngra oʻziga qarab qoʻl bogʻlagʻan Hasanalidan soʻradi, — sen kimning chopari?
— Normuhammad qushbegining.
— Qaerdan?
— Toshkanddan, taqsir.

Musulmonqul taajjub ichida oʻziga Xudoyor tomo-nidan uzatilgʻan nomani oldi. Ochib kishi eshitarlik qilib oʻqudi:

«Yosh xonimizgʻa va padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga. Yosh shohimizning baxt va toleʼlari ruhsiz tanlarimizga qayta boshdan ruh, maʼyus koʻngillarimizga qaytib chiqmasliq umid bagʻishladi. Faqir qullari mundan toʻrt kunlar ilgari Toshkanddan sipohlar bilan umidsiz qaytishga majbur boʻlib, ul toʻgʻrida huzurlariga xabar ham yuborgʻan edim. Shu holda biz sipohlar bilan Kirovchi yaqinigʻa etkan ham edik, orqamizdan bir chopar Toshkandda Azizbekka qarshi isyon boshlangʻanini, bizni koʻmak uchun Yusufbek hoji-ning Toshkandga chaqirgʻanligʻini soʻzlab, uning ismidan bir maktub berdi. Men darhol sipohlarni Toshkand qaytishga buyurdim-da, xabar olgʻani ikkinchi kuni Toshkandga etdim. Biz Toshkandga kirganda Yusufbek hoji boshliq olomon Azizbekni oʻrda ichiga qamab yotar ekanlar. Olomon, ayniqsa, Yusufbek hoji bizni juda yaxshi qarshiladilar. Biz borgʻandan keyin oʻrdaga bosib kirdik-da, Azizbekni ushlab oldiq. Boshda men Yusufbek hojini balki, Toshkand bekligi uchun taʼmalanur deb oʻylagʻan edim. Ammo uning butun oʻrda va xazina, ashyo va yaroq-larini manim qoʻlimgʻa topshirishi bu fikrimni boʻshka chiqardi. Yusufbek hoji nihoyatda taʼmasiz, xalq manfaatini kuzatkuchi bir odam ekan. Binoan alayhi uning toʻrisidagʻi bizning sui zanlarimiz xato boʻlib chiqadir. Uning Azizbekka qarshi xalqni oyoqlandirishi ham bizning Toshkanddan joʻnashimizning ikkinchi kuni Azizbekning nechogʻliq siqilgʻan xalq ustiga oʻttuz ikki tangadan chochkan soligʻi boʻlibdur. Toshkand xalqi Azizbekning hiylasiga aldanib, bizga yogʻiyliq qilgʻani uchun pushaymon va uning zulmidan qutilgʻani vajdan xursanddir.

Men Yusufbek hojining bunchalik katta xizmati evaziga xon hazratidan ulugʻ bir martaba olib berishka vaʼda bergan edim. Ul bunga qarshi uzr aytib, Toshkandga insoflik bir bek belgulansa, manim uchun kifoya, dedi. Uning xon janobidan kutkan bir marhamati bor ekankim, shu yaqinda savdo bila Margʻilonda yurgan yolgʻiz oʻgʻlini nomalum bir sabab ila Oʻtabboy qushbegining qamagʻanligʻini eshitibdir. Uning bu xizmatini birar mukofotka arzigulik koʻrsalar, oʻshal qamoqda boʻlgʻan oʻgʻlini ozod etmas uchun xon hazratlarining iladirgʻan inoyatlari har bir narsadan ham unga azizroq bir mukofot boʻlur. Faqat qulingizcha ham Yusufbek hojining davlatimiz ustiga qoʻygʻan bu minnati kichkina gap emasdir. Binoan alayhi uning oʻgʻli garchi oʻlim jazosigʻa sazovor boʻlsa ham, marhamati shohonaning joʻshgʻa keltirilishi biz navqarlariga ham muvofiq koʻriladir. Vaqtincha Toshkand bekligiga Qoʻshdodqoni belgulab, yoniga bir muncha sipohlar berdim. Oʻzim Azizbekni olib tezda xizmatlariga yursam kerak, Normuhammad qushbegi, muhr».

Musulmonqul maktubni tugatdi-da, uyatsiz ravishda Otabekka qarab iljaydi va hudaychiga buyurdi.
— Ikkita zarrin toʻn keltir! Otabekning moʻjiza qabilidan soʻng daqiqalarida ikkinchi qayta qutilishni koʻrgan Oʻtabboy qushbegi beixtiyor yoqasini ushladi. Xudoyorxon ham yirtqich qayinotasining changalidan qutilgʻanini tabrik qil-gʻandek Otabekka kulib boqdi.

Musulmonqul oqsoqlanib, oʻz qoʻli bilan Otabekka zarrin toʻn kiyguzar ekan:
— Otangizning katta xizmati soyasida oʻlimdan qutilgʻaningizdek zarrin toʻnliq ham boʻldingiz, — deb yana bir qayta uyatsizlandi.

Tagʻin bir necha kun turib qaytmoq uchun Otabek Margʻilongʻa, Hasanali ota Yusufbek hojini tinchitish uchun Toshkandga joʻnadilar.

Birinchi boʻlimining soʻnggʻi

Uzr

Roʻmon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyogʻa kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlagʻan edi: besh yillab bosila olmay yotdi. Nihoyat, bu kun bosilishi muyassar boʻlgʻanida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-toʻrtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari orqasida texnika jihati koʻz koʻrib quloq eshitmagan bir yoʻsunda chiqdi. Bularning sababi bosilish chogʻida oʻzimning hozir boʻla olmagʻanligʻim boʻldi. Ammo bu oʻrinda oʻzimning jaholatim toʻgʻrisida aytib turishni lozim koʻrmayman-da, faqat oʻqugʻuchilarning afvularini soʻrayman.

Roʻmonning ikkinchi boʻlimini bunday xatolardan sof boʻla olishigʻa vaʼda bera olmasam-da, ammo bosilish taqdiri noshir qoʻlida boʻlgʻanligʻini bildirib qoʻyaman.

Avvalgi
I- boʻlim