OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdulla Qodiriy
Asar nomiOʻtkan kunlar (III- boʻlim)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdulla Qodiriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm224KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/25
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻtkan kunlar (III- boʻlim)
Abdulla Qodiriy

Uchinchi boʻlim

Musulmonqul Istibdodiga Xotima


Musulmonqulning aholi ustiga boʻlgʻan jabru zulmi haddan tashqari ketdi. Uning istibdodi oʻzga shahar-larga uncha sezilmasa ham, ammo markaz — Qoʻqon odamlarini juda toʻydirdi. Uning oʻz kayficha oyda emas, haftada solib turgʻan soliqlari fuqaroning terisini shilsa, arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarini osdirib, kesdirib turishi xosni (xavosni) ham esankiratdi. Otigʻagʻina xon boʻlib oʻlturgʻuchi Xudoyor ham osdirish, kesdirish va yorlaqash oʻz ixtiyorida boʻlgʻan Musulmonqul maydondan olinmagan fursatda oʻzining qoʻgʻirchoq sifat yuraberishini tushundi. Koʻbdan beri unga yuragida kek saqlab kelib, ammo ne tariqada najotka chiqishini bilmadi. Chunki ul suyanadirgʻan Qoʻqon beklarini «mana» deganlari Musulmonqul va kishilari (qipchoqlar) tomonidan osilib kesilganlar, qolgʻanlari tovush chiqarishgʻa majolsiz edilar. Atrof shahar va qishloq beklari ham aksar qipchoqlardan, yaʼni Musulmonqulning oʻz odamlaridan, ulardan bir ish kutish yana mumkin emas.


Shahar xalqining har bir tabaqasi deyarlik Musul-monqul dakkisini eb kelgan, magar ulamo xalqi undan juda rozi, zeroki Musulmonqulning birinchi istinodgohi oʻzining qipchoqlari boʻlsa, ikkinchisi ulamolar edi. Ul ulamo orqaliq oʻz zulmini mashruʼ bir tuska qoʻygʻan, oʻzi uchun zararlik unsurlarni yoʻqotishda shu ulamolardan «ululamirga bogʻiyliq» degan fatvoni olishni unutmagʻan edi. Ulamoning bu yangligʻ istibdodni «bogʻiyliq» rangi bilan boʻyab berishi mukofoti uchun Qoʻqon va Andijon kabi shaharlarga maʼlum madrasalarni bino qilgʻan va bu madrasalarga xizmati bilan tanilgʻan ulamodan mudarrislar taʼyinlagʻan edi. Ammo Musulmonqulgʻa yaqinlasha olmagʻan, yaʼni uning xizmat va marhamatidan chetda qolgʻan «nimcha» ulamolar ham yoʻq emas edilar.


Aztahidil Musulmonqulning otaligʻidan qutilishni va mustaqil ravishda hukmron boʻlishni orzu etkan Xudoyor, nihoyat keyin qayin otasi bilan kurashda oʻziga birinchi istinodgoh qilib shu keyingi sinf ulamoni oldi. Musulmonqul balosidan qutilgʻandan soʻng Xudo-yorning ularga qiladirgʻan inʼom va ehsonlari, beradirgan mansablarining naqddek vaʼdasi barakasida bu keyingi tabaqa — Qoʻqon mullalari harakatka keldilar.


Musulmonqul tarafdori ulamolar uning siyosatini shariʼatqa qancha mutobiq koʻrsatib kelgan boʻlsalar, bu keyingilar ham oʻshancha xilofi sharʼiy ekanligini isbotka kirishdilar.

Boshda bu harakat albatta «eng ichida» boʻldi va bu harakatning boshida Xudoyorning oʻzi turdi. Birinchi galda yashirin ravishda Toshkand, Andijon, Margʻilon va oʻzga shaharlarning ishonchlik ulamo va beklariga Musulmonqul istibdodidan qutulishda koʻmak berish uchun murojaatnomalar yoʻllanildi. Bu murojaatnoma-larda Musulmonqulning nomashruʼ ishlari, Qoʻqon odamlariga qilgʻan jabru zulmlari sanalgan, keyingi vaqtlarda xonning oʻzi ham bu zulmlar qarshisida chidab tura olmasliq holgʻa kelganligi soʻzlanilgʻan, agarda boshqa shahar ulamo va ashrofidan koʻmak boʻlgʻan taqdirda bilfeʼl Musulmonqulgʻa qarshi koʻtarilishka hozir turilgʻanligʻi aytilgan edi. Ikkinchi galda Qoʻqon sipohlarining qipchoqdan boshqa qismigʻa yashirin ra-vishda, umuman anovilargʻa qarshi tashviqot yurgizilib boshlangʻan edi.


Andijon, Margʻilon, Namangan kabi shaharlardan «xon bu ishni maslahat koʻrsalar, biz yordamga hozirmiz» degan quruq vaʼdalar kelib, ammo Toshkanddagi Yusufbek hoji toʻdasidan amaliy choralarini ham koʻrsatilib yozilgʻan javob maktubi olingʻan edi.


Maktubda aytilar edi:


«Siz Xoʻqand ulamoyi kiromlarining Musulmonqul xunxoʻrligʻidan faryodga kelib va shariʼati mustafoni oragʻa vosita qilib yozgʻan maxfiy xatlarini oldiq. Biz Toshkand ulamo va ashrofidin domla Solihbek oxund, mulla Yusufbek hoji, sarkardalardin Qosim va Niyoz qushbegilar, Karimqul va Muhammadrajab qoʻrboshi ham Qambar sharbatdorlar bir oragʻa oʻlturishib voqiʼan Musulmonqulning zulm va taaddasi Xoʻqand fuqarosi va ayni zamonda boʻlak shahar va qishloq, kent aholisi ustiga ham bagʻoyat oshib borgʻanligʻini muzokara va mukolama qilishdiq. Biz faqirlari ham Musulmonqul harakati behudasini shariʼatga xilof, yurt va el uchun muzir, xalo-yiqning osoyish va umr guzaronligʻi vajhiga xalaldir deb bildik.


Bul maʼniga ul tojdor amiralmoʻʼminin muvofaqat koʻrsatsalar ul beparhez gʻosibi taxtu saltanatning haydalmogʻi behroqdir va yana Toshkand mardumlari bul toʻgʻrida haqiqat tomonida sobit qadam boʻlmoqqa til berishurmiz. Basharti siz kiromlar ul beparhez zolimning mingboshiliq vazifasidin tard etishka azdilu jon bel bogʻlagʻan boʻlsalaringiz, biz faqirlarning aqli qosirimizgʻa bir andisha keladir. Andogʻki, Toshkand Xoʻqand hukumatidin yuz oʻgirgan boʻlib xudnafsiga0 mustaqillik eʼlon qilsin. Bu taqdirda itoatdin bosh toʻlgʻagʻan Toshkand ustiga albatta Musulmonqul zolim qoʻshin tortar. Ushbu qoʻshin orasigʻa siz kiromlar oʻz odamlaringizni koʻbroq kirguzishka koʻshish qilib va yana janobi tojdor ham birga kelsinlar. Qoʻshin Toshkandga etkan baʼdida bizlar tashqaridin va sizlar ichkaridin boʻlib Musulmonqulni oradin koʻtargaymiz. Bul maslahat faqirlarning aqli qosirlarimizgʻa koʻb tafakkurlar baʼdida kelib, yana raʼyi savob oʻzlarida boʻlgʻay. Ammo bul taqdirda qon toʻkilmasdin muddao husulgʻa kelurmu deb oʻylaymiz. Boz maxfiy qol-magʻaykim, Toshkand begi boʻlgʻan zot borasida andisha lozim ermas, zero ul odam fuqaroning osoyishi yoʻlida jonbozliq qilgʻuchi kishidir. Bizlar limaslahatan nima desak, ul boʻyin toʻlgʻamas. Inshoolloh, bu andishamiz kiromlarga maʼqul tushkan taqdirda janobi tojdorning hamrayʼlarini olmoq va imkoni boʻlsa ul janobning ismi shariflaridin bizlarga pisandnoma yozmoq marjudir.


Toki bizlar ishonch birlan muddaogʻa shuruʼ qilayliq».


Bu xat Xudoyorning qoʻligʻa tekkandan keyin xatda koʻrsatilgan tadbirni juda maʼqul topdi va tezlikda oʻz ismidan tashakkur va pisandnoma yoʻlladi. Ijobatni olgʻandan soʻng yuqorida mazkur Toshkand ashroflari bir majlis qurib oʻlturishka Normuhammad qushbegi (Toshkand hokimi)ni ham chaqirdilar. Majlisda xondan va ulamodan olingʻan murojaatnomani oʻqub Normuhammad qushbegiga eshitdirdilar. Majliska yigʻil-gʻanlardan Yusufbek hoji va domla Solihbek oxundlar qushbegining pir, deb inobat qilgʻan odamlari boʻlgʻanlari uchun elning osoyishi va mamlakatning obodligʻi nomiga bu taklifni, yaʼni Qoʻqongʻa qarshi isyon etkan boʻlib turishni ul oʻz boʻynigʻa oldi. Bundan onglashiladirkim, Normuhammad qushbegi ham oʻzi- ning valineʼmati boʻlgʻan Musulmonqulning tutkan siyosatini yurt manfaatiga xilof deb bilibdir.


Uzoqlamay Normuhammad qushbegi Qoʻqondan bosh toblab oʻz oldigʻa mustaqil hukumat eʼlon qilgʻan boʻldi va Yusufbek hojilarning oʻylagʻan tadbirlari ayni kutkan natijalarni bera boshladi. Itoatdan bosh tortqan Toshkandga qarshi Musulmonqulning tepa sochi tik turib, adab berish niyatida safar jabdugʻini tuzdi. Toshkandga qarshi ayniqsa gʻazablangan boʻlib koʻrin- guchi Xudoyor ham bu safarning tadorikini barobar koʻrishdi va Musulmonqul bilan birlikda Toshkand ustiga chiqdilar. Yoʻl ustida ham Toshkand bilan yashirincha soʻz olishib, xatti- harakat chizishib turishdilar.


Musulmonqul ilgʻori Chirchiq boʻyiga kelib etkanda, qushbegi boshluq Toshkand yigitlari ham suvning berigi yuzida yov kutib turgʻan edilar. Tush chogʻida ikki yov bir-birlarigʻa qarshi kelishdilar. Qoʻqonliqlar dam bermayino Toshkand qoʻshuni miltiqlargʻa oʻt berdi.


Musulmonqul kutmagan joyda qoʻshunidan bir durkumi oʻz ustiga hujum boshlab va bir firqasi Toshkand yigitlari tomoniga qochib oʻtdi. Musulmonqulning oʻz yigitlari (qipchoqlar) sarosimalikda qolib, Musulmonqulning mudofaasini-da va qochishni-da bilmay qoldilar. Oʻz ustiga chugʻirchiqdek yopirilib kelmakda boʻlgʻan qoʻqonliq va toshkandliklarga qarshi oʻzida kuch yoʻqligʻini bilgan Musulmonqul bir ot va bir qamchi arang qoʻshundan chiqib qochdi va bir qancha yoʻlgʻacha quvlandi. Boshluq orqasidan qochmoqchi boʻlgʻan qipchoq yigitlariga munodi nido qildi:
— Qipchoq ogʻaynilar! Bizning hamma adovatimiz Musulmonqulgʻa edi! Siz ogʻaynilar ilgari xon yonida qandogʻ xizmatda boʻlgʻan boʻlsalaringiz, endi ham oʻsha vazifada qolaberasizlar va lekin Musulmonqulgʻa tarafdorlaringiz boʻlsa, tinchlikcha qoʻshindan chiqib ketsin! Qipchoq yigitlari ham bir erga uyushib, oʻz taraflari-dan munodi qoʻydilar.
— Biz Musulmonqulni tanimaymiz! Bizning boshlugʻimiz Xudoyorxondir! Shundan soʻng qipchoq va oʻzbek birga aralashib ketdi, goʻyo hamma adovat Musulmonqul bilan birga ketkandek boʻlib, ikki xalq bir-biri bilan koʻrishdi. Oʻn minglab xalq yangidan Xudoyorgʻa itoat izhor etib, chin xonlik bilan uni muborakbod qilishdilar. Toshkand xalqi izzat-ikrom ostida xonni va Qoʻqon sipohini shaharga tushurib, oʻrdada uch kun ziyofat berdilar. Ziyofat asno-sida ittifoqning foydalari, tarqoqliqning zararlari soʻzlanildi. Qushbegi va Yusufbek hojilarning taklifi bilan Musulmonqul oʻrniga Oʻttaboy qushbegi (Margʻi-lon hokimi) mingboshi belgulanib, toʻrtinchi kun Xudoyorxon qoʻshuni bilan Qoʻqongʻa qaytdi.

* * *


Qish chiqar oldi. Musulmonqul voqiʼasidan yigirma kunlar chamasi keyin edi. Muhammad Rajab qoʻrboshining uyidan ikki-uch qaytalab kishi kelabergandan keyin, Yusufbek hoji ilojsiz qolib borishgʻa majbur boʻldi.


Yigʻinda Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul ponsadlardan tor-tib Toshkandning etuklik ashrof va aʼyonidan oʻn beshlab odam bor edi.


Mehmonlar uchun meva-cheva, quyuq-suyuq tortildi. Ziyofat toʻkun edi. Yemak asnosida Niyoz qushbegi soʻzlab yigʻinning maqsadi bilan ahli majlisni tanishdira bordi:
— Ogʻalar, inilar! Bilindiki, ogʻaynilar bir tan, bir jon boʻlsalar qipchoq kasofatidan qutilish uncha qiyin tushmas ekan. Mundan bir oy ilgari biz qanday holda edik?


Musulmonqulning omonsiz qilichi ogʻaynining boʻgʻzida edi. Xudo hoji akamizning umrini uzun qilib, bola-chaqasining egaligini koʻrsatsinki, avvalo uning aqllik tadbiri, undan keyin ogʻaynining bir yoqadan bosh chiqarishi soyasida Musulmonqul balosidan engilgina qutildik.


Ammo bu qutilishni chin qutilish deb boʻlmaydi. Nega desalaringiz, oq it boʻlmasa, qora it tovoq-qoshiqqa tegmakda. Hali biz sahroyi qipchoq elidan uzil-kesil qutilgʻanimiz yoʻq. Anovi Musulmonqul boʻlmasa, boshqa Alimqulning bosh koʻtarishi aniq, — dedi qushbegi va dasturxondan choʻqinib davom etdi. — Normuhammadning raʼyini deb, hamma ixtiyor oʻz qoʻlimizda boʻlgani holda, Oʻtabboyni mingboshi belgulab yuborduq... Bu ham oʻzimizning eng katta xatolarimizdin. Men oʻsha kundan beri oʻz-oʻzimdan boʻgʻilib yuriyman: Musulmonqulning iti boʻlmasa, oʻzimizdan mingboshi boʻlarliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yoʻq, ogʻalar, temirni qizigʻida suqib qolish kerak! Qachongʻacha biz bu sahroyi itlar bilan sanu manga borishib yuramiz? Yaxshisi shulki, bu bosh ogʻrigʻlarni bir varakay oradan koʻtarib tinchishaylik. Biz shu erdagi ogʻaynilar bilan kengashib bir gapka toʻxtab qoʻydiq. Ammo bu maslahatning hoji akamizga ham maʼqul tushmogʻida shubha qilmaymiz. Bu oʻyimizga xon ham bir narsa demasa kerak. Qoʻqon, Margʻilon, Andijon, Oʻsh va boshqa erlarning ogʻaynilari ham bu gapdan bosh toʻlgʻamaslar. Nega desangiz, qipchoq degan iflos barchani ham jonidan toʻydirdi, — dedi va nosqovogʻini qoqa-qoqa bir otimini tilining tegiga tashladi.


Yusufbek hoji haligi gap soʻzlangʻanda qoʻlidagʻi piyo-lasini chayqatib ogʻir bir holat kechirgan va chuqur bir sukutka ketkan edi. Boshqalar boʻlsa Niyoz qushbegi-ning soʻzidan keyin bir koʻzdan deyarlik hojining yuziga ti-kilgan edilar. Hoji miq etmay oʻltura bergach, Qambar sharbatdor oʻzining xipcha tovshi bilan qushbegining gapini kuchlab tushdi:
— Soʻzingiz juda toʻgʻri, qushbegi, — dedi, — siz aytkandek, bizga ikki yoʻl bor: qipchoqni qirib yoʻyish va yoki butunlay qipchoq qoʻlida qolib ketish.


Yusufbek hoji koʻtarilib Qambar sharbatdorga qaradi va majlisni er ostidan kuzatib chiqib, yana jim qoldi.


Karimqulponsad hojini turtmak maqsadida:
— Kengashlik ish tarqamas, deganlar. Hoji akamiz oʻylashib javob bersinlar-chi, axir, — deb qoʻydi.
— Bilmadim... — dedi nihoyat hoji, — sizlarning muddaonglarga tushunmadimmi yoki tushunsam ham oʻzimga yotishib kelmadimi, hayronman.


Niyoz qushbegi boshini qashib oldi:
— Nimasiga hayronsiz, hoji!
— Maqsadlaringiz Qambarbekning aytkanidek qipchoqni kesishmi?


Qushbegi ikkilanmay javob berdi:
— Kesish!
— Sizlarni, — deb istehzolanib kuldi hoji, — bu ishka nima va kim majbur qiladur?


Qushbegi yoronlarigʻa qarab oldi:
— Savolingiz qiziq, — dedi, — sababi bizlardan ham koʻra sizga maʼlum boʻlsa kerak-ku.
— Durust aytasiz, — dedi hoji boshidagi sallasini olib, — Musulmonqulni haydamoqqa majbur boʻlgʻan edik — haydadiq. Barcha yomonliq oʻshaning boshi bilan birga ketkandek qipchoq ogʻaynilar ila totuklashdik, qipchoqlarning eski adovatlari bitdi... Bas, bizga tagʻin nima kerak?


Hojining bu gapi majlisni bir-birisiga alanglatib qoʻydi. Ammo qushbegi sirni boy bermas uchun tirishkandek qilib kuldi:
— Musulmonqul endi tinch yotar, deb oʻylaysizmi?
— Albatta, oʻylamayman, lekin Musulmonqulni tin-chimaydir deb hoʻlu quruq qipchoqqa tigʻ tortish hech bir aqlgʻa sigʻadirgʻan gap emas. Oʻzingiz qushbegi ay-ting-chi, biz bu kungacha yomonliqni kimdan koʻrdik? Qipchoq otligʻ xalqdanmi yoki uning sanogʻliq boʻlgʻan bir necha kishilaridanmi?
— Nafsilamrni aytkanda, biz qipchoq deganning har birisidan ham dakki eb kelamiz.
— Soʻngizda yanglishliq bor, qushbegi! Agar siz naf-silamrga qarasangiz ikki xalqni bir- birisiga sovuq koʻrsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor... Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular toʻgʻrisida oʻylash kerak. Nainki, toʻrtta muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish!
— Siz aytkandek, yomon toʻrttagina emas, hoji! Sahrodan kelgan har bir qipchoq bizning elkamizga minmakchi. Bizning tovogʻimizga tumshugʻini tiqmoq-chi— bunga qolganda ishni bir oz engil oʻylab turibsiz, hoji aka! Qosim mingboshi:
— Hoji akamning hamma gaplari faqat rahmdillikdan aytiladir, — dedi, — ammo oʻylash kerakki, qipchoq bu kungacha ozgʻina ogʻaynining qonini toʻkdimi? Anovi kun Marajabbek bilan hisoblashib koʻrsak, Qoʻqonning oʻzidan ikki yilning ichida etmish sakkiz bek oʻldirilibdir.


Hali bu hisobka fuqarodan oʻldirilgan bechoralar kirmaydir.
— Men bu haqiqatlardan tonib turgʻanim yoʻq, mingboshi. Ammo biz senga sen, deb javob bermasak, bizniki aql va insof doirasidan chiqmasa deyman...


Oradan birav hojining soʻzini boʻldi:
— Aql, insof bilan ish qila-qila endi juda toʻydik.


Hoji sukut qildi, oʻzining shunchalik gaplarini havogʻa ketib turgʻanini, majlisning Niyoz qushbegi ruhida borganligʻini yaxshi sezdi. Mundan boshqa Niyoz qushbegining bunday bir fikrga kelishi uchun uni nima majbur qilgʻan — buni ham ochiq ongladi. Niyoz qushbegining barcha kinasi Oʻtabboyning mingboshi belgulangan kunidan boshlangʻanini, «men turgʻan erda, qipchoq mingboshi boʻlsinmi!» degan kek orasida bu fikr faqat uning tomonidan maydonga chiqarilgʻanligʻi Yusufbek hojining mulohazasidan oʻtdi. Majlisning boshqa aʼzolarigʻa boʻlsa, ish yoʻgʻidan yumish chiqa-rishqa talabgor bekorchilar, deb qaradi.


Albatta, el foydasidan koʻra oʻz manfaatini oldingʻa surgʻuchi bu choʻtalchi beklarga qarshi hojining sovuqqonliq saqlay olishi va asabiylashmasligi mumkin emasdi.
— Beklar, — dedi, — manim hamma mulohazam yurt, el manfaati nuqtasidan turib aytiladir. Men hech bir vaqt inkor qilaolmaymankim, yolgʻiz oʻz gʻarazi yoʻlida ish qilgʻuchi palid kishilar qipchoqlar orasida bor boʻlgʻanidek, bizda ham yoʻq emas... Balki anovilarda oʻnlab boʻlsa, bizda yuzlab bor. Oʻzi bizning koʻzimizga itdek sovuq koʻringan qipchoq bachcha Normuham-madning el uchun qilib turgʻan toʻgʻri xizmatini men oʻz umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba koʻraman. Buni siz, yaxshilar ham inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yoʻlida ish koʻrguchi boshliqlarida va qipchoqlar oʻylagʻandek gunoh qora choponlilarda boʻlmay, balki uning uch-toʻrt maʼnisiz beklarida!.. Burodarlar! Oʻrus oʻz ichimizdan chiqadirgʻan fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qoʻr toʻkib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovgʻa beradirgan kuchimizni oʻz qoʻlimiz bilan oʻldirsak, sen falon deb qirilishsaq holimiz nima boʻladir. Bu toʻgʻrida ham fikr qilgʻuchimiz bormi? Kunimizning kofir qoʻligʻa qolishi toʻgʻrisida ham oʻylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik koʻrib qoʻygʻanmizmi?! Hoji oʻzini tutolmay koʻz yoshisini oq soqoligʻa quyib davom etti:
— Mana, burodarlar! Siz oʻz qipchogʻingiz uchun qabr qazigʻan fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich koʻtarganda, oʻrus bizga toʻp oʻqlaydir. Siz dunyoda oʻzingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni koʻrsangiz, men boshqa yovni har zamon oʻz yaqinimgʻa etkan koʻraman! — dedi va roʻymoli bilan koʻz yoshisini artib oʻrnidan turdi. — Agarda dunyodan oʻtayozgʻan bir keksangizning maslahatiga quloq bersalaringiz bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni oʻldigʻa chiqarib, bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz! — dedi va majlisning oʻlturing, toʻxtang soʻziga quloq solmay, oʻlturishni tashlab chiqdi.


Hoji darbozadan chiqmagʻan ham edi, Niyoz qushbegi xaxolab kulib yubordi:
— Voy vahmang qurgʻir, hoji! Bu kun koʻknori ichkan ekan, shekillik! — dedi.


Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-gʻovir boshlandi.
— Yoʻq, — dedi Qambar sharbatdor, — hoji akaning yoshi qaytib, koʻngli juda ham boʻshashib ketibdir!
— Voy xoʻvari hoji, — dedi Niyoz qushbegi, — oldidagʻi ovni koʻrmay, uzoqdagi yovni koʻradir!
— Xudda-xudda! Muhammad Rajab qoʻrboshi boshini chayqab Niyoz qushbegiga qaradi:
— Men sizga aytib edim-a, qushbegi, — dedi, — hojini har narsaga koʻndirsangiz ham bu gapka koʻndi-rolmassiz, deb.
— Men uni kela bermay ovora qilgʻanidan ham payqagʻan edim.
— Kecha bir oz xomsigan edi, — dedi Karimqul ponsad.
— Ish buzildi-da, — deb qoʻydi Muhammad Rajab qoʻrboshi.
— Nega buziladir? — deb soʻradi qushbegi.
— Sirrimiz ochildi, albatta hoji tinch yotmaydir.
— Sirrimiz hali ochilgʻan emas, — dedi ishonch bilan qushbegi, — agar biz shu oʻlturgan ogʻaynilar boyagʻi gapda sobit qolsaq, sirrimizni yana yashirib ketish mumkin.
— Masalan? — deb soʻradi Qambar sharbatdor.
— Oʻsha soʻzimiz — soʻz, ittifoqimiz — ittifoqmi?


Majlis tasdiq ishorasini berib:
— Albatta-albatta! — deyishdi.
— Soʻz bitta boʻladirgan boʻlsa, — dedi qushbegi, — hojining ishi juda oson, biz hozir soʻzni bir joyga etkuzamiz-da, birimiz hojining oldigʻa borib, masla-hatingizni muvofiq koʻrdik, biz yanglishqan ekanmiz, deymiz. Albatta, hoji ishonadir-da, hech kimga soʻzlamay qoʻyadir. Biz boʻlsak, eng ichida hozirlik koʻra beramiz, ana xolos.
— Maʼqul gap, toʻgʻri maslahat!
— Maʼqullikka maʼqul, — dedi qushbegi, — ammo gap bu erdaki, biz aniq ishka bel bogʻlaymizmi?
— Bogʻlaymiz, bogʻlaymiz!
— Barakalla, — dedi qushbegi, — maʼlum boʻla-dirki, hammamiz ham yakdil ekanmiz, endi boshqa gapka oʻtsaq ham boʻladir.
— Xonni koʻndirib boʻlarmikin? — deb soʻradi Qosim mingboshi.


Qushbegi kuldi:
— Xon koʻngan hisob, — dedi.


Bu gap majliska uncha onglashilmadi shekillik, ajablanib bir-birlariga qarashdilar.
— Izoh, qushbegi, izoh! Qushbegi izoh berdi:
— Men xonni Toshkanddan joʻnatish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir daraja arz qilib oʻtkan edim, — dedi, — bu fikrim xonga juda maʼqul tushkan boʻlsa kerak, soʻzimni eʼtibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. Oʻylashib, tadbirlari bilan menga fikringizni yozing, men ham oʻylab koʻrarman», dedi. Menga qolsa bu toʻgʻrida bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning oʻnaqayini topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan.
— Xon tayyor ekan boʻlmasa, — dedi kulimsirab Qambar sharbatdor.
— Tayyor ekan, tayyor ekan! Shundan keyin ishning oʻnaqayi toʻgʻrisida muzokara va mubohasa boshlandi. Har kim bir turlik fikr bayon qilib, uzoq bosh ogʻritdilar va natijada xonga quyidagi noma yozildi:


«Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon, toji sari xushbaxton huzuri humoyun oliylariga arzi ubudiyat adosidan soʻngra biz faqirul-haqir sadoqatpeshai benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim, navkarlari doimulavqot ul janobga qipchoq xaloyiqi beparxezidin birar osibi etarmu deb harosidadirmiz. Va yana ul haromzoda sahroyilarning roʻyi zamindin taroshlamay turib, ul janobi oliyning taʼmini amniyatlari ham biz qullaricha koʻb xavfu xatar ostida boʻlgʻandek taxmin qilinadir. Shul mulohaza va andishalar baʼdida biz Toshkand qullaridin bir nechalarimiz bir erga jamʼ boʻlishib, duru- daroz tafakkur va tahayyurlar soʻnggʻida azbaroyi ul shahanshohning koʻb zamonlar boshimiz soyabon boʻlmoqlari umidida bar taqdir ul tojdorning xotiri otir daryo muqotirlariga pisand tushib ijobat ogʻoz qilsalar, bir maʼnini xoʻb va sadoqat maqosidigʻa mahbub deb bildik. Andogʻki, ul xaloyiqi gʻassoblarni oʻn besh sinni solidin boligʻ va etmish yoshidin quyi har bir erkak zotini bilotarahhum qatli om qullaricha sazovordir va illo ul murtaddin badtar jobir0 va bexiradlardin janobi tojdorgʻa xarroʻz balki har soat xavf bordir. Ammo bul taqrirni oʻshal muayyan qatli om soati etmagʻuncha har bir bexirat va bogʻiy boʻlmogʻi yaqin majhul odamlardin poʻshida tutilmogʻi marjudir. Va lekin ul tojdor bir soati saʼidi muzaffarni muayyan aylab qalamravlaridagi barcha shahar va koʻylar, qishloq va kentlarning sadoqati zohir va qalbi tohir qullarigʻa maxfiy nomalar koʻndirib, sakbachchalarning qatli omigʻa amri oliylarini darigʻ tutmagʻaylar. Ammo Xoʻqandi firdavs monandning oʻzida ul shaqovatpeshalar behad va behisob nufuska molik boʻlgʻanlari vajhidin biz Toshkand navkarlarining iʼonati beshakku shubha vojibdur. Siz shahanshohi, oʻshal soati muzaffarni taʼyin aylab, biz qullarigʻa xabar yuborsalar, bunda lozim boʻlgʻan odamimizni qoldirib va yana har qayusimizgʻa tegishlik bir yuz, ikki yuz va besh yuz yigitimizni olib, xaloyiq koʻzida goʻyo janobi tojdorning Musulmonqul falokatidin ozodliqgʻa chiqib mustaqil sohibi toj boʻlgʻanlarini muborakbod qilmoq uchun yurgan boʻlib, iʼonatlariga etarmiz va darbozadin kirishimiz on fajʼatan ul galai saklarga0 hujum boshlab, qatli omga qilich tortarmiz. Va yana maxfiy qolmagʻaykim, Toshkandning alhol beklik mansabida oʻlturgʻuchi qipchoq Normuhammad borasida qandogʻ farmon ber-gʻaylar, bul maʼnida ham ishoratini darigʻ tutmasalar qullarini andishadan ozod qilgʻan boʻlgʻaylar. Ushbu boloda mazkur mahzi samarayi sadoqat aqli qosirlari-miz xusuli natijasini biz qullarigʻa ushbu nomani qosidi qoʻlidin savob va xato, rad va ijobat, pisand va nopisand javobini irso qilsalar va yana oʻz fikri bosavoblarini izofa qilib, qusur va xatolarimizni tanbeh etsalar, biz navkari bejavhar va bosadoqati befarosatlarni dunyo-dunyo shodu xurram qilib, ul soyaboni marhamat va mehriboni boshafqatning xizmatlariga kamari xizmatni berk bogʻlatqan boʻlur edilar, huval-lohul- mustaʼin.


Sadoqatingiz majlisiga jamʼ boʻlgʻuchi navkarlaringiz (imzolar)».


Bu noma ertasi kun xonga yuboriladirgʻan boʻlib, bunga maxsus kishi belgulandi. Majlisning qoʻrqunchi Yusufbek hojidan boʻlgʻan uchun unga soxta qarorni eshitdirmak toʻgʻrisigʻa Muhammad Niyoz qushbegining oʻzi bevosita majlisdan chiqib ketdi. Shuning ila bu majlis tarqaldi.

Qorongʻi Kunlariga Xotima

Otabek Margʻilondan qaytib kelgandan keyin oʻn kunlar oʻtkazib usta Alimdan bir xat olgʻan edi. Usta Alim xatida qutidorgʻa uchrashqanini hamma mayda-chuydalarigacha yozib kelib aytar edi: «Siz xiyonatni payqagʻuncha qayin otangizgʻa qandogʻ kina saqlab kelgan boʻlsangiz, ul ham sizga oʻshandogʻ kinalik ekan. Meni va oilamni tahqir etdi deb, bu haqoratni umr boʻyi unuta olmasligini tushunib, oʻt ichida yurar ekan. Mendan haqiqati holni onglab juda shoshib qoldi, hatto hushi boshidan uchdi. Ichkaridan aniq maʼlumot bera olmasam ham, ammo ularning ham qayin otangiz holigʻa tushkanlarini mulohaza qildim. Qayin otangiz sizning oʻtkan holingizning ogʻirligini tasavvur qilolmagʻanidek, dushmanlaringizga bergan javobingizni taqdir etish uchun ham soʻz topolmas edi. Har holda orangizdagʻi kinaning dushmaningiz bilan birga supirilgʻaniga shubha yoʻq».


Maktubning yana bir oʻrnida: «Sizning qaerda boʻlgʻanligʻingizni soʻragʻan edi, men bilganimni aytdim. Kelarmikin degan edi, bunga ham oʻzingizning oʻshal muhmal javobingizni berdim. Fikrimcha, qishda boʻlmagʻanda ham, koʻklamga chiqib oʻzlari Toshkand tusharlar, deb oʻylayman».


Xatning oxirida: «Sizdan bir kun soʻng Homid oʻldi. Haytovur bir ogʻiz soʻzsiz toʻngʻiz qoʻpibdi. Men oʻlar chogʻida ham sizga bir tuhmat toʻqirmi, deb qoʻrqqan edim. Qutidorgʻa hech bir jarima ortmabdirlar. Maqtul-larning egalari hech kimni tutib koʻrsatolmagʻanlari uchun mahkamalar ham ishni tekshirmay qoʻydilar. Oʻylashimcha, hech kim bilmaganda ham, sirni oʻlgan Sodiqning onasi bilsa kerak edi. Ammo uning ham dami ichida, soʻragʻanlargʻa xudodan koʻrdim, deb javob berar emish. Bul xotinning qoʻlidan har bir ish keladir deb oʻylab, oʻtkan kun qayin otangizgʻa aytdim: begona xotinni uyingizga yoʻlatmasinlar va chetdan kelgan taomni emasinlar deb. Har holda yomondan xazar lozimdir», deb yozar edi.


Bu xatdan keyin Margʻilondan tiq etkan xabar boʻlmadi va oradan ikki oylab fursat oʻtib ketdi. Shuning uchun Otabekning kunlari quyosh botib chiqgʻan sayin bir onglashilmovchiliqgʻa, qorongʻuliqgʻa kira borib, har soat achchigʻ va yo chuchukligʻi nomaʼlum bir hol kechirib boshladi.


Baʼzi kezlarda ul umid quchogʻida shoshib qolar edi va ikkinchi vaqtda yaramas — qora xayollar bilan entikar edi.


Umidlangan kezlarda:
— Oy tuynukdan tubanroqda, bu kun boʻlmasa erta— chimmati qoʻlida, paranjisi ustida, sarigʻmi, qorami atlas koʻynagi egnida darbozadan kirib kelgandek va oʻpkalangandek...


Ikkinchi bir vaqtda kimningdir quyidagi gapini eshitar edi:
— Ul oʻzining dushmanlarini oʻldirish uchungina Margʻilongʻa qatnab yurgʻan ekan, hisobini tugatdi-da, bedarak ketdi, qoldi. Tuzukroq joyi chiqsa berib qolayliq Kumushni... umri ham oʻtib boradir.


Ana shu qora xayol uni chindan yonib turgʻan bir oʻt ichiga tashlar va shu choq oʻzini muvoxazaga boshlar edi: «Men nega ikki yil sarson boʻlib yurdim-da, bu sarsonligʻning natijasiga borib chiqgʻanda shunday ahmoq-liqqa tushdim?» der va Margʻilon yoʻlini koʻzlar edi. Ammo endi unga Margʻilon borish oʻnaqayi sira kelmas: «Men nega keldim-da, endi nega boraman va nima deb boraman? Qizingizni Toshkand olib tusharsiz deb ketkan edim... Siz olib tusha bermaganigizdan keyin oʻzim qaytib keldim deyaymi?» Otabek mana shunday chuchmal azoblar ichida keyingi kunlarini kechira boshladi.


Oy toʻlmasdan Margʻilon qatnab turgʻuchi oʻgʻlini endi uch oylab qoʻzgʻalmay qolishi uchun Oʻzbek oyim eskicha yana quvonib ketdi. «Keyingi qildirgʻan issigʻ-sovugʻim kor qildi shekillik, biratoʻlasigʻa Margʻilonni tiliga olmayoq qoʻydi. Endi xotinigʻa isib, mehmonxo-nada yotishni ham barham bersa... har nuchukda duodan qolmayliq», deb Zaynabni domlanikiga qistar edi.


Otabek keyingi vaqtlarda savdoga yurishni tark qilib qoʻygʻani uchun Hasanali ishsiz qolgʻan, uzun kun uyda bekor zerikkanlikdan hojiga aytib bir muncha dastmoya bilan guzardan baqqolliq doʻkon ochgan edi. Otabek koʻpincha mehmonxonasidagi kutubxonadan uni-buni oʻqub oʻlturar, oʻqushdan zerikkan kezlarida Hasan-alining doʻkoniga chiqar va guzardan ham zerikkandan keyin boshi ogʻqan yoqlargʻa, Salor boʻylarigʻacha ketar va gohi Chuqur qishloq tomonlarigʻa ham tushar edi. Ammo tushkani bilan burungʻicha ichmas, ikki-uch, ortib ketkanda toʻrt oyoq ila kifoyalanar, koʻz oʻnglari oz-oz jimirlashkan, turlik xayollari bir muncha tarqalgʻan holda qaytar va lekin Hasanali ham uning bu kayfini juda siyrak seza olur edi.


Oʻtkan kun Chuqur qishloqqa tushkan edi. Asr vaqtlarida qaytib guzarga keldi-da, xayolat bilan Hasanali doʻkoniga oʻlturdi. Otliq, yayov oʻtkinchilar toʻrt tomongʻa qatnab turardilar, uning bu kungi kayfi oʻtacharoq ketkan boʻlsa kerak, ularni gʻira-shira koʻzga ilgandek qaraydir.


Hasanali bir-ikki uni kuzatkandan keyin soʻradi:
— Margʻilongʻa nega ketmay yuribsiz?


Bu savoldan uning kayfi tarqalgʻandek boʻlib, koʻzlari moshdek ochildi.
— Havsala yoʻq...
— Qayin otangiz koʻnsa, koʻchingizni olib kelsangiz ham maʼqul edi qatnab yurgʻandan...
— Qaydam...


Ilgari shunday savol chogʻlarida oʻzining yolgʻon javoblaridan juda xafalanar, Hasanaliga oʻtkan gaplarni birin-birin aytib bergusi va «manim uylanishimga sen sabab boʻlgʻan eding, endi uni mendan ajratdilar», deb undan oʻz dardiga davo istagusi kelar edi. Hozir oʻzidan xafalik, oʻngʻaysizliq sezmagan boʻlsa ham boshigʻa «oʻzim borolmasam-da, Hasanalini yuborishim va kezini topib oʻtkan gaplarni otagʻa hikoya qilishim kerak edi», degan fikr keldi. Bora-bora bu fikr uning boshigʻa jiddiy oʻrinlashib oldi, shu toʻgʻrida chinlab oʻylab ketib kayfi ham tarqalayozdi. Doʻkonni yopib, Hasanali bilan birga ketdi — yoʻlda, mehmonxonada birga oʻlturib osh edi, dasturxon ustida uning oʻylagʻani faqat shu boʻlib qoldi.


Biroq bu fikr qaror tusiga kirib keta olmadi, daqiqa sayin tarqalib borgʻan kayfidek turlik moneʼlargʻa uchray boshladi:
— Hali Margʻilonda ishlar qalayikin? Ular yana aynab qolmagʻanmikinlar? Margʻilondan bir narsa pay-qamay turib, kishini ovora qilishgʻa arzirmikin?..


Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, er yuziga kulib qaradi. Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turlik erlarga jon suvi sepish ila charchagʻan bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq chumchuqlar chirqillashib, musichalar kukulashdilar. Anovi ar-ar te-rakka uya qoʻyishgʻa oʻylagʻan bir juft karruklar ham vijir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini eshitib, dalaga oshiqgʻan onasigʻa ergashib qashqa buzoq ham magʻrab yubordi. Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar ham boʻqogʻini chiqarib raqibining tevaragida yagʻrin bera boshladi... Qisqasi bu kun uygʻonishdanoq butun koinotning yaxshi tush koʻrib turgʻanligʻi sezilar edi.


Bahorning bu kungi sihirlik kuni Otabekni ham qitiqladi. Choyini naridan-beri tugatib, Hasanali ketidan guzarga chiqdi. Ul guzarga chiqgʻanda Hasanalining qoʻshnisi boʻlgʻan Ali erinibkina doʻkon taxtasini tushirmakda edi. Otabekni koʻrish bilan doʻkon ochishni toʻxtatdi:
— Bu kun boʻshmisiz, bek aka?
— Boʻshman.
— Boʻsh boʻlsangiz, Ming oʻrukka — qimizga borar edik, — dedi Ali. — Toʻla qozoq biyalarini yayloqqa solibdir.
— Doʻkoningiz-chi?


Ali tushirgan taxtasini qaytadan joyigʻa qoʻyaberdi:
— Dunyoning ishi bitar emishmi, bek aka. Xoʻb desangiz, doʻkonni yopaman.


Otabek yarqirab chiqib kelgan quyoshgʻa qaradi:
— Yoping boʻlmasa, — dedi.


Otabek Hasanalining doʻkoni vositasida Ali bilan yaqinda tanishqan edi. Ul ichi kirsiz, serkulki, ochiq-qina bir yigit boʻlub, bek bilan goʻyo koʻb yillardan beri boʻlgʻan tanishlarcha muomala qilar edi.


Bekga bu tasodif juda qulay keldi. Chunki uydan chiqishdanoq uning qasdi bu kunni dalada oʻtkizmak edi. Et oldilar-da, yayovlashib Ming oʻrukka ketdilar.


«Ming oʻruk» mavziʼi otidan ham maʼlum, bunda ming chogʻliq oʻruk daraxti oʻsqan uchun boʻlib, Shiblining suvidan boshlab to Salor arigʻigʻacha qator-qator oʻruklar edi. Salorning narigi yogʻi biydek qir, endigina koʻm-koʻk oʻt gilami unib chiqgʻan edi. Ming oʻrukning etagi boʻlgʻan Salor boʻyicha uch-toʻrtta qozoq oʻtovlari tikilgan edilar. Ikkisi Salor boʻyigʻa etib, Toʻla qozoqning kelinchagiga etni shoʻrva qilish uchun berdilar.


Ali oʻtovdan kiygiz olib, Salor boʻyiga yozdi. Kelinchak yostiq, koʻrpacha tashlab berdi, Otabek hordiq chiqarib yaslandi.


Quyosh ozorsizgʻina qizdirar edi. Yengilgina eskan shamol dimogʻqa turlik oʻlan islarini kelturib urar edi. Bir necha qaldirgʻoch Salorning oqishi boʻylab uchar va uchkan koʻyi «valfajri» oʻqur edilar. Poyonsiz qirning yuqori-quyi oʻrinlari yakrang koʻkat va koʻz ilgʻamaydirgʻan uzoqliqlari tumanlangansumon koʻrinish berar edilar. Qushlar, qurtlar sayrashi tabiiy bir soz xizmatini oʻtab kishiga ifodasi qiyin boʻlgʻan bir sezgi solar edilar.


Otabek tabiʼatning shu koʻrkam va latif koʻrinishiga maftun boʻlib, bir oz yotqandan keyin «ul ham boʻlsa edi», deb oʻyladi va uzoq tin olib qoʻydi.


Bu kunning koʻrkamligidan olgʻan taassurotini Ali ichiga sigʻdirolmadi:
— Zap yaxshi kunmi! — dedi.


Otabek ham shu goʻzallikni oʻziga tatitmay turgʻan dardidan shikoyatlandi:
— Shunday kunlarda kam-koʻsting boʻlmasa...
— Sizning ham kam-koʻstingiz bormi? — deb Ali kulimsiradi.
— Yoʻq, deb oʻylaysizmi?
— Hammada boʻlgʻanda ham, sizda yoʻq deb bilaman.
— Masalan?
— Masalanmi, — dedi kulib Ali, — sizning bilan otangizning obroʻsi qushbegida ham yoʻq, davlat toʻgʻri-sida boʻlsa, ochiqarlik erda emassiz... Ikkita toʻtidek xotiningiz bek akam uchun sochini tarab oʻlturadir... tagʻin qanaqa kamu koʻst?


Kishining baxtini yuzakigina koʻrib hukm qilgʻuchi Ali unga qiziq koʻrindi va kulib:
— Toʻgʻri aytdingiz! — dedi.
— Shukur qilish kerak, bek aka, — dedi Ali va oʻzi-ning baxtsizligidan, topqanini roʻzgʻordan ortdirolmay, shu kungacha uylanalmay kelishidan hasrat qilib ketdi. Otabek uning hasratini diqqat bilan eshitdi, hayotning zarbasi har kimning oʻz darajasiga qarab va lekin istisnosiz boʻlgʻanligʻini tushundi.
— Dunyoning ishi shunaqa ekan, mulla Ali, — deb uni yupatib qoʻydi. Ikkisi ham bir necha vaqt jim qoldilar.
— Margʻilonliq xotiningizdan bolangiz bordir?
— Yoʻq...
— Boʻlsa ham turmadimi, uylanganingizga ancha yil boʻlgʻan shekillik?
— Turmadi.


Ali Otabekning kami koʻstini shu bolasizliqdan deb oʻylagʻan edi:
— Bolasizliq uchun xafa boʻlish kerak emas, hali yoshsiz, bek aka! Otabek javob bermadi. Korsonda qimiz keldi. Bek bir-ikki zarangni ichkandan keyin, yamlanib koʻkka qarab yotib oldi. Ali bor tovshini qoʻyib ashula qildi:


Koʻzlarim yoʻl ustida, kelmadi yor, Ushbu keng dunyo koʻzimga boʻldi tor.


Qay qaroqchi oldi yorimning yoʻlin, Mundagi baxtsiz yigit yoʻl uzra zor...
— Qoʻshilishmaysizmi, bek aka?
— Oʻzingiz yaxshi aytasiz, toʻxtamang! Ali borliq ovozi ila hamma hunarini ishlatib, gʻazal tugalguncha ashulani aytib bordi.
— Tuzikmi, bek aka?
— Yaxshi ashulachi ekansiz!
— Undogʻ boʻlsa ustidan buni ichib yuboring, — dedi kulib, bir zarang qimiz uzatdi. Bek qimizni bir simirishda boʻshatdi-da, entikib uzoq qirgʻa qaradi, uzoq qarab turdi-da, yuqoridagʻi baytni oʻqub ogʻiz ichidan mingʻilladi.


Koʻzlarim yoʻl ustida, kelmadi yor, Qay qaroqchi toʻsdi yorimning yoʻlin...
— Qoʻqongʻa ketkan sipohlardan darak eshitdingizmi, bek aka?


Otabekning xayoli boʻlinib, Aliga qaradi:
— Eshitmadim.
— Manim akam ham ketkan edi... Oy borib, omon kelishsunlar-da!
— Akangiz yigitmidi?
— Yoʻq, mergan edi. Qoʻqon ketayotgan oʻrtoqlarigʻa qiziqib, borma deganga koʻnmadi. Urush ehtimoli yoʻq-mi, shunchaki fotiha uchun ketishkandirlar-a?
— Kim bilsin, — dedi bek va bir oz oʻylab qolgʻan-dan keyin, — boʻlmas, — deb qoʻydi.


Korsondagi qimiz tugab, shoʻrva ham ichildi. Dasturxonni yigʻquvchi kelinchakka oʻgʻul tilab duo qilin-gʻandan keyin, qoʻligʻa oʻttuz chaqa surma puli berdilar va qirni aylanish, binafsha terish uchun turib ketdilar.

Qipchoqqa Qirgʻin

Kechki soat toʻrtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan oʻn adim narida boshi tanidan olingʻan uch kishining gavdasiga yoʻliqdilar. Otabek bu holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirgʻon gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar edi. Shunga koʻra darbozabonni hujrasidan chaqirib soʻ-radi:
— Bular qanday gunohkorlar ekan?


Darbozabon bekni tanib qoʻl qovishtirdi:
— Taqsir, qipchoqlar.
— Gunohlari nima ekan?


Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinigʻa keldi:
— Oʻzlari bilarlar-ku, taqsirimning... begimga aytkulugi yoʻq...
— Gunohlari nima, axir?
— Axir qipchoqlar-da, toʻram.


Otabek diqqatlandi:
— Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan soʻrayapman! Darbozabon qoʻl qovishtirgʻancha Otabekka ajablanib qaradi:
— Aniq xabarlari yoʻqmi taqsirimning? — deb yana soʻradi.
— Yoʻq!
— Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri koʻrin-gan qipchoqni soʻyib yurdilar-ku.


Gunohlari surishtirilmadi, taqsir, — dedi va oʻluklarning yonigʻa yurib kelib izoh berdi, — manovisini uyidan olib chiqib soʻydilar, manovisi manim yonimda turgʻan darbozabon edi — rahmatlik. Manovisini tanimayman va lekin oʻzi qipchoq boʻlsa kerak. Otabek dahshatlanib yonidagʻi Aliga qaradi, Ali esa yotqan jonsiz gavdalarga qarab labini tishlab turar edi.
— Kimlar oʻldirdi? — deb Otabek dahshat ichida darbozabondan soʻradi.
— Bu erga kelguchilar yigirma chogʻliq edilar, oʻzimizning Toshkand yigitlaridan ham bor, qoʻqonliqlar ham koʻrinadilar. Oʻzlari ham qipchoqni qidiraberib hamma yoqni tozayam gʻalvir qilib yubordilar-da, taq-sir... Qoʻqonga ketkan beklardanmi, xondanmi, ishqilib, shunaqa buyruq kepti-da, taqsir... Bizlar xizmatkor odam — nimani bilaylik, toʻram! Otabek masalaga tushungandek boʻldi va dahshat ichida Ali bilan yoʻlgʻa tushdi. Oʻttiz qadam bosmay tagʻin ikki oʻlukka uchradilar. Oʻn adimda bir jonsiz gavda...


Endi Ali soʻramay chidamadi:
— Nauzanbilloh, bu nima degan gap, bek aka?!
— Soʻramang!
— Yoʻgʻ-a, — dedi Ali, — axir hammasi ham gunoh-kormikin?
— Gunohkor!.. — deb zaharxanda qildi bek, — Musulmonqulni bilarsiz, albatta?
— Nega bilmay, ikki oy ilgari qochigʻini ham koʻrdim...
— Bilsangiz, — dedi bek, — bularning hammasi oʻshaning gunohiga oʻldirilgʻan oʻxshaydir!
— Shu ham gapmi, xudoyo tavba! Adim sayin bir oʻlukka uchrar edilar. Ali sanab kelar edi, guzarga etkanda sanoq etmishdan ortdi. Hali bu birgina toʻgʻri koʻchaning hisobi boʻlib, keng Tosh-kandning oʻzga koʻchalarini ham hisobga olgʻanda fajiʼ bir adad tashkil etishi maʼlum. Guzarning ichiga kirganda qator chizilgʻan qirq chogʻliq oʻluklarni koʻrdilar...


Kun asrdan ogʻib shomga yaqin, shuning uchun guzardagi doʻkonlardan ochugʻi uch-toʻrtta, jumladan, Hasanali ham yarim ochiq doʻkonni oldida oʻlturar edi.
— Sogʻ keldingizmi, bek! Biz bu erda yuz xil vasvasaga tushib tashvish tortdiq, — dedi Hasanali.


Otabek boshqa xayolda edi. Hasanalining soʻzini goʻyo eshitmagandek soʻradi:
— Bu kun dadam qaerda edi?
— Sizdan keyin oʻrdaga ketkan edilar. Bir soatdan keyin shoshqannamo qaytib keldilar-da, sizni soʻradilar, shundan soʻng qayoqqa ketkanlarini bilolmadim.
— Qachondan boshlab qipchoqni soʻydilar?
— Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib fojiʼani hikoya qildi. — Ey...


bek, rahmsizlik bunaqa boʻlar ekan... Xudda qiyomat boʻldi! Bechoralar nima gunoh qildilarkin?


Uyida halol kasbini qilib oʻturgʻanlargʻacha tutib soʻydilar... Ey bechoralar, qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yigʻlashadilar... Ayniqsa bir boʻyoqchi... xudda xum yonidan tutib kelganlar — qoʻli boʻyoq... Ey xudo, men nima gunoh qildim, deb yigʻlaydir...


Chidab boʻlmadi, doʻkonini yopib qochdim, koʻplar ham qochdilar... tagʻin bir...
— Bas, — dedi Otabek. Hasanali hikoyadan toʻxtadi, chunki bekning yuragi ezilib oqish darajasiga etib, Ali Ota bilan xayrlashmasdanoq qochqan edi...


Uyga borib kechki oshni ham emadi va otasigʻa ham uchrashmadi, goʻyo shu yirtqichlar dunyosidan yashi-ringʻandek oq kundayoq toʻshagiga yotib, koʻrpasiga burkanib oldi. Uning bu holiga uy ichi tushunganlari uchun, nima qildi, deb soʻramadilar va yonigʻa ham kelmadilar...


Yusufbek hoji ertalab choyni Otabek bilan birga ichish uchun mehmonxonagʻa chiqdi. Otabek tersaygancha kelib choygʻa oʻlturdi, otasiga salom bermadi. Chunki ul oʻz otasini qipchoq qirgʻinining bosh omilla-ridan deb qaror qoʻygʻan edi. Choy yarimlay yozdi. Oradan churq etkan soʻz chiqmadi.


Nihoyat, oʻgʻligʻa engillik berish niyatida hoji tilga keldi:
— Xafa boʻlma, oʻgʻlim.
— Sizlarga oʻxshab, — dedi istehzolanib, — quvo-naymi?


Hoji oʻgʻlining qandogʻ fikrda va nima uchun tersayganini bildi.
— Yanglishasan, oʻgʻlim.
— Rajabbeknikidagi majlisda, — dedi zaharxanda bilan, — bu yirtqichlarning rejachisi kim edi?


Hoji entikdi va:
— Rajabbeknikida boʻlgʻan majlisni sen bilasanmi?..— deb soʻradi.
— Bilaman.
— Bilsang, — dedi hoji, — manim ustimga mundogʻ tuhmat orttirishdan uyal, bola!
— Rajabbeknikida bu kengash boʻlmagʻanmidi?
— Boʻlgʻan edi.
— Boʻlgʻan boʻlsa, tagʻin nega oʻzingizni quruqqa olasiz?


Yusufbek hoji boladan kulgandek qilib iljaydi.
— Baʼzi engil muhokamalaring onangnikidan qo-lishmaydir, Otabek! — dedi. — Majlisdan xabaring boʻl-gʻan boʻlsa, kim qaysi fikrda qolgʻanini ham bilarsan?
— Yoʻq.
— Majlisda nimadan bahs qilingʻanini-chi?
— Majlisda nima muzokarasi boʻlgʻanini ham bilmayman va lekin oʻsha majlis faqat qipchoqlarga qatli om uchun yigʻilgan ekan, deb kecha ishondim. Majlisingiz aʼzolarining sizdan boshqasi nega yigit toʻplab, Qoʻqongʻa ketdilar va ular Qoʻqongʻa etmaslaridanoq nega bu vahshat boshlandi?
— Bu muhokamang toʻgʻri. Ammo otangni ham shu jonivorlar orasigʻa qoʻshib oʻltirishing qisqaligʻingdir,— dedi. Koʻziga yosh oldi. — Oʻzing oʻylab koʻr oʻgʻlim, oʻz qoʻlimiz bilan oʻzimiznikini kesishimizdan mamlakat uchun qanday foyda bor? Basharti men bu vahshatka ishtirok qilgʻan boʻlsam, qaysi aql va qanday manfaatni kuzatib qoʻshilishqan boʻlaman? Agarda manim yurt soʻramoqqa va shu vosita bilan boylik orttirmoqqa orzum boʻlsa, boshqalardan ham koʻra oʻz oʻgʻlimgʻa — senga maʼlum boʻlmasmidi? Nega har bir narsaga etkan aqling shunga qolgʻanda oqsaydir. Nega yongʻan yurakimga yana sen ham zahar sochasan?! Titralib va toʻlqinlanib aytilgan bu soʻzlar Otabekni oʻkintirdi, oʻlganning ustiga chiqib tepish qabilidan boʻlgʻan oʻz hujumining haqsiz ekaniga tushundi.


Yusufbek hoji bitta-bitta yotigʻi bilan majlis haqida bayon qilib, oʻzining qarshi tushkanini va ularga uqdira olmagʻandan keyin, majlisni tashlab chiqib ketkanini soʻzlab kelib dedi:
— Biror soatlar soʻng orqamdan Niyoz qushbegi kelib mendan afu soʻradi va majlisning u fikrdan qaytqanini, oʻzlarining xatogʻa ketkanlarini aytdi. Men xursand boʻlib, bu ishning zararini yana isbot qilib chiqdim. Niyoz men bilan xayrlashar chogʻida: «Jon hoji aka, endi gap shu erda qolsin, bitta-yarimta eshitgudek boʻlsa, biz erga qararliq boʻlmayliq, oʻlturishning katta iltimosi sizdan shul», dedi. Men bu iblisona aldovga uchib, bu toʻgʻrida na senga va na Normuhammad qushbegiga ogʻiz ochmadim va ularning Qoʻqongʻa fotiha uchun qoʻzgʻalishlaridan hech bir shubhalanmadim... Eh, shaytonlar! Hoji bir oz toʻxtab davom etdi:
— Kecha ertalab oʻrdaga borgʻan edim. Sahn yuzida uch-toʻrt yuz musallah yigitlarni biravini kutkan holda koʻrdim va iltifotsiz qushbegi mahkamasiga kirdim. Kirsam, Qoʻqongʻa ketkan Qayum ponsad uch-toʻrtta yigiti bilan qushbegining qarshisida turibdir. Qushbegi qoʻlida bir qogʻoz ushlab, goʻyo es-hushidan ayrilgan kabi qotib oʻltiribdir. Meni eshikdan koʻrib, soʻzsiz- nesiz qoʻlidagʻi qogʻozni menga choʻzdi va boshini tebratib qoʻydi. Men bir narsaga ham tushunmagan holda borib qogʻozni oldim... Oʻqudim-oʻqudimda, manim hushim boshimdan uchib, qushbegi holiga tushdim. Bu qogʻoz xonning yorligʻi edi va bunda taxminan shunday gaplar bor edi:


«Biz Turkiston mamlakatining xoni oʻz qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik. Bu yangligʻ hukmimizni oʻz qalamravimizda boʻlgʻan barcha beklarimizga, hokim va qoʻrboshi va dahboshilari-mizga bildirib buyuramizkim, ushbu farmonimizni olgʻan on darhol oʻn besh yoshdan to etmish yoshgʻacha boʻlgʻan qipchoq er zotini qilichdan kechirgaylar va hech bir silai rahmni vosita qilmagʻaylar. Ushbu hukmimizni eriga etkuzishda sustlik qilgʻan mansabdor bizgʻa itoatdan bosh tortqan hisoblanib, eng qattigʻ jazoimizgʻa mahkum qili-nur. Bu hukmimizni ijro etkuchi Toshkand hokimi Nor-muhammad qushbegiga marhamati shohonamiz shuldurkim, garchi sizning qipchoq qavmigʻa mansubiyatingiz boʻlsa ham, Musulmonqulni haydashda bizga unutilmasliq xayrixohliqlar va xizmatlar koʻrsatdingiz, binoan alayhi siz bu jazodan maʼfudirsiz va sadoqatingizda boqiy qolib amrimizni ijro etishingizda shubha qilmaymiz!» Qushbegiga qaradim, ul ham manim ogʻzimgʻa qarab turar edi. «Buyruqni qachon oldingiz?» deb soʻradim. Ul javob oʻrniga Qayum ponsadga imladi.


«— Men olib keldim», — dedi Qayum ponsad.


«— Siz Qoʻqondan olib keldingizmi?» — deb soʻ-radim. Chunki sen aytkandek besh-olti kunda Qoʻqongʻa borib-kelish sira aqlgʻa sigʻmas edi.


«— Biz beklar bilan Qoʻqon yoʻlida edik, — dedi Qayum, — yoʻl ustida xondan ushbu yorliq kelib qoldi. Niyoz qushbegi menga yigit qoʻshib bu hukmnomani ijro qilishda yordam bermak uchun joʻnatdi».


Bu soʻz menga hamma shaytanatni ochib berdi va oʻzimning iblislar tomonidan aldangʻanimni bildim:


«— Ertadan boshlab hukmni ijro qilsaq qalay boʻlarkan?» — deb qushbegiga qaradim.


«— Men ham shuni oʻylab turib edim...» — dedi qushbegi va Qayumga qaradi.


Qayumning ustodlari ishni keyinga siltashimizni ilgaridan koʻrib qoʻygʻan ekanlar:


«— Ertaga qoʻyib boʻlmas!» — dedi Qayum.


«— Nega?», — dedim.


«— Negaki ertagacha qipchoqlar qochib bitadirlar».


Men Qayumning soʻziga quloq solmadim-da, qushbegidan ertaning kengashini soʻragʻan boʻldim.


Bu holdan achchigʻlangʻan Qayum yonimgʻa kelib oʻlturdi.


«— Ovora boʻlmangiz, hoji aka», — dedi.


Uning bu harakatidan achchigʻim qistadi:


«— Sizning bilan manim bu ishka aralashmoqqa haqqimiz yoʻq!» — dedim.


«— Sizniki boʻlmasa toʻgʻri, ammo meniki bor!» — dedi Qayum.


«— Buyruq kimning otigʻa?» — dedim.


«— Qushbegining!» «— Bas, siz bilan men faqat u yordam soʻ-ragʻandagʻina ketman koʻtaramiz, boshqa daxlimiz yoʻq!» — dedim.


Qayum zaharxanda bilan yonini kavlab ikkinchi bir buyruq chiqardi va menga berib:


«Oʻqungiz!» — dedi. Oʻqudim.


«— Bas, birinchi buyruqni siz olgʻan ekansiz, nega yana qushbegidan fotiha kutib oʻlturibsiz?!» — dedim oʻt ichida.


«—Har narsa boʻlgʻanda ham ulugʻimiz, deb siylab turgʻan edim...» — dedi Qayum.


«— Egasini siylagan itiga suyak tashlar, qilmoqchi-siz-da, barakalla!» — dedim. «— Boringiz, ustodlaringizning vasiyatini bajaringiz!» «— Xafa boʻlmangiz, hoji aka!» — dedi Qayum va qoʻlimdan qogʻozni olib qushbegidan soʻradi: «— Nima deysiz endi, bek?» «— Manim kengashimga kirsangiz, ertadan boshlayliq!» — dedi qushbegi, «— Sira iloj yoʻq, qushbegi! Chunki barcha shahar va kuylarga ham faqat shu — bu kunga, deb buyurgʻan ekan!»— dedi Qayum.


Qushbegi bilan men goʻyo togʻ ostida bosiriq boʻlgʻan edik. Boshimizgʻa hech bir gap kelmas edi.


Qayum oʻrnidan turgʻan holda qushbegidan javob kutar edi. Qushbegi koʻb fursat qotib oʻlturgʻandan keyin, Qayumga qoʻli bilan chiqishgʻa ishorat qilib: «— Bil-ganingizni qilaberingiz», — dedi. Qayum yonidagʻi yi-gitlari bilan mahkamadan chiqdi. Uning chiqishi bilan qushbegiga dedim:


«— Endi nima qilamiz?» «— Nima qilar edik?» «— Axir qarab qolaberamizmi, vaqt tang! Qarshigʻa biz ham yigit chiqarayliq!» «— Qoʻyaberingiz, hoji!» «— Bechora gunohsizlar kesilabersinlarmi?!» «— Kesilabersinlar!» — dedi qushbegi. Men iztirob ichida unga tushunolmay qolgʻan edim.


Ul yigʻi ichida tilga keldi:


«— Mamlakatning tinchligʻi qipchoqlarni kesish bilan hosil boʻlsa, mayli, kessinlar! Yurtning obodligʻi gunohsiz qipchoqning qizil qonigʻa qolgʻan boʻlsa mayli, oʻldirsinlar! Agarda najotimiz qipchoq tuxumini quritishda boʻl-sa— meni ham ossinlar! Bu palidlarning marhamatiga men ham muhtoj emasman!» Hozir inodning oʻrni emasligini harchand uqdir-moqchi boʻldim, koʻnmadi. Noiloj, yolgʻiz oʻzim chiqib qoʻlimdan kelgancha qipchoqlarni qochirishga harakat qildim, tevarakka kishilar yoʻlladim. Ammo toʻrt yuz jallodning qarshisigʻa chiqgʻan bir kishining uhdasi albatta bir kishicha edi. Muttahamlar koʻb bechoraning yostigʻini quritishgʻa muvaffaq boʻldilar, — dedi hoji.— Mana, Otabek, haqiqat shul, kishi tushunmasdan turib biravga tuhmat toʻqimaydir.


Otabek oʻzining oʻrinsiz gapidan uyalgʻannamo erga qaradi va bir muncha vaqt fikrga ketib oʻlturgʻandan soʻng soʻradi:
— Yirtqichlarning bu qirgʻindan qanday muddaolari hosil boʻlarkin?
— Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi boʻlmoqchi, ikkinchisi Normuhammad oʻrnigʻa minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni oʻziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulgʻa boʻlgʻan adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga qolsa oʻrtada shundan boshqa hech gap yoʻq, oʻgʻlim. — dedi va bir oz toʻxtab davom etdi: — Men koʻb umrimni shu yurtning tinchligʻi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, oʻzimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini eb, ichkan man-sabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizgʻa aqlim etmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirgʻan boʻlsaq yaqindirki, oʻrus istibdodi oʻzining iflos oyogʻi bilan Turkistonimizni bulgʻatar va biz boʻlsaq oʻz qoʻlimiz bilan kelgusi naslimizning boʻynigʻa oʻrus boʻyindirigʻini kiydirgan boʻlarmiz. Oʻz naslini oʻz qoʻli bilan kofir qoʻligʻa tutqin qilib topshirquchi — biz koʻr va aqlsiz otalargʻa xudoning laʼnati albatta tushar, oʻgʻlim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni toʻngʻuzxona qilishigʻa hozirlangʻan biz itlar yaratguchining qahriga albatta yoʻliqarmiz! Temur Koʻragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulugʻbek va Ali Sino kabi olimlarning oʻsib-ungan va nashʼu namo qilgʻanlari bir oʻlkani halokat chuqurigʻa qarab sudragʻuchi albatta tangrining qahrigʻa sazovordir, oʻgʻlim! Gunohsiz bechoralarni boʻgʻizlab, bolalar yatimxonalarini vayron qilgʻuchi zolimlar — qurtlar va qushlar, erdan oʻsib chiqgʻan gi-yohlar qargʻishigʻa nishonadir, oʻgʻlim!..

Oy Etak Bilan Yopilmas

Choy tugalgan edi. Otabek fotiha oʻqub, oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
— Turma! Yusufbek hoji tarafidan berilgan amirona buyrugʻ Otabekni qaytadan oʻlturib qolishga majbur etdi va otasigʻa «nima xizmatingiz bor?» degandek qilib qaradi. Yusufbek hoji bir soʻz demasdan sallasini olib tizzasiga qoʻydi, bosh qashinishib yana sallasini kiydi.


Dadasining salla olib bosh qashinishi keyinidan koʻpincha oʻzini bir tergov ostida koʻrar edi.


Shuning uchun yana bir martaba dadasiga qarab qoʻydi.


Chini bilan ham hojining tusidagi boyagʻi hasrat va qaygʻu alomatlari yoʻqolib, ularning joyini sharq otaligʻi vaziyati oldi.
— Margʻilonda nima ishlar qilding?


Kutilmagan bu savolga Otabek nima deb aytishini bilmay qoldi. Javob oʻrnigʻa xavfli tomongʻa qaradi.
— Sendan soʻrayapman, Otabek.
— Sizga xabar berguvchi nima ishlar qilgʻanimni ham aytkandir...
— Joʻn odamlar qatorida odam oʻldirib yurdim, degin? Otabekning yuzida kulimsirash bilindi.
— Joʻn odamlar qatorida emas, — dedi, — majburlar qatorida, zoʻrlanganlar qatorida...


Hoji oʻgʻlining kinoyasiga tushunmadi:
— Odam oʻldirish uchun seni kim zoʻrlab majbur qildi?
— Hali bilmaysizmi?
— Bilmayman, — dedi hoji, — aytishlariga qara-gʻanda seni hech kim majbur qilmagʻan.
— Meni zoʻrlagʻan va majbur qilgʻan edilar, dada, — dedi zaharxanda bilan. — Yoʻqsa, sizning oʻgʻlingiz boʻlgʻan bir yigitning shaʼniga albatta odam oʻldirish uyat va nomusdir.
— Kim seni majbur qildi, axir?
— Siz, onam!
— Esing oʻzingdami, yigit?
— Oʻzimda, — dedi oʻgʻul, — siz oʻzingizning orzu-havasingiz yoʻlida meni majbur qildingiz va dushmanlarimga yoʻlni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonivorliqni xoh-noxoh ishlashka majbur qoldim.
— Shundogʻmi, — dedi hoji oʻz gunohi oʻkuliga tushkan holda, — undogʻ boʻlsa, bizni kechir, oʻgʻlim.
— Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishka manim haqqim yoʻq, dada. Lekin gunohsiz boʻlaturib, ham yana muvahaza ostigʻa tushkanim uchun oʻzimni mudofaa qilishga majburman...


Hoji labini tishlab, boshini chayqadi.
— Xom sut emgan bandamiz, — dedi, — xayr, bu aybniku bizning boʻynimizgʻa qoʻyasan, darhaqiqat qoʻ-yishga haqqing ham bordir... Ammo oralaringgʻa yomonlar oralagʻan ekan, shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading? Yoki bunda ham birav seni indamaslikka majbur qildimi?
— Hech kim majbur qilmadi, — dedi, — ammo meni shu vartaga tashlagʻan doʻstlarimdan...


koʻmak soʻrash ham maʼqul koʻrinmadi...


Hoji boshini quyi soldi. Oʻgʻlining keyingi soʻzi unga juda taʼsir qilgʻan edi... Nima qilsinki, Otabek toʻgʻri gapni aytar edi...— Biz seni Toshkanddan oʻylantirsak-da, — dedi nihoyat hoji, — katta xotiningdan ajratish fikrida emas edik. Agar sen shu xayol bilan bizdan si-ringni yashirib kelgan boʻlsang, katta ahmoqliq qilibsan, bolam.


Otabek dadasining bu keyingi soʻziga qarshi hech narsa demadi, goʻyo hamma alamini yuqoridagʻi ikki jumla bilan chiqarib yuborgandek jimgina somiʼlik darajasiga tushdi. Ammo natijani tezroq eshitib olish uchun uning yuragi qaynagʻan oshdek shopirilar edi.


Hoji davom etdi:
— Kishining boshigʻa bir ish tushkanda, darrov biravdan kengash va yordam soʻraydir. Hatto ota-onasidan ham sir saqlagʻan bir yigitni oʻz oʻgʻlum boʻlib chiqgʻani menga qiziq koʻrinadir.


Qayin otang menga bir xat yozibdir, oʻqub-oʻqub mazmuniga tushunolmay hayron boʻlaman. Oy sayin Margʻilon borib turar edi-ku, deb oʻylayman. Xatni ikki-uch qayta oʻqib chiqgʻandan keyin, bilsam haqiqat shu emish... Mirzakarimning yozgʻanigʻa qaragʻanda bir muncha yanglishiq undan ham oʻtkan koʻrinadir va lekin sening bolaligʻing oldida uniki holvadir... Yaxshiki, bu aqlsizligʻing boshqalarning boshiga koʻringan... Oʻzing ayt, agar menga shu kasa-lingni bir ogʻiz bildirsang, men qayin otanggʻa xat yozmasmi edim, Hasanalini yuborib haqiqatni ochmasmidim va bu taqdirda odam oʻldirib yurishlarga qanday hojat qolar edi?


Otabekning boshigʻa bu gaplarning bir harfi boʻlsin oʻrnashmas va oʻzi kutkan natijaga borib etish uchun-gina qiynalar edi.
— Shunchalik ishlarni qilib, nega oxirda qayin otanggʻa yoʻliqmay kelding?
— Shunga majbur edim.
— Margʻilongʻa endi qachon borasan?


Otabek oʻylanib qoldi. Chunki bu «qachon borish» masalasini yaxshilab eshmak kerak edi va uni eshmak ham qiyin edi, uzoq oʻylangʻandan keyin:
— Maʼlum emas, — dedi.


Garchi bekning yuragi hozir boʻlsa ham Margʻilongʻa qarab uchishka tayyor edi. Biroq uning yuragidan ham kuchlik boʻlgʻan yana bir narsa bu «borish» masalasini chuvaltirib «maʼlum emas» bir holga qoʻygʻan edi.
— Qayin otang kelin bolani olib shu hafta ichi yoʻlgʻa chiqmoqchi ekan, — dedi hoji, — tarixiga qaragʻanda xatning yozilgʻanigʻa oʻn kunlab bor, ehtimolki, erta-indin kelib qolsalar, toʻrdagi uyni boʻshatdirib, polos yozish kerak edi...


Ul bu gapni eshitar ekan borliq, yoʻqliq — ish qilib allaqandogʻ qiziq bir holat kechirdi.


Issigʻ bir narsa badaniga tegib ketgandek hurkinib qoʻydi va «nihoyat, endimi?» degandek qilib entikdi. Koʻz oʻngidan birav-ning surati oʻtib sarxushlandi va til bilan onglatib boʻlmasliq bir sogʻinish chidamsizligi ichida bu ivir-jivir holatdan gangib koʻz ochdi. Koʻz ochdi, biroq oʻziga «nima deysan?» deb qarab turgʻuchi otasigʻa muvofiq javob berishni bilmadi. Yusufbek hoji esa oʻgʻlining bu sustlikka oʻxshab koʻringan holini yomongʻa yoʻydi.


Margʻilon degan shahardagi katta oʻzini kichik olib qizi ila kelayotgan Mirzakarim akaga oʻgʻlining xoʻrliq keltirishidan choʻchidi. Shunga binoan Otabekni epaqagʻa olish uchun unga kulki tuyulgan bir qancha nasihatlarni chizdi:
— Oʻgʻlim, — dedi, — siylagʻanni siylash kerak, endi senga qadrsizlangʻan boʻlsalar, ammo bizning qoshimizda ularning qadr-qiymatlari yuqori, qutidor boʻlsa koʻz ochib koʻrgan qudamiz, xotining boʻlsa bosh kelinimiz. Agar sen meni otam deydirgan boʻlsang, shularning koʻnglini olmoqqa tirish. Qayin otangdan meni quvladi, deb koʻngling olinmasin, chunki u bechora ham bir shaytonning vasvasasi bilan bu xatoga tushkan. Har holda hurmatlarini bajo keltir, Margʻilon degan shahardan sening yuzingni, deb keladirlar.


Otasining bu soʻzlari goʻyo uning istiqboli uchun yaxshi taʼminotlar berar, goʻyo majburiyat ostida ota nasihatini quloqqa oladirgʻandek boʻyin egib oʻlturar edi.
— Agar ularning kelish kunlarini aniq bilsak, — dedi hoji, — sen yoʻldan qarshilab kirar eding.


Otabek javob bermadi.
— Har holda oʻttasi kun moʻljal, sen chiqmasang ham Hasanali chiqsin yoʻlgʻa.
— Mayli chiqsin, — dedi Otabek.

Maktub

Hoji shundan keyin oʻgʻlidan bir daraja qanoatlandi va choyga fotiha oʻqub, oʻrnidan turar chogʻida yonidan bir xat chiqarib uzatdi:
— Xatning ichidan chiqdi. Kelindan — senga boʻlsa kerak, — dedi.


Otabek maktubni olib otasining ketishini kutib qoldi. Xat sakkiz buklanib, qizil ipak bilan bir-ikki eridan chatilgʻan va Otabekka atalgʻan edi. Otasining uzoq-lashishini kutar ekan, yuragi yomonlagʻan otdek tipirchilar edi. Tikilgan ipaklarni soʻkdi va maktubni ochib och koʻzini ishka qoʻydi:


«Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yigʻlagʻan Layli otidan — sizga boshimdagʻi sochlarimning tuklaricha behad salom. — Mendan — haddu-hisobsiz gunoh, sizdan — kechirish. Oʻtkan ishga salavot. Chunki shu ikki yil ichida kechirgan qora kunlarni eska olish manim uchun oʻsha kunlarni qaytadan boshdan kechirishlik singari, ul kunlarni siz unuting, unutmang, ammo men unutdim. Shuning uchun soʻzimni oʻzimni oxirgʻi, ham chin baxt islari hidlagan tariximdan boshlayman.


Siz — qochoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozgʻandek boʻlib qochqansiz, ikki yil boʻldi Margʻilon kelib yurishlaringizni men oʻzimcha eshdim, lekin topib eshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz — dushmanlaringizdan oʻch olish uchun boʻlgʻanini ongladim. Yoʻqsa, meni koʻrar edingiz, koʻrgingiz kelmaganda ham boshqalar sizni koʻrar edilar, toʻyar edilar... Men kabi baxtsiz, men kabi gʻovgʻasi koʻb sizni zeriktirib, jondan toʻydirgʻan boʻlsa ajab emaski, qocha boshlagʻansiz... Qochsangiz qochib koʻringiz, ammo men bu kundan boshlab biravlarni quvishqa bel bogʻladim: otam bilan onam ra-foqatlarida xizmatingizgʻa — choʻriliqingizgʻa erta-indin yuraman, suyganingiz kundoshim oldida qadru-qiymatimning nima boʻlishini ham bilaman... Siz olijanobsiz: eski qadrdonliq hurmatiga koʻngil uchun kulib boqarsiz... Loaqal shugina bilan ham baxtsizni masʼuda qilarsiz. Ammo... suyganingiz — kenjangizning jerkishlaridan, qargʻinishlaridan behad qoʻrqaman, oʻzimda yoʻq qoʻrqaman. Shu yaqin oradagʻi uning bilan boʻladirgʻan masʼud daqiqalaringizda xudo yoʻligʻa vaʼda olingiz — meni ogʻritmasin, raqibam keldi deb oʻylamasin. Nihoyati maqsadim ikki doʻstka bir choʻrilik va shu munosabat bilan biravlarini koʻrib yurish...


Xatim oxirinda shuni ham aytib qoʻyay: oʻch qaytib, men ham koʻchadan haydalmasam edi, degan xavf hamisha koʻnglimda. Agar xudo yarlaqab eshikingizda oʻrinlashib olsam, uyogʻini oʻzim bilar edim...


Erta-indin koʻzimga yoʻl koʻrinur, Yoʻl bosishliq koʻngilga bir umr koʻrinur...


3-inchi hamal, Margʻilon, Kumushingiz yozdi».


Otabekning suyunchi ichiga sigʻmasliq, oʻzini yoʻqo-tib qoʻygʻan holda iljayar edi. Xatni ikkinchi qayta oʻqub chiqib yana soʻyina boshlagʻan edi, kechagi manzaralar unga koʻrinish bergandek boʻldilar. Ul seskandi, koʻz oʻngidan kechagi mazlum gavdalar birma-bir oʻtib, ul oshigʻich ravishda xatni bukladi va ulardan yashirgʻandek choʻnchagiga tiqdi, irgʻib oʻrnidan turib ketdi...


Koʻchani bir aylanib kelgandan soʻng, boyagʻi manzaralardan bir oz qutilgʻandek boʻlib yana maktub esiga tushdi. Mehmonxonaning darichasiga qiya turgʻan holda xatni yana oʻqub chiqdi.


Lekin bu gal ham xat boyagʻidek soʻyinch emas, kechagi mazlumlarga taʼziya tutqandek ogʻir maʼno berdi: «Ammo... suyganingiz — jekirishlaridan, qargʻinishlaridan behad qoʻrqaman...» Boya nima uchun soʻyinganiga oʻz-oʻzidan hayron boʻla boshladi. Chindan ham maktubning muncha koʻchirilgan jumlasi, oʻylab qaragʻanda, hech qanday quvonchgʻa yoʻl qoʻymasliq darajada qora maʼnolik edi. Bu jumla kelasidagi onglashilib bitmagan, lekin boʻlishi aniqgʻa oʻxshagʻan yaramas va tinchsiz bir hayotning goʻyo muqaddimasi edi...


Otabek Kumush aytkandek kundash, yaʼni Zaynabdan uncha qoʻrqmasa ham, ammo dardning eng davosizi boʻlgʻan onasi toʻgʻrisida yuragi titradi. Umrining eng qiymatlik kunlarini ogʻulagʻan, ikki yil boʻyi davosiz dardga mubtalo qilgʻan, yaramas va ishonch-siz yoʻllarda sanqishigʻa sabab boʻlgʻan oʻz onasi emasmidi? Va raqiblarga, dushmanlarga yoʻl ochib bergan shu onaning orzusi emasmidi?


Butun shaharni algʻoq-dalgʻoq qilib koʻhliq qiz qidirgʻan, nihoyat chiroylilikda tanho, aqllilikda yakto topib, toʻylar, tomoshalar, orzu va havaslar bilan oʻgʻligʻa «xotin bu boʻlibdir!» degan iftixor va magʻru-riyat ila taqdim qilgʻan suyukli kelini ustiga goʻyo oʻchakishkandek boʻlib keladigan Margʻilon parisiga nima va qanday muomala qilar edi.


Kumush kundashning jekirishidangina choʻchigʻan boʻlsa, Otabek bu choʻchishni oʻzining koʻlagasida qol-diraturgʻon onasi toʻgʻrisida tamom aqlini yoʻqotib qoʻydi.

Oʻzbek Oyim — Ogʻma, Zaynabning Dardi

Yusufbek hoji chala-dumbul tabiatlik xotinining feʼli xoʻyini yaxshi bilgani uchun oʻtkan voqiʼlarni, yaʼni Otabek sirlarini unga ochmasliqqa qaror bergan boʻlsa ham, ammo margʻilonliq kelin va qudalarning kelishla-ridan xabar berishni lozim deb topdi. Chunki xotinining margʻilonliq kelinga boʻlgʻan adovatini Otabekdan ham yaxshiroq bilar va uning «Oʻgʻlingiz Margʻilondan uylanmadi, bir balodan uylandi!» deb qiladirgʻan shikoyatla-rini hamma vaqt eshitar, doimo issigʻ-sovuqchi domla, xoʻjalarnikida bosh ogʻritib yurishini ham bilar edi. Shuning uchun oʻz tarafidan Oʻzbek oyim tushkurni yaxshilab ebka olmoq, yuz qizaradirgʻan ishlarga qarshi choralarni koʻrmak fikriga tushdi.


Cholu kampirning har bir oʻlturishlarida soʻz Oʻzbek oyim tomonidan boshlandimi, albatta noqobil oʻgʻul bilan margʻilonliq «andi» kelin ustida boʻlar va uning uchun eng ahamiyatlik masala faqatgina shugina boʻlib koʻrinar edi.


Boshqa kezlarda kampirning bu toʻgʻridagʻi dod-hasratini kulgulik bilan va kam havsalalilik bilan eshitsa ham, ammo bu gal Oʻzbek oyimning oʻsha eski ashulasini ortiqcha bir toʻzimsizlik orasida kutar edi. Kampirning dardi gʻoʻzada, sichqonning koʻzi donlik koʻzada, deganlaridek, bizning Oʻzbek oyimizning ham dardi boʻzada edi. Soʻz urindi, soʻzdan — soʻz chiqdi, nihoyat hojining kutkanidek oʻgʻul hasrati ham boshlandi:
— Ahmoqingiz bir oz esini yigʻqan koʻrinadir, — dedi Oʻzbek oyim, — haytovur uch oydan beri Margʻi-lonni esidan chiqarib qoʻydi.


Hoji kuldi:
— Issiq-sovugʻing kor qilgʻandir...
— Bilmadim... Har nechuk suv quygʻandek boʻldi, qoldi. Ilohim em tushkan boʻlsin...
— Ilohi em tushsin, — deb kuldi hoji.


Oʻzbek oyim erining istehzosiga tushunib qoldi va labi-labiga tegmay bobillay ketdi:
— Nega kulasiz? — deb depsindi, — bu kungacha kulib-ku, oʻgʻlingizdan ajrala yozdingiz.


Endi nega siz ham... xudoyo tavba qildim...
— Zoʻri behuda miyon shikanad.
— Ilohi tojikingiz qursin! — dedi Oʻzbek oyim, — men toʻgʻrisini aytsam, bu gaplarning hammasiga siz sabab boʻlmoqdasiz, er. Yakkash kulish, yakkash kulgi! Undan koʻra oʻgʻul-qiz oʻsdirishgʻa uquvim yoʻq, deb ayting! Hoji tagʻin kuldi:
— Ha, uquvim yoʻq, oyimcha!
— Kuling-e, kuling! Xudo oʻlim bersin kulguga! — dedi Oʻzbek oyim va achchigʻi bilan yuzini chetka oʻgirdi.
— Menga qara, xotin, — dedi hoji jiddiy tusda. Oʻzbek oyim qaradi. — Oʻrinsiz chiransang, beling sinadir, deydi tojiklar. Shunga oʻxshash oʻzing joysiz chiranganingdek, meni ham oʻz yoninggʻa tortmoqchi boʻ-lasan.
— Boʻlmasa manim barcha harakatlarim oʻrinsiz ekan-da?
— Oʻrinsiz.
— Nega oʻrinsiz boʻlar ekan?
— Sening muddaong, — dedi hoji, — margʻilonliq kelinni oʻgʻlingdan ajratib yuborish va bu kelining bilan qoldirish — shundogʻmi?
— Albatta shundogʻ!
— Mana bu harakatingni oʻrinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz oʻgʻlingni oldinggʻa olsangda, undan soʻrasang «qaysi xotining bilan boʻlishni xohlaysan?


Xohlamagʻaningni qoʻy», deb. Ana shu vaqtda oʻgʻling nima der edi? Nima deyishini oʻzing ham yaxshi bilsang kerak, xotin!
— Bilaman, — dedi Oʻzbek oyim, — margʻilonliq-ning domlasi kuchlik. Oʻgʻlim bechoraning boshini aylantirib, koʻnglini xippa oʻziga bogʻlagʻan.


Yusufbek hoji oʻzini kulgidan yana toʻxtata olmadi:
— Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma domlaxoʻjalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega oʻgʻlingning koʻnglini Zaynabka xippa qilib bogʻlay olmading?


Oʻzbek oyim erining bu savolidan hayron boʻlib turmadi:
— Margʻilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men boʻlsam, bu erdan hindi domla topa olmadim.


Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlagʻan edi.
— Bundogʻ aqlsiz ishlarni qoʻyayliq, xotin, — deb muloyimona soʻzlab ketdi, — bir oz aqlgʻa yon berib ish qilgʻan kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning yolgʻiz ishonchimiz shu oʻgʻlimiz ekan va uning sogʻliq, shodligʻi bizning tirikligimizning tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandligʻi nima bilan boʻlsa, shuni axtarishdir. Men yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat oʻgʻlingni ayagʻaningdan qilasan va senda shundan boshqa hech bir maqsad yoʻq, bu tarafdan qaragʻanda seni ham ayblab oʻlturish oson emas... Shuni yaxshi bilgʻilkim, oʻgʻlingning oy sayin Margʻilongʻa qatnab turishi seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchigʻimni qistatar, hatto baʼzi kezlarda soʻkib yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim boʻlsa, faqat «oʻlganimdan kulaman, yuzimni erga suraman» qabilidan boʻlib, bunga sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildogʻimgʻa etdi-da, oʻgʻlingni bu gal Margʻi-longʻa borma, deb yoʻldan qaytarib qolgʻuchi ham men— Oʻzim boʻldim...


Oʻzbek oyim boshini tervatib soʻzni eshitib kelar edi. Bu keyingi soʻzni eshitkandan keyin boshini koʻksigacha etkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qoʻydi.


Hoji davom etdi:
— Manim bu toʻxtatib yubormay qoʻygʻanimdan xabarsizligʻing uchun boʻlsa kerak, koʻngling dom- laxoʻjaning duosiga ketib qoldi va men sening soʻzingdan kuldim. Chunki haqiqatda buning sababchisi oʻzim edim...


Oʻzbek oyim eridan oʻpkaladi:
— Nega axir meni xabardor qilmaysiz?
— Bu toʻgʻrida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan oʻzimning muddaolarimiz bir, deb oʻylagʻanim uchun Otabekni koyib toʻxtatqanimdan soʻng sengʻa kengash olmasdanoq qudalaringga bir xat yozgʻan va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini soʻragʻan edim.


Haytovur soʻzimni erda qoldirmagʻan oʻxshaylar, bu kun qudadan bitta javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadagʻasi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni oʻqub nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimgʻa qaysi yuz bilan qarayman, deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borgʻandan soʻng albatta yuziga solmaslar, deb ishonamiz», deydir...


Oʻzbek oyim eriga anqaygʻancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustaligʻi Oʻzbek oyimdek dumbul tabiʼatlik xotinlarni gangitarlik edi.


Ul xotinining javobini kutib oʻtirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi:
— Qaysi uyni boʻshatdirsaq ekan? — deb soʻradi va javob kutmasdan, — qudalaringni nima bilan kutishni boʻlsa oʻzing bilasan: tuya soʻyib chorlagʻaningda ham kelmaydirgan kishilar, — dedi.


Oʻzbek oyimning miyasi aynadimi yoki oʻzi aytgan sihirchi hindining duosi asar qildimi, har nuchuk uch yillik adovatlar va kina-kuduratlar barchasi ham allaqa-yoqgʻa qarab uchib ketdilar va ularning oʻrnini «ikki kelinlik boʻlish» masalasi kelib oldi. Uzoq-yaqin xotinlarning «Hoy, Oʻzbek oyimning margʻilonliq kelini ham kelibdur, xuddi toʻtining bolasi emish.


Yuringlar, bir koʻraylik», degan soʻzlari eshitilgandek boʻldi. Shu chogʻqacha Zaynabka yalinib, yalpogʻlanib kun koʻrib kelgan boʻlsa, mundan soʻng bir qoʻsha kelinni oʻzining oyogʻlari ostida yalinib yurgan holda koʻrdi.
— Har nima boʻlganda ham tegi nozik,— dedi oyim,— izzati uchun shu uyimizni boʻshatib beramizmi?
— Oʻzing bilasan.
— Biz toʻrdagi uyga koʻchib oʻtsak ham boʻladir. Axir tegi nozik..


Uch yillik kina va adovat oʻrnida nihoyatda oliy marhamat va mehribonchilik kelib oʻlturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik oʻzgarishdan Oʻzbek oyimning yuzi qizarmas va qizarishni ham bilmas, hatto oʻgʻul-qiz oʻsdirishni bilmaguchi Yusufbek hojidan allaqancha yuqorilarda yurar edi. Yusufbek hoji esa xotinidagi bu kulgulik oʻzgarish uchun ajablanmadi va kulmadi, chunki bu kulki tabiʼatka molik boʻlgan xotin bilan endi oʻttuz besh yillab birga yashar edi.


Oʻzbek oyimni shu holga keltirgandan keyin undan soʻrab qoʻydi:
— Zaynabka ham bu xabarni yotigʻi bilan aytib qoʻyamizmi?
— Siz bilan men bir ishni muvofiq koʻrganimizdan keyin Zaynabka chikora, — dedi Oʻzbek oyim. Mundan uch daqiqa ilgari saodati uchun tirishilgan orzuliq Zaynabning oqibati ham shu boʻlib qolgʻan edi.
— Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor, ayniqsa kundashlik ishi qiyin, kosa kosaga tekkanda gʻidi-gʻidi gaplar koʻpaysa, bizga emas, oʻgʻlingga ham tatimay qoladir.
— Chaqir deysizmi?
— Chaqir.


Oʻzbek oyim Zaynab bilan Otabekning kutilmagan ravishda ochilib soʻzlashib oʻlturganlari ustidan chiqdi.
— Oʻgʻul-qizning kengashimi?


Otabek kulimsirab Zaynabka qaradi, Zaynab esa tuzatinib oʻrnidan turdi va qayin onasiga joy koʻrsatib:
— Shunaqagʻa oʻxshaydir, oyi. Oʻgʻul-qizning kengashi xudda shu kunga yigʻilib qolgʻan ekan, — dedi va kulimsirab eriga qaradi.


Oʻzbek oyim oʻlturmadi va uni-buni surishtirib, oʻylab turmadi:
— Ikkalasiga bir pardan koʻylaklik ol! Birini past, birini baland qilma, bu xotining boʻlgʻanda ul ham koʻz ochib koʻrganing... Zaynab, sen men bilan jurchi, hoji otang chaqiryaptilar,
— dedi.


Tomdan tarasha tushkandek qilib soʻzlangan yuqo-ridagʻi gaplarga boshda ularning ikkavi ham tushunmadi. Ammo bir ozdan soʻng Otabek aytilgan telva-teskari soʻzlarning maʼnosini onglab oldi, onasining nima boʻlsa ham Margʻilon tarafka ogʻishqanini va oʻzining kuchlik bir dushmandan qutilayozganini bilib Zaynabni nima uchun chaqirilgʻanini ham payqadi. Zaynab esa bir nar-sa tushunmagan holda qayin onasi bilan chiqdi.


Qayin ona, kelin qarshisigʻa kelib oʻlturishkandan keyin, hoji Zaynabka qarab oldi.
— Bolam, Zaynab, — dedi, — biz Margʻilondagi opang koʻchini olib kelmakchi boʻldiq... Sen shunga nima deysan?


Zaynab yalt etib qayin onasigʻa qaradi, chunki Oʻzbek oyimning boyagi gapi endi unga onglashilgʻan edi. Doʻstni dushman yonida koʻrib bilinar-bilinmas qilib entikdi.
— Men nima der edim...
— Gap nima deyish va nima demasingda emas, oyim!— dedi hoji, — gap shundaki, ul kelgan chogʻda egachi-singildek boʻlib keta olasanmi, deb soʻramoqchiman.
— Boʻlib ketarmiz...
— Egachi-singil boʻlib ketarsiz-a? — deb takror soʻradi qayin ota.
— Bilmadim...
— Nega tagʻin bilmay qolding?


Zaynab bir muncha vaqt oʻylanib qoldi.
— Qars ikki qoʻldan chiqadir, — dedi Zaynab, — men yaxshi boʻlgʻanim bilan opam yomon boʻlsa, hozirgi bergan vaʼdamdan nima foyda boʻlsin.
— Juda toʻgʻri gapirding, bolam, sendan olgʻan vaʼdani undan ham olamiz.


Zaynab sukut qildi.
— Zaynab siz oʻylagʻan kelinlardan emas, — dedi Oʻzbek oyim, — xudogʻa shukur, aql-hushi boshida.
— Boshqa gaplarni koʻnglingga kelturma, qizim. Margʻilonliq kelin bilan sening bizga hech bir farqlaring yoʻq, ikkavlaring ham bolamizning qoʻshogʻi — bolamizsiz! Zaynab boshini irgʻatib qoʻydi. Yusufbek hojining duosidan soʻng, Zaynab Otabekning oldigʻa kirdi.


Otabek Zaynabning yuzidagi maʼyuslikni birinchi koʻrishdayoq sezdi. Bir oz jimgina qarshima-qarshi oʻlturishdilar, ikkisiga ham soʻz aytish oʻngʻaysiz va al-lanarsa moneʼdek edi.
— Nega chaqirgʻan ekanlar? — deb nihoyat Otabek soʻrab yubordi.
— Bilib turib soʻraysizmi? — dedi Zaynab kuchlanib kulgan holda.
— Nimani bilib turib?
— Margʻilondan keladirgan kishingizni.


Otabek qiyin holatda qoldi va ogʻzigʻa shu gap keldi:
— Munda manim ixtiyorim yoʻq... hamma ishni otam qilayotibdir.
— Otangiz qilsalar ham sizning koʻnglingizdagicha.
— Nima koʻnglimdagicha?
— Suyganingiz bilan biratoʻlasiga qoʻshilib olish, albatta, sizning koʻnglingizdagicha...
— Men uni suyamanmi?..
— Albatta suyasiz...


Otabek oʻzini tinch ushlagan holda:
— Yanglishasiz! — dedi.
— Hech yanglishmayman,— dedi Zaynab,— siz uyla-nishdayoq uni suyub olgʻansiz, meni boʻlsa...


men: ota-onangizning orzularicha, — dedi va koʻziga jiq yosh oldi.


Otabek ogʻir holga tushdi, bu toʻgʻri soʻz uni tamom esankiratdi va bu haqiqatka qarshi borish, yaʼni yolgʻonlash yana ogʻir edi. Shunday boʻlsa ham yolgʻonlamay chorasi boʻlmadi:
— Boshda... suyub uylanganim siz aytkancha toʻgʻri, ammo hozir undogʻ emas, — dedi.
— Ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz, ishoning...


Zaynab bir oz unga qarab turgʻandan keyin:
— Ishonmagʻanimnnig sababi bor, — dedi.


Otabek tinchsizlandi:
— Sababini... soʻzlang...
— Menga uylanganingizga qancha boʻldi?
— Ikki...
— Shu ikki yildan menga boʻlgʻan aloqangiz bir zar-ra ham oʻzgargan emas, — dedi Zaynab, — meni xotin oʻrnida koʻrmaysiz!
— Bekor gap...
— Bekor gap emas, jonim, — dedi Zaynab qizishqan holda. — Margʻilondan qaytkandan keyingi kunlaringizni mehmonxonada kechirib kelishingizdan albatta tona olmassiz. Shu ham umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygʻan edi, deb manim toʻgʻrimda oʻylab qaramas-ligʻingizning sababi ham oʻzingizga...


Zaynab soʻzini bitira olmadi, chetka qarab koʻz yoshisini toʻkdi. Otabek goʻyo togʻ ostida qolgʻan edi.
— Siz tamom boshqacha tushunibsiz...
— Boʻlmasa, bu gaplarning sababi nima?
— Sababi juda ochiq, — dedi Otabek. Lekin nimani sabab qilib koʻrsatishni oʻzi ham bilmas edi.
— Aytingiz axir?
— Oʻzingiz ham bilarsiz, deb oʻylayman.
— Men hech narsa bilmayman.
— Bilasiz!
— Xudo haqqi bilmayman.
— Bilmasangiz... — dedi bek, — bilmaganingiz yaxshi. Sizga oʻz ogʻzim bilan iqror qilishgʻa uyalaman...
— Mendan-a, xotiningizdan uyalasizmi?
— Uyalmayinmi ?
— Uyalmang.
— Uyalmasam... mizojim zaif...


Zaynab ishonar-ishonmas unga qaradi.
— Toʻgʻri soʻzlamadingiz...
— Ishonmasangiz oʻzingiz biling, lekin haqiqat gap shu, sizdan uzoqda yurishimning sababi ham shunda.
— Ishongʻanimda ham bu hol tashqarida yotib yu-rishingiz uchun katta sabab boʻla olmaydir.


Chunki men faqat shuning uchun sizdan oʻpkalamayman, — dedi va koʻzini toʻldirib Otabekka qaradi. — Menga sizning mizojingiz kerak emas... Oʻzingiz!.. — dedi va yigʻlab yolborgʻan holda Otabekning quchogʻigʻa oʻzini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borligʻini bi- rinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni oʻpib quchoqlar va yolborar edi.

Qudalarni Kutib Olish

Kechagi kirgan savdogarlardan qudalarning bu kun aniq kirish xabarlarini bilgan edilar.


Nariroqdan kuzatib kirish uchun Hasanali yoʻl ustiga ketkan, Yusufbek hoji-ning oʻzi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari havlini tozalatar edi. Ichkarida boʻlsa, Oʻzbek oyim qoʻshni xotinlardan bir nechasini hasharga aytib, hammani joy-joyigʻa qoʻydirgʻan, havli yuzini ham yogʻ tushsa yalagʻundek holga kelturgan edi. Ammo oʻz uyini boʻshatdirib, gilam solib qoʻygʻanigʻa endi uch kunlab bor, qudalarning ziyo-fati uchun kerak boʻlgʻan hamma narsalarni ham hozirlatqan, ular kelib tushdi deguncha, boʻgʻizlatish uchun, deb bir gʻoʻnon qoʻyni ogʻilning ustuniga qantattirib qoʻygʻan edi. Kumush bilan Zaynabka atalib olingʻan xon atlaslarga koʻngli toʻlmay «har nuchukda tegi nozik, bu boʻlsa endi koʻp kiydi, atlasning yonigʻa yana bir xitoyi latta olingiz», deb margʻilonliqning koʻynagini bir qoʻsha qildirgʻan, bitta xitoy jujim mursakni kam koʻrib, yonigʻa oʻzining qiymat baho zarrin mursagini va ikkita roʻymolga ham qoniqmay, oʻzining kelinligidan oʻrolmay qolgʻan qalmoqi sallachasini qoʻshqan edi.


Zaynab ham uncha xafa koʻrinmas, qayin onasining buyruqlarini eski holicha bajarib yurar va hozirda uyga kirib olib mehmonlar kelib tushdi deguncha, oldilarigʻa yozish uchun dasturxon yasatar edi.


Oʻzbek oyim hasharchi xotindan biriga tandirga oʻt qoʻyishni buyurdi-da, oʻzi Zaynabning oldigʻa keldi:
— Dasturxoning bitdimi, bolam? — deb soʻradi.
— Bitdi. Tashqarining asali kamga oʻxshaydir.
— Kam boʻlsa, darrav ombordan keragicha olib chiq, undan keyin xamiringga oʻzing qara, Oybodoqning qoʻli tegmas, xamir gup berib ketibdi, — dedi va darichadan koʻtarilib dasturxonlarni kuzatdi, — dasturxoning tuzik, varaqini esingdan chiqarma, — dedi va oʻrta yoʻlakda koʻringan Yusufbek hojini oʻziga imladi. — Beri keling.


Yusufbek hoji boshida oq toʻppisi va egnida oq olacha toʻni bilan ustidan belini bogʻlagʻan edi. Oʻzbek oyim yonigʻa sekin-sekin yurib keldi:
— Nima gap?
— Dasturxonlarimizga bir qarab qoʻying-chi?


Hoji parvosizgʻina qilib qaragʻan boʻldi:
— Oʻzingga yoqsa boʻpti, — dedi.
— Qassob aytkanmisiz, tagʻin ular kelgandan soʻng shoshib qolmayliq.
— Qassob tayyor, hozir boʻgʻizlatsaq boʻlmaydimi?
— Yoʻq, — dedi Oʻzbek oyim, — osh egasi bilan shirin. Ha, aytkandek, qudangiznikiga yuborgʻan kishingiz keldimi?


Asal uchun shoshib borgʻan Zaynab toʻxtab qayin otasining ogʻzigʻa qaradi.
— Borib keldi, — dedi hoji, — Alimbek dalasiga ketkan ekan, xotin qudalar kelishmakchi boʻlishibdir.


Zaynab asalga ketdi. Hoji Oʻzbek oyimning yonigʻa yurib keldi va sekin soʻradi:
— Zaynab xafa emasmi?
— Nimaga xafa boʻlar edi.
— Axir, soʻrayman-da.
— Tuppa-tuzik, — dedi Oʻzbek oyim, — tashqarin-gizdan Oybodoq qutilayozdimi?
— Qutilib qoldi. Mahalladan ham uch-toʻrtta kishi aytdim, oshni koʻproq qilish kerak.
— Xoʻb.


Hoji uyon-buyongʻa alangʻlab olgʻandan keyin soʻradi:
— Oʻgʻling qayogʻda, koʻrinmaydimi?
— Tashqarida edi-ku.
— Boya shuyoqqa kirgandek boʻlgʻan edi.
— Guzar-puzarga chiqgʻandir, — dedi Oʻzbek oyim.


Oybodoq tashqarini yigʻishtirib kirdi. Hoji meh-monxonaga chiqib ketdi. Oʻzbek oyimning amricha Oybodoq, Zaynab va hasharchi xotinlar kulcha yasashgʻa oʻlturdilar.


Kun tushdan ogʻqanda hamma saranjom olingʻan edi. Oʻzbek oyim toʻyga boradirgʻan xotinlardek yasangan, egnida odimi xon atlas koʻynak, boshida oq shohi dakana, koʻzida surma edi. Oʻzbek oyimning: «Kelinni xor tutar ekan demasinlar, sen ham oʻzingni tuzat», deb aytkani uchun Zaynab ham tamom ipaklarga koʻmilib yasangʻan, kecha erga tekkan yangi kelinlar suratiga kirgan edi.


Zaynabning onasi — Mohira oyim, opasi — Xush-roʻybibi va yangasi Hanifanisolar ham kelishdilar. Oʻzbek oyimning koʻngil tortar qoʻshnilaridan Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular ham yasanib-tusanib chiqdilar. Oʻn chogʻliq xotin boʻlishib sovutmachoq dasturxonga oʻlturishdilar. Oʻzbek oyim majliska— margʻilonliq qudaning odamgarchilikni bilishidan, Ota-bekni Toshkanddan uylantirishga qarshi lom-mim demay, qaytagʻa oʻzi kuyavi bilan birga kelib, toʻyni oʻtkazib ketkanidan, margʻilondagʻi obroʻsidan va davlatidan bahs qilib aytar edi:
— Bechoraning bori-yoʻgʻi peshonasidagi bolasi shu bizning kelinimiz. Otabekni oʻz bolasidan ham yaxshi koʻrib, «Oʻgʻlim boʻlsa shundogʻ boʻlar edi-da, mendan keyin hamma davlatim shuniki, ilohi omon boʻlsin», der ekan.


Mohira oyim allanuchkalangani holatda javob berar edi:
— Ha, aylanay quda, qars ikki qoʻldan chiqadir, de-ganlar... Buzoq yaxshi boʻlsa, ikki onani ham emar ekan...


Quyoshning qizdirishidan changi chiqib ketkan havligʻa suv sepib turgan Oybodoq tashqaridagʻi guldir-guldirni eshitdi va chopib mehmonlar oʻlturgʻan uyning darichasi yonigʻa keldi: «Kelishkanga oʻxshaydirlar», dedi. Oʻzbek oyim gapirib turgan soʻzini yarim yoʻlda qoldirib, oʻrnidan turdi va mehmonlar ham unga ergashdilar. Zaynab boʻzargʻan holatda uyiga yugurib ketdi. Oʻzbek oyim boshliq xotinlar havli yuzasiga tushdilar. Mohira oyim qizi Xushroʻyning qulogʻigʻa nimadir shivirlab kulib qoʻydi. Oʻzbek oyim oʻrta eshikka borib etmagan ham edi, narigi yoqdan qoʻshnining bolasi yugirib kirib qoldi.
— Soʻyinchi bering, bek buvi, kennoyim keldila! Oʻzbek oyim choʻnchagiga qoʻlini solib besh-oʻn pul olib berdi. Bola orqasidan Xasanali koʻrindi:
— Qani oyi, koʻrmanani bering-chi, men sizning qochqoq keliningizni tutib keldim! — dedi va yoʻlakka qarab: — Toʻxtang, toʻxtang, ilgari men soʻyinchimni undirib olay.


Yoʻlakdan Oftob oyim koʻrindi. Paranjisi boshida, chashmandi qoʻlida edi. Hasanali Oʻzbek oyim bilan tanishdirdi:
— Bu kishi qudachangiz — Oftob oyim boʻladirlar.


Oʻzbek oyim Oftob oyim bilan salomlashib quchoq-lasha ketdilar. Oʻzbek oyimdan keyin boshqa xotinlar uning bilan koʻrishib chiqdilar. Hammaning koʻzi along-jalongʻ keldi. Kumushni axtarishar edilar. Kumush hali ichkariga kirgan emas. Oʻzbek oyimning ikki koʻzi yoʻlakda, Hasanali bir yoʻlakka va bir Oʻzbek oyimgʻa qarab nima uchundir koʻzini qisib qoʻyar edi.


Xotinlar bilan koʻrishib chetda turgan Oftob oyim qudasi yonigʻa keldi: «Uyalib turgʻandir» deb kuldi. Oʻzbek oyim kulimsirab yoʻlak tomongʻa:
— Hoy, posha kelin! — dedi, — bizlar kutib qoldiq-a, uyalmang bolam! Hasanalining koʻrmanasi boʻlsa tayyor! Hasanali yoʻlakka qarab imladi. Qip-qizargʻan holda Kumush koʻrindi: paranjisi qoʻlida, qora atlas koʻynak egnida, zangor latta mursak ustida, oq shohi roʻymol boshida edi. Shahlo koʻzlari kulimsirashka yaqin holda uyatlik edilar.


Hasanali tanitdi:
— Mana bu kishi qayin onangiz — bek oyim boʻladirlar.


Kumush salom berdi va qoʻlidagʻi paranjisini erga tashladi, yugirib kelib oʻzini Oʻzbek oyimning qucho-gʻigʻa oldi. Oʻzbek oyim ham uni mahkam siqib quchoqlab olgʻan, yuzidan shap-shap oʻpib aylanib, oʻrgular va tikilib-tikilib nima uchundir yigʻlar edi... Kutib turgan xotinlar, Mohira oyim, Xushroʻy va Hanifalar Kumushni koʻrgan on bir-birlariga qarashib lablarini tishlashdilar...


Qayin ona-kelin bir daqiqa chamasi koʻrishib qoldilar. Soʻngra Kumush boshqalar bilan bir- bir koʻri-shib chiqdi. Oʻzbek oyim har bir xotinni kim boʻlganini unga tanitib bordi. Eng keyin orqadan Zaynab koʻrindi. Chunki ul uydan endi chiqib kelgan edi. Oʻzbek oyim kulib Kumushka qaradi.
— Qani, oʻzing tani-chi, kim ekan bu?


Kumush hayron boʻlib qolmadi... Ipaklar ichiga gʻarq boʻlgʻan Zaynabka qarab olib, unga tomon adim tashladi:
— Zaynab opam! — dedi. Zaynab ham kulimsiragan holda Kumushka yaqinlashib keldi... Ikki kundash «esonmisiz, omonmisiz, eson-omon yuribsizmi...» soʻz-lari bilan ozorsiz qilib bir- birining elkasiga va qoʻltiq ostigʻa qoʻl yuborishdilar. Ular koʻrishib turgʻanda yoʻlakdan Yusufbek hoji koʻrinib, qochadirgʻan xotinlar oʻzlarini chetka oldilar. Hoji ularning oldigʻa
— yuzaga chiqgʻach,Oftob oyim salom berib roʻymoli bilan tomogʻ ostlarini oʻrab oldi. Hoji qudachasi bilan soʻrashib:
— Barakalla, singlim! Haytovur charchamay kelding-larmi, men sizlarni ovora qildimov, — deb uzr aytib kulgan va uyalib borgʻan qudachasigʻa engillik bergan boʻldi.
— Qani, bek otasi, koʻrmanani bering-chi! — dedi Oʻzbek oyim Kumushni imlab.


Kumush uyalib zoʻrgʻagʻina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinigʻa kelib boʻyin egdi. Hoji qoʻli bilan Kumushning elkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayigʻa tegizib olgʻan oʻz qoʻlini oʻpdi:
— Bizning Margʻilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurgʻan ekanmiz-da, — deb tevaragiga qarab kulindi va qoʻlini duogʻa ochdi. — Bizni shunchalik siylab kelibsizlar, bu yaxshiliqlaringiz bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin. Olloh taolo yoshlargʻa tinch va barakatlik umr bersin. Ilohim, taqabbul duo...


Hamma duogʻa yuz siypashdilar. Soʻngra Yusufbek hoji Kumush bilan Zaynabka qaradi:
— Men sizlarning koʻrishib turgʻanlaringizni koʻrib juda quvondim, — dedi. — Mundan soʻng ham shu yoʻsunda bir-birlaringizga egachi-singildek boʻlmoq-laringizni tilayman, — dedi va Oʻzbek oyimgʻa:
— Qani, mehmonlarni ichkariga olinglar, — deb oʻzi tashqarigʻa burildi.

Zimnan Adovat

Shundan keyin Oʻzbek oyim oldingʻa tushib, qudasi bilan Kumushni uyga boshladi. Ularning ketidan bosh-qa mehmonlar yurdilar. Oʻzbek oyim yoʻl ustidan Oybo-doqqa:
— Tezroq choyingga qara, bechoralarning aravada ichagi uzulgʻandir,— dedi va Oftob oyim bilan Kumushka,— men sizlardan juda xafaman,— deb qoʻydi.


Oftob oyim Kumushka qaranib javob berdi:
— Aytsangiz, aytmasangiz biz juda uyatlik boʻlgʻan-miz.


Uyning dahliziga kirdilar. Oʻzbek oyim ularni toʻrga taklif qildi:
— Qani, yuqorigʻa! — dedi.


Oftob oyim toʻrga harakat qilsa ham, Kumush boshqa mehmonlardan uyalib toʻxtadi, Oʻzbek oyim uni qistab tushdi:
— Iymanma, Kumush otin, bu kun-erta bizga yangi kelinsan, uchunchi kundan boshlab sen mugʻombirning boshingda tegirmon yurgizishni oʻzim yaxshi bilaman! — dedi. Oftob oyim va keyindagilar kulishdilar. — Yana hali sen manim sobunimga kir yuvib koʻrganing yoʻq! — deb qoʻydi. Bu gal Kumush ham kulimsirab oldi. Toʻrga Oftob oyim va Mohira qudachalar oʻlturdilar. Oftob oyimning soʻliga Kumush, Kumushning yonigʻa Xushroʻy, Mohira oyimning oʻngiga Hanifa, undan keyin Karima otin, Sharofat chevar va Mahinabonular qator chizilishdilar.


Eng oyogʻda Oʻzbek oyimning oʻzi oʻlturdi. Karima otin qoʻl ochib duo qilgʻandan keyin, Oʻzbek oyim «Xush kelibsiz» qildi. Mundan soʻng hammaning koʻzi ittifoq qilgʻandek Kumushka tushdi.


Kumush uyalib erga qaradi. Bir necha vaqt jim qolishib Mohira oyim Oftob oyimdan soʻradi:
— Margʻilondan etib kelguncha ham juda bir erga etkandirsizlar?
— Uncha charchagʻanimiz yoʻq, — dedi Oftob oyim,— Oʻzi Margʻilondan Toshkandgacha arava yoʻli oʻn kunlik ekan, biz charchamayliq, deb sekin-sekin oʻn ikki kunda keldik.
— Yoʻl loydir? — deb soʻradi Mahinabonu.
— Loy emas, — dedi Oftob oyim, — yoʻl juda yaxshi ekan — ikki yoqda koʻm-koʻk maysa, qirlarda lolalar, yoʻlning juda ham tomosha vaqti ekan.


Soʻz navbati Oʻzbek oyimgʻa keldi:
— Kelmaganlaringizda Otabekni endi sira ham yubormasliqqa qaror qoʻygʻan edim, — dedi,
— booo xudo, oʻgʻlim, uch yildan beri oy sayin Margʻilongʻa qatnab zerikmadingmi, endi ular ham kelsin axir, deb yoʻldan toʻxtatqan edim.


Kumush Otabek ismini eshitkach, sekingina koʻtari-lib qoʻydi. Oftob oyim Hasanalidan hamma sirni oʻrganib olgʻan, shuning uchun Oʻzbek oyimning dovdirashiga tushundi:
— Yuzimizga solmasangiz ham juda uyatlik boʻl-gʻanmiz, — dedi.


Zaynab dasturxon koʻtarib kirdi va mehmonlarga «Xush kelibsiz» aytkandan soʻng dasturxonni yozdi. Dahlizdan — Oybodoq qoʻlidan yasalgʻan barkashlarni olar ekan, bir-ikki qayta er ostidan Kumushka koʻz yubordi va Kumushning koʻzi ham uning keyingi qarashida toʻqnashib oldi. Barkashlar qoʻyilib boʻldi. Oybodoq toʻrt choydish choyni mis tekligi bilan kirgu-zib berdi. Zaynab choydishlar yoniga mehmonlarga choy quyish uchun oʻltirdi. Oʻzbek oyim chiqib borgʻan Oybodoqni toʻxtatib soʻradi:
— Qassob kelganmikin?
— Boya kelgan edi. Oyimlardin fotiha olib bersangiz, qoʻyni chiqarib berar edim.


Oʻzbek oyim qudachasigʻa qaradi:
— Fotiha berasizmi, quda! Oftob oyim Mohira oyimgʻa qaradi.
— Fotiha beringiz, oyi!
— Qoʻy sizga atalgʻan, — dedi Mohira oyim. — Fotiha berish sizning haqqingiz, biz boʻlsaq fotihani koʻb berganmiz...


Oʻzbek oyim ham «siz bering» degandek qilib Oftob oyimgʻa imladi. Oftob oyim uyalinqirab fotiha berdi. Oybodoq chiqgʻandan keyin dasturxonga qaradilar va «oling-oling» bilan bir-birlarini qistasha boshladilar. Boyagʻidek koʻbchilikning koʻzi Kumushda edi. Ayniqsa Oʻzbek oyim suqlanib unga qarar va tomoqqa qistar edi:
— Ol bolam, ol! Men tomoqdan uyalaturgʻan kishini yomon koʻraman. Yoki eshikdan kirishingdanoq sansi-ray boshlagʻanim uchun xafa boʻldingmi?
— Xafa boʻlish emas, soʻyindim, — dedi Kumush va dasturxondan choʻqindi.


Oftob oyim:
— Sansirashingiz uch yildan beri Kumushni bolam, deb yurganingizni bizga ochiq onglatdi.


Ayniqsa men buning uchun sizdan minnatdorman.


Karima otin:
— Kishi oʻz bolasini sansiraydir, begonani ham sansirasin-chi.


Zaynab:
— Meni ham chimildiqdan chiqishim bilanoq sansi-ragan edilar...


Oʻzbek oyim:
— Men yaqin koʻrgan kishimni sizsiray olmayman.— deb maxtangʻan sumol boʻlib oldi, — hoy Kumush, ol, jilla qurisa anuv varaqidan bir-ikkita e, yuraging uzilgʻandir.


Kumush uzr aytdi:
— Charchadim shekillik, — dedi, — ishtihom boʻgʻil-gʻangʻa oʻxshaydir...


Oʻzbek oyim kuldi:
— Ishtihong boʻgʻilgʻan boʻlsa charchagʻaningniki emas eringni sogʻinganingniki, — dedi.


Birdan hamma kulib yubordilar. Zaynab ham kulguga ishtirok qildi... Ammo Kumush yuzini chetka oʻgirgan edi. Ehtimolki, qayin onasining zakovatiga ichidan tahsin oʻqur edi.


Oʻzbek oyim Oftob va Mohira qudalarni dastur-xongʻa qistadi:
— Oling quda, siz yoshlarni qoʻyabering, bularni yigit asrasa, siz bilan meni tomoq asraydir.


Yana kulgi boshlandi. Oftob oyim oʻzini tutolmay kular edi. Kumush ham ochiq kulib, kulgi orasida Zay-nabka qarab oldi — Zaynab ham kular edi...


Kulgi bosilib tushkandan keyin, Zaynabning yangasi Kumushdan soʻradi:
— Begingiz bilan koʻrishmaganingizga qancha boʻl-di?


Kumush dahshatlanib onasigʻa qaradi. Oftob oyim javob berdi:
— Uch oy shekillik.


Xushroʻy oʻzining zolim koʻzini oʻynatdi:
— Ha, boʻlmasa xolam aytkanlaridek ishtihongiz boʻgʻilgʻani oʻshaniki.
— Toʻgʻri, toʻgʻri! — deyishdi xotinlar.
— Men oʻzim bilaman, — dedi Oʻzbek oyim, — joʻrttaga Otabekni uch oy toʻxtatib qoʻydim-ku, axir! Kumushning koʻnglidan kechdi: «Aniq bilasiz, joʻrt-taga toʻxtatdingiz!» Oftob oyim kulib javob berdi:
— Jilla uniki boʻlmasa kerak. Manim ham ishtihom boʻgʻilgʻandek...


Oʻzbek oyimning esiga Otabek tushkan edi.
— Hoy, aytkandek, Otabekni koʻrdingizmi? — deb Oftob oyimdan soʻradi:
— Yoʻq.


Oʻzbek oyim Zaynabka qaradi:
— Tashqaridamikin?
— Yoʻq emishlar... — dedi Zaynab.


Oʻzbek oyim ajablandi:
— Boya otang ham soʻragʻan edilar... — dedi, — qa-yoqqa ketkan ekan, aqlsiz... Ertalab senga hech narsa demabmidi?


Kumush Zaynabning ogʻziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi:
— Ertalab mendan ust toʻnlarini soʻragʻan edilar,— dedi, — men toʻnni berib qayoqqa borishlarini soʻragʻanimda, bir joyda ishim bor, degan edilar...


Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi boʻshashib, Oftob oyim ham ogʻir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. Oʻzbek oyim oradan oʻtkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqgʻandir», dedi. Shu vaqt darichadan Hasanali koʻrindi, qoʻlida bir mesh qimiz koʻtargan edi, darichadan turib mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi» va qimizni uza-tib Oftob oyimgʻa qarab kuldi:
— Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi.


Oftob oyimning hushi oʻziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar boʻlsa, endi bularning holiga tushib boʻzrayishdilar.


Qimiz bilan engillashkan Oʻzbek oyim Hasanalidan soʻradi:
— Qachon keldi?
— Hozir.
— Qayoqqa yoʻqolgʻan ekan, ahmoq?


Hasanali izoh berdi:
— Kecha hoji unga ish buyurgʻan ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora boʻlib xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman, deb shunga ketkan ekan. Boradirgʻan joyi uzogʻroqda boʻlib, kechikkan va yoʻldan kelaturib bu gunohiga ikki mesh qimiz olgʻan... Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting, juda uyatlik boʻldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi.


Karima otin:
— Kechirilmaydir, qimiz oʻzi nima degan gap, — dedi.


Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqgʻandan keyin Hasanaliga kulib javob berdi.
— Oʻzimiz juda choʻllab kelgan edik, shuning uchun kechirdik.
— Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman.
— Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim.
— Siz-chi? — deb soʻradi Hasanali Kumushdan.


Kumush baqadek qotib oʻlturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi:
— Men ham kechirdim...
— Sizning ikki boshdan kechirishingizni oʻzim ham bilar edim, — dedi Hasanali. Boʻgʻoz- qisir uy ichini kulgi bosdi.


Kulgidan soʻng Oʻzbek oyim:
— Nega oʻzi kirmadi? — deb soʻradi.
— Qayin otasi bilan soʻzlashib oʻlturibdir...


Hasanali ketkandan keyin Oʻzbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis togʻoragʻa boʻshatishka buyurdi. Qoʻy soʻyilib tayyor boʻlgʻan edi. Oʻzbek oyim qudachasining raʼyini soʻradi:
— Nima buyurasiz?
— Mendan soʻrab oʻlturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham oʻshanga yormiz.


Oʻzbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis togʻorogʻa agʻdarilgʻan qimizni choʻmichlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi.

Hoji Etak Silkkan

Toʻrda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt ogʻasi Pirnazar jallod va Sotiboldi otaligʻ yana bir keksa oʻlturar edilar. Pirnazar jallodning yonida Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyogʻda Hasanali meshdan qimiz quyar edi.


Soʻz toʻrtinchi kuni boʻlib oʻtkan qipchoq qirgʻini ustida ketib, Yusufbek hoji bu toʻgʻrida soʻzlar edi.
— Men biz xalqning odam boʻlishimizdan tamom umidimni kesib qoʻydim... Esimni tanigʻanimdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini koʻzlab kelib, oyogʻida oʻzini qushbegi, mingboshi olgʻan uch-toʻrtta manfaatparastlardan goʻyo yosh bola kabi aldandim... Ululamir boʻlgʻan kishi ham shu manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu toʻgʻrida bir ogʻiz kengash soʻrashni unutdi. Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqargʻuchilarning bittasi biz edik. Natijada ersa soʻzi
— soʻz, kengashi — kengash boʻlgʻanlar shu uch-toʻrtta kalla buzarlar boʻlib, bizga oʻxshagʻanlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan...


Yunus Muhammad oxund uning soʻzini boʻldi:
— Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam boʻlsa, uch- toʻrtta muttahamning yomonligʻi hech qaergʻa bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni oʻrinsiz toʻkilmas edi. Janobi paygʻambari xudo hadisi shariflarida aytadirlarkim, «Bismillahir- rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada al-amru ilo gʻayri ahlihi fantazir as-soata, yaʼni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim, agar bir qavmning ishi noahl odamgʻa topshirilgʻan boʻlsa, bas, oʻshal qavmning qiyomatini yaqin bil, yaʼni halokatiga muntazir boʻl».


Bas, bizning korlarimiz ham koʻb fursatlardan beri noahl odamlarning qoʻligʻa qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning boshimizgʻa anvoʻi kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari oʻz boshlari birlan dafʼ boʻlgʻay.
— Saddaqta yo rasulilloh, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru ilo gʻayri ahlihi fantazir as-soata» — voy boʻlsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz maʼyuslanib toʻxtadi va domla tarafidan boʻlingan soʻzini shu gaplar bilan tamomladi:
— Shu kungacha boʻlmagʻanlargʻa boʻlishmoqchi boʻlib umrimning nihoyatiga etib qoldim, — dedi.


Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qaygʻusida oqardi. Bu koʻngil shu manfaatparastlar taʼsirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka etib bir vaqt boʻlsin ibodatimni janobi haqqa bevosita yoʻnaltirgʻanimni va koʻngil koʻzim ochilib qilgʻan sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, boʻlma-gʻanlargʻa boʻlishmoqchi boʻlgʻanim uchun bir kinoya-dir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib toʻshaʼi oxirat tadorikini qilmogʻim uchun gʻanimat koʻrinadir.


Bu soʻz majliska bir maʼyusiyat berdi. Koʻb vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining gapi ayniqsa Pirnazar akaga taʼsir qilgʻan edi. Ul oʻz hunari ruhida mulohazasini soʻzladi:
— Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi.


Bu soʻzdan keyin majlis ahli hojining ogʻzigʻa qaradilar. Hoji kulib qoʻydi, bir ozdan keyin:
— Toʻgʻri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda oʻlturgʻan bizning oʻgʻulni ham koʻmakingizga chaqira olasiz...


Hamma kulib yubordi. Qutidor er ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek boʻldi. Yaxshiki qutidor va Hasanalidan boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi.


Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi.
— Otabek menga oʻxshagʻan jallodkina emas, amiri lashkar boʻla oladir. Siz fotiha bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam, — dedi.
— Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh olish...


Biz oʻylaymizki, goʻyo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz oʻz xohlagʻanimizni qila olamiz.


Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi emasman va lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib, faqat el baxti uchun bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning oʻz maslaki yoʻlida kuzatkan maʼlum bir nishonasi boʻlmogʻi zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga qarab intilishda oyogʻ ostigʻa elashkan choʻp-xaslarni supira borish lozim. Mana shundagina toʻkilgan qonlar oʻrinlik va mashruʼ, berilgan boshlar chin qurbon hisoblanadirlar. Yoʻqsa, sizning bosh olishingiz ham anovilarning qirgʻinidan farq-lik boʻlolmas, — dedi va bir oz toʻxtab olgʻandan keyin afsuslandi, — shu yoshgʻa etib bu xalq orasida haligi jamoani uch-toʻrt nafardan ortiq uchratolmadim, afsus.


Yana bir muncha gaplar oʻtkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni oʻqub kirish uchun qoʻzgʻal-dilar. Otabek ham koʻbchilik bilan birga qoʻzgʻalgʻan edi, Hasanali uni toʻxtatdi:
— Siz toʻxtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga bir kirib chiq-masangiz ayb boʻladir... Boyagʻi ishingizni boʻlsa zoʻrgʻa yolgʻon-yashiq bilan ularning koʻnglidan chiqardim.


Otabek nihoyatda boʻshashqan holda qaytib oʻrniga oʻlturdi:
— Mayli, boʻlmasa... — dedi.

Hasanalining Hiylasi

Kishi ortiqcha qoʻrqqanda gangib aʼzosi harakatsiz va ogʻriq holga tushadirkim, albatta buni biz qattigʻ qoʻrqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizgʻa yoʻlbars chiqsa, biz qattigʻ qoʻrqamiz, chunki bizni oʻlum kutadir, inson uchun dunyoda oʻlumdan qoʻrqunch narsa yoʻq.


Binoan alayhi biz bundagi qoʻrquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo qizigʻi shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat bashorati berilganda nega biz oʻlum kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (oʻrganizmamiz) birinchidagi holatni kechiradir?


Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlangʻan bu holat Hasanalining ke-yingi soʻzi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsiz-larcha oʻlturib qoldi.


Hasanali kirgandan soʻng qilinadirgʻan muomalani taʼlim berdi:
— Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar, buni qayin onangiz bilan kelinga ham uqdirib qoʻygʻanman. Ular bilan soʻrashib, soʻzlashqa-ningizda, goʻyo uch oydan berigina koʻrishmaganlardek boʻlingiz.


Otabek boʻzarib entikdi:
— Ul-ku oson... — dedi.
— Qiyini qaysi?
— Shu choqgʻacha tushunmadingizmi?


Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi...
— Yigit emasmisiz, ey barakalla.
— Yigitlik bilan yurakni toʻxtatish...


Hasanali ham oʻylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi. Hasanali bir necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab oʻylandi. Nihoyat, oʻzicha kulindi:
— Toʻxtang boʻlmasa,— dedi,— men bir ish qilayki...
— Nima ish qilmoqchisiz?
— Siz hozir soʻramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topishtiring.


Otabek kuchlanib kuldi:
— Nima, axir? — deb yana soʻradi.
— Soʻramang, — dedi Hasanali, — siz tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni oʻquy bering.


Hasanali shu soʻzni aytib mehmonxonadan chiqdi. Otabek Hasanali tarafidan tashir etilgandek, turib tahorat oldi va mehmonxonaga kirib «tarobih» boshladi... Oradan yarim soat chamasi vaqt oʻtkan edi, Hasanali ichkaridan chiqib keldi.


Otabek esa hanuz rukuʼda, sujudda edi.
— Oʻqub boʻlmadingizmi? — deb soʻradi darichadan.


Otabek yonigʻa salom bermasdan unga qaradi. Bu holga Hasanalining kulgusi qistab kelsa ham, oʻzini zoʻrgʻa toʻxtatti:
— Qani, men bilan yuring.
— Qayoqqa yuraman.
— Ichkariga.
— Tagʻinmi?


Hasanali kuldi:
— Endi kirsangiz bir martaba boʻladir, — dedi. — Siz... hozir oʻrta yoʻlakdan sekingina manim uyimga kirasiz... Xotinlar namoz oʻqub yotibdirlar, sizni hech kim koʻrmaydir. Siz kirgandan keyin men eshikni ustingizdan yopib olaman-da, bir ozdan soʻng oldingizgʻa kelinning yolgʻiz oʻzini kirguzaman... tuzikmi?
— Tuzik...
— Qani, turing tezroq! Otabek turdi. Uchrashishka hali anchagina vaqt bor, shuning uchun uning yuragi tinch sumol edi. Oʻrta yoʻlakka kirdilar. Oldinda borgʻan Hasanali toʻxtadi va uyning eshigini koʻrsatib «oʻting!» dedi. Otabek uning aytkanicha qilib oʻzini uyga oldi. Hasanali Otabekni uyga kirguzgandan soʻng kelib eshikni qiyaroq ravishda yopdi va darichani narigi uydan qaragʻanda kishi koʻrinmaslik qilib qiygʻoch ochdi. Shundan keyin ul oʻzicha nimagadir kulimsirab xotinlar oldiga ketdi.


Otabek kirguzilgan Hasanalining uyi Oybodoq ona tarafidan tozagʻina yigʻishtirilib, oʻrta hollik kishilarning uyidek asbob, jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar ganchlangan, shiplar sirlangan, oyogʻ osti alvon gullik kiyiz bilan toʻshalgan va taxmongʻa kirpoʻsh koʻrpalar osilgʻan edi. Otabek kafshini dahlizga eshdi-da, uy boʻyicha bir-ikki qayta yurindi va entikib nafas oldi. Shu vaqt taxmongʻa osilgʻan kirpoʻsh oʻz-oʻzidan qimirlagʻandek boʻldi. Bu qimirlashni Otabek payqamadi. Haligi qimirlagʻan kirpoʻsh birdan ochilib ketib Otabek choʻchidi... Birav taxmondan unga qarab kulimsirar edi. Otabek titrar edi... Bir ozdan soʻng ikkisi ham oʻzlarini bir muncha toʻxtatdilar-da, bir-birlariga tomon yurishib keldilar va soʻzsizgʻina quchoqlashdilar... Otabek sunbul islik sochlardan ruh olar, Kumush goʻyo uning bagʻrigʻa singib ketkan edi. Bu hol bir daqiqa chamasi davom etkandan keyin bir oz ajralishqan koʻyi uyning oyogʻigʻa yurib bordilar va tiza-batiza oʻlturdilar... Birisi ham soʻzlay olmas, faqat termulishar edilar. Necha daqiqagʻacha shu holatda boʻldilar. Nihoyat, Kumush kulgi aralash koʻziga yosh oldi.
— Siz... qochqoqsiz, — dedi.
— Siz...
— Men?
— Siz quvloqsiz.
— Ajab qilaman, — dedi Kumush va shapalogʻi bilan erining yuziga sekingina urib qoʻydi.
— Bu yoqqa ham...
— U yoqqa Zaynab ursin.
— Zaynabning... urishka haqqi yoʻq.


Kumushning koʻzida haligacha koʻrilmagan bir shodliq oʻynadi:
— Toʻgʻri aytasizmi?
— Toʻgʻri aytaman!
— Mana boʻlmasa, — dedi Kumush. Otabekning ikkinchi yuzini ham silagandek qilib qoʻydi.


Yana kulimsirashib, termulishib qoldilar...
— Biravning gʻamida kuyib qaridim, — dedi Kumush.
— Bekor aytasiz... Meni aytsangiz toʻgʻri.
— Siznimi? — dedi Kumush. — Siz endi qirchillabsiz!
— Toʻgʻri gapirmadingiz.
— Toʻgʻri gapirdim.
— Ammo siz...
— Men?
— Keyin aytaman...


Kumush oʻpkaladi:
— Ayting hozir, — dedi va jodu koʻzini allaqanday holatka qoʻydi. Otabek javob oʻrnida Kumushning yuzidan oʻpdi... Kumush oʻzini qutqazib oʻrnidan turdi.
— Yaxshi qoling endi.


Otabek tushunolmay unga qaradi:
— Nima boʻldi sizga, qayoqqa borasiz?
— Margʻilongʻa...
— Bu kun kech boʻlib qoldi, ertaga ketarsiz.


Kumush kulib Otabekning yuziga urdi:
— Bizning ovloqda koʻrishkanimizni, — dedi, — oyim va Hasanali otamdan boshqa hech kim bilmaydir, ayniqsa Zaynabingiz bilsa yaxshi emas.
— Bilsa nima qiladir?
— Hech narsa qilmaydir... Yaxshi emas-da,— dedi,— bir ozdan keyin chiqib oyim bilan soʻrashing, kirmaganingiz uchun qayin onalaringiz soʻyinishib oʻlayotiptilar.


Kumush yana bir kulib qaragʻandan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom oʻzini bosib olgan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomongʻa oshiqibqina edi. Oʻzi yolgʻiz qolgʻandan soʻng nimaga boʻlsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq oʻzida muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradirgan masʼud kunlarini tasavvurdan ojiz va Zaynab toʻgʻrisida oʻylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas edi. Oradan Kumushning uyga kirib olishi fursat oʻtkandan keyin, uydan chiqdi va parvosizcha mehmonlar oʻlturgan uyga bordi. Uning kelishini oʻz uyidan koʻrgan Zaynab yugirgancha Otabek orqasidan mehmonlar oldigʻa kirdi.


Uydagilar Otabek-ni koʻrish ila oʻrinlaridan turganlar, faqat Oʻzbek oyim «hap» etkancha oʻlturar edi. Otabek Oftob oyim bilan koʻrishdi... Oftob oyim uni quchoqlab yuzidan oʻpdi va koʻziga yosh oldi... Soʻngra kichkina qayin onasi bilan, Zaynabning opasi va boshqalar bilan soʻrashib chiqdi va kulimsiragan holda Kumushka «esonmisiz...» deb qoʻydi. Kumush ham «shukur» deb kulindi. Soʻrashish tamom boʻlgʻandan keyin oʻlturishdilar. Otabek onasining yonigʻa, Zaynab uning yonigʻa oʻlturdilar. Kumush Zaynabning bu qiligʻigʻa gʻijinib bir-ikki qayta er ostidan unga koʻz yubordi.


Fotiha oʻqulib kuyav qayin onagʻa uzr aytdi:
— Avvalo sizlar kelguncha qaytarman, deb ertalab bir gunoh qildim. Undan keyin mehmonxonadan qoʻzgʻalolmay ikkinchi uyatka qoldim...


Oftob oyim:
— Bolamiznikini aybi yoʻq.


Oʻzbek oyim:
— Qimiz kirguzib qayin onangning ogʻzini hoʻl-lamagʻaningda nax balogʻa qolib eding, bolam.


Kulishdilar. Karima otin:
— Kumushoy boʻlsa, sen erimni yashirgʻansan, deb Zaynabning engka-tengkasini chiqardi.


Yana kulgu bir-biriga elashdi. Zaynabning boyagʻi ishiga Kumushning gʻashi kelganini aytilmasa, hozir ul ham juda ochilgʻan, kular va er ostidan Otabekka koʻz qirini tashlar, Zaynab boʻlsa Kumushni taʼqib etar edi. Majliska bir oz jimjitlik kirgandan soʻng Otabek ham oʻz tomonidan bir kulgu toʻqumoqchi boʻlib, Zaynab bilan Kumushka qarab oldi:
— Men bir ishka hayronman, — dedi.
— Nimaga? — deb soʻradi Mohira oyim.
— Nega Zaynab semizu Kumush ozgʻin?! Oʻzbek oyim javoblandi:
— Buning hikmatini mendan soʻra, bolam, — dedi,— Kumushing oʻzingga oʻxshash serfikr koʻrinadir, Zaynab boʻlsa menga oʻxshash quvnoq.


Otabekni oʻziga oʻxshatqani uchun Kumush qayin onasidan rozi boʻldi. Ammo Zaynab oʻzini Otabekdan chetka qoqqani uchun Oʻzbek oyimga gʻijindi.


Oʻzbek oyimning bu fikriga Karima otin qarshi tushdi:
— Yanglishdingiz, oyi, — dedi, — bundagi farqni Yusuf-Zulayho qissalarini oʻqugʻan kishi biladir... Uch oy degan fursat ozgʻina vaqt emas, Kumush xonimning ozgʻani sogʻinishniki! Karima otin qosh qoʻyaman, deb koʻz chiqarayozdi. Yaʼni Otabek bilan Kumushni Yusuf-Zulayxoga oʻxsha-tib, Zaynab va qarindoshlarini oʻt ichiga tashlagʻan edi.
— Oʻzbek oyimniki toʻgʻri, — dedi Mohira oyim, — Zaynab quvnoq, Kumushnisa manim koʻzimga ham serfikrga oʻxshab koʻrinadirlar...
— Toʻgʻri-toʻgʻri, — dedi Xushroʻy.


Kumush bilan Oftob oyim oradan kechkan sirga tushunib jim oʻlturar edilar. Kumush er ostidan Otabekka rizosizcha koʻz tashladi.
— Toʻxtanglar-chi, — dedi Otabek, hamma unga qaradilar, — hech qaysilaringiz ham topolmadingiz.
— Topolmagʻan boʻlsaq oʻzingiz ayting! — dedi Sharofat chevar.
— Oʻzlaringiz topolmagʻandan keyin men aytib nima qilay?
— Men topdim, xax shayton! — dedi Karima otin, — qizil gulning ham oʻz oldigʻa, oq gulning ham oʻz oldigʻa isi bor, demakchi! Hamma birdan kulishib:
— Xudda-xudda! — deyishdilar.


Otabek kulib oʻrnidan turdi va «topolmadingiz, topolmadingiz» degancha uydan chiqdi.


Kumush bilan Oftob oyimning koʻnggillari birdek boʻlsa ham bu kashfdan keyin Zaynab bilan Mohira oyim ancha engillashdilar. Bu qiy-chuv orqasidan mehmonlarga quyuq-suyuq berildi.

Kumushning Soʻz Oʻyuni

Shomga yaqin mehmonlar tarqalishdilar. Mehmon-xonada hoji, qutidor, Hasanali va Otabek qolgʻan edilar.


Ichkarida Oʻzbek oyim mehmonlarni kuzatib boʻlib, Kumush bilan onasidan hoʻppak olar edi.
— Men sizlardan juda xafa boʻlgʻan edim. Sizlarni churuk lattaga tugib, tokchagʻa tashlash darajasiga etgan edim. Nahotki uch yil boʻlsayu — bir yoʻli oʻz bilgularingizcha kelmasalaringiz. Oʻgʻlim bechora oy oʻtmasdan boʻzchining mokisidek qatnab tursa... Axir manim ham oʻzimga yarasha obroʻm bor. Toshkandda kimsan, Yusufbek hoji deganing koʻchiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon boʻldilar... Qushbegining uy ichlari boʻlsa, bir ishni manim kengashimsiz qilmaydirlar... Shuncha obroʻ koʻrgan bir kishi kelib-kelib nahotki oʻz qudasidan va kelinidan munchalik obroʻsizlik koʻrsa... Shahardagi kattadan kichik ertayu kech quloq-miyamni eydirki, hoy, margʻilonliq keliningiz keldilarmi, nega shundogʻ keliningiz boʻlaturib Margʻilongʻa tashlab qoʻyibsiz? Men boʻlsam hech soʻz topolmagʻanimdan aytaman: — Kelinimning onasi kasal emish... Ikkinchi vaqtda: — Kelinim bechora munglugʻ... deyman. Endi koʻrsam miltiqning oʻqidek, pushti gulning toʻqidek kelinim bor ekan... Men bu adabsizga tagʻin oʻzim oʻlturgan uyimni boʻshatib beribman-a, — der edi.


Oʻzbek oyimning dali-gʻuliligʻidan Oftob oyim va Kumush unga juda oʻzlashib olgʻanlar, uning soʻziga goh kulib, goh uzr aytar edilar. Hozir uyda Otabek boʻlmagʻani uchunmi, nimadan boʻlsa ham har nuchuk Zaynab oʻz uyida kuymalanishib yotar va mehmonlarni Oʻzbek oyimning tanho oʻziga tashlagʻan edi.


Tokchalarga shamʼlar yoqilib, vaqt xuftanga yaqinlashib qolgʻandan soʻng uyga Otabek kirdi.


Ul kirgandan keyin Oftob oyim bilan Oʻzbek oyim ular oldida oʻltirishni eb bilmadilar-da, sirlashish uchun boshqa uyga chiqib ketdilar. Ularning chiqib ketishini kutib turgʻandek, qoʻligʻa bir choydish choy koʻtargani holda Zaynab kirdi va Otabekdan choy ichib, ichmasini soʻradi.


Otabek ichmayman, deb javob bergan edi, Kumush oragʻa tushdi.
— Men ichaman, oʻzingiz ham oʻlturing.


Zaynab uncha qistatmadi, oʻlturib Kumushka choy quyib bera boshladi. Kumush uni soʻzga solib soʻradi:
— Manim balo-qazodek etib kelishim uchun xafa boʻlgandirsiz?


Zaynab Otabekka qarab oldi:
— Nega xafa boʻlay, — dedi, — siz kelmaganingizda ham oʻzlari borar edilar...
— Bormas edilar! — dedi Kumush, — men bilan urishib kelgan edilar...


Otabek Kumushka er ostidan kulib qaradi, Kumush ham kulib javob berdi.
— Shu kishi birav bilan urishadirlarmi? — dedi Zaynab, — ikki yildan beri menga bir ogʻiz qattigʻ soʻz aytkanlarini bilmayman...
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Kumush, — bu kishi emas, men urishkan edim... Bu kishida sira gunoh yoʻq va arazimizga bir toʻngʻuz sababchi boʻlgʻan edi.
— Kim balo ekan ul? — dedi Zaynab.
— Bizning shaharning eng yaramasi, — dedi Kumush va Otabekdan soʻradi, — siz eshitdingizmi, yaqinda oʻshani bir bek oʻldiribdir?


Otabek kulimsiradi:
— Eshitdim...
— Oʻsha bekning haqiga eshitkan kunimdan beri duo qilib kelaman...


Zaynab soʻradi:
— Sizlarda qanday dushmanligʻi bor ekan?


Otabek «endi nima deysan» degandek qilib Kumushka qaradi. Kumush boʻlsa parvosiz javob berdi:
— Oʻsha toʻngʻiz uylanmakchi boʻlib manim bir oʻrtogʻimgʻa sovchi qoʻyib yurar edi... Men ersa oʻrtogʻimni unga tegishdan aynatkan edim. Aynatishim haligʻi toʻngʻuzning qulogʻigʻa etib meni bu kishiga chaqibdir. Bu kishi boʻlsa, nega biravni oʻrtasigʻa tushasan, deb mendan xafa boʻldilar...


«Bu kishi» Kumushning yolgʻon uyushdirishidan kuldi, Zaynab ersa erini oqlab tushdi:
— Ayb sizda ekan, — dedi, — siz ham nega birav-ning oʻrtasigʻa tushasiz?
— Ayb mendalikka menda, — dedi Kumush va Otabekka qaradi. — Nafsilamrga qaragʻanda ayb bizning oramizgʻa choʻp boʻlib tushkan xolamning qizi Zaynabda, shundogʻ emasmi? — deb soʻradi.


Otabek sachrab Kumushka yuz oʻgirdi:
— Bu oʻrtagʻa Zaynabni nimaga kelturib tiqasiz, endi?


Kumush kuldi va eski holini buzmadi:
— Siz hovliqmang, bek, — dedi, — tunovi kun xolamnikiga borgʻan edim, xolam qizi Zaynabdan shikoyat qilib hamma gapni Homid choʻchqaning qulogʻigʻa etkizguchi oʻz qizi Zaynab gumbaz boʻlgʻanini birma-bir aytib berdi, bildingizmi?


Otabek zoʻrgʻa-zoʻrgʻa xaxolashdan oʻzini tutib qol-di:
— Nima boʻlgʻanda ham ayb sizda, nega boshda oʻzingiz bu ishka aralashdingiz, axir? — dedi.


Zaynab:
— Oʻzingizning aralashishingiz chakki-da, — deb qoʻydi.


Kumush jiddiy tus oldi:
— Siz aytkandek Zaynab gumbazda ham ayb yoʻq, menga qolsa hamma gunoh bek otam bilan xon oyimda,— dedi. — Orzu-havaslik joyni qidirmasdan qizlarini bir kishiga berib qoʻya qolsalar — albatta bu savdolar yoʻq edi... Nahotki ikki yildan beri necha bechorani zir qatnatib ovora qilsalar, Toshkand qishlogʻi bilan Margʻilonning orasi ozgʻina yoʻlmi, axir?


Otabek xaxolab yubordi:
— Hamon aybni oʻz boʻyningizga olmaysiz, astagʻ-firulloh...


Zaynab Kumushdan:
— Bek otangiz bilan xon oyingiz kim?
— Haligi men aytkan oʻrtogʻimning ota-onalari... Orzu-havas qidirib bechora qizlarini qaritib qoʻydilar.
— Nega siz tayyor kuyavdan oʻrtogʻingizni aynatdingiz?
— Davlati boʻlsa ham oʻzi teri namoyish edi... Kishi davlat uchun erga tekkandan erga teksin...
— Albatta, — dedi Zaynab.


Otabek Kumushning soʻz oʻyuniga ajablanar va xoy shayton, degandek unga qarar edi.


Kumush yana tinchiy olmadi:
— Bizning urishib qolishimiz uchun Karim sandiqchining ham daxli bor, — dedi.


Otabek joʻrttaga soʻradi:
— Qanday daxli boʻlsin. Sizga qolsa, butun shahar daxldor ekan-da?
— Shoshmang jonim, — dedi Kumush, — nega oʻylamay-netmay eshigiga bosh urib kelgan bir yigitni quvlab soladir?
— Astagʻfirulloh... uning quvlanishigʻa ham Homid sabab boʻlgʻan. Homidning yomonligʻigʻa ersa siz sabab boʻlgʻansiz...


Zaynab nimadir soʻramoqchi boʻlgʻan edi, Kumush unga yoʻl bermadi.
— U ham emas, bu ham emas, — dedi, — hammasi xudoning taqdiri.


Otabek:
— Ana endi toʻgʻri aytdingiz.


Kumush:
— Ikki oʻrtada dum qidirib quloqdan ham ajralgʻan puchuq oyimning holi ham xudoning taqdiri! Otabek kuldi. Zaynab keyingi soʻzlarga tushuna olmagʻan, shunga koʻra Kumushdan izohlar olmoqchi edi. Kumush unga izohlar uyushdirishni xohlamagʻanliqdan soʻzni chetka chalgʻitib yubordi:
— Necha yoshqa kirdingiz, Zaynab opa?
— Oʻn toʻqquzgʻa shekillik.
— Hali siz bola ekansiz, — dedi Kumush.
— Siz nechaga kirdingiz?
— Meni soʻramang, men endi qarib qoldim...


Zaynab unga hasadlanib qaradi va kuchlanib aytdi:
— Hali yoshqa oʻxshaysiz-ku.
— Necha yoshqa kirgan deb oʻylaysiz?


Zaynab Kumushning toʻlib etmagan gavdasiga va oʻn olti yoshlar chamaliq gʻubor tegmagan husniga hayron boʻlib, mulohazasini aytishdan qoʻrqdi. Zaynabka qolsa ehtimolki Kumush oʻzidan ham yosh chiqar edi.
— Men qayoqdan bilay...
— Yigirmaga kirdim.
— Mendan bir yosh katta ekansiz.
— Sizdan albatta kattaman, — dedi Kumush.


Kumushning «albatta kattaman» degan soʻzini Otabek ichidan tasdiqladi, uning husndagina emas, aqlda va boshqada Zaynabdan necha barobar yuqorida ekanini oʻyladi. Oragʻa bir necha daqiqaliq soʻzsizlik kirdi. Otabek er ostidan Kumushka nigoh tashlar, Zaynab gilamning popugini chirmab nimaningdir xayolini surar, Kumush boʻlsa hech kimga ham qaramay mudragʻan sumol oʻlturar edi. Kumushni bu holda koʻrib Otabekning yuragi achidi...
— Yoʻlda charchagʻan koʻrinasiz, Kumush.


Zaynab gilamdan koʻzini oldi, Kumush mudrashdan choʻchidi...
— Qaydam...
— Biz ketaylik, siz tinchib uxlang, — dedi Otabek.
— Mayli... Xuftanni ham oʻquy olmaydirgʻan oʻxshayman.
— Zarari yoʻq, — dedi, — yolgʻiz qoʻrqmaysizmi... Yoningizda Zaynab yotsinmi?
— Zaynabnisa siz bilan yotsin... Men yolgʻizliqgʻa oʻrganganman...
— Onangizni chaqirib beraylik boʻlmasa.
— Rahmat.
— Yolgʻiz yotib qolgangizni ayniqsa oyim eshitsa...
— Siz bilan Zaynabnisa yolgʻiz yotib qolgʻanimni aytmasangiz, hech kim bilmaydir... Oʻrin oʻshami?


Zaynab nimagadir juda ham quvonib ketdi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Kumushni oʻrin yozishgʻa qoʻymay oʻzi par toʻshakni olib erga soldi. Kumush mudragʻan koʻyi Zaynabka tashakkur aytib toʻrdagi burchakka oʻlturib oldi. Otabek berigi burchakdan turib uni qoʻli bilan yanar va kulimsirab xoʻmrayar edi. Kumush mudragʻan koʻyi, suzilgan koʻyi iljayib javob berar edi...


Oʻrnini solib bitirgandan keyin, Zaynab qanoatlanib uydan chiqmoqchi boʻlgʻan edi, uni Kumush toʻxtatdi:
— Zaynabnisa, — dedi, Zaynab qaradi, — bu kishini tashqarigʻa chiqib yotishgʻa qoʻymang, tuzikmi?
— Nimaga?
— Nimagaki, dadamning koʻngliga gap keladir.
— Xoʻb, — dedi Zaynab va eshitdingmi degandek qilib eriga qarab olgʻandan keyin uydan chiqdi. Uning keticha Kumush Otabekka qattigʻ qilib aytdi:
— Qani, siz ham uyingizga!..


Zaynab juda ishongʻan holda oʻz uyiga borib etdi.
— Chindan aytib yotibman, eshitasizmi?


Otabek oʻzini gʻaflatka solib Kumushning yonigʻa bordi:
— Siz...
— Men?
— Siz quvsiz...
— Men quv emasman, — dedi kulib Kumush, — men hali urushigʻliq holdaman, yarashqanim yoʻq.
— Boya nimalarni soʻzladingiz, sir ochiladimi, deb jonim boʻgʻzimgʻa keldi.
— Nega sir ochilsin? — dedi, — men siz bilan oʻtkan ishlar haqida soʻzlashmoqchi boʻlib turar edim — Oʻzi joʻrttaga kirib keldi. Men ham soʻzimni toʻxtatmay joʻrttaga boshqa yoʻlda aytib chiqdim. Nima, bir narsa payqadimi?
— Payqamadi-ku... Shundogʻ boʻlsa ham men juda qoʻrqdim.
— Hali shu yuragingiz bilan uch kishini oʻldirdingizmi, men ishonmayman, — dedi Kumush va Otabekning xanjar tekkan qoʻlining chizigʻigʻa koʻzi tushdi. — Pichoq yomon kesipti... Chumchuq soʻydingizmi? Qani chiqing, men yotaman.
— Yota beringiz.
— Sizning oldingizda eshinaymi?
— Uyalsangiz men yuzimni oʻgirib turay, — dedi va yuzini chetka burdi.
— Qaramang boʻlmasa, — dedi Kumush eshinar ekan, — «boʻlgʻani yoʻq, boʻlgʻani yoʻq» degan soʻzni besh-olti qayta takrorladi va oʻringa kirib olgʻandan keyin ham «boʻlgʻani yoʻq, boʻlgʻani yoʻq» deb kular edi.


Otabek nihoyatsiz «boʻlgʻani yoʻq» dan zerikib qaradi:
— Aldamchi.
— Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq.
— Aniq qoʻrqmaysizmi yolgʻiz?
— Nega qoʻrqay, ikki yil yolgʻiz yotib, endi juda oʻrgandim... Ehtimol siz yolgʻizliqdan qoʻrqarsiz.
— Kinoyangiz...
— Bu kinoya emas, toʻgʻri soʻzim, — dedi Kumush,— men bu holda yolgʻiz ham emasman...
— Bu nima degan soʻzingiz tagʻin?
— Yaʼni hamrohim bor, deganim — mendan qoʻrqmang, deganim...


Otabek yana tushunmadi...
— Hamrohingiz...
— Hamrohimmi? — dedi Kumush, — hamrohim biravning xayoli, biravning fikri. Bas, bundan ham yaxshi rafiq bormi? Baʼzi vaqtlarda bu yoʻldosh uyqudan ham shirin.


Otabek «hamroh»ga tushundi va yotib Kumushning yuzidan oʻpdi:
— Lekin men bu soʻzingizga ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz?
— Negaki, siz anovi... kechasi hamrohsiz edingiz... Pish-pish uxlar edingiz...


Kumush Otabekning elkasiga qoʻlini tashladi:
— Oʻshal vaqtlarda hamrohsiz uxlagʻanim toʻgʻri, — dedi, — chunki biravlardan butunlay umidim kesilgan, hamrohim menga hamisha umidsizlikgina berar, dah-shatimnigina ortdirar edi. Ammo oʻsha kunlarda uyqu menga juda shirin bir narsa boʻlib qolgʻan, men uyqudagʻina biravlarni koʻrar va kunduzlari ham uyqu qidirar edim. Endi boʻlsa yana yoʻldoshim xayol...


Tagʻin nima deysiz?
— Hech narsa demayman... Lekin siz ikki yil burungʻi Kumush emassiz.


Kumush koʻrpaga burkanib oldi:
— Chiqing... uyqum keldi.


Otabek zoʻrgʻagina oʻrnidan turdi... Ul uzogʻlash-qandan keyin Kumush sekingina yuzidan koʻrpani oldi va mudroq koʻzlari bilan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek havlidagʻi oyogʻ tovshini eshitib, tokchadagʻi shamʼlardan uchtasini oʻchirgʻan edi, darichadan Zaynab koʻrindi:


«Hali ham shu erda ekansiz, men sizni tashqarigʻa chiqgʻansiz, deb oʻylabman...» dedi. Otabek javob bermay qolgʻan shamʼlarni oʻchirdi. Zaynabning «hali ham shu erda...» soʻzi bilan Kumushning koʻzi uyqudan ochilib ketkan edi... Otabek eshikni yopib chiqdi.

Kundash — Kundashdir

Kumush qayin otasi bilan qayin onasiga uch-toʻrt kunning ichidayoq oʻzini koʻrsatib qoʻydi, shirin va aqllik muomalalari bilan ularni oʻziga maftun qildi. Yusufbek hoji «bu odam farzandi emas — farishta» der, orada Zaynab boʻlmasa «farishta», deb atamoqqa ham hozir edi. Oʻzbek oyim boʻlsa eski kina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga joʻnatdi. Tevarakdan margʻilonliq, kelinni koʻrish uchun kelguchi xotinlargʻa muomalani yana ham yuqoriroqdan turib qila boshladi. Har bir «keliningiz ajabmi?» deb Kumushka suqlangʻuchi xotinlargʻa, «Manim chin kelinim Margʻilonda edi-da!» der edi. Goho Oʻzbek oyimning oʻzi ham Kumushning husniga va muomalasiga ajablana boshlar, hojini ovlogʻroqda uchratib qolsa, «alhazar, oʻgʻlingizdan — uylangan xotinini qarang», deb qoʻyar, hoji boʻlsa, «oʻzing bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir...» deb iljayganda, Oʻzbek oyim «rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tagʻin bir alohida xosiyati borgʻa oʻxshaydir!» deb kular edi. Kumush oʻzini koʻrgan kelguchi xotinlardan koʻproq olqish olsa (albatta oshkora emas), xotinlarning joʻnashi bilanoq darrov Oʻzbek oyim Oybodoqdan isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin koʻngli qolmasin, deb Zaynabka soldirar, agar Otabek koʻrinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi.


Egasini siylagʻan itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar ham juda yaxshi izzat koʻrar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni boʻlsa Oʻzbek oyim oʻtqizgʻali joy topmas, quda soʻzi oʻrniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning raʼyini soʻramasdan buyurmas edi.


Kelganlarining oʻn beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib oʻtkardilar. Yaʼni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi, qoʻrboshi to oʻrda oyimlarigʻacha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan darajada izzat, hurmat koʻrdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga mehmon boʻlmasdan ketmaysiz, egachi degan takliflar ham hisobsiz edi. Oʻzbek oyimning lozim topishicha, bu takliflardan faqat oʻn chogʻlugʻi ijobat etiladirgan boʻlib va birinchi martaba Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, yaʼni oʻrdaga borilmoqchi edi.


Oʻn oltinchi kun mehmon oyogʻi tovsillanib, Oʻzbek oyim Sorabek oyimga oʻzlarining borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qoʻshmoqqa buyurdi. Oʻrda oyimlarining turmushlarini koʻrmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borgʻusi keldi va ertalab choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb soʻragʻanida, Oʻzbek oyim:


«Zaynab bir martaba borish boʻlsa borgʻan», deb javob berdi.
— Men-chi?
— Sen ham bormaysan.


Kumushning maʼyuslanib qilgʻan sukutidan keyin, Oʻzbek oyim mundogʻ izoh berib chiqdi:
— Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini boʻlasan, bolam! Chorlamagʻan joyga borish uchun se-ning kafshing koʻchada qolgʻan emas, — dedi.


Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek oxundning Koʻkaldosh hujrasiga mehmon boʻlib ketganlar. Faqat bu kun uyda qoladirgʻanlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar.


Oʻzbek oyim yoʻlakkacha kuzatib chiqgʻan Kumush bilan Zaynabka qarab arava yonidan kuldi:
— Ikki kundash uyni xoli topib tagʻin yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan xabarsiz qolma! Oftob oyim aravaga minar ekan:
— Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi.
— Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali.
— Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib Kumush va darbozaning halqasi bilan oʻynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan soʻradi. Zaynab javob bermadi.


Oʻzbek oyim Oybodoqqa baʼzi taʼlimotlarni bergandan keyin kelinlariga:
— Tushda issigʻsiz qolmanglar! — dedi. Arava qoʻzgʻaldi.


Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga qaytib kirdilar. Kundashining soʻzsiz, nesiz oʻz uyiga kirib ketkani uchun oʻylanib, bir oz havli yuzida toʻxtadi, soʻngra bu ham oʻz uyiga burildi.


Kundan-kunga Zaynabning susayib, oʻziga begonalashib borgʻanini ul yaxshi onglar edi. Bu kun boʻlsa oʻynab aytkan soʻzi javobsiz ham qoldirilib, bu hol yana uning miyasini qotirdi.


Koʻnglida bir xiralik bilan borib daricha yonigʻa oʻltirdi. Zaynabning hasadini qoʻz-gʻatmas uchun Otabek bilan muomalada qilgʻan ehtiyotlari zarracha foyda bermaganiga hayron, endi qaysi yoʻsunda mirosani sozlash yoʻllarini oʻylar edi. Oʻn besh kun ichidayoq buncha keskinlashkan Zaynabning ichki adovatining bir oyda qaysi darajalarga borib etishini oʻylar va mirosa bu holda ketgan taqdirda bu uyda uzoq qola olmasini fahmlar edi. Lekin bu uydan chiqib ketishni, bir-ikki oylab Otabekni Zaynab qoʻligʻa topshirib qoʻyishni yana muvofiq koʻrmas, yaʼni Kumushda ham bir qizgʻanchiqlik hissi uygʻongʻan... Fikri shu erga etkanda qaysi kunidir Otabekning Zaynabka boshqa-charoq qilib kulib qaragʻani va Zaynabning shu vaqtdagʻi oydek jozibalik toʻla yuzi koʻringandek boʻldi... Bu koʻrinishdan soʻng ul sakrab oʻrnidan turdi-da, tokchadagʻi oynani oldi va oʻziga qaradi...


Maʼlumki, kishi oynaga boqqanda nechogʻliq aybsiz boʻlsa ham oʻzini bir kamchiligi orqaliq koʻradir. Shunga oʻxshash bir qarashda Kumush ham oʻz-oʻzidan rozi qolmadi. Shahlo koʻzlar, oʻsiq jinggila kipraklar, qunduz qosh va qora xollar va boshqa latofatlar oʻziga pisand boʻlmadilar... Oʻzini Zaynabka qaragʻanda siqiq, yosh, bolasifat koʻrdi... Oynani tokchagʻa qoʻyib Zaynabka chinlab hasadlangan holda kelib boyagʻi oʻrniga oʻlturdi. Anchagina oʻylab oʻlturgʻandan keyin koʻngliga «u meni suysa boʻldi-da», degan gap keldi... Oʻzining bu hukmiga rozi boʻlmadi, goʻyo oʻzining suyilishi bir necha oyliqqagʻina oʻxshar, Zaynabning toʻlgʻan oydek yuzi bu suyilishka shu besh-oʻn kunning ichidayoq xotima beraturgʻandek koʻrinar edi. Shu koʻrinish orasida Zaynabni yana oʻz koʻzidan yaxshilab oʻtkarmakka va uning husn kuchini sinamoqqa qaror berib oʻrnidan turdi...


Kumush kirganda Zaynab daricha yonida toʻppi tikib oʻlturar edi.
— Oyim aytkandek, — dedi kulib Kumush, — siz bilan yulishqali keldim.


Zaynab toʻppisini qoʻyib oʻrnidan turdi:
— Men ham oldingizgʻa chiqaymi, deb turgʻan edim...


Kumush istehzo bilan kuldi:
— Toʻppi tikib oʻlturibsiz-ku, manim oldimgʻa chiqarmidingiz, barakalla sizga, — dedi.


Zaynab bir sabab koʻrsatalmay oʻnggʻaysiz holda qoldi. Darhaqiqat, uning bu ishi ochiqdan-ochiq bolalarcha ketgan edi. Kumush uni oʻnggʻaysiz holdan chiqarish uchun tikilgan toʻppini erdan olib koʻrgan boʻldi.
— Chokni yaxshi tikar ekansiz, kimga?
— Biravga atagʻanim yoʻq, axir bittasi kiyar... Oʻltu-ring.


Ikki kundash qarshima-qarshi oʻltirishdilar. Kumush unga tikilib-tikilib qarar edi...


Zaynab boyagʻi oʻng-gʻaysizliqdan hali chiqib etmagan, qizarinqirab erga boqqan edi. Bir-ikki daqiqani soʻzsiz kechirdilar.
— Chiqmagʻanimni ham koʻnglingizga olibsiz-da, — dedi nihoyat Zaynab.
— Nega koʻnglimga olay, men yosh bolamanmi, — dedi,— kelganimga oʻn besh kun boʻlmasdan oʻzingizni chetka tortib boshladingiz... Men siz bilan egachi-singil boʻlarmiz, deb oʻylagʻan edim...
— Hali nima boʻlibmiz... Arzimagan gapni ham koʻnglingizga olabersangiz...
— Bu arzimagan gapmi? — dedi Kumush, — uyda hech kim yoʻqligʻini bilaturib oʻzingizni chetka tortasiz... Bu esa yuzingni koʻrishga toqatim yoʻq deganingiz boʻladir.
— Qoʻying-chi... Oʻzingiz har bir narsani ham koʻng-lingizga olaberar ekansiz... men unaqa emasman...


Boshlanishda anchayin hazilga oʻxshab koʻringan bu kinaxonliq kutilmagan joyda bir tus olib ketdi. Kumush oʻn besh kunlardan beri yigʻilib kelgan achchigʻini bir varakay toʻkib soldi:
— Men koʻnglimga olsam arziydirganini bilib olaman, — dedi.
— Oldingizgʻa chiqmagʻanim yuzingizni koʻrmaslik uchun boʻlgʻanini siz qayoqdan bildingiz, manim ichimga kirib chiqmagʻandirsiz-ku, axir?


Zaynab ham ancha qizishib oldi. Kumush undan ham oshib tushdi:
— Bilish uchun ichingizga kirib chiqishim shart emas... Baʼzi ishlaringiz ichingizdagini menga ochiq soʻzlaydir.
— Qaysi ishlarim?
— Soʻramang...
— Bilmagan boʻlsam bildirib qoʻying, axir.
— Aytsam yana achchigʻingiz qistaydir...
— Toʻgʻri gap boʻlsa achchigʻim sira qistamaydir...


Yaqinroqda yumish qilib yurgan Oybodoq eshitmasin uchun sekinroq tovushda:
— Qistamasa aytay, — dedi Kumush, — eringiz manim oldimgʻa kirsa, nega ishingiz boʻlsa- boʻlmasa kirib oʻltirib olasiz-da, yolgʻiz qolgʻanimda kirmaysiz?
— Shundogʻ deyarsiz, deb turgʻan edim oʻzim ham— dedi Zaynab,— kirishimni ham koʻnglingizga olgʻan boʻlsangiz, endi mundan soʻng kirmaganim boʻlsin.
— Qani, toʻgʻri gapka achchigʻingizning qis-ta-magʻani?
— Axir, eringiz bilan yolgʻiz oʻltirgʻaningizda mundan soʻng kirmayin deyapman-ku.
— Egrilikka olmang, Zaynab, — dedi Kumush, — men bu gapni yonimda erim boʻlgʻanda kirma, deb aytmadim, balki boyagʻi soʻzimning isboti uchun aytdim...


Bu oʻrinda ikkisi ham jim boʻldilar. Oybodoq darichaga kelgan edi:
— Tushlik osh vaqti boʻldimi, nima tomoq qilsamikin?


Kumush Zaynabka qaradi:
— Nima tomoq buyuramiz?
— Sizdan soʻrayapti...
— Zaynabnisa yaxshi koʻrgan tomoqni qilingiz, — dedi Kumush.
— Lagʻmon qilaymi? — deb Oybodoq Zaynabka qaradi.
— Tomoqqa ishtihom yoʻq, oʻzingiz bilganingizcha qilabering.


Oybodoq ketdi. Uning keti bilan Zaynab «tavba» deb qoʻydi.
— Tavba demang, Zaynab... Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham azbaroyi meni yolgʻiz tashlab qoʻygʻaningizdan aytdim... men sizning uyingizga butun umrga kelgan emasman...


Atigi uch-toʻrt kun qayin ota, qayin onalarimni koʻrib ketish uchungina kelganman. Shunchalikka bir-biravimizdan chetlashib, mingʻayishib yurishimiz kishiga ogʻir kelar ekan.


Kumushning «uch-toʻrt kuni...» bilan Zaynab yo-rishib ketgandek boʻldi:
— Voy oʻlay, Kumush opa, — dedi Zaynab boʻshashqan ohangda, — chindan ham koʻnglingizga olibsiz deyman. Koʻnglimda tariqdek yomonligʻim boʻlsa, ertagacha etmayin.


«Ketish» soʻzini eshitib ond ichib boshlagʻan Zay-nabka Kumush ichdan kulib qoʻydi va «endi oʻlsam ham ketmay, sen qarab tur!» deb yandi.


Shundan keyin oradan gap-soʻz toʻxtagʻandek boʻldi. Kumush tizzasini quchoqlab nimanidir xayolida, Zaynab boʻlsa qatimini uzun tortib toʻppisini tikar edi. Anchagina shu holatda qatim tortqandan soʻng Zaynab sekingina qarshisidagʻi gʻayri rasmiy yovgʻa yovlarcha qaradi. Uzoqqina qarab turgʻandan keyin oʻziga ham sezdirmaslik qilib entikdi, yana uch-toʻrt qatim tortti...
— Siz munchalik qoʻrqmasangiz ham boʻlar edi...


Kumush bir oz javobsiz qoldi va surilib devorga suyaldi:
— Nimadan ham qoʻrqmasam boʻlar edi?
— Axir... jek koʻrmasangiz ham... deyman-da...
— Men kimni jek koʻribman?
— Bilarsiz axir, kimni...
— Uyat, Zaynab!
— Sizniki ham uyat! Yana ikki kundash hujumga hozirlanishqan xoʻroz-lardek bir-birlarining ustlariga hurpayishdilar.
— Nimam uyat? — deb soʻradi Kumush.
— Men erim bilan oʻlturganda ustimga kirma, de-yishingiz albatta uyat.
— Avvalo men bu soʻzni sizning haligi qiligʻingizgʻa qarshi aytdim. Agar siz buni chinga hisoblagʻan boʻlsangiz, men ham sizdan chinda soʻrayin: siz eringiz bilan oʻlturganda men ustingizga kirdimmi?


Zaynab bu savolning javobiga qolgʻanda bir oz tutiliqdi. Chunki, Otabek Zaynab yonida boʻlgʻanda Kumushning kirganini xotirlay olmadi.
— Siz kirsangiz albatta koʻkragingizdan itarmas edim, — dedi Zaynab. — Oʻzingiz jek koʻrganingiz uchun meni ham oʻzingizdek fahmlab kirmaysiz.
— Kishini boʻgʻasiz, Zaynab! Gapka temirchilik yaxshi emas!
— Gapka temirchilikdan xudoy saqlasin, ota-bobom temirchi oʻtkan emas.
— Kim sizga — otang temirchi deyapti?
— Axir soʻzingizning sirasi shunga keladi-da...
— Tavba, — deb kuldi Kumush, — jek koʻrasan, deb bir aytasiz, oʻzingdek fahmlaysan, deb uzib ulaysiz, sen qoʻrqmasang ham boʻladi, deb tagʻin nina tiqasiz... Mana shuni gapka temirchi, deb aytadilar.
— Rost-da axir, siz qoʻrqmasangiz ham...
— Soʻzlay bering.
— Axir...


Zaynab oʻzining xatosini ongli va gapuralmay gʻoʻldiradi. Kumush esa buni sezib Zaynabning oʻz ogʻzidan iqror etdirish koʻyiga tushdi.
— Men tushundim, — dedi, — sen qoʻrqmasang ham boʻladi ering seni yaxshi koʻradi, demakchisiz.


Zaynab ishini toʻxtatib boʻzraygʻancha Kumushka qarab qoldi... Bu xatosini oʻnglash uchun esiga hech gap kelmas edi:
— Axir... menga oʻxshash sizni ham ishondirib qoʻygʻandirlar.
— Sizni nimaga ishondirgʻanlar?
— Axir... Men sensiz turolmayman, deb sizga ham aytkandirlar...
— Hech.
— Sizga aytmagan boʻlsalar... menga yuz qaytalab aytadirlar... U kishini sizga ham shunaqalar, deb oʻylabman...


Oʻzi aslo ishonmagʻan shuncha yolgʻon gaplarni boyagʻi dovdirash holatida ilhom ravishda toʻqib yubordi. Uning bu dovdir gaplari gʻalaba qozonmoqchi boʻlgʻan Kumushni dovdiratti, boyagʻi oyna yonida tugʻilgan shubhasi chinga chiqgʻandek boʻldi va muhokama xususiyatini yoʻqotdi. Zaynab toʻgʻri aytadi, deb oʻyladi, agar uni yaxshi koʻrmaganda Toshkandga kelishimni kutib oʻlturarmidi?..


Zaynab bu yolgʻonlash natijasidan qoʻrqib, oʻngu ters ishiga yopishdi. Kumush moddiy hayotidan ayrilgʻan jonivordek boʻshashdi. Oybodoq ona tarafidan ikki kundash oʻrtasigʻa qoʻyilgan tushlik bir necha vaqt sovib yotdi. Zaynabning qoʻrqa-pisa «oling, opa»sidan soʻng ikki taraf ham lagandan chimchigan boʻlishdilar-da, birin-sirin qoʻlni dasturxon chetiga artishdilar...


Shundan birar soat keyin Otabek qaytib Zaynab tomondan qarshi olindi. Ust toʻnini eshib Zaynabka bergandan soʻng, qaysi uyga kirish toʻgʻrisida havli yuzasida bir oz taradudlanib qoldi. Tevaragida gʻildirlab yurgan Zaynabning uyiga kiraberish uchun Kumushning mulohazasini qilar, Kumushning oldigʻa kirmak uchun Zaynabni oʻylar edi. Kumush uyda koʻrinmadi, shunga koʻra «uxlagʻandir», deb oʻylab Zaynab bilan kirdi. Zaynab oyogʻi olti, qoʻli etti boʻlgʻan holda erini toʻrt qavat koʻrpacha ustiga oʻtquzib, yoniga uchta par yostiqni uydi.


Erining mahsisini artishka koʻmaklashib, elpib qoʻymoq uchun izn soʻradi. Otabek uzr aytib bunchalik mehribonchiliq maʼnosidan choʻchib qoʻydi. Otda kelgan boʻlsa ham kunning issigʻligʻidan bir piyola choyga muhtoj edi. Choy soʻzi ogʻzidan chiqmasdanoq Zaynab oʻchoq boshigʻa yugurib ketdi. Uning keti bilan Kumushning uyiga qaradi. Eshik va darichalar ochiq boʻlsalar ham uyda birav koʻrinmadi.


Kumush kelgandan beri Otabek kun sayin oʻzini siqiqroq bir doiraga kirib borgʻanligʻini sezar edi. Adimini sanab bosish, bir choʻqib sakkiz yoqqa qarash kabi ehtiyotlarga taʼlimotsizoq oʻrganib qolgʻan, buning ustiga bir xil oʻnggʻaysizligʻi ham yoʻq emas edi... Uning oʻtkan kunlari, yaʼni Kumushka Margʻilonda qiladirgʻan muomala va aloqasi Zaynabka qorongʻi, shu qorongʻiliqdan foydalanib Zaynab bilan muomalasi oʻzi tilagancha. Ammo endi oʻsha holatni davom etdirish mumkin emas edi. Kumushka kulib qarasa, Zaynabka ham shundogʻ qilmoqqa, unga qandogʻ muomala qilsa, bunga ham shundogʻ qilishgʻa majbur edi. Biroq buning birinchisi yurakdan, ikkinchisi... Birinchisini tavsif qilib koʻrsatish nuchukkim, biz shu oʻringacha koʻb qogʻozlarni qoralab kelamiz, oʻqugʻuchini ham zeriktirmay orqamizdan ergashdirgandek boʻlamiz, chunki Otabek va Kumush ishqlarida samimiyat, yana toʻgʻrisi sheʼriyat bor edi. Ikkinchi masala ustiga oʻtib tahlil qilmoqchi boʻlsaq, Otabekda majburiyatdan boshqa hech gap topolmaymiz, topgan bilan oʻqugʻuchigʻa qiziqarliq bir narsa chiqmaydir.


Qahramonimizning hozirgi «majburiyati» sabablarini muhtaram oʻqugʻuchilar yaxshi his etsalar ham yana biz bir daraja oʻz tomonimizdan ularni sanab koʻrsatamiz:


Din adolatka buyuradir va ota-onaning hurmatlari koʻndalang, majburiyatning eng kuchligi ham nozigi — mundan bir necha hafta ilgari Zaynab avval martaba yurak dardini koʻz yoshlari ichida ochib berdi. Hammadan ham mana shu keyingisi Otabekni siqib tashlagʻan edi. Bu dard ayniqsa Otabekka uch yildan beri sinashta, ul bu dardning achchigʻ-chuchugini uch yil boʻyi totib kelar va shuning uchun ham boyagʻi ogʻirliqni oʻz ustiga olmoqqa majbur edi...


Zaynab unga ikki piyola choyni ichirgandan soʻng soʻradi:
— Sizni kech qaytarsiz, deb osh qoldirmagʻan edik, sovugʻroq boʻlsa ham ozroq olib qoʻygʻan edim... esangiz?


Otabek ochiqib kelgan edi, «mayli, bering», dedi. Boyagi gap bilan eyilmagan lagʻmon Otabekning oldigʻa keldi. Ustidagi qiymasi bilan laganning buzilma-gʻanini koʻrib Otabek soʻradi:
— Oʻzlaring emadinglarmi?
— Yedik. Kumush opa ham shu erda edilar... Lagʻmonni uncha xushlamas ekanlar, shekillik, yaxshi emadilar... U kishi emaganlaridan keyin men ham eb oʻlturgʻali iymandim...
— Yemagan boʻlsangiz, siz ham olishing, — dedi bek.


Zaynab eridan iymanmay birgalashdi.


Xoʻrak orasi Otabek Zaynabdan soʻrab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Koʻzi uyqugʻa borgʻach, faqat shuni kutib oʻlturgan Zaynab qoʻlida elpugʻichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab ketkandan soʻng elpiy boshladi... Yelpir ekan, Zaynabning koʻzi Kumushning uyida edi...


Zaynab oʻzining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan oʻtkuzib olmoqchi va boyagʻi daʼvosini bir daraja amalda ham koʻrsatmakchi edi.


Zaynab shu holda uzoq fursat erini elpidi va natijada maʼlum koʻrukni odatdan tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan oʻtkazdi: nima yumish bilandir uydan chiqgʻan Kumush Otabekning yostigʻi yonida qoʻligʻa elpugʻich ushlagan Zaynabka koʻz qirini tashlab oʻtdi.


Birar soatdan keyin Otabek uygʻondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilgʻuchi el tegirmonini toʻxtat-moqqa majbur boʻldi.


Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch oʻrimlari bilan chulgʻatib Kumush uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga rohatsizlik bermas uchun sekingina orqasigʻa qayt-di. Uy eshigidan chiqar chogʻida yana bir qarab oldi... Endi uyquliq koʻz ochilgʻan edi.
— Tinch uxlay bering, men ketaman.


Kumush koʻz yumish oʻrniga yostiqdan boshini uzdi va erga tushkan roʻymolini oʻrab, oʻlturdi.


Uning koʻzi uyqudan qolgʻan kishilarning koʻzidek qizargʻan edi. Otabek qaytib kirdi.
— Nega qoʻzgʻaldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovogʻi soligʻ edi. — Koʻzingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi?
— Tobim yoʻq...
— Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonigʻa oʻltirdi, — qaeringiz ogʻriydir?
— Bilmayman, — dedi. Koʻzi tokchadagʻi allanarsalarda edi.


Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayigʻa qoʻlini tegizdi:
— Nega bilmaysiz?
— Qoʻlingizni oling.
— Nega olay?
— Mendan hazar lozim...
— Sizdan hazar qilmayman...


Kumushning koʻzida bir turlik gʻiltillash bor edi:
— Zaynabdan-chi? — deb soʻradi.


Otabek dafʼatan javob beralmay havli tomongʻa qarab qoʻydi:
— Buni... mendan ham siz yaxshi bilasiz.


Otabekning alangʻlab javob berishi Zaynabning boyagʻi daʼvosini chinga chiqargʻandek boʻlib, Kumush juda ham toʻnini teskari kiydi va yuzini chetka burdi:
— Yalhaqlikni qoʻying.


Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning koʻziga jiq toʻlgʻan yosh yana uni shoshirib qoʻydi.


Shundogʻ ham boʻlsa kulimsirab:
— Uyqudan soʻl yoningiz bilan turibsiz, — dedi.
— Chunki manim oʻng yonim bilan turgʻuzadigan kishim yoʻq...
— Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi.


Kumush koʻz yoshisini artdi:
— Ha, shuning uchun.
— Shuning uchun boʻlsa arzimaydi...


Kumush koʻtarilib ketdi:
— Ikki yuzlamaligʻingiz va til tegida til saqlagʻa-ningiz ham arzimaydimi?
— Tushunmay yotibman...
— Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz.


Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda necha xil ehtimollarni oʻylab chiqdi:
— Zaynab sizga bir narsa dedimi?
— Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan soʻzla-ringizni ham dedi.


Unga nima boʻlsa ham ikki kundash oʻrtasidan ancha gaplar oʻtkani bir daraja maʼlum boʻlib, Zaynabning yolgʻon-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga oʻt yoqqanini payqadi. Ammo boyagʻi yarim jiddiy vaziyatini buzmay soʻradi.
— Zaynabning soʻziga siz ishondingiz?
— Ishonmaydirgʻan gapmi?
— Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham boʻlayin, lekin shunda ham sizning xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap...


Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina erga bosdi:
— Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap oʻtdimi, — deb soʻradi.
— Ha oʻtdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi.
— Oʻn besh kun boʻlmasdan?
— Mendan boshqa xotin boʻlsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi...
— Xudo xayringizni bersin...
— Kesatmang.
— Kesatmasam gapuring.


Kumushning raqobat oʻti bir oz oʻcha tushkan edi, uch-toʻrt kunlik mojarodan yaxshigʻina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi soʻzi va soʻnggi elpitish fojiʼalari ham hasrat qolipigʻa birma-bir kirib chiqdi. Hasrat tugalgandan soʻng Otabekning yuzidagi boyagʻi yarim jiddiylik ketib, uning oʻrnini oʻychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina soʻzsiz qoldi va oxirda oʻzini natija kutib oʻlturgʻuchi Kumushka qarab kulib qoʻydi.
— Nega kulasiz?
— Chunki yigʻlamoqqa arzimaydir.


Kumushning qoshlari chimirildi:
— Zaynabingizning bu qiligʻiga men chidalmayman.
— Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qoʻyib turayliq, — dedi Otabek, — ammo hammadan ilgari sizdan soʻrayman: menga ishonchingiz bormi?
— Bor, ham yoʻq, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz oʻylanib oldi, — Zaynabning haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan...
— Ammo sizni shubhadan chiqaraturgʻan hujjatlaringiz albatta yoʻq emas edi.


Kumush uyalgʻannamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi:
— Oʻtkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yoʻq-mi?» deb soʻragʻanim ham faqat shunga oʻxshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz, hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga maʼqul koʻrinadir. Chunki men sizni shuning singari oʻrinsiz ozor chekishingizni xohlamayman.
— Siz quvlamasangiz, men Margʻilongʻa bormayman.


Otabek kuldi.
— Agar siz shunga oʻxshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum qilabersangiz, albatta quvlayman.


Kumush bir xil oʻpkalangan boqishda:
— Sizga ishonsam boʻladimi? — deb soʻradi.
— Yuragingizdan soʻrang.
— Yuragim... Yuragim ishonma, deydi.
— Boʻlmasa bu yurak soʻzi emas.
— Albatta yurak soʻzi.
— Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir?
— Bor.
— Boʻlsa ayting.
— Yuragim: quvlanishgʻa kim sazovor, deb sizdan soʻraydi... Siz oʻz yuragingizdan olib javob bering.


Otabek maqsadga tushundi, dafʼatan javob berishka hayron boʻlib qoldi. Darhaqiqat, Kumush eng nozik joydan ushlagʻan edi.


Kumush Otabekdan javob kutib oʻlturmay yana dedi:
— Boshqalar yuragini sinab koʻrishka qudratim etmasa ham manim yuragim ikki narsani oʻz ichiga sigʻdira olmaydir...
— Sening yuraging ikki narsani oʻz ichiga sigʻdi-radir, demakchisiz.
— Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt boʻladirgʻan gap emas...


Kumush hamon yuqorida aytilgan bir maʼnonigina ifoda qilmoqchi boʻlar edi. Ammo Otabek Kumushning toʻsindan oʻzgarib ketkan xarakter qatʼiyatiga va bir kundayoq, bunchalik masofani oʻtkan keskinlikka juda taaj-jubda, qarshisidagʻining suratida emas, siyratida qiziq bir oʻzgarish koʻrar edi.
— Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralgʻanda ham siz bu toʻgʻrida haqlisiz. Ammo oʻshangʻacha... balki buni oʻzingiz his etarsiz, deb oʻylayman...


Kumush indamay qoʻydi. Ehtimolki, ul keyingi masala toʻgʻrisida erining fikrini bilib qoʻymoqchi edi...

Eson Boʻlsaq Koʻrisharmiz

Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan qutidor Margʻilongʻa qaytish fikriga tushdi.


Hoji va Otabeklar yana bir necha hafta qolishgʻa qistasalar ham, boʻlmay uzr aytdi: «Uy yolgʻiz, faqat Toʻybeka bilan Oysha ona; hollari nima kechti, nima qoʻydi maʼlum emas. Boshqa tarafdan oʻzimning savdo ishlarim ham oʻlda-joʻlda, shunchalik mehmon boʻldiq. Bas, qilgʻan izzat va ikrom-laringiz uchun rahmat», dedi. Hojining: «Endi kelin bolani yubormaymiz-da», deb kulishiga — «Manim bolam emas — sizniki, u er ham bu er ham oʻzining uyi, janobingiz nimani muvofiq koʻrsalar, menga ham maʼquli oʻsha», dedi. Hoji birmuncha gap aylantirib, «Oʻrtadan anovi gaplar oʻtmagan boʻlsa edi, albatta bu erda olib qolmas, zeroki, sizning bagʻringizni boʻsh qoʻyish insofdan boʻlmas edi. Agar sizga ogʻir tushmasa yurtdagi gap-soʻz bosilgʻuncha birar yil Toshkandda tur-sin, soʻngra Margʻilon borsin, derdim», dedi. Qutidorgʻa ham bu mulohaza juda maʼqul tushib «bu mulohazalari beandoza toʻgʻri, albatta munda birar yil turishi lozim va lobid!» deb javob berdi.


Kumushning Toshkandda qolishigʻa otasi shunday yovosh qaradi, bu toʻgʻrida Oftob oyimning fikr va rizoligʻi bilan hisoblashish emas, hatto uni koʻngliga ham kelturib koʻrmadi. Holbuki Margʻilondan chiqishda Oftob oyimning «Kumushni Toshkandda qoldirmaysiz!» deb qoʻygʻan birinchi shartiga qayta-qayta qoʻl qoʻygʻuchi shu qutidor edi. Soʻzni choʻzmoqqa hojat yoʻq:


erlarimizning Oftob oyimlargʻa qarashi hamisha shundan boshqa emas.


Qaytish xabari Oftob oyim qulogʻigʻa etishkandan keyin uning avvalgʻi uchrashishi qizi bilan edi. Chunki eriga qaragʻanda ham koʻbroq ixtiyorni qizida boʻlgʻanini yaxshi bilar edi.


Shu xabarni Hasanalidan eshitishi ila toʻgʻri Kumushning yonigʻa kirdi:
— Kumush, — dedi kulimsirab, — qaytar emishmiz, dadang aytibtilar.


Kumush qoʻlida nimadir tikib oʻlturgʻan edi. Koʻzini ishdan olmadi:
— Qaytsalaringiz, xayr-xoʻsh.


Bechora ona qizining louboli bu gapidan boʻshashib ketdi va ne zaylda oʻlturib olgʻanini bilmadi:
— Nima deysan?


Kumush iljayib onasigʻa qarab qoʻydi, yana ishini tika berdi:
— Ketsalaringiz xayr-xoʻsh.
— Sen-chi?
— Men qolaman.


Oftob oyim tushunolmay qizigʻa bir necha vaqt tiki-lib turdi. Kumush unga qaramay nina sanchar edi.
— Hazilingni qoʻy.
— Hazilim emas — chinim.
— Uyat emasmi?


Kumush kuldi:
— Nega uyat boʻlsin?
— Qoʻy-chi!
— Qolsam oʻz erimniki, — dedi Kumush, — begona emaski uyat boʻlsa...


Oftob oyim oʻt ichida qolgʻandek toblandi:
— Birav qol, demasa ham qolaberasanmi?


Kumush ishini yonigʻa qoʻyib endi onasigʻa qaradi:
— Avvalo bu erda qolishimgʻa sizdan boshqa hech bir qarshi kishi yoʻq. Zaynab sizning yoningizgʻa oʻtsa ham, biroq uning xohishini menga ahamiyati yoʻq.
— Esing oʻzingdami, bola?
— Oʻzimda, — dedi kulib, — man sizning qizingiz Kumush... Hozir Toshkandda oʻz erimnikida oʻlturibman...
— Erim, deb tuqqan onangdan kechasanmi, yuzsiz?
— Yoʻq, kechmayman, faqat bir necha vaqt sogʻi-nibqina yuraman.


Oftob oyim qizining bu gapini eshitib yigʻlab yubordi:
— Onangning oʻsha sogʻinishqa toqati yoʻq, — dedi,— man sani kundashlik uyga ishonmayman...
— Kundashim bitta boʻlsa, doʻstlarim sakkizta.


Oftob oyim koʻz yoshisini artdi:
— Kundash bilan hazil oʻynama, qizim.


Kumush goʻyo Zaynab ustiga hujum yasayturgʻandek hurpaydi:
— Ul kundash boʻlgʻanda men kundash emasmi?
— Ming qilgʻanda ham, — dedi onasi, — sen chin kundash boʻlolmaysan.
— Nimaga?
— Nimagaki ering sen tarafda, chin kundashlik va chin dushmanlik Zaynab tarafda.


Kumush kulimsirab onasining qulogʻigʻa shivirladi:
— Bu toʻgʻrida xotirjamʼ boʻling.
— Nima uchun xotirjamʼ boʻlay?
— Agar Zaynab manga kundashlik qilabersa, ku-ya-vingiz uning javobini bermakchi... Shuning uchun ham manim bu erda qolishim maʼqul.
— Javobini bersa, qaytib kelishlik qochmas...
— Man ketsam, — dedi Kumush, — hech qachon Zaynabka javob bermaydir.
— Nega bermaydir?
— Shuning uchunki qudachangiz kelinsiz qolaman deb oragʻa tushadir, ammo men shu erda boʻlsam, albatta tiliga kaltak keladir.


Oftob oyim hamon oyogʻ uzatmadi, qizigʻa yalinib koʻrdi:
— Yosh joning bor, qizim, — dedi, — biravga yomonliq sogʻinma, man bilan birga ket, nima qilishsa oʻzluk-oʻzi qilishsin... Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygʻan.
— Siz tushunmay yotibsiz, — dedi Kumush va eshikdan oyogʻ tovshini sezib gapni shu erda toʻxtatdi. Oʻzbek oyim soʻzlanib kirdi:
— Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy boʻlsin... Margʻilon degan yurtdan ot- otlab, tuya qoʻmlab kel emish-da bir oygʻina turmay ket emish! — Oftob oyim bilan Kumush uning hurmatiga oʻrinlaridan turdilar. Oʻzbek oyim oʻltura-oʻltura soʻradi. — Hali eshitdinglarmi?


Eshitdik, — dedi Oftob oyim biz ham shuning mojarosida edik.
— Axir shu ham gapmi, xudda allakimlarga oʻxshab.


Oftob oyim uzr aytdi:
— Uyimiz yolgʻiz, shunchalik sizlarni ozor chekdirdik... Begona kishinikida ham yigirma kun turayliq-chi... Xudda oʻz uyimizdek yayrab-yashnadiq, sharofatlaringiz soyasida koʻb kishilar bilan tanishdiq, izzat-ikromlaringiz taʼrifidan ojizmiz... Endi navbat sizlarning ham bizning shaharlarga borishlaringizgʻa keldi.
— Bekor gap, — dedi Oʻzbek oyim, — hali qudalarimizni muddaodagidek siylay olgʻanimiz yoʻq, shu holda joʻnatsaq bizning shaʼnimizga yaxshi emas... Men qudamning oldigʻa chiqaman, bizga nomus keltirmakchi boʻlsa ertaga joʻnaybersin.


Oftob oyim takror uzr aytdi:
— Bizni uyaltirmoqchi boʻlsangiz mayli, chiqing, agar xursandligimizga qarasangiz, qoʻying.


Kumushingiz ham; shuncha turgʻanimiz bas, endi Zaynabni olib oyimning oʻzlari biznikiga borsinlar, deydi...


Ketish orasigʻa Kumush ham kelturilib siqilgʻach Oʻzbek oyimning haligi odamgarchiliklari keyingi navbatka qoldi.
— Hali Kumush ham ketmakchimi?


Kumush kulimsirab onasigʻa qaradi. Oftob oyim uzr aytdi:
— Shukur, sizning oldingizda Zaynabnisa bor. Manim boʻlsa qanot-quyrugʻim shu Kumush.


Ayniqsa, Kumushingizga javob bermasangiz boʻlmas, oyi.


Oʻzbek oyim Kumushka xoʻmrayib oldi:
— Yoʻq-yoʻq Oftobbonu, — dedi, — sizlarga javob bersam-da, Kumushka yoʻq.
— Shu galcha javob berasiz, men sizdan soʻrayman.
— Soʻzingiz erda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka yuzini oʻgirdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib.
— Menda ixtiyor yoʻq, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani maʼqul koʻrsalaringiz menga baribir.


Oʻzbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qoʻydi. Oftob oyim qizigʻa oʻqrayinqirab er tegidan qaradi:
— Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmasligʻa faqat meni koʻzi qiymagʻani uchun... boʻlmasa albatta ketmas edi.


Oʻzbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnagʻanda qizingiz bir yilgina Toshkandda tursa nima qipti...» kabi soʻzlarni oʻzgarishsiz bir maqomda aytilib turgʻandan keyin Oftob oyim boshqa yoʻl tutmoqchi boʻlib, Kumushni uydan chiqib turishka buyurdi. Kumush chiqgʻandan soʻng:
— Qizini menga qoldirishgʻa ayadi demang, oyi, — deb qoʻydi, — munda boshqa mulohazalar ham yoʻq emas...
— Ayting.
— Aytsam shuki, — dedi bechora ona, — Kumushingizning feʼli xoʻyi oʻzimga maʼlum: erka oʻskan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yoʻq, har kun Zaynabingiz bilan gʻidi-bidi qilaberib sizni qiynab qoʻyarmikin deyman... Bir kuni kelganda onasi qurgʻur bir ogʻiz aytmagan edi, deb mendan ranjirmikinsiz deyman... Tana buzoqning turqi tuqgʻanigʻa tamgʻa deganlaridek, albatta menga ravshan... arazchi desangiz ham shu, ichi qoraliq desangiz ham shunda...


Shuncha toʻqumadan Oʻzbek oyimning yuzida hech bir oʻzgarish sezilmadi:
— Albatta unaqa gap har kimda ham boʻladi, — dedi,— shukur, men bilan hoji otangiz tirik boʻlsaq, undogʻ gaplarga yoʻl qoʻymaymiz. Zaynab boʻlsa xudo-ning yaratkan maxluqi; urish va araz degan gapni bilmaydir.
— Zaynabingizning feʼli albatta sizga maʼlum ekan, ammo men Kumushni sizga yaxshi, deb aytalmayman.
— Oʻz bolasini yomonlagʻuchini, — dedi kulib Oʻzbek oyim, — men oʻz umrimda birinchi martaba koʻrdim... Undan koʻra bolamni senga ishonmayman, deb ayting.
— Nega ishonmayin, faqat qozonimdagʻini sizgʻa suzib qoʻydim...
— Nima boʻlgʻanda ham Kumushka javob yoʻq.
— Xoʻb qolsin, — dedi Oftob oyim, joni kuyib asabiylashkan edi, — Kumushdan har na yomonliq koʻrsangiz mendan oʻpka qilmang.
— Qizingizgʻa yomonliqni oʻzingiz oʻrgatib ketmasangiz sizdan oʻpkam yoʻq.


Ikki quda havli yuzasiga tushkanda Kumush sahn boʻylab yurinib turar edi. Ular Zaynabning uyiga toʻgʻri kirdilar. Zaynab ularni qarshilab oʻtqazdi va achinish ohangida Oftob oyimgʻa dedi:
— Qaytar emishsizlar, deb eshitdim. Birar oy ham turmas ekansizlar-da.
— Ancha turdik aylanay, buv Zaynab, — dedi Oftob oyim, — endi navbat sizlarning borishlaringizgʻa qoldi.


Uchunchi soʻzni Oʻzbek oyim oldi:
— Shuncha aytdim — boʻlmadi, yov quvlaptimi bilmadim. Oppoq oyingga qolsa, Kumush opangni ham birgʻa olib ketmakchi.


Zaynab bir turluk holga tushdi. Kuchlangandek qilib:
— Ular nega ketsinlar! — dedi.


Oftob oyim qudasigʻa qarab qoʻydi:
— Ketmasa boʻlmaydir, buv Zaynab. Bir chekkasi sizning es-hushingiz joyida, manim Kumush opangizdan boshqa hech kimim yoʻq, qolsa-ku mayli, biroq meni Kumushsiz oʻldi, deng. Shunga qolgʻanda qayin onangiz bir oz tushunmay turiptilar.


Zaynab er ostidan qayin onasigʻa koʻz yubordi. Oʻzbek oyim hanuz tirtishib yotqan qudasigʻa qarshi qizishdi:
— Qoʻying-chi, — dedi, — besh-olti kun qizsiz turgʻan kishi bir narsa boʻptimi?!
— Siz tushunmayapsiz oyi... hali tagʻin dadasi biladilar.
— Men senga aytay, Zaynab, — dedi Oʻzbek oyim va endi qudasining gapiga quloq solmay qoʻydi, — oppoq oyingning hamma mulohazasi sendanga oʻxshaydi. Zaynab siqilmasmikin, ikki oʻrtagʻa sovuqchiliq oralamasmikin, deb qoʻrqadi. Men: Zaynab siz oʻylagʻan kelinlardan emas, tegu taxtlik, aslzoda, Kumushni siylamagʻanda ham bizni siylaydi, — desam ham unamaydi...
— Meni xudo uriptimi, — dedi Zaynab.


Oftob oyim qudasining keyingi gapidan ancha siqildi. Goʻyo oʻzi Kumushni qoldirishgʻa tarafdor boʻlsa ham, faqat Zaynabning kundashlik qilishidan qoʻrqib turgʻandek koʻrsatilgan edi.
— Yanglishyapsiz, oyi.
— Yanglishsam, yanglishmasam Kumush bu uydan siljimaydir.


Oftob oyim boʻgʻilib, foydasiz tortishib oʻlturishni tark qildi. Endi bu toʻgʻrida eriga murojaat qilmoqchi edi...


Margʻilongʻacha aravani Hasanali minadirgan boʻldi. Chunki Margʻilondan arava minib kelguchi yollanilgʻan kishi boʻlib, Toshkandga kelishning ertasi kuni hisobini olgʻan edi.


Qudalarning qaytishi chinga aylangandan keyin, yoʻl taraddudi boshlandi. Oʻzbek oyim boʻgʻirsoq qovirtirish, talqon tuydirish, toʻqoch yopdirish bilan mashgʻul boʻldi.


Oftob oyim eridan ham qoʻlini yuvib qoʻltugʻigʻa urgan edi. «Hoji afandi birar yil tursin, deb aytdi. Endi bir yilni oʻzimizcha koʻrmasak boʻlmas. Ikki oyogʻimizni bir etukka tiqishimiz uyatka oʻxshaydir» deyishi va soʻzga quloq ham solmay — «mehmonxonada hoji bor, sen bilan yoʻlakda ezilishib oʻlturolmayman, nomus!» deb burilib ketishi bechorani juda ham esankiratib tashladi. Oxirda Otabekka ham murojaat qilib koʻrdi. Undan ham asli maqsadni hosil qilolmay, faqat ularnikidan joʻyalikroq uzr eshitdi. Otabek qayin onasining fikriga qisman qoʻshilib «Nima boʻlsa ham besh-oʻn kun ogʻirliqni manim uchun oʻz ustingizga olasiz. Agar men sizning talabingizni maʼqul qiladirgʻan boʻlsam, ayniqsa qizingizning koʻngliga shubha keladir... Sizga aytkulugi yoʻq, bu toʻgʻrigʻa manim aralashmogʻim yaxshi boʻlmas. Kundash adovati borasidagi fikrlaringiz toʻgʻri va lekin ish u darajalarga etmas, deb oʻylayman... Juda boʻlmaganda Kumushning oʻzini oldingizgʻa joʻnatarman, xotirjam boʻling!» dedi.


Oftob oyim shu yoʻsun har tarafdan ham umidsiz-lanib, mengravsib qoldi. Kumushni koʻrgan sayin allanuchka yuragi achir, judoliq kunlarini aslo tasavvur qilolmas edi. Kumush boʻlsa, onasining hozirgi holiga achingʻandek, unga yaqinlashmay, chetlab yurar va ikkinchi tarafdan Zaynabning bir yarim qarich osilib ketkan qovoq-dudogʻigʻa istehzolanib tomosha qilar edi.


Yoʻl hozirliklari bitib, Oʻzbek oyimning Oysha kampirga atab tikdirgan sarupolari ham bitdi. Bu kun mehmonlarning eng soʻnggi kechalari edi. Oʻzbek oyim yarim kechalargacha qudachasi bilan soʻzlashib oʻlturdi.


Soʻngra Oftob oyim bilan Kumushni yolgʻiz qoldirib oʻz uyiga yotqali chiqdi. Ona-bola bu kechani birga kechirmakchi edilar. Oftob oyim qudasining ketidan qizigʻa hayfsinib qoʻydi.
— Onangni firoq oʻtida yondirishdan uyalmading, qizim.
— Nega yonar ekansiz...
— Nega yonmayin axir, dunyogʻa kelib sendan boshqa ovinchogʻim boʻlmasa... Agar qoʻlimdan kelsa achib va yonib turgʻan yuragimni senga ochib koʻrsatar edim... Koshki edi bir shaharginada boʻlsang.


Kumush onasining yuragidagi oʻtni hozir sinamasdan ham his etkan, chunki yigirma yil oʻz quchogʻida oʻsdirgʻan onadan ajralish uning oʻziga ham ogʻir tuyulib boshlagʻan edi.
— Besh-olti oy... hech narsa boʻlmas, oyi. Eson boʻlsaq tagʻin koʻrisharmiz.


Oftob oyim koʻz yoshisini duv toʻkib yubordi. Nachogʻlik oʻzini qattigʻ ushlagan Kumush ham sirrini yashirolmadi... Ona-bola bir necha vaqt yigʻi ichida boʻ-gʻildilar.
— Qolishgʻa-qolding, — dedi oxirda ona, — ammo qayin ota va qayin onalaringgʻa xizmat qil, yaxshiliqni qoʻlingdan berma, ayniqsa, kundashingga yomonliq sogʻinma, yaxshiliqdir, yomonliqdir har nimaiki oʻzlari qilsinlar, zinhor sen aralashma.
— Manim nima ishim bor...
— Albatta ishing boʻlmas... Shundogʻ boʻlsa ham men kechagi soʻzingdan choʻchib qoldim. Kunda- shingning koʻrinishi bayovgʻa oʻxshasa ham, ammo oʻzi pismiq ekan... Bunday odamdan albatta hazar kerak. Agar oralaringgʻa savuqchiliq tushadirgʻan boʻlsa, sen oʻchakishib yurma, yaxshisi qayin otanggʻa uzringni aytib, bu uydan ketish harakatini qil. Men bu toʻgʻrida ering bilan ham soʻzlashib qoʻydim, tuzikmi?
— Tuzik.
— Xudoygʻa shukr, qoʻlingda xating bor, oʻlgʻanning ustiga chiqib tepkandek xat-xabarsiz qoʻyma. Har bir oʻn besh kunda xat yozib eringga ber.
— Albatta, siz ham unutmang.


Bir oz jim qoldilar... Oftob oyim entikib ogʻir nafas oldi va maʼyusona Kumushka qaradi.


Kumush oʻrinsizcha onasigʻa qarab iljaydi. Bu oʻrinsiz ishdan Oftob oyim achchigʻlandi:
— Manim holim senga kulgimi, qizim?
— Yoʻq, — deb yana kulimsiradi Kumush, — bir-ikki kundan beri siz aytadirgan...
— Nima men aytadirgan?
— Axir... — deb qizarindi Kumush, — koʻnglim aynar edi, deb aytar edingiz-ku...


Oftob oyimning ham yuzida bir kulimsirash koʻrishdi:
— Toʻgʻrimi?
— Bilmadim... — dedi, erga qarab qizardi, — Oʻtkan kundan beri koʻnglim aynagandek boʻladi... Ayniqsa palov isidan koʻnglim ketadi... Achchigʻ narsalar egim keladi...
— Muborak boʻlsin, — dedi Oftob oyim, kuldi. Kumush ijirgʻanib oʻzicha allanarsa soʻzlandi. Oftob oyim engashib Kumushning qulogʻigʻa shivirladi, — bu sirni eringdan boshqa hech kimga bildirma, qayin onang ham engil xotin, ayniqsa kundashing seza koʻrmasin.


Kumush maʼqul ishorasini berdi. Ona-bola bir oʻrin yozib yotdilar. Koʻb vaqtkacha Oftob oyimning ivir-shiviri nabira toʻgʻrisida boʻlib qoldi. Koʻziga uyqu kelmay «shuni ham koʻrar kun boʻlarmikin?» deb edi.


Sahar paytida turib choy ichdilar. Subh namozini oʻqub, arava qoʻshildi. Aravaga chiqadirgʻan mayda-chuyda tashilib bitdi. Ot jilovida Hasanali, arava yonida qutidor va hoji soʻzlashib turar edilar. Otabek arava orqasigʻa narvoncha chiqarib qoʻydi. Xotin-xalaj hamma yoʻlakka yigʻilib, Oftob oyim birin-birin kuzatkuchi xotinlar bilan koʻrishib chiqdi. Eng soʻng Kumushni bagʻrigʻa bosib yigʻlab yubordi. Kumush ham oʻzini tutib turolmadi. Boshqalar ham yigʻidan nasibasiz qolmadilar.
— Xudoygʻa topshirdim, Kumush, qazom etib koʻralmay oʻlsam, mandan rozi boʻl!
— Siz ham, oyi!..


Qutidor ham koʻchadan yoʻlakka kirib qizining manglayidan oʻpdi:
— Koʻrishkuncha, qizim.
— Xayr, otajon.


Yoʻlakka Yusufbek hoji yuzlanib umumiy duogʻa qoʻl koʻtarildi. Duodan soʻng Otabek toʻriq yoʻrgʻani chiqarib qutidorgʻa tutdi. Oftob oyim yana bir qayta qizi bilan quchogʻlashgʻach, Otabekning koʻmagi bilan yigʻlagʻan koʻyi narvonchadan aravaga mindi va soyabon orqaliq oldingʻa oʻtdi. Qutidor Yusufbek hoji bilan salomlashib quchoqlashgʻandan keyin Otabekning qoʻltigʻlashi bilan otqa mindi. Otabek ham aravaga, Oftob oyim yonigʻa chiqib oʻlturgach, umumiy «Ollohu akbar!» dan soʻng Hasanali otni yoʻlgʻa soldi.


Kumush darboza yonigʻa chiqgʻan edi:
— Xayr onajon! Manim uchun buvimni quchogʻlab qoʻying. Oʻrtoqlarimgʻa salom ayting!
— Xudoygʻa topshirdim, Kumush, yaxshi qoling, quda!
— Yaxshi boring, buv Oftob!
— Yaxshi qoling, buv Zaynab!
— Yaxshi boring, opoq oyi! Arava koʻchadan burilgʻuncha «yaxshi qoling, yaxshi boring, salom ayting» soʻzlari takrorlanib turdi. Arava katta koʻchadan burilib, koʻzdan yoʻqolgʻach, eng keyinda qolib yigʻlagʻan koʻyi Kumush ichkariga kirdi. Otabek bir necha bekatkacha mehmonlarni kuzatib borib, soʻngra qaytmoqchi edi.

Xushroʻybibi Va Zaynab

Xushroʻybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki oʻgʻul va ikki qiz dunyogʻa kelib, toʻngʻuchi Azimbek, undan keyingisi Xushroʻy (yoshligʻida Xushroʻy oʻrniga Xushra der edilar), uchunchisi Karimbek va toʻrtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi Xushroʻydan etti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan talashib tushkan boʻlsalar ham, sajiya — xarakterda tanib boʻlmasliq darajada bir-birlaridan farqlik edilar.


Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta oʻzgaliklari bor edi.


Xushroʻy uzun boʻylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa boʻy, goʻshtdor va oq tanlik edi. Xush-roʻyning harakati engil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va oʻnta soʻzga arang bitta javob qaytaradirgʻan edi. Xushroʻyning koʻzi oʻynab, har sekuntda oʻn yoqqa alangʻlar edi.


Singlisi boʻlsa birav bilan betma-bet kelib soʻzlashqanida ham koʻzini hamisha bir nuqtadan uzmas edi. Xushroʻyga bolaliq chogʻidayoq uy ichi va qoʻni-qoʻshni «shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan boʻlsa-boʻlsin, aytkanini qildirmay qoʻymas, agar birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshigʻa kiyib olar edi. Shuning uchun Xushroʻyning raʼyini bilmasdan qozon osilmas, unga yoqmagan gapka ogʻiz ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi.


Zaynab egachisining aksicha oʻz yaqinlaridan «pismiq» deb ism olgʻan, onasi boʻlsa achchigʻi chiqgʻanda «mingʻaymas oʻlgur» deb uni qargʻar edi. Ayniqsa quyida zikr qiladirgʻan holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib koʻrsatish uchun etadir:


Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarigʻa kiyimlik oldirar edi. Oldirgʻan kiyimlik Xushroʻygʻa yoqmasa darrav yaramagʻanini aytib almashdirib berishka dadasini majbur etar va koʻngli-dagʻini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab boʻlsa oʻziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib ham arafa kunlari kelib etkandan keyin hurpayib hech kim bilan soʻzlashmay qoʻyar edi. Mohira oyim qizining birarta ishdan noroziligʻini payqab «Mingʻaymas, pismiq oʻlgur, tagʻin nima jin urdi seni?» deb soʻragʻanida, Zaynab qovoq-dudogʻini solib bir ogʻiz ham javob bermas edi. Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yigʻi bilan almashar va yigʻi orasi maqsad ochilsa ham koʻpincha natijasiz qolar edi. Birar joyga mehmondorchiliq uchun boradirgʻan boʻlsalar, Xushroʻy hammadan ilgari eʼlon etar edi: «Men ham boraman!» Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yoʻq. Ikkinchi vaqt: «Men bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo Zaynab onasi bilan yangasi Hanifa bir joyga otlanadirgʻan boʻlsalar, «boraman, bormayman» demas, ular ham yigʻlamagʻan bolagʻa sut berilmas qabi-lidan indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar. Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda Zaynab yigʻlab oʻlturipti:
— Nega yigʻlaysan?
— Nega meni birga olib ketmadingiz...


Zaynabning shu feʼli balogʻatka etib, erga tekkandan keyin ham oʻzgarmadi.


Otabekning Zaynabka boʻlgʻan munosabatini oʻqu-gʻuchigʻa albatta soʻzlagulugi yoʻq. Eri unga oylab, yil-lab qaramay qoʻygʻanida ham ul ih deb tovush chiqarmadi. Otabekning bu holiga qarshi chiqgʻuchi va Zaynabni yoʻl-yoʻruqqa solgʻuchi yana faqat Oʻzbek oyim ediki, buning sababi ham izzatlik oʻqugʻuchimizgʻa bir daraja maʼlum boʻlsa kerak. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar deganlaridek, Oʻzbek oyimning oʻshal vaqtlardagʻi tash-viqotlari ham uning tarafidan faqat «kelinlik» majburi-yati ostida qabul qilinar, masalan, qayin ona — «falonchi domlagʻa borib mundogʻ qil, Zaynab», deb buyur-magʻuncha oʻrnidan qoʻzgʻalmas va shuning bilan birga erining tashlab qoʻyishi toʻgʻrisida onasi, egachisi va boshqa yaqinlarigʻa churq etib ogʻiz ochmas edi. Zaynabning bu holiga hukman — «erining qarash va qaramasligʻi uning uchun farqsiz edi» deb aytish albatta toʻgʻri boʻlmaydir. Chunki kundashining Toshkandga kelish xabarini eshitkan Zaynabni biz yuqorida Otabek quchogʻigʻa tashlangʻan holda koʻrib edik. Xulosa, Zaynabning bolaliq vaqti bilan hozirgi holini chaqishdirib qarasaq koʻramiz; yosh Zaynab bir oy ilgari tikilib qoʻyilgan kiyimning oʻziga yoqmagʻanini faqat arafa kuni aytib, yigʻlaydir, bu kungi Zaynab oʻzining muhabbatini eriga faqat kundashi kelib etar oldida eʼlon qiladir.


Biz yuqorida yosh Xushroʻy bilan oʻqugʻuchini bir darajada tanishdirgan edik. Endi uning oila hayoti bilan ham tanishdirishka majburmiz:


Xushroʻyning erga tegishi ham oʻziga oʻxshash fav-qulodda boʻlgʻan edi. Masalan aksariyat qizlarimiz ota-ona kimni muvofiq koʻrsa, shunga tegishka majburdirlar. Lekin Xushroʻyniki mundogʻ boʻlmadi. Xushroʻy oʻn sakkiz yoshka etkandan keyin unga sovchilar kela boshlaydirlar.


Tabiiy Xushroʻyning feʼlini yaxshi bilgan ota-ona uning raʼyini olmasdan turib bir ish qilmoqdan qoʻrqadirlar. Olim ponsadboshigʻa maʼqul boʻlgʻan necha yigitlar, Mohira oyimgʻa yoqgʻan qancha tegu taxtlik xonadonlar Xushroʻy tomonidan rad qilina boradir. «Falonchining oʻgʻlimi?» deb soʻraydir Xushroʻy va onasidan javob kutmay: «xudoy koʻtarsin erni. Oʻshanga tekkanimdan koʻra, qaro erga tekkanim yaxshi!» deydir. Bir necha vaqt shu yoʻsun Xushroʻyning raʼyiga qarab er-xotin zerikadirlarda, oʻzlaricha bir joyga qudalashmoqchi boʻladirlar.


Ularning andishasini bilgan Xushroʻy boshda bunga qarshi bir narsa demaydir. Ammo uzil- kesil fotiha oʻqub, qudalashish uchun uyla-riga kelgan sovchi va quda xotinlarning oldilarigʻa kelib betlariga aytadir: «Hali men ersirab qolgʻanim yoʻq, fotiha oʻqub tashvish chekmay uylaringga joʻnay beringlar». Mohira oyim bu yuzsizlikdan er yorilsa erga kirgundek boʻladir. Sovchilar ersa mundogʻ uyatsiz qizdan alhazar oʻqushib joʻnaydirlar. Albatta ota- onaning bunga qarshi choralari qargʻish va ranjishdan nariga oʻtolmaydir. Ogʻasi Azimbekning Xushroʻy ustiga koʻtargan mushti ham «nega meni urasiz, men falonlik qildimmi?» degan haqlik soʻz bilan darmonsizlanadir.


Shu voqiʼadan soʻng sovchilar oyoqi uziladir. Xush-roʻy uchun hech kim ogʻiz solmay qoʻyadir.


Chunki boyagʻi sovchilar bu favqulodda muomalani koʻringan biravga doston qilib oʻquydirlar.


Mohira oyim taʼnaga til ochadir: «Endi dunyodan ersiz oʻtasan, qizim!» Lekin Xushroʻy hanuz pinagini buzmaydir: «Er qurib ketkan emasdir, xohlasam ertagayoq erga tega olaman», deydir.


Oʻrtadan bir necha vaqt oʻtib Azimbekning oʻrtoqla-ridan boʻlgan Nusratbek otligʻ bir beknikidan xotin ustiga sovchilar keladir. Mohira oyim eridan fikr soʻrash oʻrnigʻa qizigʻa arz qiladir va Xushroʻy munga qolganda quloq qoqmaydir. Bu roziliqni eshitib otasi va ogʻasi juda soʻyinishadirlar. Zero Nusratbek beklar ichida obroʻlikroq kishining oʻgʻli va hozirgi tutib turgʻan ishi ham ancha dongʻlik boʻladir. Shuning uchun uning xotinliq boʻlish kamchiligi ham eʼtiborgʻa olinmaydir. Fotihaning ikkinchi haftasi toʻy-nikohlari boʻlib, Xushroʻyning Nusratbek bilan chodirda qilgʻan birinchi muomalasidan til biriktirib erga tekkani xotinlargʻa maʼlum boʻladir.


Xushroʻy chodirdan chiqmasdanoq choy tashib, xizmat qilib yurgan kundashiga kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda toʻppa-toʻgʻri kundash ustiga sapchiydir. Hafta, oʻn kun oʻtmasdan erini oʻz tomonigʻa ogʻishdirib kundashi yonigʻa kirgizmayoq qoʻyadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda oʻchoqboshini oʻz qoʻligʻa olib kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek boʻlsa koʻchaga chiqgʻanda beklik daʼvosini qilib, uyiga kirganda Xushroʻybekka muteʼ. Bechora katta xotin Xushroʻyning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita goʻdaklari yuzi uchun boʻlsin marhamat koʻrmay azoblanadir.


Ikkinchi oylardan boshlab Xushroʻy kundashini boʻgʻib urish odatini chiqaradir va oʻrim-oʻrim kundash sochini alafdek yulib olishdan ham tortinmaydir.


Tamom jonidan toʻygan bechora kundash uchunchi oygʻa chidab borolmay eridan taloq soʻraydir.


Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur boʻladir. Alamzada bechora ikki goʻdakni eriga tashlab ketmakchi boʻlgʻanida Xushroʻydan ochiqchasigʻa shu gapni eshitadir: «Itdan boʻlgʻan qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan boʻlsang, itbachchala-ringni bu uyda qoldir!» Xushroʻyning ogʻzidan chiqgʻan bu tahdid bechora onaning yuragini uyushdiradir.


Darhaqiqat, Xushroʻyning bu ishdan ham toymasligʻini aniq bilib, yigʻlay-yigʻlay bolalarini oʻzi bilan birga olib ketadir.


Xushroʻy uch oy ichida tomir yoyib qolgʻan bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab tinchiydir.


Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham oʻz ishoratiga qaratadir.


Endi etti-sakkiz yil bor, ul oʻz kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun, biroq...


Shuncha muddatdan beri ona boʻlolmagʻanidan xafa, hamma qaygʻu hasrati ana shu tugʻmasliqda.


Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tugʻmaysan, koʻr-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushroʻy erining maqsadi nima ekanini payqab:


«Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirgʻan boʻlsa, bir oz zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin oʻzim eyman!» dedi. Shundan keyin Nusratbek mundogʻ gapni ikkinchi gapirmay qoʻydi.


Darhaqiqat, Xush-roʻyning bu soʻzini hazil deb boʻlmas edi.

Esini Kirgizdi

«Kundashlik uyda kunda janjal» deganlar. Albatta buni aytkuchi kishi oʻylamasdan va bilmasdan aytmagandir. Jilla, har kuni janjal boʻlmagʻanda ham haftada, oʻn kunda bir toʻpolon chiqmasa albatta kundashni kundash, deb boʻlmas. Nega desangiz, bizning baʼzi bir kundashsiz, chiqitsiz oilalarda ham ikki, uch kunda tovoq-qoshiq sinib, togʻora yangilanganini har qaysimiz bila-miz, bas, endi kundashlik oilalarimizga kelganda-chi, albatta yuqoridagʻi
— «kundashlik uyda kunda janjal» maqolini toʻgʻrigʻa, chinga chiqarmasdan chora yoʻq.


Men — yozgʻuchi, «Oʻtkan kunlar» hikoyalarini otam marhumdan necha qaytalab eshitsam ham zerikmas edim, faqat bir joyigina meni zeriktirar edi. Bu kun men shu «Oʻtkan kunlar»ni qalamga olganimda ham oʻsha oʻzimni zeriktirgan faslini tashlab oʻtishka majbur boʻldim.


Darhaqiqat, oʻz oramizda kundash janjalini kim bilmasin? Arzimagan gap ustida dunyo buzgʻan kundash toʻpolonlari kimning qulogʻigʻa yoqsin? Oʻqugʻuchining qimmatlik vaqtini ayagʻanimdek, qalamni ham bu gʻidi-bididan ozod qilishni muvofiq koʻrdim. Meni kechirsinlar.


Zaynab xafaligi oshqan kezlarda qarindosh-urugʻlari-nikiga yurib chigilini eshar edi. Uch- toʻrt oyning ichida ikki martaba egachisi Xushroʻynikida ham mehmon boʻlib ketdi. Ammo hozirgisi uchunchi martaba kelishi edi.
— Nuchuk xudo yarlaqadi! — deb Xushroʻy singlisini qarshiladi. Sunbula oyining moʻʼtadil havosiga qaramasdan Zaynab marjon-marjon terlagan edi.
— Nega muncha oʻzingni oldirib qoʻyding, Zaynab! Uyingdan tinchmisan, ering eson-omon yuriptimi?
— Qurib ketsin, — dedi Zaynab va koʻziga yosh oldi. Xushroʻy achinish oʻrniga kuldi.
— Kel, ayvongʻa chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi?
— Yoʻq.
— Uyingdan keldingmi?
— Ha.


Xushroʻy singlisini oʻtqazib choʻrisiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson, omonmilar?» deb soʻragʻuchi singlisiga:
— Pochchang oʻlsin! — dedi achchigʻlanib Xush-roʻy,— Najmiddinbek deganning dalasiga ketkan edi. Toʻrt kundan beri dovu daraksiz, oʻldimi, qoldimi — bilmayman.


Zaynab uch-toʻrt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi toʻlaligʻining yarmisini yoʻqotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, koʻz harakatida ham bir besaranjomliq zohir va bularning ustiga har qachon unda koʻrilgan «ogʻirliq» oʻrniga asabiylikka yaqin bir vaziyat oʻlturgʻandek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi:
— Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning ham boshingizgʻa manim kunimni solsa nima qilar edingiz?
— Men ham Zaynab boʻlsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushroʻy, — menga qolsa har kim oʻz nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni oʻzi hozirlaydir...
— Tavba deng, opa.
— Men shu choqgʻacha, — dedi Xushroʻy, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim...
— Katta gapirmang.
— Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushroʻy,— manim feʼlim har kimga maʼlum va hammadan ham senga ochiq... Qoʻychi bu gaplarni, oʻzing tinchmisan?
— Tinchligim qursin...
— Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurigʻan.
— Quritgʻan qurisin...
— Sening tinchligʻingni hech kim quritgʻan emas, Zaynab! Hamma jabrni oʻzing-oʻzingga qilayapsan!
— Hamisha shu gapni aytib qolgʻansiz,— deb oʻpkaladi Zaynab,— dunyoda kim oʻziga jabrni xohlaydir?
— Sen va senga oʻxshagʻanlar.
— Xudo urar...
— Aytsang, aytmasang xudo urib qoʻyipti.
— Shunday kunlarga men qolay dedimmi?
— Degansan! Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi boʻlgʻanigʻa tushunolmadi:
— Degan boʻlsam ayting...
— Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi?
— Bilaman...
— Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushroʻy, — endi kelaylik sening erga tegishingga:


albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizoligʻing yoʻq edi, ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima oʻzing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing ham boʻlgʻandir — biroq uni hech kim maydonda koʻrmas edi. Shuning uchun tizgining oying bilan dadangning qoʻlida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga sotsa, qaergʻa joʻnatsa ixtiyorsiz eding... Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib, chaqchaqlab aravaga mindim, sen boʻlsang, uydan yigʻlab chiqding va eringnikiga yigʻlab bording... Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish bitmasligini yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qoʻydi, sen churq etmading, istiqboling toʻgʻrisida oʻylamading... Faqat gʻalvir suvdan koʻtarilgandan soʻnggina, sen oʻzingni har tarafka tashlay boshlading... Lekin endi bir ming toblansang ham natija oʻzingning feʼlingcha— bitta: sening uchun har kun bir oʻlim yoki oʻsha uydan boshingni olib chiqish.


Xushroʻyning rahmsiz muhokamasidan oqgʻan bu haqiqatlar Zaynabni yigʻlatdi.
— Men shunday boʻlar, deb oʻylamagʻan edim...
— Sen oʻylashni bilarmiding? — deb kuldi Xushroʻy.
— Birav oʻlay desa, siz kulasiz!
— Men yigʻlashni bilmayman! Kishilar yigʻlagʻanda, manim kulgim qistaydir.
— Manim oʻrnimda boʻlsangiz, siz ham yigʻidan bosh koʻtarmas edingiz...
— Sening eringda boʻlsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushroʻy, — dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qoʻshib tashlar edim.


Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga koʻta-rilib qaradi va Xushroʻyning yuzida zolimona bir istehzo koʻrdi.
— Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma doʻstlaringiz sizga dushman boʻlsin, uch yildan beri sizning soʻzingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham dushmaningiz yonigʻa oʻtsin: hatto sizni tuqgʻan ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb quruq soʻz aytib oʻltursinlar... Bas, shu holatda siz yigʻlamay nima qilar edingiz?


Xushroʻy pinagini buzmay yana kuldi:
— Dushman oʻzi nima degan soʻz? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining dunyoda doʻsti yoʻq, magar nafsiga oʻzi doʻst; kishining dunyoda dushmani yoʻq, magar nafsiga oʻzi dushman! Masalan sen oʻzing: otanggʻa, onanggʻa doʻstim, deb ishonding, ammo ulardan nima yaxshiliq koʻrding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan kengashlari sening yarangga malham boʻlarmi? Albatta, boʻlmas. Boshdayoq ering senga qaramay qoʻydi. Ammo sen qayin onangning vaʼdasiga va tagʻin allanarsalariga ishonding... Oʻzing oʻyla, bolani ona tugʻadir, lekin unga muhabbatni ham ona tugʻib beradimi? Albatta bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr ediradir, qayin onang boʻlsa kundashing duosida...


sen boʻlsang yigʻi quchogʻida...
— Sizdan oʻzimni chaqdirgʻali kelgan emasman! — dedi yigʻlagʻan koʻyi Zaynab, — Oʻz uyimda ham tegmay chaqadirgʻan gazandalarim bor... Siz ham manim kuygan jonimga oʻt yoqmang-da, agar qoʻlingizdan kelsa, bu oʻrtangʻan singlingizni tinchiting.
— Sen hech tinchiy olmaysan...
— Har narsaga aqlingiz etadi... Loaqal bu baxtsiz singlingiz uchun birgina bosh ogʻritsangiz-chi... Ustimga shu balo kelgandan beri eshigingizga necha qayta kelib quruq qaytdim, endigina siz ham...


Xushroʻy bir oz Zaynabning yuziga qarab turgʻandan keyin:
— Manim kengashimga yurasanmi? — deb soʻradi.
— Joʻyalik boʻlsa nega yurmay.
— Yursang, — dedi Xushroʻy, — chiq eringdan.


Zaynab oʻkrab yubordi:
— Oʻzim ham shundogʻ deyarsiz, deb turgʻan edim...


Xushroʻy:
— Negaki sening dardingning davosi, menga qolsa faqat shu.
— Qanday qilib chiqay, axir...
— Erdan chiqgʻanlar qanday qilsa, sen ham shunday qilasan! Zaynab javob bermadi. Choʻri xotin oʻrtagʻa dastur-xon yozib choy keltirdi, Xushroʻy xizmatchini oʻchoqboshi yumishlariga buyurib choyni oʻzi quydi.
— Dasturxonga qara, Zaynab!
— Ishtihom boʻgʻildi...
— Manim aytkanimni qilsang ishtihong ham ochiladir.
— Erim... erimni koʻzim qanday qiysin.
— Javob soʻrasang, — dedi kulib Xushroʻy, — seni taloq qilish uchun eringning koʻzi qiyadimi?
— Bilmayman...
— Albatta yaxshi bilasan, qiyadi! Ammo sen ahmoq-san, koʻrpangga qarab oyoq uzatishni, qars ikki qoʻldan chiqishini bilmaysan!
— Etagingni qoqib ketaber, deysizmi?
— Chunki shundan boshqa chorang yoʻq!
— Sen hasratda oʻl, kundashing yayrab-yashnasin, shumi maqsadingiz?
— Hozir hasratda emasmisan, kundashing yayramaydimi?
— Tuzik, — dedi Zaynab, — lekin har qadamda uning huzurini buzaman, bir choʻqitib oʻn qarataman.


Xushroʻy kuldi:
— Bundan nima chiqadi?
— Ishqilib kelgindini tinchitmayman.
— Sen tinchitmasang, — dedi Xushroʻy, — boshqalar seni tinchitar...
— U nima deganingiz?
— Yaʼni rohatini buzaversang, ering seni qoʻyar?..


Zaynab bu haqiqat oldida oʻylanib qoldi. Xushroʻy oʻzining vahshiy koʻzlari bilan singlisiga qarab kulimsi-rar edi. Bu kulimsirash orasi «qoʻlingdan nima keladi?» degandek boʻlar edi. Zaynabning tusi shu choqgʻacha koʻrilmagan ravishda oʻzgarib ketdi. Negadir tinmay oqib turgʻan koʻz yoshisi ham quridi va tovshida ham hanuz eshitilmagan keskin bir ohang bor edi:
— Esimni kiritdingiz, opa, — dedi, — rahmat sizga.
— Rahmatingni menga aytma, — dedi Xushroʻy, — ishonsang yuragingga aytarsan...

Oy-Kuni Yaqin Edi

Kumushning oy-kuni yaqin edi. Nabiralik boʻla-dirgʻan Oʻzbek oyimning ishi boshidan oshqan, Kumushning oyi tugʻmasdanoq ul beshik yasatish bilan mashgʻul edi. Doyacha kim, aqiqaga nechta qoʻy kerak, nechanchi kunda toʻy oʻtkaziladir, nechta erkak, nechta xotin aytiladir va kimlar? Mana shuningdek masalalar bilan Oʻzbek oyimning miyasi juda shishkan edi. Kumushda koʻrilgan baʼzi nishonalarga binoan nabirasining oʻgʻul boʻlishida shubha qilmas — «oʻgʻul tugʻasan, Kumush, men ham Otabekni senga oʻxshash engil koʻtargan edim», der edi. Kumushni xizmatdan boʻshatilib baʼzi oʻchoq-boshi yumishlarini Zaynab idorasiga topshirilgʻanigʻa endi bir oylab bor.


Oʻzbek oyim nabira masalasida qancha xursand boʻlsa, Otabek shunchalik xafa, chunki Kumushni koʻrgan sayin usta Alim fojiʼasini xotirlar edi. Yusufbek hoji maʼlum aldanishdan soʻng yurt ishidan qoʻl yuvgʻan, koʻb vaqtini mehmonxonada «Qurʼon» va «Daloyil» oʻqub kechirar, kundash orasi buzilib, oʻrtadan soʻz chiqgʻanini goho eshitsa, ikkala kelinni oʻz oldigʻa chaqirtirib, ularni qator oʻtqazar edi. Avvalo Kumushdan oʻpka qilib: «Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan-kichikka shafqat lozim, mundogʻ yaxshi emas!» va Zaynabka qarab:


«Bolam Zaynab otin! Sizdan hali yoshlik gʻururi ketmagan, lekin manim bolam boʻlgʻan- ligʻingizni siz ham unutmang!» der va shuning singari yumshoq gaplardan keyin ikkisini duo qilib bir-birisiga salom berdirar — «ana, shundogʻ boʻlsin, opoq qizlarim!» deb ketishka ruxsat berar edi. Ular ketkandan keyin albatta Oʻzbek oyim eri yonigʻa kirar, hoji boʻlsa xotinigʻa sizsirab: «Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilgʻan koʻrinasiz, ayniqsa Zaynabning koʻngliga qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!» der edi.


Oʻzbek oyim shunday kezlarda Kumushning yonini olib «Zaynabni xudoy koʻtarsin, ayb oʻzida...» deya boshlasa, hoji uning ogʻzini arang toʻxtatur: «Sekin-sekin, uyat! Qayin ona deganning adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu havasimiz emasmidi?» Ammo nabira masalasidagi Oʻzbek oyimning baʼzi bir quyushqondan tashqari harakatlarini ham bosquchi yana hoji edi: «Zaynab bor, Zaynabni unutdingizmi. Oʻz keliningiz Zaynabni!» Mundan oʻn besh kuncha ilgari Kumush onasigʻa bir xat yozgʻan edikim, ahamiyatiga koʻra biz bu oʻrinda koʻchiramiz:


«Onajon, kuyavingizning yozgʻanlaridan tashqari men sizga shu bilan oltinchi xat yozdim.


Ammo sizdan uchta va dadamdan ikkita xat oldim. Ayniqsa dadamning keyingi xatidagi qora xabar bilan dori dunyo koʻzimga toraydi. Oʻlim haq, ammo bechora buvim jon berar ekan, yonida turib duosini olib qolmagʻanim uchun koʻb hasrat chekdim. Ayniqsa musofirchiligim yomon asar qildi. Koʻz yoshlarim bilan yuzimni yuvdim. Bu kun beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohigʻa atab qurʼon boshladim, xatim qilib bagʻishlayman. Xudo gʻariqi rahmat qilsin, sizga sabr bersin. Endi musofir qizingizning baxtiga siz oʻlmang, omin.


Baʼda maʼlum boʻlsinki, alhamdulilloh kuyavingiz va qudalaringiz salomatdirlar va ularning soyalarida men qizingiz ham oʻynab-kulib yuribman. Sizni va otamni juda sogʻindim, agarda ogʻir oyoq boʻlmasam edi, qish boʻlishigʻa qaramasdan Margʻilongʻa joʻnar edim. Qudangiz — qayin onamning soʻziga qaragʻanda, kelasi oygʻa koʻzim yorir emish. Qudangiz meni na erga va na koʻkka ishonadir, oʻn besh kundan beri qoʻlimni sovuq suvga ham urdirmay qoʻydi. Oʻzi goʻyoki toʻyga hozir-langʻandek beshik yasab, sarpa tikib yuriydir... Manim boʻlsa nima uchundir yuragimda bir qoʻrquv bor... Oʻtkan xatlarimda kundashim bilan mirosamiz kelishmay turganini kulguluk tarzida yozgʻan edim. Nafsilamrda ersa, oramiz juda buzilgʻan, men ham oʻshal vaqtlarda chin kundashlik toʻnini kiygan edim. Zaynabning bitmas xusumati esa gʻolibo manim ikki qatligʻim oshkor boʻlgʻan kundan boshlandi. Sizning boshingizdan kundashlik savdosi oʻtmagan boʻlsa ham tushunsangiz kerak: biz ikav agar qoʻyib bersalar goʻyo bir-birimizni eb-ichmakchi edik... U kunlardagi holimdan oʻzimga endi hisob berishka ham uyalaman... Yaxshiki, bizning mojarolardan qayin otam juda siyrak xabardor boʻldi. Shundogʻ ham boʻlsa bu janjallar goho uning qulogʻigʻa etib qolar va biz ikki yov uning oldigʻa chaqirilib nasihatini eshitar va lekin yana yomonligʻimizdan qolmas edik. Siz ranjisangiz ham aytay: qayin otamni oʻz dadamdan ham yaxshi koʻraman. Bu yaxshi koʻrishim kuyavingizning dadasi boʻlgʻani uchun emas, balki uning nur ichiga choʻmilgʻandek boʻlib koʻringan siymosini, oyim deb xitob qilgʻandagi muloyim, beozor va muassir soʻzini yaxshi koʻraman. Ul nasihat uchun ogʻiz ochsa vujudim erib ketkandek va bir turluk uxlab huzurlangʻandek. Qisqasi, Zaynab bilan janjallashishning oʻzi bir huzur va janjaldan boʻshalgʻach, qayin otamning qarshisigʻa oʻlturib nasihat eshitish undan ham yaxshi huzur... Siz manim telba soʻzlarimdan achchigʻlanmang. Agar bu gapimning toʻgʻriligʻini bilmakchi boʻlsangiz, Toshkand kelingizda, qayin otamning nasihatini oʻz qulogʻingiz bilan eshiting-da, undan keyin soʻzimga qiymat bering.


Shu yoʻsun Zaynab bilan uyatsizcha koʻb olishdiq, bu it-mushuklikdan biz zerikmasak-da, kuyavingizning jonidan toʻydirayozdiq. Mundan bir muncha ilgari ul biz ikki kundashning yuzimizga: «Agar shu holda davom etabersalaring ikavlaringga ham barobar javob berib quti- laman!» dedi. Uning bu tahdidi ikkimizga emas, balki bittamizgagina xos edi. Men bu tahdiddan albatta qoʻrqmadim, ammo «Zaynab tushunib qolmasa yaxshi edi», deb qoʻrqdim.


Darvoqiʼ natija men qoʻrqqancha boʻldi. Zaynab bu tahdiddan soʻng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshigʻina dakki egan boʻlsa kerak, bir necha kundan soʻng yovoshqina boʻlib qaytib keldi. Endi shu voqiʼaga ikki oy chamasi vaqt oʻtdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men joʻrttaga baʼzi gaplarni teskarilikka olib koʻrsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim uchun yaxshi emas, ul yana koʻb vaqt bizning oramizda tikan boʻlmoqchi...


Kelasi oydan juda yuragim uyushadir... Kechalari koʻkka qarab kelasi oy shu kunlarda yorugʻ dunyoda bormanmi, yoʻqmanmi deyman... Oysha buvim marhum boʻlmagʻanda shu oy ichi oʻzingiz Toshkandga etib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz, qizingizning koʻngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan qoʻrqaman... Koʻrishalmasak mendan rozi boʻling, dadam va boshqa yoru doʻslar ham. Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida».


Kumush oʻz xatida yozgʻanidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka tortqan, oʻn ogʻizgʻa bir ogʻiz soʻz qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, yaʼni mundan bir yil burungʻicha edi.


Qayin ona tarafidan «Opangning koʻzi yorir vaqti etdi, oʻchoqboshi ishla-ringni endi oʻz qoʻlinggʻa ol!» deb qilingʻan taklifni mamnuniyat bilan qabul etib, hatto Oybodoq onani ham oʻchoqboshi yumishidan xalos eta yozgʻan, unga faqat havli supurish, uy yigʻish va shunga oʻxshash mayda ishlarnigina qoldirgʻan edi. Zaynabdagi bu oʻzgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri toʻgʻrisida ham shundogʻ edi. Otabek oʻz yonigʻa kirsa — kirdingmi demas va kirmasa
— kirmading demas edi. Erining baʼzi bir samimiyati qorongʻuroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qoʻyar edi.


* * *

Oy tugʻib, moʻljal yaqin etdi. Margʻilondan ham Oftob oyimning yoʻlgʻa chiqish xabari keldi.


Lekin Kumushda maʼlum ogʻriq boshlangʻan edi. Ogʻriqning birinchi kuni Kumush hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin Oʻzbek oyim sezdi.


Otabek maʼlum xavf ostida bu sirdan kishiga ogʻiz ochish uchun oʻzida majol topmasa ham, Oʻzbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari belgulanib qoʻyilgʻan doya xotingʻa yugurtirdi.


Doya kelgandan soʻng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni oʻqtin-oʻqtin ogʻriq ushlamakda, doya xotin va Oʻzbek oyim unga oʻzlari bilgan udimlar bilan yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, oʻqtin-oʻqtin dam-badamga alishindi.


Tashqarida Otabek yoʻq edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qoʻlini-qoʻligʻa ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonagʻa kirib toʻriq yoʻrgʻaning u er, bu erini supirar edi. Hoji boʻlsa xursand va xafaligi nomaʼlum bir qiyofatda «Daloyil» oʻqur edi, har besh daqiqada ichkari tomongʻa quloq solib toʻxtar, goho darichadan Hasanalini chaqirib «tinchlikmi» deb soʻrar edi.


Ular masjiddan shomni oʻqub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan na Hasanali va na hoji ogʻiz ochib hol soʻramadilar. Taom ustida Otabekning yoʻqligʻi ham his etilmadi. Soʻzlashmasdangʻina lagandan bir muncha choʻqigʻan boʻldilar-da, qoʻl artishdilar.
— Xuftan aytildimi? — deb soʻradi hoji.
— Eshitmadim... Chiqa bersak ham boʻlar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va qoʻrqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yigʻi tovshi ham kelib qoʻydi... Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundogʻ boʻlsa ham yana churq etib ogʻiz ochmadilar. Oradan koʻb fursat oʻtmadi, ichkaridan Oybodoq yugurib chiqdi va darichadan turib «soʻyinchi!» dedi. Hoji yonchigʻini kavlay berib «alhamdulilloh» deb qoʻydi. Hasanali ham iljayib yonchiq kavlashka tutindi va:
— Oʻgʻulmi, holva? — deb soʻradi xotinidan.
— Oʻgʻul!
— Barakalla.


Hoji kulimsirab qoʻlidagʻi uch-toʻrtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi — «Tangalarni oʻzing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali soʻyinchisini topshirgʻandan soʻng duogʻa qoʻl ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan boʻlsin». Shundan keyin xotirjamʼ boʻlgʻan holda xuftanga ketdilar.


Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yigʻisini eshitib ixtiyorsiz ichkari havligʻa tomon burildi va yoʻlakda onasigʻa yoʻliqdi. Qorongʻu boʻlsa ham Oʻzbek oyimning tusidagi shodliq belgulari ochiq koʻrinib turar edi:
— Oʻgʻul muborak boʻlsun, bolam!
— Oʻzi tetikmi?
— Tetik!
— Oldigʻa kiraymi?
— Yoʻq, — dedi Oʻzbek oyim, — chillalik uyga kechasi koʻchadan kelib kirish yaxshi emas...


Ichkari kirsang toʻgʻri Zaynabning oldigʻa bor. Dadang shundami?
— Oʻzi?..
— Oʻzi yaxshi, xotirjam boʻl, — dedi Oʻzbek oyim, orqasigʻa qaytdi. Otabek ketiga burilib tashqari yoʻlak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va oʻylanib toʻxtadi.


Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan toʻqnashish uning uchun bir oz oʻnggʻaysizroq tuyulgan edi.


Shu yoʻsun bir muncha vaqt yoʻlakda turib, soʻngra ichkariga tomon yurdi. Zaynabning uyiga oʻtar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy tarafka qarab oldi.
— Oʻgʻul muborak boʻlsin! Zaynab erini shu soʻz bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlugʻ boʻlsin!» deb qoʻydi. Oʻlturgandan keyin Zaynab oʻzicha kulindi:
— Haligi... — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qoʻydimi yoki oʻylab qoldimi, nima boʻlsa ham aytalmadi. Otabek uning ogʻzini kulimsiragan holda bir oz kutib «xoʻsh, haligi...?» deb soʻradi.
— Haligi...
— Uyogʻi?
— Oti qursin... ha, aytkandek, oshingizni eysizmi?
— Yeyman.
— Sovib qolmagʻan boʻlsa — shu.


Otabek ertadan beri hech narsa emab edi.
— Qandogʻ boʻlsa ham, — dedi.


Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq koʻrinsa ham, ammo bu ochiq chehraning zamirida uni jiddiyroq mashgʻul qilgʻan yana bir gap bordek, yaʼni koʻrinishdan shoshqanliq va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostigʻa yashiringʻandek edi. Zaynabning oʻn besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorigʻi kabi «esdan chiqarish» holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda soʻramoqqa majbur boʻldi:
— Nega holingiz parishon?


Zaynab kuldi:
— Nega parishon boʻlsin.
— Manim koʻzimga parishon koʻrinasiz.
— Toʻgʻri, — dedi Zaynab, — qoʻrqdim...
— Nimadan qoʻrqdingiz?
— Tugʻishdan...
— Qiynaldimi?
— Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — Oʻz koʻzingiz bilan koʻrmaganingiz uchun ishonmaysiz.
— Oyim mundogʻ demagan edi-ku?
— Sizdan yashirgʻanlar.


Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilgʻan bu gap Otabekka qandogʻ taʼsir qilishi koʻb tafsilga muhtoj emas. Bu toʻgʻrida Zaynabka yana savol tashlab tafsilot olishdan qoʻrqdi, ham uzoq oʻlturolmadi. Choyini naridan-beri ichib, oʻrunini toʻshatib yotdi. Zaynab shamʼni oʻchirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab Kumushlik uyga — xotinlar oldigʻa chiqib ketdi.


Otabek uxlash uchun yotqan boʻlsa ham haligi gap uni koʻz yumdirmay qoʻydi, oʻng, soʻl, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi qulogʻi ostidan ketmas edi... Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turgʻan xotinlarning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻiri ham uning uyqusigʻa xalal berar va ora-chora goʻdakning yigʻlagʻan tovshi ham eshitilar edi. Bu maʼsum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi qoʻzgʻalgʻandek boʻlsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yoʻqolur edi. Shu yoʻsun ivir-jivir, achchigʻ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun mi-yonasidagi kechinmalar turlik rang bilan uning uyquliq dimogʻida akslana boshladilar... Choʻchib uygʻondi... Yonida Kumush... Zaynab yoʻq edi. Uyquliq koʻzi bilan narigi uyga quloq soldi, hanuz boyagʻi tovushni eshitdi va oʻng yonini bosib koʻrpaga burkandi, mundan keyin tinch uxlab ketdi...


Tush koʻrar edi: «Chamanda gullar ochilgʻan emish... Bu gulshan uning oʻziniki emish... Ul rango- rang chechaklardan koʻzini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan xavf bor emish... Xanjarini ushlab yovgʻa qarshi chiqgʻan emish... Yov qochqan emish... Yov orasida onasi ham bor, otasi ham koʻrinar emish... Qaytib chamanga kirsa bir sigir gulni bosib, yanchib oʻtlab yurgʻan emish... Bu holdan oʻzini unutkan va qoʻlidagʻi xanjari bilan sigirga yugirgan emish... Sigir emas — sariq sochlik albasti emish... Darmonsizlangʻan va xanjari qoʻlidan tushkan emish... Dunyoni qorongʻuliq bosqan emish...» Choʻchib uygʻondi va oʻz yonida uxlab yotqan Zaynabni koʻrdi. Haligi bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va vujudini ter bosqan edi. Sekingina oʻng yonigʻa agʻdarilib havli tomongʻa qarab yotdi. Uning agʻdarilishi bilan Zaynabning koʻzi ohistagʻina ochilib yana yopildi.


Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xoʻrozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradagʻi objuvoz poykoʻpining zarbi erni silkitib-silkitib toʻlqin berar edi. Narigi uyda yonib yotqan shamʼ nuri daricha tirqishidan milt-milt koʻzga ilinur, ammo ship etkan tovush eshitilmas edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi toʻgʻrisida xayollanib ketdi. Subh azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan ham azon tovshi kelgach, ul tahorat olmoq uchun qoʻzgʻaldi.


Kumushning yonigʻa kirish qulay boʻlsin, deb no-nishtani Zaynabning uyida qildi. Oʻzbek oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush yonidan bir oz vaqtgʻa chiqib turdi. Toʻrga Kumush yotqizilgʻan, uning oyogʻ tomonida Oʻzbek oyim chaqaloqni koʻtarib oʻlturgan edi. Otabek kirganda oʻzining siniqgʻan yuzi, ichkariga botinqiragʻan koʻzi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab, «muborak boʻlsin!» dedi. Kumush javob oʻrniga uyalib yuzini koʻrpaga yashirdi. Oʻzbek oyim:
— Berganga qulliq boʻlsin, oʻltur, — dedi.


Otabek Kumushning bosh tomonigʻa oʻlturdi. Oʻzbek oyim fotiha oʻqudi. Soʻngra chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychogʻimning koʻrmanasini chiqar, dadasi. — Otabek qizarib bolagʻa qaradi, Kumush yuzini yana koʻrpaga yashirib oldi.
— Oʻzingiz tuzikmisiz?
— Shukur...
— Qiynalibsiz, deb eshitdim...
— Tugʻmoq hazilmi senga, — dedi Oʻzbek oyim.


Kumush Otabekni oʻziga imladi va qulogʻigʻa shivirladi: «sizning gunohingizga...»
— Xoʻrak qildingizmi?


Oʻzbek oyim:
— Kechadan beri ichiga issigʻ kirgani yoʻq. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, — dedi.
— Albatta! — dedi Otabek va onasigʻa bir tilla soʻyinchi bergandan soʻng xotirjamʼlik bilan uydan chiqdi.


Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqagʻami ketkan edi. Shu vaqt ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonigʻa keldi:
— Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi.


Otabek kitobni belguluk qilib yopdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik... darrav kiring-chi! Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi oʻchkan holda Kumushning uyidan chiqib kelar edi.
— Nima gap? — deb undan soʻradi Otabek.
— Bilmadim, — dedi, — opam koʻngillari aynab qusyaptilar...


Otabek eshik yonigʻa kelgandan soʻng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilar-da, ul uyga kirdi. Oʻzbek oyim jom ushlagʻan, Kumush jomga oʻqchib qusar edi.
— Nima boʻldi?


Kumush javob beralmadi.
— Bilmadim... boyatdan beri toʻxtovsiz qusyapti, — dedi Oʻzbek oyim. Qusib charchagʻan Kumush holsiz-lanib boshini yostiqqa tashladi. Oʻqchib yoshlangʻan koʻzlari bilan eriga qarab oldi.
— Yoqmaydirgʻan xoʻrak bergansiz.
— Yoqmaydirgʻan hech narsa egani yoʻq, — dedi onasi,— Oʻsha ataladan boshqa xoʻrak qilmadi.


Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolgʻani ana tokchada...


Oʻzbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini tutdi.
— Tabib aytdiraymi?
— Aytdir. Manim ham koʻnglimga shu kelib turgan edi.


Otabek Kumushning qusugʻi bitkuncha turdi-da, soʻngra yugurib tashqarigʻa chiqdi. Hasanali hanuz boyagʻi ishda edi.
— Ota, siz yugurib tabibga boring-chi! Hasanali ishini tashladi:
— Nima gap?
— Keliningiz boyadan beri qusar emish.


Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab koʻtargan, Kumush hamon qus-moqda... Kumush holsizlanib oʻzini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari koʻkargan, yonigʻa kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi.
— Tuzikmisiz?
— Koʻnglim.


Otabekning hamma badani titrab ketdi, shundogʻ boʻlsa ham oʻzini qattigʻ ushladi:
— Qatiq ichirib koʻrdingizmi? — dedi onasigʻa.
— Yoʻq.
— Qatiq buyuring! Oybodoq qatiq keltirguncha Kumush yana jomga intildi. Bir-ikki oʻqchib qusqandan keyin, Otabekning qoʻlidagʻi suv bilan ogʻzini chaydi va piyoladagi qatiqdan bir-ikki hoʻplab, oʻzini yostiqqa tashladi. Harorati kuchlik, yurak urishi favqulodda tez edi. Otabek uning manglayini qoʻli bilan bosib ushlagan edi, bir oz tinchigandek boʻldi. Oʻzbek oyim burchakda bola koʻtarib oʻlturgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni toʻkib kelishka buyurdi. Otabekni manglayida turgʻan qoʻli qizib ketib, ikkinchi qoʻlini almashdirishgʻa majbur boʻldi. Manglayida sovuqliq his etib Kumush koʻzini ochdi.
— Koʻnglingiz bosildimi?


Kumush javob oʻrnida yostiqdan qoʻzgʻaldi. Jom yoʻq edi. Otabek shoshib tokchadagʻi xitoyi norin tovoqni oldi. Kumush qusdi. Bu gal qusuq boyagʻi qatiq aralash koʻkimtil va sargʻimtil narsalar edi. Ogʻzini chaygʻandan keyin Otabek qatiqni taklif qilgʻan edi, ichmadi va oʻzini yostiqqa otdi...


Tabib keldi xabarini eshitib, Otabek jonlangʻandek boʻldi. Uy eshigiga jom koʻtarib kelgan Zaynab keyiniga qaytdi. Oʻzbek oyim ham chaqaloqni koʻtarib uydan chiqdi. Otabek tabibning hurmatiga turishni unutib Kumushning manglayini bosqancha oʻlturar edi. Tabib Otabekdan voqiʼani soʻrab bilgandan soʻng Kumushning tomirini koʻrib labini tishlab qoldi va tovoqdagʻi qusuqni hidlab qaradi:
— Bu kun nima xoʻrak qilgʻan ekan?
— Atala.
— Oʻsha taomdan bir oz qolgʻani bormikin?
— Bor! — dedi Otabek va boya onasi koʻrsatkan joydan kosani olib tabib qoʻligʻa berdi.Tabib kosadan barmogʻigʻa bir oz elashdirib yaladi va darrav tuflab tashladi.
— Zahar ichibti! Otabek sapchib ketdi, tusi qoʻrqunch holga kirgan edi...
— Bekor gap! Tabib Otabekning hozirgi holatidan dahshatka keldi...
— Men hozir dafʼi uchun doru yuboraman, — dedi va qoʻzgʻaldi. Otabek ham uning bilan birgalashib oʻrnidan turdi:
— Zaharni kim beradi?


Nima deyishka ham hayron tabib:
— Man... man... Oʻzingiz oʻylab koʻring-chi... Man darrav doru yuboray, darrav ichiring, tuzikmi? — dedi.
— Bildim, bildim! — dedi bechora Otabek. — Zay-nab, Zaynab, Zaynab... Jalab! Yuboring, yuboring, darrav yuboring! Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib Kumushning boshigʻa keldi, yuzini ochib manglayini bosdi va oʻpdi... Kumush koʻzini ochib kuch bilan soʻl qoʻlini erining elkasiga tashladi... Qoʻlida chaqaloq bilan Oʻzbek oyim kirdi.
— Zaynabni chaqir, Zaynabni! Oʻzbek oyim tabib soʻzidan xabardor edi:
— Zaynab! Zaynab! Zaynab yugurib uyga kirdi. Tusi murdadek oqargʻan edi. Otabek Kumushni qoʻyib erdagi atalani oldi:
— Ich muni, ich jalab! Zaynab orqagʻa tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji koʻrindi.
— Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq! «Taloq» soʻzini eshitkan Kumushning koʻzi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji voqiʼani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojiaʼ sahnasidan ajablanib turmadi.
— Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — laʼnat sendek xotingʻa! Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshigʻa kelib oʻlturdi. Otabek va onasi oyogʻ ustida edilar, Kumushning koʻzi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi. Hoji oʻz qoʻli bilan sochlarni tuzatib Kumushning koʻkimtil tovlangʻan yuzini koʻrdi va manglayini bosdi...
— Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush koʻzini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
— Qoʻzgʻalmang, oyim... qoʻzgʻalmang! Kumushning koʻz yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham oʻzini toʻxtatolmay, Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam! Kumush jomga qoʻzgʻaldi, Otabek kelib qoʻltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu gal qusuq qongʻa aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub yotgʻach, koʻzi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi... dada... — soʻngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qoʻydi, uyalgʻansumon koʻzini yumdi...


* * *

Ertasi kun dafn marosimi boʻldi. Janozagʻa Toshkandning har bir mahallasidan deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarigʻina bu tantanaga etib kelalmadilar.


Bechora ona, bechora ota!..


Uchunchi kun ular ham kelib etdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?! Yettinchi kun xatmi qurʼon qilinib xalqgʻa osh berildi va shu munosabat bilan chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qoʻyildi.


Kumushning yaqinlarigʻina emas, balki fojiʼadan xabardor boʻlgʻan shaharning katta-kichigi Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq fojiʼaning oʻninchi kunlarida Zaynabning jinni boʻlib, ochiq koʻyi koʻchada yurgan xabari va ogʻasi tomonidan ushlanib kishanga solingʻan mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo koʻtarildi. Darhaqiqat, aqldan ozib koʻchalarda ochiq kezish va kishanga tushishning oʻzi ham Zaynab uchun kichkina jazo hisoblanmas edi.


Fojiʼaning yigirmanchi kunida yana xatmi qurʼon qilinib, butun yurtka osh berilgandan soʻng, bechora bolu paridan ayrilgʻanlar Margʻilongʻa qaytish harakatiga tushdilar. Yodgorbek ham Oftob oyimning quchogʻida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech kim yoʻq edi.


Eng keyingi vidoʻlashish kuni etdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining ikki tup qurigʻan chinor yogʻochi orasigʻa turgʻuzilgʻan yangi xishtin sagʻana qarshisida toʻxtadilar.


Sagʻananing oʻng boshidagʻi toshdan oʻyib yasalgʻan lavha koʻzga chaqilib turar edi:


La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil mashhudati al-magʻfurati.


Kumushbibi binti Mirzakarim Margʻinoniy, tarixi tavalludi 1248.


Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval.


Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir.


Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir.


Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod, Koʻzim yoshligʻ, tilimda qoldi faryod.


Hayotim lolazoridin ayurding, Yoqib jonim, kulim koʻkka sovurding.


Bechora ona chidalmadi, qabrni quchogʻlab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonigʻa tiz choʻkib, koʻz yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi... Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani oʻqub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yigʻlab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda qoldilar.


Qurʼon oʻqushgʻa hech kimda majol yoʻq edi.


Qarshidagʻi binoga Yusufbek hoji tarafidan qoʻyilgʻan qori bularning holiga tushundi.


Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida oʻlturib qurʼon oʻqudi. Oftob oyimning nolasi bosilsa ham, lekin koʻz yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda edilar. Fotiha tortilgʻandan soʻng qutidor va Oftob oyim qorigʻa pul berdilar. Qori ketkandan keyin har qaysilari oʻzlarini bosib alohida-alohida qurʼon oʻqub bagʻishladilar, soʻngra ohista-ohista yoʻl olib qabr bilan vidoʻlashdilar. Goʻyo Kumush «mendan rozi boʻling!..» deb onasigʻa xitob qilar, Oftob oyim orqasigʻa qaray-qaray yigʻlab kelar edi...


Otabek ularni uyga qoʻyib, qabr yonigʻa keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan Hasanali aravani qoʻshib tayyorlagʻan, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni koʻtarib chiqdi, keyinroq Yusufbek hoji bilan qutidor koʻrindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqgʻanda koʻcha tarafdan Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga — «tushing otdan!» dedi.


Hasanali otdan tushdi. Otabek irgʻib otqa mindi va qutidordan soʻradi:
— Otni haydaymi?


Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yoʻlakda turgan Oʻzbek oyim darbozadan moʻralab qoʻydi. Qutidor indamagani uchun Otabek oʻzicha otni haydab yubordi.
— Xayr!
— Xoʻsh! Margʻilongʻa joʻnaydirgʻan Hasanali gangib koʻcha-ning oʻrtasidan hojigʻa qaradi. Hoji yoʻlakdagi oyimgʻa er ostidan koʻz qirini tashladi... Otabek ortigʻa qaramasdan aravani haydar edi...

Xotima

Bir yildan soʻng Otabek usta Alim bilan birga Toshkand keldi. Hoji va Oʻzbek oyim ogʻiz ochib undan ranjiy olmadilar. Ul mehmonlar kabi edi. Na otasi va na onasi bilan ochilib soʻzlashmadi. Usta Alim bilan bir hafta chamasi Toshkandda turib eng soʻnggʻi kech yolgʻiz koʻyi Kumush qabri yonida boʻldi. Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzogʻroqdan qurʼon tovshi eshitilar edi. Ikki tub chinor butoqlarida qoʻnib oʻlturgan uch-toʻrtta boyqushlar, qabr yonigʻa tizlangan Otabek va yuqori, quyi doʻmbaygan qabrlar bu tilovatka somiʼ kabi edilar. Qurʼon oyatlari qabriston ichiga ogʻir ohangda oqar edi. Qabr yonigʻa tiz choʻkkan yigitning koʻz yoshlari ham qurʼon oyatlariga qoʻshilishib oqar edi. Birar soatdan keyin tilovat toʻxtaldi. Otabek holsizlanib oyogʻ uzra turdi va orqasidagʻi yarim yalangʻoch koʻlagani koʻrib bir necha qadam qabr tomongʻa tislandi... Koʻlaga yalingʻan sumol unga yaqin yurib keldi...
— Kim bu?
— Men Kumush!..


Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
— Ket mundan!
— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodagʻi eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasigʻa qaray-qaray Otabekdan uzoqlashdi.


Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yonigʻa tiz choʻkdi...


Ertasi kun Oʻzbek oyim yigʻlay-yigʻlay Yodgorbek uchun tikdirgan kiyimlarini oʻgʻligʻa topshirdi. Otabek usta Alim bilan birga Margʻilongʻa joʻnadi. Bundan soʻng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta Oʻzbek oyimning oʻzi Margʻilon borib keldi.


1277-nchi yilning kuz kezlarida boʻlsa kerak, Yusuf-bek hoji Qanoatshodan bir xat oldi.


Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi.


«Oʻgʻlingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qoʻshunda edi. Olmaota ustidagi oʻrus bilan toʻqunish-mamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid boʻldi. Men oʻz qoʻlim bilan ikkisini dafn etdim...» Yusufbek hoji xatmi qurʼon qilib yurtka osh berdi, Oʻzbek oyim qora kiyib taʼziya ochdi.

Bitdi

Yozgʻuchidan

Keyingi Margʻilon borishimda yaqin oʻrtoqlardan Yodgorbek toʻgʻrisini surishtirib bildim:


Yodgorbek ushbu asrning oʻn toʻqqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki oʻgʻul qolibdir. Oʻgʻullaridan bittasi bu kunda Margʻilonning masʼul ishchilaridan boʻlib, ikkinchisi Fargʻona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, oʻluk-tirigi maʼlum emas, deydilar.

III- boʻlim
 
Keyingi