OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abdunabi Hamro. Izboq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdunabi Hamro
Asar nomiIzboq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdunabi Hamro
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Izboq (hikoya)
Abdunabi Hamro

– Joyingga tur. Quloq sol, qabila: biz jang qilamiz! Qarlonlar ota yurtimizni bosib olishmoqchi. Bu togʻu toshlar, seroʻt yaylovlar, biz ov qiladigan cheksiz sahro ota-bobolarimizdan qolgan. Ularga esa bu – Ulugʻ ona Itning in’omi. Biz, bobolarimiz xoki yotgan yerni dushmanga bermaymiz!

– Qarlonlar koʻpchilik, biz chekinishimiz kerak, – tagʻin mingʻillay boshladi keksa Kohin. Sardor unga yomon qaradi, chol tislanib, oʻzini panaga oldi.

– Dushman ikki kundan soʻng yetib keladi, – dedi Sardor nayzasiga suyanib, – ungacha biz daraga kirish yoʻlini bekitamiz. Elqut bilan Qoʻrqut boʻliklari tosh toʻplab, kirish yoʻlining ikki yogʻida pistirmada turishadi. Men oʻz boʻlikim bilan yovning omon qolgan qismini qirib tashlayman. Qani, kim nima deydi?

– Gaping ma’qul, sardor... – munkillab qolgan qariya asta yurib oldga chiqdi. Gʻala-gʻovyp tindi: qabila ahli qariyani, uzoq yillar sardor boʻlib, yurtni omon saqlagan Bilgutni hurmat qilardi. – Faqat bir fikr bor. Ayollar bilan bolalarni Kumushtogʻ ortiga, bexavotir joylarga yuborish kerak. Kim bilsin, ayyor qarlonlardan har narsani kutish mumkin.

Sardor bir zum oʻyga toldi. Kechki gʻira-shirada kengash gulxani charsillar, sardorning toshdan yoʻnilganday qoruvli gavdasi tagʻin-da haybatliroq koʻrinar, xiyol yumuq koʻzlarida alanga shu’lasimi, jasorat yolqinimi, aks etardi.

– Mayli, – dedi u xotirjam, – Tezoyoq ellik yigit bilan ularni qoʻriqlab boradi. Qolganlar yotib dam olsin, erta saharda ishga kirishamiz.

Odamlar tarqalishdi. Sardor qabila udumi boʻyicha Shamolqoya ostidagi toshdan yoʻnilgan haykal – Buyuk Ona It siymosiga ta’zim qildi, soʻng oʻz chodiri sari yoʻnaldi.

– Sardor... Ota, men yov bilan jang qilishni istayman! – u bilan izma-iz kirib kelgan Tezoyoq zarda qildi, – odamlar nima deb oʻylashadi? «Sardor oʻgʻlini ayab, togʻ ortiga joʻnatdi. Bizni esa dushmanga roʻpara qildi!» deyishmaydimi?!

– Deyishaversin, – dedi Sardor xotirjam, – bu ularning ishi. Hozircha men sardorman, aytganim boʻladi. Sen esa mening yolgʻiz farzandimsan, naslimning davom etish-etmasligi senga bogʻliq. Borini aytdim!

Yigit noiloj chodirdan chiqdi. «Borini aytdim» – soʻnggi soʻz, oxirgi qaror. Qabila udumi shu. Kimki «borini aytdim» degach, tagʻin fikrini oʻzgartirsa, el orasida burdi ketadi.

«Qarlonlarni nima jin urdi ekan... – Sardor xotini keltirib qoʻygan yaxna goʻshtni hafsalasiz chaynay boshladi, – nahotki oʻz yerlari, podalari, ovdan tushgan oʻljalari kamlik qilayotgan boʻlsa? Axir, ota-bobolarimiz ularning ajdodlari bilan ahd bogʻlashgan. Koʻhna Ahd – muqaddas, uni buzgan kishi Buyuk Ona Itning qahriga uchraydi. Qarlonlar buni bilishadi, ammo ochkoʻzlik ularni uxlatmaydi. Qish kelyapti, bugun-erta toqqa qor tushadi. Bir oydan soʻng toʻrt Ulugʻ ovning biri, qishki oʻlja mavsumi boshlanadi. Mayli, ungacha qarlonlarni daf etib, nafas rostlab olishga ulguramiz...»

Tezoyoqning yigitlari xotin-xalaj, bola-baqrani qoʻriqlab, tongda yoʻlga tushishdi. Hech kim uvvos solgani yoʻq, koʻch-koʻronni koʻtarib, jimgina yoʻlga tushishdi. Avvalo, qabila ahli bu taxlit hayotga koʻnikib kelgan, qolaversa, yigʻi-sigʻi, oh-voh gʻanim diqqatini tortadi. Kim bilsin, qarlonlar joʻnatgan xufyalar togʻ-tosh panasida ularni kuzatib yotgandir balki. Va nihoyat, Sardorning qahri ham yomon, u behuda shovqin solgan odamni yoqtirmaydi...

Qarlonlar koʻp kuttirishmadi, ertasi kuni tushga yaqin ularning ilgʻor guruhi daraning tor yoʻliga yetib kelishdi. Elqut ularning dara ichkarisiga kirib boʻlishlarini kutdi, soʻng yigitlariga imo qildi:

– Tashla!

Ikki yoqdan katta-kichik toshlar yomgʻirday yogʻildi, tor yoʻlak bir pasda koʻmildi. Dushman kelgan yoʻl bekilgandi, endi u Sardorning boʻliki bilan yuzma-yuz keladi. Elqut va Qoʻrqut boʻliklari har ehtimolga qarshi tayyor turishardi: mabodo yov orqaga qaytib, tosh gʻovni buzib oʻtmoqchi boʻlsa, ikki yoqdagi tepaliklardan ular ustiga tosh va olovli yoylar yogʻdirish mumkin. Ammo soddadil Sardor ham, qabila ahli ham tunda yashirincha gʻoyib boʻlgan Kohinni nazardan soqit qilishgandi. Qarib, oldingi kuchi va siyosati qolmagan chol soʻnggi paytlarda Sardor bilan chiqisholmadi. Oʻh-hoʻ, bir paytlar u butun boshli qabilani yotqizib-turgʻizardi. Sardor Bilgut ham undan hayiqib turardi. Zero, Kohin xohlagan odamini Ulugʻ Ona It uchun qurbonlikka tavsiya qila olardi. Soʻnggi yillarda esa Sardorning mavqei mustaqkamlandi, Kohin bilan hech kimning ishi boʻlmay qoldi. Bir paytlardagiday qabilada ham diniy rahbar, ham harbiy yetakchi boʻlishi endi kulguli tuyulardi koʻpchilikka.

Alamzada chol kecha tunda arvohday sharpasiz yurib, qishloqdan chiqib ketgandi. Qarlonlar sardori uni yaxshi kutib oldi. Hikoyasini eshitgach esa bir kulib qoʻydi, xolos. Oʻsha tunda cholni boʻgʻizlashdi, albatta. «Sotqinga ishonib boʻladimi? – oʻyladi qarlonlar yetakchisi, – bugun oʻzinikilarni sotdi, ertaga bizniyam sotishi tayin!» Ammo chol keltirgan ma’lumot muhim edi. Shu bois bir boʻlik cherikni panada qoldirdi, Elqut va Qoʻrqut bekitgan dara ogʻzidagi toʻsiqni ular ochishdi. Endi, agar zarurat boʻlsa, chekinish mumkin.

Jang qizidi, himoyachilarning holi tang edi. Qarlonlar chekinishni oʻylashmasdi. Qaytanga, ularning mohir kamonbozlaridan bir nechtasi dara yoʻlining ikki tarafidagi Elqut va Qoʻrqut boʻliklariga koʻp talofat yetkazishdi. Bu ikki boʻlikning oz qolgan jangchilari Sardor boʻlikiga kelib qoʻshilishdan boshqa chora topolmadilar. Ular aylanma yoʻllardan pastga tushib, jangga qoʻshilishdi.

– Qilichlarni ishga soling, – hayqirdi Sardor. Uning atrofidagi maxsus guruh yigitlari qarlonlar hali koʻrmagan qurol – qilichlarni qindan sugʻurishdi. Kamon va nayza – uzoq masofa quroli, yaqin turib, yuzma-yuz jang qilganda qilichga teng keladigan yaroq yoʻq edi. Qarlonlar sarosimada qolishdi, jang bir pasda ularning ziyoniga oʻzgardi. Lekin xufiya boʻlik yetib keldi, ularning mergan kamonbozlari himoyachilarni tutday toʻka boshlashdi.

– Sardor, ahvol chatoq, – dedi u bilan yonma-yon jang qilayotgan Elqut hansirab. Yigitning chap yelkasini nayza tigʻi tilib oʻtgan, yaradan oqayotgan qon yengidan chakkillab tomardi.

– Qoʻrqma, oʻgʻlim, hammasi yaxshi boʻladi! – Sardor shunday deb ortga, qarorgoh tomon koʻz tashladi, soʻng Elqutga yuzlandi. – Hammaga ayt, ikki chetga, toshlar panasiga yashirinishsin. Hozir qora sel keladi.

U qilichini qiniga soldi-da, ikki qoʻlini ogʻziga karnay qilib, Shamolqoya tomonga oʻgirilgancha sas berdi:

– Ay-ya-hu-uv. Bas-s-s!

Ulugʻ Ona It haykalining ikki yogʻida, qoyani oʻyib kovlangan ikki tosh xona panjaralari koʻtarildi. U yerdan esa xonalarning har biridan yuztadan it otilib chiqib, oʻzini dushman toʻdasiga urdi. Qop-qora tusli, silliq junlari kuz quyoshida yaltirayotgan, bir yildan beri moda it koʻrmay iliqqan, uch kundan beri yemish yemay qonsiragan maxluqlar qarlonlar ustiga balo-qazoday yopirilishdi. Xanjarday tishlar duch kelgan kekirdakni uzar, toʻgʻri kelgan qorinni yorib tashlardi. Umrlarida bu kabi vahshiy jonzotni koʻrmagan dushman askarlari ortga oʻgirilishdi, biroq odamzod itdan chaqqon emas. Buning ustiga yurakdagi soʻngsiz vahima oyoqlardan madorni olgan, qoʻpol zirhlar yugurishga qoʻymasdi...

Maydon boʻshab qoldi. Unda faqat Sardor qad kerib turar, dushman murdalari aro tumshuqlari qonga belangan itlar izgʻishardi. Sardor ularning nafslari orom olguncha kutib turdi, soʻng yana hayqirdi:

– Huv-ay-ya! Ta-as! Ta-a-s!

Itlar itoatkorona ortga qaytishdi. Ular maydon oʻrtasida qilich yalangʻochlab turgan Sardorni uch-toʻrt qadam naridan aylanib oʻtishar, ayrimlari unga xushomad qilganday dumlarini likillatishardi. Biroq Sardor ayni daqiqalarning nechogʻliq xavfli ekanligini yaxshi bilardi. Agar sal boʻshashsa, chehrasidagi qat’iyat, nigohlaridagi gʻazab salgina oʻzgarsa, itlar unga itoat etmay qoʻyishadi, ortga qaytib, uning oʻziga tashlanishadi. Shu sabab u qilt etmay, qilich dastasini mahkam tutib turardi.

Toʻrt oyoqli jangchilar yotoqlariga kirishdi, panjaralar tushirildi. Sardor chetroqdagi xarsang ustiga ogʻir choʻkdi. Pana-pastqamdan chiqib kelgan jangchilarning ayrimlari oʻlja qurollarni yigʻishga ketishdi, bir nechta yigit esa Sardorni oʻrab oldi. Qarorgoh uzra tugʻ hilpirar, unda it boshining tasviri tovlanardi.

Kechga yaqin yana Kengash gulxani yoqildi. Ziyofatdan soʻng Sardor oʻrnidan turdi.

– Qarlonlar qirib tashlandi, biz gʻalaba qildik. Ulugʻ va mehribon Ona It bizni oʻz himoyasiga oldi. Quloq sol, qabila! Bizning eng yaqin doʻstimiz, birodarimiz, himoyachimiz kim?

– Itlar! – hayqirishdi toʻplanganlar.

– Ovni qoyillatadigan, oʻlja izini adashmay topadigan iztopar va izboqar kim?

– Itlar!

– Buyuk Ona Itga hurmatimiz, sodiq doʻstlarga e’zozimiz ifodasi sifatida men oʻzimga yangi nom tanladim. Umid qilamanki, u sizlarga ma’qul boʻladi.

– Gapir, Sardor! Sen bugun ishonchimizni yana bir bor oqlading, – dedi dono Bilgut, – qanday nom tanlading?

– Izboq! – dedi Sardor koʻzlari chaqnab.

– Izboq! – hayqirdi olomon

– Izboq! – aks sado berdi Shamolqoya.

– Sen bu nomga munosibsan! – dedi Bilgut faxr bilan, – amringga muntazirmiz, Izboq!

– Unday boʻlsa eshiting. Men, qabila sardori Izboq, buyuraman: togʻ ortiga odam yuborilib, ayollar va bolalar olib kelinsin. Uch kecha-kunduz oʻlganlar uchun motam tutib, ularni dafn etamiz, uch kecha-kunduz gʻalabani bayram qilamiz. Soʻng to Ulugʻ ov mavsumigacha qarorgohni tuzatib, ta’mirlaymiz. Uylanadigan, erga tegadigan yoshlarning toʻylari Ulugʻ ovdan soʻnggi birinchi oy toʻlishgan kunlarda oʻtadi. Men Izboq, borini aytdim!

Izboq oʻn besh yil qabilani boshqardi. Qoʻshni qabilalarni boʻysundirib, ulkan hudud hukmdoriga aylangach, bahor kunlarining birida u barchani yana Shamolqoya oldiga toʻpladi va ularning koʻzlari oldida Buyuk Ona It haykalini sindirib tashladi.

– Hayvon odamzodni yaratolmaydi! – dedi u qat’iy. – U oddiy bir hayvon, aqlsiz maxluq, xolos. Odamni ham, itni ham, qushlaru qurt-qumursqani ham yaratgan boshqa bir ulugʻ kuch, ilohiy qudrat boʻlishi kerak. Uning nima ekanligini bilmayman, lekin nima boʻlganda ham u – It emas! It – oddiy bir jonivor, u insonga xizmat qiladi. Mana, koʻrib qoʻyinglar! Pas-s!

Toʻrtta ulkan it chopib kelib, uning oyogʻi ostiga yotishdi.

– Ana, ular buyrugʻimga muntazir. Agar amr etsam, sizlarga tashlanishadi. Bordiyu xohlasam, ularni chopib tashlayman. Chunki, it –odamzodning xizmatkori, xoʻjayini emas. Hech qanday Ulugʻ Ona It yoʻq, boʻlgan ham emas, boʻlmaydi ham. Faqat barcha narsani yaratgan Oliy qudrat – Tangri bor! Menkim, hukmdor Izboq buyuraman: mamlakatdagi barcha it haykallari sindirib tashlansin, it surati solingan tugʻlar yoqilsin, itlar odamlar bilan emas, alohida itxonalarda saqlansin. «Ulugʻ Ona It» degan ibora yoʻqotilsin! Borini aytdim!

Izboq ham, uning elati ham xotiraga aylandi. Biroq mehribon va odil tarix jasoratli, dono kishilar nomining unutilishiga yoʻl qoʻymaydi. Izboqning nomi ham «izboq – spak – sabak – sobaka» shaklida bugungi kunlargacha yetib keldi. It esa Izboq aytganiday, odamzodning sodiq xizmatkori boʻlib qoldi.