OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdunabi Hamro
Asar nomiOlotning odamlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abdunabi Hamro
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olotning odamlari (hikoya)
Abdunabi Hamro

– Qummi polvonga olib boring bu kishini, choʻponlarning zoʻri Qummi bova! – dedilar hokim bizga. «Gap yoʻq, hokim bova, – dedik qulliq qilib, – bir ogʻiz soʻzingiz... Moshin masalasi...»

– Moshin tayyor. Ana, bizning «uazik» bekor yotibdi, oʻshani mininglar. Kelishdikmi, muxbir bova?

– Kelishdik, – dedi muxbir bova va qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

Kamina qulingiz – hokimiyatda bosh mutaxassismiz, ijtimoiy masalalar bizning boʻyinda. Bironta shoir-poir, muxbir kelsa, uni aylantirish, kerak-yarogʻini topish, xursand qilib joʻnatish – birinchi darajali vazifa. Muxbirlarni yaxshi koʻramiz: ular kelgan kun kaminaga bayram! Dimiqqan kabinet, uyum-uyum qogʻozlardan qutulamiz. Rosti, avvallari oʻzimizcha oʻylardik: komputir degan matohni qogʻozni kamaytirish uchun yaratishgan. Mana, hamma yon komputirlashdi, endi hujjatlar kamayadi, hamma narsa shu aqlli mashinalar xotirasida saqlanadi, deb sevindik. Yoʻq, har doimgiday, adashgan ekanmiz. Endi har bir hujjat bir necha nusxaga koʻpaydi, yangi-yangi papkalar paydo boʻldi. Osmondan qor yoqqandek yuqoridan qogʻoz yogʻadi-ey! Qaror-farmoyish, buyruq, yigʻilish bayoni, dastur, qoʻllanma, yoʻllanma... oti ham, xili ham bisyor. Alqissa, muxbirjonlar kelishsa, ayniqsa, bugungiday qishloq xoʻjalik masalalari boʻyicha boʻlsa, bizga xudo berdi. Ikki-uch kun yayrab olamiz.

– Joʻllievga uchrab keting! – deya gap qistirdi kotiba qiz. Jiblajibonga oʻx­shagan shu qoqchakkani hech jinim suymaydi-da. Bit koʻzlarini gʻiltillatib, Farmonbibining shpiyon kelini Sottiday gap poylaydi.

– Boʻpti-boʻpti... – deya toʻngʻilladik ensamiz qotib.

– Joʻlliev? Bu qanaqa familiya? – irshaydi muxbircha. Uning yoshiga nomunosib qorinchasi, qirgʻiy burniyu tovoqday yuziga qarab ijirgʻanib ketdik. «Senga nima, xunasa! O’zingnikiyam ja unaqa jon olguday emas-ku! Mallaev emish! Bir harfi oʻzgarsa yo Kallaev, yo Sallaev boʻladi...»

– E-e, taqsir bizda bunaqa familiyalar koʻp, – deya tirjayib izoh berdik, – Joʻlliev boʻlsa, bobosining ismi yo Joʻlmurod, yoki Joʻlamon boʻladi. Buning qonida, menimcha, qozoqnimi, qirgʻiznimi qoni bor.

Olotda agar birovning familiyasi Xuddiev boʻlsa, bobosi Xudoyberdi yo Xudoyqul boʻlgan. Bekkiev – Bekmurodov, Qulliev – Qulmurodov, Xolliev – Xolmurodov, Shommiev – Shomurodov va hokazo. Mana, hozir oʻzimiz izlab bormoqchi boʻlgan choʻpon bova Qummi polvon. Asli ismi – Qurbonmurod. Jummi degan ism eshitsangiz, bilingki, u yo Jumaqul yoki Jumadurdi boʻladi. Siz sigaret-pigaret chekib turing, men zamhokimga bir uchrab chiqay, keyin joʻnaymiz.

Joʻlliev qabariq koʻzoynagi ostidan savolomuz tikildi:

– Bolaning qadam olishi qalay?

– A chyort yego znaet! – qoʻl siltadik. – Prostoy muxbir-da. Katta Qummi choʻponga yuboryaptilar. Borib kelaylik-chi, «uazik»da.

– «Churpa»sini kim topadi, – mingʻilladi u. «Churpa» – muxbirning yoʻl kirasi va boshqa mayda-chuyda xarajatlari. Bu – yozilgan qonun. Kelgan odam hech narsa soʻramaydi, lekin ilmoqli gap qiladi, xoʻmrayadi, tirnoq ostidan kir izlaydi. «Churpa»ni choʻzsangiz hamma yoq gullola! Keyin mashhur «oloti somsa»dan bi-i-r toʻydirasiz, shu bilan tamom. Ket-di-i! «Qaranglar, izidan gap-soʻz chiqib yurmasin» deydi katta. Ilojingiz qancha, ortiqcha gap kimga yoqadi deysiz.

– Siz-da, aka, men topaymi? – dedim hayron boʻlib. Joʻlliev uf tortdi, paytdan foydalanib, eshikni tashqaridan yopdik.

– Ketdikmi? – muxbir bova sigaretini ochiq derazadan chertib yubordi.

– Ketdik.

Ali polvon moshinasini yoʻlga toʻgʻrilab qoʻygan ekan, oʻtirdigu joʻnadik.

– Qandaysiz, doyi? – soʻradi u xumday boshini xiyol orqaga burib.

– Zap-zakonniy! O’zing-chi, jiyan, dimogʻ chogʻmi?

– E-e, bir qimir-qimir-da, yuribmiz. Moshin ezib tashlaydi ba’zan. Uyda uch inak, toʻrt gechchi, uch hoʻjak, besh bacha... tushunib olavering.

Mallaev hech baloni tushunmadi. Bizga angrayib qaradi. Noiloj «tarjima» qildik:

– Uch sigir, uch buzoq, toʻrt echki va beshta bola!

– A-a! Shevalaring qiziq ekan.

– Olotda shunaqa.

Qummi choʻpon deganimiz – yoshi toʻqsonni qoralab qolgan, qotmadan kelgan, pishiq, quvnoq va bir oz ayyorroq chol. Uyiga olti oyda, bir yilda kelsa bir keladi, boʻlmasa shuyam yoʻq. Ma’raka-mavriddan ham barganda, ya’ni mosuvo. Otagʻarning bovasi, ichi toʻla gap. Yosh ham shunga yarasha-da. Tagʻin deng, ayrim qiliqlari... qaysidir yili oʻsha yoqlarda, oʻz qoʻshi atrofidagi bir quduqni ochibdi. Yigirma yilcha burun boshqa yoqqa koʻchganda uning ogʻziga qopqoq urib, mixlab tashlagan ekan. Hayit arafasi uyiga kelibdi. Chori polvon momosiga yil oshi berayotgan ekan. Gurung orasida Itolmas choʻpon soʻrab qolibdi:

– Qummi ogʻa, Doya xotindagi qudugʻingizni ochibsiz deb eshitdim.

– Hm-m.....

– Bir hafta-oʻn kun ichida qoʻylarni oʻsha yoqdan haydab oʻtaman. Quduqdan sugʻorsa boʻlarmikan?

– Be-e, Itolmas bova, sogʻmisiz oʻzi?! Yigirma yilda suv aynib, kislotaga aylanib ketgandir deyman! – gapga aralashibdi Toʻraqul birgat.

– Hih, nima, odamlar ahmoqmi senga! – deya ayyorona zarda qilibdi Qummi choʻpon. – Ochgan kunim oldin Qoryogʻdi choʻponga ichirib koʻrdim suvdan, baloyam urgani yoʻq. Ke­yin qoʻylarni sugʻordim.

Endi oʻzingiz xulosa qilavering boboyning mugʻombirligi toʻgʻrisida. Tagʻin deng, oʻzi Qorovul qishlogʻidan, hamyurtlari hammasi «galdi – gitdi» taxlit gapirishadi, u boʻlsa pot qilib, «kelopmiz-ketopmiz» deydi. Qiziqsangiz, «Biz uzoq yili vesilkada boʻlganmiz Mirzachoʻlda» deydi. Buning ustiga, shunday ichdan pishganki, asti qoʻyaverasiz. Har yulgʻun, har saksovulning tagida bir juft aroqmi, vinomi koʻmib qoʻyilgan «sekretnыy» toʻchkalari bor. Mana bunga oʻxshagan bironta yozarmonmi, yo boshqa idoradan ikki-uch tekshiruvchimi borib qolsa, maktabni tashlab, yonida tiqilib yurgan nevarasiga buyuradi:

– Ahmadboy, huv anavi qumtepadan tushib, chap tomondagi saksovullarni sanang. Toʻrtinchi saksovulning tagini kovlang.

Xiyol oʻtmay, yigitcha oʻsha yoqdan bir juft boʻyni uzun shisha topib keladi. Cholning uchinchi xotini (oldingi ikkitasi uni kuta-kuta oʻlib ketishgan) Jummi (Jumasulton) momo ja yasan-tusanni joyiga qoʻyadigan kampir. Shundanmi, chol uning shoxini qayirib turadi oʻqtin-oʻqtin.

– Xotin aka, koʻchada mandan naq oʻn metr orqada yuring. Begona erkaklar bilan soʻrashmang, xeshtabor boʻlsayam, qoʻllashib koʻrishmang. Qoʻlingizni yeng ostiga yashirib yuring...

O’zi boʻlsa otam zamonidan qolgan yarim harbiycha kitel, raisi cholvor (galife) kiyib olgan deng. Oyogʻida xirom etik gʻarchillaydi, boshida antiqa teridan sur telpak. Gitlernikiga oʻxshagan qoʻngʻiz moʻylovi tagida bir juft tilla tishi bot-bot yaltirab turadi. Shoshmay, qoʻlini orqaga qilib, minnatdor boʻlsagina yerni bosaman deganday odimlaydi. Vey, koʻrsangiz bir nusxa-da, kuzatib maza qilasiz.

– Ha, shoir bova, damingiz ichingizda? – Ali polvon xayolni boʻldi.

– Ay-y, xayol opqochdi-da, jiyan. Qummi bovani oʻyladim.

– Iya, shoirmisiz, she’r yozasizmi? – muxbir bova jonlanib qoldi.

– Nu-u, «hamma bidir-bidir, menam bidir-bidir» degan ekan bir chalamulla. Koʻp qatori-da, Olotda hamma shunaqa.

– Hamma? Hamma she’r yozadimi? – yigitcha ishonqiramay koʻzlarini pirpiratdi.

– Hamma boʻlmasayam, koʻpchilik shunaqa. Polvonlik, shoirlik bu odamlarning qonida bor. Mana, Ali polvonni olaylik. Bovasini Ismat choʻng deyishardi. Gavdasi togʻday edi, bolaligimda ikki-uch koʻrganman. Qahraton qish kunlariyam ikki piyola koʻknorini ezib, zakuskasiga bir xumchoynak choyni ichardi-da, toʻgʻri kelgan yulgʻunning tagida uxlayverardi. Tuya boqardi-da. Uygʻongandan keyin ustiga yoqqan qorni qoqib, turib ketaverardi. Momomiz rahmatli tomonidan qarindoshligi bor. Ana, buyam meni togʻa deb chaqiradi. Figurani qarang, naq Goʻroʻgʻli deysiz. O’tgan kun Beshim qassobning toʻyidagi kurashda oʻzimiznikilarniyam, qoʻshni yurtlardan kelgan uch-toʻrtta polvonniyam «supurma» qilib qoqib tashladi, birinchi tovoqqa qoʻyilgan hoʻkizni tortib ketdi.

– Ja-a, opqochdingiz-da, doyi... – Ali polvon xijolat boʻlib qizardi. – Aslida davraga chiqish niyatimiz yoʻq edi. Joʻralar bilan bir oz dorilagandik, shular bod berishdi-da... Hoʻkiz ham dardisar boʻldi, oʻzi uydagilarni boqishga oʻt yoʻq.

– Iya, polvonligidan, gʻalabasidan, olgan sovrinidan noligan odamni endi koʻrishim... – muxbir hayron boʻldi.

– Ajablanmang, muxbir bova, – dedik kula-kula, – Olotda shunaqa.

Bu orada tuman markazidan chiqib, qishloqlarni kezib, toʻgʻri «Hamza» nasos stantsiyasiga eltuvchi asfalt yoʻlga tushib oldik. Bahor avjida, odamlar dalaga chiqqan, yoʻl yoqalarida ish qaynaydi. Bir payt polvon mashinani sekinlatdi.

– Tinchlikmi? – dedik oldinga engashib.

– Kapchachilar chiqishyapti.

– Kapchachi? U nima degani? – Mallaev qiziqsindi.

– Kapcha deganimiz – belkurakning bir turi. Faqat ikkita qulogʻi bor. Zavodskoy emas, temirchilar yasashadi. Ariq-zovur qaziganda foydalanimiz undan. Davlat chiqargan belkurak shox loyni kesmaydi, kapcha boʻlsa, jallodning oyboltasiday oʻtkir boʻladi. Polvon, toʻxta!

Yigirma besh yoshlardagi yigit kapcha tigʻiga bir otim loy, uning ustiga bir toʻgʻram non qoʻyib, yoʻlni toʻsib chiqdi. Orqa oʻrindiqdan tushdik-da, nondan bir tishlam olib yedik, soʻng choʻntakdan bitta besh yuztalikni olib, loy ustiga qoʻydik.

– Uzr-da, jiyan, vaqt ziqroq. Hormanglar-ov!

– Bor boʻling, shoir bova! Qani, yoʻl boʻlsin? – soʻradi nariroqdagi ariq qazi­yotganlardan biri.

– Choʻlga! Qummi bovani bi-i-r ziyorat qilib kelaylik. Qani, omin, ishlar baroridan kelaversin, allohu akbar!..

– Rahmat, shoir bova! Yaxshi borib kelinglar.

–Boʻpti, xudo quvvat bersin, – deya mashinaga oʻtirdik.

–G’alati odat ekan... – dedi muxbir bola.

– Yo besh-olti metr ariq qazib berasiz, yo koʻngildan chiqarib, bir narsa tashlab ketasiz. Olotda shunaqa.

Yoʻlga tushdik. Jumabozordan oʻtib, Qizilqal’aga yaqinlashganda Ali polvon gap qotdi:

– Doyi, mehmon och qolmadilarmikan? Soat ham oʻn ikkiga yaqinlashdi.

– Muxbir bova, qorin...

– Yoʻq, haligina zavtrak qiluvdim Buxoroda, boraveraylik-chi. Hali choʻlga uzoqmi?

– O-o, choʻlga hali yuz kilometrcha bor! – dedik huzur qilib kerishgancha. – Boʻpti, polvon, Qirlishonda, Mahmud akanikida choy ichamiz.

Mehmon qiziqsinib atrofga alanglaydi. Tevaragimiz paxtazor, onda-sonda, u yer-bu yerda bironta shiypon koʻrinib qoladi. Shoʻro davrida bu adoqsiz hudud jamoa xoʻjaliklariga boʻlib berilgan, suv taqchil, paxta hosili haminqadar edi. Mana endi fermerlar bu yerlarni yashnatishyapti.

Kanal koʻprigidan oʻtib, choʻlga burildik, bir kilometrcha yurmay, polvon moshinni toʻxtatdi.

– Ha-a? – dedik. – Mahmud ustolovoynikiga haydayver.

– Rahmon aka turibdi yoʻl boshida, – dedi u asta.

– A-a! Unda tushamiz! – Xursand boʻlib ketdik.

Qirlishon hududida mahalla raisiyam, kotibiyam shu odam. Toʻgʻri, rais qoʻyishadi, ammo tuman markazidan uzoq boʻlgani uchun qatnab ishlashga kim chidardi. O’zi bu yerda ellik-oltmish xonadon bor, bular orasida Rahmon akadan bilimdoni topilmaydi. Past boʻyli, chaqqon, kirishimli, har qanday ovqatni sayratvoradi.

Tushib koʻrishdik. Rahmon aka ayyorona iljayib turibdi.

– Ha-a, Chorliyup, kimni kutyapsiz?

– Sizlarni-da! Hokimiyatga telpon qilsam, choʻlga ketishdi deyishdi. Man aytdimki, baribir shu yerdan oʻtishadi! Qani polvon, moshinni chetroqqa oling, uyga ketdik.

– Aka, – dedi muxbir qoʻlini koʻksiga qoʻyib. – Biz choʻponlar oldiga...

– Ebi, mehmon bova, hozir choʻpon topiladimi choʻlda? Nomozgar payti qayda boʻsayam qoʻshiga qaytib keladi, borib tappa bosasiz! Shoir bova, koʻp gap – eshakka yuk, ketdik. Sizning oʻtishingizni enamga aytganman. Indamay oʻtib ketsangiz xafa boʻladilar, bilasiz-ku!

– Bilaman, ketdik.

Muharram momo saksondan sakraganiga ancha boʻldi. Tumandagi bayramu sayillarga chaqirtiramiz, doyra chalib, bir laparlar aytadiki, ihi! Yigirma yilcha Buxoroda yashagan, zamona zayli bilan eri qamalib, bolalarini olib, Olotga koʻchib kelgan. Shungami, buyam Qummi polvondek tojikchalab qoʻyadi ba’zan. Bizga, ayolimizga mehri boʻlakcha. Tadbirlarda birga yuraverib, ona-bola boʻlib ketganmiz.

– Voh-voh, mani shoir oʻgʻlim kelipti-ku!

Yugurgilab peshvoz chiqqan kampirni koʻrib muxbir hayron boʻpqoldi.

– Aka, menmi? Shoirligimni qaerdan bildilar bu onaxon?

– Ebi, sizga emas, doyimga aytyaptilar. Hali sizam shoirmisiz? Mana boʻlmasa! – Ali polvon xandon otib kulib yubordi.

Uch-toʻrt soat qolib ketdik. Muharram momo xazina, gapu hangoma deganingiz qaynab chiqadi, ashula, laparlari tugamaydi. «Rahmon aka, ikki-uch xil ovqat qildirib, bolalarni qiynab qoʻydingiz-da», – dedi mehmon xijolatomuz. «Ebi, meymonjon, buning nimasi qiyin? O’zimizam huzur qilib oʻtirdik. Olotda shunaqa», – dedi mezbon jilmayib. «Sohib mening otim. Sohib Salomovich Mallaev... Shu-u, familiya bir oz...», – deya xokisor jilmaydi yigit.

–Nichego, za to, taxallusingiz qiyomat ekan! – dedi Ali polvon guldirab, – Sohib Salom! Gap yoʻq!

– Ena, duo qiling, turaylik endi... – deya qoʻlni koʻkrakka qoʻydik. Enamiz tarang qila-qila oxiri koʻndilar. Fotihadan soʻng mezbonlar bilan xoʻshlashib, yoʻlga tushdik.

– Koʻp ichvordik-da, aka... – dedi chaynalib Sohibboy. Ali polvon tagʻin kuldi.

– Ebi, oʻzi necha piyola oldingiz, shoir aka?

– Bilmadim, besh-olti piyola boʻldi-yov!

– E-e, besh-olti butilkami debman men! Bular nima ekan! Ana, doyimiz bis-binoyi oʻtiribdilar-ku!

– Ha-a, endi ustozga gap yoʻq ekan! – muxbir bova yaltoqlangandek boʻldi. Ensa qotganini sezdirmay, latifa boshladik...

Qummi choʻponning qoʻshiga yetguncha qosh qoraydi. Moshindan tushayotib polvon hazillashdi:

– Uyga aytib kelganmidingiz, doyi?

– E-e, uyga qancha kam borsam, yangang shuncha xursand. Yuraver, jiyan.

Bizning «qoʻsh» deganimizga tushunmagani shundoqqina aftidan koʻrinib turgan muxbir bovaga izoh berdik:

– Ana, qoʻsh ana shu. Paxsa devorli ikki kulba, chetan bilan oʻralgan qoʻyyotoq. Huv anovi yerda quduq bor, undan qoʻylarni sugʻorishadi.

Sohib Salom bosh irgʻadi. Bu orada hokim bovaning moshinini koʻrib, Qummi choʻponning choʻligʻi Qoʻldosh kichkina yugurgilab keldi.

– Eb, ebi! Shoir bovami bu?! Qani-qani, tomirlar, kelaveringlar!

Boʻyi bir qarich, jonsarak, boʻlsa-boʻlmasa begʻubor jilmayib yuradigan bu odamning rang-roʻyi toza, qoʻy koʻzlari samimiy, soqol-moʻylov qoʻymagan. Rahmatli otamiz bilan sinfdosh boʻlgani uchun bizga erkalik qiladi, ba’zan tegishib gapiradi. Yetti yot begonani ham «tomirlarim, jigarlarim» deb chaqiradi. Va shunga yarasha ardoqlaydi ham. Umuman, Qoʻldosh kichkina uchun odamning begonasi yoʻq.

Bir paytlar, oʻtgan asrning 60-yillarida jamoa xoʻjaliklari qoshida choʻchqaxonalar tashkil etilgandi. Tabiiyki, oʻzbekman degan mardum bu maxluqqa yaqin bormaydi, shuning uchun rais bova Olotdan bir alkash oʻrisni topib, xotini bilan qoʻshib, koʻchirib opkeladi. Choʻchqaxona ikki kolxoz chegarasidagi «neytral» bir hududda qurilgan boʻlib, qishloqlardan sal yiroqroq edi. Qish kunlarining birida boyagi oʻrisning ayoli Marusya qishloqda paydo boʻladi. Qorboʻronda boshyalang, oyoqyalang chopib kelgan nasroniy xotinni koʻrib, hamma hayron. Hech kim eshigini ochmaydi. Faqat Qoʻldosh kichkina, oʻsha paytlari armiya xizmatidan kelib, Buxorodagi buxgalteriya texnikumida oʻqiyotgan yigit, uni tushunadi.

– Muj bolen! On prostudilsya! Pomogite!

– Chto s nim? – soʻraydi Qoʻldosh.

– U nego jar! On prosto gorit! – izillaydi ayol.

– Nima deydi bu marja? Chuldiramay, odamga oʻxshab gapir, enagʻar! – qahrlanadi Qoʻldoshning akasi Sulton.

– Eri shamollab qolibdi, issigʻi baland ekan. Borib kelaman! – yigit choponini kiyadi.

– E-e, oʻlib ketmaydimi, senga nima zaril!

– Ogʻa, axir u ham odam-ku!

Alqissa, Qoʻldoshboy bemorni eshakka oʻngarib, medpunktiga opkeladi va bu atrofdagi yagona hamshira, tatar ayoli Vasima Hasanshinani oʻrischayu tatarcha aralashtirib oyoqqa turgʻazadi. Bu Qoʻldosh bova deganimiz shunaqa.

Botayotgan quyosh nurida qizargan ufq tomondan qoʻylar suruvi koʻrindi, atrofni ma’ragan tovushlar tutdi. Qummi choʻpon nevarasi bilan hay-haylashib, otarni haydab kelmoqda edi. Qoʻldosh kichkina paxsa uycha oldiga, qumga sholcha toʻshab, koʻrpacha soldi, qumgʻonni toʻldirib, goʻsht qaynayotgan qozon ostiga, choʻgʻning bir chetiga oʻrnashtirdi. Ahmadboy bovasi bilan qoʻylarni qamab, quduqdan suv tortib, novlarga quya boshladi. Novlarning bir cheti qoʻtondagi novga tutash, qoʻylar suvga intilishdi. Qummi bova yuvinib-taranib, biz tomon yurdi.

Koʻrishdik, soʻrashdik, ob-havodan, narxu navodan gaplashdik. Bu orada Ahmadboy beshinchi yulgʻun ostini kovlab, ikkita shisha topib keldi. Shoʻrva suzildi. Nariroqdagi benzinda ishlaydigan dvijok gʻuvillaydi, qoʻylar ora-sira ma’rab qoʻyadi, qoshiqlar tovoqlarga tegib taqillaydi. Elektr lampochka yorugʻiga koʻp oʻtmay oy nuri qorishib ketdi.

Ovqatdan soʻng muxbir yigit choʻponni soʻroqqa tutdi: soʻradi, surishtirdi, yozib oldi. Ularni yolgʻiz qoldirib, Qoʻldosh bova ikkovimiz nariroqda gurunglashdik, Ahmadboy qoʻylardan xabar olishga ketdi.

– A-y, tomirlarim-ey, xoʻp yaxshi boʻldi-da kelganlaringiz. Mana, Xizr kezgan choʻllarda yuribmiz bizam. Bir paytlar kalxoʻzda katta bugʻoltir edik. Gidilyan balosidan soʻng bu yoqlarga kelib qoldik-da. Polvon bova ulfat odam, kelishib ishlab yuribmiz, – deya xoʻrsindi Qoʻldosh bova sahro zulmatiga koʻz tikkancha. – Bu bacha Toshkentdan kelganmi?

– Hovva, gazitdan.

– Mayli esa, katta odam ekan. Xapa qilma uni, koʻngliga qara. Otang bilan joʻra edik...

U oʻsha yoshlik yillariga qaytgandek tamshandi, koʻzlari yoshlangandek boʻldi.

– Hay, bosmachining nevarasi, kelmaysanmi bu yoqqa!? Qoʻldosh, kel senam! – choʻponning ovozi eshitildi. Borib koʻrpachaga choʻkkaladik.

– Soʻroq-savol tugadimi? – deya kulimsiradik.

– Hovva, tamom. Lekin yamon injiq ekan buning. Kim qaerdagi, otam zamonidagi gaplarni soʻraydi. Mayli-da, bilganimizcha aytdik...

Choʻpon bovaning kayfi chogʻ edi. Umuman, sarxushlik alomatlari hammamizdayam sezilyapti, ayniqsa, muxbir yigitda.

– Sizni nimaga polvon deyishadi, yo kurash tushganmisiz yoshligingizda? – tuyqus yana soʻroqni boshladi u.

– E-e, bratishka, ikki xotinni nokaut qilib, uchinchisi bilan «nichya»ga erishgan odam polvon boʻladi-da! – deya luqma tashladi Ali polvon guldirab. Qiyqirishib, rosa kulishdik.

– Ha-a, endi, kurashganmiz bizam, bolam.

– Ebi-i, bir vaqtlar bu yoq hech kimga oldirmasdi! Qorakoʻlu Jondor, Qarshiyu Farobdan kelgan ne-ne polvonlar Qummi polvonning otini eshitib qolsa, davradan zipillab chiqib ketardi! – Qoʻldosh kichkina havolandi. – Polvonning kichkinasi chatoq boʻladi, bilasizlar-ku. Bu yoq ham oʻzimizday ixchamgina, qoʻlda turmasdi, zogʻora baliqday...

Keksa choʻpon hazin jilmayib, ogʻir bir damsar urdi. Shu xoʻrsiniq bilan toʻzonli, dard toʻla yillarning gʻubori otilib chiqqanday boʻldi.

– Istalin bova bizga bir yaxshilik qilib ketdi-da, boʻlmasa oʻsha yoqlarda...

U gapini tugatmay, Sohib oraga suqildi:

– Iya, Stalin jallod, vosvos boʻlgan deyishadi, oʻzimiz ham oʻqiganmiz!

– Unisini bilmadim. Lekin, toʻchniy, oʻz vaqtida oʻldiyu biz qamoqdan qutildik! – dedi choʻpon ayyorona jilmayib.

– Qamoqmi, surgunmi? – soʻradik bizam jim turmay.

– Odamlarga «veshilka» deymiz-da, bolam. Qamoq desang birov qoʻrqadi, birov ola qaraydi. Qamoq, Magadan...

«Yo rabbim-a, bu yogʻi «Tulach» boʻpketdi-ku!» degan gap xayoldan oʻtdi. Shu payt choʻpon bova yonboshidagi tayogʻini dutorday ushlab, bir nimalarni gʻoʻngʻillay boshladi. Muxbir hayron boʻlib Qoʻldosh kichkinaga qaradi.

– Kayflari tutib qolsa, bu yoq gʻazalmi, oʻlanmi aytib qoladilar. Sizlar eshiting­lar, tomirlarim, eshitinglar... – dedi u shivirlab. Keksa choʻpon hamon gʻoʻldirardi.

– Polvon bova, sasni bir parda koʻtaring endi! – deya bod berdik.

– A-a? Ha-a... Alqissa, Goʻroʻgʻli Xirmondalidan xat olgandi, keyin kayfi chogʻ boʻlib, koʻngli togʻ boʻlib, bir gʻazal aytdi:

O’n sakkiz arshli ot mindim,
Otdin armonim qolmadi.
Zarrin toʻshaklar ustinda
Yotdim armonim qolmadi,
Yotarman, armon qolmadi-yo-yov!

Bahor havolari anqib yotgan choʻlni oy nuri sutdek yoritar, choʻponning dardli, hazin tovushi olis moziy qa’ridan kelayotganday koʻtarilib tushardi. Sohibboy ang­rayib qoldi. Uning koʻzlarida: «Vo ajab, bu odam choʻponmi, polvonmi yo baxshimi!» – degan savol aks etardi. Bizning koʻngilni esa faxr tuygʻulari toʻldirdi: ana, bizning bovalarimiz qanaqa! Olotliklar shunaqa, muxbir bova!

– Bovajon, Sayotxondan ayting, – deya iltijoli pichirladi Ahmadboy. Uning qachon kelib oʻtirganini sezmay ham qolibmiz.

– Mayli, bolam, hozir... O’-oʻ, bir paytlar «Tohir-Zuhro», «Shohsanam-G’arib», «Sayotxon-Hamro»larni yod bilardik... Qarilik qursin, bolam, qarilik! – Choʻpon yana koʻzlarini yumdi, bir oz sukut saqlab, xayolini jamladi. – Alqissa, Sayotxonni axtarib borgan Hamro musofir yurtda zindonga tushib qoldi. Chohda yotib, tepasidan qarab-qarab oʻtayotganlarni koʻrib, jismu joniga dard oʻralib, koʻksini tigʻlab, zor-zor yigʻlab, bir gʻazal aytdi:

Misrning elidan kelgan jonlarim,
Xabar bering, bizim ellar omonmi?
Soyasiga kun tushmagan togʻlarim,
Xabar bering, bizim ellar omonmi?

Yon-atrofga qarasak, Qoʻldosh bovaning boshi egilgan, Ali polvonning dami ichiga tushgan, muxbir bovaning koʻzi yoshga toʻliq, Ahmadboy bovadan koʻz uzmay termilgan... Polvon bova boʻlsa tebranib-tebranib aytaverdi:

...Qanotim yoʻq olis-olis uchmoqqa,
Ilojim yoʻq ushbu chohdin chiqmoqqa.
Hamro aytar, sarmast boʻlib quchmoqqa,
Hurliqojon, xipcha bellar omonmi?

Yer-osmon aylandi, yulduzlar yigʻladi, oy uyatdan yondi. Chirildoqlar jim boʻldi, bovamizning sasi ham pastladi. Xayollar olislarga uchdi, har kim nimanidir esladi. Kim bilsin, polvon bova – qamoqdagi hayotini, Qoʻldosh kichkina Gidilyan tergovini, biz esa... biz tengilar nimaniyam koʻribdi? Harqalay, koʻrmasak-da, his etdik, tushundik. G’amnok nola, shoh satrlar, aytim bagʻridagi dard bizni mahv etdi. Ancha choʻzilgan sukutdan soʻng Sohibboy soʻz qotdi:

– Rahmat-ey! Lekin... nimaga «Hurliqojon»? Nega?

– Chunki, «Sayotxon va Hamro» dostoni xalq orasida «Hurliqo va Hamro» deb ham ataladi. Tagʻin bilmadik, balki biz adashayotgandirmiz, – deya izoh berdik.

– A-a! Vot gap qaerda!

– «Vot-vot»lamang, muxbir bova, oʻzbekcha aytavering, – dedi choʻpon jilmayib, – oʻrisning zamonini koʻrgan biz aytsak, manavi bosmachining nevarasi aytsa yarashadi, yoʻq, kechirimli. Siz mustaqillikning bolasi, tagʻin shoirman deysiz...

– O’-oʻ, uzr, bovajon, uzr. Biru nolga urdingiz.

Shu oqshom uxlamadik hisobi: gap, gurung, xotiralar bizni rom qildi. Sahar turib qarasak, choʻpon choʻligʻi bilan qoʻylarni haydab ketibdi, Ahmadboy bir shirboz qoʻyni soʻyib, moshinga bosib qoʻyibdi. Hay-haylaganimizni koʻrib, qat’iy turdi:

– Jiyanlarning nasibasi bu, doyi. Buning ustiga, bovamiz eshitsalar xafa boʻladilar, bizni koʻzga ilmadi bular deb.

«Ana, bizda shunaqa» degandek Sohibboyga qaradik, u ham yelka qisib qoʻydi. Qaytdik – Qirlishonga yetgach, Ali polvon moshinni sekinladi.

– Ha-a?

– Rahmon aka turibdilar yoʻl chetida.

Muxbir bovaning rangi aroqning shishasiday oqara boshladi. Kulishdik, uni yupatdik:

– Qoʻrqmang, tushmaymiz. A-a, Rahmon aka, assalomu alaykum! Qani, nima gap, aka?

– Hokimiyatda yigʻilish bor ekan, – dedi u koʻrishib boʻlgach, – uyga kirib bir piyola choy ichib, soʻng yoʻlga tushsak ham uspet qilamiz.

– Yoʻq-yoʻq, akajon, chiqing-chiqing moshinga, iloyim xudo xayringizni bersin, ketdik! – Sohibboy tipirchilab qoldi. Kula-kula Rahmon akani moshinga tortib chiqardik.

– Bu nima? – soʻradi muxbir, Joʻlliev bergan «churpa»ni choʻntagiga tiqishga urinayotganimizda.

– Bu – yoʻlkira, muxbir bova, – xokisor jilmayishga urindik, – irimi shunaqa...

– Aka, ustoz! Men kitoblaringizni oʻqiganman, sizga aytmagandim hali. Men sizni esladim, yaxshi esladim kecha. Xalqingiz ham sizni qanchalik ardoqlashini koʻrdim. Bu – bir. Maosh tuzukkina, safar haqi bor, shu yetarli. Bu – ikki. Shunday odamlarni koʻrdim, tanishdim, maza qildim, taassurotlar – bir dunyo. Bu – uch. «Olot somsa»dan toʻydik. Bu – toʻrt. Mana bu esa – besh!

Shunday deb u papkasidan shapaloqday kitobcha chiqarib uzatdi. She’riy toʻplam ekan. «Sohib Salom. Sizlarni soʻrab keldim.» Dastxat ham yozib qoʻyibdi. Balo ekan! Qachon ulgurdi oʻzi! Ilk betdagi she’riga koʻz yugurtirdik.

...Yomonga yoʻq deganlar,
Lafzida toʻxtaganlar,
Bobomga oʻxshaganlar,
Men sizni soʻrab keldim.

Uni bagʻrimizga bosib, qulogʻiga shivirladik:

– Omon boʻl, uka. O’gʻil bola ekansan. Iloyim katta shoir boʻl!

«Churpa»ni Joʻllievning stoliga tashlab, Sohibbek bilan yetaklashgancha pastga tushdik.

– Men hali bu yurt odamlari haqida hikoya, yoʻq, qissa yozaman! – dedi u xayrlashar chogʻi. – Ajoyib odamlar ekan!

– Arziydi, uka, yozsangiz arziydi. Olotliklar shunaqa.

Bir oycha oʻtgach, katta gazetalardan birida «Choʻponlarning baxshisi» degan maqola bosildi. «Barot qirriqning toʻyiga Qummi polvon ham kelarmish» degan gapni eshitib, gazetani choʻntakka tiqib bordik. Qurbonmurod choʻpon maqolani koʻrib, yayrab ketdi.

– O’-oʻ, qistaloq, yamon zoʻr yozibdi lekin! Istalin bovaniyam yozibdi! Ey-y, otasining goʻriga! Qani, bosmachining nevarasi, oldikmi? – U yarimlatib quyilgan piyolalarga ishora qildi.

– Bovamizni koʻrib qolgan odamsiz, qoʻlingizni qaytarsak uyat boʻlar deyman...

– Ha-a, malades! Shunaqa muxbir balalar kelsa, toʻgʻri mani oldimga olib boraver. Polvon bovang hali-beri oʻlmaydi!

– Iloyim oʻlmang, bovajon, iloyim oʻlmang...

Polvon bovaning koʻnglidagi dunyoni ham, bizning yurakda talashayotgan hislarni ham ikki pulga olmaydigan sershovqin toʻy esa davom etardi...