OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdunabi Hamro
Asar nomiQirq yillik qasos (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abdunabi Hamro
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qirq yillik qasos (hikoya)
Abdunabi Hamro

Maxsum qildek boʻyni ustida likillab turgan mushtdekkina boshini toʻxtovsiz silkiy boshladi. Goʻyo shunday qilsa, daxshatli tush ta’siridan qutiladigandek edi. Ammo bu tush deganlari xira pashshadek nuqul aylanar, har safar yangi-yangi tafsilotlar kelib qoʻshilardi.

Chol inqillagancha toʻrta taxtadan qoʻpol yasalib, ostiga sakkizta gʻisht terilgan qoʻlbola karavotdan turdi. Madori yoʻqday... Tavba, kuz oqshomidayam odam terlaydimi, buning ustiga «burjuyka» yoqilmagan boʻlsa?!

U gandiraklagancha hovliga chiqdi. Eshik oldidagi sargʻish xazonlarni titkilab, yemish qidirayotgan bir juft qargʻa parillab uchdi, Maxsumning oʻtakasi yorilgudek boʻldi: «He... Palakatlar, shumqadamlar!»

U gʻoʻldiragancha hovli chetidagi hojatxonada boʻ¬sha¬shib chiqqach, nariroqdagi tosh devor tagida, yerdan bir qarichgina chiqib turgan suv quvuri oldiga borib choʻnqaydi. Qoʻl-betini chala-yarim yuvib, belidagi qas¬moq bogʻlagan roʻmolini yechdi. Bir haftadan beri ustara koʻrmagan, ichkilik, uyqusizlik oqibatida ajinlar toʻri qoplagan, gʻijimlab tashlangan qogʻozdek yuzi qoʻl¬lariga begonadek tuyuldi. Ogʻir soʻlish olib, behol oʻr¬ni¬dan turdi. Muzeyning orqa tarafiga yopishtirilgan, u hamisha «bizning oshxona», deb ulugʻlaydigan katalakdek chumchuqxonaga kirarkan, oyogʻi ostidan miyovlagancha chetga sakragan mushukdan seskanib tushdi: «Tfu, qistaloq! Nima balo, ashettan boshqa joy qurib qolganmi, chumchuq ovlasang! Bugun oʻzi bexosiyat kun ekan...»

Choy qaynaguncha, muzeyning asosiy zalini bir aylanib chiqdi. Negadir, oʻsha haykal turgan nimqorongʻi burchak tomonga oyogʻi tortmayotgandek edi. Ammo, oʻzini botirlikka solib, oldinga yurdi.

«Bordiyu, joyida boʻlmasa-chi! – degan fikr kechdi xayolidan. – Be-e, qayoqqa ketardi, turgan boʻlishi kerak, haykalning oyogʻi boʻlsa ekanki, qochib ketsa... Toʻgʻri, oyogʻi bor-u, lekin...» Va shu on boʻliq, tirsillab turgan, koʻrgan kishining ehtirosini junbushga keltiradiganday oyoqlar koʻz oldiga keldi. «Im-m!.. Nimalar deyapman, nimalarni oʻylayapman?! Axir, u tosh-ku, haykal u, hay-kal!»

Oldinga yurdi. Ana ulkan suratli panno orqasida turibdi u. Oʻrta boʻyli odamning qaddi-bastiday jussasi nozikkina, yarim yalangʻoch ayol haykali. Parishon sochlar silliq yelkasiga shaloladek quyilib tushgan, bir necha tutami esa boʻliq, tarang siynasini bekitib turibdi. Baquvvatroq erkak mahkam qisib ushlasa bir tutamgina boʻladigan xipcha bel nozli buralib, biroz orqaga tashlangan nafis tanani bazoʻr ushlab turgandek. Beldan pastdagi ikki enlikkina joyni chala yarim bekitib turgan harir mato nuqraday badanning butun koʻrkini yashirolmas, aksincha, tagʻin-da boʻrttiribroq koʻrsatardi. Me’yorning, mutanosibligu uygʻunlikning oliy darajadagi namunasi boʻlmish silliq, jon oʻrtar sonlaru quyma oyoqlarga ortiq tikilib turishga toqati yetishmasligini anglagan Maxsum ortga burildi. Burilayotib, haykalning chehrasiga beixtiyor koʻz tashlab oʻtdi. Bir oycha burun ham yosh, bokira qizlarning chehrasiday gardsiz yuz biroz burishgandek, avvallari ibo, hayo toʻliq boʻlgan nigohlarda nafrat uchquni chaqnayotgandek, uyat va andisha zoʻridan qisilib-qimtinib turadigan yumuq lablarda butun zaharxanda bir tabassum oʻynayotgandek edi.

«E-e qudratingdan! – chol orqaga tisarildi. – Bu qanday tilsimot boʻldi! Yoʻq, bu oʻsha tush ta’siri, oʻsha qoʻrqinchli tushning oqibati. Boʻlmasa, jonsiz bir tosh... Iya, choy qaynab ketgandir!» Shu xayol bilan burilgan zahoti hovlidan hirqiroq tovush eshitildi:

– Maxsum hoʻv, anjan! Tirikmisan? Choying quribdi-ku, oshna!

– Boryapman, abzi, boryapman.

Maxsum oshnasi Shomil tatarning kelganiga bir xursand boʻldi, bir ensasi qotdi.

«Kallayi saharlab pishirib qoʻyibdimi muzeyda! Lekin, bir hisobda yaxshi boʻldi, odam tafini odam oladi». U oʻylari yakun topmay, eshik oldida bugʻi chiqib turgan choynakni koʻtargancha iljayib turgan oshnasiga duch keldi.

– Kel, oshna, kel. Qalaysan?

– Maxsum Shomilning qoʻlidan choynakni olib, zalning chekkarogʻidagi qiyshiq stol ustiga qoʻydi, soʻng dasturxon tuzay boshladi. Shomil tatar oqsoqlanib unga ergashdi, yoʻl-yoʻlakay irimiga, savlat uchun koʻtaradigan mis dastali hassasini qoʻltigʻiga qistirib, kirlanganidan gullari bilinmay ketgan gilam doʻppisini yechdi-da, kafti bilan tepakal boshini silab qoʻydi.

– Oltmishga kirib, senga oʻxshagan qorovul koʻrganim yoʻq, – dedi u hiringlab. – Uyquni bik yaxshi koʻrasan. Bulay yotaversang, hukumat seni ishlashga yoratmiy.

– Oʻzbekcha gapir-ey, battol! – dedi Maxsum ham kulimsirab. – Nuqul ulay-bulay qilasan!

– Ha, endi, ona tilimiz-da, oshna… – Shomil chol kursiga chikdi, hassani devorga tirab, choʻntagidan bir hovuch qand-qurs, mayiz chiqardi, «dasturxon» degan sharafli nomga erishib, stol ustiga yozilgan sargʻish gazetaga tashladi. Bu orada labi uchgan choynakka choy damlab, ikkita piyolani chayqab kelgan Maxsum uning roʻparasiga oʻtirib, choyni qaytara boshladi. Shomil oshnasining kirtaygan koʻzlariga qarab, uning xayoli parishon ekanligini sezdi.

– Ha, anjan, xomush koʻrinasan? Yo yurtingni sogʻin¬dingmi?! – kulimsiradi u.

– Mening yurtim shu yerda, oshna...

– Ebi, ikki gapning birida «Anjan unday, Anjan bunday» deb, yurtingni maqtab, barchani jonidan toʻydirarding-ku! Andijon ham oʻzimizning Buxoroga oʻxshagan bir yurtda, boʻlmasa. Mana, masalan, Boshqirdiston – ona vatanim, lekin, shu xalq menga boshpana berdi, yedirib-ichirdi, odam qildi. Shu yerda umrim oʻtdi, ishladim, pensiyaga chiqdim. E-e, nimasini aytasan, joʻra, zoʻr joy bu!

– Bilaman... – uf tortdi Maxsum choy hoʻplagancha oʻzini kursi suyanchigʻiga tashladi, – bilaman... rosa qirq yil boʻldi kelganimga, birovdan yomonlik koʻrganim yoʻq. Lekin, Andijon tushlarimga kirishiyam rost. Oʻzim batta yashayapman-u, xayolim, yuragim oʻshatta, oshna. Ammo, borolmayman...

Shomil chol gap kavlab oʻtirmadi. Hozir «Nega borolmaysan, kim toʻsqinlik qiladi?» deb surishtirgani befoyda. Anjan oʻzi shunaqa, ba’zan qulfi dili ochilib, soʻramasang-da yurtini, odamlarini maqtab, ta’riflab ketadi. Ayrim paytlarda esa, xuddi Qoramulla jodulab, tiliga tushov solgandek, haftalab miq etmaydi. Zotan, Shomilning oʻziyam koʻp gapirgan odamni jini suymaydi, uning kasbi gap bilan emas, raqamlar bilan bogʻliq. Umr boʻyi hisobchilik qildi, choʻt qoqdi, sonlarni sonlarga urishtirdi. Turli idoralarda, turli rahbarlar bilan ishladi, kattalar ma’ruza qilaverishdi, u esa koʻzoynagini burni ustiga qoʻndirib olib, ishini qilaverdi. Darvoqe, ikkala yengi ustidan, tirsagigacha yetadigan jild kiyib yurish odati oʻsha yillardan qolgan. Stol yenglarini yagʻir qilib tashlardi. Hozir kalkulyator, kompyuter degan gaplar chiqqan, ishlash oson. Bir paytlar, oʻh-oʻh, barcha ish kalla bilan, qoʻl bilan bitardi.

– E-e, dunyosiga uray! – Maxsum egilib, tumbali stol ostidan ogʻzi ochiq shisha chiqardi. – Bugun dushanba, ogʻir kun. Muzeygayam hech kim kelmaydi. Oshna, «ellikta»dan uraylik, gʻashlagim tarqamayapti.

– I-i, anjan, mana bu boshqa gap, joʻra! – Shomil jonlandi. – Bilganimda, zakuska olib kelardim. Yo borib kelaymi, a?

– Oʻtir, – qoʻli bilan imo qildi, Maxsum, – shu yetadi. Non bor, qand, mayiz bor. Oʻzi yarimta vino boʻlsa. Toʻgʻri, kecha bir piyola urib yotuvdim.

U ikki piyolaga qultillatib quydi, achimsiq hid taraldi. Shomil burnini jiyirdi.

– Ha-a, yoqmadimi? – kinoya qildi Maxsum chol.

– Yoʻgʻ-ey, normalno. Kafan tekin boʻlsa oʻl, degan mashoyixlar. Qani, oldik.

Ikkinchi piyoladan soʻng Maxsumni xayol opqochdi. Doim shu: ikki oshna bir juftdan olishadi, soʻng Maxsum anjan xayol qushiga ergashib, yurtiga borib keladi. Shomil tatar papirosini burqsitib tortgancha yo muzeyni aylanadi, yoki boʻlmasin oshnasining oʻziga kelishini kutib oʻtiraveradi.

«Nega oʻshanda shunday qildim?! – Maxsum alam bilan lab tishladi. – Ruxsora hozir tirikmikan? E-e, tirik boʻlsa yurgandir bola-chaqa, nevaralarini atrofiga yigʻib, toʻxta, bordiyu erga tegolmagan boʻlsa, isnodga chiday olmay oʻzini... Yoʻq, Xudo asrasin! Nimaga uning oh-zorlariga, iltijolariga quloq solmadim?! Shunchalik vahshiy, bagʻritoshmidim?! Oʻsha tun...»

...Oʻsha tun oysiz edi, zulmat edi, zil edi. Ergash tegirmonchi hadeganda kelavermadi. Maxsum ham tortilgan unni eshakka ortib ketolmadi.

– Boravering, hozir ddam kepqoladilar, ungacha qoʻrqmayman, – dedi oʻn olti yashar qiz oʻziga gʻalati qarab qoʻyayotgan yigitdan hadiksirab.

– Yoʻq, seni yolgʻiz qoldirib ketmayman! – yigit tegirmonda qolishga bahona topilganidan sevinib, yerga toʻkilgan unlarni kurakcha bilan toʻplayotgan qizga hirs bilan tikildi. Bolalarga sim bilan osilgan kerosin lampaning xira yorugʻida qiz unga jannatdagi hurlarday suluv koʻrindi. Boshi aylandi, qoni gupirib, jismini bir olov kuydira boshladi. Egilgancha kuymanayotgan qizni shartta bagʻriga tortib, ezgʻilay boshladi, soʻng dast koʻtarib taxlab qoʻyilgan boʻsh qoplar uyumi ustiga bosdi.

– Voy men oʻlay! Voy, tegmang!.. Onajon!.. Maxsum aka, dadam kepqoladila hozir! Voy!..

Qiz jon-jahdi bilan qarshilik koʻrsatar, ammo boʻz yigitning yovvoyi kuchi oldida ojiz edi.

Hamma ish bitgach, nima qilib qoʻyganini anglagan yigit yirtiq kiyimlarini epaqaga keltirolmay kalovlanayotgan, yigʻidan qovoqlari shishgan, tomogʻi ostida yigitning tish izlari bilinib qolgan, behol ingrayotgan qizga asta yaqinlashdi:

– Ruxsora...

– Ket!.. Iflos!.. Iloyo juvonmarg boʻl! Iloyo kosang oqarmasin! Seni oʻldiraman, baribir oʻldiraman! Yoʻqol! Oh-h, onajon... Otam soʻyib tashlaydi meni...

– Men senga... uyla... – yigit gapi ogʻzida qoldi.

Qiz unga shunday gʻazab va nafrat bilan qaradiki, uning ichida bir tomir shirt etib uzilgandek boʻldi.

– Haromi! Iloyo koʻr boʻl, shol boʻl! Ket!

Ergash tegirmonchi Madamin qassobning toʻyida shirakayf boʻlib, tunda tugirmonga yetib kelganida, u yerda hech kim yoʻq edi. Maxsumning rang-roʻyi bir ahvolda kelganini koʻrgan otasi Nazar omborchi oʻn daqiqa ichida doʻq-poʻpisa bilan undan hamma gapni bilib oldi.

– Ket bu yurtdan, – dedi u oʻgʻlini tepkilab charchagandan soʻng. – Mana, bor pulim shu. Ol-da, koʻzimdan yoʻqol! Agar tegirmonchi seni oʻldirmagan taqdirdayam oʻzim oʻldiraman. Nomusimni yer bilan bitta qilding! El orasida yuzim shuvit boʻldi. Bu yurtdan chiqib ket, to men oʻlguncha qaytib kelma!

Maxsum gʻing demadi, otasi bergan pulni olib, indamay chiqib ketdi. Na onasi bilan, na aka-ukalari bilan xayrlashdi. Tongga yaqin yoʻlovchi mashina uchradi, oʻsha bilan Andijongacha keldi, soʻng bozorda ishini bitirib, uyiga qaytayotgan buxorolik terifurushlarga qoʻshilib, bu yoqqa joʻnadi. Shu-shu boʻldi-yu, taqdir uni shu zaminga bogʻladi. U yer-bu yerda ishladi, rizqini terdi, nafaqaga chiqqach, mana, shahar muzeyiga qorovullik qilyapti. Ikki bora uylandi, ikkovidan ham farzand koʻrmay ajralishdi.

«Ayb sizda, – deyishdi doʻxtirlar, – ayolingizda gap yoʻq».

Nachora, taqdir ekan, koʻnikdi. Soʻnggi yillarda mana shu oshnasi, Shomil tatar uning yolgʻizligini bildirmaydi. Maxsumning oʻrtacharoq hovlisini tuzukkina pulga sotib oldi, »Baribir oʻsha muzeyingda qishlaysan-ku, hovli nimangga kerak?!» dedi u kulib. Qoʻshnichilik, Maxsum yoʻq deyolmadi. Rosti, unga hovlining keragi ham yoʻq edi, u oxirgi paytlarda soʻnggi kuni yaqin qolganini his etayotgandek edi. Ruxsora tushlariga kiradi, uni qargʻaydi, zorlanib yigʻlaydi, nafrat bilan tikiladi. Chol qora terga tushib uygʻonadi, anchagacha mijja qoqmay yotadi. Soʻnggi oylardagi ovunchogʻi – haykal. Darvoqe, haykal... Bir oycha burun uni allaqaerdan opkelishib, muzeyga qoʻyib ketishdi. Tagidagi taxtaga «Yolgʻiz ayol» haykali, andijonlik usta Jaloliddin Rahmonov yasagan» deb yozib qoʻyilgan. Maxsumni hayratga solgan narsa haykalning goʻzalligi, yarimyalangʻochligiyu raso qomati emasdi. Rost, bu narsalar ham koʻpdan ayolga qoʻl tegizmagan, tugʻma ehtirosi baland Maxsumni ancha bezovta qilardi, lekin, uning chehrasi... Maxsum barcha muqaddas avliyolarni oʻrtaga qoʻyib qasam ichishi mumkin: Bu – Ruxsoraning haykali! Oʻsha suluv chehra, oʻsha betakror badan... U seskanib ketdi, umrida ilk bor qiz badanini koʻrgan, undan lazzat olgan va umrbod bu ilohiy tuygʻuni unutolmagan Maxsumning yuragi hapqirib ketdi.

– Tomogʻingni tirmalabsanmi, anjan? – u Shomilning hirqiroq tovushidan oʻziga keldi.

– Qani? Nima?..

– Ana, qizarib, koʻkarib turibdi-ku! – dedi tatar iyagi bilan joʻrasining tomogʻiga imo qilib.

– I-i? – Maxsum jonholatda tikanak soqol bosgan ingagini, soʻng tomogʻi ostini paypasladi. Qoʻli hech narsani sezmadi shekilli, stol ostidan yuzini dogʻ bosgan siniq oynasi parchasini oldi, tomogʻiga sinchiklab razm soldi. Rost, koʻkargandek izlar paydo boʻlibdi. Uning yuragi orqasiga tortib ketdi: bu barmoq izlari edi! Oʻtkir tirnoqli, ingichka, ammo kuchli boʻlgan ayol barmoqlarining izlari!

– Kim biladi deysan, uyquda timdalagandirman-da... – gʻoʻldiradi u. – Kel, qoʻy shu gaplarni. Qani oldik.

Bu safar piyolani toʻldirib olishdi. Shomil gazagiga tagʻin papiros tutatdi, Maxsum anjan «uh-u» deb qoʻydi, xolos. Soʻng oraga hamishagi jimlik choʻkdi. Maxsum joʻrasiga sezdirmay, iyagi ostini siypalab qoʻydi. Nahotki, oʻsha voqea, kecha tundagi ish tush emas, haqiqat boʻlsa? Yoʻq, aqlga sigʻmaydi bu gap! Axir, u haykal-ku, bor-yoʻgʻi oddiygina bir tosh! Jonsiz haykal kelib, uyqudagi odamni boʻgʻishi mumkinmi? Yoʻq, bu gapga odam zoti ishonmaydi. Lekin shu ish sodir boʻlgani rost-ku! Yarim tunda Maxsumning ustiga minib olib uni boʻgʻishga, oʻldirishga uringan ayol kim edi unda? Yo birontasi tunda muzeyga kirib... Yoʻq, eshikni ichkaridan bekitgani esida, chunki, soʻnggi yillarda yolgʻizlikdan qiynalgan chol oʻzi bilan oʻzi gaplashadigan odat chiqargan, ayniqsa, bir ishni qilsa, «falon ishni bunday qildim» deb aytib qoʻyardi ovoz chiqarib. Kimdandir eshitgani bor: agar ovoz chiqarib aytsa, oʻsha ishni qilgan-qilmaganligi esidan chiqsayam, gapirgani yodida qolar ekan. Kecha yotish oldidan ham eshikni ichkaridan berkitarkan, «Eshikni bekitdim» degani esida. Demak, begona kirmagan. Unda kim edi oʻsha ayol, uni oʻldirishga chogʻlangan, boʻgʻib qoʻyishiga sal qolgan mavjudot kim edi, axir?!

Aslida uning oʻzida ham ayb bor. Boʻlmasa, hech zamonda haykalga ham ishqibozlik qiladimi odam?! Ammo, Maxsum chiday olmadi, koʻp yillardan beri nozik tanga tegmagan barmoqlari, yolgʻizlik qiynagan tunlarining birida, suluv haykalning sovuq, ammo betimsol badanini ilk bor siypaladi. Va oʻsha ondan boshlab Maxsumning ongi ham, jismi ham haykalga bogʻlandi-qoldi. U kunduzlari imillayotgani uchun quyoshni la’natlar, tezroq tun kirishini kutardi. El yotar payt esa, muzey eshigini ichidan bekitib, tosh badanli goʻzal sari oshiqardi. Nimqorongʻilikda uni ehtiros bilan quchib oʻpar, lablari beixtiyor «Ruxsora, Ruxsora!» deya pichirlardi. Xayolida oʻsha tun, tegirmondagi shirin, ammo hijolatli daqiqalar qayta tirilar, navnihol qizning ipakday badani jismini kuydirar, shu lahzalarda haykal, jonsiz haykal ham goʻyo uning erkalashlariga javob qaytarayotgandek edi.

Kunduzlari u oʻzining tungi ehtiroslarini goh eslar, ba’zan eslamasdi ham. Sal hushyor paytlari xayolidan «Nima balo, aqldan ozayapman shekilli...» degan fikr oʻtar, soʻng unga qoʻl siltab, ichkilik xiralashtirgan shuuri tagʻin haykal visolini qoʻmsab qolardi. Soʻnggi uch-toʻrt kun Maxsum uchun azob boʻldi. U haykalni harchand oʻpib-quchib, erkalagani bilan, toshyurak suluvning unga munosabati yomonlashib borardi.

Ikki kecha izma-iz u tushiga kirib, Maxsumni qoʻrqitdi. Birinchisida haykal oʻzining chap qoʻlini sindirib, oʻng qoʻliga oldi va u bilan Maxsumni naq yarim soat savaladi. Ikkinchisida esa... Boyaginagacha chol buni ham tush deb oʻylayotgan edi. Demak, tush emas ekan. Demak, haykalning uni boʻgʻib oʻldirishga uringani rost, oʻngida boʻlgan ekan! «Undan kechirim soʻrashim kerak! – degan fikr goʻyo najot farishtasiday boʻlib qoldi. – Ha, kechirim soʻrayman! Shu bugun tundayoq! Keyin unga minba’d teginmayman...»

– Yigʻlayapsanmi, anjan? – bu safar ham uni joʻrasining ovozi oʻziga keltirdi. U yanoqlarini siypaladi: rost, yigʻlabdi, yuzlari hoʻl...

– Bu yoqqa yur! – u qat’iy bir qarorga kelgandek, shahd bilan oʻrnidan turdi, xiyol gandiraklab, yoʻl boshladi. Shomil chol unga ergashdi, zal burchagidagi ayol haykali oldida turib qolgan oshnasining bukchaygan gavdasiga achingannamo qaradi.

– Mana, koʻryapsanmi buni?! – Maxsum titroq tovushda pichirladi.

– Koʻryapman. Haykal bu. Xotin kishi. Chiroyli-a, – tatar chol tishsiz ogʻzini ochib hiringladi, tamaki sargʻaytirgan moʻylovlari likilladi.

– Ana shu qildi! – Maxsum boʻynidagi izga ishora qildi. – Shu boʻgʻdi meni! Kechasi, uxlab yotganimda!

Shomil tatar oshnasiga xuddi jinniga tikilgandek tikildi. Soʻng haykalga qaradi. «Tavba, odamni aqldan ozishi oson ekan-da... Maxsum esini yeb qoʻyibdi! Haykal-ku bu!»

– Sen oshna... sogʻmisan oʻzi! Nimaga endi u seni...

– E-e, hazillashuvdim bir-ikki marta! – Maxsum koʻzini olib qochdi.

– Hazil? Qanaqasiga, nima deding? – Shomil chol hech baloni tushunmay, angraydi.

– Shu... bir-ikki oʻpib... soʻng quchoqlab... Yolgʻizlik yomon-da, oshna... Buning ustiga, kayf bor edi...

– I-i?.. Qiziq!.. Mabodo, kasal-pasal emasmisan?

– Bilardim ishonmasligingni... – Maxsum uf tortdi, soʻng sudralgancha ortiga qaytdi. – Yur, qolganiniyam olib qoʻyaylik.

Shomil tatar haykalga yana bir bor sinchiklab tikildi: «Haykaldaqa haykal, yigirma-yigirma besh yashar goʻzal ayol...»

Doʻstiga ergashib borarkan, haykal toʻgʻrisida nega qiz emas, aynan ayol deb oʻylaganiga e’tibor ham bermadi.

Shishani boʻshatishgach, Shomil chol tagʻin yarim soatcha oʻtirdi. U yoq-bu yoqdan valaqlashib, vaqtni oʻtkazishdi. Soʻng u qoʻzgʻaldi.

– Kechqurun biznikiga borib yotaqol, – dedi u oshnasining soʻlgʻin yuziga qarab, – uyda gurunglashib yotamiz. Yarimtani mayda-lab!..

– Yoʻq, bu yerni qarovsiz tashlab ketolmayman.

– Oʻzing bilasan. Mayli, ertaga kelaman. Darvoqe, yarimta bilan «zakuska»niyam opkelaman. Qartani topib qoʻy, seni bi-i-ir ezay!

– Koʻramiz, kim kimni ezarkan... – Maxsum, mahzun jilmayib, uni eshikkacha kuzatdi.

Kunning oʻtishi qiyin boʻldi. Aksiga olib, muzeyning yakkayu yagona xodimi boʻlmish Umrzoq bugun kelmadi, nafaqaga chiqsa-da, hamon qimirlab yurgan bu bukri cholni Maxsum unchalik yoqtirmaydi.

«Ilmiy ish yozarmish! He oʻrgildim olimligingdan!..» deya soʻkinadi u Umrzoq muzeyda kechgacha qolib ketgan kunlari. Toʻgʻrida, kun botmasdan uyginasiga borib, huzur qil-i-b yotsa oʻladimi, bu yerda Maxsum tezroq tun kirishini zoriqib kutayotgan boʻlsa...

Nihoyat, qosh qoraydi. Bir qoshiq obi yovgʻonni erinibgina qaynatgan Maxsum apil-tapil ovqatlanib, eshikning ilgagini tushirdi. Soʻng hayajon zoʻridan qaltiragancha haykal tomon yurdi. Borliq jim-jit, onda-sonda qor chaqirayotgan qargʻalar qagʻillab qoʻyadi. Ulkan derazadan qaragan Maxsum soʻnggi barglarini toʻkayotgan daraxtlar, kuz shamolida tish qayrayotganlarini koʻrdi. Yengil shabada hazonlarni erinibgina surgalaydi. Chol dunyoga qoʻl siltab, zal burchagiga oshiqdi.

Ana, turibdi! Eshik oldidagi chiroyning xira nuri bu yerga zoʻrgʻa yetib kelganidan haykalning chehrasi nimqorongʻilikda tagʻin-da sirliroq koʻrinadi. Maxsum kalovlagancha borib, haykalga yopishdi. Uni yutoqib oʻpar, sovuq siynalarini, sonlarini siypalar, jismi-jonini qiynoqqa solayotgan titroq zoʻrayib borardi...

Maxsum shalpayib, sovuq polga choʻzilib qoldi. Miyasi boʻm-boʻsh edi. Anchadan soʻng sudralgancha oʻrniga yoʻl oldi. Ketayotib, haykalga soʻnggi bor qaradi: ayol unga soʻngsiz bir nafrat bilan tikilib turardi.

– Oʻqrayma, Ruxsora, oʻqrayma... Nima qilay endi, shu ekan-da... – deya gʻoʻldiradi past ovozda. Qoʻlbola karavotga behol choʻzilarkan, ertalab haykaldan kechirim soʻrashni diliga tukkani ham, bu tunda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan dahshatlar ham xayolidan koʻtarilgandi.

Shamol tuni bilan daydi itdek ulib chiqdi. Ushbu tunda Shomil tatar ham uxlay olmadi. Aloq-chaloq tushlar koʻrib, oʻn bora uygʻongan cholning koʻngli alagʻda edi. Saharlab turib, oshnasiga va’da bergan aroq va yegulikni ham unutgancha muzeyga yoʻl oldi. Qariyb yarim soatcha taqillatganiga qaramay Maxsum turib eshikni ochmagach, Shomil chol militsiyaga va mahalla-kuyga xabar berdi. Eshikni buzib ichkariga kirganlar koʻzlariga ishonishmasdi: Maxsumning tili ogʻzidan bir qarich osilgan, koʻzlari xonasidan chiqib olayib yotar, tomogʻining tagida esa oʻtkir tirnoq va barmoq izlari yaqqol koʻrinib turardi. Odamlar allaqachon muzlab ulgurgan jasad bilan ovora boʻlishayotgan bir paytda Shomil chol oqsoqlangancha haykal sari yoʻrgʻaladi. Kechagina yigirma besh yoshli ayol siymosidagi haykal endi qirq besh-ellik yoshlarda koʻrinardi. Silliq, tarang badan salqi tortgan, koʻkragi sezilarli pastga osilgan, xipcha bel ancha toʻlishgan. Chehrasi esa... U yer-bu yeriga ajin tushgan chehra endi xotirjam, yaqindagina olov sachragan nigohlarda endi oʻz ishidan mamnunlik, qasos lazzati barq urardi...

«Yoshlik» jurnalining 2010-yil, 11-sonidan olindi.