OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqahhor Ibrohimov
Asar nomiNayman akani taniysizmi? (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqahhor Ibrohimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nayman akani taniysizmi? (hikoya)
Abduqahhor Ibrohimov

Nayman aka salomimga alik oldi-yu, tomdan tarasha tushgandek savol berdi:

– Karim Rasulovichning ahvoli qalay?

Nima deb javob qilay? Boshim qotib qoldi. Chunki oʻzim yaqindagina viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga inspektor boʻlib ishga kelganman. Boshqarma boshligʻi Karim Rasulovich bilan bir martagina ish yuzasidan suhbatlashdik, xolos. Unga ham uch haftadan oshdi. Mana, toʻrt kundan buyon tumandaman, maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorligini taftish qilib yuribman. Xullas, Karim Rasulovichning shu kecha-kunduzdagi ahvolidan bexabarman. Nayman akaga shuni aytsammikan? Yoʻgʻ-e, birga ishlab, rahbari ahvolini bilmasa, nima qilib inspektor boʻlib yuribdi, demaydimi? Yoki: «Karim Rasulovich oʻynab-kulib yuribdilar» deb aytsammikin? Yoʻq, bu ham boʻlmaydi. Nayman akaga bir qarab oldim, yuz ifodasidan oʻz savoliga oid biror ma’no uqmoqchi boʻldim.

Yoʻq, uning yuz ifodasida xush yoki noxush xabarni eslatuvchi hech qanday ma’no koʻrinmaydi. Demak, Karim Rasulovich sogʻ-salomat. Ogʻir bemordan ham: «Tuzukmisiz?» deb koʻngil soʻrasangiz, «Kechagidan ancha yengilman», deb javob qiladi-yu, mendan nima ketdi degan oʻyga borib, Nayman akaga bunday javob qildim:

– Karim Rasulovich oʻynab-kulib, sogʻ-salomat yuribdilar.

– Yolgʻon gapirishga gapirdim, endi nima boʻlsa boʻlar, deb qoʻshib qoʻydim. – Sizga koʻpdan-koʻp salom aytib yubordilar.

– Salomat boʻlsinlar!

Javobim, ayniqsa, qoʻshimcham Nayman akaga yogʻdek yoqib tushdi. Men hamon ostonada turardim, u dik etib oʻrnidan turib, uzun kabinetidagi gilam poyondozdan yurib kelib, qoʻshqoʻllab soʻrashdi, ichkariga taklif etdi, oʻtirishga joy koʻrsatdi. Oʻzi esa mendan quyiroqdagi stulga omonatgina oʻtirdi.

– Esimda borida aytib qoʻyay, – deb soʻz boshladi Nayman aka, – avvalo Karim Rasulovich yoʻllagan salomlarini kaminaga yetkazganingiz uchun sizga chin qalbimdan minnatdorchilik izhor qilaman. Soʻngra, agar sizga ogʻir boʻlmasa, viloyatga qaytib borgach, xizmatga kirishingiz bilanoq Karim Rasulovichga kaminaning otashin va samimiy salomlarini izhor qilib qoʻysangiz.

– Bajonu dil, – bunday paytlarda va’dani quyuq berib yuborar ekansan, kishi. Vaholanki, Karim Rasulovich huzuriga xodimlar huda-behudaga kiraverishini yoqtirmaydi, deb eshitgan edim.

– Barakalla, yashang!.. Xoʻsh, xizmat?

– Hali kotibangizga bu yoqqa kelishdan maqsadimni...

– Kirib aytdi. Faqat shumi?

– Ha. Maktabingizda yangi oʻquv yiliga qanday tayyorgarlik koʻrilayotgani bilan tanishsam. Boya hokimlikda ham boʻldim. Shu yerga kelishni maslahat berishdi.

– Yaxshi. Karim Rasulovich sizni shundan shu yoqqa maxsus yoʻllaydilaru sizni quchoq ochib kutib olmay boʻladimi, axir! Maktab ishlari bilan yaqindan va batafsil tanishish uchun sizga barcha sharoitni yaratib beramiz, albatta. Bu yogʻidan xotirjam boʻling. Aytganday, tanishib qoʻyaylik: Naim Soyimov.

Men ismimni aytdim. «Iya, ismi Naim ekan-ku, hokimlikda ham, kotiba ham «Nayman aka» deyishdi». U dilimdan kechgan fikrni sezdi shekilli, tushuntirdi:

– Asli ismim oʻzi Naim, lekin tumanda hamma meni Nayman aka deydi. Sababi yoshligimda, u paytlarda tengdoshlarning bir-biriga laqab qoʻyishi ancha keng tarqalgan edi, joʻralarim gurungida: «Men oʻzbekning nayman qabilasidanman» deb yuborgan edim. Shu-shu ismim Nayman boʻlib ketgan. – Nayman aka ovozini pasaytirib davom etdi. – Men sizga aytsam, Karim Rasulovich ham nayman qabilasidan, bir qishloqdanmiz. Qishlogʻimiz «Qiziltepa» deb atalardi.

Nayman aka oʻz qishlogʻi, hamqishloqlari, urugʻ-aymoqlari, maktabdosh va kursdoshlari, ular orasidan yetishib chiqqan taniqli kishilar haqida ancha gapirdi. Soʻzining oxirida mendan soʻrab qoldi.

– Zafarali, oʻzingiz asli qaerliksiz?

Men tugʻilgan joyimni aytdim.

– Ha, Vodil ajoyib maskan. Oʻzbekistonning Shveytsariyasi deb bekorga aytishmaydi.

– Geografiyadan dars berasiz shekilli?

– Ha, jugʻrofiyonmiz! Lekin dars berishga vaqt qayoqda, tashkiliy ishlardan qoʻl boʻshamaydi. Aytganday, Vodil taraflarda laqab qoʻyish odati saqlanganmi?

– Xabarim yoʻq, u yerdan koʻchib ketganimizga yigirma yildan oshdi.

– Menimcha, laqab qoʻyish yoʻqolib ketadigan odatlardan. Aytganday...

Qarasam, Nayman aka ishga aloqasi yoʻq mavzularda hali koʻp gapiradigan, uning tumandagi yirik maktablardan birining direktori ekanligidan ham tap tortmay shartta soʻzini boʻldim:

– Nayman aka, endi ishga kirishsak.

– Albatta. Boʻlmasa, men kotibani chaqiray, hujjatlarni keltirsin. Lekin kotibamiz hali yangi, kerakli hujjatlarni darrov keltirmasa kerak, aybga qoʻshmaysiz, mayli, hechqisi yoʻq, to ungacha chaqchaqlashib oʻtiramiz-da, sizni zeriktirib qoʻymayman.

Nayman aka joyiga oʻtib tugmachani bosdi. Kotiba qiz kirdi:

– Labbay.

– Karim Rasulovich bizlarga salom yoʻllabdilar, Sharifaoy!

– Muallim, Karim Rasulovich kim boʻladilar?

Men gap kelganda otangni ham ayama, degan qabilida ish tutib, soʻz qotdim:

– Karim Rasulovich Nayman aka bilan qabiladosh boʻladilar, – keyin oʻz gapimdan oʻzim kulib yubordim. Sharifaoy ham iljaydi. Oʻzining noqulay ahvolidan qutulish uchun Nayman aka ham xandon otib:

– Zoʻrsiz, kelgan joyidan gʻippa oldingiz. Qoyil, hisob biru nol. Oʻzi Fargʻona odamlari askiyaga usta boʻladilar-da. Aytganday...

Nayman akaning gapini yana boʻlishga jur'at qildim.

– Endi, ishga kirishsak.

– Albatta, Sharifaoy, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlikka oid hujjatlarni bu yoqqa keltiring... Oʻzingizda borini...

Shu kuni bir oʻzim, ertasi va indiniga tuman tashkilotlarining vakillari (Nayman aka tuman xalq ta’limi boʻlimi vakillariga nimagadir Karim Rasulovich haqida, oʻziga salom yoʻllagani toʻgʻrisida gapirdi) bilan birgalikda maktabning yangi oʻquv yiliga tayyorgarligini tekshirdik. Natijada bir qator nuqsonlar ochildi. Masalan, oʻtgan oʻquv yilida ikki oʻqituvchi Nayman akaning soʻzini oxirigacha eshitmagani uchun hayfsan olibdi. Bu yilgi ta’mir ishlari ham oʻlda-joʻlda ekan. Xullas, gap koʻpu, ish oz ekan. Bu ahvoldan maktabdagi jamoat tashkilotlari, keksa pedagoglar tashvishlanib, tuman tashkilotlarini xabardor qilishgan ekan.

Komandirovka muddati tugab, vazifam bitgach, viloyatga yoʻl olar ekanman, Nayman aka tuman xalq ta’limi boʻlimi vakiliga ataylab eshitarli qilib:

– Zafarali, salomimni Karim Rasulovichga albatta yetkazing-a, – deb tayinladi.

Oradan ikki haftacha vaqt kechdi. Soat oʻn birlar edi, xonamizga qabulxona kotibasi kirib:

– Sizni Karim Rasulovich chaqiryaptilar, – deb iziga qaytib chiqib ketdi.

Salom-alikdan keyin Karim Rasulovich meni maqtab qoldilar.

– Birinchi komandirovkangiz natijasi chakki emas. Tuman xalq ta’limi boʻlimidan ma’lum qilishlaricha, taftish qilgan maktabingizning direktori lavozimidan pasaytirilib, yetti yillik maktabga ishga yuborildi. Siz toʻgʻringizda iliq gaplar yozishibdi.

– Rahmat. – Nayman akaning qarz salomini aytishga bundan ham qulay vaziyat boʻlmasa kerak, dedim ichimda: – Aytganday, Nayman aka sizga salom aytib yuborgan edilar.

– Nayman, deysizmi? Kim ekan u?

– Oʻsha maktabning direktori Naim Soyimov-da. Uni tumanda hamma Nayman der ekan-ku.

– Yoʻq, men uni tanimadim. Mayli, hechqisi yoʻq, salom yoʻllagan ekan, salomat boʻlsin.

...Oradan bir necha yil oʻtdi. Yaqinda yoʻlim yana oʻsha tumanga tushib qoldi. Men oʻzim Nayman akani surishtirdim.

– Iya, siz ham taniysizmi?

– deb taajjublandi yangi mudir.

– Ha, bir oz tanishligim bor.

– Lekin Nayman aka tanimaydigan maorifchi yoʻq. Hamma unga tanish va qarindosh. Hozir u chekka qishloqlarimizdan biridagi boshlangʻich maktabda direktor. Shaharga oʻqishga yuborgan yigit-qizlarimiz mutaxassis boʻlib kelguncha, ishlab tursin. Geografiyadan durustgina dars oʻtadi-yu lekin dars berishga boʻyni yor bermaydimi, xullas, direktorlikni yaxshi koʻradi-da.

– Men oʻsha maktabga borsam.

– Be, taftish qilishga arzimaydigan kichkinagina maktab, ham juda uzoqda.

– Mayli.

Yoʻlovchi yuk mashinasining kabinasiga oʻtirib, oʻsha qishloqqa yoʻl oldim. Shofyor yigit bilan gurunglashib ketdim. Nayman aka haqida ancha-muncha yangi gaplarni eshitdim. Nayman aka, «Hatto falonchini ham taniyman», degan emish. Qishloqqa yetib kelgach, shofyor bir qavatli uzun imorat oldida mashinani toʻxtatdi.

– Maktab mana shu.

Rahmat aytib mashinadan tushdim. Shofyor kabina eshigini yopar ekan:

– Mullaka, aybga sanamaysizu shaharlik notanish odamlar orasida: «Nayman akani taniyman», degan birinchi kishi siz boʻlsangiz kerak, – dedi va mashinaga gaz berib koʻzdan uzoqlashdi.

Nayman akaning xotirasi yaxshi ekan, oradan shuncha yil oʻtganiga qaramay, koʻrgan zahotiyoq meni tanidi:

– Zafarali!.. Inoyat Hidoyatovich omonmilar!

Avvaliga achchigʻim keldi: «Nega oʻzimdan hol-ahvol soʻramaydi?» Birinchi uchrashuvimizda: «Karim Rasulovich omonmilar?» degani mayliga edi, chunki bizlar unda notanish edik. Axir, bir koʻrgan tanish, ikki koʻrgan qadrdon deyishadi-ku. Darvoqe, Karim Rasulovich yaqindagina nafaqaga chiqib, Inoyat Hidoyatovich viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga boshliq boʻlganini Nayman aka darrov qaerdan bila qolibdi?

– Inoyat Hidoyatovich sizga koʻpdan-koʻp salom aytib yubordilar, – dedim birinchi uchrashuvimizdagidek.

– Salomat boʻlsinlar,

– dedi va keyin bir narsa esiga tushgan kishidek shoshilib menga qoʻl uzatdi:

– Yaxshimisiz.

Qoʻl olishdik. Tanaffus payti edi, maktab hovlisida turardik. Bolalarning qiy-chuvi hammayoqni tutib ketgan edi, biri lanka tepar, biri hovliga kirib qolgan xoʻrozni qiyqiratib quvlar... bir guruh qizlar sopalak oʻynar edilar.

– Zafarali, ochigʻini aytganda bugun ish yuzasidan gaplashmaylik, – dedi Nayman aka. – Bir oʻqituvchimiz kasal boʻlib qolgan ekan, geografiyadan uch soat javrab charchadim. Siz ham yoʻl yurib charchaganingiz koʻrinib turibdi. Bugungi ishim ham tugadi hisob. Qani, yuring, biznikiga ketdik.

– Men mehmonxonaga joylashsam.

– Mehmonxona? Tushingizni suvga ayting. Sinfxona yetishmaydi-yu, mehmonxona nima qilsin bu yerda.

Demak, bu qishloqqa kelib, chakki ish qilmabman, maktabni kengaytirish, qurilish ishiga xoʻjalik rahbarlari e’tiborini jalb qilish masalasini koʻtarish mumkin.

Nayman aka xoʻroz quvlagan bolaga dakki berayotgan past boʻyli bir oʻqituvchi ayolni yoniga chaqirdi:

– Zebioy, Inoyat Hidoyatovich bizga salom yoʻllabdilar.

– Kim u?

– Men sizga ming marta tayinladim, gazet oʻqing, savodingizni oshiring deb.

– Qoldirmay oʻqiyapman.

– Kerakli joylarini uqib olish kerak.

– Xoʻp boʻladi.

– Inoyat Hidoyatovich viloyat xalq ta’limi boshligʻi boʻladilar. Bizlar eski qadrdonmiz. Frontda birga boʻlganmiz-da.

– Ha, esimga tushdi, – dedi ayol chehrasi yorishib. – Anov kuni majlisimizda bu haqda gapiruvdingiz-ku...

– Barakalla... – Nayman aka menga yuzlandi. – Qani ketdik. Qorongʻi tushmasdan sizga qishloqni oʻzim bir koʻrsatay.

Oziq-ovqat magaziniga meni boshlab kirar ekan, Nayman aka:

– Mudiring qani? – dedi sotuvchi yigitchaga.

– Mudirni soʻrab nima qilasiz, oqidan beraymi? Nechta?

– Odobsiz. Viloyatdan kelgan katta inspektor oldida shunday muomala qiladimi?

«Inspektor» soʻzini eshitib sotuvchining rangi oʻchib, dami ichiga tushib ketdi, aroq tutgan qoʻli titrardi.

– Qoʻrqma, Zafarali qadrdon ukalarimdan. «Ekstra»dan bitta oʻrab ber, mana, pulini ol, qaytimi sigaretga yetadimi?

– Ortadi...

Nayman aka aroqni paltosining qoʻyin choʻntagiga, sigaretani yon choʻntagiga soldi. Magazindan chiqdik. Yap-yangi «Jiguli» oʻtib qoldi. Nayman aka qoʻl koʻtarib toʻxtatdi.

– Dadang omonmi?

– Dadamni soʻrab nima qilasiz? – dedi haydovchi yigit mashina oynasidan bosh chiqarib. – Undan koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri «Uyimga olib borib qoʻy», deyavermaysizmi?

– Oʻzi senlarga qaysi muallim ta’lim bergan? Nomersiz mashina haydashni bilasanu lekin viloyatdan kelgan katta inspektor oldida shunaqa muomala qilasanmi?

Haydovchi yigit gʻoʻldirab qoldi.

– Kechirasiz, oʻtiringlar.

– Rahmat, men piyoda yurmoqchiman, – deb tezda mashina oldidan uzoqlashdim.

Nayman aka menga yetib oldi. Xoʻjalik idorasi oldidan oʻtayotganimizda skameykada suhbatlashib oʻtirgan uch-toʻrt moʻysafidga yaqin borib:

– Rais aka tumandan qaytdilarmi? – dedi. – Boʻlmasa, kelishlari bilanoq biznikiga borsinlar, viloyatdan mehmon keldi...

Ufqqa bosh qoʻygan quyoshning eng soʻnggi zaif, haroratsiz nurlari ham tugab borar, qishloq uzra oqshom qoʻnar edi.