OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqahhor Ibrohimov
Asar nomiQish yomgʻiri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqahhor Ibrohimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qish yomgʻiri (hikoya)
Abduqahhor Ibrohimov

Peshindan beri yomgʻir yogʻyapti. Avval ezib yogʻdi — toʻpiqqa chiqadigan qorni oqizib ketdi. Kechga borib birdan shamol turdi. Tarnov suvlari goh chapga, goh oʻngga, goho imorat devoriga quyiladi...

Tramvay bekatida turganlar oʻzlarini koʻcha yoqasidagi dorixonaga, doʻkonlarga urishdi. Bekatda faqat uch kishi qoldi: qiz tutgan zontik yigit uchun ham panoh boʻldi. Keyin zontik yigit qoʻliga oʻtdi. Ulardan sal narida oʻrta maktabning matematika muallimi Kozimbek turibdi. Qoʻlida chamadonsifat portfel. Qahvarang paltosi yomgʻirdan qorayib koʻrinadi. U panaga oʻtishni xayoliga keltirmaydi.

Tramvay keldi. Odamlar dorixona va magazinlardan otilib chiqishdi, oʻzlarini tramvayga urishdi; chiqolganlar chiqdi, qolganlari izlariga qaytishdi.

Kozimbek ham, yigit-qiz ham joylaridan siljishmadi.

Trolleybus keldi. Odamlar dorixona va doʻkonlardan otilib chiqishdi va oʻzlarini unga urishdi. Chiqolganlar chiqdi, qolganlari izlariga qaytishdi. Yigit bilan qiz ham trolleybusga ilinishdi. Bekatda Kozimbekning oʻzi qoldi.

Yomgʻir yogʻmoqda...

Kozimbek kutyapti...

Nihoyat, uning kutgani — marshrutli taksi keldi, murodi hosil boʻldi. Kozimbek marshrutli taksida yurishga odatlanib qolgan. Boʻlmasa bu bekatda tramvay, trolleybus, avtobuslar toʻxtab oʻtadi.

Kozimbek egilib marshrutli taksiga chiqar ekan, orqa oʻrindiqda oʻtirgan Joʻravoyga koʻzi tushdi. Qaytib tushib ketishning iloji boʻlmadi, mashina joyidan jilgan edi.
— Ie, Kozimmisan, seni suvga boʻkkan... — Joʻravoy gapining davomini aytmadi, shunday ham nima demoqchi ekanligi ravshan edi, keyin yonidan joy koʻrsatdi. — Qani, bu yoqqa!

Kozimbek bilan Joʻravoy kursdosh, besh yil birga oʻqishgan. Joʻravoy kursdoshlar orasida hazil-mutoyibaga, kalaka qilishga ustaligi bilan tanilgan edi. Kozimbek boshqa boʻsh joy yoʻqligi uchun Joʻravoyning yoniga oʻtirishga majbur boʻldi. U Joʻravoyning askiyasiga uchrashidan choʻchir edi. Ayniqsa, odamlar orasida.
— Tabriklayman! — dedi dabdurustdan Joʻravoy Kozimbek bilan qoʻl olishar ekan va uning yelkasiga urib qoʻydi. Kozimbek hayron boʻlib qoldi, har narsadan oʻzicha xulosa chiqaraveradigan, hadiksirayveradigan boʻlgani uchun «tabriklayman» degani unga gʻalati ta’sir etdi.
— Oʻzim eshitmasam, bundoq shipshitib qoʻymaysan ham! — dedi soʻzida davom etib jiddiy qiyofada Joʻravoy. — Yangilik zoʻr-ku!

Kozimbek ajablanib:
— Tushuntirib ayt! Nima bilan tabriklayapsan? Yangilik deganing nimasi!, — dedi.
— Qoʻy, moʻgʻombirlik senga yarashmas ekan, — dedi Joʻravoy. — Bilib turib, oʻzingni goʻllikka solma, ogʻayni. Bir joyda ishlab turib... Ey, qoʻy-e...
— Rost aytyapman, — dedi Kozimbek. — Hech qanaqa yangilikni eshitganim yoʻq.
— Ie, hali shundoqmi, boʻlmasa seni gʻaflat bosibdi, ogʻayni. Maktabingdagi oʻzgarishdan bexabar qolibsan.

Kozimbekning yuzida taajjublanishdan koʻra vahima, tashvishlanishga oʻxshashroq ifoda paydo boʻldi.
— Qanaqa oʻzgarish? — dedi u oʻz kasalidan qoʻrqqan bemor vrachga choʻchib savol berganidek. Buni Joʻravoy sezmay qoldirmadi! Odatda hazilkash kishilar suhbatdoshlarining holatini tezda ilgʻab oladilar, shunga qarab suhbat tarzini belgilaydilar. Joʻravoy yanada jiddiylashdi. Biroz sukut saqlagach, Kozimbekning qulogʻiga shipshidi:
— Direktoring maktabdan ketdi, oʻrniga tuman xalq ta’limi boʻlimining inspektori Soliev tayinlandi.
— Yoʻgʻ-e, yoʻgʻ-e... Boʻlmagan gap. Hazilni qoʻy, ogʻayni.
— Hazil emas, rost. Senga yolgʻon gapirarmidim?
— Meni kalaka qilma.
— Rost. Kuni kecha tuman xalq ta’limi boʻlimi shunday qaror qilibdi. Hozir oʻsha yerdan eshitib kelyapman.

Bu gapdan Kozimbekning eti uvishib ketdi. Shuncha yomgʻirda qolib ham eti uvishmagan edi.
— Mana shunaqa gaplar, ogʻayni, — dedi Joʻravoy yupatgansimon.
— Nahotki... — Kozimbekning tomogʻiga bir narsa tiqilgandek boʻldi. — Nahotki...
— Mayli, ishonmasang, ishonmay qoʻya qol. Men bor gapni aytdim.
— Gaping chin boʻlsa, yaxshi boʻlmabdi. Har holda, Gʻiyos Gʻanievich maktabdan ketmaydi.
— Nega endi?
— Negaki, bugun Gʻiyos Gʻanievichda hech bir oʻzgarish sezilmadi. Avvallari qanday boʻlsa, bugun ham shunday koʻrindi.
— Dilidagini bilib oʻtiribsanmi? Maktabdan ketishi aniq.
— Oʻzi bilarmikan?
— Boʻlmasa-chi! Kecha majlisda qatnashibdi.

«Koʻrinishdan na xursandligi, na xafaligi sezilgan edi». Kozimbek shuni dilidan oʻtkazdi, keyin Joʻravoydan asta soʻradi:
— Ogʻayni, qani ayt-chi direktorimiz yuqorilarmikin yoki...

Kozimbek gapining bu yogʻini aytmadi, goʻyo Gʻiyos Gʻanievich eshitib qolayotgandek tilga olishga choʻchidi.
— Darvoqe, buni soʻramabman. Lekin maktabdan ketishi aniq, — shunday deb Joʻravoy tushib ketdi.

Kozimbekning yuragi uvishganicha bor. Maktab direktori Gʻiyos Gʻanievich uning necha yillarki boshligʻi. Kozimbek institutni tugatib, toʻgʻri shu maktabga ishga kelgan. Bunga ham bu oʻquv yili tugasa, oʻn yil toʻladi. Kozimbek ishga qabul qilinishini soʻrab Gʻiyos Gʻanievich nomiga ariza yozgan, diplomining asl nusxasini ham unga koʻrsatgan. Mana endi kutilmaganda bunaqa gap chiqdi. Kozimbek qizil qor yogʻishini xayoliga keltirishi mumkin edi (qachonlardir allaqaerda qizil qor yoqqani haqida gazetada oʻqigan edi) ammo Gʻiyos Gʻanievichdan oʻzga kishini maktab direktori sifatida tasavvur qilolmasdi. Gʻiyos Gʻanievichga shu qadar koʻnikib, oʻrganib, moslashib ketgan ediki, asti qoʻyaverasiz. U maktabda direktordan boʻlak hech kimni tan olmasdi. Oʻqituvchilar u yoqda tursin, hatto ilmiy mudir bilan ham hisoblashmasdi. Nimaiki taklifi boʻlsa, lutfan direktorga aytadi; nimaiki iltimosi boʻlsa, shaxsan direktorga uchrashadi. Bu holning odat tusini olishiga dastlabki paytlarda Gʻiyos Gʻanievich bilan Kozimbekning tengdoshligi sabab boʻldi. Kozimbekning maslahat soʻrab yoki taklif bilan huzuriga tez-tez kiraverishiga Gʻiyos Gʻanievich moyillik bildirdi, chunki bu oʻziga xush yoqardi. Kozimbekdan iltifotlarini darigʻ tutmadi. Ilmiy mudir yoki maktabning boshqa rahbarlari bilan ham bitirsa boʻladigan ish yuzasidan huzuriga kirganida Kozimbekka bir nima demadi, masalani shaxsan oʻzi hal qilaverdi, «ilmiy mudirga uchrashing», «zavxozga boring», deyishni unutdi. Kozimbek bora-bora kollektivda direktordan oʻzgani tan olmaydigan boʻlib qoldi. Uning direktor oʻzgarishini, oʻzga kishining boshliq boʻlishini tasavvur qilolmasligiga sabab ham shunda.

Kozimbek xayol bilan boʻlib, oʻz bekatidan oʻtib ketdi. Muyulishda sezib qoldi. Hay-haylab toʻxtaguncha mashina yarim chaqirim yoʻl bosib qoʻydi. Yangi ochilgan koʻchadan loygarchilikda, buning ustiga jalada yurish oʻzi boʻlmaydi. Kozimbek bemavrid yoqqan yomgʻirni ichida soʻkdi.

U toʻpigʻidan loyga botib, arang hovlisiga yetib keldi. U uyga kirgach, kiyimlarini almashtirdi, ovqatlandi, shirin choy ichdi, oʻzini pechkaga tobladi, lekin bari bir vujudi isimadi. Chunki oʻzi uchun eng sovuq xabar eshitgan edi. «Joʻravoyning gapi rostmikan yoki hazil?»

Bu savol uning oromini oʻgʻirlab qoʻygan edi.

Kimdir bir kuni Kozimbekka hech esdan chiqmaydigan gap qilgan edi: «Kozimbek, esingiz borida matematika oʻqituvchisi kasbini tanlab zap ish qilgan ekansiz-da! Baxtingizga bu fan tez oʻzgaravermaydi. Ikki karra ikki hamisha toʻrt. Boshqa predmetdan dars berganingizdami...»

Kozimbekning fe’l-atvori ham odatiga munosib edi. U qaynatasining uyiga borsa, faqat qaynatasi bilan gaplashardi, boshqalar bilan soʻzlashishni oʻziga ep bilmasdi. Chunki qaynatasi oila boshligʻi-da!

Toʻyda toʻy egasi bilangina soʻrashadi. Nikoh toʻyida esa kelin-kuyovni tabriklash oʻrniga ularning ota-onalarini qutlaydi.

Doʻkonlarga kirsa, mudirni yoʻqlab qoʻygach, xarid qiladi.

Kursdoshlarini koʻrganda ularning oʻzini emas, boshliqlarini surishtiradi. Xullas, yomgʻirdan koʻra qorni afzal biladi, handalak pishigʻida qovundan gap ochadi...

Kozimbek bir kechadayoq oʻzini oldirib qoʻydi. Ertasiga ishga koʻzlari kirtayib keldi. Hamkasblari uni tobi yoʻqqa chiqarishdi. Allakim: «Gripp boʻlsa kerak», deya oʻzini chetga oldi. Bu ham Kozimbekka ta’sir qilmay qolmadi. «Yangilik»dan xabardor boʻlsa kerakki, — deb oʻyladi, —meni Gʻiyos Gʻanievichga yaqin sanab oʻzini olib qochyapti». U toʻrt soat darsini oʻtguncha oʻqituvchilar xonasiga kirmadi — Oʻqituvchilardan biror gap eshitib qolishidan choʻchidi. «Qani endi Joʻravoy aytgan gap hazil boʻlsa!»

Kozimbek tanaffus paytlarida sinfda oʻtirdi, lekin bekor oʻtirmadi. Gʻiyos Gʻanievich huzuriga kirish uchun bahona uyladi. Topdi! «Shu Navroʻzda kollektiv boʻlib toqqa chiqilsa!» Yaxshi taklif! Buni topolganidan behad quvonib, direktor huzuriga yoʻl oldi. «Lekin Navroʻzga hali ancha bor-da! Mayli, oldindan tayyorgarlik koʻrgan yaxshi». Kabinetga kirib ne koʻz bilan koʻrsinki, direktor inspektor Soliev bilan suhbatlashib oʻtiribdi. Buni koʻrib Kozimbek oʻzini yoʻqotib qoʻydi, ostonada soʻrrayib qoldi. Direktor unga qayrilib qaradi:
— Keling, Kozimbek, — u oʻrnidan turdi. Buni Kozimbek oʻzicha yoʻydi: «Avvallari kirganimda oʻrnidan turmasdi, demak, maktabdan ketadiganga oʻxshaydi. Solievda yaxshi taassurot qoldirmoqchi shekilli». U oldin direktor bilan ham qoʻl olishgach, poygakdagi stulga choʻkdi.
— Xoʻsh, keling? — dedi Gʻiyos Gʻanievich.

Bu gapdan Kozimbek: «Nega suhbatni boʻlding, qani, gapingni tez aytu, koʻzdan yoʻqol», degan ma’noni uqdi. Demak, Joʻravoyning gapi hazil.
— Gʻiyos Gʻanievich, Navroʻzda bir lola sayliga chiqsak, oʻzingiz bosh boʻlsangiz, kamina xizmatda tursa...
— Lola sayli?.. Mayli, chiqamiz. Navroʻz kelsin, albatta chiqamiz.
— Rahmat, — Kozimbek kabinetdan xursand boʻlib chiqib ketdi.

«Joʻravoyning gapi hazil ekan, Gʻiyos Gʻanievich maktabdan hech qayoqqa ketmaydi. Ketadigan odam hech qachon shunday qat’iyat bilan va’da bermasdi». Kozimbek baxtiyor edi...