OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqahhor Ibrohimov
Asar nomiVijdon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqahhor Ibrohimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vijdon (hikoya)
Abduqahhor Ibrohimov

Jazirama yozning ayni tush pallasi. Poezd kutayotgan yoʻlovchilar ancha narida — vokzal binosi koʻlankasidan panoh topishgan. Perron boʻylab u yoq-bu yoqqa shoshilib oʻtib turgan temiryoʻl xodimlari va yoʻlovchilar quyosh tigʻi ostida turgan Niyoz amaki oilasiga ajabsinib qarab qoʻyadilar. Oila a’zolari jam boʻlib, olis yurt¬ga otlangan otani kuzatmoqda. Tirikchilik toshdan qattiq deganlari shu-da.

Niyoz amaki ikki qutini ust¬ma-ust qoʻyarkan inqillab vagon tomon yurdi. Bolalar ham bittadan quti qoʻtarib, unga ergashdilar.
— Soʻnggisi, — Muyassar opa vagon zinasida turgan eriga quti uzatdi, ammo...

...Ammo quti oraliqqa tushib ketdi, choki bir-biridan ajralgan qutida chillaki uzum boshlari koʻzga «yalt» etib tashlanadi. Buni koʻrib bolalar tamshanib qoʻyishdi.
— Siz aralashgan ish hamisha shunaqa boʻladi-ya, — dedi Niyoz amaki xotiniga oʻzicha kesatiq qilgan boʻlib. — Eng yetilganlari shu qutida edi.
— Qaytangga yaxshi boʻldi, — Muyassar opa erining kesatigʻiga parvo ham qilmadi. — Bolalarning ham bundogʻ ogʻzi tegsin-da. Sotsangiz oʻzingizga oʻxshaganlarga sotasiz-da. — Muyassar opaning onalik mehri joʻshib ketdi.
— E, oyisi-ey, tilimni qichitib nima qilasiz? Menga qolsa sotarmidim? Sizlarga boʻlsin deb, bir kori-holimizga yarasin, deb olib ketyapman-ku. — Niyoz amaki vagondan sakrab tushdi. — Endi bu nima boʻldi, — u yerda yotgan qutining bir chekkasini koʻtarib koʻrdi: — Anjiri chiqib ketibdi-ku.
— Bizlarga shunaqasi ham boʻlaveradi, — Muyassar opa quti yorigʻidan koʻrinib turgan bir bosh chillakini qoʻliga olib, — Omonlik-somonlik, yanagi yil shu paytgacha eson-omon yuraylik. Ma, qizim, bu senga, — u qoʻlidagi uzumni qiziga berdi va boshqa farzandlariga ham ulashib chiqdi. Lekin bolalar otalaridan bir oz iymanib turishardi.
— Bildim, bildim, bu oyisi deyman, qutini ataylab yerga tushirib yubordingiz-a, — Niyoz amaki xotinining «hiyla»siga tushungan edi. — Ha, mayli, boʻlar ish boʻldi. Ammo men kelguncha soʻridagilarga tega koʻrmang. Xoʻpmi?

...Poezd joyidan jildi, Niyoz amaki vagon derazasidan qoʻlini chiqarib, xotini va bolalariga qarab silkitdi. Faqat uzumli qutini ikki qoʻllab ushlab turgan oʻgʻligina boshini qimirlatib xayr¬lashdi.

Niyoz amakining oilasi shahar boʻlib shaharga, qishloq boʻlib qishloqqa oʻxshamas chekka bir joyda yashardi. Uzoq-yaqindan kelib-ketuvchi kishilar bu joyni «bogʻ shahar ekan» deb ta’riflashardi. Chindan ham shunday, qayoqqa qaramang, yam-yashil bogʻ-rogʻlarga koʻzingiz tushardi. Yoʻlkalar boʻylab ham mevali daraxtlar, aymoqi toklar oʻtkazilgandi. Shaharchada nari borsa oʻn ming aholi yashaydi. Deyarli har bir xonadonning oʻziga yarasha moʻ’jazgina bogʻi boʻlib, turli-tuman dov-daraxtlar barq urib oʻsib yotardi. Suvga serob, havosi musaffo bu shaharchada yetti yoshdan yetmish yoshgacha — hamma oʻzini bogʻbon hisoblar, jilla boʻlmaganda, bir tup koʻchatni, tok qalamchasini ekib koʻkartirish ishtiyoqida yonar¬di.

Niyoz amaki «bogʻ shahar»da obroʻli, hurmatli kishilardan biri boʻlib, koʻp yillardan beri maktabda botanika oʻqituvchisi boʻlib ishlab kelganligi bois uni hamma tanir, u ham barchani bilardi.

Amakining uyidan kuz kezlari qalamcha soʻrab keluvchilarning keti uzilmasdi, qoʻni-qoʻshnilar oʻz toklarini Niyoz amakining nazaridan bir oʻtkazib olish, unga xomtok qildirish orzusida yurishardi. Chindan ham Niyoz amaki tok oʻstirishning «piri» boʻlib, chillakisi hammanikidan hafta avval yetilardi, qora kishmishi goʻyoki mayizning xuddi oʻziga oʻxshash turgan-bitgani shira, shivirgʻonisi esa kelasi yil bahorigacha «qilt etmay» turaverardi.

Niyoz amaki yaqinda institutni bitirib kelgan oʻgʻlining boshini ikki qilmoqchi. Kelin ham tayin: Abdusalom bilan birga oʻqib kelgan Inobat ism¬li qiz, Niyoz amakining qadrdoni, bir oz ogʻzi kattaroq Ismat kinochining yolgʻiz farzandi.

Niyoz amakining Abdusalomni uylantirishga tayyorgarligi yoʻq edi.

Amakining boshi qotib qoldi, kelin tushirishning oʻzi boʻladimi?

Boʻlajak qudasi shaharcha kinoteatrida boshliq. U Ismat kinochi bilan toʻy xususida xoli gaplashib ham koʻrdi. Qani endi kinochi biroz yon bossa, toʻyni «shiringina qilib» kichikroq oʻtkazishga koʻna qolsa! «Niyozvoy, sizga baribir, — dedi Ismat kinochi, — oldingizda bir emas, oʻnta bolangiz qatorlashib turibdi. Iloyo

boshqalarining ham baxtini koʻring. Ammo men-chi? Ikki bor oila qurib, topganim shu yolgʻiz Inobat. Qachondan beri qizimning toʻyini koʻrsam, orzu-havasini qilsam, deb kelaman. Yana el-yurtning oshini oshab, nonini yeb, yelkamga qadar «qarz»ga botganman. Oʻzingiz ayting, Inobatning toʻyida uzmasam, qachon qutulaman bu qarzlardan. Toʻyni imi-jimida oʻtkazib, odamlarning malomatiga qolishni istamayman. Siz ham oʻylab koʻrganingiz ma’qul».

Niyoz amaki doʻppini olib qoʻyib, soʻri tagida yonboshlab, bundoq oʻylab qarasa, qudasining gapida ham jon bordek. U ham esini taniganidan buyon el-yurtning toʻyu ma’rakasida hamshaharlarining osh-nonini yeb, ulardan «qarzdor» boʻlganligi rost. Goho «Muallim», goho «qoʻshni» deb toʻyga taklif qilishadi, chiqmay boʻlarmidi, albatta, chiqadi, Undan maslahat soʻrashadi, ba’zan, toʻyboshi qilishadi.

Niyoz amaki toʻyni boʻlajak qudasi Ismat kinochi istaganidek, kattaroq qilib, oʻtkazish uchun qadrdonlaridan qarz koʻtarmoqchi boʻldi. Keyin bu shahdidan qaytdi: olmoqning bermogʻi ham bor-da! Joʻjabirdek jondan ort¬tirib qarzini qachon, qanday uzadi?

Toʻy tashvishi bilan boshi qotib, soʻri tagida oʻtirganida hamkasbi Ibodulla toʻy ovozasini eshitib tabriklagani kelib qoldi, yuragini unga biroz boʻshatgan boʻldi.

Ibodulla quyosh nurida yaltillab turgan shigʻil-shigʻil chillaki boshlariga ishora qilib:
— Mana, sizga najot! — dedi goʻyoki muhim bir kashfiyotni ochgan kishidek bir qiyofada.
— Xoʻsh? — Niyoz amakining koʻzlariga Ibodulla chindan ham najotkordek koʻrinib ketdi.
— Chillakilarni sotasiz.
— Be, bir paqirini ikki pulga ham olmaydi-ku!
— Bu oʻzimizda. Katta shaharlarda esa har kilosi falon pul. Bir paqiri bir qop un degan soʻz. Mana, sizga, toʻy xarajati.
— Umrim bino boʻlib meva sotgan emasman, qanday boʻlarkin-a...— Niyoz amaki koʻzlarini bolalardek moʻltillatadi.
— Hech uyatli joyi yoʻq!
— Axir, bolalarning nasibasi. Ularni yoz mevasidan bebahra qilamanmi?
— Chillaki yegani bilan bolalarning shoxi chiqarmidi! Ana olma, shaftolilaringiz boru... Sotsangiz, Abdusalomni deb sotasiz-da. Yoki u farzandingiz emasmi?
— Quda tomon eshitib qolsa...
— Eshitsa nima qipti! Siz oʻgʻirlik qilyapsizmi, isnod sanalsa. Oʻzingiz yetishtirgan halol peshona teringiz.

Niyoz amakiga Ibodullaning maslahati dastavval yoqmadi. Lekin vaqt oʻtgani sayin boshqa chora topilmagach, oldin dilida, keyin oʻngida uning maslahatiga qoʻshildi. Bunga bir amallab xotini Muyassarni ham koʻndirdi. Chillaki uncha-muncha yetilishi bilanoq boʻsh yengil karton qutilarga joyladi-yu, umrida birinchi bor katta shaharga otlandi...

...Niyoz amaki pastki oʻrindiqda chordona qurgancha, bir qutidagi chillakini koʻzdan kechirmoqda, har bosh uzumning ezilgan, uringanlarini ajratib, paqirga tashladi, ba’zida koʻzi qiymay, ogʻziga soladi.

Bir payt qoʻqqisdan kupega oq xalat kiygan past boʻyli bir yigit kirdi.
— Ie, shaxmatchilarning zoʻrlari uxlab qolishibdi-ku, — dedi u uxlayotganlarga koʻz yugurtirib. — Ilhom bilan bir bellashay deb kelgandim.
— Qani bu yoqqa oʻtiring, — Niyoz amaki yonidan joy koʻrsatdi, yuziga bir oz qon yugurdi, — Ilhomjon kun boʻyi shaxmatdan bosh koʻtarmadilar. Mohirliklariga qoyil qoldim, siz ham zoʻr shaxmatchi boʻlsangiz kerak.
— Unchalik emas, — dedi yigit kulimsirab. — Sizdan iltimos, «bufetchi kelib-ketdi», deb Ilhomga aytib qoʻysangiz. U yogʻini oʻzi tushunadi.
— Xoʻp, bajonidil aytaman.

Yigit kupedan chiqdi.

Niyoz amaki ertasi kuni erta bilan vagon-restoran tomon yoʻl oldi. U qoʻlida qogʻozga oʻrogʻliq chillaki bilan restoranga kirib borganida, bufetchi yigit oʻz ish joyida choʻt qoqib, hisob-kitob qilib oʻtirardi.
— Assalomu alaykum! Yaxshi yotib turdingizmi? — dedi Niyoz amaki.
— Rahmat, oʻzingizdan soʻrasak, — bufetchi choʻt qoqishdan toʻxtadi. — Ilhomjon qalay, oʻrnidan turdimi?
— Yoʻq, yoʻl charchatibdi shekilli, hali uygʻonganlari yoʻq, — Niyoz amaki qoʻlidagini bufetchiga uzatadi. — Kecha sizga uzum yeng ham demabman, aybga sanamaysiz, Yangilik deb shuni olib keldim, oʻz bogʻimdan.
— Rahmat, — bufetchi uzatilgan narsani olgisi kelmadi, — chillaki bilan uncha hushim yoʻq.
— Oling endi, yangilik axir, olmasangiz xafa boʻlaman.
— Mayli, sazangiz oʻlmasin, — bufetchi qogʻozga oʻrogʻliq uzumni oldi, uni ochmoqchi boʻldi, — bir boshgina boʻlsa bas.
— Yoʻq-yoʻq, — Niyoz amaki bufetchining qoʻlidan ushladi, — hammasi sizga atalgan!
— Rahmat, — bufetchi oʻrnidan turib qogʻozga oʻrogʻliq chillakini muzlatgichga qoʻyib qoʻydi va joyiga kelib oʻtiradi. — Amaki, pivoga qalaysiz?
— Bizga pivosi boʻlmaydi, — bolalarcha jilmaydi Niyoz amaki, — achimagan qatiqdan boʻlsa, uch-toʻrt shisha olardim. Ketini oʻylamay kecha chillakidan sal koʻproq yeb qoʻygan ekanman. Kechasi bilan ancha qiynaldim, biroz isitmam ham chiqdi.
— Bor, siz uchun topiladi, — bufetchi pastdan bir necha shisha qatiq olib peshtaxtaga qoʻydi, — kerak boʻlsa, yana kelarsiz.
— Rahmat, — Niyoz amaki bufetchiga pul uzatar ekan, sevinchi ichiga sigʻmasdi. U kefir olayotgani uchun emas, balki bufetchiga uzum bergani, u bilan tanishgani, uning koʻnglini ola bilganidan xursand edi...

Poezd sahro oralab bor¬yapti. Niyoz amaki oʻz kupesida qatiq ichib oʻtiribdi. U ahyon-ahyonda shaxmat oʻynayotgan kupedoshlariga yer ostidan nazar tashladi. Uning oyogʻi ostida qatiqdan boʻshagan shishalar. Niyoz amaki qoʻlidagi qatiqni ichib boʻshatgach, shishasini toʻrxaltaga solib, oʻrnidan turdi.
— Ahmadjon, inim, — u shaxmat oʻynayotganlarga murojaat qiladi, — bufetga ketayotibman. Mabodo sizlarga biron narsa kerakmasmi? Hali zamon bufet yopilib qoladi.
— Rahmat, — dedi Niyoz amakiga qarab qisiq koʻzli Ahmadjon, — hozircha hech narsa kerakmas.
— Ilhomjon, sizga-chi? — soʻradi Niyoz amaki hamon shaxmatdan koʻzini olmay oʻtirgan kelbatli yigitga qarab. — Sigaret deganday...
— Hozircha bor, — doʻngʻilladi Ilhom. — Rahmat!

Niyoz amaki biroz nima qilarini bilmay tik turib qoldi, soʻngra orqasiga oʻgirilib, yuqori oʻrindiqda yonboshlab kitob oʻqiyotgan oʻspiringa qaradi, unga nima deb soʻz qotishni bilolmay, kupedan chiqib ketdi.
— Bu oʻzi qanaqa odam, — Oʻzicha tutoqdi Ilhom. — Otamiz tengi boʻla turib hadeb bizga oʻz xizmatini taklif qila beradi.
— Ey ogʻayni, soddasan-da, shuni ham bilmaysanmi, — dedi Ahmad. — Axir, kosa tagida nim kosa bor deganlariday. Manzilga yetgach, hali amakining bizga ishi tushadi-da!
— Qanaqa ishi?
— Uzum solingan yigirmatacha quti oyoq chiqarib yerga tushib ketarmidi? Bizdan yordam soʻraydi, albatta. Shuning uchun bizga... xushomad qilyapti.
— Gap bu yoqda degin, ajabo!..

Niyoz amaki bufetchini oʻz oʻrnida koʻrmay, oshxonaga kirib bordi. Bu yerda yuziga sepkil toshgan bir qiz idish-tovoq yuvib oʻtirardi.
— Qizim, bufetchi qanilar? — dedi Niyoz amaki.
— Bufetchining mazalari yoʻq, — dedi qiz. — Oʻninchi vagonda yotibdi, uchinchi kupe.
— Rostdanmi? — Niyoz amaki xavotirga tushdi. — Nima qipti unga?
— Bilmasam.
— Oʻninchi vagondami, — deya Niyoz amaki oshxonadan shoshilib chiqdi. Qattiq terlab ketgan Niyoz amaki birma-bir kupelar eshigini ochdi, bufetchi koʻrinmasdi.
— Bemor tif bilan ogʻriganga oʻxshaydi, — ichkaridan shunday ovozni eshitib, Niyoz amakining yuzidan qon qochdi. — Lekin bemor qoni laboratoriyada tekshirilmaguncha aniq diagnoz qoʻyish qiyin.
— Balki bemor buzilgan ovqat yoki meva iste’mol qilib xastalangandir. Afsuski, u gapiradigan holatda emas, — Niyoz amakini qoʻrquv bosdi, u oʻzini butunlay yoʻqotib qoʻygan edi.
— Xoʻsh, xizmat? — oq xalat kiygan vrach Niyoz amakining qoni qochgan yuziga qaradi.
— Shunday... haligi, — Niyoz amakining tili kalimaga kelmadi, ammo bahona ham topila qoldi. — Bularni bufetchiga qaytarmoqchi edim.

... Niyoz amaki oʻz kupesiga ma’yus kirib bordi, qoʻlidagi toʻrxaltani avaylab yerga qoʻydi, oʻrniga oʻtirdi.
— Amaki, xomushroq koʻrinasiz? — deydi Ahmad shaxmat donasini surib.
— Shunday, oʻzim.
— Idishlarni qaytarib olishmadimi? — Ahmad Niyoz amaki koʻnglini koʻtarmoqchi boʻladi, — xafa boʻlmang, mana Ilhom topshirib beradi siz uchun.
— Bufetchi inim qoʻqqisdan ogʻrib qolibdi, — dedi Niyoz amaki xoʻrsinib.
— Ie, bu qanaqasi boʻldi? — Ilhom oʻrnidan turib ketdi. — haligina soppa-sogʻ edi-ku! Men bir borib xabar olay.

Niyoz amakining ichiga chiroq yoqsa yorishmasdi.

Ilhom xomush qaytib keldi. Niyoz amaki yalt etib unga qaradi:

— Inim, nima gap?
— Nima boʻlardi, — Il¬hom uh tortdi, — vagon eshiklari qulf. Kirish ham, chiqish ham noma’lum vaqtgacha man etilibdi.
— Ilhom, bildim, bufetchi biror yuqumli kasallik bilan ogʻriganga oʻxshaydi, — dedi Ahmad, — yoʻlovchilarni bir-biridan ajratib turish uchun shunday qilishgan.
— Mabodo bufetchi ovqatdan zaharlangan boʻlsa-chi? — soʻradi Niyoz amaki yerga qarab.
— Unday boʻlsa biz uchun unchalik tashvishli joyi yoʻq.

«Men ana shunisidan qoʻrqyapman», — Niyoz amakining dilidan shunday fikr kechdi.

Niyoz amakining boshi qotib qoldi: «Nimaga ham bufetchiga uzum berdim?»

Bir payt Niyoz amakining ich-ichga choʻkkan koʻzlari tumbochka ustida turgan bir shisha qatiqqa tushdi.
— Isitmaning davosi shu-ku! — Niyoz amaki beixtiyor shunday deb yubordi. — Inim, qatiq isitmaning davosi, deb eshitgandim. Ruxsat bersangiz, shuni bemorga olib borib ichirsam.
— Kasallik yuqishidan qoʻrqmaysizmi? — dedi vrach jiddiy.
— Kasallansam, siz borsiz-ku!
— Mayli, — vrach kulimsiradi.

Tumbochka ustida yarmi ichilgan qatiqli shisha. Niyoz amaki bufetchining terlagan manglayini sochiq bilan artdi. Bemor hozir biroz yengil tortgandi. U nursiz koʻzlari bilan Niyoz amakiga qaradi, uning bu boqishida samimiy minnatdorchilik ifodasi bor edi.
— Rahmat, — dedi u majolsiz.

Shu payt Niyoz amakidagi oʻz manfaati uchun kurashish hissiyoti yana gʻolib keldi.
— Inim, — dedi u yerga qarab, — sizdan bir iltimosim bor. Aytsam, maylimi?

Bufetchi bosh qimirlatib, «mayli» ishorasini qildi.
— Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, — Niyoz amaki koʻzini yerga qadab soʻzladi, — joʻjabirdek jonmiz. Bolalar kun sayin ulgʻayib borishyapti. Qizlarni uzatish, oʻgʻillarni uylantirish — yolgʻiz mening gardanimda. Axir, bu otalik burchim-da!.. Shularni oʻylab hovlida yetishtirgan chillakini olib yoʻlga chiqqandim, bir kori-holimizga yarar deb... Toʻgʻrisi, sizdan choʻchib, uzum hadya qilgandim. Vrachga bu haqda soʻz ochmasangiz, aks holda...
— Mayli, sizningcha boʻlsin, — dedi bemor uzoq sukutdan soʻng.
— Yashang, kamol toping, — Niyoz amaki ochilib ketdi. U bemorga qatiqli shishani uzatdi, — iching, koʻnglingiz tortmasayam ichavering, davosi shu.

Niyoz amaki vagon yoʻlagi boʻylab odimlab kelyapti. U toʻsatdan yurishdan toʻxtadi va oʻylanib qoldi. U vagonma-vagon yurib vrachni topdi va uni oʻz kupesiga boshlab kelib, boʻlgan voqeani ochiq-oydin aytdi. Karton qutilardagi chillakilarga ishora qilib:
— Inim, bularni yaxshilab bir tekshirib koʻrsangiz, — deb oʻz soʻzida qattiq turib oldi. — Axir, bufetchi ukamiz, men bergan uzumdan xastalangan boʻlishi ham mumkin... — U shu soʻzlarni aytgach, oʻzini yengil his etdi, koʻnglini gʻash qilgan ruhiy noxushlik undan yiroqlashdi.

Poezd bir maromda olgʻa intilmoqda, yoʻlovchilar esa oʻzlari bilan oʻzlari andarmon edi...