OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomi«Meni sindirishdi...» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm33KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Meni sindirishdi...» (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

E, bu dunyoda yaxshi odamlar ham koʻp ekan!

Zoyir buni boshiga xoʻb gʻalati savdolar tushgandan soʻng bildi!

Zoyir oʻzi azaldan shunaqa edi: erkak kishi koʻchada koʻkragini kerib yurishi kerak deb hisoblardi. Oʻziyam shunga munosib boʻlishga intilardi.

Zoyirning yana bir aqidasi bor edi: erkak kishi birovga oʻzini xafa qildirib qoʻymasligi lozim. Aks holda oʻzingga nisbatan oʻzingning hurmatingni yoʻqotib qoʻyishing mumkin. Oʻzingni hurmat qilmay qoʻydingmi, tamom, boshqalarni ham hurmat qilmay qoʻyasan, oʻz navbatida ular ham seni bir tiyinga olmaydigan boʻlishadi.

Xuddi mana shu hayotiy printsiplari boismi, Zoyir bir yerda uzoq ishlolmasdi. Boʻlmasa oliy ma’lumotli injener-mexanik degan nomi bor.

Ayniqsa soʻnggi ish joyi...

Achinadi-da odam.

Kattagina xoʻjalikka endi bosh injener boʻlib tayinlangandi. Bor-yoʻgʻi bir hafta ishladi-ya, bir haftagina! Hatto balansda mavjud texnikalarni tuzuk-quruq qabul qilib olishgayam ulgurmagandi.

Hammasiga xoʻjalik rahbarining ogʻzi shalaqligi sabab boʻldi.

Bir umr amal katta-kichik amal kursilarida oʻtirib kelgan, surila-surila oxir erishgani shu xoʻjalikka rahbarlik boʻlgan Ergash aka tong saharda toʻntarilgan qozonday qornini silagancha idorada yoki dalada oppoq «Neksiya»sida paydo boʻlib qolardi-da, uyqudan chap yoni bilan turgan odamday duch kelgan xodimni boplab xumordan chiqib soʻkib olgach, goʻyo katta ishni uddalagan odamday qoniqish ila uyiga qaytar va yana uyqusini kelgan joyidan davom ettirarkan. Bundan yaxshi xabardor odamlar tong sahardan idoraga kelib olarkanlar yo boʻlmasa dalani aylanib yurarkanlar. «Xoʻjayin» bir kelib ketganidan keyin esa yengil nafas olgan xodimlar ham uy-uylariga tarqalib ketisharkanlar. Mabodo xoʻjayinning gʻazabiga duch kelib qolishsa, xuddi aybdor odamday bosh egib turaverish ma’qul ekan. Aks holda... Ishqilib, Ergash aka oʻziga gap qaytargan yoki tik gapirgan odamni yoqtirmas ekan, keyinchalik ham shu odamni to tavbasiga tayantirmaguncha oʻziyam tinchimas, boshqalarniyam tinchitmas ekan...

Zoyir bunday gaplarni orqavoratdan eshitgan, ammo unchalik e’tibor berib oʻtirmagan edi. Bekor qilgan ekan...

Oʻsha kuni Ergash aka «Neksiya»sidan harsillab-pishillab tushib kelayotgan ekan. Nima ish bilandir idoraga kelgan Zoyir avval panaroqqa oʻtmoqchi boʻldi, soʻng oʻzining bu oʻyi oʻziga nash'a qilib, «Nimasidan choʻchiyman?» deganday shaxd bilan ildam borib rahbariga salom berdi.

Alik olish nimaligini bilmaydigan Ergash aka oʻsiq qoshlarini chimirgancha bir zum yangi bosh injenerga chaqchayib qarab turdi. Soʻng:
— Sen bola bu yerda nima qilib yuribsan? — dedi.

«Bola», aslida esa yigirma toʻqqizga kirgan, ikki farzandning otasi boʻlgan Zoyir noiloj hisobot bergan boʻldi:
— Bir-ikkita hujjatlar kerak boʻlib qolgandi. Balansni solishtirib koʻrmoqchi...

Nordon narsa yeganday birdan afti burishib ketgan Ergash aka toʻsatdan bosh injenerining gapini boʻlib, oʻshqira ketdi:
— Kontorga qarab tilingni osiltirib yoʻrgʻalayvergandan koʻra orqangni bir yerga bosib ishlab oʻtirsang oʻlasanmi?

Zoyir avvallari bir-ikki kishidan rahbarining ogʻzi shalaqligi borasida eshitgandi. Ammo bu qadar bezbetlik...

Zoyirning esankirab qolganini koʻrgan, buni qoʻrqdiga yoʻygan Ergash aka battar avj qildi:
— Sening bir ishonganing hokim bovang boʻlsa, mening ishonganlarim undanam katta odamlar! Gʻashimga tegaversang, bir chertaman, chiqqan joyingga qaytib borib tushasan!..

Ayniqsa soʻnggi jumla Zoyirga ogʻir botdi.

Toʻgʻri, uni bosh injenerlikka xokimiyat tavsiya etgan. Ammo bu jinoyat emas-ku. Qolaversa, avval uning «delo»sini yaxshilib oʻrganib chiqishgan.

Balki bu haqoratlarga chidasa ham boʻlardi. Biroq «chiqqan joyiga qaytib borib tushishi» xususidagi doʻq Zoyirning hamiyatiga tegdi. Onasi oʻlib ketganiga bir yildan oshdi. Marhumaning arvohini chirqillatishdan ne naf bor?..

Buning ustiga allaqachon idora binosi derazalaridan boshlarini chiqarib, bularni qiziqish bilan kuzatib turgan bir-ikkita rahbarchalar oldida...
— Sal ogʻzingizga qarab gapiring, rais bova, — dedi Zoyir iloji boricha xotirjam gapirishga urinib. Vaholanki, uning yuragi gursillab urib, gʻazabdan oyoqlari dir-dir titray boshlagan edi.

Katta ishni amalga oshirib qoʻygan odamday mamnunlik ila ortiga oʻgirilib, mashinasiga qaytib chiqmoqchi boʻlayotgan Ergash aka turgan joyida dong qotib qoldi. Illo, shu xoʻjalikka rahbar boʻlib kelganidan buyon birovdan bir ogʻiz e’tiroz eshitib ulgurmagan edi.
— Nima? — deb yubordi koʻzlari battar chaqchayib ketgan Ergash aka. — Tiling chiqib qoliptimi sen bolaning?
— Soqov emasdim, — sal zarda bilan gapirdi Zoyir.

Ergash akaning oʻzi endi bir muddat unga garangsib qarab turdi, soʻng ogʻzidan koʻpik sachrab baqirishga oʻtdi:
— Tur, yoʻqol, qaytib bu yerda qorangni koʻrsatma! Qishloqdanam koʻchirib yubormasam, yurgan ekanman men ham!

Endi Zoyirniki ham tutdi.
— Ergash aka, osmon qoʻlingizda boʻlsa tashlab yuboring! — dedi jahl bilan. — Olsangiz ishingizni olasiz-da, shunga shuncha vahimami?!.
— Olaman! — jon-jahdi bilan qichqirdi rais. — Hammasini olaman!
— Menga desa ishingizni pishirib yemaysizmi!

Zoyir shu soʻzlarni aytdi va jahl bilan burilib, keta boshladi.

Gʻazab zoʻridan tiliga gap kelmay qolgan, yuzi qisqichbaqaniki kabi qip-qizarib ketgan Ergash aka bir-ikki urinib ham joʻyali soʻkish topolmay qolgach, oxiri qoʻlini musht qilib tuggancha bosh injener ortidan boʻkirdi:
— Hali oʻzing toʻrt oyoqlab emaklab kelarsan oldimga!.. Ana oʻshanda... Shunday qildirmasam, otimni boshqa qoʻyaman! Ana oʻshanda koʻrasan mening kimligimni!..
— Koʻrsak koʻraveramiz-da, — jahl bilan javob qaytardi idoradan ancha uzoqlashib ulgurgan Zoyir.

Ha, oʻshanda Zoyir bu gapni nafrat aralash gʻazab bilan aytdi. Ammo oradan ma’lum fursat oʻtgach, rais pishak doʻqi qilmaganligini, chindan ham uning qoʻlidan koʻp ishlar kelishini angladi.

* * *
Shu bilan Zoyir qaytib ishga bormadi. Gʻirt bekorchi boʻlib qolmaslik uchun esa dalasi xoʻjalikning eng oxirida joylashgan Abduolim fermerga traktorchi boʻlib ishga kirib oldi. 

Oradan uch haftalar chamasi vaqt oʻtgandan soʻng Zoyirning uyiga qoʻshni mahallada turuvchi Ibroyim kirib keldi.

Garchand ikkalovi tengdosh boʻlishsa-da, dum-dumaloq boʻlib semirib ketganidanmi yoki tepa sochi toʻkilgani uchunmi yoshi kattaroq koʻrinadigan Ibroyim tuman markazidagi kollejni bitirganligi haqidagi diplomi bilan bosh injener boʻlibdi.

Zoyir Ibroyimni astoydil tabrikladi.

Shundan keyin yangi bosh injener chakkasini qashlagancha muddaoga oʻtdi:
— Anavi... priyom-peredacha oxirigacha bormagan ekan, aka. Bir-ikkita qogʻozlarga qoʻl qoʻyib bersangiz. Hammasini ipidan ignasiga qadar toʻgʻrilab yozib keldim. Hatto boltlarniyam erinmasdan bittalab sanadim. Raisning oʻziyam borib tekshirib koʻrdi.

Ibroyim qalin papkasidan bir dasta qogʻoz chiqarib uzatdi.

Raisning tanish imzosini koʻrib, burni jiyirilgan Zoyir:
— Hammasi joyidami? — deb soʻradi bir ogʻiz.
— Albatta-da, — qoʻllarini keng yozdi Ibroyim. — Kelib-kelib raisday kattakonimiz bilan tengma-teng olishgan sizday akaxonimni aldaymanmi?

Maqtov kimga yoqmaydi deysiz. Keyingi kunlar ichida xufton boʻlib yurgan diliga ozgina nur ingan Zoyir beixtiyor iljayib qoʻyarkan: «Odamlar... hammasini biladi... Yaxshiyam oʻshanda raisga egilib-bukilib, xushomad qilishga oʻtmaganim...» deb qoʻydi oʻzicha.

Zoyirning jim qolganini koʻrgan Ibroyim buni oʻzicha tushundi va chuqur nafas olgach, koʻzlarini katta-katta ochgan koʻyi ishonch va qat'iyat ila xitob qildi:
— Agar aldasam erkak emasman!..

Bu hayajonli qasamni eshitgan Zoyir noqulay ahvolda qoldi. Oʻzini vijdonli bir odamni qasam ichishga majbur etayotgan nokasday his qildi.
— Mayli, mayli, — dedi u shosha-pisha. — Ishonaman, ishonaman...

Zoyir xuddi shunday shoshqinlik bilan bir dasta dalolatnomalaru bayonnomalardagi oʻzining familiyasi yozilgan joylarga imzo chekib chiqdi.
— Rahmat, — qoʻlini koʻksiga qoʻydi Ibroyim. — Bu yaxshiligingizni unutmayman.
— Sizga ishonmasam, kimga ishonaman, — dedi Zoyir.
— Bundan keyin ham bemalol ishonavering, — nim egildi Ibroyim. — Biz sizga zarracha boʻlsin gap tegadigan ish qilmaymiz. Xurmatingiz bor, aka, hurmatingiz. Axir siz kimsan Zoyir akasiz!

Ogʻzining tanobi qochib borayotganini sezgan Zoyir bir amallab lanj-lunjini yigʻishtirib oldi va:
— Ishingizga omad, — dedi samimiy ohangda. — Ammo oʻzingizni raisga haqorat qildirib qoʻymang. Boʻsh kelsangiz, boshingizga chiqib oladi u.
— Albatta, — dedi kamoli ehtirom bilan Ibroyim. — Bu sohada oʻzingiz bizga ibrat boʻldingiz. Haqiqiy erkakning qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻydingiz. Endi boʻsh kelmaymiz, aka.
— Shunday boʻlsin, — mamnun jilmaydi Zoyir.

Ibroyim yana bir bor minnatdorchilik bildirgach, quyuq xayrlashgancha deyarli orti bilan tisarilib chiqib ketdi hovlidan.

Yangi bosh injenerning ushbu mulozamati unchalik koʻngliga oʻtirishmagan boʻlsa-da (xuddi xushomad qilayotganga oʻxshab ketdi), Zoyir baribir oʻzidan rizolik tuygan koʻyi xonasiga kirib ketarkan:
— Ibroyimga oʻxshagan yaxshi odamlar koʻpaygani yaxshi-da, — deb qoʻydi.

Biroq tez orada sodir boʻlgan voqealar Zoyirning vaqtidan burun bunday xulosaga kelib qattiq yanglishganini koʻrsatdi.

* * *

Oradan olti oyga yaqin vaqt oʻtdi.

Qishloq anchagina katta boʻlgani bilan, nimagadir yomon xabar juda tez tarqaladi.

Avval «Prokuraturadan kelib, xoʻjalik texnikasini tekshirishayotganmish», degan mish-mish tarqaldi. Soʻng bunga «Texnika rosa talon-taroj qilingan, arzimagan pulga sotib yuborilgan ekan», degan gap-soʻzlar qoʻshildi.

Zoyir bu gaplarga parvo ham qilmay yuraverdi. Zero, u boshqarayotgan traktorni Abduolim fermer bundan ikki-uch yil burun xususiylashtirib olgan, hamma hujjatlari joyida edi.

Shunday kunlarning birida...

Kechga yaqin edi.

Quvgina Abduolim traktorchisiga miyigʻida iljayib qarab turdi-turdi-da, soʻng gapning dangaliga koʻchdi:
— Nega buytib jimgina yuribsiz desam, vaqtida qilar ishni qilib, iz qoldirmasdangina joʻnab qolaman degan ekansiz-da?

Zoyir fermerga ajablanib tikilib qoldi, soʻng ochigʻiga koʻchdi:
— Tushunmadim, uka.

Fermer yoyilib iljaydi.
— Hamma yoqda duv-duv gap: «Zoyir aka bir hafta bosh injener boʻlib ishlab, xoʻjalik balansidagi traktor bilan mashinalarning yarmini sotib yuboribdi. Agar yana bir hafta ishlaganida hech narsa qoldirmas ekan-da», degan.
— Yoʻgʻ-e! — deb yubordi Zoyir beixtiyor.
— Bu hali hammasi emas. Rais bilan oralaringizdan ola mushuk ham asli oʻsha sotilgan texnikaning pulini talashib qolish orqasidan ham oʻtgan emish... Ergash aka endi, doʻppi tor kelganda «Texnikaga men modiy javobgar boʻlmaganman, bosh injener boʻlgan», deb turib olgan emish...

Traktorchisining angrayib qolganini koʻrgan fermer kulimsirashdan toʻxtadi va jiddiy ohangda gapini yakunladi:
— Prokuratura bilan hazillashmang, aka. Pulini undirib olgani mayli, qamatib yuborsa yuzingiz bir umr shuvit boʻlib oʻtasiz. Pul ketsa ketsin, aka, bu ishni darrov bosti-bosti qilib yuboring.

Zoyir yana tushunmadi:
— Qanaqa ishni?

Abduolim fermer afsus bilan bosh chayqadi:
— Meni ahmoq qilishingiz mumkin, lekin prokurorni bunday qilolmaysiz. Yaxshilab bir doʻqlasa, ichingiz oʻtib ketadi. Ana oʻshandan keyin burningizdan ip oʻtkazib olib, har maqomga soladi...

Fermer ketdi.

Hayron boʻlib qolgan Zoyirning koʻngliga xavotirning qora buluti bostirib kela boshladi.

U shosha-pisha qoʻlini moy lattaga artdi va traktori rulini toʻgʻri qishloq tomon burarkan:
— Bir kami shu edi... — deya toʻngʻillab qoʻydi.

Yoʻq, hali bu gap-soʻzlarning barisi yolgʻon chiqishiga ishonch aralash umid bor edi. Toʻgʻri, Abduolim fermer jiddiy yigit, buning ustiga akasi tengi odam bilan hazillashib oʻtirmaydi. Ammo... ammo uni ham chalgʻitgan boʻlishlari mumkin-ku...

* * *

Hali aytib oʻtganimizday, qishloqda yomon gap tez tarqaladi.

Shom qorongʻusida uyiga hovliqib kirib kelgan erini xotin izillab yigʻlab kutib oldi. Goʻyo hozirning oʻzida kelib, Zoyirni qamoqqa olib ketishadigandek.

Buni koʻrib Zoyir battar vahimaga tushdi.

Yaxshiyam kech tushgan, koʻchada odam kam.

Zoyir shipillab Ibroyimnikiga yoʻl oldi.

Hovlisida allaqachon sut rang «Neksiya» paydo boʻlgan Ibroyim chorpoyada maykachan holida yonboshlagancha choy ichib oʻtirgan ekan.

Bosh injener sobiq hamkasabasini xushlamaygina qarshi oldi, til uchida:
— Keling, oʻtiring, — deb qoʻydi.

Ibroyimning birdan tashvishli qiyofaga kirganini koʻrgan Zoyir otni qamchilamasa, undan biron gap ololmasliga koʻzi yetgan koʻyi, birdan asosiy maqsadga oʻta qoldi:
— Qishloqda har xil gaplar yuribdi... Tinchlikmi?
— Ha, endi, Zoyir, bilasan-ku, har zamonda tekshir-tekshir boʻlib turadi, — peshonasini tirishtirdi Ibroyim. — To proverkadan oʻtib olganingcha enamizni koʻramiz.

Zoyir qarshisida oʻzini tashvishmand qiyofada tutishga urinayotgan, ammo yalpayib yotishidan sira ham «enasini koʻrayotganga» oʻxshamayotgan hamsuhbatining nima uchun birdan oʻzini «sen»lashga oʻtganiga, «aka» demayotganiga unchalik ajablanib ham oʻtirmadi. Zero, Ibroyimning sovuq qarashidanoq vaziyat bundan olti oy oldingi emasligi sezilib turardi.

Nimadir oʻzgargan edi.
— Ishqilib, tekshirish tinch oʻtayaptimi? —yaxshi gap eshitish ilinjida muloyimlik bilan soʻradi Zoyir.

Ibroyim battar peshonasini tirishtirdi:
— Qayoqda deysan. Mendan oldin ishlab ketgan...lar besh-oltita traktor, ikkita mashinani hujjatlarini toʻgʻrilamasdan sotib yuborgan ekan. Endi oʻshalarni topasan deb yoqamdan olishayapti... Moddiy javobgarlik zimmasida ekan...

Tovushi tobora pasayib borayotgan Ibroyim oxiri yerga qarab oldi.

Ichi muzlab ketgan Zoyir arang soʻray oldi:
— Kim ekan u sizdan oldin ishlab ketganlar?

Mana shundagina Ibroyim bir nimaga jahd qilganday asta-sekin boshini koʻtardi va Zoyirga iloji boricha qatiq tikilishga urindi-da:
— Bittasi... Oʻzingiz, — dedi nimagadir yana «siz»lashga oʻtib.

Zoyir ilon chaqqanday joyidan sapchib turib ketdi.
— Hoy, joʻra, — dedi u asabiylashganidan yonoqlari pir-pir uchib, — ogʻzingizga qarab gapiring. Men bor-yoʻgʻi bir hafta ishga qatnaganimni, keyin rais bilan kelishmasdan ketib qolganimni hech kim bilmasa ham siz yaxshi bilasiz-ku.

Ibroyim yana yerga qarab oldi-da, mingʻirladi:
— Men bir kichkina odamman... Mening hamma qogʻozlarim toʻgʻri... Noqonuniy xususiylashtirish, hujjatsiz sotib yuborishning bari siz ishlagan davrda boʻlgan ekan. Hujjatlar shuni aytib turibdi...
— Qanaqa hujjatlar? — lol qotdi Zoyir.
— Hujjatlar-da... — aniq javobdan oʻzini olib qochdi Ibroyim. — Hammasi prokurorda.

Zoyirning miyasiga nimadir chaqmoq kabi kelib urilganday boʻldi. Hujjatlar... Demak... demak oʻshanda Ibroyim aldab, kerakli hujjatlarga imzo chekdirib olgan ekan-da... Ha, nima degan edi-ya... Zoyir birdan esladi: «Agar aldasam erkak emasman!» deb qasam ichgandi.
— Axir... — tomogʻiga mushtday bir nima kelib tiqilgan Zoyir «qult» etib yutinib oldi va oʻzining oʻziga nafratini oshiradigan tarzda ayanchli ovozda, baayni yolvorayotganday ohangda gapirdi: — Axir qasam ichgandingiz... Hammasi joyida degandingiz... Hammasini oʻzim sanab chiqdim degandingiz... Sizga, qasamingizga ishongandim... Erkaksiz, axir...
— ...

Ibroyim yerga qarab gum-gurs oʻtiraverdi.

Undan ortiq gap ololmasligini anglagan Zoyir indamay hovlidan chiqib ketdi.

* * *

Koʻpdan koʻp maslahat chiqadi.

Ertasi kuni uyqusiz oʻtgan oqshomdan soʻng ishga boʻynini egib, jinoyatchi kabi muztar qiyofada borgan traktorchisiga achinib qarab qoʻygan Abduolim fermer salom-alik, hol-ahvol soʻrashishlardan keyin yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan boʻldi:
— Agar aybingiz boʻlmasa, buytib boshdi egib yuravermasdan harakatni qilib qoling, aka.

Zoyir fermerga yalt etib qaradi:
— Nima qilay? Menda ayb nima qilsin.

Shundan keyin Zoyir fermerga bundan olti oy oldingi va kecha kechqurungi voqeani qisqagina aytib berdi.

Fermer ajablanib yelka qisdi:
— Bunday qarasam qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan odamga oʻxshaysiz... Boring, yara gazaklamasdan turib kerakli odamlarga uchrashing, tushuntiring, iltimos qiling, kerak boʻlsa qoʻliga uch-toʻrt soʻm tutqazing. Ishqilib, yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolsin. Boʻlmasa moshin-traktorlarni toʻlatib olishi-ku, bir taraf, «Moddiy javobgar edi» deb boʻyningizga toʻrt-besh yilni ilib yuborishdan ham toymaydi bular...
— Nima qil deysiz? — jon-jahdi bilan soʻradi Zoyir. — Toʻgʻri prokurorning oldiga borib, bor gapni aytib bersammikan? Uyam odam, tushunar. Yemagan somsaga pul toʻlatishmoqchi, desam. Ergash akaning oʻch olayotganini aytib bersam...

Fermer oʻylanib qoldi, soʻng bir narsa esiga tushganday yuzi yorishdi:
— Qishloqning boshida turadigan Asqar akani taniysizmi?
— Ha, qizil «Moskvich»i bor.
— Ha. Oʻsha. Oʻzining qaerda ishlashini aniq bilmayman, lekin bir-ikkita iltimos bilan borganlarga yordam berganini eshitganman. Asqar akaning tuqqan togʻasi shu sistemada kattaroq odam shekilli... Ishqilib, organ odamlari bilan osh-qatiq boʻlib yuradi deyishadi. Borib avval shu kishidan maslahat soʻrang-chi...
— Hozir... borayinmi? Ish...
— E, aka, hozir boring-da. Bu yoqda uyingiz kuyayin deb turibdi-yu... Ish qochib ketarmidi... Qolganini oʻzim qilib qoʻyaman.

 Zoyir oyogʻini qoʻliga olgancha qishloqqa qarab chopdi.
* * *

Omadi kelganini qarang. Novcha, ozgʻin, orasta kiyingan, tilla gardishli koʻzoynak taqib olgan Asqar aka deganlari endi uyidan chiqib, katta koʻchaga burilayotgan ekan.

Zoyir hovliqib uning yoʻliga chiqdi va qoʻlini koʻtardi.

«Moskich » toʻxtadi.

Zoyir shosha-pisha salom berdi.

Ahvolidan, oʻzini tutishidan nimadir sodir boʻlganini tushungan Asqar aka Zoyirni chekkaroqqa, daraxt soyasiga olib oʻtdi-da:
— Endi gapiring, uka, — dedi koʻzoynagi osha diqqat bilan tikilib.

Zoyir yana shosha-pisha, shu sababli sal chala-chulpa tarzda bor gapni aytib berdi.
— Yordam bering, Asqar aka, — dedi u nihoyat hansirab. — Quruq tuhmatga qolib ketayapman.
— Oʻzi tekshiruvchilarga uchradingizmi? — darhol savol berdi Asqar aka.
— Hozir borsammi deb turgandim... Avval siz bilan uchrashib, maslahatlashiyin deb...
— Hm-m, — deya bir muddat noroziroq tarzda oʻylanib qolgan Asqar aka soatiga qaradi. Soʻng bir nimaga ahd qilganday ishchan qiyofada dedi: — Unda bunday qilamiz. Baxtingiz bor ekan. Rayonga borayotgandim. Yoʻl-yoʻlakay prokuraturaga kirib, gap nimadaligini bilib chiqaman... Balki arzimagan ishdir. Bitta telefon bilan bitib ketar... Yoʻq, yaxshisi birga boramiz... Pravangiz bor, a?
— Bor.
— Juda yaxshi. Unda hozir uyingizga kiramiz. Pravangizni ovoling. Birontasiga choy-poy ichirish kerak boʻlsa, anavi zormandadan mening ham qoʻshilib ichishimga toʻgʻri keladi. Busiz ish bitmaydi. Shunda mashinani oʻzingiz haydab qaytasiz. Keyin... — Asqar aka Zoyirning usti-boshiga sinovchan tikildi: — Oʻzingiz ham sal tuzukroq kiyinib olsangiz. Bilib boʻladimi, biron nozikroq joyga borib qolamizmi? Sovgʻa-salom deganday...
— Tushundim, tushundim, — dedi jon holatda Zoyir.

* * *

Xullas, Zoyir shosha-pisha uyiga kirib, koʻchalik kiyimlarini kiydi va jami boyligi — yuz mingga yaqin pulni choʻntagiga solib oldi. Xotin buni koʻrdi, ammo miq etmadi. Aftidan, u ham bu baloning tezroq daf boʻlishini istardi.

Bir pasda tuman markaziga yetib kelishdi.

«Moskvich» tuman prokuraturasi joylashgan uch qavatli muhtasham bino oldiga kelib toʻxtadi.

Zoyir mashinada oʻtirib turadigan boʻldi.

Asqar aka qoʻriqchilikda turgan militsionerlar yonidan xuddi ishxonasiga kirayotganday gerdayib oʻtib ketdi.

Oradan yarim soatdan sal koʻproq vaqt oʻtdi.

Zoyirning ichini it tatalay boshladi.

Nihoyat novcha Asqar akaning qorasi koʻrindi. Quyosh tigʻida koʻzoynagining tilla gardishi yaltirab ketgan Asqar aka shoshilmay mashinasi tomon kelardi.

Asqar aka oʻz joyiga oʻtirgandan keyin nimagadir qovogʻini soldi va ogʻir uf tortdi.

Buni koʻrib Zoyirning ichi muzlab ketdi.
— Toʻrtta traktor, bitta «Zil», bitta «KamAZ»... — sanay ketdi toʻsatdan Asqar aka. — Buncha narsani hazm qilishning oʻzi boʻlmaydi, hamqishloq. Tiqilib qolish mumkin. Rostdanam aralashmaganmisiz oʻzi?
— Aytdim-ku borini, — zorilladi Zoyir.

Asqar aka yana bir muddat qoshlarini uygancha oʻylanib qoldi, soʻng choʻntagidan mitti qoʻl telefonini chiqardi-da, raqam terarkan, xushlamaygina dedi:
— Ammo bir ablahda ekan delongiz... Tuyani yutsa dumini koʻrsatmaydiganlar xilidan. Yana hech narsa olmaganday koʻzingizga baqrayib tikilib turaveradi... Qani, bir gaplashib koʻraylik-chi. Dami baland boʻlsa, nima ham qilardik, zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq deb qoʻyaqolamizda, a, hamqishloq?

Yuragi tobora poʻkillab borayotgan Zoyir:
— Bir ilojini qiling, aka, — dedi Asqar akaga moʻltirab qarab. Soʻng qachondan beri tilining uchida turgan jumlani bazoʻr sitib chiqardi: — Xizmatingizni qilamiz...
— Men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman, — dedi Asqar aka allaqanday ulugʻvorlik ila. Soʻng birdan barmogʻini labiga olib borib, «jim» ishorasini qildi-da, oʻshanday ulugʻvor ohangda telefonga gapira boshladi: — Assalomu alaykum. Rahimov kerak edilar... Sherzodjon... Oʻzlarimi? Men Asqar akangizman... Ha, rahmat... Oʻsha kuni togʻamning uyida siz haqingizda ancha yaxshi gaplar boʻldi... Eshitib xursand boʻldim... Xizmat yoʻq, uka. Faqat bir yaqin kishimizning sizga ishi tushib turgan ekan. Shuni bir maslahatlashib koʻraylik deb, a... Ha, «Guliston» xoʻjaligidan... E, qanaqangi talon-taroj? Akaxonimiz buzoqning haqi bor deb sigirning sutini ichmaydiganlardan... Qolaversa, togʻam ham bir vaziyatni oʻrganib koʻr-chi, deganday boʻluvdilar... Ha, ha, sobiq glavniy injener. Zoyir Abdusalomov... Bizga ancha yaqin odam... Shuni bir gurunglashsak, a. Qaerda boʻlardi, bir piyola choy ustida. Xoliroq joy boʻlsa. Menga qarang, Sherzodjon, ish qochib ketmaydi. Borarsiz oʻsha boshqarmangizga. Avval bir koʻrishaylik. Xoʻp, ana, yarim soatga. «Visol» qalay? Oʻtgan safar tabakasi sizga ma’qul boʻluvdi shekilli, a? Xoʻp, yarim soatdan keyin... Xoʻp...

Shundan keyin Asqar aka qoʻl telefonining tugmachasini bosdi va Zoyir tomon oʻgirildi:
— Bir amallab koʻndirdim. Boraylik, gaplashib koʻraylik-chi.
— Rahmat-e, aka, — dedi hayajondan tovushi titrab ketgan Zoyir. — Bola-chaqangizning huzurini koʻring. Xizmatingizda boʻlaylik...
— Yana qaytarib aytaman, — iljaydi Asqar aka, — men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman. Qoʻlimdan kelsa beminnat yordamlashaman, qoʻlimdan kelmasa ochigʻini aytaman-qoʻyaman...

Ana shundan keyin ham dunyoda yaxshi odamlar yoʻq deb koʻring-chi!..

* * *

«Visol» qahvaxonasi tuman markazidan xoʻjalik tomon chiqish yoʻlida ekan.

Shinamgina qahvaxonaning ichida alohida xonasi bor ekan. Bu yerga kelaverib oʻrganib qolgan shekilli, Asqar aka toʻgʻri shu xonaga kirib bordi.

Ofitsiant stolni turli gazaklaru ichimliklar bilan bezab ulgurar-ulgurmas Sherzod degani ham kirib keldi. Bu xoʻppa semiz, yurganda oyoqlari taravaqaylab, qorni esa suv toʻla meshday quldur-quldur ovoz chiqaradigan, ammo mitti koʻzlari odamga teshib yuborguday sinchkovlik bilan qaraydigan qirq yoshlardagi odam ekan.

Koʻrishib, hol-ahvol soʻrashganlaridan keyin odatga koʻra avval uchrashganlari va tanishganlari uchun ichishdi.

Zoyir piyolaga lab tekizib qoʻydi, xolos.

Zoyir bir narsaga tan berdi: bu baqaloqning ichi bamisoli quduq ekan, ichgan bilan toʻlmas ekan. Unga yetay deb Asqar akaning ham boʻlari boʻldi.

Ishqilib, birinchi ovqat kelgunga qadar uchta shisha boʻshadi.

Toʻrtinchi shisha yarimlab qolgandan keyingina Asqar aka imo-ishorali gap qilib oʻtirmay, toʻgʻridan-toʻgʻri maqsadga koʻcha qoldi:
— Sherzodjon, boya aytgan qarindoshimiz shu kishi boʻladi. Quruq tuhmatga qolib oʻtiribdi. Oʻzingizni qora tortib kelaverdik. Bir yordam qilasiz endi...

Toʻsatdan mutlaqo ichmagan odamday hushyor tortib, yogʻli lablarini sochiqqa artgan Sherzod oʻziga moʻltirab qarab turgan Zoyirga sinchkov nazar tashladi va birdan pixillab kulib yuborarkan:
— Bu akam chatoq, — dedi. — Vaqtida texnikani sotgan, pulini qurtdek sanab olgan. Endi musichai beozor boʻlib, oraga sizdek akaxonlarimizni qoʻyib... Yaxshi emas, yaxshi emas... Yeyishni bilgan odam berishni ham bilish kerak...

Rangi oʻchib ketgan Asqar aka Sherzodni siltab tashladi:
— Bu unaqa odam emas deb aytdim-ku. Yo mening gapim yetarli emasmi? Juda agar qurugʻiga ishlaging kelmayotgan boʻlma, ma, ol, lekin qaytib bu odamga tuhmat qilma!

Shunday deya Asqar aka yon choʻntagidan ikkita yuz dollarlik chiqarni va Sherzodning oldiga tashladi.

Xijolat tortgan Zoyir oʻrnidan turib ketay dedi. Ammo Asqar aka uni qoʻl ishorasi bilan joyiga qaytarib oʻtqazib qoʻyarkan:

 — Men koʻchada topganimni koʻchada sarflayman, — dedi. — Kecha bir ish qilgandim, shunga xizmat haqimni ertalab tashlab ketishuvdi. Men bu pulni baribir uyga olib bormasdim. Sizga mening yordamim boʻlsin...

Entikib ketgan Zoyirning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. E, bu dunyoda yaxshi odamlar ham koʻp ekan! Mana, shulardan bittasi, ehtimolki eng yaxshisi Asqar aka qarshisida turibdi!..

Sherzod pulni oldi, yoruqqa solib koʻrgach, choʻntagiga solib qoʻyarkan:
— Sizniki tabarruk, — deya yana pixillab kuldi. — Oz boʻlsayam koʻp oʻrnida koʻramiz-da.
— Yetadi, — toʻngʻilladi Asqar aka jiddiy tarzda. — Koʻpini puli borlardan olasan!
— Xoʻp, xoʻp, dedik-ku, — qoʻlini koʻksiga qoʻydi Sherzod. — Endi shu haqda boshqa gaplashmay, ozroq aroq ichsam, ozroq ovqat yesam maylimi, ruxsat berasizmi?
— Ruxsat beraman, — iljaydi Asqar aka.

Sherzod bechora shu ruxsatni kutib turgan ekanmi, jon-jahdi bilan ichkilikka va taomlarga tashlandi. Oʻziyam bu borada Asqar akani changida qoldirib ketdi-yov...

Oradan yarim soatcha oʻtib, ikitadan qovurilgan joʻja yeyilganidan keyin (tomogʻidan ovqat oʻtmayotgan Zoyir mineral suv ichib oʻtirardi, xolos) Asqar aka shamollashga chiqib ketgan mahal xuddi boyagidek bir qultum ichmagan odamday birdan hushyor tortgan, faqat koʻzlari qip-qizarib ketgan Sherzod egilib, Zoyirga shivirladi:
— Akangizning hurmati bor... Asli narxi ming edi... Mayli, sizga yana bir arzimagan xizmat aytaman. Oʻshani bajarsangiz boʻldi...
— Jonim bilan, — dedi Zoyir qoʻlini koʻksiga qoʻyib.

Bazm yarim tungacha davom etdi.

Zoyir olib kelgan pul hisob-kitobga uchma-uch yetdi...

* * *

Zoyir ertasi kuniyoq tanish-bilishlaridan qarz oldi, yetmaganiga bir qoʻyini sotdi, ishqilib ikki yuz dollarga yetadigan pulni kechga yachqin Asqar akaning uyiga olib borib berdi.

Ajab, avvaliga Asqar aka pulni olishdan qat'iyan bosh tortdi.
— Men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman, — dedi boshi tors yorilay deb turgani bois afti burishib ketayotgan Asqar aka.
— Ham salom berib, ham tovon toʻlab yurmang, Asqar aka, — dedi Zoyir mehr bilan. — Sizga juda katta rahmat...

Ertasi kuni esa oppoq «Neksiya»da kelgan bir oq koʻylakli, boʻyinbogʻ taqqan yigit Sherzodning «arzimagan xizmati»ni aytib ketdi. Qoʻshni qishloqda yashaydigan Sherzodning akasi yaqinda bir yangigina «Zil»ni xususiylashtirib olgan ekan. Oʻshaning mayda-chuyda ehtiyot qismlarini qoʻyib, yurgazib yuborish kerak ekan...

Zoyir halloslab qoʻshni qishloqqa yugurdi.

«Yangigina» mashina deganlarining ramasi bor edi, xolos...

Buni koʻrib Zoyirning koʻzi tinib ketdi. Sherzodning akasi qoʻlini beliga tirab turganini koʻrgandan keyin esa bu odamdan hech qanday koʻmak boʻlmasligini ham angladi.

Ammo lafz halol. Zoyir uyidagi yagona sigirini bozorga olib chiqib sotdi, puliga ehtiyot qism sotib olish uchun uch marta bozorga chiqdi.

Ishqilib, sakkiz kun deganda mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi...

Bu xabarni shaxsan Sherzodning oʻziga aytib qoʻyish, ham bir yoʻla koʻziga bir koʻrinib qoʻyish maqsadida kech boʻlsa ham Zoyir tuman markaziga yoʻl oldi.

«Damas» tuman markaziga kirib borayotgani mahal yoʻl chetidagi «Visol»qahvaxonasi yonida turgan qizil «Moskvich» Zoyirga tanish tuyuldi.

Zoyir xabarni Asqar akaga aytib qoʻya qolay degan oʻyda «Damas»ni toʻxtatdi.

Zoyir avval kelib yurgan odamdek toʻgʻri ichkariga xonaga kirib borayotgani bois birov uni toʻxtatib oʻtirmadi.

Oʻsha xona.

Birdan bostirib kirish noqulayligi bois Zoyir qiya ochiq eshik olida bir zum turib qoldi.

Xuddi shu mahal ichkaridan aniq-tiniq yangrayotgan ovoz eshitildi.

Gapirayotgan Asqar aka edi. Ammo soʻzlar... Soʻzlar juda-juda tanish edi.
— Men koʻchada topganimni koʻchada sarflayman, — derdi Asqar aka. — Kecha bir ish qilgandim, shunga xizmat haqimni ertalab tashlab ketishuvdi. Men bu pulni baribir uyga olib bormasdim. Sizga mening yordamim boʻlsin...

Bunga javoban Sherzodning pixillab kulgani eshitildi:
— Sizniki tabarruk. Oz boʻlsayam koʻp oʻrnida koʻramiz-da.
— Yetadi, — toʻngʻilladi Asqar aka. — Koʻpini puli borlardan olasan!
— Xoʻp, xoʻp, dedik-ku, — deganovozi keldi Sherzodning. — Endi shu haqda boshqa gaplashmay, ozroq aroq ichsam, ozroq ovqat yesam maylimi, ruxsat berasizmi?

Ha, bularning bari juda-juda tanish edi. Goʻyo...

Goʻyo artistlar bir sahnani ikkinchi bor ijro etishayotganday...

Zoyir asta bohini ichkariga suqdi va yaqindagina oʻzi oʻtirgan joyda koʻzlarida minnatdorlik yoshi bilan Asqar akaga termulib oʻtirgan ellik yoshlardagi bir dehqonni koʻrdi...

Zoyir... indamay ortiga qaytdi.

Nahotki... Nahotki... Nahotki inson bolasi shunchalik makkorlikka, riyoga qodir boʻlsa...

* * *

Ertasi kuni Zoyirning nomiga prokuraturadan chaqiruv qogʻozi keldi.

Zoyir xuddi shunday boʻlishini bilgandek miq etmay qogʻozni oldi, koʻrsatilgan joyga imzo qoʻydi.

Shundan keyin Zoyir chaqiruv qogʻozini yaxshilab buklab choʻntagiga soldi va toʻgʻri idoraga yoʻl oldi. Zoyirning yuzidanoq nimagadir qat'iy ahd qilgani sezilib turardi.

Idora yonidagi daraxtlar soyasida qorday oppoq «Neksiya»sini yuvayotgan Ibroyim sobiq hamkasabasining koʻrinishidanoq hammasini tushundi shekilli, yugurib kelasola unga hovliqib gap uqtira boshladi:
— Vaqtida kelding... Ergash akam shu yerda... Seni faqat shu odam qutqarib qoladi!.. Darrov oldiga kir. Egil, yalin, yolvor, ishqilib joningni saqlab qol... Ozroq xushomad qilsang oʻlib qolmassan... Qolgani bir gap boʻlar... Ergash aka yaxshi gapni yaxshi koʻradi... Agar barisini boʻyningga qoʻyishsa oʻzingni sotibam toʻlay olmaysan...

Zoyir miq etmasdan yoʻlida davom etardi.

Undan oldinga oʻtib olgan Ibroyim pildirab borasola avval qabulxona eshigini ochdi, keyin esa Ergash aka oʻtirgan kabinet eshigini.

Ibroyim jon-jahdi bilan nimalarnidir ishora qilardi.

Zoyir shu tomonga koʻz qirini tashladi va Ibroyimning «Egil... egil...» deb ishora qilayotganini koʻrdi.

Zoyir... avval sal egildi... soʻng... jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlarini chirt yumib olgan koʻyi yanada koʻproq egildi va ostona hatladi...

Shu oqshom Zoyir uyida xonasiga biqinib olib xotini, bolalarini qoʻrqitib rosa ichdi, mast boʻlib olgach esa koʻrinmas kimlargadir rosa baqirdi. Derazaga yaqin kelgan xotin shoʻrlik erining alam bilan:
— Meni sindirishdi... Meni sindirishdi... — deyayotganini eshitganday boʻldi. — Meni xoʻrlashdi... haqorat qilishdi...

Nogahon birdan jimlik choʻkdi. Yuragi uvishib ketgan xotin qulogʻini deraza oynasiga bosdi.

Ichkaridan piq-piq yigʻi ovozi kelardi...

Erkak yigʻlamoqda edi, erkak...