OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiEndi nima qilaman? (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/08/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Endi nima qilaman? (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

Janjal yana ertalabdan, nonushta mahalidan boshlandi.

– Dadasi... – dedi zorlanib Xolnisa.

Akbarali avvaliga oʻzini eshitmaganga solib koʻrishga urindi, hatto jon-jahdi bilan gazeta oʻqiyotganday tutdi.

Ammo Xolnisa boʻsh keladigan ayollardan emas.

– Dadasi... – dedi juvon bu safar sal zardali ohangda.

Boʻron boshlanib kelayotganini anglagan Akbarali ogʻir uf tortdi va noiloj xotiniga oʻgirildi.

Ana endi Xolnisaga xudo berib qoldi. Birdan koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan juvon «qult» etib tupugini yutarkan, alamli ohangda dedi:

– Shunaqa... Endi bu odam bizning gaplarimizni eshitmaydi... Oʻzimizam yoqmay qolganmiz, soʻzimizam...

Akbarali qoʻshni xonadagi Sherzod eshitib qolmasligi uchun ovozini pasaytirib dedi:

– Nima deysan? Yana oʻsha gapdir-da.

– Ha, oʻsha gap, – birdan jahl bilan oʻshqirdi Xolnisa. Soʻng koʻz yoshlarini tiya olmay, bidirlab ketdi: – Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim qoʻshnilarning dastidan. Kecha anavi Saltanatga «Uyga servant omoqchiydik» desam, yashshamagur pixillab kulib nima deydi deng?

Xolnisa eriga savolomuz qaradi.

Akbarali avval yelka qisdi, soʻng oʻziga baqrayib tikilib qolgan xotinidan sas chiqavermagach, soʻrashga majbur boʻldi:

– Xoʻsh, nima dedi?

– Bopladi, yashshamagur! Iloyo ogʻzingdan qoning kelgur!..

– Xoʻsh, nima dedi? – betoqatlanib soʻradi Akbarali.

– Oʻl dedi, dard dedi! – avjini kuchaytirdi Xolnisa. Soʻng erining afti burishayotganini koʻrgach, darhol maqsadga koʻchdi: – «Mosh sigʻmagan orqangizga loviyani tiqib nima qilasiz?» dedi yashshamagur.

Akbarali hayron qoldi.

– Servantga moshning nima aloqasi bor?

Xolnisa eriga ikki karra ikki toʻrt boʻlishini tushuntirayotgandek ta’kidlab, soʻzlarni chertib-chertib dedi:

– Uyimizning torligini aytdi-da u yashshamagur! Eri toʻrt xonani egallab olgan. Siz boʻlsangiz, ammamning buzogʻiga oʻxshab...

– Boʻldi! – dedi boʻgʻriqib ketgan Akbarali jahl bilan. – Plastinkangni toʻxtat! Yo boshqasini qoʻy.

– Nega toʻxtatarkanman?! – bobillab berdi Xolnisa. – Yo gapi notoʻgʻrimi? Yoʻq, toʻppa-toʻgʻri! Siz menga jahl qilmang, dadasi, jahl qilmang. Undan koʻra hammaga kulgu boʻlib yurganimiz uchun oʻzingiz uyaling. Axir qachongacha umrimiz shu katalakda oʻtadi? Mehmon chaqirolmasak, oʻzimiz emin-erkin birovnikiga borolmasak. Yana ikki-uch yildan keyin Sherzodingiz kap-katta bola boʻladi. Bilmayman, toʻyni qaerda oʻtkazasiz...

Akbaralining tili qichidi, ammo darrov oʻzini bosdi. Zero u hozir nima desa ham tor uyda yashayverib, keng-moʻl uyni orzu qila-qila yurak-bagʻri siqilib ketgan Xolnisa alamini toʻkib solish uchunoq kamida yana yarim soat baqir-chaqir qilishi, keyin esa xoʻrligi kelib, rosa yigʻlab olishi aniq edi.

«Ayollarga oson, – deb oʻylardi shunaqa paytlari Akbarali. – Hech boʻlmasa koʻz yoshi toʻkib sal yengil tortib olishadi. Qiyindan bizga qiyin...»

Darhaqiqat, bunday chogʻlarda tashqaridan xotirjam koʻrinsa-da, Akbarali sas chiqarmay iztirob chekar, diliga quyilayotgan alam-iztirob, chorasizlikdan qiynalish tuygʻulari esa asta-sekin madda boylab, yuragini siquvga olayotgan boʻlsa kerakki, keyingi paytlarda yigitning yuragi siqadigan odat chiqardi.

Ammo Akbarali buni xotiniga bildirmaydi.

Hozir ham indamay, tez-tez kiyindi-da, uydan chiqib ketishga shoshildi.

Uning ortidan Xolnisa shangʻillab baqirib qoldi:

– Erkakmisiz oʻzi! Anov ishni hal qilib keling! Yuraverasizmi shalpa¬yib? Sizga oʻxshagan odamlarning uch-toʻrttadan hovlisi bor. Biz boʻlsak...

Akbarali qadamini tezlashtirdi.

Nihoyat xotinining qahrli ovozi eshitilmay qolgandan keyingina u ustidan bosib turgan yukdan xalos boʻlganday sal yengil tortdi. Ammo bu vaqtinchalik holat edi, xolos. Zero, oradan bir necha daqiqa oʻtar-oʻtmas hammasi boshidan boshlanadi...

* * *

Hamma zamonlarda ham ishbilarmon, tadbirkor, oʻzini oʻtga-choʻqqa urib boʻlsa hamki turmushini farovon etib yuradigan, tegirmonga tushsa butun chiqadigan ustomonlar qatorida boʻsh-bayov, boriga qanoat qilib yashaydigan, ammo ertangi kunga nisbatan umidni yoʻqotmaydigan fuqarolar ham boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Akbarali oʻzini mana shunday oddiy, kamsuqum odamlar safida koʻrardi.

Boʻlmasa vaqtida institutni bitirdi, yoʻllanma bilan zavodga ishga kelib, toʻrt yil quyuv tsexida muhandis boʻlib ishlab ham berdi.

Tan olish kerak, oʻsha paytlari Akbarali zavodda yaxshigina maosh olardi. Zavod ish rejasini bajargan taqdirda maoshga qoʻshimcha tarzda beriladigan oylik mukofot pulining ham choʻgʻi baland boʻlardi.

Bu orada tortinchoq, kamgap Akbarali kerak paytlari ishchilar bilan boʻralatib soʻkishishni ham sal-pal oʻrganib oldi. Oy oxirida, reja bajarilishi xavf ostida mahallari esa oʻzi rangli metall qaynab yotgan sakkiz yuz darajali pechka yonida choʻmich koʻtarib turdi, zarur detallar uchun qolip yasashni ham balodaygina oʻzlashtirdi. Holbuki, avvaliga quyuq metall biqirlab qaynab turgan pechka yoniga yaqinlashishga choʻchib turardi. Har qalay, odam qilgan ishni odam qilarkan, koʻz qoʻrqoq, koʻl esa botir boʻlarkan.

Institutda olgan nazariy bilimlari koʻmak berdimi, oxir-oqibat ishchilar bilan til topishgan Akbarali bir-ikkita qoʻli gul quyuvchilar yordamida ayrim detallarni yarim tayyor metall shakllarni oʻyib ishlov berib emas, quyib tayyorlash boʻyicha samarali takliflarni kiritib, ularni amaliyotga joriy etib, bundan keladigan iqtisodiy samara hisobiga mukofot puli olishni ham uddalaydigan boʻldi.

Ishqilib, yigitning qoʻli pul koʻra boshladi.

Yoʻllanma bilan kelgan yosh mutaxassisga zavod yotoqxonasidan bir xona ajratib berishgandi. Akbarali shu yerda yashar, oyda bir marta qishloqqa borib, ota-onasi va aka-singillaridan xabar olib qaytardi.

Hayot endi shu tarzda davom etadigandek edi. Ish, yotoqxona, yakshanba kuni dam, dushanbadan yana ish; oyda bir marta uyga borib kelish...

Toʻgʻri, zavodning oʻzida ham, ta’bir joiz boʻlsa, havodan pul yasaydigan olgʻirlar topilib turardi. Ular bir necha marotaba birga ishlashga taklif etishdi, ammo Akbarali roʻyxoʻshlik bildirmadi. Ayniqsa duradgorlik tsexining boshligʻi Akmal bir necha marotaba hatto yotoqxonaga ham izlab kelib, hamkorlikda biznes qilishga chaqirdi. Akbarali koʻnmadi.

Bu orada zamon oʻzgarib ketdi.

Bozor iqtisodiyoti degan tushuncha hayotga kirib keldi.

Koʻpchilik odam oʻzini oldi-sotdiga urdi.

Akbarali oʻz joyida tinchgina ishlayverdi. Uning ancha-muncha tanishlari bu sohada sinib, boridan ham ayrilishdi. Ularni koʻrib, Akbarali bunaqa ishlarga aralashmagani uchun oʻzicha shukronalar aytdi. Toʻgʻri, ba’zi bir tanish-bilishlarining omadi keldi. Ular tez orada yangi mashinalarda, qimmatbaho liboslarda oʻzlarini koʻz-koʻzlab yuradigan boʻlishdi. Akbaralining ularga havasi keldi, ammo oldi-sotdini eplolmasligini oʻylab, yana bunaqa ishlardan oʻzini olib qochib yurdi.

Tez orada Akbarali uylandi.

Kelin qishlogʻidan. Istarasi issiqqina, xushmuomala Xolnisa bilan dast¬labki yillari oilaviy yotoqxonaning katalakdek bir xonasida baxtiyor yashadilar. Qishloqdan kelgan Xolnisa yotoqxonaning sharoitidan, ayniqsa bir joʻmrakdan issiq suv, ikkinchisidan sovuq suv tinmay kelishidan, umum oshxonada esa gaz sira oʻchmasligidan hayratda edi.

Oʻgʻilli boʻlishdi. Keyin qiz koʻrishdi.

Vaqt esa shuvillab oʻtib bormoqda.

Yotoqxonani xususiylashtirishdi.

Akbarali oʻzi yashab turgan xonani qonuniy asosda nomiga oʻtkazib oldi.

Ana shunda koʻrdi yigit ayrim odamlarning naqadar ishbilarmon va ustomon ekanligini.

Akbarali torgina xonaga ega boʻlganiga shukronalar aytib yuravergan ekan. Ustomonlar boʻlsa u qilishdi-bu qilishdi, kerakli odamlarni topishdi, ularning koʻnglini ovlashdi, ishqilib, qisqa muddat ichida oilaviy yotoqxonadan uchtadan-toʻrttadan xonani xususiylashatirib, devorlar bilan oʻrab, ta’mirlab, binoyidaygina uy qilib olishdi. Shundaylardan bittasi umumiy oshxonani ham oʻziniki qilib olib, darrov eshigini berkitib, bilyardxona qilib olgandan keyin Xolnisa ovqatni eni-boʻyi bir yarim metrlik ayvonda, elektr plitada tayyorlaydigan boʻldi.

Akmal-ku, bir yumalab boshqacha odamga aylandi-qoldi. Ya’ni qisqa vaqt ichida oʻzi ishlagan tsexni oʻziniki qilib oldi, bozorda yaxshi ketadigan eshik-romlar ishlab chiqara boshladi. Qarabsizki, ikki yil oʻtar-oʻtmay Akmalboy katta hovliga va gijinglab turgan xorij mashinasiga ega boʻldi.

Bularning bari er-xotinning koʻz oʻngida sodir boʻlmoqdaydi.

Xullas, oxir-oqibat shunday kun yetib keldiki, ishsiz qolgan Akbarali noiloj bir paytlar oʻzi birga ishlagan tanishi Akmalning xususiy mebel fabrikasida oddiy ishchi boʻlib ishlay boshladi.

Alam qilmaydimi? Qiladi, albatta. Ammo na iloj? Nari borsa burnini tishlar...

Ikki bola bilan bir xonali uyda yashashning azobi... Buni ayniqsa ayol kishi koʻproq va chuqurroq his qilsa kerak.

Xolnisaga ham oson emas. Ayniqsa ogʻzi shaloq Saltanatga oʻxshash qoʻshnilar bilan yashash. Axir Saltanat qop-qoragina, jussasi oʻzidan ikki barobar kichkina eri Toshtemirni burayverib-burayverib, oxiri qoʻshnisining ikki xonali uychasini ham sotib oldi va mana endi toʻrt xonali uyda maza qilib yashayapti. Xotin kishi esa maqtanishga oʻch boʻladi. Ayniqsa bechorahol kun koʻrayotgan hamjinsini koʻrganda Saltanatga oʻxshaganlar oʻzlarini ushlab turolmaydilar. «Akangizni bir buragandim, – deya maqtanardi odatda Saltanat, – qosh-koʻzingdan sadagʻa deb ikki xonali uyni toʻrt xonaga aylantirdilar. Endi xudo xohlasa yer olib, katta uchastka qurdirmoqchiman...»

Akbarali esa... uquvsizligini oʻylab ezilgani-ezilgan. «Odamlar pulni qaerdan toparkin?..» deb oʻylayverib ham adoyi tamom boʻlgan... Buning ustiga toʻngʻichi Sherzodning yoshi oltiga qarab borayapti. Uning qoʻlini halollash kerak. Toʻy uchun esa risoladagiday boʻlmasa ham, hech boʻlmasa ellik-oltmish odam sigʻadigan joy kerak. Bir xonali katalagiga esa beshta odam kirsa, oltinchisi tash¬qarida kutib turishi kerak boʻladi... Hozir maktabga olti yoshdan olishadi. Shoshilish kerak, shoshilish...

* * *

Bu dunyodagi har qanday yangilikni ayol zoti birinchi boʻlib eshitadi. Bu haq gap.

Dilxiralikka boy kunlarning birida Xolnisa erini anchayin iljayib, koʻzlari chaqnab, koʻtarinki kayfiyatda qarshiladi.

Bunday shodumonlik bejiz boʻlmasligiga allaqachonlardan boshlab aqli yetib qolgan Akbaralining yuragi orqasiga tortib ketdi. «Qarz koʻtargan, – degan xayolga bordi u dastlab. – Olgandayam yaxshigina olgan».

Xolnisa eriga achchiq choy damlab bergach, hamon lab-lunjini yigʻishtirib ololmagan koʻyi suyunchi undirishga shoshildi:

– Eshitdik, dadasi, eshitdik.

– Nimani? – hushyor tortdi Akbarali.

– Shunday bozorning yonginasida yangi bank ochilibdi. Uy qurayotganlarga qarz berayotganmish.

Akbarali eslaganday boʻldi. Darhaqiqat, oʻsha joyda muhtasham bir bino qisqa muddatda qurilib, ishga tushgandi. Adashmasa, yonboshiga «Ipoteka bank» deb yozib qoʻyishgandi.

Akbarali darhol xotinining muddaosini tushundi. Shu sababli elburutdan uning olovini oʻchirib qoʻyish maqsadida ochigʻiga koʻchdi:

– Davlatdan qarzdor boʻlish yomon, xotin...

Ammo er gapini tugatolmadi.

Birdan koʻzlari nafratdan chaqchayib, qovoq-tumshugʻi osilib ketgan Xolnisa oʻshqirib berdi:

– Butun dunyo qarz olib yashaydi, lekin oxirzamon boʻlmaydi. Siz qarz olsangiz tamom!

Akbarali yana yotigʻi bilan tushuntirishga urindi. Xolnisa bobillab berdi:

– Tamom-vassalom! Davlatdanmi, tanishingizdanmi qarz olib, uchastka sotib oling. Boʻlmasa bolalarimni yetaklab boraman-da, oʻzimni koʻprikdan tashlayman!..

Xolnisa shu soʻzlarni aytayotgan mahal unga qarab turgan Akbarali choʻchib ketdi. Illo, qarshisida toʻrt qarich oshiqcha joy ilinjida ezilaverib tamom boʻlgan, qoʻyib bersa oʻzini koʻprikdan tashlashdan ham toymaydigan ayol turardi!

Akbarali beixtiyor zavod yaqinidagi katta koʻchada qurilgan yangi koʻprikni, uning ostidan gʻizillab oʻtib turadigan mashinalarni eslab seskandi.

Yana yuragi simillab ogʻrib ketdi.

Ammo buni xotiniga sezdirmadi.

* * *

Bu boshlanishi ekan.

Xolnisaning oʻy-fikrini yangi uy, yana deng, butun boshli hovli tashvishi egalladi-qoʻydi.

Ayolning nazarida bankdagilar quchoq ochib muntazir turishibdi-yu, Akbarali shu tomonga qarab yursa bas, yugurib chiqib kutib olishadi.

Olinajak yoinki qurilajak hovlini deb ayol hammasiga koʻndi.

Avval sira unamay, «Qarz olib boʻlsayam oʻzimiz alohida toʻy qilamiz, meni nomuslarga oʻldirmang!» deya oyoq tiragan Xolnisa kutilmaganda muloyimgina boʻlib, Sherzodning sunnat toʻyini qaynogʻasining bolalari toʻyiga qoʻshib yuborishga rozilik berdi.

Kichkinagina toʻy boʻlib oʻtdi.

Ammo Xolnisa nolimadi.

Zero ayol yaqinda olinajak yoki qurilajak hovlisida oʻgʻilchasining katta toʻyini barcha tanish-bilishlari, sobiq qoʻni-qoʻshnilarining havasini va hasadini keltiradigan darajada ka-atta qilib oʻtkazish rejasini tuzib qoʻygandi.

Juvon qarz olish lozimligini eslatib charchamasdi, Akbarali boʻlsa turli-tuman bahonalar bilan bu kunni orqaga surardi!

Axiyri boʻlmadi. Bir kuni tong sahardan erini uygʻotgan Xolnisa unga sal uniqqan boʻlsa-da, yaxshilab yuvilgan, ixlos bilan dazmollangan kostyum-shimini, oq koʻylak va boʻyinbogʻni tutarkan, ishonch bilan:

– Bugun boring! – dedi. – Tushimda ayon boʻldi. Qarz olib, ikki qavatli dangʻillama hovli quribmiz.

– Har joyning ham oʻz egalari bor, xotin, – yana yotigʻi bilan tushuntirishga urindi Akbarali. – Begonaga shuncha pulni berib yuboradigan ahmoq yoʻq. Qolaversa, foizi ham falon pul boʻladi...

– Qanaqa foiz? – hayron boʻlib soʻradi Xolnisa.

Akbaraliga jon kirdi.

– Surishtirib koʻrdim, xotin, – dedi u darhol. – Menam bekor yurganim yoʻq. Yillik foizining oʻzi oʻttiz olti ekan.

– U nima degani? – battar ajablandi Xolnisa.

Akbarali sudxoʻrlikning mohiyati haqida bir oz tushuncha bergan boʻldi. Ammo doʻst-dushmanning koʻzini kuydiradigan yangi dangʻillama uy ilinjida yurgan ayol bu izohlarni unchalik tushunmadi.

– Avvallari qarz ol-da, xotin ol, xotin yonga qoladi deyishardi, –dedi juvon qat’iyat bilan. – Endi bu maqol oʻzgargan. Endi qarz ol-da, uy sotib ol, uy yonga qoladi, qarzni bir amallab qaytarasan deyishadi.

Akbarali yana kuyib-pishib bir nimalarni tushuntirishga urindi. Befoyda. Xolnisa bir gapni toʻtiqushday takrorlayverdi:

– Odamlar olayapti-ku...

Oxiri jigʻibiyroni chiqqan Akbarali yangi kiyimlarini kiydi-yu, atrofida girdikapalak boʻlayotgan xotinining olqish-duolari ostida shosha-pisha uyni tark etdi.

* * *

Akbarali bejiz xavotirlanmagan ekan.

Uy qurish yoki sotib olish uchun qarz undirishning ham oʻziga yarasha qonun-qoidalari, yelib-yugurib toʻgʻrilanadigan bir qop me’yoriy hujjatlari bor ekan.

Ammo eng asosiysi – qiymati olinayotgan qarz miqdoridan kamida biru chorak barobar koʻproq boʻlgan garov mulki kerak ekan.

Akbaralida garovga qoʻyishga arzirli mulkning oʻzi yoʻq edi. Mabodo bunday mulkni topgan taqdirida ham, olgan qarzini vaqtida qaytarishga ishonchi yoʻq edi.

Akbarali «erta... indin... koʻrilayapti... komissiya yigʻilsin» deb yana bir-ikki oyni amallab oʻtkazdi. Biroq Xolnisaning ahvoli tobora yomon boʻlib bormoqdaydi. Erining kurakda turmaydigan bahonalarini eshitgan zahoti lablari pir-pir uchib, rangi koʻkarib ketayotgan juvon endi sira tilini tiyib turolmaydigan boʻlib qolgandi.

Akbarali yaxshi gapirib ham koʻrdi, baqirib-chaqirdi ham, hatto bir-ikki marta qoʻl ham koʻtardi – bari befoyda. Uy haqidagi orzu-havas juvonning butun oʻy-xayolini egallagan, ta’bir joiz boʻlsa, qonini ham zaharlab ulgurgan va endi Xolnisani bu darddan forigʻ qilish juda-juda mushkul, amalda bajarib boʻlmaydigan yumush edi.

* * *

Boshini ming bir eshikka suqib koʻrgan Akbarali nihoyat oʻylay-oʻylay allaqachon «yangi oʻzbek»ka aylanib ulgurgan Akmalning dangʻillama, Xolnisa orzu qilganidan ham koʻrkamroq boʻlgan hovlisiga bordi.

Akmal avval rosa oʻzini taroziga soldi.

– Pul topish qiyin boʻlib borayapti, – dedi u nasihat ohangida. – Pulni sarflash oson. Hali toʻrtta jiyanni oʻqitishim, uchtasining toʻyini qilib berishim kerak. Barisining tashvishi mening boʻynimda...

Xullas, Akbarali sargʻayib turaverdi, Akmal nasihat oʻqishini qoʻymadi.

Axiyri, uchinchi bor bosh egib borganida, Akmal sal yon berganday boʻldi.

– Mayli, – dedi u katta iltifot koʻrsatayotganday sal mensimagan ohangda, – besh ming «koʻk»idan berib turaman. Bir yilga. Ustiga yigirma foiz qoʻshib, olti qilib qaytarasiz. Agar qaytarolmay qolsangiz...

Akmal Akbaraliga sinovchan tikildi.

Akbarali mahzun tarzda yelka qisarkan:

– Bir amallarmiz, – deb mingʻirladi.

– Osmondan pul tushmaydi, joʻra, – dedi Akmal istehzo ohangida. – Sizda aniq biznes-reja yoʻq.

– Oʻzingiz oʻrgatsangiz... – ojizona mingʻirladi Akbarali.

– Hammaga oʻrgataversam, oʻzimga nima qoladi? – piching qildi Akmal. Soʻng murosa ohangida dedi: – Ha, mayli, birga ishlaganimiz hurmati. Ozgina yordam beraman. Lekin qolgani oʻzingizga havola. Qattiq boʻlishingiz kerak. Bir soʻmni bir joyga bekorga sarflamang. Shuning uchun, mayli, arzimasa ham, uyingizni garovga qoʻyib turasiz endi...

Akbaralining yuragi simillab ogʻrib ketdi. Bir xona boʻlsa ham, har qalay, oʻz uyi; ta’mirlayverib charchamaydi, xuddi kengayib qoladiganday.

Ammo boshqa iloj ham yoʻq edi.

Akbarali rozi boʻldi.

Ishiga puxta Akmal kelishuvni notarius orqali rasmiylashtirishni talab qilib turib oldi.

Akbarali xotinim koʻnmaydi deb yuragi poʻkillab turgandi.

Yoʻq, koʻndi. Faqat quvonch bilan:

– Ishqilib, endi hovlili boʻlib qolamizmi? – deb soʻradi.

Bunga javoban Akbarali bosh irgʻab qoʻydi, xolos.

Xolnisa yosh boladay chapak chalib, osmonga sakradi.

* * *

Biroq holva degan bilan ogʻiz chuchib qolmas ekan.

Akmal juda oddiy qilib biznes-rejaning mohiyatini aytib bergandi: biron ikki minglarga olti sotix yer sotib olish, bir yarim minglarga poydevor koʻtarish, yigirma mashina tuproq olib kelib yoz boʻyi gʻisht quyish, darrov devorni koʻtarishga kirishish, ikki xonali vaqtinchalik uy tiklab, oʻsha yerga koʻchib oʻtish va qolganini asta-sekin quraverish. Ya’ni tor joyda, oilaviy yotoqxonadagi katalakda osh yegandan koʻra, olti sotixli katta yerda musht yeyish...

Biroq bularning bari... aytishga oson ekan.

Orada quvonchdan koʻzlari charaqlay boshlagan, yuz terisi silliqlashib, chiroyli boʻlib ketgan, goʻyoki oʻn yoshga yashargan Xolnisaning baxtiyor kunlari demasa, Akbaralining boshi tashvishdan chiqmay qoldi.

Akmal maslahat bergan shahar chekkasidagi, uy-joy uchun qurilish uchastkalari ajratilgan joylarning ham narxi oshib ketibdi. Dallollardan biri ishonch bilan:

– Qaerga borsangiz boravering, toʻrt mingdan kamiga yer yoʻq! – dedi.

Akbarali izlayverdi. Oxiri uy qurish uchun olib qoʻygan olti sotix yerini uch mingga sotishga rozi boʻlgan bir odamni topdi. Oʻzini Mansur deb tanishtirgan bu odam gapiga qaraganda, oʻgʻlini shoshilinch uylantirayotgan ekan, shuning uchun pul zarur boʻlib qolibdi. Boʻlmasa-ku, kelajakda oltinga teng boʻladigan yerni arzimagan pulga sotib yuborishni xayoliga ham keltirmagan ekan.

«Kelajakda oltinga teng boʻladigan yer» oʻt bosib yotgan quruq yer edi. Akbarali shunga ham quvondi.

Bunaqangi savdolarga ishi tushib yurmagan Akbarali yer egasining oʻzidan yoʻl-yoʻriq soʻradi:

– Bu yogʻi endi qanday boʻladi?

– E, bu yogʻi juda oson! – dedi Mansur aka kiprik qoqmay. – Siz menga pulni berasiz, men sizga tilxat yozib beraman. Tilxat bu hujjat. Yo menga ishonmaysizmi?

Akbaralining issigʻi chiqib ketdi:

– Yoʻgʻ-e. Bu nima deganingiz, aka?

– Qoidasi shunaqa-da oʻzi, ukam.

Xuddi shunday qilishdi: Mansur aka tilxat yozib berib, Akbaralidan uch mingni sanab oldi.

* * *

Savdo-sotiqdan soʻng oradan bir haftaga yaqin vaqt oʻtdi.

Akbarali ta’tilga chiqdi.

Bir kuni erta tongda oʻzi sotib olgan yerni koʻrmoqni moʻljalladi. U yer chekkasini belgilab chiqmoqchi, soʻng ustalar bilan gaplashib, poydevor qurish ishlarini boshlab yubormoqchi edi.

Hali quyosh ufqda yuz koʻrsatmagan edi.

Shunga qaramay, atrof yop-yorugʻ.

Akbarali shudringga koʻmilgan oʻt-oʻlanlarni bosib oʻtib dalaga yetib keldi.

Ajabki, u sotib olgan yerda novcha bir kishi gʻimirlab yurardi.

Akbarali shoshib shu tomonga yurdi.

Salom-alik, «hormang, bor boʻling»lardan keyin novcha kishi gʻurur ila shu yerni uch mingga sotib olganini aytib maqtandi.

Akbarali garangsib qoldi. Soʻng simillab ogʻrigan yuragini siqimlarkan, quruqshab ketgan lablarini yalagancha:

– Adashmayapsizmi? – deb soʻray oldi, xolos.

Endi novcha kishi Akbaraliga ajablanib qaradi...

* * *

Boʻldi qiziq hangomalar.

Tez orada ayon boʻldiki, Mansur aka deganlari xuddi shu olti sotix yerni toʻrt kishiga sotgan ekan. Aslida yer... Mansur degan odamga tegishli emas ekan.

Mansur aka deganlarini topib boʻlmadi.

Aytishlaricha, aldanganlardan bittasi militsioner yordamida uni bir amallab topibdi. Ammo Mansur aka deganlari:

– Men senga yer sotmaganman! – deb turaveribdi. – Sotadigan yerim ham yoʻq! – debdi keyin.

Shunda tilxatni koʻrsatishibdi.

Mansur aka deganlari ilonning yogʻini yalagan ekan.

– Bu notarius tasdigʻidan oʻtmagan, bir pullik ahamiyati yoʻq, – deb turib olibdi. Soʻng oʻzini topgan odamga doʻq urishga tushibdi: – Esingdan chiqdimi, toʻrtta sheriging bilan kelib, meni urib-tepib, «oʻldiramiz» deb qoʻrqitib, shu tilxatni yozdirib olganding...

Xullas, shunaqa gaplar...

Ozgina ilinj, umid bor. Ammo buni eshitgandan soʻng Akbarali chuv tushganini angladi.

Mol achchigʻi – jon achchigʻi.

Shusiz ham necha kundan beri uyga kech, Xolnisa uxlagandan soʻng borib, tong saharda chiqib ketayotgan, xotini uchrab qolganda esa «qurilishni boshlab yubordim» deb qutilayotgan Akbarali bu zarbaga chiday olmadi...

Akbarali chap koʻksini changallagancha yerga gursillab yiqildi.

Yurak kasali yomon boʻlarkan.

Haliyam shifokorlarga rahmat, jonini saqlab qolishdi. Ammo asablari qaqshab yurgan yigitning chap qoʻli va chap oyogʻi ishlamay qoldi, tilida ham oʻzgarish yuz berdi – endi gʻoʻldirab, juda qiynalib gapirar, nima deyayotganini anglash juda qiyin edi.

Erini oʻylayverib dardi-dunyosi qorongʻi boʻlib ketgan Xolnisa Akbarali akasining sal oʻziga kelganini koʻrib yengil tortdi.

– Xayriyat, dadasi, – dedi u eriga mehribonlik bilan boqib. – Xudo joningizni qaytarib berdi. Endi tuzalib ketasiz. Hali katta-katta uylar qurib, bolalarimiz bilan rohatda yashaymiz...

Bezovtalanib qolgan, rangi quv oʻchgan Akbarali jon holatda nimadir deb gʻoʻldiradi, ammo xotini uning gaplarini tushunmadi.

Shu oqshom Akbaralining ahvoli yana ogʻirlashdi...

* * *

Kunlar shu zaylda oʻtib borardi.

Akbarali oʻzi shifoxonadan chiqadigan kunni dahshat va vahm bilan kutardi.

Ana unda... ana unda izoh berishga toʻgʻri keladi.

Hovli-ku qaytmaydi, unga qoʻshilib uch ming ham qulogʻini ushlab ketdi.

Ammo eng yomoni – Akmalga qarzni qaytarishi kerak boʻlgan kun tobora yaqinlashib kelmoqdaydi. Olti ming-a...

Demak... demak bir xonali uy ham ketadi.

Unda... er-xotin ikki bola bilan qaerda yashaydi?

Akbarali tinmay shuni oʻylar, oʻylagan sayin boshi misday qizib, miya tomirlari otilib ketguday boʻlib boʻrtib chiqar, yuragi gursillab urar, chap oyoq-qoʻlidagi jonsizlik, sovuqlik asta-sekin oʻng tomoniga ham oʻtib borayotganini his qilardi...

– Endi nima qilaman? – deya shivirlardi u alam bilan bunday kezlari...

«Sharq yulduzi» jurnalining 4-sonidan olindi.