OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiHayot shafqatsiz... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm38KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayot shafqatsiz... (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

...«Shohsanam» choyxonasi shundoq katta yoʻl yoqasidagi quyuq daraxtzor orasida joylashgan. Choyxona yaqin-uzoqqa hil-hil pishib turadigan jizi bilan tanilgan. Yoʻlovchilar yoki haydovchilar masofani aytishganida aksar hollarda moʻljal qilib choyxonani olishardi:
— «Shohsanam»gacha ikki soatlik yoʻl qoldi... — Yo boʻlmasa: — «Shohsanam»dan chiqqanimizga uch soat boʻldi... — qabilida.

Katta yoʻlning doimiy haydovchilariyu yoʻlovchilari «Shohsanam»ga tushishganda albatta jiz buyurtma qilishadi.

Choyxona yonidagi buloq esa shirin va shifobaxsh suvi bilan mashhur. Balki shu sabablidir, «Shohsanam»ning choyi ham oʻzgacha ta’mi bilan ajralib turadi.

Xullas, avgust oyoqlay boshlagan kunlarning biri edi.

Namozshom yaqinlashib qolgan.

Asta-sekin bosib kelayotgan qorongʻulikni nogoh «Shohsanam» choyxonasi chiroqlarining birin-ketin yonishi uzoqroqqa itqitib yuborganday boʻldi.

Choyxona atrofiga koʻloblatib suv sepilgan, xizmatdagi oq xalat kiygan yigitlar gʻizillab oshxonadan mijozlarga, mijozlardan oshxonaga qatnashadi. Ensiz peshtaxtali oʻziga xos «bar»dan esa mayin musiqa sadolari yangrab turibdi.

Shubhasiz, «Shohsanam»ning asosan haydovchilardan iborat koʻp yillik qadrdon mijozlari bor edi. Bu haydovchilar ozgina erkalik ham qilib qoʻyardilar. Ya’ni yoʻl yoqasida maxsus joy ajratilganiga qaramasdan ulovlarini iloji boricha oʻzlari oʻtiradigan chorpoya yoki stolga yaqin keltirib qoʻyadilar. Eng qiziq tomoni — bu hech kimning gʻashiga ham tegmaydi. Axir nima qilsa ham oʻzingniki baribir oʻzingniki-da. Har qalay, kecha tuxumdan chiqqan joʻjaxoʻroz emas, koʻp yillik qadrdonlar sal oʻzlarini erkinroq tutsalar tutibdilar-da.

Aytib oʻtganimizday, bu istisno faqat choyxonaning eski mijozlari boʻlgan haydovchilar uchun, ularning oʻzlarining tili bilan aytganda «stariklar» uchun edi, xolos. Yoʻlning yozilmagan qoidasi shuni talab qilardi.

Oʻsha namozshom esa...

Odam endi-endi gavjumlashayotgandi.

Atrofni yumshoqqina boʻlib pishgan jizning va kabobning yoqimli isi tutgandi. Qoʻradan va qozonlardan koʻtarilayotgan yengil tutun borliqni asta silab oʻtib, soʻng koʻkka oʻrmalab ketayotgan payt edi.

Banogoh chekaroqdagi koʻrpachalar toʻshalgan, oʻrtadagi xontaxta dasturxoni ustiga choynak piyolalar qoʻyilgan chorpoya yoniga qorday oppoq «Lasetti» mashinasi shiddat bilan bostirib keldi.

Mashina birdan tormoz berdi. «Lasettti» joyida taqqa toʻxtadi. Atrofga yengil chang koʻtarildi. Mijozlarning bir qismi shu tomonga norozi boʻlib qarab qoʻyishdi. Har qalay, hali raqami ham osilmagan, ammo taxi buzilmaganidanoq konveyerdan edigina chiqqani sezilib turgan bu qimmatbaho mashinani sal sekinlab haydab kelsa ham boʻlardi. Buning ustiga, mashina eski mijozlarniki emasga oʻxshaydi, inchunun uzoqroqda turganiyam ma’qul edi.

Baayni soʻnggi gumonni tasdiqlaganday mashinaning haydovchi oʻtiradigan tarafi eshigi sassiz ochildi va yigirma-yigirma bir yoshlardagi, ozgʻingina, quyuq jingalaksoch, qirra burun, quyuq qoshli, koʻzlari xuddi mashinasining faralari kabi chaqnab turgan, tor jinsi shim, katak koʻylak kiygan, boʻyniga qoʻl telefoni osib olgan yigitcha gerdaygan alfozda tushdi va qoʻlida kalitni oʻynagan koʻyi eshikni ohista yopdi. Xoʻrandalar va xizmatdagi yigitlarning bir qismi shu tomonga zimdan razm solib turishardi. Buni sezdi shekilli, yanada yashnab ketgan yigitcha qandaydir notabiiyroq tarzda, ehtimolki sal qiyshanglaganday ildam yurib qarshi tarafga oʻtdi va egilinqirab eshikni ochib turdi.

Mashinadan, yoʻq, yoʻq, amaldor yoinki yigitchaning padari, ogʻasi emas, yigirma yoshlardagi bir qiz tushib keldi.

Qizning oqi oqqa, qizili qizilga ajragan kezlar edi. Sarviqomat, shaharlik ekanligi deyarli tizzasigacha kelib qolib, durkun boldirlarini koʻz-koʻzlab turganidan ham bilinib turgan moviy ishton (ehtimol shimdir), hamma joyiga erinmasdan yaltiroq tanga yopishtirib chiqilganday taassurot uygʻotadigan torgina oq kofta, hurpayib turgan kalta sochlar, boʻyinda tilla zanjircha...

Xizmatdagi yigitlardan biri borib salom berdi.
— Manavi yerga yaxshilab joy tayyorla, ukaginam, — dedi yigitcha namoyishkorona kalondimogʻlik bilan chorpoyaga ishora qilarkan. Soʻng burnini jiyirib, qoʻshimcha qildi: — Koʻrpalarni, idishlarni yangila. Supurib ham yubor.

Albatta, choyxonaga ming xil tabiatli xoʻrandalar tashrif buyurishadi. Ularning hammasining koʻnglini olish esa shart. Mehmonning oʻzini «sen»laganiga e’tibor qilmaslikka uringan xizmatchi yigitning bir ishorasi bilan ortda turgan bir necha yigit yelib kelishib, koʻrpachalarni, choynak-piyolalarni olib ketishdi, soʻng shunday chaqqonlik bilan boshqa koʻrpachalar olib kelib yozishdi. Bu, albatta, eskitdan qolgan usul edi: bunday mijoz uchun koʻrpacha almashtirilsa bas edi, almashtirilgani avvalgisidan kirroq boʻlsa ham farqi yoʻq. Almashtirilgan choynak-piyolalar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

Ishqilib, «yangilangan» joy tayyor boʻldi. Shundan keyingina yigitcha mamnun tarzda yonida qimtinibgina turgan qizni chorpoyaga boshladi:
— Marhamat...

Yigitcha bir kilo jiz buyurtma qildi. Albatta, pomidor-bodring salati ham esdan chiqmadi.

Yigitcha oʻzini har qancha koʻp narsani koʻrgan, bu yoʻllarda yuraverib zerikkan, har bir qarichni yoddan biladigan kishi qiyofasida tutishga urinmasin, buyurtmani qabul qilgan xizmatchi yigit kulimsirab qoʻyishdan oʻzini tiyib turolmadi: mijoz choyxonaning «firma taomi» boʻlgan suzma, ya’ni chakkini tilga olmadi. Demak, bolapaqir hali «xom», ya’ni tajribasiz. Shu sababli xizmatchi yigit yigitchaning ortiqcha chiranishlarini tomosha qilib oʻtirmay, darhol ortiga qaytib, oshxona tomonga yurdi.

Yangi mashina baribir yangi-da. Ayniqsa hali oʻrindiqlaridan salafanlari ham olinmagan «Lasetti»...

Ayrim xoʻrandalar endi xuddi egasi kabi koʻkrak kerib turgan mashinani ochiq-oshkora havas va hayrat bilan kuzata boshlashdi. Buni koʻrgan yigitcha lab-lunjini yigʻishtirolmay qoldi.

Choy-non keltirilganda ham yigitchaning bir koʻzi xoʻrandalarda edi.

Nihoyat oʻrtaroqdagi stol-stul atrofida oʻtirgan toʻrt erkakdan birovi — qirq besh yoshlardagi, toʻladan kelgan, choʻtir yuzli, kartoshkaburun, chap qoshida tirtigʻi bor, qorachadan kelgan erkak hech chidab tura olmadi shekilli, shartta oʻrnidan turdi-da, goʻyo qattiqroq qadam tashlashga ham istihola qilgan odamday oyoq uchida yurib kelib koʻplab chiroqlar yorugʻida yanada goʻzal tus olgan mashina atrofini ehtirom bilan aylanib chiqa boshladi. Aftidan, salgina qorin qoʻygan boʻlsa-da, qoruvli vujudidan kuch-quvat yogʻilib turganday taassurot uygʻonadigan bu odam hatto mashinaga qoʻl tekkizishga ham choʻchirdi.

Yigitchaga esa, aftidan, shunday tekin tomoshabin kerak edi. Zero, u allaqachon qoʻlida tutib turgan piyolasidagi qaynoq choyni ham unutgan koʻyi tomoshabinning oʻzini lazzatlanib kuzatmoqda edi.
— Yigirmalarga tushdimi, yigitning guli? — axiyri yigitchaga oʻgirilib, ehtirom ila soʻradi erkak.

Ajab, erkak har qancha oʻzini hayajonlanayotganday tutishga urinsa-da, uning chagʻir koʻzlarida mugʻombirlik aralashgan sovuq bir ifoda qotib qolgandek edi.

Ammo bunaqangi mayda-chuydalarga e’tibor berib oʻtiradigan ahvolda emas edi bizning shoʻrlik yigitchamiz.

Koʻpincha keksa, tajribali haydovchilar bir-birlari bilan oʻzlarining qisqa-qisqa, lekin bir-birlariga tushunarli jumlalarda gaplashadilar. Buni koʻrgan yoshlar ularga taqlid qilishga urinadilar. Hozir ham yigitcha chap qoshida tirtigʻi bor bu odam mashinaning dollardagi narxini taxmin qilayotganini sezdiyu, hech ikkilanmasdan, goʻyo gap ikki qop beda xususida ketayotganday «mana man» deya koʻzga tashlanib turgan beparvolik ila sado berdi:
— Shunga yaqinroq...

Erkak beixtiyor hushtak chalib yubordi. Soʻng havas bilan gapirishga uringan koʻyi:
— Oʻziyam uchsa kerak-a? — dedi.

Yigitcha adoyi tamom boʻldi: goʻyo saraton taftida qolgan qorbobo misoli erib, oyoqlarini taravaqaylatib uzatarkan, arang:
— Shunga yaqinroq... — deya takrorlashni uddaladi.
— E, malades, yigitning guli! — birdan joʻshib xitob qildi erkak. — Mashinaning erkagini yigitning guli minsin-da!

Mana shu gapni aytarkan, erkak favqulodda chaqqonlik bilan, yoʻlbarsday bir siltanishda chorpoyaga koʻtarilib, yigitchaning yonida paydo boʻlib qoldi. Yalpayib oʻtirgan yigitcha hatto bu kutilmagan mehmonning qachon poyabzalini yechishga ulgurganini ham payqamay qoldi. Har qalay, oʻshancha joydan paypoqda kelmagandir...
— Shokir akangizman, — deya oʻzini tanishtirdi erkak qoʻlini yigitchaga tutarkan. — Ammo-lekin boplabsiz mashinani! Tan berdim! Bunaqasi boʻlmagan! «Besh»ni tashlang, yigitning guli!

Yigitcha avvaliga nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi boʻlgandir, har nechuk, mehmon undan soʻrab oʻtirmasdan chorpoyasiga koʻtarilib oldi. Biroq shunday kap-katta «Shokir akasi»ning oʻziga «tan berib» turgani battar na’sha qildimi, beixtiyor kaftini u kishining risoladagi belkurakning yuzasiday keladigan kaftiga tashladi.
— Suyun, — deya oʻzini tanishtirdi yigitcha. Soʻng qiz tomonga ishora qildi: — Oygul...

Shokir aka deganlari qiz tomonga qarab ham qoʻymagan boʻlsa-da, Suyunning har bir soʻzini diqqat bilan eshitardi. Chunonchi, qizning «keliningiz» deb emas, ismi bilan tanishtirilishidanoq u oʻzicha qandaydir xulosalarga kelib boʻlgandi. Buning ustiga qizning ham, yigitning ham barmoqlarida nikoh uzugi koʻrinmadi.
— Lekin mashinani boplabsiz! — hamon hayratini izhor etishga urinardi Shokir aka. Soʻng sinchkovligini sezdirmagan ohangda, goʻyoki shunchaki, gap orasida soʻrab ketayotganday dedi: — Uygami? Oformlenie endimi?

Shokir aka deganlari butun diqqat-e’tiborni Suyunning yuziga qaratib turgani uchun Oygulning sal sergak tortib, yigitchaga bezovtalanibroq qarab qoʻyganini payqamay qoldi.

Suyun esa yana gap ikki bogʻ beda ustida ketayotganday beparvo bosh irgʻadi:
— Ha...

Shokir aka yaltirab turgan mashinaga havas bilan boqqan koʻyi savol berishda davom etdi:
— Bunday tulporga ega boʻlishning oʻzi boʻlmaydi... Shunga yarasha topsangiz kerak-da, a, yigitning guli?

Suyun goʻyo suhbatdoshiga ikki karra ikki toʻrt boʻlishini aytib, nechanchi marotabadir eng oddiy haqiqatni takrorlayotganday bosh irgʻadi:
— Shunday...

Endi mashinadan koʻz uzib, Suyunga diqqat bilan tikilayotgan Shokir aka navbatdagi savolini berdi:
— Yo paxan zoʻrmi?

Suyun koʻzlarini suzdi, qulogʻiga qarab choʻzilib borayotgan ogʻzini arang toʻxtatgan koʻyi pachaq koʻkragini kerib, gerdaydi:
— Paxan zoʻr. Lekin oʻzimizam kamkuch emasmiz, aka.
— Albatta, albatta, — darhol bu haqiqatni e’tirof etdi Shokir aka. — Bunaqa mashinani kimlar minishidan sal-pal xabarimiz bor...

Shokir akaning gapidagi allanechuk tagdor ohang sezilib qolganday boʻldi. Ammo Suyun buni hasadga yoʻyib, ortiqcha e’tibor berib oʻtirmadi.
— Uyda... uyda bunaqalardan yana bordir, — sinchkovligini qoʻymasdi Shokir aka.
— ...

Toʻgʻri, Suyun sas chiqarmadi, ammo unsiz bosh irgʻab, uyida yana bunaqangi mashinalardan borligini tasdiqlab qoʻydi.

Shokir akaning rangi oʻchganday boʻldi.

Shu payt taom keltirildi.
— Sizlar bemalol, — dedi qoʻlini koʻksiga qoʻygan Shokir aka xizmatchi yigit laganni dasturxon oʻrtasiga qoʻyayotgan mahal Suyunga qarab. — Yoʻldan ochqab kelayotgandirsizlar.
— Oʻtiring, birga ovqatlanamiz, — mulozamat qildi Suyun.
— Yoʻgʻ-e, — qandaydir oʻxshovsiz iljaydi Shokir aka. — Bizlar endi qaridik, yuz gramm ichmasak tomogʻimizdan ovqat oʻtmay qolgan. Siz ruldasiz-da. Boʻlmasa stolimizda Rossiyadan keltirilgan toza aroq bor edi...

Shokir aka nimanidir kutganday gapdan toʻxtadi. Ammo Suyun hech boʻlmasa koʻngil uchun «Afsuski, ruldaman», demadi.

Bundan oʻzicha xulosa chiqargan Shokir aka oʻsmoqchiladi:
— Yo boʻlmasa yuz grammgina ovorasizmi, yigitning guli? Ovqatning tagida qolib ketardi-da. Aroq Rossiyaniki, hidiyam yoʻq.

Suyun ikkilanib qoldi. Soʻng dudmolroq tarzda:
— Agar hidi boʻlmasa... — dedi.

Shokir aka uchun shuning oʻzi yetarli ekan. Uning ishorasi bilan stolda qolgan sheriklaridan biri ikki piyolani limmo-lim qilib aroq keltirdi.

Shokir aka bir piyolani Suyunga tutdi-da:
— Ovoring! — dedi. — Siznikidaqa mashinani toʻxtatishga uncha-muncha GAIning duxi yetmaydi.

Va tomogʻi taqillabgina turgan Suyun ortiqcha mulozamatni kutib oʻtirmasdan ham, hatto Oygulning e’tiroz uchun chogʻlanganini koʻrsa ham koʻrmaganlikka oldiyu, shartta ovordi!

Achchiq aroq koʻzlarini yoshlagan Suyun Shokir aka ehtirom bilan tutib turgan pomidor boʻlagini olishdan avval u kishining qoʻliga kafti bilan asta urib qoʻydi.

Shundan keyin mamnun boʻlgan Shokir aka yana bir bor:
— Sizlar bemalol, — dedi va oʻrnidan turib, sheriklari tomon yurdi.

Suyun Oygulga qarab:
— Qani, marhamat, — deya mulozamat qildi.

Oygul:
— Bekor ichdingiz-da, — deb mingʻirlab qoʻydi.

Ammo ishtaha bilan tanovul qilishga kirishgan Suyun bu gapni eshitmadi.

Suyun boshqa bir gapni ham eshitmadi.

Sheriklari yoniga dargʻazab qiyofada, asabiylashib qaytgan Shokir aka oʻz stuliga oʻtirarkan, jahl bilan uf tortdi va engashib, qahr bilan shivirladi:
— Otasining erkatoyi! Yoniga oʻynashiniyam ortib olibdi!..

Suyun ozgʻinginaligidan tashqari nimjon ham edi chogʻi, har qalay, ichilgan bor-yoʻgʻi yuz gramm aroq uni boshidan boshlab tovoniga qadar qizdirib yubordi.

Yigitcha buni och qolganligiga yoʻydi.

Oradan chorak soatlar oʻtgach, hisob-kitob qilib, oʻrnidan turayotgan Suyun oʻzini zimdan kuzatib turgan qadrdon «Shokir akasi» tomon nim egilib, «xayr» ishorasini qildi.

Shokir aka shoshib oʻrnidan turdi va ildam qadamlar bilan Suyunning yoniga yetib kelgach:
— Yaxshi boringlar, — dedi.

Suyun mashinasiga oʻtirib olgach, eng avvalo radioni qoʻydi. Baland musiqa ovozi Shokir akaning tishlari orasidan chiqqan:
— Koʻrishib qolarmiz hali, — degan soʻzlarni bosib ketdi.

Kim biladi deysiz, mabodo eshitgan taqdirida ham Suyun ushbu tahdid aralashgan jumlaning ma’no-mazmunini idrok etarmidi yoki yoʻq?

Ammo tez orada u qismat oʻzini Shokir «akasi»ga uchrashtirgani uchun milyonlab martalab pushaymon boʻlishini, besuyak tilini tiyib turmagani uchun esa undan ham koʻproq afsus chekishini bilmasdi...

Ammo unda kech boʻlgan boʻladi...

* * *

Yoʻlga chiqib olishgach, Suyun mashinani katta tezlikda haydab ketdi.

Mana shundagina Oygul bir ogʻiz:
— Bekor ichdingiz, — dedi.

Suyun qoʻl siltab qoʻydi:
— E, ovqatning tagida qoldi-ketdi. Oʻzi charchabam turgandim. Bir tomondan yaxshi boʻldi. — Soʻng oʻzicha hazil qilishga urindi: — Yuz gramm otni oʻldiribdimi?

Oygulning noaniq tarzda yelka qisib qoʻyganini koʻrgan Suyun iljaydi:
— Boy boʻlish yaxshi, a?

Qiz yana bir bor yelka qisib qoʻydi-yu, birdan ochigʻiga koʻchdi:
— Gapni siz gapirasiz, men ignaning ustida oʻtirganday oʻtiraman. Xuddi birontasi «Boʻldi-da endi!» deb qoladiganday.

Birdan hushyor tortgan Suyun oʻzini oqlashga urindi:
— Qoʻy, Gul, xafa boʻlma. Hech boʻlmasa shunaqa paytlari oʻzimni odam his qilaman-ku.

Yigitning gap ohangidagi armonni ilgʻagan qiz darrov unga dalda berishga urindi:
— Oʻziyam darrov rolga kirib ketasiz-da. Keyin undan chiqishingiz qiyin boʻladi.

Suyun darhol iljaydi:
— Oʻzini boshqacha qilib koʻrsatish odamning qonida bor. Bir paytlari podsholar ham atayin kambagʻallarni bir soatlik xalifa qilib qoʻyishgan.
— Ular bir soat boʻlsayam, haqiqatan xalifalik qilishgan. Sizniki faqat ogʻizda... — Oʻpkalab qoʻydi Oygul. — Birdan gazlab ketasiz, ostanovka-postanovkani bilmaysiz.
— Ha, endi biz «ekspress»miz-da...

Oygul kulimsiradi:
— Kelib qolar oʻsha siz istagan kunlar ham...

Suyun hayajonlanib ketdi:
— Aytganing kelsin, aytganing kelsin... Iy-y...

Hozirgina kulimsirab turgan yigitning yuzi birdan ayanchli burishib ketganini koʻrgan Oygul xavotirlanib, joyida tipirchilab qoldi:
— Tinchlikmi, Suyun aka?
— Hozir...

Suyun jon halpida gazdan oyogʻini oldi va tormozni bosib, mashinani yoʻl chekkasiga olib chiqib toʻxtatdi.

Mana shu sanoqli soniyalar ichida yigit qora terga botgandi.
— Nima boʻldi, Suyun aka?
— Hozir... — qornini mahkam changallab olgan yigit ayanchli iljaydi. — Jiz yoqmadimi deyman... Ichim burab ogʻriyapti...
— Yoʻgʻ-e, — battar xavotirga tushdi Oygul. — Yaxshi pishgandi shekilli. Boshqa narsa yoqmagandir.... Anavi aroqmi...
— Aroq... — shu holida ham hazil qilishga urindi Suyun, — ichni ogʻritmaydi, tuzatadi.
— Dori-pori bormi?
— E, hali aptechka olinmagan...

Shu soʻzlarni aytarkan, yigit beixtiyor ingrab yubordi.

Oygul tun zulmati bosib kelgan atrofga xavotirlanib alangladi.
— Aytgandim-ku ertalab yoʻlga chiqaylik deb...
— Hozir oʻtib ketadi, — qizni yupatishga urindi Suyun. — Shuncha yildan beri oqshom-poqshom demay yurgan odam... Bir boʻlib qoldi-da... Hozir... — Soʻng radio ovozini sal koʻtararkan, xijolatomuz kulimsiradi: — Sen shuni eshitib tur... Men bir toza havoga chiqib koʻray-chi...

Avval yigitga ergashib pastga tushmoqchi boʻlgan Oygul tuyqusdan Suyunning niyatini ilgʻab qoldiyu, shosha-pisha:
— Xoʻp, xoʻp, — dedi. — Siz bemalol...

Ikki bukilib qolgan Suyun shu holida mashinadan oʻn besh-yigirma qadam nariroqdagi butalar orasiga kirib ketdi.

Oradan oʻn daqiqalar oʻtgachgina qaddini sal tiklab olgan boʻlsa-da ixrab, rangi boʻzarib, gʻarq terga botib qaytib kelgan Suyun yukxonadan baklajkaga solingan suv olib qoʻlini, yuzini chayib oldi.

Yoʻlda davom etishdi.

Qorongʻulik quyuqlashgan yoʻlda sayin mashinalar kamaya borardi. Uyoqdan-buyoqqa oʻtib, chiroqlari koʻzlarni qamashtirayotgan mashinalar uzoqlashib, olislarda xuddi yonarqurtlar kabi miltirab qolishardi.

Oʻn-oʻn besh daqiqacha shu ahvolda ketishdi.

Suyunning ahvoli unchalik yaxshi emasligi shundoq koʻrinib turardi.

Oygul hali ogʻzini ochmasdan burun yana bir bor ingrab yuborgan Suyun mashinasini taqqa toʻxtatdi va bu gal izoh-pizoh berib oʻtirmasdan oʻzini qorongʻulikka, butalar orasiga urdi.

Ayni shu mahal Oygul orqadan mashina yorugʻligi asta-sekin yaqinlashib kelayotganini sezdi. Buni peshonasi qarshisidagi koʻzguga tushgan kuchli nurdan bilib olsa ham boʻlardi.

Gʻalati tomoni shunda ediki, bu mashina aslo shoshmasdan, hatto aytish mumkinki, sekinlik bilan kelardi. Gʻizillab oʻtib turgan mashinalar qarshisida bu notabiiy tuyularkan.

Nimagadir yuragi gʻash boʻlgan Oygul bezovtalanib, Suyun chopib ketgan butalar tarafga qaradi.

Mana, mashina yaqinlashdi.

Har qalay, asta-sekin boʻlsa ham, mashina «Lasetti»ning yonidan oʻtdi.

Oygul yengil nafas oldi.

Ammo...

«Lasetti» chiroqlari yorugʻida aniq koʻrindi: toʻsatdan qizil rangli «Moskvich» toʻxtadi, soʻng orqaga yura boshladi.

Xuddi shu mahal butalar orasidan chiqib kelayotgan Suyunning ham qorasi koʻrindi.

«Moskvich» «Lasetti»ga baqamti kelib toʻxtadi.

Mashinaning chap tarafdagi orqa eshigi ochildi. Undan tushgan odam Oygulning koʻziga juda ulkan, xuddi dev kabi vahimali boʻlib koʻrindi.

Oygul beixtiyor qoʻshiq berilayotgan radio ovozini oʻchirdi.
— Nima boʻldi, yigitning guli, tinchlikmi? — degan gulduragan ovoz keldi «Moskvich» tarafdan. — Bu men, Shokir akangizman.

Har qalay, ovoz tanish edi. Shokir akani tanigan Oygul ichida «xayriyat-ey» deb qoʻydi.
— Tinchlik, — deya ovoz bergan Suyunning ham xursand boʻlib ketgani yaqqol sezilib turardi.

Bu gal gavdasiga mos tarzda ogʻir qadam tashlab mashinaga yaqinlashgan Shokir aka:
— Ha, tulpor qiliq qilib qoldimi? — deb soʻradi.
— Yoʻgʻ-e, — dedi Suyun darhol. — Tulpor uchayapti. Oʻzimning sal oshqozonim buzilib...
— Iy-y, ehtiyot boʻling-da, yigitning guli, — dedi Shokir aka tashvishlanib. — Yo biron yoqmagan narsa yeganmidingiz?
— Shunaqaga oʻxshaydi, — tan oldi Suyun.
— Boya aroqdan koʻproq ichib yuborish kerak edi, — iljaydi Shokir aka. «Lasetti» yorugʻida uning yirik tishlari yaraqlab ketib, yovuz maxluqqa oʻxshatib qoʻydiki, bunga koʻzi tushgan Oygulning yana yuragi orqasiga tortib ketdi. — Aroq har qanday mikrobni oʻldirardi.
— Ha, — nochor mingʻirladi Suyun. — Shunday qilsam boʻlarkan.
— Toʻxtang, — birdan nimadir esiga tushganday xitob qildi Shokir aka. — Termosimda achchiqqina koʻk choy borday edi. Shundan bir piyola ichib yuboring. Har qalay issiq yaxshi-da.
— Qoʻying, ovora boʻlmang, — e’tiroz bildirgan boʻldi Suyun. — Yetib olarman.
— Bu nima deganingiz? — Oʻzini xafa boʻlganday tutdi Shokir aka.

Ammo bu odamning qarashidami, gavdasidami, koʻzlaridami, ishqilib, qandaydir tushuniksiz iddao, hattoki qarshisida turganlarin mensimaslik holati hukmrondek edi. Ne boʻlganda ham, Oygulga shunday tuyuldi. Va bu hol azaldan chumchuq pir etsa yuragi «shigʻ» etadigan qizni battar vahimaga soldi.

Bu orada Shokir aka yana ortga qaramasdanoq qoʻl ishorasi qilgan edi, goʻyo shu buyruqni kutib turganday mashinaning orqangi oʻng eshigi ochildi va boya choyxonada aroq koʻtarib kelgan odam bu gal termos hamda ikkita piyola koʻtarib keldi.

Rosti, Oygulni bu qadar tezkorlik va ayniqsa piyolaning ikkita ekanligi ajablantirdi. Ammo bu oʻyini mulohaza qilib oʻtirishga fursat yoʻq edi.

Shokir aka termosdan bir piyolaga limmo-lim qilib bugʻi chiqib turgan qip-qizil choydan quydi va yoniga yaqinlashgan Suyunga uzatdi:
— «Oq» qilib yuboring. Baniyati shifo.

Ammo choy qaynoq edi. Shu sababli Suyun uni puflab sovutib, hoʻplab-hoʻplab icha boshladi.

Shokir aka ikkinchi piyolaga ham choy toʻldirdi va kelib, ochiq oyna orqali qizga tutdi:
— Marhamat, Oygulxon. Siz ham ichib yuboring. Jizdan keyin chanqagandirsiz.

Qizni bu erkakning oʻz ismini qanday yodida saqlab qolgani hayron etdi. Axir choyxonada biron marta u tomonga qaramagan ham edi, buning ustiga Suyun ismni aytganida bu nomni qulogʻining tagidan oʻtkazib yuborgandi shekilli...

Endi ma’lum boʻlayaptiki, hammasini eslab qolgan ekan...

Oygul issiq piyolani qoʻliga oldi va undagi chayqalib turgan qip-qizil choyga tikilib qoldi.

Nimagadir shu tobda qizning choy ichkisi kelmayotgandi. Toʻgʻrirogʻi, aynan ushbu choyni. Oygulning nazarida, mana shu piyolada ogʻir chayqalib turgan choyda qandaydir xavf yashiringandek edi.

Ammo Shokir aka hamon oʻziga oʻqrayib qarab turganini koʻrgan Oygul noiloj piyolani labiga yaqin olib borib, bir qultum hoʻpladi. Soʻng, Shokir akaning koʻz uzmay turganini koʻrgach, yana bir qultum ichdi.

Bu orada choyini ichib boʻlgan Suyun kafti bilan ogʻzini artdi-da:
— Rahmat, Shokir aka, ichimga issiq kirganday boʻldi, — deya piyolani uzatdi.

Shokir aka noiloj shu tomonga yurdi va yigitning qoʻlidan piyolani oldiyu, tezlikda yana qiz tomonga oʻgirildi.

Oygulga esa shu fursatning oʻzi kifoya qilgandi. U chaqqonlik bilan piyoladagi choyni pastga, oyoqlari orasiga toʻkib tashladi va Shokir akaning keyingi sinchkov nigohiga duch kelgunga qadar yana piyolani labiga olib borib, oʻzini choyni ichayotgandek tutishga ulgurdi.
— Rahmat, Shokir aka, — dedi Suyun kelib mashina eshigini ocharkan. — Ancha yengil tortdim.

Shokir aka nimagadir joyidan jilmagan koʻyi yigitga diqqat bilan qarab turardi.
— Menga qarang, yigitning guli, — dedi u nihoyat, — baribir shu tomonga ketayapmiz. Pravam boʻlsa bor. Yoʻlda melisa-pelisa chiqib qolsayam meni taniydi. Keling, men biroz haydab boray. Siz dam oling. Kuch yigʻing.
— Yoʻgʻ-e, qanday boʻlarkin, Shokir aka, — dedi birdan shirinlik va’da qilingan yosh boladay iyib ketgan Suyun. — Sizni ovora qilib...
— E, ovorasi bor ekanmi? Shunday tulporni haydashning oʻzi bizga oʻxshaganlar uchun rohat-farogʻat-ku. Qaytanga bir maza qilaman, yigitning guli?
— Mayli, mayli, — dedi yana ogʻzining tanobi qocha boshlagan Suyun. — Agar sizga malol kelmasa...

Ha, har qancha maqtanchoq yoinki obroʻtalab boʻlmasin, Suyunning qalbi yosh bolaniki singari begʻubor edi...
— «Lasetti» haydaganmisiz oʻzi?
— Bir marta. Lekin eslab qolganman. Bu tomonidan oʻylanmang.

Suyun mamnun qiyofada engashib, Oygulga murojaat qildi:
— Sen orqaga oʻtib oʻtir. Men Shokir akamning yonida ketaman.

Oygul bir zum ikkilanib turgach, past ovozda:
— Menga shu yeram yaxshi, — dedi.

Zero, qiz oʻzi toʻkkan choy poyabzalidan oʻtib, oyoqlarini hoʻl qila boshlaganini his etib turardi.
— E, yoʻq, — dedi Suyun qat'iy ravishda. — Men Shokir akam bilan gaplashib ketaman.

Oygul noiloj Suyunning aytganini qilishga majbur boʻldi.

Qizning toʻsatdan e’tiroz bildirib qolganidan ajablangan Shokir aka Oygul tomonga sinchkov nazar tashladi.

Oygul shunchalik koʻz qisib qoʻyishga, bilagiga turtib qoʻyishga urinmasin, hovliqib qolgan Suyun qizning joyiga oʻtirarkan, baribir:
— E, bu yer nega shilta boʻlib yotibdi? — desa boʻladimi!

Oygul oʻtirgan joyida qotib qoldi.

Bu bilan ham qanoatlanmagan Suyun esa tepadagi chiroqni yoqdi va engashib, toʻkilgan choyni koʻzdan kechirarkan, vaziyatga mutlaqo yarashmagan tarzda hazil qilgisi keldimi, boshini koʻtararkan, Shokir akaga yaltoqlanib tikildi va:
— Bu siz oʻylagan narsa emas, — dedi iljayib. — Biron nima toʻkilganga oʻxshaydi.
— Ha, — dedi nimagadir birdan avzoyi oʻzgarib, qovogʻi solinib ketgan va buni yashirib ham oʻtirmagan Shokir aka, — bu men oʻylagan narsa emas. Hid-pidiyam yoʻq. Demak choy toʻkilib ketgan...
— Oyogʻing kuymadimi, ishqilib, — birdan qiz tomonga oʻgirildi xavotirga tushgan Suyun. — Choy qaynoqqina edi-ya.
— Kuymadi, — arang shivirlab javob qaytardi vahimadan yuragi gursillab ura boshlagan Oygul.
— U choy oyoqni kuydiradigan choy emasdi, — deya oraga qoʻshildi allaqanday tagdor ohangda gapirgan Shokir aka. — U choy shifobaxsh choy edi... Shunday choyni ichmay bekor qipsiz, Oygulxon...

Qiz titrab ketdi.

«Lasetti» oldinga intildi. «Moskvich» orqadan ergashdi.

Bir chaqirim yurar-yurmas Shokir aka toʻsatdan mashinani oʻng tomonga, kichkina yoʻlga burdi.

Qoʻllari bilan qornini mahkam bosib ketayotgan, nimagadir koʻzlari yumilib-yumilib borayotgan, ba’zan boshi beixtiyor xuddi uxlayotgan odamniki kabi osilib qolayotgan Suyun ajablanib unga qaradi.
— Shu yoqdan yaqin yoʻl bor, — dedi mashinani mohirlik bilan boshqarib ketayotgan haydovchi pinak buzmay.
— Suyun aka, — engashib, asta yigitning qulogʻiga shivirladi Oygul. — Suyun aka...

Shu lahzada Shokir aka qip-qizil millari koʻrinib turgan soatga qaradi va tantanali tarzda:
— Bir, ikki, uch... yetti. Ketdi! — deb sanadi baland ovozda.

Xuddi shu sanoqni kutib turganday, Suyun toʻsatdan yonboshiga quladi va oynaga boshini qoʻygancha qotib uxlayverdi.
— Suyun aka! — deya qichqirib yubordi Oygul jon holatda.

Shokir aka toʻsatdan keskin tormoz berib mashinani toʻxtatdi va turtib-turtib, Suyunning oʻlik uyquga ketganiga amin boʻlgach, oʻgirilib, titrab-qaqshab oʻtirgan, katta-katta koʻzlari vahm yoshiga toʻlgan qizga sira yaxshilik va’da qilmaydigan ohangda murojaat etdi:
— Oʻzingcha aqlli boʻlib, klofelin qoʻshilgan choyni ichmay meni dogʻda qoldirmoqchi boʻlibsan-da? Lekin bu nomering oʻtmaydi... Xullas, Oygulxon, endi sen bilan alohida gaplashamiz!.. Hisob-kitob vaqti yetib keldi!..

* * *

Ha, Shokir aka xuddi shunday dedi.

Vaziyatning yana bir vahimali tomoni shunda ediki, noma’lum nuqtadan koʻz uzmagan koʻyi mashinani gʻizillatib haydab ketayotgan, jagʻida olxoʻriday gʻudda nari borib-beri kelayotgan Shokir aka gapirgani sayin asabiylashib, gʻazab otiga minib, yuzi qiyshayib, tobora qoʻrqinchliroq tus olib borardi.

Orqadan yelib kelayotgan «Moskvich» chirogʻi salonni yoritdi. Shunda Oygul oʻzi tomonga oʻgirilgan Shokir akaning chaqchaygan koʻzlari nogoh alam va chorasizlik yoshlariga toʻlganini koʻrganday boʻldi. Biroq birdan oʻzini oʻnglab olgan haydovchi qattiq ingrab yubordi va telbavor ovozda nola qilib yubordi:
— Axir aybi nima edi uning? Nima edi aybi? Bor-yoʻgʻi oʻn sakkizga kirgan norasida qiz boʻlsa? Aybi — men bechoraning qizi boʻlganimi? Aybi — Oʻqishdan qaytayotgan boʻlganimi? Aybi — bu dunyoga kelganimi?.. Gapir! Gapir, itvachcha!
— Sizga... pul kerakmi? — arang soʻray oldi Oygul.
— Pul? — nafrat bilan takrorladi Shokir aka. — Bilaman, pulni xazon oʻrnida koʻrmaysan. Hamma narsani sotib olish mumkin ham deb oʻylaysan. Lekin bu safar yanglishding. Xato qilding! Xato! Meni sotib ololmaysan! Million-million pulingni qizimning bir lahzalik hayotiga almashmayman!..

Yoʻq, yoʻq, qaltirab-titrayotgan, rangi murdaniki kabi oqarib, kaltta-kalta nafas olayotgan, koʻzlariga qon toʻlgan bu odam Oygulga emas, qattol dushmaniga xitob qilmoqda edi.
— ...Mana endi hammasi uchun javob beradigan vaqting keldi!

Bu Oygul eshitgan eng soʻnggi soʻzlar boʻldi. Garchand bir necha qultum ichgan boʻlsa-da, choyga qoʻshilgan kuchli uyqu dorisi oʻz ta’sirini koʻrsata boshlagandi. Qiz bir-biriga yopishib borayotgan kipriklarini ajratishga, qoʻrgʻoshin quyilganday oirlashib ketgan qaboqlarini koʻtarishga urindi, ammo eplay olmadi. Buning oʻrniga xuddi Suyun kabi yonboshiga, eshik oynasiga boshi bilan ohista quladi va oʻlik-tirikligini anglamaydigan darajada gʻaflat uyqusiga botdi...

* * *

Qolgan voqealar xuddi qoʻrqinchli tush kabi algʻov-dalgʻov, noaniq, vahm, azob va iztirobga toʻla oʻtdi.

Tamomila quturib ketgan, koʻpirgan ogʻzidan hamon bodi kirib shodi chiqayotgan Shokir aka mashinani tuproq yoʻldan kimsasiz choʻl adogʻidagi chayla yoniga haydab keldi-da, keskin tormoz berib toʻxtatdi. Soʻng xuddi shu ahvolda, titrab-qaltirab pastga tushdi va to orqadan «Moskvich» yetib kelib, undan uchta baquvvat erkak otilib tushishgunga qadar «Lasetti» eshigini ochib, Suyunni pastga sudrab olish tushish asnosida uni nafrat bilan uch-toʻrt marta tepib ham oldi.

Erkaklar harsillab nafas olganlaricha Shokir aka qarshisida tek qotishdi.
— Mana! — barmogʻini yerda gʻujanak boʻlib yotgan, ojizgina ingrab qoʻygan Suyunga bigiz qildi tomogʻi xippa boʻgʻilgan, koʻzlari alam yoshlariga toʻlgan Shokir aka. — Qaranglar buni! Tagida «Lasetti»! Yonida oyimqizi bilan. Otasining erkatoyi-da. Boyvachcha. Kechasi pul hidiga uxlay olmay chiqadiganlardan!.. Mana shu... mana shu mening qizimning qotili! Mana shu!
— Togʻa! — asta pichirladi erkaklardan biri, Shokir akaga aroq va choy olib kelib berib turgan kishi titroq ovozda. — Oʻzingizni bosing! Uni yoshi kattaroq deyishgandi. Mashinasiyam «Mers» boʻlgan...
— Nima farqi bor, a, Ergash, nima farqi bor? — titrab-qaqshab na’ra tortib yubordi Shokir aka. — Bu boʻlmasa xuddi shunga oʻxshagan boshqasi! Oq it, qora it — baribir it-da! Olinglar oʻchlaringni! Senga qolsa oʻn yil izlaysan, shundayam topolmaysan!

Nogoh Shokir aka oʻkrab yigʻlab yubordi:
— Qizim! Qizginam! Oysuluvginam! Jon qizalogʻim! Kechir meni! Kechir soʻqir otangni!..

Otaning yuraklarni oʻrtab yuboradigan faryodiga chidab turish mushkul edi.

Nihoyat tomogʻiga mushtday bir nima kelib tiqilgan Ergash deganlari otilib oʻrtaga chiqdi va gʻazab bilan hamon yerda sulayib yotgan Suyunga ishora qilgancha, xitob qildi:
— Shu! Mana shu Oysuluvning qotili!.. Oʻch olish payti keldi!

Baayni shu mash'um e’tirofni kutib turgan erkaklar vahshiyona qiyqirganlaricha yerda yotgan Suyunni atay bosib-yanchib oʻtishib, mashinaga otilishdi va uxlab yotgan Oygulni sudrab tushishib, chayla yonidagi kichkina hujraga olib kirib ketishdi.

Hamon koʻzlaridan tirqirab yosh quyilayotgan Shokir aka tekis yoʻlda qoqilib-suringancha qorongʻulik qoʻyniga singib ketarkan:
— Qizim... qizginam... — deya ixrardi...

* * *

Oygul hujra oʻrtasiga tashlashdi. Uning yoniga ustidan bir necha paqir suv quyilgandan soʻnggina sal oʻziga kelgan, nima sodir boʻlganini tushunmasdan, ammo taxmin qilgan, shu boisdan vahm ichida hammaga bir-bir koʻz tashlayotgan, qoʻl-oyogʻi chandib bogʻlab tashlangan, ogʻziga enli skotch yopishtirilgan Suyunni keltirishdi.
— Endi bunday, — dedi nihoyat Ergash ikkala erkak chiqib ketgach qandaydir xijolatomuz tarzda. — Qoʻrqmanglar, sizlarni oʻldirib ketish niyatimiz yoʻq. Lekin mashinani olib ketamiz. Zapchast qilib sotib yuboramiz. Senlarga oʻxshaganlarga bitta mashina nima degan gap? Jonlaringni omon qoldirayapmiz, shunga shukr qilinglar. Haliyam to... anavi kishi kirmayapti. U kishidan ehtiyot boʻlish kerak. Quturgan payti. Koʻziga hech narsa koʻrinmayapti. Senga oʻxshagan, — shunday deya Ergash Suyunga murojaat qildi, — senga oʻxshagan bir boyvachcha u kishining shaharda oʻqiyotgan yolgʻiz qizini aldab, mashinasida choʻlga olib chiqqan-da, zoʻrlagan... Keyin oʻsha yerga tashlab ketibdi, ablah!.. Qiz nomusiga chiday olmay, oʻzini osib qoʻygan... Shundan buyon bu odam qonsirab yuribdi... Menimcha, miyasiyam sal ketib qolgan... Senga oʻxshagan boyvachcha yigitni koʻrsa bas, qaltirogʻi tutib qoladi... Necha kundan beri ikkita qamoqda oʻtirib chiqqan hamqishlogʻimizni yonimizga olib, oʻsha ablahni izlab yuribmiz...

Suyun nimadir demoqqa chogʻlanib kuchandi, ammo ogʻzidagi skotch xalaqit berdi.
— Bu kishi hech qanaqangi boyvachcha emas, — dedi axiyri lablarini arang qimirlatib Oygul.

Ergash istehzo bilan kuldi.
— «Lasetti»ni kambagʻal minmaydi. Meni ahmoq qilmay qoʻya qol.
— Bu kishi hech qanaqangi boyvachcha emas, — alam bilan takrorladi Oygul. — Maqtanib turishni yaxshi koʻradigan bir shopir, xolos.
— Shopir? — ajablanib soʻradi Ergash.

Suyun jon-jahdi bilan boshini irgʻab, qizning gapini ma’qulladi.

Rangi oqarib ketgan Ergash hujradan shoshib chiqib ketdi va oradan ikki daqiqalar oʻtgach, iljaygancha kirib keldi.
— Mashina oʻzlarining nomlarida ekan-ku, yigitning guli? — Suyunga murojaat etdi u. — Yo doʻppi tor kelganda, a... Yigitmisan oʻzi yo hajiqizmisan...
— Suyun aka shopir, — takrorladi Oygul jon holatda. — Mashinani bu kishining xoʻjayini sotib olgan. Faqat oʻzining nomiga emas, Suyun akaning nomiga. Endi Suyun akam mashinani xoʻjayinining akasiga olib borib, oʻsha kishining nomiga oʻtkazib beradi. Shunga birga ketayotgandik. Mashinani tashlab, orqaga avtobusda qaytmoqchiydik.
— Rostdanmi? — hayratlanib soʻradi Ergash.
— Rost...

Ergash yana zipillab hujradan chiqib ketdi.

Oradan uch-toʻrt daqiqa oʻtib, yana qaytib kelganida uning qovogʻidan qor yogʻardi.
— Menga qaranglar, — dedi u jahl bilan. — Bahona toʻqiyverib, juda boshimni qotirib yubordilaring. Boʻldi, boshqa bitta gaplaringga ham ishonmayman. Sen, — shunday deya Ergash Suyunga oʻqrayib qaradi, — Oʻz ogʻzing bilan mashina meniki dedingmi? Deding! Boyvachchaman dedingmi? Deding! Endi gapirgan gapingga javob berishga kelganda hajiqizlik qilma-da, iflos!.. Yigit bir marta gapiradi!

Shu soʻzlarni aytarkan, Ergash ortiga oʻgirilmasdanoq:
— Boʻldi, — dedi.

Xuddi shu zahoti hujraga hissiz koʻzlaridanoq qoʻllaridan har narsa kelishi, odamning hayotini uch pulga olmasliklari bilinib turgan ikki kishi kirdi.

Oygul... hammasini tushundi va dodlab yubordi.

Ammo endi kech edi...

* * *

Hayot shafqatsiz...

Voqealarning qolgan qismini muxtasarroq tarzda bayon etib oʻtish bilan kifoyalanamiz.

Ertasi kuni tushga yaqin choʻl tarafdan gandiraklab kelayotgan bir qiz bilan yigitni dalada ishlayotganlar koʻrib qolishdi.

Qizning kiyimlari dalvagay edi...

Shifoxona, militsiya...

Shokir akani ushlash unchalik qiyin boʻlmadi.

Ammo endi kech edi. Zero, yolgʻiz qizining dardida kuya-kuya ado boʻlgan ota es-hushidan tamomila ayrilgan edi. Sal oʻziga kelgan paytlari esa shoʻrlik ota «Hamma ishni oʻzim qildim», deb turaverar, hech qanaqangi Ergash-pergash deganlarini tanimasligini aytib ham charchamasdi...

Sud yopiq tarzda oʻtkazildi.

Zudlikda ishdan boʻshagan Oygul qishlogʻiga qaytib ketdi.

Suyun endi ancha oʻzini bosib olgan. Ayniqsa uning bitta soʻziga ham ishonmagan rahbari yangi «Lasetti»ni oʻzining boʻyniga qoʻyib qoʻyganidan beri Suyun maqtanish u yoqda tursin, hatto birovga bir nima deb ogʻiz ochishga ham choʻchib qolgan.

Ammo endi kech...