OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiJavobi bor... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Javobi bor... (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

Karimjon kabineti oʻrtasida uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, stol yonidagi kursida oʻziga oʻqrayib tikilib turgan Narimonga allaqanday norozilik aralash oʻtinch bilan qarab-qarab qoʻyardi.

Agar jahldan boʻzarib ketgan Narimon sal sinchkovlik bilan razm solganida edi, ehtimolki togʻasining nigohidagi botiniy iltijoni ham payqab olgan boʻlardi.

Ammo jiyan bir narsani sezadigan, his qiladigan ahvolda emasdi. U allaqachon togʻasining bu ishdan oʻzini olib qochayotgani sababini taxmin qilgan va oʻz nuqtai nazariga — garchand u xato boʻlsa ham — mahkam yopishib oladigan oʻjar yigit sifatida muayyan xulosaga ham kelib qoʻygan, shu boisdan kabinet egasiga ochiq-oshkora tarzdagi vajohatli bepisandlik bilan munosabatda boʻlishga intilardi.
— Tushun, axir, jiyan, — dedi nihoyat Karimjon kuyinib. — Men odam oʻldirish uchun emas, odamning jonini saqlab qolish uchun tanlaganman bu kasbni. Kasbim etikasi shuni talab qiladi. Qasam ichganman...

Narimon lablarini asabiy qimtigan koʻyi togʻasinining gapini boʻldi:
— Birov sizdan odam oʻldir, killerlik qil deb soʻrayaptimi, togʻa? Nega boyadan beri buncha vahima qilasiz?

Karimjon yurayotgan joyida taqqa toʻxtadi va jiyaniga chaqchayib qaradi:
— Buning odam oʻldirishdan nima farqi bor? Aslini olganda bu... katta odamni oʻldirishdan ham battar. Katta odam-ku, oʻzini himoya qiladi. Hech boʻlmasa dunyoga kelib, shuncha yil yashagan, oʻzidan bir iz qoldirgan boʻladi, deb oʻzingni yupatarsan. Bu-chi? — Shunday deya togʻa stol ustida turgan qogʻozga ishora qildi: — Buni kim himoya qiladi? Oʻzini oʻzi himoya qilolmas ekan deb... Uvol-ku, uvol...

Tomogʻiga mushtday bir nima kelib tiqilganday, ortiq gapirolmay qolgan jarrroh bir muddat sukut saqlab turdi-da, endi iltimos ohangida gapirishga oʻtdi:
— Bu yoʻldan qayt, jiyan... Kelingayam tushuntir... Hozir koʻzlaringga katta muammo boʻlib koʻrinayotgan tashvishlar tugʻiladigan zuryoding oldida aslida bir pulga qimmat narsalar ekanligini keyin bilasan. Ammo unda kech boʻladi...
— Qoʻrqitmang, togʻa, — yana oʻqraydi Narimon. — Yosh bola emasman...

Karimjon ogʻir uf tortdi.
— Ha, yosh bola emassan. Yosh bola boʻlganingda bunaqa bemazagarchilik qilib yurmasding...

Narimon jahldan boʻgʻriqqancha, shartta oʻrnidan turib ketdi.
— Boʻldi-da, endi, togʻa. Lektsiya oʻqimagan bir siz qoluvdingiz!.. Shuni bilib qoʻying, biz ham hamma tomonni oʻylab, mulohaza qilib, keyin shu qarorga kelganmiz.

Jarroh miyigʻida iljaydi:
— Hali bir-birimizni yaxshi koʻramiz ham dersan.

Narimon magʻrur koʻkrak kerdi:
— Albatta-da. U meni desa oʻlib qoladi...

Karimjon yana kuyib-pishib gapirishga oʻtdi:
— Men bu voqeadan keyin mana shu muhabbat nafratga aylanib qolmasin deyman, jiyan. Mayli, kelin seni deb oʻlishga tayyor tursin. Lekin ikkaloving birgalashib oʻzlaring vujudga keltirgan norasidaning qotiliga aylanib qolmanglar-da. Keyinchalik buning azobi, iztirobi har qanday muhabbatni yuvib ketishi mumkin. Hatto ehtirosni ham...
— Menga qarang, — Narimon stoldagi qogʻozlarga qoʻl choʻzdi. — Ochigʻini ayting, qilmaysizmi bu ishni?

Karimjon keskin bosh chayqadi.
— Nafaqat qilmayman, balki sizlarga ham bu qarorlaringdan qaytishni maslahat beraman. Qoʻrqmanglar, kerak boʻlsa har ikkalalaringning ota-onalaring bilan gaplashaman, kerak boʻlsa oʻzim sovchilikka boraman. Ishqilib, homila omon qolishi uchun nima qilish kerak boʻlsa, shuni qilaman...
— Nega tushunmaysiz, togʻa, — jigʻibiyroni chiqdi Narimonning. — Bu axir... nima deydi, haligi... nejelatelnoʻy, ya’ni hozircha kerak boʻlmagan bola. Biz hali oʻqishni bitirishimiz kerak, diplom olishimiz kerak. Men tuzukroq joyga ishga kirib, oyoqqa turib olishim kerak. Ikkinchi kursdan er-xotin boʻlib olsak, qachon oʻqiymiz, qachon... haligi... nimaydi... qachon kamolga yetamiz, togʻa?

Karimjon jiyaniga achinib qaradi:
— Buni avval oʻylash kerak edi. Raz boʻlar ish boʻldimi, endi bu yogʻi risoladagiday, hech qanaqangi qotilliksiz kechishini oʻylash kerak. Unutma, sen otasan, kelin esa ona. Homila — ikkalangning zuryoding...

Narimon «dod» deb yuborishdan oʻzini bazoʻr tiyib turgan odamdek tishlarini tishlariga qattiq bosdi.
— Boʻldi, togʻa, boʻldi. Agar qonun yoʻl bersa ikkalamizni ottirib yuborib, bolani asrab qoladiganga oʻxshaysiz.

Jarroh ma’yus kulimsiradi:
— Men uchalangizning ham sogʻ-salomat, baxtiyor hayot kechirishlaringiz tarafdoriman.
— Nega tushunmaysiz-a, togʻa! Axir oʻzlaringizda ham «Oilani rejalashtirish» degan gaplar bor-ku. Oʻzlaringiz ham ayollarga ketma-ket tugʻib tashlayvermaslikni maslahat berasizlar, maslahat berish ham gapmi, ba’zida talab ham qilasizlar.

Karimjon jiyaniga achinib qaradi:
— Ha, bu sohada koʻp narsalarni bilar ekansan. Lekin oilani rejalashtirish degani hali toʻyi boʻlmagan qizning birinchi homilasini olib tashlash degani emas. Chunki birinchi bolasini oldirib tashlagan ayolda keyin bola paydo boʻlishi qiyin...
— Bekor gap! — yana oʻz bilganidan qolmadi Narimon. — Men gazetada oʻn sakkiz marta abort qildirgan xotin haqida oʻqiganman.
— Gazeta yozaveradi-da, — luqma tashladi jarroh.
— Doʻxtirlar oʻzi vahimachi boʻladi, — boʻsh kelmadi Narimon ham. — Faqat yomon tomonni hisobga olishadi.
— Bu har ehtimolga qarshi...
— Ha, yashang! — mamnun iljaydi Narimon. — Bu har ehtimolga qarshi, xolos. Asida esa bir marta abort qilgandan keyin ham bola paydo boʻlaverarkan...

Bosh solintirgancha nimalarnidan oʻylab, gʻussaga choʻkib oʻtirgan Karimjon toʻsatdan ustidan muzdek suv sepib yuborilgandek hushyor tortdi va jiyaniga yalt etib qaradi.
— Sen... sen buni qaerdan bilasan?

Qiziq ustida ortiqcha gap aytib yuborganini anglagan Narimon esankirab qoldi.

Jarroh unga oʻqday nigohini tikdi.
— Demak... demak avval ham boʻlgan...

Narimon noiloj tan oldi:
— Shunaqa boʻp qolgandi, togʻa...
— Unda kim?..

Savolning davomi aytilmasa-da, uning mazmunini tushungan Narimon oʻngʻaysizlanib javob qaytardi:
— Ha, bittasi... ginekolog...
— Bizdanmi? — shoshib soʻradi Karimjon.

Narimon koʻzlarini olib qochdi.
— Yoʻq, togʻa, boshqa balnisadan. Roddomdan...
— Ha... Bizda bunaqangi ahmoqlar yoʻq!.. Bu qachon boʻlgandi?
— Ha, endi... — chaynalib qoldi Narimon.
— Qachon deyapman?
— Shu... sakkiz oycha boʻlib qoldi-yov...
— Menga qara, jiyan, — shosha-pisha, hattoki hovliqib gapira boshladi Karimjon jarroh. — Xudo sizlarni qoʻllabdi, yana farzand beribdi. Endi kelinni tigʻ tagiga yotqizma. Bir umr pushaymon boʻlib oʻtasan...
— Endi, togʻa... — dovdirab qolgan Narimon choʻkayotgan odam xasga yopishgan misol ish tutdi, — Oʻzi oʻshandan keyin bas qilamiz degandik... Uch oycha boʻlib qoldi... Yotoqxonada tugʻilgan kunini qilgandik. Ikkovimiz... Sal mast boʻlib qolibmiz... Shunga... — jiyan togʻasiga iloji boricha tikroq qarashga urindi: — Bolayam mastlikda boʻlgan... Aqli zaifroq tugʻilib qolmasin degan xavotirda... Oʻzingiz Akromni yaxshi bilasiz...
— Bu... bu... — nafratdan koʻzlariga qon toʻlgan Karimjon jarroh jiyanining ustiga bostirib keldi. — Bu endi bahonadan boshqa narsa emas... Qilar ishni qilib qoʻygandan keyin... Qoʻngʻizga arpa bahonada-da... Ukangniyam bu yerga qoʻshma... Uning aqli zaif tugʻilganligiga aroq sabab boʻlmagan.
— Enam oʻsha paytlari otamni koʻp ichardi, deb aytgandi... — Oʻzini oqlashga urindi Narimon mingʻirlab.
— Men senga aytayapman, — ta’kidlab gapirdi Karimjon hamon gʻazabdan qalt-qalt titragancha. — Ukangning aqli zaifligiga aroqni sabab qilib koʻrsatma... — Shundan keyin jarroh stol ustida turgan qogʻozlarni Narimonning qoʻli tagidan tortib oldi-da, qalt-qalt titragan koʻyi shosha-pisha ularga qarab chiqdi, ultra-tovushli tashxis xulosasini esa koʻzlariga yaqin keltirib, diqqat bilan oʻqidi. — Sen bola uch oy boʻlmadi deb mening boshimni qotirasan. Mana, UZI yozib qoʻyibdi-ku oʻn besh haftalik deb. Boʻldi! Tamom! — Karimjon jahl bilan oʻng qoʻlini yuqoriga koʻtardi. — Uch oylikdan oshgan bolani abort qilib, onasini yarim jon qilib qoʻyadigan ahmoq doʻxtir yoʻq! Boʻlmaydiyam! Kelinga hammasini yaxshilab tushuntir! Oʻylamasdan ish qilmasin! Aytdim-ku, hammasini oʻzim toʻgʻrilayman deb!.. Katta toʻy qilamiz!..

Narimon endi nafrat aralash achinish bilan Karimjon jarrohga qaradi:
— Sizni qarindoshim, meni tushunar deb kelgandim. Adashgan ekanman, togʻa...

Bunga javoban jarroh qogʻozlarni Narimonning burni tagiga olib keldi.

— Mana, jiyanboy, oq qogʻozga qora harflarda homila oʻn besh haftalik deb yozib qoʻyilibdi. Bu safar kechikding, jiyan... Bekorga doʻxtirlarning boshini qotirib yurma-da, toʻy tayyorgarlini koʻraver. Aytgan kuning uyingga boraman...

Narimonning burun kataklari kerildi, koʻzlarida gʻazab oʻti yolqinlandi.
— Siz kitoblaringizni oʻqib yuravering, togʻa. Atrofga qarang! Zamondan orqada qolib ketgansiz! Oʻn besh haftalik deb vahima qilasiz! Menga desa yigirma haftalik boʻlmaydimi! Oldiramiz dedimmi, oldiramiz! Sizga qolsa, bolani tugʻdirib, meni unga enaga qilib qoʻysangiz!.. Atrofga qarang, togʻa! Qoʻying kitoblaringizni!.. Sizni bekorga yomon koʻrishmas ekan. Oʻzi boʻlaringiz boʻlib qoʻygan ekan. Rostdanam ishdan boshqa narsani bilmas ekansiz... Uyalmasdan bizda bunaqangi ahmoqlar yoʻq, deb maqtanib qoʻyasiz. Rostini aytsam, oʻtgan safar xuddi shu balnisangizdan bittasi pulini qurtdek sanab olgach, qilib tashlagandi abortni. Bu gal pul begona boʻlmasin degandim. Hozir koridorga chiqib, oʻsha siz «ahmoq» degan vrachlardan bittasini topaman-da, kelishaman-qoʻyaman. Pulini olgandan keyin qilmay ham koʻrsin-chi. Nari borsa «Vaqtidan oʻtib ketibdi» deb sal koʻproq olar. — Shu yerga kelganda Narimon nafrat bilan pishqirdi. — Xuddi oʻtgan safargiday... Tillaring birmi deyman-da...

Oʻz quloqlariga ishonmayotganday jiyaniga baqrayib qarab qolgan Karimjon axiyri qogʻozlarni shosha-pisha stol ustiga qoʻydi-da, stol taqvimi yonida yotgan ruchkani qoʻliga oldi.
— Ayt, ayt, kim ekan u maraz? Ismni bilarsan hech boʻlmasa... Men uni ishdan haydattiraman!..

Narimon endi gʻolibona tirjaydi:
— Aytdim ham deylik, haydattirdingiz ham deylik. Shu bilan nima oʻzgaradi? Hammaning koʻziga yomon koʻringaningiz qoladi-da. Ertaga esa Ali doʻxtirning oʻrniga Vali doʻxtir keladi. Boʻldi. Tamom-vassalom!
— Ayt deyapman! — Oʻshqirdi Karimjon jarrroh. — Ginekologmidi, xirurgmidi?..
— Odam edi! — shartta togʻasining gapini kesdi Narimon. — Odamning dardini tushunadigan, bahonada uch-toʻrt soʻm ishlab olishdan ham qochmaydigan odam edi!.. Sizga oʻxshab «Oʻziyam yemas, birovgayam bermas» boʻlib oʻtirmaydigan!..

Soʻnggi jumlagi ochiq-oshkor zaharli ohang Karimjon jarrohning miyasiga oʻq kabi sanchildi va u beixtiyor dovdirab, bir necha lahzaga oʻz ustidan nazoratni yoʻqotganday boʻldi. Bundan foydalangan Narimon yana stol ustiga tashlangan qogʻozlarni tezlikda yigʻishtirib oldi-da, shunday tezlikda eshik tomon yurarkan, ostonaga yetgan mahal ortiga oʻgirildi va qahr-gʻazab aralashgan mazax ohangida xitob qildi:
— Avval oʻzingiz hech boʻlmasa bitta bola yasab, tugʻdirib koʻring, togʻa. Keyin ogʻzingizni toʻldirib gapirsangiz yarashadi. Uvol emish! Siz uvolni bilib qoldingizmi endi? Sochingiz oqargandayam bitta xotin ololmay oʻtayotganingizning oʻzi uvol emasmi... E, sizday oʻqimishli togʻadan oʻrgildim!..

Ha, bu jiyan tomonidan berilgan dahshatli zarba boʻldi.

Birdan rangi qorayib ketgan, miyasida loʻqillagan ogʻriq paydo boʻlgan Karimjon avvaliga nimadir deya e’tiroz bildirmoqqa chogʻlanganday ogʻiz juftladi, soʻng, quruqshab ketgan lablarini yalarkan, bitta soʻz ham aytolmasligini angladi chogʻi, koʻzlarini chirt yumib olgan koʻyi darmon qochgan oyoqlari titragancha joyiga amallab choʻkdi. Jarrohning butun vujudini qop-qora ter bosdi. Mana shu azob, ogʻriq aro nogahon olis-olislardan nimadir zuvillab, chiyillab uchib kela boshladi. Bu tovush shu qadar shiddat bilan va tobora kuchayib yaqinlashardi. Karimjon koʻzlarini ochishga urindi. Va xuddi shu asnoda yanada chiyillashi kuchaygan tovush shiddat bilan kelib jarrohning miyasiga urildi!

Karimjon dahshat ichida «oh» tortib yubordi va kursisi yoniga jonsiz tana misoli gursillab quladi.

Jarroh hushidan ketgandi...

* * *

Xayriyat, hamshira qiz Shohida bor ekan. Gursillagan tovushni eshitib qolib, chopib kirganu, polda hushsiz yotgan doʻxtirni koʻrib qolgan...

Oddiy bemordan koʻra shifokorning xastaligi ogʻirroq kechishi chin ekan. Zero, vrach vujudida, ruhiyatida yuz berayotgan har bir oʻzgarishni ilgʻab, sezib, oʻzicha baholab, xulosalar chiqarib turadi.

Karimjon «Stress holati, zoʻriqish» kabi umumiyroq tashxislar ostida hamkasblarining zoʻri bilan oʻzi ishlayotgan shifoxonada uch kuncha yotib davolangan boʻldi.
— Yotmasangiz, davolanmasangiz ishga chiqishingizga ruxsat bermayman! — deb turib oldi bosh vrachning oʻzi. — Siz bizga hali koʻp kerak boʻlasiz!

Tan olish kerak, toʻqqiz yildan beri ta’tilga ham chiqmay tinmay ishlayotganligi tanasini horitgan ekanmi, Karimjon shifo bahona ancha-muncha dam olganday boʻldi. Natijada rangsiz yuziga qon yugurdi, ich-ichiga botgan koʻzlariga yana oʻt yolqinlana boshladi.

Agar muolaja amallari yana ikki-uch kun davom etsa, Karimjon jarroh butunlay tuzalib ham ketgan boʻlardi, ehtimol.

Ammo...

Karimjon aniq biladi. Bir kishilik palataga yotqizilganining uchinchi kuni edi.

Namozshom palla edi.

Ochiq derazadan shifoxona hovlisiga koʻz tashlab turgan Karimjon jarroh ginekologiya boʻlimi eshigi yonidagi oʻrindiqda qachondan beri yalpayib oʻtirib olgancha, ora-sira sigareta tutatib qoʻyayotgan yigitga diqqat qildi.

Zero, yigitning nimasidir jarrohga tanish tuyulgandi. Ha, ha, adashishi mumkin emasdi. Bu — Narimon edi.

Nahotki...

Karimjon koʻzlarini yirib shu tarafga qaradi.

Qorongʻulik asta-sekin quyuqlashib bormoqda edi.

Shu mahal ginekologiya boʻlimi eshigi ochildi. Xuddi shuni kutib turganday, eshik tepasidagi chiroq ham yondi.

Darhaqiqat, Narimon shoshmasdan, viqor bilan oʻrnidan turdi va eshikdan hamshira yetovida, oyoqlarini arang bosgancha chiqib kelgan, odmigina kiyingan bir juvonni qarshi oldi. Boshini yerga egib olgan juvonning yuzi koʻrinmasdi.

Hamshira qaytib ketdi.

Narimon juvonni asta belidan quchib oldi. Ikkovlon darvoza tomon bir-bir bosib yurib ketishdi.

Juvon... arang qadam bosardi.

Karimjon jarroh sifatida darhol barisini tushundi: juvon abort operatsiyasidan chiqib kelmoqdaydi... Insofsizlar hech boʻlmasa bir kecha yotib, dam olishiga ham ruxsat berishmabdi shoʻrlikka... Agar hozir qon ketsami...

Birdan Karimjon seskanib ketdi. Illo jarroh jiyani Narimon oʻz niyatiga yetganini, ya’ni «suygan qizi»ni ikkinchi bor abort uchun stolga yotqizganini payqagandi...

Miyasi loʻqillab ogʻrib, butun vujudi misday qizib ketgan Karimjon engashib, bu juftlik ortidan nimadir demoqchi boʻldi, ammo tomogʻidan xirqirashga oʻxshash ovoz chiqdi, xolos...

Tarang tortilgan asablar bu safar ham dosh berolmadi — jarroh shu alfozda, tobora oʻzidan uzoqlashib, darvozaga yaqinlashayotgan juftlik tomon qoʻllarini choʻzgan koʻyi, bir ogʻiz ham soʻz aytolmasdan, umurtqa pogʻonasida paydo boʻlgan bemisl kuchli ogʻriq tobora yuqoriga oʻrlayotganini his qilgan holda hushsiz qulab tushdi...

* * *

Oradan ne fursat oʻtib, oʻziga kelgan Karimjon jarroh shu alfozda, oyoqlarida shippak bilan asta hovliga chiqdi, undan koʻchaga.

Shifoxonadan uyigacha unchalik uzoq emas, piyoda borilsa oʻn daqiqalik yoʻl.

Jarroh mana shu yoʻlni chuqur xayol ogʻushida qanday bosib oʻtganini bilmaydi.

Nihoyat arang ikkinchi qavatga koʻtarilib, eshikni ochdi.

Ichkarida... uni saqichsimon quyuq zulmat kutib turardi.

Boʻm-boʻsh yoʻlak... boʻm-boʻsh xonalar...

Karimjonning yuragi chidab boʻlmaydigan darajada siqilardi. Goʻyo ogʻir, azobli bir tuygʻu yuragini to qop-qora qoni silqib chiqqunga qadar ezib, qiynamoqda edi...

Yolgʻizlik...

Jarroh toʻqqiz yildan beri shu uyda yolgʻiz oʻzi yashaydi.

Odamni yutib yuboradigan darajada huvillagan xonalar.

Odamning aqldan ozdirar darajadagi yolgʻizlik...

Karimjon jarroh hech bir narsaga qoqilmasdan, toʻppa-toʻgʻri ayvonga oʻtdi. Xayriyat, derazadan qoramtir koʻkda onda-sonda paydo boʻlayotgan yulduzlar koʻrindi.

Xuddi shu mahal...

Eshik ohista, nazokat bilan taqilladi.

Ha, ha, aynan nazokat bilan...

Jarrohning yuragi uvishib ketdi.

Karimjon bu gal oʻziga har qarichiga dovur yod boʻlib ketgan xonalardagi narsalarga qoqilib-suringancha eshikka chopdi.

U eshik yonida oʻzini arang toʻxtatdi va harsillab nafas olgancha, bir amallab sado berdi:
— Kim?

Eshik ortidan qiz bolaning etni jimirlatib yuborar darajada mayin, sehrli ovozi eshitildi:
— Men...

Nahotki...

Nahotki U kelgan boʻlsa...

Ha, bu Oʻsha edi...

Hatto hayratlanishga ulgurolmagan Karimjon jarroh shosha-pisha eshikni ochdi.

Garchand yoʻlak qorongʻi boʻlsa-da, jarroh eshik oldida bosh egib turgan qizning uyalayotganligini, hattoki lablarini qimtib olganini, yuzi esa olovday yonayotganini koʻrishdan koʻra koʻproq his etdi...
— Marhamat, Nazokat... — beixtiyor ortga tisarildi jarroh.
— Yuring, Karimjon aka... — ohista shivirladi juvon.

Shu soʻzni aytgach, qiz asta oʻgirildi va zinalardan sassiz qadam tashlagancha pastga tushib keta boshladi.

Karim jarroh ipsiz bogʻlangan bandaday uning ortidan yurdi...

* * *

Voqealar tizimi salgina tushunarliroq boʻlmogʻi uchun, yigirma yil ortga qaytishimizga toʻgʻri keladi.

Oʻshanda Karimjon oʻn besh yashar oʻspirin edi.

Fasli yoz edi.

Xoʻjalikdan oʻttiz chaqirimcha olisda joylashgan, koʻp yillar harbiy qism jangchilari tanklar bilan mashgʻulotlar oʻtkazgani sababli aholi orasida «tankodrom» nomi bilan mashhur uch yuz gektardan oshiqroq ulkan hudud oʻzlashtiriladigan boʻldi.

Harbiy qism boshqa viloyatga koʻchib ketgach, bu yerga tikilgan uch-toʻrt chaylaning bittasida Karimjon tengdoshlari bilan istiqomat qilardi. Ular bu yerga maktablik kiyimlari va darsliklar uchun uch-toʻrt soʻm pul ishlash ilinjida kelishgan edi. Ularning vazifasi haydalgan yerni tekislash, oʻtlarni chopish, yuzaga chiqib qolgan temir-tersaklarni terib, bir chekkaga yigʻish edi.

Oʻsmirlarga Akmal ismli qirqlarga borib qolgan, shu yoshida bezoriligi uchun ikki marta «oʻtirib chiqishga» ham ulgurgan, badaniga turli rasmlarni chizib tashlagan zoʻravon battol naq eshakday keladigan «Baron» laqabli kuchugi bilan brigadirlik qilardi. Aftidan, xoʻjalik raisi ham bezori Akmalning uzoqroq yurishini istab shu yoqlarga surgun qilgandi...

Oʻ, bu Akmal deganlarining xurmacha qiliqlari!

Akmal brigadir Oliya ismli indamas xotini va oʻn toʻrt yashar qizi Nazokat bilan «tankodrom»ning narigi chekkasidagi chaylada yashardi.

Tuni bilan aroq ichib, boʻralatib soʻkinib, uyidagilarni uxlatmay zit titratib chiqadigan bu hirsday baquvvat, buning ustiga toʻrva soqol qoʻyib, jundor yalangʻoch koʻkraginiyu badanidagi behayo rasmlarni namoyish qilganday faqat maykada yuradigan, ayniqsa butun yuzini kesib oʻtgan tirtigʻi yanada vahimali koʻrsatadigan daroz Akmal aka odamga teshib yuborgudek tik qarab turaverar, mabodo oʻziga nisbatan biron e’tirozni eshitib qolgudek boʻlsa, darrov zalvorli mushtini ishga solib qolardi.

Odatda, ichib olgan Akmal daroz (darvoqe, bolalar uni orqavoratdan «Ajal» deb chaqirishardi) tong saharda, hali quyosh ufqda yuz koʻrsatmasdan kelib bolalarni uygʻotardi. Toʻgʻrirogʻi, u bolalarni uygʻotib oʻtirmas, balki katta paqirda atay koʻtarib kelgan muzday suvni ularning ustiga separdi... Ana shundan keyin bir-ikkita ortga qolganlarni Baroniga «ol-kish»latib oʻtirardi.

Masxara shu bilangina tugab qolmasdi. Akmal daroz erinmasdan bolalarning ishini nazorat qilib yurar, birontasi sal dangasalik qilib qolsa, balo-qazoday uning ustiga bostirib borardi-da, qoʻlidagi quroli — yer haydash payti «tankodrom»dan topib olgan odam boldir suyagini azot koʻtargancha:
— Seni oʻldirib, shu yerga koʻmib ketaman. Oradan ellik yildan keyin manavinga oʻxshab har joy-har joydan suyaklaring chiqadi! — deb boʻkirardi. — Yo boʻlmasa hozir oʻldirib, goʻshtingni Baronga yediraman!

Shunday lahzalari uning chaqchaygan, qon toʻlgan koʻzlariga qarab turib ham Akmal daroz bu va’dasining ustidan chiqishiga ishonsa boʻlardi.

Brigadirning yana bir yomon odati bor edi: u odatda oʻziga va kuchugiga alohida qozonda, sersuyak ovqat qildirardi. Akmal darozdan qolgan goʻsht va yarim qozon suyakning huzurini Baron koʻrardi.

Xullas, Akmal daroz bolalarni bir oy mobaynida quldek ezib ishlatdi...

Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, oxiri bolalar kuchugi hamrohligidagi Akmalni koʻrishsa bas, qaltiraydigan boʻlib qolishdi. Ularning chekka-chekkadagi qoʻrqa-pisa shivir-shivirlariga qaraganda, Ajal hatto odamxoʻrlikdan ham qaytmas emish. Buni u qamoqxonada oʻrgangan emish...

Darozga esa xuddi shu kerak edi.

U battar quturib ketdi...

Falakning gʻaroyib, qovushmagan ishlarini qarang! Mana shu badbashara Akmal daroz va umri kaltak yeyishda oʻtayotgan mushtipargina xotini Oliya opaning farzandi Nazokat... ertaklardagi pari misoli suluv edi.

Oppoq yuz, kipriklari uzun-uzun, charos koʻzli, silliq, yaltiroq sochlari taqimini oʻpadigan Nazokat yovvoyi dalaga adashib tushib qolgan atirgul yoinki endi ochilib kelayotgan gʻuncha misoli ajralib turardi...

Ablah Akmal daroz hatto shu qiziga ham qoʻl koʻtarardi.

Oʻ, Karimjonning oʻzi necha marotabalab koʻrgan mushfiq qizning chekka-chekkada yum-yum yigʻlab oʻtirganlarini...

Karimjon qizga chin dildan achinar edi.

Ammo qoʻlidan achinishdan boshqa nima ham kelardi.

Akmal daroz hammaning jonini olib qoʻygan boʻlsa...

Karimjon qatorasiga uch kecha shu qizni tushida koʻrib chiqdi. Shoʻrlik zor-zor yigʻlab, nuqul «Qutqaring...» deb yolvorarmish.

Karimjonning boʻlari boʻldi.

U olisdan bir necha bor kuzatdi: qiz mungʻayibgina yurardi... Buni koʻrib yigitchaning yuragi battar oʻrtanib ketdi.

Karimjon Nazokatni sevib qolgandi...

Oʻsha oqshom yana qizni tushida koʻrdi. Lola yaprogʻiday munisa hamon zor-zor yigʻlar va Karimjonga «Qutqaring... qutqaring...» deya iltijo qilardi...

Oʻsha kuni Karimjonning qilayotgan ishi unchalik yoqinqiramadi shekilli, Akmal daroz uning boshida boldir suyagini oʻynatgancha doʻq ura ketdi:
— Kerak boʻlsa men senga oʻxshagan Salimjon-nimjonlarni bir urib, yerning tagiga kiritib yuboraman!
— Mening otim Karimjon, Salimjon emas... — titroq ovozda izoh berdi yigitcha.
— Nima deding?

Koʻzlari olayib ketgan darozni jumlaning ma’nosi emas, yigitchaning gap qaytarishga jur'at etganligi quturtirib yubordi. U boldir suyagini azot koʻtardiyu, Karimjonning orqasiga, umurtqa pogʻonasiga kuch bilan tushirdi. Yigit «ih» dediyu, gursillab yerga yiqildi.

Qilgan ishidan mamnun daroz boldir suyagini oʻynatgancha kuchugini boshlab chaylasiga qarab ketdi.

Zarba yomon boʻlgan ekan, Karimjon bir soatga yaqin oʻzini bilmay yotdi.

Bolalar chuvillab uyoqqa chopishdi, buyoqqa chopishdi.

Ammo ularning qoʻlidan nima ham kelardi.

Nihoyat Karimjon koʻzlarini ochdi.

Kimdir chaylada qaydandir paydo boʻlib olgan «aptechka»dan bitta termometr topib kelgan ekan, oʻshani darrov yigitchaning qoʻltigʻiga qoʻyishdi.

Ishqilib, Karimjon bir amallab oʻziga keldi.

U qoʻltigʻida muzdaygina boʻlib turgan termometrni olib, unga hayron boʻlib qarab turdi-da, soʻng choʻntagiga solib qoʻydi.

Baribir shu kuni u ishlay olmadi. Sal harakat qilsa bas, yelkasida, aniqrogʻi umurtqa pogʻonasida paydo boʻlgan kuchli ogʻriqdan dodlab yuborguday boʻlardi.

Sas chiqarmaslikka urinayotgan Karimjon tishlayverib lablarini qonatib yubordi.

Shu oqshom chaylada uxlashga yotishayotgan mahal hamxona yigitlardan biri vahimali tarzda shivirladi:
— Eshitishimga qaraganda, Ajal aka bir marta balogʻatga yetmagan qizni zoʻrlab qoʻyib ham qamalgan ekan. Bu odamdan ehtiyot boʻlish kerak. Oʻz koʻzim bilan koʻrdim: ichib olgan mahallari qiziga qarashlari juda yomon... Hayvondan farqi yoʻq bunaqa odamlarning qoʻlidan har balo keladi...

Karimjon... Oʻrtanib ketdi.

Ong-shuurini qoplagan gʻazab, alam, chorasizlik tuygʻularini bosib-yanchgan koʻyi toʻsatdan Karimjonning miyasiga bir fikr oʻqday oʻrildi: «Oʻldiraman uni!..»

Karimjon koʻp kitob oʻqirdi. Bir asarda Gamletning otasi qulogʻiga simob quyilib oʻldirilganini oʻqigandi. Yana bir kitobda Buxoro amirining bosh xotini kundoshidan qizgʻanib, erining qulogʻiga simob quygani haqidagi lavhaga ham koʻzi tushganday boʻluvdi.

Oxir-oqibat qalbini ham zabt etgan nafrat unga «Oʻldir! Oʻldir!» derdi. Qurol ham oʻz-oʻzidan qoʻliga tushib qolgandi.

Ammo bu niyatning qaror boʻlib shakllanishiga soʻnggi tomchi yetmay turgandi chamasi. Va bu voqea keyingi kuni sodir boʻldi.

Bolalar uzoqdan boʻlsa ham koʻrib turishdi: kechasi bilan ichib chiqqan Akmal daroz tongga yaqin qoʻlidan qoʻymaydigan boldir suyagini azot koʻtargancha xotinini chaylasidan quvib chiqqach, zipillab qochayotgan shoʻrlik rafiqasiga bir muddat tikilib turdiyu, toʻsatdan toʻxtadi-da, sallona-sallona qadam tashlagancha chaylasiga qaytib kirib ketdi.

Karimjonning yuragi orqasiga tortib ketdi.

Zero, chaylada Nazokatning yolgʻiz oʻzi qolgandi...

Yigitchaning qoʻllari musht boʻlib tugildi, koʻz oldi qorongʻilashdi. «Oʻldiraman!» deya pichirladi u oʻziga oʻzi...

Ertasi kuni tushga Karimjon toʻgʻri daroz Ajal oilasi istiqomat qiladigan chayla tomon yurdi.

Odatdagidek, chayla yonidagi qozonda brigadir va uning sevimli kuchagi Baron uchun alohida qozonda sergoʻsht shoʻrva tayyorlanayotgandi.

Karimjon uzoqdan bir muddat kuzatib turdi.

Aftidan, daroz yebtoʻymas Baroni bilan qaygadir aylanishga ketganga oʻxshaydi.

Demak, chayla ichida ona bilan bola qolgan, xolos.

Shoshilish kerak edi.

Nainki qoʻllari, oyoqlari ham dir-dir titrayotgan Karimjon bir amallab qozon yoniga keldi.

Oʻchoqda oʻt yonardi. Qozonda bilq-bilq qaynayotgan yogʻli shoʻrva. Saraton oftobida atrofning, odamning jizgʻinagi chiqib, miyasi qaynab yotibdiyu, darozning yegani moy...

Karimjon oʻzini oʻzi battar asabiylashtirishga uringan koʻyi daroz haqida nafrat bilan oʻylashga harakat qilgancha qozon ustiga engashdi va choʻntagidan termometrni chiqardi.

Karimjon ikki-uch marta termometrning kumush qoplangan quyi qismini sindirishga urinib koʻrdi, ammo buning evini qilolmadi.

Endi oʻzidan jahli chiqa boshlagan yigitcha qandaydir gʻayri tabiiy tarzda termometrni qaynab turgan qozonga tiqdi...

Nimadir «tirs» etib singanday boʻldi.

Karimjon termometrni koʻtardi.

Darhaqiqat, uning quyi qismi singan edi.

Xuddi shu lahzada, yigitcha hali oʻzidan oʻzi mamnun boʻlib ulgurmasidan ham burun ortidan kimdir qarab turganini his qildi.

Karimjon shoshib oʻgirildi.

Chayladan chiqib kelgan Nazokat koʻzlarini katta-katta ochgancha unga ajablanish aralash qoʻrquv bilan tikilib qolgan edi...

Karimjon qoʻlidagi quyi qismi singan termometrni qanday qilib shimining choʻntagiga solganini bilmaydi.

Qizning oʻtkir nigohiga dosh berolmagan yigitcha birdan boshini egib olgan koʻyi tengdoshlari kun tigʻida ishlayotgan dala tomon tez-tez yurib ketdi...

Shu oqshom Karimjon mijja qoqmay chiqdi. Uning koʻz oldidan Nazokatning ajablanish aralash qoʻrquv aks etgan nigohi ketmasdi...

Brigadir esa...

Bir hafta oʻtar-oʻtmas brigadirning mashqi toʻsatdan pasaydi: u endi kamroq yurib, koʻproq dam oladigan boʻldi. Soʻng uning tishlari tusha boshladi... Keyin soch toʻkilishi... Bolalar qatori Karimjon ham Baronning tuyqusdan ozib, qorni ich-ichiga botib ketganini, ovqatga qaramay ham qoʻyganini kuzatib turarkan, yuragiga bosib kelgan vahima tuygʻusidan qutulish uchun oʻzi ish bilan chalgʻitishga jon-jahdi bilan urinardi...

Avval Baron ketdi. Bu... Oʻsha mash'um voqeadan keyin bir oylar oʻtib sodir boʻldi.

Tobora darmonsizlanib borayotgan brigadir suyukli kuchugiga koʻp aza tutib oʻtirmadi. Zero endi uning oʻzi vahima, azob komida qolgandi...

Akmal daroz kuchugi vafotidan keyin qirq kundan koʻproq yashadi. Bu paytga kelib dalada ish tugamagan boʻlsa-da, ta’til yakunlanganligi sababli bolalar maktabga qaytishgandi...

Xoʻjalik bolalarga yaxshigina pul toʻladi.

Brigadirga ham.

Ammo... Akmal daroz endi pulga qiziqadigan, pulni koʻrib quvonadigan ahvolda emasdi...

 Yaxshiyam milsiz qoʻrquv va vahima ichida oʻtgan bir necha oy ichida Karimjon biron marta Nazokat bilan yuzma-yuz boʻlmadi...

Buning ustiga, erining vafotidan soʻng Oliya xola qizini olib tezlikda ota-onasining qishlogʻiga koʻchib ketdi...

Bu orada Karimjon maktabni bitirdi. Umurtqa pogʻonasidagi jarohat har zamonda oʻzidan darak berib, butun vujudini bir necha kunlar mobaynida mislsiz azoblarga solsa-da, yigit tishini tishiga qoʻyib chidar edi. Ammo... koʻngil azobiga chidash mushkul ekan...

Karimjon koʻp oʻylandi... Koʻp pushaymonlar qildi...

Ammo endi qoʻlidan nima ham kelardi.

Karimjon meditsina institutiga oʻqishga kirdi. Uni imtiyozli diplom bilan bitirgach (zero, endi u oromni faqat tinmay oʻqish va ishlashdan olardi, toki horib-charchab, oqshom koʻrpasiga qulasinu uxlab qolsin, ana shundagina oʻtmish xotiralari uni bezovta qilolmaydi, azobdan simillab turgan koʻksiga yangi pushaymon qozigʻini qoqolmaydi), jarrohlik bilan shugʻullana boshladi. Tez orada «qoʻli yengil jaroroh» degan nom orttirdi.

U tinmay ishlardi.

Ishga boshi bilan shoʻngʻib ketgani boismi, uylanishga ham fursat topmadi chogʻi. Ota-onasi yoki yaqinlari, qarindosh-urugʻlari uylanishdan gap ochishsa bas, nimagadir Karimjonning koʻz oldida oʻziga shahlo koʻzlarini katta-katta ochgancha ajablanish aralash qoʻrquv bilan qarab turgan Nazokat siymosi paydo boʻlardi va jarroh hamsuhbatlaridan asabiy oʻjarlik hamda qat'iylik bilan bu mavzuda aslo gap ochmasliklarini talab qilardi...

Nihoyat...

Nihoyat Karimjon jarroh mutlaqo kutmaganda Nazokatning oʻzi uning xonadoniga tashrif buyurdi...

* * *

Bu ne baxt!

Bu ne saodat!

Yuragi toʻliqib ketgan Karimjon jarroh Nazokatga nedir yaxshi gaplar aytgisi, uning hol-ahvolini, turmushini soʻrab-surishtirgisi keldi. Ammo qizning indamay ketayotganini koʻrib, nimagadir bunga jur'at etolmadi.

Nazokat esa toʻgʻri Karimjon jarrohning mashinasi turadigan garaj yoniga bordi va ortiga oʻgirilib, sirli tabassum ila jarrohga murojaat etdi:
— Bir aylanib kelaylik, Karimjon aka...
— Xoʻp boʻladi... juda yaxshi-da...

Hovliqib qolgan jarroh shosha-pisha garaj eshini ochdi va mashinani tashqariga olib chiqdi. Nazokat uning yoniga oʻtirdi.

«Neksiya» tun zulmatini yorgan koʻyi oldinga intildi.
— Qayoqqa hayday? — soʻradi Karimjon Nazokat tomon oʻgirilib.

Oldindan koʻz uzmay ketayotgan Nazokat kulimsirab qoʻydi-da:
— Oʻzimizning qishloqqa, — dedi.

Ajabki, jarroh darhol gap qaysi qishloq xususida ketayotganini tushundi.

Hayajondan tomogʻi quruqshab ketgan Karimjon savol bermoqchi boʻlib bir necha marotaba ogʻiz juftladi, ammo har gal bunga jur'at etolmadi. Axiyri uning ahvolini sezdi shekilli, latofat ila kulimsirab qoʻygan Nazokat ohista pichirladi:
— Savollar keyin, Karimjon aka...

Qizning amriga boʻysunmaslikning iloji yoʻqday edi...

Qishloq unchalik olisda emasdi. Nari borsa bir soatlik yoʻl.

Toʻliqib ketayotgan, quvonchli hayajondan dir-dir titrayotgan jarroh tezlikni oshirdi.

Ular tuman markazidan chapga qayrilishgan mahal yoʻl chetida turgan yoʻl-patrul xizmati inspektori koʻchaga chopib chiqib, qorongʻida yonib turgan qizil tayogʻini koʻtardi.
— Obbo...

Shundagina mashina hujjatlari uyda qolganini eslagan Karimjon jarrohning afti burishdi. Ammo toʻxtamaslikning ham iloji yoʻq edi.

Inspektor qayrilish chirogʻini yoqqancha yoʻl chetiga oʻtib toʻxtagan mashina yoniga haydovchi tomondan yaqinlashdi va:
— Viloyat yoʻl-patrul xizmati inspektori katta serjant Nabiev, — deya oʻzini chest berib tanishtirdi. — Marhamat qilib hujjatlaringizni koʻrsatsangiz.

Ogʻir uf tortib qoʻygan Karimjon jarroh vaziyatni tushuntirishga urinib koʻrmoqchi boʻlib katta serjant tomon oʻgirildi.

Shu mahalgacha qovogʻidan qor yogʻib turgan katta serjantning birdan yuzi yorishdi:
— E, e, Karimjon aka, oʻzingizmisiz?

Sal yengil tortgan jarroh darrov bosh irgʻadi.
— Birontasi ogʻirlashib qolibdimi deyman, juda tez kelayapsiz? — dedi katta serjant hamdardlik bilan.

Jarroh noiloj yana bir bosh bosh irgʻadi.
— Unda yoʻldan qolmang, — dedi katta serjant shosha-pisha. — Faqat ehtiyot boʻlib yuring. Iloji boʻlsa avariya chiroqlarini yoqib oling. Bunaqa payti vrachlarga mumkin. Qaytishda esa albatta toʻxtab oʻting. Oʻzi sizga qachon choy beraman deb intiq boʻlib yurgandim.

Shundan keyin katta serjant jarrohning oʻziga savolomuz boqqaniga javoban izoh berdi:
— Siz otamni operatsiya qilib, oʻlimdan qutqarib qolgansiz... Lekin siz hozir ketavering. Qaytishingizda bafurja hangoma qilamiz...
— Xoʻp...

Darrov gazni bosgan Karimjon jarrohning xayoliga «Bu dalli-gʻulli katta serjant Nazokatga e’tibor ham bermadi-ya. Xuddi koʻrmagandek», degan oʻy keldi va beixtiyor:
— Oson qutuldik, — deb qoʻydi.

Bunga javoban Nazokat sirli kulimsirab qoʻydi.

Mashina tobora qorongʻulikka, zulmat quchogʻiga kirib borardi.

* * *

«Neksiya» qishloqqa kirib keldi.

Karimjon jarroh endi jiddiy qiyofada oʻtirgan Nazokatga oʻgirildi:
— Qayoqqa hayday?

Qiz yoʻldan koʻz uzmay javob qaytardi:
— Oʻsha yoqqa...

Ajabki, jarroh bu safar ham qiz qay manzilni nazarda tutayotganini shu bir ogʻiz soʻzdanoq anglab oldi...

Mashina sobiq «tankodrom», endi esa bir tekis gʻoʻza va bugʻdoylar oʻsib yotgan, dov-daraxtlarga burkangan dalaga kirib keldi.

Qorongʻulikda biron nimani ilgʻash mushkul edi. Ayniqsa mashina chiroqlari yorugʻida ulkan daraxtlarning yanada kattalashib ketgan soyalari afsonaviy devlar misoli chayqalib, yoʻlni battar chalkashtirib tashlayotishgandek edi. Biroq Karimjon jarroh... Oʻsha voqea yuz bergan joyni, chayla oʻrnini adashmay topib bordi.

Nihoyat «Neksiya» toʻxtadi.

Ikkovlon mashinadan tushishdi.

Osmon bagʻrini yulduzlar bodroqdek toʻldirgan. Hov olisda esa oltin sirgʻa misoli hilol yuz koʻrsatdi...

Yengil kiyinib olgan boʻlsa-da, Karimjon jarroh dalaning nam havosini tuyganiga qaramasdan, sovqotganini sezmadi. Shunday boʻlsa ham, u xavotirlanib hamrohiga qaradi. Harir liboslarga chulgʻangan suluv Nazokat diqqat bilan hov oʻshal chayla oʻrniga qarab turardi. Aftidan, qiz ham sovuqni sezmagandi.

Nimagadir salqin shabada esib oʻtganday jarrohning badani seskandi, soʻng esa yuragi uvishib ketganini tuydi... Nogoh jarroh oʻsha, umurtqa pogʻonasida qolgan jarohat oʻrnida yana milsiz ogʻriq qoʻzgʻalib, jismi-joniga azob bera boshlaganini his etdi...
— Mana bu yerda oʻchoq bor edi. Unda olov yonib turgandi... — banogoh shivirlab qoldi Nazokat. — Qozonda ovqat pishayotgandi. Siz...

Karim jarroh gap nima haqida ketayotganini darhol tushundi.
— Ha, — dedi jarroh xoʻrsinib. — Men ovqatga simob soldim...
— Shu bilan otamning qotiliga aylandingiz, — hamon oʻchoq joyidan koʻz uzmagan koʻyi jiddiyat ila ta’kidladi Nazokat.
— Lekin men... — shosha-pisha oʻzini oqlashga urindi Karimjon.

Biroq shu zahoti bu ortiqcha ekanligini his qildi va jim turib qoldi.
— U birovning otasi edi, — ohista shivirladi Nazokat. — Birovning eri... Birovning qarindoshi... U ham inson edi...

Karimjon jarrohning mijjalariga achchiq koʻz yoshi quyildi...

U hammasini tushungandi... «Nahot... nahot ajr deganlari shu boʻlsa...» degan fikr oʻtdi jarrohning vayrona qalbidan.
— Ha, — deya pichirladi hamon oʻchoq joyidan koʻz uzmayotgan qiz, — hammasining javobi bor... Hammasining...

Karimjon jarroh soʻnggi bor e’tiroz bildirmoqqa urindi:
— Axir urushlar... qanchadan-qancha begunohlar... homilani olib tashlashlar...

Nazokat shivirlab javob qaytardi:
— Hammasining... hammasining javobi bor... Vaqt-soati keladi... Javobdan qochib qutulib boʻlmaydi...

 Karimjon jarroh asta tiz choʻkdi va qaynoq koʻz yoshlariga koʻmilgan koʻyi qizga iltijo qildi:

— Meni kechiring...

Qiz lablarini asta qimirlatdi va:
— Bu yogʻi Yaratganga havola, — degan jumla balki sado boʻlib quloqlaridan kirdimi yoinki hukm yangligʻ yuragiga yozildimi — buni Karimjon jarroh anglolmay qoldi...

Nazokat asta-sekin, sassiz qadam tashlagan koʻyi mash'um qotillik yuz bergan joydan uzoqlashib, qorongʻulik qa’riga singib keta boshladi.

Karimjon jarroh esa hamon tiz choʻkkan joyida koʻz yoshlariga gʻarq boʻlib iltijolar qilar, kimlardandir kechirim soʻrar, tavba-tazarrular etar, ammo bir mutloq haqiqatni — Hukmi Oliyni oʻzgartirib boʻlmasligini yurak-yuragidan his etardi...

* * *

Tongga yaqin oʻz dalalariga kelgan dehqonlar ulkan daraxtlar bagʻridagi oddiygina chayla yonida eshiklari lang ochiq turgan «Neksiya» mashinasini koʻrishdi. Mashinadan uch-toʻrt qadam uzoqda esa oʻttiz-oʻtiz beshlarga borgan, koʻrinishidan ziyoli, ammo oyoqlariga shippak ilib olgan bir yigit yerni quchoqlagancha oʻlib qolgandi.

Bu Karimjon jarroh edi...

Ajablanarli tomoni shunda ediki, marhumdan qoʻl uzatsa yetgulik masofada qandaydir koʻhna boldir suyagi tuproqqa qorishib yotardi...