OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Асарга баҳо беринг


Асарни сақлаб олиш

Асарни ePub форматида сақлаб олиш (iBooks ва Kindle каби ereader'ларда ўқиш учун) Асарни PDF форматида сақлаб олиш Асарни OpenDocument (ODT/ODF) форматида сақлаб олиш Асарни ZIM форматида сақлаб олиш (Kiwik каби e-reader'ларда ўқиш учун) Icon book grey.gif

Асар тафсиллари
МуаллифАбдуқаюм Йўлдош
Асар номиКатта одамнинг кичкина таниши (ҳикоя)
ТуркумларКутубхона
Xалқлар
   - Ўзбек/мустақиллик адабиёти
Бўлимлар
   - Миллий адабиёт
Муаллифлар
   - Абдуқаюм Йўлдош
Услуб
   - Наср
Шакл
   - Ҳикоялар
Ёзув
   - Кирил
ТилЎзб
Ҳажм20KB
БезатишUzgen (admin@kutubxona.com)
Қўшилган2013/06/19
Манбаhttp://www.ziyouz.com/index...


iPad асбоблари
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Мазмун
Бу асар Ўзбек электрон кутубхонасида («OʻzLib»да) жойлашган. OʻzLib — нотижорат лойиҳаси. Бу сайтда жойлашган барча китоблар текин ўқиб чиқиш учун мўлжалланган. Ушбу китобдан фақатгина шахсий мутолаа мақсадида фойдаланиш мумкин. Тижорий мақсадларда фойдаланиш (сотиш, кўпайтириш, тарқатиш) қонунан тақиқланади.



Logo.png





Катта одамнинг кичкина таниши (ҳикоя)
Абдуқаюм Йўлдош

Har doimgiday, gʻalabaning egasi koʻp boʻldi.

Doʻstovullik Eshimqul kalning toʻngʻich oʻgʻli shaharda ka-atta amaldor boʻlgani xushxabari qishloqqa yetib kelar-kelmas, Xoliqulning bolaligida tirishqoq boʻlganini bilganlaru hov oʻsha zamonlar, ya’ni bolakay qishloq maktabida oʻqib yurgan chogʻlaridayoq uni toʻgʻri yoʻlga solgan, bugungi martabaga erishishiga hissa qoʻshgan, nainki kamtaringina hissa qoʻshgan, balki asosiy sababchi haybarakallachilar juda koʻpligi ayon boʻldi-qoldi.

Ayniqsa, maktab direktori Azimboy joʻshdi:
— Men bilardim! — dedi domla koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilgancha ogʻzidan koʻpik sachratib. — Men bilardim, kelajakda Xoliqul... Xoliboyning katta odam boʻlib ketishini! Shuning uchun maktabda unga e’tibor berardim, alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatardim... Ha, men bilardim...

Davrada oʻtirgan Sodiq hisobchi eshimchaga qoʻshimcha boʻldi:
— Boʻladigan bola boshidan ma’lum. Xoliqul... e, Xoliboy bizning qoʻshnimiz edi, koʻzi chaqnab turardi, shunday koʻz oʻngimda katta boʻldi. Men oʻzim bolaligidan erinmay uning tarbiyasi bilan shugʻullandim, odam boʻl, dedim, oʻqi, dedim...

Xullas, Xoliqulni zarur kitoblar bilan ta’minlab turgan kutubxonachi ham qolmadi, uni shaharga olib borgan haydovchi ham qolmadi... va ayon boʻldiki, bugun koʻksiga urayotganlarning hammasi maktabda eski kiyimlarga oʻranib yuradigan jimitdaygina Xoliqulda favqulodda iste’dod uchqunlarini vaqtida, ehtimolki, vaqtidan burun ilgʻab olishgan va bu uchqunning alanga olishiga oʻz hissasini qoʻshishgan ekan.

Bunday tuyaga minib, uzoqni koʻradigan oqillar safida maktabda oʻttiz besh yil matematika fanidan dars berib, oxirgi ikki yilda ichkilikka ruju qoʻygan, soʻng vinoxoʻrlikni bir amallab tashlab, oʻtgan yili eson-omon nafaqaga chiqib olgan Mixliboy aka ham paydo boʻldi.

Dastlab, mujdani eshitgan mahal uyda, arzimagan bir qop bugʻdoyni deya oʻzaro qirpichoq boʻlayotgan kap-katta, hattoki oilali, bola-chaqali farzandlari orasiga tushishga urinayotgan Mixliboy aka janjallashayotganlar e’tibori chalgʻiganidan mamnun holda, balki ularni yanada chalgʻitmoq qasdidami, atay beparvo ohangda gapirishga urindi. Zero, muallim ichkilikka berilib oʻtkazgan ikki yili davomida uyda obroʻ-e’tiborini ancha yoʻqotib qoʻygan va endi avvalgi mavqeiga erisholmay halak edi.
— Ha, Xoliqulmi? Uni oʻzim odam qilganman.

Bir-birlariga chaqchayib qarab turgan farzandlar nogoh oʻrtada mushtdaygina boʻlib, aybdor odamday yelkalarini qisib olgancha bujmayib turgan padar tomon qarashdi.

Ota bundan mamnun boʻldi chogʻi, bepisandlikka zoʻr berdi:
— Yurardi burnini oqizib. Odam boʻl, deb rosa qulogʻini choʻzganman. Necha marta darsdan chiqarib yuborganman. Koʻzida yoshi, moʻltirab kelib turardi. Kechirim soʻrardi. Urishib-urishib, keyin darsga kiritardim. Institutga oʻzim tayyorlaganman. Kirgandan keyin kelib rahmat aytib ketgan. «Bir umr unutmayman», degan...

Mixliboy aka gapni opqochar, farzandlari oʻziga qiziqib qaray boshlashganini sezgan sayin oʻzini tutolmay, toʻqimaga battar zoʻr berardi. Zero, asosiy gap toʻgʻri edi, ya’ni haqiqatan ham Mixliboy aka koʻp qatori Xoliqulni ham oʻqitgan. Buning uchun maosh olgan. Ehtimol, jahli chiqqan paytlari darsdan haydab solsa solgandir, buni aniq eslolmaydi. Faqat... yuragini jizillatib oʻtib ketgan xotira shu ediki, bir gal, dars tayyorlamay kelganda, oʻninchi sinfda oʻqiyotgan, kap-katta yigitcha boʻlib qolgan Xoliqulni:
— Sen odam boʻlmaysan, bola! Otangga oʻxshab umring birovlarning qoʻyini boqib oʻtadi! — deb soʻkkandi.

Bu yoqimsiz hodisa muallimning yodida qolgani sababi shunda ediki, oʻshanda, darhaqiqat, choʻponning oʻgʻli Xoliqul juda izza boʻlgan va sinfdan yigʻlab chiqib ketgan edi.

Mixliboy aka oʻsha voqeaga sal boshqacha tus berishga urindi: «Shunday qattiq turmaganimda odam boʻlishi qiyin edi, yurardi choʻpon tayogʻini yelkasiga solib... Demak, toʻgʻri qilganman...»

Ana shu dalda ta’sirida boʻlsa kerak, sobiq oʻqituvchi maqtanishni haddidan oshirib yubordi.
— Institutda oʻqib yurganidayam uch-toʻrt marta kelib rahmat aytib ketgan. Yangi ishga kirgan paytlaridayam bir-ikki marta koʻrishib edik, keyin ishlarga chalgʻidimi yo vaqti kammi...

Hamqishlogʻi Xoliboyning katta odam boʻlib ketgani xabarini olib kelgan Tirkash pochtachi ham muallimga hurmat bilan termulgancha:
— Ha, davlatning ishi, vaqti kam-da, boʻlmasa-ku... — dedi.

Bu pishang oʻziga juda yoqib ketgan Mixliboy aka sargʻayib ketgan ingichka moʻylovini silab, mamnun boʻlib ishshaydi:
— Boʻlmasa-ku...

Shu bilan bir qop bugʻdoy janjali oʻz-oʻzidan barham topdi. Farzandlar shu-unday katta amalga oʻtirgan odamni oʻqitgan, xususan, uni odam qilgan oʻqituvchining oldida toʻrt pud gʻalla deya yoqa boʻgʻishishni oʻzlariga ep koʻrishmadi shekilli...

Kutilmaganda oilada Mixliboy akaning obroʻyi koʻtarilib ketdi. Farzandlari endi uning oldida ovoz koʻtarib gapirmaydi. Ular orasidagi barcha nizolar pichirlab, shivirlab doʻq urishlaru bir-biriga musht doʻlaytirishlar orqali hal etilardi.

Bundan keksa muallimning boshi osmonda edi. U ogʻzining tanobi qochgancha qoʻlini orqasiga qilib hovlida u yoqdan-bu yoqqa gerdayib yurarkan, hatto yodida qolgan qoʻshiqlarni xirgoyi qilishdan oʻzini tiyib turolmasdi.

Shunday kunlarning birida padar yoniga toʻngʻich oʻgʻil Isroil yaqinlashdi.
— Ota, kecha televizorda Xoliboy akani koʻrdik. Juda basavlat odam boʻlib ketibdi, — deya boshladi gapini oʻgʻil.
— Ha, endi, oʻzi oldindan ham iligi toʻq edi-da, — dedi ota sir boy bermay.

Isroil ensasini qashladi.
— Bir maslahat bor edi, ota.

Mixliboy aka hushyor tortdi. Zero, pensiyaga chiqqach, farzandlar u bilan deyarli maslahatlashmay qoʻyishgandi.
— Xoʻsh? — deya oʻgʻliga savolomuz qaradi Mixliboy aka.
— Bir-ikki joyda sizning... Xoliboy aka bilan yaqin ekanligingizni aytuvdim... Hamma hayron qoldi. «Shunday tanishlaring boʻlib, shuytib yuribsizlarmi?» deyishdi.

Mixliboy aka tushunmadi.
— Qanday yuribmiz ekan?
— Anavi... orqasida hech kimi yoʻq odamlarga oʻxshab-da... Xoliboy aka... kerak boʻlsa bir ogʻiz gapi... yoki bir telefoni bilan katta-katta ishlarni toʻgʻrilab yuborarkan. Shunga... iltimos qilsangiz... sizga yoʻq demaydi-ku... bunday bir soʻm oyligi yoʻq ishda ezilib yuravermay, bunday bir odamga oʻxshab ishlay... zapravkagami, soliqqami ishga kirsam devdim... Ismoil arendaga bir «Damas» gaplashib bersin deyapti...

Mixliboy akaning ichidan qirindi oʻtdi, ammo sir boy bergisi kelmadi.
— Qanday boʻlarkan, oʻzi yaqinda ishga oʻtgan boʻlsa...

Oʻgʻil qoʻl siltadi:
— E, u kishiga nima, bir ogʻiz gapi, bir telefoni... El qatori xizmatini qilamiz... faqat sal keyinroq... uch-toʻrt soʻm topgandan keyin...

Mixliboy aka oʻgʻillarining bunday mehribon boʻlib qolganligining sababini ilgʻaganday boʻldi.
— Sal oʻylab koʻray-chi, — dedi u kishi vaqtdan yutish uchun.

Ammo Isroil boʻsh kelmadi:
— Oʻylab oʻtirasizmi, ota. Oʻzingizning shogirdingiz boʻlsa. Oʻzi «Ustoz, bizga nima xizmat bor?» deb turgan boʻlsa. Foydalanib qoling-da. Bizni oʻylamasangiz, ana, nevaralaringizni oʻylang...

Mixliboy aka shuncha oʻylandi, ammo katta amaldor Xoliqulning «Ustoz, bizga nima xizmat bor?» deb turganini eslolmadi. Shunday boʻlsa-da, oʻzining obroʻsini oʻzi toʻkkisi kelmay:
— Bir oʻylab koʻray emasa, — deb qutuldi.

Mixliboy aka yana bir haftacha farzandlar ardogʻida boʻldi. Biroq bu mehribon zotlar safiga ba’zi qarindosh-urugʻlaru tunish-bilishlarning ham qoʻshila borishi keksa oʻqituvchining koʻnglini gʻash qildi. Zero, ogʻzi boʻshroq Isroil ba’zi davralarda ichib olib:
— Bizdi paxan zoʻr. Xoliboy akaday odamdi odam qigʻan! Bir ogʻiz gapi bilan lyuboy problemani hal qilib tashlaydi! — deb aljib yurganini orqavoratdan eshitgan edi.

Bir haftadan soʻng oʻgʻillar gʻingshiy boshlashdi:
— Shuncha qiyinmi endi... shunday borib... Oʻzi «Bizga nima xizmat?» deb turgan boʻlsa...

Norozilikning bu tarzda gʻoʻngʻillab-toʻngʻillab ifoda etilishiga yana oʻsha ne-ne umidlaru orzular bilan bu xonadonga tanda qoʻyib olgan tanish-bilishlaru xesh-urugʻlarning asabiy tarzda pishqirishlari qoʻshilardi...

Oxiri chiday olmagan ota:
— Yoʻlga bir soʻmim boʻlmasa, bitimni sotib boramanmi! — deb qutuldi.

Bu vaj asosli edi. Ammo Mixliboy aka ishonchli deb oʻylagan zirhli qalqoni uch kunga zoʻrgʻa chidash berdi, xolos...

Endi barcha katta-kichik davralar toʻri egasiga aylangan Eshimqul kal... e, Eshimqul aka kutilmaganda kelasi hafta amaldor oʻgʻli toʻngʻich qizini chiqarayotganini e’lon qilib qoldi. Shunga otasiga xizmatidagi xodimlarning bittasini yuboribdi, falon kuni qishloqdoshlarni yigʻib kelaversin, toʻy restoranda boʻladi, debdi. Bu e’lon aytilgan zahoti negadir koʻpchilik bir ovozdan toʻyning restoranda oʻtkazilishi naqadar ajoyib, zamon talabiga mos ekanligini aytishga shoshdi...

Xullas, shaharga, toʻyga boradiganlar roʻyxati tuzila boshlandi. Bu mas’uliyatli ishga qishloq oqsoqollari bosh-qosh boʻlishdi.

Nihoyat, ikkita «Damas»ga sigʻadigan oʻn ikki kishining ism-sharifi rasman tasdiqlandi.

Mixliboy aka «Ishqilib, meni yozishmasin-da», deb yuragini hovuchlab turgandi, aksiga olib, uni unutishmabdi.

Buni eshitgan toʻngʻich oʻgʻil otasining oldiga hovliqib kirib keldi:
— Endi bormasangiz boʻlmaydi, ota. Xoliboy akayam xafa boʻladi, ustozim kelmabdi deb.

Darhaqiqat, borishdan oʻzga iloj qolmagandi.

Isroil koʻp narsani tushunadigan kishi sifatida otasiga aql oʻrgata boshladi:
— Amaldor odam toʻy qilmaydi, ota, toʻyona yigʻadi. Xoliboy akayam pishiqqinaga oʻxshaydi, tepaga koʻtarilganida berganini qaytarib olmoqchiga oʻxshaydi. Sizam toʻyonani tuzukroq bering, qarindosh-urugʻlarga aytdim, topganini yigʻib berishadi. Iltimosni ana undan keyin ayting. «Bolalar xizmat qiladi yana», deb qoʻshib qoʻying. Shunda shogirdingizning ham koʻngli xotirjam boʻladi, xizmatniyam ogʻrinmasdan qiladi.
— Toʻyona? — dedi ota savolomuz.

Oʻgʻil ming qoʻyli boyday beparvo qoʻl siltadi.
— Bu tomonini oʻylamang... Siz u tomonning gʻamini yeng...

Mixliboy muallimning «oʻzi odam qilgan» shogirdi, bugun kattakon amaldorga aylangan Xoliboynikiga toʻyga borayotganini eshitgan tanish-bilishlar, xesh-urugʻlar topganini olib kelaverishdi. Faqat... faqat ularning har birining «kichkinagina» iltimosi boʻlardi: kimnidir ishga joylashtirish kerak, kimnidir ishdan olish kerak, kimga traktor, kimga yer, kimga tegirmon... Ayniqsa, ikkita besh yuz soʻmlik koʻtarib kelgan yetmish yashar Olima momoning iltimosi qat’iy boʻldi:
— Xoliboyga ayt, mening ikkala nevaramni melisaga ishga joylab qoʻysin! Unga nima, bir ogʻiz gapi...

Iltimoslar shu qadar koʻp ediki, oxiri Mixliboy aka ularni chalkashtirib yubora boshladi. Shunda oqil toʻngʻich oʻgʻilning maslahati bilan alohida bir daftarcha tutildi va barcha buyurtmalar unga qayd etila bordi.

Mixliboy aka toʻyonaga atalgan pul yoki sovgʻa-salomni olar, iltimoschining talabini daftarchaga tirkar, ayni paytda yuragi duk-duk urgan holda boshini koʻtarmasdan oʻtiraverar, nimagadir kelguvchilarning koʻziga tik qarashga choʻchirdi.

Mixliboy aka yoʻl boʻyi reja tuzib keldi.

Reja unchalik yomon emas edi. Tugunchadagi oʻttiz ming soʻmcha pulni, ikkita choponni beradi-da, Xoliboyni chekkaroqqa chaqirib:
— Qani, bir gaplashib olaylik, uka, — deydi.

Tabiiyki, Xoliqul:
— Bizdan nima xizmat, ustoz? — deydi.

Shunda muallim oʻzining sobiq oʻquvchisiga oʻgʻlining iltimosini shipshitib qoʻyadiyu, qolgan iltimoslar roʻyxatini beradi-da, shu bilan qutuladi-qoʻyadi. Ularni bajaradimi-bajarmaydimi — Xoliqulning ishi. Muallimning vazifasi — topshirish, xolos...

Butun kechasi yoʻl yurishdi. Shaharda toʻy nahorda boʻlarkan. Eshimqul kal qoʻlidan qoʻymayotgan zarhal harfli taklifnomada ham «nahorgi oshga» deb yozilgan edi.

Toʻymisan toʻy ekan-da oʻziyam! Bunaqangi mahobatni, bunaqangi toʻkin dasturxonni umrlarida koʻrmagan vakillar hazilakamiga dovdirashmadi. Hatto Eshimqul kal ham qaltirab qoldi.

Restoran deganlari qishloqdagi maktabning stadioniga oʻxshagan katta joy ekan. Yana qanaqa joy deng. Shiftida allambalo katta, oʻziyam kamida mingta chirogʻi bor qandil. Naqshinkor devorlar koʻzni qamashtirguday yaltiraydi. Butun zalga, ha, butun zalga qip-qizil, choʻgʻdek yonib turgan gilamlar toʻshalgan. Qishloqda bunday gilamni devorga ilib qoʻyishga koʻzi qiymaydi odamning. Shu gilam ustidan oyoq kiyimini yechmay oʻtaverish kerak ekan. Ana shunda kamida besh yuzta odamga moʻljallab tuzalgan ochildasturxonga duch kelasiz. E, nimalar yoʻq edi bu yerda! Olma-uzumdan tortib mayizgacha, shokoladu pechenedan tortib ta’mi oʻzimizning handalakni eslatadigan banan degan allambalo!

Hamqishloqlari qatori tuguncha koʻtarib olgan Mixliboy aka ham uyalib-qimtinib koʻrsatilgan stolga oʻtirdi. Toʻrda artistlar maqomni aytib yotishibdi. Mixliboy aka shuncha alangladi, ammo Xoliboyga koʻzi tushmadi. Boya darvoza yonida qoʻlini koʻksiga qoʻyib turganlar safida koʻringanday boʻluvdi-ya. Vaqt esa oʻtib borardi. Buning ustiga darhol osh tortildi.

Mixliboy akaning tomogʻidan ovqat oʻtmadi. U oshdan keyin qaytib ketishlari ehtimoli borligidan xabardor edi. Mixliboy aka bir narsaga ishondi: u hech qachon sobiq oʻquvchisi yoniga borib, betakalluf ohangda «Gaplashib olaylik, uka», hatto «aka» ham deyolmaydi.

Mixliboy aka asta sirgʻalib davradan chiqdi va chiqish eshigi tomon yurdi. Shu zahoti xizmatdagi uch-toʻrtta sertakalluf yigit uning huzuriga otilib kelishdi:
— Xizmat, aka?

Muallim beixtiyor iljayib qoʻyarkan:
— Men hozir, — deb gʻoʻldiradi.

Kapalaknusxa boʻyinbogʻ taqqan yigitcha tavoze bilan oʻng tomonga ishora qildi:
— Eshikdan chiqqaningizdan oʻng tomondagisi erkaklarniki...

Mixliboy aka qizarib-boʻzarib:
— Xoʻp, xoʻp, — degancha tashqariga oshiqdi.

Muallim endi ikki qadam yurganini biladi, kapalaknusxa boʻyinbogʻ taqqan boshqa yigitcha qoshida paydo boʻldi va sal egilinqirab, deyarli shivirlab soʻradi:
— Agar koʻnglingiz tusayotgan boʻlsa, anavidan ham bor, aka. Xohlasangiz choynakda olib kelib beraman...

Buni eshitib battar dovdirab qolgan muallim bir amallab:
— Yoʻgʻ-e, yoʻgʻ-e, — degancha oldinga intildi.

Bu yigitlarning odobini qarang! Oddiy bir muallimga xuddi ministrga muomala qilganday munosabatda boʻlishayapti-ya... Ha, shahar — shahar-da...

Muallim odam gavjum yoʻlaklardan zipillab oʻtib, darvozaga yaqinlashgan mahal sekinladi. Ha, mana, ikki tarafda qator turib olgan yigirmatacha odam, bari birday qoʻllarini koʻksilariga qoʻyganlaricha, kelayotganlarga:
— Xush koʻrdik, akalar ... Xush kelibsiz, akalar... Marhamat, akalar... — deb turishibdi.

Mixliboy aka Xoliqulni uzoqdan tanidi. Darhaqiqat, ancha toʻlishibdi, chakka sochlari sal oqaribdi. Chindan ham basavlat amaldorga aylanibdi. Kiygan kiyimiyam oʻziga quyib qoʻyganday yarashgan. Tuflisi yaltirab turibdi.

Mixliboy aka Xoliqulga qarshi tarafda qoʻlini koʻksiga qoʻyib turganlar safining chekkasidan joy oldi.

Muallim sobiq oʻquvchisini besh-oʻn daqiqa kuzatib turarkan, nogoh yuragi uvishib ketganini his qildi va beixtiyor oʻgʻlining soʻzlarini esladi: «Amaldor toʻy qilmaydi, toʻyona yigʻadi...»

Zero, Xoliqul toʻyona yigʻmoqdaydi.

Faqat... qishloqdagi toʻyga oʻxshab daftar-qalam ushlagan toʻyona yigʻuvchi yoʻq edi. Kelguvchilarning aksariyati Xoliqul bilan quchoqlashib koʻrishar, toʻy bilan qutlar va qoʻl berib koʻrishgan kishi boʻlib toʻy egasining kaftiga... bir narsa qistirib ketishardi.

Xoliqul buni juda oddiy tarzda, xuddi shunday boʻlishi kerakdek xotirjamlik bilan qabul qilar, toʻyonalarni ham yengil harakat bilan kostyumi yoki shimining choʻntagiga solib qoʻyardi.

Mixliboy aka odamlar safi ortidan ilgari yurdi va koʻzlarini katta-katta ochgan koʻyi yana besh daqiqacha toʻy egasini diqqat bilan kuzatib turdi. Shu payt uning yonida turgan odam egilib, sherigiga shivirladi:
— Hammasi yuztalik. Hammasi toʻgʻri... Qancha boʻldiykan?

Uning sherigi ham sal egilinqirab javob qaytardi:
— Olti mingga borib qoldi. Yana mingtalar kelar...

Mixliboy muallimning boshi aylanib ketdi.

Olti ming-a. Yana «koʻk»idan...

U esa oʻttiz ming soʻm, ikkita yupqa chopon berib, evaziga oʻttizta iltimosni bajartirmoqchi...

Mixliboy muallim shu lahzadagina qattiq yanglishganini tushundi. Ammo ortga chekinishga ham yoʻl yoʻq edi. Mayli, shunday borsa-da: «Xoliboyjon, jon aka, yordam bering», deb aytsa-chi... Axir, bu yerda katta-kichik bir-birini «aka» deb chaqirarkan-ku.

Muallim choʻntagidagi pulni mahkam qismlagancha Xoliqul tomon yurmoqchi boʻlgan chogʻida toʻyonaga deb berilgan ikkita chopon stolda qolganini esladi. Nima qilsin? Obkelib, Xoliqulning ustiga yopsamikan? Shu bahonada uning e’tiborini oʻziga qaratgan boʻlardi. Ana oʻshanda, bir amallab iltimoslar roʻyxati yozilgan qogʻozni ham berib yuborgan boʻlardi... Muallim roʻyxatni bersa bas edi, yelkasidan togʻ agʻdarilardi, iltimoschilarning oldida bemalol, sof vijdon bilan:
— Aytganlaringizni yetkazdim, — deya olardi.

Qolgani Xoliqulning oʻziga havola.

Shu payt qaydadir bulbul sayraganday boʻldi va Xoliqul choʻntagidan jimitday telefon apparatini olib qulogʻiga tutdi-da:
— Eshimov eshitadi, — dedi.

U yoqdan nimadir deyishdi chogʻi, Xoliqul jiddiyat ila:
— Hozir yetib boraman, — dedi va yonida qoʻl qovushtirib turgan yigitga qarab bosh irgʻadi.

Yigit zipillab pastga tushib ketdi. Shuni kutib turganday darvoza yoniga qop-qora, uzun mashina kelib toʻxtadi. Xoliqul shu tomonga yura boshladi.

Mixliboy muallim hammasi tugayotganini his qildi. Xoliqul ketib bormoqdaydi. Qaytib keladimi, kelmaydimi — Xudo biladi. U yoqda esa muallimni farzandlari, yana kamida oʻttizta iltimoschi sargʻayib kutib turishibdi. Goʻshtini xomtalash qiladi ular!

Muallim pastga otildi. Zinalardan chopib tusharkan, oʻz gavdasini oʻzi tutib turolmasdan shiddat bilan borib qora mashinaning orqa eshigiga urildi va jon achchigʻida eshikni ochib, ichkariga kirib olmoqchi boʻldi. Muallimning rejasi bu safar ham oʻta joʻn edi: orqa oʻrindiqqa joylashib oladi-da, to ish joyiga yetib borgunga qadar Xoliqulga qishloq yangiliklarini gapirib ketadi, orada toʻyonani va iltimosnomani ham topshirishni uddalaydi.

Biroq nechukdir rangi quvday oʻchib ketgan boyagi yigit jon alpozda muallimni quchoqlab olgancha nariga surib ketdi. Shu payt Mixliboy muallim Xoliqulning:
— Kim ekan u? — deb soʻraganini eshitdi va bir amallab boshini shu tomonga burdi.

Xoliqul muallimga diqqat bilan tikildi.
— Bu menman, Xolijon... jon aka... — dedi Mixliboy aka yolvorib. — Seni oʻqitganman. Maktabda. Mixliboy muallimman.

Xoliqul nimanidir eslayotganday bir zum oʻylanib qoldi. Keyin yonida qoʻl qovushtirib turgan yigitchaga oʻgirildi:
— Domlaga bir lagan osh bering...

Shu soʻzlarni aytgach, Xoliqul horgʻin qiyofada boshqa bir yigit tavoze ila eshigini ochib turgan mashinaga oʻtirdi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi...

Muallim shu kuni hamqishloqlari bilan ortga qaytmadi...