OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiOtasining qizi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Otasining qizi (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

Toʻrt oʻgʻildan soʻng tugʻilgan qizaloqning oʻrni boshqacha boʻlarkan. Buning ustiga, qorachadan kelgan, kipriklari uzun-uzun, koʻzlari chaqnab turadigan Madina goʻdakligidan otasiga mehribon boʻlib oʻsdi. Qizaloq ikki yasharligidayoq onasini shosha-pisha emar, soʻng emaklab boʻlsa ham otasining bagʻriga yetib olardi. Ishdan har qancha charchab kelgan boʻlmasin, Madinaning qiqir-qiqir kulishini eshitsa bas, Sadriddin barcha charchoqlaridan forigʻ boʻlar, beixtiyor iljaya boshlardi.

Madina bogʻchaga qatnaganida ham, maktab oʻquvchisi boʻlganida ham otasining erkatoy qizi boʻlib qolaverdi. Sadriddin erinmas, har kuni kechqurun qizalogʻiga hech boʻlmasa bir dona shokoladmi, saqichmi olib kelishni kanda qilmasdi. Mukofot olgan paytlari-ku, mehribon padar birinchi oʻrinda xotiniga yoki oʻgʻillariga emas, qizchasiga sovgʻa izlab qolardi. Bunaqa mahallari xotini uni gap bilan chimdib olardi:
– Ha, endi, Madinani oʻzingiz tuqqansiz, oʻzingiz emizib katta qilgansiz. Shunday boʻlgandan keyin uni yer-koʻkka ishonmaysiz-da...

Madina shiringina qizaloq boʻlib oʻsdi. Uning tili chiqqan mahallari chugʻurlashlarini, bilsa-bilmasa she’r oʻqishga tushib ketishlarini, yoinki televizorda musiqa sadosi eshitilsa bas, gʻalati muqomlar qilib oʻyinga tushib ketishlarini koʻrganida Sadriddin koʻzlaridan yosh chiqquday darajada sevinardi.

Sadriddin qachonlardir bir shoirning «Qizim – ortimdan qolar izim», degan misrasini eshitgan va koʻnglining tubiga joylab qoʻygan edi. Shu shoirning «Biz hali hammadan oʻzamiz, qizim» degan satri ham uning yuragiga muhrlanib qolgan va Sadriddin ularni takrorlab charchamasdi. Vaholanki, ota izini oʻgʻil bosar, degan aqida unga yaxshi tanish edi. Ammo... ammo baribir Sadriddin qizalogʻini jonidan ortiq yaxshi koʻrardi. Uyda birov Madinani xafa qilib qoʻygudek boʻlsa, u barcha ishini yigʻishtirib qoʻyib ham oʻsha odam bilan erinmay jiqillashar va oxir-oqibat Madinadan kechirim soʻrashga majbur etar edi.

Umr – oqar daryo deganlari chin ekan. Nazarida, Sadriddin hali koʻz ochib-yumishga ulgurmadi, bir payt qarasaki, yolgʻizgina, suyukli qizalogʻining boʻyi yetib turibdi-da.

Ota oʻz koʻzlariga ishonmadi, ammo sovchilar eshik turumini buza boshlaganlari chin edi.

Sadriddin bu haqda suyunchi soʻrab kelib turgan xotiniga qattiqroq gapirib yubordi:

– Esing joyidami, Madina hali bola-ku!

Biroq Nargiza boʻsh kelmadi:
– Voy, erkatoyingizning bolaligi qoldimi? Maktabni bitirdi, kollejni bitirdi. Oʻn toʻqqizga kirdi. Bu yoshimda qornimda toʻngʻichim bor edi.

Bu zalvorli dastakka javoban nima deyishni bilmay qolgan Sadriddin toʻngʻilladi:
– U zamonlar boshqa edi...

Xotin bir gapdan qolmadi:
– Zamon bu masalada hamisha bir xil boʻlib kelgan...

Bu e’tiroz otaning dilini ogʻritganday boʻldi. Har qalay, Madina – suyukli farzandlari. Shunday ekan, Nargizaning ham unga joni achishi, uni ayashi lozim emasmi...

Erining koʻnglidan oʻtgan gaplarni ilgʻadimi, xotin yotigʻi bilan gapirishga urindi:
– Dadasi, qizini erga berayotgan bir siz emas. Oʻzingiz bilasiz, qiz bola birovning hasmi boʻladi, vaqti-soati yetganda albatta ota-onasining uyini tark etadi. Qiz bola – palaxmon toshi, borgan joyida qoladi. Qizingizni bir umr bagʻringizga bosib oʻtirolmaysiz-ku, axir.

Toʻgʻri, bularning bari rost gaplar edi. Biroq shunga qaramasdan Sadriddinning yurak-yuragida boshqa bir sezgi, e’tirozmi, norozilikkami oʻxshash bir hissiyot bor ediki, buning nimaligini uning oʻzi ham na tushunar, na tuzuk-quruq ifodalab bera olardi. Xullas, Sadriddinning nazarida uning erkatoyi Madinaga munosib kuyov... juda boshqacha yigit boʻlishi kerak. Mayli, ertaklardagidek shahzodalikni talab qilib boʻlmas, ammo har tomonlama mukammal, serfazilat, bir soʻz bilan aytganda komil inson boʻlmogʻi shart.

Sadriddin oʻsha maqtalgan, osmonga olib chiqib qoʻyilgan yigitlarni orqavarotdan surishtirib koʻrdi.

Yoʻq, boʻlmaydi.

Nahotki erkatoy qizchasi, Madinasi, hali goʻdak Madinasi shunday... hali ona suti ogʻzidan ketmagan, qoʻlidan bir ish kelmaydigan, ota-onasining erkatoyi boʻlgan, nari borsa institut yoinki universitetda ta’lim olayotgan yigitchalarning yori boʻlsa? Axir er xotin uchun suyanch togʻi boʻlishi lozim emasmi? Bu bolalarning esa oʻzlari suyanchga zorga oʻxshaydi...

Sadriddin birini «oʻpoq», dedi, boshqasini «soʻpoq» dedi, ishqilib, kuyovlikka nomzodlarga rad javobini beraverib charchadi, ammo sovchilar oqimi sira susaymadi.

Bu orada Nargiza noroziligini ochiqdan-ochiq izhor qilib, toʻngʻillashga oʻtib oldi:
– Osmondagi oyni qidirayapsizmi, nima balo?!. Bu ketishingizda shu bolaning baxtini qora qilasiz, keyin tinchiysiz. Axir ne-ne odamlarning bolalari qizingizning qoʻlini soʻrab turibdi. Tezroq tanlamaysizmi birovini?! Erta-bir kun ostonangizni hech kim hatlamay qoʻysa, peshonangiz devorga urilardiku-ya. Lekin unda kech boʻladi-da... Anavi Ilhom akaning bolasi kimdan kam?
– Qaysi Ilhom akang? – deb soʻradi sal gʻashi kelib Sadriddin. Zero, Nargiza bu ismni bundan avval ham ikki-uch marta qandaydir gʻalati tarzda eshilib, chuqur hurmat bilan aytgani yodiga tushgandi.
– Taniysiz, dadasi, taniysiz. Bu atrofda Ilhom akani tanimaydigan odamning oʻzi yoʻq. Uch marta odam yubordi bechora. Oʻzi besh yildan beri soliqning boshligʻi boʻlib ishlaydi. Bir marta ukam bozorda somsa sotib yurib soliqchilar qoʻliga tushib qolganida, u kishining bir ogʻiz gapi bilan qoʻyib yuborishgan, jarimayam toʻlattirishmagan... Oʻgʻli yuridikaning ikkinchi kursida oʻqirkan. Biram odobli, biram moʻmin-qobil deyishadiki...

Sadriddin asabiylashdi:
– Moʻmin-qobil boʻlsa yuridikaga kirolarmidi? Bir balosi borki... U yogʻini soʻrasang, oʻshaningniyam surishtirganman... orqavoratdan. Maktabda otasining kuchi bilan oʻqigan ekan.
– E, dadasi, ichi qora odamlar gapiraveradi-da. Aybi – amaldorning bolasi boʻlganimi? Men oʻzim oʻqitganman u bolani, oʻzim yaxshi bilaman. Biram tirishqoq, mehnatsevar, qunt bilan oʻqiydigan bola. Agar hammadan ayb qidiraversangiz, dadasi, topasiz-da. Oydayam dogʻ bor, axir. Sal koʻnglingizni keng qiling. Bu dunyoda ertakdagi shahzodalarni topib boʻlmaydi...

Asli ona tili va adabiyoti boʻyicha mutaxassis boʻlgan Nargiza chiroyli gaplarni qalashtirib tashlab uzoq gapirdi. Bir gapirdi, ikki gapirdi, uch gapirdi... Axiyri koʻrdiki, er odatdagiday sarkashlik bilan emas, boshini irgʻab, oʻychan tarzda tinglamoqda uning gaplarini. Demak, muz oʻrnidan koʻchgan.
– Sen onasan-ku, – deb gap tashlab qoldi bir kuni Sadriddin. – Kirib, sekin qizingning koʻngliga qoʻl solib koʻr-chi, birontasi bilan va’dalashgandir; bunday boʻlishi-ku, gumon, ammo ehtimol birontasi koʻngliga oʻtirishgandir... Uyalmasin, aytaversin, buni umr savdosi deydilar.

Xotin eriga ajablanib qaradi:
– Qizingiz siz bilan koʻproq sirdosh edi, shekilli.
– Bor, bor, deb, Sadriddin besabr qoʻl siltadi. – Sen aytgan ishni qil. Qaysi ota qiziga bunaqa savol beradi?

Nargiza norozi tarzda qoshini chimirgancha chiqib ketdi.

Biron soatlardan soʻng Nargiza yayrab, qoshlarini gʻalati suzib chiqib keldi ichkari xonadan. Xotinining oʻzini bunday tutishi yoqmagan Sadriddin oʻqraydi:
– Xoʻsh?
– Bor ekan, dadasi, bor ekan. Bor boʻlganda ham yigitlarning sultoni ekan.
– Kim ekan u? – poʻngʻilladi Sadriddin.
– Shuhratjon, dadajonisi, Shuhratjon.
– Qaysi Shuhratjon?

Nargiza yana qosh uchirdi:
– Ilhom akaning oʻgʻli, dadasi, bu oʻsha yuridikada oʻqiydigan bola...

Sadriddin birdan boʻshashib qoldi. Uning nazarida, bunday boʻlmasligi kerak edi, Madinaday oqila, esli-hushli qiz oʻzining shahzodasi sifatida bu bolani koʻrmasligi kerak edi...

Sadriddin shubhalanib, qoshlarini chimirdi:
– Rost aytyapsanmi yo... somsapaz ukangni oʻylayap-sanmi?

Nargiza xafa boʻlgan odamday ters oʻgirilib oldi:
– Siz aytdingiz, men borib soʻradim. Ishonmasangiz, marhamat, Madinani chaqirib berishim mumkin. Erkatoyingiz bilan bemalol sirlashishingiz mumkin...
– Boʻlmasa... – dedi boʻgʻiq ovozda Sadriddin, – boʻlmasa... yana oʻsha yoqdan odamlar kelishsa... oʻylab koʻraylik, deb tur-chi...
– E, yashang dadasi! – dedi yashnab ketgan Nargiza beixtiyor chapak chalib yuborarkan. – Bu yogʻini menga qoʻyib bering, boplayman.

Darhaqiqat, eridan roʻyxoʻshlik olgan xotin bu tomonini bopladi. Nargiza nima qildi, nima qoʻydi – bilish mushkul, ammo oradan ikki hafta oʻtar-oʻtmas non sindirildi.

Kattagina toʻy boʻldi.

Sadriddin bazm mahali toʻkin dasturxon atrofida oʻtirgan mast-alast mehmonlardan koʻra uzoqdan boʻlsa ham koʻproq qiziga sinchkovlik bilan qarab-qarab yurdi. Nazarida, kelinchakning harir libosiga chulgʻanib, yanada chiroyli boʻlib ketgan, uyalinqirab, bosh egibgina oʻtirgan Madina oʻzi kutgan darajada xursand emasdek edi. Ammo ota buni qizining ibosiga yoʻydi.

Shunday boʻlsa-da, qiziga oq fotiha tilab, peshonasidan oʻpayotgan mahal Sadriddin quyilib kelgan koʻz yoshlarini tiyolmay qoldi. Uning nazarida, Madinaning piq-piq yigʻisida alam bordek edi...

Madina ketdi.

Hovli otaning koʻngli misoli huvillab qoldi.

Sadriddin uch-toʻrt kungacha oʻzini qoʻyarga joy topolmay yurdi.

Yaxshiyam birovlar «kuyov chaqirdi», boshqalar «charlar»deb ataydigan rusum bor ekan.

Sadriddin yelib-yugurib ikkita xonaga dasturxon tuzadi, shirinliklarni uyib tashladi. Uning xayolida, dasturxonga qancha koʻp shirinlik qoʻysa, qizining hayoti shunchalik shirin oʻtadigandek edi. Toʻrt xil ovqat, shunga yarasha gazak...

Ishqilib, kichkinagina bir toʻycha boʻldi-da.

Toʻy kuni ulkan chiroqlar yogʻdusida yuzi yaltirab turgani boismi, Sadriddin kuyoviga yaxshilab razm sololmagandi. Chaqiriq mahali koʻrdiki, tuzukkina yigitga oʻxshaydi. Choʻzinchoq yuzi oqish, qalin qoshlari tutash, iyagining sal turtib chiqqanimi, koʻzlarining chaqnab turishimi uni mard va jasur yigitga oʻxshatardi.

Ota ich-ichidan rizolik tuydi. «Qizim bejiz rozi boʻlmagandir», degan, bezovta koʻngliga tasalli beradigan oʻylarga berildi. Shu bois yelib-yugurib xizmat qildi, charchash nimaligini bilmadi. Kuyovi yonida kelgan besh-oltita yigitchalarning yuz gramm ichib olgandan soʻng kuchanib suyuqroq latifa aytishga urinishlariga ham e’tibor bermadi. Muhimi, Shuhrat ichmadi. Mashina haydab kelgan ekan. Buni eshitib ota yana bir bor ich-ichidan mamnuniyat tuydi. Har qalay, uning erkatoy qizalogʻi, Madinasi u yer-bu yerga borganda odam tiqilinch avtobuslarda ezilib, qiynalib, yoinki begona mashinalarga qoʻl koʻtarib yurmaydi. Shunisiga ham shukr...

Shuhrat artilgan chinniday top-toza mashinani haydashni yaxshi koʻradi shekilli, bir joʻrasi bilan shamollashga chiqqan mahal «Neksiya»siga diqqat bilan qaradi-da, soʻng choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib, mashinaning old oynasini artib qoʻydi.

Faqat... kim biladi, balki Sadriddinga shunday tuyulgandir, ishqilib, chaqirdi tugab, dasturxonga fotiha oʻqilgan, hamma oʻrnidan turib hovliga chiqqan va xayr-xoʻshlashish anchagina choʻzilib ketgan mahal ichkaridan shoshib chiqib kelayotgan ota hovli chetida, mehmonlar orasida qizi oʻziga moʻltirab tikilib turganini koʻrdi-yu, yuragi jizillab ketdi. U beixtiyor Madina tomon yurdi va xuddi shu mahal kuyovining qiziga qarab:
– Mashinaga chiq! – deganini eshitdi.

Otaning yuragi muzlab ketdi. Zero, Shuhrat, hozirgina koʻziga oʻtday koʻrinib turgan kuyovi qiziga, uning suyukli Madinasiga qarab oʻshqiribroq gapirganday boʻlgandi.

Sadriddin bir amallab oʻzini qoʻlga oldi. «Menga shunday tuyulgandir», deb oʻzini oʻzi ishontirishga urindi. Ammo qizining nechukdir mungʻayib qolganini, mashina tarafga istar-istamas yurganini koʻrganida yuragi battar ezildi...

Mehmonlar ketishdi.

Sadriddinning koʻngli esa negadir bezovta...

Kichik chillasi chiqqandan soʻng uyga birrov kelib-ketgan Madinaning koʻzlari yigʻidan qizarganday tuyuldi. Vaholanki, Madina otasi bilan ikki ogʻiz hol-ahvol soʻrashgan mahal yerdan koʻz uzmay turgandi.

Axiyri bir kuni tong saharda Sadriddin xotiniga bir ogʻiz aytib ham oʻtirmasdan qizining uyiga joʻnadi. Yoʻl-yoʻlakay bozorga kirib, u-bu shirinlik xarid qildi.

Hashamatli ikki qavatli hovlining eshigi qiya ochiq ekan. Sadriddin eshikni taqillatib oʻtirmasdan ichkariga kirdi.

Boloxona yonida oʻsha kun Shuhrat minib borgan oppoq mashina yaraqlab turardi.

Otaning koʻngli bejiz gʻash boʻlmagan ekan.

Shuhrat engashib, kamoli diqqat bilan mashinaning ort oynasini nazardan oʻtkazmoqda edi.

Ota toʻxtadi, yoʻtalib qoʻymoqchi ham boʻldi, zero oradagi masofa oʻn-oʻn besh qadam kelardi. Ammo ulgurmadi...

Toʻsatdan kuyov baqirib yubordi:
– Madin!

Ichkaridan shoshilinch qadam tovushlari eshitildi va bir lahza oʻtar-oʻtmas oyogʻiga eski kalish ilib olgan Madina chopqillab chiqib keldi:
– Labbay?

Shuhrat xotiniga chaqchayib qaradi-da, soʻng koʻrsatkich barmogʻini oynaga bigiz qilgancha oʻshqirdi:
– Hoʻl latta bilan yuvgandan keyin ustidan quruq latta bilan artib chiq degandim-ku!

Madina qunishib, aybdorona ohangda oʻzini oqlashga urindi:
– Aytganingizday qilgandim...

Shuhrat tutaqib ketib, oynadagi tangaday kattalikdagi, bilinar-bilinmas dogʻga ishora qildi:
– Unda manavi nima?

Cadriddin dong qotib qoldi. Uning suyukli qizchasi, Madinasiga baqirishmoqda edi! Oʻz uyida boʻlganda-ku, bu mahmadonaning tilini sugʻurib olgan boʻlardi-ya! Ammo ne qilsinki, endi Madinajoni shu xonadonning a’zosi, manavi haftafahm toʻnkaning umr yoʻldoshi...
– Koʻrmay qolibman... Hozir...

Bu Madinaning iztirobli tovushi edi.

Er norozi tarzda toʻngʻilladi:
– Koʻrmay qolganmish... Bor, ishingni qilaver. Oʻzim...

Shuhrat choʻntagidan erinmasdan, aytish mumkinki, hafsala bilan roʻmolchasini chiqardi va mana shunday erinmasdan, kamoli diqqat bilan oynadagi dogʻni artgach, roʻmolchasini xotini tomon otib yubordi:
– Buni yuvib qoʻy. Boshqasini opchiq.

Hamon bosh egib, mutelarcha, aybdor singari turgan Madina zipillab kelib yerda yotgan roʻmolchani oldi va mana shunday shoshqin tarzda ichkariga kirib ketdi.

Ota bir lagan loyday boʻshashib, oyogʻini bazoʻr koʻtarib bosgan koʻyi bir amallab ortga qaytdi.

Kechga borib otaning issigʻi qirqqa chiqib ketdi. U endi alahlay boshlagandi:
– Qizimga tik boqma... Sen kim boʻpsan uning oldida... Ablah... Qizginam... Nega sen... Qizalogʻim...

Qoʻrqib ketgan Nargiza doʻxtir chaqirdi. Tez yetib kelgan «Tez yordam» mashinasi otani tuman markazidagi shifoxonaga olib ketdi...

Ertasi kuni otani koʻrishga uzun-qisqa boʻlib Shuhrat bilan Madina kirib kelishdi.

Yelkasiga oq xalat tashlab olgan Shuhrat gerdayib, lekin xushchaqchaq ohangda:
– Burga tepdimi, ota? – deya gapni hazildan boshlashga urindi.

Biroq Sadriddin ensasi qotib yuzini oʻgirgani bois palataga noqulay jimlik choʻkdi.

Otaning nazarida kuyovining turishida, gapirishida, oʻzini tutishida nedir bir nosamimiyat borday edi. Ilgari payqamaganini...

Sadriddin keskin oʻgirilib, kuyoviga sinchkovlik bilan tikildi-da, negadir:
– Rahmat, – deb qoʻygach, istihola qilib ham oʻtirmasdan dedi: – Qizim bilan ozroq gaplashib olsam, degandim...

Endi oʻziga oʻtirishga joy qidirayotgan Shuhrat qaynotasiga ajablanib qarab qoʻygach, noiloj qoʻlidagi xaltani Madinaga tutdi va:
– Mayli, – degancha xonadan chiqib ketdi.
– Oʻtir, qizim, – dedi Sadriddin past, dardli ovozda.

Ozib ketgan, koʻzlari kirtayib qolgan Madina oʻtirdi.

Doʻxtirlar koʻp gaplashishga ruxsat bermagani bois vaqt ziqligini anglab turgan ota gapni aylantirib oʻtirmay, tilining uchida turgan savolni berdi:
– Turmushing qalay, qizim?

Madina «yalt» etib otasiga qaradi, soʻng shu zahoti boshini quyi egib olarkan:
– Shukr, yomonmas, – dedi pichirlab.

Mana shu armonli pichirlashning oʻziyoq koʻp narsadan shohidlik berib turardi.

Sadriddin xoʻrsindi.
– Men sening turmushing «yomonmas» emas, zoʻr boʻlishini istovdim, qizim... Avzoyingga qarasam, unaqaga oʻxshamaydi...

Madina otasiga moʻltirab qaradi:
– Siz... bilmasmidingiz bularning qanaqa odamlar ekanligini...

– Men senga ishongandim, qizim... Bekorga tanlamagandirsan deb armonda qoldim...

Madina hayron boʻldi:
– Axir... axir siz oʻzingiz... siz oʻzingiz tanladingiz-ku... Oyimga aytipsiz... «Shundan boshqasi boʻlmaydi», depsiz... Men sizga ishonib...

Bu gaplar ma’nosi ongiga yetib borgan Sadriddin boshini changallab qoldi. Soʻng:
– Nargiza! – deb boʻkirdi.

Ammo Nargiza bolalardan xabar olish uchun uyga ketgan ekan...

Otasining avzoyini koʻriboq barisini tushungan Madina piqillab yigʻlab yubordi...

Nargiza erining qahrli qiyofasini koʻriboq gap nimadaligini tushundi. Lekin u aybini inkor etib turib oldi, Sadriddinning baqir-chaqirlariga javoban esa:
– Men qizimizga yaxshilik tilaganman. Xudoga shukr, Madina koʻplar havas qiladigan oilaga kelin boʻlib tushdi, – deb takrorlayverdi.

Bir haftadan keyin Sadriddinga javob berishdi.

Shoʻrlik ota betini sidirib tashlab, qiziga ishonchli vositachi orqali xabar yubordi:
– Ahmoq otangni kechir, qizim... Koʻngling boʻlmasa, shu uyda tur deb zoʻrlamayman... Qaytib kelsang, birga yashayveramiz...

Oʻzi zoʻrgʻa chidab turgan ekanmi, Madina shu kuniyoq etagini silkib erining uyidan chiqqan-u, otasining uyiga kelib olgan.

Keyingi bir-ikki oy janjal-suronlarda oʻtdi. Ilhom soliqchi xotini, oʻgʻli bilan uch marotaba kelishdi, ularga Nargiza ham qoʻshildi. Ammo ota va qiz oʻz ahdidan qaytishmadi. Qargʻanaverib hammani bezor qilib yuborgan onasiga esa Madina tik boqib shunday dedi:
– Oʻsha uyni yelkamning chuquri koʻrsin. Menga bitta ninasi ham kerakmas. Meni tinch qoʻyishsa bas...

Nargiza yana avj qilayotgan edi, oraga Sadriddin qoʻshildi:
– Madinaga yana bir ogʻiz gap gapirsang – ajrashamiz.

Nargiza dod soldi:
– Sizning kallangiz aynib qopti oʻzi, dadasi?! Erdan qaytgan qizingizga oʻzingiz istagan shahzodani qaerdan topasiz?

Bu da’voga nisbatan Sadriddinning javobi bitta boʻldi:
– Uch taloqsan!

Nargiza erini miyasi aynib qolgan deb ayyuhannos soldi, doʻxtirlarga chopdi, militsiyaga yugurdi, ishqilib hovlini oʻzida olib qoldi. Sadriddin suyukli qizi Madina bilan bir xonali uyda ijarada yashay boshladi.

Qoʻni-qoʻshnilarning aytishlaricha, bir-biriga bu qadar mehribon ota-bolani ular umrlari bino boʻlib koʻrishmagan ekan.

Nargiza esa yeng shimarib, navbatdagi jangga tayyorgarlik koʻrib yuribdi. U doʻxtirlar bilan gaplashib, erining... miyasi shamollaganligi haqidagi ma’lumotnomani olibdi. Endi sud Sadriddinni otalik huquqidan mahrum etsa bas ekan, ana oʻshanda Madinani uning qoʻlidan qonun yoʻli bilan tortib olsa boʻlarkan...

Ana undan keyin...

Ba’zi gap-soʻzlarga qaraganda, Nargiza qudalari bilan yashirincha muzokaralar olib borib yurgan emish. Boshqa gap-soʻzlarga qaraganda esa, Nargiza Madinani avval qonuniy ajratib olib, soʻng xotini oʻlgan bir boyvachcha savdogarga yeng ichida, imi-jimida uzatib yuborish tashvishida...

Hozircha esa, hozircha esa bir-birlariga favqulodda mehribon ota va qiz xotirjam, osuda, baxtiyor umr kechirishmoqda... Hozircha...