OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiQaydasan, moʻjiza… (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaydasan, moʻjiza… (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

Oʻzbekovullik Tirkash choʻponning kenja oʻgʻli Damin kutilmaganda mashhur boʻlib ketdi. Bolalar u haqida toʻlib-toshib gapirishardi.

Ammo kattalar ishonqiramay bosh chayqashdi. Zahargina tili bilan ovulda tanilgan Berkin muallim esa ochiqdan-ochiq istehzoga oʻtdi.
– Qarqunoqdan bulbul chiqmaydi, birodarlar, – dedi.

Aytishlarida Tirkash choʻponning kenja oʻgʻli Damin, ana shu ozgʻingina, qiltiriqligi bois yoshiga nisbatan kichikroq koʻrinadigan, aytaylik, tashqi koʻrinishi nari borsa oʻn olti-oʻn yetti yashar oʻsmirni eslatadigan Damin allambalo moʻ‘jiza koʻrsatib, hammaning ogʻzini ochirib yurgan emish. Ya’ni, qorongʻu tushib, ovul zimiston ogʻushiga koʻmilgan mahal bolalar yigʻilishib choʻponning uyi yoniga borisharkan. Ular yarim soat-bir soat kutib turgandan soʻng axiyri eski, yon tomonga ogʻib qolgan darvozaning bir tavaqasi gʻiyqillab ochilarkan va qorongʻulikda paydo boʻlgan Damin nimalarnidir pichirlab-shivirlab oʻqigach, ketmon dastaday uzun va oriq qoʻllarini bolalar tomon choʻzarkan. Ana shunda... ana shunda yalangʻoch qoʻllarda olov paydo boʻlarkan. Haqiqiy olov. Bir necha lahzadan soʻng esa olov qanday paydo boʻlsa shunday oʻcharkan-qolarkan. Shundan keyingina Damin darvoza tepasiga oʻrnatilgan chiroqni yoqarkan-da, bir tuki ham kuymagan qoʻllarini bolalarga namoyish qilarkan...

Albatta, bu gapga kattalar mutlaqo ishonishmadi. Olovni esa oddiy koʻzboylogʻichlik degan xulosaga kelishdi.

Balki mana shu koʻzboylogʻichlikning oʻziga ham tan bersa arzirdi. Ammo kutilmaganda kimyo oʻqituvchisi Aliboy akaning izohi bu boradagi soʻnggi ikkilanishlarga ham barham berdi va natijada:
– Choʻponning kenja uli yosh bolalarni aldab yurgan ekan-da, – degan uzil-kesil xulosaga kelindi.

Muallim esa shartta:
– Damin qilgan ishni men ham qila olaman, – dedi bir davrada. – Bilaman, u bola shu yoʻl bilan pul ishlamoqchi. Lekin men bu ishni tekinga qilaman.

Oʻtirganlardan ayrimlari bunga shubha bildirishdi. Shunda qoni qaynab ketgan muallim bas boylashishga kirishib ketdi. Zerikib oʻtirganlarga bu yaxshi ermak boʻldi. Xullas, bir yashik aroqdan garov oʻynaldi.

Shundan keyin yutib olinadigan bir yashik aroqni oʻylab terisiga sigʻmay quvonayotgan Aliboy aka bir qoʻlini paqirdagi suvga botirib, jiqqa hoʻl qilgach, kamzulining hoʻl yengi ustidan benzin quydi-da, shartta gugurt chaqdi.

Kamzul yengi lovullagan olov ichida qoldi. Olov bir necha lahza lovullab yonib turdi. Soʻng muallim qoʻlini yana paqirdagi suvga tiqib olovni oʻchirdi-da, qoʻlini tortib oldi.

Davrada oʻtirganlar gurillab muallimni olqishlashdi. Tabiiyki, bunaqa paytda olov hoʻl yengni quritguncha ancha vaqt oʻtishini har qanday aqli qosir odam ham bilib turadi.

Xullas, choʻponning oʻgʻli mana shunday oddiy koʻzboylogʻichlik qilayapti, degan qarorga kelindi.

Toʻgʻri, yutqazgan tomon:
– Damin qoʻlini suvga tiqmas ekan... Daminning qoʻli yalangʻoch boʻlar ekan... – deya e’tiroz bildirishga urinib koʻrdi.

Lekin koʻpchilikni tashkil etadigan gʻolib tomonning baqir-chaqirlari bu ojiz e’tirozlarni bosib ketdi va noiloj qolgan magʻlub tomon oʻsha zormanda bir yashik aroqni nasiyaga boʻlsa ham olib kelishga majbur boʻldi.

Ushbu davrada men ham bor edim. Moʻylovimni hoʻllab aroq ichdim. Keyin esa... oʻylanib qoldim.

Kim biladi, balki bolalar rost gapirayotgandir.

Bu dunyoda nimalar boʻlmaydi deysiz. Balki moʻ‘jiza deganlari chindan ham uchrar. Buning ustiga, yaqindagina viloyat gazetasida ish boshlaganman. Kim biladi, balki shov-shuvga arzirli maqola yozarman... Toʻgʻri, men koʻnglimning tub-tubida Aliboy aka rost gapirganini e’tirof etib turardim. Damin esa... pul ishlashning shunaqa yoʻlini topgandir-da. Issiq demay, sovuq demay akalari, otasi bilan qirma-qir, suruv ortidan uloqib yurgandan koʻra, issiqqina uyda oʻtirib pul topishni orzu qilib qolgandir...

Davradan sirgʻalib chiqib, Tirkash choʻponning qishloq chekkasida joylashgan uyiga yoʻl oldim.

Borsam, tomosha endi tugab, bolalar uy-uylariga tarqalishayotgan ekan. Ular orasida jiyanim Nodirni koʻrib qolib:
– Xoʻsh, qanday boʻldi? – deb soʻradim.

Nodir koʻrsatkich barmogʻini koʻkka bigiz qildi:
– Zoʻr boʻldi!
– Tomoshaga pul yigʻmayapsizlarmi hali?

Nodir menga ajablanib tikildi.
– Qanaqa pul?
– Tomosha uchun-da.
– Yoʻq.

Men bepisand kuldim:
– Unda yaqin-orada boshlaysizlar...

Gapimni uncha anglamagan jiyanimni hayratda qoldirib, choʻponning uyi tomon yurdim.

Damin darvozaga suyanib turgan ekan. Qoʻllarini koʻkragiga qovushtirgan.
– Salom, – dedim toʻgʻri yigitchaning oldiga borib. – Men viloyat gazetasidanman.
– Assalomu alaykum, – dedi birdan jonlanib qolgan Damin men tomon ikkala qoʻlini choʻzib. – Men sizni taniyman.

Darvoza tepasidagi chiroq yonib turardi. Mana shu yorugʻlikda yigitning qoʻllariga, bilaklariga sinchiklab razm solishga urindim. Yoʻq, hammasi joyida. Hech qanaqangi kuyish alomati yoʻq. Ha, aftidan, Aliboy akaning gapi chinga oʻxshaydi. Yigitcha bolalarni laqillatib yuribdi-yov...

Shunday boʻlsa-da, chiqmagan jondan umid qabilida soʻradim:
– Oʻzi senga nima boʻlgan?

Damin shosha-pisha, hovliqib soʻradi:
– Gazitga yozasizmi?

Bu safar Aliboy akaning gapi mutlaqo toʻgʻriligiga toʻla ishonch hosil qildim. Bu shuhratparast bir yigitcha ekan asli... Shu sababli dudmalroq javob qildim:
– Buni... koʻramiz. Agar oʻquvchiga qiziq boʻlsa...
– Yuring, yuring, uyga kiraylik.

Yigitchaning bu mulozamati negadir gʻashimni keltirdi. «Uyga opkirib, bir piyola choy beradimi-yoʻqmi, keyin katta ziyofat bergan odamday maqola qachon chiqishini soʻrayverib boshimni qotiradi», degan oʻyda keskin bosh chayqadim:
– Shu yer yaxshi ekan. Toza havo.
– Mayli, – darhol rozi boʻla qoldi Damin. Soʻng ochiqkoʻngillilik bilan iljaydi: – Soʻrang.

Ochigʻi, bolakayning bu iltifoti ham meni ranjitib, ensamni qotirdi. Shu sababli sal zardali ohangda soʻradim:
– Senga nima boʻlgan oʻzi?

Men uzoq davom etadigan javobni kutgandim. Ya’ni, bolalikda sodir boʻlgan qandaydir gʻalati voqealar, qanaqadir imo-ishoralar... Xullas, dovdirash-aljirashda-ey...

Ammo kutilmaganda Damin iljayib, yelka qisdi va oddiygina qilib:
– Bilmasam, – dedi. Keyin, mening ajablanib tikilib qolganimni sezdi shekilli, oʻzicha izoh bergan boʻldi: – Lekin men oʻzimni yoqa olaman... Buning qanday boʻlishini oʻzim bilsam oʻlay agar. Oʻylanib turib, qoʻlimga qarab turaversam, oʻt yonadi. Oʻt yonsa, keyin ancha yengil tortaman...
– ...

Yigitchaga angrayib qarab turaverdim. Damin boʻlsa hamma gapni aytib boʻlgan intervyu beruvchiday muloyimgina iljayib turibdi.

Nihoyat soʻradim:
– Qanaqasiga yoqa olasan?

Damin yana bir bor yelka qisdi-da:
– Bilmadim, – dedi. Soʻng yalangʻoch qoʻllarini men tomon choʻzdi: – Yoqqim kelsa yoqaveraman...

Ana shunda... mening koʻz oldimda, shundoqqina burnimning tagida turgan yalangʻoch qoʻllarda avval sariq bir sharpa paydo boʻlganday tuyuldi va men hali hayratlanib ulgurmasimdan ikkala qoʻlda gurillagan olov paydo boʻldi.

Bu haqiqiy olov edi!

Azbaroyi karaxt ahvolga tushganimdan men hatto oʻzimni chetga ololmay qoldim.

Olov esa, qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shunday oʻchdi-qoldi...

Men tamomila esankirab Daminning qoʻllariga qaradim. Olov asorati mutlaqo yoʻq edi ularda...

Mastmanmi, deb oʻylasam, bor-yoʻgʻi ikki piyola ichganman, xolos. Hushyorman, desam...

Nima boʻlganda ham, bir narsa aniq edi: bu yerda Aliboy muallimning nazariyasi oʻtmaydi. Yoʻq, boshqa gap bor bu yerda. Lekin... nima gap?

Oʻzimga kelib olishim kerak edi. Shu sababli yigitcha bilan shosha-pisha xayrlasharkanman:
– Shanba kuni fotoapparat bilan kelaman, – deya va’da berib yubordim.

Uyga keldim-u, koʻrganlarimni mulohaza qilish oʻrniga oʻzimni oʻringa tashlab, dong qotib uxladim...

* * *

Tong pallasi onam uygʻotdi. Balki oʻrnimdan turmasdim ham, ammo u kishining:
– Seni tashqarida Tirkash choʻpon kutib turibdi, – degan gapini eshitgach, kechagi voqealar yodimga keldi-yu, oʻrnimdan uchib turdim.

Biz podaga mol qoʻshmasdik. Shu sababli choʻponning tashrifi oʻgʻli bilan bogʻliqligini sezib turardim.

Oʻylaganimday, quyuq salom-aligu qishloqcha uzoq hol soʻrashishlardan keyin Tirkash aka bir yoʻtalib oldi va asl muddaoga oʻtdi:
– Kecha uyga oʻtgan ekansiz...
– Ha, Damin bilan koʻrishgan edim. Darvoza oldida. Kech boʻlib qolgandi. Shunga uyga kirib oʻtirmadim. Tinchlikmi?

Choʻpon yana bir yoʻtalib oldi:
– Aytmoqchi boʻlganim shuki, uka, yana bizning bolani gazit-pazitga yozib yurmang.

Men hayron qoldim:
– Nega endi?

Tirkash aka sal oʻngʻaysizlandi:
– Oʻzi shusiz ham xesh-urugʻlardan barisining mazaxiga qolgan. Endi gazitda yozsangiz, kasalligi rost ekan, deb oʻylashadi-da...
– Damin kasalmi?
– Endi... bilmayman, negadir shu kenjamiz sal nimjonroq oʻsdi. Qolgan barisining iligi toʻq. Oʻziyam bir emas, ikki marta sariq boʻldi. Rangini qarang, sargʻayib ketgan. Avaylaganimiz sayin... Endi bunaqa qilib... Butun qishloqqa sharmanda boʻlib...
– Hay, hay, Tirkash aka, Damin sharmanda boʻlgani yoʻq, tomosha koʻrsatayapti...

Banogoh boʻgʻriqib ketgan choʻpon gapimni shartta boʻldi:
– Menga masxaraboz kerak emas!

Gapim ogʻzimda qoldi.

Tirkash aka qovogʻini soldi:
– Gazit-pazitga yozsangiz, bola rostdanam shunaqa odamman, deb havolanib ketmasin yana... Bizning sharmanda boʻlganimiz qoladi orada... Oʻzi qanchasi mazax qilib yuribdi... Kecha rosa ta’zirini berganman... Odamlarga oʻxshab yasha, dedim... Oʻzi toʻrtta molni eplab boqolmaydi-da, tomosha koʻrsatganiga oʻlaymi...

Qarasam, choʻponning qarori qat’iy. Shu bois u kishini xotirjam qilishga urindim:
– Yozmayman, Tirkash aka, yozmayman.

Choʻpon yoyilib iljaydi:
– Sharmanda boʻlmaylik deyman-da, uka.
– Sharmanda boʻlmaysiz, aka.

Tirkash aka belkurakdek keladigan kaftini menga koʻz-koʻzladi:
– Men hozir borib uni bir tavbasiga tayay...

Negadir yuragim shuv etib ketdi.
– Shu... kerakmikan, aka, – dedim ikkilanib.

Choʻpon ishonch bilan bosh irgʻadi:
– Kerak, uka, kerak... Bu bolaning bir koʻzini qoʻrqitib qoʻymasam toza oʻzidan ketayapti...

Tirkash aka ketdi.

Koʻnglimni bosib kelayotgan xavotir hislaridan qutulish maqsadida shosha-pisha nonushta qildim-da, ishga joʻnadim.

Baxtimga, viloyat markazida kattagina bir kutubxona bor.

Gazetada ishim kamroq edi. Shu sababli toʻgʻri kutubxonaga yoʻl oldim va mehribon kutubxonachi Xolida opadan insonlarning oʻzlarini oʻzlari yondira olishlari haqida adabiyotlar bor-yoʻqligini soʻradim.

Opa oʻntacha qalin-qalin kitoblarni olib chiqib berdi.

Ijarada turadigan uyimga borib, stulga yaxshilab oʻrnashib oldim-da, kitoblarni oʻqishga tushdim.

Mutolaa tongga qadar davom etdi.

Men endi ba’zi narsalarni bilib olgandim... Toʻgʻri, ular dengizdan tomchi edi. Shunga qaramay...

Xullas, oʻzlarini oʻzlari yoqishga qodir odamlar koʻp oʻtgan ekan. Ularning eng mashhuri XVII asrda Amerikada yashagan Suzanna Sevell ismli ayol ekan. Har kech tomosha zalida oʻz istagiga koʻra kuchli olov ichida qolgan bu ayolning bir tola sochi ham kuymagan! Faqat karetasi daryoga agʻdarilib ketganidan keyingina bu gʻaroyib xonim oʻz salohiyatidan ayrilib qolgan.

Italiyalik Anna Monaro, amerikalik Jek Anjel, Jonatan Karrer, turkiyalik beva ayol... Va hokazo va hokazo...

* * *

Bu seshanba kungi gap edi.

Juma kuni kechga yaqin qishloqqa qaytdim.

Endi huvillab yotgan choyxona yonidan oʻtayotganim mahal shu tomonga shoshib kelayotgan Tirkash akani koʻrib qoldim.

Yugurib borib choʻpon bilan koʻrishdim. Daminni soʻradim. Tirkash aka iljaydi:
– Oʻgʻlimni odam qilayapman...

Bu javobdagi qandaydir tantanavor ohang koʻnglimga oʻtirishmagani bois darhol oʻqiganlarimni toʻkib solishga tushdim.

Tirkash aka gaplarimni qandaydir faromushxotirlik bilan, hattoki, nazarimda, bee’tibor eshitdi. Bu mening izzat-nafsimga tegdi har qalay.

Ammo men missis Sevell haqida gapirib, suvga tushib ketgandan keyin uning noyob iste’dodi barham topganini gapirganimda choʻpon sal jonlandi. Keyin, bu voqeani iltimosiga koʻra yana bir marta aytib berganimdan soʻng ingichka moʻylovining burama uchini tishlagancha oʻylanib qoldi-da:
– Qayish bilan urdim... – dedi. – Och qoʻydim... Ammo suvga pishmabman-da...
– Hali shunaqa qilib Daminni odam qilayapsizmi? – deya soʻradim gʻashim kelib.
– Endi, uka, bola meniki, – dedi choʻpon nasihat ohangida. – Nima qilsam ixtiyorimda. Hali oʻzing bola koʻr, katta qil, ana oʻshanda bilasan... Keyin, men nima qilsam, yomon boʻl deb qilmadim, yaxshi boʻl, el qatori boʻl deb qildim...
– Balki Daminda noyob qobiliyat bordir...

Tirkash aka keskin ohangda gapimni boʻldi:
– Menga bola kerak, dedim-ku, masxaraboz emas!

Ochigʻi, koʻnglimning tub-tubida bir yashirinroq niyat paydo boʻlgandiki, Damin haqida maqola yozsam, uni Toshkentda e’lon qildirsam, keyin bunaqa iste’dodli bola bilan butun respublikani aylanib chiqsak, tomoshalar koʻrsatsak... Pulga, albatta... Bunday oʻylab koʻrsang, buning masxarabozlikdan hech farqi yoʻq...

Ha, nodonmiz, nodonmiz. Birovning dardidan ham pul ishlashga qiziqamiz. Pul oʻlsin-a, pul oʻlsin...

Angladimki, bunaqa oʻjar ota bilan tadbirkorlik rejamni amalga oshirishim qiyin. Shu sababli yotigʻi bilan gapirishga urindim:
– Odam qilib nima qilasiz?
– Uylantiraman! – shartta ogʻzimga urdi Tirkash aka.
– Uylantiraman? Damin hali bola-ku!

Choʻpon menga oʻqrayib qaradi:
– Bolaligi qoldimi? Yigirmaga kirayapti! Kelin ham topib qoʻydik. Chillasidan keyin dalaga olib chiqib ketaman. Choʻponlikning noni qattiq boʻladi, lekin shirin boʻladi.
– Lekin Damin...

Tirkash aka qoʻlini keskin siltadi:
– Butun ajdodimiz choʻpon oʻtgan. Xudoga shukr, och qolmaganmiz. Qornimiz doim toʻq. Odamga bundan ortiq nima kerak? Ana, Daminga deb uchastka olib qoʻyganman. Ertaga tosh toʻkaman. Keyingi hafta fundament quyaman. Bir oyda uyni qurib tashlaymiz. Kuzda toʻy...

Choʻpon men bilan xayrlashmasdan ham joʻnab qolarkan:
– Suv uchun rahmat, – deb qoʻydi mingʻirlab.

Men tushunmadim. Tirkash aka qanaqa suvni gapirayapti?

Tushunganimda esa... kech boʻlgandi...

* * *

Ha, kech boʻlgandi.

Shundagina men nima qilib qoʻyganimni angladim. Men oʻzimni qotilning qoʻliga qurol tutqazib, uni jinoyatga yoʻllagan odamday his qila boshladim...

Ammo bu tuygʻu tez orada oʻtib ketdi.

Bu shunday jinoyatki, uni biror tirik jon isbotlay olmaydi. Bu shunday jinoyatki, hatto biron kishining xayoliga ham kelmaydi. Inchunun, biron kishi menga barmogʻini bigiz qilib ham koʻrsatolmaydi...

Xullas... Birov boshqasini «qotil» deyolmaydi. Aslida esa biz hammamiz qotildaymiz...

Hali aytganimday, Damin oʻzi nimjongina yigit edi. Axir, ikki marta sariq kasali bilan ogʻrishning oʻzi boʻladimi...

Shu holiga, ayniqsa, otasi kechalari uyga qamab, darvozaga, tomoshatalab bolalar oldiga chiqarmay qoʻygandan keyin battar qiynalib, kasallanib qolgan. Aytishlaricha, Daminning issigʻi qirqdan oshgan, kechalari alahlab chiqa boshlagan... Ammo gʻazabkor ota shifokor chaqirishni xayoliga ham keltirmagan. Choʻpon nuqul «Uylanmayman» deyayotgan oʻgʻlini soʻkkan, qargʻagan, jahli chiqqan kezlari urgan ham.

Axiyri... mendan kerakli yoʻl-yoʻriq olgan ota... kechasi titrab-qaqshab yotgan oʻgʻlini soyga sudrab chiqib, qayta-qayta suvga pishgan... Shu bilan kasalligi tarqalib ketadi, degan oʻyga borgan-da.

Damin mana shu holida, titrab-qaqshab, sovuqdan tishlari takillab, suvga boʻkib uyiga qaytib kelgan va kiyimini almashtirishga ham madori yetmasdan uxlab qolgan.

Ertasi kuni Tirkash aka yangi hovli qurish uchun deb olingan maydonga ikki mashina shagʻal toʻktirgan va Daminga shagʻalni ichkariga tashib qoʻyishni buyurgan.

Damin itoatkorona bosh egib, aytilgan joyga borgan va ikkita katta-katta paqir yordamida ikki mashina shagʻalni kun boʻyi ichkariga tashigan...

Ikki mashina shagʻal...

Zaif buyrak bunday ogʻir ishga chidamagan...

Kechga yaqin navbatdagi zilday ogʻir paqirlarni koʻtarishga urinayotgani mahal Damin beixtiyor dodlab yuborgan va tosh ustiga yiqilib tushgan...

Damin uch kundan soʻng tuman shifoxonasida vafot etdi...

Tirkash aka boʻkirib yigʻladi...

Oradan kunlar, kunlar ketidan haftalar oʻtdi.

Juma, namozshom mahal viloyat markazidan qishlogʻimiz bekatigacha avtobusda kelib, buyogʻiga piyoda qaytarkanman, beixtiyor oyoqlarim Tirkash choʻponning uyi tomon boshlab ketayotganini his qildim.

Choʻpon farzandlari bilan togʻda.

Zimiston uy.

Ne koʻz bilan koʻrayki, mana shu zimiston uy yonida bir necha bola – ular orasida jiyanim Nodir ham bor edi – darvozaga koʻz tikib oʻtirishardi.

Beixtiyor titrab ketdim.

Nazarimda hozir darvoza gʻiyqillab ochiladi-yu, ichkaridan chiqib kelgan Daminning yalangʻoch qoʻllarida olov paydo boʻladi... Bolalar buni hayrat bilan, nafaslarini ichlariga yutib kuzatib turishadi.

Oddiygina, zerikarli kechayotgan hayotimizda birgina oʻzgarish paydo boʻlgandi. Uni ham koʻp koʻrdik.

Qaydasan, moʻ‘jiza...

Yuragim simillab ogʻrib ketdi.

Bu uydan uzoqlashishga oshiqdim...