OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiTilla soat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Tilla soat (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

I

...Hammasi oddiygina hazildan boshlandi.

Ehtimol, unchalik oddiy ham emasdir. Zero, oddiy hazilning tagida zili boʻlmaydi.

Xullas, yomgʻir sharros yogʻib turgan kech bahor kunlaridan biri edi.

Zavodda shtat qisqarishiga uchragach, bir yildan beri ijaraga olgan «Neksiya»sida kirakashlik qilayotgan Sodiq odatdagidek nomozshom palla horib-charchab uyiga qaytmoqda.

Bir kunda Toshkentga borib qaytishning oʻzi boʻlmaydi. Kamida 700 kilometr yoʻl yurish lozim. Buning ustiga yoʻlovchilarning injiqligi, olatayoq koʻtargan mirshablarning bezbetligi asablarni ishdan chiqaradi.

Ayniqsa yomgʻir bu darajada sharros yogʻib turgan kezlari haydovchi battar charchaydi — deyarli oʻn ikki-oʻn uch soat mobaynida yoʻlga diqqat bilan, koʻzlarni yirib ochgancha termulib yurishning oʻzi boʻladimi!

Yoʻlning har qarichi yod boʻlib ketgan. Ammo bugungi mijoz shaharning narigi chekkasidagi uyiga olib borib qoʻyishni soʻradi, yukini vaj qilib koʻrsatdi, buning ustiga yana ming soʻm qoʻshishini bildirdi. Har qancha charchab turgan boʻlmasin, Sodiq koʻnishga majbur boʻldi — ming soʻm koʻchada yotmaydi axir. Mana endi koʻpdan beri yurmagan koʻchalardan qiynalib uyga qaytmoqda.

Nihoyat «Neksiya» shahar markazidagi xiyobondan oʻtgachgina Sodiq yengil nafas oldi, bundan bu yogʻi — tanish koʻchalar. Mana shu tuygʻu ta’sirida qaddini sal rostlab, koʻkragini ruldan uzoqlashtirgan Sodiq mashina tezligini oshirdi. Agar sal lofi bilan aytiladigan boʻlsa, endi u koʻzini yumib ham keta olardi. Shunday ekan, yomgʻirdan zada boʻlishga ham ortiqcha hojat qolmadi.

Mana, chapdagi birinchi koʻchaga qayrilishi kerak. Bu koʻchada oshnasi Isomiddin turadi. Isomiddinni eslagan Sodiq miyigʻida iljayib qoʻydi. Illo, birovning dardi — baribir birovning dardi-da.

Darvoqe, Isomiddin xususida. Juda ulfat yigit, choyxona, osh desa oʻzini tomdan tashlaydiganlardan. Ichimlik borasida-ku, umuman suyagi yoʻq. Oʻziyam aroqning isini bir chaqirim naridan ilgʻaydi. Oʻqilgʻi quyish shaxobchasida operator, birodarlar uni «zapravkachi» deb atashadi. Ishiga yarasha topadiyam. Aytishlaricha, bir sutka ishlab, ikki sutka dam oladigan bu yigit navbatchiligining oʻzidayoq choʻntagiga kamida ellik ming olib qolarkan.

Sodiq ba’zan gʻayirlik qiladi: tong saharda ketib, yarim kechasi horib-charchab, boʻyin tomirlari, yelkalari qotib-uvishib, burni yerga tekkuday boʻlib qaytib keladi-yu, qoʻlida oʻn ming soʻmdan ortiq daromad qolmaydi. Isomiddinga oʻxshaganlar esa bir sutka yalpayib oʻtirgani evaziga shuncha topsa-ya...

Buning ustiga, omad bir kelsa ustma-ust kelaveradi, deganlari rost shekilli yo boshqa kelar joyi ham bormi, ishqilib, Isomiddin erkak boshi bilan tillaga koʻmilib yuradi. Oltin soat, oltin uzuk, boʻynida tilla zanjir, ogʻzi toʻla tilla tish... Mana shu turish-turmushiga uning yana boʻkib qolguncha, ta’bir joiz boʻlsa molday ichishi qiziq.

Mast Isomiddinni uyga olib borib qoʻyish desa ulfatlarning yuragi bezillardi. Aytishlaricha, uning xotini oyoqqa zoʻrgʻa turgan erini suyab kelgan odamga qarab bobillab berarkan. Isomiddinning mana shunday tili zahargina xotinini ba’zan jonidan ortiq koʻrishi esa yana-da gʻalati edi. Buni Sodiqning oʻzi ham necha marta koʻrgan: aljib, tili zoʻrgʻa aylanayotgan, vujudi esa beshiktervatarday tebranayotgan boʻlsa-da, Isomiddin mehmondorchilik yakunida «bu xotinimga» deya gʻoʻldiragancha choʻntagiga shirinlik solib qoʻyishni unutmasdi. Dasturxonda shirinlik boʻlmagan taqdirda choyxona hovlisiga chiqib, gul qidirib qolardi. Qish kunlari esa, har qancha «gʻisht» boʻlib qolsa ham Isomiddin yoʻlda oʻzini olib kelayotgan mashinani toʻxtatib, doʻkondan shirinlik olarkan.

Tanish darvozaga yaqinlasharkan, Sodiq shularni oʻylab miyigʻida iljayib qoʻydi. Shu lahzada mashina chiroqlari darvozani yoritdi va Sodiq shundoq yoʻlakda muk tushib yotgan odamni koʻrdi. Beixtiyor tormozni bosdi. Mashina darvozadan uch-toʻrt qadam nariga oʻtib toʻxtadi.

Bir zum ikkilanib turgandan keyin Sodiq qoʻl tormozini tortdi va eshikni ochdi. Yomgʻir sharros quymoqda edi. Sodiq qunishibgina tashqariga chiqdi-da, istar-istamay darvoza tomon yurdi.

Sodiq shunday yomgʻir tagida ikki bukilib, bir yonboshida yotgan gavdani oʻziga qaratdi. Ha, bu Isomiddin edi.

Isomiddin norozi boʻlganday bir nimalar deb toʻngʻilladi. Aftidan, chekiga buni olib kelish tushgan ulfat Isomiddinni darvozaga suyaganu, qoʻngʻiroqni bosasola ura qochgan. Ichkaridan hech kim chiqavermagach esa mast yiqilib tushgan, soʻng koʻlmak ustida parqu koʻrpa ogʻushida yotganday maza qilib uxlayvergan.

Sodiq Isomiddinni bir amallab koʻtarib olib, darvozaga suyadi va uni bir qoʻli bilan ushlagancha qoʻngʻiroqni ketma-ket bosdi. Jimlik. Demak, uyda hech kim yoʻq. Sodiq darvoza tirqishidan moʻraladi. Hovli qop-qorongʻi edi.

Shu payt Isomiddin nimadir deb gʻoʻldiradi. Sodiq shu tomonga oʻgirildi va uning qoʻynidan bir dona ezilgan atirgulni chiqarishga urinayotganini koʻrdi.

Sodiqning jahli chiqdi. Bir kami shu edi. Xotinim chiqdi, deb tusmol qildi shekilli.
— Ogʻrimagan qulogʻimga oltin isirgʻa boʻlding-ku, dardisar!

Sodiq bu dashnomni beixtiyor aytdi. Koʻnglida hech bir niyati ham yoʻq edi. Ammo jumladagi «oltin» soʻzi negadir uni hushyor torttirdi.

«Bir hazillashay, — deya oʻzini ishontirishga urina boshladi Sodiq. — Ana undan keyin mast boʻlib, koʻchada yumalab yurmaydi... Bir hazillashay...»

Sodiq Isomiddinni suyab yerga oʻtqazdi va shosha-pisha qoʻlidagi tilla soatni yechib oldi. Oltin zanjir ham osonlik bilan yechila qoldi. Lekin nomsiz barmoqdagi uzuk sal qiynadi — tiqilib turgan ekan.

Negadir issigʻi chiqib, boʻgʻriqib ketayotgan Sodiq oʻrnidan turib, atrofga alanglab, hech zogʻ yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, narsalarni oshigʻich tarzda shimining choʻntagiga joyladi. Keyin, qaytadan engashib, Isomiddinni yotqizib qoʻyarkan, qandaydir noma’lum qutqu izmida uning choʻntaklarini kavladi. Kostyumning ichki kissasidan bir dasta pul chiqdi. Sodiq ularni sanab oʻtirmasdan choʻntagiga soldi.

Isomiddin yomgʻirga ham parvo qilmasdan pishillab uxlamoqda edi. Sodiq bir muddat uni kuzatib turdi, keyin, atrofga yana bir bor alanglab olgach, shoshilibgina mashinasi tomon yurdi.

Sodiq iliqqina mashina kabinasiga oʻtirarkan, yana bir bor oʻzini ishontirmoqchiday:
— Boplab bir hazillashay, — dedi.

«Neksiya» joyidan siltanib qoʻzgʻaldi.

II

Reja oʻta joʻn edi. Sodiq erta-indin Isomiddin ishlayotgan AYoQShga boradi, uni biroz qoʻrqitadi-da, soʻng:
— Mana! — deya olgan narsalarini qaytarib beradi.

Shoʻrlik Isomiddin tentak boʻlib qolsa kerak oʻziyam.

Ammo AYoQShga oʻtishga ertasigayam, indinigayam vaqti boʻlmadi. Nihoyat uchinchi kuni rulni shu tomonga burgan Sodiq qovoq-tumshugʻi osilib ketgan, soqol olishni ham unutgan Isomiddinni bir chekkada shumshayib oʻtirgan holda koʻrdi.

Isomiddin Sodiqning salomiga ruhsizgina alik oldi. Soʻng:
— Tinchlikmi, oshna?
— Tinchlik... — deya bazoʻr, istar-istamas javob qaytardi Isomiddin.
— Har xil gaplar eshitayapman...

Isomiddin yalt etib unga qaradi-da, ogʻir uf tortdi:
— Narsalarimni shimo qilib ketishibdi.
— Nima qilib ketishibdi.

Isomiddin bu safar zardaliroq tarzda dedi:
— Oʻgʻirlab ketishibdi...

Sodiqning nazarida, shu soʻzdan keyin u baralla kulib yuborishi va choʻntaklarida badanini kuydirib yuborguday boʻlib turgan tilla buyumlarni hamda oʻttiz besh ming soʻmni chiqarib berishi kerak edi.

Ammo nimadir halaqit berardi. Baayni «sichqon-mushuk» oʻyini tez tugab qolayotganday, u yetarli darajada huzur ololmayotganday.
— Nimangni olishibdi?

Isomiddin bu safar Sodiqqa ochiqdan-ochiq gʻazab bilan qaradi.
— Nima, aytsam topib berarmiding?

Xudo shohid, Sodiq shu yerda oʻyinni tugatmoqchi edi, ammo buning oʻrniga tiliga boshqa soʻzlar keldi:
— Men-ku, topib berolmasman, lekin shunaqa ishlar bilan shugʻullanib yuradigan yigitlar bor. Agar xizmat haqiga koʻnsang, gaplashib beraman.

Sodiqning xayolida bu gaplari ham hazilning davomi edi, xolos. Biroq choʻkayotgan odam xasga yopishar ekan. Isomiddin ham sakrab oʻrnidan turib ketdi.
— Ogʻziga siqqanini soʻrasin, beraman!

Shunday vaziyatda ham Isomiddinning kattalik qilishga urinishi Sodiqning izzat-nafsiga tegdi. Endi oʻzini nafsoniyati toptalgan odam his qila boshlagan Sodiq oʻyinni davom ettira boshladi.
— Oʻzi arziydigan narsami?
— Arziganda-chi... — alam bilan uf tortdi Isomiddin. — Xotinim sovgʻa qilgan soat. Yozuvi bor edi. Shu topilsayam mayliydi. Sepochka bilan uzukni oʻzim olgandim... Xotinimning koʻziga koʻrinmay deb ishga har kuni chiqayapman... Soʻramagan odamim qolmadi... Sen gaplash. Xizmat haqidan oʻylanma. Agar soat topilsa, oʻzingniyam quruq qoʻymayman — bir oy tekin benzin beraman.

Sodiq miyigʻida iljaydi.
— Har kuni Toshkentga qatnayman-a...
— Menga desa Moskvaga qatnamaysanmi!

Endi, shuncha gapdan keyin, narsalarni birdan chiqarib berish juda noqulay tuyuldi Sodiqqa.
— Melisaga aytmadingmi? — deya soʻradi u.

Isomiddin qoʻl siltadi.
— Melisaga nima deyman? Ichibman, loyda yotib qolibman, shunda meni shilib ketishibdi, deymanmi...
— Mayli boʻlmasa, — ovozida nedir ulugʻvorlik paydo boʻlgan Sodiq xayrlasha boshladi. — Borib surishtirib koʻray-chi.

Isomiddinning koʻzlari umidvor yiltiradi.
— Bir yordam ber, joʻra. Xizmatingni qilaman... Hech boʻlmasa soat...

Sodiq AYoQShdan bamisoli shaharning oʻgʻriboshisiday salobat va viqor bilan uzoqlashdi...

III

Tongda mijoz uchun talashib-tortishishlar, har bir yoʻlovchini sargʻayib kutishlar, ana shundan keyin kira haqi ustida boʻladigan munozara va nihoyat yoʻl azobi — bularning barisi horitdi shekilli, ertalabki huzur-halovatdan asar ham qolmagan Sodiq namozshomga yaqin avtobekatga shalvirab kirib keldi-yu, maydon adogʻida qaqqayib turgan Isomiddinni koʻrib hayron qoldi. Bu orada mashinani tanigan «zapravkachi» chopqillab yetib keldi-da, oynadan boshini chiqarib turgan Sodiqqa qarata — na salom bor, na alik, — qichqirdi:
— Boʻldimi, gaplashdingmi?

Sodiq garangsib qoldi. Isomiddinni chetga imladi va:
— Shu gap hammaning oldida aytiladigan gapmi? Yaxshi bor, yomon bor,- dedi xuddi bir nimadan xavotirlanayotganday. Keyin asta shivirladi:
— Bu dunyoda bitmaydigan ish bormi... Gaplashdim. Harakat boshlangan. Kutib tur... Lekin yigirma besh foizi ularniki.
— Bemalol, — jon holatda ikkala qoʻlini siltadi Isomiddin. — Uchalasi bir millionga yaqin turadi. Men uch yuz ming beraman. Oldindan. Soatning oʻzi boʻlsayam mayli...

Sodiqning koʻzlari tinib ketdi-yov. Uch yuz ming-a! Bir oy eshshakdek ishlab uch yuz ming topadi, buning ham yarmini mashina egasiga beradi. Demak, ikki oyda topganini...

Sodiqqa bu fikr oʻrinli tuyuldi. Isomiddin shunday ahvoldaki, xotini sovgʻa qilgan soatni topish uchun oxirgi ishtonini sotishga ham tayyor. Yana ichi qizib, yuzi boʻgʻriqa boshlagan Sodiq shosha-pisha mashinasiga oʻtirdi.
— Hay, borib gaplashib koʻray-chi.
— Jon joʻra, — deya yolvorishga oʻtdi Isomiddin, — Uyga borishga betim chidamayapti...
— Yigitlar bilan uchrashaman, vaziyatni tushuntiraman, — deya Sodiq mashina kalitini buradi.

Uch yuz... Yana oʻttiz besh... Yomon emas... Yiqqaniga qoʻshsa bir eskiroq «Jiguli»ga yetib qoladi. Oʻzingni mashinang — oʻzingniki-da. Birovning qosh-qovogʻiga qaramaysan, ishqilib buzilib qolmasin-da deya yuraging poʻkillab turmaydi.

Sodiq oʻzining topqirligidan oʻzi mamnun boʻldi. Shunday olib borib beradi-da, «Yigitlar sen bilan uchrashib oʻtirmoqchi emas, ataganingni oʻzimga beraver, olib borib beraman», deydi, tomom-vassalom. Isomiddin jon-jon deb rozi boʻladi, bu haqda gap boʻlishi mumkin emas.

Ammo-lekin Sodiq bopladi, bir oʻq bilan ikki quyonni urdi...

IV

Tuni bilan turli xayollarga borib, uxlay olmay, toʻlgʻonib chiqqan Sodiq tong saharda boshi gʻuvillab oʻrnidan turdi.

Uch yuz oʻttiz ming... Yaxshi. Lekin... mabodo... bir millionning oʻzi boʻlsami... Yangiroq «Jiguli» olsa boʻlardi. Eskini yamab esing ketguncha... Oʻzi benzinni urib qolish evaziga kelgan boʻlsa... Oʻtniki oʻtga, suvniki suvga, qoldi qatiqning puli... Yana topadi, oladi... Bundan ham zoʻrini...

Sodiq otasi bergan narsani yoʻqotib qoʻygan yosh boladay jovdirab turgan Isomiddinni esladiyu, beixtiyor shosha-pisha soatni olib, undagi yozuvga qaradi. Oddiygina yozuv ekan. Bor-yoʻgʻi: «Turmush oʻrtogʻim Isomiddin akaga. Tugʻilgan kuningiz bilan. Xotiningiz» deb yozilgan, keyin sana koʻrsatilgan ekan, xolos. Xudo biladi, «turmush oʻrtogʻim» degan soʻzni ustaning oʻzi qoʻshgandir.

Shunga shunchami...

Oʻzining yoʻliga koʻz tikib turgan Isomiddinni koʻrib Sodiqning ensasi qotdi. Nima, u avliyomidiki, yoʻqolgan narsalarni topib bersa. Ketgan narsa ketdi-da. Bosh omon boʻlsin... Nima, oʻlar joydamiding... Sovgʻa boʻlsa boʻpti-da. Pul boʻlsa — changalda shoʻrva, bunaqangi sovgʻalardan yuzlab qilsa boʻladi...

Isomiddin Xizrni koʻrganday hayajonlanib, atrofida girdikapalak boʻlayotganini ijirgʻanibroq kuzatib turgan Sodiq dagʻalroq tarzda dedi:
— Yigitlar harakatda... Lekin agar shu bugunning oʻzida topilmasa boshqa izlamaymiz, deyishayapti.

Rangi oqarib, koʻzlarining paxtasi chiqib ketgan Isomiddin yana yolvordi:
— Bir ilojini qil, joʻra...

Sodiq avtobekatda Toshkentga yoʻlovchi izlab izgʻib yurgan chogʻi zargarlik buyumlari doʻkoniga birrov kirib chiqdi. Yaxshi, tilla narxi yana oshibdi. Yaxshi... Soatdagi yozuvni esa Toshkentda oʻchirib kelsayam boʻladi...

Omadi kelgan kun ekanmi, mijozlar ham tezda topila qoldi.

Toshkent yoʻlidagi «Jahon bozori»ga kirib, sigareta sotib olgan Sodiq shoshib mashinasi tomon yurayotgan mahal darvoza yonida turgan tilanchilardan biri uni tirsagidan tutib, oʻziga qaratdi. Bu qozonday qop-qora, badbashara, faqat koʻzining oqi yiltirab turgan, sochi oqarib ketgan boshiga katta roʻmol oʻragan, chamasi oltmish yoshlardan oshgan ayol edi.
— Yuz soʻm ber, oʻgʻlim, — dedi kampir qahr bilan. — Duo qilaman, yoʻling ochiladi.

Sodiq jahl bilan qoʻlini tortib oldi.
— Pul yoʻq.

Tilanchi endi Sodiqning yoʻlini toʻsdi.
— Birovning haqi yomon boʻladi, bolam. Yuz soʻm sadaqa qil, yoʻling ochiladi.
— Bor-e!..

Sodiq kampirni aylanib oʻtdi-da, shoshib yoʻlida davom etdi. Ortidan kampirning norozi tarzda pisanda qilganini eshitdi:
— Bekor qilding, bolam...

Sodiqqa Toshkent yoʻli yod boʻlib ketgan. Mashinani ham har bir murvatiga qadar his qilib turadi. Ammo Sirdaryoga yetishgan mahal kutilmaganda oldingi ballon yorilib qoldi. Xayriyat, zapas ballon bor edi, bir pasda almashtirib oldi. Endi yurishda davom etib, tezlikni yuzga yetkazgan mahal uni quvib oʻtgan ulkan «KamAZ» orqa ballonidan otilgan tosh «Neksiya»ning old oynasini chatnatib yubordi. Oʻrgimchak toʻriday iz qolgan oynaga qararkan, Sodiq alamdan «dod» deb yuboray dedi va beixtiyor tilanchi ayolning qoʻrqinchli chehrasini esladi...

Ishqilib, yoʻlning bu yogʻi tinch kechdi.

Olisga qatnaydigan kirakash haydovchilarning bir odati bor: ular iloji boricha toʻrt kishilik guruhni mashinasiga olmaslikka harakat qilishadi. Axir bilib boʻladimi... Yoʻlovchilarning bir-birlarini tanimaganlari ma’qul. Mabodo ular ichida ayol kishi boʻlsa yanada yaxshi...

Ertalabdan buyon Isomiddinga aytadigan gaplarini xayolida pishitayotgan, hayajon zoʻridan tuzukroq tushlik ham qilolmagan Sodiq avval ikkita erkak mijoz topdi, soʻng ikkita yigitchani. Erkaklarning sovuqroq basharasi oʻziga yoqmagan boʻlsa-da, ularni oldi-yu, yoʻlga chiqdi.

Sodiq shoshardi. Tezroq shaharga yetib borsa-yu, Isomiddinni topib, shunday-shunday desa... Keyin... hammasi, hammasi oʻziga qolsa... Keyingi haftalar oppoqqina «06» olsa...

Sodiq beixtiyor iljayib qoʻydi...

Mashina Paxtakor shahri qayrilishidan oʻtib, ochiq maydonga chiqqan mahal Sodiq boʻyniga arqon tashlanganini sezdi. U ajablanib yonboshiga qaradi. Arqonni orqada oʻtirgan yigitchalardan biri tashlagandi, yonboshda oʻtirgan turqi sovuq erkak pichoq yalangʻochlab turardi. Sodiq hatto qoʻrqishga ham ulgurolmadi — muzday tigʻ biqiniga «port» etib sanchildi...

Yoʻl boʻyidagi ariqqa tashlab ketilgan, suvda shishib ketgan murda uch kundan keyin topildi...

Tergovchilar marhum kiygan jinsi shimning orqa choʻntagidan tilla soat topishdi. Qolgan choʻntaklar boʻm-boʻsh edi. Soat orqasida yozuv bor edi, shu sababli uning egasi tezda topila qoldi.

Isomiddin koʻp ezildi. Mirshablarga «Sodiq doʻstim meni deb oʻlib ketdi!» deb yigʻlab bordi, doʻst-birodarlariga koʻzda yosh bilan Sodiqning mardligi, tantiligi, ayniqsa oʻzining oʻgʻirlab ketilgan narsalarini topish uchun astoydil harakat qilganini, ehtimolki shuning uchun jonini qurbon qilganini aytib charchamasdi.Bu e’tirof Isomiddinga sal qimmatga ham tushdi: Sodiqning xesh-urugʻlari chuvvos solib unga yopishdilar; erkaklar «qotil» deb soʻkdilar, ayollar mungʻayib turgan «zapravkachi»ning yuzini tirnab tashladilar...

Isomiddin doʻst-birodarlari bilan Sodiqning ma’rakalari oʻtkazilishiga bosh-qosh boʻlib turdi. Soʻng «Qarzim bor edi», deya uch yuz ming soʻm tashlab ketdi. Ammo marhumning xesh-urugʻi bu miqdordan qoniqmagan, yana shuncha talab qilgan...

Isomiddinni bir necha bor Sodiqning qabri yonida koʻzda yosh bilan tilovat qilib oʻtirgan holda koʻrganlar «Eng yaqin, eng sodiq doʻstidan ajralib qoldi-da, bechora», deya afsuslanib bosh chayqab qoʻyishardi. Ammo «Axir, yoshgina Sodiq shuni deb oʻlib ketdi. Vijdoni qiynalayotgan-da», deguvchilar koʻproq edi...