OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Abduqayum Yoʻldosh. Toʻy (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiToʻy (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm133KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 10-11-sonlar, 2010 yil


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻy (qissa)
Abduqayum Yoʻldosh

Fayzullaning bolaligi Mirzachoʻlning qoq kindigida joylashgan qishloqda, ta’bir joiz boʻlsa paxta ichida oʻtdi. Koʻklam yagana, yoz boʻyi chopiq, kuzdan esa deyarli Yangi yilgacha davom etadigan terim. Avvallari qishda sal nafas rostlab olardi, ammo yoshi katta boʻlgach akasi Saydullaga qoʻshilib yaxob suvi qoʻyishga chiqa boshladi. Shuncha ish yosh boshida boʻlishiga qaramasdan Fayzulla hayotda texnikaga, maktabda esa aniq fanlarga qiziqib oʻsdi. Balki shu sabablidir maktabni bitirgan yiliyoq politexnika institutiga oʻz kuchi bilan kirib ketdi. Oʻqishni tugatgach, yoʻllanma bilan shahardagi katta bir zavodga ishga bordi. Injener boʻlib ishladi. Yosh mutaxassis sifatida toʻrt yildan keyin unga bir xonali uy berishdi. Uylandi. Avval oʻgʻilli boʻldi. Ikki yildan keyin qizli. Ammo...

Falokat oyoq ostida deganlari rost ekan. Endi chopqillay boshlagan ikki yarim yashar qizchasi «dom» qarshisidagi bolalar maydonchasida oʻynab yurib, beton ariqchadan sakrab oʻtaman deganda oyogʻi ariqqa tushib ketgan. Muvozanatini yoʻqotgan qizaloq bir aylanib orqasi bilan beton ariqchaning qirrasiga urilgan. Ana shunda qizaloqning hali nozik umurtqa pogʻonasi qattiq lat yegan ekan. Doʻxtirlar avvaliga buni payqashmagan. Payqashganida esa kech boʻlgan ekan.

Habiba avvaliga oqsoqlana boshladi. Dilnoza qizalogʻining oyogʻiga qoʻy dumbasidan surdi, massaj qildi. Habiba bora-bora yurmay ham qoʻydi. Er-xotinning obormagan doʻxtirlari qolmadi. Hatto eskicha ham qilib koʻrishdi. Befoyda. Habiba toʻrt yoshga toʻlgan kunini nogironlar aravachasida kutib oldi.

Dilnozaning boʻlari boʻldi. Loʻmbillagan juvon birdan ozib ketdi, koʻzlari kirtaydi. Fayzullaning ahvoli xotinidan battar boʻlsa battar ediki, yaxshi emasdi.

Doʻxtirlarning qayta-qayta bergan tavsiyalariga qaramasdan, er-xotin Habibani nogiron bolalar uyiga berishmadi. Axir, koʻzlari moʻltirab turgan shiringina qizaloqdan qanday qilib ajralishsin... Tili biyron, oʻzi oqila...

Dilnoza maktabdagi ishini tashladi hisob. Fayzulla ham ishini tugatar-tugatmas uyga chopadi. Qizaloq nogironligi bois uydan koʻchaga chiqolmasdi. Faqat aravada. Fayzulla qizchasiga tabiatni koʻrsatmoqchi boʻldi. Shu maqsadda ikki yilcha qattiq ishlab, yetmaganiga qarz-havola qilib boʻlsa ham sal eskiroq, lekin ishonchli «Damas» sotib oldi. Shu mashinada Habibani togʻlarga olib chiqishdi, Samarqand-Buxoroga olib borishdi, muqaddas joylarni birgalikda ziyorat qilishdi.

«Habiba bir kuni tuzalib ketadi!» Er-xotin moʻ'jizaga ishonib yashashdi. Er-xotin moʻ'jizani kutib yashashdi.

Shu alfozda oʻn yildan koʻproq vaqt oʻtdi.

Er-xotinning baxtiga Azimjon esli-hushli bola boʻlib oʻsdi. Koʻp vaqtini uyda oʻtkazadi. Maktabdan keldi deguncha singlisining yoniga oshiqadi. Unga turli-tuman kitoblar oʻqib beradi. Natijada aka-singil ashaddiy kitobxon boʻlib qolishdi. Azim esa, singlisiga oʻqib bergani yetmaganday, kechalari ham xonasiga qamalib olib bir asarlarni erinmasdan qayta-qayta mutolaa qiladigan boʻldi. Sezgir Habibaning aytishiga qaraganda, Azim keyingi paytlari she’r ham yozayotganmish. Dilnoza shu haqda aytganida Fayzulla ishonmadi. Avval kulib qoʻya qoldi, keyin jiddiy tarzda oʻz fikrini bildirdi:
– Qarqunoqdan bulbul chiqmaydi, ayasi. Kelib-kelib bir injener bilan bir matematika oʻqituvchisining bolasi shoir boʻladimi? Bu bir havas boʻlsa kerak-da. Balki birontasini sevib qolgandir.

Dilnoza norozi tarzda qoshlarini chimirdi:
– Nima, sizam shu yoshingizda birovni sevib qolib, she’r yozganmisiz?

Fayzulla aniq javobdan oʻzini olib qochdi:
– E, men shunchalik koʻp qizlarni sevib qolganmanki, doston yozsam ham baribir yetmasdi. Shuning uchun hech narsa yozmay qoʻya qolganman.

Shu bilan Azimning shoirligi masalasi ochiq qoldi.

Bolasiga andarmon boʻlibmi, Fayzulla qishloqqa kam boradigan, toʻy-ma’rakalarga kamroq aralashadigan boʻldi. Mabodo biron qiyolmaydigan xesh-urugʻinikiga borib qolsa ham uyga qaytguncha shoshardi. Yuragi hapriqib ketaverar, xuddi uyda biron nima yuz bergandek boʻlaverardi. Qishloqdoshlar, qarindoshlar ham uning ahvolini tushinishgan shekilli, bu borada unchalik koʻp bezovta qilishavermasdi.

Lekin bu oila boshiga tushadigan gʻam-alamlar, ayriliqlar, qaygʻuli koʻrgiliklar bir chekkada oʻz fursatini kutib yotgan ekan.

* * *

Avgust oxirlari. Sexda ish qizgʻin ketayotgan edi. Tomi baland binoda tinmay ishlayotgan dastgohlarning shovqin-suroni olamni tutgan. Koʻzoynak taqqan ishchilar dastgohlar charxini aylantirib, metallni qirqqanida uzluksiz uchqunlar oqimi koʻkka oʻrlaydi.

Fayzulla bino chetidagi temir zina bilan chiqiladigan, eshigiga «Sex boshligʻi» deb yozib qoʻyilgan kabinetida navbatdagi buyurtma detal chizmasini usta Mirkarim bilan oʻrganib oʻtirgan edi. Xayriyatki, eshik zich bekitilsa bu yerga shovqin unchalik kelmaydi. Shu sababli u oʻzining qoʻl telefoni jiringlaganini bemalol eshitdi. Fayzulla chizmadan koʻz uzmagan koʻyi shoshilmasdan stol tortmasida turgan qoʻl telefonini oldi.
– Eshitaman.

Fayzulla apparatni qulogʻiga qattiqroq bosdi va akasi Saydullaning baqirgan ovozini eshitdi. Soʻng ular orasida shunday suhbat boʻlib oʻtdi.
– Fayzulla, oʻzingmisan... Oʻzingmisan?
– Ha, menman. Saydulla aka?
– Menman, uka, menman.
– Assalomu alaykum, aka. Tinchmisiz, uydagilar...
– Yaxshi, yaxshi. Qisqasi, ertaga Mardonning toʻqqizini olib borayapmiz. Kechi bilan oʻn birga yetib kelmasang boʻlmaydi, uka. Oʻn ikkida joʻnaymiz.

Bu xabarni eshitgan Fayzulla quvonib ketdi.
– Muborak boʻlsin, aka, muborak boʻlsin. Aytganday, Mardonjon hali yosh emasmi? Azimjondan besh yosh katta edi shekilli.
– E, yoshi qoptimi! Yigirmaga kirayapti, yigirmaga! Nima, hamma senga oʻxshab oʻttizga kirganda uylanishi kerakmi?
– Oʻttiz emas, yigirma yetti. Ha, mayli, eng muhimi – ikki yosh baxtli boʻlsin...
– Yetib kelasan-a. Atay seni deb shanbaga toʻgʻriladik. Xafa boʻlmagin-u, boshqa kunni aytsak ishni bahona qilishing tayin-da, uka.

Bu gapni eshitgan Fayzulal beixtiyor kulimsirab qoʻydi:
– Ertagayam ish kuni, aka.

– Shaharda shanba kuniyam ish boʻlarkanma?
– Oyning oxiri, aka, oyning oxiri.

Jahli chiqib ketdi shekilli, Saydulla aka sal iddao bilan gapirishga oʻtdi:
– Oxir-poxirini bilmayman. Qaytib boʻlsayam yetib kelasan, tamom-vassalom! Axir seninggam yoshing ellikka yaqinlashib qoldi, uka. Bunday bir elga qoʻshil-da. Bilib qoʻy: ertan toʻyingda, ma’rakangda begonalar emas, shu yomon jigarlaring kuningga yaraydi.
– Xoʻp, aka, xoʻp. Albatta yetib boraman, – shoshib gapirdi Fayzulla.
– Shunday boʻlsin, uka, – endi sal mamnun tarzda gapirdi Saydulla aka. – Kelin bilan bolalarniyam olib kel.
– Ular endi katta toʻyda borishar, aka, – aniq bir gap aytishga iymandi Fayzulla. – Aytganday, sotka oʻzingiznikimi, aka. Nomerini saqlab qoʻyay degandim.
– E, toʻy qilayotgan odamda sotka nima qilsin?! Bu artist bollarniki. Qaysi kunlari boʻshligini bilay deb kelgandim... Mayli, uka, buning chiqillatib pul urib yotibdi.
– Xoʻp, aka, xoʻp. Albatta yetib boraman. Bizdan nima xizmat, aka?
– Kelaver qani, xizmat boʻlsa qochib ketmas...

Qoʻl telefonidan qisqa-qiska gudoklar eshitildi. Fayzulla devordagi kalendarga qarab, oʻylanib qoldi. Darhaqiqat, oyning oxiri. Rejani bajarish uchun sex ishlashi kerak. Ammo toʻyga bormasayam boʻlmaydi – akasining koʻngli ogʻriydi.
– Toʻymi deyman, Fayzulla aka? – dedi usta Mirkarim chizmadan boshini koʻtarib.
– Ha, – dedi apparatni yana tortmaga solgan Fayzulla. – Akam oʻgʻlini uylantirayapti. Ertaga toʻqqiz joʻnatishar ekan.

Usta Mirkarim qoʻl siltadi:
– Siz bemalol borib, xizmatlarni qilib kelavering, xoʻjayin. Boshimdan oʻtgan, yaxshi bilaman. Ertan-bir kun oʻzingizning toʻy-ma’rakangizda begonalar emas, shu jigarlaringiz kuningizga yaraydi. Begona yeydi-ichadi, ketadi, xizmatni joni achiydigan yaqinlaringiz qiladi. Oʻzbekning toʻy-ma’rakasi ma’lum.

Fayzulla boshini qashladi:
– Qani, avval manavi detal masalasini hal qilib olaylik-chi...

Ikkovlon yana chizma ustiga engashishdi.

* * *

Baribir bormasa boʻlmas ekan. Axir bir qorindan talashib tushgan akasi. Odam deb chaqirib turgandan keyin. Fayzulla tongda yoʻlga tushdi.

Yoz oyoqlayotganiga qaramasdan kun issiq edi. Bu hol ay¬¬niqsa qishloq yaqinlashgan sayin yaqqol sezila boshladi.

Terlab-pishib ketgan, boʻyniga oq roʻmol tashlab olgan Fayzulla eski «Damas»ida oʻnqir-choʻnqir yoʻlda rosa qiynaldi. Mashinaning goh u balloni, goh bu balloni chuqurga tushib ketadi. Ba’zan birdan ikkala oldingi ballon ham chuqurlikka «qars» etib tushadi, shunda joyidan uchib ketgan Fayzulla boshini kabina tepasiga urib oladi. Bunaqa mahallari Fayzulla alam bilan boshini qashlaydi:
– Oʻh-h!.. Yoʻlmisan yoʻl boʻlibdi-da oʻziyam!

Nihoyat qadrdon qishloqning pastak uylari koʻzga tashlandi. «Damas» biroz yurgach, oʻngga, tuproq yoʻlga qayrildi. Shu zahoti mashina quyuq changga koʻmildi. Dimogʻiga chang kirgan Fayzulla yoʻtala-yoʻtala mashinasini tomi qizil shiferli, atrofi paxsa devor bilan oʻralgan uy oldiga olib kelib toʻxtatdi.

Devor yonida kapoti ustiga boʻgʻchalar taxlangan eski «Moskvich». Mashina yonida betoqatlik bilan shu tomonga qarab turgan ellik besh yoshlardagi, ammo yoshiga nisbatan qarimsiq koʻrinadigan Saydulla aka bilan uning qirq yillik oʻrtogʻi Xudoyberdi aka. Erkaklardan sal narida Saydulla akaning xotini, ozgʻin Zamira yanga bilan uning singlisi Rahima xola ham koʻrindi.

«Damas» bir olam quyuq changga koʻmilib toʻxtadi va undan hamon yoʻtalayotgan Fayzulla tushib keldi. Saydulla aka ukasiga peshvoz chiqdi. Aka-uka quchoqlashib koʻrishishdi.
– Bormisan, uka? Yoʻlingga sargʻayib qarayverib ezilib ketdik-ku.
– Assalomu alaykum. Toʻylar muborak, aka.

– Rahmat, uka, rahmat.

Oraga Xudoyberdi aka aralashdi:
– Har kimni toʻyga yetkazsin. Yaxshi yetib keldingmi, uka!

Fayzulla Xudoyberdi aka bilan ham quchoqlashib koʻrishdi, soʻng ortda turgan ayollarga salom berdi:

– Assalomu alaykum, yaxshimisiz, checha... Siz yaxshimisiz, opa!

Zamira yanga quvonib bosh irgʻadi:
– Oʻzingiz yaxshimi, kelin, bolalar...

«Damas»ga tanqidiy koʻz tashlagan Xudoyberdi bir nimani ma’qullaganday bosh irgʻab qoʻydi.
– Tuzuk, tuzuk... Boʻlmasa gap bunday, uka. Soʻrashib oʻtirishga vaqt yoʻq. Hoʻkiz-poʻkiz ortilgan gruzovoyni ertalab oʻzim joʻnatib yuborganman. Kecha xabar olgani borganimda Ashirmat koʻrning avzoyi buzuqroq edi. Ertaroq bormasak boʻlmaydi. Koʻr janjal qilib turgan boʻlsa, bolalar nima qilishini bilmay garang boʻlib oʻtirgandir. Tuzukmi?
– Qaysi Ashirmat aka? – hayron boʻlib soʻradi Fayzulla.

Xudoyberdi aka alamini olishga fursat kelganday birdan tutab ketdi:
– E, qudaning bir dogʻuli togʻasi bor. Xudoyam bilib turib bir koʻzini koʻr qilib qoʻygan-da. Tekinini olayotganda kap-katta hoʻkiz koʻziga tirraqi buzoq boʻlib koʻrinadiganlardan. Boraylik, oʻzing koʻrasan. Hangomani borib kelgandan keyin, kechqurun uyda bemalol yonboshlab olib qilaveramiz, uka. Tuzukmi? Hozir shoshilmasak boʻlmaydi.
– Shunaqami? Mayli, mayli... – darrov rozi boʻldi Fayzulla. Soʻng choʻntagidan ikki dasta ming soʻmlik chiqardi: – Aytganday, aka, atagan toʻyonamiz. Oz boʻlsayam koʻp oʻrnida koʻrasiz endi, aka.

Saydulla aka mamnun boʻlib pulni oldi va yuzini barmoqlariga siypadi.
– Baraka top, uka. Iloyo toʻylaringda qaytsin.

Boshqalar ham fotihaga qoʻshilishdi.

Shundan soʻng Xudoyberdi aka ishchanlik bilan kaftlarini bir-biriga ishqaladi.
– Uka, qani, bu boʻlka noningning orqasini och-chi. Bi-ir narsalarni reviziya qilib olaylik-chi. – Xudoyberdi aka choʻntagidan roʻyxat yozilgan qogʻoz chiqarib, belgilay boshladi: – Tuzukmi? Xoʻsh, hoʻkiz, ikki qop un, bir qop guruch, moy, goʻsht, oʻttizta suv – bularning gruzovoyda ketdi. Bizga qoladi... Hoy, kelin, ort narsalaringni.

Fayzulla shoshib «Damas»ning ort eshigini ochdi, Zamira yanga bilan Rahima xola boʻgʻchalarni koʻtarib kela boshlashdi. Xudoyberdi aka roʻyxatni tekshirib turdi.
– Toʻqqiz kiyimlik toza material. Bormi?

Zamira yanga bir boʻgʻchani koʻrsatdi:

– Mana.
– Tuzuk. Ortaver, – dedi Xudoyberdi aka. – Toʻqqizta roʻmol.

Rahima xola boshqa boʻgʻchani koʻrsatdi:
– Bu yerda.
– Tuzuk. Toʻqqizta lozimlik. – Oʻziga savol nazari bilan qaragan Xudoyberdi akaga Zamira yanga qoʻlidagi boʻgʻchani koʻrsatadi. – Demak, bor. Ortaver. Tuzuk, tuzuk.

Xudoyberdi aka oʻyxatni koʻziga yaqin olib borib oʻqidi:
– Toʻqqiz par tufli.
– Tuflidan uch par oldik, – dedi Zamira yanga allanechuk shoshib. – Hozir razmerga ishonib boʻlmasa... Qolganini yoshlar oʻzlari toʻydan keyin olishar, jezda.

Xudoyberdi aka beparvo tarzda yelka qisdi:
– Men bilmayman. Buni imi-jimida qudagʻay bilan oʻzing kelishib olsang yaxshi boʻlardi... Hay, mayli, boraylik-chi, toza qoʻymasa olti parining pulini berarmiz. Tuzukmi?.. Xoʻsh, bularning barisining ustiga bitta tilla uzukmi, sirgʻami qoʻyish kerak ekan. Tayyormi?

Buni eshitgan Rahima xola birdan tutaqib ketdi:
– Jezda, qudalarda insof bormi oʻzi? Eldan burun buncha talaydi bizni? Oʻzi ZAGS uzuginiyam biz olgan boʻlsak!

Xudoyberdi aka yana yelka qisdi:
– Men bilmayman. Toza toʻpolon qilishsa bu xotinlarning ishi, oʻzlari kelishib oladi deb turib olaman.
– Toʻpolon qiladiganini menga qoʻyib beravering, jezda! – deya Rahima xola xuddi hozirning oʻzida urishadiganday vajohatda yengini shimardi.

Buni koʻrgan Xudoyberdi aka darrov nasihat ohangiga oʻtdi:
– Uytib toʻydan burun elga sharmanda boʻlib yurma, bekach. Tuzukmi? Gaplashsang keyin... anavi junboshni uyga olib kelganingdan keyin, asta oʻmrovidan chimchilab oʻyib olib...
– Hali uyga olib kelib olaylik u yer yutkurni! – Asabiy tarzda titrab-qaqshayotgan, burun kataklari kerilgan Rahima xola boʻsh kelmadi: – Orqasini yer iskattirmay ishlataman!

Ayollarni tekshirishni tugatgan Xudoyberdi aka endi «Moskvich» ballonlarini koʻzdan kechirayotgan Saydulla akaga oʻgirildi:
– Qalindan ikki yuz ming qolgandi, oldingmi? Salomdan burun shuni bermasang Ashirmat koʻr oldiga solib haydashdan ham toymaydi! Tuzukmi?

Saydulla aka turgan joyida oʻylanib qoldi. Soʻng jur'atsizlik bilan soʻradi:

– Yuzga koʻnmasmikan?
– Koʻnmaydi u enagʻar koʻr! – Xudoyberdi aka keskin bosh chayqadi. – «Bir soʻm kam obkelsang toʻyni buzaman!» deb meni qasamga tayagan u!
– Qani, boraveraylik-chi...
– Yoʻq, joʻra, bunaqasi ketmaydi, – oyoq tirab turib oldi Xudoyberdi aka. – Senga indamasayam, bari «Sen sovchi boʻlgansan, non sindirgansan» deb menga guvlab yopishib qolib, koʻz ochirmay qoʻyadi. Ashirmat koʻrga-ku, xudo bas kelmasa, bandasi bas kelolmaydi. Echkiemarday yopishib oladi enagʻar...

Saydulla akaniki ham tutib qoldi:
– Toza joningni olibdi-ku, bu Ashirmat deganlari. Nima desa «xoʻp» deyavermasdan munday bir bizning yonimizni olib talash-tortish, tushuntir-da, joʻra.
– E, tushuntiraverib charchadim, tomoqlarim xirillab qoldi. «Rasm-rusumimiz» shu deb bez boʻlib turaverishadi, – kuyunib gapirdi Xudoyberdi aka.
– Nima, biz pulni supurib olayotgan ekanmizmi? – toʻngʻilladi Saydulla aka.

Xudoyberdi aka yelka qisib qoʻydi-da, koʻkrak choʻntagidan zanjirli soatini chiqarib qaragach:
– Men aytdim... qoʻydim, – dedi. – Qolganini oʻzing bilasan... Qani, ketdikmi?
– Ketdik, – dedi yuqori labi pir-pir ucha boshlagan Saydulla aka.
– Ayollar «Damas»ga minadi, – buyruq berdi Xudoyberdi aka. – Biz Saydulla bilan oʻzimizning «tap-tap»da. Tuzukmi?
– Tuzuk, – dedi Fayzulla kulimsirab.

Ayollar «Damas»ga oʻtirishdi. Saydulla aka bilan Xudoyberdi aka «Moskvich»ga. Rulda Xudoyberdi akaning oʻzi ekan. Oldinda «Moskvich» chang koʻtarib yoʻlga tushdi. Unga «Damas» ergashdi.

Orqada qovogʻidan qor yogʻib oʻtirgan ayollarga qarab qoʻyarkan, Fayzulla iloji boricha koʻtarinki kayfiyatda gapirishga urindi:
– Aytganday, checha, yetti-sakkiz yasharligimda toqqa, Xoʻshboq togʻamnikiga toʻqqiz olib borgandik. Oʻshanda «Qudalar keldi» deb rosa ustimizga un sochishgandi, bir-ikkita ayollar ogʻzimizgayam un tiqishgandi. Ishqilib, bugun unga belanib qolmaymizmi?

Birov bilan urishgani borayotganday tumtayib olgan Zamira yanga yoʻldan koʻz uzmagan koʻyi uf tortdi. Keyin:
– E, u urflar oʻzgarib ketgan, – dedi. – Endi bir-ikki kilo «Rachki» kampitidan olib chiqib, yo boshimizdan sochishadi, yo bir hovuchdan tarqatib chiqishadi.
– Buni qarang-a... – Fayzulla hayron boʻlib bosh chayqab qoʻydi.

* * *

Qudalarning uyi qoʻshni tumandagi xoʻjalikda ekan. Bir soatcha yurishdi. «Moskvich» bilan «Damas» paxsa devorli oddiygina uy yonida oldinma-keyin toʻxtadi. Fayzulla sal nariroqda turgan usti ochiq «Gaz-51» yuk mashinasini koʻrdi. Mashina ustida hoʻkiz pishqirib turardi.

Mashinalaridan tushishgan Saydulla aka, Xudoyberdi aka, Zamira yanga, Rahima xola, Fayzulla taqa-taq berk darvoza yonida toʻplanishdi.
– Birov kel deb kutib olmayapti-ya, – dedi Fayzulla hayron boʻlib.
– Echkiga jon qaygʻusi, uka, – miyigʻida iljaydi Xudoyberdi aka. – Lozim odamlarga uch-toʻrt soʻm tarqatmaguncha darvoza hatlab oʻtolmaymiz. Urfimiz shu. Tuzukmi?

Shu payt ularning yoniga yuk mashinasi tarafdan beliga oq belbogʻ bogʻlagan, doʻppi kiygan yigirma yoshlardagi Eldor chopib keldi. Eldor javdirab Saydulla akaga qaradi:
– Qip-qizil jinni ekan-ku katta qudangiz! Buqani endi tushiraman deb tepalik izlayotsam kela solib «Yoʻqot bu tirraqi buzoqni! Meni elga sharmanda qiladigan bunaqangi quda-andalar kerak emas!» deb boʻkirib berdi.

Xudoyberdi aka oʻrtogʻiga ta’nali boqdi:
– Aytgandim-ku, joʻra. Bu hali boshlanishi. Xoʻsh, yana nima dedi?
– E, koʻp gapni aytib tashladi! – kuyinib tushuntirishga tushdi Eldor. – Choʻntagidan chopqi chiqarib, unqopni teshib koʻrdi. «Ekkinchi sort ekan! Bizga visshiy sort kerak!» deb boʻkirdi. Guruchni koʻrib «Bu oqshoqni boshimga uramanmi!» dedi. Moyni kam dedi. «Suvning eng arzonidan olibsizlar! Buni dasturxonga qoʻyishgayam uyalaman!» dedi. Ishqilib, rosa sasidi!
– Koʻr ushlaganini qoʻymaydi, deganlari shu-da, – bosh ir¬gʻadi Xudoyberdi aka. – Hay, oxiri meva-chevani oldimi?
– Toʻngʻillay-toʻngʻillay, yuz ming soʻm qoʻshib berish sharti bilan oldi. Lekin hoʻkizni qaytarib olib ketinglar, yo boʻlmasa yoniga bitta boʻrdoqi qoʻchqor qoʻshinglar, degan shart qoʻydi. Keyin… «El oldida uyalib qolmaslik uchun oʻzimning katta qoʻchqorimni soʻyaman», dedi. «Aytganlarimni qilmasalaring orqaga qaytib ketaveringlar, sizlarga beradigan koʻchada qolgan qizimiz yoʻq» dedi.
– Uyga borsin hali bu kelin, uyga borsin hali! – mushtlarini bir-biriga urdi Rahima xola. – Shunday oʻynatayki...
– Shunisigayam shukr, – dedi Xudoyberdi aka kutilmagan xush kayfiyatda. – Demak gapga koʻnishga mayli bor. Qani, joʻra, yuz ming ber-chi. Bir ichkariga kirib tirraqi buzoqni buqaga aylantirib chiqay. Agar koʻnsa bu koʻr.

Saydulla aka norozi tarzda bir dasta ming soʻmlik berdi. Xudoyberdi aka darvozaga tutash kichkina eshikni gʻiyqillatib ochdi va zipillab ichkariga kirib ketdi.

Fayzulla xavotirlanib soʻradi:
– Ishqilib, koʻnarmikan bu Ashirmat deganlari?
– Koʻnadi, – dedi Saydulla aka ishonch bilan. – Koʻnmay qayoqqayam borardi? Endi, uka, uning ham oʻziga yarasha maqsadi bor-da: buqani soʻydirmay, ekonom qilib qolish. Ham buqa ekonom boʻlsa, ham yuz ming yonlariga qolsa. Bu kimga yoqmaydi?
– E-ha, gap bu yoqda deng. Men boʻlsa boyadan beri tushunmay turibman.
– E, uka, sen tushunmaydigan narsalar hali koʻp bu yerda. Shaharlik boʻlib, urf-odatlarimizdan uzoqlashib ketgansan-da. Hechqisi yoʻq, uch-toʻrt marta shunaqangi toʻqqizlarga, toʻylarga borsang ancha pishib qolasan.

Shu mahal ichkaridan Xudoyberdi akaning baland ovozi eshitildi: «Ha, qani, rozi boʻling endi, togʻasi! Rozi boʻling! Nima kamchilik boʻlsa, bizdan oʻtibdi, oʻtinib soʻrayman, shu safar kechirib turing endi! Tuzukmi?..» Bunga javoban Ashirmat togʻaning jahldor ovozi yangradi: «Maqsadlaring bizni el-yurt oldida sharmanda qilishmi, a? Yo bizda qasdlaring bormi?» Yana Xudoyberdi akaning Ashirmat togʻani avrashga urinishi eshitildi: «Mana, yana oʻn qoʻshdim, jami yuz boʻldi, Ashirmat togʻa! Rozi boʻling endi. Qudalaringizam kutib qolishdi. Axir, qudachilik – ming yilchilik, deydilar...» Ashirmat togʻaning jerkib berishi: «E, sizlar bilan quda boʻlganimizga ham ming pushaymon yedik. Na tuturiqlaring bor...» Xudoyberdi akaning yalinchoq ovozi: «Rozi boʻling endi. Hali yana beramiz, katta quda». Ashirmat togʻa ishonqiramay soʻrayapti: «Qachon? Aniqmi?» Xudoyberdi akaning ovozi: «Obbo, siz ham endi ikki oyoqni bir etikka tiqmang-da. Beramiz dedikmi, beramiz!» Ashirmat togʻaning poʻpisaga toʻla ovozi: «Agar toʻygacha qolgan yuzni bermasalaring yomon xapa qilaman lekin». Xudoyberdi aka quyuq va’da berdi: «Beramiz, quda. Oʻrtada men turibman-ku! Ishonavering!» Ashirmat togʻa yana poʻpisa qildi: «Aniq ishondim-a!..»

Nihoyat eshik keng ochildi va yal-yal yashnab turgan Xudoyberdi aka quchogʻidagi Ashirmat togʻa mehmonlarga qarab iljaydi:
– Xush koʻrdik, mehmonlar.
– Assalomu alaykum, quda, – mulozamat bilan salom berdi Saydulla aka. – Xushvaqt boʻling.
– Assalomu alaykum, – dedi Fayzulla.

Ashirmat togʻa aka-uka bilan quchoqlashib koʻrishdi. Keyin ichkariga qarab baqirdi:
– Hoy, xizmatdagilar, qaranglar qoʻnoqlarga.

Shu zahoti hovlidan qumgʻon, sochiq koʻtargan yigitlar ildam yurib chiqib kelishdi va qoʻllari koʻksilariga qoʻyib salom berishgach, erkak mehmonlar qoʻliga suv quya boshlashdi.

Ashirmat togʻa yana ichkariga qarab ovoz berdi:
– Ayollarga qaranglar!

Shu kalomni kutib turganday, hovlidan uch-toʻrtta ayol chiqib keldi. Oldinda kelayotgan ayolning qoʻlidagi patnisda turli-tuman konfet-shokoladlar. Ayol patnisdagi shirinliklarni mehmonlar ustidan sochqi qilib sochdi. Shu atrofda yurgan bolakaylar yugurib kelib shosha-pisha shirinliklarni terib olishga kirishishdi.
– Xush kelibsizlar, qudalar, – dedi ayol qoʻlini koʻksiga qoʻyib.
– Assalomu alaykum, qudajonlar, – dedi Rahima xola eshilib. – Arzimagan sovgʻa-salomlarimiz bor edi...

Mezbon ayolning ishorasi bilan ikki-uchta juvon «Damas» yoniga kelishdi va Zamira yanga uzatib turgan boʻgʻ¬chalarni koʻtarib, ichkariga olib kirib keta boshlashdi.

Bu orada qoʻllarini yuvgan uchala erkak va Eldor Ashirmat togʻa boshchiligidagi kattagina qozon qaynayotgan, samovar shaqillab qaynab turgan, chorpoyada joy qilingan hovlidan oʻtib, ichkari xonaga kirishdi.

Xonada kelinning 50-55 yoshlardagi otasi Amir aka, mahalla oqsoqoli – chopon kiygan, oppoq soqoli oʻziga yarashib turgan 65-70 yoshlardagi Hoji bobo oʻtirishardi. Mezbonlar oʻrinlaridan turdilar va mehmonlar bilan quchoqlashib koʻrishganlaridan soʻng bir-birlarini toʻrga oʻtkazishga harakat qila-qila, quyuq iltifotlar ila axiyri joylashdilar.

Hoji bobo qoʻllarini fotihaga ochdi:
– Iloyo omin, ikki yosh baxtli boʻlishsin. Sizlarning topgan-tutganlaringiz yaxshi toʻylarga buyursin. Omin.

Hamma fotiha qildi.»Xush koʻrdik... Xushvaqt boʻling»¬lardan soʻng oʻzaro hol-ahvol soʻrashib ham chiqildi.

Ashirmat togʻa non sindirdi. Piyolalarga choy quyib uzatdi. Mezbonlar tarafidan mehmonlarga qarata «Olinglar-olinglar» tarzida mulozamatlar boʻldi.
– Andakina kechikib qoldiringizmi, quda? Endi xavotir ola boshlagan edik, – dedi Amir aka.

Saydulla aka ukasiga ishora qildi:
– Toshkenti azimdan ukam yetib kelishini kutib qoldik-da, quda.

Amir aka Fayzullaga ehtirom bilan murojaat qildi:
– Yaxshi yetib keldingizmi, shaharlar tinchmi, quda?
– Rahmat, tinch, – qoʻlini koʻksiga qoʻydi Fayzulla.

Bir piyola choydan keyin xizmatdagi yigitlar yarim kosadan shoʻrva olib kirishdi.
– Qani, taomga marhamat, – dedi Hoji bobo. – Yoʻldan toliqib, ochqab kelgandirsizlar.

Xudoyberdi aka gapni ilib ketdi:

– Charchash qayoqda, Hoji bobo. Sizlarni tezroq koʻraylik deb qanot bogʻlab uchib keldik...

Hoji bobo mamnun tarzda bosh irgʻab qoʻydi.
– Qani, qudalar, dasturxonga qaranglar, – deya Ashirmat togʻa ham mulozamat koʻrsatdi.

Bu paytda esa...

* * *

Devoriga turli soʻzanalar, palaklar osilgan kattagina xonada qudagʻaylarni kutib olgan ayol, kelinning xolasi Vazira boshchiligidagi oʻn beshga yaqin ayol oʻtirishibdi. Oʻrtaga dasturxon yozilgan. Nimagadir norozi qiyofadagi va oʻz noroziligini koʻz-koʻzlashga harakat qilayotgan Vazira xola hol-ahvol soʻrashishlar va bir piyola choydan soʻng kuyov tarafdan kelgan boʻgʻchalarni birma-bir ochib, ichidagilarni ayollarga koʻrsata boshladi.

Vazira xola barmoqlari uchida bir kiyimlik matoni ushlab namoyish qilarkan, bepisandroq ohangda ma’lum qildi:
– «Soʻnggi qirolicha» deganlari shu boʻladi, aylanaylar.

Ayollar vagʻir-vugʻir qilib yuborishdi:
– Vuy, buncha zoʻr!.. Tovlanishini!..

Bunday munosabatdan xursand boʻlib ketgan Rahima xola maqtanishdan oʻzini tiyib turolmadi:
– Atay oʻzim borib bozordan olib keldim-da, qudagʻaylar!

Vazira xola bu matoni yoniga qoʻyib, keyingi matolarni namoyish qilishga oʻtdi.
– Pombarqut... Voy! – keyingi bir kiyimlik material xuddi qoʻlini kuydirganday Vazira xola materialni koʻrpacha ustiga tashlab yubordi. – Girbishinmi? Voy savil-ey... Qudagʻay, odamni nomuslarda oʻldirmang! Darrov qaytib oling buni. Oʻrniga tuzukroq narsa qoʻying.
– Voy, qudagʻay, qoʻying, unaqa demang, yaxshilab qarang, bu asl mato, – oʻzinikini ma’qullashga harakat qilib qoldi Rahima xola. – Metri qancha turishini bilasizmi oʻzi? Qarang, yaxshilab qarang.

Gʻazabdan rangi oʻchib ketgan Vazira xola qudagʻayiga chaqchayib qaradi:
– Hali biz yaxshi materialni yomonidan ajrata olmaydigan soʻqir boʻlib qoldikmi?

Qovun tushirganini anglagan Rahima xola tipirchilab qoldi:
– Voy, men unaqa demoqchi emasdim...

– Aytadiganingizni aytib boʻldingiz, – keyingi zarbani berdi Vazira xola. – Lekin bilib qoʻying, men bu masalada singlimni xafa qildirib qoʻymayman. Siz bu yerdan qari qizni yo yetim-esirni emas, suqsurday qizni kelib qilib olib ketayapsiz. Shuni bilasizmi oʻzi?
– Voy, qudagʻay... – deya yumshoq gap bilan aybini yuvishga urina boshladi Rahima xola.

Ammo Vazira xola uni gapirgani qoʻymay, jerkib berdi:
– Qudagʻay demang meni! Gulday kelinchakning qadri shu boʻldimi? Oling bu «qimat» matohingizni! – Shunday deya ayol bir kiyimlik matoni Rahima xolaning oldiga otib yubordi. – Bir kuningizga yarab qolar. Oʻrniga darrov narmalniy bir narsa qoʻymasangiz, boʻgʻchangizni qoʻlingizga qaytarib tutqazib yuboraman!

Rahima xolaning ham rangi sal oʻchinqiradi, qoʻllari titray boshladi.
– Lekin qudagʻay... – Shu payt uning yonida yonida oʻtirgan Zamira yanga singlisining sonidan chimchiladi va labini tishlab, bosh chayqadi. Bu ishorani tushungan Rahima xola darrov oʻzgarib, iljaygancha yumshoq ohangga oʻtdi: – Boʻldi, qudagʻay, boʻldi. Toʻqqizni oʻtkazib olaylik, kechiminan ertaga abitgacha bir kiyim toza material bizdan!

Vazira xola mehmonlarga ishonqiramay qaradi.
– Ertaga kelib tekshirib ketaman-a... Xoʻsh... – Navbatdagi boʻgʻcha ochildi. – Tuflilar... Ie, bor-yoʻgʻi uch parami? Bu nima degan gap? Nima, sizlar bizni mazax qilayapsizlarmi?
– Qudagʻayjon, toʻqqiz juft olmoqchiydik, – shosha-pisha izoh berishga urindi Rahima xola. – Lekin kelinimizga qanday fason yoqishini bilmaganimizdan qolganini toʻydan keyin oʻziga oldirmoqchi boʻldik. Kuyovingiz aytgan ekan, bu gap kelingayam ma’qul boʻlibdi.

Bu gapdan qoniqish hosil qilmagan, eng asosiysi – ishonmagan Vazira xola singlisi Xolida xolaga savolomuz qaradi. Xolida xola shosha-pisha bosh irgʻadi.
– Mayli, – deb qoʻydi Vazira xola. – Bu nomerlaring oʻtdi hisob. Lekin keyin oʻzim buniyam tekshirib koʻraman. Agar aldasalaring... Ie, ie... palʼto qani? Kashmiri palʼto qani, qudagʻay?

Bu xitobni eshitgan Zamira yanga singlisi Rahimaga moʻltirab qaradi, goʻyoki «Oʻzing qutqar!» demoqchi boʻldi.

Rahima xola yana otni qamchiladi:
– Hozir yoz boʻlsa, qudagʻay...

Chuqur nafas olgan Vazira xola gapni pichingdan boshladi:
– Nima, bu yil kuz-qish kelmasmishmi?
– Keladi, albatta keladi, – bidirlab ketdi Rahima xola. – Lekin unga dovur modalar oʻzgarib ketsa falon soʻmlik palʼto shifonerda turib qolmasin deb... Xudo xohlasa, toʻy oʻtsin, kelinimiz ishlasin, ana undan keyin, qishga yaqin kelin-kuyov qoʻltiqlashib bozorga borib, oʻzlariga mosini tanlab olsa yarashadi...

Vazira xola nogoh qaddini rostladi, boʻlgʻusi qudalariga adoqsiz nafrat va gʻazab bilan qaradi. Avval oʻng qoʻlini beliga tiradi, kechin chapini. Shundan keyingina gulduragan ovozda bobillab berdi:
– Ho, gulday qizimizni sizlarga ishlash uchun berayapmizmi? Bekorlarning beshtasini yepsizlar! Sizlarga tekin xizmatkor kerak boʻlsa, boshqa yerga boringlar! Nozima ishlamaydi, oʻtiradi keng uyning kelini boʻlib! Kerak boʻlsa eri boqadi!
– Haliyam, qudagʻay, haliyam, – ikkinchi marta qovun tushirganini anglagan Rahima xola rosa oʻsal boʻldi.

Vazira xola singlisi, kelinning onasi Xolidaga savolomuz qaradi. Xolida xola yana bosh irgʻab qoʻydi.

Endi hujumni kuchaytirmoqchi boʻlgan Vazira xola birdan oʻzini toʻxtatdi va kuyov tarafdan kelgan narsalarni gʻazab bilan koʻzdan kechirishda davom etdi. Birdan ayol chinqirib yubordi:
– Voy, tilla qani?

Gap nimadaligini anglagan Rahima xola titrab-qaqshab tushuntirishga urindi:
– Aytdik-ku, kelinimizni eson-omon uyga oborib olganimizdan keyin...

Endi Vazira xolani toʻxtatib qoladigan kuch yoʻq edi.
– Bas! Bunaqa choʻpchaklaringizni aytishga boshqa ovsarlarni toping! Biz patir ushatilgandayoq aytib qoʻyganmiz: buyumlarning ustiga yo tilla zirak, yo tilla sepochka qoʻyib kelasizlar deb. Qani? Koʻrmayapman. Yo yana koʻzim xiralashib qoldimi?

– Bu boshqa gap... Endi, qudagʻayjon, stenka masalasini gaplashib olsak. Davradagi ayollardan biri Rahima xolaga murojaat qildi:
– Rost-da, aylanay. Tilla koʻrinmayapti-ku. Ana, oʻtgan hafta Oʻroq tegirmonchining qiziga toʻqqiz keldi. Bordik. Kuyov tomon toʻqqizta korobka ustiga narxi bir yarim million soʻmlik sepochka qoʻyib kelibdi. Ana uni hurmat desa boʻladi, ana uni izzat qilish desa boʻladi.

Sal oʻziga kelib ulgurgan Rahima xola boʻlgʻusi qudagʻaylarni gap bilan oʻxshatib chaqib olish fursati yetdi deb oʻyladi shekilli, hozirgina gapirgan ayol tomon engashib, uyida tayyorlab kelgan xabarini toʻkib soldi:
– Bizning qishloqdayam bittasi kelinining toʻqqiziga ikki million soʻmlik brilliant koʻzli sirgʻa qoʻshib bergandi. Keyin nima boʻldi deng? Bir yilga yetmay ajrashib ketishdi. Xolajon, muhimi ikki yosh baxtli boʻlsin. Tilla topiladi...

Ammo Vazira xola bunaqa mahallari oʻz talabida qoyaday qattiq turib oladigan ayollardan edi. Hozir ham hech qanday e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda buyruq berdi:
– Marhamat qilib oʻsha topiladigan tillani hoziroq manavi boʻgʻchangiz ustiga qoʻymasangiz, qudagʻayjon, siz bilan xayrlashishimizga toʻgʻri keladi. Men hazillashmayapman... E, odamning har narsa boʻlgani yaxshi. Qudalarim indamas bechoralar ekan deb bosib, toptab, yanchib oʻtib ketaverasizlarmi? Shumi odamgarchilik? Gap shu: hoziroq tillani qoʻymasangiz ashqol-dashqolingizni koʻtarib qaytib ketaveringlar. Mening koʻchada qolgan jiyanim yoʻq! Insof ham kerak-da axir! Tuflini mayli dedik, palʼtogayam koʻndik. Lekin tilla masalasida bizni ahmoq qila olmaysizlar!

Rahima xola endi rostakamiga yalinishga oʻtdi:
– Qudagʻay, aytdik-ku...
– Boʻldi, bas, men aytadiganimni aytdim! Boshqa gapning keragi yoʻq!

Vazira xolaning toʻnini teskari kiyib olganini koʻrgan Rahima xola jovdirab opasiga qaradi. Zamira yanga bir zum esankirab qoldi, soʻng shosha-pisha qulogʻidan baldoqli sirgʻasini yechib olib, boʻgʻcha ustiga qoʻydi.

– Toza oltin bu, qudagʻayjon, – dedi Zamira yanga tovushi titrab.

Vazira xola sirgʻalarni qoʻliga olib, diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Soʻng goʻyo probasini koʻrayotganday chiroq tomon yuqori koʻtarib, ichki qismlarini ham tekshirib chiqdi.

Sal chiroyi ochilgan Vazira xolaning yuzida tabassum sharpasi koʻrindi.

– Bu boshqa gap... Endi, qudagʻayjon, stenka masalasini gaplashib olsak.

Hayratdan Rahima xolaning ogʻzi ochilib qoldi:
– Stenka?

Davrada oʻtirgan boyagi ayol qoʻshimcha qildi:
– Ha, oʻrgilay, hozir hamma joyda stenkani kuyov taraf olib berayapti... Bu paytda esa...

* * *

Erkaklar xonasida gurung qizigan. Goh ob-havo, goh bu yilgi gʻalla, goh narx-navo. Ishqilib, gap topiladi-da. Nihoyat kosalar olingandan soʻnggina, hoʻrillatib choy ichish asnosida joylashibroq yonboshlab olgan Ashirmat togʻa maqsadga oʻtdi. – Endi gap bunday. Bilasizlar, qishlogʻimiz katta. Ikki ming xoʻjalik yashaydi. Har bir xoʻjalikdan bir odam kelib-ketsayam shu yerning oʻzidan ikki mingta qoʻnoq naqd degani. Olis-yaqindan keladigan qoʻnoqlar ham shunga yarasha. Mayli, sizlarni koʻp qiynamaymiz. Qiz vecheriga bir kattaroq, toʻrt-besh yashar buqa, ikkita qoʻy bersalaring boʻladi. Shunga yarasha oʻn yashik toza aroq, beshta konʼyak, oʻnta shampan, beshta vino, suv sizlardan. Artist bilan video oʻz-oʻzidan kuyov tarafning boʻynida. Buni aytib ham oʻtirmaylik. Xoʻsh, non-pishiriqqa deb yana uch-toʻrt qop visshiy sort un tashlab ketsalaring... Ana shunda sizlar aytgan ikki haftalik muddatda toʻy qilsak boʻladi. Undayam hali xotinlardan soʻrab koʻrish kerak, ularning tikish-bichishlari bitay deb qolganmi yo hali chalami?

Saydulla aka oʻtirgan joyida bezovtalanib bir toʻlgʻanib qoʻydi va Xudoyberdi akaga qaradi. Xudoyberdi aka uzoq muddatli urushga shaylangan jangchiday choʻk tushib oʻtirib oldi.
– Ayollar tikish-chatishini bitirmagan boʻlsa, ikki hafta ichida bitirishadi, quda. Lekin, quda, bitta qiz vecheriga shuncha dov-dastak koʻplik qilmasmikan?
– Kamlik qilsa qiladi, lekin koʻplik qilmaydi. Haliyam sizlarni ayab, koʻp narsa aytib oʻtirmadik.

Bu gaplarni eshitib oʻtirgan Hoji bobo bezovtalanib yoʻtalib qoʻydi. Ashirmat togʻa unga savolomuz qaradi:
– Bir narsa demoqchimisiz, Hoji bobo?

– Demoqchiman. Oʻtgan hafta machitda qishloqning besh-olti oqsoqoli yigʻilishgandik, – deya gap boshladi bir yoʻtalib olgan Hoji bobo. – Shu... toʻylarda tartib oʻrnataylik. Axir keyingi paytlari toʻy qilayotgan hamqishloqlarimiz juda qiynalib qolib qarzga botishayapti, buning ustiga urish-janjallar sababli toʻy egalarining yuzi shuvit boʻlib qolayapti... Ishni «Qizlar majlisi»ni tartib solishdan boshlaylik, degan qarorga kelgandik. Oʻzi bu yerga shu gapni aytish uchun kelgandim, Amirboy. – Hoji bobo nima uchundir oʻzini toʻy raisi sanab yurgan Ashirmat togʻaga emas, kelinning otasiga qarab gapirardi. – Qoʻl uchida amal-taqal kun koʻrayotgan xonadon uchun sarf-xarajati kattagina bir toʻydan ham oshib ketguvchi «qiz majlisi»ni oʻtkazish oson emas...

Gap qayoqqa qarab ketayotganini sezgan Ashirmat togʻa birdan oraga qoʻshildi:
– Besh-oltita chol shunaqa visir-visir gap qilib yurganini eshitgandik, Hoji bobo. Lekin, kelib-kelib ishbuzuqilikni bizdan boshlaysiz deb kutmagandim. Bilasiz, har ota-onaning oʻz orzu-havasi boʻladi. Qolaversa, qizning ham.
– Hech kim orzu-havasga qarshi emas, Amirjon. – Hoji bobo hamon qat'iy oʻjarlik bilan kelinning otasiga murojaat qilardi. – Albatta, bir parcha etni yedirib-ichirib, kiyintirib, oʻqitib, to odam qilguncha ota-onaning boʻlari boʻladi. Ana endi shu qizning «Men boshqalardan kammanmi?» deya dangʻilama toʻy ham qilib berishlarini talab qilib turib olishi insofdanmikin? Endi oʻn sakkizga kirgan qiz oʻzi mustaqil pul ishlab, bir kattakon toʻyga yetarli pul ishlab topdimi? Qayoqda! Deylik, qizingizning ishongani – ota-onasi. Bechora ota-ona kimlarga egilib qarz soʻrab boradi, kimlarning qoshida sargʻayib turadi – bu uni qiziqtirmaydi... Amirjon, qiz majlisi deganing bilan stol toʻriga kelin-kuyovni oʻtqazasan. Shundaymi? Shunday. El qatori. Vaholanki, ertasi kuni kechqurun xuddi qizing endi kuyov tarafdagi toʻyda ham xuddi shu libosida dasturxon boshida oʻtiradi. Nima, qizing ikki marotaba turmushga chiqadimi?.. Buning ustiga... Musulmonmiz. Axir toʻy boʻlib oʻtgunga qadar kuyov boʻlmish qaynota-qaynona koʻzidan sal panaroqda yurishi, boʻlgʻusi qaynotasi yoki qaynonasi bor joyga qadam bosmasligi joiz. Sizning komsomolcha qiz majlisingizdagi toʻkin dasturxoningiz boshida esa hali nikohdan ham, rasmiy qayddan ham oʻtmagan kuyov bemalol boʻlgʻusi qaynota-qaynonasi bilan oʻtiradi. Oʻtirish ham gapmi, yeydi-ichadi, oʻynaydi-kuladi! Aroq sipqoradi! Insofdanmi shu, iymondanmi?

– Hoji bobo, nima, siz bu yerga pishib turgan oshni toʻkib tashlagani, toʻyni buzgani kelganmisiz? – qahr bilan baqirib yubordi Ashirmat togʻa. – Nega oʻzingizdan oʻzingiz bir narsalar deb valdirab yotibsiz? Yo ukamning boshqalardan kam joyi bormi?

Hoji bobo bu safar ham nimagadir Ashirmatga emas, kelinning otasi Amirga murojaat qildi. Goʻyo Hoji bobo uchun xonada Ashirmat degan dam yoʻqdek edi:

– Shuncha xarajat... Ortiqcha chiqim... Pulni osmonga sochish bilan barobar-ku bu... Bizning sizga oʻxshaganlarga rahmimiz kelganidan, sizlarga achinganimizdan bunaqangi toʻylarga bormaslikka qaror qildik, Amirboy... Qudangiz oʻzingizga oʻxshagan traktorchi ekanlar... Mayli, agar juda oshib-toshib ketayotgan ekansiz, yosh kelin-kuyovni sayohatga joʻnating, oʻqiting, ularga uy olib bering, tadbirkorlik qilishlari uchun sharoit yaratib bering... Axir qizingiz Turkiston yoinki Issiqkoʻl uyoqda tursin, Buxoro yoki Xivani koʻrmagani chin-ku! Dunyo koʻrishsin farzandlarimiz! Oʻqishsin farzandlarimiz! Ota-onasining boʻynidagi otning kallasiday qarzni oʻylab, ezilib yurishmasin farzandlarimiz...
– E, namuncha «qarz-qarz»lab qoldingiz, Hoji bobo?! – Yomon achchigʻi chiqqan Ashirmat togʻaning yuzi qip-qizarib ketdi. – Mening ukam oʻladigan joyda emas! Toʻgʻrimi, uka?

Amir aka bir Hoji boboga, bir akasiga ikkilanib qararkan, noaniqroq tarzda gʻoʻldiradi:
– Toʻgʻriku-ya... Qizimizning ham oʻz orzu-havasi bor... Dugonalarining qiz majlislariga borgan, koʻrgan... Mendan xafa boʻlib qolmasmikan...
– Toʻy bizniki, Hoji bobo, sizniki emas! – Sogʻ koʻzi chaqchayib ketgan Ashirmat togʻa yana qattiq-qattiq gapirishga oʻtdi. – Agar toʻyimiz el qatori oʻtmas ekan, qishloqqa oʻt qoʻyaman! Nima, boshqalardan kam joyimiz bormi? Choʻloqmizmi, invalidmizmi? Yo aybimiz mening bitta koʻzimning yoʻqligimi? Xudoga shukr, kal boʻlsak ham koʻnglimiz nozik. Kambagʻal boʻlsak ham oʻzimga yarasha orzu-havasimiz bor! Birovlar kelib-kelib bizning toʻyimiga burunlarini tiqib yurishdan avval oʻzlarining qizlarini, nevaralarini oʻylasin! Bizning ogʻirligimiz birovlarga tushmay qoʻya qolsin! Qiynalib qolsak, qarindosh-urugʻlarimiz bor. Xudoga shukr, vaqtida bariga el qatori toʻyonasini berib, oʻtkazib qoʻyganmiz. Oladigan toʻyonamizning oʻzigayam ikkita dangʻillama toʻy qilishga qurbimiz yetadi!.. Qilamizam! Ka-atta toʻy qilamiz! Artistning ham ka-attasidan opkeltiramiz! Opkelmay ham koʻrishsin-chi! Koʻrolmaganlarni kuydirib boʻlsayam ka-atta toʻy qilamiz!.. Oʻzi kambagʻalga kun yoʻq ekan, Hoji bobo. Nima, Hakim fermer bilan Suvon benzin oldindan siz chollarning ogʻizlaringizni moylab qoʻygan-da, qiz vecherini qanday xohlasa, shunday oʻtkazsayam miq etmagandilaringiz...

– Bundan yuz yil burun Behbudiy «bizni inqirozga va tahlikaga va jahannamga yumalatatoʻrgʻon toʻy, azo ismidagi ikki qattol dushman» deb aytgan, inim, – deya nasihatomuz ohangda uzoqdan gap boshladi Hoji bobo. – Ellik yil burun Abdulla Qahhor...

Ammo Ashirmat togʻa uni gapirgani qoʻymadi.
– Menga qarang, Hoji bobo, mening aniq bir savolimga aniq javob bering: shu Behbudlaringizu anavi, nima edi, Abdullamidi, oʻshalaringiz, nima, eldan ajralib, boshqacha toʻy qilishganmi? Bilmaysiz-a? Siz bilmasangiz, men aniq bilaman: qilishmagan! El qatori qilishgan! Eldan ajralib qolmagan! Bu shunchaki ogʻizdagi gap, siyosat. Aniq!

Hoji bobo Ashirmat togʻaning koʻzlariga tik boqdi:
– Qilishgan! Shuning uchun ham ularning nomlari Behbudiy, Abdulla Qahhor boʻlib tarixda qolgan.

Ashirmat togʻa boʻsh kelmadi:
– Men uchun, Hoji bobo, tarixda nomim qolganidan koʻra qishloqda boshimni koʻtarib yurish avloroq.
– Ha, nodon-a, – Hoji bobo afsus bilan bosh chayqadi. – Mayli, ulugʻlarni qoʻyib turaylik. Lekin men qildim-ku shunday toʻyni. Oʻgʻlimni uylantirganimda stolga aroq qoʻymadim-ku!

Ashirmat togʻa nogahon qah-qah otib kulib yubordi.
– E, gapirmang, Hoji bobo, gapirmang! U toʻy boʻlmadi. Odamlar aniq noilojlikdan oʻlik chiqqan uyday muzlab yotgan uyingizga oʻlganlarining kunlaridan bir kirib-chiqishdi, xolos. Shundayam hojiligingiz hurmatiga.

Ma’yus tortib qolgan Hoji bobo bosh egdi. Soʻng yana baribir Amir akaga tik qarab, asta shivirladi:
– Men sizga yaxshi boʻlsin degandim, Amirboy...

Ashirmat togʻa qahr bilan boʻkirib yubordi:
– E, birovning gʻamini yegandan koʻra, ammo-lekin Hoji bova...

Bu ochiqdan-ochiq haqorat edi. Hoji bobo hansirab nafas olgancha, gʻazab bilan Ashirmatga qaradi:
– E, toʻying ham boshingdan qolsin!.. Ketdim-e! Echki goʻshting sovuqligimni oshirib yubordi!

Shunday deya Hoji bobo oʻrnidan uchib turdi va shosha-pisha xonadan chiqib ketdi. Amir aka uning ortidan intildi, ammo Ashirmat togʻa bir gʻazabli boqishda uni joyiga oʻtqazib qoʻydi. – Ketsa ketaversin! – Ogʻzidan tupuk sachratib gapirdi Ashirmat togʻa. – Oʻzi kelgan yor-yor, oʻzi ketgan yor-yor! Bu yerda aniq unga hech kimning koʻzi uchib turgani yoʻq edi. Buning ustiga chaqirilmagan joyga faqat ahmoq odam keladi. Yana bu kishim hojimishlar! Nastroeniyani tuzishdan boqasiga yaramaydi! Ichi qora-da, ichi qora! Oʻzi maktabdayam «tarix, tarix» deyaverib hammamizning miyangxato qilib qilib tashlagandi. Pensiyaga chiqqanidan keyin qutulamizmi desak, mana, endi Hoji bobo boʻlib olib karillagani-karillagan. Bemahal qichqirgan xoʻroz!.. Boʻldi. Gap tamom! Aniq ishga oʻtamiz! Demak, gap bunday. Oʻsha gapim – gap! Aytganimizni qilsalaring toʻy boʻladi, boʻlmasa, ana, katta koʻcha!..

* * *

Erkaklar muzokarasi bir soatdan ortiqroq davom etdi. Ashirmat togʻa baribir aytganida turib oldi. Kuyov tarafdan kelganlar qiyinchilik bilan boʻlsa ham asta-sekin yon bera boshlashdi. Ashirmat togʻa oldindan berib qoʻygan roʻyxatiga yana nimalarnidir qoʻshsa qoʻshdiki, aslo kamaytirmadi. Axiyri bir bitimga kelingach, mehmonlarga javob berildi. «Damas» yoniga chiqqanlari mahal Fayzulla bukchayib turgan akasiga achinib qaradi. Bu paytda Xudoyberdi aka yuk mashinasining ortga qayrilib olishiga yoʻl koʻrsatayotgandi.
– Dahshat-ku bu, aka. – Bu gap beixtiyor Fayzullaning ogʻzidan chiqib ketdi. – Bunaqada Ergash Karimovga oʻxshab jinni boʻlib qolish hech gap emas.

Saydulla aka bu gapga javoban kulimsirab qoʻydi:
– Bitta «qiz vecher»ga jinni boʻlib qolsang... Aytdim-ku, shaharliksan, poʻkoningdan yel oʻtmagan deb. Shu paytgacha ota oʻrniga ota boʻlib bunaqangi rasm-rusumlarga seni aralashtirmay yurgandim-da, Mana endi vaqti keldi. Toʻy koʻpchilik bilan. Koʻrib turibsan, ikki yuz minglar urvoq ham boʻlmaydi.

Fayzulla qizarib ketdi:

– Tushundim, aka. Men harakat qilaman. Lekin, bilasiz, biz oylikka yashaymiz...
– Bizda oʻsha oylik ham yoʻq, – istehzoli iljaydi Saydulla aka. – Haliyam mol bor, shu bizni boqadi. Traktorimniyam sotib yubordim.
– Yoʻgʻ-e?
– Besh yarim millionga ketdi, – dedi Saydulla aka faxr bilan. – Oʻziyam bittalab terib chiqqandim-da. Uchib ketardi oʻziyam. Xudoyberdining duldulidan oʻtsa oʻtardiki, qolishmasdi.

Shunday deya Saydulla aka «Moskvich»ga ishora qildi.

Saydulla aka bosh chayqadi:
– Kamida yana shuncha kerak, uka... Sen hali nonni «nanna» deb yuribsan-da. Xullas, bir-bir yarim million demayman, besh yuz mingcha berib tur. Qarzga. Yaxshi kunlaringda qaytaraman.
– Xoʻp... xoʻp... – deya oldi bunaqa boʻlishini kutmagan Fayzulla.
– Sexingda ortiqcha stanok-ptanok yoʻqmi, olib chiqib sotib yubor. Ana pul!

Fayzulla choʻchib ketdi:
– Yoʻgʻ-e, buning sira iloji yoʻq!
– Qoʻrqma, – dedi Saydulla aka. – Aytdim-qoʻydim-da... Xayriyat, ayollarga ham javob tegganga oʻxshaydi.

Darhaqiqat, keng ochilgan darvoza yonida ayollar qurshovida chiqib kelayotgan Zamira yanga bilan Rahima xola koʻrinishdi. Saydulla aka kaftlarini bir-biriga ishqadi.
– Sen ayollarni olib toʻgʻri uyga haydayver. Orqangdan yetib boramiz.

Zamira yanga bilan Rahima xola mezbon ayollar bilan quyuq, qudagʻaylari Vazira xola, Xolida xolalar bilan quchoqlashib, oʻpishib xayrlashishdi. Ayollar ogʻzidan biri-ikkiinchidan shirin eshitilayotgan «Boringlar-a... Yaxshi yetib boringlar... Sogʻintirib qoʻymasdan tez-tez kelib turinglar... Kuyovimizga salom aytib qoʻying» qabilidagi xitoblar yangrardi. Shundan soʻng Zamira yanga bilan Rahima xola «Damas»ga chiqishdi. Fayzulla qoʻlini koʻksiga qoʻygan koʻyi ayollar bilan xayrlashib, eshikni yopdi.

Mashina motori oʻt olgan zahoti Rahima xola gʻazab bilan vishilladi:
– Qizlaringni olib boray, ana undan keyin mendan koʻradiganini koʻradi! Bir alamimdan chiqay, bir alamimdan chiqay! Ermakka yigʻlataman!..

Zamira yanga singlisiga qarab lab tishladi, bosh chayqab qoʻydi. Mashina quyuq chang koʻtarib oldinga yurdi.

* * *

Fayzulla tuman markazidan boʻlgʻusi kuyov yigit, yigirma yoshlardagi Mardon bilan «Damas»ga bir amallab ikki toy paxta ortib keldi. Yukni tushirib, hovliga olib kirishdi. Shundan keyin kiyimlariga yopishgan paxtalarni terib olayotgan Fayzulla chekkaroqqa oʻtib, oftobada qoʻllarini yuvgach, akasining yoniga bordi. – Aka, endi men qaytsam. Ertaga ish. Aytgandim-ku, oyning oxiri. Menga nima xizmat boʻlsa bemalol aytaverasiz, toʻydan bir-ikki kun oldin kelib, xizmatda boʻlaman.

Saydulla aka bir muddat mulohaza yuritganday lablarini sassiz qimirlatib turdi. Soʻng maqsadga koʻchdi:.
– Xizmat degin... Uka, menga qara. Traktorniyam pullab yubordim. Toʻy oldidan mingta tashvish. Baribir bir transport kerak boʻladi. Shunga toʻy oʻtgancha mashinangni tashlab ketsang. Nima deysan? Oʻzim avaylab minib turardim.

Uzoqroq oʻylanib qolsa akasi xafa boʻlishini anglagan Fayzulla darhol rozi boʻldi:
– Xoʻp boʻladi, aka.

Saydulla aka mamnun kulimsiradi:
– Unday boʻlsa, tez kiyinib chiq. Seni raysentrga oborib qoʻyaman. Toʻgʻri Toshkentga qatnaydigan marshrutkalar bor. Yoʻl-yoʻlakay Safar akanikiga ham kirib oʻtamiz. Kecha oqshom bechoraning xotini qazo qilib qolibdi. Bugun chiqarishgan.

Fayzulla yuziga fotiha tortarkan, ismi aytilgan odamni koʻz oldiga keltirishga urindi, ammo buni uddalay olmadi.
– Qaysi Safar aka?
– E, sening esingdan ham chiqib ketgan boʻlsang kerak. Ona tomondan uzoqroq qarindoshimiz boʻladi. Koʻp yil katta-kichik amallarga ilashib yurdi. Uch yildan beri selʼxoztexnikada zam. Traktorni xususiylashtirib olishimga yordami teggandi. Fotiha qilib chiqsak, keyin choyga chaqirishimga ham oson boʻladi.
– Choyga? – hayratlanib soʻradi Fayzulla. – Agar esimdan chiqmagan boʻlsa, bir paytlar armiyadan kelganlar choyga chaqirilardi.

Saydulla aka ukasiga achinib qaradi:
– El-yurtga qoʻshilmaganingdan keyin shu-da. Axir Safar akaning xotini oʻldi, shundaymi?
– Xoʻsh, xoʻsh? – Fayzulla oʻziga shu paytgacha noma’lum zoʻr bir yangilik eshitadiganday akasiga diqqat va kamoli ehtirom bilan qaradi.
– Men boʻlsa toʻy qilayapman. Shundaymi? – Saydulla aka yana ham salmoqlanib gapira boshladi.
– Xoʻsh, xoʻsh?
– Xoʻsh-xoʻshlamay tur. Men senga sigirmanmi... Xullas, men Safar akani ham toʻyga chaqirishim kerak. Shundaymi?
– Shunday.
– U kishi azali-ku. Demak bizning toʻyga kelishi oldidan u kishini choyga chaqirib, bir qoʻy soʻyishim kerak. Keyin shunday-shunday, toʻy qilayapman, deyman. Ana undan keyin Safar aka toʻyga kelaveradi.

Baribir hech narsani tushunmagan Fayzulla hayron boʻlib qoldi:
– Nega?
– Axir men u kishini choyga chaqirib, qoʻy soʻydim, ovqat qildim, – hijjalab tushuntirishga oʻtdi Saydulla aka.

Fayzulla yelka qisdi:
– Agar... qoʻy-poʻy soʻyib, chaqirib oʻtirmasdan, toʻgʻri borib toʻyga chaqiraversangiz-chi?
– Bu oʻtaketgan odobsizlik boʻladi, – deya keskin bosh chayqadi Saydulla aka. – Avval choyga chaqiraman, keyin toʻyga.

Fayzulla nimalarnidir mulohaza qilgan koʻyi bir muddat oʻylanib turib qoldi, keyin tilga kirdi:
– Safar aka deganlarining qarindosh-urugʻlari koʻpdir?
– Ha, koʻp. Oʻzimizning urugʻdan-da. Buning ustiga kichkina boʻlsayam amali bor.
– Unda biron yigirma-oʻttiz kishi choyga chaqirar u kishini.
– Bemalol kamida ellik deyaver.

– Demak, – Fayzulla akasiga ajablanib qaradi, – Safar aka kamida ellik kun mehmondorchilikka borib, qoʻy yeb kelarkan-da.

Saydulla yosh bolaga aql oʻrtagayotganday ohangda ukasiga gap uqtirishga tushdi:
– Mehmondorchilik emas bu, choyga chaqirish, dedim-ku.

Fayzulla boʻsh kelmadi:
– Buning farqi bormi?
– Bor.
– Qanaqa?
– Hm... mehmondorchilikda anavi boʻyni yoʻgʻondan qoʻyiladi, choyga chaqirishda esa yoʻq.
– Katta farqi bor ekan, – deya Fayzulla kulib yubordi. – Mayli, men tez chiqaman.

Saydulla shoshib uyga kirib ketayotgan ukasining ortidan achinish bilan qarab qolarkan, afsuslanganday bosh chayqadi:
– Shunaqangi oddiy narsalarniyam bilmaysan-a, uka...

* * *

Safar akaning uyida tuman markazida ekan. Ikki qavatli, dabdaba bilan qurilgan hovli boshqa uylar orasida ajralib turardi. Kun juda issiq boʻlishiga qaramasdan kattagina hovliga palatkalar oʻrnatilibdi. Hovlining naqshinkor darvozasi yonida basavlat, galstuk taqqan Safar aka boshchiligidagi bir guruh chopon kiygan erkaklar ta’ziyaga keluvchilarni qarshi olishayapti.

«Damas»ni chekkaroqqa, kun tigʻiga qoʻygan Saydulla aka ta’ziyani qabul qilayoganlar yoniga Fayzullani boshlab keldi va Safar aka bilan quchoqlashib koʻrishdi. Fayzulla ham shunday qilarkan, «Bandalik» deb qoʻydi. Aka-uka azadorlar qarshisidagi oʻrindiqa oʻtirishdi. Mulla Qur'ondan sura oʻqidi.

Fotihadan keyin aka-ukani jizgʻinagi chiqib yotgan palatka ichiga taklif qilishdi. Palatka ichidagi katta joyga ikki qator qilib koʻrpachalar toʻshalgan. Oʻrtada toʻkin dasturxon: meva-cheva, qand-qurs, tarvuz-qovun.

Aka-uka issiqda terlab-pishib ovqatlanayotgan odamlar yoniga borib oʻtirishdi. Saydulla aka yoniga keltirib qoʻyilgan choynakdagi choyni qaytarib, ukasiga bir piyola choy uzatdi.Darhol katta-katta kosalarda sergoʻsht shoʻrva olib kelishdi. Yuzidan yogʻilayotgan terni artayotgan Fayzulla yuzasida yogʻi suzib yurgan ovqatga qarab qoldi.
– Ovqatni qoldirmay yeb qoʻyish kerak, uka, – dedi Saydulla aka nasihat ohangida. – Savob boʻladi.
– Shunday issiqda... – chaynalib qoldi Fayzulla. – Qoʻy goʻshti davleniyani koʻtarib yuboradi.
– Oʻzi ertalab kelsak boʻlarkan, – dedi allaqachon ovqat tanovul qilishga kirishgan Saydulla aka. – Safar aka har bir kelgan odamga uch mingdan tarqatibdi. Chollarga puldan tashqari belbogʻ, kalish beribdi.

Fayzulla battar hayron boʻldi:
– Pul tarqatish ham rasm-rusumlarimizga kiradimi?
– Albatta, – oddiy haqiqatni gapirayotganday pinak buzmay javob qaytardi Saydulla aka. – Odamlar xursand boʻladi, oʻlganning haqiga duo qiladi. Oʻtgan oy otasi oʻlib qolganida Abbos zapravkachi kelganlarning har biriga besh mingdan tarqatgan. Buyam kam koʻringanmi, kelganlarga tobut koʻtarilmasdan burun ovqat bergan.
– Oʻzi yanga nimadan vafot etibdi, – qiziqsindi Fayzulla. – Kasalmidi?
– Yoʻq, soppa-sogʻ edi. Uxlaganu uygʻonmagan deyishayapti. Shunday issiqda...

Fayzulla bir qoshiq yogʻli shoʻrvani ogʻziga olgan mahali bu gapni eshitib qalqib ketdi.
– Yurakmikan?
– Kim biladi deysan? Lekin Safar akaning chiroyli xotinlarga suyagi yoʻqligiyam bor gap. Birontasi kelib toʻpolon qilgan boʻlishiyam mumkin. Lekin oʻlganga qiyin, tirik qolgan kunini koʻraveradi...

Shosha-pisha qoshiqni dasturxonga tashlagan Fayzulla seskanib atrofga alangladi. Terlab-pishib ovqat yeyayotgan odamlar. Toʻy dasturxoni kabi bezatilgan dasturxon. Fayzulla sal engashib tashqariga qaradi. Yuzi yogʻdan yiltirab ketgan Safar aka navbatdagi ta’ziyaga kelgan odam bilan quchoqlashar ekan, bilinar-bilinmas esnab qoʻydi... Buni koʻrgan Fayzulla uchib oʻrnidan turib ketdi.
– Nima boʻldi, uka? – hayron boʻlib soʻradi Saydulla aka.

Fayzulla arang gapira oldi:
– Men tashqarida boʻlaman.
– Yoʻlga chiqasan-ku, uka, qorningni toʻqlab ol.

Ammo Fayzulla akasining gapini eshitmaganday shosha-pisha tashqariga chiqib ketdi. Saydulla aka ukasining ortidan bosh chayqab qoldi:
– Odamgarchilik yoʻq sen bolada, odamgarchilik...

Oshigʻich tarzda mashinasi yoniga borgan Fayzulla esa bir amallab «Damas» ortiga oʻtdi-yu, shu zahoti oʻqchib yubordi...

* * *

Hash-pash deguncha oradan ikki hafta oʻtib, toʻy kuni ham yaqinlashib qoldi. Odmigina bezatilgan uch xonali uyning oshxonasida ushbu masala oila a’zolari tomonidan koʻtarinki kayfiyatda muhokama qilindi. Ammo undan oldin nogironlar aravachasida oʻtirgan Habiba toʻsatdan koʻrpachasi tagidan olgan qalingina bir gazetadagi she’rni ifodali oʻqishga tushib ketdi:

– ...Va garchand nekbinlik yoʻldoshim beshak,

Ba’zan bir savolga yoʻldoshdir tunim:

Meni kutayotir qanday kelajak,

Qandayin kechajak ertangi kunim.

She’r muallifi Azimjon Fayzulla oʻgʻli, – deya tantanali tarzda e’lon qildi Habiba uyalinqirab turgan, yuzi qip-qizil tus olgan akasiga ishora qilarkan. – Shaxsan oʻzlari.

Hayajonlanib ketgan Dilnoza qarsak chalib yubordi. Unga shodon Fayzulla qoʻshildi.
– Qani, asalim, menga ber-chi. – Fayzulla gazetani qoʻliga oldi, qizi barmogʻi bilan koʻrsatib turgan ism-familiyani hijjalab oʻqidi. – «A-zim-jon Fay-zul-la oʻgʻli». – Gʻurur bilan takrorladi: – «Fayzulla oʻgʻli...» Yashavor, ota oʻgʻil! – Oʻgʻlini quchoqlab olgan Fayzulla xotiniga qarab jilmaydi: – Olma oʻz daraxtidan uzoqqa ham toʻkilarkan-da. Injener bilan matematika oʻqituvchisining bolasi ham shoir boʻlarkan.
– Avval sal boshqacha gapirgandilar shekilli, – kulimsiradi Dilnoza.

Azim oʻngʻaysizlandi:
– Ada, bu mashq, xolos.
– Kamtarlik qilma, bolam, – dedi Dilnoza. – Oddiy mashq boʻlsa gazetada bosisharmidi, yana ism-familiyangni katta-katta qilib, qop-qora harflarda yozib qoʻyisharmidi, bolam!
– Oʻgʻlim, bunaqangi mashqlardan yana bormi? – qiziqdi Fayzulla.

Azim battar xijolat chekib, gapirolmay qoldi.

Habiba bilagʻonlik qildi:

– Adajon, oyijon, akam oʻz xonalariga qamalib olib, sakkizta obshiy daftarni she’rga toʻldirib tashlaganlar.

Azim jon holatda singlisiga poʻpisa qilib, mushtini doʻlaytirdi:
– Habiy!

Habiba qiqirlab kulib yubordi:
– Ularning ichida sevgi haqida yozilganlari ham bor.
– Voy qaqajon-ey, – kuldi Dilnoza ham. – Siz bularni qaerdan bilasiz?
– Barini bitta qoldirmay oʻqib chiqqanimdan keyin bilaman-da, oyijon, – maqtandi Habiba. – Agar istasangiz oʻgʻlingizning muhabbat haqida yozganlaridan bittasini yoddan oʻqib beraman. Bir oʻqishda yodlab olganman.

Azim tipirchilab qoldi:
– Habiy deyapman!

Bunga sayin Habiba battar piqirlab kuladi. Lavlagisi chiqib ketgan Azim stol ortidan unga musht oʻqtaldi.
– Ada, – Azim adasining qoʻlidagi gazetani olib qoʻydi, – boshqa gaplardan gaplashaylik.
– Mayli, oʻgʻlim. Ammo-lekin bugun bizni juda xursand qilding-da. Chin gap, boshim osmonga yetdi. Axir menga oʻxshagan odamni bir yil bir xonaga qamab qoʻysang ham ikki qator she’r yozolmasligi aniq.
– She’r yozish – xudo bergan iste’dod, oʻgʻlim, – erining gapini davom ettirdi Dilnoza. – Bu bilan faxrlanishing kerak.

Azim onasiga yolvorib qaradi:
– Oyijon...

Dilnoza kulib qoʻydi:
– Xoʻp, xoʻp.
– Aytganday, oʻgʻiltoy, ana sizga boshqa mavzu, – deya Fayzulla xotiniga murojaat qildi: – Shunday qilib, toʻy masalasi nima boʻldi?

Dilnozaning yuzi birdan jiddiy tus oldi.
– Uydan ikki yuzcha chiqadiganga oʻxshab turibdi. Lekin shundan keyin oʻn-oʻn besh kun qozonni suvga solib qoʻyadiganga oʻxshab turibmiz
– Yaxshi, – xayolida nimalarnidir xomchoʻt qilib koʻrdi Fayzulla. – Demak uch yuz qarz olib turamiz. Otpuska pulini olsam, qutulib ketamiz. Bahonada akamning xursand boʻlgani qoladi. Toʻyona – qarzday gap-da, xotin aka. Toʻqqiz-oʻn yildan keyin Azimtoy ham uylanaman deb qolsa...
– Toʻqqiz-oʻn yildan keyin emish, – noroziligini bildirishga shoshdi Dilnoza. – Yolgʻiz oʻgʻil boʻlsa. Ins¬titutga kirgan yili uylantirib qoʻyamiz.
– Toʻy biz oʻylaganday oson ish emas ekan, xotin aka, – xoʻrsindi Fayzulla. – Eh-he... Azim avval oʻqisin, bitirsin, ishlasin, oyoqqa tursin...
– Pensiyaga chiqsin! – kinoya qildi Dilnoza.
– Mayli, bu masalani keyingi oilaviy kengashda muhokama qilamiz. Hozir oshigʻich turgan masalaga oʻtamiz. Demak, shanba kuni ertalab Azimjon ikkovimiz yoʻlga tushamiz.
– Ishqilib, ehtiyot boʻling-da, dadasi, – dedi Dilnoza shosha-pisha. – Azimjon bunaqangi shovqinli tadbirlarga aralashib yurmagan.
– Qachondir boshlashi ham kerak-ku. Oʻzingning aytishingga qaraganda, er yetib qolgan boʻlsa. Qishloq toʻylarini koʻrsin, qarindosh-urugʻlar bilan tanishsin. Men ham shunday shoir oʻgʻlim borligidan faxrlanib, uni hammaga koʻz-koʻzlay.

Dilnoza oʻgʻliga xavotirlanib qaradi:
– Koʻz tegib qoladi. Yaxshisi tumor taqib qoʻyaman.
– Taq. Bitta boʻlmasa, ikkita taq! – dedi Fayzulla.
– Lekin baribir doim yoningizda boʻlsin. Oʻzin¬gizdan uzoqlashtirmang.
– Xoʻp, xonim, xoʻp, – Fayzulla qoʻlini koʻksiga qoʻydi. – Iloji boʻlsa yoʻrgaklab, yelkamga ortmoqlab olaman.

Habiba chapak chalib yubordi:
– Vuy, men ham jon deb borgan boʻlardim qish¬loqqa.

Qizining gapini eshitgan, koʻzlari gʻiltillab ketgan Dilnoza noqulay ahvolda qolganini bidirmaslikka urinib, oʻgʻliga qaradi:

– Azimjon, bolam, oʻzi qishloqqa nimaga borayotganingni bilasanmi?
– Albatta, oyijon, – oʻktam javob qaytardi Azim. – Shanba kuni – qizlar majlisi, yakshanba kuni Mardon akamning nikoh toʻyi.
– Gaplaring ancha silliqlashib qolibdi, – jilmaydi Dilnoza. – Dadang necha kundan beri «qiz vecher» deb boshimni qotirib yotgandi. Sen adabiy qilib «qizlar majlisi» deding. Oʻzi «qizlar majlisi» nima ekanligini bilasanmi?
– Albatta, oyijon. Hozir, bir daqiqaga. – Azim shoshib kirib, darsxonadagi stoli ustidan bir qalin kitob olib chiqdi. – Mana, qaranglar, adajon, oyijon, «Oʻtkan kunlar»da «Qizlar majlisi» degan alohida bob bor. – Azim koʻzoynagini toʻgʻrilab olgach, ifodali oʻqiy boshladi: – «Qizlar majlisi – gullar, lolalar, toʻtilar, qumrilar majlisi! Bu uyda – Kumushbibi togʻasining uyida qizlar majlisi, gullar majlisi!.. Bu uyga oʻttuz-qirq chamaliq qizlar yigʻilganlar, yigʻilishdan maqsad: qizlar oʻzlarining eng latif, eng goʻzal bir a’zolarini bukun xotinliq olamiga uzatmoqchidirlar. Bu uzatish majlisini jonlik, ruhlik oʻtkazmak uchun barcha qizlar oʻzlarining eng asil, eng nafis kiyimlarini kiyib, favqulodda yasanib, husn olamini yana bir qayta bejabdirlar... Majlisning shoiralari, oʻyinchilari, childirma va dutorchilari – barchasi ham hozir...»

Azim jim boʻlib qoldi. Yoqimli xotiralar ogʻushida qolgan Dilnoza shirin jilmaydi.
– Xuddi shunday... Uyda qiz majlisiga oʻtkazishga uyalib, togʻamnikida oʻtkazgandik. Dadasi, yodingizdami?
– U kunlarni unutib boʻlarmidi, – ogʻzining tanobi qochib javob qaytardi Fayzulla. – Aniq esimda qolgani shuki, qiz majlisi kimning uyida boʻlayotgani haqidagi ma’lumot ham mutlaqo maxfiy hisoblanardi. Shuning uchun adresni aniqlayman deb bekorga uch soat ovora boʻlganim qolgan. Unga dovur majlis tugab ketibdi... Lekin, xotin aka, zamon oʻzgarib ketibdi. Endi «qiz vecher»lar boshqacha oʻtadigan boʻlibdi.

Qanday oʻtarkan?
– Buni... kelgandan keyin Azimjon bilan ikkalamiz toʻlib-toshib aytib beramiz. Yo boʻlmasa oʻgʻling yozib beradi-qoʻyadi.

Habiba oraga qoʻshildi:
– Menga koʻrganlaringizni she’r qilib yozib berasiz, a, aka?

Azim singlisining ovozini oʻchirib turish uchunmi, darhol rozi boʻldi:
– Yozib beraman, Habiy, yozib beraman.

Azim kitobni xonasiga olib kirib ketdi. Habiba quvonib chapak chaldi. Soʻng oʻz-oʻziga gapirganday dedi:

– Oppoq kiyingan kelinchak maza qilib raqsga tushsa kerak, a?..

Fayzulla yalt etib xotiniga qaradi, koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan Dilnoza shosha-pisha engashib, piyolaga choy quya boshladi.
– Shukr qil, ayasi, shukr qil. – Fayzulla gazetani qoʻliga olib, oʻgʻlining ismi yozilgan sahifani mehr bilan siladi. – Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Hali Azimjonimiz shunday yigit boʻlsinki, shunday yigit boʻlsinki...

* * *

Namozshom mahali. Tomi qizil shiferli, atrofi paxsa devor bilan oʻralgan uy hovlisida odam gavjum. Ertaga toʻy! Bugun esa kelin tarafda «qiz majlisi». Oʻrtacha kattalikdagi, ikkita chorpoya qoʻyilgan hovlida oʻndan ortiq kishi yelib-yugurib xizmat qilayapti. Toʻy raisi – 65-70 yoshlardagi mahalla oqsoqoli Xalil aka mezbonlarga ham, xizmatdagi yosh-yalang, qiz-juvonlarga ham koʻrsatma berib charchamaydi. Azim ham oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlib chopib yuribdi. Besh-oltita yigit hovli darvozasi yonida turgan telejkadan temir oyoqli stol va oʻrindiqlarni tashiyapti.

Xalil akaning ovozi shuncha shovqinni bosib yangroq eshitiladi:
– Sabzini chorpoyaga olib kelinglar... Hoy, sen bola, oʻtinni koʻproq gʻamla. Samovarga qara, samovarga... Kelin, artilmagan tovoq qolmasin. Hoy bola, koʻzingga qara!..

Hovli oʻrtasidagi chorpoyada Xudoyberdi aka, Saydulla aka, Fayzulla yonboshlab oʻtirishibdi. Oʻrtada dasturxon. Yarmi ichilgan aroq shishasi. Xudoyberdi aka bilan Saydulla akaning ozgina kayfi borligi sezilganday boʻlayapti.

Xudoyberdi aka Xalil akaga ishora qilib gapirdi:
– Oqsoqol malades. Bunaqa ishlarni koʻzini yumib turib bajartirib tashlaydi.
– Oʻrgan, ustudent, oʻrgan, – deb qoldi Saydulla aka ukasiga qarab. – Bilib qoʻy, uka, agar sen bitib ketgan millioner, milliarder boʻlsang ham bir oʻzing toʻy qilolmaysan.
– Toʻppa-toʻgʻri, aka, – dedi Fayzulla ixlos bilan. – Toʻy qarindosh-urugʻlarsiz, doʻst-birodarlarsiz oʻtmaydi.

Xudoyberdi aka qiyqirib kulib yubordi:

– Toʻyonasiz ham! Tuzukmi?

Saydulla aka esa oʻrtogʻining qochirimini eshitmaganday ukasiga nasihat qilishda davom etdi:
– Shuning uchun hech qachon oqibatni unutma. Tagingda mashinang boʻlsa. Qishloqda toʻymi, ma’rakami, eshitgan zahoting aytilgan vaqtga yetib kelishing kerak.

Fayzulla qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
– Xoʻp, aka, xoʻp... Endi men tursam, xizmat-pizmat boʻlsa biroz qarashsam.
– E, uka, xizmat yoshlardan ortmaydi, – deya beparvo qoʻl siltab qoʻydi Xudoyberdi aka. – Bizu sizga oʻxshagan yoshi ulugʻlar shunday yonboshlab yotib, koʻrsatma berib tursak bas... Gap kelganda otangni ayama deyilar, Fayzullaboy. Tuzukmi? Biz ham endi uch-toʻrt koʻylakni ortiq yirtgan aka sifatida sizga bir nasihat qilib qoʻysak.
– Bemalol, aka.
– Hech qachon chaqirilmagan joyga bormang, lekin chaqirilgan joydan ham qolmang. Tuzukmi? Vaholanki, siz chaqirilgan joylarga ham kelmayapsiz. Holbuki, hammamiz bir qishloqning odamimiz, bir-birimizga qon-qarindoshmiz. Toʻy-ma’rakamiz, yaxshi-yomon kunlarimiz – hammasi birga. Erta-bir kun tobutkashingiz ham shu qishloqdoshlaringiz boʻladi.
– Gaplaringiz toʻgʻri, Xudoyberdi aka, – samimiy ohangda gapirdi Fayzulla. – Men qishloqdoshlarimni juda hurmat qilaman, ular uchun qoʻlimdan keladigan nima xizmat boʻlsa ayting, bajonidil bajaraman. Ammo har hafta-oʻn kunda kelib uyma-uy yurishga vaqt yoʻq – ish koʻp.
– E, uka, bizgacha ishlashgan, biz ishlaymiz, bizdan keyin ham ishlashadi. Tuzukmi? Qoʻngʻizga arpa bahona deganlari shu-da! – shu gapdan keyin Xudoyberdi aka pix-pixlab kuldi va aroq toʻla piyolasini koʻtarib Saydulla akaga murojaat qildi: – Qani, joʻra, ketdik.

Ikkovlon ichib yuborishdi.
– Lekin, uka, bu safar sendan xursandman, – dedi yoshlangan koʻzlarini artayotgan Saydulla aka.
– Besh yuz kayfiyatingni koʻtarib yuborgandir-da, joʻra, – askiya qilgan boʻldi Xudoyberdi aka.
– Yoʻq, gap pulda emas, joʻra. Gap ukamning oʻgʻlini toʻyimga olib kelganida. Qara, – Saydulla aka hovlida besh-oltita lagan koʻtarib ketayotgan Azimga ishora qiladi, – bolasi kirishimligina ekan, yelib-yugurib xizmat qilib yuribdi. Shundan mening boshim osmonda.

Chorpoyaga jiddiy qiyofadagi Xalil oqsoqol yaqinlashdi.
– Kech tushib qolayapti, Saydulla. Kuyovni joʻna¬tadigan vaqt boʻlib qoldi-yov. Borsa borib, oʻtirib kelishsin bir-ikki soat.

– Siz vaqt boʻldi dedingizmi, oqsoqol, demak vaqt boʻlgan! – deya Saydulla aka Xudoyberdi akaga oʻgirildi: – Qani, joʻra, kuyovjoʻralarni shayla.
– Hammasi oʻqlangan miltiqday shay boʻlib turishibdi.
– Nechta mashina bor, necha kishi boradi, hammasi kelishilganmi? – tekshirib koʻra boshladi Xalil oqso¬qol.
– Hammasi kelishilgan, oqsoqol, kelishilgan. – Xudoyberdi aka hovliga qarab baqirdi: – Mardon, hov Mardon!

Ichkaridan Mardonning ovozi eshitildi:
– Ha?
– Joʻralaringni yigʻ, – baqirdi Xudoyberdi aka. – Hozir joʻnaysizlar. Tuzukmi? Nechta mashina yigʻildi?
– Uchta. Ikkita «Neksiya», bitta «Jiguli».
– Boʻladi. Ayollarni «Damas»ga olamiz, – qoniqish bilan tin olgan Xudoyberdi aka Fayzullaga oʻgirildi. – Ukajon, shundoq birga borasiz-u, bularga bosh boʻlib, bir-ikki soat oʻtirib qaytasiz, tuzukmi?
– Qayoqqa? – hayron boʻlib soʻradi Fayzulla.
– Qiz vecherga, – tushuntirdi Xudoyberdi aka. – Oʻzim jon deb borardim-u, manavi zormandadan ozgina otib qoʻydim. Bu tomonda GAI-PAI yoʻgʻ-u, lekin ichsam qoʻlim qaltiraydigan boʻlib qolgan.
– Bir ogʻiz gapingiz, aka. Bu yerga xizmat qilamiz deb kelganmiz.
– Odatga koʻra, kuyovjoʻralarga qoʻshilib uch-toʻrtta ayol ham borishi kerak. Shularni mashingizga olasiz. Boʻldi. Tuzukmi?

Fayzulla iljaydi:
– Tuzuk.
– Yetib borgandan soatga qaraysiz, – oʻrgata boshladi Xudoyberdi aka. – Yoshlar oʻynab-kulishsin. Bir yarim-ikki soatdan keyin toʻy oqsoqolidan ruxsat soʻraysiz. Shu bilan hammani yigʻishtirib qaytaverasiz. Birontasi «Toʻyni davom ettiramiz» deb tixirlik qilsa meni ayting, darrov popugi pasayadi-qoladi.
– Xoʻp, aka. Men mashinaga qaray boʻlmasa. – Fayzulla suzilibgina oʻtirgan akasiga qaradi: – Aka, kalit...
– Nima? Kalit?.. Ma... – Saydulla aka shimining choʻntagidan mashina kalitini chiqarib berdi. – Orqasini salgina turtib olganman. Lekin yaxshilab qaramasang bilinmaydi, uka, bilinmaydi.
– Mayli, aka, mayli...

Fayzulla hovlidan oʻtib borayotgan mahal yoniga oʻgʻli Azim chopqillab keldi.
– Ada, yoʻl boʻlsin?
– Kuyovni «qiz vecher»ga olib borib kelishim kerak ekan.
– Qizlar majlisigami? – Azim hovliga alangladi. – Boshqa ish yoʻqqa oʻxshaydi. Man ham siz bilan birga borsam maylimi, adajon?
– Mayli, yuraqol, oʻgʻlim.

Ota-bola hovlidan birga chiqib ketishdi.

* * *

Bu oqshom qishloqda Ashirmat togʻaning uyida toʻy: Nozima «qiz majlisi»ni oʻtkazmoqda. Hovliga «P» shaklida stollar qoʻyilgan. Toʻrda kelin-kuyov uchun joy ajratilgan. Ular oʻtiradigan joy ortiga osilgan gilamda bir juft nikoh uzugi hamda «Mardonjon», «Nozimaxon» ismlari paxta bilan yozilgan. Bu stolga turfa ichimliklar bilan bir qatorda kattagina guldasta va tort ham qoʻyilgan. Pastroqdagi chorpoya artistlar uchun. Unda hofiz Rashid boshchiligidagi artistlar guruhi. Guruh disk almashtirib turuvchi yigit, ovozni sozlab turuvchi erkakdan hamda asli ismi Gulmira, biroq nimagadir hamma Gulbadan deb ataydigan raqqosadan iborat. Chorpoya oʻrtasiga xontaxta qoʻyilib, bezatilgan. Katta-katta ovoz kuchaytirgich karnaylar uch-toʻrt joyga qoʻyilgan.

Endigina boshlangan toʻyni qishloqda mahma¬do¬na¬ligi bilan tilga tushgan Rohila olib borayapti. Odatdagidek, toʻyda mehmondan tomoshabin koʻp. Ular safida yosh-yalanglar, xotin-xalaj bilan bir qatorda labini yalab turgan yigitlar, erkaklar ham anchagina. Stolda ham yosh-yalanglar qatori katta yoshli erkaklar, ayollar ham oʻtirishibdi. Hovli chekkarogʻidagi katta qozonda ovqat qaynayapti. Uning atrofini oshpaz bilan birga besh-oltita erkak oʻrab olgan. Qozon yonidagi molxonaning bir xonasi ombor qilingan. U yerda turli kattalikdagi likopcha va taqsimchalarda gazaklar, pishiriqlar zaxiraga olib qoʻyilgan. Ellik yoshlardagi badqovoq, choʻtir yuzli xona qoʻriqchisi Abdusamadning yonida, fufayka tagida aroq shishalari.

Hofiz ogʻirroq qoʻshiq aytmoqda: «Bugun qoʻshni qishloqqa, kelin tushdi, yor-yor, Borolmayman u yoqqa, or qilaman, or-or...»

Shu payt uzluksiz mashina signallari ovozi eshitildi, hovli yonini oʻtkir mashina chiroqlari nurlari yoritdi. Rohila shoshib borib mikrofonni Hofizning qoʻlidan oldi.

etib keldi. Bugun Amir aka bilan Xolida xolaning nurli xonadonida haqiqiy ayyom boshlanmoqda. Dugonam Nozimaxonning baxt va visol oqshomiga xush kelibsiz!.. Ushbu kechamizni yanada maroqli oʻtkazish uchun tashrif buyurgan viloyatimizning taniqli hofizi Rashid Nuraliev boshchiligidagi san'atkorlar guruhi sizning xizmatingizda. Betimsol Gulbadanxonim esa ajoyib raqslari bilan hammamizni xushnud etishi shubhasiz! Marhamat, san'atkorlar!

Baland ovozda «Toʻylar muborak» qoʻshigʻi yangradi. Mashinadan tushib kelgan kuyov va kuyovjoʻralarni kutib olgan yangalar ularni darhol stolga boshlashdi. Fayzullaning «Damas»ida oʻtirgan Mardonning ikki singlisi va yangasi Mahfirat checha ham mashinadan tushasola stol tomon yurishdi. Fayzulla mashinani chekkaroqqa oldi. Tushib, eshiklarni qulflagandan keyingina atrofni hayratlanib kuzatayotgan oʻgʻli bilan birga toʻyxona tomon yurdi. Ota-bolaga kelgan mehmonlar bilan «oʻn gramm-oʻn gramm» ichaverib, allaqachon mast boʻlib olgan Amir aka quchoq ochgancha peshvoz chiqdi.
– Kelsinlar, qudalar, kelsinlar, – gʻoʻldiradi Amir aka. – Qadamlariga hasanot.

Amir aka avval Fayzullani, keyin Azimni quchoqlab, bagʻriga bosdi. Darvozadan quchogʻini keng ochgan, ancha kayfi bor Ashirmat togʻa chiqib keldi. Umuman oʻzi bu odamni hushyor yurgan holda tasavvur etishning oʻzi mushkul edi.
– Kutdirib qoʻydilaring-ku, quda, – deya gapni oʻpkalashdan boshladi Ashirmat togʻa. – Yana besh minut kelmaganlaringda, ashqol-dashqollaringni koʻchaga olib chiqib otmoqchiydim lekin. Voh-hoh-ho! Qani, ichkariga marhamat.

Fayzulla qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
– Uzr, quda.

Ashirmat togʻa bilan Amir aka ota-bolani ichkariga, stollarga boshlab borishdi. Xizmatda yurgan yigitlar oʻtirganlarni sura-sura ota-bolaga bir amallab stolning chekkarogʻidan, kelin-kuyovga yaqin joydan oʻrin topib berishdi. Ammo xuddi shunday boʻlishi kerakday, Ashirmat togʻa bilan Amir aka bunga parvo ham qilishmadi. Oʻtirganlaridan soʻng Fayzulla kaftlarini bir-biriga juftladi:
– Omin, ikki yosh baxtli boʻlsin.
– Boʻlsin... – Ashirmat togʻa bir kaftini yuziga siypagan boʻldi. Toʻsatdan oʻz-oʻzidan uning ikkinchi qoʻlida aroq shishasi paydo boʻldi. – Biz tomonlarda, quda, butilkani bunday ochadilar.

Ashirmat togʻa shishaning tagiga kafti bilan bir urgandi, shishaning poʻkagi otilib ketib, ozgina aroq Fayzullaning ustiga toʻkildi. Biroq Ashirmat togʻa bunga e’tibor ham bermadi.
– Qudalarga shtrafnoy, aka, – gʻoʻldiradi Amir aka.
– Gap boʻlishi mumkin emas. – Ashirmat togʻa ikkita kattagina, kichikroq kosaday keladigan piyolaga aroqni lim-lim qilib quydi va boʻshagan shishani stol tagiga tashlab yubordi. – Marhamat, qudalar. Ikki yoshning baxti uchun «oq» qilib tashlaysizlar endi. Ana shundan keyin sizlarni kechirish-kechirmaslikni oʻylab koʻramiz.

Ashirmat togʻa bir piyolani Fayzullaga, ikkinchisini Azimga tutdi. Buni koʻrgan Azimning hayratdan ogʻzi ochilib qoldi, lekin piyolani olmadi.
– Rahmat, quda, – yana qoʻlini koʻksiga qoʻydi Fayzulla. – Lekin men ruldaman.
– Nima? – dedi Amir aka Fayzulla tomon engashib.
– Ruldaman. – Fayzulla qoʻli bilan oʻzini rul chamabaragini aylantirayotganday qilib koʻrsatdi.

Ashirmat togʻa:
– Nima qipti shunga? – deb soʻradi hayron boʻlib.

Fayzulla garangsib qoldi:
– Axir... yoʻlda...
– Bu territoriyaga mana men javob beraman! – koʻkragini kerdi Ashirmat togʻa. – Lyuboy GAI ushlasa, «Ashirmat akaning odamiman» deng, chestʼ berib kuzatib qolmasa oldimga qaytib keling, otimni boshqa qoʻyaman!

– Rahmat, quda, lekin oʻzimam ichkilikni uncha xushlamayman.

Ashirmat togʻa Amir akaga oʻgirildi:
– Buning nima deyapti, uka? Esi joyidami oʻzi?
– Ha, endi, aka, quda degani biroz oʻzini taroziga soladi-da, – beparvo qoʻl siltadi Amir aka. – Bu kishi shahar koʻrganlardan boʻlsa.

Jahli chiqqan Ashirmat togʻaning lablari pir-pir ucha boshladi.
– Shahar-paharingni bilmayman. Bu yerning oʻz qonun-qoidalari bor, uka! Shuni ichmaysanmi, demak bizni hurmat qilmaysan! Shuni ichmaysanmi, demak kelin-kuyovning baxtli boʻlishini xohlamaysan. Shuni ichmaysanmi, demak biz qishloqilarni pisand qilmaysan. Shuni ichmaysanmi, demak akang toʻyga samodelka arzon, sassiq aroqdan yuborganini bilasan, shuning uchun ichging kelmay turibdi. Demak, bizga oʻxshaganlarga boʻlaverar ekan-u, senga oʻxshaganlarga toʻgʻri kelmas ekan-da bu, a? Shundaymi?

Fayzulla shoshib qoldi:
– Quda bova, unaqa demang, men chin koʻngildan...
– Demak, senda bor koʻngil bizda yoʻq ekan-da! Shundaymi?
– Quda bova...
– Boʻlmasa mana bu yigitchaga beraylik! – deya Ashirmat togʻa Azimni koʻrsatdi.
– Yoʻq, yoʻq! – dedi Fayzulla shoshib. – Bu hali goʻdak-ku. Bu mening oʻgʻlim. Endi oʻn oltiga kirayapti.
– Men bu yoshimda paqirlab ichardim, – deb qoʻydi Amir aka.
– Gap ichishda emas, uka. Gap hurmatda, – sal yotigʻi bilan gapirishga urindi Ashirmat togʻa. – Raz shundan-shunga kelibsizmi, toʻy egalarining hurmatiga deb yuz grammgina ichib yuborsangiz nima qiladi! Yo bizni oʻzingizga teng koʻrmayapsizmi?
– Nega endi, quda. Aksincha, chin, samimiy hurmat... – Fayzulla sal dovdirab qoldi. – Men oʻylovdimki, hurmat faqat ichish bilan belgilanmaydi. Buning ustiga boʻlgʻusi kuyovingizning singillarini, chechasini qishloqqa eson-omon olib borish mas’uliyati...

Nimagadir jahd qilganligi yuzidan bilinib turgan Ashirmat togʻa Fayzullaga qattiq tikilib, aroq lim-lim piyolani tutdi:
– Agar... agar shuni «oq» qilib tashlamasang, uka, hozir, shu yerning oʻziga xotinimni chaqiraman-da, «uch taloq» qilaman. Ana shundan keyin butun gunohi sening boʻyningga tushadi

Bu gapni eshitgan Fayzulla lol boʻlib qoldi.
– Bu aytganini qiladi, quda, – dedi Amir aka. – Xotinini taloq qilish ham gapmi, tutib qolsa toʻyni ham buzadi.
– Buzaman ham! – nimagadir oʻpkasi toʻlib ketgan Ashirmat togʻaning tovushi titradi. – Bizni mirlamaydigan odamlar bilan quda boʻlgandan koʻra...

Boʻlayotgan voqealar tush emasligiga, oʻzini goh «sen»¬lab, goh «siz»layotgan bu odam mastlik ustida aytganini qilib yuborishiga iqror boʻlgan Fayzulla hamon lol-ka¬raxt boʻlsa-da, bir amallab oʻzini qoʻlga olishga urindi.
– Agar hammasi shu... shunga bogʻliq boʻlsa... be¬ring-e... – Fayzulla koʻzlarini chirt yumgancha piyoladagi aroqni ichib yubordi. Uning afti burishdi, koʻzlaridan duvillab yosh oqdi. Fayzulla amallab koʻzlarini ochdi va Amir aka nim egilinqirab tutib turgan gazak – qay¬natilgan mol oʻpkasining bir boʻlakchasini olib, ogʻziga soldi. – Boʻldimi?

Ashirmat togʻa mamnun tarzda Fayzullani quchoqlab, yuzidan oʻpdi.
– Ha, bu boshqa gap. Bilgandim oʻzimizdan ekanligingizni, quda. Shu sal noz qildingiz-da. Sizlar oʻtirib turingizlar. Biz ichkaridagi nozik mehmonlarda xabar olaylik, hali yana kelamiz.

Ashirmat togʻa bilan Amir aka ketishdi. Shu zahoti ularning oʻrniga ikkita yosh yigit oʻtirib oldi. Fayzulla oʻgʻliga aybdorona qaradi.

Azim otasi tomon engashib gapirarkan, negadir duduqlandi:
– Juda... Gʻalati odamlar ekan.
– Toʻyda shunaqasiyam boʻp turadi, – oʻgʻlidan koʻra koʻproq oʻzini ishontirishga urindi Fayzulla. – Xoʻsh, oʻgʻlim, qalay, qiz majlisi yoqayaptimi?

Azim yelka qisdi:
– Hozircha Qodiriy tasvirlagan gullar, lolalar, toʻtilar, qumrilar majlisini emas, – u kelin-kuyovning stolida turgan turfa spirtli ichimliklarga ishora qildi, – aroqlar, konʼyaklar, vinolar majlisini koʻrayapman.
– Buyam zamonning zaylidir-da... – deb qoʻydi Fayzulla.
– Adajon, hech narsa yemadingiz-a? – dedi Azim.
– Qornim toʻq. Yaxshisi, oʻgʻlim, bunday qilaylik. Anavilar balo-qazoday boʻlib yana bostirib kelmasidan burun chekkaroqqa oʻtib olaylik. Toʻyni odamlar orasida tik turib tomosha qilarmiz. Bolalardan xabar olib turishimiz ham oson boʻlar. Har qalay, joyimiz boʻsh qoladiganga oʻxshamaydi.
– Xoʻp boʻladi, adajon.

Fayzulla asta oʻrnidan turdi. Azim unga ergashdi. Darhaqiqat, ular oʻrinlaridan turar-turmas orqada zich boʻlib turgan tomoshabinlar orasidan ikki kishi zudlikda sirgʻalib chiqib, ota-bolaning oʻrnini egallashdi va jon-jahdlari bilan aroq shishasiga yopishishdi. Fayzulla bilan Azim asta ortga chekinib, tomoshabinlar safidan joy olishdi. Ota-bola davrani kuzatib turishdi. Kuyov tarafdan kelgan mehmonlar uchun kelinning chap tarafidan joy ajratilgan. Mehmondorchilik quyuq. Xizmatdagi yigitlar kuyovjoʻralarga mulozamat qilib turishibdi. Ularning oʻzlari ham bemalol piyolalarga aroq, konʼyak, vino quyib olishayapti. Kuyovjoʻralardan biri Mahfirat chechaga konʼyak quyib uzatayapti. Yana bir kuyov joʻra qizlarni aroq bilan mehmon qilishga urinayapti. Buni koʻrib jahli chiqqan Fayzulla tez-tez yurib, tomoshabinlar ortidan oʻtdi va kuyovjoʻralar yoniga borib, Mahfirat chechaga konʼyak uzatib turgan yigit – kuyovjoʻra Nabiga murojaat qildi.

– Mehmondamiz, uka. Sal kamtarroq boʻlinglar. Shuncha odam sizlarga qarab turibdi. Juda ichkilaring kelsa, uyga borganlaringdan keyin oʻzim topib beraman.
– Toʻy toʻyday boʻlsin-da, Fayzulla aka, – qizgʻinlik bilan gapirdi Nabi. – Bu yerga bir bitimiz toʻkilib yayraylik deb kelganmiz. Buning ustiga bu yer shahar emas, qishloq. Qishloqda esa odam faqat toʻyda dam oladi, aka.

Fayzulla indamay ortga qaytdi va yana oʻgʻlining yoniga kelib, tomoshabinlar safidan joy oldi.

Navbatdagi qoʻshiq tugadi. Oʻrtakash qiz ildam kelib, hofizning qoʻlidan mikrofonni oldi.
– Katta rahmat, san'atkorlar. San'atlaringga san'at qoʻshilaversin. – Rohila qoʻlidagi bir parcha qogʻozga qarab oldi. – Ana endi tabrik uchun soʻz navbatini kelinning togʻalaridan boʻlmish fermer Ibodulla akaga beramiz. Marhamat, Ibodulla aka!

Davraga anchayin abgor kiyimdagi, ehtimol toʻgʻri daladan kelgan, shu sababli oʻzini noqulay his qilayotgan ellik yoshlardagi doʻppili kishi chiqib keldi. U mikrofonni qoʻliga oldi, ammo gapirishga qiynalayotgani sezilib turardi.
– Soʻz berganingiz uchun... rahmat, rais bova, – deya xirqiragan ovozda gap boshladi Ibodulla fermer.

Oʻtirganlardan bir-ikkitasi piqirlab kulib yubordi. Ibodulla akaning yonida turgan oʻrtakash qiz jilmayib qoʻydi va mikrofon tomonga engashdi.
– Men rais bova emasman, Ibodulla aka, – dedi u istehzo bilan.

Fermer battar oʻngʻaysizlanadi. Shu payt fermerning yoniga katta piyola toʻla aroq koʻtargan Ashirmat togʻa yaqin keldi va piyolani unga tutdi. Darhol piyolani qoʻliga olgan fermer endi sal silliqroq gapirishga oʻtdi:
– Men xudodan jiyanimning baxtli boʻlishini soʻrab qolaman... Qani, oldik. Hammalaringdan... oldilaringdagi qadahlarni «oq» qilib berishlaringni soʻrab qolaman.

Yengil chapak eshitildi.
– Bilasiz-a, bizda shaxsiy ibrat degan narsa bor, Ibodulla aka, – dedi Rohila.

Ibodulla fermer piyolani bir koʻtarishda «oq» qilib ichib berdi va shunday ichganini isbotlayotganday piyolani toʻntarib koʻrsatdi. Soʻng Ashirmat togʻani mahkam quchoqlab oldi. Ikkovlon oʻpishishdi. Shuni kutib turganday, Rohilaning ishorasi bilan san'atkorlar shoʻx va baland ovozdagi musiqani qoʻyib yuborishdi. Ibodulla akaning joyi tomon ketayotganini koʻrgan Rohila uning yoʻlini toʻsdi.
– Yoʻq, yoʻq, Ibodulla aka. Endi oʻynab bermasdan turib davrani tark etmaysiz.

Shoʻx musiqa kuchaydi. Hofiz qoʻshigʻini boshladi. Oʻrtaga yoʻrgʻalab raqqosa Gulbadan chiqib keldi va fermerning yoʻlini toʻsib, uning qarshisida gʻamza bilan oʻynay boshladi. Bir-ikki oʻxshovsiz tarzda qoʻlini koʻtarib qoʻygan Ibodulla aka nihoyat choʻntagidan bir dasta pul chiqarib berganidan soʻnggina Gulbadan uning ketishiga izn berganday yoʻlni boʻshatdi. Ashirmat togʻaning ishorasi bilan kelin taraf qarindoshlari gurillab oʻrinlaridan turishdi va saf boʻlib kelib raqqosa bilan hofizga pul qistirishga tushishdi.

Rohila hofizning yoniga kelib, mikrofonga qichqirdi:
– Kelin tomon joʻsh, kuyov tomon boʻsh!

Buni eshitgan Mahfirat checha asabiylashib, yonida oʻtirgan yigitlarga ishora qildi. Endi kuyov tarafdan kelgan mehmonlar birvarakayiga oʻrinlaridan turishdi va qatorlashib kelib raqqosa bilan hofizga pul qistira boshlashdi. Fayzulla shosha-pisha ularga yetib oldi va navbatda turib, hofiz bilan raqqosaga pul ulashdi.

Terlab ketgan Fayzulla joyiga, tomoshabinlar orasida turgan oʻgʻlining yoniga qaytib kelgach, bilagidagi soatga qaradi va ogʻir uf tortib qoʻydi:
– Endi yarim soat oʻtibdi-ya...

Azim kulimsiradi:
– Bunaqa mahallari vaqt oʻtishi qiyin boʻlib qoladi, adajon. Vaqt nisbiy deganlari shu-da...

* * *

Nisbiymi, nisbiy emasmi, har tugul vaqt asta sekinlik bilan boʻlsa ham oʻtaverdi. Toʻy davrasi esa tobora qizib borardi. Yigirmadan oshiq yigit-qiz, erkak-ayol davrani changitib raqsga tushib yotishibdi. Raqqosa otarchi Gulbadan stol oralab, iloji boricha koʻproq pul yigʻishga uringan. U ora-sira biron oʻziga orqa oʻgirib oʻtirgan mehmonning ortidan borib, koʻkragi bilan uning yelkasidan turtadi. Mehmon noiloj pul chiqarib bergan. Mast mehmonlar – ularning aksariyati yosh yigitlar – esa zoʻr berib Gulbadanni quchoqlab olishga, uning koʻkraklari orasiga pul qistirishga harakat qilishgan. Gulbadan noz-firoq bilan ulardan qochishga intiladi, ammo bunga astoydil urinmayotganligi sezilib turadi. Bunga sayin uning ishqibozlari soni orta boradi. Hatto ellik-oltmish yoshli erkaklar ham ogʻizlaridan soʻlaklari oqquday ahvolda Gulbadanga qarab qolishgan. Tomoshabin ayollar orasidan esa qargʻishlar eshitilib qoladi: «Yashshamagur uyatsiz!.. Orqasini likillatishini!.. Iloyo shuytib topgan puling oʻlimligingga buyursin!.. Obid, bor otangni chaqir!.. Voy sharmanda! Bundan koʻra shir-yalangʻoch boʻlib ola qol edi!..»

Oʻgʻlining bu gʻalati izdihomga ajablanib termulib qolganini koʻrgan Fayzulla asta tomoshabinlar orasidan sirgʻalib chiqdi va hovlining ochiq tomoniga yurdi.

Hovlidagi daraxt yonida bir mast erkak xotiniga zugʻum qilmoqda edi.
– Tez uyga borib ellik ming olib kel deyapman senga! – deya talab qildi erkak.
– Bormayman ham, opkelmayman ham! – yigʻlam¬siradi ayol. – Bilaman pul nega kerak boʻlib qolganini! Anavi oyimchaga qistirmoqchisiz!
– Bor deyapman!
– Bormayman! Bolalaringizning rizqini bir jalab xotinga sochib yuborishingizga yoʻl qoʻymayman!
– Bor deyapman!
– Bormayman!
– Mana bormasang!

Tarsaki ovozi eshitildi, xotin izillab yigʻladi.

Fayzulla seskanib ketib avval shu tomonga yurdi, ammo ayolning yuzini ushlagancha zipillab hovlidan chiqib ketayotganini koʻrgach, chap tomonga qayrildi.

Ombor yonida turgan uch-toʻrt yigit esa zoʻr berib bir nimani muhokama qilishardi.
– Shunday borib, soʻlqillagan bilagidan mahkam changallagandim, oʻziyam erib ketdi, – deya maqtandi birinchi yigit.
– Birga oʻynayotgan paytimizda uch-toʻrt marta koʻkragini koʻkragimga tekizib-tekizib oldi. Atay qildi, bilib turibman, – boʻsh kelmadi ikinchisi.
– Bir piyola aroq tutib, «Toʻydan keyin koʻrishsak boʻladimi, jonon qiz Gulbadanxon?» degandim, «Mayli, jonon yigit» dedi qichiq qilib, – ogʻzining suvi qochib gapirdi uchinchi yigit.

Toʻrtinchi yigit gurungga xotima yasadi:
– Boʻlmasa bunday valaqlashib oʻtiravermanglar-da, konkret borib gaplashinglar. Bir kechaga qanchaga koʻnarkan? Lekin narxini ja osmon qilib yubormasin. Mashina, joy mendan.
– E, qancha soʻrasayam mayli deyaveramiz, – pachaq koʻkragini kerdi birinchi yigit. – Oboradigan joyimizga oborib olaylik, keyin pul soʻrashgayam holi qolmaydigan qilib tashlaymiz.
– Zapchastʼ qilib sochib tashlayman uni! – uchinchi yigitning ogʻzidan koʻpik sachradi. – Emaklab ketolsayam rahmat desin.
– Boʻpti, men mashinaga ketdim, – dedi toʻrtinchi yigit ishbilarmonlik bilan. – Boringlar, gaplashinglar.

Yigitlar qorongʻulik bagʻriga singib ketishdi.

Koʻngli gʻash tortgan Fayzulla yelka qisib qoʻydi. Ammo shaharlik mehmon duch keladigan vaziyatlar shu bilangina yakun topmagan ekan. Ombor yonidagi yoʻlakda oʻttiz besh yoshlardagi erkak yetmish yoshlardagi, qaddi bukchaygan, qasaba roʻmol oʻragan keksa onaxonga yolvorardi:
– Enajon, jon enajon, oʻn minggina berib turing! Jon ena! Oʻrtoqlarimning oldida sharmanda qilmang.
– Enang oʻlib enasiz qolgur, axir boyagina bor pensiyamni qoqlab olding-ku, – dedi kampir figʻoni chiqib.

– Yigʻib qoʻyganingiz bor-ku, ena, oʻshandan oʻn minggina berib turing. Enajon, jon ena… Hamma oʻrtoqlarim qistirayapti. Bitta men shumshayib oʻtiribman...
– Bolam-a, shoʻrlik bolam-a... – Onaxon qasaba roʻmolini yecha boshladi.

Ombor yonidagi ustunga suyanib qolgan ancha kayfi bor Ismat ismli yigit yulduzlar bodroqdek sochilgan osmonga tikilib qolgandi. Uning koʻzlarida yosh miltiraydi. Shu payt Ismatning yoniga choynak koʻtargan oʻrtogʻi Xayrulla kelib qoldi.
– Ha, Ismatvoy, ja osmonga turmulib qopsan. Tinchlikmi?
– E, Xayrulla, qara, shunday qizni qoʻldan chiqarib oʻtiribman-a, – dedi Ismat afsus-nadomat bilan. – Nozimaning ochilib ketganini koʻrdingmi?
– Ha, kelin koʻylak juda chiroyli qilib yuboribdi Nozimani, – tan oldi Xayrulla. – Lekin hech shu qizda koʻngling borligini bilmagan ekanman.
– Oʻzimam hozir bildim. Eslab koʻrsam, oʻn birda oʻqib yurganimizda u menga bir-ikki marta umidvor-umidvor qarab qoʻygan edi. Men tentak boʻlsa Asalning orqasidan chopib yuraveribman.
– Uyam ketdi-bordi. Buni nega eslab qolding?
– Oʻzimam bilmayman. Lekin hozir borib anavi jinqarcha kuyov bolaning basharasiga solib-solib yuborgim kelayapti.
– Oʻzingni bos, joʻra. Qarindoshimiz-a. Toʻyni kelib-kelib sen buzsang uyat boʻladi. Men hozir, choy soʻrash¬gandi.

Xayrulla shoshib yoʻlida davom etdi. Ismat esa bir narsani hal qila olmayotgan odamday oʻychan holda oʻziga oʻzi gapirdi:
– Unday qilsammikan, bunday qilsammikan...

* * *

Bunaqa tomoshalardan kayfiyati tushib ketgan Fayzulla darrov oʻgʻlining yoniga qaytdi. Azim hamon oʻsha joyida turar va davradan koʻz uzmasdi. Fayzulla bilagidagi soatiga qarab qoʻydi:
– Kelganimizga toʻppa-toʻgʻri bir yarim soat boʻldi. Endi ketishga tayyorgarlik koʻraversak ham boʻlar.
– Yaxshi boʻlardi, – deb qoʻydi Azim.
– Men biron oqsoqolni topay.

Fayzulla oqsoqol izlab ketdi.

Davrada yer tepinib, terlab-pishib raqs tushayotgan Nabini kutilmaganda Gulbadanning qarshisida oʻynayotgan mezbon yigitlardan biri boʻlgan Ismat turtib yubordi.
– Ha, joʻra, keng joyga sigʻmay qoldingmi? – dedi Nabi yigitga oʻgirilib.

Ismat birdan doʻq urishga oʻtdi:
– Oʻynasang qisib oʻyna!

Nabining jahli chiqib ketdi:

– Bu nima deganing. Ogʻzingga qarab gapir!

Ismat yana balanddan keldi:
– Hozir oʻzingning ogʻzingni ayirib tashlardim-u...
– Qoʻlingdan kelganini qil-chi! – qoʻllarini musht qilib tugdi Nabi. – Menam qarab turmasman!
– Qarab turmaganingda nima qilarding?
– Basharangni bejab tashlayman!
– E, onangni...

Ismat Nabi tomonga hezlandi. Shu payt ularning yonida paydo boʻlgan Xayrulla Ismatni quchoqlab olib, nariga sudradi.
– Ismat, hozirgina senga nima degandim! – deya oʻrtogʻini urishib berdi Xayrulla.

Ismat Nabiga musht oʻqtaldi:
– Qarab tur hali, toʻydan keyin uyingga yetolmaydigan qilib qoʻyaman!

Xayrulla Ismatni davradan olib chiqib ketdi. Nabi oʻyinga tushishda davom etaverdi. Hovliga oʻtishgach, Xayrullaning quchogʻidan siltanib chiqqan Ismat bir chekkaga oʻtdi va yaqin-atrofda yurgan yigitlarni jangovar qiyofada bir-bir chaqira boshladi:
– Zoyir. Chaqir Rustamni. Zokiram esdan chiqmasin. Hoy, Olim. Tez Ilhomni top.
– Tinchlikmi, Ismat? – deb soʻradi Zoyir.
– Kuyovjoʻralardan bittasi menga quruqlik qil¬di, – tushuntirdi Ismat. – Toʻydan keyin kunini koʻr¬satamiz!

Zoyir xursand boʻlib kaftlarini bir-biriga ishqadi:
– E, hozir hammani topaman. Sen iskaladdan bir-ikkita aroq olib tur. Qizishib olish uchun.

– Sen aroqdan gʻam yema! Ikkita boʻlmasa toʻrtta olaman. Qarindoshman, axir...

* * *

Davrada yer tepinib raqsga tushayotgan olomon safi tobora kengayaverdi, kengayaverdi. Kelin-kuyov oʻrnidan turib, oʻynayotganlarga pul uzatishi urf boʻlgan ekan, Mardon bilan Nozima buniyam ado etishdi. Bu orada Fayzulla oqsoqol izlab charchadi. U yoshi kattaroq koʻringan odamni koʻrsa bas, yoniga chopib boradi, ammo ularning aksariyati mast. Mast emaslari esa yelka uning savoliga yelka qisib javob berishadi, xolos. Nihoyat Fayzulla badrafxona tomonga alpong-talpong qadam tashlab ketayotgan Amir akani koʻrib qoldiyu, darrov qudasining yoʻlini kesib chiqdi.
– Amir aka, endi bizga ruxsat bersangiz. Vaqt ham allamahal boʻlib qoldi.

Amir aka Fayzullaga ajablanib qaradi:
– Ruxsat? Qanaqa ruxsat? Bugun toʻy ertalabgacha davom etadi. Erkatoy qizimning toʻyi toʻymisan toʻy boʻlishi kerak! Toʻgʻrimi, qudam?
– Toʻgʻri, Amir aka, – darrov qudasining fikrini ma’qulladi Fayzulla. – Lekin kuyov bola uyiga borib ozroq dam olishi ham kerak. Ertaga katta toʻy. Toʻy tashvishlari qanday boʻlishini oʻzingiz yaxshi bilasiz.
– Unday boʻlsa... – Amir aka oʻylanib qoldi. – Unday boʻlsa avval «yoʻlochar»ga yuzta-yuzta olamiz, ana undan keyin qachon javob berishni gaplashamiz. Men hozir...

Amir aka hojatxona tomon chayqalib yurib ketdi.

«Uh» tortib qoʻygan Fayzulla qozon yuvayotgan oshpazning yoniga bordi.
– Aka, kechirasiz, Hoji bobo koʻrinmadilarmi?

Oshpaz bosh chayqadi.
– Hoji bobo – pokiza inson. U kishi bunaqangi joylarga kelishdan or qiladilar. Buni qarang, – oshpaz uyulib yotgan non boʻlaklariga ishora qildi. – Bunisi-chi? – Oshpaz ikkita katta kir togʻoraga solingan ovqat qoldiqlarini koʻrsatdi. – Uvol emasmi? Toʻqlikka shoʻxlikning ham chegarasi boʻlishi kerak-ku axir. Bir oydan beri qishloqda har kuni ikki-uch uyda toʻy. Har kuni shu ahvol. Gapiraverib Hoji boboning ogʻzi charchadi. Oxiri gapirmay ham, kelmay ham qoʻydi.
– E, shunaqa deng... Afsus.
– Tinchlikmidi, aka?

– Davrani yopib, duo beradigan bir keksaroq otaxon, iloji boʻlsa oqsoqollardan birini qidirib yurgandim.
– Bunaqangi davralarda «boʻyni uzun moʻysafid»dan boshqa oqsoqol topolmassiz-ov, aka, – kuyinib dedi oshpaz. – Shunday boʻlsayam bir urinib koʻring.

Fayzulla yana davraga yaqinlashdi. Oʻrtada Ashirmat togʻa uch-toʻrt tengdoshi bilan oʻynayapti. Fayzulla atrofga alangladi. Xuddi shu payt uning yonidan Amir aka zipillab oʻtib ketdi va toʻgʻri oʻynayotganlar davrasiga borib qoʻshildi. Soʻng Amir aka Ashirmat togʻani quchoqlab oldi. Aka-uka shu hollarida kelin-kuyov oʻtirgan joyga yaqinlashdilar va piyolalarga aroq quyib, ular bilan choʻqishtirib ichdilar. Buni koʻrib turgan otarchi hofiz qoʻshiq aytayotgan joyida oʻrtakash qizga qarab koʻz qisib qoʻydi. Rohila ildam kelib mikrofonni qoʻliga oldi va tantanali tarzda e’lon qildi:
– Mana endi, azizlar, kelinchagimizning jondan aziz padari buzrukvori Amir akamizning iltimosiga koʻra kelin va kuyov ishtirokida shoʻx bir raqsni tomosha qilami-iz! Sovgʻa-salomini berishga ulgurolmay qolganlar uchun ajoyib imkoniyat! Marhamat, san'atkorlar!

Shoʻx qoʻshiq yangradi. Kelin bilan kuyov davraga chiqib kelishdi va raqs tusha boshlashdi. Davra ikkiga ajraldi. Kelin-kuyov raqsiga Amir aka qoʻshildi! Pul degani yomgʻirday yogʻildi kelin-kuyov va Amir aka ustiga! Raqqosa Gulbadan ularni terib olishgayam ulgurolmay qoldi. Qoʻshiq yarimlamay turib bu raqsga Ashirmat togʻa ham qoʻshilib ketdi. Keyin boshqalar. Davradan yana chang koʻkka koʻtarildi. Mast Amir aka kelinchak Nozimani mahkam quchoqlab olgancha hoʻngrab yigʻlab yubordi. Qaydandir paydo boʻlgan Xolida xola qizining ortidan kelib, uning yelkasiga bosh qoʻygancha eriga qoʻshilishib piqillab yigʻlay boshladi. Ammo olomon jazava bilan raqs tushmoqda. Yer tepinib, terlab-pishib, changga koʻmilib oʻynayotganlar faqat shoʻx musiqani va oʻynoqi ashulani eshitishadi, ular faqat raqs tushayotganlarni koʻrishadi. Oʻynayotgan erkaklar ayollarni, chunonchi otarchi Gulbadanni koʻrishmoqda, xolos. Gulbadan faqat pulni. Qiz-juvonlar erkaklarni...

Har qalay, kimningdir fahmi yetdi chogʻi, kelin-kuyovni bir amallab joyiga oʻtqazib qoʻyishdi. Qoʻshiq sur'ati sal susayganday boʻldi. Maza qilib raqs tushayotgan, koʻzlari qonga toʻlgan, terlab ketgan Ismat qoʻshiq aytayotgan hofizning yoniga bordi.
– Toʻxtamay aytavering, aka! – deya Ismat qoʻshiq aytayotgan hofizning qulogʻi tagiga kelib baqirdi. – Bu yogʻiga oʻzim javob beraman!

Hofiz bosh ishorasi bilan «xoʻp» deb qoʻydi. Qoʻshiq kuchaydi. Boyagi uch yigit endi Gulbadanni oʻrtaga olishdi. Hadeb badanlarini otarchi raqqosaning badaniga tekkizishga urinayotgan yigitlardan biri shartta Gulbadanning bilagidan tutdi.
– Bu oqshom shu yerda qolasiz, jonidan, – dedi u raqqosaga hirs bilan tikilarkan.

Yigitning qoʻlidan chiqib ketib, raqs tushishda davom etayotgan Gulbadan ishva bilan «yoʻq» ishorasini qildi. Buni koʻrib battar qoni qizib ketgan ikkinchi yigit dangaliga koʻchdi:
– Yuz ming!

Gulbadan yana «yoʻq» ishorasini qildi.
– Har birimizdan! – deya va’dani katta berib yubordi uchinchi yigit.

Gulbadan yana «yoʻq» ishorasini qildi va chaqqonlik bilan yigitlar orasidan sirgʻalib oʻtib, qoʻlidagi pullarni chorpoyada oʻtirgan erkak yonida turgan tor gʻilofi ichiga oborib tashladi.
– Noz qilayapti, qanjiq! – tishlarini gʻijirlatdi ikkinchi yigit.
– Oʻzi lekin oʻlib turibdi! – gapni ilib ketdi birinchi yigit.
– Qani, egasi bilan yaxshilikcha gaplashib koʻraylik, agar koʻnmasa... Oʻzidan koʻrsin, – degan qarorini e’lon qildi uchinchi yigit.

Yigitlar fonogrammada qoʻshiq kuylayotgan hofiz yoniga borishdi.

– Menga qarang, – dedi birinchi yigit sira ham yaxshilik va’da qilmaydigan ohangda, – siz ham yigitsiz, biz ham. Oʻyinchingizni bir kechaga qoldirib ketasiz, biz hozirning oʻzida naqd yuz ming beramiz. Bu yaxshilikcha bitadigan savdo.

Ikkinchi yigit urib yuborguday vajohatda gapni davom ettirdi:
– Aks holda... shu qishloqdan ikkalang ham tirik chiqib ketolmaysan.

Rangi oqarib ketgan hofiz yigitlarga moʻltirab qaradi:

– Yigitlar, men bunaqangi ishlar bilan shugʻullanmayman. Men uni uch soatga yollab kelganman. Kap-katta xotin. Oʻz hayotiga oʻzi xoʻjayin. Qolaman desa, marhamat. Qolmayman desa zoʻrlay olmayman.

Hofizning qoʻrqqanini sezgani bois havolanib ketgan ikkinchi yigit bepisand ohangda gapirdi:
– Sen zoʻrlamasang, biz zoʻrlaymiz. Unga qoʻshib seniyam.
– Yigitlar, bu haqda sal keyinroq gaplashaylik, – dedi vaqtdan yutishga ahd qilgan hofiz. – Hozir qoʻshiq aytishim kerak.

Uchala yigit mamnun ishshayganlaricha davraga qaytib borib, gʻalati qiliqlar bilan oʻyinga tushishda, Gulbadanni oʻrtaga olishda davom etishdi.

Mast Amir akadan umid yoʻqligini anglagan Fayzulla oqsoqol izlashda davom etdi. Nihoyat bu ishdan naf yoʻqligini anglagach, ichkarida oʻtirgan «nozik mehmonlar»dan xabar olib qaytayotgan Ashirmat togʻaga roʻparoʻ boʻldi. Shundan keyin ular orasida quyidagi suhbat boʻlib oʻtdi.
– Quda, endi bizga javob bersangiz, – dangaliga koʻchdi Fayzulla.
– Toʻy endi qiziyapti-ku, quda.
– Boraylik. Ancha oʻtirdik. Bu yerning oqsoqoli oʻzingizga oʻxshaysiz.
– Oqsoqoli ham, qorasoqoli ham oʻzimiz, quda.
– Bizga javob bersangiz, quda bova. Ancha yoʻl...
– Mayli, hozir borib artistlarga bir juft zoʻridan zakaz qilamiz, yuztadan otamiz, keyin oʻrtaga chiqib bir oʻynaymiz... Ana undan keyin sizlarga javob.
– Ominni kim aytadi?

Ashirmat togʻa shu savol ogʻirlik qilganday chayqalgan holida biroz oʻylanib qoldi.
– Ertaga siznikida kelgan joyidan davom ettiradigan boʻlganimizdan keyin, ovmin qilib oʻtirish shartmi, a, quda? – dedi u nihoyat zoʻr bir kashfiyot qilganday quvonib.
– Shuni ertaroq aytmaysizmi, quda, men yarim soatdan beri davrani yopib beradigan oqsoqol qidirib yuribman.

Fayzulla noiloj Ashirmat togʻaga ergashdi. Ashirmat togʻa alpong-talpong qadam tashlab, Rohilaning yoniga bordi.
– Qizim, artistlaringga ayt, bir juft zoʻridan boʻlsin, – dedi u. – Keyin kuyov bolaga javob beramiz.
– Xoʻp boʻladi, togʻa.

Fayzulla ildam borib davrada raqs tushayotgan Mahfirat chechaga uchrashdi.
– Checha, boʻldi, bolalarga ayting, ikkita qoʻshiqdan keyin ketamiz.

Mahfirat checha ikkilanib qoldi:
– Hali ancha erta-yov...
– Ancha kech!

Jahlini bosib turolmagan Fayzulla qattiqroq gapirib yubordi.

Rohila mikrofonni qoʻliga oldi.
– Har narsaning boshi boʻlganiday, oxiri ham bor. Mana, juda chiroyli oʻtgan toʻyimiz ham yakuniga yetay deb qoldi. – Davradan hushtak, norozilik xitoblari eshitildi. – Yoʻq, yoʻq, davramiz hali-beri tugamaydi. Biz bir juft shoʻx qoʻshiq va xuddi shunday shoʻx raqsdan keyin faqat kuyovtoʻra va u kishi birga goʻzal oshyonimizga qadam ranjida qilgan aziz mehmonlarga javob beramiz, xolos. Davramiz esa davom etadi. Qani, marhamat, san'atkorlar!

Shoʻx qoʻshiq yangradi. Har narsaning oxiri shirin deyishadi. Davra ham raqs tushish istagida boʻlganlarga toʻldi. Fayzulla davraga kirib, ketish vaqti boʻlganini kuyovjoʻralarga bir-bir tayinlab chiqa boshladi. Soʻng Azimni ergashtirib chiqib, «Damas» motorini yoqdi va mashinani darvozaga yaqin keltirib qoʻydi.

Nihoyat Mahfirat checha kuyovbola Mardonning ikkita singlisini ergashtirib chiqib keldi. Ular ortida alpong-talpong qadam tashlab kelayotgan kuyovjoʻralar. Fayzulla borib yigitlarning hammalarining oʻz mashinalariga chiqishlarini nazorat qilib turdi.

Mashinalar karvoni yoʻlga tushdi.

* * *

Qishloqdan chiqqan mashinalar katta yoʻldan bir chaqirim yurar-yurmas zulmat bagʻridagi daraxtlar orasidan Ismat boshliq yigirmatacha yigit yoʻlga chiqdi va koʻchani toʻsib oldi. Oldinda ketayotgan «Neksiya» keskin tormoz berib toʻxtadi. Uning ortidan keyingisi. Eng orqada kelayotgan «Damas»ni boshqarib kelayotgan Fayzulla hayron boʻlib oldinroqqa oʻtdi va yoʻlni toʻsib turgan, soʻyil, armatura, toshlar bilan qurollangan yigirmatacha yigitni koʻrdi. Ularning jimgina sovuqqon turishida nedir bir vahm, vahshat mujassam edi. – E, qiz vecherlariniyam!.. – deb yubordi Fayzulla jahl bilan.

Mahfirat checha esa:
– Voy oʻlay, hali bunaqasiyam bormidi! – dedi vahima bilan.

Fayzulla otilib mashinadan tushdi. Goʻyo «Damas» eshigining ochilib-yopilishi signal vazifasini oʻtaganday birdan yoʻltoʻsar yigitlar vahshiyona qichqirganlaricha mashinalar tomon otilishdi. Mashinalar ustiga tosh-kesaklar daranglab yogʻildi. Jon-jahdi bilan kuyov oʻtirgan «Neksiya» yoniga yugurib yetib olgan Fayzulla eshikka yopishayotgan bezori yigitlardan birini tepib yuborarkan, «Neksiya» kapotiga kafti bilan daranglatib urdi.
– Bos! Bos! – deya qichqirdi Fayzulla jon holatda.

Shundan soʻng Fayzulla mashina chiroqlari yorugʻida yoʻlni toʻsib turgan ikki yigitni koʻrdi va ular tomon otildi. Fayzulla ikkala yigitni ikki tomonga itarib yubordi. Motori oʻchmay turgan «Neksiya» chiyillab oldinga intildi. «Neksiya»ning qizil ort chirogʻi tobora uzoqlashib ketaverdi. Qolgan mashinalar eshiklari qarsillab ochilib-yopildi. Kuyovjoʻralar Fayzullaga yordamga oshiqishdi. Ular orasida titrab-qaltirab turgan, montirovka ushlab olgan Azim ham koʻrindi.

Yoʻltoʻsarlar Fayzulla boshliq kuyovjoʻralarni asta halqa shaklida oʻrab olishdi. Qoʻlidagi uzun armaturani kaftiga urib-urib qoʻyayotgan Ismat yovuzona iljaygancha kuyovjoʻralar orasidan zoʻr berib Nabini qidirardi. Ikkala guruh bir-biriga yaqinlashib kela boshladi...

Xuddi shu mahal qishloqdan chiqishdagi qayrilishda yana bir mashinaning burilgani koʻrindi. Oʻtkir nurlar koʻzga tashlandi. Boya raqqosa Gulbadanga tegajakliq qilgan uch yigit Ismatning yoniga kelishdi.

– Ismat, bizning oʻlja ham kelib qoldi. Biz uni olib ketaylik, keyin bu yerda oʻzlaring bemalol razbor qilaverasizlar, – dedi birinchi yigit.

Bu orada juda tez kelayotgan «Neksiya» yaqin kelib qoldi va keskin tormoz berib, nariroqda toʻxtadi. Mashina eshigi ochildi, hofiz Rashidning qaltiragan ovozi eshitildi:
– Yigitlar, men toʻylaringda xizmat qilgan artistman. Meni oʻtkazib yuboringlar.
– Orqada oʻtirgan Gulbadanni tashlab ketsanggina oʻtasan. Boʻlmasa yoʻq! – deya doʻq urdi ulkan soʻyilini namoyishkorona tarzda koʻz-koʻzlayotgan ikkinchi yigit.

Hofiz engashib kim bilandir pichirlab gaplashdi.
– Raqqosam sizlarga qolaman deb va’da bermagan ekan, – dedi axiyri hofiz boshini koʻtarib.
– Bergan, va’da bergan! – dedi uchinchi yigit ishonch bilan. – Sen tashlab ketaver, biz oʻzimiz bu masalani hal qilib olamiz. Boʻl tez! Yo oʻzingning ham, mashinangning ham tit-pitini chiqarib tashlaylikmi?

Hofiz yana engashib orqada oʻtirgan Gulbadan bilan nimanidir pichirlashdi.
– Yigitlar, iltimos, bu masalani ertaga, ichmagan paytlaring gaplashaylik.
– E, onangni!.. – Yomon soʻkindi uchinchi yigit. – Tashla degandan keyin yaxshilikcha tashla-ket-da! Nima qilasan gapni choʻzib!
– Yigitlar... axir mehmonlaringmiz... – ayanchli ovozda yalinishga oʻtdi hofiz.
– Endi oʻzingdan koʻr!

tashlanishdi. Jon alpozda qaytib mashinasiga oʻtirgan hofiz mashinasiga gaz berdi. Mashina chiyillab oldinga intildi. Hofiz jon-jahdi bilan signal chalgancha shiddat bilan yoʻltoʻsarlarga yaqinlashib kelaverdi. Oʻzlariga ishongan yigitlar yoʻlni boʻshatishmadi. «Neksiya» shiddat bilan uchib keldi va yigitlarga yaqinlashgan mahal sal chapga qayrilib, ularni aylanib oʻtib ketishga urinish asnosida chekkadagi yigitni urib yubordi. Yigit yoʻl chekkasiga koptokdek otilib ketdi. Buni koʻrgan uning yonidagi yigit dod solib yubordi. Hofizning mashinasi shiddat bilan uzoqlashib ketaverdi.

Mashina urib ketgan yigitning qonga botgan gavdasi yoʻl chetida toʻlgʻanib, tipirchilardi. Buni koʻrgan mast yigitlar ham birdan hushyor tortishgandek boʻlishdi. Xuddi shu mahal yer gursillaganday boʻladi. Chiroq-fonarlar koʻtarib olgancha shu tomonga chopib kelayotgan oʻn besh-yigirma chogʻli odam qorasi koʻrindi. Mashinalar farasi yorugʻida ularning oldida harsillab turgan Xayrulla koʻrindi.
– Ismat, bu sening ishingmi? – dedi Xayrulla jahl bilan. –Uyalmaysanmi, begonaning emas, oʻzingning qarindoshingning toʻyida shunaqa qilishga?! – Xayrulla birdan yoʻl chetida toʻlgʻanib yotgan gavdani koʻrib qoldi. – Nima boʻldi?

Birinchi boʻlib oʻziga kelgan Fayzulla mashina urib ketgan yigit tomon otildi. Yigitning ogʻzidan qon kelgan, vujudi ojizona titrab-qaltirab qoʻymoqda edi, xuddi hayot bilan asta-sekin vidolashayotganday.

Fayzulla yoniga kelgan Xayrullaga qaradi. Ismatning yonida turgan yoʻltoʻsar yigitlardan besh-oltitasi asta-sekin qorongʻulikka chekinib, keyin shataloq otib qochib qoldilar.
– Buni tez balnisaga oborish kerak, – dedi Fayzulla. – Koʻtar.

Xayrulla engashib yigitni koʻtarib oldi. Fayzulla chopib borib «Damas»ini shu yerga olib keldi. Soʻng baqa boʻlib qotib qolgan Mahfirat chechaga qaradi.
– Checha, siz qizlarni olib bir amallab narigi mashinalarda yetib olarsizlar. Biz buni, – Fayzulla Xayrullaning qoʻlidagi gavdaga ishora qildi, – balnisaga oboramiz.
– Xoʻp, – dedi Mahfirat checha qoʻrqa-pisa.

Mahfirat checha va ikkita qizni amallab ikki «Neksiya» bilan bitta «Jiguli»ga joylashishdi. Ular yoʻlga tushishdi. Xayrulla mashina urib yuborgan yigitni Fayzullaning mashinasiga joyladi, oʻzi uning yoniga oʻtirdi. Shundan keyingina «Damas»ga oʻtirgan Fayzulla qalt-qalt titrayotgan Azim yonidagi oʻrindiqqa kelib joylashgach, Xayrulloga oʻgirildi.
– Qayoqqa hayday?
– Bu yerdan oblbalnisagacha oʻttiz kilometr, – tushuntirdi Xayrulla. – Avval toʻgʻriga, keyin...
– Ketdik, – dedi Fayzulla.

«Damas» oldinga intildi. Chiroq-fonarlar koʻtarib Xayrulloga ergashib kelganlardan biri, qirq yoshlardagi erkak jahl bilan yerga tupurdi:
– Oʻyindan oʻt chiqdi axiyri. Bir kuni shunday boʻlishi aniq edi...

Kelganlar asta-sekin oʻgirilib, qishloq tomon yoʻlga tushishdi. Yoʻl oʻrtasida hamon qoʻlida armatura tutib turgan Ismatning yolgʻiz oʻzi qoldi.

* * *

Fayzulla, Azim va Xayrulla viloyat markaziy shifoxonasining reanimatsiya boʻlimi binosi yonida tong ottirishdi. Fayzulla doʻxtirlarga, hamshiralarga qanchalik yalinib-yolvormasin, foyda bermadi – uni ichkariga qoʻyishmadi. Yarim kechasi ular yoniga hofiz Rashidning vahimaga tushgan akasi, ellik yoshlardagi Nurilla aka qoʻshildi. Ikki qavatli sargʻimtir bino qarshisida kichkinagina oshxona bor. Oshxona yonida toʻrtta soʻri. Unda bemorlarning yaqinlari joylashib olishgan. Joy yetmaganlar shunday yerga sholcha toʻshab oʻtirishibdi.

Ufqda quyoshning ilk nurlari koʻzga tashlana boshladi. Kun ancha salqin, odamning etini junjiktiradi.
– Uzr, Fayzulla aka, – deb qoldi bir mahal Xayrulla. – Kecha xatolik mendan oʻtdi. Oʻzim sizlarni qishloqdan chiqarib qoʻyishim kerak edi. Chalgʻib qopman.

Fayzulla beruh qoʻl siltadi.
– Xayrulla aka, – qiziqib soʻradi Azim. – Sizlarda hamma toʻyning oxiri urish-janjal bilan tugaydimi deyman?
– Aroq bor joyda gʻurbat bor, janjal bor, – xoʻrsindi Xayrulla. – Shuning uchun oqsoqollarimiz endi toʻylarni kunduzi oʻtkazamiz deb harakat qilib yotishibdi. Lekin hozircha bunig iloji boʻlmayapti. Yoshlarning oʻzi bunga koʻnmayapti.

Qaygadir yoʻq boʻlib qolgan Nurilla aka qoʻl qovush¬tirgan koʻyi ularga yaqinlashdi.
– Doʻxtirlar bilan gaplashdim. Soʻraganini berdim. Ishqilib, yordam qilamiz deyishdi. Bitta soʻri olib qoʻydim, – dedi u qandaydir maqtanayotganday ohangda.
– Qanaqa soʻri? – hayron boʻlib soʻradi Fayzulla.

Nurilla aka bino qarshisidagi oʻrtasidagi xontaxtasiga noz-ne’matlar qoʻyilgan, xontaxta atrofiga koʻrpachalar toʻshalgan chorpoyalardan birini koʻrsatdi:
– Hov anavi, eng birinchisini. Yaxshilab bezab, meva-chevagacha tayyorlatib qoʻydim. Oshpazlar bilan gaplashdim. Kuniga uch mahal issiq ovqat qilib berib turishadi. Kamiga oʻzim tandir, jiz-piz opkelib turaman.
– Qanaqa tandir? Kimga? – battar ajablandi Fayzulla.
– Kimga boʻlardi, bemorimizning yaqinlariga-da. Ular yerda oʻtirishmasin, deb oldindan zakaz qilib qoʻydim soʻrini. Bir haftami, oʻn kunmi – qancha kerak boʻlsa shunchasiga turib beraman, – gʻurur ila koʻkragini kerdi Nurilla aka.
– Bu yerda shunaqa odat bor, – tushuntirishga urindi Xayrulla. – Aybdor tomon jabrlangan tomonning joyini, ovqatini koʻtaradi.

Fayzulla tutaqib ketdi:

ovqat oʻtadimi? Tandir oʻtadimi? Yo soʻrida, yumshoq koʻrpachalar ustida yonboshlab yotishadimi?
– Falokat bu, uka, falokat, – darhol vaziyani yumshatishga urindi Nurilla aka. – Axir hech kim atay bunday boʻlsin demagan-ku. Toʻgʻrimi?
– Endi shunday qilsa qarindoshlari unchalik da’vo qilishmaydi-da, – yana tushuntirish berdi Xayrulla. – Agarda hammasi birlashib «Oʻzi bolaning koʻzi yaxshi koʻrmasdi» yo «Shabkoʻr edi» deyishsami...
– Tushunarli... – xoʻrsinib qoʻydi Fayzulla. – Xoʻp, boʻlmasa biz ketdik. Siz qolavering... soʻri-poʻriyu, tandirlaringiz bilan, aka.

Fayzullaning gap ohangidagi kesatiqni anglamagan Nurilla aka koʻkrak kerdi:
– Albatta. Qancha kerak boʻlsa, shuncha xizmat qila¬miz.

Fayzulla jahl bilan darvoza tomon yurdi. Unga Azim bilan Xayrulla ergashdi.
– Xoʻsh, endi nima ish qoldi bizga? – Xayrullaga oʻgirilib soʻradi Fayzulla.
– Bugun soat oʻn bir-oʻn ikkilarda kelib kelinni olib ketasizlar. «Toʻqqiz tovoq», «toʻsh» degan kichkinagina marosimlarmiz bor. Yoʻlda kelin-kuyov, kelindugona, kuyovjoʻralar biron kafega kirib, shashlik-pashlik, morojniy yeyishadi. Keyin boʻldi, uyga.

Fayzulla yengil nafas oldi:
– Xayriyat...

* * *

Biron soatlarda qishloqqa yetib kelishdi. Fayzulla oldiga chopib chiqqan akasiga vaziyatni tushuntirdi. Mashina urib ketgan bolaning hayoti xavf ostida emasligi eshitgan Saydulla aka ancha yengil tortdi. Bir piyola choydan keyin Azim darvoza yonida «Damas» ini yuvishga tutindi.
– Hormang, hormang, – deya kelib qoldi uning yoniga toʻy raisi Xalil oqsoqol. – Yaxshi borib keldilaringmi, uka.
– U yer qishloq emas, arining uyasi ekan-ku, Xalil aka, – dedi Fayzulla oʻpkalagan ohangda.

Xalil oqsoqol pinak buzmadi:
– Hammasini eshitdim, uka. e’tibor berib oʻtirishga arzimaydi.

Fayzullaning ogʻzi ochilib qoldi:
– Chindan-a?
– Sen bola televizor koʻrib turasanmi? – savolga savol bilan javob qaytardi Xalil oqsoqol.
– Ha, – dedi Fayzulla ajablanib. – Nimaydi?
– Televizor koʻrsang, anavi kinoda bir chol nima deydi? Esingga tushdimi? «Urish-janjal boʻlmagan toʻy toʻymi?» deydi. Ha, endi sen ham akamning toʻyida shuytib xizmat qibidim, deb eslab yurarsan.
– Lekin...
– Lekin-pekinini qoʻyib tur, uka. Buni toʻy deb qoʻyibdilar. Hozir darrov borib kelinni olib kelishga bosh-qosh boʻl. Xayr qilsang butun qil, deydilar. Bir ishni boshladingmi, oxiriga yetkaz, chala tashlab ketma.

Fayzulla ikkilanib qoldi:
– Kechagi mashinalar borarmikan? Bir-ikkitasining tomi qiyshaygan, ikkitasining oynasi singan, bittasining kapoti pachaq boʻlgan deyishdi.

Xalil oqsoqol beparvo qoʻl siltadi:
– Kechagi boʻlmasa, boshqasi topilar. Toʻychilikda har narsa boʻladi. Barisiga qovoq-tumshuq qilib ketaverish kerak emas. Xoʻpmi?
– Xoʻp, oqsoqol, – Fayzulla qoʻlini koʻksiga qoʻydi.
– Xavotir olma, uka, – Fayzullani yupatgan boʻldi Xalil oqsoqol. – Shayton suvi kuchini faqat qorongʻi tushgandan keyin koʻrsatadi. Kunduz bemalol borib, kelinni olib kelaverasizlar.
– Xoʻp, oqsoqol. Men mashinani bir koʻzdan kechirib qoʻyay boʻlmasa.
– Mayli. Akangning toʻyida bir xizmat qilsang qip¬san-da.

* * *

Kuyovjoʻralar tayyor boʻlguncha bir soatcha vaqt oʻtdi. Keyin Saydulla aka bilan Xalil oqsoqol kelinni olib kelishga mashina izlab ketishdi. Nihoyat yana bir soatlardan soʻng ikkita «Neksiya», ikkita «Jiguli», bitta «RAF» mikroavtobusi va «Damas»dan iborat mashinalar karvoni signallarini chalgancha yoʻlga chiqishdi.

Mashinalar kelinning uyiga yetib kelganida soat oʻn ikkidan oshib qolgandi.

Kuyov va kuyovjoʻralar, «Damas»dagi Mahfirat checha va bitta juvon hovliga kirib ketishdi. Fayzulla mashinasini chekkaroqqa olib oʻtgach, Azimni olib, hovliga kirdi. Shu zahoti ularni toʻrt-besh erkak qurshab oldi.
– Bosh quda siz ekansiz, – dedi erkaklardan biri iddao bilan. – Qani, avval aroq pulini choʻzib qoʻying-chi!

Fayzulla hayron boʻldi:
– Qanaqa aroq puli?
– Biz sizlarni kutib oʻtirib toʻrtta aroq ichdik, – tushuntirdi labini yalab turgan boshqa erkak. – Demak, oʻn ming berishlaring kerak.
– Urf-odatlarimiz shuni talab qiladi, uka, – oraga qoʻshildi yana biri.

Fayzulla noiloj oʻn ming soʻm chiqarib berdi. Erkaklar ularni oʻtqazib yuborishdi. Endi ota-bola yoniga soqoliga oq oralagan bir moʻysafid yaqinlashdi.
– Quda, kelinning togʻasi uchun zudlikda oʻn besh ming soʻm berarkansiz, – dedi moʻysafid ehtirom bilan.

Fayzulla indamay oʻn besh ming soʻm sanab berdi.
– Oʻtin yoruvchilar uchun bor-yoʻgʻi olti ming, quda, – yoddan biladigan roʻyxatini oʻqishda davom etdi moʻysafid. – Oshpazga toʻqqiz ming. Jami yana oʻn besh ming.
– Yana kimga qancha berishim kerak, hammasini birdan ayta qoling.
– Nikoh qiyadigan mullaga oʻttiz, mullani olib kelib-olib borib qoʻyadigan mashinaga oʻn... xullas, jami yana ellik mingcha bersangiz yetib qolar.

Achchiq narsa yeganday afti burishib ketgan Fayzulla moʻysafidga choʻtagidan bir dasta besh yuz soʻmlik chiqarib berdi.

Qarzini undirganday xotirjam moʻysafid nari ketgan mahal Azim shivirladi:
– Oʻh-hoʻ, man toʻyga keldik desam, «ber-ber»ga kelibmiz-ku.
– Urf-odatlarmiz shu, oʻgʻlim, – qoʻllarini ikki yonga yoydi Fayzulla.
– Nima, bu bilan qadimda ham aroq puli boʻlgan demoqchimisiz, adajon? – ajablanib soʻradi Azim.

Bu orada qaytib kelgan mehmon ularni ichkariga boshladi:

– Marhamat qilsinlar, azizlar.

Ota-bola yana ichkariga yurishdi. Ammo kechagi tun tajribasidan oʻzicha xulosa chiqargan Fayzullaning ichkariga kirib olib, bemalol oʻtirgisi kelmadi.
– Siz bemalol, otaxon, biz bir kuyovjoʻralardan xabar olaylik-chi.

Fayzulla oʻgʻli bilan ayvondan oʻtib, ichkari xonaga moʻraladi. Kuyovjoʻralikka boraverib tajribasi oshib qolgan yigitlar oyoq kiyimlarini yechmasdan xonaga bostirib kirib olishgandi.
– Uyga, yangi koʻrpalar ustiga tuflida kirishning nima siri bor, adajon? – yana hayron boʻlib soʻradi Azim.

Fayzulla bu urfni bilardi. Shu sababli darhol javob berdi:
– Shunday qilmasa, yangalar tuflilarni oʻgʻirlab qoʻyishadi. Keyin oʻz tuflingni oʻzing sotib olishing kerak.
– Ha-a...

Ikkita yanga kuyovjoʻralar dasturxoniga ikkita ulkan tovoq olib kirishdi.
– Bu tovoqlar faqat besh yuztalik, ming soʻmlik bilan toʻlishi shart! – e’lon qildi yangalardan biri. – Yuz soʻmlik, ikki yuz soʻmliklar qabul qilinmaydi!

Kuyovjoʻralar hushtak chalib yuborishdi.
– Menda hammasi yuz soʻmlik, ellik soʻmlik! – baqirdi Nabi. – Olsangiz shu, olmasangiz katta koʻcha!
– Agar bitta ikki yuzlik qoʻshilib qolsa ham kelinni sizlarga bermaymiz! – poʻpisa qildi yana oʻsha yanga.
– Unda kelin qariqiz boʻlib oʻtiraveradi!

Tortishish, dahanaki jang avjga chiqdi. Xullas, bir amallab tovoqlar toʻldirildi. Tovoqdan keyin yangalar likopchalar, choynaklar olib kirishdi.
– Bularning hammasi pul bilan toʻlishi kerak, – yana e’lon qildi gapdon yanga. – Shart oʻsha-oʻsha: faqat mingtalik, hech boʻlmasa besh yuztalik tashlash shart!

Shu payt kimdir Fayzullaning yengidan tortdi. Fayzulla oʻgirildi. Uning qarshisida boyagi moʻysafid muloyimgina boʻlib turardi.

– Uzr, quda, boya shoshilinchda esimdan chiqib qolibdi. Koʻrpa koʻtarib chiqqanga, kelinning ukasiga, momosiga atab ozginagina chiqim qilishingizga toʻgʻri keladi...

Fayzulla choʻntagini kavladi:
– Qancha?..

Fayzulla pul chiqarib ulgurmasidan burun orqadan yetib kelgan Ashirmat togʻa Fayzullani mahkam quchoqlab oldi.
– E, quda, bormisiz! – U ichkariga ishora qildi. – Kechagidan keyin boshim yorilib ketay deyapti. Yuring, yuzta-yuzta qilib olaylik.
– Siz bemalol, quda. Men ruldaman, – dedi Fayzulla shoshib.
– E, aytdim-ku, bu territoriyada «Ashirmat togʻaga tegishli odamman» desangiz boʻldi, lyuboy GAI chestʼ berib qoladi! Gapimga javob beraman, quda!

Fayzulla yana bir bor qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
– Siz bahuzur. Biz borib mashinadan xabar olaylik.
– Oʻzingiz bilasiz. Zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. – Qudasining ortidan norozi tarzda qarab qoʻygan Ashirmat togʻa ichkariga kirib ketdi.

* * *

Oradan bir soatcha vaqt oʻtdi. Fayzulla issiqda terlab-pishib ketsayam, oʻgʻli bilan «Damas» yonida turaverdi. – Bir soatdan oshdi, – dedi soatiga qarab qoʻy¬gan Fayzulla. – Toʻshni yeb boʻlishgandir. Bir xabar olay-chi.

Shu payt ichkaridan shovqin-suron bilan kuyov¬joʻralar chiqib kelishdi. Kelin-kuyov «Neksiya»ga oʻti¬rishdi. Kelindugonalar qolgan mashinalarga va «RAF»ga. Uch-toʻrtta keksaroq ayol va Mahfirat yanga, uning hamrohi «Damas»ga chiqishdi.

Amir aka Fayzullaning yoniga gandiraklab keldi:
– Kechqurun koʻrishamiz, xudo xohlasa, quda.
– Albatta, quda, albatta.
– Soat rovno yettiga bir katta zakaznoy avtobusda qavm-qarindoshlar bir boʻlib yetib boramiz.
– Kutamiz.
– Oq yoʻl sizlarga. Omin, ollohu akbar.

Uy egasiga qoʻshilishib chiqqanlar yuzlariga fotiha tortishdi. Mashinalar karvoni endi yoʻlga tushgan mahali birdan taqqa toʻxtadi: keyingi koʻchada besh-olti yigitcha arqon tortib turardi.

Fayzulla mashina oynasidan boshini chiqarib oldindagilarga baqirdi:
– Roʻmolcha-poʻmolcha boʻlsa berib yuboringlar.

«Damas»da oʻtirgan keksaroq ayol bosh chayqadi:
– E, uka, bular roʻmolchaga koʻnmaydi. U zamonlar oʻtib ketgan. Bersangiz ikkita aroqqa yetarli pul bering yo aroqning oʻzini.

Fayzulla hayratdan hushtak chalib yubordi:

– Yo qudratingdan! – Soʻng darrov choʻntagini kavladi. – Ey bola! Bu yoqqa kel. Mana ikki aroqning puli!

Bir yigitcha chopib kelib pulni olgach, uning sheriklari arqonni tushirishdi. Mashinalar karvoni signallarni du-dutlatgancha yana yoʻlga tushdi. Ammo katta yoʻlga burilayotgan mahal karvon yana toʻxtashga majbur boʻldi. Bu safar ellik yoshlardagi bir tepakal, baland boʻyli odam yoʻlga chiqib, – arqon topolmagan shekilli – qulochini keng yoyib olgandi.

«Damas»dagi ayol kuldi:
– Oʻlsin, bu oʻzimizning Tursunboy alkash. Bunga bitta vinoning puliyam yetadi. Shu bilan kechgacha xursand boʻlib yuradi.
– Tursunboy akajon, – deb chaqirdi erkakni Fayzulla oynadan boshini chiqarib, – baraka topkur, keling, oling, mana soligʻingiz. Tursunboy aka deganlari xursand boʻlgancha lapanglab chopib kelib pulni oldi. Mashinalar karvoni yana yoʻlga tushdi.

* * *

Barcha tashvishlar, yelib-yugurishlar, asabbuzarliklar ortda qolganday. Saydulla akaning hovlisida oʻtayotgan qasira-qusur toʻy ham yakunlanay deb qoldi. Qoʻshiq avjida. Oʻrtada ikkita katta-katta guruh raqsga tushayapti. Har guruhda bittadan raqqosa ayol.Ular mehmonlarga qistirilgan pullarni chaqqonlik bilan terib olishmoqda. Davrada qizil boʻyinbogʻ taqib olgan Safar aka ham qoʻllari keng yoygancha oʻynayapti. Mast Amir aka oʻzidan ham mast Saydulla akani quchoqlab olgan. – Endi siyigʻimiz bitdi, quda. Qaytmasak boʻlmaydi. – Amir akaning tili arang aylanardi.
– Toʻy endi qiziyapti, quda, – rozi boʻlmadi Saydulla aka. – Ertalabagacha oʻtirmasak hisobmas. Bir maza qilaylik.
– Ertaga qizimizning orqasidan kelamiz, quda. Oʻshanda har qancha oʻtirsak oʻtiramiz. Ammo-lekin hozir qaytishimiz kerak.

Bu marosimni oʻtkazish ham zimmasida turgan qarz ekanligini eslab qolgan Saydulla aka atrofga bezovtalanib alangladi. Uning yoniga roʻy raisi Xalil oqsoqol chopqillab ketib keldi.
– Xalil aka, bular ketamiz deyishayapti, – dedi Saydulla aka.
– Ayollariyam shu gapni ayttirib yuborishgan ekan. Endi bularga javob beraylik. Ertaga baribir kelishadi-ku.
– Unday boʻlsa mayli, oqsoqol.

Xalil oqsoqol Fayzullani chaqirdi:
– Uka. Bularni kuzatib qoʻy.
– Xoʻp, Xalil aka.

Fayzulla arang qadam tashlayotgan Amir akani qoʻltigʻidan ushlab davradan olib chiqdi. Amir akaga u bilan birga kelgan qarindosh-urugʻlar, erkak va ayollar ergashishdi.

Hovlidan yuz qadamcha beriroqda bahaybat «Laz» avtobusi turardi. Avtobus yonidagi ustunga oʻrnatilgan chiroq «Laz» ichini sutday yoritib turibdi.Unga ichida kelin tarafdan kelganlar mehmonlarning bir qismi, jumladan bolali ayollar chiqib olishgandi. Fayzulla mast-alast erkak mehmonlarning avtobusga chiqishini sabr bilan, qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda kutib turarkan, ora-sira:

– Xush koʻrdik... xush koʻrdik... – deb qoʻyardi.

Mehmonlarning deyarli hammasi avtobusga chiqdi. Haydovchi motorni oʻt oldirdi. Yengil tortgan Fayzulla uy qadam bir necha qadam yurgan chogʻida toʻsatdan taqqa toʻxtadi. Uni ellik qadamcha naridagi elektr transformatori yonida toʻplanib turgan yigitlarning oʻzlarini tutishlari shubhalantirgandi. Fayzulla diqqat bilan razm soldi va yon-atrofda aroq, vino shishalari sochilib yotganini, yigitlarga kuyovjoʻra Nabi nimalarnidir oʻrgatayotganini koʻrdi. Fayzulla oldingi yurishini ham, yurmasligini ham bilmay ikkilanib qoldi. Bu orada avtobus yoʻlga tushdi. Shu payt darvozadan Azim chiqib keldi.
– Ada, mehmonlar ketishdimi? – deb soʻradi u.
– Ha, oʻgʻlim, ketishyapti.
– Adajon, – deya Azim toʻyxona ishora qildi, – joy toʻrt yuz kishilik ekan. Nima, amakim shunaqa boymilar? Bunday toʻy oʻkazishga shuncha pulni qaerdan oladilar?

Fathulla kulimsirab qoʻydi:
– Qarz, oʻgʻlim, qarz... Bunaqa toʻydan keyin qozon toʻrt-besh yil suvga tashlab qoʻyiladi
– Rosa charchadingiz-a, ada.
– Eng muhimi toʻy tinch oʻtyapti...

Xuddi shu mahal, Fayzulla shu soʻzlarini aytayotgan chogʻda bahaybat «Laz» avtobusi chayqalib transformator yoniga yetdi. Birdan chiroq oʻchdi. Zulmat sukunatini nimalarningdir tunuka, oynaga qarsillab urilishi buzdi. Kimdir, aftidan ayol kishi jon achchigʻida chinqirib yubordi. Fayzulla jon halpida avtobus tomonga otildi. Chiroq yondi va yigirma yaqin yigitcha mehmonlar oʻtirgan avtobusni tosh, temir parchalari bilan toshboʻron qilayotgani koʻrindi! Ayollarning, bolalarning chinqirigʻi olamni tutdi.

Fayzulla shu tomonga chopib borayotib aniq koʻrdi: oynaga qapishib qolgan qirq yoshlardagi, roʻmol oʻragan juvon jon-jahdi bilan uch-toʻrt yoshlar chamasidagi bolasini bagʻriga bosib, egilib olgancha uni nimadandir himoya qilishga urinayapti. Aynan shu ayol qarshisidagi oynani sindirib ichkariga oʻtgan tosh toʻgʻri ayolning boshiga tegdi. Singan oyna boʻlaklari esa ayolning yelkasiga, qoʻllariga sanchildi.

Fayzulla qichqirib yubordi:
– Bas qilinglar! Toʻxtanglar!

Ammo ichkilik ta’sirida quturib ketgan yigitlar avtobusni toshboʻron qilishda davom etaverishdi. Yorilgan boshidan qon oqayotgan haydovchi gursillab rulga yiqildi. Avtobus ortga qarab yurdi va yoʻl chetida turgan Fayzullaning «Damas»ini gʻijirlatib bosibgina toʻxtadi. Fayzulla avtobusga yetib keldi, gavdasi bilan oynalarni toʻsdi. Shu mahal ulkan temir boʻlagi Fayzullaning ortidagi oynaga kelib tegdi. Singan katta oyna boʻlagi qoʻporilib pastga tusha boshladi. Ammo Fayzulla teskari oʻgirilib, toshboʻron qilayotganlardan avtobusda oʻtirgan mehmonlarni himoya qilayotgani uchun buni koʻrmadi. Uchlari oʻtkir, qirrali oyna boʻlagi toʻgʻri Fayzullaning boshiga tushmoqda edi. Xuddi shu soniyada Azimning «Adajo-on!» degan hayqirigʻi eshitildi. Azim uchib kelib dadasini nariga itarib yubordi. Fayzulla yiqilib tushdi. Qoʻporilib tushayotgan oyna oʻtkir uchi bilan «gʻarch» etib Azimning boʻyniga sanchildi. Yigitchaning boʻynidan qon favvora boʻlib otildi.

Buni koʻrgan Fayzulla jon achchigʻida oʻrnidan turarkan, oʻkirib yubordi:
– Bola-am, Azimjon!..

Azim «shilq» etib avtobus yoniga, sertuproq yerga quladi... Atrofga chang koʻtarildi...

* * *

Sahar palla. Bir kechada sochi oppoq oqarib ketgan Fayzulla viloyat markaziy shifoxonasining reanimatsiya boʻlimi binosi eshigi yonida choʻk tushgancha, boshini changallab oʻtiribdi. Uning yoniga basavlat, qizil boʻyinbogʻ taqqan Safar aka asta yaqinlashdi va yoʻtalib qoʻydi. Fayzulla boshini koʻtardi. Yigʻlayverganidan uning koʻzlari qurib qolgan. Bu koʻzlarda mislsiz alam va ogʻriq aks etardi.
– Ukajon, bemalol oʻtib oʻtiravering, – shunday deya Safar aka oʻrtadagi xontaxtasiga turli noz-ne’matlar qoʻyilgan chopoyaga ishora qildi, – soʻrini zakaz qilib qoʻydim. Oshpazlarga tayinladim. Oʻzim ham xizmatingizda boʻlaman. Eshitdim, kelin ham kelayotgan emish. Har qalay, sharoit boʻlsa yaxshi-da.

Fayzulla shuncha urinsa ham, gap nima haqida ketayotganligini tushunmadi:
– Soʻri? Qanaqa soʻri? Nega?
– Endi, ukajon, bir jiyan bor, – Safar aka yolgʻondan xi-xilab kuldi. – Oʻta shoʻx. Yerga ursang koʻkka sapchiydi. Maktabni bitirganiga endi bir yildan oshdi. Tuzukroq bir ish topib beramiz deb turibmiz. Bir-ikki marta shoʻxlik qilgan ekan, ishqilib, bir joyiga gard yuqtirmay qutqarib oldik. Buni qarang, kechagi toʻpolonchilar orasida shuyam bor ekan. Milisa olib ketibdi. Onasi zor yigʻlab oʻtiribdi. Har qalay, bir yurtning odamimiz. Akangizga koʻp xizmatlarimiz singgan. Shu jiyanchani deyman-da... yoshlik qilib qoʻyibdi... Lekin oʻzi xoʻb pushaymon... Buning ustiga u faqat nomiga bir-ikkita kesak otgan ekan... Shuni deyman-da, milisa bilan gaplashib qoʻydim, prokurorminan gaplashdim, endi oʻzlari bir ogʻizgina «Shu bolaga da’voyim yoʻq» deb qoʻysangiz... Oʻla-oʻlguncha xizmatingizda boʻlardik... Saydulla ham bir yangi traktor soʻraganday boʻlayotgandi... Amallaymiz... Sizga oʻxshash aka-ukalar bor... Xi-xi...

Nihoyat gap nimadaligini anglagan Fayzulla asta oʻrnidan turdi. Uning rangida rang qolmagandi.
– Qotil! – Fayzulla toʻsatdan Safar akaning yoqasiga chang soldi. – Qotil! Sen qotilsan! Jiyaning ham qotil!

Boʻgʻilib qolgan Safar aka jon alpozda baqirib yubordi:
– Yordam beringlar! Kim bor!

Ichkaridan chopib chiqqan oq xalatli shifokorlar bir amallab Fayzullaning changak boʻlib qotib qolgan qoʻllarini Safar akaning yoqasidan boʻshatib olishdi va endi butun vujudi qalt-qalt titrayotgan, ogʻzidan koʻpik sachrayotgan, ora-sira «Qotil! Qotil!» deb qichqirayotgan Fayzullani ichkariga koʻtarib olib kirib ketishdi.
– Men buni odam deb soʻri zakaz qilib oʻtiribman-a! – Yoqasini, qizil galstugini toʻgʻrilayotgan Safar aka Fayzullaning orqasidan baqirdi. – Qip-qizil jinni ekan-ku! Jinnining joyi esa jinnixonada boʻlishi kerak! Buni tashkillashtiramiz! Shunday deya Safar aka shosha-pisha xontaxtasi bezatilgan soʻri tomon yurdi.

* * *

Safar aka «tashkillashtirdi». Asablari chatnab turgan Fayzullani asab kasalliklari boʻlimiga yotqizishdi.

Ertasi kuni peshinga yaqin shahardan Dilnoza bilan Habiba ham bir amallab yetib kelishdi.

Kattagina palatadagi karavotda bemor xalati kiydirilgan, bukchayib qolgan Fayzulla oʻtiribdi. Dilnoza karavot qarshisidagi odmi taburetkada. Deraza yonidagi nogironlar aravachasida Habiba. Xonada oʻlik sukunat.

Nogahon palata eshigi gʻiyqillab ochildi va oq xalatli shifokor kirib keldi. Gʻamgin shifokor nimagadir Fayzullaga emas, Dilnozaga murojaat qildi:
– Kennoyi, umid bor... Lekin... bir umr...

Oʻ, bu soʻzlarning mudhish ma’nosini er-xotin tushunishmasa ekan!

– Nima?.. – Dilnoza dodlab yubordi, oʻzini karavotga otib sochlarini yula boshladi. – Bolam! Bolajonim! Bola-am!

Bukchayib oʻtirgan holida yelkalari titray boshlagan Fayzulla toʻsatdan oppoq sochlarini mahkam changallagancha shiftga boqdi va oʻkirib yubordi:
– Azimjonim!.. Shoirgina bolajonim!

Ota-onasiga angrayib qarayotgan Habiba nihoyat gap nimadaligini tushunib yetdiyu, izillab yigʻlab yubordi:
– Akajon! Akajonginam!..

Bu uch shoʻrlik bandaning dardli oh-nolasi butun olami tutgandek... Yoʻq, ana, qaydandir bu shikasta faryodlarga qandaydir musiqa ohanglari qoʻshilayotgandek. Ha, bu karnay-surnayning olis-olislardan kelayotgan sadosiga oʻxshaydi. Soʻng esa «Toʻylar muborak!» qoʻshigʻi yangrayotgandek. Ammo bu uch shoʻrlik banda dardu alam, baxtsizlik va gʻurbat, armon va gʻussaning tubsiz ummoniga gʻarq boʻlganlaricha achchiq koʻz yoshlarini toʻkmoqdalar, sochlarini yulmoqdalar, yoqalarini yirtmoqdalar... Zotan, ularga koʻz yoshidan oʻzga nima qoldi? Ularda armondan oʻzga yana ne his qoldi? Ularga iztirobdan boʻlak yana ne tuygʻu qoldi? Ularning bundan keyingi hayotlari hayotmi?.. Yigʻla, ey dil, yigʻla...

2009 yil