OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiYolgʻon va haqiqat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm43KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yolgʻon va haqiqat (hikoya)
Abduqayum Yoʻldosh

Oʻzbekovullik Rayimberdi choʻloqning kenja oʻgʻli Gʻoziqul oʻqishni bitirganidan soʻng shaharda qolib ketdi.

Vaholanki, Oʻzbekovulda ota-onaning oxir-oqibat kenja oʻgʻil bilan yashashi rasm boʻlgandi.

Rayimberdi cholning ham koʻnglida shunday niyat bor edi. Shu bois ota katta oʻgʻillarining har biri alohida uy-joy qurib olishiga qoʻlidan kelgancha koʻmaklashdi.

Gʻoziqul oʻqib yurgan chogʻlari shaharga oliftalarcha kiyinib, qishloqni bosgan tappi isidan burnini jiyirib boʻlsa hamki, onda-sonda kelib turardi.

Yigit salgina maqtanishni xush koʻrardi.

Oʻqishi borasida ham tengdoshlariga yoinki oʻzidan kichik yoshdagilarga allanechuk maroqlanib, lazzatlanib hikoya qilishni boplardi:

Dars deganlarini teshib qoʻyganman! derdi gapga biyron talaba odatda darrov joʻshib ketib. Domlalar ham buni yaxshi biladi. Shuning uchun baholarimni avtomat qoʻyib qoʻyaverishadi.

Tabiiyki, yoshlar bor joyda gap aylanib qizlarga kelib taqaladi-da.

Gʻoziqul bu sohada ham suyagi yoʻqligini pesh qilishni boplardi.

Toʻrttasi bilan yuraman, derdi u suhbatdoshlarining burniga toʻrt panjasini urib yuborguday taqab. Hammasining figurasi dahshat!

Birontasiga uylanasizmi? deb soʻrardi ilonning tiliday ingichka boʻyin taqib olgan shaharlik talabaning ogʻiz koʻpirtirishlariga mahliyo boʻlib qolgan sobiq sinfdoshlardan biri gapdon tengdoshini «sen»lashga istihola qilib.

Ana shunda Gʻoziqul deganlari lablarini gʻalati burishtirib-qiyshaytirib, qoshlarini chimirar, oʻzicha aqlli yoki ma’nodor gap qilmoqqa urinar va bir muddatlik sukunatni oʻtkazgach, alal-oqibat:

Yoʻq, derdi soxta tantana bilan. Ularning barisi «Yursang mayli, lekin tegmaymiz!» deb aytgan.

Albatta, bu qadar chuqur hikmatli e’tirofning magʻzini chaqishga qishloq yoshlarining salohiyati yetmasdi. Shu sabab navbatdagi savol oʻrtaga tashlanardi:

Nega?

Gʻoziqul savol berguvchiga «Shuni ham bilmaysanmi?» degandek mazaxomuz qarar va sira e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda shartta aytardiki:

Bir maza qilib qolishmoqchi boʻlishgan-da!

Talaba bu bilan nima demoqchi yo boʻlmasa oʻsha «yuradigan» qizlar nimani bir maza qilishmoqchi buni tushunish mushkul edi. Lekin ortiqcha savol berish ham oʻngʻaysiz.

Rayimberdi cholning oʻziga qoʻyishsa-ku, oʻqishini bitirgan zahoti oʻgʻlini dikonglatib sudrab kelardi-ya shahardan. Lekin kutilmagan bir hodisa boʻlib qoldi.

Endi oʻqishini tamomlagan Gʻoziqul lotereyaga «Neksiya» yutib olibdi!

Oʻziyam Gʻoziqul deganlarini oynai jahonda bir oycha reklama qilishdi-yov.

Kech tushaversa boʻldi, televizor atrofiga yigʻilib olganlardan birontasi «Hozir Gʻozi chiqadi» der va shu gap aytilar-aytilmas, ekranda paydo boʻlgan «Reklama» yozuvining ortidan kamera qarshisida sal oʻngʻaysizlanib turgan Gʻoziboy koʻrinardi.

Darvoqe, omadli yutuq sohibi mikrofonga qarab:

Men, Gʻoziboy Rahimberdiev, bozorda ikkita lotereya sotib olgandim... deb gap boshlardi.

Balki shu sababli boʻlsa kerak, Oʻzbekovulda odamlar endi baxtli talabani «Gʻoziboy» deb atay boshlashdi.

Xullas, Gʻoziboy televizorda koʻrinaverib charchamadi, odamlar Rayimberdi cholni tabriklab charchashmadi.

«Neksiya» yutgan Gʻoziboydan esa darak boʻlavermadi. Shu sabab, el-yurtning gapidan uyaldimi, Rayimberdi chol bir qoʻchqor soʻyib, ovulning katta yoshli erkaklarining barini dasturxonga chorladi.

Rayimberdi chol oʻjargina edi. Shu bois, bir doʻq bilan uchar qushday shaharga intilayotgan katta oʻgʻillarining popugini pasaytirib qoʻydi:

Ota kerak boʻlsa oʻzi keladi, aka kerak boʻlsa oʻzi keladi.

Shunda toʻngʻich oʻgʻil Norboʻta ozgina e’tiroz bildirishga urindi:

Guppi bolangizni doʻst-joʻralari eritib yurgan har kuni.

Rayimberdi chol bir muddat oʻylanib qoldi, soʻng:

Har kuni eriyverishga pul qayda, agar moshinni sotmasa... dedi.

Bu gapni eshitgan akalarning ichidan qirindi oʻtdi, ammo ota huzurida ortiqcha mahmadonalik qilishdan oʻzlarini tiydilar.

Gʻoziboy qirqinchi kuni qishloqqa oppoq «Neksiya»da kirib keldi.

Quchoqlashib soʻrashishlaru qutlovlardan keyin ota hayron boʻlib soʻradi:

Pravang yoʻq edi-ku, bolam, mashinani qanday haydab kelding? Yoʻlda gai-pai...

Bunga javoban Gʻoziboy odatiga koʻra bepisand qoʻl siltadi:

E, hozirgi zamonda pul boʻlsa samolyotni ham haydab ketsa boʻladi, ota...

Quvonib ketgan Rayimberdi chol boqib yurgan kattagina qoʻchqorini soʻydi, el-yurtni uyga chorladi. Bu safar dasturxonga aroq-vino ham qoʻyildi.

Kelganlar biri-biridan shirin qadah soʻzlari aytishdi, Rayimberdi cholni, Gʻoziboyni qutlashdi. Koʻpchilik bilan toʻqishtirib ichaverib, anchagina kayf boʻlib qolgan Gʻoziboy chayqalib-gandiraklab hovli oʻrtasida turgan oppoq mashinasi yoniga bordi-da, kutilmaganda kapotga bor kchi bilan daranglatib urdi va:

Bu... deya boʻkirdi, bu mashina otamning xizmatida boʻladi. Bir umr...

Mehmonlar «oh-voh»lar bilan oʻz hayratlarini izhor etishdi, koʻngli boʻshab ketgan Rayimberdi chol koʻzlariga yosh oldi...

Ishqilib, hammayoq «sen je, men je» boʻlib ketdi.

Mehmonlar tun yarmida tarqalishdi.

Ertasi kuni peshinga qadar kun taftida pishillab uxlagan Gʻoziboy bir amallab koʻzlarini ochdiyu, oftobadagi ilimiq suvda shosha-pisha yuzini yuvgach, hovlidagi chorpoyada yonboshlab yotgancha bir umr oʻzining xizmatida boʻladigan oppoq «Neksiya»ga koʻzlarini qisib, zavqlanib qarab oʻtirgan otaning huzuriga bordi.

Odatdagi salom-alik, «Yaxshi yotib turdingmi?» «Rahmat»lardan keyin dabdurustdan Gʻoziboy dangaliga koʻchdi:

Ota, uch yuz mingcha pul kerak.

Ota sergak tortdi.

Tinchlikma, bolam?

Oformleniyaga, chexolga. Agar yana yuz ming boʻlsa signalizatsiya oʻrnatsayam boʻladi.

Rayimberdi chol oʻzicha mulohaza qildi. «Oformleniya, chexol kerak... Lekin mashina qishloqda boʻlsa, signalizatsyai nimaga kerak?»

Uyda buncha naqd pul yoʻq edi.

Ota uch oʻgʻlining har biridan bittadan qoʻyni deyarli majburlab oldi. Ayniqsa Norboʻta qattiq qarshilik qildi.

Toʻyga deb bittagina qoʻy boqayapman, uniyam bersam, oʻzim nima qilaman? deb oyogʻini tirab turib oldi.

Shunda Rayimberdi chol uni jerkib berdi:

Bitta qoʻy shuncha aziz boʻldima? Ertaga moshin uyda tursa yurasan maza qilib.

Xayriyat, bu dastak oʻjar oʻgʻilning shaxtini sal soʻndirdi. Bundan mamnun boʻlgan otaning oʻziyam bitta qoʻy qoʻshdi. Soʻng bu qoʻylarni yangi mashina ortib bozorga olib borishga koʻngli boʻlmay, qishloqda molni koʻtara savdo bilan oladigan Said dallolni chaqirdi. Dallol otaning moʻljalidan ancha past narxni aytdi.

Savdolashish boshlandi.

Nihoyat, bir toʻxtamga kelindi.

Baribir pul uch yuz mingga yetmadi. Qolganiga chol-kampir pensiyasidan oʻlimlikka deb yigʻib yurganini qoʻshishdi.

Shoyi belboqqa tugilgan pulni e’tiborsizlik bilan yukxonaga tashlab qoʻygan Gʻoziboy rahmat aytgan boʻldi va mashinani qishloq yoʻlidan changitib haydab ketdi.

Rayimberdi chol oppoq «Neksiya» ortidan uzoq qarab qoldi. Goʻyoki mashinani soʻnggi bor koʻrib turganini koʻngli sezganday...

* * *

Vaqtning bu qadar oshiqib chopqillashini! Ovulda birdan Gʻoziboyga aylangan kenjatoy hov oʻsha mashinani rasmiylashtirishu oʻrindiqlarga gʻilof oʻrnatish uchun uydagilar ne mashaqqatlar ila topib bergan uch yuz ming soʻmni olib ketganidan keyin naq olti oy qorasini koʻrsatmadi.

Ota, akalar bir oy kutishdi, ikki oy. Oxiri xavotirlana ham boshlashdi. Ammo Gʻoziboyi tushmagur ovuldan shaharga borib oʻqiyotgan talabalardan salom aytib yuborishni kanda qilmasdi.

Oʻsha talabalarning aytishicha, Gʻoziboy «Ishlarim besh!» degan emish. Yaxshigina ishga kiribdi, ovuldagilarning tushiga ham kirmagan maosh olayotgan emish. Yaqinda esa chet el safariga ham borishni moʻljallab turgan ekan...

Bu xabarlarni eshitib otaning sal koʻngli joyiga tushganday boʻladi.

Ammo toʻngʻich Norboʻta hech bu gaplardan qanoat hosil qilmaydi. Kunda boʻlmasa ham, kun ora kelib gap orasida kenjatoyning vafosizlik qilayotganini qistirib oʻtib ketadi.

Shahar koʻrgan echkidan qoʻrqish kerak, derdi odatda Norboʻta gap ohangiga ozgina vahima aralashtirgan holda. Buningiz soddagina bola, birontasi boshini aylantirib, «Neksiya»ni maza qilib minib yurgandir. Biz boʻlsak bu yerda, chang ichida bitta eshak aravaga zor boʻlib... Necha marta toʻy-ma’rakaga borishga ham birovga sargʻaydik...

Otaning ham koʻnglida bir niyati bor edi. Gʻoziqul kelsayu, chol-kampirni oppoq «Neksiya»ga mindirib olib, bir Buxoroyi sharifga ziyoratga olib borib kelsa. Axir, Buxoro aziz-avliyolar oʻtgan joy. Ana, qishloq mullasi Ashur koʻsa ham bir janoza mahali gurung orasida aytib oʻtib ketdi-ku: «Buxoroni ziyorat qilish yarim hajga barobar», deb. Shunday ekan, oʻzingning mashinangda, yumshoqqina oʻrindiqlarga yastanib olib, beminnatgina borishga nima yetsin.

Chol aynan shu sababli ovuldagi tengdoshlari oʻrataga pul tashlab, Buxoroga borib kelish uchun eskigina «Paz» avtobusini kira qilishganida qoʻshilmay turib oldi. Tengdoshlar hadeb zoʻrlayverishganida esa sogʻligʻini bahona qildi. Holbuki, yetmish beshga kirib Rayimberdi chol sal oqsab yurishini aytmasa (bu ham bolalikdan qolgan, bugʻdoy oʻrar mahali oʻzining joʻrasi Saydazim sariq adashib oʻroqni uning boldiriga sanchib olgan) biron marta sogʻligʻidan shikoyat qilmagan, doʻxtirlarga chopmagan.

Saydazim joʻrasi sariqligidan tashqari, quvgina ham edi. Shu sababli u Rayimberdi cholni ayab oʻtirmadi, gap bilan uzib oldi:

Olisdagi «Neksiya»dan, joʻra, yaqindagi «Pazik» yaxshi. Tushunganskiy?

Rayimberdi chol bamisoli gunoh ish uchstida qoʻlga tushganday qizarib ketdi, soʻng bir amallab oʻzini qoʻlga olarkan, sir boy bermaslikka uringan koʻyi hazin ohangda gapirishga urindi:

Gap sogʻliqda, joʻra. Sogʻligʻim toʻgʻri kelganda-ku, Buxoroga piyoda borishgayam tayyor edim-a...

Saydazim sariq joʻrasiga istehzo bilan qarab turdi-turdi-da, soʻng yana nishini sanchdi:

Bu ketishda hali piyodayam borolmay qolasan-ov...

Har ne boʻlganda ham oʻttiztacha chol eski, shalaq, buning ustiga qoʻlansa isi salonga urib turadigan avtobusda Buxoro shahriga, muqaddas joylarni ziyorat qilishga borib kelishdi. Ana shundan keyin Saydazim sariq naq bir hafta ovulda hech kimga gap bermadi. Ayniqsa Rayimberdi cholning oldida koʻrganlariga qoʻshib-chatib rosa maqtandi.

Rayimberdi chol bu gaplarni qulogʻini ding qilib eshitdi, ogʻzidan suvi kelib eshitdi. Qariyaning Buxoroga juda-juda borgisi keldi. Ammo oʻylay-oʻylay, oxiri oʻgʻlini kutishga qaror qildi. Axir, lafz halol. Oʻgʻli oʻshanda, otasi oʻgʻli mashina yutib olgani bois el-yurtga dasturxon yozib, borini toʻkib solganida hammaning koʻz oldida kapotni mushtlab «Bu mashina otamning xizmatida boʻladi. Bir umr...» degandi axir. Oʻsha huzurbaxsh daqiqalarni eslasa qariyaning koʻngli yumshaydi, tomogʻiga mushtday bir nima kelib tiqiladi, yetmshi ikki tomiriga iliq bir nima yugurganday boʻladi.

«Koʻlik yoshlarga yarashadi, deya oʻylardi otaxon bunday paytlari. Mayli, bolalar minib yuraversin. Chol-kampirni bir Buxoroga olib borib kelsa boʻldi-da...»

Rayimberdi chol doʻst-tengdoshlari oldida sogʻligʻidan shikoyat qilib, xatorlikka yoʻl qoʻygan ekanmi, ishqilib, keyingi kunlarda chindan ham oyoq boʻgʻimlarida ogʻriq paydo boʻldi, boshi ham sal harakat qilsa aylanadigan boʻlib qoldi. Buning ustiga oʻqtin-oʻqtin peshonasida sanchiq turadi.

Qariya buni charchaganlikka yoxud shamollashga yoʻydi. Shu sabab badaniga erinmay qoʻy yogʻidan surtib chiqdi, oyoq boʻgʻimlariga shoʻr paxta bosdi, kunda-kunora uyda isiriq tutatkizib turdi.

Mana shunday kunlarning birida Gʻoziboy uyga salgina uringanligi sezilib turgan kul rang «Matiz»da kirib keldi.

Rayimberdi chol indamadi, ammo koʻzlarining paxtasi chiqib ketgan Norboʻta dam sayin otasining yoniga kelar va vishillab:

Ana, aytmabmidim! deb ketardi.

Toʻngʻichiga qarab oʻqrayib-oʻqrayib qarab qoʻyayotgan chol nihoyat bir piyola choydan keyingina til uchida turgan savolni berdi:

Bolam, moshining oʻzgarib qolibdima?

Gʻoziboy pinak buzmay, shu zahoti javob qaytardi:

«Neksiya»ni arendaga berdim. Oʻzim hozircha «Matiz»ni ermak qilib yuribman.

Prava oldingma?

Oʻgʻil yana beparvo qoʻl siltadi:

Pulingiz boʻlsa, ota, hozirgi zamonda samolyot haydasangiz ham boʻladi. Gailarning ham otasi pul-da, ota...

Gapga hech sabri chidamay, joyida irgʻishlaguday boʻlayotgan Norboʻta aralashdi:

Arendaga bersang shu yerdayam shopirlar bor edi.

Bu savolga ham oldindan javob tayyorlab kelgan ekanmi, Gʻoziboy akasi gapini tugatmasdan ogʻzidan olib yoqasiga yopishtirdi:

«Neksiya» shaharning mashinasi, aka. Bu yerning shopirlari, bu yoʻllarda uni uch kunda rasvo qilishadi.

Darhaqiqat, ovulga olib keluvchi yagona yoʻl yil boʻyi oʻnqir-choʻnqir boʻlib yotar edi.

Norboʻta nimadir deb e’tiroz bildirmoqqa ogʻiz juftladi, ammo toʻngʻichidan oldin ota tilga kirdi:

Bolam, biz chol-kampirni bir Buxoroga olib borib kelsang. Aziz joylarni ziyorat qilib kelsak...

Qachon?

Ota shoshib qoldi, soʻng oʻylanib turib javob qaytardi:

Iloji boʻlsa, juma kunlari...

Boʻldi, gap yoʻq, dedi Gʻoziboy ishonch bilan. Juma boʻlsa juma-da. Kelamanu, olib ketaman. Sizlar tayyor boʻlib tursalaringiz... Faqat... shu yerga kelganda oʻgʻil oʻylanib qoldi: shu «Matiz» sal jyostkiyroq-da. Men sizlarni «Neksiya»da olib borib kelaman. «Neksiya» yumshoq boʻladi, qiynalmaysizlar...

Yana koʻngli boʻshashib, koʻzlariga yosh qalqqan ota belidagi belbogʻining uchini mijjalariga bosdi:

Umringdan baraka top, bolam...

Boʻlmasa sizlarga oʻzim xabar qilaman, dedi Gʻoziboy ishbilarmonlarga xos koʻtarinki ohangda. Sizlar tayyor boʻlib turasizlar...

Oqshom, yotish oldidan Gʻoziboy otasiga yaqin kelib, shivirladi:

Ota, biron ikki yuz mingcha pul kerak boʻlib qoldi.

Tinchlikma? xavotirlanib soʻradi Rayimberdi chol.

Tinchlik, ota, tinchlik. Aytdim-ku, yaxshi joyga ishga kirdim deb. Bir-ikki soʻm tashlasam, chet elga borib ishlab kelishim tezlashadi.

Otaga bu taklif unchalik yoqinqiramadi, ammo gʻashi kelganini sezdirmaslikka urinib, asta soʻradi:

Chet elga borish shartma? Ishing yaxshi boʻlsa... Boʻlmasa shu yerga qaytib kelsang ham boʻlardi. Rayondan bir ish topilar...

Gʻoziboy keskin bosh chayqadi:

Bu yerning ishi menga toʻgʻri kelmaydi, ota. Undan keyin, shaharda bir yilda topganimni chet elda bir oyda topaman, ota.

Oʻzi qanchaga bormoqchisan?

Uch oy, koʻpi bilan toʻrt oyga...

Chol ikkilanib qoldi.

Bu yoqda enang qarib qoldi...

Uch oyda qaytaman dedim-ku... Ishlagan pulimga ikki xonalimi uy olsam, sizlar ham borib maza qilib yashayverasizlar...

Rayimberdi chol uzoq mulohaza qildi. Oxiri oʻqigan-bilgan oʻgʻli bejiz bunday qarorga kelmagan, degan oʻyga bordi-da, oʻgʻillarini maslahatga chaqirdi.

Gʻoziboy hovlida, chorpoyada pishillab uxlab yotgan mahali ichkarida qizgʻin bahs ketmoqda edi.

Bir soʻm ham bermayman! dedi Norboʻta pishqirib. Buningiz «Neksiya»da, «Matiz»larda yallo qilib yursin-da, biz bu yerda eshak aravagayam zor boʻlib... Bermayman. Pulning oʻzi yoʻq. Boʻlgandayam bermasdim!

Qolgan ikki oʻgʻil otaning ogʻziga qarashdi.

Nihoyat, Rayimberdi chol toʻngʻichini jerkib berdi:

Ukang chet elda ishlab, pul topbi kelsa yomonma? Shahardan uy olsa yomonma? Bizning uydan ham oʻqimishli odam chiqsin-da. Bolalaring katta boʻlayapti, ertan-bir kun oʻqiyman deb qolsa, ukangning uyiga bemalol boraverasan...

Eshigini tepib ochib kirasiz, deya ota fikrini davom ettirdi ukalardan biri.

Norboʻta ikkilanib bosh chayqadi.

Hay bilmadim-ov... Avvallari bozor koʻrgan echkidan qoʻrq, deyishardi. Endilari shahar koʻrgan echkidan qoʻrq, degan gap bor... Oʻqimishli boʻlaman desa shu yerdayam boʻlaverardi. Shuning uchun shaharda yashash shartma?..

Xullasi, deya mashvaratga yakun yasadi Rayimberdi chol, uchalang bittadan qoʻy berasan.

Qoʻy! Qanaqa qoʻy! figʻoni falakka chiqdi Norboʻtaning. Uyimda bitta echkiyam yoʻqligini oʻzingiz ya’shi bilasiz-ku.

Boʻlmasa bitta qoʻyning pulini berasan, deb turib oldi ota.

Ota amri vojib.

Oʻgʻillar aytilgan miqdorni topib kelishdi.

Yetmaganiga ota oʻzi bilan kampiri pensiyasidan oʻlimlikka deb yigʻib yurgan oxirgi pullarni qoʻshdi.

Ertalab, shoyi belboqqa tugilgan pulni Gʻoziboyga tutqazarkan, ota ilinj ila eslatdi:

Chol-kampir bir Buxoroni ziyorat qilib kelsak...

Kenjatoy otasiga ajablanib, koʻzlarini katta-katta ochib qaradi:

Aytdim-ku «Neksiya»da olib borib kelaman deb. Oʻzim xabar qilaman, tayyor boʻlib tursalaringiz...

Iloji boʻlsa, juma kuni... dedi yuragi hapriqib ketgan ota.

Boʻldi, gap yoʻq. Oʻzim biron studentdan aytib yuboraman...

Gʻoziboy xuddi oʻtgan galgiday pul toʻla belbogʻni yukxonaga e’tiborsiz tarzda tashlab qoʻydi-da, motorni oʻtt oldirdi.

Negadir gʻazabi qaynab ketayotgan Norboʻta asta ukasining yoniga borib, tishlari orasidan shivirladi:

Bizdi hech boʻlmasa rayonga oborib ke, uka. Bir bozor qilib qaytaylik...

Gʻoziboy shoshib bilagidagi soatiga qaradi. Soʻng afsuslanib bosh chayqadi:

Jon deb borardim-u, aka, soat uchda muhim yigʻilish bor-da. Yetib bormasam boʻlmaydi. Kelasi safar «Neksiya»da oborib kelaman.

«Neksiya»ng arendada emasmi? ijikilab soʻradi dargʻazab aka.

Gʻoziboy pinak buzmadi:

Xohlagan paytimda olib turaman, deb shart qoʻyganman. Oʻsha kunlar uchun pul toʻlamaydi-da.

Norboʻta bir joyi ogʻrib ketganday aftini bujmaytirdi:

Koʻziga qarab haydasin... Birovniki deb duch kelgan yerga ketavermasin...

Buni oʻzim kontrol qilib turibman, aka...

Shu bilan xayrlashishdi.

«Matiz» qishloqning sertuproq yoʻlidachang bulutini osmonga koʻtargancha yelib ketdi.

* * *

Kutish azobini boshidan oʻtkazgan odam yaxshi biladi. Rayimberdi chol bir juma kutdi, ikki juma, uch juma...

Har juma ertalab ota kishi bilmas kiyinib oladi. Mabodo Gʻoziboy «Neksiya»da kelib qolsa, shoshib qolishdan choʻchiydi-da. Buning ustiga, mashinani kutdirib qoʻyishdan istihola qiladi. Kampiriga nima? Ustiga bitta yangi koʻylagini tashlaydi, oyogʻiga kalishini iladi boʻldi-da, shu bilan tayyor. Rayimberdi chol esa... Oppoq yaktak-ishton, hattoki mayka ham yuvilgan, toza, har payshanba kechqurun Norboʻtaning xotini dazmollab beradigan kamzul-shim... Kamzulning koʻkrak choʻntagidan soatning zanjiri chiqib turadi. Choʻntakda dazmollangan roʻmolcha. Massi-kalish yaltiraydi. Ba’zan hattot oqsoqol moʻylovini ham yaltiratib, moylab oladi. Axir, hazil gapmi chol-kampir Buxoroyi sharifga borishadi, hazrat Bahouddin Naqshbandning oshyoniga... Bunday ziyoratga yetganlar bor, yetmaganlar bor... Buxoro ziyorati yarim haj savobini ado etmoq bilan barobar...

Rayimberdi oqsoqol juma kunlari peshinga qadar tahoratini yangilayverib, qishloq chekkasiga koʻz tikaverib charchaydi. Tushga borib cholning kayfiyati tushadi. Ovqat ham yemaydi. Bir piyola koʻk choyni naridan-beri ichgan boʻladi-da, asta uyga kirib ketadi va kishi bilmas kiyimlarini almashtirishga tushadi.

Ammo buni koʻpchilik biladi...

Hatto boshida Norboʻta otasigai zaharxanda aralash:

Kelmaydi, uningiz kelmaydi, deb aytishdan oʻzini tiyib turolmasdi.

Yoʻq, bora-bora oʻgʻil otasining azoblanayotganligini sezdi chogʻi, ortiqcha gap-soʻzdan oʻzini tiyadigan boʻldi. Buning oʻrniga juma kunlari sahardan otasini ergashtirib qishloq chekkasidagi machitga qatnaydigan boʻldi.

Otamning harna chalgʻigani yaxshi, dedi Norboʻta xotini birdan oʻzining taqvodor odamga aylanib qolganligidan hayratlana boshlaganini koʻrganida. Boʻlmasa oʻzini oʻzi yeb qoʻyadi...

Kunlar, shu jumladan jumalar ham oʻtib borardi...

Oxiri Norboʻta bir mashina topib, otasini Buxoroga olib borib kelmoqqa jahd qildi. Ammo Rayimberdi chol koʻnmadi. Sabab ham asosligina boʻldi: «Gʻozi eshitsa otam meni kutmabdi-da deb xafa boʻladi...»

* * *

Odamlar bor: yemaydi, ichmaydi, ishlamaydi, ammo qoʻshnisining uyida nima boʻlayotganligini miridan-sirisiga qadar aniq-tiniq bilmasa kechasi uxlay olmay chiqadi. Shunday qishloqdoshlardan ba’zilari shaharni erinmay izgʻib, Gʻoziboyni topib olishibdi.

Chet eldagi xizmat yuzasidan berilgan savollarga yigiti tushmagur kiprik qoqmay javob berib tashlabdi:

Sal kechikib turibdi. Lekin ishlarim besh! Yaqinda ikki xonali uy oldim!

«Ikki xonali uy» xabari Gʻoziboyning qishloqda toʻkilay deb turgan obroʻsini birmuncha koʻtarib qoʻydi. Buni eshitgan Rayimberdi chol ham yengil tin oldi: «Har qalay, shaharda bejiz yurmagan ekan-ku...»

Ammo keyingi xabarlar koʻngilni quvnatadigan darajada emasdi.

Shahardagi bozorda kelib-kelib Saydazim sariq uchratib qolibdi Gʻoziboyni. Sal chapaniligi bor emasmi, chol birdan tutaqib baqira boshlabdi:

Hey bola, yoʻlingga sargʻayib qarayverib otangning koʻzlari teshilib ketdi-ku! Bir taksi bilan boʻlsayam oborib kel chol-kampirni Buxoroga!

Bunga javoban Gʻoziboy ajablanib:

Taksi nimaga kerak, «Neksiya»m bor-ku, debdi.

Endi ajablanish navbati Saydazim sariqqa kelibdi:

Mashinang boʻlsa obor-da, nega achchiq ichakday choʻzib yuribsan?

Oboraman! debdi Gʻoziboy sira shubhaga oʻrin qoldirmaydigan ohangda. Bu hafta vaqtim yoʻq, ammo keyingi hafta albatta oborib kelaman...

Goʻyo ishni oʻzi bitirganday xursand boʻlib, terisiga sigʻmay ketgan Saydazim chol qishloqqa kelasola Rayimberdi joʻrasidan suyunchi olgani chopadi.

Rayimberdi chol ikki haftacha hayajonlanib, oʻzidan oʻzi miyigʻida iljayib, koʻzlari chaqnab, koʻchalarda qaddini kerib yurdi. Shu oʻn toʻrt kun mobaynida oqsoqol biron marta sogʻligʻidan shikoyat qilmadi.

Ammo va’da qilingan jumada kelmadi Gʻoziboy... Tabiiyki, hammamiz ham tirik insonmiz, ish-pishimiz chiqib qolishi mumkin.

Ammo keyingi juma ham qorasini koʻrsatmadi Gʻoziboy... Hattoki undan keyingisida ham...

Rayimberdi chol birdan choʻkib qoldi.

Bamisoli ichidan bir nima «choʻrt» etib uzilib ketganday birdan qaddi bukildi. Koʻzlaridagi oʻt soʻndi.

* * *

Ilk bor va’da qilinganidan keyin oradan roppa-rosa oʻttiz toʻqqiz juma oʻtgandan soʻng (Rayimberdi chol erinmay sanab yurgandi) keldi Gʻoziboy. Bu safar u eskiroq, rangi toʻq koʻk «Jiguli»da edi.

Ota haydovchilik guvohnomasi xususida soʻrab oʻtirmadi.

Norboʻta tergov qilishni boshlab yubordi, ammo biron savoliga joʻyali javob ololmadi.

Gʻoziboy nuqul «ishi besh»ligini pesh qilardi. Bunga sayin toʻngʻich akaning jigʻibiyroni chiqardi.

«Neksiya» qani? derdi u figʻoni falakka chiqib. Agar moshin arendada boʻlsa, puli qani? Nega pachaq bir «Jiguli»da yuribsan? Shuncha paytdan beri nega shopirlikka oʻqib olmading?.. va hokazo.

Axiyri xotini orqali savollarini takrorlagan Norboʻta «shaharlik echki» Gʻoziboyning yaqinda katta bir odamning (yigit nechukdir «ko-otta» debdi) erkatoy qiziga uylanayotganini, ammo vaqtinchalik oʻsha yerda yashab turishini ma’lum qildi.

Ichkuyovmi? qotib qoldi Norboʻta. Esi joyidami buning? Otasi, onasi, uchta akasi bari birday tirik turib bu ichkuyov boʻladima?

Ushbu sergʻazab savolga «Bu vaqtinchalik. Tez orada ishlarim «besh» boʻlib ketadi, ana undan keyin alohida yashayveramiz» degan dudmalroq javob boʻldi.

Jahl ustida aka asosiy savolni bermaganligini Gʻoziboy odatdagidek qanaqadir muhim ishlar uchun ikki yuz ming sum olib ketgandan keyingina angladi. Ammo endi kech edi. Shunday qilib, «Toʻy qachon? Qachon sovchilikka boriladi?» degan savollar ochiqligicha qoldi.

Xoʻsh, qanaqa muhim ishlari uchun xarajat kerak ekan kenjatoyga? Toʻgʻrisi, buni Rayimberdi chol unchalik tushunmadi. Lekin oʻgʻlining jon kuydirib bir nima tushuntirishlariga jimgina quloq solib, hattoki bosh irgʻab, ma’qullab oʻtirdi. Aftidan, Gʻoziboy qaydadir doʻkon ochmoqchimi-ey, qurilish firmasi tashkil qilmoqchimi-ey. Ishqilib, tez orada ishlari «besh» boʻlib ketar ekan, ana shunda hammasini qoʻshib, ortigʻi bilan qaytararkan.

Rayimberdi chol indamay oʻrnidan turdi, kichkina xonaga oʻtib, oʻlimlikka deya soʻnggi oylar ichida yigʻilgan ellik besh ming soʻmni olib kelib xontaxta ustiga qoʻydi.

Qolgan yuz ellik ming soʻmcha pulni uch aka bir amallab topib keldi. Qaerdan izlashdi, kimlarning ostonasiga bosh urib borishdi, ne sarmoyadorlarning yuziga qarab sargʻayib oʻtirishdi noma’lum, ammo otaning bir amri ila ularning har biri bir kechada ellik ming soʻmdan pul olib kelib berishgani rost.

Bu gal akalar kenjatoyni kuzatgani chiqishmadi. Ular ayniqsa ogʻzi yomon Norboʻtaning biron nima deb yuborishidan choʻchishgandi.

Doimiy odatiga kanda qilmagan holda shoyi belbogʻga oʻralgan ikki yuz ming soʻmni yukxonaga bepisand tashlab qoʻygan Gʻoziboy toʻsatdan bir nima esiga tushganday otasi tomon oʻgirildi va shosha-pisha:

Ota, dedi, bu hafta vaqtim yoʻq. Lekin keyingi jumalarga tayyor boʻlib tursalaringiz, enam ikkalangizni Buxoroga, ziyoratga olib borib kelaman. Bu, shunday deya oʻgʻil motori ishlab turgan «Jiguli»ga ishora qildi, juda jyostkiy. Boʻlmasa jon deb shunda oborib kelardim. Shuning uchun yaxshisi «Neksiya»ni bir-ikki kunga olay-da...

Mayli, bolam, mayli, dedi Rayimberdi chol negadir oʻgʻliga qaramaslikka tirishib. Oʻzing qarab koʻr, imkoniyating boʻlsa, ishingdan gap tegmasa...

Bu gapga javoban oʻgʻil yayrab kuldi:

E, qiziqsiz-a, ota, ish tugarmidi...

Agar iloji boʻlsa... ota soqolini tutamlab oʻylanib qoldi. Soʻng dona-dona qilib, ammo shundayam oʻgʻliga emas, noma’lum nuqtaga tikilgan koʻyi gapirdi: agar iloji boʻlsa, shu yerga qaytib kelsang yaxshi boʻlardi. Enang ikkalamizning besh kunligimiz borma-yoʻqma... Toʻyingni koʻrsak... Oʻzing tepkilab koʻmarding... Mayli, nima boʻlsa oʻtdi...

Oʻgʻil otaning gap ohangidagi allaqanday siniqlikka e’tibor beradigan ahvolda emasdi. Shu sababli shosha-pisha gapni boʻldi va koʻzlari chaqnab, koʻtarinki ruhda dedi:

E, ota, hali hammasi zoʻr boʻlib ketadi. Shu ishlarni bitirib olay, keyin bir katta hovli olaman. Oʻsha yerda hammamiz maza qilib yashaymiz. Mana koʻrasiz... Oʻlimni esa oʻylamanglar. Hali nevaralaringizning toʻyini oʻtkazib berasiz, deb yuribmizu...

Har qalay, Gʻoziboy Norboʻta ta’biri bilan aytganda shahar koʻrgan echkilardan edi. Shu bois gapga usta edi.

Lekin bu safar Rayimberdi oʻziga xoʻrozqand va’da qilingan yosh boladay shodlanib jilmaymadi, aksincha, indamay turdi-turdi-da, oxiri chuqur bir xoʻrsinib olgach, qoʻllarini fotihaga ochdi:

Yoʻling oydin boʻlsin, bolam... Eson-omon vataningga yetib ol...

* * *

Eson-omon shaharga yetib olgan Gʻoziboy shu bilan oʻn olti hafta suvga tushgan toshday izsiz gʻoyib boʻlib ketdi. Endi Rayimberdi chol juma kunlari ertalabdan hayitlikka olib boriladigan bolakayday entikib-shodlanib kiyinib olmaydi. Qariya endi juma kunlarni boshqa kunlardan farqlamay qoʻygan.

Ammo farzand baribir farzand-da. Ota ham shu muddatdan keyin shaharda oʻqiyotgan talabalardan soʻrattirdi, ularning uyiga nevaralirini yubordi, kerak boʻlsa Norboʻtayu qolgan ikki oʻgʻliga ham zugʻum qildi, xullas, Gʻoziboy haqida biron yangilik eshitishga astoydil urindi.

Nihoyat, koʻplashib qilingan sa’y-harakatlar oqibati oʻlaroq, dastlabki ma’lumotlar kela boshladi.

Taassufki, bu xabarlarda kishini shodmon etguvchi unsurlar kamroq edi. Bil’aks...

Chunonchi, uzunquloq gaplarga qaraganda Gʻoziboy oʻsha ikki xonali uyida bir ayol bilan birga yashayotganmish... «Jiguli»ni ham tashlab, ishga poyi-piyoda qatnayotganmish... Garchand uchrab qolgan tanishiga «ishim besh» deb ogʻzini toʻldirib maqtangan boʻlsa-da, rangi roʻyidan, ayniqsa, ust-boshidan bu chiranishga arzigulik alomat topish mushkul emish...

Bu gaplarni eshitib ota xavotirga tushdi. Ilk bor qon bosimi koʻtarilib ketib, shifoxonaga bordi, biron oʻn besh-yigirma kun achchiq dorilardan ichib yurdi, yumshoq joyiga oʻn-oʻn beshta ukol oldi.

Axiyri ota chiday olmadi. Nevaralarini zingʻillatib, dalada ketmon chopib yurgan Norboʻtani toptirib keldi.

Toʻngʻich oʻgʻil halloslab hovliga kirib kelgan zahoti ota achchiq ustida unga qarab oʻshqirdi:

Bir onaning qornidan talashib tushgan iningga joning achiydima sen bolaning?

Norboʻta gapning bu qadar gʻazabli buromadidan battar dovdirab, otasiga hayron termulib qoldi.

Rayimberdi chol kecha olgan pensiyasini chorpoya chekkasiga qoʻydi-da, oʻsha gʻazabkor ohangda farmon berdi:

Bor, izla, top! Ahvoliga qara! Toza qiynalgan boʻlsa koʻchirasola kel shu yerga! Ochdan oʻlmaydi!

Gap kim haqida ketayotganligini anglagan Norboʻta itoatkorona bosh egdi-da:

Xoʻp, ota, boraman, dedi. Izlayman, topaman. Lekin endi u echkingiz qishloqqa qaytmas-ov. Shahar koʻrdi-da...

Ota betoqat qoʻl siltadi.

Qaytmasayam omon yursa boʻldi. Qiynalib qolgan boʻlsa yordam ber. Ukalaringga ayt. Uch-toʻrt soʻm obor.

Norboʻta aftini burishtirdi:

Bu yebtoʻymasingizga qancha kerakligini juda yaxshi bilamiz... Nima, bizning pul ishlab chiqaradigan stanogimiz borma? Yo «Neksiya»mizni arendaga berib qoʻyibmizma?..

Shunga qaramay, saharga qadar bir amallab yana ikki yuz ming soʻm pul topildi.

Tongda Norboʻta «Qaydasan, Gʻoziqul!» deya yoʻlga tushdi.

* * *

Norboʻta ertasi kuni kechqurun bola-chaqasiga, ukalaring bolalariga, ota-onasi ikki sumka shirinlik, mayda-chuyda sovgʻa koʻtarib kelib qoldi. Odatga koʻra, toʻngʻich oʻgʻil avvalo otasining yoniga borib, salom berdi.

Hol-ahvol soʻrashuvdan keyin ota Norboʻtaga tik qarab turaverdi. Bu unsiz nigohdagi savolni ilgʻagan toʻngʻich oʻgʻil bidirlab ketdi:

E, sharoiti zoʻr ekan! Isiq suv, sovuq suv, gaz. Tok oʻchmaydi. Zoʻr. Kelin bilan Gʻoziqul bir-birini sizlab gapiradi... Axiyri otasining koʻzlari gʻazabdan chaqnab ketganini koʻrgan Norboʻta shosha-pisha izoh berdi: Endi, uylanmasa boʻlmaydigan boʻlib qolgan ekan-da... Lekin kelin buni sizlaydi, bu uni... Zoʻr...

Ajabki, oʻgʻil iloji boricha koʻproq va tezroq, imkon qadar quvnoq ohangda gapirishga urinardi-yu, lekin buni oʻzi istaganchalik eplolmas, ustiga-ustak nuqul koʻzlarini otasining nigohidan olib qochardi...

Boraver... dedi oxiri ota qoʻl siltab.

Yengil nafas olgan Norboʻta onasining huzuriga oshiqdi.

* * *

Oradan ikki haftadan koʻproq vaqt oʻtdi. Bir kuni Rayimberdi chol nevarasini yuborib, Norboʻtadan Gʻoziqulning adresini soʻrattiribdi. «Xat yozib yuboraman», degan emish.

Norboʻta bir qogʻozga manzilni yozib berdi.

Ertasi kuni Rayimberdi chol hov bir paytlardagiday, ertalabdan koʻchalik kiyimlarini kiydi. Keyin pochtaxonaga borib oʻzining va kampirining pensiyasini oldi.

Shundan keyin Rayimberdi cholni bekatda koʻrganlar oʻzlaricha qariyani tuman markazidagi katta machitga borayapti shekilli, deb oʻylashdi. Axir kun juma edi-da...

Ammo qariya yoʻlni shahar tomon soldi.

Rayimberdi chol avtobusdan tushgan zahoti oldiga yugurib kelib, eski tanishlardek quyuq salom bergan taksichiga hayron boʻlib tikilib turdi-da, soʻng manzil yozilgan qogʻozni koʻrsatdi.

Manzilni oʻqigan haydovchi oʻylanib qoldi. Keyin:

Gadoy topmas joy-ku, ota, dedi. Shaharning narigi chekkasi. Mayli, olti ming bering, oborib qoʻyaman.

Rayimberdi chol kulimsiradi:

Qishloqdan shu yergacha olti ming sarflamadim...

Endi bu yer shahar, otaxon, boʻsh kelmadi taksichi yigit tilla tishlarini namoyish etib kularkan. Mayli, sizning hurmatingizga toʻrt yarim mingga oborib qoʻyaman. Hurmatingiz bor, otaxon...

Rayimberdi chol ma’qullab bosh irgʻadi.

Gʻoziqulning uyi haydovchi aytganchalik juda olisda emas ekan. Koʻpi bilan yigirma daqiqada yetib kelishdi.

Oqsoqol shoshilmasdan besh qavatli uyning beshinchi qavatiga koʻtarildi.

Eshikni, darhaqiqat, qorni qappaygan bir juvon ochdi.

Ota salom berdi. Soʻng, juvonning oʻziga chaqchayib qarab turganini koʻrgach:

Men Gʻoziqulning otasiman, dedi xijolatomuz jilmayib.

Juvon shosha-pisha salom berdi va oʻrdakdek lapanglagan koʻyi ichkariga kirib ketarkan, yoʻl-yoʻlakay:

Gʻoziboy aka! Qishloqdan, deya ovoz berdi.

Ichkaridan maykachan, kalta ishton kiygan Gʻoziqul yugurib chiqdi.

Ota-bola quchoqlashib koʻrishishdi.

Odmigina, devorga yopishtirilgan gul qogʻozlari koʻchib tushgan xona. Burchakda ikki kishilk divan. Oʻrtada moʻ’jazgina xontaxta. Shu xontaxtaga boyagi juvon harsillab-pishillab kelib dasturxon tuzagan boʻldi. Buni koʻrib Rayimberdi chol xijolat chekdi.

Dasturxonga ota olib kelgan mayiz, konfet, pechene, hattoki qishloq nonlaridan ham qoʻyilganiga qaraganda...

Bu orada hol-ahvol soʻrashishlar tugadi.

Oʻzingning ishing qanday, bolam? deb soʻradi ota asta.

Bu soʻroqda nechukdir iztirob va ayni paytda hadik ham borday edi. Ammo otasini ostonada koʻrgan zahoti qoʻrqib ketgan Gʻoziboy buni ilgʻamadi va odatiga koʻra kekirdagiga zoʻr berdi:

Ishlar «besh», ota! Nasib qilsa bir-ikkita ishlar bitay deb turibdi. Qoʻlimga katta pul tushadigan. Ana oʻshandan keyin maza qilib yashaymiz. Katta bir hovlini moʻljallab yuribman, oʻshani sotib olsam, enam bilan sizni ham koʻchirib kelaman. Hammamiz tugal boʻlib...

Ota indamay dasturxonga qarab oʻtiraverdi. Faqat zehn solib qaragan odamgina qariyaning rangi yanaga qorayib ketganini, koʻzlariga alam yoshi inganini payqab olardi. Lekin Gʻoziboy ba’zan hatto oʻzi ham mutaassiblarcha ishonib qoladigan havoyi rejalarini bayon qilib berish bilan ovora edi.

Ehtimol, hammasi odatga koʻra shu bilan tugashi ham mumkin edi. Ya’ni, oʻgʻil ogʻiz koʻpirtirib maqtanadi, ota ezilib, iztirob chekib uyga qaytadi...

Ammo kutilmaganda...

Kutilmaganda oraga boyagi, xona bilan oshxona oʻrtasida oʻrdakdek lapanglab yurgan juvon aralashib qolsa boʻladimi!

Buni hech kim, ayniqsa ota kutmagandi!

Voy, voy, voy, dedi juvon masxaraomuz ohangda. Qanaqa hovli, bizam bilsak boʻladlimi? Mosh sigʻmagan orqangizga loviyani tiqib nima qilasiz?

Oʻchir... ing! dedi koʻzlari ola-kula boʻlib ketgan, rangi quv oʻchgan Gʻoziqul tishlari orasidan.

Endi oʻchirmayman! dedi juvon shartta. Sizning yolgʻon gaplaringizga uchib, shuncha pisib yurganim yetar!

Mutlaqo tuyqusdan Rayimberdi cholning koʻnglidan «Bular rostdanam bir-birini «siz»larkan», degan fikr oʻtdi. Soʻng esa birdan sergak tortdi.

Boʻldi! derdi bobillab juvon. Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim! Otam qirq yillik rais, yiqqanining oʻzi yotib yesak qirq yilga yetadi, degandingiz! Akamning ikkita mashinasi bor, degandingiz, keldi, koʻrdik akangizni ham! Ogʻzidan siz ikki yil burun sotib yuborgan «Neksiya» tushmaydi. Qishloqda bir suruv qoʻyim bor degandingiz. Men boʻlsam shu holimda, juvon qappayib turgan qorniga ishora qildi, kartishka bilan karamdan boshqa narsani koʻrmayman. Ertaga bolangiz bir narsa boʻlib tugʻilsa, bilib qoʻying, ikki qoʻlim yoqangizda ketadi... Oltin togʻlar va’da qilgandingiz, oʻzingizning boʻlsa bitta kichkina toʻy qilishga qurbingiz yetmadi... Nima, toʻrt bolali boʻlganimda qilasizmi oʻzingiz va’da qilgan katta toʻyni?.. Oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim-ku! Sharmandai sharmisor qildingiz-ku ota-onamning, qarindosh-urugʻlarimning oldida! Hech vaqoyingiz yoʻq ekan, hech boʻlmasa ularning oldida tilingizni tiyib yursangiz boʻlmasmidi! Nima qilasiz qop-qop va’dalar berib. Va’dani siz berasiz, mazaxga men qolaman...

Juvon izillab yigʻlab yubordi.

Adoyi tamom boʻlgan, sholgʻomi chiqib ketgan Gʻoziqul yerga qarab qoldi.

Toʻsatdan Rayimberdi chol ohista yoʻtaldi. Soʻng favqulodda xotirjam ovozda, juda ham sokin bir tarzda asta-sekinlik bilan kelinini gapga tutdi va oʻzini qiynab kelgan ba’zi savollariga qisman boʻlsa-da javob oldi.

Darhaqiqat, Gʻoziqul mashina yutib olganidan keyin uni yuvishga, maishatga shu qadar zoʻr berganki, oxir-oqibat boʻynigacha qarzga botib, mashinani sotishga majbur boʻlgan. Keyin «Matiz» mashinasini ijaraga olib, taksichilik qilib kun koʻrmoqchi boʻlgan. Ammo haydovchilik guvohnomasi yoʻqligi bois, mirshablarga tushaverib bor-budidan ham mahrum boʻlgan.

Qishloqqa haydab borgan koʻk «Jiguli» esa, ota gumon qilganiday, birovniki, toʻgʻrirogʻi, kelinning ukasiniki ekan...

Kelinning ismi Hilola ekan. U tibbiyot kolejida oʻqib yurganida Gʻoziqul bilan tanishib qolganu, uning qop-qop va’dalariga uchib...

Kelin hoʻngrab yigʻlab yubordi:

Bir oy boʻldi, ostona hatlab koʻchaga chiqolmayman. Qarz soʻrayverib, qoʻshnilarni bezor qilib yuborgandik. Endi ularni qaytarish kerak. Qaysi pulga? Doʻxtir boʻlsa «Toza havoda sayr qil», deb urishadi meni. Koʻchaga chiqsam, qoʻshnilarning ta’na-malomatidan havo ichimga zahar boʻlib quyiladi... Uyda yuragimni hovuchlab oʻtiraman. Eshik «tiq» etsa qaltirab qolaman. Qaynogʻam kelgan kuni, kelin Norboʻtani nazarda tutayotgandi, uyning egasi kelib bir janjal qildi, bir janjal qildi. Uch oylik ijara pulini toʻlamagandik. Haliyam oʻgʻlingizning yonida puli bor ekan, borini chiqarib berdi...

Rayimberdi chol oʻgʻliga savolomuz qaradi.

Biroq Gʻoziqul boshini yerdan koʻtarmasdi.

Uning oʻrniga ham oʻksinib hiqillayotgankelin javob berdi:

Uymi? Uyda ijaraga turamiz? Bu kishim qaysi puliga olsin uyni? Bu kishiniki faqat ogʻizda...

Gʻoziqul sakrab oʻrnidan turdi va «tars-turs» yurgancha ayvonga chiqib ketdi.

Kelin yana izillab yigʻlashga tushdi.

Ota bosh egib qoldi...

* * *

Rayimberdi ota ertalab yonidagi bor pulini kelinning qoʻliga tutqazdi, oʻziga faqat yoʻlga yetadigan pul qoldirdi, xolos. Shu kuni peshindan keyin ota qishloqqa kirib keldi.

Vahimaga tushgan oʻgʻillar ona boshchiligida uy yonida turishgan ekan.

Otaning qaerdan kelayotganligi ayon edi...

Rayimberdi chol bir hafta-oʻn kun pul izladi, uch oʻgʻliga doʻq urdi, poʻpisa qildi, hovlidagi qoʻy-mollardan sottirdi, ishqilib, bir milliondan koʻproq pul yigʻdi. Yana toʻrt yuz ming soʻmcha pul qarzga topildi.

Xullas, Norboʻta borib, kelinning qoʻliga bir yarim million soʻmni berib keldi.

Ota talabiga koʻra, Norboʻta Gʻoziqulni qishloqqa koʻchib kelishga rosa undagan. Ammo «shahar koʻrgan echki» boʻlmish Gʻoziqul boʻy bermagan. Hamishagiday:

Yaqinda ishlarim «besh» boʻlib ketadi. Ana oʻshanda qishloqqa «Mersedes» minib boraman, deb turib olibdi.

Kelin esa ochiqdan-ochiq:

Qishloqqa bu ahvolda borishga uyalaman, debdi.

* * *

Rayimberdi ota yanada choʻkdi. Farzandlar uni shifoxonaga olib borishdi.

Ota tuman shifoxonasida qiynalib jon berdi... To soʻnggi soniyaga qadar otaning tobora nursizlanib borayotgan koʻzlaridan yosh arimadi...

Har nechuk, yuborilgan odamlar Gʻoziqulni topib kelishdi.

Gʻoziqul akalari qatori bel boylab, aso ushlab «Voy, otam»lab turishga yaradi.

Mayitni joylab kelishganidan soʻng Norboʻtaning uyida bir gʻunajin soʻyilib, ovulning oqsoqollariga bir kosadan shoʻrva berildi.

Hayot shafqatsiz. Odamlar ham.

Balki bunda bir hikmat bordir, har nechuk, qabristondan qaytgan odamlar marhum haqida emas, koʻproq kundalik tirikchilik tashvishlari haqida gaplashishardi.

E, ishlar bilan boʻlib sal kechikib qoldim-da, deb qoldi bir payt Gʻoziqul sal balandroq ovozda. Koʻpchilik u tomonga «yalt» etib qarashdi. Boʻlmasa keyingi juma yumshoqqina «Mersedes» mashinasida kelib, otam bilan enamni Buxoroga, ziyoratga olib borib kelmoqchiydim. Ogʻaynilarga tayinlab qoʻygandim. Barisi tayyorgarlik koʻrib, kutib turishgandi...

Nechukdir bu gaplardan soʻng xonaga oʻlik sukunat choʻkdi. Oqsoqollardan koʻpchiligi allanimadan xijolat chekkanday bosh egib, dasturxon popugidan koʻz uzmay oʻtirishardi.

Shu «Mers»ni oʻzim olmoqchiman, deya gapida davom etdi Gʻoziqul. Yaqinda bir katta ish qildim, qoʻlimga katta pul tushadigan. «Koʻk»idan...

Norboʻta avval tomoq qirdi. Soʻng alaqanday jerkigan ohangda:

Uka, deb chaqirdi.

Gʻoziqul sergak tortib shu tomonga qaradi.

Seni soʻrashayotgandi, dedi Norboʻta tashqariga ishora qilib.

Shu yerdayam topib olishadi-ya, dedi iljayib Gʻoziqul shoshib oʻrnidan turarkan.

Norboʻta ukasi bilan izma-iz chiqdi.

U yoqda, dedi u Gʻoziqulga doʻng ortini koʻrsatib.

Gʻoziqul hayron boʻlib shu tarafga yurdi.

Norboʻta ukasining ortidan keldi. Uning qoʻlida bir tuguncha bor edi.

Mana, dedi u tugunchani ukasining qoʻliga tutib. Bu yerda ikki yuz ming. Otam oxirgi kunlari tildan qoldi. Agar gapirganida shunday vasiyat qilishi aniq edi. Shaharga bor. Kelinning koʻzi eson-omon yoriganidan keyin qishloqqa koʻchib kelinglar. Ana joy, ana uy. Biz ham qarab turmaymiz. Xohlasang fermerligimni ol. Endi shaharda uytib yurish senga yarashmaydi...

Aka, siz tushunmayapsiz-da, yaqinda ishlarim «besh» boʻlib ketadi...

Ammo Norboʻta ukasini gapirtirgani qoʻymadi. U qoʻli bilan qishloq oʻrtasidagi bekatga ishora qildi.

Hozir esa bor. Yarim soatlardan soʻng avtobus oʻtadi. Shaharingga joʻna. Negadir hozir seni koʻrgim kelmayapti... Hozir ketsang, hammamizga yaxshi boʻladi... Keyingi bozor xudoyi qilamiz. Kelsang yaxshi boʻladi...

Kelaman, dedi hovliqib Gʻoziqul. Albatta kelaman...

Gʻoziqul tugunni bagʻriga bosgancha, akasining fikridan aynib qolishidan choʻchiganday bekat tomon tez-tez yurib ketdi.

Gʻoziqul yakshanba kuni xudoyiga kelolmadi. Bir talabadan «Zarur ishim chiqib qoldi. Lekin tez orada «Mers»da boraman», deb aytib yuboribdi...