OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqayum Yoʻldosh
Asar nomiYulduzning yoʻli (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqayum Yoʻldosh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm90KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/16
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnali, 2008


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduzning yoʻli (qissa)
Abduqayum Yoʻldosh

— ...Men hali mashhur artist boʻlib ketaman! Yulduz boʻlib ketaman!

Ha, u xuddi shunday dedi. Goʻyo ikki karra ikki toʻrtligi qanchalar haqiqat boʻlsa, uning mashhur xonandaga aylanishi ham xuddi shunday isbot talab qilmaydigan aksiomadek.

Talaba yigitlardan bir-ikkitasi istehzo bilan kulib qoʻyishdi, toliba qizlardan uch-toʻrttasi lab burishdi. Semiz Komila esa piching qilishdan oʻzini tiyib turolmadi:
— Voy oʻlib qolaman... — Soʻng nafrat bilan qoʻshib qoʻydi: — Jinqarcha!

Vaholanki, kelajak manzarasini aytayotgan mahal yigirma yoshlardagi qotma yigitning kirpi sochlarimi, qirra burnimi, shaxd bilan qimtilgan yupqa lablarimi, qorachiqlarida yonayotgan laxcha choʻgʻmi — nimasidir parvozga shaylanayotgan lochinni eslatardi.

Aftidan, yigit koʻp bor davralarda oʻzining bu da’vosini aytgan va mazaxlarga, oshkora bepisand munosabatlarga xoʻb duch kelaverib yo oʻrganib qolgan, yo terisi qattiqlashgan, shekilli, Komilaning haqoratini quloqlari tagidan oʻtkazib yubordi-da, hech narsa boʻlmaganday yana torini qoʻlga oldi va berilib shoʻx bir musiqani chala ketdi.

Musiqa shoʻx edi, qoʻshiq ham shunga yarasha boʻldi. Ammo...

Ammo davra boshqacha edi.

Shaharning hadisini olib ulgurishgan talabalar allaqachon «zamonaviy» qoʻshiqlarga oʻtib olishgan edi. Qizlar DVD diskini qoʻyishib, ekranda Bʼyanka deganining koʻkrak oʻyinlarini miriqib tomosha qilishni xush koʻrishardi. Yigitlar esa «ViaGRA»degan ansamblning yarim yalangʻoch juvonlarining dumba oʻyinlariga ishqiboz. Yana qanchadan-qancha odamning hattoki tili kelishmaydigan rep-peplaru, pop-xoplar ularning xizmatida edi. Bu izdihomda esa yigirma yoshlardagi yigitchaning tor tingʻirlatib, bittagina doira joʻrligida qoʻshiq aytayotgani davra ishtirokchilariga erish tuyulayotgandi.

Buning ustiga... davra allaqachon «qizib» ulgurgandi. Mayi nobdan noʻsh etib olgan talabalar endi-endi raqs tushishni, ayrimlari esa raqs bahona bir-birlarining pinjilariga kirib, qon koʻpchigan badanlarini bir-birlariga ishqashni ham oʻrinlatishgan edi. Shunday mahal qaydandir paydo boʻlib qolgan hofizning chiranib, boʻyin tomirlari oʻqlogʻday boʻrtgan holda «jonli» qoʻshiq ijro etishi ehtiroslari joʻshib, koʻzlari lazzatdan yumila boshlagan mehmonlarning ustidan sovuq suv quyib yuborganday yoqimsiz ta’sir koʻrsatgan edi.

Va nihoyat hofizning davra tomonidan oshkora tarzda sovuqqina va hattoki dushmanlik kayfiyati bilan kutib olinishining uchinchi sababi shunda ediki, tugʻilgan kuni nishonlanayotgan, ammo allaqachon gʻirt mast boʻlib olgan, shu sababli endi xonadagilarga koʻzlarini arang ochib, merovlanib qarayotgan Samad toʻsatdan bostirib kelgan bu ikki mehmonni tuzuk-quruq tanishtira olmadi ham; buning oʻrniga tushuniksiz bir nimalarni gʻoʻldirab qoʻydi, xolos.

Shunda tashabbusni oʻz qoʻliga olgan hofiz aslo xijolat chekmagan holda gʻilofdan torini olish asnosida e’lon qildi:
— Men Samadning sinfdoshi boʻlaman. Madaniyatda oʻqiyman. Joʻram tugʻilgan kuniga taklif qilib, bir-ikkita ashula aytib berishimni iltimos qilgandi. Mana, biz keldik, xizmatingizdamiz.

Na ismini aytgan, na oʻzi tengi doirachini tanishtirgan hofiz shundan keyin oʻziga qoʻl silkishga urinayotgan Samadga qarab iljayib qoʻydi-da, ogʻir bir ashulani aytishga tutindi. Boshqalar hali oʻziga kelib ulgurmasidan burun tili zahargina Komila engashib, qoʻlini qoʻliga tekkizib turgan yigitga shivirladi:
— Nahorgi oshga keldim deb oʻylayaptilar shekilli.

Hofiz boʻlsa berilib maqom kuylashda davom etardi.

Ensasi qotgan mehmonlarning bir qismi bir-biriga norozi tarzda, qoʻshiqning avjiga chiqqan mahal boʻyin tomirlari oʻqlogʻday boʻrtib chiqqan hofizga esa gʻazab bilan qarab-qarab qoʻyishardi.

Axiyri qoʻshiq tugadi.

Hofizning keyingi ashulaga chogʻlanayotgani koʻrgan Komila nishini suqib olishdan oʻzini tiyib turolmadi:
— Qoʻshiq aytishni yaqinda oʻrgandingizmi, uka?

Kimdir «piq» etib kulib yubordi. Illo, qizi tushmagur qandaydir qiligʻi yoki gap-soʻzi bilan oʻziga yoqmagan yigitlarga haqoratomuz tarzda «uka» deb murojaat qilardi.

Biroq hofiz dovdirab qolmadi. Torini tingʻirlatib sozlashda davom etish asnosida goʻyo oldindan bunaqa savollarga tayyorlanib kelganday, Komilaning isteh¬zoli gapini yoqasidan olib yengiga yopishtirdi:
— Men bolaligimdan beri qoʻshiq aytib kelaman, opa. Oʻtgan yili respublika miqyosida oʻtkazilgan ikkita konkursda gʻolib boʻldim.

Lekin Komila uchun bunaqangi tezkor javoblar nima boʻlibdi! Axir hatto eng gapga chechan yigitlar ham «Komilaga gapir-u, qoch! Boʻlmasa u gap bilan tiriklayin teringni shilib oladi!» naqliga amal qilishardi-da. Qiz bu safar ham «terini shilib olishning» ustasi ekanligini namoyish etishdan oʻzini tiyib turolmadi chogʻi, atay baland ovozda yana yonida turib olgan va tinmay qoʻlini qoʻliga tekkizishga urinayotgan yigitga murojaat qildi:
— Nimagadir bu basharaga koʻzim tushmagan ekan...

Shubhasiz, Komila mehmonni chaqib oladigan gaplarni vagon-vagon qilib qalashtirib tashlardi.

Biroq... hofizning oʻzi bunga imkon bermadi:
— Tez orada bu basharaga hamma yerda koʻzingiz tushadigan boʻladi, opa! — dedi yigit gʻurur aralash ishonch bilan. — Chunki... Men hali mashhur artist boʻlib ketaman! Yulduz boʻlib ketaman!

Hatto dahanaki jangning rosa hadisini olgan Komila ham avvaliga dovdirab qoldi. Axir yulduzlik da’vosini har kuni eshitavermaysan-ku!

Bundan foydalangan hofiz shoʻx qoʻshiqqa oʻtdi...

Baribir alami ichida qolgan ekan shekilli, Komila nihoyat niyatiga yetib, oʻzining qoʻlini mahkam changallab olgan guruhdosh yigitga qarab toʻngʻilladi:
— Bitta mini-diski yoʻgʻ-u, yulduz boʻlaman deydi... Tuya hammomni orzu qilgan ekan. Bunga oʻxshaganlar tiqilib yotibdi... Gap desang qop-qop-u...

Guruhdosh yigit jon-jahdi bilan bosh irgʻab, oʻzi tuzuk-quruq eshitmagan, ma’nosini ham ilgʻamagan gapni:
— Toʻppa-toʻgʻri... — deya ma’qullarkan, endi zoʻr berib qoʻlini Komilaning gumbazday beli tomon yuborishni moʻljallashga tushdi.

Shoʻx qoʻshiq yakunlanay deb ham qoldiki, biron kishi davraga chiqib raqs tushmadi. Boshida bir-ikki marotaba qizlarga qarab «Raqsga» ishorasini qilib koʻrgan doirachi da’vatiga javoban hech kimda xohish uygʻonmaganini koʻrgach, battar qovogʻini osib, tumtayib oldi.

Axiyri qoʻshiq tugadi. Hofiz yengil ta’zim qilib qoʻydi. Doirachi esa oʻshshayib turaverdi.

Xonaga bir lahzalik sukunat choʻkdi.

Shunda kutilmaganda bir chekkada, koʻpchilikka qoʻshilmaygina turgan Nafisa qarsak chalib yubordi.

Koʻpchilik qiz tomonga «yalt» etib qaradi.
— Yaxshi aytarkansiz, — dedi banogoh bunchalik e’tiborga tushib qolganidan ham xijolat tortgan, ham hayajonlangan Nafisa. Soʻng qoʻshib qoʻydi: — Maza qilib eshitdik. Oʻynab ketishimga sal qoldi.

Tabiiyki, qiz bu gapni azbaroyi lutf yuzasidan aytdi. Biroq shu maqtovning oʻziga ham koʻzlari chaqnab ketgan hofiz yana bir bor nim egildi va ehtirom bilan dedi:
— Minnatdorman, singlim. Bemalol raqs tushsangiz yaxshi boʻlardi. Sizdaqangi haqiqiy muxlislar haqiqiy san'atkorni ilhomlantiradi.

Albatta, hofizning asli tengdosh qizlardan birini «opa», ikkinchisini «singlim» deb atashi, buning ustiga allaqanday kitobiyroq va chuchmalroq tilda gapirayotgani gʻalati edi.

Biroq Nafisa hozir bu haqda oʻylab oʻtiradigan ahvolda emasdi. Oʻzidan ikki yosh katta Samad bilan bir viloyatdan ekanliklari sababli, oʻzini bu yerda deyarli mezbon his qilayotgan qiz darhol mehmonlarni dasturxonga taklif qildi:
— Marhamat, marhamat.

Hofiz ortiqcha mulozamat kutib oʻtirmasdan darrov koʻrsatilgan joyiga borib oʻtirdi. Unga goʻyo «Senlar bizning san'atimizning qadriga yetmadilaring» deyayotgandek hamon qovogʻidan qor yogʻayotgan doirachisi ergashdi.

Hofizning boyagi gapiga oʻxshatib javob qaytarishga ulgurmagani uchun alami ichida turgan Komila endi oʻzining belidan quchib olgan yigitga qarab vishilladi:
— Bemaza qovunning urugʻi koʻp. Artist degani bosib ketgan hamma yoqni. Daraxtni tepsang, toʻrttasi toʻkiladi. Chaqirsang-chaqirmasang ham hech boʻlmasa qornimiz toʻyadi-ku, deb kelishaveradi uzun-qisqa boʻlishib.

Ehtimol, qiz bu gapni shivirlab aytmoqchi boʻlgandir. Ammo shu qadar qattiq shivirladiki... deyarli hamma eshitdi.

Nafisa muzlab ketdi.

Stol yoniga yetib borgan mahal hofiz taqqa toʻxtab qoldi, soʻng asta ortiga oʻgirildi va rangi quv oʻchgan holda, biroq iloji boricha xotirjamlik bilan, hattoki yengil jilmayib qoʻyishga uringan koʻyi sado berdi:
— Men tez orada yulduz boʻlib ketaman, opa. Oʻshanda doʻstim Samadga qoʻshib hammalaringni avval konsertimga, keyin shahardagi eng qimmat restoranga taklif qilaman...
— Sichqon sigʻmas iniga...

Xayriyat, yigitlardan biri magnitofon tugmachasini bosib yuborgan ekan, xonani shovqinli chet el musiqasi bosib ketdiyu, Komilaning keyingi gaplari eshitilmay qoldi.

Zero, bir boqishdayoq bir-birlarini mutlaqo yoqtirmay qolgan bu qiz-yigitning dahanaki janggi uzoq davom etishi aniq edi.

Oʻzlariga yoqadigan shunaqangi jazavali musiqani kutib turgan yigit-qizlardan bir guruhi likillab oʻrtaga chiqib kelishdi.

Nafisa stulga oʻtirishni ham, oʻtirmaslikni ham bilmay ikkilanib turib qolgan mehmonni yana bir bor taklif qildi:
— Marhamat.

Hofiz noiloj oʻtirdi, uning yonidan badqovoq doirachi joy oldi.
— Marhamat, dasturxonga qaranglar, — dedi ularning qarshisidan joy olgan Nafisa.

Avval-boshdan talabalarga xos kamxarjlik bilan bezatilgan dasturxonning allaqachon rangi oʻchib boʻlgan edi. Ayniqsa likopchadagi gazak qoldiqlari bu yer kimningdir joyi ekanligini koʻrsatib turardi.

Hofiz kichkina non boʻlagini ushatib, ogʻziga soldi, Nafisa uzatgan bir piyola choydan hoʻpladi. Soʻng, hamon toʻrda, goʻyo oʻzining bu yerda nima qilib oʻtirganiga hayron boʻlayotganday atrofga ajablanib alanglayotgan Samadga bir qarab qoʻygach, undan bir yorugʻlik chiqmasligiga ishonchi hosil boʻldi shekilli, torini gʻilofga sola boshladi. Buni koʻrgan doirachi yigit ham childirmasi gʻilofini ochdi.
— Olinglar, olinglar, hozir ovqat olib kelaman, — mulozamatni davom ettirdi Nafisa.

Hofiz bu taklifga ishonqiramaganday sal jilmayib qoʻydi, soʻng qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda javob soʻradi:
— Endi bizga ruxsat, singlim.
— Yoʻgʻ-e, bu nima deganingiz? — shoshib qoldi Nafisa. — Bir pas oʻtiringlar. Hech boʻlmasa ovqatlanib olinglar.

Hofiz oppoq tishlarini namoyish qilayotganday yana bir bor iljayib qoʻyarkan, anchayin bepisand ohangda gapirib yubordi:
— Rahmat, singlim. Aslo ovora boʻlmang. Hali boradigan joylarimiz koʻp...
— Birrovga ancha-muncha zakaz tushganmi?

Qulogʻi tagida yangragan bu istehzoli ovozdan hofiz seskanib tushdi. Zero bu savolni qayoqdandir paydo boʻlib qolib, tepasida gumbazday boʻlib turgan Komila bergandi. Ammo hofizning «madaniyat»da oʻqishi, gapga chechanligi rost shekilli, shu zahoti oʻzini oʻnglab oldi va iloji boricha bamaylixotirlik bilan, ammo qizga yeb qoʻyguday tikilib turgan koʻyi javob qaytardi:
— «Birrov»larga, opajon, mashhur boʻlganimda boraman. Oʻshanda muxlislarim menga navbatda turishadi... Hozircha xolis xizmat qilib yuribmiz.
— Oʻlar joyda emasmiz, — boʻsh kelmasdi yana oʻziga suykala boshlagan boyagi yigitni siltab tashlagan Komila, — xizmatingiz haqini toʻlashga qurbimiz yetadi.
— Afsuski, men oʻzimga oʻxshagan studentlardan pul olmayman.
— Student boʻlsak ham, tushib ketgan roʻmolimizni pul toʻlab oldirishga qurbimiz yetadi. Shunday ekan, bitta artistdan tilimiz qisiq boʻlib qolmaydi...
— Meni bu yerga boshida roʻmoli borlar taklif qilmagan. Tasavvur qiling, kelsam, sobiq sinfdoshimni hurmat qilib keldim bu yerga.
— Oʻsha hurmatingizni narxlab ayting-chi...
— Unga toʻlashga pulingiz yetmaydi.
— Oʻzingiz hali mahallangizdan nari chiqmay turib, osmondan kelasiz-a...
— Chunki men boʻlgʻusi yulduzman-da...

Komila piqillab kulib yubordi.

Janjal avj olayotganini koʻrgan Nafisa jon holatda oʻrtaga tushib, Komilani jerkib tashladi:
— Boring, oʻynang! Tilingiz qichiyotgan boʻlsa janjallashishga boshqa odam toping! Nima, hofizdan boshqa ermagingiz yoʻqmi?

Komila dugonasiga olayib qaradi:
— Ha, buncha «hofiz»lab qolding? Jigaringdan urdimi, nima balo?

Qip-qizarib ketgan Nafisa jahl bilan qoʻl siltadi:
— E, boring-e!
— Yo buning muzikasiga oʻynaging kelib qoldimi?
— Bas qiling...

Fursatdan foydalangan hofiz shosha-pisha fotiha qilgan boʻldi va oʻrnidan turib Nafisaga murojaat qildi:
— Endi bizga ruxsat, singlim.
— Voy, oʻtiribsizlar-da...
— Aytdim-ku, boradigan joylarimiz koʻp. Boʻlmasa-ku, — shunday deya hofiz tepasida gumbazday qad rostlab turgan Komilaga ishora qildi, — Samad bahona opalarning xizmatini qilib, bir duolarini olsak boʻlardi-ya...

Hofiz «opa» soʻzini allanechuk mamnun boʻlib, zaharxandalik bilan tilga olar, buni his qilgan sayin oʻzining yirik gavdasidan va yoshiga nisbatan kattaroq koʻrinishidan uyalib yuradigan Komila jigʻibiyron boʻlardi.
— Xudoga shukr, opalarning senday ukalarga kuni qolmagan...

Ammo Nafisa dugonasini boshqa gapirtirgani qoʻymadi. Musiqa yana balandlashgani sababli u hofizga qarab ovozini kuchaytirdi:
— Mayli, unday boʻlsa, aka. Sizlarga katta rahmat. Alohida, oʻtiradigan boʻlib kelingizlar...
— Albatta, albatta...

Hofiz bilan doirachi oʻrinlaridan turishdi. Oʻziga yovqarash qilib qarab turgan Komila tomonga koʻz tashlamaslikka urinayotgan hofiz qoʻlini koʻksiga qoʻyib, xayrlashgan boʻlgach, zoʻr berib sakrab oʻyinga tushayotgan talabalar orasidan oʻtib eshik tomonga yurdi. «Miq» etib ovoz chiqarmagan doirachi unga ergashdi.

Nafisa darrov mehmonlarning ortidan yoʻlakka chiqdi.
— Obshitamizning oldidagi ostanovkadan marshrutka yuradi... — deya yoʻlni tushuntirishga urindi hamon dugonasi uchun, umuman xolis xizmat qilishga kelgan yigitlarga nisbatan boʻlgan bugungi sovuqroq qabul uchun xijolat chekayotgan Nafisa.

Biroq hofiz uni gapirgani qoʻymadi:
— Yoʻlni bilamiz, — dedi u yana iljayib. — Hozir nima koʻp — taksi koʻp. Pulini kelishsangiz boʻldi, istagan mahal istagan joyingizga oborib qoʻyadi. Shuning uchun siz bizdan xavotir olmang-da, mehmonlar oldiga kiring. Samadgayam oʻzingiz qarab turarsiz. Ancha tayyor boʻlib qolibdi...
— Mayli.
— Xayr.
— Yaxshi yetib boringizlar. Rahmat.

Endi ketish uchun burilgan hofiz toʻsatdan toʻxtadi va qizga qaradi:
— Aytganday, ismingiz nima edi?
— Nafisa.
— Meniki Sadriddin. Sadriddin Mehriddinov. Eshitganmisiz shunaqa ismni?

Nafisa dovdirab qoldi, soʻng yolgʻon gapirdi:
— Eshitganman. Oʻsha sizmisiz?
— Ha, menman, — Gʻurur bilan koʻkrak kerdi hofiz. — Lekin eshitmagan boʻlsangiz ham koʻp afsus chekmang. Chunki tez orada bu ismni albatta eshitasiz. Chunki men tez orada mashhur boʻlib ketaman!
— Nasib, nasib... — beixtiyor gʻudrandi qiz.
— Siz bilan, anavi semiz opa bilan oʻshanda gaplashamiz... Lekin siz bilan undan oldinroq ham uchrashib qolsak kerak... Mayli, hozircha xayr.
— Xayr.

Sadriddin ismli bu hofiz shaxdam qadam tashlab ketdi.

Nafisa uning ortidan ajablanib qarab qoldi. Beixtiyor koʻnglidan «Odam ham oʻziga shunchalik ishonadimi? — degan oʻy oʻtdi. Soʻng darrov hofizni yoqlay ketdi:
— Talantiga ishonsa kerakki, shunaqa katta gapirayapti. Axir Xudoyam soʻraganingni beradi, deyishadi-ku. Ajab emas, katta artist boʻlib ketsa! Biz shunday odam bilan tanishligimizdan faxrlanib yursak!..»

Nafisa gʻala-gʻovur yanada kuchaygan xonaga qaytdi.
— Keldingmi? — istehzo bilan kutib oldi eshik yonida oʻshshayib turgan Komila. — Men seni anavi jinqarcha oliftaning avrashlariga uchib, birga ketib qoldingmi deb oʻylabman. — Soʻng shikoyat qila ketdi: — Koʻrdingmi, toʻrtta qoʻshiqni chala-chulpa biladimi-yoʻqmi, osmondan keladi. Indamasang, oʻzini «Xalq artisti» deb e’lon qilibam yuboradi.
— Kim biladi, balki rostdanam «Xalq artisti» boʻlib ketar, — kulimsiradi Nafisa.

Komila dugonasiga oʻqrayib qaradi:
— Goʻr boʻladi! Mozor boʻladi!

Iljayib qoʻygan Nafisa Samaddan xabar olgani shoshdi.

* * *

Kim biladi, oʻsha oqshom boʻlgʻusi yulduz hofiz Sadriddin Mehriddinovning gapiga farishtalar «omin» deb yuborishgan ekanmi, ishqilib, oradan ikki hafta oʻtar-oʻtmas Nafisa u bilan yana uchrashadigan boʻldi. Toʻgʻrirogʻi, shaxsan hofizning oʻzi bilan emas, u ishtirok etadigan konsertda.

Chiptani Samad berdi.
— Sadirning shaxsan oʻzi shaxsan senga berib qoʻyishimni tayinladi, — dedi u.
— Qaysi Sadir? — hayron boʻldi qiz.
— Anavi kuni tugʻilgan kunimga kelgan ekan-ku, — tushuntirishga urindi Samad. — Sinfdoshim. Oʻchib qolgan ekanman, bilmapmanam. Odam ja xijolat chekdi keyin.
— E, hofizmi? — kulib yuborishdan oʻzini tiyib turolmadi oʻsha oqshomgi voqealarni eslagan Nafisa.
— Oʻsha, — yengil tortdi Samad. — Xayriyat, esingda ekan.
— Boʻlgʻusi yulduz deng...

Endi Samad ham kulib yubordi:
— E, u fanat! Necha yildan beri yulduz boʻlmasam qoʻymayman deb yuribdi. Boʻlmasa maktabda oʻzimiz qatori tuppa-tuzukkina yurardi eski bir rubobini tingʻirlatib. Institutga kirdiyu, aynidi-qoldi. Oʻngidayam yulduzlik dardi, tushidayam... — Yigit birdan sobiq sinfdoshini tanqid qilayotganini sezib qoldiyu, battar xijolat tortib, uni maqtashga tushdi: — Lekin oʻzining balodekkina ovozi bor... Xullas, bilet senga, javob bizga. Shoshib turgandim.

Bu kichikroq konsert zalida Navroʻz bayramiga bagʻishlab yosh xonandalar ishtirokida oʻtkaziladigan konsert chiptasi edi. Qiz yotoqxona eshigiga yopishtirib qoʻyilgan konsert afishasini koʻrganini eslab qoldi. Eng qizigʻi, afishani diqqat bilan oʻqib chiqqan Komila lab boʻyogʻini olib, afisha ustiga «x» shaklida chiziq tortgan, soʻng katta-katta harflarda «no star», ya’ni «yulduz yoʻq» deb yozib qoʻygandi... Vaholanki, oʻshanda Nafisa dugonasi nima uchun bunday qilganiga e’tibor ham berib oʻtirmagan. Demak, «opa» oʻzini qattiq xafa qilgan hofizning ism-familiyasini keyinroq Samaddan soʻrab bilib olgan...

Oʻylay-oʻylay, axiyri Nafisa konsertga borishga qaror qildi.

Oʻsha kuni har ehtimolga qarshi bitta kattaroq guldasta ham sotib oldi. Axir chipta tekin boʻlgandan keyin, gulga pul sarflashga hattoki toliba ham ogʻrinmaydi-da...

Zal haqiqatan ham kichkinagina ekan. Shundayam u yer-bu yerda boʻsh oʻrinlar olaquroq boʻlib koʻzga tashlanib turibdi.

Nafisa yonida oʻtirgan, damo-dam qoʻl telefonlariga yopishayotgan qizlarning bepisand gap-soʻzlaridan ularga chipta majburlab tarqatilganini tushunib qoldi.

Konsert boshlandi.

Uch-toʻrtta yosh xonanda birin-ketin sahnaga chiqib ashula aytishdi. Chapaklar ham unchalik jonli chiqmadi, nomiga va juda siyrak boʻldi.

Nafisa yana yonida oʻtirgan bilagʻon, olifta qizlarning bepisand va haqoratomuz tarzda «fanera» deb qoʻyishlaridan xonandalarning jonli emas, fonogrammada qoʻshiq aytishayotganini tushundi.

Qoʻshiqlar orasida katak shapka kiygan, qop-qora, semiz kishi harsillab sahnaga chiqardi-da, «Men shokoladli quyonman» qabilidagi bachkana gaplaru anchayin pardasiz latifalar bilan tomoshabinlarni kuldirishga urinib qolardi. Ammo puli kuygan talaba tomoshabinlar unchalik kulishmas, juda nari borsa tish oqini koʻrsatib qoʻyish bilan kifoyalanishardi.

Nihoyat dastur oʻrtalarida sahnaga Sadriddin Mehridinovni taklif etishdi.

Yaltiroq kostyum-shim, sariq koʻylak kiygan, enli qizil boʻyinbogʻ taqqan, orqaga silliq taralgan sochiga nimagadir yaltiroq kukun sepib olgan Sadriddin torini koʻtargancha mikrofon qoshiga salobat bilan yurib kelishga urinayotganida yana Nafisaning yonida oʻtirgan qizlardan bir-ikkkitasi piqirlab kulib yuborishdi. Soʻng ulardan biri mazax ohangida xitob qildi:
— Masxaraboz!

Bu orada mikrofon yoniga yetib kelgan Sadriddin tomoshabinlarga ikki bora nim egilib ta’zim qildi va torini qoʻliga oldi.

Bu shoʻx qoʻshiq edi.

Nafisa shundagina qoʻshni qizlar nima uchun bepisand lab burib, bir-birlariga ma’nodor tarzda «fanera» deb qoʻyayotganini tushundi: Sadriddinning yakka oʻzi bitta tor bilan qoʻshiq aytayotgani holda musiqada gʻijjagu doiradan tortib dutoru nayga qadar boʻlgan asboblarning chalinayotgani eshitilardi. Buning ustiga, fonogrammadan foydalanayotgan boʻlsa-da, bechora Sadriddinning boʻyin tomirlari oʻqlogʻday boʻrtib kuchanayotgani gʻalati koʻrinardi.

Tomoshabinlarning deyarli hammasini tashkil etgan talabalarning aksariyati qoʻshiqni eshitishmadi ham hisob.

Buni koʻrib-bilib, sezib turgan Nafisa yana ezilib ketdi: axir hofiz konsertga qanchalik tayyorlangan, hayajonlangan. Axir konsert hofiz uchun imtihon topshirish bilan barobar-da. Bular boʻlsa...

Oʻzbek qoʻshiqlarining yaxshi bir tomoni borki, avjdan keyin asta-sekin susayish boshlanadi. Bu esa tezda qoʻshiq tugashidan dalolat ham beradi.

Ana shu susayish boshlanganini anglagan zahoti Nafisa guldastaning shildiroq qogʻozini ehtiyotlik bilan ushlab koʻtarib oldi va chekkadagi yoʻlakchadan asta-sekin sahnaga yaqinlasha boshladi.

Mana, qoʻshiq tugadi. Aftidan, gulduros qarsaklar va hayqiriqlar kutgan Sadriddin zalga jovdirab qaradi. Ammo yengil qarsak eshitildi, xolos.

Katta guldasta koʻtargan Nafisa darhol sahnaga koʻtarildi va ildam borgancha gulni hofizga tutdi.

Hayajondan Sadriddinning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.

Mudrab oʻtirgan tomoshabinlar ham birdan sahnada katta guldasta koʻtargan chiroyli qiz paydo boʻlib qolishganini koʻrishgach, «Zoʻr bir narsa ijro etildi shekilli» degan oʻyda jonlanib qolishdi. Ana shunda... ana shunda oʻzini chindan ham ortidan dasta-dasta gul koʻtargan lak-lak muxlisalari ergashib yuradigan katta hofiz his qilib yubordimi, har tugul Sadriddin engashib, gul tutib turgan qizning yonogʻidan oʻpib oldi.

Tomoshabinlar yoshlar emasmi, buni koʻrib qiyqirigʻu hushtakbozlik aralash qarsakka zoʻr berishdi. Ayniqsa yigitlarga Xudo berib qoldi.

Konsert boshlanganidan beri zalda birinchi marotaba gulduros qarsak yangradi.

Bundan ajablangan konsert tashkilotchilari ham sahna ortidan moʻralab, zalni hayratlanib kuzatishga tushishdi.

Ishqilib, Sadriddining obroʻyi birdan oshdi-qoldi.

Buni oʻzi ham sezdi chogʻi, yal-yal yashnab ketgan yigit guldastani qabul qilib olayotgan mahal Nafisaga shipshishga ulgurdi:
— Konsertdan keyin ketib qolmang, iltimos.

Nogahoniy oʻpichni kutmagani bois qip-qizarib ketgan qiz noiloj bosh irgʻadi.

* * *

Oradan yarim soatlar oʻtganidan soʻng konsert tugadi. Tomoshabinlar izdihomiga qoʻshilib tashqariga chiqib olgan Nafisa sof koʻklam havosidan toʻyib-toʻyib nafas oldi-da, soʻng hofizga bergan va’dasi esiga tushib qolib, kirish eshigidan nariroqqa, zinapoya yoniga borib turdi.

«Balki Samadga biron gapi bordir, — degan oʻyga bordi Nafisa. Keyin oʻzicha qaror qildi: — Professorni oʻn besh minut kutamiz. Mayli, bu kishini oʻn minut kutaman. Kelmasa — ketaman-boraman. Kech boʻlib qoldi, hali avtobus yuradimi-yoʻqmi... Taksi falon pul soʻrasa kerak...»

Betoqat tarzda soatiga damo-dam qarab qoʻyayotgan qizning aniq esida: endi kutishning oʻninchi daqiqasi boshlangan, soʻnggi tomoshabinlar ham zalni tark etgan va Nafisa yelkasiga osib olgan bejirim sumkachasini toʻgʻrilab, bekat tomon yurmoqchi boʻlayotgan edi. Xuddi shu mahal kulrang kostyum-shim kiyib olgan, bir qoʻlida gʻilofga solingan tor, ikkinchisida kattagina sumka va Nafisa taqdim etgan guldastani koʻtargan Sadriddin zalning yon tomonidagi zinadan oshigʻich tarzda chiqib keldi.
— Koʻrdingiz-a? Oʻzingiz koʻrdingiz-a? — dedi koʻzlari chaqnayotgan yigit hovliqib. — Oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrdingiz-a?

Dabdurustdan gap nima haqida ketayotganini anglamagan qiz noaniqroq tarzda bir nima deb gʻoʻldiragan boʻldi.

Ammo yetti qabat osmon ustida, bulutlar bagʻrida suzib yurgan yigit muxlisasining holatiga yoinki oʻzini tutishiga e’tibor beradigan darajada emasdi.
— Buni borib Samadga aytib berasiz, anavi semiz opaga aytib berasiz... Ular bilib qoʻyishsin xalq oʻz talantini qanday qadrlashini! Gulduros qarsak naq besh minut tinmadi-ya! Administrator hayron. «Bunaqa ovatsiya faqat yulduzlarga nasib etardi. E, senga gap yoʻq!» deb yubordi. Direktor oʻz ogʻzi bilan «Besh ketdim!» dedi.

Anavilarning boʻlsa barisining keti kuyib ketdi. Barisining qovogʻi solinib ketdi. Bittasi boʻlsa uyalmay-netmay «Buni oʻzing uyushtirdingmi?» deydi. Yaramas! Hammani oʻziga oʻxshatadi-da. Toʻrttasiga tekin bilet bergan ekan, hammasi quruq qoʻl bilan kelibdi. Shuning alamini mendan olmoqchi boʻldi-da. Lekin menam boʻsh kelmadim. Shartta «Bu qizni umrimda birinchi koʻrib turishim edi!» deb yubordim. Ichiqoraligidan rangiyam qorayib ketdi ablahning. «Agar tanishing boʻlmasa nega uning qulogʻiga bir narsa deb shivirlading?» deydi pastkash. Darrov gapini yoqasidan olib yengiga yopishtirdim: «Uchrashuvga taklif qildim, konsertdan keyin koʻrishmoqchimiz!» dedim. Boʻldi, oʻchdi shu bilan. Lekin, bilaman, gapimga ishonmay ortimdan poyloqchilib qilib chiqadi. Ha, ana, qarang, koʻzi yiltirab turibdi ablah...

Nafisa beixtiyor yigit ishora qilgan tarafga koʻz tashladi. Darhaqiqat, Sadriddin hozirgina chiqib kelgan tarafdagi qorongʻulik bagʻridan bir juft yiltirab turgan koʻz koʻringanday boʻldi.
— Ishonmaydi, orqamdan poylaydi... — zorlanishga oʻtdi hofiz. — Oʻzingiz ayting, shunaqalar bilan birga ishlab boʻladimi, Nafisaxon?

Albatta, qizning yigitga rahmi keldi, shunaqalar bilan birga ishlashga majbur boʻlgani uchun achindi ham. Ammo vaqt oʻtib borardi. Yotoqxona esa olisda...
— Sadriddin aka... — deya nihoyat yigitning gapini boʻlishga urindi Nafisa.

Lekin hofiz uni eshitadigan ahvolda emasdi. Shikoyatga zoʻr bergan yigit banogoh guldastani qizga tutdi va uquvsizlik bilan sumka hamda torni bir qoʻliga olarkan:
— Mening qoʻltigʻimdan oling, — deb shipshidi.

Garangsib qolgan Nafisa beixtiyor shivirlab soʻradi:
— Nega?
— Anavi ablah orqamdan poylayapti, — yerga qarab, yanada past ovozda izoh berdi yigit.
— Hozir ketib qolsangiz, uch oy menga kun bermay, mazaxlab yuradi. Koʻrolmaydi-da, koʻrolmaydi. Talantimni tortib ololmagandan keyin sassiq gap qilib asabimni oʻynatish harakatiga tushib qoladi...

Toʻgʻrisi, Nafisa hofizning kim haqida gapirayotganini, nima demoqchi boʻlayotganini unchalik tushunmadi. Tushungani shu boʻldiki, qandaydir hamkasabasi Sadriddinning ortidan chiqqan va hozir uni qorongʻulikda koʻzlari yiltirabgina poylab turibdi. Endi uning shubhasini tarqatib yuborish uchun qiz hofiz bilan qoʻltiqlashib ketishi kerak... «Gadoning dushmani gado boʻlarkan-da doim», degan oʻyga borgan qiz noiloj hofizning bilagidan tutdi.

Ikkovlon birgalikda bekat tomon yurishdi.

Nafisa nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftladi, lekin hofiz asta pichirlab, uni gapirtirgani qoʻymadi:
— Ts-s... Orqamdan kelayapti, ablah...

Bunisi endi haddan ortiq edi. Kim kelayapti, nimaga kelayapti, umuman olganda esa, kelsa nima?.. Nafisa bozordagi tomoshaqovoq emaski, kimningdir oldida hofizning obroʻsi tushib qolmasin deya uning qoʻltigʻiga kirib yursa...

Konsert zali yonidagi katta koʻchada esa taksilar qatorlashib turardi.

Mashinalarni koʻrgan zahoti qaddini tik tutib, atrofga yanada viqor bilan boqa boshlagan Sadriddin eng oldinda turgan «Jiguli»ga emas, oʻrtaroqda turgan oppoq «Neksiya»ga yaqinlashdi.
— Pul ketsa ketsin, obroʻ ketmasin. «Neksiya»ga minganimni koʻrib, kechasi bilan uxlamay chiqadigan boʻldi, ablah... — shivirlab tushuntirish berdi hofiz.

Ha, yigit «minganimni» dedi, ya’ni birlikda gapirdi, inchunun gapining avzoyiga qaraganda qiz bilan shu yerda xayrlashadigandek edi. Nafisa boʻlgʻusi yulduzning oʻsha koʻrinmas ichiqora dushmani bilan bugungi janggi shu yerda yakun topishini oʻylab sal yengil tortgandek boʻldi.

Biroq... Oʻrta yoshlardagi haydovchi mulozamat bilan orqa eshikni ochib turardi. Endi oʻzini yulduzlarga xos ozgina parishonxotiru mudom ijod tashvishi bilan band odamday tutayotgan hofiz esa xuddi shunday boʻlishi kerakday avval shoshilmasdan narsalarini orqa oʻrindiqqa joyladi, soʻng qizni taklif qildi:
— Marhamat.

Ikkilanib turgan qiz hatto e’tiroz bildirib ulgurmasidan Sadriddin yana goʻyoki chuqur xayol ogʻushiga botgancha oldingi eshikni ochib, ichkariga kirib oʻtirib oldi.

Nafisa tipirchilab qoldi. Bir koʻngli hofiz bilan shu yerda xayrlashmoqchi boʻldi. Axir u oʻz ogʻzi bilan «mashinaga minganimni» deb gapirdi-ku. Keyin birdan xayoliga «Balki avval meni tashlab oʻtmoqchidir» degan oʻyda noiloj orqangi oʻrindiqqa chiqdi.

Mashina ohista oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Tamom boʻldi! — deya tantanali ravishda e’lon qildi mashina katta yoʻlga chiqqan mahali ortiga oʻgirilib, oppoq tishlarini yana bir bor namoyish etmoqchiday iljayib qoʻygan Sadriddin.

«Bularning ishiyam qiyin ekan», deb qoʻydi oʻzicha Nafisa baribir shuncha sa’y-harakat nimaga qaratilganini unchalik anglamagan holda.

Hofiz taksichiga... Oʻz manzilini aytdi.

Lekin qiz yana e’tiroz bildirishga ulgurolmay qoldi.
— Bugun katta ish qildim! — Gʻurur ila yana diydiyosini boshladi hofiz bu orada. — Oʻzingiz koʻrdingiz, xalq meni tanidi. Xalq meni olqishladi. Koʻrasiz, shu qoʻshigʻim xit boʻladi. Koʻpi bilan hafta-oʻn kun deganda kassetalarda, disklarda paydo boʻladi. Avval radiolarda aylantiraman. Keyin biroz pul topib, klip qildiraman-da, televideniega beraman. «Markaz» bilan «Yoshlar»ning oʻzi yetadi. Bir oy ichida oʻz kuchim bilan reytingning kuchli uchligidan joy olishim aniq. Mayli, qolgan ikkitasi sotilgan boʻlsin.

Oʻrta yoshlardagi haydovchi yoʻlovchiga hurmat-ehirom bilan qarab qoʻydi va soʻradi:
— Kechirasiz... siz haligi... qoʻshiqchimisiz?

Bunday izzatni pulga sotib olishga tayyor hofiz qayrilib oʻtirgan joyida gʻurur bilan koʻkrak kerdi va qiyossiz faxr bilan sado berdi:
— Ha, men xonandaman! Besh minuti kam yulduzman!

Taksichi tirik artistni birinchi marta koʻrib turganday unga yanada ehtirom bilan qarab qoʻydi va navbatdagi savolini berdi:
— Bugun konsert berdingizmi?

Huzurdan erib ketayotgan hofiz koʻzlarini yumdi va eng oddiy haqiqatni tan olishga majbur boʻlayotganday bosh irgʻadi:
— Shunday qildik, aka.

Yo haydovchi aslida shumgina odam edi, yo chindanam soddaligi bor, ishqilib keyingi savolni berishdan oʻzini tiyib turolmadi:
— Afishada oʻntacha familiya koʻrganday boʻluvdim...

Hofiz beparvo qoʻl siltadi:
— E, ularga it ham qaramadi. Men sahnaga chiqqanimda zalni qarsak bosib ketdi. Hamma hayron qoldi. — Soʻng hofiz xuddi haydovchi oʻzining gapiga ishonmay qoladiganday, shosha-pisha qizga ishora qildi: — Mana, Nafisaxon shaxsan guvoh. Toʻgʻrimi, Nafisaxon?

Iljayib qoʻygan haydovchi qarshisidagi koʻzguchadan qizga koʻz tashladi. Xijolatdan qizarib-boʻzarib ketgan, gʻujanak boʻlib olgan qiz shosha-pisha bosh irgʻagan boʻldi.

Aslida esa, Nafisaning ichini it tatalayotganday edi. Kim biladi, ehtimol boʻlgʻusi yulduzlar yoki artistlarning hammasi oʻzlarini shunday tutib, sal oshirib, koʻpirtirib gapirishar, «xalq, muxlislarim...» degan soʻzlarni oʻylamay qalashtirib tashlayverishar. Biroq, masalan, mutlaqo notanish haydovchining oldida ham maqtanib qoʻyishdan ne naf? Yo artistlar shu yoʻl bilan muxlislari sonini orttirisharmikan? Biroq avzoyiga qaraganda, taksichi «Loʻlining eshagini sugʻor, pulini ol» qabilida ish yuritadigan oʻta ayyor, ustomon odamga oʻxshaydi.

Goʻyo qizning fikrini tasdiqlaganday, haydovchi:
— Xalq albatta sizga oʻxshagan talantlarning qadriga yetadi, uka, — deb qoʻydi allanechuk nosamimiy tarzda, hattoki mazax qilayotganday.

Hofiz esa otasidan xoʻrozqand olgan yosh boladay battar taltayib ketdi.
— Ijodimni yanada kuchaytiraman, — deya Sadriddin yana qizga oʻzining olamshumul rejalarini toʻkib sola boshladi. — Avval bir-ikkita yulduzlar bilan duet kuylayman. Bu tezroq tanilib olishim uchun-da. Tuzukroq aranjirovkachi topaman. Bir tanish shoir akaxonim bor. Oʻshani ishga solaman. Ana undan keyin darrov oʻzimning diskimni chiqaraman...
— Plakat chiqaring, plakat, — oraga qoʻshildi iljayib qoʻygan haydovchi. — Rasmingizni katta qilib, kalendarniyam qoʻshib.
— Buyam toʻgʻri, — darhol rozi boʻldi hofiz. — Faqat... yilning uch oyi oʻtay deb qoldi-ku. Xalq qabul qilarmikan?
— Oʻzimizning yangi yil endi kirayapti-ku, — boʻsh kelmadi haydovchi. — Siz navroʻzdan bu yogʻini kalendar qiling. Asosiysi — Oʻzingizning katta, rangli suratingiz. Sizning rasmingizni koʻrgach xalq talab olib ketadi.
— Buyam ideya, oʻylab koʻrish kerak... — haydovchi tomonga minnatdorona boqdi hofiz.

Baribir, Nafisaning nazarida bu yerda nimadir notoʻgʻri boʻlayotgandek edi. Deylik, manavi ayyor haydovchining ham, hattoki hofizning ham boʻlar-boʻlmasga oʻrtaga xalqni qoʻshaverishi, uning nomidan gapiraverishi oʻrinsizday edi. Toʻgʻri, har ikkalovi ham xalqning vakili, ammo ularning xalq nomidan gapirishga ma’naviy huquqlari, vakolatlari bormikan...

Buning ustiga... buning ustiga boya konsert zalida yuz-ikki yuzta talaba yigit-qizning hushtak chalib, qarsakka zoʻr bergani hali hofizning xalq tomonidan e’tirof etilganini bildirmaydi shekilli...

Albatta, qiz hozir bu mulohazalarini tilga olib boʻlmasligini his etib turardi. Balki keyinchalik Samad bilan gaplashar. Har ne boʻlganda ham hofiz har ikkalovining yurtdoshi, Samadning jon sinfdoshi...

Taksi koʻp qavatli uylardan birining yoniga kelib toʻxtadi.

Nafisa taksichini bejiz ayyor odam deb oʻylamagan ekan. Zero u hofizning:
— Qancha boʻladi, aka? — degan savoliga boplab javob berdi.
— Sizdek odamdan pul olishning oʻzi noqulayku-ya, lekin, mayli, sizniki tabarruk, keyin, yulduz boʻlib ketganingizda hammaga maqtanib yuraman, shu akamning xizmatini qilganman deb, shuncha beraqoling...

Nafisa Sadriddinning rangi oʻchib ketganidanoq taksichi kamida uch barobar koʻp pul soʻraganini tushundi.

Ammo oʻzi aytganiday hofiz «Pul ketsa ketsin, obroʻ ketmasin» deydiganlar toifasidan edi. Xuddi tishini sugʻurib olayotganday yonidan aytilgan pulni chiqarib berarkan, shu yerdayam kattalik qilib qoʻyishdan oʻzini tiyib turolmadi:
— Keyingi konsertimdayam xizmatda boʻlarsiz, aka.

Haydovchi iljaydi:
— Albatta, uka. Agar ungacha «Mers»mi, «Lasetti»mi sotib olib qoʻymasangiz...

Mana shu kichkinagina maqtov aralash xushomad ham shoʻrlik hofizning kayfiyatini osmon qadar koʻtarib yubordi.

Avvaliga Nafisa shu taksida yotoqxonasiga qadar yetib olmoqchi edi. Biroq haydovchining quv koʻzlari oʻziga yoqmagani uchun «Sadriddin akaga aytsam, shopiri keksaroq taksi ushlab berar», degan qarorga keldi.

Hofiz yana tori va sumkasini qoʻliga oldi, guldastani qizga tutdi.

Indamasa, yigitning uy tomon yurmoqchi boʻlayotganini koʻrgan Nafisa darhol:
— Endi men qaytayin, Sadriddin aka, — dedi.

Hofiz qizga hayron boʻlib qaradi.
— Qayoqqa?
— Yotoqxonaga.
— Shu mahalda-ya?
— Nima qipti, — kulimsiradi qiz. — Hozir nima koʻp — taksi koʻp. Pulini kelishsangiz... Aytmoqchiydimki, menga taksi toʻxtatishga yordamlashib yuboring. Haydovchisi keksaroq odam boʻlsa bexavotir ketardim.

Hofiz koʻzlarini katta-katta ochdi:
— Bayram-chi?

Hayron boʻlish navbati qizga keldi:
— Qanaqa bayram?
— Birinchi konsertimni, katta muvaffaqiyatimni nishonlamaymizmi? — yigʻlaguday boʻldi hofiz.

Qizning nazarida, yana qandaydir tushunmovchilik sodir boʻlayotganday edi. Har qalay, ogʻizni toʻldirib «Birinchi konsert... katta muvaffaqiyat» deyishga hali erta-yov.

Ayni paytda Nafisaning qarshisida moʻltirab turgan yigitga rahmi keldi. Beixtiyor Samadning bir gapini esladi: «E, u fanat! Necha yildan beri yulduz boʻlmasam qoʻymayman deb yuribdi...» Aftidan, hofiz uchun dunyoda qoʻshiqdanu mashhur boʻlishdan boshqa tashvish yoʻq shekilli.
— Samadniyam chaqirganman, — deb qoldi bir mahal Sadriddin. — Zemlyaklar bir oʻtirsak oʻtiribmiz-da.
— Samad akayam keladimi? — birdan jonlanib soʻradi Nafisa.
— Allaqachon kelibam oʻtirgandir. Bitta kalitni berib qoʻyganman unga. Konsertingga borolmayman, lekin ziyofatingga boraman, degandi. Qani, yuring-chi.

Sal yengil tortgan Nafisa hofizga ergashdi.

* * *

Yoʻq, Nafisa adashgan ekan. Hofizni bu dunyoda qoʻshigʻu mashhur boʻlishdan boshqa narsalar ham qiziqtirarkan... Toʻqqiz qavatli uyning yettinchi qavatidagi bir xonalik kvartira. Ham yotoqxona, ham ijodxona, ham mehmonxona vazifasini oʻtaydigan yagona xona kambagʻallik va gʻariblikning timsoliday edi. Polda arzon palos, devorlarda rangi oʻchgan, ba’zi joylari koʻchib ham qolgan gulqogʻozlar... Oʻrtada xontaxta. Chekkada shalogʻi chiqib ketgan televizor. Chap devorga taqab qoʻyilgan shifoner. Katalakdekkina oshxona. Dogʻ bosgan gaz plitasi. Krandan sovuq suv shildirabgina oqib turibdi. Kichkina balkon. Burchakda xuddi balkonning oʻlchamlariga moslashtirilganga oʻxshash, odamning tizzasidan keladigan xolodilʼnik.

Samad hali kelmagan ekan.

Boʻlgʻusi yulduzning shosha-pisha xontaxta ustini yigʻishtirayotganini koʻrgan Nafisa:
— Men oʻzim, — deya hofizning qoʻlidan ishlarni oldi.

Odmigina dasturxon yozildi, ikki likopcha mayiz, qovurilgan yeryongʻoq qoʻyildi.

Balkonga chiqib, oʻziga yarashib turgan sport kiyimini kiyib kelgan Sadriddin sumkasidan sahna liboslariga qoʻshib alohida salafan xaltachaga solingan ikkita non, shokolad, yarimta kolbasa va bitta konʼyak chiqardi.

Ichimlikni koʻrgan qiz bezovtalanib qoldi.

Bu orada hamon ogʻzi tinmayotgan va, tabiiyki, faqat bugungi muvaffaqiyati haqida toʻlib-toshib gapirayotgan hofiz Nafisani oʻtirishga taklif qildi.

Qiz noiloj oʻtirdi.

Yigit fotiha qilgan boʻldi va shu yerda ham oʻzini qoʻshib ketdi:
— ...Mashhur boʻlib ketganimda siz bilan katta-katta restoranlarda oʻtiraylik. Omin.

Qiz iljayib qoʻydi.

U ildam borib, qora choy damlab kelganida Sadriddin allaqachon konʼyakni ochgan va ikki piyolaga yarimlatib quyishga ham ulgurgan edi.
— Mening bugungi muvaffaqiyatimni yuvmasak boʻlmaydi, Nafisaxon, — dedi u yalingudek boʻlib konʼyak quyilgan piyolani uzatarkan.

Qiz oʻziga yarim piyola choy quyib oldi:
— Menga manavi boʻladi. Bu Samad akaga turib tursin.
— Samadning nasibasi boʻlak, — oyoq tirab turib oldi hofiz. — Shunday kunda mening quvonchimga sherik boʻlmasangiz boʻlmaydi.
— Men oʻzi umuman ichmayman.
— Men ham! Lekin shunday kunda...
— Hozir Samad aka kelib qolsa noqulay boʻladi... Qoʻying. Men choy ichib qoʻya qolay.
— Samad oʻzimning joʻram. Bugungi muvaffaqiyatimni eshitsa, bitta konʼyakni bir oʻzi ichib qoʻyishi aniq.
— Lekin men rostdanam ichmayman.
— Men ham, dedim-ku! Lekin nahotki... — hofizning koʻzlari gʻiltilladi, — mening birinchi konsertimni, birinchi muvaffaqiyatimni, xalqning olqishini koʻrib turib...

Sadriddining koʻngli boʻshashib, oʻpkasi toʻlib borayotganini koʻrgan Nafisa noiloj piyolani qoʻliga oldi.
— Qani, mening muvaffaqiyatim uchun! — qadah soʻzi aytdi yigit.
— Tezroq yulduz boʻlishingiz uchun, — kulimsirab tilak bildirdi qiz.
— Endi bu tarafdan problema yoʻq! — ishonch bilan ta’kidladi hofiz. — Lekin agar niyatingiz chin boʻlsa, piyolani «oq» qilib berasiz. Shunda ishonaman.
— Yoʻq, Sadriddin aka, men hecham ichmaganman.
— Axir... shunday kunda... xalq oldidagi birinchi imtihonimdan keyin... Oʻzingiz koʻrdingiz-ku...

Yigit kishining yalinib turishini eshitish, tomosha qilib turish gʻalati boʻlarkan.

Noiloj qolgan Nafisa konʼyakdan bir hoʻpladi.
— Yoʻq! Yoʻq! — turib oldi hofiz. — Nahotki istaklaringiz samimiy boʻlmasa! Shuni ichib bering. Boʻldi. Keyin Samadni kutamiz.

Soʻnggi dastak sabab boʻldiyu, Nafisa koʻzlarini chirt yumgancha achchiq konʼyakni oxirigacha ichib yubordi... Ichini, ichaklarini oʻtkir bir nima tilib oʻtgan, koʻzlaridan duvillab yosh quyilgan qizga hofizning oʻzi gazak uchun shokolad tutib turardi...

Nafisaning aniq esida: hofiz uchinchi safar ham yigʻlaguday boʻlib yalindi, yolvordi: «Axir mening xalq oldidagi birinchi muvaffaqiyatim uchun... Iltimos... Qolganini Samad kelganidan keyin...»

Konʼyak och qoringa tez ta’sir koʻrsatarkan.

Shundan keyin Nafisa hofizning ehtiros bilan, titrab-qaqshagancha:
— Men sizni... Oʻsha birinchi koʻrganimdayoq jon-dilimdan sevib qolganman... Sizsiz yashay olmayman... Tasavvur qiling, men mashhur boʻlib ketganimda ham birga boʻlamiz... — deb shivirlayotganini eshitdi.

Hofizning oʻzi tuman orasida qolganday edi, soʻzlari olisdan eshitilardi.

Nogoh Sadriddin qizning kaftini sindirib yuborguday darajada mahkam changalladi va:
— Sizni yaxshi koʻraman, jonim! — deya xitob qildi. — Oʻzimni, butun ijodimni sizga bagʻishlayman. Faqat siz uchun yashayman, faqat siz uchun qoʻshiq aytaman!.. Nomingizni abadiy qilaman... Koʻrasiz, men hali mashhur boʻlib ketaman...

Soʻng... boshi aylanayotgan, nimagadir darmoni qurib, nainki sakrab turib ketishga, balki qoʻllarini koʻtarishga ham kuchi yetmayotgan Nafisa qulogʻi tagida yigitning oʻtli nafasini sezdi.

«Hozir... Samad aka kelib qolsa nima boʻladi?» degan dahshatli oʻy miyasiga chaqmoqdek urilgan qiz jon-jahdi bilan oʻzini orqaga oldi. Ammo muvozanatini yoʻqotib, ensiz koʻrpachaga chalqancha yiqildi. Tiyiqsiz hirs izmida qolgan hofiz buni boshqacha tushundi shekilli, oʻzini qizning ustiga otdi...

* * *

Hofiz Sadriddin Mehriddinov-ku, ishi bitgach, pishillab uxlab qoldi. Ogʻir boʻlgandan Nafisaga ogʻir boʻldi.

Tongga qadar ovoz chiqarmaslikka uringancha, yostiq jildini mahkam tishlagan koʻyi ezilib yigʻlab chiqdi qiz bechora.

Zero, u hech mana shunday tangu tor, isqirt bir xonada, toʻysiz, chimildiqsiz bir tarzda, mast hofizning changalida, oʻzi ham kayf holida iffatini yoʻqotishini tasavvur ham etmagandi.

Boʻlar ish esa boʻlgandi. Endigi pushaymondan ne naf... Ammo...

Nafisa adoyi tamom boʻldi. Uning koʻziga dunyo qorongʻu koʻrinib ketdi. Hatto yettinchi qavatdan oʻzini tashlab yuborishni ham rejalashtirib koʻrdi. Biroq oʻzi ham sezib turardiki, bu amalga oshirib boʻlmaydigan xom xayol edi.

Endi... birgina yoʻl qolgan edi: tezroq toʻy qilish, ne-ne umidlar bilan shaharga oʻqishga yuborgan ota-onasining, dugonalarining oldida yuzini yorugʻ qilib olish...

Ammo baribir konʼyak oʻz kuchini koʻrsata boshladi. Saharga yaqin, endi atrof yorisha boshlagan palla koʻz yoshlariga gʻarq Nafisa qanday uxlab qolganini oʻziyam sezmadi.

Bir mahal Nafisa oʻzini kimdir turtkilayotganidan seskanib uygʻonib ketdi. U koʻzlarini katta-katta ochdi va shu zahoti bari boʻlib oʻtgan uyatli voqea xotirasida jonlanib, nafasi ichiga tushib ketdi.

Qizni turtayotgan hofiz edi.
— Uni qarang! — derdi Sadriddin jon holatda bir chekkada turgan, shalogʻi chiqib ketgan, oq-qora koʻrsatadigan televizorga ishora qilarkan. — Uni qarang! Koʻrdingizmi?

Shundagina Nafisa televizor qoʻyilganini koʻrdi. Xiragina ekranda bir toʻlagina yigitning ashula aytayotgani namoyish qilinmoqda edi shekilli.

Hofizning gap ohangidagi mislsiz nafrat va badxohlikni his etib, nimagadir vahimaga tushgan Nafisa qoʻrqa-pisa koʻrpani burniga qadar koʻtardi.
— Shu ham ovozmi? — qichqirib yubordi Sadriddin qoʻlini palaxsa qilgancha. — Echkining ma’rashidan farqi yoʻq-ku! Toʻrtinchi sinf bolasiyam bundan yaxshiroq aytadi. Toʻgʻrimi?

Gap nima haqida ketayotganini anglamagan boʻlsa-da, kipriklari pirpirayotgan Nafisa har ehtimolga qarshi bosh irgʻab qoʻydi va televizorga sal diqqat bilan razm soldi. Darhaqiqat, yigit xirillagan, yoqimsiz ovozda ashula aytmoqda edi.
— Televizordagilarning ogʻzini moylagan-da, ablah! — nafrat bilan vishilladi hamon oʻziga kelolmayotgan hofiz. — Bilamiz bunaqa talantsiz boyvachchalar qanaqa yoʻllar topishini. Yo teparoqda oʻtirgan biron akaxoniga qoʻngʻiroq qildirgan. Ishqilib, ilojini qilgan-da bu tullak. Keyin uch-toʻrt soʻm uzatib, ovozini kompʼyuterda toʻgʻrilagan... — Koʻzlariga qon toʻlgan Sadriddin nogoh qiz tomonga oʻgirildi: — Tasavvur qiling-a, Nafisaxon, bu ablah hatto gapirganidayam nima deganini tushunmaysiz. Dimogʻida bir narsalarni mingʻirlaydi. Men boʻlganimda umuman uni san'at ostonasiga qadam qoʻydirtirmagan boʻlardim! Bunaqalar menga oʻxshagan haqiqiy san'atkorlarning ham obroʻyini bir pul qiladi!

Xayriyat, bu orada qoʻshiq tugadi-yu, ekranda hofizni shuncha gʻazabga solgan yigitning oʻrniga diktor qiz paydo boʻldi. Ammo diktor ham xirillagan ovozda gapirardi. Aftidan, bu televizorning oʻziga tekkan kasal.

Nimagadir tobora gʻazabi qaynab borayotgan Sadriddin oxiri oʻrnidan sakrab turdi va kichkina xona ichida uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, balki Nafisani, balki oʻzini ishontirish uchunmi, ayni paytda bilagʻonligini ham namoyish etib qoʻyish uchunmi, baland ovozda gapida davom etdi:
— Lekin men mashhur boʻlganimdan keyin bu echkiga oʻxshab televizorga sahardan chiqib oʻtirmayman. Men faqat kechqurunlari, hamma televizor tomosha qilayotgan payti chiqaman! Men «Yoshlar»ning, «Markaz»ning praym-taym vaqtlarida chiqaman. Shunda meni hamma koʻradi! Avvaliga qancha kerak boʻlsa, shuncha toʻlayman! Keyin-keyin oʻzlari yalinib keladigan boʻlishadi... Ana oʻshanda bilishadi ular mening kimligimni. Ana oʻshanda manavi echkichalar aslida mening shaltogʻimga arzimasligini tan olishadi...

Uyat, nomus, iztirob va pushaymonlik aralashgan tushuniksiz bir holat shoʻrlik Nafisaning yurak-bagʻrini oʻrtamoqda edi...

Hamon karaxt ahvolda, oʻrinda choʻzilib yotgan qiz turishiniyam, turmasliginiyam bilmas, ayni paytda bundan olti-etti soatmi burun oʻzini erkalagan, bir dunyo shirin soʻzlarni aytib tashlagan hofizning chaqchaygan koʻzlariga, boʻgʻriqqan, balki shu sababdandir uxlamagan odamniki singari xunuklashib ketgan yuziga qoʻrquv va vahima bilan qarashda davom etardi.

Xayriyat, oʻzi oʻziga yorqin boʻyoqlarda tasvirlagan kelajak manzaralari koʻnglini ilitib, sal hovuridan tushirdi chogʻi, hofiz biroz oʻzini bosib olganday boʻldi va Nafisaga iljayib qaradi:
— Charchabsiz-da, jonim. Bir soat boʻldi mening turib, yuvinib olganimga. Dushga tushasizmi?

Qip-qizarib ketgan qiz sargʻayib ketgan choyshabga oʻralgan koʻyi bir amallab oʻrnidan turdi va kiyimlarini koʻtargancha yuvinish xonasiga oshiqdi.

Odamning nafasini siqib yuboradigan darajada torgina xonacha. Devorda kaftday koʻzgu. Ichi sargʻayib-qorayib ketgan kichkina vanna. Chetidagi stakanda soqol oladigan asbob, tish pastasi, choʻtka. Eshikning ichkari tomonidan qoqilgan mixda ikkita nam sochiq. Shundoq oyoq ostida... qip-qizil choyshab...

Shu yerda arang yuvinib olgan Nafisa birovning sochigʻiga artinishga koʻngli chopmagani uchun kiyimlarini hoʻl badani ustidan kiyib oldi.

Bu orada hofiz joyni yigʻishtiribdi, bir choynak choy damlab kelibdi.

Qizning hurkibgina turganini, oʻziga sinovchan koʻz tashlab qoʻyayotganini sezdimi, Sadriddin uchib oʻrnidan turdi va Nafisani yelkasidan quchib yoniga oʻtqazdi.
— Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, jonim, — dedi u odatdagiday ishonch va qat'iyat bilan. — Hali biz nafaqat tushlik yoki kechki ovqat, balki nonushta qilish uchun ham eng qimmat restoranlarga boramiz. Bularning bari, — shunday deya yigit xonaga ishora qildi, — vaqtinchalik, xolos. Hali biz saroylarda yashaymiz. Zoʻr-zoʻr saroylarda. Odamning koʻzini qamashtirib yuboradigan saroylarda... Qani, oʻtiring-chi, jonim.

Nafisa oʻtirdi.

Sadriddin ilhom bilan gapida davom etdi:
— Anov kuni televizorda ...ning uyini koʻrsatishdi. Dabdaba! Lekin vkusi yoʻq ekan. Xonalarini juda rasvo qilib bezabdi. Men darrov uyining proektini chizib oldim. Lekin bizning uy boshqacharoq boʻladi. Uniki ikki qavat edi. Bizniki uch qavat. Hozir... chizib qoʻyganman... hozir...

Ammo bir chekkada, tor gʻilofi yonida aralash-quralash boʻlib yotgan qogʻozlar ichidan loyihani topish oson emasdi. Bir-ikki unnagandan keyin, buni oʻziyam tushundi shekilli, hofiz qoʻl siltadi:
— Ha, mayli, keyin koʻrsataman. Yaxshisi, hozir aytib beraman. Siz tasavvur qiling. Uyni fasaddan boshlayman... Yaponlarning uylarini koʻrganmisiz?..

Ammo Nafisaning bunaqangi tafsilotlarni eshitib oʻtirishga toqati yetmadi. Hamon yuragi poʻkillab turgan qiz beixtiyor dilidagini tiliga chiqardi:
— Nima qilib qoʻydik, Sadriddin aka?

Birdan gapdan toʻxtagan hofiz avval Nafisaga ajablanib qaradi, keyin shu ohangda soʻradi:
— Nima qilibmiz?

Bu qadar beparvolikdan lol qolgan qiz:
— Axir... axir... — deya piqillab yigʻlab yubordi.
— Tinchlikmi, jonim?

Nafisa yuvinish xonasi tomon ishora qildi:
— Axir... Kechasi...

Birdan hammasini tushunib, yengil nafas olgan hofiz sira shubhaga oʻrin qoldirmaydigan ohangda qizni yupatdi:
— Boʻladigan ishning ertaroq boʻlgani yaxshi, jonim. Men sizni sevaman. Siz meni sevasiz.

Yana nima kerak? Hozirgi vaqtinchalik ogʻir kunlarimda meni ma’naviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turganingizning oʻzi katta gap. Hali buning rohatini koʻrasiz. Hali menga rahmatlar aytasiz.

Shuncha urinsa-da, Nafisa baribir nima uchun hali hofizga rahmatlar aytishini tushunmadi. Shu sababli betini sidirib tashlab boʻlsa ham ochigʻiga koʻchdi:
— Endi... toʻy qilmasak boʻlmaydi...
— Toʻy? — Yoʻq, Sadriddinni gap bilan dovdiratib yoki mot qilib boʻlmasdi. Hozir ham hofiz bir tuki qilt etmasdan, goʻyo birozdan keyin osmonga quyosh chiqib kelishi haqida gapirayotganday ishonch bilan dedi: — Albatta, jonim! Oʻziyam toʻymisan toʻy boʻladi! Tasavvur qiling: ulkan restoran. Oʻzbekistonning eng mashhur artistlari tabriklash uchun navbatda turishibdi. Bu yoqda televidenie, radio, gazit-pazitlarning apparat koʻtargan muxbirlari... Tabriklar, intervʼyular...

Nimagadir Nafisa bu manzarani tasavvur qilolmadi. Shu sababli yana bir bor dilidagini tiliga chiqarishga majbur boʻldi:
— Qachon?
— Oz qoldi, jonim, juda oz. Oʻzingiz koʻrdingiz, birinchi sinovdan «besh» bahoga oʻtdim. Endi bir martagina televizorda koʻrinish bersam boʻldi, u yogʻi oʻz-oʻzidan yurishib ketadi. Ishonavering, xalq oʻzining haqiqiy talantlarini qadrlaydi. Ana oʻshandan keyin... Oʻshandan keyin...

Lazzatdan koʻzlari suzilib ketgan hofiz boshini magʻrur koʻtardi va goʻyoki koʻrinmas dushmaniga ta’kidlayotganday, balandparvoz ohangda xitob qildi:
— Ana oʻshanda Sadriddin Mehriddinov oʻn kunlab «Xalqlar Doʻstligi» saroyida konsert beradi! Ana oʻshanda Sadriddin Mehriddinovni toʻyga, hech boʻlmasa «birrov»ga taklif qilish uchun odamlar navbatda turadi. Ana oʻshanda Sadriddin Mehriddinovni bugun mensimay yurgan dushmanlari kuyib kul boʻladi. Ana oʻshanda Sadriddin Mehriddinovga pul suvday oqib keladi. Shunchalik koʻp pul boʻladiki, siz hatto ularni qaerga joylashni ham bilmay qolasiz...

Har qalay, yosh boladay tez orzuga beriluvchan hofiz kelajak manzaralariga Nafisani ham qoʻshmoqda edi. Shunga qaramasdan, baribir koʻnglidagi xavotiri tarqamayotgan Nafisa navbatdagi savolni berdi:
— Kecha Samad akaniyam keladi degandingiz...

Hamon orzular qanotida, yetti qabat osmonda sayr qilib yurgan hofiz pinak buzmadi:
— Kelaman, degandi. Kelmadi, ablah... Shu qilganiga uni kuyovjoʻralikka qoʻshmay, bir yalintiray...

Nafisa noiloj oʻrnidan turishga chogʻlana boshladi:
— Darsdan kechikib qolmay.

Ajabki, bu taklifga Sadriddin hech ikkilanmasdan rozi boʻla qoldi.
— Mayli. Men ham, — hofiz shunday deya tori tomon ishora qildi, — biroz ijod qilishim kerak. Keyin institutga oʻtaman. Kechqurun shu yerga kelavering.
— Nega?

Bu savol beixtiyor ogʻzidan chiqib ketgan shoʻrlik Nafisaning yuzi lavlagiday qizarib ketdi.
— Oqshom gaplashi-ib oʻtiramiz, — shu zahoti javob qaytardi hofiz.

Nafisaning esa Sadriddin bilan «gaplashi-ib oʻtirgisi» kelmayotgandi. Zero, qizning yuragi nimadandir gʻash boʻlmoqda edi. Goʻyo oʻzi tuzatib boʻlmas bir xatolikka yoʻl qoʻydiyu, tez orada buning jabrini totadigandek...

Ammo ayni paytda bularning hammasini tahlil qilib oʻtirishga fursat yoʻq edi. Qiz chindan ham darsga kechikib qolishi mumkin edi. Shu sababli Nafisa asta oʻrnidan turdi va eshik yonida yotgan sumkachasini qoʻliga oldi.

Birdan mehribon boʻlib qolgan Sadriddin qizni bekatgacha kuzatib qoʻyarkan, uning oʻqish joyiga qaysi avtobuslar borishini tushuntirdi.

* * *

Institut binosining oynavand eshigi yonida rangi oʻchib, lablari gezarib ketgan Nafisani semiz Komila kutib turardi. — Agar oʻsha jinqarchaning oldidan kelayotgan boʻlsang, — dedi salom-alikni ham nasiya qilgan Komila vishillab, — bundan keyin men sen bilan umuman gaplashmayman.

Rangi battar oqarib ketgan Nafisa oʻzini oqlashga urindi:
— Birinchi konserti ekan... Oʻshani nishonladi...
— Odam koʻp boʻldimi? — dugonasiga sinovchan tikildi Komila.
— Koʻp...
— Quloqqa lagʻmon osma! — Oʻshqirib berdi Komila. — Jonday joʻrasi Samadni chaqirmagan joyda sen begonaga pishirib qoʻyibdimi?
— Samad akani chaqirgan ekan... — jon-jahdi bilan tushuntirishga urina boshladi Nafisa.

Komila nafrat bilan yuz burdi:
— Bu ertagingni enangga ayt! Samadning xonasiga sakkiz marta chiqib keldim. Oʻtiribdi, hech gapdan xabari yoʻq... Jinqarchaning qaerda turishiniyam bilmas ekan. Boʻlmasa-ku, bostirib borib boʻlsayam adabingni berardim-a!.. Nima, bazm ertalabgacha davom etdimi?
— Ertalabgacha... — arang shivirladi nafasi ichiga tushib ketgan Nafisa.
— Keyin dasturxonni yigʻishtirishgansan, shundaymi?
— Shunday, — bazoʻr ovozi chiqdi Nafisaning.
— Hoy qiz, — doʻq urdi bahaybat Komila bahaybat mushtini doʻlaytirib. — Bunaqa burni tanqaygan jinqarchalar uchun qizlar bir pas oʻynab, soʻng tashlab ketiladigan oʻyinchoq, xolos. Toʻrtta ashulani biladimi-yoʻqmi... Sen koʻzingga qarab yur! Bir narsani sezsam, oyogʻingni urib sindiraman lekin!
— Xoʻp...

Qizlar darsga shoshilishdi.

* * *

Shu kuni kechqurun Nafisa hofizning uyiga bormadi. Nimagadir oyogʻi tortmadi.

Buning ustiga oʻziga tez-tez shubhalanib qarab qoʻyayotgan Komilaning vajohati ham yomon edi.

Toʻgʻri, qiz koʻnglining tubida bir istak bor edi. Sadriddin uni kuta-kuta charchasa-yu, soʻng bir katta guldasta koʻtarib, yotoqxonaga oʻzi kirib kelsa.

Har qalay, bu boshqacha boʻlardi-da...

Ammo hofiz kelmadi.

Nafisa dami chiqqan pufakday shalvirab qoldi.

U ertasi kuni darsga arang sudralib bordi.

Nafisaning nazarida, qandaydir adolatsizlik, balki tushunmovchilik sodir boʻlayotganday edi. Har qalay, «Oʻzimni, butun ijodimni sizga bagʻishlayman. Faqat siz uchun yashayman, faqat siz uchun qoʻshiq aytaman!..» deya va’dalarni qalashtirib tashlagan hofiz suyuklisidan bir xabar olishi kerak edi. Axir bu yer katta shahar boʻlsa. Har qadamda minglab tasodiflar kutib turgan boʻlsa...

Mayli, dushman koʻngilning qutqulariga uchmadi ham deylik. Ammo «Sizni yaxshi koʻraman, jonim!» degan e’tirof qorindan chiqmagandir. Hech boʻlmasa shu yurak izmida bir kelib, xabar olib ketmaydimi... Sogʻinmaydimi...

Oʻylayverib, Nafisaning boshi ogʻrib ketdi.

Soʻng qasdma-qasdiga bugun ham hofiznikiga bormaslikka qaror qildi.

Qani, koʻraylik-chi, oʻzi kelarmikan yoki... yoki... Komila aytganiday, bunaqalar qizlarni ermak oʻrnida koʻrarmikan, xolos...

Ammo...

Nafisa nogoh dahshatga tushdi.

Kelmasa-chi?.. Butunlay... goʻyo oralarida hech narsa boʻlmaganday... hech narsa... Unda nima qiladi?.. Kimga dod deb boradi? Kimga ishonadi?.. Kimdan yordam soʻraydi?.. Sharmandai sharmisor boʻlmaydimi? Buni eshitsa, Komila balki oyogʻini urib sindirmas, lekin undan battar koʻyga solishi aniq...

Yuragi hapriqib ketayotgan Nafisa darsdan keyin yotoqqa kelgach, xonasiga kirdi, chiqdi, yana kirdi, yana chiqdi. Keyin esa...

Keyin esa hamon oʻziga hamon ora-sira oʻqrayib qarab qoʻyayotgan Komilaning koʻzini shamgʻalat qildiyu, koʻchaga otildi.

* * *

Tanish bekat, tanish uy. Yettinchi qavat. Yuragi dukirlab urayotgan Nafisa eshik qoʻngʻirogʻini bosdi.

Biroq qoʻngʻiroq ishlamas ekan shekilli, ichkaridan tiq etgan sas eshitilmadi.

Nafisa qulogʻini eshikka bosib, tugmani yana bir-ikki marta bosdi.

Yana jimlik.

Qiz noiloj eshikni taqillatdi. Avval astaroq, keyin, biroz kutib turgach, qattiqroq.

Ana shundan keyingina ichkaridan qadam tovushlari eshitilganday boʻldi. Kalit buralib, eshik ochildi.

Xuddi oʻsha konsert kunidagiga oʻxshab yaltiroq kostyum-shim, sariq koʻylak kiygan, enli qizil boʻyinbogʻ taqqan, biroq bu safar sochiga yaltiroq kukun sepmagan Sadriddin qizni koʻrdiyu, yashnab ketdi.
— Buni qarang! — qoʻllarini keng yoygancha xitob qildi hofiz. — Xudo bor-da, Xudo bor! Endi oldingizga bormoqchi boʻlib turgandim. Yuragingiz yuragimni sezgan-da, jonim, sezgan! Buni qarang!

Shunday deya Sadriddin Nafisani shundoq yoʻlakda quchib oldi.

Uyalib ketgan qiz oʻzini ichkariga olishga shoshdi.
— Ishqilib, kecha kelib, ovora boʻlib ketmadingizmi? — birdan xavotirga tushib soʻradi hofiz.
— Yoʻq. Nimaydi?
— Xayriyat, — yengil nafas oldi Sadriddin. — Kecha bir zakaz tushib qoldi. Bir kattaroq odam uchinchi marta uylanyapti ekan. Shunga bir kafeda joy qilishibdi. Uch-toʻrt kishi borib xizmat qilib keldik... Qani, ichkariga kiring, sizga aytadigan zoʻr yangiligim bor!

«Zoʻr yangilik» xabarini eshitib, koʻnglidagi xavotirlar oʻrnini iliq hissiyot egallay boshlagan Nafisa ichkariga oshiqdi.

Oʻsha yagona xonaga kirishgach, hali oʻtirmaslaridan burunoq qizdan battar hovliqib ketayotgan hofiz yangilikni e’lon qilishga shoshdi:
— Meni tabriklang! Meni toʻyga chaqirishdi!

Qiz baqa boʻlib qoldi. Har nechuk, u yangilik hofiz ikkalovining shaxsiy munosabatlarida daxldor deb ishonib turgandi-da.

Bundan bexabar Sadriddin hamon ogʻiz koʻpirtirardi:
— Aytdim-ku, xalq oʻz talantlarining qadriga yetadi deb. Konsertdan keyin birdan reytingim oshib ketdi. Mana, katta toʻyga chaqirishdi. Hozircha «birrov»ga boʻlsayam... Lekin keyin zoʻr boʻlib ketadi. Qoʻshigʻimni bir eshitganlarning oʻzlari orqamdan yugurib qolishadi!
— Shuni... aytgani borayotganmidingiz? — nihoyat sado berdi birdan madori qurib, charchab ketgan shoʻrlik Nafisa hafsalasi pir boʻlganini yashirishga urinib.
— Albatta! — zavq-shavq bilan e’lon qildi hofiz. — Shunday kunda yonimda boʻlmasangiz... Oʻzingiz koʻrdingiz, poyqadamingiz yoqdi, birinchi konsertim zoʻr oʻtdi.

«Oʻlsin oʻsha konsert ham!» — beixtiyor ichida qargʻanib qoʻydi Nafisa.
— ...Birinchi imtihondan «besh» oldim. Endi navbat ikkinchi imtihonga. Agar shundan ham zoʻr oʻtsam, koʻrasiz, ishlarim oʻz-oʻzidan «besh» boʻlib ketaveradi. Pul ham oʻz-oʻzidan oqib kelaveradi.

Aftidan, hofiz qizning nechukdir boʻshashib qolganini sezdi, ammo bunga ortiqcha e’tibor berib oʻtirmasdan, oʻzi ham kutmagan holda Nafisaning nozik koʻngil nuqtasiga ta’sir qiladigan gapni aytib yubordi:
— Ana oʻshanda toʻyni boshlab yuboraversak ham boʻlardi, jonim!

Baribir qiz bola — shirin soʻzning gadosi boʻladi-da. Ayniqsa Nafisa shu ahvolida...

Qizning yuzi yorishganini koʻrgan hofiz asosiy gapni oʻrtaga tashladi:
— Sizga bir iltimos bilan borayotgandim, jonim.

Nafisa sergak tortdi:
— Nima gap, Sadriddin aka, aytavering.
— Televideniega odam topdim. Uch yuzga uch marta chiqaradigan boʻldi. Aytdim-ku, bir marta chiqsam yetadi deb. Shov-shuv boʻlib ketaman. Lekin har ehtimolga qarshi uch marta chiqib qoʻysin, deyishibdi u yerdagilar. Har qalay, koʻproq odam tomosha qiladi-da. Shunga sizning oldingizga borayotgandim. Yaxshiyam oʻzingiz kelib qoldingiz. Yuragingiz sezgan-da, yuragingiz.

Baribir gap nimadaligini anglamagan Nafisa hofizga hayron boʻlib qaradi.
— «Birrov»ga yuz toʻlashadi, jonim, — hijjalab tushuntira boshladi Sadriddin. — Lekin bizga uch yuz kerak.

Shu gapni aytgach, hofiz qizga diqqat bilan tikilib turaverdi.

Nafisa noiloj yelka qisib, tan olishga majbur boʻldi:
— Tushunmadim.
— Televideniega uch yuz berishim kerak, — yana gapni boshidan boshladi hofiz. — «Birrov»ga yuz berishadi. Demak bizga yana ikki yuz kerak. Shunga, toʻylarga borib yurgan bir-ikkitasidan maslahat soʻragandim. «Qistir-qistir» yaxshi boʻlsin uchun kamida ikkita oʻyinching boʻlsin, deb maslahat berishdi.

Bu gaplarning oʻziga nima aloqasi borligini hamon tushunmayotgan Nafisa indamay qoʻya qoldi.
— Bitta oʻyinchi topdim, — axiyri maqsadga yaqinlashdi hofiz. — Arang qirqqa rozi qildim. Kiyimlariyam bor ekan... Endi biz ikkalamiz bitta odammiz. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham. Yana bir marta qoʻllab yuborsangiz boʻldi, u yogʻini oʻzim olib ketaman. Ana shunga...

Nihoyat hofizning dudmol gaplari zamiridagi maqsadni ilgʻaganday boʻlgan Nafisa choʻchib ketdi:
— Siz... siz menga otarchi boʻl demoqchimisiz?
— Qanaqangi otarchi? — xafa boʻlib lablarini burdi hofiz. — Men sizga san'atkor boʻling demoqchiman. San'atkor! Koʻpi bilan yarim soatga.
— Yoʻ-oʻq, — beixtiyor ortga tisarildi hamon tik turgan Nafisa. — Hech toʻyda oʻynamaganman.
— Dugonalaringiz toʻyidayammi? Qarindoshlaringiz toʻyidayammi?
— U boshqa...
— Hecham boshqa emas! — shartta qizning gapini boʻldi Sadriddin. — Aslida hammasi bir xil. Undayam oʻynagansiz, bundayam oʻynaysiz. Undayam pul qistirishgan, bundayam...
— Pul qistirishsa oʻyinchi xotinga berardik...
— Ha, ana! — mamnun xitob qilddi hofiz. — Kichkina farqi shuki, endi qistirilgan pulni menga berasiz! Tamom-vassalom! Boshqa hech qanaqangi farqi yoʻq. Topgan raqqosamning boʻyi sizga teng, kiyimlariyam mos keladi.
— Yoʻq, — vahimaga tushib, rangi quv oʻchdi Nafisaning. — Sira toʻyda otarchilik qilmaganman...
— Aytdim-ku, otarchilik emas, san'at bu, san'at! — jahl aralash ta’kidladi hofiz. — San'at bu! Yuksak san'at! Bu hammaning qoʻlidan kelavermaydi. Anov kuni, Samadning tugʻilgan kuni oʻynab ketgim keldi, dedingiz-ku. Tasavvur qiling: Samadning tugʻilgan kunida oʻtiribsiz, men qoʻshiq aytayapman, siz oʻynayapsiz.
— Lekin...
— Lekin-pekini yoʻq, — qizning gapini yana bir bor shart kesdi hofiz. Soʻng zorlanish ohangiga oʻtdi: — Jonim, dunyo shafqatsiz. Hammaning ham yaxshi yashagisi keladi. Yaxshi yashash uchun esa kurashish kerak. Jon-jahdi bilan! Boʻlmasa bir umr itning keyingi oyogʻi boʻlib oʻtib ketadi odam. Tasavvur qiling. Amerikada bir prinsip bor: «Yarim soat uyatni yengging va boy odamga aylaning!». Eshitganmisiz, Monika Levinski degani prezident bilan yaqin boʻlganini aytib, katta pul ishlab olgan...
— Lekin bu yer Amerika emas...
— Men ham sizga qon yuqi choyshabni soting deyayotganim yoʻq! Men sizdan yordam soʻrayapman. Bor-yoʻgʻi yarim soat oʻynab bering. Men bilaman, siz tugʻma raqqosasiz. Yurishlaringiz, oʻzingizni tutishingiz, qomatingiz — hamma-hammasi haqiqiy professional raqqosanikidek... Katta toʻy. Qistir-qistir yaxshi boʻladi. Uch yuz ishlasam boʻldi, ertagayoq oʻrtada turgan odamga oborib beraman. Indinga televizorga chiqaman. Qarabsizki, nari-berisi bilan bir oy ichida mashhur boʻlib ketaman! Yulduz boʻlib ketaman! Keyin pulning oʻzi bizga oqib kela boshlaydi. Boshqa bironta toʻyga qadam bosmaysiz! Yigit soʻzim! Bir marta qoʻllab yuboring...

Xuddi shu soniyada hofiz toʻy haqida gapirgani mahal qizning yuzi yorishib ketganini eslab qoldi chogʻi, yana oʻsha mavzuda gap ochib, qizni avrashga zoʻr berdi:
— Ana shundan keyin, jonim, katta toʻy qilamiz. Keyin bu kunlarni kulib eslab yuramiz... Men ota-onangizning yoniga kambagʻal student boʻlib borishni istamayman. Men taniqli yulduz boʻlib borishni istayman. Men puli koʻp kuyov boʻlib borishni istayman. Toki ular ham men bilan faxrlanishsin!

Qizning hamon ikkilanayotganini koʻrgan Sadriddin endi oshkora yalinishga oʻtdi:
— Yarim soat, jonim. Bor-yoʻgʻi yarim soat. Va bir umrlik rohat-halovat.

Choʻkayotgan odam xasga yopishadi. Zoʻr berib bahona yoki sabab qidirayotgan Nafisa oxiri kalta sochiga ishora qildi:
— Hech zamonda shunaqa sochli oʻyinchi ham boʻlganmi?
— Hechqisi yoʻq! — pinak buzmadi hofiz. — Kerak boʻlsa ulama soch qoʻydiramiz... Umuman olganda esa, — birdan koʻzlari chaqnab ketdi Sadriddinning, — umuman olganda kalta soch bilan borganingiz ham ma’qul. Tasavvur qiling, katta toʻyda uzun sochli oʻyinchi bilan birga kalta sochli oʻyinchiyam raqsga tushayapti. Bu odamlarning e’tiborini tortadi. Bu odamlarning esida qoladi. Biz esa ularning esida qolishimiz shart. Bizga shundan boshqa yoʻl yoʻq. e’tibor bergan odam pulini ayamaydi... Xoʻpmi, jonim? Aytdim-ku, hali yulduz boʻlib ketganimdan keyin bu kunlarni kulib eslab yuramiz deb...

Nafisa hamon ikkilanardi...

Ana shunda... ana shunda koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan Sadriddin tiz choʻkdi:
— Sevgimiz haqqi! Yorqin kelajagimiz haqqi! Tugʻilajak farzandlarimiz haqqi, jonim!.. Koʻrasiz, men tez orada yulduz boʻlib ketaman. Buning uchun eng oxirgi turtki kerak. Shu turtkiga erishishim sizning qoʻlingizda. Hayot-mamotim sizning qoʻlingizda, jonim!.. Bir marta, birinchi va oxirgi marta qoʻllab yuboring, jonim! Shundan keyin sizni bezovta qilsam, mayli, betimga tupuring!..
— ...
— Rahmat, jonim, bilardim meni qoʻllashingizni. Bilardim meni chin yurakdan sevishingizni...

Shu gaplardan keyin ham rad javobini berish Nafisaga noqulay tuyuldi...
— Qoʻlimdan kelarmikan...

Oʻrnidan uchib turgan hofiz esa minnatdorchiligi ifodasi sifatida uni oʻpichlarga koʻmib tashladi.

* * *

Sadriddin topgan raqqosa qirq beshlarga borgan, yoshini yashirish uchunmi, yuziga upa-elikni chaplab tashlagan, jinsi shim-kamzul kiygan, toʻlagina, istarasi issiq ayol ekan. Sarmoyadorgina ayolga oʻxshaydi: bekatga oʻzining oppoq «Matiz»ini haydab keldi.
— Lobarxon, tanishing, bu kishi shogirdingiz Nafisaxon boʻladi, — deya qizni tanishtirdi mashinaga oʻtirganlari zahoti tipirchilab, oʻyinchiga xushomad qilishga oʻtgan Sadriddin.

Qarshisidagi koʻzgucha orqali hurkibgina oʻtirgan qizga bir koʻz tashlab qoʻygan Lobarxon achinish ohangida dedi:
— Hali goʻdak ekan-ku shogirdimiz...
— Unaqa demang, — beoʻxshov xi-xiladi hofiz. — Nafisaxon goʻdak emas, agar kerak boʻlsa yangi goʻdaklarni dunyoga keltiradigan yoshda.

Lobarxon «Oʻzlaring bilasizlar» deganday yelka qisib qoʻydi va istehzosini davom ettirdi:
— Ha, sizga oʻxshagan erkaklar bunaqa ishni boplaysizlar. Keyin izlaringni topib boʻlmay qoladi...

Sadriddin yana xi-xiladi:
— Xudo xohlasa, ishlarimiz yurishib ketsa, hamkorlikni davom ettiramiz, opajon.
— Men sizga opajon emasman! — choʻrt kesdi raqqosa. — Men toʻygayam azbaroyi pul uchun emas, uyda oʻtirib zerikkanimdan boraman, tushundingizmi?
— Albatta, albatta. Qonlarni yurishtirib deganday, a?..

Ammo Lobarxon hofizning bu savoliga javob bermay, mashina tezligini oshirdi.

* * *

Shahar chekkarogʻidagi oʻrtacha kattalikdagi restoranda boʻlayotgan ekan toʻy. «Birrov»ga kelgan artistlarni alohida xonaga olib kirishdi.

Oʻrtada bezatilgan stol. Uning atrofida yana bir kichik guruh a’zolari xoʻmrayib oʻtirishibdi. Zaldan ola-gʻovur, chinqiriq ashula ovozi eshitiladi.
— Bularni qarang, — engashib, Nafisaning qulogʻiga shivirladi Lobarxon, — xuddi bizlar yeb, ular quruq qolishgandek. Boʻlmasa ular bizdan oldin chiqishadi. Gadoning dushmani gado boʻladi deganlari shu-da.

Bu haqda boshqacha fikrda boʻlgan, ya’ni san'atkorlarni tabiat bergan noyob iste’dod sohiblari deb biladigan, ularni gʻoyibona ham hurmat qiladigan Nafisa nima deyishini bilmay, yelka qisib qoʻya qoldi.

Bunaqa davralarni koʻraverib, eti oʻlib qolgan shekilli, Lobarxon oʻzlarini boshlab kelgan xizmatdagi yigitga oʻgirildi:
— Bizga kiyinib olish uchun alohida xona kerak.
— Hozir.

Chekkadagi bir kichikroq, ammo kattagina toshoynasi bor xona aynan shunaqa maqsadlar uchun moʻljallanganga oʻxshardi.

Lobarxon katta sumkasini ochib, ichidan bir dunyo kiyimlarni olib tashladi. Oʻziga yaltiroq qizil koʻylagini tanladi, boʻyniga, qoʻllariga turli taqinchoqlar taqqach, bir chetda begonaday bu jarayonga qovushmay turgan Nafisaga oʻgirildi:
— Qaysi koʻylagim yoqdi?

Nafisa esa ayolning toʻpigʻiga tushadigan sochini koʻrib qolib, hayron boʻlgan edi.
— Oʻzingiznikimi? — nihoyat soʻradi u.
— Oʻzimniki! — Gʻurur bilan javob berdi Lobarxon. — Umrim bino boʻlib, shu paytgacha biron marta ulama soch ishlatmaganman. Ammo... — shu yerga kelganda ayol xoʻrsinib qoʻydi, — vaqtida yuraverganmiz «Soch emas, bu sharshara» deb maqtanib. Sharshara boʻlsa oqarkan-ketarkan. Hech nimani ushlab qololmabmiz... — Birdan sekanib ketgan ayol Nafisadan qaytarib soʻradi: — Qaysi koʻylagim yoqdi? Tanlab olavering.

Nafisa yelka qisdi.
— Birinchi chiqishingizmi? — Oʻsmoqchilab soʻradi ayol.

Qiz bosh egdi.
— Ha... Birinchisi va... oxirgisi. Sadriddin akamning iltimosiga yoʻq deyolmadim.

Lobarxon shubhalanib bosh chayqadi:
— Bunga ishonish qiyin-ov... Hay, mayli, boʻlmasa manavi atlasni kiyaqoling, sal kamtarroq koʻrsatadi. Mast-alastlar ham yopishavermaydi. Unaqa hoʻkizlarga qizil rang boʻlsa bas, quturib ketishadi...

Nafisa ayol oʻzining ustdagi qizil libosga ishora qilayotganini koʻrib, jilmayib qoʻydi.

Nafisa atlas koʻylakni kiydi. Baribir, Lobarxon sal toʻlaligi bois, koʻylak osilib qoldi.
— Kosmetikani me’yorida qilamiz, — Oʻrgata boshladi bu borada tajribasi katta raqqosa. — Birinchi bor oʻrtaga chiqayotganingizni hisobga olib, albatta... Iloji boʻlsa oʻzingizni chekkaroqqa torting. Bir-ikkitasi mast-alast bostirib kelib qolsa, menga qoʻyib bering. Mehmonlar iloji boʻlsa sizni kelin tarafningmi, kuyov tarafningmi yaqinlaridan biri deb oʻylashsin. Ana shunda uncha xiralik qilishmaydi.

Nafisani hayron qoldirgani shu boʻldiki, bu raqqosa ayol uni nimadandir himoya qilishga urinayotgandek edi.

Xonadan chiqayotganlari mahal Lobarxon soʻnggi maslahatini berdi:
— Hech qachon, hech qaerda, hattoki yuz dollarlik boʻlsayam anavi joyingizga... ha, ha, koʻkraklaringiz orasiga qistirishlariga yoʻl qoʻymang. Hech qachon! Bir marta shunday qilsangiz bas, ular sizni pulga sotiladigan arzon fohisha deb oʻylashadi-da, bilganlarini qilishga oʻtishadi. Keyin ularni toʻxtatib qololmaysiz. Oʻzingizni olib qoching, urishing, soʻking, kerak boʻlsa shapaloq soling, buyam ta’sir qilmasa oʻsha bezbet mehmonning choti orasiga oʻxshatib bir teping. Oʻsha joyini changallab guppa yiqilib tushsayam mayli. Ammo pulni bu joyingizga solib qoʻyishlariga yoʻl qoʻymang. Hatto... hatto Sadriddin akangiz imo-ishora qilib, «Qoʻyaver» deb turganida ham. Tushundingizmi? Bir koʻngil boʻshlik qilibsiz, boshqa qilmang. Tushundingizmi?
— Ha.
— Agar tushungan boʻlsangiz, shunga amal qiling. Yoʻqsa hali aql-hushingizni yigʻishtirib olmasingizdan burunoq qoʻlma-qoʻl boʻlib ketasiz.

Ular katta xonaga qaytib kirganlarida stol atrofida boyagi guruh yoʻq edi. Toʻrda sezilarli darajada asabiylashayotgan Sadriddinning oʻzi qoʻr toʻkib oʻtirardi.
— Bizgayam navbat kelib qolibdi-ku, sariq koʻylakli yigit, — dedi Lobarxon quvnoq ohangda unga murojaat etib. — Mardlik uchun elikta-ellikta olamizmi?
— Albatta, — ogʻzining tanobi qochib iljaydi hofiz. Soʻng qadahlarga konʼyak quyayotgan joyida birdan toʻxtab qoldi: — Lekin siz ruldasiz-ku.
— Ellik grammga ruxsat bor, — boʻsh kelmadi raqqosa.
— Tushunarli, tushunarli, — iljaydi hofiz. — Qonlarni yurishtirib deganday, a?..

Ensasi qotgan Lobarxon ingichka qoshlarini chimirdi:
— Yurishtiradigan boshqa narsa qolmagandan keyin boshqa ilojimiz ham yoʻq-da... — Soʻng titrabgina turgan Nafisaga oʻgirildi. — Shogird, sizgayam ozgina quyaylikmi?
— Yoʻq, yoʻq, — dedi qiz shosha-pisha.

Raqqosa jilmaydi:
— Hali tajribangiz yoʻqligi shunday koʻrinib turibdi. Ish boshlagan kezlarim bu menga ancha yordam bergan. Hech boʻlmasa uyatni unutib turasiz...
— Qani, xonimlar, — ayollarni dasturxonga taklif qildi hofiz, — sahnaga chiqish oldidan qorinlarni toʻqlab olaylik. Baribir bu yerdan bir narsa olib ketib boʻlmagandan keyin hech boʻlmasa yeb-eb olaylik.
— Siz bemalol, — dedi dasturxonga tanqidiy nigoh tashlagan Lobarxon. — Sizday hofizlarga yeb olganlari foyda. Axir ovozlaringiz qorinlaringizdan chiqadi-da. Ammo biz toʻq qorin bilan oʻynay olmaymiz... Eh-he, hammayoq goʻsht-ku... Ayting, shirinlik-pirinlik olib kelishsin. Juda boʻlmasa, ikkalamizga bittadan pirojniy keltirishsin. Ayting, oʻzlarida boʻlmasa magazindan boʻlsayam olib kelishsin. Qoʻrqib oʻtirishmasin, pulini beraman.
— Xoʻp, xonim, xoʻp. Ishqilib, shogirdingiz bilan tajribalaringizni oʻrtoqlashdingizmi?
— Mehmonlarning pulini shilib olish boʻyicha tajribamnimi? Albatta. Lekin bugun shogirdni ayaymiz. – Lorbarxon koʻkragiga shappatiladi: – Baloning oʻqiga mana biz jafokash koʻksimizni tutib beramiz.
— Xoʻp, xonim, xoʻp.

* * *

Shirinlik olib kelishdi. Ellik gramm konʼyak ichib olgan Lobarxon Nafisani ham shirinlikdan yeyishga undadi. Ammo qizning ishtahasi gʻippa boʻgʻilgan edi.

Sadriddin esa och boʻriday dasturxonga tashlanarkan, oʻzini oqlagan boʻldi:
— Hayajonlansam, ishtaham ochilib ketadi.

Lobarxon darrov gap bilan uni chaqib oldi:
— Sizga oʻxshagan hofizlar har toʻyga borganlarida nimagadir hayajonlanaveradilar...

Koʻrinib turibdi, Lobarxon nimagadir hofizni unchalik mensimasdi, ayniqsa «goʻdak shogird»ini koʻrgandan keyin bu munosabati yanada kuchaygandek edi. Sadriddin esa oʻzini atayin hech narsani sezmayotgandek tutardi.

Nihoyat ularning navbati keldi.

Avval Sadriddin chiqib ketdi.

Lobarxon shogirdiga oʻrgata boshladi:
— Hech qachon sahnaga yoki toʻyga hofiz bilan birga chiqish kerak emas. Avval muzika chalinsin. Hatto qoʻshiq boshlanishini ham kutib turish kerak. Ana shunda odamlar yoki tomoshabinlar atrofga alanglay boshlashadi: qani oʻyinchi?.. Ana shunda bir chekkadan ohista, goʻyoki suzib chiqib kelishing kerakki, tomoshabin birdan seni koʻrib qolib, «dod» deb yuborsin. Qizigʻi ana shundan keyin boʻladi.

Ammo hayajon va qoʻrquvdan qulogʻi tom bitgan, buning ustiga keng atlas koʻylakda oʻzini noqulay his qilayotgan Nafisa ustozining soʻzlarini yaxshi anglamas, shunga qaramasdan nimagadir zoʻr berib bosh irgʻardi.
— Boʻldi! — banogoh e’lon qilib qoldi Lobarxon.

Ana shunda... ana shunda Nafisa qarshisida otarchilikni oʻziga kasb qilib olgan oʻyinchini emas, haqiqiy raqqosa turganini koʻrdi. Zero birdan tez-tez nafas ola boshlagan, baland koʻkraklari sezilarli darajada koʻtarilib-tushayotgan, koʻzlari surur ila chaqnay boshlayotgan Lobarxon yoʻrgʻalab, yoʻq, yoʻq, yoʻrgʻalab emas, bamisoli suzib oldinga oʻtdi va qoʻllarini ajib bir shaklda koʻtargan koʻyi... ha, ha, aynan shu holida restoran zali tomon suzib ketdi...

Angrayib qolgan Nafisa arang unga ergashdi.

Toʻy allaqachon qizib ulgurgandi.

Karnaylardan kuchanib, xirillab ashula aytayotgan Sadriddining ovozi kelardi.

Nafisa koʻrib turdi: birdan oʻzgarib, chiroyli va yosh boʻlib ketgan Lobarxon suzib borib mehmonlar qatorlashib oʻtirgan stollardan biri yonida toʻxtadi va musiqa ohangiga mos xirom eta boshladi.

Oʻ, bu haqiqiy raqs edi! Bu haqiqiy moʻ'jiza edi! Qirq yoshdan oshgan Lobarxon tuyqusdan suyaksiz oʻn sakkiz yashar qiz kabi berilib, eshilib raqsga tushardi. Suzilgan koʻzlarni ohista toʻsgan uzun kipriklar, qip-qizil lablardagi sirli tabassum, ozgina xijolatdan lov-lov yongan yonoqlar, hayrat ila chimirilgan ingichka qoshlar, soʻnggsiz chiroqlar nurida tovlanayotgan tillaqosh, toʻlgʻanayotgan ikki oʻrim soch... Nafisaning nafasi ichiga tushib ketdi. Zero, u oʻzining hech qachon, hatto yakka oʻzi alohida bir xonada oʻzi uchungina raqsga tushganida ham bu qadar mahorat bilan oʻynay olmasligini yaxshi bilib turardi.

Ba’zi mehmonlar Lobarxonning moʻ'jizaviy san'atiga e’tibor bera boshlashdi.

Ana shunda... Nafisa kimdir oʻziga oʻqday qadalib turganini sezganday boʻldi va choʻchib shu tomona qaradi. Burchakda, mikrofon yonida turib olgancha tor chertib, boʻyin tomirlari oʻqlogʻday boʻrtgancha ashula aytayotgan Sadriddin unga ishora qilmoqda edi: «Oʻynang! Oʻynang!..»

Va qiz turgan joyida noiloj qoʻllarini yuqoriga koʻtardi...

Pul... Lobarxonga yogʻilib ketdi. Toʻgʻri, Nafisa ham quruq qolmadi. Ammo unikining choʻgʻi ancha past edi.

Lobarxon dam sayin qoʻlida yigʻilib qolayotgan pullarni yoʻrgʻalab raqs tushib borgancha Sadriddining choʻntaklariga solib kelishni ham boplardi.

Nafisa ham shunday qildi. U engashib, pulni hofizning shimining choʻntagiga tiqdi. Shunda Sadriddin asta yonboshiga boshini qiyshaytirdi va Nafisaning qulogʻiga shivirladi:
— Kulib oʻynang, kulib... Odamlarning koʻziga ishva bilan, lekin tik qarang. Koʻzingizni opqochmang... Kuling...

Nafisaning issigʻi chiqib ketdi. Ammo indamadi. Nima ham derdi? «Roʻdapoga oʻxshab keng koʻylakda, kalta sochda oʻynasam-u, yana mehmonlarga ishva qilsam... bu... bu tentaklik emasmi?» desinmi...

Xullas, Nafisa uchun turgan-bitgani azob boʻlgan yarim soatlik tomosha tugadi.

U hamon endi raqs tushishni boshlaganday bardam, gʻayratli, hamon oqqush misoli suzib yurgan Lobarxonning ortidan boyagi xonaga otilib kirdi.
— Qalay, bopladimmi?

Bu savolni bergan mahali Lobarxoning koʻzlari baxt va shodlikdan, ilohiy nurdan chaqnardi goʻyo.
— Qoyil! — deb yubordi beixtiyor harsillab nafas olayotgan, charchab qolgan Nafisa. — Toʻgʻrisi, bunaqa oʻynashingizni bilmagandim...

Lobarxon iljayib qoʻydi:
— Siz hali koʻp narsalarni bilmaysiz. Men raqs tushsam huzur qilaman, dam olaman...
— Koʻrinib turibdi. Sizga havasim keldi.

Soʻnggi jumlani Nafisa chin dildan aytdi. Ammo kutilmaganda birdan Lobarxonning rangi oʻchdi, yuzidagi shodlik ifodasi ham soʻndi. Jiddiy tortgan ayol hazin ohangda gapirdi:
— Menga havas qilmang. Keragi yoʻq... Aksincha...

Shu mahal xonaga ogʻzi qulogʻida Sadriddin kirib keldi.
— Bopladilaring, xonimlar, — dedi u pishillab. — Ammo-lekin sizga besh ketdim, Lobarxon opa! Qaysi toʻyda koʻrsam, hammani lol qilasiz. Bu safar ham shunday boʻldi. Lekin shogirdingizni sal urishib qoʻying. Unchalik kirishib ketolmadi. Tasavvur qiling...
— Shogirdimga shu xizmati uchun ham katta rahmat, — odatiga koʻra hofizning gapini choʻrt kesdi Lobarxon. — Bunaqa davralar bu singlimga toʻgʻri kelmaydi. Oʻzingiz ham faqat bir martaga ruxsat olgansiz shekilli, yigit?
— Albatta, albatta, — Gʻoʻldirab qoldi hofiz.
— Unday boʻlsa, bu singlimni tanqid qilgandan koʻra avval bergan va’dangizni bajarishni oʻylang.
— Albatta, albatta...
— Biz kiyimlarimizni almashtirib olaylik. Siz bizni koʻchada kutib turing.
— Albatta, albatta. Lekin, yaxshisi, sizlar chiqquncha men u-bu narsa yeb turaman.
— Yana hayajonlana boshlagan boʻlsangiz, marhamat, ukam...

* * *

Mashinaga chiqqanlaridan keyin Lobarxon ortiga oʻgirildi: — Xoʻsh?
— Mana, va’dalashganimizga koʻra qirq, opajon, — deya hofiz allaqachon ajratib qoʻygan bir dasta pulni raqqosaga uzatdi.
— Choʻgʻi yaxshi boʻldimi, ishqilib? Televizorgami, bir joyga chiqaman deyayotgandingiz, qolgani yetadimi?
— Yetmaganini bir amallab oʻzim toʻgʻrilayman.
— Qancha yetmaydi?
— Oʻttiztacha. Lekin...
— Unda gap bunday, ukam. Bilasiz, men pul uchun toʻyga chiqmayman. Xudoga shukr, yiqqanim oʻzimga yetadi. Bolam yigʻlab sut soʻrayaptimiki... Xullas, shuniyam oling. Bu mening qoʻshganim boʻlsin. Faqat endi bu shogirdimizni bezovta qilib, bunaqangi davralarga sudrab yurmasangiz boʻldi.
— Albatta, albatta. Aytdim-ku, oʻzi bor-yoʻgʻi bir martaga deb iltimos qilganman. Televizorga chiqib olay. Koʻrasiz, koʻpi bilan bir oyda yulduz boʻlib ketaman.
— Yulduz boʻlasizmi-boʻlmaysizmi, buning ahamiyati yoʻq. Ammo yaxshilab eshitib oling: shogirdimni boshqa toʻyga olib chiqmasangiz, shu pul sizniki.
— Albatta...
— Yigit soʻzi-ya?
— Yigit soʻzim.
— Boʻpti, kelishdik.

Nimagadir kayfiyati tushib ketgan Lobarxon qaytishda mashinani tez haydadi. Radio ovozi baland qilib qoʻyilgani uchun uchalasi ham miq etmay kelishdi.
— Opaning hech kimi yoʻq, — deya oʻzicha izohladi, Sadriddin raqqosa mashinasi koʻzdan gʻoyib boʻlganidan keyin Nafisaning unsiz savoliga javoban. — Bir oʻzi turadi. Toʻgʻri-da, unga pul nima kerak? Pul bizga oʻxshagan talantlarga kerak. To yulduz boʻlib olgunimizcha... Opa vaqtida rosa yigʻib olgan. Na er bor, na farzand. Shunday boʻlsayam sezon paytida artistlarning oʻzlari kelib, bir toʻyga besh yuzga olib ketishadi, deb eshitganman. Boradi. Bormay nima ham qilardi? Besh yuz koʻchada yotmaydi... Lekin yoshligida zoʻr raqqosa boʻlgan deyishadi... Keyin nimadir boʻlganu, sahnani tashlab, toʻylarga yura boshlagan...

* * *

Keyingi juma kuni, kechga yaqin nihoyat Sadriddin Mehriddinov ijrosidagi ashula televizor orqali namoyish etildi. Abjagʻi chiqib ketgan oq-qora televizorning ichiga kirib ketguday boʻlib oʻtirib olgan yigit bilan qiz hofizning xirillagan ovozda aytayotgan qoʻshigʻini rohatlanib eshitishdi.

Qoʻshiq yakunlangan mahal Sadridddin piqillab yigʻlab yubordi. Buni koʻrib, mehri iyib ketgan Nafisa uni mahkam quchib oldi.

Tun boʻyi titrab-qaltirab, olamshumul rejalarni qayta-qayta bayon qilib chiqqan, sehrgarning bir tayogʻi silkingani kabi, televizorga chiqqanidan keyin ularning barisi toʻla-toʻkis amalga oshib qolishiga mutaassiblarcha ishonadigan hofiz gapirib charchamadi, Nafisa ularni eshitib... Ayniqsa Oʻzbekistonning barcha yulduzlari ishtirok etadigan ulkan toʻy haqidagi rejalar qizning qulogʻiga juda-juda yoqardi.

Tong otdi.

Bir yumalab yulduzga aylanib qolaman, endi meni tanigan ham taniydi, tanimagan ham, hamma soyamga salom beradi deb ishonib turgan Sadriddin Mehriddinov tushga yaqin, Nafisa oʻqishiga ketgandan soʻng gʻoʻddayib koʻchaga chiqdi.

Koʻcha oʻsha-oʻsha edi, odamlar oʻsha-oʻsha. Hatto quyosh ham hamishagidek nur sochardi.

Hayron boʻlgan hofiz oʻqish joyiga shoshdi.

Bir-ikki talaba til uchida tabriklagan boʻldi.

Ammo bu qisir tabriklar hofizni qanoatlantirmadi.

Domlalarining ogʻziga tikildi. Afsuski, ular televizor koʻrishmagan ekan.

Gʻazabdan tishlari gʻijirlab ketgan hofiz darhol uyga qaytdi va bor alamini... ichkilikdan oldi.

Kechga yaqin xonaga kirib kelgan Nafisa hofizning gʻirt mast holda dumalab yotganini koʻrdi.
— Ular... meni koʻrolmaydilar... Men talantman... men yulduzman... Gʻalamislar... — deya gʻoʻldirardi Sadriddin. — Men yulduzman...

Buni koʻrgan Nafisa izillab yigʻlab yubordi.

* * *

Hofizning qoʻshigʻini yana ikki marta takrorlab koʻrsatishdi. Ammo qat'iy ishonch bilan kutilgan moʻ'jiza yuz bermadi.

Sadriddin bir oqshomning oʻzida u yoqda tursin, hattoki uch oqshomdan keyin ham yulduzga aylana olmadi.

Maslahat soʻrab borgan ekan, kimlardir hofizga shunday deyishibdi:
— Hozir kim koʻp — qoʻshiqchi koʻp. Kamida yarmi kompʼyuterda ovozini toʻgʻrilab olayotgan boʻlsa!.. Qoʻshigʻingni televizorda, radioda kamida bir oy aylantir. Natija ana shundan keyin boʻladi.

Bir oy qoʻshiq «aylantirish» uchun esa katta pul kerak edi.

Toʻylar mavsumi boshlanib, allaqachon Lobarxon¬ning bozori chaqqon boʻlib qolgan. Bosh urib borgan bilan foyda yoʻq. Endi u qirqqa bormaydi, endi u besh yuzga boradi...

Pul kerak, pul...

Xullas, Sadriddin yana yalindi-yolvordi, yigʻladi-siqtadi, butun Oʻzbekistonning tilga tushgan yulduzlari ishtirok etadigan toʻy va’da qildi va oxir-oqibat... Nafisani yana oʻzi bilan birga toʻyga chiqishga koʻndirdi...
— Axir boshqalar yulduz boʻlib ketayapti-ku! — dedi ishonch bilan hofiz. — Ulardan qaerim kam! Talantim ularnikidan ortiq boʻlsa! Mana koʻrasiz, yana bir-ikki marta televizorda koʻrinsam, uch-toʻrt marta radioda chiqsam boʻldi, xalqning oʻzi meni tanib oladi. Mana koʻrasiz, men albatta yulduz boʻlaman... Tasavvur qiling, hali katta-katta qasrlarda yashaymiz, zoʻr-zoʻr mashina¬larda yuramiz, chet ellarga boramiz. Hali pulning oʻzi bizning qoʻlimizga oqib kela boshlaydi...

* * *

Oradan bir yilga yaqin vaqt oʻtdi. Bu orada...

Bir-ikki toʻyda Nafisa birinchi ustozi Lobarxon bilan koʻrishib qoldi. Ammo Lobarxon oʻzini «shogirdi»¬ni tanimayotgandek tutdi, Sadriddindan esa ochiq-oshkor nafrat bilan yuz oʻgirdi.

Bu orada...

Yakkaxon xonandalikda omadi chopmayotgan Sadriddin otilib chiqayotgan yangi «yulduz»lardan birontasi bilan duet kuylamoqchi boʻldi. Shu maqsadda Nozimaxonim ismli yangi «yulduz» oʻz qoʻshiqlarini yozayotgan hashamatli studiyaga oʻn besh kunga yaqin zir qatnadi. Avvaliga Sadriddinga iqtisodiy asosi yoʻq bu rejaning xom ekanligini yaxshi gap bilan tushuntirishga urinishdi, hatto kuyov yigitning oʻta rashkchi ekanligini ham pisanda qilib oʻtishdi. Ammo yigit qayta-qayta sargʻayib kelavergach, oxiri bu qadar bezbetlikdan gʻazabga mingan tansoqchilar uni haydab solishdi, bunga ham koʻnmagach, oʻxshatib kaltaklashdi. Lunji shishgan, bir koʻzi koʻkargan Sadriddin uch-toʻrt kun tishlarini gʻijirlatgancha «Hali oʻzlari yalinib kelishadi», deb yurdi. Ammo nimagadir ulardan darak boʻlavermadi.

Bu orada...

Nafisa... birinchi homilasidan ayrildi. Oʻz ixtiyori bilan.

Sadriddin oyoq tirab turib oldi: «Hali yoshmiz. Men oʻsishim kerak, yulduz boʻlishim kerak. Bola oyogʻimga tushov boʻladi. Oldirib tashlang... Men hali mashhur boʻlib ketaman. Oʻshanda... »

Nafisa... boʻysundi... Oʻqishni ham tashladi... Hatto bahaybat Komilaning musht doʻlaytirishlari ham naf bermadi...

Bu orada... «qonni yurdirib olish uchun» deya, «uyalmaslik uchun» deya toʻylarga borgan mahali oz-ozdan icha boshlagan Nafisa konʼyakka ham ancha-muncha oʻrganib qoldi.

Va nihoyat... Eng yomoni...

Televizorga uch emas, toʻrt emas, naq toʻqqiz marta pul toʻlab chiqib hamki yulduzga aylana olmagan Sadriddin Mehridinovning asablari dosh berolmadi...

Shunday ogʻir kunlarning birida oʻzining iste’dodi tan olinmayotganini oʻylab kuyib ketayotgan hofiz tongga qadar ichdi va quyosh nurlari endi ufqda boʻy koʻrsatayotgan mahal yoʻlakka qip-yalangʻoch holida chiqib olgancha boʻkira boshladi:
— Men yulduzman!.. Men talantman!.. Men mashhur qoʻshiqchiman!..

Nafisa ming tavallo qilmasin, yalinib-yolvormasin, hofiz xonaga qaytib kirmadi.

Qoʻshnilardan kimdir qoʻngʻiroq qilgan ekan, yetib kelgan «Tez yordam» shifokorlari bechora hofizni toʻgʻri ruhiy xastaliklar shifoxonasiga olib borib tashlashdi.

Mana, oradan ikki oyga yaqin vaqt oʻtdi. Nafisa kunda-kunora shifoxonaga boradi. Ora-sira «Men yulduzman!.. Men talantman!» deb qichqirib qoladigan Sadriddinning karavoti yonida oʻtirib yum-yum yigʻlaydi... Soʻng asta oʻrnidan turadi va oyoqlarini arang sudrab bosgancha hofiz ijarada turgan uyga yoʻl oladi... Ammo u yerda ham uzoq oʻtirolmaydi. Badqovoq xoʻjayin uch oylik ijara pulini soʻrab kelib turgan boʻladi. Shoʻrlik Nafisa zor-zor yigʻlab yana ortiga, telba hofiz yoniga qaytadi...

2008 yil