OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbduqodir Hayitmetov
Asar nomi«Yasha Turon» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Abduqodir Hayitmetov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Yasha Turon» (hikoya)
Abduqodir Hayitmetov

Onamiz rahmatlik biron xonanda radioda me’yoriga yetkazib yaxshi bir qoʻshiq aytsa yoki biron raqqosa sahnada qoyilmaqom qilib raqs tushsa, undan ta’sirlanib, bizga:
— Dunyoga kelib, shularning ham dilida biron armoni bormikan-a! — deb qoʻyar edilar.

U kishining nazarida bunday odamlar Xudo bergan, xalqning hurmat-izzatiga sazovor boʻlgan eng baxtiyor kishilar boʻlib, ular har qancha e’zozlansa kamdek edi.

Lekin hayotda oʻz qadrini topib-topmagan, taqdir nogʻorasi hamma vaqt ham bir xilda siylab-siylamagan san’at yulduzlari ham boʻlgan.

Men bu oʻrinda xalqdan chiqqan, el mehrini qozongan mashhur san’atkor, bir vaqtlar «Farhod va Shirin», «Ertargʻin», «Layli va Majnun» operalarida bosh rollarni oʻynagan Muhiddin Qoriyoqubov haqida hikoya qilmoqchiman. Oʻz vaqtida uni kimdir «Sahnamiz Alpomishi» desa, yevropa tabiatlilar uni «Oʻzbek Shalyapini» deb ataguvchi edi.

Men oʻzim Toshkentda yashasam ham, biroq bu kamtar va ajoyib insonni birinchi marotaba Fargʻona vodiysining Bogʻdod tumani markazida yaqindan koʻrgan va suhbatidan bahramand boʻlgan edim. Urush hali tugamagan. U kishi rang-barang iste’dod gullari va gʻunchalaridan iborat guruhi bilan oʻsha yoqlarda tomosha koʻrsatib yurishgan ekan. Biz esa ellikdan ziyod talabalar gʻoʻza yaganasiga yordam bergani borgan edik.

Kontsert, esimda, tuman markazidagi katta choyxona sahnida, qosh qorayganda boshlangan edi. Odam koʻp. Xotin-xalaj. Oʻsh-yalang. Urush borayotganiga qaramay, xalq koʻtarinki ruhda. Oldingi qatorda oyoq yalang, tizzalarini quchoqlab oʻtirgan bolalar.

Shunda Qora-ka kechani olib borgan, ashula ham aytgan, askiyada ham hech kimdan yengilmagan. U «Omon-yor» ashulasini ijro etayotganda, qoʻshiqning har bandida turli shaharlarimiz nomini tilga olar ekan, qoʻqonliklarga kelganda:

Hoy-hoy uka, qoʻqonli uka, omon-yor!
Sening nozik boʻyningdan-ey, omon-yor!..

deb aytgan va hammani kuldirgan edi. Birinchi boʻlib qoʻqonliklarning oʻzlari rosa kulishgan. Chunki oʻsha vaqtda ichadigan suvlarida yod moddasi yetishmaganligi sababli shaharda buqoqlar juda koʻpayib ketgan, koʻchalarda boʻqogʻi koʻkragigacha tushadigan erkak va ayollarni koʻrish mumkin edi. Biz oʻshanda qaytishda koʻrgan tomoshamizni yoʻl-yoʻlakay qizgʻin muhokama qilib, turgan manzilimiz — Qongli qishlogʻiga piyoda qanday yetib borganimizni bilmay qolgan edik...

Oradan yillar oʻtdi. Institutni ham tamomladik. 60-yillarning oʻrtalari. Salqin yoz kunlarining birida nonushtadan soʻng ishga otlandim. Katta koʻcha yoʻlagidan avtobus bekati tomon borarkanman, koʻchaning narigi tomonidan toʻriq ot qoʻshilgan bir rezinka gʻildirakli boʻsh aravani ildam haydab, Qoʻyliq tomon ketayotgan, toʻladan kelgan, tanish bashara odamni koʻrdim. Kimgadir oʻxshatdim. Yaxshi eslolmadim.

Uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin oʻsha arava, oʻsha odamni yana koʻrdim, — bir qoʻlida otning jilovi, ikkinchi qoʻlida uzun qamchi. Uni oʻsha — mashhur artist Qoriyoqubovga oʻxshatdim. Ammo ichimda: «Odam odamga oʻxshashi mumkin-ku!» — deb qoʻya qoldim.

Bir-ikki hafta oʻtgach, kunlar qiziy boshlab, mehnat ta’tiliga chiqdik. Uzoqroqda borib dam olishning iloji boʻlmay, Qorasuv mahalla choyxonasi doimiy manzilimga aylandi.

Bir kuni peshinga qolmay chiqsam, choyxonaning tashqari qismida ulfatlar hammasi jam, joʻraboshimiz — urushni Yugoslaviyada tamomlagan sobiq jangchi, qoʻshni — elektroapparat zavodida tsex boshligʻi Ismoil aka hammadan burun bozor qilib kelgan, doimiy oshpazimiz Mirtilla quroldosh doʻsti bilan qozon tepasida — osh harakatida. Bir qoʻli yoʻq doʻstimiz — Hojim sogʻ qoʻli bilan gurunch tozalar, kimdir sabzi, kimdir piyoz toʻgʻragan. Men ham goʻsht toʻgʻrayotgan joʻraboshi yoniga oʻtirib, ularga qarasha boshladim.

Sal narida shaxmat, shashka, domino oʻyinlari avjida. Soʻrining tagidan shildirab oqib turgan suv keksa tut soyasida dam olayotgan barcha yoshu qariga ajib bir kayfiyat bagʻishlayotgan edi.

Tagi margʻilonlik boʻlgan choyxonachimiz Qurbonali aka qoʻli qoʻliga tegmas, barchaga xizmatda, choy deganga choy, non deganga nonni ogʻzidan chiqishi bilan yetkazish payida.

Qurbonali aka odatdagi ishlari andak kamaygach, choynak va piyolalarni arta boshladi. Shu payt yoʻlning naryogʻida koʻk beda ortilgan brichka arava toʻxtadi. Ustidan Margʻilon doʻppi kiygan, barvasta bir kishi yerga sakrab, otini ariq yoqasidagi tolga boylab, koʻylak va shimidagi chang-chungni qoʻli bilan qoqib, qoʻlida qamchin, choyxona tomon yurdi.

U katta yoʻlni, soʻng tramvay izini kesib oʻtib, choyxonaga yaqinlashar ekan, uni bu vaqtda shaxmatga oʻtgan joʻraboshimiz va Qurbonali aka kutib olishdi. Joʻraboshi mehmonning qoʻlini siqib:
— Keling, Qora-ka! Qanday shamollar uchirdi sizni biz tomonga? — dedi.
— Odam bor joyga odam keladi. Koʻpdan beri shu soʻlim maskanda bir piyola choy ichsam, deyman, — imkoni boʻlmaydi. Vaqti-soati bugun ekan-da! — dedi samimiyat bilan.

Qurbonali aka esa u bilan:
— Keling, hamshahar! Qadamlariga hasanot? — deb koʻrishar ekan, uning mehmonni oldin ham ozmi-koʻpmi bilgani, tanigani anglashildi. Bu oʻsha «Qora-ka» nomi bilan tanilgan mashhur Muhiddin Qoriyoqubov edi.

Qurbonali aka chaqqonlik bilan ichkaridan yangi bir atlas koʻrpacha olib chiqib yozdi. Mehmon oyogʻida etigi boʻlgani uchun soʻrining chiqaverishdagi oʻng burchagiga joylashdi va fotiha oʻqilgach, Ismoil akaga:
— Men shu yerdan oʻtgan ahli moʻminlarning ruhlariga kichgina bir tilovat qilib yuborsam maylimi? — dedi.

U va boshqalar ham bosh irgʻab:
— «Bosh ustiga!» — degandek boʻldilar. Mehmon bir necha lahzaga chordona qurib oʻltirdi-da, koʻzini yumib, baland ovoz bilan «Vallayl» surasini shunday qiroat bilan oʻqidiki, butun borliq nurga toʻlgandek, shu mahalladan oʻtgan Joʻrabek dodxo, asli hastimomlik, shu choyxona orqasidan joy qilgan Saidolim Eshon, kimsan Aziz ota kabilarning ruhlari shod boʻlgan boʻlsa, ajab emas. Uning qiroatiga qoyil qolgan Ismoil aka menga: — «Bu kishi san’atga qorilikdan oʻtganlar!» — deganlari toʻgʻriga oʻxshaydi! — deb qoʻydi.

Mehmon uchun jonini ham ayamaydigan Qurbonali aka uning oldiga yangi dasturxon yozib, patnosda toʻrtta non, qand-qurs, likopchada qora mayiz olib kelib qoʻydi.

Qora-ka serqatnov koʻcha, atrofdagi obod, serdaraxt hovlilarni koʻzdan kechirar ekan:
— Burungilar har manzilning oʻz fayz-tarovati, oʻz mehrgiyosi bor, deb bekorga aytmaganlar! — deb qoʻydi va yana dedi:
— Bu — eski Qoʻqon yoʻli. Bu yerdan kimlar oʻtmagan! Bobur Mirzo! Xudoyorxon!.. Biz — san’atkorlar ham goh aravada, goh mashinada — koʻp oʻtganmiz...
— Yaxshi gaplaringiz uchun rahmat, Qora-ka! Turgan joyimizdan nolimaymiz. Ekamiz desak, yer ham koʻp bu yerda, ichamiz desak suv ham! — dedi Ismoil aka. — Atrofga qarang. Bu yerda mevali daraxt ekilmagan hovli yoʻq.

Boshqalar ham uning gaplarini ma’qullashdi. U yana soʻzida davom etadi:
— Bu yerda sizni tanimaydigan odam yoʻq. Tomoshalaringizni koʻrishgan. Ashulalaringizni eshitishgan. Lekin keyingi vaqtda shu yerdan aravada oʻtib yurganingizni koʻrib, hammalari hayron. Birlari: «Ishqibozlikka bir narsa deb boʻlmaydi. Ot-aravaga ishqlari tushib qolgan boʻlishi mumkin!» deyishsa, ba’zilari: «Buni, oʻng kelib qolsa, — oʻzlaridan soʻraymiz!» deyishadi. «Teatrda u kishi bilan galma-gal bir rolni oʻynaydigan, oʻziga oʻxshagan sheriklaridan biri boʻlishi mumkin!» - deganlar ham boʻldi.
— Demak, men bilganday toʻxtabman-da! Barakalla! — dedi kulib Qora-ka.

Shu damda Qurbonali aka dasturxonga bir lagan chillaki uzum, tandirda yopilgan uchburchak somsa qoʻyib ketdi. Uning orqasidan qozonga urinayotgan Mirtilla bir tarelka issiq jizzani dasturxonning mehmonga yaqinroq yeriga joylashtira boshladi. Buni koʻrib Qora-ka:
— Qozonda jiz-biz. Toʻrda siz-biz, ekan-da! — dedi jilmayib.

Qora-ka koʻk choydan ichib, dasturxondagi noz-ne’matlardan tamaddi qilar ekan, kayfiyati chogʻ, hamma charchogʻi tarqayotgandek edi.
— Mening ham joʻralarim bor, — dedi Qora-ka, boʻlib oʻtgan gaplarga oʻz munosabatini bildirishni xohlagandek. — Ulfatchilikda direktorimizning oʻzi ham bor. Biroq bu yil qishda direktor bilan oʻrtamizda gap qochib qoldi. Shu-shu goh ishga boraman, goh bormayman. U oʻzimning shogirdim. Lekin gap ish haqida borganda, ikkovimiz ham ustoz-shogirdlikni unutib qoʻyamiz, chogʻimda. Bundan bir oycha burun ishga borsam, uning yosh artist yigitlarimiz bilan gʻijillashib turgani ustidan chiqib qoldim. Umrida ot minmagan, arava haydamagan, qoʻliga oʻroq tutmagan yigitlarni xoʻjaligimizga tegishli yerga borib, yordam beringlar, bedalar gullab ketdi — oʻrib, aravada tashib kelinglar, deyapti. Men unga:
— Umrida otning yonidan oʻtmagan, yuganini ushlamagan bolalardan nimani talab qilasiz! Bunaqa ishni bizdaqalarga buyuring, — qoyil qilamiz. Otni koʻkragida yoli bor odam minadi! Dehqonchilik, aravakashlik hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi! — dedim.

U esa ustozim meni masxara qilyapti, deb uylab:
— Meni kalaka qilmang. Dalada beda koʻrpa boʻlib ketgan, oʻrilmasdan. Bogʻ qarovsiz. Bu yerdagi jonvorlarimiz och, yegani na oʻt bor, na yem, — dedi kuyunib, qoʻli bilan shu yerdagi artistlarni kontsertga olib borishda xizmat qiladigan ot-aravalarni koʻrsatib. — Sizni dalaga yuborsak, odamlar aytmaydimi, domlasini quvgʻin qila boshlabdi, deb.
— Buyogʻini menga qoʻyib bering! — dedim keskin. Chindan ham yoshligimda aravakash togʻam bilan koʻp birga boʻlib, ot, aravaga koʻnikma hosil qilgan edim. Shu bilan birga, oʻzimning ham ikki-uch hafta shaharni tark etib, dalada boʻlgim, toza havo olgim, bu yerdagi ishlarni, diqqatchiliklarni unutgim bor edi. Mana, bir oydan ham oshayapti, — bir oyogʻim Chirchiqning nariyogʻida, bir oyogʻim shaharda. Ertalabdan akang qaragʻay deb dalaga haydayman aravani. Toʻyib-toʻyib toza havo olaman. Yuguraman. Beda oʻrayotganlarga qarashaman ham. Chirchiq shundoq koʻrinib turadi. Borib hovitaman. Ovozimni sinash uchun ashula ham aytaman. Hozir ilgarigidan ham ancha yaxshiman. Ba’zida bolalarni ham olib boraman.

Qora-ka oldidagi noz-ne’matlardan yeb, goho choydan ham xoʻplab oʻtirar ekan, mahalladagi taniqli tunukasoz, ulfatlarning yoshi kattasi Abdulaziz aka Qora-kaga murojaat qilib:
— Qora-ka, beadablikka hisoblamasangiz, bir iltimosimiz bor. Bugun dam olish kuni. Yoshlar «Qora-kam bitta xirgoyi qilib bersalar!» deyishyapti, — dedi.

Uning gapini, qoʻlida maxorka papirosi, Usta Azim aka ham tabassum bilan ma’qullab turar edi.

Qora-ka kulib:
— Aytishga aytaveraman-ku! Lekin buning uchun avvalo muzika boʻlishi kerak. Qolaversa, oʻzim ham ozgina tayyorgarlik koʻrgan boʻlishim kerak! — dedi kamtarona.
— Sizga tayyorgarlikning nima keragi bor, Qora-ka! — dedi qoʻshni soʻrida choyxoʻrlardan biri. — Siz oʻzingiz artist boʻlib, hofiz boʻlib tugʻilgansiz.

Bu gap Qora-kaga yokdi. U dasturxondagi mayiz solingan likopchani — mayizini patnosga toʻkib — qoʻliga oldi va urushdan oldin oʻynalgan «Farhod va Shirin» operasidan oʻz vaqtida mashhur boʻlgan, «Toshkent iroqi» kuyida aytiluvchi, «Hijron tuni» degan Farhod ariyasini shoshmay ijro eta boshladi. Hammayoq suv quygandek boʻlib, tinglovchilar ham uni diqqat bilan, koʻplari koʻzlarini yumib eshitishdi. Bu ashulani men ham koʻpdan buyon eshitmagan edim. Dard bilan toʻla bu qoʻshiq barchaning yurak-yuragiga yetib bordi. Qoʻshiq tugagach, hamma bir uxlab turgandek, oʻzini yengil tortgandek boʻldi. Men ham. Qoʻshiqchiga minnatdorchilik bildirayotganlarning sanogʻiga yetib boʻlmasdi.

Qora-ka bu ogʻir ashulani aytib boʻlguncha dasturxonni issiq patir, ayniqsa, ertagi oʻrik va shaftoli bilan ham toʻldirishga harakat qildi. Qora-ka bu nasibalardan yaxshiroq tatinishga ham ulgurmay, uning oldiga Mirtilla kelib:
—Qora-ka, odamni mast qiladigan, uxlatib qoʻyadigan ashulalaringiz yaxshi. Lekin biz urushda, oʻrmonzorlarda yurganimizda, yurtimizni sogʻinganimizda «Gʻayra-gʻayra» ashulangizni aytar edik! — dedi unga erkalangandek.

Qora-ka esa unga:
— Otangizga rahmat! Qissadan hissa, «Gʻayra-gʻayra»ni aytib bering, demoqchisiz-da! — dedi va bu ashulani u soʻridan tushib, pastda, qoʻlida tarelka, barmoqlarini ham ishga solgan holda zavq bilan ayta boshladi. Bu fursatda tinglovchilar yana-da koʻpaygan, kimlardir oʻz uylarining derazalarini ochib qoʻyib, kimlardir bolaxonada turib, bu qoʻshiqni maroq bilan eshitardi. Ashulaning quyidagi bandi ijro etilayotganda esa, u shunday past tovushda, nazokat bilan aytdiki, goʻyo ignaning koʻzidan ip oʻtkazayotganday boʻldi:

Uch kun deganda kelmading;
Yolgʻizligimni bilmading.
Yoki nazarga ilmading.
Yor, muncha zor etding meni?
Kimlarga xor etding meni?
Gʻayra-gʻayra dambadam;
Oromi jonimsan mening.
Ismoil aka mehribonchiligini boʻshashtirmas, mevalarning pishgan-pishganlaridan mehmonning oldiga surib qoʻyar, koʻp ayttirib uni charchatib qoʻyish fikridan ham u uzoq edi. Biroq ichkaridan yana bir iltimos tushdi «Qora-kam «Omon yor»ni aytib bersinlar», deb. Qora-ka aslida olijanob, saxiyqalb odam edi. «Yoʻq!» demadi, yigitning soʻzi qaytguncha shaytonning boʻyni uzilsin, deganlaridek.

U zavq-shavq bilan qaynab kuylar ekan, ayni avjga chiqayotganda, taraqa-turuq ichi toʻla odam bilan tramvay oʻtib qoldi. Qora-ka esa bunga parvo qilmasdan aytaverdi. Tramvaydagi yoʻlovchilar hayron — bu yerda nima boʻlayapti, degandek. Shunda bir necha qoʻshiq shinavandalari baland tovush bilan «Qoyilman!», «Ofarin!» deb qoʻyishdi, xonandaga eshittirib.

«Chillaki chillakini koʻrib chumak uradi!» — deganlaridek, shu asnoda mening ham u kishiga erkalik qilib, bir narsa degim kelib qoldi:
— Hamma ashulalaringizni eshitdim. Rahmat! Yana bittasi qoldi. «Yasha Shoʻro»ni ham eshitaylik!

Ammo nimagadir mening bu taklifim unga yoqmadi. U darhol kayfiyati oʻzgarib:
— Keling, uka, shuni men aytmay, siz eshitmay qoʻyaqoling! — dedi shartta, gapimni kesib.

Men xijolat tortib, hayron boʻlib qoldim. Ozgina vaqt oʻtgach, u yana oʻziga kelib, gapirgan gapiga izoh bera boshladi:
— Ma’lumki, bu qoʻshiqni Hamzaxon yozganlar. Ashulani birinchi men aytganman. Uning ohangini esa ikkalamiz yaratganmiz. Keyin ham ancha yil aytib yurganman. Oradan besh-olti yil oʻtgandan keyin, bir kuni Respublika miqyosidagi katta yigʻin oxirida boʻlgan kontsertda men oʻzimcha «donolik» qilibmi, yoki shumlik qilibmi, bu ashulaning boshlanishini ozgina oʻzgartirib:

«Yasha, Turon! Yasha, Turon!» —

deb emas, balki:

«Yasha, Shoʻro! Yasha, Shoʻro!» — deb aytganman. Kattalarga bu oʻzgartirishim ma’qul kelib, rosa chapak chalishgan. Keyinchalik voqeani Hamzaxonga aytib bersam, u kishi:
— He, nodon! She’rning qofiyasini yeb qoʻyibsan, «Zamon»ga «Shoʻro» qofiya boʻlolmaydi-ku! — dedilar. Ancha oʻsal boʻldim. Lekin qiziq joyi shundaki, oʻshandan keyin bu qoʻshiq hamma yerda men aytgandaqa qilib aytiladigan boʻldi. Koʻchalarda ham. Katta kontsertlarda ham. Keyin bilsam, mening bu «ixtirom» shoir asarlarining ilmiy nashrlariga ham oʻtib ketgan ekan.

U gapidan ozgina toʻxtab, biroz tin oldi va soʻng yana davom etdi:
— Endi, gapning buyogʻini eshiting. Shu yil qishda yangi bir kontsert guruhi tuzildi. Unda men ham bor edim. Men shu imkoniyatdan foydalanib, Hamzaning «Yasha Shoʻro»sini aytmoqchi boʻldim, lekin endi «Yasha Shoʻro!» deb emas, «Yasha Turon!» deb. Majlisda gʻala-gʻovur boʻlib ketdi, mumtoz shoir, inqilobchi shoirning soʻzlarini oʻzgartirishga kimning haqqi bor, deb. Meni kontsertda qatnashuvchilar roʻyxatidan oʻchirib tashlashdi. Bu masalaga, chamamda, nozik idoralar ham aralashdi. Direktor meni himoya qilmoqchi boʻldi. Qoʻlidan kelmadi. Bu gap chuvalashib hozirgacha davom etib kelyapti. Men esa, mana, oyogʻimda etik, qoʻlimda qamchi — shahar bilan Chirchiq orasida beda tashib, xirgoyi qilib yuribman. Bundan chiqdiki, «Turon» degan soʻzning kimlarnidir qoʻrqitadigan ma’nosi bor ekan — «Ona-Vatan», «Ozodlik», «Mustaqillik» deganlaridek.

U bir pas dam olgach, oʻz hayajonlarini bosib yana dedi:
— Lekin men ishonaman. Bir kun kelib, albatta, bu qoʻshiqni

Yasha, Turon! Yasha, Turon!
Sen yashaydirgan zamon. —

deb aytaman.

Hamma bir necha daqiqa jim boʻlib qoldi. Mirtilla bilan Homid esa shu pallada, qoʻllarida osh toʻla ikkita lagan, tepamizga kelib: «Oshga joy boʻshatinglar!» deb qolishdi. Apil-tapil qoʻllar yuvilib, oshga qoʻl urdik.

Ulfatlar ishtaha bilan oshdan olishar ekan, Qora-ka uch-toʻrt osham olgach, uzr soʻrab, qoʻlini arta boshladi.
— Direktor bilan bugun uchrashuvimiz bor edi, muhim bir masala boʻyicha. Shuning uchun meni ma’zur tutasizlar. Sizlar bilan koʻrishganimdan behad mamnunman! — dedi, iliq tabassum bilan.

Shunda Ismoil aka:
— Boʻlmasa, oshataman! — deb qoldi. Qora-ka esa xandon otib kulib:
— Oshamagan nomard! — dedi.

Ismoil aka kaftini toʻlatib, unga osh oshatar ekan, u bir dona guruchni ham toʻkmasdan oshab yubordi.

Qurbonali aka ichkaridan yangi bir banoras toʻnni olib chiqib uning yelkasiga yopdi va:
— Oʻtgan-ketganingizda kirib turing, hamshahar! Xursand boʻlamiz! — dedi.

Ismoil aka va Mirtilla aziz mehmonni aravagacha kuzatib qoʻyishdi. Qora-ka otni boylagan yeridan yechib, epchillik bilan, oʻz yuki ogʻirligini bildirmasdan, beda gʻarami ustiga chiqib, tik turib, qoʻl silkib biz bilan xayrlashar ekan, mening nazarimda u bir vaqtlar oʻzi rolini oʻynagan xushqomat va pahlavon Farhodga oʻxshab ketdi.