OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurashid Abdugʻafurov
Asar nomiMatnshunos alloma
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdurashid Abdugʻafurov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004-yil 6-sonidan olindi
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Matnshunos alloma
Abdurashid Abdugʻafurov

Chin ma’noda alloma, koʻp asrlik boy adabiyotimizning katta bilimdoni va targʻibotchisi, yirik matnshunos Porsoxon Shamsiyev hayotda nihoyatda kamtar, sodda ochiqchehra va xushulfat inson edi. Men 1953 yili universitetni bitirgach, omadim bor ekan, yigirma yil davomida shu ulugʻ olim bilan bir xonada yonma-yon oʻtirib, ularning ilmiy suhbatlaridan, pand-oʻgitlaridan bahramand boʻlganman, yuksak insoniy fazilatlaridan, sharqona odob-xulqlaridan, tavoze’-lutflaridan ibrat olishga intilganman.

«Yuzdan biri... Oʻndan biri...»

Porsoxon domlaning ilm va ijod ahli oʻrtasida obroʻsi katta edi. Xususan, ustoz Gʻafur Gʻulom bilan yaqin doʻst, qadrdon ulfat edi. Sharq falsafasi va she’riyatining, birinchi galda, mumtoz adabiyotimizning bu ikki bilimdoni qachondan doʻst tutingani menga noma’lum, ammo oʻtgan asrning 30-yillari oxirlarida Navoiy tavalludining 500 yilligini oʻtkazish davlat komitetida hamkor boʻlganliklari aniq. Bu yillari domla va Gʻafur Gʻulom Navoiy asarlarini nashrga tayyorlash boʻyicha samarali faoliyat koʻrsatdilar. 50-yillar boshlarida Gʻafur Gʻulom Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida domla ishlayotgan boʻlimga rahbarlik qilgan. 1953 yili Domla Gʻafur Gʻulomning «Tanlangan asarlari»ni, 1956 — 1957 yillari esa asarlarining uch jildligini nashr ettirgan.

Gʻafur Gʻulom Porsoxon domla bilan suhbatlashish niyatida, mudirlikni topshirganidan keyin ham, boʻlimga tez-tez kelib turardi. Suyukli xalq shoirining iqtidoriga yuqori baho bergan domla, ayni zamonda, uning ba’zan zamonasozlik qilishga majbur boʻlishini ham toʻla his etardi. Oʻylash mumkinki, uzoq yillar davomida sirdosh boʻlgan domlaga Gʻafur Gʻulom oʻz yuragini tez-tez boʻshatgan, koʻndalang muammolar qarshisida oʻzining majburiy ojiz ekanligini yashirmagan, ochiqchasiga dardlashgan.

Bunday xulosaga domlaning Gʻafur Gʻulom vafotidan keyin aytgan quyidagi gaplari toʻla asos beradi:
— Abdulgʻafur chindan ham buyuk iste’dod sohibi edi. U katta va tabarruk meros qoldirdi. Ammo, ming afsus, aytishi mumkin boʻlgan soʻzlarning yuzdan birini ham aytolmay, yozishi mumkin boʻlgan asarlarning oʻndan birini ham yozolmay ketdi...

Maxsus ilmiy-tadqiqotning loʻnda xulosasidek jaranglagan bu e’tirof oʻzining favqulodda chuqur mazmuni bilan Gʻafur Gʻulomni, nazarimda, benihoyat ulkanlashtirib yuboradi. Har qachon ustozning adabiyotimiz rivojiga qoʻshgan katta hissasi haqida soʻz borganida, Porsoxon domlaning kuyunch bilan aytgan ana shu soʻzlari meni hayajonga soladi...

«Qarilik gashti»mi yoki tashvishi?

Ilmiy jamoaning eng yoshi kattalaridan biri boʻlgan domla umrining oxirigacha institutdan ajralmadilar, qarigan boʻlishiga qaramay samarali faoliyatda boʻldilar. Domlaning tabiati juda nozik edi. Asli xushfe’l, xushsuhbat domla ongli-ongsiz qoʻpol hatti-harakatlardan ozor chekardilar, mantiqsiz gap-soʻzdan oʻzini chetga olardilar, «qizil» xitob-da’vatlardan ijirgʻanib, xunob boʻlardilar. Har bir soʻzning ma’no-mohiyatini chuqur bilgan domla matndagi nuqson va gʻalizliklarni tuzatishdan erinmas, biz yoshlarni ham shunga oʻrgatardilar. Domlaning nazaridan oʻtgan matndan koʻnglimiz toʻq boʻlardi, chunki ustoz har bir jumla-iboraning mantiqiy-ilmiy asoslangan boʻlishini, uslubning sodda va ravshanligini talab qilardilar.

Kunlarning birida viloyatdan kelgan mehmonning «Qarilik gashtini surib yuribsizmi?» deyishi domlani qattiq ranjitganiga guvoh boʻlganman. Domla butun Sharq adabiyotida, jumladan, mumtoz ijodkorlarimiz merosida qarilikdan shikoyat, uni umrning soʻnggi bosqichi ekanligidan nadomat, keksalikning jismoniy-ruhiy azob-uqubatlaridan nolish juda koʻp uchrashini ta’kidlab: «Hazrat Navoiy qarilikni tuzalmas xastalik» deganlar, deb qancha dalillarni keltirdilar. Xuddi oʻsha kezlari domla Alisher Navoiy oʻn besh jildligi uchun «Mahbub ul-qulub» asari va uning soddalashtirilgan matnini nashrga tayyorlash ishini yakunlagan edilar. Gʻaladondan tayyor matnni olib, Navoiyning qarilik haqidagi mana bu soʻzlarini oʻqib berdilar:

«Qarilik — yigitlik sogʻligʻining xastaligi. Qarilik kunlari xushchaqchaqlarni noshod qilib, kishi qaddini bukchaytiradi va umr bilan xayrlashtiradi. Yuksaklik xayoli boshdan yoʻqoladi, hasrat va nadomat yoshining seli badan qasri devorini yiqitadi...»

Qarilik va uning mumtoz adabiyotimizdagi talqini mavzui oʻsha yillari yoshi yetmishlar atrofida boʻlgan domlaning «qiziqish doirasi»da turganligi oradan ikki-uch yil oʻtgach, yana bir bor tasdiqlandi. Domla «Xazoyin ul-maoniy»ning toʻrtinchi devoni — «Favoyid ul-kibar»dan qarilikdan dardli shikoyat mazmunida yozilgan:

Oqara boshladi boshu
toʻkula boshladi tish,
Safar yarogʻini qilgʻilki,
tushti boshingga ish —

bayti bilan boshlanuvchi gʻazalni koʻchirib kelib, oʻqib berdilar, ulugʻ shoirning badiiy topqirligiga tasannolar aytdilar. Ayniqsa, gʻazal tarkibidagi mana bu baytlar domlaga kuchli ta’sir koʻrsatganligi tovushlaridan ham bilinib turardi:

Yigitlik oʻldi bahoru kuhulat oʻldi xazon,
Degan bu soʻzni — qariligʻni qishga oʻxshatmish.
Ne qish nashoti manga qoldi, ne xazon, ne bahor,
Bahorima chu xazon qoʻydi yuz, xazonima — qish.
Na turfa ishki, birov chun toriqti umridin,
Desa:»Uzun yasha!» — qargʻishdur anga bu alqish.

Qarilikning bu kabi talqini qarshisida «qarilik gashtini surish» haqidagi da’vatlar domlaga batamom mantiqsiz jaranglashi tabiiy edi...

«Mehnat — rohat» iborasi ham domlaning gʻashiga tegardi. U paytlari bu ibora targʻibot-tashviqot ruhida juda koʻp qoʻllanilardi, deyarli har bir yirik rayonda shu nomli kolxoz bor edi. Domlaning (umuman, oʻtmish tariximizdan xabardor har bir ziyolining) e’tiroziga sabab shu ediki, aslan arabcha boʻlgan «mehnat» soʻzi ming yillar davomida «rohat» soʻzining aks ma’nosini ifodalab kelgan. Mumtoz adabiyotimizning, beistisno, barcha namoyandalari bu soʻzni oʻrniga koʻra «azob-uqubat, dard-hasrat, alam-zahmat, kulfat-mashaqqat» kabi oʻta salbiy mazmunni ifodalashda qoʻllab kelganlar. Tabiiyki, Navoiy ijodida ham xuddi shu mazmun turli tovlanishlarda «mehnat» soʻzi bilan ifodalangan. Domla professor S.Ibrohimov bilan hamkorlikda tuzgan «Navoiy asarlari lugʻati»da «mehnat» soʻziga «mashaqqat, ogʻirchilik» deb izoh berganlar va dalil sifatida Navoiy she’riyatidan «shomi hijron mehnatin» («hijron shomi azob-uqubatlari») hamda «zamona mehnatidin» («zamona kulfatu zulmidan») birikmalari oʻrin olgan bayt-misralarni keltirganlar. Bu mavzudagi shaxsiy suhbatlarning birida esa Boburning:

Necha bu falak solgʻusi gʻurbatqa meni,
Har lahza tugangusiz mashaqqatqa meni.
Ne chora qilay, netayki, Tengri goʻyo
Mehnatni menga yoratti, mehnatqa — meni

ruboiysini tahlil etib, Bobur ijodida ham «mehnat»ning aslo «rohat» emasligini, balki, aksincha, xuddi ulugʻ Navoiy va boshqa alloma-ijodkorlar meroslarida boʻlganidek, mazmunan «mashaqqat», «azob-uqubat», «dard-kulfat» ekanligini tushuntirgan edilar.

«Lafzing pok qilkim!»

Nimadir bahona bilan xodimlardan biri uyida dasturxon yozdi. Domla boshliq toʻrt-besh kishi boʻlib bordik. Quyuq-suyuq taomlardan oldin ham, keyin ham ancha vaqt gurunglashib oʻtirdik. Suhbat she’riyat, badiiy san’atlar, ijodkorlarning topqirligi ustida borardi. Bunday xos yigʻinlarning deyarli barchasida boʻlganidek, Boburning:

Oʻz fasli, yor vasli, doʻstlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi. Bodaning kayfiyati
...Gar bu uch ishni muvofiq topsang ul uch vaqt ila,
Mundin ortuq boʻlmagʻay, Bobur, jahonning ishrati —

baytlari oʻqildi. Domla bu goʻzal baytlarning yaratilishiga Navoiyning:

Bodayu ishqu shabob ayyomiyu fasli bahor,
Pand nesunkim, erur oshuftaligʻlar chogʻi —

kabi misralari turtki bergan boʻlishi mumkin, degan taxminni aytdilar. Bu fikrni quvvatlab davradagilar ham bir necha dalillar keltirishdi. Gap aylanib suhbat odobi, shirinsoʻzlilikka koʻchdi. Ayniqsa, «Mahbub ul-qulub»da bu mavzuda koʻp pand-nasihatlar bitilgani aytib oʻtildi. Bu asarning har bir jumlasini «gʻalvirdan oʻtkazgan» domla uni odob-axloq qomusi deb baholadilar. Bu asarda olgʻa surilgan yuksak insoniylik, odamiylik mezoniga Navoiyning oʻzi toʻla-toʻkis amal qilganligini ta’kidlab, domla Xondamir asarlaridan va boshqa tarixiy manbalardan koʻplab hayotiy voqealar, naql va rivoyatlar keltirdilar. Ulugʻ shoir hayotda nihoyatda pokiza va xushulfat, sofdil va noziktab’ boʻlganini, suhbatdoshiga lutfi inoyatlar koʻrsatib, ochiqyuz va mehribonlik bilan muomala qilganini soʻzlab, ijodida ham oʻquvchini shunga da’vat etganini misollar bilan dalillab berdilar. Bu mavzudagi juda koʻplab oʻgitlari jumlasida domla mutaxassislar yetarli e’tibor bermagan mana bu baytni yod oʻqidilar:

Pok lafz ayturgʻa lafzing pok qilkim, hayfkim,
Yaxshi soʻz borinda surgay nuktai mazmum ogʻiz.

Navoiy hikmatlari jumlasidan oʻrin olishga loyiq bu misralardagi «nuktai mazmum» birikmasini domla «yaxshi soʻz» iborasining ziddi boʻlgan «soʻkish, haqoratlovchi, odobsiz, behayo soʻzlar» deb izohlab, ulugʻ shoir «pok lafz» — xushmuomalaga da’vat qilayotganiga e’tibor qaratdilar. Xuddi shu davrada domla Navoiyning xalq maqollari darajasidagi quyma va purma’no «Qolmamish qoʻzgʻolmayin, kimki birovni qoʻzgʻamish!», «Kimki, — ul egri qadam urdi — ishi kelmadi oʻng» va «Ayb erurki, ahli donish qilsa nodon birla bahs» kabi oʻgitlarini ham yod oʻqidilar.

Bu samimiy davra suhbati mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy shaxsiyati va merosi boʻyicha biror kitob-darslikda bitilmagan ma’lumotlar bilan biz yosh xodimlar bilimini boyitdi. Oʻshanda Navoiy asarlarining lugʻatini tuzgan domla lugʻat nashriga kirmay qolgan «sherik» va «oʻrtoq» soʻzlarining shoir merosida mavjudligini va bu soʻzlar xuddi hozirgi ma’no-mazmunda qoʻllanilganini aytgan edilar. Keyinchalik men «Favoyid ul-kibar» devonidan domla ma’lumotini tasdiqlovchi mana bu baytni uchratdim:

Ishq aro Farhod ila Majnun sherikimdur, vale,
Dardu gʻam chekmakka menga yoʻq bu ikki oʻrtogʻim.

Dasturxon atrofida faqat ilmiy suhbat emas, hazil va chiroyli lutflar ham boʻlib oʻtdi. Ulardan birida domla gap orasida oʻrtadagi bodomdan birini olib, qoʻllari bilan chaqmoqchi boʻldilar — chaqilmadi. Yana birini olib, ikkalovini ustma-ust qoʻyib ezishga harakat qildilar — boʻlmadi. Ogʻizlariga solib ancha aylantirdilar — qattiqlik qildi. Koʻngillari ketdimi, har holda, koʻp urindilar, baribir, ikkinchisi ham, uchinchisi ham chaqilmadi. Boʻlib oʻtayotgan gap-soʻzlarga diqqat bilan quloq tutayotgan sohibi dasturxon beixtiyor kuzatib ham turgan ekan:
— Qoʻying, domla, urinmang, — dedi kulgi bilan. — Silliq boʻlib ketganidan bilingki, necha mehmon qancha tirishib ularni chaqolmagan. Hatto akademiklar ham uddalay olmagan. Hamid Orasliy domla har kelganlarida hammasini bir-bir ogʻizga olib, qaytib qoʻyganlar.

U dik etib oʻrnidan turdi-da, bodomni likopchasi bilan koʻtarib, dam oʻtmay bolgʻada chaqib keldi. Magʻzini ajratib olib domla va boshqa mehmonlar oldiga qoʻydi. Magʻizdan bir-ikkisini yegan Domla qolganini oʻrtaga sura turib:
— Chindan ham Orasliy domla shimib koʻrgan ekanlar — shundoqqina neft mazasi anqib turibdi, — deb lutf qildilar. Hamma kulib yubordi. Hamid Orasliy Ozarboyjon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, oʻzbek adabiyotshunoslarining yaqin doʻsti boʻlib, oʻsha kezlari Navoiy komiteti anjumanlarida qatnashish uchun ilmiy ma’ruzalar bilan Toshkentga tez-tez kelib turardi. U kishi domlaning doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganlarida opponentlik qilib, tadqiqotga juda yuqori baho bergan edi.

«Bor choydan!..»

Kimningdir yigirmasiga toʻplanishib bordik. Oʻtirdik, «Qur’on» tilovati boʻldi. Hali fotiha tortilmagan ham ediki, bizdan oldingi qatorda oʻtirganlardan biri dagʻal ovoz bilan:
— He bola! Bu choyingni obor, achchiq qilib koʻk choy damlab kel! Ma! — deb xizmatda yurgan yigitlarning biriga yangi keltirilgan choynakni tutqazdi. Buni koʻrib — eshitib oʻtirgan domlaning jahllari chiqdi, bir ijirgʻanib qoʻydilar.
— Hoy, bolam! Oʻsha choynakni buyaqqa bering! Barakalla! — dedilar ataylab hammaga eshitilarli qilib. Oradan biroz vaqt oʻtar-oʻtmas oldingi safdan yana oʻsha dagʻal ovoz quloqqa zarb bilan urildi:
— Koʻk choy dedim-ku, koʻk! Yoʻq, qorasi boʻlmaydi!

Bizning qatorda oʻtirganlarning eng yoshi men edim. Domla menga qarata zarda bilan:
— Restoranga borganda ham menyu boʻyicha buyurtma beriladi. Bu joy restoran yoki kuyovchaqiriq emas. Bor choydan ichavering! — dedilar oldingi safga ham eshitilarli qilib.

Osh tortildi. Har daqiqada «Choyila bormi? Kamchilik yoʻqmi? Choy keltiraymi, qanaqasidan?» deya xizmatda yurganlarning biriga orqa safdan kimdir iltimos ohangida:
— Bor choydan bir choynak qoʻyib keting! — deb murojaat qilgani quloqqa chalindi.

«Ha, bor choydan!» — dilimizda qaytardik bizlar ham...

«Bu soʻnggisi boʻlmasin!..»

Institut ilmiy jamoasi ixcham, ammo ahil, ishchan edi, xodimlar oʻrtasida oʻzaro izzat-hurmat ruhi hukmron boʻlib, hazil-huzul va samimiy munosabat katta-kichikni doʻstlashtirib yuborgan edi. 50 — 60-yillari xodimlar tomonidan hazil yoʻsinida «Koʻndirbyuro» va «Undirbyuro» deb ataluvchi «tashabbuskor guruhlar» ish olib borardi. Porsoxon domla, Hodi Zarif, Homil Oʻqubov, Zokir Ma’rufov, Abdulla Olimjon kabi katta avlod olimlar bu «byuro»larning faollari edilar. Porsoxon aka bilan Hodi Zarif kabi obroʻli, soʻzi oʻtadigan domlalar har ikkala «byuro»da yetakchilik qilishgan. Biror xursandchilik munosabati bilan unga aloqador shaxslarni «eritish» — «byuro»larning bosh maqsadi edi.

Dissertatsiya muhokamadan oʻtib, yoqlash uchun tavsiya etilishi, kimningdir farzand yoki nabira koʻrishi, kitobi bosilib chiqishi, unvonga sazovor boʻlishi, yangi uyga koʻchishi kabi shodiyona sabab voqealar munosabati bilan, avvalo, «Koʻndirbyuro» ishga kirishar, aloqador xodimni bir ziyofatga koʻndirib va’dasini olardi. Bu birinchi — biroz yengilroq bosqich edi. Ishning ogʻirligi «Undirbyuro»ga tushardi. Ziyofatga koʻnib, va’da bergan shaxs keyinchalik koʻpincha tixirlik qilardi, ba’zilar ochiqdan-ochiq qochib yurardi. «Undirbyuro», baribir, boʻsh kelmasdi... Biz yoshlar ham ora-sira bunday oʻtirishlarga aralashib turardik, yugurdaklik qilardik, ba’zan oʻzimiz ham qoʻlga tushib qolardik. Zavq-shavq bilan qadah soʻzlari ham aytilardi. Hodi Zarif domlaning soʻzlari juda uzun boʻlardi, ba’zan ilmiy ma’ruzaga oʻxshab ketardi, davradagilar entikib qolishardi. Koʻpincha nima sabab-bahona bilan yigʻilingani esga ham olinmasdi. Porsoxon domla, aksincha, gapirmas edilar. Hech iloji boʻlmaganda, doimo oʻrischa aralashtirib, «Bu predposledn?y boʻlsin!» derdilar piyolani koʻtarib, qisqagina.

Biz — yoshlar domlaning bu purma’no qadah soʻzlariga qoyil qolardik va «bu soʻnggi qadah, soʻnggi ziyofat, soʻnggi kitob, soʻnggi mukofot boʻlmasin, yaxshiliklar, ulfatchilikning oxirgisi boʻlmasin!» deb tushunardik...