OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurauf Fitrat
Asar nomiMuxtasar Islom tarixi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Jadidizm
Mualliflar
   - Abdurauf Fitrat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Muxtasar Islom tarixi
Abdurauf Fitrat

MUQADDIMA

Tarix ta’rifi

Tarix millatlarning oʻtmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini oʻrgatuvchi fandir.

Tarix taqsimi

Tarix ikki qismdan iborat: umumiy tarix va xususiy tarix. Barcha millat va jamiyatlarning axvolini bayon qiladshan soha umumiy tarix, deb ataladi. Xususiy tarix birgina millat va birgina jamiyatning tarixini yoritadi. Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi; binobarin, Islom tarixi Hazrati Paygʻambar (s.a.v.)ning dunyoga kelishlaridan va Islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir.

BIRINCHI QISM: SAODAT DAVRI

Rum va Eronning Islomdan avvalgi ahvoli

Isoviy (xristian) dini tarixining besh yuzinchi yillari dunyoda ikki ulugʻ davlat mavjud boʻlib, bularning birini Rum va ikkinchisini Eron, der edilar. Bu ikki davlat podshohlaridan biri doimo ikkinchisining ustiga lashkar tortib, oʻrtada uzoq davom etgan janglar boʻlar edi. Natijada ikki tomon ham holdan toyar, ikkovi ikki tomonga chekingan holda yana lashkar toʻplar, xalqning hisobiga pul toʻplab, yana yangitdan jangga hozirlik koʻrar edilar. Jabr-zulm ostida qolgan bu mamlakatlarning xalqlari bot-bot isyon koʻtarar, turli diniy ixtiloflar bahonasida podshohlarini agʻdarib tashlash qasdida boʻlar, xullas, fisq-fujur, axloqsizlik, zoʻravonlik va bosqinlar bu yurtlarda keng tarqalgan edi. Natija oʻlaroq, bu yurtlar kundan kunga xarob ahvolga kelib, xalqning soni kamayib borardi.

Arab yarim oroli va u yerdagi xalqning ahvoli

Bu ikki mamlakatning janub tarafida boshqa bir qit’a bor edi; uni Arab yarim oroli (Jaziratul-arab), deb ataganlar. Bu yerning xalqi asosan arablardan tashkil topgan. Arab yarim oroli Rum va Eron yurtlari kabi obod emas, balki koʻp yerlari qumlikdan iborat boʻlib, ba’zi qit’alardagina obod manzillar mavjud edi. Bu qit’alardan eng mashhuri va muboragi Hijozdir, chunki bu qit’ada Makka bilan Madina joylashgan. Xaritaga qarasangiz koʻrasizki, Hijoz qit’asining bir tarafi Qizil dengiz va boshqa bir tarafi choʻldir. Bu joylarni Rum va Eron davlatlari egallay olmaganlar. Bu yerda yashovchi xalqlar Rum va Eron kabi oʻz hukumatlariga ega boʻlmay, qabila-qabila, ya’ni toʻp-toʻp boʻlib yashaganlar. Har bir qabilaning oʻz sardori boʻlgan.

Barcha arablar johil va badaviy (sahroyi) boʻlganlar. Choʻponlik va qaroqchilik bilan kun koʻrganlar. Biron yil boʻlmaganki, bir qabila ikkinchisiga hujum qilmagan, oʻrtada qon toʻkilmagan boʻlsin. Barcha qabilalarning diii butarastlik edi. Makka shahridagi Ka’ba xonasida 360 but (sanam) oʻrnatilgan boʻlib, har bir qabila oʻziga tegishli butga sigʻinar edi. Qimorbozlik va sharobxoʻrlik ularning koʻngil ochar ishlari boʻlgan. Agar ularniig xotinlari qiz tugʻsa, or qilib, begunoh goʻdaklarii tiriklayin yerga koʻmar edilar. Xullas, na faqat Rum va Eron yoki Arab yarim orolidagi qabilalar, balki butun olam davlatlari xarob ahvolga kelgan edi. Buyuk Hazrati Parvardigor bu dunyoning xarobaliklarini xohlamas edi, shuning uchun bot-bot paygʻambarlar tayin qilib, ular orqali pand-nasihatlar qilardi. Alloh taolo juda koʻp paygʻambarlar yuborgandan soʻng, endi haqdin bilan oxirgi paygʻambarni yuborishga qaror qildi, ammo oxir zamon paygʻambarini Rum va Eron kabi buyuk davlatlardan tanlamadi, chunki bu davlatlardagi odamlar koʻp beaxloq, beandisha va begʻayrat boʻlib ketgan edilar. Ammo Arab yarim orolidagi Hijoz arablari Rum va Eron podshohlariga hech vaqt tobe’ boʻlmagan va u mamlakatlarning xalqlari bilan bordi-keldi qilmagan edilar; harholda axloqda ulardan mumtozroq edilar. Ularning xislatlaridan ba’zilari shuki, ular musofirparvar, rostsoʻz, gʻayratli, soʻzamol va shoirlik iqtidoriga ega edilar. Binobarin, Xudoyi taolo u buyuk Paygʻambarni arab qavmidan tayin qildiki, ul janob bizning Paygʻambarimiz Muhammad ‘alayhissalom boʻldilar.

Hazrati Rasuli akram ‘alayhissalomning dunyoga kelishlari

Yuqorida aytdikkim. arablar qabila-qabila boʻlib yashaganlar. Hijoz arablari ham shu kabi bir necha qabiladan tarkib boʻlgan. Ularning ichida eng ulugʻ va e’tiborlisi Quraysh qabilasidirki, zero Ka’baga xizmat qilish ularning qoʻlida edi. Quraysh qabilasining bir sardori boʻlib, uni Abdul-Mutallib, deb atashgan, uning Abdulloh ismli oʻgʻli boʻlib, Abdul-Mutallib bu oʻgʻlini boshqalaridan koʻproq yaxshi koʻrardilar. Omina ismli arab qizini nikohlab berdilar. Oradan yetti oy oʻtgach, Abdulloh savdogarlik vajhidan Madinaga borib, u yerda vafot etadilar. Yana ikki oydan soʻng, isoviy sananing 570 yili, Rab’ul-avval oyining 12-sida, dushanba kuni Allohning rahmati bilan bizning paygʻambarimiz Muhammad ‘alayhissalom binni Abdulloh Makka shahrida Ominadan dunyoga keldilar.

Hazrati Paygʻambarning tarbiyalari

Demak, yuqorida aytganimizdek, Paygʻambarimiz dunyoga yetim keldilar, otalari olamdan oʻtgan edilar. Bobolari Abdul-Mutallib ul hazratning tarbiyalarini oʻz zimmalariga oldilar. Makka xalqining bir yaxshi odati bor edikim, yangi tugʻilgan goʻdaklarni sahroyi enagalarga berib, shahar tashqarisiga chiqarib yuborar edilar. Abdul-Mutallib ham ul hazratni Halima ismli doyaga berib, shahardan tashqariga chiqarib yubordilar. Halima bir yil ul hazratni tarbiya qildi, soʻngra qaytarib topshirdi.

Hazrat olti yoshga toʻlganlarida onalari vafot qildilar, sakkiz yoshda ekanliklarida bobolari ham vafot etdilar. Amakilari Abu Tolib ul hazratni oʻz tarbiyalariga oldilar. O’n uch yoshga toʻlganlarida Abu Tolib bilan Shom shahri tomon yoʻlga otlandilar. Yoʻlning yarmida Buhayro ismli bir nasroniy rohib ul hazratni koʻrib, u kishining ba’zi alomatlaridan Paygʻambari oxir zamon ekanlarin payqadi va Abu Tolibga: «Bu yigitni Shomda yahudiylar tanib qolib, zarar yetkazinglari mumkin», dedi. Abu Tolib Buhayroning soʻziga kirib, Makkaga qaytib ketdilar.

Paygʻambarning uylanishlari

Hazratning axloq va odoblari bisyor maqbul va komil boʻlgan; hech vaqt yolgʻon gapirmaganlar, hech kimga xiyonat qilmaganlar, noinsoflik, muruvvatsizlik va behayolikdan yiroq edilar. Binobarin, hazratning e’tiborlari ortib, kundan kunga ziyoda boʻlgan. Makka xalqi ul zotni Muhammad Amin, deb atadi. Hazrat yigirma toʻrt yoshga toʻlganlarida makkalik Xadicha ismli moldor ayol u kishiga molini berib, Shomga yubordilar. Bu daf’a ham yoʻlning yarmida Nasturo ismli bir nasroniy rohibi u kishini koʻrib, Shom safarini man’ qildi. Shul sababli mollarini oʻsha yerda katta foyda evaziga sotdilar va qaytib ketdilar. Xadicha ul hazratdan juda mamnun boʻldilar. Yigirma besh yoshda ekanliklarida Xadichani oʻz nikohlariga oldilar.

Vahiyning kelishi

Yuqorida biz hazratning odob-axloqlari haqida gapirib oʻttan edik, hazratning yana bir xislatlari shundan iborat ediki, boshqa makkaliklar yoki umuman arablar singari butlarga sigʻinmas edilar, ularni bir tosh deb bilib, chandon e’tibor qilmas va hatto yomon koʻrardilar.

Qirq yoshga yetganlarida Alloh tomonidan Jabroil orqali «Iqra, bismi rabbuka« oyati nozil boʻldi va soʻnggi uch yil ichida hech bir oyat kelmadi. Soʻng "Ya ayyuhal-muddassiru qum fa-anzir" oyati keldi va u hazratni paygʻambarlikka amr qildi. Ul hazrat bu xabarni avval Xadichaga, soʻng hazrati Abu Bakr va Aliga yetkazdilar; ularning hammalari musulmon boʻlishdi. Hazrati Ali bu paytlarda goʻdak edilar. Aytadilarkim, eng avval musulmon boʻlgan kimsalar — ayollardan Hazrati Xadicha, erkaklardan hazrati Abu Bakr, goʻdaklardan hazrati Ali musulmonlikni qabul qilganlar. Bundan soʻng hazrati Abu Bakrning dalolati bilan Makkaning bir necha ulugʻlari musulmon boʻldilar. Dastlab musulmonlarning soni yigirma kishidan iborat boʻlgan. Hazrat bu yangi musulmonlar bilan pinhona ibodat qilardilar, suhbat ham pinhona edi. Ammo buyuk ishlarni doimo yashirib boʻlmaydi, shuningdek, yangi din ham buyuk ish boʻlib, uni yashirishning iloji boʻlmadi; hazratning Paygʻambarligi Makkaga ovoza boʻldi; hamma hayron, ba’zilari kelib hazratning oʻzlaridan soʻradilar va ul zoti sharif tavhid ilmini ularga tushuntirdilar. Paygʻambar bilan kelib suhbatlashgan ba’zilarga yangi din ma’qul kelib, ular ham musulmon boʻldilar. Yangi din odamlarni pokizalikka, Xudodan qoʻrqishga, ezgu ishlarga da’vat qilar ekan, odamxoʻrlik va behuda ishlarni man’ qilar ekan. Arablar bu dinga ragʻbat koʻrsatdilar. Lekin Makkaning ayrim ulugʻlari, masalan, Abu Jahl va Abu Sufyon: »Agar biz musulmon boʻlsak, Muhammadga tobe boʻlib qolib, ulugʻlikni qoʻldan berurmiz», — deb musulmon boʻlmadilar, ayni paytda musulmonlikni qabul qilgan kishilarga ham koʻp azob berdilar. Hazrat kofirlarning bergan azoblaridan nolimadilar, doimo Xudo amrini bajo keltirib, ularni ham charchamay Islom diniga da’vat etdilar.

Hazrati Hamza va hazrati Umarning musulmon boʻlishlari

Hazratning doimiy sabot va sa’y-harakatlari natijasida arablarning atoqli bahodirlari janobi Hamza va Umar musulmon boʻldilar, bundan musulmonlarning dillari quvvatlandi. Hazrati Umarning dalolati bilan Paygʻambar ‘alayhissalom oʻz yoronlari bilan Ka’ba masjidiga borib oshkora namoz oʻqidilar, odamlarni musulmonlikka da’vat qildilar, kishilar birma-bir, asta-sekin kelib musulmon boʻldilar.

Paygʻambar yoronlarining Habashga ketishlari

Ul hazrat Paygʻambarligining beshinchi yilida musulmonlar soni 300 ga yetdi. Musulmonlarning soni orta borishi bilan kofirlarning ham zulmi kuchayib ketdi. Shuning uchun hazrat kimning xohishi boʻlsa, Habashistonga borishlari mumkinligini aytdilar. Paygʻambarning oliy himmatlari bilan bir necha ashoblari Habashiston yurtiga ketdilar va u yerning podshohidan muruvvat koʻrdilar. Islom dini kuch olgunga qadar ashoblar oʻsha yerda istiqomat qildilar, soʻngra Hazratning xizmatlariga qaytib keldilar.

Xadicha va Abu Tolibning vafotlari hamda munosabatlarning uzilishi

Kofirlarning izza va haqoratlari koʻpaygan sari musulmon diniga ragʻbat bildiruvchilarning soni ham kundan kunga koʻpaya bordi. Makka ulugʻlaridan boʻlgan kofirlar majlis oʻtkazib, Paygʻambar va u kishining yoronlari bilan har qanday munosabatni uzishga qaror qildilar. Qaror natijasi oʻlaroq ahdnoma yozdilar: bundan keyin hech kim musulmonlarga xotinlikka qiz bermaydi va ulardan xotin olmaydi, ular bilan salomlashmaydi, savdo-sotiq aloqalarini qilmaydi. Bu ahdnomaga imzo chekib, Ka’ba darvozasiga osib qoʻydilar. Bu ahdnoma uch yil oʻz kuchida turdi. Koʻpgina musulmonlar bu ahdnoma natijasidan koʻp qiyinchilik koʻrdilar, ammo musulmonchilikni qabul qiluvchi olamlar safi toʻxtamadi. Oqibatda ahdnomadan hech qanday naf boʻlmay, kofirlarning oʻzlari bu ahdnomani yirtib tashladilar, ahli Islom undan xalos boʻldi.

Hazrat Paygʻambarimizning vahiy ola boshlaganlarining oʻninchi yilida hazrati Xadicha va amakilari Abu Tolib dunyodan oʻtdilar. Abu Tolibning oʻlimidan keyin Makka kofirlari Paygʻambarimiz va musulmonlarga zulmlarini haddan oshirib yubordilar. Ayni iaytda Rasuli akramning me’rojlari voqe’ boʻlib, hazrat moddiy olamdan ma’naviy olamga safar qilib qaytdilar. Me’roj tunidan boshlab besh vaqt namoz farz boʻldi.

Makkadan Madinaga hijrat

Kofirlarning zulmi va zoʻravonligi haddan oshib ketganligi sababli Rasuli akram ba’zan atrofdan kelgan musofirlarni Islom diniga da’vat qilish va oʻz tarafdorlarini yanada koʻpaytirish uchun shahar tashqarisiga chiqar edilar. Paygʻambarlikning oʻn ikkinchi yili bir kuni Madinadan kelgan bir necha odamni musulmonlikka da’vat qilmoq uchun shahar tashqarisiga chiqdilar. Madinaliklar Paygʻambarimizga agar siz Madinaga kelsangiz biz oʻz mol va jonimizni siz uchun koʻmak yoʻlida fido qilar edik, dedilar. Paygʻambarimiz ularning bu qasamlariga ishonib, taklifni qabul qildilar. Bu uchrashuv Aqoba mavzeida sodir boʻlgani uchun uni tarixchilar « Aqoba ittifoqi«, deb ataganlar. Keyingi yilda Madinadan yana bir necha ulugʻlar kelib »Aqoba ittifoqi»ni yangilab ketdilar. Kofirlarning qulogʻiga bu itgifoq yetib borgach, musulmonlarga nisbatan oʻz zulmlarini yanada kuchaytirib yubordilar. Hazrat oʻz ashoblariga Madinaga hijrat qilishni buyurdilar va musulmonlar yakka-yakka va juft-juft boʻlishib Makkadan hech kimga sezdirmay chiqib keta boshladilar. Kunlar oʻtgan sayin Makkada Hazratning oʻzlari Abu Bakr va Ali bilangina qoldilar. Kofirlar Paygʻambarimizning yolgʻiz qolganliklarini bilgach, ul zotni tunda qatl qilmoqqa maslahat kildilar, ul Hazratga Alloh bu maslahatdan ogoh etdi va oʻrinlariga Alini yotqizib, Abu Bakr bilan birga oʻsha kuni Makkadan chiqib ketdilar. Kofirlar Paygʻambarimizning ketib qolganliklarini bilib, izlashga tushdilar, ayniqsa, As-Saboh degan kofir koʻp qidirdi, ammo izlarini ham topa olmadi. Ul Hazrat Abu Bakr bilan birga salomat holda Madinaga borib yetdilar. Ular kelgan kunni Madina ahli katta bayram qildi. Hazrat Ali ham oradan uch qun fursat oʻtgach, Madinaga kirib keldilar. Hijrati Paygʻambarning oʻn toʻrtinchi yilida, isoviy 622-sanani musulmonlar oʻz tarix hisobining ibtidosi, deb bilurlar, ya’ni hijriy yil shu yildan boshlangan.

Masjid qurilishi va qiblaning tayin boʻlishi

Hazrat Madinaga kelganlaridan soʻng, Madinaning tashqarisidagi Qubo dahasida bir masjid qurdilar va keyinchalik ham Madinaning oʻzida yana bir masjid bino qildilar. Alloh taolo hanuz musulmonlarning qiblasini tayin qilmagan edi. Musulmonlar namoz oʻqiganlarida yahudiylar qiblasi boʻlmish Baytul-Maqdisga qarar edilar, binobarin, Madinadagi ikki masjidning ham qiblasi oʻsha tomonga qaragan edi. Musulmonlar bir qancha vaqt Baytul-Maqdisga qarab namoz oʻqiganlaridan keyin, qibla Ka’baga qarashi kerakligi haqidagi oyat nozil boʻldi. O’sha vaqtdan buyon musulmonlarning qiblasi Ka’ba uyi tarafidadir. Bu voqea Islom tarixida qiblaning tayin boʻlishi, ya’ni «Tahvili qibla», deb ataladi. Alloh taoloning har bir amri bir necha foyda va hikmatga egadir. Zero, bu amrning hikmati shundan iboratki, musulmonlar har namozda Ka’baga qarab namoz oʻqir ekanlar, asl vatanlari boʻlmish Makkani yod etadilar va tezroq quvvatlanib, Makkani kofirlar qoʻlidan xalos etmoqqa sa’y-harakat qiladilar.

Jihodga buyurish

Qibla tayin boʻlgach, musulmonlar oʻz vatanlarini kofirlar qoʻlidan xalos qilish orzusida boʻlib, jihodni istar edilar. Hijratning ikkinchi yilida Alloh tomonidan jihod farz qilindi. Shundan soʻng musulmonlar kofirlarga qarshi koʻpgina jang qildilar. Paygʻambarimiz ishtirok etgan har bir jangni gʻazot, deb ataganlar va oʻzlari ishtirok etmay, lashkar yuborgan janglarni sariyya deganlar. Musulmonlar qariyb yigirmata gʻazot va sariyya uyushtirganlar. Ulardan mashhurlari: Badr, Uhud, Xandaq, Haybar, Makkaning fath etilishi. Boshqalari haqida ozrak yozamiz.

Badr gʻazoti

Dastlabki gʻazot Badr yurishidir. Hazrati Paygʻambar bu jangga 313 nafar jangchi bilan kelgan edilar. Makka kofirlari esa, qariyb ming kishi boʻlib jangga kirdilar. Ikki muxolif lashkar Badr deb atalgan mavzeda toʻqnashdilar. Musulmonlar haq yoʻlida yaqdil boʻlib jang qilganliklari uchun ham oʻzlaridan uch barobar koʻp boʻlgan dushman lashkarini yengdilar. Bu gʻazotda musulmonlardan 14 kishi, kofirlardan 70 kishi halok boʻldi. Bu jangda Islomning ashaddiy dushmani Abu Jahl ham halok boʻlganlar orasida edi. Kofirlardan yetmish nafari musulmonlarga asir tushdi. Hazrat Madinaga qaytgach, ba’zi asirlarni tovon hisobiga ozod qildilar. Tovon toʻlashga qurbi yetmaganlarni esa, musulmon bolalarning xat-savodini chiqarishga majbur qilindi, bu ishni bajargandan keyingina ozod kilinishi shart qilib qoʻyildi. Bu gʻazot hijratning ikkinchi yili sodir boʻlgan edi.

Uhud gʻazoti

Kofirlar Badr jangida magʻlub boʻlib, Makkaga qaytdilar. Bir oy azadorlik qilib, keyin qasos olish niyatida jangga tayyorgarlik koʻra boshladilar. Keyingi yilda uch ming lashkar bilan Madinaga qarab yul oldilar. Hazrati Paygʻambar kofirlarning lashkarlari kelganini eshitib, ashoblarining moʻ‘tabarlarini yigʻib mashvarat oʻtkazdilar va dushmanlarning lashkari koʻp ekan, agar biz shahar darvozalarini berkitib, ichkaridan jang qilsak yaxshi boʻlar, dedilar. Ashoblarining gʻayratli yoshlari bu maslahatga quloq osmay, shahardan tashqariga chiqib dushman bilan yuzma-yuz jang kilamiz, dedilar. Hazrat ularning tashqariga chiqib jang qilish tarafdorlari ekanliklarini koʻrdilar va hech narsa demay yetti yuz nafar musulmonlar bilan shahar tashqarisiga chiqdilar. Madina shahri tashqarisidagi Uhud togʻining tagida dushman bilan yuzma-yuz keldilar. Islom lashkarining chap tomonida bir dara boʻlib, Hazrat ellik nafar oʻqchilarni ajratib, sizlar shu joyda turinglar, aslo boshqa joyga koʻchmanglar, agar dushman bu yerga kelib hujum qilsa, ishimiz mushkullashadi, dedilar. Jang boshlandi, musulmonlar hujum qildilar, kofirlar chekina bordilar, lekin boyagi ellik nafar oʻqchi Hazratning farmonini yoddan chiqarib, kofirlarning har yerda qolgan molini oʻlja olish uchun daradan keldi. Bir qancha dushman askarlari bu fursatni gʻanimat bilib, ana shu darani egallab oldilar va shu yerdan Islom lashkariga hujum qildilar. Musulmonlar magʻlub boʻldilar, yetmish nafar musulmon shahid boʻlib, Paygʻambarimizning amakilari hazrati Hamza ham shu qatorda edilar. Hazratning ham bu jangda tishlari sinib, aziyat cheqdilar. Garchi kofirlarning qoʻllari bu jangda baland kelgan esa-da, musulmonlarning yana kuch toʻplab hujum qilib qolishlaridan qoʻrqib chekindilar.

Handaq gʻazoti

Hijratning beshinchi yili Makka kofirlari yahudiylar bilan ittifoq tuzib, oʻn ming kishini goʻplab, Madina tarafga yoʻl oldilar. Hazrat bu xabarni eshitgach, ashoblari bilan mashvarat qildilar. Maslahatga binoan Solmon Forsiy uch ming kishi bilan shahar tashqarisiga chiqib, shahar ostonasida Islom lashkarining atrofida chuqur qazidilar. Kofirlar Islom lashkarining roʻbaroʻsiga kelib saf tortdilar, ammo xandaqdan oʻtolmadilar, nochor qolib, xandaqning narigi tomonida turib oʻq otdilar. Musulmonlar ham bu tarafda turib dushman oʻqiga javob berib turdilar. Oqibatda dushman hech qanday natijasiz qaytib ketishga majbur boʻldi. Musulmonlar muzaffar va mansur boʻlib Madinaga qaytdilar.

Hudaybiyah sulhi

Hijratning oltinchi yili Hazrat besh yuz nafar sahobiylari bilan Ka’bani ziyorat qilish niyatida yoʻlga tushdilar. Jang qilish niyati boʻlmaganligi sababli qilichdan boshqa jang qurollarini olmaslikni buyurdilar. Makka yaqinidagi Hudaybiyah mavze’iga joylashib, Makka ahliga elchi yuborib, oʻz niyatlarini ma’lum qildilar. Lekin Makka kofirlarinigi sardorlari musulmonlarga boʻlgan eski adovatlari hamda gina-kuduratlari bilan Hazrat Rasuli akram ‘alayhissalomga Ka’ba ziyorati uchun ruxsat bermadilar.

Shuncha miqdor musulmonni koʻrib, ularning niyatlaridan bexabar yoki xabardor boʻlsalar ham ataylab, darhol lashkar toʻplab, jangga hozirlik koʻra boshladilar.

Jang chiqishiga sal qoldi, lekin ba’zi kishilar gʻayrat qilib, ular oʻrtasida sulh va ahdnoma tuzdilar. Bu sulhga koʻra, Hazrat bu yil Ka’bani ziyorat qilmay qaytadigan va keyingi yilda ziyoratga kelaligan boʻldilar; musulmonlar oʻn yil mobaynida Makka ahli bilan jang qilmaydilar. Makkadan Madinaga qochgan har bir kimsani esa, qaytarib Makkaga yuboradilar va Madinadan Makkaga qochgan xar bir kimsani Makka ahli Madinaga joʻnatmaydilar. Har ikki tomon ushbu ahdnomaga imzo chekdilar, Hazrat Madinaga qaytib ketdilar, keyingi yili esa Ka’ba ziyoratiga bordilar. Bu voqeani Hudaybiyah sulhi, deb ataganlar.

Haybar gʻazoti

Shom va Madina orasida Haybar otligʻ qal’a bor edi. Bu joyda yahudiylar yashardilar. Hazrat hijratning yettinchi yilida shu qal’ani olmoq uchun ming nafar Islom ahli bilan keldilar. Yahudiylar shahar darvozasini berkitib, ichkaridan turib jang qildilar. Islom lashkari oʻn kun mobaynida qal’ani qat’iy qamal qildi, natijada uni egalladi. Bu shahardan Islom lashkari qoʻliga beadad oʻlja tushdi.

Hazratning elchilar joʻnatishlari

Bu gʻalabadan soʻng musulmonlarning ovozasi har tarafga yoyildi. Turli qavmlar Islom ahlining quvvatidan hayratga tushdilar. Hazrat fursatni gʻanimat bilib, atrofdagi iodshohlarga elchi va nomalar yubordilar, bu nomalar va elchilar orqali ularni Islom diniga kirishga da’vat qildilar. Hazrat quyidagi olti mamlakatga oʻz nomalarini yuborgan edilar: Eron podshohiga, Rum podshohiga, Habashiston podshohiga, Misr hokimiga, Yaman hokimiga. Ularning ba’zilari Hazratning elchilarini izzat-hurmat bilan qarshilagan boʻlsalar, ba’zilari tahqirladilar.

Makkaning olinishi

Hudaybiyah sulhiga binoan musulmonlar Makkaga qarshi oʻn yil davomida jang qilmasliklari kerak edi va musulmonlar bu ahdda sobit edilar. Lekin sulh imzolangandan keyin ikki yil oʻtib, ya’ni hijratning sakkizinchi yili Makka kofirlarining oʻzlari ahdnomani buzdilar; Madinaga bot-bot hujum qila boshladilar. Hazrat oʻn ming lashkar bilan Makkaga yurish qilishga majbur boʻldilar va shahar tashqarisiga kelib, har bir jangchiga oʻz chodirida olov yoqishni buyurdilar. Makka ahli homon musulmonlarning kelganlaridan bexabar edi. Shahar tashqarisidagi bunchalar koʻp oʻtni koʻrib qoʻrqib ketdilar. Abu Sufyon xabar olgani kelib, musulmon boʻlib qaytdi va Makka ahliga voqeani anglatdi. Makka kofirlaridan ba’zilari jangga hozirlik koʻrolmay, har tomonga qochib ketdilar. Hazrat jangsiz kelib Makkani oldilar va Makka ahliga umumiy afv e’lon qildilar. Boshqalar ham guruh-guruh boʻlib musulmonlikii qabul qildilar.

Hunayn gʻazoti

Makka fathi haqidagi xabar hamma tarafga tarqalgach, ba’zi musulmon boʻlmagan arab qabilalari gʻazabga keldilar va Hunayn degan mavze’ga toʻplanib, Islom lashkariga hujum qilishga shaylandilar. Hazrat bu xabarni eshitib, 12 ming kishi bilan ularning ustiga yurdilar. Hunayn mavze’ida jang boʻlib, nomusulmon qabilalarning lashkari qattiq shikast yedi. Islom ahli ularning yurtlarini egalladilar; butun Arab yarim oroli musulmonobod boʻldi va Hazrat Madinaga qaytdilar.

Tabuq gʻazoti

U zamonlarda Shom viloyati Rum imperatorining qoʻlida edi. Hazrat imperatorning farmoni bilan Shom viloyatida juda koʻp askarlar jam boʻlganini va Madinaga hujum qilish niyatida ekanligini eshitdilar, ul zot ham darhol lashkar toʻplash fikriga keldilar. Lekin Rum imperatorining lashkari bilan jang qilish mushkul edi. Buning uchun juda koʻp lashkar toʻplash kerak edi, ammo lashkar xarajati uchun mablagʻ topishning iloji yoʻq edi. Oxir-pirovardida millatga murojaat qilib, koʻmak soʻraldi. Har kim qoʻlidan kelgan narsasini berdi. Shu tariqa lashkarga kerakli boʻlgan anjomlar toʻplandi. Hazrat 30 ming lashkar bilan Madina va Shom oʻrtasidagi Tobuq mavzesiga yetib keldilar. Dushmandan asar ham koʻrinmadi. Lashkarning ulugʻlarini toʻplab mashvarat qildilar. Abu Bakr Siddiq, agar shomliklar jang qilishni niyat qilganlarida biror belgi boʻlur edi, hozir esa, ulardan hech bir xabar yoʻq, ma’lum boʻdadiki, ularning jang qilish niyati boʻlmagan, balki bizning bu yerga kelganimiz ularni qoʻrqitib yuborgan boʻlishi mumkin, buning ustiga Shomda vabo tarqalgan, agar shu yerdan ortta qaytsak, ma’qul boʻlar edi, deb maslahat berdilar. Hazrat bu maslahatni ma’qul topib, Tobuq atrofidagi qabilalarni boj toʻlashga majbur qildilar va Madinaga qaytdilar.

Vidolashuv haji

Hijratning oʻninchi yilida Hazrat haj qilish niyatlarini butun musulmonlarga e’lon qilib, qirq ming kishi bilan Makkaga kirdilar. Atrofdagi musulmonlar ham guruh-guruh boʻlib kela berdilarki, natijada ularning soni yuz ming nafarga yetdi. Hazrat xutba oʻqib, bu dunyodan oʻtishlari yaqinligini bashorat qildilar. Musulmonlarga nasihat qilib, soʻng Madinaga qaytdilar. Bu Hazratning soʻnggi hajlari boʻlib, tarixda «vidolashuv haji», deb atalgan .

Paygʻambar ‘alayhissalomning dunyodan oʻtishlari

Voqean uch oydan soʻng, hijratning oʻn birinchi yilida, rab’ul-avvaldan bir kun oldin Hazrat xastalandilar. Ashoblarini jam qilib shu tariqa nasihat qildilar: men dunyodan ketyapman, Qur’onni sizlarning ixtiyorlaringizga qoldirurman. Doimo Qur’onga amal qilinglar. Bir-biringizni sevinglar, bir-birlaringizga madad boʻlinglar, aslo ezgu ishlardaya judo boʻlmanglar, dunyoni obod va isloh qilishga kuch beringlar.

Hazratning xastaligi kuchayib, rab’ul-avval oyining oʻn ikkisida, hijratning oʻn birinchi yili oltmish uch yoshda dunyodan oʻtdilar".

Paygʻambar ‘alayhissalomning sifatlari

Paygʻambar ‘alayhissalom eng oliy xulq va rahmli sifatlarga ega boʻlganlar, rahm va shafqat, karam va sahovat, madad, aql va ilm boblarida olamda tengsiz edilar. Behuda gʻazabga kelmas edilar, din ishlaridan boshqa masalalarda juz’iy kamchiliklarni kechirar edilar. Insof doirasidan bir qadam ham tashqariga chiqmaganlar. Har kimning bilimi va imkoniga qarab ish buyurardilar. Biron kimsadan tama’ ham qilmaganlar va sadaqa ham olmaganlar. O’z xotinlari va xizmatkorlariga doimo tavoze’ va ochiq chehra bilan muomala qilganlar.

Paygʻambar ‘alayhissalomning xotinlari va farzandlari

Paygʻambar ‘alayhissalom oʻn bir xotin olganlar. Ulardan ikki nafari Hazratning hayotlik vaqtlarida olamdan oʻtgan va toʻqqiz nafari ul zoti sharifdan keyin qolgan edi. Xotinlaridan eng mashhurlari: Xadicha, Oyisha, Hafsa va Maymunadirlar. Uch oʻgʻil va toʻrt qizlari boʻlgan. O’gʻillari: Qosim, Abdulloh, Ibrohim. Qizlari: Fotima, Zaynab, Ruqiya, Ummi Gulsumdirlar. Lekin hazrati Fotimadan oʻzgalari Hazratning hayotlik vaqtlarida vafot etganlar.