OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAbdurauf Fitrat
Asar nomiPublitsistik asarlar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/jadid adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Abdurauf Fitrat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm120KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/09/05
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Publitsistik asarlar
Abdurauf Fitrat

Yopishmagan gajjaklar

(Oʻrtoq Boyboʻlatovga ochiq xat)[1]


Doʻstim, oylar, yillar tirishib, bir asar chiqargʻan muharrir[2] doʻstlarning shu asar haqidagʻi muhokamalarini tinglashdan, asarning kamchiliklarini oʻrganishdan, albatta, mamnun boʻladi.

Mening «Oʻzbek adabiyoti namunalari» atalgʻan arzimas bir asarim[3] haqinda fikringizni bildirmaslik uchun ancha urinib, 3-son gazetni toʻldirganingizni koʻrib mamnun boʻldim[4], oʻqib ham chiqdim. Hamma gapdan burun Sizga tashakkurimni bildiraman. Lekin baxtga qarshi maqolangizni shunchalar kengaytirgansizkim, kengligi asl maqsadning yoʻqolishigʻa sabab boʻlgʻan. Bizda bolalar orasida «Koʻzim koʻrmaydir» degan bir oʻyun bor: Bir bola koʻzini qattiq bogʻlagʻandan keyin qoʻligʻa uzun bir tayoq olib, oʻrtada turadi. Boshqalar uning oyogʻini olmoq uchun atrofdan hujum qiladilar. Tayoqli bola tayogʻini koʻtarib «koʻzim koʻrmaydir» deb, tez-tez aylanaberadir, tayoq kimga toʻgʻri kelsa, shunga tegadir. Maqolani yozgʻanda sizning qalamingiz ham shul koʻzi koʻrmas bolaning tayogʻiga oʻxshagʻan: aylangʻan, aylangʻan, kimga toʻgʻri kelsa, shunga tekkan, orada mening kitobim unutilgan, juda oz oʻrin olgʻan.

Har holda maqolangiz koʻbrak mening shaxsimga qaratilgʻani munosabati bilan javob tarzida emas, dardlashuv shaklida bir narsa yozaman. Mening asarimni boshlab tartibigʻa e’tiroz qilgʻaningiz koʻriladir. Adabiyot tariximizni qoplovi[5] «Feoʻdalizm», «Savdo sarmoyasi» kabi davrlargʻa ajratishimgʻa qarshi kabi koʻrinasiz. Lekin oʻz fikringizni, ya’ni qanday taqsim qilish lozimligini yozmagʻansiz. Adabiyot mutaxassisi yoki adabiyot tarixi bilan mashgʻul bir odam boʻlsa edingiz, shu bahona bilan sizga «yopishmoq» mumkin edi. Lekin men bilamankim, siz adabiyot tarixining odami emassiz, maqolangiz esa tasodifiy bir hodisadir. Shuning uchun bu toʻgʻrida ma’zur koʻraman sizni. Lekin shuni aytib oʻtamankim, adabiyot tarixini taqsim qilishda marksizm usulining talab qilgʻani yoʻl mening taqsimimdir. Bu taqsimni oʻzbek adabiyoti tarixigʻa tadbiq qilishning oʻzi katta ham yangi bir ish. Buning hududini tayin qilishda ba’zi yanglishlarning boʻluvi mumkin. Lekin ularni koʻrsatib, isbot qilib, soʻngra til tekirish[6] kerak edi. Siz maqolangizda bu tomongʻa yaqinlashgʻan davrlarni bir-biridan ajratgʻan xususiyatlarning yoʻqligʻidan shikoyat qilgʻansiz, lekin siz har davrning namunalarini oʻqidingizmi? Masalan: «Savdo sarmoyasi» davri bilan «Feoʻdalizm» davrining namunalari orasidagʻi Shaklda va mazmundagʻi ayirmalarni koʻra oldingizmi? Yoki koʻrib, qanoatlanmadingizmi? Qanoatlanmagan boʻlsangiz siz bu davrlarni bir-biridan ajratgan qanday xususiyatlar istaysiz (ki namunalari boʻlmasin). Mas'alaning bu tomonlaridan (ya’ni eng muhim va foydaliq tomonlaridan) maqolangiz sukut qiladir. Holbuki, shu tomonlarni ochiq koʻrsatganingizdagina mening kitobimning kamchiliklarini koʻrsatgan va menga bir narsa oʻrgatgan boʻlur edingiz. Buni ham sizning adabiyot tarixining odami boʻlmasdan tasodifan maydongʻa chiqgʻaningʻizga bagʻishlayman. Maqolangizda chigʻatoy adabiyoti va uning proletar adabiyotiga asos boʻlishi toʻgʻrilarida koʻbrak turib, bor kuchingiz bilan hujum qilasiz. Fitrat soʻz boshida «Chigʻatoy adabiyoti proletariat adabiyotigʻa asos boʻladir degan» deb, qoravul qichqirasiz, hatto mening bosh soʻzimda oʻzingizga yordam qilgudek koʻringan bir-ikki jumla ham keltirasiz. Chigʻatoy adabiyotining proletar adabiyotigʻa asos boʻlishini da’vo qilmoq nari tursin, bosh soʻzimda chigʻatoy adabiyotini mafkura yogʻidan yaramagʻanini soʻylaganman. Mening «namunalar»im bosilmasa edi, sizdan boshqa hech kimning qoʻlida uning nusxalari boʻlmasa edi, bosh soʻzimdan koʻchirganingiz bir-ikki jumlaning balki sizga foydasi boʻlur edi. Nima choraki, kitob Oʻzbekistonda bosilib tarqalgʻan. Sizning maqolangizni oʻqugʻan har kim mening bosh soʻzumni ham oʻquy oladir. Oʻqugʻach, sizning menga tuhmat qilib turganingizni ham onglaydir. Men soʻz boshimdagʻi iboralarning mas'alagʻa daxldorliq qismini tamoman koʻchiraman, yangidan oʻqishingizni va e’tirozingizni shunga tayandirib, yangidan maydongʻa chiqishingizni talab qilaman: «Biz oʻzbeklarning va, umuman, Oʻrta Osiyo turklarining tarixiga oid arabiy, forsiy, turkiy tillarda bir koʻb asarlar yozilgʻan. Biroq bu asarlar bizning siyosiy harakatlarimizni tor bir ramkada koʻrsatmakdan boshqa ishga oz yaramakdadir. Xalqimizning, oʻlkamizning ijtimoiy-iqtisodiy hollarigʻa oid xabarlarni bu asarlardan istab topish juda qiyindir, ba’zan mumkin ham boʻlmaydir, chunki yoʻqdir. Adabiy tariximizni tekshirish esa, mana shu kamchiliklarni toʻldirishga katta yordam qiladir. Feoʻdallarning, umuman, hokim sinfning omma bilan munosibatlarini, ommagʻa qarashlarini, ziyolilarning, shoirlarning hokim sinfga munosibatlarini, hokim sinf foydasigʻa qarab ommani qanday ovutgʻanlarini, oldagʻanlarini, hokim sinfning kayf-safoni (Bobircha, «aysh va fisqi») qaysi darajalargʻa chiqargʻanlarini yolgʻiz adabiyot tariximizda koʻrishimiz mumkindir.

Bundan boshqa, tarixiy san'atkorlarimizni tekshirish, ularning tajribalaridan qoʻrmoq istaganimiz proletar adabiyoti uchun foydalanish ham keraksiz bir harakat boʻlmaydir. Mana shu qisqagʻina izohot bu kitobni qanday tilak bilan tartib qilgʻanimizni bildirgʻan boʻlsa kerak.

Mana shu soʻz boshimda mening tomonimdan aytilgan gaplar. Mana shu gaplarga e’tirozingiz boʻlsa, aytishga haqlisiz. Yoʻqsa, mening soʻzlarimni bosh-oyogʻini kesib tashlab, oʻz maqsadingizga yaroqliq bir holgʻa kirgizib, soʻngra e’tiroz qilishingiz ilmiy bir harakat sanalmaydir.

Kitobimning 3-boʻlimigʻa «Savdo sarmoyasi» davri ismini bergʻanimdan ham rozi boʻlmaysiz, shu istilohotning oxirida kattakon bir ? (soʻroq) alomati qoʻyasiz. Biz temuriylar davrini «savdo burjuaziyasi» davri deymiz. Temuriylarning jahongirligi(ni) Oʻrta Osiyo savdo sarmoyasining taraqqiysi bilan izoh qilmoqchi boʻlamiz. Buning uchun qoʻlimizda yetarlik materiallar bor. Siz shunga rozi emasligingizni chiroyli bir savol alomati bilan ifoda qilasiz, bu davrni nima deb atamoq toʻgʻrisida fikringizni bildirmaysiz. Siz shuni unutasizki, savol alomati qancha chiroyli boʻlsa boʻlsin, ilm uchun bir narsa bermaydir. Bizning fikrimizga qarshi ekansiz, fikringizni bildiring. Ayting-chi, temuriylar davriga qanday ism berasiz?

Bundan soʻng maqolangizda mening tarjimayi holimni tekshirishga kirishasiz. Mening bir vaqtlar mutasavvif, panislomist, panturkist boʻlgʻanimni turli dalillar bilan isbot qilmoqchi boʻlasiz. Piloningiz yaxshi. Maqtanarliq pilon, agar siz mening «Namunalar»imni burungi panislomistligimning, panturkistligimning davomi ekanini, bu asarim bilan mazkur fikrlarning bittasini oʻzbek ommasiga taqdim qilgʻanimni isbot qila olsa edingiz, ishingiz koʻb muvaffaqiyatli chiqar edi. Lekin buni qila olmagʻansiz. Bu kun bir koʻb kishilarning moziylari haqida gapirish mumkin. Lekin, bu gapirishgina yetarli emas. Ularning moziylari bilan bugungi ishlari orasidagi munosibat va aloqani kashf etish kerak!

8-, 10- yillarda (ya’ni, 18-20 yil burun) yozilgʻan asarlarimdan shohidlar keltirasiz. Azizim, mening qoʻlimgʻa qalam tutib, asar yozgʻanimga yigirma yil toʻlgʻanini oʻzingiz ham e’tirof qilasiz. Bu yigirma yil orasida men oʻzbekcha, tojikcha yuz oʻn pechatniy listlik asar yozdim (maqolalar hisob emas). Bularning hammasini Shoʻro hukumatigʻa, proletariat mafkurasiga yararliq asarlar ekanini hech da’vo qilmadim va qilmayman-da. Ishning bu tomonini onglamoq uchun tarjimayi holimni oʻzimdan tinglang.

Men Osiyoning eng qora diniy markazlaridan va qora bir usuli idoragʻa tobe’ boʻlgʻan Buxoroda 1884 yilda tugʻildim[7]. Birinchi tarbiyani eski usuldagi diniy bir maktabdan oldim. Maktabdan chiqgʻach, diniy bir madrasaga kirib oldim, namoz oʻqidim, mutaassib bir musulmon edim. Hatto Buxoroda yangi boshlangʻan jadidlar harakatigʻa qarshiliq ham qildim. Soʻngralari jadidlar harakatigʻa oralashdim. U zamondagʻi zehniyaxning ta’siri eski jadidlarning tashviq va yordami bilan Turkiyaga tahsil uchun bordim. Mana shu vaqtlarda men diniy reforma tarafdori edim: dinni fan bilan kelishtirish, fangʻa toʻgʻri kelmayturgan xurofot qismini dindan chiqarish, dinni tozalash xayollarigʻa ishongʻan edim. Voqean esa, panislomizm gʻoyasining churugan bir xayol ekanin kun sayin ocha bordim. Panislomizmning boʻlmagʻur xayol ekanini onglagʻach, panturkizm xayoligʻa berildim. Bu vaqtlarda yozgʻanim asarlarda diniy reformistik fikrlar koʻrilib turadir. Siz esa, mazkur asarlardan mening mutasavvif ekanimni chiqarasiz. Tasavvuf bilan ozgʻina tanish boʻlsa edingiz, u kitoblarda mazkur maslakning asarini koʻra olmagʻaningizni oʻzingiz onglar edingiz.

Men hech bir vaqt tasavvufga mansub boʻlmadim. Lekin adabiyot tarixini tekshiruchi bir muallim boʻlgʻanim sifati bilan tasavvufni juda koʻb tekshirdim. Bu kun tasavvufning har tomonini, eng qorongʻu sirlarini bilaman. Hatto, shu kunlarda «Oʻrta Osiyoda tasavvuf tarixi» ismli bir kitob[8] vujudga keltirmak uchun tirishmakdaman. Tasavvufning qanday zaharli, qanday zararli bir maslak ekanini har kimdan ham yaxshi bilib olgʻanman. Lekin hech vaqt mutasavvif boʻlmaganman.

Soʻngralari hayot meni panturkizmda qotib qolishda qoʻymadi. Men oʻzbek millatchisiga aylandim. 17-18-yillarda Oʻrta Osiyoda panturkizm harakati kengaymoqda edi, ayniqsa, Toshkentda panturkizm fikri bilan sugʻorilgan turli toʻdalar tashkil boʻldi.

Turk tillarini, turk adabiyotini birlashtirish shiori ostida «ish» koʻrildi. Maktablarda usmonli adabiyoti ona tili darslari oʻrnida qabul qilindi. Mana shu harakatga qarshi oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti shiorlari ostida «Chigʻatoy gurungi» tashkil qilindi. «Chigʻatoy gurungi» oʻzbek millatchiligi: oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist toʻdalarga va shunga berilgʻan oʻng jadidlarga qarshi kurashdi. Siz «Chigʻatoy gurungi» panturkist edi» deb qichqirasiz. Ayniqsa, shu kunlarda «Chigʻatoy gurungi»ni panturkist deyish moʻda holigʻa kirib boradir. Holbuki, «Chigʻatoy gurungi» oʻz zamonida panturkizm, panislomizm harakatlarigʻa qarshi kurashmoqda edi. Sizga ikkita fakt koʻrsatay: butun maktablarimizda «Umumiy turk tili, umumiy turk adabiyoti» shiorlari hukm surganda «Chigʻatoy gurungi» oʻzbek tili, oʻzbek adabiyotini oʻrgatish uchun Hadrada pulsiz dars berishni e’lon qildi. Muallimlikka men, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon tayin etildik. Darsga bir koʻb muallimlar davom etmakchi boʻlib keldilar. U vaqtlarda Toshkent maorif shoʻ‘basida panturkistlarningtoʻdachilik yordamchilari hukm surar edi. Mana shular bir darsdan keyin bizni quvdilar, talabalarni tarqatdilar.

Bir kecha «Chigʻatoy gurungi»ning majlisi boʻlgʻan edi. Gurung a’zolari tomonidan yozilgan asarlarni oʻqib, muhokama qilmoqda edik. Toshkentning eng katta tashkilotining birida turgʻan bir oʻrtoq[9] vintovka koʻtarib kelib, majlisimizga birdan kirdi. «Chigʻatoy gurungi»ning maqsadini soʻradi. «Siz dinga qarshi fikr tarqatar ekansiz, Muhammad paygʻambarning me’rojini inkor qilar ekansiz» deb taftishga kirishdi va bizni «mundoqa yoʻlsiz harakatlar»dan man' qilib ketdi. Mana bularning hammasi panturkistlarning igʻvosi bilan boʻlar edi: «Men «Chigʻatoy gurungi» proletar mafkurasini tashir edi» demayman, buni da’vo qilish jinnilikdir. Tuzuk, «Chigʻatoy gurungi» bevosita siyosat bilan mashgʻul boʻlmoqni istamadi, yolgʻiz til, imlo, adabiyot bilan shugʻullandi. Lekin uning ayrim a’zolari oʻsha vaqtda soʻl millatchi edilar. Shuning uchun ayta olamizkim «Chigʻatoy gurungi» jadidlarning soʻl qanoti boʻlib, u jadidlardan til, imlo, adabiyot va dinga qarshi ham panturkizm va oʻzbek millatchiligi bilan ajralar edi. Mana bu tafsilot «chigʻatoy gurungi»ning koʻrsatilgan ilmiy ishlarda panturkist, panislomistlarga nisbatan inqilobiy yoʻl tutganini koʻrsatadi. Agar siz «Bu ilmiy toʻgarakning a’zolari oʻzbek millatchilari edilar, shuning uchun bu toʻgarak qarshi qurulgʻan bir tashkilot edi» desangiz, non orasidan kir izlamakdan boshqa bir ish qilmagʻan boʻlursiz. «Chigʻatoy gurungi» 20-yillargʻacha davom qildi. Bu vaqtgʻacha uning oʻz oldigʻa qoʻygʻan ilmiy yumushlari bajarilgan edi. Yangi imlo shoʻro maorif komissarligi tomonidan maktablarga kirgizilgan shoʻro hukumati tomonidan «Har millatning maktab tili oʻz ona tilida boʻlsin» deb e’lon etilgan asos bilan oʻzbek tili ta’min etilgan edi. Bir tarafdan, kommunistlar firqasining milliy mas'alani toʻgʻri hal qilmoqda boʻlgʻani va mustamlakachilik asoslarini yemirishda keskin yoʻl tutgani kun sayin ochiq koʻrina boshlagʻan, oʻzbek millatchisi boʻlib turishda ham ma’qul bir sabab qolmagʻan edi. «Chigʻatoy gurungi» tarqaldi. Uning a’zolari bitta-bitta oʻz xatolarini e’tirof qila-qila firqa safiga oʻtdilar va bor kuchlari bilan bu kungacha xizmat qilmoqdalar.

Emdi oʻzimning din bilan munosibatim haqqinda soʻzlashaylik. Men yuqorida aytgʻanim kabi bir vaqtlar diniy reforma tarafdori edim. Dinni xurofotdan ajratish degan xayolga berilgʻan edim. Mana shu diniy reforma ketidan yurish, meni dinsizliqqa[10] olib bordi. Din xurofotdan ajralsa, nari tomonda hech bir narsa qolmagʻanini koʻrdim. Dinning fan bilan hech bir vaqt kelisha olmagʻaniga ishondim va shuning natijasida dindan qaytdim, dinga qarshi fikr tarqatdim. Mening dinsizligim oʻzbeklar va tojiklar orasida hammadan burun, hammadan koʻbrak mashhur boʻlgʻan. Bu nuqtani inkor qilib boʻlmaydi. Dinsiz, xudosiz boʻlgʻan bir kishining mutasavvif boʻla olmasligini onglamoq uchun juda oz bir muhokama kuchining sizda borligʻini, ruxsat bersangiz, qabul qilaylik.

Maqolangiz bir yerida meni Turkiya sultonigʻa maktub yozish bilan ayblaysiz. Men umrimda Turkiya sultonigʻa maktub yozmadim, bu menga tamoman tuhmat! 1908 yilda yozgʻanim bir asarimda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usulini eslaysizmi? U vaqtda Buxoroda bir kalla 2 tiyin edi. Hibs qilish, oʻldirish, sangsor[11] qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning oʻzi «kofir»lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim[12]. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir koʻb rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi.

Uning noshirlari boʻlgʻan Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirgʻa qaratib bir soʻz boshi yozdim va shuning bilan, goʻyo, tanqidning unga emas, ma’murlarigʻa oid boʻlgʻanini koʻrsatdim. Bu zamondagʻi Buxoroning javobi edi. Shuning bilan meni Buxoro amirining tarafdori deyish ham mumkin emas, menim Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilgʻanimni bilmagan yoʻq.

Soʻng toʻrt-besh yilda yozgʻanim «Arslon», «Umar Xayyom» kabi asarlarimni, hatto tanqid qilgʻaningiz «Namunalar»dagʻi davrlar taqsimini shu yoʻl bilan olib borishga tirishdim. Mazkur ishlarimda yanglishlar boʻluvi mumkin. Lekin bularni(ng) voqealarini tahlil qilganda boʻlgʻan yanglishlardan hisob qilib, tanqid qilish, xato joylarni koʻrsatish kerak. Har bir yanglish yangi yanglish deb oʻylangan nuqtani, mening yigirma yil burungʻi panislomistligim bilan izoh qilish toʻgʻri ilmiy bir harakat boʻlmaydir. Azizim, Oʻrta Osiyoning olamgʻa ma’lum bir madaniyati boʻlgʻan, bu madaniyatning turkiy asarlari qolgʻan. Bu asarlarning hammasigʻa birdan «axlatlar» deyish, sizning muhokamangizning kirligidan chiqqan yangi bir istiloh boʻlsa kerak.

Men oʻzimning yigirma yillik mutolaam, juda kuchsiz boʻlmagʻan kutubxonam soyasida shu yoʻlda ishlamoqdaman. Albatta, ishlarimda yanglishlar boʻluvi mumkin. Yanglishlarimni joy-joyi bilan koʻrsatish kerak, koʻzni yumib, ogʻizni ochib soʻkishning ilmiy foydasi yoʻq.

Maqolangizda katta harflar bilan «Maorif va oʻqitgʻuchi» jurnali Fitratning noshiri afkori edi deyish mumkin» deb yozasiz. Bunisi emdi uyot! «Maorif va oʻqitgʻuchi» Ramzdan burun bor edi. Ramz zamonida ham davom qildi. U har vaqt maorif komissarligining noshiri afqori boʻlib davom qildi. Jurnalning butun davom muddatida men yozgʻan maqolamning soni oʻnga bormaydir. U qanday qilib mening noshiri afkorim boʻlsin?! Biroz oʻylang, Oʻzbekistonning markazida firqa va shoʻro idoralarining koʻzlari ostida chiqgʻan bir jurnal uch-toʻrt yil mening noshiri afkorim boʻladi-yu, shuni sizdan boshqa hech kim onglamaydimi? Siz bu demagoʻgi bilan kimni tahrir qilgʻaningizni oʻyladingizmi?!

«Maorif va oʻqitgʻuchi» jurnalida Yassaviy haqida yozgʻanim maqoladan soʻz ochasiz[13]. Men u maqolamda Yassaviyni san'at yogʻidan, mafkura tomonida qattiq tanqid qildim, uning zararli ekanini, uning ta’siriga qarshi kurashmoq kerakligini soʻzladim. Yolgʻiz uning ba’zi she’rlarigʻa oldanib, uning yoʻqsullar tomonida turgʻanin qabul qilmoqchi boʻldim. Soʻngralari esa, fikrimning yanglish ekanini ongladim. Sizga yoqmagʻan «Namunalar»imning muqaddimasida Yassaviy haqinda boshqacha fikr yurgizdim. Siz «Namunalar» haqinda tanqid yozmagʻaningiz holda Yassaviy haqinda uning muqaddimasidagʻi soʻzlarimdan koʻz yumib, «Maorif va oʻqitgʻuchi»dagi maqolamgʻa yopishasiz.

Bundan keyin Chigʻatoy adabiyotining «mundarijasi» va «shakli» haqinda fikr yurguzasiz. Boshlab Chigʻatoy shoiri deb Navoyi bilan Yassaviyni koʻrsatasiz. Azizim, sizda chigʻatoy soʻziga qarshi qiziq bir holat paydo boʻlgʻan, oʻzingizga yoqmagʻan har kimni chigʻatoy deb soʻkmoqchi boʻlasiz, ishning bu qadari chegarani oshishdir. Yassaviy Chigʻatoy shoiri emas. U Chigʻatoy adabiyotidan burun oʻtkan bir shoir. Soʻngra Navoyidan namunalar olgʻanda mening tartib qilgʻanim va sizning tanqid qilgʻaningiz kitobdan olmaysiz-da, Navoyining oʻz devonidan, diniy mavzudagi baytlarni olasiz. Sizning u namunalaringizni koʻrgan kishi mening kitobimdan olgʻaningizni gumon qiladir-da, menga hujumlaringizni qisman haqli koʻradir. Siz ham shuni istaysiz. Holbuki, Navoyining dinsiz bir shoir ekanini men da’vo qilmadim. Uning diniy parchalari bor ham koʻbdir. Lekin mening «Namunalar»imdagi asarlari bu qatordagʻi asarlar emas.

Navoyidan olgʻan baytlarni tarjima qilishingiz bir oz «vadudona» boʻlgʻan, koʻbi toʻgʻri emas. Soʻngra Navoyi bilan Yassaviydan berganingiz namunalargʻa suyanib, «Chigʻatoy adabiyotining shaklidan ham foydalanish mumkin emas» deysiz. Lekin siz shakl bilan vaznni bir-biridan ajrata olmagʻansiz. Shakl deb vazn bilan ayrim soʻzlarni olasiz. Holbuki, shaklga ifoda tarzi, majoz, istiora va she’rning butun (poetik) xususiyatlari kiradir.

Navoyining vaznidan foydalanish, albatta, mumkin. Mundan boshqa(si) Yassaviyning vaznidir. Yassaviy va Yassaviy maktabi shoirlarida barmoq vaznining chiroylik namunalari bor, foydalanish mumkin. Siz Yassaviyni chigʻatoy shoirlarining aruz vaznida yozgʻanlari oʻylab, shu xatolargʻa tushgansiz. Hatto koʻchirganingiz Navoyi bilan Yassaviy she’rlari orasida boʻlgʻan vazn ayirmasigʻa ham diqqat qilmagʻansiz...[14]

1919

Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub

Ochiq maktub[15]
(Ey Vazoratpanoh[16], biz tartiboti jadidaga muhtojmiz)

Aniqdirki, hech qaysi millat hech bir zamonda bizda boʻlganidek yurti xaroblik, xalqi falokat, ayonlari pastkashlik, idora ahli fasod, zolimlarning qon soʻrishi, ajnabiylar kalakalari, istiqbolining mushkulligi kabi illatlarga mubtalo boʻlmagan! Butun mamlakat va millatni shu ahvolga keltirib qoʻydikki, dunyodagi eng qiyin va tashvishli kunlarda yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga ma’yus tortib, qon yigʻlamoqdalar. Har qancha koʻz va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham bu qadimgi islom millatining faryodi va bu muqaddas mamlakatimizning xarobligiga achinmay turolmaysiz. Lekin bu jimgina achinishdan ne foyda? Bu ketma-ket kelayotgan musibatlararo Siz kabi komil shaxsning harakatsiz achinishi va sukut holati qachongʻacha davom etadi? Bu kun mazlum islom millatining eng oydin fikrli ziyolilari jaholat va gʻaflatning ikki otiga minib oʻz kamsitilishining payini qirqish uchun chopmoqdalar. Muqaddas va mehribon ona vatanimizning oʻz haqini tanigan farzandlari zulm temir panjasidan tortib uni fano sahrosiga[17] tomon tortmoqda. Bu kun zalolat va gumrohlik zanjirining asiri boʻlgan bizning holimizgʻa Hazrati Rabb' ul-izzatning[18] rahmi boʻlib yuborilgan Sizsiz va bizning tojdor oliy hazrat padari mehribonimizni[19] hozirgi va kelgusi mushkulliklardan Sizgina xabardor eta olasizki, (amir) bizning ishlarimizni nazoratiga Sizni jalb etgan. Ya’ni Hazrati Xoliqning karami va adolatparvar podshohimizning lutfi Sizni nafaqat bu umri parishon va istibdodpesha boʻrilarga oʻlja boʻlib, qoʻruvchisiz qolgʻan qoʻylargʻa mehribon choʻponlikka emas, balki ularning ishlarini tanzim qilish[20], tartibga solish uchun yuborgʻandir. Biz Sizning ishga tayinlangan kuningizni oʻz hayotimizning muqaddimasi deb bildik va ishga ma’mur boʻlib kirishgan kuningizni oʻz milliy bayramlarimizdek nishonladik. Taassufki, bugunga qadar intizor koʻzlarimizni qanchalar tikmaylik, istiqbolimizning saodati uchun tashabbus boʻladigan biror ishni Sizdan koʻrmadik.

Ey, mehribon ona Vatanning barkamol farzandi!

Ey, Buxoro ezilgan millatining besabot tarafdori! Siz umr boʻyi oʻzining noz va tantanalarga boy ogʻushida Sizni tarbiyalagan aziz va muqaddas vataningizning ishlarini xaroblik va parishonlikning qora kunlariga uloqtirib qoʻyib, uning ostidan oʻt yoqib kelayotgan balolarga mubtalo qilib, nega jim oʻtiribsiz?! Hamisha haq dinimiz va shar'iy Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning adolatlari soyasida tinchlik oʻrnatib kelingan vatanimiz kimsasizmi yo xarob holdami qoldi! Ming xil xavfu xatarlarga duchor boʻldi! Soatma-soat Sizga umidvor tikilgan koʻzlarimiz yumilmoqda. Sizdan yordam va najot amallarini kutishdan tolmoqda. Siz nega jim oʻtiribsiz? Shu mazlum islom ummatining umidi, hayotimizning barakoti Sizning say'-harakatingiz va himmatingizdir. Bu baxtsiz islom millatining xizmati va muqaddas shar'iy Dinimizning mustahkamlanishi, albatta, Sizdan lozimdir. Bu muqaddas xizmat yoʻlida bir dam boʻlsin sustkashlik qilishga Sizning haqqingiz yoʻq! Soʻzingizning nufuzi va ulugʻvor ta’siri boʻlgani holda bu kufroni ne’mat xabaridan ojizligingizning ma’nosi nima? Nima sababdandirki, siz oʻzingizdan lozim xizmatlarni oshkor, ochiq qilmaysiz? Turli firqalar orasida ulugʻ ishlarning tashabbuskori boʻlayotgan oʻsha himmat arboblarining Sizdan ne ustunligi bor? Ne mone’lik borki, tartiboti jadida vositasi bilan milliy saodatimizning yangi istiqbolli yoʻllarini ochib, qadrimiz va taqdirimizni a’lo darajada sharaflay olmaysiz? Bir zoti komilning haqqi uchun Vatanimiz hamdoʻst va hamdin kishilarga toʻla boʻlsa qanchalar savob?! Bir millatning hayoti uchun qaygʻurub, Allohning fazlu karamiga sabab boʻlmoqdan qaysi shuhrat ortiqroqdir? Raiyat orasida Sizga nisbatan ixlos va muhabbat bor, bu Yaratganning karamidirki, Sizni favqulodda nufuz sohibi qilib boshimizga yubordi. Oliy hazrat tojdor padari buzrukvorimiz, adolatparvar podshohimiz bizni tarbiyat va tanzim[21] etmak amrini Sizga bergan. Ne toʻsiqki, Sizni bu muqaddas xizmatdan qaytarsin?! Magar boshqalar gʻaflatda qolgʻan boʻlsalar, Sizda gʻaflat qilmang. Boshqalar gʻaflatining tashvishi Sizning gʻaflatingizchalik boʻlmaydi. Nauvzibilloh[22], bunday muqaddas vazifani bajarishda sustkashlik qilsangiz ertaga intiqom olgʻuchi Allohning huzurida nima deb javob berasiz?!

Nushiravon[23] namoʻrd ki nomi neku goʻzosht (Nushiravon oʻlmadi, chunki yaxshi nom qoldirdi).

1910

Sharq siyosati

[24]

Bir kun qon tengizlarinda botgʻan, tamugʻ oʻtlarinda koʻmilgan Sharq bir kun tinchlik va taraqqiy beshigi edi. Bu kun oyoqlar taginda ezilgan Sharq bir kun madaniyatning yoʻlboshchisi, bilim va hunarning oʻchogʻi edi. Ovroʻpa dunyosi vahshat va bilmaslik choʻllarinda obdirab[25] shovqin-toshqigʻ! yurar ekan, Sharq dunyosi butun insoniyat olamini saodat va tinchlik oʻchoqlarigʻa erishdurmak uchun ish koʻrub turar edi. Ovroʻpa(da) bir mahalla oqsoqolligʻi yoʻq ekan, Sharqning «koʻzquchinos», «barahma», «iso», «zardusht» va Muhammadlari butun odam oʻgʻullarini bir nuqtada toʻplab toʻgʻri va bilgili yoʻlgʻa kirguzmak uchun tirishar edilar. Chinlilar yozish uchun qogʻoz yasagʻanda ovroʻpalilar oʻng-soʻl qoʻllarini bir-birindan ayira olmas edilar. Zamon buzgʻunlarindan qutulub tarix dunyosinda qolgʻan Xitoy madaniyatining izlari bu kun dahi ovroʻpalilarni hayron qilmoqdadir. Bu kun tiriklikning har yogʻindan qaragʻanda taraqqiy va saodatning soʻng bosqichini bosib oʻtgan ovroʻpalilar orasinda Hindustonda boʻlib oʻtgan madaniyat zamonlarini koʻrmagani uchun qaygʻurgʻan bilgʻuchilar bordir. Ovroʻpalilar din va kiliso[26] taassublarigʻa berilib, bilmaslikning eng teran chuqurlarigʻa tushgʻan chogʻda arablar, musulmonlar, Yunon, Eron va Hindustonda koʻmulub qolgʻan madaniyatni tirguzdilar. Hind va Yunonda unutilib qolgʻan bilim, hunar, hikmat va falsafani bir oʻrunda toʻpladilar. Andalus, Misr(ni) biror madaniyat maktabi, taraqqiy oʻchogʻi, bilim beshigi qildilar. Bagʻdodda - arab san'atchilari soat yasab, Ovrupagʻa yubargʻanda Parisning[27] u palladagʻi angellari[28] «bu quti ichida shayton»lar bor deb soatni tashlab qochgʻan edilar. Bugungi madaniyat va magʻrur Ovrupaning shaharlarinda qam tinchlik va osoyish yoʻq ekan, Bagʻdoddan Turkistongʻacha tinch va osuda bormoq mumkin edi. Musulmon madaniyatining egalari yolgʻuz oʻzlarining emas, butun boshariyat dunyosining tinchlik, taraqqiy va saodati uchun tirishar edilar. Unlar hozirgʻi madaniy yirtgʻuchilar[29] kabi oʻzlarindan boʻlmagʻan millatlarni hayvon sanamas edilar. Toʻgʻridurkim, musulmonlar dahi boshqa millatlargʻa qarshu urush ochdilar: toʻgʻridirkim, musulmonlar daxi boshqalarning oʻlkalarini olurgʻa tirishdilar va oldilar, lekin unlarning jahongirliqlari bu kungi madaniy Ovroʻpaning jahongirligʻi kabi olingan oʻlkalarning uluslarini talamoq, ezmak, yiqitmoq uchun emas, unlarni yanglish yoʻldan qaytarmoq, unlarning orasinda kirib «haq» deya topilgan oʻz fikrlarini unlarga qabul etdirmak, butun dunyo ulusini «haq» va «haqiqat» tegrasinda toʻpdamoq uchun edi. «Baytulmuqaddas»ni, Misrni, Andalusni, Istanbulni olgʻan musulmon huqumatlarining u yerlardagi xalqqa bergan huquqlari, qolgʻan rivoyatlari tarix betlarindan oʻchurilmaqdadir. Arab boshliqlari bir oʻlkani olgʻanda u yerdagʻi ulusning tinchligini saqlamoq uchun biroz qoʻshun qoʻyar va shul qoʻshunning chiqimlari uchun biroz solugʻ olar edilar. Biroq yovning yurushigʻa chidamasdan shul oʻlkani tashlab chiqmoqchi boʻlgʻanda ulus oqsoqollarini chaqurub «biz bu solugʻ oqchalarini tinchligingizni saqlamoq uchun sizdan olgʻan edik. Bundan keyin tinchligingizni saqlay olmaymiz, shuning uchun bu oqchalaringiz bizgʻa haromdir» deb olgʻan solugʻlarini qaytarib ketar edilar. Afriqogʻa kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon madaniy ovrupalilardek yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar. Unlargʻa madaniyat berdilar. Amriqogʻa qoʻnoq boʻlub kirgan Ovrupa madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmagʻan yoʻqdir. Afriqoni bosib olgʻan Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni oʻlat kabi oʻldurub turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoyir, Tunis, Fas[30] kabi oʻrunlarini olgʻach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, unlar I dan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq oʻzining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu e’tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizgʻa sigʻmaydur. Sharq madaniy yirtgʻuchi emas edi. Sharq boshqalarning xalqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat oʻchogʻi, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqlilar, bashariyatga qilgʻan xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupagʻa qarshi yaxshigʻina maxtana olurmiz. Biz, sharqlilar, madaniyat yoʻlinda tutdigimiz xidmatlarda davom etganda bukun bashariyat dunyosini koʻb yuksak mavqe’larda koʻrmak mumkin edi. Negakim, Sharq bilim, hunar yoʻlinda Ovrupa jahongirlaridek oʻrtoq qoni ichmak va orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi. Yozuqlar, esizlarkim, Sharq oʻz yoʻlinda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidatarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har toʻgʻrisinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri koʻrinmasa, oʻlkasi kengayib, oqchasi koʻpaysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzulur, totligʻi yoʻldan chiqa boshlar. Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat soʻnginda buzulib qoldiq, yoʻldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchagʻa berildik, oqchagʻa sotilduk, shuning soʻngida Xitoy, Turk, Fors, Arab va Hind mamlakatlarindan har biri oʻz qoʻnugʻi bilan, oʻz navbati bilan tinchlik va taraqqiy bosqichlarindan qulliq, yoʻqsulliq chuqurlarigʻa yumalab tusha boshladilar. Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qoʻligʻa oʻtdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar oʻz qorinlarini toʻydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushdirdilar, mamlakatning jonli va muhim oʻrunlarini sotdilar, mullalar oʻz istavlarigʻa «din» otini toqib bozorgʻa chiqardilar, din, tangri, paygʻambar, uchmox va tamugʻ orqali Sharq xalqini talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yoʻli koʻmuldi. Saodat va tinchlik eshiklari bogʻlandi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yoʻqsulliqning eng teran chuqurigʻa tushdi. Sharqning Xitoyi, Eroni, Turoni, Arabiston bilan Hindustoni barisi bir turtki oʻt bilan, bilmaslik va gʻaflat oʻti bilan yonib bitdi. Sharq gʻaflat va bilimsizlik tamugʻlarigʻa yumalab yotaturgʻan chogʻda Ovrupa koʻzi uyqusindan yangigina tura(r) edi. Ovrupalilar uzun va zararli gʻaflat uyqusidan uygʻongach, och qolgʻan yirtgʻuchilar kabi Sharq ustiga otildilar. Dunyoning eng yogʻli bir boʻlagi boʻlgan Sharq yirtgʻuchi hayvonlar orasinda qolgʻan semiz, lekin kuchsiz bir qoʻy holatini oldi. Ovrupa yirtgʻuchilari Sharqning har yonindan soldurdilar. Tish, tirnoqlarigʻa ilingan yerlarini yirtib, uzub olaberdilar. Boyaqish Sharq oʻz jonini qutqargʻali koʻb tirishdi, tebrandi, qichqirdi, dodladi, yugurdi, hamla qildi, qochdi, qoʻrqutdi, yalindi, esiga kelgan har yoʻlgʻa kirib koʻrdi. Biror osugʻ[31], biror unum, biror foyda koʻra olmadi, nega-kim, unga oxsum[32] boʻlgʻan yirtgʻuchilarning kuchlari koʻb, tishtirnoklari oʻtkir edi. Anglizlar Hindustonni yutdilar, Misrni bosdilar. Adanga kelib Arabistongʻa qoʻl uzatdilar. Rus imperialistlari Qafqasiyoni taladilar, Turkistonga kirib, Xitoy, Afgʻonga, Eronga koʻz tikdilar. Fransoʻzlar Tunis bilan Jazoyirni gʻasb etib, Falastinga yukundilar. Oʻzining ibtidoiyligi bilan tinchgina yashab turgʻan boyaqish Afriqo qit'asi Ovrupa jahongirlari orasinda boʻlindi. Bu olish-berishlarning hech biri urushsiz boʻlmadi. Ovrupaning och «qirgʻiy»lari oʻzlarining bilimsiz, johil dehqonlarining boshlarigʻa noʻxtalar[33] solib Sharqgʻa tortdilar, unlar biror narsani onglamasdan Sharqdagʻi ishchi va dehqonlar uzra soldurdilar, unlarning yozugʻsiz tinchgina yotgʻan orqadoshlarini urdilar, oʻldurdilar, taladilar, talatdilar. Sharqning yozigʻsiz kishilarini oʻz boylarigʻa qul qilib berdilar. Ovrupaning ishchi va dehqonlari bu olish-berishdan nima qozondilar? Bitmas yaralar, tuganmas qaygʻular, boshqa hech yoʻq...! Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini toʻkub oʻz qursoqlarini toʻldirmoq, oʻzgalarning uyini yondurub, oʻz qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin unlar tilaklarini ulusgʻa bildirmas edilar. «Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz», «Sharq xalqi bilimsizdir, unlargʻa bilim tarqatmoq uchun borarmiz», «Sharq xalqini xoch buyruqlarigʻa[34] boʻysundirmak uchun borarmiz», deb oʻz ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar. Unlar bu yolgʻon bahona va soʻzlarni yolgʻuz oʻz askarlari orasinda emas, biz sharqlilargʻa ham uyalmasdan aytib turalar: «Siz, sharqlilargʻa madaniyat yoʻqdir, sizlar ibtidoiy vahshiy kishilar erursiz, sizni isloh etmak, tartib bermak, oʻqutmak, madaniylashdurmak keraqdir, bu ish bizning (ya’ni Ovrupaning) vazifalarimizdir. Yer yuzining eng obdon boʻlagi boʻlgʻan Sharqni ishga solmoq, bashariyat dunyosining eng katta yigʻini boʻlgʻan sharqlilarni vahshatdan qutqarmoq bizga farzdir. Mana shuning uchun biz (ovrupalilar) Sharqgʻa keldik. Sharq hukumatlarining bir qismini oldik va qolgʻan qismini ham olmoqchi boʻlub turamiz» deyarlar. Bu soʻzlarning Sharq toʻgʻrisindagʻi bir qismi toʻgʻridir. Voqean, bilimsiz qolmishdir, Sharq Ovrupagʻa qaragʻanda koʻpdan-koʻp orqada qolmishdir. Lekin Ovrupaning Sharqqa madaniyat berishi yolgʻondir. Ovrupa jahongirlari Sharkdan olgʻan mamlakatlarda taraqqiy va madaniyat degan narsani qat'iyan koʻrguzmadilar, koʻrguzmakka tirishmadilar. Ovrupaning bizga beradigan narsalari belgilidir: safohat, axloqsizlik, qumor va sharobxoʻrlik. Sharqning din va odatlarigʻa qat'iyan toʻgʻri kelmagan fohishaxonalarni oʻlkamizda Ovrupa jahongirlari ochdilar. Butun bashariyat hayotigʻa, maishatigʻa, ishiga rahnalar solgʻuchi sharob doʻkonlari yurtimizgʻa shul Ovrupa boylari «himmati» bilan quruldi. «Faranga»[35] degan qoʻrqunch kasal Sharqgʻa Ovrupa jahongirlarining bosqinlari bilan keldi. Xulosa: Ovrupa jahongirlari Sharqgʻa bugungacha axloqsizliq va buzuqliqdan boshqa bir narsa bermadilar.

Sharqgʻa madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz deb kelgan Ovrupa jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa ochmadilar. Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar? Albatta, bilib qildilar, joʻrttaga qildilar. Unlarning tilaklari bizgʻa madaniyat berib, bizda maorif tarqatish, bizni taraqqiy etdurmak emas, turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq, bizning sogʻligʻimizni xarob etmak va urugʻimizni qurutub, bizni ishdan chiqarmoq va oʻz qoʻllarigʻa muhtoj qilib qoʻymoqdir. Unlar Sharqxalqini butun yoʻq qilib, Sharqni oʻzlariga moya[36] qilmoqchi erurlar: Ovrupa jahongirlarining bir «kulguli» va «yoʻq etur» siyosatlari Sharqning musulmon dunyosining har yogʻinda bir turligina joriydir. Angliz boylari Hinduston xalqini bitirmak uchun qanday tadbirlar koʻrib, qaysi yoʻllar bilan ketsalar, fransuzlar Jazoyir va Tunis xalqini bitirmak uchun shulgina tadbirlarni koʻrib, shulgina yoʻllar bilan ketalar.

Ovrupa jahongirlari Sharqqa tutkan siyosat yoʻllari shunlardir: Sharqning axloqini buzmoq, koʻnglini diniy va milliy muqaddasatindan[37] sovutmoq, sharqlilar orasinda ayriliq va yovliq solib bir-birlarigʻa qilich chekdurmak, sharqlini ishsiz, yalqov, och va yalangʻoch qilib oʻzlarigʻa qul etib olmoq, yuvosh-yuvosh sharqlining qoʻlindan yer va qimmatli narsalarini yuz turli hiylalar bilan tortib olmoq, Sharq xalqini turli yoʻllar bilan sekin-sekin yoʻq qilmoq...! Angliz va fransuz jahongirlari tomonidan Xitoy, Hind va Misrda ochilgan fohishaxona va mayxonalar, yuborilgan poʻplar va missionerlar, ochilgan maktablar, barisi shuning uchundir. Rusiya Nikolay hukumati bizning Turkistonimizda ham shul tadbirlarini koʻrmadimi?

Ovrupa jahongirlari dunyoning eng yomon zulmini qilaturub, oʻzlarini odil va insonparvar aytdilar. Qani, koʻraylik-chi, bunlar bizning musulmon va Sharq dunyosigʻa qanday adolat qonunlari tutub, qanday insoniyatparvarona ishlar qilgʻanlar? Ovrupa jahongirlarining qoidalari, buyuk qursoqlilari, Sharqdan koʻb yer olgʻanlari angliz hukumatidir. Sharqning oltun xazinalari boʻlgʻan Hinduston qit'alari anglizlar jahongirining qoʻlidadir. Lekin bu hokimlik adolat qonunlarigʻa muvofiq tenglik negizlariga qarab koʻrulmagan. Bu qarov qonli hokimlikning asosi zulm va insofsizliqdir. Hindustonning egalari boʻlgʻan yerli xalq bilan qoʻnoq boʻlub kelgan ikki-uch qadrsiz angliz orasinda tenglik yoʻkdir. Hindustonda yerlilar uchun boshqa, anglizlar uchun boshqa mahkamalar bor. Yerlilar uchun ayri zindonlar, anglizlar uchun ayri turmalar bor. Anglizlar uchun yasalgan mahkama, turmalar qonunli, adolatli, hafz sihatigʻa[38] muvofiq va tinch yasalgan. Yerlilar uchun qurulgʻan mahkama va zindonlar esa tartibsiz, buzuq, zolimxona, qorongʻu va qoʻrqunch bir shaklda qurulgʻan. Yerlilar uchun tuzangan «jazo» qonunlari anglizlar uchun tuzulgan qonunlardan koʻp farqlidir. Bir pichoq koʻtarib yurgan, bir angliz itiga tosh otgan, bir tovuq oʻgʻirlagan bir yerli tutulsa, necha oylik qorongʻu va kirli turmagʻa buyuruladir. Bir hindlini oʻldurgan, bir bonkani urgan anglizga esa eng qulay, eng kichkina bir jazo beriladir yoxud avf etiladir. Hindustonda bir angliz itiga tosh otib, olti oy zindonga buyurilgan yerli koʻbdir, lekin yuz hindlini oʻldurub, qonun yoninda mas’ul boʻlgʻan bir angliz topilmaydir. Angliz jahongirlariningHindustondagʻi pilonlari Hinduston xalqini oqchasiz, yap-yalangʻoch qoʻyub halok etmaqdir. Angliz hukumati Hindustondan yilda 4 yuz ellik milyoʻn soʻm oladir. Ovroʻpaning siyosati qonunlarigʻa qaragʻanda har oʻlkadan hukumat xazinasigʻa kirgan oqchaning shul oʻlkaning obodligʻi va taraqqiysi uchun sarf boʻlishi lozimdir. Angliz hukumati shul oqchadan milyoʻngʻacha soʻmini Hinduston maorifi yoʻlinda sarf qiladir. U ham Hindustondagʻi angliz bolalarini oʻqutmoq uchundir. Ikki yuz milyoʻn soʻmini Hind angliz boʻyunturugʻi ostinda saqlagʻuchi Hind askariyga sarf qilib, qolgʻanin oʻz qopchugʻiga tiqadir. Shuncha oqchadan Hinduston xalqi uchun bir chaqaliq foydyo yoʻqdir. Har yili Hinduston xalqining yuzdan uchtasi ochliqdan oʻlub ketadir. Oʻzlarini insoniyat oshigʻi atagan angliz jahongirlari bunga kulubgina qaramokdan boshqa ish koʻra olmadilar. Unlarning Hindustonda qozonishi kunda yigirma soʻm, hindliniki kunda bir soʻmdir. Buning sababi nimadir? Anglizning qoʻlini buncha ochib, hindlining qoʻlini bir-birila bogʻlagʻan kimdir? Bir hindlini bir anglizcha ishlamaqdan man' qilgʻan quvvat qaysi quvvatdur. Shubha yoʻqkim, angliz hukumatidir. Angliz jahongirlarining Misrda yurutgʻan siyosatlari Hinddagʻi siyosatlarindan yaxshiroq emasdir.

Oʻzlarini dunyoning eng madaniy, eng insofli va insonparvar deb topilgan Faransiya jahongirlarinint zulmlarini koʻrgan kishi anglizlarga rahmat aytmasdan tura olmaydir. Qirq-ellik yildan beri usmonli hukumatindan tortib oldigʻi Tunis va Jazoyir musulmonlarigʻa qaraylik, unlarning hollarini koʻz oldina keturaylik. Faransiyaning jahongir hukumati oʻzining butun ma’murlari bilan Tunis, Jazoyir musulmonlarini yoʻq qilmoq uchun ont ichganga oʻxshaydir. Hurriyat, musovot[39] va huquqi basharning beshigi boʻlgʻan Faransiyaning qonunlari Jazoyir bilan Tunis kuniga solmagan, Tunis va Jazoyir havosinda tiriklik qilib yurgan musulmonlar hurriyat va insoniyat homiysi boʻlgʻan - faransuzlarning bogʻlangan qoʻllari va boʻgʻozlangan tutqunlari erurlar. Faransiyaning eng yaqin bir qishlogʻinda solingan maktabining izi ham Tunisning eng katta bir shahrinda topilmaydir. Faransiyaning eng ahmoq bir bolasiga berilgan soʻz erki (soʻz hurriyati) - Jazoyirning eng ulugʻ bir faylasufigʻa ham berilmaydir.

Tunis, Jazoyir musulmonlarigʻa «hurriyat», «huquq», «adolat» degan anqo qushlari qoʻlgʻa solmaylar. Faransiyaning ma’murlari va yuzboshilari Tunic va Jazoyirga kelganda ilon kabi ogʻuli, shaytondek yovuz, somonday yengil, «Qorungʻa» oʻxshash boy boʻlub qolarlar. Tunis va Jazoyir xalqining nomuslari bilan oʻynab, jonlari bilan tijorat qilib turarlar. Tunisning ekin yerlari musulmonlarindan butun olunub faransuz boylarigʻa berilgan, yerli xalqning qoʻlinda ekin yeri sira qolmagʻan, barisini faransuz boylari aldab-suldab, qoʻrqutib, urib olgʻanlar.

Bu kun butun Tunis ekinchilari faransuzning eng qadrsiz xidmatchilari boʻlub ishlaylar. Faransuzlarning butun fikrlari Tunis va Jazoyir musulmonlarini ish qilib yoʻqotmoq va unlarning yerlariga ega boʻlmoqdir. Ovrupa jahongirlari bir millatni yoʻq qilmoq uchun hammadan burun u millatning milliy va diniy axloqini buzalar. Undan keyin milliy tilini churutalar. Faransuzlar Jazoyir oʻlkasinda bu yovuz fikrlarini biroz yuruta olmishlar. Bundan olti yil burun Tunis va Jazoyirgʻa sayohat uchun borgʻani misrli bir yozgʻuchi oʻz sayohatnomasinda shul soʻzlarni yozadir[40]: «Faransiya buzuqligʻi Jazoyirning kentlarinda uncha ta’sir qilmagʻan boʻlsa ham, shahar kishilariga xoʻb yomon ta’sir etgan. Milliy axlokdarin, dan asar yoʻq, milliy tillari yoʻqola yozgʻan, Jazoyir xalqining bir boʻlagi oʻz tillarini sira bilmaylar. Faransuzcha gapuralar, bir boʻlagi bilsalar ham, tugal bilmaylar. Gapursalar soʻzlarining yarimi arabcha, yarimi faransuzcha boʻlub chiqadir. Yana shu misrli sayyoh aytadir: «Bir yagʻinchoqlariga[41] bordim. Yagʻinchoqda hozir boʻlgʻan kishilarning barisi arab edi. Biroq soʻylashlari faransuzcha boʻlar edi. Tanishlarimdan biriga aytdimkim: mana shul majlisda biroz gapirsam boʻlurmi?

Tanishim: Qaysi tilda gapurasan?
Men: Arabcha.
Tanishim: Bunlar birortasi ham arabchani onglamaydir.
Men: Bunlar arab emaslarmi?
Tanishim: Arab, lekin oʻz tillarini unutganlar...!

Mana shul soʻzlarning har biri faransuzlarning tub tilaklarini yaxshigʻina bildiradir.

Ovrupalilar, ayniqsa, faransuz va anglizlarning tilaklari bizni bitirmaqdir. Biz unlargʻa qancha doʻst boʻlsak, qancha yaxshilik qilsak, oʻz jonimizni yoʻllarinda qurbon etsak, yana boʻlmas, unlar bizga yaxshi koʻz bilan qaramaslar, bizni bitirmak fikrini tashlamaslar, niyatikim, umumiy urushning birinchi yillarinda Tunis musulmonlari Faransiya hukumatigʻa murojaat qildilar: «Qancha askar istasangiz berarmiz, hammamiz urush maydonlarigʻa borib yovlaringiz bilan urusharmiz, jonimiz va molimiz bilan sizga koʻmakchi boʻlamiz. Siz ham bizga oʻz faransuzlaringizga berilgan huquqni beringiz! Bizga oʻgay koʻzi bilan qaramangiz, Faransiyada yurutulgan adolat qonunlarini bizning oʻlkada ham yuritingiz, deylar. Faransiya hukumati qabul etmadi.

Hindustonlilar ham shul urushda anglizdargʻa qancha xidmat qildilar, qonlarini angliz foydasi yoʻlida suvdek toʻkdilar. Hind musulmonlari oʻzlarining xalifalari boʻlgʻan Turkiyaga hujum etdilar, Dardoniya[42] yoninda qancha dindoshlarini shahid etdilar. Angliz hukumati yolgʻuzgʻina shul hind oqchasi va shul hind qoʻshuni[43] bilan Olmoniya va Turkiyani yenga bildi. Urush bitgandan keyin angliz hukumati shul jonkuyar hindlilarga qarab: «sizning koʻmagingiz bilan shuncha ish boʻldi, mana bu haqni oling, siz manim doʻstlarimsiz» deydimi? Albatta, yoʻq...! Bu kun hind xalqining uyi yana shul angliz toʻpi bilan yiqilib yotar, bu kun hind ulusining boshi yana shul angliz qilichi bilan kesilib turadir.

Shul besh yillik uruedda Eron hukumati angliz yoʻldoshlarigʻa koʻb yaxshilik qildi. Dindoshlari boʻlgʻan turklarga qoʻshilmadi, qoʻshilgʻan qabilalargʻa «yogʻiy» deb qaradi, yov muomalasi qildi. Angliz qoʻshinigʻa yoʻl berdi. Urush bitgach, mal'un anglizlar unga xoʻppokda[44] bermadilar. Eron vakilini sulh majlisiga kirgazmadilarkim, Eron istiqlolini qabul etmadilar demakdir. Eron shohini Loʻndiraga chaqirdilar. Shoh Loʻndiraga borib, ehtimolkim, angliz kuchi ostinda Eron istiqlolining oʻlum qogʻozinda qoʻl qoʻyub kelar.

Rusiya imperatoʻrlik hukumatining bizga qilgʻan zulmlari anglizning Hindustonda qilgʻan zulmlarindan qolishmas edi.

Ovrupa jahongirlarining buncha haqsizliqlari, bunday yovuzliqlari yolgʻuz musulmon dunyosigʻa emas, butun Sharqgʻa qarshi edi. Necha yuz yildan beri chet yoqgʻa chekilgan «och qornim, tinch qulogʻim» deb oʻturgʻan siyosat dunyosining hech bir ishiga qatnashmagan Chin xalqining dagʻi rohati shul Ovrupa jahongirlari tomonidan buzuldi. Bundan qirq-ellik yil burun Jopoʻniyo xalqi ham shul Ovrupa jahongirlari tomonidan ezilib tura edi.

Ovrupa jahongirlari Sharqdan, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz qoʻllarigʻa oʻtkan oʻlkalarigagina bu zulm va bu insofsizliqlarni qilmadilar. Bu kungacha qoʻllarigʻa oʻtmagan oʻz boshli, mustaqil Sharq davlatlarini ham ezdilar, taladilar. Angliz, faransuz jahongirlarining Turkiya oʻlkasinda qilgʻan ishlari davlatlar huquqigʻa, insof va adolat qonunigʻa butun muxolifdir. Bukun har eronlining yuragini ochib koʻrganlar angliz xanjari bilan ochilgan koʻb yaralarni koʻrarlar. Turkiyaning toshlar va kesaklarindan har birini koʻtarib qaragʻanlar Ovrupa qilichi bilan toʻkulgan qon tomchilarigʻa uchrarlar. Turkiyaning dohiliy ishlarigʻa qoʻl uzatmoq, Turkiyaning taraqqiy yoʻlini bogʻlamoq, Turkiya hukumatining e’tiborini yoʻq qilmoq ovrupalilargʻa oʻyinchoq boʻlub qolgʻan edi. Mustaqil, betaraf va sulhchi boʻlgʻan boyaqish Eron oʻlkasi Angliz va Rusiya jahongirlarining oqchalari bilan hozirlangan ixtilol[45] va isyonlar va oʻz boshli boʻlgʻan bu hukumatning dohiliy ishlarigʻa qoʻl uzatmoqgʻa kimsaning, «boshqa bir davlatning» haqi yoʻqdir. Lekin, bu qonun Sharqdavlatlarigʻa yurutulmaydir. Ovrupaning eng qadrsiz va eng soyigʻsiz[46] kichkina bir hukumati boʻlgʻan Qorabogʻ hukumati Sharqni qadrli hukumati boʻlgʻan Turkiyaning doxiliy ishlariga qotisha, qoʻl uzota edi. Ovrupaning insofi, madaniy davlatlari uning bu ishiga kulubgina qaray edilar. Tunis va Jazoyirda musulmonlarni soyimligi va muqaddas shayxlari xonaqoh ichindan tortilib, dor yogʻochiga osiddilar. Turkiyaga tobe’ boʻlgʻan «Qarib»[47] otasindagi musulmonlarning yozugʻsiz bolalari ona qorindan chiqaturub oʻtga solindilar, mustaqil bir Sharq davlati boʻlgʻan Eronning buyuk mujtahid[48]lari Rusiya va Angliz koʻnsullarining tilaklari bilan dorgʻa osildilar. Nikolay hukumati zamonida rus qoʻshini Imom Ali Rizoning[49] sharafina toʻpga tutdilar, anglizlar butun musulmon dunyosining muqaddas imomi boʻlgʻan Hazrat Alining ravzasiga[50] toʻp otdilar, insofli va madaniy (!) Ovrupa davlatlarindan birortasi ham tovush chiqarmadi. Lekin Turkiyada bir armanining burnindan yolgʻondan qon chiqgʻanda Istanbul sohili Ovrupa urush kemalarindan toʻlar edi. Bu madaniy yirtgʻuchilar Istanbulni olib vahshiy musulmonlarni (!) u yerdan quvmoqchi boʻlar edilar. Buncha zulm, buncha insofsizliq va buncha vahshiylikdan Ovrupa jahongirlarining tilaklari oʻlkalari olinmay qolgʻan Sharq davlatlarini ham biturmak, butun Sharq yerlarini olib Sharq xalqini qul qilmoq edi. Bu ish Ovrupa jahongirlariga bir oz qiyin tushdi. Sharq hukumatlarini biturmak, Sharq oʻlkalarini bosmoq qulay edi, biroq olingan oʻlkalarni oʻzaro boʻlushmak qiyin edi. Qaysi moyli boʻlagini kim olar edi, suyaksiz ta’mli oʻrunlari kimga tegar edi. Ovrupa jahongirlarini koʻbrak tushundirgan narsa mana shul ulashmoq edi.

Ovrupa jahongirlari shul mas'alani esga olgach, ishlari qiyinlashdi. Moyli bir kesim et ustiga yigʻilgan och itlar kabi bir-biriga qarashlari oʻzgardi, koʻzlari qotisha boshladi, har biri oʻzgasiga otilmoq, uni ezmak yetadi. Sharqning eng yogʻli qismlari boʻlgʻan Misr va Hinduston angliz qoʻlinda edi. Shuning uchun boshqa jahongir davlatlar shunga koʻz tikdilar. Har birlari shul moyli kesimlarni angliz tirnok darindan tortib olarga tirishdilar. Rusiyaning Turkistonni olishi, Faransiyaning Misrga istiqlol tilovlari, Olmoniyaning Turkiyaga yaxshiliklari barchasi shul «Hind uchun kurash» degan mas'aladan chiqgʻan edi. Yoʻqsa, Faransiyaning Misr musulmonlarigʻa doʻstligi Olmoniyaning Turkiyaga doʻstligi kabi yolgʻon va boʻsh edi. «Hind uchun kurash» degan mas'ala bora-bora ulgʻaydi, «Sharq uchun kurash» shaklini oldi. Ovrupa jahongirlarining har biri butun Sharqgʻa hokim boʻlmoq uchun oʻzgasining koʻzini chiqarmoqchi edi. «Sharq» degan bu goʻzal sevgili xonimni butun oʻziniki qilib olmoq uchun eng tirishgan davlat Rusiya imperatoʻrligʻi edi. Rusiya jahongirlari Qafqas va Turkistonni olgʻandan keyin Hinduston sari ikki yoʻl hozirlagʻan edilar: «Istanbul va Misr orqali Hinduston», «Afgʻoniston yo Eron orqali Hinduston». Anglizlar Rusiya jahongirlarining bu tushunchalarini onglagʻan edilar, Shuning uchun bor kuchlari bilan Afgʻon, Eron, Buxoro, Turkiya hukumatlarining oʻz boshlilik (istiqlol)larini saqlashga tirishdilar, biroq Rusiyaning kuchi kundan-kun koʻpaya boshladi. Rusiya shul holgʻa keldikim, bu kun-erta Hindustonga yurush qilarini har kim sezdi, Hindustonni anglizlardan tortib olarigʻa har kim ishondi. Bu «balo»dan qutulmoq uchun anglizlarga birgina yoʻl qolgʻan edi: ishqilib, Rusiyaning boshiga bir tayoq urmoq. Anglizning shayton siyosati uchun bu ish qiyin tushmadi. Anglizlar Jopoʻniyoga yondoshdilar. Jopoʻniyoni Rusiya uzra soldilar. Rusiya jahongirlari tegishli tayoqni Jopoʻniyodan yeb, sulh qilgʻandan keyin angliz bilan onglashmoq va kelishmakning kerakligini bildilar. Anglizlar bilan soʻylashib onglashdilar, mushohadalar yasadilar.

Ovrupa jahongirlari bir yoʻla bir-birlari bilan yov boʻlub, bir-birila urusha berganda buning soʻnggi oʻzlari uchun yaxshi tushmas edi. Shuning uchun ba’zilari oʻzaro soʻylashib kelishdilar, uyushmalar yasadilar. Rusiya, Angliz, Faransiya davlatlari birlashib «ilashgan uch davlat» («e’tilofi musallas» davlatlari) boʻldilar. Olmoniyo, Italiya, Avstriya-Mojoriston davlatlari birlashib «uyushgan bir davlat» («ittifoqi musallas» davlatlari) yasadilar. Bu davlatlar soʻzdagina umumiy sulhni saqlamoq, umumiy urushning yoʻlini bogʻlamoq uchun yasalgʻan boʻlsalar ham haqiqatda buyuk va sankarsiz bu urush uchun tayyorlik koʻrub tura edilar. Bu ikki «davlatlar toʻdasi» («hay'ati duvaliya»)-dan har bir topqon boyliklarindan koʻbragini urush yaroqlari tayyorlamoq yoʻlinda hormay, tinmay sarf qilar edilar. Bilim va hunarning koʻmagi bilan shahar singari kemalar, tomugʻ koʻrinishli toʻplar, togʻ gavdali uchgʻuchlar yasab tura edilar. Bunlarning barisi dunyoning taraqqiysi uchun emas, kuchsizlarni ezmak uchun, Sharqni yutmoq uchun edi. Boyaqish Sharqning yutulmagʻan davlatlari oʻzlari uchun eng osigʻli yoʻl deb shuni topdilarkim, Ovrupada bir-birigʻa qarshi yasalgʻan shu ikki toʻdani orasindagʻi dushmanliqdan foydalanib, oʻz borliqlarini saqlasunlar. Bir kun angliz va yoʻldoshlarigʻa yolbordilar, bir kun Olmoniya va oʻrtoqlarigʻa yalindilar. Shul ish bilan hurlikli, qorongʻular orasinda oʻz borliqlarini saqlay oldilar. Sharq va Gʻarb ishlari shul yoʻllarda yurub kelaturgʻanda 1914 da Saroy oʻramlarindan birinda «serb» yigitining toʻpponchasindan bir uchqun chiqib butun dunyo yongʻiniga sabab boʻldi. Butun Ovrupa jahongirlari orasinda ochilgan bu qonli urush Sharq mazlumlariga koʻb yaxshi fursat beradi, Sharqning qutulish soati kelgan edi. Sharqning bunda vazifasi katta-kichik, musulmon, majus demasdan birlashmak: bir-birining qonini ichib turgan Ovrupa yirtgʻuchilari qarshisindan bir kuch va bir qoʻl boʻlub chiqmoq edi. Bilimsiz qolgʻan Sharq bu toʻgʻri yoʻlni koʻra olmadi. Bu fursatni ham qochirmas. Sharqli yaxshilikni unutmas. Sharqli sizdan bir yaxshilik koʻrgandan keyin sizga tirsak koʻrsatmas. Sharqda sarmoyaga e’tibor bilan ovroʻpa darajasinda kapitalizmchilik yoʻqdir. Sharq Uluslari koʻbchilik e’tibor bilan ekinchi va ishchi erurlar. Sharq ekinchilari orasinda rus alpovutlari yangligʻ egalari topilmaydir. Shuning uchun Sharq uygʻongach, sutsiolizm asoslarindan qattigʻ suratda bosh tortmas. Toʻgʻrisini aytgʻanda Rusiya xukumati Sharq bilan kelishmak va ittifoq etmakka majburdir.

1919

Johilona taassubgʻa misol

Maqola[51]

Buxoro shahrining oʻramlarina[52] ushbu mazmunda bir e’lon yopishrilgʻan edi: «Yangi chiqgʻan jadidlar bolalarimizning e’tiqodlarini buzalar, munlar hunarlarinda hech kim bolasini oʻqutmasin, oʻqutsa shul kishini oʻldirajakmiz, jadidlar jivlashub[53] oʻlturmasunlar, agarda jivlashub oʻtursalar, biz onlarning boshlarini kesarmiz, jadidlar namoz birla roʻzani, zakotni oʻtamaylar, munlar kofirlar, qonlari halol» (Bu e’lonla bir hadisda[54] yozilgʻan).

Boshqa mamlakatlarda munday ma’nosiz, imlosi buzuq, axmoqliq alomati boʻlgʻan e’lonlar, yozuvlarning ahamiyatlari boʻlmasada, Buxoro kabi oʻrunda afkori umumiyaning mundan mutaassir boʻluvi mumkin. Shul sababli munday johilona taassubgʻa qarshi iltifot etmay qoluv bizning uchun mumkin tugul[55].

Yozuv yoza bilmay turib, shu shiy e’lon yozuvlarigʻa «jadid»larning maslaklari nindi[56] narsadan iborat ekanligini biddirurgʻa hojat bor.

Buxorolilarning tijorat, axloq va ilm, sanoat va hunar, maishat jihatlarinda butunlay ortda qolgʻanliqlarini «e’lon» yozuchilar bilmasalarda, boshqalar bilalar. Tijorat maydonlarinda, tahsil madrasalarinda, axloq toʻgʻivlarinda[57] oʻz ishlarining qoidasini va zibarini[58] bir yahudiy qadar biluvchi ongli kishimiz yoʻq. Dunyoning telefon va telegʻrof hamda temur yoʻllar kabi fanniy moʻ‘jizalarini koʻrub-da shunlarning sirlarini oʻgranurgʻa tirishuchi odamimiz yoʻq. Hatto madrasalarimizdan chiqub-da bir jamoatning kofirligini e’lon etuchilarimiz-da durust yoza bilmaylar.

Shu holni yaratub, bundan rizo boʻlub turuchi birgʻina musulmonda boʻlmasa kerak. Mana shu shiy[59] ravishda boʻlgʻan ijtimoiy xastaliklarimizgʻa davo izlovchilar «jadid»lardir.

Jadidlar «millatimiz, xalqimizning bu darajada tuban qoluvlarini, shu shiy martabada yomon kunlargʻa tushularini nodonligʻlari sabab boʻldi, bizning uchun oʻquv, ilm va ma’rifatgʻa yopishuv(imiz) lozim. Vatanimiz, mamlakatimiz va millatimiz ilm nuri birla yoqtursun, din ham dunyo ilmlari birla jihozlansun. Bu hol endi bizning uchun farz boʻldi, eski maktablarda sakkiz yillar oʻqub-da. Eron xalqtarining ichkilik va ishq kabi safohatlarindan iborat boʻlgʻan adabiyotdan boshqani bilmovchi bolalarimiz yangi maktablarga kirub din ham dunyo uchun foyda beraturgʻan lozim narsalarni oʻqisunlar, hisob va yozuv bilsunlar, toʻrt gurli fan oʻqir uchun madrasalarimizda oʻn sakkiz yil yotuvi shogirdlarimiz oʻn ikki yil madrasani-da tamom shartina yetishdurub oʻn besh fan oʻrgansunlar, madrasadan chiqub-da boshqalarni akfor[60] qilush tugul, balki musulmon qilub e’lon yozuchidarimizning imlolarini kishi kuldurmak darajada buzuq boʻlmasun, savdolarimiz hunar va sanoatimiz, ekunchilik[61] ishlarimiz bukungi kabi zabun holda turmasun, balki tuzalsun yaxshilansun!» deylar. Muni «jadid»lar shuytib ravishda soʻylaylar va shu shiy yoʻlda yuriylar.

Ushbu maqsadlarimizgʻa erishur uchun biz «jadid»lar Buxoroda maktablar ochdiq, lekin Buxoro hukumati neqdi falsafagʻa koʻradur[62] bizning maktablarimizning davomini musoada[63] qilmadi, yashatmadi. Shul kunday berli biz maktabsiz qolduq.

Mundan soʻng: «Maktab yoʻli birla boʻlmasa boshqa bir yoʻl birla tirishub qarayliq!» deb tijorat yoʻlina kirdik va Buxoro hukumatidan ruxsat olub bir kitobchiluk shirkati va bir koʻmoch narsasi shirkati[64] tuzuvdik.

Kitobxonamizda gazit va jurnallar birla birlikta hadis va tafsir hamda dars kitoblari kelturub eski madrasatarning shogirdlarika uch yuz haq birla dars kitoblari sotdiramiz. Koʻmoch shirkati dahi yuz mollarini uch yuz baho birla sotub foydasini(ng) koʻbisi «jadid» boʻlmagʻan shirkatlar orasinda taqsim etoʻb turadir. Demak, bizning ijtihodimizdan[65] «jadid» boʻlmagʻan va «jadid»larni yarotmay turgʻan odamlar foydalanalar.

Endi «jadid»lik maslakinda boʻdgʻanlarning oʻz hollarini-da bir oz ta’ruf qilaylik:

Bu «jadid»larning koʻbraklari eski madrasalarda, darslarini eng yaxshi ravishda tamom etuchilar boʻlub oralarinda bu kunda zoʻr mudarrislar va olimlar bor. Munlar tafsir va hadis darslari oʻqutalar, oʻqutmagʻanlarida dars oʻqituv lozim boʻlgʻanda oʻqituvgʻa mahtaddirlar. Munlar yuzlar birla hadisi shariflarini xatosiz yodlagʻanlar va durust onglaylar. Endi Paygʻambardan rivoyat etilaturgʻan bir hadisni-da durust yoza bilmagʻan, imlo hunarindan-da mahrum odamlar chiqsunlar-da shu shunday odamlarni akfor etsunlar, akfor birlagina qanoat etmay, qonlari halol boʻluv birla fatvo bersunlar. Shu shiymi insof? Bumi musulmonliq?

U otish oʻynovchilar[66], aroqi ichuchilar va butun amrlarini fisqu fujur yoʻlida yozdiruchilar Buxoroda oz tugul. Milyoʻnlar Sirla insonlarning qonlarini suv kabi oquzib turuchi va gʻoz minglar birla bolalarini, xotunlarini yetim va kishisiz qoldiruchi bu kungi zoʻr suqishdan ibrat-la hamma kayf va safo majlislari qurub musulmon bolalarini oʻynatuchilar-da koʻb. Shu shiyday xalqlar ozgʻina-da taqti' qilinmagʻanlari holda islom va musulmonlarning taraqqiysi uchun tortishuchilar akfor qilinsunlar, qonlari muboh koʻrilsun! Diyonat shu shiymi? Bumi odamchilik?!

Qur'oni karim musulmonligʻni da’vo qilib salom beruchilarni akfor qiludan man' etadir. Musulmonlarni akfor qiluchilar bilsunlarki, «Musulmon kishilarini akfor qiluchilar agarda shul kishi kofir boʻlmasa, oʻzlari kofir boʻlurlar» mazmunida hadisi shariflar Buxoriy[67] birla Muslim[68] sahihlarinda bor.

e’lonchi afandilar, fitna qoʻzgʻatuchi oʻrninda Qur'on birla Hadis oʻqub shunday oliy soʻzlarni oʻrgansalar va bilgʻan narsalarini durust yozargʻa tirishsalar yaxshiroq va musulmoncharoq boʻlur edi.

Bu maqolani yozuvimiz oʻlimdan qoʻrquvdan tugul. Biz oʻlumdan qoʻrqmaymiz. Haq yoʻlda oʻldiriluv va oʻluv botilliq[69] uzrinda yashovdan yaxshiroq. Xayrliroq. Biz muni Qur'oni karimda oʻqub shungʻa ayon keturganmiz. Balki muni yozuvdan maqsadimiz buxorolilarni insofgʻa da’vat etuv hamda hukumatimizning diqqatini jalb qiluvdir. Hukumatimiz munday mas'aladan sukut etmasun, balki bu ishni taftish va tadqiq qilsun edi. Agarda ayb bizda boʻlsa, teyishli jazoni bersun, yoʻqsa shunday e’lon yozuchilarni topub maydongʻa chiqarsun. «Onlargʻa teyishli jazo bersun edi» demaymiz. Jazo bermasun, balki tanbeh va nasihat qilsun.

«Onlargʻa jazo bermasun» degan soʻzimni vijdonim, iymonim birla yozdim. Chunki shul odamlar-da, saodatlari va taraqqiylari uchun tortishaturgʻan millatimizning kishilaridir. Modomiki, biz bu millatning baxtiyor boʻluvini orzu qilamiz, e’lon yozub yobishdiruchilarning saodatlari-da bizning uchun matlubdir. Bizning maslakimiz muhabbat va ma’rifat hamda marhamatga bino qilinadir.

Durust, agarda bu toʻgʻrida biz gunohli tugul esak, hukumat taftish etub shul e’lon yobishdiruchilarni topsun, ammo jazo bermasun, balki nasihat yoʻlindan onlargʻa Siz munday fitnalar qoʻzgʻatib yurmangiz! Munday yoʻq ishlar birla shugʻullanuv oʻrnigʻa maktabga qirub yozuv oʻrganingiz. Imlongizni tuzatingiz, mundan shu ilmlari komil odamlar huzurina borub tafsir va hadis oʻqungiz desun...

1917

Buxoroda inqilob

Maqola[70]

«Dunyo havodis[71] oʻchogʻidir» demishlar, toʻgʻri bir soʻz.

Yigirma sakkiz(inchi) fevralda Rusiyada hurriyat boʻldi, imperatoʻr Nikolay taxtdan tushurildi. Koʻnsul Miller Kogondan Buxoroga kirub, «Naminor» havlisida oʻturdi.

Xalq ogʻzinda yangigʻina bir soʻz tushub qoldi: «Buxoroda hurriyat boʻlar ekan. Muni yoshlarning bilagi bilan rus qoʻnsulxonasi qila(r) ekan».

Koʻnsul Miller Buxoroning ba’zi jamoalarindan ba’zi odamlarni yonigʻa kirguzib gapurdi.

Shul chogʻlarida qozikalon Burxoniddin bilan rais Abdullohxoʻja Sadur[72] va mufti Asqar Masnaf[73] mahdum qatl etildilar. Bunlarning oʻrninda Muhammad Sharif maxdum qozikalon va Abdulsamad maxdum rais boʻldilar. Bu hodisa Buxoro xalqining qizgʻin bir hayajoiniga sabab boʻldi.

Aprelning yettisinda amirimiz bir bayonnoma chiqordilar. Aprel sakkizida Buxoro yoshlari boydoq[74] chiqorib muborakbod qildilar. Mullalardan bir jamoa chiqib shul boydoq chiqorgʻanlarni kofir deb oʻldurmoqchi boʻldilar. Hukumat yoshlarning birini[75] tutub yetmish besh tayoq urdi.

Aprel toʻqquzda qushbegi odamlari yoshlarning uylarini bosdilar. Topgʻanlarini keturub «obxona» degan rutubatli bir mahbusda qamadilar va ikkitasini yana hukumat amri bilan yetmish besh tayoqdan urdilar. Yoshlar qochib Kogonga chiqdilar. Abdulhamidxon raislikdan tushdi. Masnaf maxdum rais boʻlub keldi. Samarqanddan rus soldatlari kelib obxonadagi yoshlarni qutqordi.

Mana shunlar bir-ikki hafta orasinda boʻlub oʻtgan hodisalar. Har biri - bir ma’no! Men aniq bilamankim, shul ishlarning haqiqat hikmatlarindan ruslar bilan yoshlar va Buxoro beklarindan boshqa kimsa xabardor boʻlmadi. Buxoro xalqi na mullabachchalari, na sahroyilari, na kosiblari bu qorongʻu voqealardan biror narsa onglayolmadilar.

Toʻgʻridir: har yonga yugurdilar, istamaymiz, «oʻldiramiz, gʻazo[76] qilamiz» dedilar.

Nimani istamadilar, kimni oʻldurmoqchi boʻldilar, kimning gʻazosigʻa chikdilar? Bunlarni onglagʻanlari yoʻq!.. Mana bul risolani[77] shunlarni onglatmoq uchun qoʻlimgʻa oldim. Negakim, tilagim haqiqatni xalqgʻa onglatmoqdir.

Haqiqatni butun ochib onglata bilmak uchun bul risolani uch boʻlakka tartib etdim:

  1. Buxoroning holi.
  2. Fitna soatlari.
  3. Yoshlarning tilaklari.

Ilikotimizdagʻi[78] ishlarning buyukrogʻi, albatta, ekinchilik, ya’ni dehqonliqdir. Biz bu yerda hukumatimiz bilan dehqonlar orasindagʻi ishlarni arz qilamiz. Buxoroning dehqonchilik yerlari toʻrt turlidir. Amlok[79], mulki hur[80], vaqf[81]. Buxoro yerlarining toʻrtdan biri mulki hur bilan vaqf boʻlsa, boshqasi amlok bilan mulki hirojiy[82]dir.

Mana Buxoroda shul amlokni nechuk olalar: Buxoro hukumati Buxoro tevarakindagi tumanlarning amlokini olmak uchun amloqdorlar tayin qiladilar. Ammo viloyatlarning amloklarini bekordan oladilar. Har viloyatning begi oʻz viloyatigʻa amloqdorlar qoʻyadir. Har amlokdorning necha oti, sayisi[83] va xizmatkori bordir. Butun shunlarning muharriflari[84] bechora dehqonlarning ustinadir. Amlokdorlar Buxoro yerlarini ikki turli istifo[85] qilalar. Birinchisi «xasbar»[86], ikkinchisi «xirman». Tumanlar, Chahorjoʻy, Karmina, Xatirchi, Miyonkal yerlarini «xasbar» tariqi bilan istifo qilalar. Buxoroning boshqa viloyatlari xirman tariqi bilan istifo qilinadilar. Bu tariqlarning ikkisi daxi yamondir. Ikkisigʻa ham zolim va insofsizlik koʻb boʻladir.

Xasbar tariqi shudir: ekin yetishgandan keyin amlokdor oʻz odamlari bilan balo qoʻshuni kabi istifogʻa chiqadir. Kechalar navbat bilan dehqonlarning uylarigʻa qoʻnub, kunduzlar istifo qiladir. Hanuz xirman qilmagʻan ustiga kelib hech bir narsani bilmagan yoʻldoshlari bilan taxmin qilub bir narsa yozadir.

Xirman qilinmagʻan, bichilmagan ekinlarning qancha chiqorini bilmak albatta kuch: munday taxminlar hech toʻgʻri chiqmaydir. Yo amlokdorlarning va yo dehqonlarning haqi albatta ketadir, lekin bizning amlokdorlar oʻz haqlarini boshqagʻa oʻtkarmaylar, balki dehqonning haqigʻa javr qilargʻa tirishalar. Bechoraning oʻn botmonliq ekinini yigirma botmon taxmin qilub daftarda yozalar.

Xirman istifosi shudirkim, dehqon ekinini bichib, xubbidan[87] chiqorib xirman qiladir va amloqdor janoblarini kutib turadir. Amlokdor kelmaguncha bola-chaqasi ochliqdan oʻlsa ham mehnat qilib yetishtirgan hosilindan ozgʻina ololmaydirlar. Olsachi, boshi baloda qoladir ikki chorak olsa, amlokdor xabar olib keladir va bechorani yogʻochlargʻa osib qamchinlar bilan urub, uch-toʻrt botmonning oqchasini oladir. Istifo zamoni kelgach, amlokdor janoblari odamlari bilan chiqib yuqorida yozgʻanimiz kabi xirmanlar orasinda kezib, taxmin qilib daftarlarda yozadir.

Amlokdorlar taxmin qilib yozdiqlari hosillardan boshliq haqini shul chogʻda olmaylar, yolgʻuz taxmin qilib ketalar. Dehqon xirmanini koʻtaradir, masalan, bugʻdoyni eltib, arzonliq chogʻinda yuz tangadan sotadir. Vaqtlar oʻtub bugʻdoy yuz elli(k) tangaga chiqgʻandan keyin amlokdor boshliq haqini talab qiladir. Ul vaqt bechora dehqonlaridan yuz elli(k) tangadan pul oladir.

Endi bir dehqonni koʻzimiz oldinda keturib shu ishlarni uning ustinda yuritaylik, koʻraylik nima boʻlar. Masalan, Tursun otli bir dehqonning toʻrt tanobgʻina yeri bor, kecha uyqusizliqlari, kun ochliqlari orasinda yugurub, chopib, issiq-sovuq demay, qoʻsh bogʻlar, xirman sovurar, oʻn botmongʻina bugʻdoyni xirman qilib hozirlab qoʻyar, lekin bola-chaqalari ochliqdan oʻlsa ham amlokdor bek kelmaguncha shuncha mehnat bilan hosil boʻlgʻan bugʻdoyindan bir hovuch ololmas.

Olsa, bir hovuch yerinda bir botmon bugʻdoyni yigirma botmon taxmin qilarlar. Kafsan, ot yemi, mirzoyona[88] - nimalar debon bir botmoncha bugʻdoyni olib ketarlar. Bechora Tursun qolgʻan toʻqqiz botmon bugʻdoyni koʻtaradir. Bozorga eltib, yuz tangadan toʻqqiz yuz tangaga sotadir. Hafta, oylar oʻtub bugʻdoy narxi 150 tangaga chiqgʻach, amlokdor bek haqlarini talab qilalar va Tursunboyni yigirma botmon bugʻdoyning uchdan biri boʻlgʻan olti yarim botmon bugʻdoy uchun bozor narxi yuz elli(k) tangadan toʻqquz yuz yetmish besh tanga olarlar. Mana bozorgʻa bechora Tursun bir yillik mehnat qilib chiqardigʻi bugʻdoydan yetmish besh tanga zarar tortib chiqadir.

Lekin ish shuncha bitdimi? Yoʻq, yana bir buyuk mas'ata qoldi: Tursun-ku oʻz bugʻdoyining pullarini necha oydan yeb bitirgʻan edi. Amlokdorga bu toʻqquz yuz yetmish besh tangani qaerdan topib berdi? Hindilardan, yahudiylardan yo hindi tabiat musulmonlardan foydaga koʻtarib beradir. Bizning dehqonlarimizning uyini kuydirgan qaydadir? (Muni keyinroqda arz qilaman.) Emdi koʻrayluk, qani, bu hukumat bilan shu amlokdor beklar kim, bechora dehqondan imkoni(cha) mehnat qilib, chiqardigʻi hosilni butun olarlar, biror kun, biror yoʻl bilan shu dehqonning biror ishiga koʻmak qilurmi? Albatta, yoʻq.

Hatto butun qoʻlimizdan tortib oldiqlari ekinlarning suyini ham keturub bermaydir. Shuning uchun ham dehqonning uyini kuydiradilar.

Yilda bir daf'a arikdarni qazmoq kerakki, bu ishni buxorolilar «hashar» deylar. Arikdan suv ichaturgʻan butun dehqonlar yilning olti oyinda shul hashar uchun kunda bir mardikor (ishchi) bergulidir. Bera olmasalar bir mardikorning kundalik oqchasini hukumatgʻa bergulari lozimdir. Muhorabadan[89] burun bir mardikorning kundaligi 10 tanga edi, ammo shu kunlarda qirqtanga (olti soʻm). Oʻn tanob yeri boʻlgʻan bechora bir dehqon har yilning olti oyinda yo bir mardikor tutib hashargʻa beradir va yo shu mardikorking olti oyliq oqchasini hukumatgʻa beradir, boshqa chorasi yoʻqdir. Bir mardikorning shu kunlarda olti oyligʻi 7200 tangadir. Ammo ilgari 1800 tanga boʻla(r) ediki, bu ham bechoralargʻa oz oqcha emasdir.

Tuxumgʻa[90], hoʻkuzgʻa, ot arobagʻa pul bergan bechora dehqon har yil hashar uchun muncha oqchani qaerdan topib beradir?

Oldigʻi hosildanmi? Uni-ku amlokdor olib ketdi, bechora dehqon bu oqchani hindilardan foydagʻa koʻtarib beradir. Bundan boshqa poytaxtning atrofindaki yerlargʻa suvni adolat yuzasindan boʻlib bermak uchun bir mirob (ya’ni suv begi) bor, bu odam suvni taqsim qilib bermak yerinda qoʻnugʻini (navbatini) dehqonlargʻa sotib turadir. Suv begi janoblarigʻa yilda bir necha daf'a oqcha bermagan dehqonlar suv icholmaylar.

Zakola
Buxoro xonligʻinda ikki turli zakot bor: birinchisi mol zakoti. Shar'iy boʻyincha har musulmon oʻz oqchasigʻa yilda bir daf'a zakot beradir. Lekin Buxoro savdogarlari oʻz oqchalarigʻa yilda besh-olti, hatto oʻn daf'a zakot beralar: masalan, bir savdogar Buxorodan yigirma ming tangalik mol olib, Qarshigʻa eltib sotsa, bir zakot berar. Yana u yerdan shu oqchagʻa mol olib Buxorogʻa kelsa, bir zakot berar. Va yana Buxorodan shu oqchagʻa mol olib Qarshigʻa qaytsa, bir zakot berar. Shundayin oʻn yoʻla ketib, kelsa oʻn yoʻla zakot olarlar. Buning zarari yolgʻuz savdogarning oʻzinda boʻlsa soʻz yoʻq edi. Chunki savdogardir, boydir, ozgʻina koʻbroq oqchasi ketsa ham zarar qilmaydir. Lekin u savdogar bu ortuq yerdagi zakotlarni mol ustigʻa qoʻyib sotadir. Demak, bundan ham qashshoqlar ham dehqonlar zarar tortalar.

Ikkinchi zakot - kachi zakotidir[91]; qoʻy bilan kachidan olinadir. Qoʻy bilan kachining zakoti haqiqatan qirqdan bir boʻlsa ham, sarrofona, kotibona[92] va, bilmasam, nimalar deb yigirmadan birga tushurib qoʻyalar. Bunlardan boshqa chakana zakoti[93] deb nisobgʻa erishmagan qoʻylardan shariatgʻa maxoliqzakot olalar. Zakoti olingʻan qoʻylar va kachilarning tanindaki yoʻnindan[94] daxi zakot olmokdari koʻb buyuk masxaraliq emasmi?

Zakotda zulmlarning kattarogʻi shulkim: qoʻy va kachi zakotini daftar yuzindan olarlar. Masalan, oʻtgan yili manim qirq qoʻyim bor edi. Kelib daftarda yozib zakotini olib ketdilar. Soʻngra manim qoʻylarim oʻldi yoinki sotib bitirdim. Bu yil birta ham qoʻyim yoʻkdir. Lekin zakotchi bek kelgach, daftarni ochib koʻralar, kim, manim otimda qirq qoʻy yozilgʻan; ishi bitdi, mendan bir zakot olib ketalar. Qoʻyim yoʻqdesam oning daftarida bor deyarlar «bor edi, lekin sotib bitirdim» desam tinglamaylar. «Yoʻq, bermayman» desam urib, osib ola(r)lar[95].

(«Hurriyat», 1918 yil, 69-72, 75-sonlar)


Angliz va Turkiston

Mundan ikki oy burun «Turkistonda angliz mudofaasini saqtamoq uchun Chin qoʻshuni kelmoqchi emish» degan bir xabar chiqgʻanda «Hurriyat» gazetasi ikki maqola ila fikrini bildirgan[96] va Turkiston siyosiylarini uygʻoqliqqa chaqirgʻan edi. Bu kun ish bir oz ochildi: Turkistongʻa angliz vakillarimi, angliz josuslarimi kela boshladilar.

Bu vakillardan Kogonda Sapar Badloʻf[97]ning uyiga qoʻngʻan bir hindli Parnasning rus rasmiy doiralarinda berdigʻi ma’lumotga qaragʻanda bir odam hind inqilobchilaridan emish. Hindustonda inqilob chiqarmoq uchun bolsheviklar bilan muzokara qilgʻali kelgan emish. Sharqning eski hukumatlarindan birisi aydigʻi uchun ruxsat berilsa, bechora hukumatini koʻrmoqchi emish.

Bunlarning yuqori doiralargʻa ham soʻzlari shu esa biz bunlargʻa «yashurun bir maqsad uchun kelgan josuslar» deb qarargʻa majbur qolurmiz. Yuqori doiralarga tilaklarini ochibgʻina aytkan boʻlsalar, u vaqt bunlarning bolsheviklar bilan muzokara qilgʻali kelgan vakillari ayduqlarigʻa shubha qolmas. Har holda mas'alaning shu nuqtasi ma’lumdirkim bunlar josus boʻlsalar ham vakil boʻlsalar ham tilaklari birdir. Bunlarning ikkinchisi bir Hindustonni olmoqchi boʻlgʻanlar. Bunlarning koʻzlari bizning yurtimizdadir.

Anglizlar bilan Turkiston orasinda Afgʻon va Chin hukumatlari bordir. Ajabo Britaniya tulkilari Turkistonimizgʻa burunlarini suqmoquchun Chin hukumati bilanmi onglashadilar. Afgʻon hukumati bilanmi?

Ogʻiz xabarlarigʻa qaragʻanda, har ikkisi bilan ham onglashgʻan, hatto Afgʻon hukumati bilan ittifoqi kuchliroqgʻa oʻxshaydirlar. Lekin biz shul Afgʻon va Angliz ittifoqini qabul qilmaymiz.

Ma’lumdurkim: bu kun German va Turk davlatlarining birinchi dushmanlari anglizdir. German va turk davlatlari oldida Turkistonning anglizlarga kechmakindan ruslargʻa qolmogʻi yaxshiroqdir. Bir vaqtlar oʻzini turk davlatining bir kashishi[98] atagʻan Afgʻon hukumati turk siyosatiga shuncha molik boʻlgʻan bir mas'alani qabul qilarmi?

Angliz bilan ittifoq etmak - german va turkga qarshi chiqmoqdir. Afgʻon hukumati bu yoʻlga kirarmi? Angliz hiylasining ta’siri buyukdir, ehtimol kim, Afgʻon hukumati ham oldangʻandur, lekin bizning umidimiz boshqadir.

Afgʻon hukumatining urushgʻa qotishmogʻi mumkindir, uning kuchi bordir, ehtimolkim, vaqti daxi boʻladir, lekin biz umid qilamizkim, Afgʻon hukumatining bu harakati angliz foydasi uchun emas, german va turk pilonlarigʻa muvofiq boʻlmoq sharti bilan oʻz foydasi uchun bu harakat Hindustongʻa qarshi boʻlgʻulidir.

Ammo Angliz va Chin ittifoqi mumkindir. Chin hukumati Japun tazyiqotindan qutulmoq va oʻlkasining rus nufuzi ostida qolgʻan qisminda oʻz huquqini tasdiq eturmak uchun Angliz davlatining turli xizmatlarigʻa hozirdir.

Emdi mas'alaning boshqa bir jihati qoldi. Turkistonni daxi Hinduston kabi yutmoqchi boʻlgʻan anglizlar bu urush maydonidan qanday chiqarlar? Magʻlubmi? Magʻlub chiqarlar esa, Turkistonni qaysi kuch bilan saqlarlar?

Oʻz hiylalarigʻa ishongʻan chidamli anglizlar oʻzlarini shul muhoribadan oz zarar bilan soqgʻina qutqarmoq uchun albatta bir pilon chizgʻan va shul pilonlariga ishongʻandirlar. Mana shul nuqtagʻa binoan, sulhdan burun Turkistonni olib dushmanlarini «amru afu»[99] qarshisinda qoʻymoq va sulh majlisinda kirganda Turkistonni qaytarib berargʻa majbur boʻlsalar ham uning oʻrninda boshqa yoqdan biror narsa saqlamoq fikrinda boʻlsalar kerak.

Ammo bizning fikrimizga koʻra, angliz hukumatining bu urushdan oz zarar bilan soqgʻina qutulmogʻi mumkin emasdir. Germaniyaning ogʻir va yomonroq zarbasi anglizlarning boshlarigʻa inar[100]. Angliz hukumati butun ishdan chiqmayin bu urushdan chiqolmas. Shul suratda Turkistonning tole’i[101] nimadir?

Uni turkistonlilarning oʻzlari tayin qilarlar, ammo ittifoq va ittihod aytib butun fikrlarini bir nuqtada toʻplagʻandan keyin!..

(«Hurriyat», 1918 yil, 29 mart, 82-son)


Turkistonda ruslar

Islom madaniyati tarixining oltunli, yulduzli yaprogʻlaridan buyuk bir qismi, shubha yoʻqdirkim turklar toʻgʻrisida yozilgʻandir.

Yunondan Rumogʻa[102], Ubadan Konstantaniyaga[103] koʻchib kelgandan keyin ta’sir etib, taassublari tarafidan qoʻl-oyogʻi bogʻlanib qolgʻan madaniyati bilan ulum va funun Bagʻdod saltanatining egalari boʻlgʻan abbosiylar tarafidan[104] turgizildi va tarbiyot koʻrdi.

Ul chogʻlarda yer yuzini baxtli muhabbat kabilari qoplagʻan abbosiylar saltanati yolgʻizgʻina siyosat negizi emas, ulum va funun tengizi ham edi.

Abbosiy saltanati nifoq, nizoʻ, axloqsizlik, gʻurur, isrof va zulm kabi koʻb ijtimoiy kasallarga tutulib oʻlgʻandan keyin uning merosini yana islom siyosati bilan islom madaniyatini oʻz qoʻllarigʻa olib turklar saqladilar. Abbosiylardan soʻng ulugʻroq islom saltanatlarini turklar qurdilar. Abbosiylar qoʻlidan chiqib yana egasiz qola boshlagʻan madaniyatni turklar asradilar.

«Bizning Turkistonimiz esa mana shu buyuk turk ulusining beshigi boʻlmogʻi bilan iftixor qiladi...» Yolgʻiz shumi?.. Abbosiylardan soʻng islom saltanatigʻa qorovuyaliq qilgʻan turk xoqonlarining oxiri va ulugʻlarida boʻlgʻan Temur yangligʻ turk qahramonini Turkiston yetishtirdi. Yana abbosiylardan keyin «madaniyati bashariya»ni boshlari uzra koʻtargan turk olimlarining kattakonlari boʻlgan Abu Ali[105], Ulugʻbek, Javhariy[106] va Forobiy kabi hikmat tiraklarini Turkiston chiqardi.

Aflotunlar chogʻinda Afina, Rumo saltanatida Rumo, abbosiylar xulofotinda Bagʻdod qancha taraqqiy qilgʻan boʻlsa Temur va Ulugʻbeklar zamonida Samarqand shuncha taraqqiy qilgʻan edi.

Bir kishining miyasigʻa chogʻirning qanday ta’siri bor esa, bir millatning miyasigʻa daxi saltanat va madaniyat ichgusining shundayin ta’siri bordir. Saltanat, boyliq va madaniyat ichgulari bizning miyamizni buzdi, bizni mast etdi, qoʻlimizdagʻi saltanat qilichi bilan madaniyat daftarini bir yongʻa qoʻyib safoat cholgʻularini oldiq. Urdik, choldik, ichdik, yiqildik, yondik va shunlar uchun bir-birimiz bilan urushdik...

Mana shul chogʻlarda edikim: Rusiya davlati bizning oʻlkalarimizni kelib bosdi. Ortuq biz Turkiston turklari Ovroʻpa madaniyati tashiguchi boʻlgʻan rus millatigʻa yoʻliqgʻan boʻldik. Madaniy ruslar bilan qorishib unlarning dalolati Ovroʻpaning madaniy va ijtimoiy usullaridan ta’sir olmogʻimiz kerak edi.

Shuni ham aytib oʻtaylukkim munday bir ta’sirni rus millatining avom tabaqasindan olmogʻi(mi)z mumkin emas edi, chunki bizning avomimiz unlardan yuz marotaba madaniyroq edilar (hozir ham shunday). Ruslarning oʻqugʻan, tarbiyali kimsalarindan sosializm va qardoshliq maslakinda yurgʻanlar ham imperatorlik hukumati tarafindan quvilib, qisilib turgʻanlari uchun bizga biror ta’sir qoʻyolmas edilar.

Qoldi: rus millatchilari, rus boylari va rus poʻplari bilan shunlarning qorovuli boʻlgʻan imperator hukumati. Biz turkistonlilar yolgʻiz shunlarning qoʻlinda qoldiq. Ne koʻrgan boʻlsak shunlardan koʻrdik.

Endi koʻraylik qani: shunlar bizning taraqqiyimiz va Ovroʻpa madaniyatidan ta’sir olmogʻimiz yoʻlinda biror ish qildilar yoxud qilmoqchi boʻldilarmi?!

Rus kapitalistlari bilan rus poʻplarining sodiq va ishonchli qorovullari boʻlgʻan eski Rusiya huqushti elli(k) yil orasida, Turkistondagʻi turk bolalarining foydalarigʻa biror ish koʻrdimi, koʻrmoqchi boʻldimi?

Mana shul savolga, Maltaassuf[107], «yoʻq!» dan boshqa bir javobimiz yoʻqdir. Yurtimiz: elli(k) yillik bir idorayi askariya ostida turdigʻi uchun biz Ovrupaning madaniy millatlari bilan koʻrisholmadik, unlarning ijtimoiy va iqtisodiy fikrlarindan istifoda qilolmadiq. Bizning koʻzlarimizni ochdurmaslik uchun fikri ochiq totor qarindoshlarimizning daxi Turkistonda maktab ochmoqlari man' etildi.

Bizning diniy va milliy hissiyotlarimizni oʻldurmak tilagi bilan Oʻstraumov kabi mutaassib poʻplarning idorasinda gazit[108] chiqarildi, maktab ochildi, lekin oʻz millatimiz va diyonatimizni onglatmoq uchun oʻz tarafimizdan ochilgʻan maktablar va gazitlar bogʻlandi, shar'iy mahkamalarimizning huquq va salohiyatlaridan buyuk bir qismi gʻasb etildi.

Mahkamalarda, uylarda, yoʻllarda, tijoriy ishlarda, hatto vagon arbalarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri boʻlgʻan rus va armanidan tubanda tutildi.

Buxoro va Xiva hukumatlarining doxili istiklollarigʻa, milliy nomuslarigʻa turli bahonalar bilan tajovuzlar qilindi. Bu ikki hukumat oʻz oʻlkalarinda oʻz hukmlarini yurutolmas boʻldilar. Mamlakat va millat qoidalarigʻa bu ikki hukumat tarafindan sira biror harakat sodir boʻlmadi, sodir boʻlgʻanda ham necha qizgʻin noʻtalari va zolimona tahqir bilan yoʻllari olindi.

Elli(k) yilda(n) beri shundayin haqsizliqlar va zulmlar orasida boʻgʻulib kelgan Turkiston bukun oʻz muxtoriyatini Hoʻqandda[109] e’lon qildi. Hoʻqandda ijtimoʻ etgan[110] Turkistonning toʻrtinchi qurultoyi oʻz bayonnomasinda «Fedaratsa asosiga qurulgʻan Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgʻani holda Turkiston muxtoriyati» degan soʻzni yozib, Rus hukumatigʻa sodiq qoldigʻini bildurdi.

Shuning ila barobar «Turkistonda aqliyat tashkil qilgʻan millatlarning huquqtarining har jihatdan saqlanmogʻini ham tantanali suratda» e’lon etilib, adolat bayrogʻini koʻtardi.

Elli(k) yildan beri shuncha zulm orasinda qolgʻan Turkiston bu kun oʻz muxtoriyatini shuncha adolat va sadoqat bilan e’lon qilibdir. Bilmadik nechundurkim, hozirda ish boshinda adolatchi bolsheviklar muni qabul qilmay turalar..!

(«Hurriyat», 1918 yil, 63-64-sonlar)



Qayta nashri: «Sharq yulduzi», 1992, 4-son, 183-184-betlar. Nashrga tayyorlovchi va soʻz boshi muallifi H. Boltaboev.


Buxoroning holi

Buxoro hukumati va Buxoro amirining uch yuzi bukun oʻrtagʻa chiqqan, «maf'iu-l-zamiri[111]» ma’lum boʻlgʻaydir.

Rusiya inqilobi. Imperatorning taxtdan tushgani, rus hukumatining xalq qoʻligʻa qoʻchdigi Buxoro hukumatigʻa inqilobning haqiqati va inqilobchilarning tilaklarini bildurdi. Inqilobchilarning himoyasigʻa sigʻingʻan yoshlardan Buxoro hukumati biroq qoʻrqdi. Koʻb oʻylovlar, tushunchalar va qarorsizliklardan soʻng belguli bir qarorgʻa keldi. Oʻzi uchun ikki yoʻl tayin etdi: vijdon va imonlarini sotaturgʻan «oqcha quli» afandilarni sotib olmoq va oltun tuzoqgʻa tushmas yoxud oltungʻa qaramaslarini turli bahonalar bilan u dunyogʻa yubormak!

Bundan birinchi yoʻlni amirning oʻzi qabul qilib, ikkinchisini qushbegisiga[112] havola etdi.

Amir janoblari yuborgʻan «ehson»ning qobugʻini ochib yaramas, arzimas kimsalarga mehroxoʻrlik[113], toʻxsobaliq[114] rutbalarini bagʻishlamoq, hatto fohisha xotunlarigʻa madrasa mutavalliliklarini bermak yoʻli bilan oʻziga tarafdor toʻplab turubdir. Qushbegisi esa, angiz isiyun[115] mazmunini esga keltirur yoʻllar bilan yoziqsiz, gunohsiz kimsalarni mahv qilmoq ila mashgʻul!

Hukumatdan boʻlmagʻan va koʻnglidagini tilinda olgʻan mazlumlarni oʻgʻrilik tuhmatila tutdirib, qinab[116] iqror qildirmoq bahonasi bilan yalangʻoch qorinlarigʻa yuz-ikki yuz tayoq urgʻandan keyin tarbuz suyi ichiradir. Bechoralar tarbuz suyini ichkandan soʻng shishib oʻlarlar!.. Soʻng bir oy muddatda shu surat bilan oʻlganlarning soni yuz ellikdan ortmishdir.

Yaqinlarda yana qushbegining piloni[117] bilan boʻgʻdirilgʻan ikki yosh buxoriyning shahodatlarini gazitga yozgʻan edik[118], bu kun oldigimiz xabargʻa koʻra, Buxoro amiri amlokiga, ikkinchisining akligʻa buyuk bir muosiylar[119] beribdir. Ya’ni bu jinoyatning oʻz ishi va huquqini harakati bilan isbot qilibdur. Mana shu soʻng hodisalar, zulmlar va insofsizliqlar Buxoro hukumatining «ma’fiu-l-za-miri»ni onglatadir. Ortiq Buxoro islohoti yoʻlinda chin koʻngil va oʻz tilagi bilan bayonnoma chiqargʻan bir «jinoyali»[120] va u bayonnomani yurutmoq uchun tayin boʻlgʻan bir «vazurotpanohi»[121] yoʻqdir. Bunlar yolgʻon va boʻsh soʻzlardir. Bunlar zulm qullari bilan qurulgʻan tuzoqlardir. Bunlargʻa ishonmoq oʻzimizni aldamoqdir.

Endi Buxoro yoshlari uchun lozimdirkim «bayonnoma - hamma bunga koʻmak etmak»[122] shiorini miyalaridan chiqargʻaylar. Buxoro inqilobini istar esalar, inqilobchilargʻa yarashur harakatlar qilgʻaylar. Yaxshi soʻzlar bilan, tavozelar bilan, yolborishlar bilan Buxoro hukumatini yoʻlga keturmak boʻlmas. Zolimning «...» tabiatiga oʻxshash bir tabiati bordir: qochgʻanga quvar, quvgʻanga qochar. Zolimlarning shu tabiatlarini, shu «ahvoli ruhiya»larini koʻzda tutmayin harakat qilaturgʻanlar(ning) xato yoʻldadirlar, zarar koʻrarlar. Qoʻrqmayin, tortinmayin keskinroq harakat qilmoq kerak bu kun: Rusiya xarobalaridan chiqgʻan Qafqos, Turkman, Totor, Turkistonning muxtor hukumatlari Buxoro yoshligʻiga[123] har jihatdan koʻmak qilarlar. Adolat, hurriyat va mashvarat bilan idora boʻlaturgʻan bu muxtoriyatli islom oʻlkalari yoninda Buxorodagʻi zulm himoyaning yiqiluri muqarrardir. Muncha adolat va haqqoniyat quyoshlari bilan yorugʻan, oydinlashgʻan bir qit'aning oʻta soxta, insofsizliq qorongʻusi turolmas, yoʻqolur.

(«Hurriyat», 1918 yil, 62-son)

Muxtoriyat

Turkiston muxtoriyati... Temur xoqonining chin bolalari yoninda, turkistonning tubchak turklari orasinda, mundan oʻgʻurli[124], mundan muqaddas, mundan suyunchli bir soʻzni borligʻiga ishonmayman.

Turkiston turkining qonini qaynatgʻuchi, imonini yuksaltguchi bir quvvat bor esa, yolgʻuz shu soʻzda bordir: Turkiston muxtoriyati.

Elli(k) yildan beri ezildik, tahqir etildik, qoʻlimiz bogʻlandi, tilimiz kesildi, ogʻzimiz qoplandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz gʻasb qiyaindi, huquqimizgʻa tajovuzlar boʻldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, toʻzimli turdik, sabr etdik.

Kuchga tayangan har buyrugʻga boʻyinsundik, butun borligʻimizni qoʻldan berdik. Yolgʻiz bir fikrni bermadik, yashrun turdik, emgaklarimizgʻa oʻrab saqladik: Turkiston muxtoriyati!

Mahkama eshiklaridan yigʻlab qaytgʻanda, yoruqsiz turmalarda yotgʻanda, yirtgʻuchi jandarmning tepgusi bilan yiqilgʻanda, yurtlarimiz yondurulgʻanda, dindoshlarimiz osilgʻanda ongimiz yoʻqoldi, miyamiz buzildi, koʻzimiz yogʻdusiz qoldi, biror narsani koʻrolmadik. Shul chogʻda, tushkun ruhimizni koʻtarmak uchun shul qop-qorongʻu dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab tura(r) edi. Biror narsaga oʻtmagan koʻzimiz shuni koʻrar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!

Biz aniq bila(r) edikkim, zolim Nikolay hukumati qancha yasharsa yashasun, adolat oshiqi boʻlgʻan... rus demokratiyasi, haqgʻa tayangan bir inqilob, har millatning oʻz haqlarini qaytarur.

Inqilob boʻldi. Rusiyaning «qoʻshma xalq jumhuriyati» usuli bilan[125] idora etiluri jarlandi. Shul e’lon uzra yasalgan Ukraina, tatar va boshqa millatlar muxtoriyatlari tasdiq etildi. Qoʻnuq[126] Turkistonniki edi. Turkistonning tarixiy xonbaliqlarindan ikkinchisi boʻlgʻan Xoʻqand shahrinda toʻplangʻan Turkiston qurultoyi 27 noʻyabrning «milliy laylaturqadrimiz boʻlgʻan» yarim kechasinda Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi.

Lekin shunisi borkim, bir millatning muxtoriyati yolgʻuz bir s'ezdning e’loni bilan tamom boʻlmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdir. S'ezd oʻz ishini qildi. Qolgʻanlari butun millatning vazifasidir. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim. Muxtoriyatni bajarmoq uchun aqcha keraqdir. Bularni millat hozir qilsun.

(«Hurriyat», 1917 yil, 5 dekabr).

Maqola «Fan va turmush»ning 1990 yil, 10-sonida (30-31-betlar) qayta nashr qilingan nashrga tayyorlovchi Sh. Turdiev.

Siyosiy hollar

Musibat ustina musibat! Rusiyaning hozirgi holini ochiq tasvir etmak uchun mundan yarasharoq[127] soʻz yoʻqdir. Oʻzgarishdan[128] soʻng Rusiyaning har tarafindan ochliqlar, yongʻinlar, talonlar, oʻlumlar, oʻldurmalar boʻlub turgʻan chogʻda birda chiqib qolgʻan gʻolibiya magʻlubligʻi bilan buning ustigʻa tortilmas bir yuk boʻlub choʻkgan Rigʻo[129] ketishini koʻzda olsak va bunlar orqasindan bosib kelgan Boltiq magʻlubligini oʻylasak, Rusiyani musibat ustinda musibat bosayotibdir. Rusiya amrinda emdigi tuyoklarin ostinda yotibdir deyargʻa bizni majbur qilur. Voqea Rigʻo kabi chidamli bir qoʻrgʻonning uch kunda ketmasi Boltiqdagi kimsalarning chopibgʻina anglamasi, yolgʻuz ishtahalarni emas, oʻz istiqbollaridan ruslarning oʻzlarini dahi ma’yus qilur, rus kuchindagi e’timod[130] va e’tiborlarni tubindan churutur hodisalardan edi. Ortiq ruslarning oxirlari qolgʻan boʻlsa, butun-butun muttafiqlarigʻa[131] qolgʻan edi. Ruslar «ehtimolki, muttafiqlarimiz oʻz maydonlarina orqasi aysimas[132] yurushlar qilib, bizni oʻzigagina undururlar» deb oʻylay edilar.

Rus siyosiylari shunday bir umid bilan urunib turmoqda ekan, birdan Italiya qoʻshuni buzuldi. Olmonlar Italiya uzra temur yumruqlarini undirdilar[133] va Italiya qoʻshuni oʻz boshini olib, Olp togʻlari orqasiga chiqorgʻa majbur boʻladi. Olmonlar, yoʻllari uzra Italiya qoʻshunindan ming boʻyla kuchliroq bir mone’[134] boʻlgʻan Olp togʻlarin oshib, Italiya sahrolarigʻa indilar. Ortiq Italiya oʻlkasining har yoniga olmon qoʻshuni uchun yoʻllar ochildi...

Italiyaning bu qoʻrqunch magʻlubligʻi yolgʻiz italyonlar uchun emas, ruslar uchun daxi buyuk bir musibat boʻldi. Chunki yongʻinlarinda, badbaxtlik loyqalarinda botib qolgʻan Italiyaning qoʻlindan ololmagʻan muttafiqlar qoʻshunindan Rusiya uchun koʻmak koʻzlayikning ma’nosiz bir edugini yangidan isbot qilib berdi. Buning natijasinda Rusiyada yangi bir balo bosh koʻtardi, bolshevik balosi!

Bolsheviklar ikkinchi yoʻla qoʻzgʻaldilar. Bu qoʻzgʻalishlari birinchisi kabi boʻlmadi. Bu daf'a buyuk ish qurdilar. Petrogʻradni olib, Kerenskiyni Rusiyaning sodiq bolalarini oxtarib topib, toʻplab keturmak uchun maydonlarigʻacha ketargʻa majbur etdilar. Soʻng xabarlarga koʻra, Kerenskiy tevarakdan toʻplab keturdigi qoʻshun bilan bolsheviklarni yengmish va Petrogʻradni unlarning qoʻlindan yangidan olmishdir.

Olmish, ammo bolshevik balosi boshqa bir tarafdan bosh koʻtardi: Toshkandda toʻrt kunlik qonli bir urushmadan soʻng, u yerni kerenskiychilardan boʻshatdi. Ehtimolki, Kerenskiyning Petrogʻraddagi gʻolibligʻi Toshkand magʻlubligʻini e’tibordai tushurar; ehtimolki, Kerenskiy Petrogʻrad ishini tuzatgandan keyin Toshkandni daxi yanadan olur. Lekin shunlargina bilan bolshevik kuchining yoʻq boʻlurini umid etmak toʻgʻri emas. Bolsheviklarning ikkinchi chiqishlari bilan birinchi chiqishlari orasidagi ayirbodni koʻrgan kimsalar uchinchi bir chiqishning qanday boʻlurini onglab olsalar kerak.

Biz turkistoniylar uchun har holda kerenskiychilar bilan bolsheviklar orasindagʻi kurashning bitib ketmadigini koʻzda tutib, oʻz yoʻllarimizni shunga koʻra tayin etmak kerakdir. Bilamizki, hozirda kurashib turgan bu oygi firqaning har biri hurriyatchidir. Ikkisining ham bizga zararli tushunchalari oxirda yoʻqdir. Zero, bunlardan birontasi istibdod tarafdori emasdir. Telbalik qilib chopibgʻina bunlardan birini yoqlamoq foydali boʻlib chiqmas. Rusiyada istibdod tarafdorlari chiqmaguncha musulmon kuchini sarf etmak xatodir. Hurriyatchi ikki partiya orasinda boʻlaturgʻan urushlargʻa qotishmoq, bunlardan birini yoqlab oʻzgasidan yuz qaytarmoq ehtiyotsizliqdir. Bunlarning ham bizning soʻzimiz shu boʻlgʻulidirki: biz musulmonlar sizning hech biringizdan nafrat qilmaymiz. Bizning milliy vataniy haqlarimizni gʻasb etmak fikriga tushmaguncha biz hech biringizga dushman boʻlmaymiz.

Mana hozirda turkistoniylar uchun xatarsiz yoʻl shu yoʻldir.

(«Hurriyat», 1917 yil, 49-son)

Buxoro ulamosi

Buxoro ulamosini, asosan, ikki firqagʻa taqsim etish mumkindir. Biri Buxoro va uning tevarakindan toʻplanib tahsil qilaturgʻan buxoriylar, ikkinchisi Buxoro xonligʻining Sharq tarafindagʻi Koʻlob degan togʻliq yerdan kelgan koʻlobilar. Tarixi islomdakisi bani Hoshim[135] bani Umaviya[136] oʻrtasida boʻlgʻani kabi Buxoro ulamosi va koʻlobilar orasinda eski bir dashtlik[137] bordir. Bu dushmanlikning bosh sababi hozirgi Buxoro qozikaloni boʻlgʻan Burhoniddinning bobosi qozi Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli[138] degan zotdir.

Qozi Sadriddin(dan) burun boʻlgʻan Buxoro mullalarining barchasiga bir koʻz qarab har birigʻa mustahiq[139]buydigi ilmiy mansablarni bera(r) ekanlar, Mazkur Mulla Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli Buxoroda qozikalon oʻlgʻach, ishi tezlashib ketgan. Bu odam avval Buxoroning vaqflarigʻa va boshqa ishlarigʻa buyuk xiyonatlar qilgan: xalq ustiga «aminona»[140] degan bir solugʻki yolgʻondan shar'iy deb yuklagʻan, koʻb vaqt yerlarini, vaqf oqchalarini hukumat xazinasiga ogʻdargʻan, shu yoʻllar bilan amirni(ng) oʻziga tobe’ qilib olgʻandan keyin Buxoroning yogʻli mansablari (ki) oʻz koʻlobilariga olib bergan.

Bu odam diniy ilmlardan (Qur'on va Hadisdan) butun xabarsiz bir odam ekan. Bir kun buyuk bir ilmiy majlisda Qur'onni ochib sahifa boshindagi suradan ibtidosi boʻlgan «hamasi»[141] jumlayi sharifini «ham ishq» oʻqudigi Buxoro ulamosi orasinda mashhurdir. Uning bu hollari buxoroli ulamoning nafratlarigʻa sabab boʻldi. Qozi Sadriddindan necha yil keyin oʻgʻli Badriddin qozikalon boʻldi. Bu odam daxi otasining yoʻli bilan yura boshladi. Oʻzi ilmsiz bir kishi edugi uchun ma’lumotli ulamodan qoʻrqar va unlarni ish boshindan tushura edi.

Oʻz koʻlobilari orasindan johillarini saylab Buxoroning buyuk ilmiy mansablarini shunlargʻa bera edi.

«Buxoroli ulamo» ilmiy mansablardan mahrum boʻldilar. Buxoroning tubchaklari[142] bosh koʻtara olmay qoldilar. Badriddinning bu ishlarindan gʻayratli necha ulamolar hayajonga keldilar va unga qarshu bir varaqa chiqardilar. Bu varaqaning boshinda gʻayratli ulamolardan samarqandli marhum Mufti Burhoniddin tura edilar. Qozi Badriddin yolgʻon xabarlar chiqorib, mufti Burhoniddinni Buxoro amirining doimiy gʻazabiga uchratdi. Mufti Burhoniddin shu ilm bilan dunyodan oʻtdi.

Bu zot oʻrnigʻa firqa boshinda ustodim marhum Oxund Mulla Gʻiyosiddin hazratlari oʻtdilar. Marhum ustodim diniy va shar'iy ilmlardan boshqa ilmi kalom va eski yunon falsafasindin tamoman voqif bir zot boʻlub, soʻzga ham koʻb usta edilar. Shuning uchun qozi Badriddinni bosh koʻtararga qoʻymas edilar. Koʻb vaqtlar qozi Badriddinning ogʻusi bilan amirning gʻazabigʻa uchrasalar ham parvo qilmasdan oʻz niqoblarigʻa davom etib, dunyodan oʻtdilar.

Bu zotning oʻrunlarigʻa qozi Badriddinga qarshu boʻlgʻan firqaning boshigʻa uch zot keldilar, bunlar marhum shayxulislom Baqoxoʻja hazratlari, marhum ustodimning ukalari Masnaf va Buxoroning olim qozikaloni boʻlgʻan qozi Abdushukurning oʻgʻillari Sharifxon maxdum edilar[143].

(«Hurriyat», 1917 yil, 48-son)

«Shoʻroyi islomiya»ning xatosi

Maqolamizning shu unvoni, oʻquvchilarimizning hayrat va taajjublarigʻa sabab boʻlsa kerak. Uzimizdagʻi shul maqolani buyuk bir hayrat va taajjub ichinda yozib turibmiz. Masala shu:

«Shoʻroyi islom» jamiyatining[144] saylov toʻgʻrisinda «uy egalari»[145] otli bir rus partiyasi bilan ittifoq qilgʻanini barchamiz bilib oldik endi, Mashhur soʻzlargʻa qaragʻanda, shul ittifoq ikki musulmon, bir rus tartibi oʻzaro bogʻlangan. Muning ma’nosi shuki, «Shoʻroyi islom» oʻz roʻyxatigʻa elli(q) musulmon va yigirma besh rusni, ikki musulmon bir rus qilib yozadir. Saylov kuni «Shoʻroyi islom» tarafdorlari boʻlgʻan musulmonlar bilan «uy egalari» tarafdorlari boʻlgʻan ruslar shul shoʻroning roʻyxatigʻa tavush berurlar va natijada masala 15 galos[146] olinsa, 5 tasini ruslarga berib, 10 tasini musulmonlar olurlar.

Tunov kuni mutafakkir bir doʻstim bilan shul toʻgʻrilarda gapurib oʻtirgʻan edim. Doʻstim haqli bir suratda «Shoʻroyi islom»ning shul ittifoqini tanqid qildi, dedikim:

Samarqand saylovigʻa qushilaturgʻanlar; musulmondan (xotunlar hisob emas) oʻnolti ming, juhud ikki ming besh yuz, rus oʻn bir ming besh yuz, hammasi oʻttiz ming kishi boʻlur. Shul oʻttiz ming kishini yetmish besh galosiga taqsim qilsak, har toʻrt yuz kishiga bir galosi tushar. Emdi shunisi ham ma’lumdirki, saylovgʻa qoʻshilaturgʻan oʻn bir ming besh yuz rusning hammasi «uy egalari» partiyasiga dohil emaslar. Chunki ruslar orasinda «uy egalari» partiyasidan boshqa toʻrt-besh partiya bordur. «Uy egalari» partiyasi gʻayrat qilsa, oʻn bir ming besh yuz rusdan ikki mingini oʻz tarafiga ola bilur.

Faraz qilaylikki: shoʻro jamiyati shul saylovda oʻz tarafigʻa, oʻz roʻyxati uchun ikki ming musulmon tovushi ola bilsun. «Uy egalari» partiyasining oʻttiz besh galosi tushar. Endi ittifoq yuzindan shoʻro jamiyatining oʻzi shul oʻttiz besh galosdan oʻn ikki ming musulmon tovushi olur 24 galosni; «uy egalari» partiyasiga ikki ming rus tovushi uchun berur oʻn bir galosni!

Holbuki, ayri-ayri spiska boʻlgʻanda «Shoʻroyi islom» oʻn ikki ming musulmon tovushi uchun 30 galosni va «uy egalari» partiyasi ikki ming rus tovushi uchun besh galosni olur edi. Mana shul hisob yuzindan Shoʻro jamiyatining shul qilgʻan ittifoqi musulmon haqigʻa zararlidir, chunki olti musulmon galosining yeri ruslargʻa oʻtgan boʻlur.

Doʻstimning bu hisoblarini eshitgach, hayratda qoldim. «Ajabo, Shoʻro jamiyati nechun shuni tushunmaydi?» dedim va chiqib keldim. Shoʻro shu masalani tushunmagʻan boʻlsa, millatning oʻzi tushunsin va ortuq qaysi noʻmir roʻyxatgʻa tovush bermak kerak edigini tayin etsun.

(«Hurriyat», 1917 yil, 5 sentyabr, 36-son)

Qayta nashri: «Yoshlik», 1991, 10-son, 45-bet (N. Avazov nashrga tayyorlagan). Saylovlarda ishtirok etayotgan har bir firqa qatori «Shoʻroyi islomiya» tashkiloti va uning rus «uy egalari» firqasi bilan hamkorligi tanqid etilgan.

Musulmonlar, gʻofil qolmang!

Yaqinda shahar dumasi[147] ochilur. Shahar dumasi, shaharimizning pokizalik va obodligʻi, maktablarimizning taraqqiy va intizomi, bolalarimizning tarbiyasi va xalqimizning tinchligi uchun kerak boʻlgan ishlarni oʻz qoʻliga olur. Shahrimizdan xazinaga kiraturgan oqchalarni shu yoʻllarda sarf qilmoqchi boʻlur.

Bu oldimizdagi shahar dumasi eski hukumat zamonidagi shahar dumalarigʻa oʻxshamas. Yigirmadan oʻtgan butun shahar odamlarining ixtiyorlari bilan saylanurlar. Bu shahar dumasinda juhuddan, rusdan, musulmondan vakil qilib oʻturur[148]. Va shahar ishlari uchun gapurushurlar. Shaharning qaysi qit'asinda kasalxonalar qurmoq kerak, shaharning qaysi qit'asindagʻi yoʻllarni tuzatmoq kerak, shaharning qaysi qit'asinda qancha maktab solmoq kerak deb kengashurlar va shul toʻgʻrilardagʻi ishlarni «vakillar koʻbchiligi» ning qarori bilan qilmoqchi boʻlurlar. Vakillar koʻbchiligi hammadan burunroq eski qit'aning yerlarin tuzaturgʻa qaror bersa, chora yoʻq, shu qilinur. Vakillar koʻbchiligi koʻbroq kasalxonalarni yangi qit'ada solmoqchi boʻlsa, iloji yoʻq, shu boʻlur.

Mana shularni onglagan har jamoat, har millat shahar dumasiga oʻzidan koʻbroq vakil oʻtkazmoq uchun tirishadir, dumaning koʻbchiligining oʻziga olmoqchi boʻladir. Oʻtgan haftadagi «tahriri nufus»dan[149] ongʻlashildiki: shahrimizda xalqning toʻrtdan uchi musulmon va toʻrtdan biri rus, armani va juhud ekanlar. Shunga qaragʻanda unlar xazinadan chiqim boʻlaturgʻan oqchaning uch shunchasi biz uchun chiqgʻuchidur. Unlargʻa maktab ochilsa bizga uchta; unlargʻa bir kasalxona ochilsa bizga uchtasi ochgʻuli; unlargʻa bir put bugʻdoy kerak boʻlsa bizga uch put kerakdir.

Qisqasi shulkim: bizning haqimiz ularning haqtarindan uch yoʻla berkdir. Mana shularni tilab olmoq uchun shahar dumasining koʻbchiligini olmoq kerak, shahar dumasining koʻbchiligini olmoq uchun musulmonlarning saylov kuni lozimdur. Yoʻq, saylov kuni har kim oʻz uyinda oʻtirsa; boshqalar koʻbchilik boʻlib kelsalar va dumaning koʻbchiligini oʻz taraflarigʻa oʻtkarsalar; u vaqt biz hech bir haqimizgʻa erisholmasmiz, yana eski kabi huquqsiz boʻlib qolurmiz; yana eskisi kabi oʻz shahrimizda oʻz oqchamizning rohatini oʻzimiz koʻrolmasmiz.

Shuning uchun bagʻiribroq aytamankim, oʻz xalqlarini yana boshqalarning oyoqlari ostinda qoʻymoqchi boʻlmagʻan musulmonlar! Saylov kuni gʻofil qolmanglar, koʻbchilik boʻlib kelurgʻa tirishinglar.

(«Hurriyat», 1917 yil, 25 avgust, 33-son)

Qayta nashri: «Yoshlik», 1991,10-son, 44-45-betlar (N. Avazov nashrga tayyorlagan). Maqola Samarqand shahri dumasiga saylovlar oldidan yozilgan.

Izohlar

  1. «Jalil Boyboʻlatovga ochiq xat» shaklida yozilgan ushbu maqola 1919 yil «Qizil Oʻzbekiston» gazetasining 15-16 sentyabr (215-216) sonlarida e’lon qilingan boʻlib, J. Boyboʻlatov qator chiqishlarida Fitratni «panturkizm» va «panislomizm»da ayblaydi. Ayniqsa, Fitrat tomonidan tuzilgan «Oʻzbek adabiyoti namunalari, I jild» (1928) va soʻz boshi muallifi Otajon Hoshim keskin tanqid ostiga olingan edi.
  2. Muharrir - muallif ma’nosida.
  3. Abdurauf Fitrat. Oʻzbek adabiyoti namunalari. 1 kitob. Samarqand - Toshkent, 1928 yil.
  4. Fitratning «Oʻzbek adabiyoti namunalari» kitobi munosabati bilan «Qizil Oʻzbekiston» roʻznomasi sahifalarida J. Boyboʻlatov chiqish qilib, faqatgina ushbu kitobni emas, umuman, Fitrat ijodini keskin tanqid qilgan edi.
  5. Qoplovi - qamrovi.
  6. Tekirish - tekizish.
  7. Boshqa koʻpgina manbalarda Fitratning tugʻilgan yili deb 1886 yil sanasi koʻrsatilgan. Xususan, S. Ayniy shunday ma’lumot beradi: «Abdurauf Fitrat Buxoriy - tugʻilgan yili 1304 hijriy» (ya’ni milodiy 1886 ga toʻgʻri keladi). Qarang: S. Ayniy. Namunai adabiyoti tojik. - M.: 1926, III qism. Shuningdek, Fitrat hayot paytida e’lon etilgan «Katta Sovet qomusi»da ham shu sana keltiriladi. Qarang: Fitrat Abdurauf. BSE, M., 1936, t.57. 6.656.
  8. «Oʻrta Osiyoda tasavvuf tarixi» nomli kitob yozayotgani haqida bir necha bor ma’lumot beradi, biroq bu ish oxirigacha yetmagan. Tugallanmagan qoʻlyozmaning taqdiri esa noma’lum. Fitrat tomonidan keltirilgan «zaharli», «zararli» soʻzlari uning tasavvufga munosabatini belgilamaydi. Bu faqat davr taqozosi bilan yuzaga kelgan, nohaq tanqiddan oʻzini himoya qilishning bir yoʻli, xolos. Fitratning oʻzbek adabiyoti tarixi haqidagi qator ishlari bilan tanishishning oʻziyoq bu fikrni tasdiqlaydi.
  9. Yusuf Aliev (1891 - 1946) nazarda tutilyapti. Turkiston Kompartiyasining arboblaridan boʻlib, oʻsha paytda Turkiston Ichki ishlar xalq komissarining oʻrinbosari edi.
  10. Bu oʻrinda dinsiz soʻzini ateist soʻzi bilan almashtirmaslik kerak. Chunki Fitrat tomonidan yozilgan asarlarni sinchiklab kuzatganda bu nozik ayirma ochiqroq koʻrinadi.
  11. Sangsor - toshboʻron qilish.
  12. Gap «Munozara» xususida ketyapti. «Munozara»ning Istanbul nusxasida oʻziga xos «Muqaddima» va «Xotima» yozilgan boʻlib (Hoji Moʻyin tarjimasida bu tushib qolgan), unda Fitrat Buxoro amiriga murojaat etib, mamlakatning qoloq ahvolini bayon qilgan edi.
  13. Tilga olingan maqola «Maorif va oʻqitgʻuchi»da bosilgan. Qarang: jurnalning 1927 yil, 6-8-sonlari.
  14. Fikrning notugalligidan va Fitrat uslubidan (u deyarli har bir ilmiy ishining boshlanishida tilga olingan istilohga qaytadi va koʻpincha, unga boʻlgan munosabatini takroran ta’kidlash bilan asarini tugallaydi) seziladiki, «xat»ning davomi boʻlgan. Buni Fitrat zamondoshlaridan L. Azizzoda va M. Rahim qizi tasdiqlagan. Maqolaning yakuni tahririyat tomonidan «qaychilangʻan» boʻlishi mumkin. «Idoradan» nomi ostida berilgan redaktsion maqolachadan gazetaning oʻsha paytdagi adabiyotga nisbatan tutgan «pozitsiya»sini bilsa boʻladi:

    «Idoradan» - Fitratning bu maqolasi Chigʻatoy adabiyoti masalasiga oid bir necha muhim paytlarini ochib beradi, biroq bu bilan chigʻatoyizm unsurlari va ularning qoldiqlari bilan kurash tamom boʻlmaydi. Idora bu masala tevaragida ochgan muzokarani davom ettirishni lozim topadi.
  15. Fitratning bu maktubi ilk bor 1910 yili Istanbulda chiqadigan «Ta’rufi muslimin» («Musulmonlar ta’riflari») nomli «diniy, siyosiy, tarixiy, falsafiy va ahvoli olam»dan bahs qiluvchi haftalik majalla sahifalarida, (1328/1910 yil, 25-adad, 2-jild; 8 dekabr, payshanba) e’lon qilingan. Maktub Amir Olimxon Buxoro taxtiga oʻtirgandan keyin Nasrulloh Parvonachining bosh vazir lavozimiga tayinlanishi munosabati bilan yozilgan. Fitratning Istanbulda chop etilgan ilk asarlari kabi bu maktub ham fors tilida bitilgan. Garchi majalla turk tilida chiqib turgan boʻlsa ham Fitratning bu maktubini ayni holda, ya’ni fors tilida chop etgan. Asar fors tilidan tarjima qilinib, e’lon qilinyapti. Dastlab, «Oʻzbekiston adabiyoti va san'ati»ning 1996 yil 9 may sonida e’lon qilingan (mutarjim H. Boltaboev).

    Fitratning boshqa jadidchilik ruhiga hamohang boʻlgan bu maktub ulugʻ adibimiz salohiyatining yangi qirralaridan kitobxonni xabardor etadi deb ishonamiz.
  16. Vazoratpanoh - vazirlarni panohiga olgan. Bu yerda: bosh vazir lavozimi.
  17. Fano sahrosi - yoʻqlik girdobi
  18. Hazrati Rab'u-l-izzat - Allohning sifatlaridan biri bilan uning muborak nomi tilga olinyapti.
  19. Padari mehribonimiz - Buxoro taxtiga yangigina chiqqan Amir Olimxon nazarda tutiladi.
  20. Tanzim qilish - nizomga, tartibga solish.
  21. Tarbiyat va tanzim - tarbiya va tartib.
  22. Nauzibilloh - Alloxdan panoh soʻramoq.
  23. Nushiravon yoki Anushirvon - mashhur Eron (sosoniy) hukmdorlaridan boʻlib, istibdodpesha sarkardalar orasida faqat yaxshi nom bidan, ya’ni adolatli podshoh sifatida tarixda qolganiga ishora.
  24. Fitratning «Sharq siyosati» risolasi I jahon urushidan keyin davom etayotgan va urushda qatnashgan Ovrupa mamlakatlarining Sharqni oʻzaro boʻlib olish siyosatiga qarshi milliy ruhda yozilganligi bilan alohida ahamiyatlidir.
    Fitratning shu nomdagi risolasi dastlab «Ishtirokiyun» gazetasida (1919 yil, 23, 25, 26 oktyabr) soʻngra esa, Toshkentda alohida risola holida chop etilgan. 1991 yilda Buxorodagi «Navqiron Buxoro» ilmiy markazi tomonidan qayta nashr etilgan.
    Asarning ilk nashri asosida tayyorlandi va keyingi nashri bilan solishtirildi.
  25. obdirab - dovdirab, alanglab.
  26. kiliso - cherkov.
  27. Paris - Parij.
  28. angel - farishta.
  29. yirtgʻuchi - yirtqich.
  30. fas - Markaziy Afrika.
  31. osugʻ - foyda.
  32. oxsum - Bu oʻrinda «hamla» ma’nosida.
  33. nuxta - tizgin.
  34. xoch buyruqlari - nasroniylik talablari.
  35. faranga - tanosil kasalligi.
  36. moya - sarmoya joyi.
  37. muqaddasatin - qadriyatlar.
  38. hafz sihati - gigiena qoidalari.
  39. musovot - tenglik.
  40. yozaqdilar - qaratdilar.
  41. yagʻinchoq - klub.
  42. Dardoniya - Dardonel boʻgʻozi.
  43. Inglizlarning Hindiston hisobiga orttirgan boyliklari nazarda tutiladi.
  44. xoʻppok - hech narsa, hemiri.
  45. ixtilol - inqilob.
  46. siygʻsiz - foydasiz.
  47. Karib - orol nomi.
  48. mujtahid - jihodga kirgan.
  49. Imom Ali Rizo - tatar olimi va adibi Rizo Faxruddin.
  50. Hazrat Ali ravzasi - Hazrat Ali barpo qilgan bogʻ.
  51. Maqola «Ochiq soʻz» gazetasidan (sanasi koʻrsatilmagan) olinib, «Shoʻro» jurnalining 1917 yil 15 yanvar sonida (Sana 10, Adad 2, 34-35-bet) bosilgan. Ayni oʻsha manbadan olinib nashrga tayyorlandi. Fitratning ushbu maqolasini bizga taqdim etganlari uchun yapon olimi Xisao Koʻmatsu janoblariga lutfan minnatdorchilik bildiramiz.
  52. oʻramlarina - Buxoro shahrini oʻrab turuvchi devorlar, qoʻrgʻon nazarda tutiladi. Maqola dastlab tatar lahjasida e’lon etilgani uchun unda tatarcha soʻz va grammatik belgilar koʻpdir.
  53. jivlashib - qarshilik bildirish.
  54. Bu e’lonning ostiga bir hadis ham yozilgan boʻlib, uning soʻzlari keltirilmagan. Bizningcha, Fitratning «Munozara» asarida keltirilgan hadislardan biri shunga mazmunan mos keladi.
  55. tugul - emas. Bu yerda: mumkin emas.
  56. ninday - nima, qanday narsa.
  57. toʻgʻuvlarinda - yaratish, tarbiya bermoq. Bu yerda: axloq, tarbiyalarida.
  58. zibar - bezak, ziynat.
  59. shiy - shu, shunday.
  60. akfor - kufr qilmoq, koʻplikda: kofirlar.
  61. ekunchilik - dehqonlik.
  62. ninday falsafaga qoʻradir - qanday falsafaga asoslanadi.
  63. musoida - «musoid» yordam beruvchi. Bu yerda: yordam bermadi ma’nosida.
  64. koʻmoch narsasi shirkati - Buxoroda jadidlar tomonidan ochilgan tijorat shirkatlaridan biri.
  65. ijtihod - tirishish, say'-harakat.
  66. otish oʻynovchi - qimorboz. Bu yerda: oshiqotuvchi.
  67. Buxoriy - asli ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870). «Al-jomi' as-sahih» kitobidagi hadislar nazarda tutiladi.
  68. Muslim - Muslim an-Nishopuriy mashhur muhaddis nazarda tutiladi.
  69. botillik - nohaq, asossiz. Bu yerda: behuda.
  70. Maqola «Kolesov voqealari» deb nom olgan Mart voqealaridan (1918) avval yozilgan boʻlib, unda yosh buxorolilarning Toshkentga koʻchishi, uning a’zolarining amir tomonidan qamoqqa olinishi va Samarqanddagi soldatlar tomonidan ozod qilinishi kabi voqealar aks etgan. Maqola mazmunidan va Fitratning oʻz soʻzlaridan ma’lum boʻladiki, bu asar alohida risola shaklida tartib berilgan edi, bu yerda keltirilayotgan qismlar uning boshlangich boblari, xolos. Keyingi Mart voqealari, «Hurriyat» gazetining yopib qoʻyilishi risolaning tugallanishiga xalaqit bergan koʻrinadi. Risola keyinchalik ham na alohida shaklda, na boshqa vaqtli nashrlarda e’lon qilinmagan. Biroq shu tugallanmagan parcha ham Fitratning Buxoro ekinchisi (dehqon)ning ahvolidan naqadar chuqur boxabarligi, uni oʻzgartirish uchun dildan urinayotganiga guvoh boʻla olishi mumkin.
  71. havodis - hodisalar.
  72. rais Abdullohxoʻja Sadur - vaqf va din ishlari bilan shugʻullanuvchi amaldor Buxoro xonligida rais deb yuritilgan, u koʻpincha sadrlardan boʻlgani uchun, qolaversa, bu mansab diniy ishlar bilan bogʻliq boʻlgani uchun sadr va eshonlar qoʻyilgan. Abdullohxoʻja esa, Fitrat boshliq jadidchilarning talabi bilan amirning buyrugʻiga koʻra qatl qilingan edi (bu haqda Fitratning avvalgi maqolalarida ham soʻz yuritiladi).
  73. mufti Askar Masnaf - shariat masalalarini talqin qiluvchi va shul haqda hukm chiqaruvchi Buxoroning yuksak lavozimdagi shaxslaridan. Qozikalon Burhoniddin bilan birga bu lavozimdagi kishilar ham qatl qilingan edi. Bu haqda qarang: Fitrat. Buxoro ulamosi, «Hurriyat», 1917, 48-son.
  74. Boydoq - namoyish.
  75. Bu shaxs F. Xoʻjaevning shahodatiga koʻra (F. Xoʻjaev. Asarlar, I jild, Toshkent, 1976, 118-bet) Mirza Nasrulla edi. 17 martda amir chiqargan manifest munosabati bilan namoyish oʻtkazilgan boʻlib, bu namoyish ishtirokchilaridan, ya’ni yosh buxorolilarning faollaridan bir nechasini Amir «obxona»ga qamatgan edi. Kaltaklangan Nasrulla ertasigayoq vafot etadi. Maqolaning quyirogʻida Fitrat yana ikki kishi kaltaklanganini yozadi. Ular S. Ayniy va Mirbobo edilar. Qamoqdan ular bilan birga Otaxoʻjaev va Yusufzodalar ham ozod etiladi.
  76. «Gʻazo» - musulmonlarning yalpi urushi, mazlumlarnint zolimlarga qarshi urushidir. Bu yerda: kambagʻal musulmonlarning oʻz dushmanlariga qarshi urushi nazarda tutiladi.
  77. «Risolani... qoʻlimga oldim» - Taassufki, bu risola oxirigacha yetmagan. «Buxoroning holi» deb nomlangan birinchi qismdan ayrim maqolalar chop etildi, xolos. «Fitna soatlari» deb nomlangan ikkinchi, «Yoshlarning tilaklari» deb nomlangan uchinchi qism esa, keyin hech qaerda e’lon etilmagan. Bizningcha, u yozilmay qolib ketgan.
  78. Ilikot - qoʻlimizdagi; bu yerda: kundalik ma’nosida.
  79. Amlok - bu yerda: amlok - muluklar, ya’ni davlat tomonidan soliq olinadigan maxsus ruyxatdagi yerlar.
  80. mulki hur - ozod yerlar, ya’ni soliqolinmaydigan yerlar.
  81. Vaqf - mulkdorlar tomonidan diniy muassasa, masjid yoki madrasa tasarrufiga berilgan yerlar. Unda ishlab, koʻrgan foydalari ayni muassasalar uchun sarf boʻladi. Vaqf yerlarini sotish yoki birovga xatlab berib yuborish man' qilinadi.
  82. Hiroj - yerdan olinadigan soliq, bu yerda: mulki hirojiy - soliq talab etiladigan yerlar.
  83. Sayis - ish yurituvchi.
  84. Muharrif - sarf-xarajat.
  85. istifoda - foydalanmoq.
  86. Xasbar - xos (maxsus) va bar (samara, natija) soʻzlaridan hosil qilingan bu tushuncha soliq undirishning bir usuli boʻlib, bunda hosil bitmay turib (kechasi yo kunduz toʻsatdan) yerlardan olinadigan hosil taxmin qilinib, yozib ketiladi. Mana shu taxmin boʻyicha Buxoro dehqonlarining yerlaridan soliq undirilgan.
  87. Xubb - sevish, muhabbat bilan, bu yerda: (xubbidan chiqarib - koʻngildan chiqarib, astoydil, muhabbat bilan ma’nolarida.)
  88. Kafsan, ot yemi, mirzayona - kafsan mahalliy tuman ma’muriyati uchun (tuman boshliqlarining idoraviy sarfi uchui) olinadigan soliq; ot yemi - amir sarbozlarining otlari uchun degan bahona bilan olinadigan don soligʻi; mahalliy hokimiyatdagi xat, hujjat ishlari deb olinadigan soliq mirzayonadir.
  89. muhoraba - urush, bu yerda: Birinchi jahon urushi nazarda tutiladi.
  90. tuxum - urugʻ, bu yerda: urugʻlik ma’nosida.
  91. kachi zakoti - qoʻy, echki kabi chorva mollaridan keladigan foydaning qirqdan biri miqdorida olinadigan soliq. Bu yerda: «kachi-kichi - echki» ma’nolarida ishlatiladi (shevaga oid soʻz).
  92. sarfona, kotibona - sarf-xarajatlar uchun, kotiblar uchun degan bahonalar bilan qirqdan bir emas, balki yigirmadan bir miqdoridan olinadigan zakot.
  93. chakana zakoti - nisobga (hissa, miqdor, bu yerda: hisobga qoʻshilmagan ma’nosida) erishmagan uy hayvonlaridan olinadigan soliq. Masalan, hisoblash paytida bu qoʻy va echkilar yoʻq boʻlib, ular roʻyxatga olishdan keyin tugʻilgan. Ular uchun chakana zakot olingan.
  94. tanindaki (tanidan) yoʻnindan (yoʻsinindan) - zakot olingan uy hayvonlarining tanidan (hisobidan) yana zakot olish (xuddi savdogarlardan bir necha bor zakot olingani kabi).
  95. Maqola tugallanmagan ekanini yuqorida aytildi (buni ushbu fikrning tugallanmaganidan ham bilsa boʻladi).
  96. «Hurriyat» gazetasining 64-sonidagi «Angliz oʻyunlari» va «Taqsimi a’mol» (67-son) maqolalari nazarda tutiladi.
  97. Safar Badlov - Kogonda (yangi Buxoro) yashayotgan rus muhojirlaridan biri. Amir Olimxonning maslahatchisi va noibi Millerning buyrugʻiga koʻra Kogonda koʻplab rus va yahudiy boylari toʻplagan edi.
  98. kashish - tortilgan, jalb etilgan.
  99. amru avu - afv etish haqidagi buyruq. Bu yerda: amnistiya.
  100. inar - kelar, tushar.
  101. «Turkistonning tole’i» haqida Fitrat ayni 10-yillar oxiridagi siyosiy voqealarni chuqur tahlil etgan «Sharq siyosati» (Toshkent, 1919) risolasida batafsil ma’lumot bergan.
  102. Yunondan Rumogʻa - Gretsiyadan Turkiyaga qadar.
  103. Ubadan Kanstantaniyagʻa - Yunonistondagi shahar Ubadan Konstantinopol, (ya’ni Istanbulga) koʻchgan madaniyat.
  104. Islom tarixida umaviylardan xalifalikni qoʻlga olgan abbosiylar eronli Abu Muslim vositasi bilan xalifalikni egallagan boʻlib, ularning davrida musulmonlik jahon miqyosida katta sharafga ega boʻlgan. Xorun ar-Rashid, Ma’mun singari xalifalar yetishib chiqqan. Ulardan soʻnggi islom jahongirligining marka-zi Movarounnahr va Rum boʻlgan Temur Koʻragon va Boyazid temuriylar hamda usmonlilar sulolalari nazarda tutiladi.
  105. Abu Ali - Abu Ali Ibn Sino.
  106. Javhariy Abu Nasr Ismoil ibn Hammod (940-1008) - Farobda tugʻilgan. Koʻproq Bagʻdodda yashagan tilshunos olim va faylasuf. Asosiy asari «Toju l-lugʻa va sahoxu-l-arabiyya» («Lugʻat toji va arabchaning haqiqiysi») asaridir. Arab tilida yozilgan bu asarning 1865-75-yillar davomida Qohirada nashr etilgan nusxasi mashhurdir.
  107. maaltaassuf - ajablanish belgisi: taassuf.
  108. «Turkiston viloyatining gazeti» va uning ruscha nashri «Turkestanskie vedomosti» hamda uning muharriri Ostroumov nazarda tutiladi.
  109. 1917 yilning 28 noyabrida Qoʻqonda e’lon etilgan Turkiston Muxtoriyati nazarda tutiladi. Bu haqda Fitratning «Muxtoriyat» maqolasiga qarang.
  110. ijtimoʻ etgan - qoʻshilgan, birikkan, jam boʻlgan.
  111. maf'iu-l-zamiri - zamiriga (ostiga) yashirilgan narsa.
  112. qushbegisi - Buxoro amiri Olimxonning qushbegisi Nasrullohbiy parvonachi nazardatutiladi. Hozirgi bosh vazirga yaqin lavozim.
  113. mehroxoʻr - yigʻilgan soliqlarni qabul qiluvchi.
  114. toʻxsobaliq - Buxoro amirligidagi oliy harbiy vazifalardan. Negadir lugʻatlarda «toʻqsabo» deb forscha talaffuz bilan berilgan. Bu asl turkcha soʻz «Farhangi zaboni tochiki»da nisbatan toʻgʻri yozilgan: Farhangi zaboni tochiki, 2-jild, Moskva, 1969, 383-bet.
  115. angiz isiyun - «angiz» qasd, qasos. Qasos olishni tezlatish ma’nosida.
  116. qinab - qiynoq, azob berish.
  117. pilon - reja, plan.
  118. «Hurriyat» gazetasining 57-58-sonlaridagi Buxorodagi ahvolga taalluqli maqolalar nazarda tutiladi.
  119. muosiy - gunohkorlik.
  120. jinoyali - jinoyatkorona demoqchi. Buxoro amiri Olimxonning 1918 yil 17 mart Farmoni nazarda tutiladi. Farmonning toʻla matni uchun qarang: F. Xoʻjaev. Tanlangan asarlar, uch tomlik, 1-tom, Toshkent, 1976, 108- 109-betlar.
  121. vazurotpanoh - vazirlar kengashi.
  122. «bayonnoma - hamma bunga koʻmak etmak» shiori yosh buxorolilar partiyasining «Kolesov voqealari» deb nomlangan voqealargacha boʻlgan shiori boʻlib, dastlab ular amirdan islohot talab qilgan edilar. Keyinroq mart voqealarida amir garchi islohot va’da qilgan yuqoridagi bayonnomani chiqargan boʻlsa-da, voqealar rus harbiylarining aralashuvi bilan jangovar tus olib ketgandi.
  123. Buxoro yoshligʻi - yesh buxorolilar partiyasi.
  124. oʻgʻurli - haybatli, buyuk.
  125. «qoʻshma xalq jumhuriyati» usuli - Rusiyaning federatsiya asosidagi boshqariluvi nazarda tutiladi. Dastlab, boshqa respublikalar ittifokdosh jumhuriyatlar boʻlib emas, balki Rusiya hududidagi muxtor (avtonom) jumhuriyatlar boʻlib birlashganlar.
  126. qoʻnuq - navbat, gal.
  127. yarasharoq - yarashiqliroq.
  128. oʻzgarish - Oktyabr inqilobi.
  129. Rigʻo - Riga shahri. Rusiyaning Boltiqboʻyini egallash ilinjidagi janglardagi muvaffaqiyatsizligi nazarda tutiladi.
  130. e’timod - yupanch, tayanch.
  131. muttafiq - birlashgan, ittifoqchi.
  132. orqasi aysimas - natijasiz.
  133. Birinchi jahon urushidagi Olmoniya va Italiya qoʻshinlarining oʻzaro kurashlari nazarda tutilgan. Italyan qoʻshinlari Alp togʻlarini oshib oʻtishi bilan oʻz ichki mudofaasidan uzoqlashib ketadi. Olmoniyaning Italiya ichkarisiga yoʻl ochishi voqealari nazarda tutilmoqda.
  134. mone’ - toʻsiq.
  135. Bani Hoshim - Quraysh qabilasining Hoshim ibn Abdumannofdan tugʻilgan farzandlari, ya’ni uning avlodlari bani Hoshim nomi bilan yuritiltan. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham shu urugʻdan boʻlib, toʻrtinchi boʻgʻinni tashkil qiladi (Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdumutallib ibn Hoshim). Hoshim ibn Abdumannof oʻgʻlining farzandi Abdumutallib vafotidan soʻng urugʻ ichida oʻzaro nifoqlar koʻchayib ketadi. Ayniqsa, bani Hoshim avlodlari bilan Abu Sufyon avlodlari oʻrtasida nifoqlar keskin janglarga aylanib ketgan. Buning birgina misoli Badr gʻazotidir.
  136. Bani Umaviya - Abu Sufyon avlodlaridan boʻlib, Paygʻambarimiz va chahoryorlardan soʻng xalifalikka musharraf boʻlgai Muoviya ibn Sufyondir. U Imom Hasan iste’fosidan soʻng xalifalikka muqarrar boʻlgan boʻlsa, xalifalikda nasliy sulolani rasm qildirdi (bungacha xalifalik Paygʻambarimizdan boshlab bir kishining haqqi emas edi, musulmonlar kimni saylashsa oʻsha xalifa boʻlar edi). Dastlab, uning oʻgʻli Yazid, soʻng Valid binni Abd al-Malik va sulolaning oxirgi boʻgʻini Marvon binni Muhammad boʻlgan.
  137. dashtlik - dushmanlik, nifoq ma’nosida. Yuqoridagi sulolalar oʻrtasidagi nifoq kabi buxorolilar bilan koʻloblilar oʻrtasida ham nifoq boʻlib, ma’lum ma’noda mana shu nifoq XX asr boshlaridagi Buxoroning tanazzulini keltirgan sabablardan biridir.
  138. Sadriddin Mulla Toʻxmaq oʻgʻli - Buxoroning amir Muzaffariddin va amir Abdulahadxon davridagi qozikalonlaridan. Shu kishining say'-harakatlari bilan qozikalonlik Buxoroda nasliy shakl olgan. Shundaylardan biri uning nabirasi Burhoniddin edi.
  139. mustahiq - loyiq, sazovor.
  140. aminona - Buxoro amirligidagi soliqlardan bir turi; yerdan olinadigan soliq boʻlib, vaqf yerlaridan tashqari shar'iy diniy masalalarda foydalanish uchun amirning haqqi deb belgilangan soliqlardan. Qozikalon Sadriddin davrida urf boʻlgan.
  141. Qur'oni karimning «Al-Baqara» surasidagi jumla.
  142. tubchak - tub aholisi, asil buxorolilar nazarda tutiladi.
  143. Maqola soʻngida «Boqiyasi (ya’ni davomi) bor» iborasi keltirilgan. Biroq ayni shu nomdagi boshqa maqola chop etilmagan.
  144. Shoʻroyi islomiya - 1917 yil 1 aprelda mazkur tashkilotning 1 qurultoyida ta’sis etilgan jamiyat. Sobiq oʻng jadidlar, asosan, shu jamiyat quruvchilari edilar. Uniig dasturi qurultoyda Munavvar Qori nutqida e’lon etilgan.
  145. Uy egalari - Turkistonda mavjud rus partiyalaridan biri.
  146. galos - ovoz.
  147. Duma - Rusiyadagi saylov tizimiga koʻra mustamlaka oʻlkalardagi xalq vakilligi organlari ham duma deb yuritilgan.
  148. vakil qilib oʻturur - Samarqand shahri koʻp millatli boʻlgani uchun shahar dumasiga, asosan, turk, rus va yahudiy millatiga mansub kishilargina saylovlarda qatnashish huquqini olganlar.
  149. tahriri nufus - Samarqandda 1917 yil 18-20 avgustlarda saylov oldidan aholini roʻyxatga olish oʻtkazilgan, oʻsha nazarda tutiladi.